["Yer yuzida o`rmalagan narsa borki, ularning rizqi Allohning zimmasidadir. U ularning turar joylarini ham, borar joylarini ham bilur. Hammasi ochiq-oydin kitobdadir.","U sizlardan qaysingizning amali yaxshiroq ekanini sinab ko`rish uchun olti kunda osmonlaru yerni yaratdi. O`shanda Arshi suv ustida edi. Agar sen: «Sizlar o`limdan keyin albatta qayta tiriltirilasizlar», desang, kufr keltirganlar, albatta: «Bu ochiq-oydin sehrdan o`zga narsa emas», derlar.[1]###[1] (Bu oyatda ham Alloh taoloning ta'rifi davom etmoqda. Alloh osmonlaru Yerni olti kunda yaratgan Zotdir. Bu haqda o`tgan Yunus surasi tafsirida batafsil gapirilgan. Ushbu oyatda esa, osmonlaru Yerni yaratishdan maqsad odamlardan qaysilari yaxshiroq amallar qilishini sinab ko`rish ekanligi ta'kidlanmoqda. Shuningdek, Allohning arshi va uning turgan joyi haqida ham ma'lumot kelmoqda: Demak, Alloh taolo osmonlaru Yerni yaratgan vaqtda uning arshi suv ustida bo`lgan ekan. Shuning o`zini bilishimiz kifoya. Allohning arshi bor ekan. O`sha paytda bu arsh suvning ustida turgan ekan. Bo`ldi, bundan boshqasi ortiqcha. Bunaqa g`aybiyotga tegishli masalalar atrofida ovora bo`lib, vaqt va aql-zakovotni behuda sarflagandan ko`ra, ko`proq yaxshi amallarni qilib, sinovdan yaxshi o`tishga uringan ma'qul.)","Agar Biz ulardan ma'lum muddatgacha azobni kechiktirsak, ular albatta: «Uni nima to`xtatib turibdi?» derlar. Ogoh bo`linglarkim, u kelgan kunda ulardan qaytarilmas va ularni o`zlari istehzo qilib yurgan narsa o`rab olur.","Agar insonga O`z tomonimizdan rohatni tottirib, so`ngra undan uni tortib olsak, u albatta noumid va noshukr bo`lur.","Agar unga yetgan qiyinchiliklardan so`ng ne'mat tottirsak, albatta: «Mendan yomonliklar ketdi», deydi. Albatta, u xursand va faxrlidir.","Magar sabr qilganlar va yaxshi amallar qilganlar, ana o`shalarga mag`firat va katta ajr bor.","Ehtimol, sen ularning: «Unga xazina tushirilsa edi» yoki «U bilan birga farishta kelsa edi», deganlari uchun o`zingga vahiy qilingan narsaning ba'zisini tark qilmoqchi bo`larsan yoki undan yuraging siqilar. Sen ogohlantiruvchisan, xolos. Allohning O`zi hamma narsaga vakildir.[1]###[1] (Albatta, kofir va mushriklar qanchalik shakkoklik qilmasinlar, qanchalik takliflar kiritmasinlar, Rasululloh alayhissalotu vassalomning e'tiqodlariga zarar yetkaza olmaydilar. U kishi Qur'onning ba'zisini tark etmoqchi ham bo`lmaydilar, undan yuraklari siqilmaydi ham. Ammo bu oyat u kishiga va u kishi orqali barcha mo`min-musulmonlarga tasalli, pand-nasihat bo`lib kelmoqda. Ya'ni, mushriklar qanchalar yomonlik qilsalar ham, sizlar sabr qilinglar, siqilmanglar, demoqda.)","Yoki: «O`zi to`qib oldi», derlarmi? Sen: «Bas, agar rostgo`y bo`lsalaringiz, Allohdan boshqa kimni chaqirishga qodir bo`lsangiz, chaqirib, bunga o`xshash o`nta to`qilgan sura keltiring-chi», degin.[1]###[1] (Mushriklarning avvalgi oyatda kelgan «Payg`ambarga xazina tushirsa yoki u bilan birga farishta ham payg`ambar etib yuborilsagina unga ergashamiz», degan mantiqsiz gaplari yetmaganidek, ular: «Qur'onni Payg`ambarning o`zi to`qib olgan», ham deydilar. Bundan ham achchig`ing chiqmasin, xafa bo`lma. «Allohdan boshqa kimni chaqirishga qodir bo`lsangiz, chaqirib, bunga o`xshash o`nta to`qilgan sura keltiring-chi», degin.)","Agar javob bera olmasalar, bas, bilingki, u faqatgina Allohning ilmi ila nozil qilingandir. Undan o`zga biron iloh yo`qdir. Endi musulmon bo`larsizlar?!","Kimki bu dunyo hayotini va uning ziynatini xohlasa, bu boradagi amallari(samarasi)ni to`liq beramiz. Ular bunda kamsitilmaslar.","Ana o`shalarga oxiratda do`zax olovidan boshqa hech vaqo yo`qdir. Bu dunyoda qilgan ishlari habata bo`ldi va qilgan amallari botil bo`ldi.","O`z Robbidan aniq hujjatga ega bo`lgan, unga O`sha (Robb)ning O`zidan guvoh ergashgan va u(guvoh)dan oldin Musoning kitobi imom va rahmat holida unga (shohid) bo`lgan kishiga(kufr keltiradilar)mi? Ana o`shalar u(shohid)ga iymon keltirurlar. Guruhlardan kim unga kufr keltirsa, unga va'da qilingan joy jahannamdir. Sen u haqda shak-shubhada bo`lma! Albatta, u Robbingdan kelgan haqdir. Lekin odamlarning ko`plari iymon keltirmaslar.[1]###[1] (Qur'oni Karimdan oldin Muso alayhissalomning kitobi Tavrot ham imom va rahmat bo`lgan holida Muhammad alayhissalotu vassalomning oxirzamon payg`ambari bo`lishlariga guvoh bo`lgan edi. Ana shunday kishiga kufr keltiradilarmi?! Qur'onga iymon keltirmasdan jannatga kirishni hech kim xayoliga ham keltirmasin. Albatta, Payg`ambarmiz alayhissalotu vassalom hech qachon Qur'oni Karimning haq ekanligiga shak-shubha qilmaganlar. Ammo bu so`zlar o`sha davrdagi og`ir holatni yengillatish uchun aytilmoqda. Chunki u paytda odamlar Islomga qarshilik qilib, da'vat ishlari yurishmay turib qolgan edi. Alloh taolo Payg`ambariga va oz sonli mo`min bandalariga tasalli berib, bu holatdan hayron bo`lmasliklarini uqdirmoqda. Nimaga Qur'on ishi to`xtab qoldi, deb o`ylama, Alloh xohlagan vaqtida yurishib ketadi.)","Allohga nisbatan yolg`on to`qigan kimsadan ham zolimroq odam bormi? Ana o`shalar Robbilariga ro`baro` qilinurlar va guvohlar: «Anavilar Robbilari sha'niga yolg`on gapirganlardir. Ogoh bo`lingkim, Allohning la'nati zolimlargadir», derlar.","Ular Allohning yo`lidan to`sarlar va uning egri bo`lishini xohlarlar hamda ular oxiratga kufr keltiruvchi kimsalardir.","Ana o`shalar yer yuzida qochib qutuluvchi bo`la olmadilar, ularga Allohdan o`zga do`st ham bo`lmadi, azob bir necha barobar qilinur. Ular eshitishga qodir bo`la olmadilar va ko`ra olmadilar ham.","Ana o`shalar o`zlariga ziyon qilganlardir va to`qigan narsalari ulardan g`oyib bo`ldi.","Shak-shubhasiz, albatta, ular oxiratda yana ham ko`proq ziyon ko`rguvchilardir.","Albatta, iymon keltirganlar, yaxshi amallar qilganlar va Robbilariga ishonch ila bo`yinsunganlar, ana o`shalar, jannat egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.","Bu ikki guruhning misoli xuddi karu ko`r hamda eshituvchi va ko`ruvchiga o`xshaydir. Ular bir-birlariga barobar bo`la oladilarmi? Ibrat olmaysizlarmi?