["Va agar Allohga, furqon kuni — ikki jamoat to`qnashgan kuni bandamizga nozil qilgan narsamizga iymon keltirgan bo`lsangiz, bilingki, o`ljaga olgan narsangizdan beshdan biri Allohga, Rasuliga, yaqinlariga, yetimlarga, miskinlarga va musofirlargadir. Va Alloh har bir narsaga qodirdir.[1]###[1] («Furqon kuni — ikki jamoat to`qnashgan kuni»dan murod Badr urushi kunidir. Chunki ayni o`sha kun Alloh taolo haq bilan botilni farq qilgan, ajratgan kundir. O`sha kun musulmonlar bilan mushriklar to`qnashgan kundir. Oyatda Badr urushi kuni Rasulullohga nozil qilingan oyatlarga iymon keltirishlik Allohga iymon keltirish bilan birga zikr etilmoqda. O`sha kuni nozil qilingan oyati karimalar o`ljani taqsimlashga ham taalluqli edi. Ana o`sha oyatlardagi hukmlarga amal qilsalar, iymonlari borligiga dalolat bo`lishi ta'kidlanmoqda. Jihod paytida qo`lga tushgan o`ljalarning beshdan to`rti mujohidlarga bo`lib beriladi. Qolgan bir qismi esa, ushbu oyatda zikr qilingan toifalarga ajratiladi.)","O`shanda sizlar (vodiyning Madinaga) yaqin tarafida, ular uzoq tarafida, otliqlar esa sizdan pastda edi. Agar va'dalashib olganingizda ham, kelishilgan joy va vaqtda xilof qilardingiz. Lekin Alloh qilinishi kerak bo`lgan ishni hal etishi uchun, halok bo`ladigan odam ochiq-oydin hujjat bilan halok bo`lishi uchun, yashashi kerak bo`lgan odam ochiq-oydin hujjat bilan yashashi uchun (to`qnashdingiz). Va, albatta, Alloh eshitguvchi va bilguvchi Zotdir.[1]###[1] (Ya'ni, Badr urushi kuni sizlar, ey musulmonlar, vodiyning Madinaga yaqin tarafiga kelib tushdingiz. Mushriklar vodiyning Madinadan uzoq tarafiga kelib tushdilar. Karvondagi otliqlar esa, siz turgan joyning pastrog`idan yurib, sohil bo`ylab o`tib ketdi. Siz bilan mushriklar o`rtasida tepalik bo`lib, bir-biringizni ko`rmas edingiz.)","O`shanda Alloh tushingda ularni senga oz ko`rsatdi. Agar ularni senga ko`p ko`rsatganida, tushkunlikka uchrar edingizlar va bu ishda oralaringizda nizo chiqar edi. Lekin Alloh saqladi. Albatta, U dilingizdagi narsani bilguvchi Zotdir.","O`shanda, to`qnashganingizda, ularni sizning ko`zingizga oz qilib ko`rsatganini, sizni ularning ko`ziga oz qilib ko`rsatganini eslang. Buni Alloh qilinishi kerak bo`lgan ishni hal etish uchun qildi. Va barcha ishlar Allohga qaytarilur.[1]###[1] (Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomning ko`rgan tushlari rost chiqdi. Alloh taolo musulmonlarga ko`p sonli mushriklarni oz qilib ko`rsatdi. Alloh taolo mushriklarga oz sonli musulmonlarni yana ham kamaytib ko`rsatdi. Ular biz ko`pmiz, musulmonlar oz ekan, deb g`ururga ketishdi va g`aflatda qolib, mag`lub bo`lishdi.)","Ey, iymon keltirganlar! (Kofir) jamoatga ro`baro` kelganingizda, sabotli bo`ling va Allohni ko`p zikr qiling, shoyadki, najot topsangiz.","Allohga va Uning Rasuliga itoat qiling. O`zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch-quvvatingiz ketadir. Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qilguvchilar bilandir.[1]###[1] (G`alaba omillaridan biri — Allohga va uning Rasuliga itoat qilish bo`lib, u nafaqat urush maydonidagi, balki barcha sohalardagi g`alaba va muvaffaqiyatlarning asosiy garovidir. Ma'lumki, urushda qo`mondolikka itoat katta ahamiyatga ega. Bu oddiy bandalarga itoat haqidagi gap. Endi olamlarning Yaratguvchisi va tadbirini qilguvchisiga, U zotning tanlab olgan oxirgi Payg`ambari Muhammad alayhissalotu vassalomga bo`ladigan itoat qanchalar ulug` ekanini, qanchalik muvaffaqiyatlar garovi ekanini o`zimiz bilib olaverishimiz kerak.)","Va diyorlaridan kibru havo bilan, odamlarga riyo uchun chiqib, Allohning yo`lidan to`sadiganlarga o`xshamang. Alloh nima qilayotganlarini ihota qilguvchidir.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada kofirlarga, jumladan, Makkadan Badrga qarab otlangan qurayshliklarga ishora qilinmoqda. Ular urushga katta dabdaba bilan borardilar. Kibru havolari dunyoni olardi. Qayerga tushsalar, tuyalar so`yishar, o`yinchi qizlarni o`ynatib, qo`shiq ayttirishar, odamlarni mehmon qilishar edi. Bu dabdabalar riyo uchun, kuch-quvvatlarini boshqalarga ko`rsatish uchun edi.)","O`shanda shayton ularga amallarini ziynatlab ko`rsatdi va: «Bu kunda odamlardan sizga g`olib kela oladigan hech kim yo`q. Men sizning homiyingizman», – dedi. Ikki jamoa bir-birini ko`rganida esa, orqasiga qaytdi va: «Albatta, men siz ko`rmayotgan narsani ko`rmoqdaman. Men Allohdan qo`rqaman», – dedi. Alloh iqobi shiddatli Zotdir.[1]###[1] (Ya'ni, musulmonlar bir tomondan, mushriklar boshqa bir tomondan jang maydoniga qarab yurib, bir-birlariga yaqin kelganda esa, shayton orqasiga qarab qochdi. Mushriklarni vasvasa qilish, ularning ishini ziynatlab ko`rsatish to`xtadi. Demak, shayton mushriklar mag`lubiyatga uchrashlari shubhasiz ekanligini ko`rgan, shuning uchun qochgan.)","O`shanda munofiqlar va dillarida maraz bo`lganlar: «Anavilarni dini mag`rur qilib yubordi», – dedilar. Kim Allohga tavakkul qilsa, bas, albatta, Alloh g`olib va hikmatli Zotdir.","Agar farishtalar kufr keltirganlarning jonini olaturib, yuzlariga va ketlariga urib: «Yong`in azobini toting!","Bu, qo`lingiz taqdim qilgan narsa tufaylidir. Albatta, Alloh bandalariga hech zulm qilguvchi emasdir», – deyishlarini ko`rsang edi.","Xuddi Oli Fir'avn va ulardan oldingilarning qilmishlariga o`xshaydi. Allohning oyatiga kufr keltirdilar. Bas, Alloh ularni gunohlari tufayli tutdi. Albatta, Alloh kuchli va iqobi shiddatli Zotdir.[1]###[1] (Ya'ni, mushriklarning bu qilmishi, xuddi Oli Fir'avn va ulardan oldingilarning qilmishlariga o`xshaydi.)","Bunday bo`lishi Alloh bir qavmga bergan ne'matini, toki, ular o`zlarini o`zgartirmagunlaricha, o`zgartiruvchi bo`lmasligi va Alloh eshitguvchi va bilguvchi zot bo`lganidandir.","Xuddi Oli Fir'avn va ulardan oldingilarning qilmishiga o`xshab, Robbilarining oyatlarini yolg`onga chiqardilar. Bas, Biz ularni gunohlari tufayli halok qildik va Oli Fir'avnni g`arq qildik. Hammalari zolim edilar.","Albatta, Allohning huzurida hayvonning yomoni kufr keltirganlaridir. Bas, ular iymon keltirmaslar.[1]###[1] (Iymon bo`lmagan joyda yaxshilik qayerdan bo`lsin. Yaratgan xoliqqa — Allohga ishonmay yurgan odamdan har qanday yomonlikni kutish mumkin. Bunday odam iymonsiz — kofir bo`lgani uchun hayvondan ham past darajaga tushib qoladi. Tushganda ham, Allohning huzurida tushadi. Bu esa, har qanday inson uchun badbaxtlikdir.)","Ulardan sen ahdlashganlar so`ngra har safar ahdlarini buzarlar va ular U zotdan qo`rqmaslar.