["Mehribon va rahmli Allohning nomi bilan boshlayman.[1]###[1] (Alloh taolo O`z kitobini «bismillah\" bilan boshlagani musulmonlarga ham o`rnak, ular ham doim o`z so`zlarini va ishlarini «bismillah\" bilan boshlamoqlari lozim. Payg`ambar alayhissalom hadislaridan birida: «E'tiborli har bir ish «bismillah\" bilan boshlanmas ekan, uning oxiri kesikdir», deganlar. Ya'ni, barakasi bo`lmaydi, oxiriga yetmaydi.)","Hamd olamlarning Robbi — Allohgadir.[1]###[1] (Olamlarni yaratgani uchun ham, ularning tarbiyachisi bo`lgani uchun ham, ulardagi barcha jonzotlarga hayot, rizqi ro`z bergani uchun ham Alloh barcha hamdu sanolarga sazovordir.)","U Rohman va Rohiymdir.[1]###[1] (Barchaga-kofirga ham, mo`minga ham mehribon va ne'mat beruvchi. «Rohman\" sifati faqat Allohga xos bo`lib, undan boshqa hech kimga nisbatan bu sifatni ishlatib bo`lmaydi. «Rahiym\" sifati, xosroq bo`lib, faqat mo`minlarga qiyomat kuni rahm qiluvchi ma'nosini anglatadi va Allohdan o`zgalarga, jumladan, Payg`ambar alayhissalomga nisbatan ham ishlatiladi.)","Jazo-mukofot kunining Egasidir.[1]###[1] (\"Din\" so`zi arabchada hisob, jazo, mukofot ma'nolarini bildiradi. «Yavmid-din\" — qiyomat kunida bandalar qayta tiriltirilib hisob-kitob qilinadi. Yaxshiga mukofot, yomonga jazo beriladi. Bu oyatni o`qiganda qiyomatni eslab, o`sha dahshatli kunda faqat Allohning o`zi hukm chiqarishini, o`sha yerda uyalib qolmaslikni eslab, unga tayyorgarlik ko`rishga ahd qilinadi.)","Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam so`raymiz.[1]###[1] (\"Iyyaka na'budu\" «faqat Sening aytganingni qilamiz\" ma'nosini anglatadi. Bu esa, banda tarafidan Allohga berilgan ulkan va'da. Alloh taolo barchamizni ushbu va'daning ustidan chiqadiganlardan qilsin. «Iyyaka nasta'in\" ham, faqat Allohdangina yordam so`rash ma'nosini anglatadi.)","Bizni to`g`ri yo`lga hidoyat qilgin.[1]###[1] (\"Hidoyatga boshlash\" lug`atda biror narsaga lutf bilan yo`llab qo`yishga aytiladi.)","O`zing ne'mat berganlarning yo`liga. G`azabga qolganlarnikiga ham emas, adashganlarnikiga ham emas.[1]###[1] (\"Ne'mat berilganlar\"dan murod — payg`ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih bandalar. «G`azabga duchor bo`lganlar\"dan murod — yahudiylar. Yahudiylarning g`azabga duchor bo`lishlarining sabablari ko`p, jumladan, anbiyolarni o`ldirishlari, Allohga bergan ahdlariga vafo qilmasliklari va hokazo. Lekin katta sabab — bilganiga amal qilmaslik. Alloh ularga ilm bergan, ular esa bila turib ilmga amal qilmaganlar. «Adashganlar\"dan murod — nasroniylar. Nasorolarning «adashganlar\" bo`lishi ham bir qancha sabablarga ko`radir. Eng asosiysi — ular maqsadga erishish yo`lida Alloh ko`rsatgan yo`lni emas, o`zlari topgan yo`lni tanlaganlar. Demak, oyatning ma'nosi: Ey Alloh, bizni o`tgan anbiyo-yu avliyo, azizlarning yo`lidan boshlagin, yahudiy va nasroniylar yo`lidan boshlamagin, deganidir. Imomi Nasoiy mashhur sahobiy Abu Hurayradan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: «Namozni o`zim bilan bandam orasida ikkiga bo`lganman, bandamga nima so`rasa, beraman. Agar u (banda) «Alhamdu lillahi robbil 'alamiyn\" desa, Alloh, bandam Menga hamd-shukr aytdi, deydi. Banda: «ar-Rohmanir Rohiym», desa. Alloh: «Bandam Menga sano-maqtov aytdi», deydi. Banda: «Maliki yavmid-din», desa, Alloh: «Bandam Meni ulug`ladi», deydi. Banda: «Iyyaka na'budu va iyyaka nasta'in», desa, Alloh: «Bu Men bilan bandam orasidagi ahd, bandamga nima so`rasa, beraman», deydi. Agar banda: «Ihdinas sirotal mustaqim, sirotol-laziyna an'amta 'alayhim g`oyril mag`zubi alayhim valazzoolliyn», desa, Alloh: «Bu bandamga xos, bandamga so`raganini berdim», deydi.)","Alif. Laam. Miym.[1]###[1] (Qur'oni Karimning yigirma to`qqiz surasi harflar bilan boshlangan. Bu harflarga turlicha nomlar berilgan: ba'zilar «Huriful muqataot\" kesik harflar desalar, boshqalar «Huriful hijoi\" alifbo hariflari deydilar, uchinchilari esa, «Favotuhus suar\" suralarni ochuvchilar deydilar. Bu harflarga turlicha nom berilganidek, ular ila boshlanishidan ko`zlangan murod haqida ham har xil fikrlar aytilgan. Bu haqda maxsus bahslar ham bor. Ba'zi ulamolar bu harflarning sirini Allohga havola etadilar, boshqalari: «Bu Alloh bilan Payg`ambar alayhissalom o`rtalaridagi sir», deydilar. Boshqa birlari esa, ularga o`zlaricha ma'no yo`yganlar. Ixtilofning asosiy sababi — ular haqida na Payg`ambar alayhissalomning o`zlaridan va na sahobai kiromlardan birorta ham rivoyat yo`qligidir.)","Bu kitobda shak-shubha yo`q, u taqvodorlarga hidoyatdir.[1]###[1] (Ya'ni, Qur'oni Karim shunday kitobki, uning haqligiga hech shak-shubha yo`q. Unda hamma narsa ochiq-oydin, aniq-ravshandir. Qur'oni Karimning bir sifati «taqvodorlarga hidoyatdir». Hidoyat-maqsadga erishtirguvchi lutf bilan yo`l ko`rsatishdir. Taqvodorlar esa, uqubatga eltguvchi narsalardan saqlanadigan shaxslardir. Demak, Qur'oni Karim hidoyatidan bahramand bo`lish uchun taqvodor bo`lish kerak ekan. Taqvosiz qalbga Qur'oni Karim hidoyat solmaydi. Kimki Qur'oni Karimdan hidoyat olibdimi, demak unda taqvo bor ekan.)","Ular g`aybga iymon keltirurlar, namozni to`kis o`qirlar va Biz ularga bergan rizqdan nafaqa qilurlar.[1]###[1] (Ushbu oyatda Qur'on hidoyatidan bahramand bo`la oladigan taqvodorlarning sifatlaridan uchtasi sanalgan: Birinchisi — «g`aybga iymon keltirurlar». Abul Oliya g`aybga iymon keltirishning tafsirida: «Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg`ambarlariga, qiyomat kuniga, jannatiga, do`zaxiga, muloqotiga, o`limdan keyingi hayotga va qayta tirilishga ishonishdir», degan ekanlar. Ikkinchisi — «namoz o`qirlar». Ya'ni, Allohga ibodat qiladilar. Bandaga qul bo`lishdan ozod bo`lib, bandalarning Parvardigoriga qul bo`ladilar. Namoz orqali banda Alloh taologa bog`lanadi. Hayotida yerga qapishib yurishdan yuqori narsani topadi. Shuningdek, boshqa ulkan yaxshiliklarga erishadi. Uchinchisi — «Biz ularga bergan rizqdan nafaqa qilurlar». Mo`min-musulmonning, taqvodor odamning e'tiqodi bo`yicha, uning qo`lidagi mol-dunyo Alloh bergan rizq, o`zi yaratgan narsa emas. Shuning uchun ham taqvodor inson Alloh bergan rizqdan o`zining zaifhol, muhtoj birodarlariga sadaqa qiladi. «Sadaqa\" so`zini tasdiq ma'nosi bor, mol-dunyosini sarflab sadaqa qilishda e'tiqoddagi ma'noning, ya'ni yaxshilik qilish ma'nosining tasdig`i bor. «Nafaqa\" o`zi umumiy so`z bo`lib, zakot, xayr-ehson, sadaqa kabi ma'nolarni anglatadi.);","Va ular senga va sendan oldin nozil qilingan narsaga iymon keltirarlar va oxiratga aniq ishonarlar.[1]###[1] (Demak, taqvodorlarga oid navbatdagi to`rtinchi sifat — Muhammad alayhissalomga nozil qilingan Qur'oni Karimga va u kishidan oldin tushirilgan samoviy kitoblarga iymon keltirish. Bu narsa, Islom ummatining buyuk sifatlaridan biri bo`lib, boshqa hech bir ummatda yo`qdir. Chunki Islom ummatidan boshqa hech bir ummat Allohdan nozil bo`lgan barcha kitoblarga birdek iymon keltirmagan. Islom ummati Alloh tushirgan barcha kitoblarga birdek iymon keltiradi.)","Ana o`shalar Robbilaridan bo`lgan hidoyatdadirlar va ana o`shalar, o`shalargina najot topguvchilardir.