["Boy-badavlat bo`la turib sendan izn so`raydiganlarni ayblashga yo`l bor. Ular xotin-xalajlar bilan birga bo`lishga rozi bo`ldilar. Alloh ularning qalblariga muhr bosdi. Bas, ular bilmaslar.","Huzurlariga qaytib kelganingizda, sizga uzr aytarlar. Sen: «Uzr aytmanglar, biz sizlarga hech qachon ishonmaymiz. Batahqiq, Alloh bizga sizlarning xabarlaringizni berdi. Albatta, Alloh va Uning Rasuli amalingizni ko`radir, so`ngra, g`aybni va shahodatni bilguvchi Zotga qaytarilasizlar. Bas, U sizga qilib yurgan amalingizning xabarini beradir», – deb ayt.","Ularning huzurlariga qaytib kelganingizda ularni ayblamasligingiz uchun sizga Allohning nomi ila qasam icharlar. Bas, ulardan yuz o`giringlar! Albatta, ular nopokdirlar. Qilib yurgan kasblari jazosiga joylari jahannamdadir.[1]###[1] (Urushdan qochib, safarbarlikdan ortda qolgan o`shalar faqat oddiy uzr aytish bilan kifoyalanmaydilar, balki uzrlari haqiqiy ekanligiga ishontirish uchun qasam ichadilar. Qasam ichganda Allohning nomini tilga oladilar. Lekin ularning qasamlariga ham ishonmaslik kerak ekan. Chunki pastkash munofiqning o`z manfaati yo`lida Alloh nomi ila yolg`on qasam ichishi hech narsa emas.)","Ular sizlar ulardan rozi bo`lishingiz uchun sizga qasam icharlar. Agarchi siz ulardan rozi bo`lsangiz ham, Alloh fosiq qavmlardan rozi bo`lmas.[1]###[1] (Munofiqlar Allohning roziligini emas, balki bandaning roziligini olishga urinadilar. Munofiqlik shu asosga qurilgan.)","A'robiylar kufr va nifoqda ashaddiyroq va Alloh O`z Payg`ambariga nozil qilgan narsaning chegaralarini bilmaslikka loyiqroqdirlar. Alloh bilguvchi va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Oyatda a'robiylarning asl tabiatlari vasf qilinmoqda. Ular o`zlari yashab turgan muhitga moslashib qolganlar. Ular kufr va nifoqda ashaddiy bo`ladilar. A'robiylar shafqatsiz tabiiy sharoitda uzoq yashagani uchun ko`ngli qattiq, qo`pol tabiatli bo`lib qoladilar. Yana bunga o`xshagan sabablar juda ham ko`p bo`lishi mumkin.)","A'robiylardan qilgan infoqni ziyon deb biladigan va sizga balo-ofat kelishini kutib turadiganlari ham bor. Yomon balolari o`zlariga ursin! Alloh eshitguvchi va bilguvchi Zotdir.[1]###[1] (Oyatda vasfi kelgan munofiqlar a'robiylardir. Ular musulmonlarga o`zlarining siri ochilib qolishidan qo`rqib, zakot berishga va jihod uchun ba'zi bir sarflarni qilishga majbur bo`ladilar.)","A'robiylardan Allohga va oxirat kuniga iymon keltiradigan hamda infoq qiladigan narsasini Allohga qurbat hosil qilish va Rasulning duosiga musharraf etish vositasi deb biladiganlari ham bor. Bilsinlarki, albatta, o`sha narsalar ular uchun qurbatdir. Albatta, Alloh ularni O`z rahmatiga kiritadir. Albatta, Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Bu oyatda vasflari kelgan a'robiylar muxlis, mo`min-musulmon a'robiylardir. Ular Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan saodatmand kishilardir.)","Birinchi peshqadam muhojirlar va ansoriylar va ularga yaxshilik bilan ergashganlar. Alloh ulardan rozi bo`ldi, ular ham Allohdan rozi bo`ldilar. Ularga ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarni tayyorlab qo`ydi. Ularda abadiy qolurlar. Ana o`sha ulkan yutuqdir.","Atrofingizdagi a'robiylardan munofiqlar bor. Madina ahlidan ham. Ular nifoqda siyqasi chiqqanlardir. Sen ularni bilmassan, ularni Biz bilarmiz. Albatta, ularni ikki marta azoblarmiz. So`ngra, ulkan azobga qaytarilurlar.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada a'robiylarning va ahli Madinaning alohida munofiqlari, siyqasi chiqqan munofiqlari haqida so`z ketmoqda. Shu darajada siyqasi chiqqanki, ustaligidan, hatto Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom ham ularning munofiq ekanliklarini bilmaydilar. Munofiqligini faqat Alloh taoloning O`zigina biladi.)","Boshqalar esa, gunohlarini e'tirof qildilar: ular yaxshi va yomon amalni aralashtirib qilganlardir. Shoyadki, Alloh ularning tavbasini qabul qilsa. Albatta, Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Ushbu oyat tushishiga sabab bo`lganlar Tabuk urushiga bormay qolib, so`ngra o`z ishlaridan afsus-nadomat qilib tavba etgan kishilardir. Ular g`azotdan qolib juda yomon ish qilgan, ammo chin ko`ngildan afsuslanishlari yaxshi ishdir. Endi bunday kishilarning ishlari Allohning O`ziga havola qilinadi.)","Ularning mollaridan sadaqa ol. Bu bilan ularni poklaysan, tozalaysan va ularning haqqiga duo qil. Albatta, sening duoing ular uchun sokinlikdir. Alloh eshitguvchi va bilguvchi Zotdir.","Ular, albatta, Alloh O`z bandalaridan tavbani qabul qilishini va sadaqalarni olishini va, albatta, Allohning O`zi tavbalarni ko`plab qabul qilguvchi va rahimli Zot ekanini bilmaslarmi?","Sen: «Amal qilinglar! Bas, albatta, Alloh, Uning Rasuli va mo`minlar amalingizni ko`radilar. Va, albatta, g`aybni va shahodatni bilguvchi Zotga qaytarilasizlar. Bas, U sizlarga qilib yurgan amallaringizning xabarini beradi», – deb ayt.","Va Allohning amriga havola qilingan boshqalar bor. Ularni yoki azoblaydir yoki tavbalarini qabul qiladir. Alloh bilguvchi va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Ulamolarimiz bu toifadagi odamlar mazkur oyat nozil bo`lgan paytda uch kishi, ya'ni Hilol ibn Umayya, Ka'b ibn Molik va Miror ibn ar-Robiy'lar edi, deydilar. Ular munofiq emas, balki chin musulmon bo`lganlar, lekin xato qilib, Tabuk g`azotiga bormay qolganlar. So`ngra afsus-nadomat qilganlar-u, ammo Abu Luboba va uning sheriklariga qo`shilib, o`zlarini masjid ustuniga bog`lamaganlar. Abu Luboba va uning sheriklarining tavbalari qabul qilindi, gunohlari kechirildi. Ammo bu uch kishining amri Allohning O`ziga havola qilindi. Xohlasa, ularni azoblaydi, xohlasa, tavbalarini qabul qilib, gunohlarini kechiradi.)","Ziyon, kufr, mo`minlar orasiga tafriqa solish va bundan oldin Allohga va Uning Rasuliga urush ochgan kimsani kutish joyi bo`lishi uchun masjid qurganlar, albatta, biz yaxshilikdan boshqa narsani iroda qilganimiz yo`q, deb qasam icharlar. Alloh shohidlik beradiki, ular, albatta, yolg`onchilardir.