[1]###[1] (Bu qilmishlari bilan yana bir insoniylik xususiyatlarini yo`qotadilar. Ya'ni, ahdda turish insonni hayvondan ajratadigan xususiyatlaridan biri sanaladi. Kofirlar ahdni buzish bilan shu sifatni ham yo`qotdilar. Bu qilmishlariga bosh sabab ularning Allohdan qo`rqmasliklaridir.)","Agar urushda ulardan zafar qozonsang, bas, ularni halok qilish bilan ortlaridagilarni sarson qilib qo`y, shoyadki, eslasalar.","Agar bir qavmning xiyonatidan qo`rqadigan bo`lsang, ularga tengma-teng (ahd buzilganini) o`rtaga tashla. Albatta, Alloh xoinlarni sevmas.[1]###[1] (Ya'ni, biror kofir qavm bilan ahdlashgan bo`lsang, ammo sodir bo`layotgan gap-so`z va tasarruflardan, ba'zi bir ma'lumotlardan ahdga xiyonat qilayotganlarini bilib qolsang, ularga ahd ikki tomondan barobar buzilganini bildir. Ahdga ishonib, xotirjam turgan tomonga yomonlik qilish xoinlik bo`ladi.)","Kufr keltirganlar o`zdik deb o`ylamasinlar. Ular hech qochib qutula olmaslar.","Ular uchun qo`lingizdan kelganicha kuch-quvvat va egarlangan otlarni tayyorlab qo`yingizki, bu bilan Allohning dushmanini, o`z dushmaningizni va ulardan boshqa o`zingiz bilmaydiganlarni qo`rqitasiz. Ularni Alloh biladir. Alloh yo`lida nimani sarf qilsangiz, sizga to`liq qaytarilur. Sizga zulm qilinmas.[1]###[1] (Ushbu oyat musulmon jamiyatining qurolli kuchlari doimo shay turishi lozimligiga dalildir. Har bir musulmon jamiyat qo`lidan kelganicha harbiy tayyorgarlikni ko`rib qo`yish bilan Allohning amrini bajargan bo`ladi.)","Agar ular tinchlikka moyil bo`lsalar, sen ham moyil bo`l. Va Allohga tavakkul qil. Albatta, U eshitguvchi va bilguvchi Zotdir.","Agar seni aldashni iroda qilsalar, bas, senga Alloh kifoya qiladir. U seni O`z nusrati va mo`minlar bilan qo`llagan.","Hamda ularning qalblarini birlashtirgan Zotdir. Agar yer yuzidagi hamma narsani sarf qilsang ham, ularning qalblarini birlashtira olmas eding. Lekin Alloh ularni birlashtirdi. Albatta, U g`olib va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Bu masalalar xalqlar boshiga bitgan balo bo`lgani hammaga ma'lum.) Chunki Islom birodarligi irq, nasab, til, qabila, qavm asosida emas, Allohga muhabbat asosida bo`ladi.)","Ey Nabiy, senga va senga ergashgan mo`minlarga Alloh kifoyadir.","Ey Nabiy, mo`minlarni jangga chorla! Agar sizdan yigirmata sabrli bo`lsa, ikki yuztani yengadi. Agar sizdan yuzta bo`lsa, kufr keltirganlardan mingtasini yengadi. Bu, ular tushunmaydigan qavm bo`lganlaridandir.","Endi, Alloh sizlardan yengillashtirdi, sizlarda ojizlik borligini bildi. Bas, agar sizdan yuzta sabrli bo`lsa, ikki yuztani yengadi. Agar sizdan mingta bo`lsa, Allohning izni ila ikki mingtani yengadi. Alloh sabrlilar bilandir.[1]###[1] (Musulmonlar doimo quvvatli bo`lib turavermas ekanlar, ularda zaiflik hollari ham uchrab turarkan. Buni Alloh taolo hammadan ko`ra yaxshiroq biladi. Shuning uchun avvalgi oyatda kelgan hukmni yengillashtirib, zaif holatida bir musulmon jangchi ikkita dushmanga g`olib kelishini ta'kidlamoqda. Shu bilan birga, nomi musulmon bo`lsa bo`ldi, degan tushuncha uyg`onmasligi uchun «Allohning izni ila» sharti ham qo`shib qo`yildi.)","Nabiy uchun yer yuzida zabardast bo`lmagunicha asirlari bo`lishi yaxshi emas edi. Sizlar dunyoning o`tkinchi matohini istaysizlar. Alloh esa, oxiratni istaydir. Va Alloh g`olib va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Ushbu va keyingi oyati karimalar Badr urushida asirga tushgan mushriklar masalasida nozil bo`lgandir.)","Agar Allohning oldindan yozgani bo`lmaganida, sizga olgan narsalaringiz tufayli ulug` azob yetar edi.[1]###[1] (Alloh taolo avvaldan Badr urushida ishtirok etgan musulmonlarning barcha gunohlarini kechib yuborgan edi. Shuning uchun ularning bu holatlari ham oldindan yozib qo`yilgan qazoi qadarga binoan kechib yuborildi. Buning ustiga, ularga boshqa in'omlar ham berdi.)","Bas, o`ljaga olgan narsalaringizdan halol-pok holda yenglar. Allohga taqvo qilinglar. Albatta, Alloh mag`firat qilguvchi va rahimli Zotdir.","Ey Nabiy, qo`lingizdagi asirlarga: «Agar qalblaringizda yaxshilik bo`lsa, Alloh bilur va sizga o`zingizdan olingan narsadan ko`ra yaxshiroq narsani berur va sizni mag`firat qilur. Alloh mag`firat qilguvchi va rahimli Zotdir», – deb ayt![1]###[1] («Qurayshliklar Rasululloh alayhissalotu vassalomga asirlarni to`lovini berib, ozod qilish uchun odam yubordilar. Abbos: «Ey Allohning Rasuli, men musulmon edim», dedi. Rasululloh alayhissalotu vassalom: «Musulmonligingni Alloh biladi. Ammo sen sirtdan bizga qarshi bo`lding. O`zing uchun, akalaringning o`g`illari uchun hamda ittifoqdoshing Bani Horis ibn Fehrning ukasi uchun to`lov ber», dedilar. Abbos: Ey Allohning Rasuli, menda uncha mol yo`q», dedi. Rasululloh alayhissalotu vassalom: «Ummu Fazl ikkovingiz ko`mgan mollar qani?» dedilar. Abbos: «Allohga qasamki, ey Muhammad, siz Allohning Rasuli ekaningizni yaxshi bilaman, bu mollarni men va Ummu Fazldan boshqa hech kim bilmas edi. Mendagi molning yigirma uqiyasi o`zingizga o`tdi, deb hisoblayvering», dedi. Rasululloh alayhissalotu vassalom: «Yo`q, u boylik Alloh sendan bizga olib berganidir», dedilar. Abbos o`ziga, ikki akasining ikki o`g`liga va ittifoqdoshiga to`lov berdi. Shunda Alloh taolo ushbu oyatini nozil qildi.)","Agar senga xiyonat qilishni istasalar, batahqiq, bundan oldin Allohga xiyonat qilgan edilar. Bas, U ularga qarshi imkon topdi. Alloh bilguvchi va hikmatli Zotdir.","Albatta, iymon keltirgan, hijrat qilgan, Allohning yo`lida molu jonlari bilan jihod qilganlar va joy berib, yordam ko`rsatganlar, ana o`shalar bir-birlariga valiydirlar. Iymon keltirgan, ammo hijrat qilmaganlarga esa, to hijrat qilmagunlaricha, siz hech valiy bo`la olmassiz. Agar ular sizdan dinda yordam so`rasalar, yordam bermog`ingiz vojib. Faqat, siz bilan o`rtalarida ahdnoma bor qavm ziddiga emas. Alloh nima qilayotganingizni ko`rguvchi Zotdir.[1]###[1] (Islomda «vala»-valiylik aqida asosida bo`ladi. Kim mo`min-musulmon bo`lib, Islomga kirar ekan, boshqa hamma vosita va aloqalardan uzilib, aqida ila bog`lanadi. Barcha mo`min-musulmonlar uning valiysiga aylanadi. Qarindoshlari mo`min bo`lmasa, valiy emaslar; jamiyati mo`min bo`lmasa, valiy emas.)","Kufr keltirganlar bir-birlariga valiydirlar. Agar (mazkur narsani) qilmasangiz, yer yuzida fitna va katta fasod bo`ladir.","Iymon keltirgan, hijrat etgan, Allohning yo`lida jihod qilganlar va joy berib, yordam ko`rsatganlar, ana o`shalar haq mo`minlardir. Ular uchun mag`firat va karamli rizq bordir.","Keyin iymon keltirib, hijrat qilgan va sizlar bilan jihod qilganlar ham sizlardandir. Allohning kitobida qarindoshlar bir-birlariga haqliroqdirlar. Albatta, Alloh har bir narsani bilguvchi Zotdir.