[1]###[1] (Kim najot topishni istasa, o`zida taqvodorlik sifatlarini mujassam qilishga urinsin.)","Albatta, kufr keltirganlarga qo`rqitasanmi-qo`rqitmaysanmi — bari bir, iymon keltirmaslar.","Alloh ularning qalblari va quloqlarini muhrlab qo`ygan va ko`zlarida parda bor. Va ularga ulkan azob bordir.","Va odamlardan, Allohga va oxirat kuniga iymon keltirdik, deydiganlari bor. Holbuki, ular mo`min emaslar.","Ular Allohni va iymon keltirganlarni aldamoqchi bo`larlar. Va holbuki, sezmasdan o`zlarini aldarlar.","Ularning qalblarida kasal bor. Alloh kasallarini ziyoda qildi. Va ularga yolg`on gapirganlari uchun alamli azob bor.","Va agar ularga, yer yuzida fasod qilmang, deyilsa, biz faqat isloh qiluvchilarmiz, derlar.","Ogoh bo`ling, ular, faqat ular fasodchilardir, lekin sezmaslar.","Va agar ularga, odamlar iymon keltirganidek iymon keltiringlar, deyilsa, «Esi pastlar iymon keltirganidek iymon keltiramizmi?» derlar. Ogoh bo`ling, ular, faqat ular esi pastlardir va lekin o`zlari bilmaslar.","Ular iymon keltirganlarni uchratsalar, iymon keltirdik, derlar, shaytonlari bilan xoli qolganda esa, biz sizlar bilanmiz, faqat istehzo qilyapmiz, xolos, derlar.","Alloh ularni istehzo qiladir va tug`yonlarida dovdirashlariga qo`yib beradir.","Ana o`shalar zalolatni hidoyatga sotib olganlardir. Va tijoratlari foyda keltirmadi hamda ular hidoyat topganlardan bo`lmadilar.[1]###[1] (Ushbu oyatda Alloh taolo munofiqlar hidoyatni qo`yib zalolat-adashish yo`lini ixtiyor qilganliklarini ilohiy ta'birlar bilan bayon qilmoqda. Agar ular xohlasalar, hidoyat qo`llariga tekkan edi, undan foydalanib yursalar bo`lar edi. Payg`ambar alayhissalom boshqalar qatori ularni ham da'vat qilgan edilar. Ammo ular hidoyatni boy berib, zalolatni tanladilar. Ya'ni, hidoyatga zalolatni sotib oldilar. Ammo ularning bu tijorat-savdolari foyda keltirmadi. Shu bilan birga, ular hidoyatda-to`g`ri yo`lda yuruvchilardan bo`lmadilar. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg`ambarimiz alayhissalom: «Munofiqning belgisi uchdir: gapirsa yolg`on gapiradi, va'da bersa, so`zida turmaydi va omonat topshirilsa, xiyonat qiladi», deganlar. Shuningdek, Imom Buxoriy Ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda: «To`rt narsa bor, kimda ular bo`lsa, to`liq munofiq bo`ladi. Kimda ulardan bir xislat bo`lsa, uni tashlaguncha, nifoqning xislatlaridan biri u kishida turadi. Omonatga xiyonat qiladi, yolg`on gapiradi, ahd qilsa, aldaydi va tortishsa, fojirlik qiladi», deyilgan.)","Ular, misoli, yoqqan o`ti endi atrofini yoritganida, Alloh nurlarini ketkazib, qorong`u zulmatlarda qoldirgan kishilarga o`xsharlar. Ular ko`rmaslar.[1]###[1] (Haqiqatda ham, munofiqlar kofirlarning ziddi o`laroq, avval boshdan Islom da'vatini eshitdilar. Islom-iymon kalimalarini nutq qildilar, hatto yaxshigina quloq osdilar, iymon keltirdik, dedilar, ibodat ham qildilar. Keyin esa, hammasini tashlab, inkor qilib, kufr, nifoq, shak-shubha zulmatlarida qolib ketdilar.)","Ular kar, soqov, ko`rdirlar. Bas, ular qaytmaslar.","Yoki xuddi osmondan yomg`ir yog`ib, qorong`u bosib, momaqaldiroq va chaqmoq chaqqanda, yashindan qochib, panjalarini quloqlariga tiqib, o`limdan ehtiyot bo`layotgan odamga o`xsharlar. Va Alloh kofirlarni o`rab oluvchidir.","Chaqmoq ularning ko`zini olib qo`yay deydi. Yorishgan paytda yurishar, qorong`i bo`lsa, to`xtashar. Agar Alloh xohlasa, ularning ko`zu quloqlarini ketkazur. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir.[1]###[1] (Alloh taolo ushbu ikki oyatda munofiqlarning hayratlari, ikkilanishlari va umumiy ruhiy holatlarini momaqaldiroq bo`lib chaqmoq chaqib, osmonni zulmat bosib, qattiq yomg`ir yoqqanda ko`chada qolgan bechora odamga o`xshatadi. U qo`rqqanidan dahshatga tushib, yashindan qutulmoqchi bo`ladi, panjalarini quloqlariga tiqib, shu meni o`limdan saqlaydi, deb turadi. Ular kufr va nifoq zulmatidadirlar; chaqmoq chaqqan paytdagi yorug`dan foydalanib bir-ikki qadam bosa oladilar, chaqmoqdan keyin yana qorong`uda turib qoladilar.)","Ey odamlar, sizlarni va sizdan oldingilarni yaratgan Robbingizga ibodat qiling. Shoyadki, taqvodor bo`lsangiz.[1]###[1] (Ushbu oyatda umumbasharga qarata nido etilmoqdaki, sizlarni yaratgan tarbiyakunandalaringiz ulug` Allohga ibodat qilinglar! Sizlarni yaratishda U yagona bo`lgan, endi yolg`iz O`ziga ibodat qilishingizga haqlidir. Ibodatdan maqsad — shoyadki taqvodor bo`lsalaringiz.)","U sizlarga yerni to`shab, osmonni bino qilgan va osmondan suv tushirib, u bilan sizlarga mevalarni rizq qilib chiqargan Zotdir. Bilib turib Allohga boshqalarni tenglashtirmang.","Va agar bandamizga tushirgan narsamizga shakingiz bo`lsa, unga o`xshash bir sura keltiring va rost so`zlovchilardan bo`lsangiz, Allohdan o`zga guvohlaringizni chaqiring.","Bas, agar qila olmasanglar, hech qachon qila olmaysizlar ham, yoqilg`isi odamlar va tosh bo`lgan, kofirlar uchun tayyorlangan o`tdan qo`rqinglar.[1]###[1] (Alloh subhonahu va taoloning, «hech qachon qila olmaysizlar ham», deyishi ulkan mo`'jizadir. Bu yerda Qur'on suralaridan bittasiga o`xshash surani hech qachon keltira olmasligi ta'kidlab aytilmoqda.)","Iymon keltirgan va solih amallar qilganlarga ular uchun ostidan anhorlar oqib turgan jannatlar borligining bashoratini ber. Qachonki ularning mevasidan bahramand bo`lsalar, bundan avval ham rizqlangan edik, derlar. Ularga o`xshash narsalar berilgandir. Ularga u yerda pokiza juftlar bor va ular u yerda abadiy qolurlar.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada Alloh subhonahu va taolo Payg`ambari Muhammad alayhissalomga xitob qilib, iymon keltirgan va solih amal qilganlarga bashorat-suyunchi xabarini berishni buyurmoqda. Demak, daraxtlari ostidan anhorlar oqib turuvchi jannatga kirish uchun iymon keltirish, ya'ni Allohga, Payg`ambarga, Qur'onga va iymon lozim bo`lgan boshqa narsalarga iymon keltirish hamda amali solihlarni, ya'ni Qur'on va sunnatda yaxshi deb ta'riflangan ishlarni qilish zarurdir.)","Albatta, Alloh chivin yoki undan ustunroq narsani misol keltirishdan uyalmas. Iymon keltirganlar, albatta, u Robbilaridan kelgan haqligini bilurlar. Ammo kufr keltirganlar: «Alloh bu misoldan nimani iroda qildi?» – derlar. U o`sha bilan ko`pchilikni zalolatga ketkizar va ko`pchilikni hidoyatga solar. U o`sha bilan faqat fosiqlarnigina zalolatga ketkizar.","Ular Allohning ahdini bog`langanidan so`ng buzadigan, Alloh bog`lanishga buyurgan narsalarni kesadigan, yer yuzida fasod qiladigan zotlardir. Ana o`shalar yutqazuvchilardir.