[1]###[1] (Mazkur munofiqlar qurgan masjiddan hech qanday foyda yo`q edi. Chunki ular o`z masjidlarini Muhammad alayhissalotu vassalom birinchi bo`lib tiklagan Qubo masjidi yonida qurgan edilar. Shuning uchun bu masjid Masjidul Ziror — ziyon masjidi, deb nomlandi. Bu masjidning kufr uchun qurildi, deyilishiga sabab munofiqlar uni o`zlariga markaz qilib, kufr ishlarini rivoj toptirish maqsadida edilar. Oyati karima ma'lum shaxslar, ma'lum masjid sababli tushgan bo`lsa ham, uning ma'nosi umumiydir. Munofiq va kofirlar barcha joylarda va barcha zamonlarda Islomga ziyon yetkazish uchun, kufrni rivojlantirish uchun, mo`min-musulmonlar orasiga tafriqa solish uchun, Alloh va Uning Rasuliga urush ochganlarga kuzatish joyi bo`lish uchun ko`plab Masjidul Zirorlar qurganlar. Bu holat dinsiz davlatlardagi masjid va diniy muassasalar misolida juda ham ravshan namoyon bo`lgan.)","Sen u(masjid)da hech qachon turma! Albatta, birinchi kundan taqvo asosida qurilgan masjidda turmoqliging haqdir. Unda poklanishni sevadigan kishilar bor. Alloh esa, poklanuvchilarni sevadir.","Binosini Allohga bo`lgan taqvo va Uning roziligi asosida qurgan kimsa yaxshimi yoki binosini yemirilayotgan jar yoqasini asos qilib qurib, u bilan birga jahannam o`tiga qulagan kimsa yaxshimi? Va Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas.","Barpo qilgan binolari qalblarida shak-shubha holida bardavom qoladir. Magar qalblar qiymalanib ketsagina, shak-shubha qolmas. Alloh bilguvchi va hikmatli Zotdir.","Albatta, Alloh mo`minlardan ularning jonlari va mollarini jannat evaziga sotib oldi. Ular Allohning yo`lida jang qilurlar, o`ldirurlar va o`ldirilurlar. Bu, Tavrotda, Injilda va Qur'onda Uning zimmasidagi haq va'dadir. Allohdan ham ahdiga vafodorroq kim bor? Kim Allohga bergan ahdiga vafo qilsa, bas, qilgan savdolaringizdan shod bo`lavering. Ana shuning o`zi ulkan yutuqdir.[1]###[1] (Ushbu savdo aloqasida Alloh taolo xaridoru, mo`min inson sotuvchi. Mo`min-musulmon bo`lish bilan inson o`z joni va molini Allohga sotadi. Alloh taolo esa mo`min musulmon bandasiga joningni va molingni Mening yo`limga tiksang, Men buning evaziga jannatni beraman, deb sotib oladi. «Albatta, Alloh mo`minlardan ularning jonlari va mollarini jannat zvaziga sotib oldi», degani shu ma'noni anglatadi. «Sotib oldi», ya'ni savdo tugadi. Shuning uchun hech bir mo`min-musulmon shaxs savdoni buzmaslikka, Allohga sotgan joni va molini berishga doim tayyor turmog`i lozim.)","Ular tavba qiluvchilar, ibodat qiluvchilar, hamd aytuvchilar, ro`za tutuvchilar, ruku' qiluvchilar, sajda qiluvchilar, yaxshilikka buyurib, yomonlikdan qaytaruvchilar, Allohning chegarasida turuvchilardir. Va mo`minlarga xushxabar ber![1]###[1] (Bu oyati karimada mo`min kishining bir necha sifatlari zikr qilinmoqda, agar ularda bu sifatlar mavjud bo`lsa, mo`minlik sharafiga erishadilar va Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom beradigan xushxabarga haqli bo`ladilar.)","Payg`ambar va mo`minlar uchun do`zax egalari ekanligi ayon bo`lgan mushriklarga, agar yaqin qarindoshlari bo`lsa ham, istig`for aytishlari durust emasdir.[1]###[1] (Demak, Payg`ambar alayhissalotu vassalomgaki ruxsat yo`q ekan, boshqalarga bo`lmasligi aniq gap. Mo`min kishi uchun hamma narsadan iymoni afzal, shuning uchun u avvalo iymon, din qardoshlari ila aloqa va bog`lanishlarni yo`lga qo`yadi. Qon-qardoshlik aloqasi esa bu joyda hech narsani hal qilmaydi.)","Ibrohimning otasi uchun aytgan istig`fori unga bergan va'dasi ustidan edi, xolos. Vaqtiki, unga otasining Allohga dushman ekanligi ayon bo`lganda, undan voz kechdi. Albatta, Ibrohim tazarru'li va haliymdir.[1]###[1] (Ya'ni, otasi Ibrohim alayhissalom bilan tortishib, uni so`kib, toshbo`ron qilmoqchi bo`lganda haliym sifatli Ibrohim alayhissalom: «Sening uchun Allohga istig`for aytaman», deb va'da bergan edi. Ana shu va'daga vafo qilish uchun otasiga istig`for aytdi, xolos. Keyinchalik unga otasi Allohning dushmani ekanligi ayon bo`ldi. O`shanda u otasidan voz kechdi.)","Alloh bir qavmni hidoyatga boshlaganidan so`ng, ularga saqlanishlari lozim bo`lgan narsani bayon qilmasdan turib, zalolatga ketkazmas. Albatta, Alloh har bir narsani bilguvchi Zotdir.[1]###[1] (Ya'ni, iymon keltirib musulmon bo`lganlarga avvalo nima qilish kerakligi, nimalardan saqlanishlari lozimligi bayon qilinadi. Keyin ham nohaq ish qilsalar, noto`g`ri yo`lda yursalar, ana shundan so`ng Alloh ularga nisbatan chora ko`radi.)","Albatta, osmonlaru yerning mulki Allohnikidir. U tiriltirar va o`ldirar. Sizlarga Allohdan boshqa do`st ham yo`q, yordamchi ham yo`q.","Batahqiq, Alloh Payg`ambarining, qiyinchilik vaqtida ergashgan muhojir va ansorlarning tavbasini qabul qildi. Ulardan ba'zilarining qalblari toyib ketay degandan so`ng tavbalarini qabul qildi. Albatta, U Zot ularga marhamatli va mehribondir.[1]###[1] (Ushbu oyatda Alloh taolo Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomning tavbalarini qabul qilgani xususida xabar bermoqda. Ma'lumki, payg`ambarlar ma'sumdirlar. Ammo bu oyatda Payg`ambarimizning Allohdan tushgan vahiyga xilof qilganlari haqida gap ketayotgani yo`q. Bu hol bo`lishi ham mumkin emas. Balki U zot alayhissalom ijtihod ma'nosida ba'zi bir kishilarga Tabuk g`azotiga chiqmay qolishga izn bergan edilar. U zot alayhissalotu vassalom bu bilan afzal ishni emas, undan pastrog`ini qilgan edilar. Afzali esa to rostgo`ylar yolg`onchilardan ajralguncha kutib turish edi.)","Va ortda qolgan uch kishiga ham. Ularga keng yer tor bo`lib, yuraklari siqilib, Allohdan qochib, o`zgaga borib bo`lmasligiga ishonganlaridan so`ng, tavba qilishlari uchun tavba eshigi ochildi. Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Bu uch kishining qissasi hamma tarix kitoblarimizda, tafsir va hadis kitoblarimizda rivoyat qilingan. Mazkur uch kishi Ka'b ibn Molik, Mirora ibn Robi' va Hilol ibn Umayya al-Voqifiylar munofiq emas, balki chin musulmon bo`lganlar, lekin xato qilib, Tabuk g`azotiga bormay qolganlar.)","Ey, iymon keltirganlar, Allohga taqvo qilinglar va sodiqlar ila birga bo`linglar.","Madina ahliga va ularning atrofidagi a'robiylarga Rasulullohdan chetda qolishlari va o`z jonlarini ko`zlab, uning joniga e'tibor qilmasliklari durust emas. Zero, ularga Allohning yo`lida tashnalik, charchoq, ochlik yetsa, kofirlarning g`azabini chiqaradigan biron qadam bossalar, dushmanga biron ziyon yetkazsalar, albatta, ularga solih amal yoziladir. Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarning ajrini zoye qilmas.","Kichik yoki katta nafaqa qilsalar ham, biron vodiyni kesib o`tsalar ham, albatta, ularga (solih amal) yozilar. Alloh ularga qilgan eng go`zal amallarining mukofotini berar.[1]###[1] (Yana hammayoq to`la ajr-savob. Katta-kichik bo`lsin, nafaqa qilsalar bas. Unga ham ajr-savob beriladi. Dushman tomon biron vodiyni kesib o`tsalar ham ajr-savob yoziladi. Yozilganda ham mujohidning umrida qilgan eng yaxshi amalining savobi yoziladi. Shunday bo`lib turgandan keyin nima uchun endi safarbarlikdan qochib, jihoddan ortda qolish kerak ekan?)","Mo`minlarning hammalari (jangga) qo`zg`alishlari lozim emas. Har jamoadan bir nafar toifa bo`lsaydi. Ular dinni chuqur anglab, qaytib kelgan vaqtlarida qavmlarini ogohlantirardilar. Shoyadki, ular hazir bo`lsalar.