[1]###[1] (Hijratning avvalida meros ma'lum muddat musulmon birodarligi asosida taqsimlangan. Ushbu oyat nozil bo`lgandan boshlab, meros musulmon qarindoshlar orasida bo`ladigan bo`ldi.)","(Bu) Allohdan va Uning Rasulidan mushriklarning siz ahdlashganlaringizga «baroat» — ora ochiqligi (e'loni)dir.","Bas, yer yuzida to`rt oy sayr qilib yuringlar va bilinglarki, albatta, siz Allohni ojiz qoldiruvchi emassiz va, albatta, Alloh kofirlarni xor qilguvchidir.[1]###[1] (Bu ish musulmonlar bilan tuzgan ahdni buzgan mushriklarga tegishlidir.)","(Bu) Alloh va Uning Rasulidan odamlarga «hajjul akbar» kunidagi bildirishdir. Albatta, Alloh va Uning Rasulining mushriklar bilan oralari ochiqdir. Bas, agar tavba qilsangiz, u o`zingiz uchun yaxshidir. Agar yuz o`girib ketadigan bo`lsangiz, bilinglarki, albatta, sizlar Allohni ojiz qoldiruvchi emassiz. Kufr keltirganlarga alamli azobning «bashoratini» beraver.","Magar mushriklardan siz ahdlashganingizdan keyin hech narsani nuqson qilmaganlari va sizga qarshi birovga yordam bermaganlarining ahdlarini muddatlarigacha batamom qiling. Albatta, Alloh taqvodorlarni sevadir.","Bas, harom oylar chiqqanda, mushriklarni qayerda topsangiz, o`ldiringlar, tutinglar, qamal qilinglar va ularni har joyda poylanglar. Agar tavba qilsalar, namozni to`kis ado etsalar va zakotni bersalar, yo`llariga qo`yib yuboringlar. Albatta, Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Oyatdagi amr yigirma ikki yillik sabr-chidam natijasidir, tushuntirish, turli yo`llarni axtarish va ahdnoma tuzishlar naf bermaganidan so`ng, shuningdek, chor atrofni xavf-xatar o`rab olgandan keyin, Islom markazini ichki dushmandan tozalash niyatida qilingan buyruqdir. Bu amrdan maqsad qirib tashlash emas, balki haqiqatni yaxshilik bilan tushunmaganlarga bir oz ta'sir o`tkazish ekanligi oyatning ikkinchi yarmidan ham bilinib turibdi.)","Agar mushriklardan birontasi panoh so`rasa, unga panoh ber, toki u, Allohning kalomini eshitsin. So`ngra, uni omonlik joyiga yetkazib qo`y. Bu, ularning bilmaydigan qavm bo`lganlari uchundir.","Qanday qilib mushriklarga Allohning huzurida va Uning Rasulining huzurida ahd bo`lsin?! Magar siz bilan Masjidul Harom oldida ahdlashganlar, sizga nisbatan mudom mustaqiym tursalar, siz ham mustaqiym turing. Albatta, Alloh taqvodorlarni sevadir.[1]###[1] (Ahdu paymon ularning faqat bir toifasiga, ya'ni musulmonlar bilan Masjidul Harom oldida, ya'ni Hudaybiyada ahdlashgan mushriklargagina bo`lishi mumkin. Agar ular ahdlarida tursalar, musulmonlar ham ahdida turadi. Modomiki ular ahdlarida turgan ekan, musulmonlar ham vafoli bo`lishlari shart. Chunki Islom — ahdga vafo dinidir.)","Qanday qilib (ularga ahd bo`lsinki), ular agar sizdan ustun kelsalar, na ahdga va na burchga rioya etmaslar. Sizni og`izlari bilan rozi qiladilar-u, qalblari ko`nmas. Ularning ko`plari fosiqlardir.","Ular Allohning oyatlarini ozgina bahoga sotib, Uning yo`lidan to`sdilar. Darhaqiqat, ularning qilganlari qanday ham yomon bo`ldi?![1]###[1] (Mushriklar hammaga barobar kelgan Allohning oyatlarini qabul qilmay, undan bu dunyoning ozgina bahosini ustun ko`rdilar. Din yo`liga yursalar, dunyoning matohidan ajralib qolaman yoki kamroq ulush olaman, deb o`ylashdi. Shuningdek, bu dunyodagi molidan sadaqa berishdan cho`chishdi. Shularni o`ylab, odamlarni Allohning yo`lidan to`sishdi.)","Ular mo`min haqida na ahdga va na burchga rioya qilmaslar. Ana o`shalar, o`zlari tajovuzkorlardir.[1]###[1] (Ular boshqalarga nisbatan ahdga rioya qilishlari mumkin. Ammo mo`minga kelganda: «... na ahdga va na burchga rioya qilmaydilar».)","Bas, agar tavba qilsalar, namozni to`kis ado etsalar va zakotni bersalar, din qardoshingizdirlar. Biladigan qavm uchun oyatlarimizni batafsil bayon qilamiz.","Agar ahd berganlaridan keyin ahdlarini buzsalar va diningizga ta'na toshini otsalar, kufrboshilarga qarshi jang qiling! Zero, ularning ahdlari yo`qdir. Shoyadki, to`xtasalar.[1]###[1] (Ular o`zlari rozi bo`lib ahdnoma tuzganlaridan so`ng, o`zlari uni buzsalar, buning ustiga, sizning diningiz Islomga ta'na toshini otsalar, ular kufrboshi, kofirlarning boshlig`i — imomi bo`ladilar. Ularga qarshi jang qilish lozim. Chunki ular ahdga vafo qilmaydigan odamlardir. Urush ularni yo`qotish uchun emas, dushmanliklarini to`xtatish uchundir.)","Ahdlarini buzgan, Rasulni (yurtdan) chiqarishga qasd qilgan va sizga (qarshi) birinchi bo`lib (urush) boshlagan qavm bilan urushmaysizmi?! Ulardan qo`rqasizmi?! Agar mo`min bo`lsangiz, qo`rqishingizga loyiq zot Allohdir![1]###[1] (Ushbu oyati karimada mushriklarga qarshi urushning ba'zi sabablari bayon qilinmoqda. Musulmonlar orasida ham, qavm bilan nima uchun urushamiz, degan savol tug`ilishi mumkin. Shunday savolga savol bilan javob berilmoqda.)","Ularga qarshi jang qilinglar! Alloh ularni sizning qo`lingiz bilan azoblaydir, xorlaydir va ularga qarshi sizga yordam beradir. Va mo`min qavmlarning ko`ngillariga shifo beradir.","Va qalblaridagi achchiqni ketkazadir. Alloh kimni xohlasa, o`shaning tavbasini qabul qiladir. Alloh bilguvchi va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Ya'ni, muhimi sizlar jang qilaveringlar, bu yog`ini Allohning O`zi biladi. Alloh sizlarni qudratiga parda qila turib, qo`llaringiz bilan mushriklarni azoblaydi, xorlaydi. Mo`minlarga nusrat, mushriklarga mag`lubiyat berish bilan avvalda mushriklar ozorlagan mo`minlarning ko`ngillarini davolaydi. Islomga yordam berib, uni kufrdan ustun qilish bilan mo`minlarning qalbida yig`ilib qolgan achchiqlarni ketkazadi.)","Sizdan jihod qilganlarni, Allohdan, Uning Rasulidan va mo`minlardan o`zgani do`st tutmaganlarni bilmay turib, Alloh tomonidan tark etib qo`yilmog`ingizni o`yladingizmi? Alloh nima qilayotganlaringizdan xabardor Zotdir.[1]###[1] (Da'vat qilib dinga qiziqtirilganda, odamlar ko`pchilikka qo`shilaveradilar. Turli fikr, maqsad va g`araz bilan o`zini musulmon ko`rsatishga hamma urinaveradi. Ba'zilar sirtdan o`zini musulmon ko`rsatib, ichdan Allohdan boshqani do`st tutgan bo`lishi mumkin. Mo`minlardan boshqani do`st tutgan bo`lishi mumkin. Bunday kishilarning haqiqiy basharalarini ochish uchun soxtakorlar chiday olmaydigan qiyinroq ish taklif qilinadi. Jihod ana o`sha ishlardan biridir. Jihodda haqiqiy mo`min-musulmonlar boshqalardan ajralib chiqib qoladilar.)","Mushriklarga, o`zlarining kofir ekanliklariga guvoh bo`lgan hollarida, Allohning masjidlarini obod qilishlari joiz emas. Ana o`shalar amallari habata bo`lganlardir va ular do`zaxda abadiy qoluvchilardir.","Albatta, Allohning masjidlarini faqat Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar, namozni to`kis ado etganlar, zakotni berganlar va Allohdan boshqadan qo`rqmaganlargina obod qilurlar. Ajab emaski, ana o`shalar hidoyat topguvchilardan bo`lsalar.","Hojilarga suv berishni va Masjidul Haromni obod qilishni Allohga, oxirat kuniga iymon keltirgan va Allohning yo`lida jihod qilgan kabi qildingizmi?! Ular Allohning huzurida teng emaslar. Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas.[1]###[1] (Makka mushriklari Masjidul Haromning va hajning xizmatlarini taqsimlab olishgan edi, ayniqsa, hojilarga suv berish alohida martaba hisoblanardi. Bu ishlardan mushriklar doimo faxrlanib yurishar edi. Hatto kishilar orasida bu haqda tortishuvlar ham bo`lib turardi. Oyatda bu ishning haqiqiy bahosi berilmoqda.)","Iymon keltirib, hijrat qilganlar va Allohning yo`lida mollari va jonlari bilan jiddu jahd qilganlarning darajalari Allohning huzurida juda ulug`dir. Ana o`shalar yutuqqa erishuvchilardir.","Robbilari ularga O`z tarafidan bo`lgan rahmat, rozilik va ichida ularga atalgan doimiy ne'matlar bor jannatlarning bashoratini beradir.[1]###[1] (Ya'ni, iymon keltirib, hijrat qilib, mollari va jonlari bilan jihodga chiqqan bandalar, ana shunday yutuqlarga erishadilar.)","Ular unda abadiy qoluvchilardir. Albatta, Alloh — huzurida ulug` ajr bor Zotdir.","Ey, iymon keltirganlar! Agar kufrni iymondan ustun ko`rsalar, ota-onangiz va aka-ukalaringizni do`st tutmang. Sizdan kim ularni do`st tutsa, bas, ana o`shalar, o`zlari zolimlardir.[1]###[1] (Islom aqidasi uchun sof qalb kerak. Aqida toza qalbdan joy olishi uchun undan boshqa manfaatlar uzilishi lozim. Ya'ni, iymon, e'tiqod, dinu diyonat masalasi hamma narsadan ustun qo`yilmog`i kerak. Hatto ota-ona va aka-uka kabi dunyodagi eng yaqin kishilar boshqa diyonatni tanlagan bo`lsalar, ularni ham do`st tutib bo`lmaydi. Ya'ni, qalbdan yaxshi ko`rish mumkin emas. Ular bilan aloqa, muomalalar bo`laveradi, ammo qalb faqat aqida uchun xolis qoladi. Kufrni ixtiyor etgan qarindoshlarni do`st-valiy tutish shirkning bir ko`rinishidir. Shuning uchun bu ishni qilganlar oyatda zolimlar deb atalmoqdalar.)","«Agar ota-onalaringiz, bolalaringiz, aka-ukalaringiz, juftlaringiz, qarindosh-urug`laringiz, kasb qilgan mollaringiz, kasod bo`lishdan qo`rqqan tijoratlaringiz va xush ko`rgan maskanlaringiz sizga Allohdan, Uning Rasuli va Uning yo`lida jiddu jahd qilishdan mahbubroq bo`lsa, u holda, Alloh O`z amrini keltirguncha kutib turing. Alloh fosiq qavmni hidoyat qilmas», – deb ayt.[1]###[1] (Oyati karimada inson uchun bu dunyoda eng qadrli sakkiz narsa eslatilib, ulardan ham mahbubroq narsa Alloh, Uning Rasuli va Uning yo`lida jihod qilish bo`lmog`i lozimligi uqtirilmoqda. Mazkur sakkiz narsaning hammasi yoki birortasi insonga Allohdan, Uning Rasulidan va Uning yo`lida jihod qilishdan mahbub bo`lsa, unda u insonning iymoni nuqsonga uchraydi. Bu dunyoda ota-ona insonlar uchun juda qadrdon hisoblanadilar. Islom dini ularga yaxshilik qilishni, ularni hurmatlash va e'zozlashni qattiq tayinlagan. Ammo shunday bo`lsa-da, ularning muhabbati Allohdan, Uning Rasulidan va jihoddan ustun bo`la olmaydi. Musulmon odam bu haqiqatni bilmog`i lozim.)","Batahqiq, Alloh sizlarga ko`p joylarda nusrat berdi. Hunayn kunida ham. O`shanda sizni ko`pligingiz mag`rur qilgan edi. Bas, sizga hech foyda bermadi va keng yer sizga torlik qilib qoldi. So`ngra, ortga qarab qochdingiz.","So`ngra, Alloh sokinligini Payg`ambariga va mo`minlarga tushirdi hamda siz ko`rmaydigan lashkarlarni tushirdi va kufr keltirganlarni azobladi. Ana o`sha, kofirlarning jazosidir.","So`ngra, o`shandan keyin Alloh O`zi xohlagan kishilarning tavbasini qabul qildi. Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.","Ey, iymon keltirganlar! Albatta, mushriklar najasdirlar, bunga shubha yo`q, bu yillaridan keyin Masjidul Haromga yaqin kelmasinlar. Agar faqirlikdan qo`rqsangiz, Alloh, O`zi xohlasa, sizni tezda fazli ila boy qilib qo`yadir. Albatta, Alloh bilguvchi va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Aqidalari buzuq mushriklar ma'naviy jihatdan najas hisoblanadilar. Ushbu oyati karima hukmiga binoan ular Masjidul Haromga yaqin kelishlari mumkin emas. Oyatda «bu yillaridan» iborasi bilan to`qqizinchi hijriy yili nazarda tutilgan. O`sha yili, yuqorida o`rganganimizdek, Hazrati Abu Bakr amirliklarida haj bo`lgan va hazrati Ali bu oyatlarni hajga kelganlarga o`qib, hukmini tushuntirganlar. O`sha yildan boshlab mushriklarning Masjidul Haromga kelishlari man qilingan. Buning uchun haram chegarasi belgi qilib olindi. Makkai Mukarramaning atrofidagi o`sha chegaradan musulmon emaslarga ichkari kirishga ruxsat berilmaydigan bo`ldi.)","Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmaydiganlarga, Alloh va Uning Rasuli harom qilgan narsalarni harom deb bilmaydigan va haq dinga yurmaydigan kitob berilganlarga qarshi, to ular bo`yinsungan hollarida o`z qo`llari bilan «jizya» bermagunicha, jang qiling.[1]###[1] (Jizya, g`ayridin kishining Islom himoyasi ostida yashashi, musulmonlar tomonidan taqdim etilgan ommaviy xizmatlardan foydalanishi va boshqa sabablar uchun Islom davlatiga to`lab turiladigan mablag`dir. Jizyani o`z qo`li bilan bo`yinsungan holda beradigan ahli kitoblarga qarshi musulmonlar urushmaydilar.)","Yahudiylar: «Uzayr Allohning o`g`lidir», – dedilar. Nasorolar: «Masiyh Allohning o`g`lidir», – dedilar. Bu og`izlari bilan aytgan gaplaridir. Avvalgi kufr keltirganlarning gapiga o`xshaturlar. Alloh ularni la'natlasin. Qayon burilmoqdalar?!","Ular Allohni qo`yib o`zlarining hibr va rohiblarini hamda Masiyh ibn Maryamni Robb tutdilar. Ular faqat bitta ilohdan boshqaga ibodat qilmaslikka amr qilingan edilar. Undan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q. U zot ular shirk keltirayotgan narsadan pokdir.[1]###[1] (Adiy ibn Hotim johiliyat davrida nasroniylik diniga kirgan ekan. Singlisi borib akasini Islomga targ`ib qilibdi. Rasululloh alayhissalotu vassalom huzurlariga borishga undabdi. U Madinaga borganida, bo`yniga kumushdan yasalgan xoch taqqan holida Rasululloh alayhissalotu vassalomning huzurlariga kiradi. Shunda u zot: «Ular Allohni qo`yib o`zlarining hibr va rohiblarini hamda Masih ibn Maryamni Robb tutdilar», oyatini tilovat qilayotgan edilar. Adiy roziyallohu anhu aytadilarki: «Men: «Ularga hech ibodat qilishgani yo`q», dedim. U zot alayhissalotu vassalom: «Lekin ularga halolni harom qildilar va haromni halol qildilar, ular esa ergashdilar. Ana o`sha ularga ibodat qilishdir», dedilar».)","Ular Allohning nurini og`izlari bilan o`chirmoqchi bo`lurlar. Alloh esa, garchi kofirlar yoqtirmasa ham, O`z nurini batamom qilishdan boshqa har narsadan bosh tortadir.[1]###[1] (Ya'ni, faqat O`z nurining to`kis bo`lishini istaydi.)","U, garchi mushriklar yoqtirmasa ham, O`z Rasulini hidoyat va haq din bilan uni hamma dindan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir.[1]###[1] (Alloh taolo Payg`ambari Muhammad alayhissalotu vassalomni hidoyat va haq din bilan yuborgan. U dini Islomning dunyodagi barcha dinlardan ustun bo`lishini xohlaydi. Ahli kitoblar Allohning bu xohishiga qarshi chiqadilar. Ular Islomning boshqa dinlardan ustunligini ko`ra olmaydilar. Shuning uchun qo`llaridan kelgan barcha yomonliklarni qiladilar.)","Ey, iymon keltirganlar! Albatta, hibr va rohiblarning ko`plari odamlarning mollarini botil yo`l bilan yerlar va Allohning yo`lidan to`sarlar. Oltin va kumushni xazinaga bosadigan, Allohning yo`lida sarflamaydiganlarga alamli azobning bashoratini beraver.[1]###[1] (Ahli kitoblarning hibr va rohiblari mol-dunyoga o`chligi tarixda ma'lum va mashhurdir. Ular odamlarning mollarini botil yo`l bilan yeganlar. Ushbu oyati karimada bu qabih ish ularning «ko`plariga» nisbat berilmoqda. Ozchiligi botil yo`l bilan odamlarning molini yeyishga qiziqmaydi. Bu esa, voqelikka to`g`ri keladi. Bir vaqtlar hibr va rohiblar to`plagan dunyolari podshoh va imperatorlarnikidan ham ko`pligi oshkor bo`lgan. Oyati karimada bayon qilinishicha, hibr va rohiblar faqat odamlarning mollarini botil yo`l orqali yeyish bilan kifoyalanib qolishmaydi. Balki Allohning yo`lidan to`sadilar ham.)","Bir kuni o`sha(oltin-kumush)larni jahannam o`tida qizitilur va peshonalari, yonboshlari hamda orqalariga bosilib: «Mana bu o`zingiz uchun to`plagan narsangiz, bas, endi to`plab yurgan narsangizni tatib ko`ring!» – deyilur.","Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o`n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to`rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir. Mana shu to`g`ri dindir. U(oy)larda o`zingizga zulm qilmang. Mushriklarga qarshi jam bo`lib, ular sizga qarshi jam bo`lib urushayotgandek, urush qiling. Va bilingki, albatta, Alloh taqvodorlar bilandir.[1]###[1] (Ushbu oyati karima oylarning hisobi, tabiiy ravishda, Alloh osmonlaru Yerni yaratgan paytdayoq, ularning harakatiga bog`liq qilinib o`n ikki etib belgilanganligini bayon qilmoqda. Bu doimiy ravishda bir xil turadigan sobit hisobdir. Unda insonning hech dahli yo`q. Inson faqat Alloh yaratgan narsalarga qarab, Alloh bergan aql bilan oylarni sanaydi, xolos.)","Albatta, «nasiyu» kufrda ziyoda bo`lishdan o`zga narsa emas. Bu bilan kufr keltirganlar zalolatga ketkazilurlar. Alloh harom qilgan narsaning adadiga moslash uchun uni bir yil halol qilurlar, bir yil harom qilurlar. Bas, bu bilan Alloh harom qilgan narsani halol qilurlar. Ularga amallarining yomonligi ziynatlandi. Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas.[1]###[1] (Oyati karimadagi «nasiyu» lug`atda ortga surish ma'nosini ifoda qiladi. Johiliyat ahlida urush harom qilingan oyning hukmini boshqa, keyin keladigan oyga surish odati urf bo`lgan edi. Ya'ni, arab mushriklari ham to`rt oy harom oylar ekanligini aytar edilar. O`sha oylarda urush tamoman to`xtar edi. Agar biror kishi shu oylarda otasini o`ldirgan odamni uchratib qolsa, unga tegmasdi. Ammo bordiyu urushni xohlab qolsalar, aslida harom bo`lgan oyning haromligini orqaga surib qo`yib, urush qilaverar edilar. Misol uchun, Muharram harom oy, ammo shu oyda urush qilgilari kelib qolsa, bu yil uning haromligini Safar oyiga surdik, o`sha oyda urush qilmaymiz, deb Muharramda urush qilishar edilar. Safarda esa, urush qilishmasdi. Yanagi yili aksincha bo`lardi. Ular bir yilda to`rt oy urushmasak bo`ldi-da, qaysi oyda bo`lishining nima farqi bor, degandek ish qilishar edi. Oyatda ularning bu tasarruflariga baho va sharh berilmoqda.)","Ey, iymon keltirganlar! Sizga nima bo`ldiki, Allohning yo`lida qo`zg`aling, deyilsa, yerga yopishib oldingiz. Yoki oxiratni qo`yib, dunyo hayotiga rozi bo`ldingizmi? Oxirat oldida bu dunyo hayoti juda oz-ku?![1]###[1] (Bu oyati karima Tabuk urushiga ommaviy safarbarlik e'lon qilingandan so`ng yuz bergan ba'zi holatlar tufayli nozil bo`lgan.)","Agar qo`zg`almasangiz, sizni alamli azob bilan azoblaydir. O`rningizga boshqa qavmni keltiradir. Siz Unga zarar keltira olmassiz. Alloh har bir narsaga qodirdir.","Agar siz unga yordam bermasangiz, batahqiq, Alloh unga, kufr keltirganlar uni ikki kishining biri bo`lgan holida chiqarganlarida, nusrat berdi. Ular ikkovlon g`orda turganlarida, u sherigiga: «Xafa bo`lma, Alloh, albatta, biz bilan», dedi. Bas, Alloh uning ustidan O`z sokinligini nozil qildi va siz ko`rmagan lashkarlar bilan qo`lladi. Kufr keltirganlar kalimasini past qildi. Allohning kalimasi esa, o`zi yuqori. Alloh g`olib va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Ey mo`minman deb yurganlar, agar siz bu safar Payg`ambarga yordam bermasangiz, hechqisi yo`q, sizga yomon bo`ladi. Alloh O`z Payg`ambariga yordam berishi turgan gap. Uni Makkada kofirlar o`ldirmoqchi bo`lib, gapni bir joyga qo`yganlarida ham Alloh unga nusrat bergan. Alloh kofirlarning yomon niyatlarini unga bildirgan va unga chiqib ketishni amr qilgan. Payg`ambar alayhissalotu vassalom Abu Bakr Siddiq bilan birga hijratga chiqqanlar. Mushriklar ko`p edilar, Alloh Payg`ambariga yordam bergan.)","Yengil bo`lsa ham, og`ir bo`lsa ham, qo`zg`alingiz va Allohning yo`lida mollaringiz va jonlaringiz ila jiddu jahd qilingiz. Agar bilsangiz, shu ishingiz o`zingiz uchun yaxshidir.[1]###[1] (Musulmon inson Allohning yo`lida molini ham, jonini ham qurbon qilishga doim tayyor turmog`i zarurdir. Ana shundagina o`zlariga yaxshi qilgan bo`ladilar. Muxlis musulmonlar bu oliy ma'noni to`liq tushungan paytlarida «engil bo`lsa ham, og`ir bo`lsa ham», qo`zg`olganlar. Allohning yo`lida mollarini va jonlarini fido qilganlar, va'da qilingan yaxshilikka erishganlar. Butun dunyoga yetakchi xalq bo`lganlar.)","Agar oson manfaat va yaqin safar bo`lganida, albatta, senga ergashar edilar. Lekin ularga masofa uzoq ko`rindi. Ular tezda Alloh nomi bilan qasam ichib: «Agar qodir bo`lganimizda, albatta, siz bilan chiqar edik», – derlar. Ular o`zlarini halok qilurlar. Holbuki, Alloh ular yolg`onchi ekanlarini albatta biladir.[1]###[1] (Munofiqlar shaxsiy manfaatlarini ko`zlab, musulmonlar orasiga suqilib olgan kimsalar edi. O`zlarini sirtdan muxlis musulmon qilib ko`rsatishardi. Lekin Tabuk g`azotiga umumiy safarbarlik e'lon qilinishi bilan ularning sirlari fosh bo`lib qoldi.)","Alloh seni afv qildi. Nima uchun ularga, to senga rostgo`y bo`lganlar ravshan bo`lmay turib va yolg`onchilarni bilmasingdan turib, izn berding?