[1]###[1] (Kofir bilan mo`minning orasida Yer bilan osmoncha farq bor. Kofir ko`r va kar odamga o`xshaydi. Mo`min esa, ko`zi, qulog`i butun, ham ko`rib, ham eshitadigan odam kabidir. Kufri tufayli qalb ko`zi ko`r, ibrat qulog`i kar bo`lib qolgan kofir bu dunyoning haqiqatini ko`rolmaydi, eshitolmaydi. Hamma yoqqa urilib, turtilib-surtilib yuradi. Iymoni sababli qalb ko`zi va ibrat qulog`i ochiq bo`lgan mo`min esa, hamma narsani ko`rib, eshitib, yaxshi yo`lni tanlab, to`g`ri va shaxdam yuradi.)","Albatta, Biz Nuhni o`z qavmiga: «Albatta, men sizlarga ochiq-oydin ogohlantiruvchiman.","Allohdan o`zgaga hech ibodat qilmanglar, albatta, men sizlarga alamli kun azobi bo`lishidan qo`rqaman», dedirib yubordik.","Uning qavmidan kufr keltirgan zodagonlar: «Biz sening ham faqat o`zimizga o`xshagan odam ekaningni ko`ryapmiz, senga ichimizdan esi past pastkashlarimizgina ergashayotganini ko`ryapmiz, sizlarning bizdan ustun fazlingizni ko`rmayapmiz, balki sizlarni yolg`onchi deb o`ylayapmiz», dedilar.[1]###[1] (Nuh alayhissalomning gaplariga qavm nomidan ularning korchalonlari, og`zi botir zodagon boshliqlari javob berdi. Diqqat bilan razm solsak, ularning javoblari barcha kofir, sarkash qavmlarning o`zlariga kelgan payg`ambarlarga bergan javoblariga o`xshashini ko`ramiz: Ularning fikricha, kambag`al kishilar pastkash va aqli oz hisoblanadi. Shuning uchun kambag`al bo`lib qolgan, deyishadi. O`sha kambag`allar aralashgan har bir ishga xosiyatsiz ish deb qarashadi. Aslida esa, kambag`allarning qalbini boylik, ayshu ishrat va mutakabbirlik buzmagani uchun ular ilohiy da'vatlarga tez javob beradilar. Buni boy-zodagonlar tamoman teskari tushunadilar.)","U: «Ey qavmim, ayting-chi, agar men Robbimdan aniq hujjatga ega bo`lgan bo`lsam va U menga O`z huzuridan rahmat bergan bo`lsa-yu, sizga maxfiy qolgan bo`lsa, uni sizga, agar yoqtirmasangiz ham, majburlaymizmi?!» dedi.","«Ey qavmim, bu (da'vatim) uchun sizdan mol so`ramasman. Mening ajrim faqat Allohning zimmasida. Men iymon keltirganlarni quvlovchi emasman. Albatta, ular Robbilariga ro`baro` bo`luvchilardir. Ammo men sizlarning johil qavm ekaningizni ko`rmoqdaman.[1]###[1] (Ey qavmim, mening siz uchun kuyunayotganimni o`zingizcha har xil tushunmang. Men sizlarning iymonli bo`lib, saodatga erishishingizni istayman, xolos. Ajrni Alloh beradi, siz bermaysiz, xavotirlanmang. Senga pastkashlargina ergashayotganini ko`ryapmiz, deganingiz uchun, sizlarga yoqish maqsadida yoki sizlarni rozi qilish uchun: «Men iymon keltirganlarni quvlovchi emasman». Men uchun boy-kambag`al baribir, muhimi, iymon keltirish. Hamma gap iymonda. Shuningdek, ular men uchun iymon keltirgan emaslar, ularning iymon keltirishlari Allohga bog`liq. Qadr-qiymatni pul-mol bilan o`lchab yuribsiz. Odamlar Robbilariga ro`baro` kelishlarini anglamay, johillik qilmoqdasiz.)","Ey qavmim, agar ularni quvsam, kim menga Alloh(azobi)dan (qutulishga) yordam beradi? O`ylab ko`rmaysizlarmi?","Men sizlarga: «Huzurimda Allohning xazinalari bor», demasman. Faybni ham bilmasman. «Men farishtaman», demasman. «Ko`zingizga haqir ko`rinayotganlarga Alloh hargiz yaxshilik bermas», demasman. Ularning dillarida nima borligini Alloh yaxshi biladir. Aks holda, men, albatta, zolimlardan bo`lib qolurman», dedi.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada Nuh alayhissalomning o`z shaxslari va payg`ambarliklari xususiyatlarini qavmlariga qanday vasf qilib berganlari bayon qilinmoqda.)","Ular: «Ey, Nuh, batahqiq, sen biz bilan tortishding, ko`p tortishding. Endi, agar rostgo`ylardan bo`lsang, bizga va'da qilayotgan narsangni keltir», dedilar.","U: «Uni sizlarga, agar xohlasa, faqat Allohgina keltiradi va sizlar qochib qutuluvchi emassiz.","Va agar Alloh sizlarni yo`ldan ozdirishni istasa, men nasihat qilishni xohlaganim bilan, nasihatim sizlarga manfaat bermas. U sizning Robbingizdir va Unga qaytarilursiz», dedi.","Yoki: «Uni to`qib oldi», derlarmi? «Agar uni to`qib olgan bo`lsam, jinoyatim o`z zimmamda va men siz qilayotgan jinoyatdan xolidirman», deb ayt.","Va Nuhga: «Qavmingdan avval iymon keltirganlardan boshqa hech kim iymon keltirmas va ularning qilmishlaridan qayg`uga tushmagin.","Bizning rioyatimiz va vahiyimiz ila kema yasagin hamda zulm qilganlar to`g`risida Menga gap ochmagin, albatta, ular g`arq bo`lguvchilardir», deb vahiy qildik.","U kema yasamoqda. O`z qavmidan bo`lgan zodagonlar qachon oldidan o`tsalar, uni masxara qildilar. U: «Agar bizni masxara qilsangiz, biz ham xuddi siz bizni masxara qilganingizdek, sizni masxara qilurmiz.","Bas, yaqinda kimga sharmanda qiluvchi azob kelishini va kimning ustiga muqim azob tushishini bilib olursiz», dedi.","Toki Bizning amrimiz kelib, tannur favvora otganda: «U(kema)ga har narsadan bir juftdan va ahlingni ol, magar avval so`z ketganni (olma) va iymon keltirganlarni ham ol», dedik. U bilan birga iymon keltirganlar juda oz edi.[1]###[1] (Nuh alayhissalom oilasidan halok bo`lishga so`z ketib qolganlar — xotini bilan bir o`g`li. Ularni kemaga olmaslikni amr qilindi. Ha, Nuh alayhissalom uzoq vaqt — ellik sanasi kam ming yil da'vat qilishlariga qaramay, sarkash qavmning ozginasidan boshqasi iymonga kelmadi. Shu sabab ila bu tuzalmas dardisarlarni dunyo tanasidan butunlay kesib tashlash uchun Alloh hammasini g`arq etishni iroda qildi.)","Va u: «U(kema)ga mininglar, uning yurishi ham, turishi ham Allohning ismi ila bo`lur. Albatta, Robbim mag`firatli va rahimlidir», dedi.","Va u (kema) ularni tog`lardek to`lqinda olib ketayotganida, Nuh bir chetda turgan o`g`liga: «Ey o`g`lim, biz bilan birga mingin, kofirlar bilan birga bo`lmagin», dedi.[1]###[1] (Nuh alayhissalom va sheriklari najot kemasiga minganlaridan so`ng, o`g`illardan birining bir chetda ajralib turganini ko`rdilar. Dahshatli to`fondan-da otalik mehrlari ustun kelib: «bir chetda turgan o`g`liga: «Ey o`g`lim, biz bilan birga mingin, kofirlar bilan birga bo`lmagin», dedilar.)","U (o`g`il): «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi. U esa: «Bugun Allohning amridan saqlovchi yo`qdir. Magar kimni rahim qilsagina (saqlar)», dedi. Shunda oralarini to`lqin to`sdi va u (o`g`il) g`arq bo`lganlardan bo`ldi.[1]###[1] (Kofir bo`lgandan keyin qiyin ekan. Ulug` payg`ambar bo`lmish otaning gapini eshitib turib ham, bostirib kelayotgan dahshatli to`fonni ko`rib turib ham: «Toqqa joylashib olsam, meni suvdan saqlaydi», dedi.)","«Ey yer, suvingni yutgin, ey osmon, o`zingni tutgin», deyildi. Suv quridi. Farmon bajarildi va (kema) Judiy(tog`i)ga joylashdi. Hamda «Zolim qavmlar yo`qolsin!» deyildi.","Nuh Robbiga nido qilib: «Robbim, albatta, o`g`lim ahlimdandir, albatta, va'dang haqdir va Sen hukm qilguvchilarning eng hikmatlisisan», dedi.