[1]###[1] (Ushbu oyati karimadagi mo`minlarning hammalari birdan jihodga chiqishlari lozim emasligi haqidagi ma'no, boshqa oyatlardagi hamma chiqishi lozimligi haqidagi ma'nolarga qarama-qarshi kelmaydi. Har bir oyatga maqomga qarab amal qilinadi. Ba'zi vaqtlar bo`ladiki, hamma jihodga chiqishi taqozo qilinadi. Ba'zi vaqtlarda esa, hammaning chiqishi shart emas. Kerakli darajada chiqsa yetadi. Hamma narsa vaziyatga qarab, Islom jamiyati rahbarlari tomonidan aniqlanadi. Biz o`rganayotgan bu oyatda hamma jihodga chiqishi lozim bo`lmagan holat haqida gap ketmoqda.)","Ey, iymon keltirganlar, sizga yaqin bo`lgan kofirlarga qarshi jang qiling. Ular sizdagi shiddatni ko`rsinlar. Va bilingki, albatta, Alloh taqvodorlar bilan birgadir.[1]###[1] (Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom va xulofai roshidinlar davrida ushbu oyati karimaga to`liq amal etilgan. Islom yerlariga yaqin turgan kufr jamiyatlariga qarshi jihod qilingan. Bu tarixda ma'lum va mashhur haqiqatdir.)","Ulardan, biron sura nozil qilingan vaqtda: «Bu sizdan kimning iymonini ziyoda qildi?» – deydigan kimsalar bor. Bas, iymon keltirganlarning iymonini ziyoda qildi va ular shodu xurram bo`ldilar.[1]###[1] (Qur'oni Karimdan bir sura nozil bo`lishi juda katta hodisa bo`lgan. Ammo munofiqlar uchun bu ulkan hodisa istehzo va masxara uchun fursat hisoblanadi. Ular sirtdan o`zlarini musulmon qilib ko`rsatish uchun urinadilar, ammo iymon va Islom taqozosidagi ishlar o`rtaga chiqqanda o`zlarini kim ekanliklarini fosh qilib qo`yishadi. Ular nozil bo`lgan sura birovning iymonini ziyoda ham qiladimi, degan istehzoni boshqacha qilib aytadilar. Ha, Qur'on, uning oyatlari mo`minlarning iymonini ziyoda qiladi. Ular o`sha iymonlari va uning ziyodaligi tufayli ikki dunyoda shodu xurram bo`lurlar. Qalbi kasal munofiqlarga esa boshqacha ta'sir qiladi.)","Ammo, qalblarida kasali borlarning iflosliklari ustiga ifloslik ziyoda qildi va ular kofir hollarida o`lurlar.[1]###[1] (Albatta, qalblarida kasali borlardan murod munofiqlardir, «ifloslik»dan murod esa munofiqliklaridir.)","Ular har yili bir yoki ikki marta fitna qilinayotganlariga qaramaslarmi? Shunda ham na tavba qilmaslar va na eslamaslar.[1]###[1] (Har yili ularning hayotida bir yoki ikki marta sinovli ishlar, kasallikmi, boshqa musibatmi bo`lib o`tadi. Aslida o`sha hodisalar ularning ko`zini ochishi kerak. Lekin ular bu narsalarga ibrat ko`zi bilan qaramaydilar.)","Ular, biron sura nozil bo`lgan vaqtda, sizni birov ko`rmadimi, deb bir-birlariga nazar soladilar-da, so`ngra, burilib ketarlar. Ular fahmlamaydigan qavm bo`lganlari uchun, Alloh qalblarini burib qo`ydi.","Batahqiq, sizlarga o`zingizdan bo`lgan, sizning mashaqqat chekishingiz uning uchun og`ir bo`lgan, sizning (saodatga yetishishingizga) tashna, mo`minlarga marhamatli, mehribon bo`lgan Payg`ambar keldi.[1]###[1] (Oyati karimada Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomning asosiy sifatlaridan bir nechasi zikr qilinmoqda. Dunyo tarixida U zot alayhissalotu vassalomdek kishilarga marhamatli, mehribon inson bo`lgan emas. Bu ulkan haqiqatni Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom siyratlari va hadislaridan bilib olamiz.)","Bas, yuz o`girib ketsalar, sen: «Menga Allohning O`zi yetarli. Undan o`zga ibodatga sazovor Zot yo`q, Unga tavakkal qildim, U ulug` arshning Robbisidir», – degin.","Alif. Laam. Ro. Bular, hikmatli kitobning oyatlaridir.","Odamlarga o`zlaridan bo`lgan bir kishiga vahiy yuborib: «Odamlarni ogohlantir va iymon keltirganlarga Robbilari huzurida ular uchun sobitqadamlik borligining bashoratini ber», deganimiz ajablanarli bo`ldimi? Kofirlar: «Albatta, bu ochiq-oydin sehrgardir», dedilar.","Albatta, Robbingiz osmonlaru yerni olti kunda yaratgan, so`ng, (Zoti va ulug`ligiga munosib suratda) arshga yuksalgan Allohdir. U ishning tadbirini qiladir. Uning iznisiz hech bir shafoatchi bo`lmas. Ana o`sha Alloh Robbingizdir. Bas, Unga ibodat qilinglar. Eslamaysizlarmi?![1]###[1] (Alloh taolo O`zining Robblik — tarbiyakunandalik sifati ila osmonlaru Yerni olti kunda yaratgan. Bu olti kunning haqiqatini — kayfiyatini Allohning O`zi biladi. Ammo bizning tushunchamizdagi «kun» ma'nosida emasligi ma'lum. Chunki bizning tushunchamizdagi «kun» osmonlaru Yer yaratilgandan so`ng yerga munosib bo`lgan vaqt bilan chegaralanadi. Bu oyatdagi «kun» esa, osmonlaru Yer yaratilishidan oldingi zamonga tegishli vaqtni anglatmoqda.)","Barchangizning qaytishingiz Ungadir. Allohning va'dasi haqdir. Albatta, U avval boshda (barchani) O`zi yaratadir. So`ngra, iymon keltirgan va yaxshi amal qilganlarni adolat-la mukofotlash uchun ularni qaytaradir. Kofir bo`lganlar esa, kufr keltirganlari uchun, ularga qaynoq suvdan sharob va alamli azob bordir.","U quyoshni ziyo va oyni nur qilgan hamda sizlar yillarning adadini va hisobini bilishingiz uchun uning manzillarini o`lchovli qilgan Zotdir. Alloh o`shani faqat haq ila yaratdi. U biladigan qavmlar uchun oyatlarini batafsil bayon qiladir.[1]###[1] (Inson hayoti davomida doimiy his etib turadigan mavjudotlardan biri quyosh, yana bittasi oydir. Lekin inson ularning mavjudiyatiga o`rganib qolganidan ko`p ham e'tibor bermaydi.)","Albatta, kecha va kunduzning almashib turishida va Alloh osmonlaru yerda yaratgan narsalarda taqvo qiladigan qavmlar uchun oyat — belgilar bordir.[1]###[1] (Kecha kirishi, muqarrar lahzada kecha kiradi. Kunduz bo`lishi, muqarrar lahzada kunduz bo`ladi. Hech kim, hech qanday kuch bu jarayonga aralasha olmaydi. Hammasi Allohning irodasi va tadbiri ila ro`y beradi. Ammo bu ishlar tinimsiz takrorlanaverganidan inson bu jarayonga e'tibor bermay qo`ygan.)","Albatta, Biz ila muloqot bo`lishini umid qilmaganlar va bu dunyo hayotidan rozi bo`lib, u bilan xotirjam qolganlar hamda oyatlarimizdan g`ofil bo`lganlar.","Ana o`shalarning joylari, qilgan kasblari tufayli, jahannamdir.","Albatta, iymon keltirganlar va yaxshi amallar qilganlarni Robbilari, iymonlari sababli, hidoyatga boshlaydir. Na'iym jannatlaridalar, ostlaridan anhorlar oqib turadir.","U yerdagi duolari: «Allohim, Seni poklab yod etamiz»dir. U yerdagi so`rashishlari «Salom»dir. Oxirgi duolari esa: «Olamlarning Robbi Allohga hamd bo`lsin»dir.","Agar Alloh odamlarga yaxshilikni tez keltirgani kabi yomonlikni ham tezlatsa edi, ajallari bitgan bo`lur edi. Bas, Biz ila muloqotda bo`lishdan umidi yo`qlarni tug`yonlarida tashlab qo`yamiz, adashib-uloqib yuraveradilar.