[1]###[1] (Payg`ambar alayhissalotu vassalom munofiqlardan ba'zilariga urushga bormaslikka izn berib qo`ygan edilar. Aslida, shoshilib ruxsat bergandan ko`ra, kutib turganlarida yaxshi bo`lar edi. Chunki izn olganlarning kimligi bilinmay qoldi. Izn bo`lmaganda ham safarbarlikdan qolar edilar. Shunda ularning munofiqligi hammaga oshkor bo`lardi.)","Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar sendan mollari va jonlari bilan jiddu jahd qilishdan qolishga izn so`ramaslar. Alloh taqvodorlarni bilguvchi Zotdir.","Albatta faqat Allohga va oxirat kuniga ishonmaydiganlar va qalblari shubhaga to`lganlargina sendan izn so`rarlar. Bas, ular shubhalarida ikkilanaveradilar.","Agar chiqishni xohlaganlarida, unga tayyorgarlik ko`rar edilar. Lekin Alloh ularning harakatlanishlarini yoqtirmay tutib qoldi. Ularga: «O`tiruvchilar bilan o`tiringlar», dedi.[1]###[1] (O`sha iymonsiz munofiqlarda, aslida, jihodga chiqish niyati bo`lsa, avvaldan tayyorgarlik ko`rib qo`ygan bo`lar edilar. Safarbarlik e'lon etilgandan so`ng turli bahonalar qilib, jihoddan qolishga izn so`rab kelishlari, ularning jihodga chiqish niyatlari yo`qligidandir.)","Agar ular ichingizda chiqqanlarida ham sizga yomonlikdan boshqa narsani ziyoda qilmasdilar, tezlab orangizga fitna solishga urinardilar. Holbuki, ichingizda ularga quloq soluvchilar bor edi. Alloh zolimlarni bilguvchi Zotdir.","Batahqiq, bundan avval ham, toki ular yoqtirmasalar-da, haq kelib, Allohning ishi ustun bo`lgunicha, fitna qo`zib, senga ishlarni ag`dar-to`ntar qilishar edi.[1]###[1] (Ya'ni, munofiqlar avvaldan fitnachi bo`lib kelganlar. Ular Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom Madinai Munavvaraga kelgan paytlarida ustma-ust fitna qo`zg`ashgan. Doimo ishlarni ostin-ustin qilib buzib yurishgan. Toki Alloh imkon berib, dushmanlar ustidan g`alaba qozonib, Islom kuch-quvvatga ega bo`lgandagina, qo`rqqanlaridan bir oz bo`shashib qolishgan edi.)","Ulardan: «Menga izn ber, meni fitnaga solma», deydigani ham bor. Ajabo, ular fitnaga tushmadilarmi? Albatta, jahannam kofirlarni o`rab olguvchidir.[1]###[1] (Ushbu oyati karimaning sababi nuzuli haqida Muhammad ibn Is'hoq quyidagi rivoyatni keltiradilar: «Rasululloh alayhissalotu vassalom bir kuni jangga hozirlik ko`rib (Tabuk jangiga) Jadd ibn Qaysga: «Ey Jadd, Bani Asfarga (ya'ni, rumliklarga) qarshi kurashga tayyormisan?» dedilar. U bo`lsa: «Ey Allohning Rasuli, menga izn ber, meni fitnaga solma. Men Bani Asfar (sariqlar)ning xotinlarini ko`rsam, chiday olmayman, deb qo`rqaman», dedi. Shunda Rasululloh alayhissalotu vassalom undan yuz o`girdilar va: «Senga izn berdim», dedilar.)","Agar senga yaxshilik yetsa, ularni xafa qiladir. Agar senga musiybat yetsa: «Oldindan ishning oldini olgan edik», – deb xursand bo`lib yuz o`girib ketarlar.[1]###[1] (Ahli Islomga yetgan yaxshilik munofiqlar uchun musibatdir. Ammo ahli Islomga musibat yetsa, munofiqlar xursand bo`ladilar. Yaxshiyam ularga qo`shilmaganimiz, ularning gapiga kirmay, ishning oldini olgan ekanmiz, sog`-salomat qoldik, deyishadi.)","Sen: «Bizga Alloh yozib qo`ygan narsadan o`zgasi zinhor yetmaydi. U bizning xojamizdir. Mo`minlar Allohgagina tavakkal qilsinlar», – deb ayt.[1]###[1] (Ya'ni, bizga nima yetsa ham, Allohdan yetadi. Alloh taolo bizga nimani bitgan bo`lsa, o`shani ko`ramiz.)","Sen: «Siz biz uchun faqat ikki yaxshilikdan birini kutmoqdasiz, xolos. Biz esa, Alloh sizni O`z huzurida bo`ladigan yoki bizning qo`limizdan yetadigan azobga duchor qilishini kutmoqdamiz. Bas, kutaveringlar, biz ham sizlar bilan birga kutuvchilarmiz», – deb ayt.[1]###[1] (Jihodga bormay qolgan munofiqlar jihodga ketgan musulmonlar uchun ikki narsadan birini kutadilar, xolos. O`sha ikki narsa ham musulmon uchun yaxshilikdir. Ulardan biri — musulmon insonning oliy maqsadi — Allohning yo`lida jihod qilib shahid bo`lishdir. Ikkinchisi esa — urushda g`olib kelishdir.)","Xohlab yoki xohlamay nafaqa qilaveringlar. Sizdan zinhor qabul qilinmas. Sizlar, shubhasiz, fosiq qavm bo`ldingiz.","Ularning nafaqalarining qabul etilishidan man qilgan narsa faqat Allohga va Uning Rasuliga kufr keltirganlari, namozga doimo dangasa hollarida kelganlari va doimo yoqtirmay infoq qilganlaridir.","Ularning mollari va bolalari seni ajablantirmasin. Aslida, Alloh o`sha narsalar sababli ularni hayoti dunyoda azoblashni va kofir hollarida jonlari chiqishini xohlaydi, xolos.","Ular o`zlari, albatta, sizdan ekanliklariga Alloh nomi ila qasam icharlar. Holbuki, ular sizdan emas. Lekin ular qo`rqadigan qavmdirlar.","Agar biror boshpanohmi, g`ormi yoki kirib oladigan joymi topsalar, shoshilib o`sha tomonga yuzlanarlar.[1]###[1] (Munofiqlarning munofiq bo`lishining asosiy sabablaridan biri ham ularning qo`rqoqliklaridir. Ularga jon shirin tuyulib, hamma narsadan qo`rqib, doimo o`zlarini panaga olib yuradilar. Qayerdan panoh topsalar, o`sha yerga joylashadilar. Boshpanoh berganga ma'qul to`nni kiydiradilar.)","Ulardan sadaqalar ishida senga ayb qo`yadiganlari ham bor. Agar o`sha sadaqalardan ularga berilsa, ular rozi bo`larlar. Agar berilmasa, ko`ribsanki, g`azablanarlar.","Agar Alloh va Uning Rasuli ularga bergan narsalaridan rozi bo`lganlarida va «Alloh bizga kifoya qilur, bizga tezda Alloh va Uning Rasuli o`z fazlidan beradi. «Albatta, biz Allohga rag`bat qiluvchilarmiz», deganlarida, yaxshi bo`lardi.","Albatta, sadaqalar faqirlarga, miskinlarga, sadaqa ishida ishlovchilarga, ko`ngillarini ulfat qilinadiganlarga, qul ozod qilishga, qarzdorlarga, Allohning yo`liga va yo`l o`g`lilariga berilishi Alloh tomonidan farz qilingandir. Alloh bilguvchi va hikmatli Zotdir.[1]###[1] («Sadaqalar» deganda «zakot» nazarda tutilgandir. Demak, sadaqalarni har kim ham olavermaydi, balki Alloh taolo O`zi tayinlagan kishilargina oladilar. Boshqalarga zakot olish haromdir. «Ko`ngillarini ulfat qilinadiganlar». Ya'ni, ba'zi kishilarning ko`ngillarini Islomga moyil qilish uchun ham zakotdan tushgan moldan beriladi. «qarzdorlarga» — turli sabablarga ko`ra qarz bo`lib qolgan odamga uni uzish uchun yordam tariqasida zakotdan beriladi. «Allohning yo`li» — eng avvalo, Allohning yo`lida jihod qilayotganlarni, qolaversa, dinu diyonat, musulmonlar ommasi foydasi uchun bo`ladigan ishlarni ichiga oladi. «Yo`l o`g`li» — ya'ni, safarda, vatanidan uzoqda og`ir ijtimoiy holga tushib qolgan shaxs.)","Ulardan Payg`ambarga ozor beradigan va: «U quloqdir» deydiganlar bor. «Sizga yaxshilik narsalarga quloqdir. Allohga iymon keltiradir, mo`minlarga ishonadir, sizlardan iymon keltirganlarga rahmatdir. Allohning Rasuliga ozor beradiganlarga alamli azob bordir», – deb ayt.[1]###[1] (Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom hamma bilan yaxshi muomalada bo`lardilar. Hammaning dardiga quloq osar edilar. Munofiqlar bu yuksak odob namunasidan ham egri xulosa chiqarib, mog`or bosgan qalblari hiqdu hasadga to`lib, fitna gap o`ylab chiqardilar. Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomga «quloq» deb laqab qo`ydilar.)","Ular sizlarni rozi qilish uchun Allohning nomi ila qasam icharlar. Agar mo`min bo`lsalar, Allohni va Uning Rasulini rozi qilmoqlari haqli edi.","Ular kimki Allohga va Uning Rasuliga xilof qilsa, albatta, unga jahannam otash bo`lib, unda abadiy qolishini, ana shu katta sharmandalik ekanligini bilmaslarmi?!","Munofiqlar ularga qalblaridagi narsaning xabarini beradigan sura nozil bo`lishidan qo`rqarlar. Sen: «Istehzo qilaveringlar. Alloh siz qo`rqayotgan narsani albatta chiqarguvchidir», – deb ayt.[1]###[1] (Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom zamonlarida yashagan munofiqlar har doim musulmonlar bilan birga yurganlaridan, nozil bo`layotgan oyatlar va suralardan xabardor edilar. Ular ba'zi vaqtlarda sura nozil bo`lib, hech kim bilmaydigan yashirin ishlar ham fosh qilinayotganining jonli guvohi edilar. O`zlari munofiqlik qilib, yashirin gaplar aytib yoki dillarida Islomga, musulmonlarga qarshi o`y-fikrlarni tugib yurishar edi. Ammo, biron sura nozil bo`lib, qalbimizdagi sirni ochib qo`ymasa edi, deb qo`rqardilar ham.)","Agar ulardan so`rasang, albatta: «Biz faqat o`zimizcha gap qilib o`ynayotgan edik, xolos», – deyishadi. Sen: «Allohni va Uning oyatlarini istehzo qilayotgan edingizmi?» – deb ayt.[1]###[1] (Ya'ni, agar munofiqlardan o`sha istehzo qilib aytgan gaplari haqida so`rasang, ular, biz hech narsa deganimiz yo`q, faqat shunday o`zimizcha gaplashdik, o`ynashdik, xolos, deydilar.)","Uzr aytmanglar. Batahqiq, iymoningizdan keyin kufr keltirdingiz. Agar sizdan bir toifani afv etsak, boshqa toifani jinoyatchi bo`lganlari uchun azoblaymiz.[1]###[1] (Siz qilar ishni qilib qo`yib, uzr aytishingizdan foyda yo`q. Iymon keltirgandan so`ng, unda sobit turganingizda, boshqa gap edi. Ammo siz iymondan keyin kufr keltirib, munofiq bo`ldingiz. Endi uzr aytmang. Bilmasdan, jaholat bilan sizga qo`shilib qolgan toifani afv etsak ham, boshqalaringizni jinoyatchi bo`lganlaringiz uchun, albatta, azoblaymiz.)","Munofiq erkaklar va munofiq ayollar hammalari birdirlar, yomonlikka buyururlar, yaxshilikdan qaytarurlar va qo`llarini mahkam yumarlar. Allohni unutdilar, bas, U ham ularni unutdi. Albatta, munofiqlar — ular fosiqlardir.[1]###[1] (Munofiqlar qayerda bo`lsalar ham, kimligidan qat'iy nazar, erkak-ayol bo`lsin, nima ish qilmasin, baribir munofiqdir. Hammalari ham bir go`r. Chunki asllari bir. Ko`rsatadigan faoliyatlarining ma'nosi bir.)","Alloh munofiq erkaklarga, munofiq ayollarga va kofirlarga jahannam otashini va'da qildi. Unda abadiy qolurlar. O`sha ular uchun yetarlidir. Hamda Alloh ularni la'natladi. Ularga doimiy azob bordir.","O`zingizdan avvalgilarga o`xshaysiz. Ular sizlardan ko`ra quvvatliroq, molu dunyo va bola-chaqalari ko`proq edilar. Bas, o`z nasibalari ila maza qildilar. O`zingizdan oldingilar nasibalari ila maza qilganlaridek, siz ham o`z nasibangiz ila maza qildingiz. Ular sho`ng`igandek siz ham sho`ng`idingiz. Ana o`shalarning amallari dunyoyu oxiratda habata bo`ldi. Ana o`shalar o`zlari ziyon ko`rguvchilardir.","Ularga o`zlaridan oldin o`tganlarning, Nuh, Od, Samud qavmining va Ibrohim qavmining, Madyan egalarining va to`ntarilgan (qishloq)larning xabari kelmadimi? Ularga Payg`ambarlari ochiq-oydin hujjatlar bilan keldilar. Bas, Alloh ularga zulm qilmas edi. Lekin ular o`zlariga zulm qilar edilar.[1]###[1] (Kofir va munofiqlar Nuh qavmini to`fon bosib halokatga uchratganini ham, Od qavmini qattiq o`t shamol halok qilganini ham, Samud qavmini qattiq qichqiriq yakson etganini ham, Ibrohim alayhissalom o`zi qutulib qolib, qavmlari qanday halok bo`lganini ham, Madyan egalarini zilzila olganlarini ham, Lut alayhissalomning qavmi qishloqlari qanday to`ntarilib, jinoyatkor aholisini bosib qolganini ham yaxshi bilishar edi. Payg`ambarlari ochiq-oydin hujjat bilan kelganida, ularni yolg`onchiga chiqarib, boshlariga o`sha musibatlar tushganini ham yaxshi bilishardi. Shu qilmishlari bilan ular o`zlariga o`zlari zulm qildilar. Bo`lmasa, Alloh ularga zulm qilmas edi.)","Mo`min erkaklar va mo`mina ayollar bir-birlariga do`stdirlar. Ular yaxshilikka buyururlar, yomonlikdan qaytarurlar, namozni to`kis ado eturlar, zakotni berurlar hamda Allohga va Uning Rasuliga itoat qilurlar. Ana o`shalarga Alloh tezda rahim qilur. Albatta, Alloh g`olib va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Bu vasflar munofiqlar haqida kelgan vasfga tamoman zid ekanligi ochiq-oydin ko`rinib turibdi. Munofiqlarning bir xil ekanliklari, ular doimo bir-birlariga o`xshashlari ta'kidlangan bo`lsa, mo`minlarning o`zaro do`st-valiy ekanliklari aytilmoqda.)","Alloh mo`min er va mo`mina ayollarga ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarni, ularda abadiy qolishni va barqarorlik jannatidan pokiza maskanlarni va'da qildi. Allohdan bo`ladigan rozilik esa, eng ulug`idir. Ana o`sha ulkan yutuqdir.[1]###[1] (Kofir va munofiqlarni jahannam kutib turgan bo`lsa, mo`min va mo`minalarni ajoyib jannatlar kutib turibdi. Kofirlar va munofiqlar do`zaxda abadiy azob cheksalar, mo`min va mo`minalar jannatda abadiy maza qiladilar. Ularning doimiy istiqomat qiladigan jannatlarida pokiza maskanlar kutib turibdi. Lekin bu mo`min va mo`minalarga berilgan mukofotning oxirgi darajasi emas. Ularga beriladigan mukofotning eng ulug`i Allohning roziligidir. Bu mukofotning oldida jannatlar va ularning bitmas-tuganmas ne'matlari ham hech gap bo`lmay qoladi.)","Ey Payg`ambar, kofirlar va munofiqlarga qarshi jiddu jahd qil va ularga nisbatan qattiqqo`l bo`l. Ularning joyi jahannamdir. U qanday ham yomon qaytadigan joy.[1]###[1] (Ma'lumki, Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom avvalda munofiqlarga nisbatan juda ham kechirimli bo`lganlar. Ularning ko`pgina beodoblik va dushmanliklarini avf qilganlar. Hatto ba'zi sahobalar haddan oshib ketgan munofiqlarni o`ldirishga izn so`raganlarida ham, qo`y, odamlar, o`z sheriklarini o`ldiryapti, demasin, deganlar. Ammo ushbu oyati karima endi yumshoq muomalalarning vaqti o`tganini, endi munofiqlarga ham kofirlarga qilgandek muomala qilish vaqti kelganini bildirmoqda. Ularga qarshi jihod qilib, qattiqqo`l bo`lish tayinlanmoqda. Ulamolarimiz Rasululloh alayhissalotu vassalom munofiqlarga qarshi urush qilmaganlarini, ularni o`ldirmaganlarini alohida ta'kidlaydilar. Lekin shu oyatdan keyin muomala keskin o`zgarib, ularga nisbatan qattiqqo`l bo`lingan va kirdikorlari ayovsiz fosh etilgan.)","Ular gapirmaganlari haqida Allohning nomi ila qasam icharlar. Batahqiq, kufr kalimasini aytdilar va Islomlaridan keyin kufr keltirdilar hamda yeta olmagan narsalariga qasd qildilar. Holbuki, ular Alloh va Uning Rasuli ularni O`z fazlidan boy qilib qo`yganlaridan boshqa «ayb» topa olmadilar. Agar tavba qilsalar, o`zlariga yaxshi bo`ladir. Gar yuz o`girib ketsalar, Alloh ularni bu dunyoyu oxiratda alamli azob bilan azoblaydir. Yer yuzida ularga do`st ham, yordamchi ham yo`q.