[1]###[1] (Ya'ni, bu bilan Nuh alayhissalom, ey Robbim, sen menga ahlingni qutqaraman, deb va'da bergan eding, o`g`lim ahlimdan-ku, o`sha bolamni menga bergin, o`zing hikmat ila hukm chiqarguvchi Zotsan, demoqchilar.)","U zot: «Ey Nuh, albatta u ahlingdan emas. Albatta, u yaxshi amal emasdir. O`zingning ilming bo`lmagan narsani zinhor so`ramagin. Men senga johillardan bo`lmasligingni nasihat qilaman», dedi.[1]###[1] (Uning qilgan ishi yaxshi emas. U kofirlik qildi. U kofirligi bilan sening ahlingdan bo`la olmaydi. Iymoni borlar sening ahling bo`ladi. Bilmagan narsalaringni so`rayverib, johillar qatoriga qo`shilib qolmagin, deyman. Misol uchun, yuqoridagi savoling bilan insonlar orasidagi haqiqiy aloqa iymon aloqasi ekanidan, ahl deganda kimni e'tiborga olish kerakligidan, Alloh O`z va'dasini qanday bajarganidan bexabarga — johilga o`xshab ko`rinyapsan. Holbuki, Alloh iymonli qalblar o`rtasidagi rishtani har qanday aloqadan ustun qo`yadi, ahl deganda, iymonli ahlni ko`zda tutadi. Ahlingni qutqazishga va'da bergan bo`lsa, senga haqiqiy ahl bo`lganlarni to`fon balosidan xalos etib qo`ydi.)","U: «Robbim, men o`zimning ilmim bo`lmagan narsani Sendan so`ramoqdan panoh tilarman. Agar meni mag`firat qilmasang va menga rahim ko`rsatmasang, ziyon ko`rguvchilardan bo`lurman», dedi.","«Ey Nuh, Bizdan Senga va sen bilan birga bo`lgan ummatlarga bo`lgan tinchlik va barakotlar ila (kemadan) tushgin. Yana bir ummatlar bo`lur, ularni bir oz huzurlantirurmiz, so`ngra ularni Bizdan bo`lgan alamli azob tutar», deyildi.","Ana shu g`ayb xabarlarini senga vahiy qilmoqdamiz. Bundan oldin ularni sen ham bilmas eding va sening qavming ham. Bas, sabr qil, albatta, oqibat taqvodorlarnikidir.[1]###[1] (Nuh alayhissalom va u kishining qavmlari allaqachon o`tib ketgan. Ularning xabarini Muhammad sollallohu alayhi va sallam ham, u kishining qavmlari, Arabiston aholisi ham bilmas edilar. Lekin ana shu odamlarga vahiy yo`li bilan noma'lum narsalarning xabari — Nuh alayhissalom va u zotning qavmlari xabari keldi.)","Va Odga o`z birodarlari Hudni (yubordik). U: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Siz uchun Undan o`zga iloh yo`qdir. Sizlar faqat to`qib oluvchilarsiz, xolos.","Ey qavmim, men sizlardan bu (da'vatim) uchun ajr so`ramayman. Mening ajrim, faqat, meni yaratgan Zotning zimmasidadir. Aql yuritmaysizlarmi?","Ey qavmim, Robbingizga istig`for ayting, so`ngra Unga tavba qiling, shunda U ustingizga osmondan baraka yomg`iri yuboradi va quvvatingizga quvvatni ziyoda qiladi. Jinoyatchi bo`lgan holingizda yuz o`girib ketmang», dedi.","Ular: «Ey Hud, bizga ochiq-oydin hujjat keltirmading. Biz sening gaping uchun xudolarimizni tark qiluvchi emasmiz va biz senga iymon keltiruvchi ham emasmiz.","Biz faqat, seni ba'zi xudolarimiz yomonlik ila uribdi, deymiz, xolos», dedilar. U: «Albatta, men Allohni guvoh qilaman va siz ham guvoh bo`lingki, men sherik keltirayotganingizdan pokman.","Undan o`zga. Bas, hammangiz menga qarshi hiyla qilaveringlar, menga muhlat bermanglar.","Albatta, men Robbim va Robbingiz bo`lmish Allohga tavakkal qildim. Har bir o`rmalaydigan narsaning peshonasi Uning changalidadir. Albatta, Robbim to`g`ri yo`ldadir.[1]###[1] (Faqat Ungagina suyandim. Undan o`zga tavakkal qiladigan zot yo`q. Ana shuning uchun ham men sizdan emas, o`sha qudratli, g`olib va qahrli Allohdan qo`rqaman va Ungagina suyanaman. Men Robbimning yo`liga yurganman va Uning yordami ila maqsadga yetishimda shubha yo`qdir. Sizdan zarracha qo`rqmasligimning boisi ham shunda.)","Agar yuz o`girib ketsangiz, batahqiq, men sizlarga nima ila yuborilgan bo`lsam, uni sizlarga yetkazdim. Robbim o`rningizga sizdan boshqa qavmni keltiradi va siz Unga hech bir zarar yetkaza olmassiz. Albatta, Robbim har bir narsani muhofaza qilguvchi Zotdir», dedi.","Amrimiz kelgan paytda Hudga va u bilan birga iymon keltirganlarga O`z rahmatimiz ila najot berdik va ularni qattiq azobdan qutqardik.","Anavi Oddir. Ular Robbilari oyatlarini inkor qildilar. Uning Payg`ambarlariga osiy bo`ldilar. Har xil jabrchi va qaysarning ishiga ergashdilar.","Va ularga bu dunyoda ham, qiyomat kunida ham la'nat ergashur. Ogoh bo`lingkim, albatta, odliklar Robbilariga kufr keltirgan edilar. Ogoh bo`lingkim, Hud qavmi Od yo`qolsin![1]###[1] (Od qavmi Allohning yo`liga yurmay, har xil zolim va sarkashlarga ergashganlari uchun ularga bu dunyoyu oxiratda la'nat aytiladi. Shu bilan, Od qissasi ham tamom bo`ldi. Bu qissada og`ir paytlarni boshlaridan kechirib turgan Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomga va u zot bilan birga bo`lgan oz sonli musulmonlarga tasallilar bor.)","Va Samudga birodarlari Solihni (yubordik). U: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Siz uchun Undan o`zga iloh yo`q. U sizlarni yerdan paydo qildi va unga sizni obodligi uchun qo`ydi. Bas, Unga istig`for ayting, so`ngra Unga tavba qiling. Albatta, Robbim yaqin va ijobat qilguvchidir», dedi.","Ular: «Ey Solih, bundan oldin sen ichimizda orzu qilingan eding. Endi bizni ota-bobolarimiz ibodat qiladigan narsaga ibodat qilmog`imizdan qaytarasanmi? Albatta, biz sen da'vat qilayotgan narsa haqida shak-shubhadamiz», dedilar.","U: «Ey qavmim, xabar bering-chi, agar men Robbim tomonidan ochiq-oydin hujjatga ega bo`lsam va menga U tomonidan rahmat berilgan bo`lsa-yu, men Unga osiy bo`lsam, kim menga Alloh (azobi)dan (qutulishga) yordam beradi?! Bas, siz menga ziyondan o`zgani ziyoda qilmassizlar.","Ey qavmim, Allohning mana bu tuyasi sizga belgi-mo`'jizadir. Bas, uni tek qo`yinglar, Allohning yerida yeb yursin, unga yomonlik yetkazmanglar, aks holda, sizni yaqin azob ushlaydi», dedi.