[1]###[1] (Alloh taolo bandalariga yaxshilikni doim, tez, so`rasa-so`ramasa berib keladi. Bu hayotda ko`rilayotgan haqiqat. Ammo yomonlikni so`ragan zahoti bermaydi. Chunki yomonlikni ham tezda bersa, hammalari halok bo`lib ketadilar. Alloh bandalarini buning uchun yaratmagan. Shu bois ham Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom bir hadislarida nasihat qilib, kishilarni o`zlariga qarshi, mollari va bolalariga qarshi duo etishdan qaytarganlar.)","Qachonki insonga zarar yetsa, Bizga yonboshlagan, o`tirgan yoki turgan holida duo qiladir. Undan zararini ketkazsak, xuddi o`ziga yetgan zarar haqida Bizga duo qilmagandek, ketaveradir. Ana shunday qilib, isrofchilarga qilayotgan amallari ziynatlanib ko`rsatildi.[1]###[1] (Inson ishi yurishib turganida, o`zi sog`-salomat, tinch-omon va rohat-farog`atda bo`lganida hech narsa bilan ishi yo`q, bu dunyo hayotiga mag`rur bo`lib yuraveradi. Albatta, Alloh hidoyatga boshlagan mo`min-musulmonlardan boshqalari. Ammo mag`rurlanib yurgan o`sha insonning sog`lig`igami, tinchligigami yoki rohatigami futur yetsa, boshiga musibat kelsa, darhol Alloh yodiga tushadi. Yonboshlagan, o`tirgan yoki tik turgan holida, ya'ni har qanday holatda Allohga yolborishni boshlaydi. Hatto, eng katta kofir, fosiqlar hayotida ham bunday voqealar ro`y berganiga tarixda misollar ko`p. Yana avvalgidek, bu dunyo hayotiga o`zini uradi. Allohni unutadi. O`zining bandaligini unutadi. Bir kuni kelib, boshiga yana qayta musibat tushishi mumkinligini ham unutadi. Hech narsadan tab tortmay, ibrat olmay, oldingi holiga tushib qoladi.)","Batahqiq, sizdan oldingi asrlarni zulm qilgan chog`larida va Payg`ambarlari ochiq-oydin hujjatlar bilan kelganlarida iymon keltirmaydigan bo`lganlarida halok qilganmiz. Jinoyatchi qavmlarni ana shunday jazolaymiz.","So`ngra, qanday amal qilishingizga nazar solishimiz uchun ularning ortidan sizlarni yer yuzida o`rinbosarlar qildik.","Qachonki, ularga ochiq-oydin oyatlarimiz tilovat qilinganida, Bizga muloqot bo`lishdan umidi yo`qlar: «Bundan boshqa Qur'on keltir yoki uni almashtir», dedilar. Sen: «Men o`zimcha uni almashtira olmasman. Men faqat o`zimga vahiy qilingan narsaga ergashaman, xolos. Albatta, men Robbimga osiylik qilsam, ulug` kunning azobidan qo`rqaman», deb ayt.[1]###[1] (Bu gapni o`ta ketgan johillargina aytishi mumkin. Ular vahiy nima ekanini bilishni ham xohlamaydilar. Uning kimdan chiqqanini ham, uning insoniyat uchun ahamiyatini ham bilmaydilar. Ya'ni, Qur'onning o`rniga boshqa narsa keltirib yoki uni almashtirib, Robbimga osiylik qilsam, ulug` qiyomat kunining azobiga duchor bo`lishdan qo`rqaman. Payg`ambar bo`laturib u zot alayhissalotu vassalom shunchalik qo`rqsalar, Qur'on o`rniga boshqa dastur keltirayotgan va uning oyatlari yoki hukmlarini almashtirayotgan oddiy odamlarni nima desa bo`lar ekan?!)","Sen: «Agar Alloh xohlaganida, uni sizlarga tilovat qilmas va uni sizlarga o`rgatmas edi. Batahqiq, men orangizda undan oldin ham umr kechirdim. Aql ishlatib ko`rmaysizlarmi?» deb ayt.","Allohga yolg`on to`qigan yoki Uning oyatlarini yolg`onga chiqargan kimsadan ham zolimroq odam bormi?! Albatta, jinoyatchilar najot topmaslar.","Ular Allohni qo`yib, o`zlariga zarar ham, manfaat ham yetkaza olmaydigan narsalarga ibodat qilurlar va: «Ana o`shalar bizning Alloh huzuridagi shafoatchilarimizdir!» derlar. Sen: «Allohga U osmonlaru yerda bilmaydigan narsalarning xabarini bermoqchimisizlar?!» deb ayt. Alloh ular keltirayotgan shirkdan pok va yuksak Zotdir.","Odamlar faqat bir ummat bo`lgan edilar. So`ngra, ixtilofga tushdilar. Agar Robbing tomonidan aytilgan so`z bo`lmaganida, ular ixtilof qilayotgan narsa haqida oralarida hukm qilingan bo`lar edi.[1]###[1] (Darhaqiqat, Odam atodan keyin hamma bir xil aqidada — tavhid aqidasida edi. Ammo vaqt o`tishi bilan turli omillar ta'sirida ba'zi ixtiloflar kelib chiqdi. Ayrim odamlar tavhidni mahkam tutdilar. Boshqalari shirkka ketdilar.)","Va ular: «Unga Robbidan bir belgi — mo`'jiza tushsa edi», derlar. Bas, Sen: «Fayb Allohnikidir. Intizor bo`lib turing, men ham siz ila intizor bo`luvchilardanman», deb ayt.[1]###[1] (Mushriklarning odatlari shu: atroflaridagi son-sanoqsiz mo`'jizalardan ko`z yumib, Payg`ambar alayhissalotu vassalomning va u kishiga kelayotgan vahiyning haq ekanligini tasdiqlovchi alohida katta moddiy mo`'jiza keltirishni talab qilishardi. Hazrati Muhammad alayhissalotu vassalomning shariatlari oxirgi shariat bo`lganidan Alloh taolo mushriklarning matlubini ortga surishga ahd qilgan edi. Shu bois Payg`ambari Muhammad alayhissalotu vassalomga mushriklarning bu bema'ni talabiga: «G`ayb Allohnikidir. Intizor bo`lib turing, men ham siz ila intizor bo`luvchilardanman», deb ayt», demoqda.)","Qachonki, odamlarga ularga yetgan zarardan so`ng rahmatni totdirsak, banogoh, ularda oyatlarimiz haqida makr bo`lur. «Alloh makrda tezkordir. Albatta, elchilarimiz qilayotgan makrlaringizni yozib borurlar», degin.[1]###[1] (Odam bolasining ishi qiziq: boshiga musibat tushsa, Allohni eslaydi, Unga yolboradi, xalos qilishini so`raydi. Musibat ko`tarilganida esa, hammasi yodidan chiqadi, tug`yonga ketadi va yana gunoh ishlarga botadi. Ushbu holat oyati karimada: «Qachonki odamlarga ularga yetgan zarardan so`ng rahmatni totdirsak, banogoh, ularda oyatlarimiz haqida makr bo`lur», deb vasf qilinmoqda. Ojiz bandalar o`zlaricha makr qilishga urinadilar. Ammo hamma narsani bilguvchi va har narsaga qodir Alloh ularning makrini darhol yo`qqa chiqaradi. Buning ustiga, Allohning elchilari — farishtalar har bir makrni yozib turadi. Vaqti kelganda o`sha yozuv makkorlar ziddiga hujjat bo`ladi. Makkorlar ikki dunyoda ham makrlarining azobini tortadi.)","U sizlarni quruqlikda va dengizda yurgizadigan Zotdir. Toki sizlar kemada bo`lganingizda va u(kema)lar yaxshi yellar ila ularni olib ketganida hamda ular bundan xursand bo`lganlarida, qattiq shamol kelur va ularga har tomondan to`lqin kelur. O`zlarining qurshovda qolganlarini anglaganlarida, Allohga chin ixlos bilan: «Agar bizni mana shundan qutqazsang, albatta, shukr keltiruvchilardan bo`lurmiz», deb duo qilurlar.","Bas, qachonki U zot ularga najot bersa, ko`ribsizki, ular yer yuzida nohaqdan zulm qilurlar. Ey odamlar! Bu zulmingiz faqat o`z ziyoningizgadir. Bu, hayoti dunyo matohi, xolos. So`ngra, Bizga qaytishingiz bor. Bas, Biz nima amal qilganingizning xabarini berurmiz.","Albatta, dunyo hayotining misoli xuddi Biz osmondan tushirgan suvga o`xshaydir. Bas, odamlar va chorvalar yeydigan yer nabototi u bilan aralashib, yer bezagini olganda va ziynatlanganda hamda uning ahli, endi bunga erishdik, deb o`ylaganda, kechasi yoki kunduzi unga Bizning amrimiz keladir. Biz uni xuddi kuni kecha yashnab turmagandek quritib qo`yamiz. Tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyatlarimizni ana shunday batafsil bayon qilurmiz.","Alloh tinchlik diyoriga da'vat qilur va O`zi xohlaganlarni sirotul mustaqiymga hidoyat qilur.