[1]###[1] (Ya'ni, har bir bandaning Yaratgan bilan bog`lagan ahdi bor. Kofir va munofiqlar o`sha ahdni buzish bilan boshqalardan ajrab turadi. Alloh ko`p narsalarni, jumladan, qarindoshlik aloqalarini bog`lashga, insoniy aloqalarni bog`lashga, iymon va dindoshlik aloqalarini bog`lashga... va hokazo ishlarga buyurgan. Fosiq-kofir va munofiqlar ushbu aloqalarni ham kesadilar. Fasodning turi juda ko`p. Jumladan, yuqoridagi ikki sifat ham Yer yuzini fasodga to`ldiradigan sifatlardan hisoblanadi. Ammo eng katta fasod-borliqni yaratuvchi zot bo`lmish Alloh taolo ko`rsatgan yo`lini tark etib, boshqacha yashashga harakat qilishidir. Hamma fasod shundan kelib chiqadi.)","Allohga qanday kufr keltirasizlar? Va holbuki, jonsiz edingiz, U sizga jon berdi, so`ngra joningizni oladir va yana tiriltiradir va sizlar Unga qaytajaksizlar.","U sizlar uchun yer yuzidagi barcha narsani yaratgan Zot. So`ngra osmonga yuzlandi va ularni yettita qilib to`g`riladi. Va U har bir narsani biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Alloh dunyodagi jamiki narsalarni insonga hadya etgan ekan, inson ham, o`z navbatida, o`sha ne'matlarni bergan Zotga shukr qilib yashamog`i lozim. Hol shunday ekan, qanday qilib ular Allohni inkor etadilar va unga kufr keltiradilar?!)","Esla, vaqtiki Robbing farishtalarga: «Men yer yuzida xalifa qilmoqchiman», – dedi. Ular: «Unda fasod qiladigan, qon to`kadigan kimsani qilmoqchimisan? Va holbuki, biz Senga tasbih, hamd aytib va Seni ulug`lab turibmiz», – dedilar. U: «Men siz bilmaganni bilaman», – dedi.[1]###[1] (Ushbu oyatdan ma'lum bo`lyaptiki, Alloh taolo Odamni O`zining Yer yuzidagi o`rinbosari-xalifasi bo`lishini iroda etgan ekan. Demak, insonga ulkan ishonch bildirilgan, ulug` Allohning xalifasi bo`lishdek oliy maqomga loyiq ko`rilgan. Bunday marhamatning o`ziga yarasha buyuk mas'uliyati ham bor. Inson shuni anglagan holda, uni xalifa qilib qo`ygan Zotning topshiriqlarini bajarmog`i, yaratgan Zot munosib ko`rgan oliy maqomga dog` tushirmaslikka harakat qilmog`i kerak.)","Va U Odamga ismlarning barchasini o`rgatdi, so`ngra ularni farishtalarga ro`baro` qildi. Keyin: «Agar rostgo`ylardan bo`lsangiz, anavilarning ismlarini menga aytib bering», – dedi.","Ular: «O`zing poksan! Bizda Sen bildirgandan boshqa ilm yo`q. Albatta, Sening O`zing biluvchisan va hikmatli Zotsan», – dedilar.","«Ey Odam, bularga u narsalarning ismlarini aytib ber», – dedi. Ularga o`sha narsalarning ismlarini aytib bergan chog`ida, «Men sizlarga osmonlaru yerning g`aybini bilaman va sizlar berkitmaganu berkitgan narsalarni ham bilaman demabmidim», – dedi.[1]###[1] (Shu bilan Odamning farishtalardan ustunlik tarafi namoyon bo`ldi. U ham bo`lsa, ilm-ma'rifat. Inson Yer yuzida fasod qilishi, qon to`kishi ham mumkin, ne'mati ilohiy bo`lmish ilmni o`z o`rnida ishlatib, farishtalardan ustun bo`lishi ham mumkin.)","Esla, farishtalarga: «Odamga sajda qilinglar!» deganimizni. Bas, sajda qildilar, magar iblis bosh tortdi, mutakabbirlik qildi va kofirlardan bo`ldi.[1]###[1] (Farishtalarga sajdani buyurib, Alloh Odamga ulkan martaba ato etdi. Ammo bu sajda ibodat uchun emas, balki Odamni — Allohning ulug` ijodini tabriklash ma'nosida edi. Farishtalar darhol sajda qildilar, chunki ular fitratida Allohning amriga isyon qilish xususiyati yo`q. Faqat Iblis sajda qilmadi.)","Va: «Ey Odam, sen o`z jufting ila jannatda maskan top. Unda nimani xohlasalaringiz, yenglar, osh bo`lsin va mana bu daraxtga yaqin kelmanglar, bas, u holda zolimlardan bo`lasizlar», – dedik.","Shayton ularni undan ozdirdi va bo`lgan narsalaridan chiqardi. Va Biz: «Ba'zingiz ba'zingizga dushman bo`lib tushinglar, sizlarga yer yuzida qarorgoh va bir muddat huzur qilish bordir», – dedik.","Bas, Odam o`z Robbisidan so`zlarni qabul qilib oldi, keyin U Zot uning tavbasini qabul qildi. Albatta, U tavbani qabul qiluvchi va rahimli Zotdir.","Biz: «Undan hammangiz tushing. Bas, Mendan sizga hidoyat kelajak. Kim Mening hidoyatimga ergashsa, ularga xavf yo`q va ular xafa ham bo`lmaslar», – dedik.","Va kufr keltirgan hamda oyatlarimizni yolg`onga chiqarganlar esa, ular do`zax egalaridir, ular unda abadiy qolurlar.[1]###[1] (Allohning hidoyatiga ergashmaganlarni Alloh taolo lo`nda qilib, kufr keltirganlar deb qo`ya qolgan. Erishadigan oqibatlari aniq: ular do`zaxga tushadilar, o`sha yerda abadiy qoladilar.)","Ey Bani Isroil, sizga bergan ne'matlarimni eslang va Menga bergan ahdingizga vafo qiling. Men ham sizga bergan ahdimga vafo qilurman. Va Mendangina qo`rqing.","Va sizdagi narsani tasdiqlovchi qilib tushirgan narsamga iymon keltiring. Unga birinchi kufr keltiruvchi bo`lmang. Mening oyatlarimni oz bahoga sotmang va Mengagina taqvo qiling.","Haqni botilga aralashtirmang va o`zingiz bilib turib haqni berkitmang.","Namozni to`kis ado qiling, zakot bering va ruku' qiluvchilar bilan ruku' qiling.","Odamlarni yaxshilikka chorlab turib, o`zingizni unutasizmi? Holbuki, kitobni tilovat qilyapsiz-ku. Aqlni ishlatmaysizmi?!","Sabr va namoz ila yordam so`rang. Va albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir.[1]###[1] (Biz yordam so`rang deb tarjima qilgan ibora arab tilida «ista'iynu\" deb kelgan. Bu so`zning ma'nosi bir ishga urinib turib, yana qo`shimcha yordam so`rashni anglatadi. Demak, musulmon kishi har bir ishga astoydil urinadi va shu urinish bilan birga, Allohdan yordam so`raydi. Sabr ham, ko`pchilik xayol qilganiday salbiy ma'noda, ya'ni nima bo`lsa ham sabr qilyapman, deb jim-harakatsiz turish emas, balki Allohning aytganini bajarish jarayonida duch keladigan mashaqqatlarni yengishdagi sabrdir. Eng bosh sabr havoyu nafsni, rohat-farog`atni, mansabni tark qilib, Allohning aytganiga yurishga chidamdir.)","Ular albatta Robbilariga ro`baro` bo`lishlariga va albatta Unga qaytib borishlariga ishongan zotlardir.","Ey Bani Isroil, sizga bergan ne'matlarimni va Men sizlarni olamlardan afzal qilib qo`yganimni eslang![1]###[1] (O`sha paytlarda payg`ambarlik, ilohiy kitoblar va boshqa afzalliklar Bani Isroilga berilgan edi. Lekin ular bu ne'matlarga shukr etmadilar, ahdga vafo qilmadilar. Shundan so`ng Alloh ularni la'natladi, g`azab qildi, xorlik va zorlikni ravo ko`rdi.)","Bir jon boshqa jondan hech narsani ado qila olmaydigan, undan shafoat qabul qilinmaydigan, undan to`lov olinmaydigan va ularga yordam berilmaydigan kundan qo`rqing.","Sizni yomon azoblarga solib, o`g`illaringizni so`yib, qizlaringizni tirik qoldirayotgan Fir'avn ahlidan qutqarganimizni eslang. Ana o`shanda Robbingizdan ulug` sinov bordir.[1]###[1] (Fir'avn — qadimgi Misr podshohining laqabi. Ya'ni, kim Misrga podshoh bo`lsa, Fir'avn bo`ladi. «Fir'avn ahli\" degani Fir'avnning odamlari demakdir. Fir'avn Bani Isroilda tug`ilgan o`g`il bolalarni o`ldirib, qizlarni tirik qoldirishi ham ulkan bir azob.)","Va dengizni yorib, sizni qutqarib, sizning ko`z oldingizda Fir'avn ahlini g`arq qilganimizni eslang.