["Va o`z nafsimni oqlamayman. Albatta, nafs, agar Robbim rahim qilmasa, yomonlikka undovchidir. Albatta, Robbim mag`firatli va bilguvchi Zotdir», – dedi.","Podshoh: «Uni menga keltiringlar, uni o`zimga xos kishilardan qilib olaman», – dedi. U bilan gaplashganda esa: «Albatta, sen bugungi kunda huzurimizda makonatli va ishonchli kishilardansan», – dedi.[1]###[1] (Podshohga Yusuf alayhissalomning pok ekanliklari ma'lum bo`lganidan so`ng, uni qamoqdan chiqarib olib kelishni va u zotni o`ziga xos kishilardan qilib olishini aytdi.)","U: «Meni yerning xazinalari ustiga qo`y. Albatta, men muhofaza qiluvchi va biluvchiman», – dedi.[1]###[1] (Yusuf alayhissalom podshohga, men xazinani qanday muhofaza qilish — saqlash va uni qanday tasarruf qilishni biluvchiman, dedilar. Tush ta'biriga ko`ra, Misr o`lkasi kelajakda xuddi shunday sifatlarni mujassam qilgan odamga muhtoj edi.)","Shunday qilib, Yusufga yer yuzida makonat berdik, uni o`zi xohlagan joyga yerlasha oladigan qildik. O`z rahmatimizni, kimni xohlasak, o`shanga muyassar eturmiz va go`zal amal qiluvchilarning ajrini zoye qilmasmiz.","Iymon keltirgan va taqvo qilganlar uchun, albatta, oxiratdagi ajr yaxshiroq bo`lur.","Yusufning og`a-inilari keldilar va uning huzuriga kirdilar. Bas, u ularni tanidi. Ular esa, uni tanimadilar.[1]###[1] (Yusuf alayhissalomning husni tadbirlari va Alloh bergan imkonlarni ishga solishlari Misr ahli qahatchilikdan katta zarar ko`rmadi. Hatto boshqa o`lkalar ulardan oziq-ovqat so`rab kela boshladi. Misrda oziq-ovqat serobligini eshitib, Yusuf alayhissalomning og`a-inilari ham shu yoqqa kelishdi.)","Ularning jihozlarini yuklagan vaqtda: «Mening huzurimga ota bir iningizni olib keling. Ko`rayapsizlarmi? Men o`lchovni to`la qilmoqdaman va men eng yaxshi mezbonman.","Agar uni huzurimga olib kelmasangiz, unda sizga mening dargohimda o`lchab berish yo`q va menga yaqin ham kelmanglar», – dedi.[1]###[1] (Yusuf alayhissalom ularga so`ragan narsalarini — oziq-ovqatni ham berdilar. Jo`nab ketishlaridan oldin mollarini yuklash, yo`lga tayyorgarlik ko`rish paytida, yanagi safar ota bir inilarini ham olib kelishni tayinladilar.)","Ular: «Uni otasidan so`rab olib kelishga urinamiz. Biz buni, albatta, qiluvchimiz», – dedilar.","U o`z yigitlariga: «Ularning sarmoyalarini yuklari ichiga solib qo`yinglar. Shoyad, ular ahllariga borganlarida bularni tanib, qaytib kelsalar», – dedi.","Otalari huzuriga qaytib borganlarida: «Ey otamiz, bizga o`lchab berish man etildi. Biz bilan inimizni yubor, o`lchab olamiz va, albatta, biz uni muhofaza qiluvchilarmiz», – dedilar.","U: «Uni sizlarga xuddi akasini ishonganimdek ishonib topshiraymi? Allohning O`zi eng yaxshi muhofazachi va Uning O`zi rahimlilarning eng rahimligidir», – dedi.","Yuklarini ochgan paytda, sarmoyalarining o`zlariga qaytarilganini bildilar. «Ey otamiz, yana nima istaymiz? Mana, sarmoyalarimiz o`zimizga qaytarilibdi. Yana ahlimizga zod keltirurmiz, ukamizni muhofaza qilib, bir tuya ziyoda (yuk) o`lchovi olamiz. Bu ozgina o`lchovdir», – dedilar.","U: «Toki menga, albatta huzurimga qayta keltirishingiz haqida Allohdan vasiyqa bermaguningizcha, uni zinhor siz ila yubormasman. Magar (halokatga) o`ralib qolsangiz, boshqa gap», – dedi. Unga vasiyqalarini berganlarida, u: «Aytgan gaplarimizga Alloh vakildir», – dedi.","U: «Ey o`g`illarim, bitta eshikdan kirmanglar, turli eshiklardan kiringlar. Men sizlardan Allohning hech narsasini qaytara olmayman. Hukm qilish faqat Allohning O`ziga xosdir. Ungagina tavakkal qildim. Tavakkal qilguvchilar faqat Ungagina tavakkal qilsinlar», – dedi.