[1]###[1] (Solih alayhissalom o`zlariga Alloh taolo tomonidan payg`ambarliklarini tasdiqlovchi mo`'jiza qilib berilgan tuyani Samud qavmiga ko`rsatib, ey qavmim, mana bu tuya mening haq payg`ambar ekanimni tasdiqlovchi mo`'jiza, bu Allohning tuyasi, unga tegmanglar, Allohning yerida xohlagan narsasini yeb yursin, unga biror yomonlik yetkaza ko`rmanglar, agar biror yomonlik yetkazsangiz, sizga tezda azob keladi, dedilar.)","Bas, u(tuya)ni so`ydilar. So`ng u: «Diyoringizda uch kun bahramand bo`lib turing. Bu, yolg`on bo`lmagan va'dadir», dedi.","Amrimiz kelgan paytda O`z rahmatimiz ila Solihga va u bilan birga iymon keltirganlarga najot berdik va o`sha kunning sharmandaligidan qutqardik. Albatta, Robbing, Uning O`zi kuchli va azizdir.","Va zulm qilganlarni dahshatli qichqiriq oldi. Bas, diyorlarida to`kildilar.","Xuddi unda turmaganga o`xshab. Ogoh bo`lingkim, albatta, Samud (qavmi) Robbilariga kufr keltirgan edilar. Ogoh bo`lingkim, Samud yo`qolsin!","Batahqiq, elchilarimiz Ibrohimga xushxabar keltirdilar. Ular: «Salom», dedilar. U: «Salom», dedi. Va ko`p o`tmay qovurilgan buzoq keltirdi.[1]###[1] (Hud qissalaridan farqli o`laroq, Ibrohim alayhissalomning qissalari boshidan emas, balki bir ko`rinishi keltirilmoqda. Bu esa, Lut alayhissalom qissasiga kirish uchundir.)","Ularning qo`llari u(taom)ga yetmayotganini ko`rib, ulardan hayron bo`ldi va ichida xavfsiradi. Ular: «Qo`rqma, biz Lut qavmiga yuborilganmiz», dedilar.[1]###[1] (Farishtalar odam suratida kelgan edilar. Shuning uchun Ibrohim alayhissalom sahroliklarning mehmondo`stliklari asosida ularni ziyofat qilishga shoshildilar. Tezda pishirilgan buzoq go`shtini olib kelib, mehmonlar oldiga qo`yganlarida farishtalar taom yemasliklari sababidan unga qo`l uzatmay o`tiraverdilar. Bu hol Ibrohim alayhissalomga g`alati ko`rindi va ulardan xavfsiray boshladilar.)","Tik turgan xotini kuldi. Bas, Biz u(xotin)ga Is'hoqning va Is'hoqdan keyin Ya'qubning xushxabarini berdik.[1]###[1] (Ibrohim alayhissalomning farishtalar bilan qilayotgan suhbatlarini tik turib eshitayotgan u kishining ayollari, farishtalarning Lut qavmiga azob olib ketayotganini eshitib kuldilar. Lekin u ayolga atalgan boshqa gap bor edi.)","U: «Voy sho`rim, o`zim kampir, manavi erim chol bo`lsa ham, tug`amanmi?! Bu qiziq narsa-ku!» – dedi.[1]###[1] (Ibrohim alayhissalomning ham, ayollarining ham yoshi o`tib qolgan edi.)","Ular: «Allohning amridan ajablanasanmi? Ey, ahli baytlar, sizlarga Allohning rahmati va barakotlari bo`lgay. Albatta, U maqtalgan va buyuk Zotdir», dedilar.","Ibrohimdan qo`rqinch ketib, xushxabar yetgach, Biz bilan Lut qavmi haqida bahslasha boshladi.","Albatta, Ibrohim haliym, tazarruli va U zotga tez qaytuvchidir.[1]###[1] (Farishtalarning maqsadlarini bilgandan so`ng Ibrohim alayhissalomdan qo`rqinch ketdi. U kishiga farishtalar keltirgan xushxabar yetdi. Lekin u kishi farishtalar xushxabar keltirgani bilan birga Lut qavmidan tashvishga tushib, ular haqida tortisha boshladilar.)","Ey Ibrohim, bundan voz kech. Chunki, Robbingning amri kelib bo`lgan. Albatta, ularga qaytarilmas azob kelgusidir.","Elchilarimiz Lutga kelgan paytlarida, u ularni (ko`rib) yomon holga tushdi va qo`l-oyog`i bo`shashdi hamda: «Bu qiyin kundir», dedi.[1]###[1] (Chunki Lut alayhissalom qavmining jinoyatkor ekanini yaxshi bilardilar. Ular dunyoda hech kim qilmagan gunohni qilayotgan edilar. Bu zolim qavmga Allohning azobi kelishi muqarrar edi. Ammo qachon kelishini hech kim bilmas edi. Jumladan, Lut alayhissalom ham. Ammo huzurlariga Allohning elchilari bo`lmish farishtalar kelganida Lut alayhissalom qavmiga azob kelganini angladilar.)","Qavmi unga shoshilib, halloslab yetib keldi. Ular bundan oldin gunohlar qilar edilar. U: «Ey qavmim, anavu qizlarim sizlar uchun pokroq-ku. Bas, Allohdan qo`rqing! Mehmonlarim haqida meni sharmanda qilmang. Ichingizda birorta tuzukroq odam yo`q-mi?!» – dedi.[1]###[1] (Mazkur qavm bachchabozlik qilardilar. Lut alayhissalomning mehmonga yosh yigitlarning kelishidan yomon holga tushishlari va qo`l-oyoqlari bo`shashishlari ham, yuqorida aytib o`tilganidek, shu boisdan edi. Qavmning niyati ko`rinishidan ma'lum edi.)","Ular: «Sening qizlaringda bizning haqqimiz yo`qligini bilgansan va biz nimani xohlashimizni, albatta, sen bilasan», – dedilar.","U: «Qani endi sizlarga quvvatim yetsa edi yoki mustahkam yerga berkinsaydim», – dedi.","Ular: «Ey Lut, biz Robbingning elchilarimiz, bular senga hargiz tega olmaslar. Bas, kechaning bir bo`lagida ahling ila yurgin va sizlardan xotiningdan boshqa hech kim o`girilmasin. Chunki, ularga yetadigan musiybat u(ayol)gada yetguvchidir. Ularga tayin qilingan vaqt subhdir. Subh yaqin emasmi?!» – dedilar.","Amrimiz kelgan paytda u o`lkani ostin-ustun qildik va ustidan ketma-ket sopol toshlarni yog`dirdik.","Ularga Robbing huzurida belgi qo`yilgan edi va ular zolimlardan uzoq emasdir.[1]###[1] (Lut qavmi istiqomat qilgan diyorlar besh shahar-qishloqdan iborat bo`lgan, ularning kattasi Sadum deb nomlangan. Alloh taolo ularning barchasini ostin-ustin qilib tashlaganidan so`ng, ustidan loyi qotib qolgan tosh yog`dirgan.)","Va Madyanga birodarlari Shu'aybni (yubordik). U: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling, siz uchun Undan o`zga iloh yo`q. O`lchovni va tortishni kamaytirmanglar. Albatta, men sizlarning yaxshilikda ekanliklaringizni ko`rib turibman. Albatta, men sizlarga qamrovli kun azobidan qo`rqmoqdaman.","Ey qavmim, o`lchash va tortishni adolat ila mukammal qiling. Odamlarning narsalarini kamaytirib qolmang va yer yuzida buzg`unchilik qilib yurmang.","Agar mo`min bo`lsangiz, Allohning nazdida boqiy qoluvchi siz uchun yaxshiroqdir. Men sizning ustingizda qo`riqchi emasman», dedi.","Ular: «Ey Shu'ayb, senga bizning otalarimiz ibodat qiladigan narsani tark qilmog`imizni yoki mollarimizda xohlaganimizni qilmasligimizni namozing amr qilmoqdami?! Sen juda haliym va rashid ekansan-da», – dedilar.[1]###[1] (Madyan aholisining bu gapi hozirgi johiliyat ahlining Islomga da'vat qiluvchiga: «Namozingni o`qisang-chi bizning ishlarimizga aralashmasdan», degan gaplarining xuddi o`zi.)","U: «Ey qavmim, xabar beringlar-chi, agar men Robbimdan aniq hujjatga ega bo`lsam-chi va meni O`zi tarafidan yaxshi rizq ila rizqlantirgan bo`lsa-chi?! Men sizlarni o`zim qaytarayotgan narsada o`zim xilof qilmoqchi emasman. Men imkonim boricha isloh qilishdan o`zga hech narsani xohlamayman. Mening muvaffaqiyatim faqat Allohga bog`liq. Ungagina tavakkal qildim. Ungagina qaytaman.