[1]###[1] (Bani Isroilni Muso alayhissalom Misrdan olib chiqib ketayotganlarida, Fir'avn odamlari bilan quvib kelib qoladi. Shunda Alloh dengizni ikkiga bo`lib yo`l ochadi va Bani Isroil o`tib oladilar. Ortlaridan Fir'avn odamlari bilan tushganda, Alloh ularni g`arq qiladi.)","Va Muso bilan qirq kechaga va'dalashganimizni, u (ketgani)dan so`ng zolim bo`lgan holingizda buzoqni (xudo) tutganingizni eslang!","O`shandan keyin sizni afv etdik. Shoyadki, shukr qilsangiz.","Shoyadki, hidoyat topsangiz deb, Musoga kitobni va furqonni berganimizni eslang.","Musoning o`z qavmiga: «Ey qavmim, albatta, siz buzoqni (xudo) tutishingiz ila o`zingizga o`zingiz zulm qildingiz. Endi sizni bor qiluvchi Zotga tavba qiling, o`zingizni o`zingiz o`ldiring, shundoq qilmog`ingiz sizni bor qiluvchi Zot huzurida siz uchun yaxshidir. Bas, U tavbangizni qabul qildi. Chunki U tavbani ko`plab qabul qiluvchi va rahimli Zotdir», deganini eslang.[1]###[1] (Buzoqni xudo deb tutish inson uchun, uning aqli uchun naqadar ulkan or bo`lishiga qaramay, Bani Isroil tabiatidagi buzuqlikdan kelib chiqib, shu ishni o`ziga ep ko`rdi va bu bilan o`ziga o`zi zulm qildi.)","«Ey Muso, Allohni ochiq-ravshan ko`rmagunimizcha, senga ishonmaymiz», deganingizni, shunda sizni o`zingiz nazar solib turganingizda yashin urganini eslang.[1]###[1] (Bani Isroilning bu shakkokligi uchun Alloh taolo munosib jazoladi: o`zlari qarab turgan holda yashin urib, halok bo`ldilar.)","So`ngra, o`limingizdan keyin qayta tiriltirdik, shoyadki, shukr qilsangiz.[1]###[1] (Alloh taolo ularni qayta tiriltiribgina qo`ymadi. Balki yana qo`shimcha marhamatlar ko`rsatdi.)","Va bulutni ustingizdan soya soldirib qo`ydik, sizga mann va bedanani tushirdik. Rizq qilib bergan narsalarimizning poklarini yenglar. Bizga zulm qilmadilar. Lekin o`zlariga zulm qilardilar.[1]###[1] (Ibn Kasirning aytishlaricha, «Mann» o`zini yesa, taom va shirinlik, suvga qo`shib ichsa, ichimlik bo`ladigan narsadir. Uni boshqa narsalarga qo`shsa ham bo`laveradi.)","«Ushbu qishloqqa kiringiz va uning xohlagan joyida yenglar, yeganingiz osh bo`lsin va eshikdan ta'zim bilan, hittatun, deb kiring, sizning xatolaringizni mag`firat qilamiz va yaxshilarga ziyoda qilamiz», deganimizni eslang.[1]###[1] (Ushbu oyatda, «Ushbu qishloqqa kiringiz», degan jumladagi «qishloq»dan murod — Quddusi sharifdir. Uzoq zamonlar Misrda vatangado bo`lib yurgan Bani Isroilga Alloh taolo vatan ato qilib, «qishloqqa kiringiz», deyapti. Buning ustiga yana: «Xohlagan joyingizda yeb-ichinglar, yeganlaringiz osh bo`lsin», deb katta marhamat ko`rsatyapti. Shu bilan birga, qanday holda kirish lozimligini ham o`rgatdi. Eshikdan sajda qilib, ya'ni odob bilan, «hittatun» degan so`zni aytib kiring, deyildi. «Hittatun» degani — afv et, gunohimni kech, degan ma'noni anglatar ekan. Bani Isroil agar qishloqqa sajda qilib, gunohlarini kechishini so`rab, Alloh o`rgatgan so`zni aytib kirsalar, Parvardigor ularga mag`firat va'da qildi. «Sizning xatolaringizni mag`firat qilamiz va yaxshilarga ziyoda qilib beramiz», dedi.)","Bas, zulm qilganlar ularga aytilgan so`zni boshqasiga almashtirdilar. Biz zulm qilganlarga fisq qilayotganlari uchun osmondan azob tushirdik.[1]###[1] (Bani Isroil yana buzg`unchilik qildi. Alloh taolo o`rgatgan «hittatun» so`zi o`rniga boshqa so`zni almashtirib aytdilar. Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki, Payg`ambar alayhissalom: «Bani Isroilga, eshikdan ta'zim qilib, hittatun, deb kiringlar, deyilgan edi. Ular dumbalari bilan sudralib, so`zni almashtirib, habbatun fi sha'ratin, deb kirdilar», dedilar. Ushbu hadisdan ma'lum bo`ladiki, ular ham amalda, ham so`zda xilof qilganlar. Sajda (ta'zim) qilib kiringlar, deyilsa, dumbalari bilan sudralib kirganlar. «Hittatun» deb aytinglar, deyilsa, «habbatun fi sha'ratin», ya'ni arpa doni ichidagi bir dona don, deyishgan. Ularning bu ishlari ham zulm, ham fisq — Allohning amridan chiqish edi. Shuning uchun Alloh taolo ularga osmondan azob tushirdi.)","Muso o`z qavmini serob qilishni so`raganida, «Hassang bilan toshni ur!» deganimizni eslang. Bas, undan o`n ikki buloq otilib chiqdi. Har qabila o`z suvini bildi. Alloh bergan rizqdan yeb-ichinglar. Yer yuzida buzg`unchilik ustiga buzg`unchilik qilmanglar.","«Ey Muso, bir xil taomga hech chiday olmaymiz, Robbingga duo qil, bizga yerda o`sadigan narsalardan — sabzavot, tarra, sarimsoq, mosh, piyoz chiqarib bersin», deganingizni eslang. U: «Yaxshi narsani past narsaga almashtirishni so`raysizlarmi? Birorta shaharga tushing, so`raganingizni albatta topasiz», dedi. Ularga xorlik va miskinlik yozildi va Allohning g`azabiga loyiq bo`ldilar. Bu, Allohning oyatlariga kufr keltirganlari, Nabiylarni nohaq qatl etganlari uchundir. Bu, isyonga ketganlari va haddan oshganlari uchundir.","Albatta, iymon keltirganlar, yahudiy bo`lganlar, nasorolar va sobiiylardan, qaysilari Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirsa va yaxshi amallarni qilsa, o`shalarga Robbilari huzurida ajrlar bordir. Ularga xavf yo`q va ular xafa ham bo`lmaslar.[1]###[1] (Oyati karimadagi «iymon keltirganlar»dan murod musulmonlardir. «Yahudiy bo`lganlar» — Bani Isroildir. Yahudiyning ikki toifasi bor: birinchisi — Allohga qaytgan, ikkinchisi — Yahudoning farzandlari. «Nasorolar» deganda esa, Iyso alayhissalomga iymon keltirganlar tushuniladi. Ular u kishiga yordam berganlari uchun «nasoro» (yordam beruvchilar) deb nom olganlar. «Sobiiylar» deb Payg`ambarimiz kelishlaridan oldin arab mushriklaridan bir guruhlari o`z qavmlarining butu sanamlarga sig`inishlarini yoqtirmay, o`zlari yangi aqida axtarib, oxiri, Ibrohim alayhissalom dinida yuramiz, deb qavmlaridan ajrab chiqqan kishilarga aytiladi. Bu nomni ularga mushriklar bergan, ya'ni otalarining dinidan burilganlar, deganidir.)","Ahdu paymonlaringizni olganimizni va ustingizga Turni ko`targanimizni, «Biz sizga bergan narsani quvvat bilan oling va undagi narsani eslang, shoyadki, taqvodor bo`lsangiz», (deganimizni) eslang.","So`ngra, o`shandan keyin yuz o`girdingiz. Sizga Allohning fazli bo`lmaganida, albatta yutqazganlardan bo`lardingiz.","Batahqiq, sizlardan shanba kuni tajovuzkorlik qilganlarni bildingiz. Biz ularga: «Quvilgan, xor-zor maymunga aylaning», – dedik.","Biz bu (hodisa)ni uning oldidagilarga va keyinidagilarga va taqvodorlarga mav'iza qildik.[1]###[1] (Ushbu xabarlardan Bani Isroilning yana ikki axloqini bilib olsa bo`ladi. Ko`p ta'kidlashga qaramay, o`zlariga tushgan vahiydan, ilohiy ko`rsatmalardan yuz o`girish. Buyruq va qaytariqlarga yuzaki amal qilgan bo`lib, aslida, xilof ish tutish. Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Payg`ambar alayhissalom: «Yahudiylar qilgan ishni sizlar qilmanglar, Alloh harom qilgan narsalarni har xil hiylalar bilan halol hisoblamanglar», deydilar.)","Muso o`z qavmiga: «Alloh sizga sigir so`ymoqni buyurmoqda», deganini eslang. Ular: «Bizni masxara qilyapsanmi?» – dedilar. U: «Johillardan bo`lishimdan Allohdan panoh so`rayman», – dedi.","Ular: «Robbingga duo qil, uning qanday ekanini bayon qilib bersin», – dedilar. U: «U Zot, qari ham, yosh ham bo`lmagan, ikkovining o`rtasidagi sigir, deyapti. Bas, buyurilgan narsani bajaring», – dedi.","Ular: «Robbingga duo qil, uning rangini bayon qilib bersin», dedilar. U: «U Zot, rangi sap-sariq, qaraganlarni xursand qiladigan sigir, deyapti», – dedi.","Ular: «Robbingga duo qil, uning qanday ekanini bizga bayon qilib bersin, sigir bizga noaniq bo`lib qoldi, biz, inshoalloh, albatta, hidoyat topuvchimiz», – dedilar.","U: «U Zot, o`sha sigir minilmagan, yer haydash, ekin sug`orishda ishlatilmagan, ayblardan salomat, aralashgan rangi yo`q, deyapti», – dedi. Ular: «Ana endi haqni keltirding», – dedilar. Bas, uni so`ydilar. Sal bo`lmasa, qila olmasdilar.","Bir jonni o`ldirib qo`yib, u haqida ixtilofga tushganingizni eslang. Alloh siz berkitgan narsani chiqarguvchidir.","«Bas, uni u(sigir)ning ba'zi joyi bilan uring», – dedik. Alloh xuddi shunday qilib o`liklarni tiriltirur va oyat — alomatlarini sizga ko`rsatur. Shoyadki, aql ishlatsangiz.","So`ngra, shundan keyin qalblaringiz qattiq bo`ldi, ular toshdek yoki toshdan ham qattiq. Va holbuki, toshlarning ba'zilaridan anhorlar otilib chiqadir, ba'zilari yorilib, undan suv chiqadir va ba'zilari Allohdan qo`rqqanidan qulab tushadir. Va Alloh qilayotgan ishlaringizdan g`ofil emas.[1]###[1] (Ushbu oyatda Alloh taolo Bani Isroilning oxirgi hodisadan keyingi holatini vasf qilmoqda. Shuncha mo`'jiza ko`rgan inson, kim bo`lishidan qat'iy nazar, qalbi erib, Allohga bo`lgan e'tiqodi ziyoda bo`lishi kerak edi. Ammo Bani Isroilning qalblari qattiq bo`ldi. Qattiq bo`lganda ham, toshdek qattiq, balki toshdan haim qattiq bo`ldi.)","Ularning iymon keltirishlarini tama' qilasizlarmi? Va holbuki, ulardan bir guruhlari Allohning kalomini eshitar edilar va so`ngra uni tushunganlaridan keyin, bilib turib buzar edilar.[1]###[1] (Iymon o`ziga yarasha poklik, musaffolik, nurni qabul qilib olishga iste'dod talab qiladi. Ammo yahudiylarda bu narsaga yaqinlik hech sezilmayapti. Ularning eng yaxshi vakillari bo`lmish diniy olimlariki Allohning kalomini eshitib, uni tushunib yetgandan so`ng, bilib turib buzsalar, qolganlari nima ham qilar edi.)","Ular iymon keltirganlarni uchratsalar, iymon keltirdik, derlar. Ba'zilari ba'zilari bilan xoli qolsalar, ularga: «Alloh sizga ochgan narsa haqida Robbingiz huzurida hujjat talashishlari uchun gapiryapsizmi? Aqlni ishlatmaysizmi?» derlar.[1]###[1] (Shunaqa sifat egalarining iymonga kelishidan umidvor bo`lsa bo`ladimi? Ular ikkiyuzlamachi qavmdir. Musulmonlar bilan uchrashib qolganda, iymonga keldik, Muhammad alayhissalomga ummat bo`ldik, deyishadi. Chunki Tavrotda u kishi haqlarida bashoratlar bor va yahudiylar u zotning payg`ambar bo`lib kelishlarini kutayotgan edilar. Alloh taolo o`sha Payg`ambar tufayli bizni dushmanlarimizga g`olib qiladi, deyishar edi... Ammo o`zlari bir-birlari bilan yolg`iz qolganlarida, bu haqiqatni oshkor qilganlarni so`ka boshlar edilar.)","Alloh ularning sir tutganu oshkor qilgan narsalarini albatta bilishini anglamaydilarmi?[1]###[1] (Zikr qilingan bu hol yahudiylarning diniy olimlariga oid.)","Ularning ichida kitobdan bexabar, xomxayoldan boshqani bilmaydigan omiylar bor. Ular faqat gumon qiladilar xolos.[1]###[1] (Ya'ni, yahudiylar ichida Tavrotdan bexabar, unda nima gap borligini bilmaydigan savodsiz omiylar ham bor. O`sha omiylarning bilgani faqat xomxayol, xolos. Turli narsalarni gumon qilib, o`sha gumoniga ishonib yuraveradi. Bu omiylarning shunday holga tushib qolishiga nima sabab? Asosiy sabablaridan biri — zalolatga ketgan ulamolar.)","Kitobni o`z qo`li bilan yozib, so`ngra uni arzon bahoga sotish uchun: «Bu Allohning huzuridan», deydiganlarga halokat bo`lsin! Ularga qo`llari bilan yozgan narsalaridan halokat bo`lsin! Ularga topgan foydalaridan halokat bo`lsin![1]###[1] (Oyati karima zikr qilgan «arzon baho» haqida Imom Hasan Basriy: «Arzon baho — dunyo va uning narsalaridir», degan ekanlar. Dunyoga molu boylik, mansab va boshqalar kiradi.)","Va ular: «Bizga (do`zax) o`ti hech tegmas, tegsa ham sanoqli kunlargina tegadir», – dedilar. Sen: «Allohdan ahd oldingizmi? Zotan, Alloh ahdiga hech xilof qilmas. Yoki Allohning nomidan bilmagan narsangizni gapiryapsizmi?» – deb ayt.","Yo`q! Kim gunoh qilsa va uni xatolari o`rab olgan bo`lsa, ana o`shalar do`zax egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.","Va iymon keltirib, yaxshi amallarni qilganlar, ana o`shalar jannat egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.","Allohdan boshqaga ibodat etmaysiz, ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga yaxshilik qilasiz, odamlarga yaxshi gaplar ayting, namozni qoim qiling, zakot bering, deb Bani Isroildan ahdu paymon olganimizni eslang. So`ngra, ozginangizdan boshqangiz yuz o`girib, ortga qarab ketdingiz.[1]###[1] (Mulohaza qilinsa, Alloh taolo Bani Isroildan ahdu paymon olgan ishlar Islom dini ham buyurgan ishlardir. Shundan hamma samoviy dinlarning birligi kelib chiqadi. Tavhid aqidasining asosi — Allohdan boshqaga ibodat qilmaslik — ahdu paymon olingan ishlarning boshida sanalyapti. Ota-onaga yaxshilik qilish har bir farzandning muqaddas burchi hisoblanadi. Qarindoshlarning qarindoshlik haqqi bor, ularga ham yaxshilik qilish lozim. Yetimlar — boquvchisiz qolgan yosh bolalardir. Jamiyatda ularning ham haqqi bor. Shuningdek, miskinlar ham turli sabablarga ko`ra, hayoti noqulay hollarga tushib qolgan shaxslardir, ularga ham yaxshilik ko`rsatish insonning insoniylik burchi hisoblanadi.)","Bir-biringizning qonlaringizni to`kmaysiz va diyoringizdan chiqarmaysiz, deb sizlardan ahdu paymon olganimizni eslang. So`ngra, guvohlik berib turib iqror bo`ldingiz.","So`ngra, siz o`zingizni o`zingiz o`ldirasiz va bir guruhingizni diyoridan chiqarasiz hamda ularga qarshi gunoh va dushmanlik yo`lida yordam berasiz. Agar ular asir bo`lsalar, qutqarib olasiz. Va holbuki, ularni chiqarish harom edi. Yoki kitobning ba'zisiga iymon keltirib, ba'zisiga kufr keltirasizmi?! Sizlardan o`shandoq qilganlarning jazosi bu dunyoda faqat rasvo bo`lishlikdir, qiyomat kunida esa, eng shiddatli azobga qaytarilurlar. Alloh qilayotganingizdan g`ofil emas.","Ana o`shalar dunyo hayotini oxiratga sotib olganlardir. Ulardan azob yengillatilmas va ularga yordam ham berilmas.","Va batahqiq, Musoga kitobni berdik va uning ortidan Payg`ambarlarni ketma-ket yubordik. Va Iyso ibn Maryamga ravshan(mo`'jiza)larni berdik va uni Ruhul Qudus bilan qo`lladik. Har qachon Payg`ambar sizning havoyi nafsingizga yoqmaydigan narsa keltirsa, mutakabbirlik qilib, ba'zilarini yolg`onchiga chiqarib, ba'zilarini o`ldiraverasizmi?!","Va ular: «Qalbimiz g`iloflangan», deyishar. Yo`q, unday emas, kufrlari sababli Alloh ularni la'natlagan. Bas, ozginagina iymon keltirurlar.[1]###[1] (Yahudiylar Islomga da'vat qilinganlarida: «Bizning qalbimiz g`iloflangan, yangi da'vat kirmaydi, yangi da'vatchini qabul qilmaydi», deb aytishar edilar. Alloh taolo ushbu oyatda ularning bu gaplari yolg`on ekanini fosh etib, haqiqatni bayon qilmoqda. Haqiqat nima? Haqiqat shulki, ular avvaldan kufr keltirib, iymondan qochib yurganlari uchun Alloh ularni la'natlab, ya'ni rahmatidan quvib, hidoyat ne'matidan mahrum etgan. Shu sababdan ular iymonga kela olmaydilar. Agar mabodo kelsalar ham, juda oz keladilar.)","Ularga Allohning huzuridan o`zlaridagi narsani tasdiqlovchi kitob kelganda, va holbuki, kofirlarga qarshi (undan) yordam kutardilar. Bas, qachonki ularga o`zlari bilgan narsa kelganda, unga kufr keltirdilar. Kofirlarga Allohning la'nati bo`lsin.