[1]###[1] (Alloh bandalarini ikki dunyoda ham saodatli bo`lishlarini xohlaydi. Ularni tinchlik diyorida, omonlikda, baxt-saodat va farog`atda bo`lishga chaqiradi. Kimki Allohning chaqirig`iga labbay deb javob bersa, uning aytganlarini qilsa, barcha yaxshiliklarga yetishadi. To`g`ri yo`lda — siroti mustaqimda barqaror turadi. Doimo yaxshiliklarga sohib bo`ladi.)","Go`zal amal qilganlar uchun go`zal savob va ziyodalik bordir. Ularning yuzlarini qarolik ham, xorlik ham qoplamas. Ana o`shalar jannat egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.[1]###[1] (Allohga iymon keltirib, Uning chaqirig`iga labbay deb javob berib, yaxshi amallarni qilib yashagan bandalar bu dunyoda go`zal hayot kechiradilar. Oxiratda esa, bu dunyoda qilgan go`zal amallari uchun savob oladilar, jannatga doxil bo`ladilar.)","Yomonliklarni kasb qilganlarga esa, yomonliklariga yarasha yomon jazo bo`lur. Ularni xorlik qoplar. Ular uchun Allohdan biror saqlovchi ham bo`lmas. Yuzlari xuddi tun zulmatidan bir parcha ila qoplangan kabi bo`lur. Ana o`shalar do`zax egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.[1]###[1] (Oldingi manzaraning tamoman aksi. Oyatda bu dunyoda go`zal amallar emas, yomon amallar qilganlar vasf qilinayotir. Yomonliklari tufayli ular bu dunyoning o`zida yomon hayot kechiradilar. Oxiratda esa, ularga: «yomonliklariga yarasha yomon jazo bo`lur».)","U kunda barchalarini to`plarmiz. So`ngra, shirk keltirganlarga: «Sizlar ham, sherik qilganlaringiz ham joyingizdan qimirlamangiz», dermiz. Bas, oralarini ajratarmiz va sherik qilinmishlar: «Bizga ibodat etmagan edingiz.","Biz bilan sizning orangizda shohidlikka Alloh kifoyadir. Biz, albatta, sizning ibodatingizdan g`ofil edik», derlar.","O`sha yerda har bir jon o`zi qilib o`tgan ishdan so`ralur — xabardor bo`lur va haqiqiy xojalari Allohga qaytarilurlar. Hamda o`zlaricha to`qib chiqargan narsalari ulardan g`oyib bo`ladir.","Sen: «Sizlarni osmonlaru yerda kim rizqlantiradi? Yoki quloq va ko`zlaringizning egasi kim, tirikni o`likdan, o`likni tirikdan kim chiqaradi? Ishning tadbirini kim qiladi?» deb ayt. Ular, albatta: «Alloh», derlar. Bas, sen: «Taqvo qilmaysizlarmi?» deb ayt.[1]###[1] (Ushbu oyati karimalar nozil bo`layotgan davrdagi odamlar tushunchasi bo`yicha, o`sib-harakatlanib turgan narsalar tirik, harakatsiz, o`smay turgan narsalar o`lik hisoblanar edi. Ana shu tasavvurga binoan qadimgi tafsirchilarimiz «o`likdan tirikni chiqarish»ga tuxumdan qushni, urug`dan o`simlikni, danakdan daraxtni chiqarishni va shunga o`xshash holatlarni misol qilib keltirganlar. Yoki, aksincha, hamma hayvonlar tirik bola tug`adi, qushlar esa, jonsiz tuxumni. O`sib yetilgan o`simlikdan jonsiz urug` chiqadi. Bularning hammasini kim qilmoqda? Albatta, Alloh!)","Bas, mana shu Alloh sizning haq Robbingizdir. Haqdan so`ng nima bo`ladi? Magar zalolat bo`ladi. Bas, qayoqqa burilib ketmoqdasiz?","Shunday qilib, fosiqlik qilganlarga Robbingning so`zi haq bo`ldi. Ular iymon keltirmaslar.","Sen: «Sizning sherik keltirayotganlaringiz orasida maxluqotni avval boshda yaratib, so`ngra uni qaytaradigani bormi?» deb ayt. Sen: «Alloh maxluqotni avval boshda yaratib, so`ngra uni qaytarar. Bas, qayoqqa burilib ketmoqdasizlar?» deb ayt.","Sen: «Sizning sherik keltirayotganlaringiz orasida haqqa hidoyat qiladigani bormi?» deb ayt. Sen: «Alloh haqqa hidoyat qiladir. Ergashishga haqqa hidoyat qiladigan Zot haqliroqmi yoki hidoyat qilmaydigan, balki o`zi hidoyatga muhtoj kimsami? Sizga nima bo`ldi?! Qanday hukm qilmoqdasiz?!» deb ayt.","Ularning ko`plari gumonga ergashadilar, xolos. Albatta, gumon haq o`rnida hech narsa bo`la olmas. Albatta, Alloh nima qilayotganlarini bilguvchi Zotdir.[1]###[1] (Allohning yo`lida yurmaganlarning ko`plari, balki hammalari gumon va taxminga ergashadilar. Ulardan, nima uchun bu ishni qilmoqdasan, nima uchun bu yo`lga yurmoqdasan, deb so`ralsa, beradigan javoblari faqat gumondan iborat bo`ladi. Qadimda butparastlar, ota-bobomiz shunday qilgan, biz ham qilmoqdamiz, deb javob berishgan. Hozirda ham falonchi aytgani uchun, pistonchi qilgani uchun, deyishadi.)","Ushbu Qur'on Allohdan boshqa tomonidan to`qib chiqarilgan emas. Va lekin u o`zidan oldingining tasdig`i va kitobning tafsilotidir. Unda hech shubha yo`q. U olamlarning Robbisidandir.","Yoki o`zi to`qib olgan derlarmi? Sen: «Agar rostgo`y bo`lsangiz, unga o`xshash bir sura keltiring va (bu ishga) Allohdan boshqa, kuchingiz yetganicha, kimni xohlasangiz, chaqiring», deb ayt.","Balki, ular o`zlari ilmini bilmagan narsani, ularga uning ta'viyli yetmay turib, yolg`onga chiqardilar. Ulardan oldingilar ham shunday yolg`onga chiqargan edilar. Zolimlarning oqibati qanday bo`lganiga nazar sol.","Ulardan unga iymon keltiradiganlar ham bor va ulardan unga iymon keltirmaydiganlar ham bor. Robbing esa, buzg`unchilarni yaxshi bilguvchi Zotdir.","Agar ular seni yolg`onchi qilsalar, sen: «Menga o`z ishim, sizlarga o`z ishingiz, sizlar men qiladigan ishdan poksizlar, men sizlar qiladigan ishdan pokman», deb ayt.[1]###[1] (Ular shunchalik dalillarni ko`rib-bilib, haqiqatni anglab yetganlaridan keyin ham iymon keltirmasalar, seni yolg`onchiga chiqarsalar, unda ular bilan orani ochiq qilishingdan boshqa chora qolmaydi. Ularga yo`llar boshqa-boshqa ekanini bildirib: Shu bilan birga, orada hech bir aloqa qolmaganini ham ta'kidlash lozim.)","Va ulardan senga quloq tutadiganlari ham bor. Agar aql ishlatmasalar, karquloqlarga sen eshittira olurmisan?!","Ulardan senga nazar soladiganlari ham bor. Agar o`zlari (qalb ko`zlari ila) ko`rmasalar, ko`rlarni sen hidoyat qila olurmisan?!","Albatta, Alloh odamlarga hech zulm qilmas, va lekin odamlar o`zlariga zulm qilurlar.