[1]###[1] (Avvalgi gaplaringizni o`ylamay, shoshilib, beboshlarga qo`shilib aytib qo`ygan bo`lishingiz mumkin. Ammo endi o`ylab ko`rib, shoshilmasdan, aqlni peshlab turib, «xabar beringlar-chi, agar men Robbimdan aniq hujjatga ega bo`lsam-chi?!» Unda nima degan odam bo`lasiz? Mening payg`ambarligim haq. Men o`zim bilaman. Alloh menga vahiy yuboradi, amr qiladi. Men odamlarga yetkazaman. Meni inkor qilayotganingiz noto`g`ri. Sizlarni tijoratda halol bo`lishga, odamlarning haqqini urib qolmaslikka, iqtisodiy muomalalarda adolat qilishga da'vat etishimni noto`g`ri tushunmanglar. Buning orqasida biror manfaat qozonmoqchi emasman. Alloh taolo menga yaxshi rizqni berib qo`ygan.)","Ey qavmim, menga xilof qilishingiz sizlarni yo Nuh qavmiga, yo Hud qavmiga, yoki Solih qavmiga yetgan musiybatga o`xshash musiybat yetishiga olib bormasin. Lut qavmi sizlardan uzoq emas.[1]###[1] (Ya'ni, Nuh, Hud, va Solih qavmiga yetgan musibatlar sizga ham yetmasligini xohlasangiz, menga xilof qilishni yig`ishtiring. Chunki o`sha qavmlar payg`ambarlariga xilof qilishlari oqibatida musibatlar, azob-uqubatlarga duchor bo`lishgan edi. Sizlar ham menga qarshi chiqmoqdasiz, agar shu xilda davom etaversangiz, xuddi o`sha qavmlarga yetgan musibatlar sizlarga ham yetishi turgan gap. Ular yashagan joylar sizga yaqin. Ular yashagan zamon ham siz yashayotgan zamondan uzoq emas. Ibrat olinglar. Hali ham vaqt bor. O`zingizni o`nglab olishingiz mumkin.)","Robbingizga istig`for ayting, so`ngra Unga tavba qiling. Albatta, Robbim rahimli va shafqatli Zotdir», – dedi.","Ular: «Ey Shu'ayb, aytganlaringning ko`pini yaxshi tushunmadik va biz seni ichimizda zaifhol ko`ryapmiz, agar odamlaring bo`lmaganida, seni toshbo`ron qilar edik. Sening o`zing biz uchun qimmatli emassan», dedilar.","U: «Ey qavmim, mening odamlarim sizlar uchun Allohdan ko`ra azizroqmi?! Unga orqangizni o`girib oldingiz. Albatta, Robbim qilayotgan amallaringizni ihota qiluvchidir.","Ey qavmim, imkoningizdagi amalni qilavering, men ham amal qiluvchiman. Kimga sharmanda qiladigan azob kelishini va kim yolg`onchi ekanini tezda bilasizlar. Kutinglar, men ham sizlar ila kutuvchiman», – dedi.","Amrimiz kelgan paytda Shu'aybga va u bilan birga iymonga kelganlarga O`z rahmatimiz ila najot berdik. Zulm qilganlarni esa, qichqiriq tutdi va diyorlarida to`kildilar.","Xuddi u yerda yashamaganlardek. Ogoh bo`lingkim, xuddi Samud yo`qolgandek, Madyan ham yo`qoldi.[1]###[1] (Madyan ahlini halok etish uchun tayin qilingan vaqt kelib, amrimiz yetganida, odatdagidek, payg`ambarimiz Shuayb va u bilan birga bo`lgan mo`minlarga najot berdik. Zulmkor bo`lgan kofirlarni esa, biz tomondan kelgan bir qichqiriq tutdi va hammalari turgan joylarida to`kilib qoldilar. Xuddi Yer yuzida yashamagandek ado bo`ldilar. Shuayb alayhissalomning qavmi Madyan ahli ham, Solih alayhissalomning qavmi Samud kabi, yo`qoldi, uzoq bo`ldi.)","Batahqiq, Biz Musoni oyatlarimiz va ochiq-oydin hujjatimiz ila yubordik.","Fir'avn va uning odamlariga. Bas, ular Fir'avn ishiga ergashdilar. Fir'avnning ishi esa, to`g`ri emasdi!","U qiyomat kuni qavmining oldiga tushib, ularni do`zaxga boshlab keltirur. U joy qanday ham yomon tushish joyidir.[1]###[1] (Biz «tushgan joyi» deb tarjima qilgan so`z oyati karimada «suv ichgani tushgan joyi» degan ma'noni anglatuvchi «al-vardul mavrud» iborasi ila kelgan. Qavm bu dunyoda Alloh taoloning amrini qo`yib, Fir'avnga ergashgani uchun qiyomat kuni ham unga ergashadilar. U esa, issiqda kuyib-yongan qavmni, suv ichishga boshlab boraman, deb harakat qiladi-yu, olib borgan joyi do`zaxning qa'ri bo`ladi. U qanday ham yomon joy.)","Bu dunyoda ham, qiyomat kunida ham ularga la'nat ergashur. Bu qanday ham yomon yordamdir!","Mana bular shaharlarning xabarlaridan bo`lib, ularni senga qissa qilayotirmiz. Ulardan (o`z o`rnida) turganlari ham bor, yig`ilganlari ham bor.","Biz ularga zulm qilmadik. Lekin o`zlariga zulm qildilar. Robbingning amri kelgan paytda, Allohni qo`yib iltijo qilgan «xudo»lari hech bir narsada ularning hojatlarini chiqara olmadi. Ularga ziyondan boshqani ziyoda qilmadilar.","Robbing zolim shaharlarni ushlaganida, ana shunday ushlaydi. Albatta, Uning ushlashi alamli va shiddatlidir.","Albatta, bunda oxirat azobidan qo`rqqan kimsa uchun ibrat bordir. Bu kun odamlar jamlanadigan bir kundir. Bu kun shohid bo`linadigan kundir.","Uni Biz faqat sanoqli muddatga kechiktiramiz.","U kelgan kunda hech bir jon gapira olmas. Magar U zotning izni ila (gapirur). Bas, ulardan badbaxtlari va baxtlilari bordir.","Bas, badbaxt bo`lganlar do`zaxdalar. U yerda ular dod-faryod qilurlar.","Ular, modomiki, osmonlaru yer bor ekan, unda abadiy qolurlar. Magar Robbing xohlasa, (abadiy qolmaslar). Albatta, Robbing nimani xohlasa, qilguvchi Zotdir.[1]###[1] (Ya'ni, ular do`zaxda abadiy qolurlar. Magar Alloh xohlasa, ba'zilarini ozod etishi mumkin. Chunki Alloh xohlaganini qilguvchi Zotdir.)","Baxtli bo`lganlar jannatdadirlar. Ular unda, modomiki, osmonlaru yer bor ekan, abadiylar. Magar Alloh xohlasa, (O`zi bilur). Bu tuganmas in'omdir.[1]###[1] (Ya'ni, baxtlilar jannatda abadiy qolish bilan birga, tuganmas ne'matlarga ham ega bo`ladilar. Sahih hadisda rivoyat qilinishicha, ularga: «Ey ahli jannatlar, sizlar endi abadiy yashaysizlar, o`lmaysizlar, abadiy yosh bo`lasizlar, qarimaysizlar, abadiy sog` bo`lasizlar, bemor bo`lmaysizlar, abadiy ne'matda bo`lasizlar, noumid bo`lmaysizlar», deyiladi.)","Sen anavilar ibodat qilayotgan narsada shak-shubhada bo`lma. Ular oldin otalari ibodat qilganga o`xshash ibodat qiladilar, xolos. Va, albatta, Biz ularga nasibalarini (hech bir) kamaytirmay to`liq qilib beramiz.","Batahqiq, Musoga kitobni berdik. Bas, u haqida ixtilof qilindi. Agar Robbingdan o`tgan so`z bo`lmaganida, oralarida hukm chiqargan bo`lar edi. Va, albatta, ular undan shak-shubhadadirlar.","Albatta, Robbing hammaga amallariga yarasha to`liq vafo qilur. Chunki, U qilayotgan narsalaridan xabardordir.","Bas, sen va sen bilan tavba qilganlar mustaqiym turinglar va tug`yonga ketmanglar. Chunki, U nima qilayotganingizni ko`rib turguvchidir.[1]###[1] (Ya'ni, Payg`ambar alayhissalotu vassalom va mo`minlar to`g`ri yo`lda — Allohning dinida sobit turmoqliklari, bardavom bo`lmoqlari lozim. Ular haddan oshib, tug`yonga ketishi mumkin emas. Agar mustaqiym turmasangiz va tug`yonga ketsangiz, o`zingizga qiyin bo`ladi. «Chunki U nima qilayotganingizni ko`rib turguvchidir».)","Zulm qilganlarga moyil bo`lmanglar. Yana, sizni do`zax olovi tutmasin. Siz uchun Allohdan o`zga do`stlar yo`q. So`ngra yordam berilmaysizlar.","Kunduzning ikki tarafida va kechaning bir bo`lagida namozni to`kis ado qil! Albatta, yaxshiliklar yomonliklarni ketkazadi. Bu esa, eslovchilarga eslatmadir.