[1]###[1] (Ibn Kasir rahmatullohi alayhi rivoyat qiladilarki, yahudiylar Avs va Xazraj qabilalariga qarshi, yaqinda bizning kitoblarimiz xabarini bergan Payg`ambar chiqadi, biz unga iymon keltirib, sizlarning ustingizdan g`alaba qozonamiz, der edilar. Alloh taolo Payg`ambarni arablar ichidan tanlab yuborgach esa, u kishiga kufr keltirdilar. Avvalgi gaplarini o`zlari inkor qildilar. Shunda Muoz ibn Jabal, Bashir ibn al-Barraa ibn Ma'ruf va Dovud ibn Salamalar ularga qarata: «Ey yahudiylar jamoasi, Allohdan qo`rqinglar! Musulmon bo`linglar! Biz shirk ahli bo`lgan davrimizda, bizga qarshi u kishidan yordam topishingizni aytar edingizlar. U kishining payg`ambar qilib yuborilishi xabarini berar edingizlar. Sifatlarini aytib berar edingizlar», dedilar. Bunga javoban Bani Naziyr yahudiylaridan Salom ibn Mushkam degani: «U biz bilgan narsani olib keldi. Biz sizga aytgan bu emas», dedi.)","Ular o`zlarini sotgan narsa: Alloh bandalaridan xohlaganiga O`z fazlidan tushirganiga hasad qilib, Alloh tushirgan narsaga kufr keltirmoqlik, qandoq ham yomon. Ular g`azabning ustiga g`azabni lozim tutdilar. Kofirlarga xor qiluvchi azob bordir.","Agar ularga: «Alloh tushirgan narsaga iymon keltiring», deyilsa, «Bizga tushirilgan narsaga iymon keltiramiz», derlar va undan keyingi narsaga kufr keltirarlar. Holbuki, u ulardagi narsani tasdiqlovchi haqdir. Ayt: «Agar mo`min bo`lsangiz, nimaga ilgari Allohning Payg`ambarlarini o`ldirdingiz?!»","Va batahqiq, Muso sizlarga ravshan(mo`'jiza)lar ila keldi. So`ngra, siz undan keyin zolim bo`lgan holingizda buzoqni (xudo) tutdingiz.","Sizdan ahdu paymoningizni olib, ustingizga Turni ko`tarib: «Sizga Biz bergan narsani quvvat bilan tuting va tinglang», deganimizni eslang. Ular: «Tingladik va isyon qildik», dedilar. Kufrlari sababli qalblariga buzoq o`rnashtirildi. Ayt: «Agar mo`min bo`lsangiz, sizning iymoningiz qanday ham yomon narsaga buyuradi!»[1]###[1] (Bani Isroilning xiyonatkorligi, aldamchiligi va boshqa kirdikorlarni nazarda tutgan holda Alloh taolo ulardan ta'kidlangan, hujjatlashtirilgan ahdu paymon olgan va ustilariga Tur tog`ini ko`tarib turib: «Sizga Biz bergan narsani quvvat bilan tuting va tinglang», deb aytgan edi. Iymoni bor xalqqa shu yetarli bo`lishi kerak edi. Ammo Bani Isroil nima qildi?! Ular tilda «eshitdik», deyishdi, ammo amallari bilan, «isyon qildik», deyishdi. Ya'ni, til boshqa, amal boshqa bo`ldi.)","Ayt: «Agar Allohning huzuridagi oxirat hovlisi boshqa odamlarsiz xolis sizga bo`ladigan bo`lsa, gapingizda rostgo`y bo`lsangiz, o`limni orzu qiling».","Ular qo`llari taqdim qilgan narsalar sababidan, uni abadiy orzu qilmaslar va Alloh zulm qiluvchilarni biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Oyatdagi «qo`llari taqdim qilgan narsalar» jumlasi, «gunohlar» ma'nosida kelgandir. Arab tilida biror narsaning ahamiyatini bo`rttirib ko`rsatilmoqchi bo`linsa, ushbu uslub ishlatiladi. Demak, yahudiylar o`limni orzu qila olmaydilar. Chunki ular o`zlarining gunohlarini yaxshi biladilar. Ushbu gunohlar bilan hech-hech jannatga kirib bo`lmaydi. O`lsalar, besh kunlik dunyoning matosidan ajralib qolishlaridan qo`rqib, bu dunyo hayotiga mahkam yopishib oladilar.)","Ularning hayotga eng hirs qo`ygan odamlar ekanligini bilasan. Mushriklardan birlari ming yil umr ko`rishni suyadir. Ammo uzoq umr ko`rishi uni azobdan qutqarmas. Va Alloh ularning qilayotganlarini ko`ruvchidir.","Jabroilga dushman bo`lganlarga ayt, albatta, Ul u(Qur'on)ni sening qalbingga Allohning izni bilan, o`zidan oldingini tasdiqlovchi va mo`minlar uchun hidoyat va bashorat qilib tushirdi.[1]###[1] («Jibroilga dushman bo`lganlar» — yahudiylardir. Ular Jibroil farishtani o`zlariga dushman hisoblashar edilar. Bunga dalil o`laroq Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilishicha yahudiylar Payg`ambarimiz Muhammad alayhissalom bilan uzoq suhbat qurgan edilar. Shunda, «Ular: «Har bir payg`ambarning unga xabar keltiradigan farishtasi bo`ladi. Bizga ayt-chi, sening sohibing kim?» dedilar. U kishi: «Jibroil alayhissalom», dedilar. Ular: «Jibroil urushni, jangni, azobni tushiradi, bizning dushmanimiz, agar rahmat, yomg`ir va nabototlarni olib tushadigan Mikoil deganingda, yaxshi bo`lardi», dedilar.)","Kim Allohga, Uning farishtalariga, Payg`ambarlariga, Jabroilga va Mikoilga dushman bo`lsa, albatta, Alloh kofirlarning dushmanidir.","Batahqiq, senga ravshan oyatlarni tushirdik, ularga faqat fosiqlargina kufr keltirur.","Har qachon ahd qilsalar, ulardan bir guruhi uni buzaveradimi?! Yo`q! Ularning ko`plari iymon keltirmaslar.","Ulardagi narsani tasdiqlab, Allohning huzuridan ularga Payg`ambar kelsa, kitob berilganlardan bir guruhi, xuddi bilmagandek, Allohning kitobini ortlariga qarab otdilar.[1]###[1] («Allohning kitobi» Tavrot bo`lishi mumkin, chunki unda Muhammad alayhissalomning payg`ambar bo`lib kelishlari bashorati bor. Tavrotning bashoratini tan olmaganlarni kitobni orqalariga qarab otish deb vasf etilmoqda. Ayni choqda, u kitob Qur'oni Karim ham bo`lishi mumkin, chunki yahudiylar uni ham qabul qilmadilar.)","Va Sulaymon podsholigida shaytonlar tilovat qilgan narsaga ergashdilar. Sulaymon kufr keltirgani yo`q. Lekin shaytonlar odamlarga sehrni o`rgatib, kofir bo`ldilar. Va Bobilda Horut va Morut nomli ikki farishtaga tushgan narsaga ergashdilar. Ikkovlari hatto: «Biz fitna — sinov uchunmiz, kofir bo`lmagin», demasdan oldin hech kimga o`rgatmasdilar. Bas, ikkovlaridan er-xotinning o`rtasini buzadigan narsani o`rganishar edi. Va ular u ila Allohning iznisiz biror kishiga zarar yetkazuvchi emasdilar. Va ular zarar keltiradigan, foyda keltirmaydigan narsani o`rganurlar. Va batahqiq, biladilarki, uni sotib olgan kishiga oxiratda nasiba yo`q. Agar bilsalar, o`zlarini sotgan narsa qandoq ham yomon![1]###[1] (Alloh Sulaymon alayhissalomga bergan mazkur mo`'jizalarni ko`rib, odamlardan ba'zilari iymonga keldi, iymonlilarning iymonlari mustahkamlandi. Ammo kofirlar, dushmanlar va shaytonlar: «Sulaymon sehrgar, u o`z sehrining kuchi bilan turli hayvonlar ila munosabatda bo`lmoqda, jinlarni ishlatmoqda, degan gaplarni tarqatishdi. payg`ambarlik mo`'jizasi ilohiy ne'mat bo`lib, faqat Alloh tomonidan beriladi. Sehr esa, o`rgatuvchidan o`rgansa bo`ladigan, yomonlikka ishlatiladigan bir narsadir. Shunday qilib, mo`'jiza nimayu sehr nima — kishilarga amalda ko`rsatilgan ekan. Ushbu oyati karima mazkur masalani muolaja qilarkan, Sulaymon sehrgar bo`lgan, degan da'voga «Sulaymon kofir bo`lmagan» degan javob kelmoqda. Shundan anglashiladiki, sehr kufrga tenglashtirilmoqda. Bu ma'noni «Lekin shaytonlar odamlarga sehrni o`rgatib kofir bo`ldilar», degan jumla yanada ta'kidlamoqda. Kofirlikni bo`yniga olib sehrni o`rganganlar nimaga ishlatishadi sehrlarini? «Er-xotinning o`rtasini buzishga». Demak, yomon narsaga. Cehrni o`rgangan, uni yomonlikka ishlatganlarga oxiratda hech qanday nasiba qolmaydi. Buni ularning o`zlari ham yaxshi biladilar.)","Agar ular iymon keltirib, taqvo qilganlarida, gar bilsalar, Allohning huzuridagi savob yaxshi edi.","Ey, iymon keltirganlar! «Ro'ina» demanglar, «unzurna» denglar va tinglanglar. Va kofirlarga alamli azob bo`lur.