[1]###[1] (Ularning eng katta zulmlari Islom diniga yurmasliklaridir.)","Ularni to`playdigan kunda xuddi nahordan bir soatgina turganga o`xshab, bir-birlari bilan tanishurlar. Batahqiq, Allohning muloqotini yolg`onga chiqarganlar va hidoyat topganlardan bo`lmaganlar ziyon qilurlar.","Yoki senga ularga va'da qilganimizning ba'zisini ko`rsatamiz yoki seni vafot ettiramiz. Bas, ularning qaytishlari Bizgadir. So`ngra, nima qilayotganlariga Alloh shohiddir.","Har ummatning o`z Payg`ambari bordir. Qachonki ularga Payg`ambarlari kelsa, oralarida adolat ila hukm chiqarilur. Ularga zulm qilinmas.","Ular: «Agar rostgo`ylardan bo`lsangiz, bu va'da qachon bo`ladi?» derlar.","Sen: «Men o`zim ham na zararga va na foydaga molik emasman. Magar Alloh nimani xohlasa (shu bo`ladi). Har ummatning o`z ajali bor. Ajallari kelgan vaqtda bir soatga orqaga ham, oldinga ham sura olmaslar», deb ayt.[1]###[1] (Gapning xulosasi shu. Birovga zarar yoki foyda yetkazish faqat Allohning ishi. Agar Rasululloh alayhissalotu vassalom o`zlariga na zarar, na foyda yetkaza olmasalar, demak, o`zgalarga ham yetkaza olmasliklari turgan gap. Lekin ular hadeb u zotdan va'da qilingan azob qachon kelishini so`rayveradilar. Ajal kelgan soatning ayni o`zida halok bo`ladilar. Bunga o`tgan ummatlar, xususan, Qur'oni Karimda zikri kelgan ummatlar yorqin misoldir. Ba'zi ulamolarimiz, ummatlarning halokati faqat jismoniy bo`lishi shart emas, ma'naviy halokat ham shunga kiradi, deydilar.)","Sen: «Xabar bering-chi, agar Uning azobi sizlarga kechasi yoki kunduzi kelsa, jinoyatchilar uning nimasiga shoshilmoqdalar?» deb ayt.","U voqe bo`lganidan so`ng unga ishondingizmi? Endi-ya?! Uni, tezroq kelsin, deb shoshilayotgan edingiz-ku?![1]###[1] (Azobning tushishi muqarrar. Qachon bo`lsa ham, baribir tushadi. Ana o`sha vaqtda mushrik va kofirlarga yuqoridagi so`zlar aytiladi.)","So`ngra, zulm qilganlarga: «Mangu azobni tortinglar. Faqat kasb qilganingizga yarasha jazo olursizlar, xolos», deyilur.[1]###[1] (Ular bu dunyoda qilgan zulmlari — Allohga iymon keltirmaganlari uchun qilmishlariga yarasha jazo oladilar, do`zaxda mangu qoladilar.)","Ular sendan: «U haqmi?» deb so`rarlar. «Ha, Parvardigorim haqqi, albatta, u haqdir va sizlar qochib qutuluvchi emassizlar», deb ayt.","Agar har bir zulm qilgan jonga yer yuzidagi hamma narsa berilsa-yu, uni fido qilsa ham. Azobni ko`rganlarida ichlarida nadomat cheksalar ham. Ular o`rtasida adolat ila hukm chiqarilur. Ularga zulm qilinmas.","Ogoh bo`ling! Osmonlaru yerdagi narsalar, albatta, Allohnikidir. Ogoh bo`ling! Allohning va'dasi, albatta, haqdir. Lekin ko`plari bilmaslar.","U tiriltirur va o`ldirur va Ungagina qaytarilursiz.","Ey odamlar! Sizga o`z Robbingizdan mav'iza, ko`ksingizdagi narsaga shifo, mo`minlarga hidoyat va rahmat keldi.[1]###[1] (Ey odamlar! Qur'onni yolg`on demang! Qur'onni falonchi to`qigan, demang! Uning to`g`risida shubha qilmang. U qalbingizdagi ruhiy, ma'naviy dardlaringizning barchasiga shifo bo`lib keldi. Kim Qur'onga iymon keltirib, musulmon bo`lsa, u o`sha odamni hidoyatga boshlaydi, Allohning rahmatiga erishtiradi.)","Sen: «Allohning fazli ila va Uning rahmati ila. Bas, ana shu bilan xursand bo`lsinlar. U ular jamlaydigan narsalardan yaxshidir», deb ayt.[1]###[1] (Bir ummatga ikki dunyo baxtiga erishtiruvchi ilohiy kitob berilishi o`sha millatga Allohning fazli va marhamatidir. Bu millat ushbu oyatga amal qilib, qancha xursand bo`lsa, arziydi. Alloh taoloning fazli va marhamati bo`lmish Qur'oni Karimga iymon keltirib, uni o`ziga dastur qilib olgan zotlar o`sha eng ulug` fazl va rahmatga erishgan kishilar sifatida qanchalik xursand bo`lsalar, shunchalik oz. Qur'onga erishish dunyodagi boshqa hamma narsalarni jamlab, o`shalarga ega bo`lishdan ko`ra yaxshiroqdir.)","Sen: «Alloh sizga nozil qilgan rizqdan xabar bering-chi! Uni harom va halol qilib oldingiz!» deb ayt. Sen: «Alloh sizga izn berdimi yoki Allohga nisbatan yolg`on to`qiyapsizmi?» deb ayt.","Allohga nisbatan yolg`on to`qiyotganlarning qiyomat kuni haqida nima gumonlari bor? Albatta, Alloh odamlar uchun fazl egasidir. Lekin ko`plari shukr qilmaslar.","Qaysi holda bo`lsang, Qur'ondan nimani tilovat etsang, ishlardan qay birini qilsang, albatta, Biz o`shanga kirishayotgan paytinglarda sizlarga guvohmiz. Na yer yuzida va na osmonlarda zarra miqdoridagi, undan kichikroq yoki kattaroq narsa Robbingdan maxfiy bo`la olmas, balki, ochiq-oydin kitobdadir.[1]###[1] (Alloh nafaqat ko`radi yoki biladi, balki unga guvoh bo`ladi va ochiq-oydin kitobga yozib ham qo`yadi. Shunday bo`lgandan keyin, dunyoda eng katta gunohni qilganlarning — Alloh taologagina xos bo`lgan haqqa tajovuz etib, uning sha'niga yolg`on to`qib, bergan rizqining ba'zisini harom, ba'zisini halol deganlarning gunohi maxfiy bo`lib qolarmidi? Alloh guvoh bo`lib turibdi, ochiq-oydin kitobga yozilib turibdi, degan e'tiqod bilan yashab, Allohga ixlos ila e'tiqod va bandalik qilganlarning biror amali zoye bo`larmidi? Albatta, yo`q. Hammasi hisobga olinadi va mukofoti beriladi.)","Ogoh bo`lingkim, Allohning do`stlariga xavf yo`qdir va ular xafa ham bo`lmaslar.","Ular iymon keltirganlar va taqvo qilganlardir.[1]###[1] (Demak, Allohning do`sti bo`lish juda ham oson ekan. Buning uchun avvalo, U zotga iymon keltirish; ikkinchidan esa, taqvodor bo`lish, ya'ni Allohning aytganini qilib, qaytarganidan qaytib yashash lozim ekan. Kimning iymonida zarracha xato bo`lsa yoki Allohning ko`rsatmalari asosida emas, o`zganing yo`lida hayot kechirsa yoxud o`zi o`ziga yo`llanma tuzib olsa, u odam Allohga do`st bo`lish baxtidan mahrumdir.)","Ularga hayoti dunyoda ham, oxiratda ham xushxabar bor. Allohning so`zlarini o`zgartirish yo`q. Ana o`sha ulug` yutuqdir.[1]###[1] (Allohning do`stlariga ikki dunyo saodatining xushxabari bor. Ular iymonlari va taqvolari tufayli, Allohning inoyati ila, avvalo, bu dunyoda saodatli hayot kechiradilar. Oxiratda esa, xuddi shu iymonlari va taqvolari sababli jannatga doxil bo`ladilar. Mazkur xushxabar Allohning so`zlaridir. Hozirda ba'zi musulmon jamiyatlar o`sha ulug` yutuqqa bu dunyo hayotida erisha olmayotgan bo`lsalar, bu narsa Allohning kalimalari o`zgarganiga emas, balki iymon va taqvoda kamchilik borligiga yoki iymon va taqvoning umuman yo`qligiga dalildir.)","Ularning gapi seni xafa qilmasin. Albatta, azizlikning barchasi Allohnikidir. U eshitguvchi va bilguvchi Zotdir.","Ogoh bo`lingkim, osmonlarda kim bo`lsa va yer yuzida kim bo`lsa, albatta, Allohnikidir. Allohdan o`zga sheriklarga iltijo qilayotganlar nimaga ergashurlar? Ular faqat gumonga ergashurlar, xolos. Ular faqat taxmin qilurlar, xolos.","U sizlarga sokinlik topishingiz uchun kechani va ko`rsatuvchi etib kunduzni qilgan Zot. Albatta, bunda eshitadigan qavmlar uchun oyat — alomatlar bordir.","Ular, «Alloh farzand tutdi», dedilar. U (bundan) pokdir. U behojatdir. Osmonlardagi narsalar va yerdagi narsalar Unikidir. Bu haqda sizning hech qanday dalilingiz yo`q-ku! Allohga nisbatan bilmagan narsangizni aytaverasizmi?