[1]###[1] (Ulamolarimiz oyati karimadagi «Kunduzning ikki tarafida» ado qilinadigan namoz bomdod, peshin va asr namozlari, «kechaning bir bo`lagida» ado etiladigan namoz shom va xufton namozlari, deyishgan. Mo`min kishi tomonidan qilingan har bir yaxshi ish yomonliklarni ketkazadi. Namoz o`sha yaxshiliklarning gultojidir. Ushbu oyatda og`ir va ahamiyatli ishlarni qilishda, Allohning amriga bo`ysunishda, ko`rsatgan yo`li va yo`llagan dinida mustaqiym turishdek mas'uliyatli ishda namoz va yaxshilik qilish ila oldinga yo`l ochishga undash bor.)","Va sabr qil. Bas, albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarning ajrini zoye qilmas.","Sizdan oldingi asrlarda yer yuzida fasoddan qaytaradigan boqiylik egalari bo`lganida edi. Magar Biz najot berganlar ozgina kishilar bo`ldi, xolos. Zulm qilganlar esa, maishat ortidan ketdilar va jinoyatchilardan bo`ldilar.","Robbing ahli islohchi bo`lgan shaharlarni zulm ila halok qilmas edi.","Agar Robbing xohlasa, odamlarni bir ummat qilardi. Ular ixtilof qilishda bardavom bo`lurlar.","Robbing rahim qilganlaridan boshqalari. Ularni shuning uchun yaratgandir. Robbingning: «Jahannamni, albatta, jinlar va odamlar bilan tamomiyla to`ldirurman», degan so`zi batamom bo`ldi.[1]###[1] (Chunki ular turlicha yaratilganlar. Dinda ham ixtilof qiladilar. Magar Alloh rahm qilganlargina xilofsiz Allohning aytganlarida yuradilar. Jahannamni to`ldirish uchun ixtilof qilganlar yetarlicha topiladi.)","Biz qalbingni sabotli qilish uchun senga Payg`ambarlar xabarining hammasini qissa qilib aytmoqdamiz. Bu(sura)da senga haq va mo`minlarga mav'iza hamda eslatma keldi.","Iymon keltirmaydiganlarga: «Imkoningiz bor amallarni qilavering, biz ham amal qiluvchilarmiz.","Va intizor bo`linglar, biz ham muntazirmiz», deb ayt.","Osmonlaru yerning g`aybi(ni bilmoq) Allohga xosdir. Ishning barchasi Unga qaytarilur. Bas, Unga ibodat qil va Ungagina tavakkal qil. Robbing qilayotganlaringizdan g`ofil emasdir.[1]###[1] (Intizor bo`lib kutilayotgan narsa g`aybdir. G`aybni esa, hech kim bilmaydi. Uni faqat Allohning O`zi biladi, xolos.)","Alif. Laam. Ro. Ushbular ochiq-oydin kitobning oyatlaridir.","Biz uni arabiy Qur'on etib nozil qildik, shoyadki, aql ishlatsangiz.","Biz senga ushbu Qur'onda vahiy qilgan narsamiz ila eng go`zal qissani hikoya qilurmiz. Agarchi undan oldin sen bundan bexabarlardan bo`lsang ham.","Yusuf otasiga: «Ey otajonim, men o`n bitta yulduzni ham quyosh va oyni ko`rdim, ularning menga sajda qilayotganlarini ko`rdim», deganini esla.[1]###[1] (Bu tushni ko`rganda Yusuf alayhissalom yosh bola edi. Odatda yosh bolalar bunchalar aniq va bashoratli tush ko`rmaydilar. Ya'qub alayhissalom kichik o`g`li Yusufdan ko`rgan tushini eshitib, shu gaplar xayolidan o`tdi. Bu tush ulug` kelajakdan bashorat ekanini angladi.)","U: «Ey o`g`ilcham, tushingni akalaringga aytmagin. Yana, ular senga biror hiyla qilmasinlar. Albatta, shayton insonga ochiq-oydin dushmandir.","Shunday qilib, Robbing seni tanlab oladi, senga tushlarning ta'birini o`rgatadi va senga va Ya'qub ahliga, xuddi otalaring Ibrohim va Is'hoqqa batamom qilganidek, O`z ne'matini batamom qilib beradi. Albatta, Robbing bilguvchi va hikmatli Zotdir», – dedi.[1]###[1] (Allohning Payg`ambari bo`lmish Ya'qub alayhissalom o`g`li Yusuf ko`rgan tushni ana shunday ta'bir qilgan edi. Bu tush Yusufning kelajakda bobolari Ibrohim va Is'hoq alayhimussalomlar kabi payg`ambar bo`lishidan darak berar edi.)","Batahqiq, Yusuf va uning og`a-inilarida so`rovchilar uchun oyat-ibratlar bor edi.[1]###[1] (Ya'ni, Yusuf va uning aka-ukalari qissasida ajoyib ibratli alomat-belgilar juda ham ko`pdir. Kim so`rasa, e'tibor bersa, diqqat bilan o`rgansa, kerakligicha va'z-nasihat, ibrat va o`rnak oladi.)","O`shanda ular: «Albatta, Yusuf va uning ukasi otamizga bizdan ko`ra mahbubroqlar, holbuki, biz ko`pchilikmiz. Albatta, otamiz ochiq-oydin adashuvdadir.[1]###[1] (Ya'ni, Yusufning akalari (ular o`n kishi bo`lib, onalari boshqa edi), otamiz bizdan ko`ra ukamiz Yusuf va uning ota-ona bir ukasi ikkovini yaxshi ko`radi, aslida ulardan ko`ra bizga ko`proq e'tibor berishi kerak edi, otamiz bu ishda adashmoqda, dedilar.)","Yusufni o`ldiringlar yoki uzoq yerga olib borib tashlanglar, shunda otangizning yuzi sizga xoli qoladi. Bundan keyin solih qavmdan bo`lib olasizlar», – dedilar.[1]###[1] (Bu ularning o`zaro maslahatlari edi. Ular nima qilib bo`lsa ham, Yusufni yo`qotib, otalari faqat o`zlariga e'tibor berishi uchun harakatga tushib qoldilar. Shayton vasvasaga solganda shunday bo`ladi.)","Ulardan bir so`zlovchi: «Yusufni o`ldirmanglar. Agar biron ish qilmoqchi bo`lsangiz, uni quduqning qa'riga tashlanglar, ba'zi yo`lovchilar olib ketadi», dedi.[1]###[1] (Akalar gapni bir joyga qo`yib, rejani amalga oshirish uchun harakatga tushdilar. Borib, otalarini avray boshladilar.)","Ular: «Ey otamiz, sen nega Yusufni bizga ishonmaysan? Holbuki, biz unga ixlos qiluvchilarmiz.","Ertaga uni biz bilan yubor, yeb-ichib, o`ynab keladi. Albatta, biz uni muhofaza qiluvchilarmiz», – dedilar.","U: «Uni olib ketishingiz meni xafa qiladi. Siz undan g`ofil qolsangiz, uni bo`ri yeb ketishidan qo`rqaman», – dedi.[1]###[1] (Uni sizlarga ishonib, qo`shib yubora olmayman, degan ma'nodagi so`zni yumshoqroq qilib aytdilar.)","Ular: «Agar biz ko`pchilik bo`lib turib, uni bo`ri yeb ketsa, unda biz ziyonkorlardan ekanmiz-da?!» – dedilar.","Uni olib ketib, quduq qa'riga tashlashga qaror qilganlarida, Biz unga: «Sen, albatta, ularga bu qilmishlarining xabarini berursan, o`shanda ular seni sezmaslar ham», deb vahiy qildik.