[1]###[1] ( Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomning vaqtlarida munofiqlar bir necha bor kufr gaplarni aytganlaridan keyin tonib, aytganimiz yo`q, deb qasam ichishgan. Oyati karimada o`sha haqiqat ta'kidlanib, ular kufr gapni aytganlari va shu bilan musulmonlikdan chiqib qayta kofir bo`lganliklari bayon qilinmoqda. Oyatdagi «eta olmagan narsalarga qasd qildilar»dan murod Rasululloh alayhissalotu vassalomni o`ldirmoqqa qasd qilganlari va maqsadlariga yeta olmaganlaridir.)","Ulardan: «Agar U zot O`z fazlidan bersa, albatta, sadaqa qilamiz va, albatta, ahli solihlardan bo`lamiz», – deb Allohga ahd beruvchilar bor.","U zot O`z fazlidan bergan chog`da esa, baxillik qilib, yuz o`girib, orqaga qarab ketarlar.","Bas, Allohga bergan va'dalariga xilof qilganlari va yolg`on gapirganlari uchun Unga ro`baro` bo`ladigan kungacha qalblarida nifoqni oqibat qilib qo`ydi.","Ular Alloh ularning sirlarini ham, yashirin gaplarini ham albatta bilishini va Alloh, albatta, g`ayblarni bilguvchi Zot ekanini bilmasmidilar?","Mo`minlardan ko`ngilli bo`lib sadaqa qiluvchilarni va o`z kuchlari yetgandan boshqani topa olmaydiganlarni ayblaydigan va masxara qiladiganlarni Alloh masxara qiladir va ularga alamli azob bo`ladir.","Ular uchun istig`for aytsang ham yoki istig`for aytmasang ham, baribir. Agar ular uchun yetmish marta istig`for aytsang ham, Alloh ularni zinhor mag`firat qilmas. Bu, ularning Alloh va Uning Rasuliga kufr keltirganlari uchundir. Alloh fosiq qavmlarni hidoyat qilmas.[1]###[1] (Munofiqlar surasidan ma'lumki, munofiqlarning gunohlarini mag`firat qilishni so`rab, ular uchun istig`for aytish taklif qilingan. Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom bu ishga moyil bo`lganlar. O`shanda ham shu ma'nodagi oyati karima nozil bo`lgan. Biz o`rganayotgan oyati karimadan bilinib turibdiki, Tabuk g`azoti asnosida munofiqlarning kirdikorlari ketma-ket fosh bo`lgandan keyin yana ular uchun istig`for aytish taklifi bo`lgan yoki holat shuni taqozo qilib qolgan. Alloh taolo payg`ambari Muhammad alayhissalotu vassalomga xitob qilib, munofiqlar uchun istig`for aytishlari va aytmasliklari baribir ekanligini, foydasi yo`qligini bildirmoqda.)","Ular, Allohning Rasuliga xilof qilib ortda qolganlar o`tirgan joylarida xursand bo`ldilar va Allohning yo`lida mollari va jonlari bilan jiddu jahd qilishni yoqtirmadilar hamda: «Issiqda qo`zg`almanglar», – dedilar. «Jahannamning otashi issiqroq, agar tushunsalar», – deb ayt.[1]###[1] (Ya'ni, ular odamlarni ham o`zlariga o`xshab safarbarlikdan qochishga chaqirdilar. Ular bu dunyoning arzimagan issig`idan qochishmoqda-yu, ammo o`zlarini oxiratning ashaddiy issig`iga duchor qilishmoqda.)","Bas, qilgan kasblari tufayli oz kulib, ko`p yig`lasinlar.[1]###[1] (Ular bu dunyoda qancha ko`p kulsalar ham oz bo`ladi, oxiratda ko`p yig`lashlari turgan gap.)","Bas, Alloh seni ulardan bir toifasiga qaytarsa-yu, ular sendan (urushga) chiqishga izn so`rasalar: «Men bilan hech qachon chiqmaysizlar va men bilan birga hech qachon jang qilmaysizlar, sizlar birinchi martada o`tirishga rozi bo`ldingiz, bas, ortda qoluvchilar bilan o`tiraveringlar», – deb ayt.","Va hech qachon ulardan o`lgan birortasiga ham (janoza) namoz o`qima, qabri ustida turma. Chunki, ular Allohga va Uning Rasuliga kufr keltirdilar hamda fosiq hollarida o`ldilar.[1]###[1] (Chunki, janoza namozini o`qish, birovning qabri ustida turish o`lgan uchun katta hurmat va e'zozdir. Bu ulkan hurmat va e'zozni haqdor kishilarga qilish kerak. Munofiq va fosiqlar bunga loyiq emaslar.)","Ularning mol-dunyolari va bola-chaqalari seni ajablantirmasin. Aslida, Alloh o`sha narsalar sababli ularni dunyoda azoblashni va kofir hollarida jonlari chiqishini xohlaydi, xolos.","«Allohga iymon keltiringlar va Uning Rasuli bilan jiddu jahd qilinglar», – deb sura nozil qilingan paytda ulardan boy-zodagonlari: «Bizni tek qo`y, o`tiruvchilar bilan birga bo`laylik», – deb izn so`raydilar.","Ular xotin-xalajlar bilan birga bo`lishga rozi bo`ldilar va qalblariga muhr bosildi. Bas, ular anglamaslar.[1]###[1] (Ular o`zlari xohlab pastkashlik qildilar. Shu sababdan qalblariga muhr bosildi. Endi ular o`z foydalarini anglamaydilar. Agar anglaganlarida jihoddan qochmas edilar.)","Lekin Payg`ambar va u bilan birga iymon keltirganlar mollari va jonlari bilan jiddu jahd qildilar. Ana o`shalarga, o`zlariga yaxshiliklar bo`ladir. Ana o`shalar, o`zlari najot topguvchilardir.[1]###[1] (Bular munofiqlarga o`xshab molu dunyoga berilib, uning ketib qolishidan qo`rqib, baxillik qilmadilar. Topganlarini Allohning yo`lidagi jihodga sarfladilar. Ular munofiqlarga o`xshab jonlari shirin ko`rinib, qo`rqib, urushdan qochib, xotin-xalaj orasiga kirib o`tirib olmadilar. Ular Allohning roziligi uchun, Uning yo`lida shahid bo`lishni orzu etib jihod qildilar. Shuning uchun ularga barcha yaxshiliklar beriladi. Shuning uchun ular najot topadilar.)","Alloh ular uchun ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarni tayyorlab qo`yadir. Unda abadiy qolurlar. Ana shu buyuk yutuqdir.","A'robiylardan uzr aytuvchilar ularga izn berilishini so`rab keldilar. Allohga va Rasuliga yolg`on gapirganlar esa, o`tirib qoldilar. Ulardan kofir bo`lganlarga alamli azob yetadir.[1]###[1] (Arab tilida «a'robiy» deb sahroda istiqomat qiluvchi arablarga aytiladi. Ularning ichidan ham Tabuk urushiga bormay qolganlari bor edi.)","Zaifhollarga, bemorlarga va sarf-xarajat qiladigan narsa topa olmayotganlarga, Allohga va Rasuliga ixlosli bo`lsalar, nasihat qilsalar, gunoh yo`q. Chiroyli amal qiluvchilarni ayblashga yo`l yo`q. Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Urushga yaramaydigan zaifhol kishilar, bemorlar yoki urushga borish uchun kerak sarf-xarajatlarni ko`tara olmaydigan odamlar urushga bormay qolsalar, ayb emas. Gunoh ham bo`lmaydi. Chunki Islom insonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi.)","Yana, senga ulov berishing uchun kelganlarida: «Sizlarni mindirgani narsa topa olmayapman», deganingda g`amgin bo`lib, ko`zlaridan yoshlari to`kilib, orqaga qaytib ketganlarga ham, sarf-xarajat qiladigan narsa topa olmaganlari uchun gunoh yo`q.[1]###[1] (Bu toifadagilar o`zlari sog`-salomat, baquvvat, urushga yaraydilar. Rag`batlari ham bor. Urushga borish uchun jo`nab yo`lga ham chiqqanlar. Ammo Tabuk uzoq joy bo`lgani uchun minib oladigan ulov kerak. Ularning esa, ulovlari yo`q. Shuning uchun Rasululloh alayhissalotu vassalomning oldilariga ulov so`rab kelishgan.)"]