[1]###[1] (Ya'qub alayhissalom o`g`illariga manzilga yetganlarida shaharga bir eshikdan emas, bo`linib, turli eshiklardan kirishlarini nasihat qildilar. U zot Allohning belgilagan taqdirini o`zgartirib bo`lmasligini yaxshi bilar edilar.)","Otalari amr etgan tomondan kirdilar. Zotan, bu ulardan Allohning hech bir narsasini qaytara olmas edi. Magar, Ya'qubning ko`nglidagi ehtiyoj bo`lib, uni qondirdi, xolos. Albatta, u Biz ta'lim berganimiz tufayli bilim sohibi edi. Lekin ko`pchilik odamlar bilmaslar.[1]###[1] (Ya'ni, o`g`illar ko`zlagan manzilga yetib borganlarida otalari nasihatiga amal qilib, hammalari bir eshikdan emas, turli-turli eshiklardan kirdilar. Alloh taqdir qilgan narsa bir eshikdan kirsalar ham, turli eshikdan kirsalar ham, albatta, bo`lardi. Buni Ya'qub alayhissalomning o`zlari ham yaxshi bilardilar. Ammo shunga qaramay, o`g`illariga turli eshiklardan kirishni nasihat qilishlari «Ya'qubning ko`nglidagi ehtiyoj bo`lib, uni qondirdi, xolos». Ya'ni, ko`ngliga bir aytib qo`yish tushib, aytib qo`ydi, xolos. Bu yerda boshqa hech qanday sir-asror yo`q. Gapni ko`paytirishning ham hojati yo`q. Bu haqiqatlarni Ya'qub alayhissalomning o`zi juda yaxshi biladi.)","Yusufning oldiga kirganlarida, u inisini o`ziga yaqin joylashtirdi va: «Men akangman, ular qilgan narsalardan xafa bo`lma», – dedi.[1]###[1] (Ular Yusuf alayhissalomning huzurlariga kirgan vaqtlarida, u zot mehmonlarni yana yaxshi kutib oldilar. Kichik ukalarini yonlariga olib, boshqalariga bildirmay, «Men akangman», deb o`zlarini tanitdilar.)","Ularning jihozlarini hozirlagan paytda, inisining yukiga bir suv idishni solib qo`ydi. So`ngra, jarchi: «Ey, karvondagilar, sizlar o`g`ridirsizlar», deb jar soldi.[1]###[1] (Ya'ni, Yusuf alayhissalom og`a-inilarining jihozlarini hozirlayotgan xodimlariga aytib, kichik ukasining yukiga bir suv idish qo`shtirib qo`ydilar. Ular jo`nab ketganlaridan so`ng, orqalaridan bir odam yuborib, ularni o`g`rilikda aybladi.)","Ular (ortlaridan kelganlarga) qarab: «Nima yo`qotdingiz?» – dedilar.[1]###[1] (Demak, karvon ortidan faqat ovoz chiqarib jar solgan kishi emas, boshqalar ham borgan ekan. Og`a-inilar ularga qarab turib: «Nima yo`qotdingiz?» dedilar.)","Ular: «Podshohning idishini yo`qotdik. Uni keltirgan kishiga bir tuya yuk. Men unga kafilman», – dedi.[1]###[1] (Ya'ni, xizmatkorlardan biri hammaning nomidan yuqoridagi gaplarni aytdi. Lekin karvondagilar o`zlarining aybsiz ekanliklariga ishonchlari komil edi.)","Ular: «Allohga qasamki, o`zingiz bilasiz, biz yer yuzida fasod uchun kelgan emasmiz, biz o`g`rilar bo`lgan emasmiz», – dedilar.","Ular: «Agar yolg`onchi bo`lib chiqsangiz, jazosi nima?» – dedilar.","Ular: «Uning jazosi, kimning yukida topilsa, o`shadir. Bas, uning jazosi o`shadir. Zolimni shunday jazolaymiz», – dedilar.[1]###[1] (Ya'ni, bizning qonun-qoidamiz bo`yicha, o`g`irlangan narsa kimning yukidan chiqsa, o`sha odam jazolanadi, dedilar.)","U inisining yukidan oldin ularning yukidan (taftish) boshladi. So`ngra, u(suv idish)ni uning yukidan chiqarib oldi. Shunday qilib, Yusuf foydasiga hiyla qildik. U, podshohning dini bo`yicha inisini olib qola olmas edi. Magar, Alloh xohlasagina, bo`lishi mumkin edi. Kimni xohlasak, o`shaning darajasini ko`taramiz. Har bir ilm egasi ustidan biluvchi bor.