[1]###[1] (Nihoyat, Yusufning akalari o`zlarining mash'um niyatlariga yetdilar. Uni quduq qa'riga tashlash haqidagi qarorlarini amalga oshirdilar. Quduq qa'rida qalbi xavfga to`lib, o`limini kutib o`tirgan yosh Yusufga vahiy keldi: Ya'ni, sen xafa bo`lma, qo`rqma ham, vaqti-soati kelib, akalaringga o`zingga qilgan xiyonatlarining xabarini berasan. O`shanda vaziyat shu darajada o`zgaradiki, akalaring seni tanimaydilar ham.)","Kechqurun yig`lagan hollarida otalariga kelib:","«Ey otamiz, biz Yusufni narsalarimiz oldiga qoldirib, o`zimiz quvlashib ketsak, uni bo`ri yeb qo`yibdi. Agar rostgo`y bo`lsak ham, sen bizga ishonmassan», – dedilar.","Va uning yolg`on qonga bo`yalgan ko`ylagini keltirdilar. U: «Yo`q! Sizga havoyi nafsingiz biror ishni ziynatlab ko`rsatibdi. Endi chiroyli sabr(dan boshqa choram yo`q). Siz vasf qilayotgan narsada yordam so`raladigan Zot yolg`iz Allohning O`zi», – dedi.[1]###[1] (O`g`illar otalarini ishontirish maqsadida Yusufning ko`ylagini yolg`ondan qonga bo`yab olib kelishdi. Ammo Allohning Payg`ambari Ya'qub alayhissalom gap nimada ekanini tushundilar. Yusufni bo`ri yemagani ham u kishiga ayon bo`ldi.)","Va yo`lovchilar kelib (quduqqa) suvchilarini yubordilar. Bas, u chelagini tashladi va: «Suyunchi beringlar! Bu bola-ku!» – dedi. Uni tijorat moli sifatida yashirib qo`ydilar. Zotan, Alloh ularning nima qilayotganlarini bilguvchi Zotdir.","Va uni arzon bahoga, sanoqli dirhamlarga sotdilar. Ular unga qiziqmagan edilar.[1]###[1] (Yusufning hur inson ekanligi, nasli oshkor bo`lib qolsa, boshlariga nimalar kelishini yaxshi bilardilar. Shuning uchun tezroq sotishga harakat qildilar.)","Va uni Misrda sotib olgan (odam) o`z xotiniga: «Uni yaxshilab joylashtir, shoyad, bizga manfaat bersa yoki bola qilib olsak», – dedi. Mana shunday qilib, unga tushlarning ta'birini o`rgatishimiz uchun Yusufni joylashtirib qo`ydik. Alloh O`z ishida g`olibdir. Lekin odamlarning ko`pi bilmaslar.[1]###[1] (Allohning tadbiri bo`lmasa, karvon qayoqdayu quduq qa'rida o`tirgan Yusuf qayoqda? Karvon to`xtamay, o`tib ketsa ham bo`laverardi. Ammo to`xtadi. Yusufni ko`rdi. Uni sotib, foyda qilishmoqchi ham bo`ldilar. Berkitib qo`yishmasa, birorta mahalliy odam uni ko`rib, Misrga bormay qolib ketishi ham mumkin edi. Lekin Alloh ularning ko`ngliga berkitib qo`yishni soldi. Uni Misrda sotib olgan kishining qalbida esa, mehr-shafqat uyg`otdi. Mana shunday qilib, uni eng yaxshi joyga joylashtirdi. Bu ham kelajakda bo`ladigan ulug` ishlar tomon bir qadam siljish edi.)","Voyaga yetgan vaqtida unga hukmni va ilmni berdik. Go`zal ish qilguvchilarni shunday mukofotlarmiz.","U uyida bo`lgan ayol undan nafsini xohladi. Eshiklarni berkitib: «Bu yoqqa kel!» – dedi. U: «Alloh saqlasin! Axir, u joyimni yaxshilab bergan xojam-ku! Albatta, zolimlar najot topmaslar», – dedi.[1]###[1] (Ya'ni, bunday harom ishni qilishdan Alloh saqlasin, demoqda. Keyin u yaxshilikni unutadigan odam ham emas. Shuning uchun ham, axir u, ya'ni uy egasi — xotinning eri, joyimni yaxshilab bergan xo`jam-ku, dedi. Menga shuncha yaxshilik qilgan insonga xiyonat etib, xotinining gapiga kirib, fahsh ish qilamanmi? Agar shunday qiladigan bo`lsam, zolimlardan bo`laman.)","Batahqiq, xotin unga intildi. U ham, agar Robbining burhon(hujjat)ini ko`rmaganida, u(xotin)ga intilar edi. Undan yomonlik va fahsh ishlarni uzoqlashtirish uchun shunday qildik. Albatta, u Bizning muxlis bandalarimizdandir.","Eshik tomon chopishdi. Xotin uning ko`ylagini orqasidan yulib oldi. Eshik oldida u(xotin)ning xojasiga duch kelishdi. U(xotin): «Sening ahlingga yomonlik xohlaganning jazosi faqatgina qamalmoq yoki alamli azobdir», – dedi.[1]###[1] (Xotinning eri kelib qoldi. Nima qilish kerak? Makkor xotin o`zini yo`qotmay, darhol hujumga o`tdi: «Yusuf menga — sening ahlingga yomon niyat bilan hamla etdi, buzuqlik qilishni xohladi. Endi uning jazosi yoki qamoq, yoki alamli azob bo`lishi kerak», dedi.)","U: «Uning o`zi mening nafsimni xohladi», – dedi. U(xotin)ning ahlidan bir guvoh guvohlik berdi va: «Agar uning ko`ylagi old tomondan yirtilgan bo`lsa, bas, xotin rost aytibdir, u yolg`onchilardandir.","Agar uning ko`ylagi ort tomondan yirtilgan bo`lsa, bas, xotin yolg`on gapiribdir, u rostgo`ylardandir», – dedi.[1]###[1] (Voqeani hech kim ko`rmagan. Faqatgina ko`ylak yirtilgan. Shunga qarab aniqlash mumkin. Agar ko`ylak old tomondan yirtilgan bo`lsa, Yusuf hamla qilgan, xotin esa, himoyalanish chog`ida ko`ylakning oldidan yirtib olgan bo`ladi. U holda xotinning da'vosi to`g`ri, Yusuf yolg`onchi bo`ladi. Agar ko`ylak ort tomondan yirtilgan bo`lsa, xotin hamla qilgan bo`ladi va qochayotgan Yusufni tutish uchun ortidan tashlanib, ko`ylakni yirtgan bo`ladi. U holda xotin yolg`on gapirgan, Yusuf esa, rostgo`y bo`ladi. Oqilona gap, odilona hukm.)","Er uning ko`ylagining ort tomonidan yirtilganini ko`rgan paytda: «Albatta, bu (ish) siz xotinlarning makringizdir. Albatta, siz xotinlarning makri juda zo`rdir», – dedi.","«Ey Yusuf, sen bu ishni unut. Sen, xotin, gunohingga istig`for ayt. Albatta, sen xato qilguvchilardan bo`lding», – dedi.","Shahardagi ayollar: «Azizning xotini xizmatkorining nafsini xohlabdi. Unga juda ham muhabbat qo`yib qolgan ekan-da! Biz u(ayol)ni, albatta, ochiq-oydin adashuvda deb bilamiz», – deyishdi.","U ularning makri haqida eshitgan vaqtda, ularga odam yuborib chaqirdi. Ularga suyanib o`tiradigan joy tayyorladi. Va har birlariga pichoq berdi. So`ngra (Yusufga): «Ularning oldiga chiq!» – dedi. Uni ko`rgan chog`larida lol qoldilar, qo`llarini kesdilar. Va: «Alloh saqlasin!! Bu bashar emas! Bu karamli farishtaning o`zi-ku!» – deyishdi.[1]###[1] (Yusuf mehmonlarning huzuriga chiqdi. Ayollar uning husnu jamolini ko`rib, boshlari aylanib, lol qoldilar, hayratga tushdilar va beixtiyor: «Qo`llarini kesdilar». Ana shunda Azizning xotini ularni, Yusufning husnu jamoli oldida taajjub va hayrat ila lol bo`lganlarini ko`rib, o`zini g`olib sezdi. Endi u o`zini malomat qilgan ayollar ustidan kula boshladi.)","U: «Siz meni malomat qilgan narsa — shu. Ha, men undan nafsini xohladim, biroq u o`zini saqladi. Agar u mening amrimni bajarmasa, albatta qamalur va xor bo`lguvchilardan bo`lur», – dedi.","U: «Ey Robbim, ular meni chorlayotgan narsadan ko`ra men uchun qamoq mahbubroqdir, bu(ayol)larning makrini mendan O`zing nari qilmasang, ularga moyil bo`lib, johillardan bo`lib qolaman», – dedi.","Bas, Robbi uning (duosini) ijobat qilib, ularning makrini undan nari qildi. Albatta, Uning O`zi eshitguvchi va bilguvchi Zotdir.","So`ngra, oyat-alomatlarni ko`rganlaridan keyin, ularga uni bir muddat qamashlari ayon bo`ldi.