[1]###[1] (Cahobai kiromlar o`rganishi lozim bo`lgan narsalarni saboq olsalar, Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomga, «Ro'ina», ya'ni kuzatib turing, tushunib, o`zlashtirib olaylik, deyishar ekan. Ammo pastkash yahudiylar musulmonlarni tahqirlash uchun shu holatdan ham foydalanishibdi. O`zlarining ibroniy tillarida xuddi «ro'ina» kabi talaffuz etiladigan, lekin so`kish, masxara ma'nosida ishlatiladigan so`zni Rasuli akram alayhissalotu vassalom huzurlariga kelganda aytadigan bo`lishibdi.)","Ahli kitob va mushriklardan bo`lgan kofirlar sizlarga Robbingizdan yaxshilik tushirilishini yoqtirmaslar. Va holbuki, Alloh O`z rahmatini kimga xohlasa, o`shanga xos qiladir. Alloh ulug` fazl egasidir.","Oyatlardan birontasini nasx qilsak yoki unuttirsak, undan yaxshisini yoki unga o`xshashini keltirurmiz. Alloh har narsaga qodir ekanini bilmadingmi?","Albatta, osmonlaru yerning mulki Allohniki ekanini va sizlarga Allohdan o`zga do`st ham, yordamchi ham yo`qligini bilmadingmi?[1]###[1] («Nasx» so`zi lug`atda o`zgartish, bekor qilish ma'nosini bildiradi. Shariat ta'rifida esa, bir shar'iy hukmning undan keyin kelgan shar'iy dalil bilan bekor qilinishiga aytiladi. Tushunish uchun oddiy bir misol keltiradigan bo`lsak, ko`pchilik bo`lar-bo`lmasga Payg`ambar alayhissalom huzurlariga kirib, bekorchi gaplar bilan u zotning vaqtlarini olishaverganidan so`ng, Alloh taolo oyat tushirib, kim Payg`ambar alayhissalom bilan huzurlarida yolg`iz qolib gaplashmoqchi bo`lsa, gaplashishdan oldin sadaqa qilishga buyurdi. Odamlar bu orqali Payg`ambar alayhissalomning qimmatli vaqtlarini bekor o`tkazmaslik lozim ekanligini anglab bo`lganlaridan so`ng, boshqa oyat tushirib, avvalgi hukm bekor qilingani e'lon etildi.)","Yoki Payg`ambaringizdan, bundan avval Musodan so`ralganidek, savol so`rashni xohlaysizmi?! Kim iymonni kufrga almashtirsa, batahqiq, to`g`ri yo`ldan adashgan bo`lur.[1]###[1] (Alloh taolo musulmonlarni yahudiylarga o`xshab g`arazli savollar berishdan qaytarmoqda. Payg`ambar alayhissalomdan Muso alayhissalomdan Bani Isroil so`ragan narsalarga o`xshash narsalarni so`rashning yomonligini bayon qilyapti va bu ishni, iymonni kufrga almashtirish, deb atayapti.)","Ahli kitoblardan ko`plari ularga haq ravshan bo`lganidan keyin, o`zlaricha hasad qilib, sizlarni iymonli bo`lganingizdan keyin kofirlikka qaytarmoqchi bo`lurlar. Allohning amri kelguncha afv eting, kechirimli bo`ling. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir.","Namozni qoim qiling, zakot bering, o`zingiz uchun qilgan yaxshiliklarni Allohning huzurida toparsiz. Albatta, Alloh qilayotganingizni ko`ruvchidir.","Va ular: «Jannatga yahudiy va nasroniylardan boshqa hech kim kirmas», – dedilar. Bu ularning xom xayollaridir. Sen: «Agar rostgo`y bo`lsangiz, hujjatingizni keltiring», – deb ayt.","Yo`q! Kimki yaxshilik qilgan holida yuzini Allohga topshirsa, unga Robbi huzurida ajr bordir. Ularga xavf yo`q va ular xafa ham bo`lmaslar.[1]###[1] (Demak, ham ma'naviy, ham moddiy tarafdan faqat Alloh uchun bo`lgan ish o`z egasini mukofotga yetkazadi. Avvalo, «Robbi huzurida ajr bordir». Yana unga kelajakda xavf yo`q. Yana u bo`lib o`tgan ishlardan afsuslanmaydi. Bular Allohning va'dalaridir va muhaqqaq, shunday bo`lgusidir.)","Yahudiylar: «Nasroniylar arzimas narsadadirlar», dedilar. Nasroniylar: «Yahudiylar arzimas narsadadirlar», dedilar. Va holbuki, ular kitob tilovat qilurlar. Shuningdek, bilmaydigan kimsalar ham ularning gapiga o`xshash gap aytdilar. Bas, qiyomat kuni oralarida Alloh ular ixtilof qilgan narsa haqida hakamlik qiladir.[1]###[1] (Samoviy kitob egasi bo`lmagan xalqlar oyatda ilohiy ta'limotlarni «bilmaydigan kimsalar», deb atalyapti. Ular ham yahudiy va nasroniylarning gaplariga o`xshash gaplarni aytadilar, ya'ni bular ikkalasi ham hech narsaga arzimaydi, deydilar. Ular tortishishgan masalaning haqiqiy hukmini Alloh taolo qiyomat kuni O`zi chiqaradi.)","Allohning masjidlarida Uning ismi zikr qilinishini man etgan va ularni buzishga harakat qilgandan ham zolimroq odam bormi? Ana o`shalar u joylarga faqat qo`rqqan hollaridagina kirishlari kerak edi-ku! Ularga bu dunyoda xorlik bordir va ularga oxiratda ulug` azob bordir.","Mashriqu mag`rib Allohnikidir, qayoqqa qarasangiz, Allohning yuzi bor. Albatta, Alloh keng qamrovli, biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Butun Yer yuzi — mag`ribu mashriq musulmonlar uchun masjid qilingan. Chunki Yer yuzi Alloh taoloniki. Unga ibodat qilmoqchi bo`lgan odam har joyda ibodat qilaversa bo`laveradi.)","Ular: «Alloh farzand tutdi», derlar. U pokdir. Albatta osmonlaru yerdagi barcha narsalar Unikidir. Hamma Unga bo`ysunuvchidir.","U osmonlaru yerni paydo qiluvchidir. Biror ishni qilmoqchi bo`lganida, unga: «Bo`l!» desa, bo`laveradir.[1]###[1] (Kofirlar ushbu oyati karimada kelganidek, «Alloh o`ziga farzand tutdi», deydilar. Bu oyatlar tushayotgan paytda musulmonlar bilan yuzma-yuz to`qnashib turgan uch toifa kofirlar uchchalasi ham ulkan jinoyatga borib, Allohga tuhmat qilishardi: Yahudiylar: «Uzayr Allohning o`g`li», deyishardi; nasorolar: «Iyso Masih Allohning o`g`li», deyishardi; kofirlarning uchinchi guruhi bo`lmish mushriklar: «Farishtalar Allohning qizlari», deyishardi. Islomiy tasavvurdan boshqa tasavvurlar falsafalarning katta xatosi Xoliq (yaratuvchi) bilan maxluq (yaratilmish) orasidagi farqni tushunmaslikdadir. Islom nazariyasi bo`yicha, mahluqlar tamom boshqa, Xoliq tamom boshqa mavjudlik. Xoliqning aslo o`xshashi yo`q, Uni tasavvurga sig`dirib ham bo`lmaydi, maxluqqa qiyosan ta'riflanmaydi ham. Ya'ni, Allohning xotini ham, farzandi ham bo`lishi mumkin emas.)","Bilmaydigan kimsalar: «Alloh biz bilan gaplashsa edi yoki mo`'jiza kelsa edi», deyishdi. Ulardan oldingilar ham ularning so`ziga o`xshash gapirgan edilar. Qalblari o`xshash bo`ldi. Batahqiq, Biz yaxshi biluvchi qavmlarga mo`'jizalarni bayon qilganmiz.","Albatta, Biz seni haq bilan suyunchli xabar beruvchi va ogohlantiruvchi qilib yubordik. Va do`zaxiylar haqida so`ralmassan.","Sendan yahudiylar ham, nasroniylar ham ularning millatiga ergashmaguningcha hech-hech rozi bo`lmaslar. «Albatta, Allohning hidoyati haqiqiy hidoyatdir», deb ayt. Agar senga kelgan ilmdan keyin ham ularning havoyi nafslariga ergashsang, seni Allohdan (qutqaruvchi) do`st ham, yordamchi ham yo`qdir.","Biz kitob berganlardan uni o`rniga qo`yib tilovat qiladiganlari, ana o`shalari unga iymon keltiradir. Kim unga kufr keltirsa, ana o`shalar o`zlari yutqazganlardir.