[1]###[1] (Odatda inson qay hollarda farzand tutadi? Farzandsizligim bilinmasin; menga yordam bo`lsin; ko`nglimni ko`tarib tursin va hokazo hojatlarni ko`zlab farzand tutadi. Ajabo, Alloh subhanahu va taolo shu kabi ishlarga muhtojmi? Unga nisbatan bunaqa sifat berish durustmi? Yo`q, albatta.)","Sen: «Albatta, Allohga nisbatan yolg`on to`qiganlar najot topmaslar», deb ayt.","Bu dunyoda (bir oz) foydalanish, keyin Bizga qaytishlari bor. So`ngra, Biz ularga, kufr keltirib o`tganlari uchun, shiddatli azobni tottiramiz.","Ularga Nuhning xabarini tilovat qilib ber. Vaqtiki u o`z qavmiga: «Ey qavmim, agar sizlarga mening maqomim va Allohning oyatlari ila eslatishim og`ir kelayotgan bo`lsa, bas, men Allohga tavakkal qildim. Siz sherik keltirganlaringiz bilan birgalikda o`z ishingizni bilaveringlar. Yana, ishlaringiz o`zingiz uchun noaniq bo`lib qolmasin. So`ngra, menga nisbatan hukmingizni ijro etaveringlar, menga muhlat bermanglar.","Bas, agar yuz o`girsangiz, men sizlardan ajr so`raganim yo`q. Mening ajrim faqatgina Allohdan. Va men musulmonlardan bo`lishga amr qilinganman», dedi.[1]###[1] (Ey Muhammad, o`z vaqtida Nuh alayhissalom ham senga o`xshab qavmiga payg`ambar bo`lib kelgan edi. Sen bilan qavming o`rtasidagi holat ularning ham boshidan kechgan. Sening qavming ichidan ham Nuh qavmidagiga o`xshash sarkashlar chiqdi. Ular Allohning qudratiga dalolat qiluvchi turli oyat-belgilardan o`rnak olmayaptilar.)","So`ngra, uni yolg`onchiga chiqarishdi. Bas, Biz uni va u ila birga bo`lganlarni kemada qutqardik va ularni xalifalar qildik. Oyatlarimizni yolg`onga chiqarganlarni g`arq etdik. Ogohlantirilganlarning oqibati qanday bo`lganiga nazar sol.","So`ngra, undan keyin Payg`ambarlarni qavmlariga yubordik. Bas, ular ochiq-oydin hujjatlar ila keldilar. Ammo u (qavm)lar oldin yolg`onga chiqargan narsalariga iymon keltiruvchi bo`lmadilar. Tajovuzkorlarning qalbiga shunday qilib muhr bosamiz.[1]###[1] (Ey siz insonlar, ushbu oyatlar bilan tanishayotganlar! Sizlar ham o`sha qavmlarga o`xshab avval-boshdan Payg`ambarni, Qur'onni yolg`onga chiqarib, tajovuzkorlik etmang. Agar shunday qiladigan bo`lsangiz, o`shalarga o`xshab qalbingizga muhr bosilishi, oqibatda halokatga uchrashingiz turgan gap. Mana, quyida qissasi keladigan qavm ham xuddi shunday taqdirga duch kelgan edi.)","So`ngra, ulardan keyin Muso va Horunni Fir'avn va uning qavmiga O`z oyat — mo`'jizalarimiz ila yubordik. Bas, ular kibru havo qildilar va jinoyatchi qavm bo`ldilar.","Bizning huzurimizdan ularga haq kelgan paytda: «Bu, albatta, ochiq-oydin sehrdir», dedilar.","Muso: «Sizga haq kelganda (shunday) deysizlarmi?! Shu sehrmi?! Sehrgarlar najot topmaslar», dedi.","Ular: «Sen bizni otalarimiz tutib kelayotganida topgan narsamizdan burish uchun va ikkovingizga yer yuzida kattalik bo`lishi uchun keldingmi? Biz ikkovingizga iymon keltiruvchilardan emasmiz», dedilar.[1]###[1] (Ular ilm-ma'rifat asosida emas, qalblaridagi avvaldan o`rnashib qolgan dard tufayli Alloh tomonidan kelgan dinni inkor qilayotgan ekanlar. Bu faqat Fir'avn va uning qavmigagina emas, balki Allohning diniga yurishni xohlamagan har bir tog`ut va uning qavmiga xos xususiyatdir.)","Fir'avn: «Menga barcha bilimdon sehrgarlarni keltiringlar», dedi.","Sehrgarlar kelganida, Muso ularga: «Sizlar tashlamoqchi bo`lgan narsangizni tashlangiz», dedi.","Ular tashlaganlarida, Muso: «Siz keltirgan narsa sehrdir. Albatta, Alloh uni botil qilur. Zero, Alloh buzg`unchilarning ishini o`nglamas.","Va Alloh O`z kalimasi ila, garchi jinoyatchilar yoqtirmasa ham, haqni ro`yobga chiqarur», dedi.[1]###[1] (Qissaning tafsiloti boshqa suralarda kelgan. Bu surada esa, siyoqiga mos ravishda ba'zi holatlar bayon qilinmoqda. Chunki Alloh tomonidan berilgan mo`'jizaga sohib bo`lgan Payg`ambar sehrni osonlikcha bilishi ajablanarlik emas. U kishi qalbi Allohga iymon ila to`la, o`z ishining haqligiga, boshqalarning ishi botilligiga ishonchi komil Zotdirlar. Darhaqiqat, shunday bo`ldi ham. Allohning «Bo`l!» degan kalimasi ila har narsa bo`lishi turgan gap. Sehrgarlarning sehri botil bo`ldi. Alloh haqni ro`yobga chiqardi.)","Musoga o`z qavmidan ba'zi zurriyotlargina Fir'avn va amaldor-zodagonlarining fitna qilmoqlaridan qo`rqqan hollarida iymon keltirdilar, xolos. Albatta, Fir'avn yer yuzida baland ketgan edi. Albatta, u isrofchilardan edi.","Muso: «Ey qavmim, agar Allohga iymon keltirgan bo`lsangiz, agar musulmon bo`lsangiz, faqat Ungagina tavakkal qiling», dedi.","Ular: «Allohgagina tavakkal qildik. Robbimiz, bizni zolim qavmlarga fitna qilib qo`yma.","Va O`z rahmating ila bizga kofir qavmlardan najot bergin», dedilar.[1]###[1] (Arabchada «fitna» so`zi sinov ma'nosini anglatadi. Jumladan, temirni o`tga solib sinab ko`rishni ham fitna deyishadi. Shuningdek, fitna so`zi «aldov» va «adashuv» ma'nosini ham anglatadi. Ushbu oyatda esa, mo`minlar Allohdan zolim qavmlarni ular ustidan g`olib qilib qo`ymaslikni so`rashmoqda. Chunki bu ish fitnaga sabab bo`lishi mumkin. Mo`minlar, ularning ishlari to`g`ri ekan-da, bo`lmasa nima uchun bizga g`olib kelishadi, degan xayolga borishlari mumkin. Bu esa, katta fitnadir. Aslida, Alloh kofirlarni bildirmay olish uchun avval ularga zohiran g`alaba berib ham turishi mumkin. Ammo bu mo`minlar guruhi shuni ham xohlamayaptilar.)","Biz Musoga va uning birodariga: «Ikkovingiz qavmingiz uchun Misrda uylar tayyorlang, uylaringizni qibla qilib, namozni to`kis ado etinglar va mo`minlarga xushxabar ber», deb vahiy yubordik.","Muso: «Ey Robbimiz, Sen Fir'avnga va uning amaldorlariga zebu ziynat va molu dunyo berding. Robbimiz, bu Sening yo`lingdan adashtirishlari uchundir. Robbimiz, ularning mollarini yo`q qilgin va qalblarini qattiq qilgin, to alamli azobni ko`rmagunlaricha iymonga kelmasinlar», dedi.","U: «Batahqiq, ikkovingizning duoingiz qabul bo`ldi. Bas, sobit turinglar va bilmaydiganlarning yo`liga ergashmanglar», dedi.","Va Bani Isroilni dengizdan o`tkazdik. Bas, Fir'avn va uning askarlari haddan oshgan va tug`yon qilgan holda ularni ta'qib etdilar. Toki unga g`arq bo`lish yetganida: «Bani Isroil iymon keltirgan Zotdan o`zga Iloh yo`qligiga iymon keltirdim va men musulmonlardanman», dedi.","Endimi! Oldin isyon qilgan va buzg`unchilardan bo`lgan eding-ku?!","Bugun sening badaningni qutqaramiz. Toki o`zingdan keyingilarga ibrat bo`lgin. Albatta, ko`p odamlar Bizning oyatlarimizdan g`ofildirlar.