[1]###[1] (Bo`lib o`tgan voqealardan so`ng, Aziz va uning atrofidagilarga, xotinning ahliga Yusufning beayb ekanligi alomatlari zohir bo`lib, ko`zlari bilan ko`rganlaridan keyin, uni bir muddat qamashlari ayon bo`ldi. Yusuf alayhissalomning boshlariga yangi sinov keldi. U kishi qamoqqa tushdi.)","U bilan qamoqqa ikkita yigit ham kirdi. Ulardan biri: «Men tushimda sharob tayyorlab yuribman», – dedi. Boshqasi esa: «Men boshimda non ko`tarib yuribman, qush undan yemoqda», – dedi. «Bizga buning ta'birini xabar qil. Biz seni, shubhasiz, yaxshi amal qilguvchilardan, deb bilmoqdamiz».","U: «Men sizlarga rizq bo`ladigan taom kelguniga qadar uning qanday ekanining xabarini berurman. Bu ish menga Robbim ta'lim bergan narsalardandir. Chunki, men Allohga iymon keltirmaydigan va oxiratga kofir bo`lgan qavmning millati(dini)ni tark etgan odamman.[1]###[1] (Yusuf alayhissalom o`zlariga umid bilan qarab turgan ikki yigitga latofat bilan javob berdilar. Dastlab, ular tushunolmay qiynalayotgan jumboqni yechish oson ish ekanligiga ishora qildilar. So`ngra din haqida so`z ochdilar. U kishining aqidalari va da'vat qilayotgan dinlari boshqa dinlar qatori Allohga va oxirat kuniga iymon keltirishga asoslangan. Bu ikki unsur hamma payg`ambarlarning aqidasidir.)","Va otalarim Ibrohim, Is'hoq va Ya'qubning millati (dini)ga ergashdim. Biz uchun Allohga biror narsani sherik qilish mumkin emas edi. Bu bizga va odamlarga Alloh bergan fazl edi. Lekin odamlarning ko`plari shukr qilmaslar.[1]###[1] (Yusuf alayhissalom bu so`zlari bilan kufrni tark etibgina qolmay, hidoyat, iymon yo`liga yurish zarurligini ham qamoqdagi sheriklariga anglatmoqdalar. Ularni kufr millatini tashlab, iymon millatiga ergashishga da'vat qilmoqdalar.)","Ey, hamzindon do`stlarim, turli-tuman Robblar yaxshimi yoki yolg`izu Qahhor Allohmi?","Sizlar undan o`zga, o`zingiz va ota-bobolaringiz nomlab olgan ismlarga, Alloh ularga biron hujjat nozil qilmagan narsalarga ibodat qilmoqdasizlar. Hukm qilish faqat Allohning O`ziga xosdir, U faqat O`zigagina ibodat qilishingizni amr etdi. Ana o`sha to`g`ri dindir. Lekin odamlarning ko`pi bilmaslar.","Ey, hamzindon do`stlarim, sizlardan biringiz xo`jasiga xamr soqiyligi qiladir. Boshqasi bo`lsa, osiladi va qushlar uning boshidan yeydir. Siz bilmoqchi bo`lgan ish bitdi», – dedi.[1]###[1] (Yusuf alayhissalom tush ta'birini aytishda juda rioya bilan, odob bilan ish tutdilar. Albatta, shuning o`zi ham ochiq-oydin ko`rsatib turibdiki, tushida sharob siqayotgan yigit yana borib, xo`jasi — podshoh saroyida soqiy bo`lib xizmat qilar ekan. Tushida boshida non ko`tarib yurgan, o`sha nondan qushlar kelib cho`qib yeyayotganini ko`rgan shaxs esa, osiladi va qushlar kelib, boshini yeydi.)","Va u o`zi ikkovlaridan najot topguvchi deb bilgan shaxsga: «Xo`jang huzurida meni esga ol», – dedi. Shayton unga xo`jasiga eslatishni unuttirdi. Bas, u qamoqda bir necha yil qoldi.[1]###[1] (Yusuf alayhissalom ikki hamzindon do`stlariga tushlarining ta'birini aytib bo`lganlaridan so`ng, ulardan najot topadi, deb bilgan shaxsga, ya'ni soqiyga: «Xo`jang huzurida meni esga ol», dedilar. Darhaqiqat, tushning ta'biri to`g`ri chiqdi. Haligi yigit qamoqdan ozod bo`lib, yana podshohga soqiylik qila boshladi. Ammo Yusuf alayhissalomning iltimosini bajo keltirmadi.)","Podshoh: «Men tushimda yettita semiz sigirni yettita oriq sigir yeyayotganini va yettita yashil boshoqni va shuncha qurug`ini ko`rmoqdaman. Ey a'yonlar, agar tush ta'birini qiladigan bo`lsangiz, menga tushimning fatvosini bering», – dedi.[1]###[1] (Misr podshohining «ko`rmoqdaman» deb aytishidan mazkur tushni bir emas, bir necha marta ko`rganligi ma'lum bo`ladi. U faqat shu tushni ko`raverganidan keyin a'yonlarini to`plab, ularga tushini aytgan va ta'bir qilishlarini so`ragan.)","Ular: «Bu alg`ov-dalg`ov tushdir. Biz bunday tushlarning ta'birini biluvchi emasmiz», – dedilar.","Va ikkisidan najot topgani ancha muddat o`tgandan so`ng xotirlab: «Buning ta'birining xabarini sizga men beraman. Meni yuboring», – dedi.[1]###[1] (Ya'ni, Yusuf alayhissalom bilan qamoqda bo`lgan yigit bir necha yillar o`tgandan so`ng Yusufni va uning tush ta'biri bilimdoni ekanini xotirlab, meni Yusufning huzuriga yuboring, dedi.)","U: «Yusuf, ey, rostgo`y zot, bizga yettita semiz sigirni yettita oriq sigir yeyayotganining va yettita yashil boshoqning va shuncha qurug`ining ta'birini ayt. Shoyadki, odamlarga qaytib borsam, ular ham bilsalar», – dedi.","U: «Ketma-ket yetti yil ziroat qilasizlar. Yig`ishtirib olgan hosilingizni boshog`ida qoldiring. Magar ozgina yeydiganingizni (qoldirmasangiz ham bo`lur).[1]###[1] (Ya'ni, podshoh tushida ko`rgan yettita semiz sigir va yashil boshoqning ta'biri shulki, yetti yil juda serhosil keladi. Hosil to`playsizlar. O`shanda to`plagan hosillaringizni boshog`ida qoldiring. Yaxshi saqlanadi. Chirimaydi, qurt-qumursqalar teshib ketolmaydi. Faqat o`zingiz uchun yeyishga yarashasini olsangiz, bo`laveradi.)","So`ngra, undan keyin yettita shiddatli (yil) kelur, ular oldindan tayyorlab qo`yganingizni yeydilar. Magar, ozgina asrab qo`yganingizgina qolur.[1]###[1] (Cerhosil yetti yildan keyin qahatchilik yillari keladi. Podshohning tushidagi yetti oriq sigir va quruq boshoq shunga ishorat. O`sha yetti shiddatli, qahatchilik yili o`zidan oldingi yetti serobchilik yilini yeydi.)","So`ngra, undan keyin bir yil keladiki, unda odamlar serob qilinurlar va unda (mevalarni) siqurlar», – dedi.[1]###[1] (Bu oyatda kelayotgan bashorat podshohning tushidan tashqaridadir. Ya'ni, Misr podshohi ko`rgan tushda bunday yilga ta'bir qilinadigan ishora yo`q. Bu keyingisi Yusuf alayhissalomning payg`ambarlik mo`'jizalaridir.)","Podshoh: «Uni menga keltiringlar», – dedi. Unga elchi kelgan paytda: «Xo`jang huzuriga qaytib bor va undan qo`llarini kesgan xotinlarning holi nima bo`lganini so`ra, albatta, Robbim ularning makrini bilguvchidir», – dedi.","U: «Yusufning nafsini xohlagan vaqtingizdagi ishingiz nima edi?» – dedi. Ular: «Alloh saqlasin! Biz unda biron yomonlik sezmadik», – dedilar. Azizning xotini: «Endi haqiqat zohir bo`ldi. Men uning nafsini xohladim. Albatta, u sodiqlardandir», – dedi.","Bu, men unga yo`g`ida orqasidan xiyonat qilmaganimni, albatta, Alloh xoinlarning makrini to`g`rilikka yo`llamasligini bilishi uchundir."]