[1]###[1] (Agar yahudiylar haqiqiy Tavrotni insof bilan, o`rniga qo`yib o`qisalar, Muhammad alayhissalomga iymon keltirish zarurligini tushunib yetadilar. Nasroniylar ham Injilni buzmasdan, insof bilan, o`rniga qo`yib o`qisalar, Muhammad alayhissalomga iymon keltirish zarurligini anglab yetadilar. Kimki Qur'oni Karimni insof bilan, o`rniga qo`yib o`qisa, unga iymon keltirish zarurligini tushunib yetadi.)","Ey, Bani Isroil, sizga bergan ne'matlarimni va Men sizlarni olamlardan afzal qilib qo`yganimni eslang!","Bir jon boshqa jondan hech narsani ado qila olmaydigan, undan shafoat qabul qilinmaydigan, undan to`lov olinmaydigan va ularga yordam berilmaydigan Kundan qo`rqing!","Ibrohimni Robbisi kalimalar ila sinab ko`rganda, u ularni batamom ado etganini esla! U zot: «Men, albatta, seni odamlarga imom qilmoqchiman» – dedi. U: «Zurriyotimdan hammi?» – dedi. U zot: «Zolimlar ahdimga hech qachon erisha olmaslar», – dedi.","«Uy»ni odamlar uchun masaba va omonlik joyi qilganimizni esla. Va Ibrohimning maqomini namozgoh tuting. Va Ibrohim va Ismoilga: «Uyimni tavof qiluvchilar, muqim turuvchilar, ruku' va sajda qiluvchilar uchun poklab qo`yinglar», deb amr qildik.[1]###[1] («Masaba» ziyorat qilib to`ymaydigan makon.)","Ibrohimning: «Robbim, buni omonlik yurti qilgin va ahlidan Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirganlarini mevalar ila rizqlantirgin», deganini esla. U: «Kim kufr keltirsa, ozgina huzur baxsh etaman, so`ngra do`zax azobiga majbur qilaman va u qanday ham yomon joy!» – dedi.[1]###[1] (Ushbu oyatda ikkinchi marta, endi Ibrohim alayhissalom tillaridan, Baytullohning omonlik maskani bo`lishi xabari kelyapti. Ammo, odobli, sermulahaza payg`ambar Ibrohim alayhissalom avvalgi darsdan saboq olib, Allohning mukofotini bu gal hammaga emas, balki mo`minlargagina so`ramoqdalar. Asosiy qoida esa o`zgarmasdir: «Kim kufr keltirsa, ozgina huzur baxsh etaman, so`ngra do`zax azobiga majbur qilaman va u qanday ham yomon joy!» «Ozgina huzur» kofirlar uchun bu dunyoda beriladigan zohiriy huzurdir. So`ngra esa, oxiratda ularni do`zax azobi kutadi.)","Ibrohim bilan Ismoil «Ey Robbimiz, bizdan qabul et, albatta, Sening O`zing eshituvchi, biluvchi Zotsan», deb Baytning poydevorlarini ko`tarayotganini esla.","«Robbimiz, ikkovimizni O`zingga musulmon bo`lganlardan qil va zurriyotimizdan ham O`zingga musulmon ummat qil, bizga ibodatlarimizni ko`rsat, tavbamizni qabul et. Albatta, Sening O`zing tavbalarni ko`plab qabul etuvchi, rahimli Zotsan.»","Robbimiz, ularga o`zlarining ichidan ularga oyatlaringni tilovat qilib beradigan, kitobni va hikmatni o`rgatadigan, ularni poklaydigan Payg`ambar yubor. Albatta, Sening O`zing Aziyz va hikmatli zotsan.[1]###[1] (Yuqoridagi oyatlar Baytullohning qurilish jarayonini jonlantirib ko`z oldimizga olib keladi. Ibrohim va Ismoil alayhissalomlar Baytullohni qurar ekanlar, fursatni qulay bilib, ko`ngillaridagi duolarni ham qilib oldilar. Aqida ishi muhim ish, u mo`min inson uchun eng ahamiyatli masaladir. Shuning uchun avvalgi oyatlarda ahli haramga rizq so`ragan ota-bola payg`ambarlar endi zurriyotlariga Allohdan iymon-islom so`ramoqdalar. Ular yana Allohdan: «Bizga ibodatlarimizni ko`rsat, tavbamizni qabul et», deb so`rayaptilar. Biz, «ibodatlarimizni» deb tarjima qilgan so`z arabchada «manasikana» deyilgan. «Manosik» so`zi aslida ibodat ma'nosini anglatsa ham, urfda haj ibodatlari ma'nosida ishlatiladi. Shuning uchun bu duoda, mana, sening uyingni quryapmiz, endi uni haj qilishni ham o`zing o`rgat, ma'nosi bo`ladi.)","O`zini esi past sanaganlargina Ibrohimning millatidan yuz o`girur. Albatta, Biz uni bu dunyoda tanlab oldik va, albatta, u oxiratda solihlardan bo`lgay.","Chunki Robbi unga: «Musulmon bo`l!» deganida, u: «Olamlarning Robbiga musulmon bo`ldim», – dedi.","Ibrohim o`sha(millat)ni bolalariga vasiyat qildi. Ya'qub ham: «Ey bolalarim, albatta, Alloh sizlarga dinni tanladi, sizlar musulmon bo`lmasdan turib o`lmassiz», – dedi.","Yoki Ya'qubga o`lim hozir bo`lib, u o`z bolalariga: «Mendan keyin nimaga ibodat qilasizlar?» deganida, ular: «Sening Ilohingga va otalaring Ibrohim, Ismoil va Is'hoqning Ilohiga, yolg`iz Ilohga ibodat qilamiz hamda biz Unga musulmon bo`luvchimiz», deganlarida guvoh bo`lganmisiz?!","Ular bir ummat edi, o`tib ketdilar. Ularga o`zlari kasb qilganlari bo`ladi. Sizlarga o`zingiz kasb qilganingiz bo`ladir. Ularning qilgan amallaridan siz so`ralmassiz.","Ular: «Yahudiy yoki nasroniy bo`ling, hidoyat topasiz», derlar. «Balki, Ibrohimning hanif millatiga (diniga) ergashamiz va u mushriklardan bo`lmagan», deb ayt.[1]###[1] (Yahudiy va nasroniylarning gapi bitta: unisi, yahudiy bo`ling, hidoyat topasiz, desa, bunisi, nasroniy bo`ling, hidoyat topasiz, deydi. Bunga javoban esa, Alloh Payg`ambarimiz Muhammad alayhissalomga: «Yaxshisi hammamiz — sizlar ham, biz ham Ibrohim alayhissalomning hanif millatiga ergashaylik», deyishni buyurmoqda. «Hanif» degani barcha botil dinlarni tashlab haq din tomon burilishni anglatadi.)","Aytinglar: «Allohga va bizga tushirilgan narsaga, Ibrohim, Ismoil, Is'hoq, Ya'qub, asbotlarga tushirilgan narsaga, Muso va Iysoga berilgan narsaga va Payg`ambarlarga Robbilaridan berilgan narsaga iymon keltirdik. Ularning orasidan birortasini farqlamasmiz va biz Unga musulmonlarmiz».[1]###[1] (Qur'oni Karimda zikri kelgan «asbotlar»dan murod — Ya'qub alayhissalomning o`n ikki nafar o`g`lidan tarqalgan zurriyotlari. Demak, musulmonlar ularning payg`ambarliklariga ham iymon keltirishlari lozim.)","Agar siz iymon keltirganga o`xshash iymon keltirsalar, batahqiq, hidoyat toparlar. Va agar yuz o`girsalar, bas, albatta, ular xilofdan boshqa narsada bo`lmaslar. Alloh senga ular (yomonligi)dan kifoya qilur. Va U eshituvchi, biluvchi Zotdir.","Allohning bo`yog`ini (lozim tuting). Allohning bo`yog`idan chiroyliroq bo`yoq berguvchi kim bor?! Va biz Unga ibodat qiluvchilarmiz.[1]###[1] (Oyatdagi «bo`yoq» kalimasi ramzan dinni anglatadi. Insonni go`zal qilib ko`rsatadigan narsa dindir. Haqiqiy dindor shaxsda uning alomatlari yaqqol ko`zga tashlanib turadi. Shu ma'noda, inson agar go`zal bo`lish uchun turli bo`yoqlardan — din va tuzumlardan birini tanlashi lozim bo`lsa, nimani tanlashi kerak? Albatta, hech qanday gap-so`zsiz, Allohning bo`yog`ini (dinini) tutishi lozim. Chunki Allohning bo`yog`idan (dinidan) o`zga chiroyliroq bo`yoq yo`q!)","Ayt: «Biz bilan Alloh haqida tortishasizmi?! Va holbuki, U bizning Robbimiz va sizning Robbingiz, bizning o`z amallarimiz bor, sizning o`z amallaringiz bor. Va biz Unga muxlismiz».","Yoki: «Albatta, Ibrohim, Ismoil, Is'hoq, Ya'qub va asbotlar yahudiy va nasroniy bo`lgan», deysizlarmi?! «Sizlar bilimdonroqmi yoki Allohmi?» degin. Huzuridagi Allohdan bo`lgan guvohlikni berkitgan kimsadan ham zolimroq odam bormi?! Va Alloh qilayotgan ishlaringizdan g`ofil emasdir.","Ular bir ummat edilar, o`tib ketdilar. Ularga o`zlari kasb qilganlari bo`lur. Sizlarga o`zingiz kasb qilganingiz bo`ladir. Ularning qilgan amallaridan sizlar so`ralmassiz."]