[1]###[1] (Sog`lik-salomatlik, kuch-quvvat, molu mulk, hukm, mansab va boshqa imkoniyatlar borida qilarini qilib yurgan har qanday odam ham o`limiga ko`zi yetib qolganida Xudoni eslaydi. Lekin buning foydasi yo`q. Bu haqiqat o`sha toifadagi kishilarga ularning eng ko`zga ko`ringan vakili Fir'avn misolida tushuntirilmoqda. Joyingni emas. Joningni olamiz. Boshqalar kabi o`lasan. Chunki sen ham oddiy-ojiz bandasan. Ammo jasadingni qutqaramiz. Baliqlar ham yemaydi. Suvga oqib ham yo`q bo`lmaydi. Boshqa sabab bilan ham yo`q bo`lib ketmaydi. «Toki o`zingdan keyingilarga ibrat bo`lgin». Shunchalar mulkka ega bo`lsang ham, qancha katta da'volar qilgan bo`lsang ham, askarlaring shuncha ko`p bo`lsa ham, baribir Allohning azobidan qutula olmaganingni ko`rib ibrat olsinlar. «Albatta, ko`p odamlar Bizning oyatlarimizdan g`ofildirlar».)","Batahqiq, Biz Bani Isroilni haqiqiy omonlik maskaniga joylashtirdik va ularni pok narsalar ila rizqlantirdik. Bas, ular to o`zlariga ilm kelmaguncha ixtilof qilmadilar. Albatta, Robbing qiyomat kuni ular orasida ixtilof qilgan narsalari haqida O`zi hukm chiqarur.","Agar senga nozil qilgan narsamizdan shakda bo`lsang, sendan oldin kitobni o`qiganlardan so`ra. Batahqiq, senga Robbingdan haq keldi. Bas, hech shubha qilguvchilardan bo`lma.","Zinhor, Allohning oyatlarini yolg`onga chiqaruvchilardan bo`lma, u holda ziyonkorlardan bo`lib qolasan.","Albatta, Robbingning kalimalari zimmasiga vojib bo`lganlar iymonga kelmaslar.","Agar ularga hamma oyat-mo`'jizalar kelsa ham, to alamli azobni ko`rmagunlaricha.","Qani endi, biron qishloq iymon keltirganda, unga iymoni manfaat bersa edi. Faqat, Yunus qavmi iymon keltirganlarida, ulardan hayoti dunyodagi xorlik azobini kushoyish qildik va ularni ma'lum vaqtgacha foydalantirdik, xolos.[1]###[1] (Oyatning ma'nosidan ko`rinib turibdiki, Yunus alayhissalomning qavmiga hayoti dunyoning xorlik azobi tahdid solib qolganda barchalari birdan iymonga kelganlar. Ana shunda Alloh taolo ularning boshidan bu azobni ko`targan va iymonlari sharofati bilan ma'lum muddatgacha faravon turmush ila manfaatlantirgan. Demak, qoida shu: qaysi qishloq kofir bo`lsa, xorlik azobiga duchor bo`laveradi, qaysi qishloq iymon keltirsa, undan xorlik azobi kushoyish qilinib, iymoni tufayli manfaatlar topaveradi.)","Agar Robbing xohlasa, yer yuzidagi kishilarning hammasi iymonga kelar edilar. Yoki sen odamlarni mo`min bo`lishga majburlaysanmi?","Allohning iznisiz hech bir jon mo`min bo`la olmas. U aql yurgizmaydiganlarga o`ta ifloslikni ravo ko`rur.[1]###[1] (Ya'ni, har bir inson iymonga erishish uchun Alloh izn etgan yo`ldan yurishi kerak. U ko`rsatgan amallarni qilishi kerak. Misol uchun, Alloh bergan aqlni ishlatib, atrofdagi oyat-dalillarni tushunib yetib, iymonga yuzlanishi kerak. Aqlni ishlatmasa, o`ziga ibrat olmasa, ishi rasvo bo`ladi. Noto`g`ri yo`lga yurib, zalolatga ketadi.)","Sen: «Osmonlaru yerdagi narsalarga nazar solinglar. Iymon keltirmaydigan qavmlarga oyat-mo`'jizalar va qo`rqituvlar foyda bermas», deb ayt.","Ular faqat o`zlaridan oldin o`tganlarning kunlariga o`xshash kunlarga intizor bo`lmoqdalarmi? Sen: «Bas, intizor bo`linglar. Albatta, men ham sizlar bilan intizor bo`lguvchilardanman», deb ayt.","So`ngra, Payg`ambarlarimizga va iymon keltirganlarga najot beramiz. Shunday qilib, mo`minlarga najot bermog`imiz zimmamizdagi burchdir.[1]###[1] (Oxir-oqibatda mo`minlarning najot topishi haqdir. Bu vazifani Alloh taolo O`ziga burch qilib olgandir. Bu haqiqatni mo`min-musulmonlar, ayniqsa, da'vatchilar juda yaxshi anglab yetmoqlari lozim.)","«Ey odamlar, agar mening dinimda shak-shubhangiz bo`lsa, bas, (bilingki) men sizlar ibodat qilayotgan — Allohdan o`zga — narsalarga ibodat qilmasman. Lekin sizni vafot ettiradigan Allohga ibodat qilurman va mo`minlardan bo`lmog`imga amr qilinganman», deb ayt.","Yuzingni dinga to`g`ri tut. Mushriklardan bo`lma.","Allohdan o`zga — senga manfaat ham, zarar ham bermaydigan — narsaga iltijo qilma. Bas, agar shunday qilsang, unda, sen zolimlardan bo`lasan.[1]###[1] (O`zini bilmagan zolim odamlar Allohni qo`yib, but-sanamlar va boshqa narsalarga iltijo etib, manfaat topmoqchi yoki zararni qaytarmoqchi bo`ladilar. Sen, ey Payg`ambar, ularga o`xshama, Allohdan o`zga hech kimga, hech narsaga iltijo etma.)","Agar Alloh seni zarar ila tutsa, Undan o`zga o`shanga kushoyish beruvchi yo`qdir. Agar U senga yaxshilikni iroda qilsa, Uning fazlini rad qiluvchi ham yo`qdir. Uni bandalaridan xohlaganiga yetkazur. U mag`firat qilguvchi va rahimli Zotdir.","Sen: «Ey odamlar, sizga Robbingizdan haq keldi. Bas, kim hidoyatga yursa, o`zi uchun hidoyat topadir. Kim zalolatga ketsa, o`z zarariga zalolat topadir. Men sizlarning ustingizdan qo`riqchi emasman», deb ayt.","Va senga vahiy qilingan narsaga ergash va Alloh hukm qilguncha sabr qil. U hukm qilguvchilarning yaxshisidir.","Alif. Laam. Ro. (Ushbu) kitob oyatlari mahkam qilingan, so`ngra hikmatli va xabardor Zot tomonidan mufassal (bayon) qilingandir.","Allohdan o`zgaga ibodat qilmasligingiz uchundir. Albatta, men sizlarga Undan kelgan ogohlantiruvchi va xushxabarchiman.","Robbingizga istig`for aytinglar, so`ngra Unga tavba qilinglar. (Shunda) U zot sizlarni ma'lum muddatgacha yaxshi rohatlar ila bahramand qilur va har bir fazl egasiga fazlini berur. Agar yuz o`girib ketsangiz, bas, albatta, men sizlarga ulug` kunning azobi bo`lishidan qo`rqaman.","Allohning O`ziga qaytishingiz bor. U har bir narsaga qodir Zotdir.","Ogoh bo`lingkim, albatta, ular Undan yashirinish uchun ko`ksilariga (boshlarini) egarlar. Ogoh bo`lingkim, kiyimlariga o`ralgan chog`larida ham, U zot nimani sir tutayotganlariniyu nimani oshkor qilayotganlarini bilar. Albatta, U — qalblardagi bor narsalarni bilguvchi Zotdir.[1]###[1] (Ushbu oyatda johiliyat ahlining kulgili holatlaridan biri haqida so`z ketmoqda. Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom kishilarga Qur'oni Karim oyatlarini o`qib berayotganlarida, yuqorida zikr qilingan haqiqatlarni yetkazayotganlarida, ba'zi mushriklar, men ham shu gaplarga daxldor bo`lib qolmay, degandek, ko`rinmaslikka urinib, pusib, boshini ko`ksiga egib, berkinishga harakat qilar ekanlar. Oyatda ularning qilmishlari, Allohdan yashirinishga urinish, deb ta'riflanmoqda.)"]