[1]###[1] (Misr podshohining qonuni o`g`riga boshqa jazo berardi, uni olib qolish mumkin emas edi. Shuning uchun og`a-inilarning e'tirof qildirib, Ya'qub alayhissalom dini hukmi bo`yicha amal qilishga — o`g`rini olib qolishga yo`l ochildi.)","Ular: «Agar bu o`g`irlagan bo`lsa, bundan oldin uning akasi ham o`g`irlagan edi», – dedilar. Yusuf buni ko`ngliga tugib qo`ydi, ularga oshkor qilmadi. U: «O`zingiz yomonroq turumdasiz. Alloh siz vasf qilayotgan narsani yaxshi bilguvchi Zotdir», – dedi.[1]###[1] (Ular o`zlarini oqlash uchun navbatdagi yolg`onni gapirdilar. Endi Yusuf alayhissalomning o`zlariga u kishi va ukalari haqida yolg`on to`qimoqdalar. Ular, kichik o`gay uka o`g`rilik qilgan bo`lsa, bu ajablanarli emas, uning tug`ishgan akasi ham oldin o`g`rilik qilgan edi, bu ish ularning tabiatida bor o`zi, deyishmoqchi.)","Ular: «Ey Aziz, buning katta yoshli chol otasi bor. Bas, birimizni uning o`rniga ol. Biz sening yaxshilik qiluvchilardan ekanligingni ko`rmoqdamiz», – dedilar.","U: «Narsamizni huzuridan topgan odamdan boshqani olib qolishimizdan Alloh saqlasin. Aks holda, albatta, zolimlardan bo`lib qolamiz», – dedi.[1]###[1] (Boshqa o`rinlarda bo`lgani kabi, bu safar ham Yusuf alayhissalom nozik iboralarni ishlatib, hech kimning haqqiga nojo`ya gap aytmadilar. «O`g`rining» yo «aybdorning o`rniga» demasdan, «narsamizni huzuridan topgan odamdan boshqani olib qolishimizdan Alloh saqlasin», deya marhamat qildilar.)","Undan umidni uzgan chog`larida, chetga chiqib, xufyona maslahat qildilar. Kattalari: «Otangiz sizdan Alloh nomi bilan vasiyqa olganini va bundan oldin Yusuf haqida qilgan aybingizni bilmaysizlarmi?! Men toki otam menga izn bermaguncha yoki Alloh hukm chiqarmaguncha bu yerdan qimirlamasman. U, hukm chiqaruvchilarning eng yaxshisidir.","Otangiz oldiga qaytinglar, bas, unga:«Ey otamiz, haqiqatda o`g`ling o`g`rilik qildi. Biz faqat o`zimiz bilgan narsaga guvohlik berdik, xolos. Biz g`aybni biluvchi emas edik.","Biz bo`lgan shahardan so`ra va u yerda biz uchragan karvondan so`ra, biz, albatta, rostgo`ylardanmiz, denglar», dedi.[1]###[1] (Og`a-inilarning kattasi bo`lib o`tgan voqeadan keyin mas'uliyatni his etdi. Otasi oldiga qaytib borishga jur'at qila olmadi. Otam aybimni kechib, huzuriga borishimga ruxsat bermaguncha yoki Alloh taoloning O`zi bu haqda biror hukm chiqarmaguncha Misrdan hech qayerga qimirlamayman. Otamga va'da bergan edik. U rozi bo`lib, o`zi ruxsat bersa yo Alloh bir hukm chiqarsa, yurtimizga qaytishim mumkin. Sizlar, ey ukalarim, yurtimizga qaytib boringlar va otamizga bo`lib o`tgan voqeani aytib beringlar, deb oyatda kelgan gaplarni o`rgatdi.)","U: «Yo`q, sizga havoyi nafsingiz bir ishni yaxshi ko`rsatmish. Bas, chiroyli sabr (qilaman). Shoyadki, Alloh ularning hammasini huzurimga jamlab keltirsa. Albatta, Uning O`zi bilguvchi va hikmatli Zotdir», dedi.[1]###[1] (Ya'qub alayhissalom xuddi shu gapni Yusuf alayhissalomni yo`qotgan kunlarida ham aytgan edilar. Endi yillar o`tib, kichik o`g`lini yo`qotgan kuni ham shu gapni takrorladilar, ketidan Alloh taoloning marhamatidan umid uzmaganlarini bildirib qo`ydilar.)","Va ulardan yuz o`girdi hamda: «Oh, Yusuf!» deb ko`zlariga oq tushdi. Bas, u dardini yutuvchidir.","Ular: «Allohga qasamki, toki madordan ketguningcha yoki halok bo`luvchilardan bo`lguningcha, Yusufni zikr qilaverasan», dedilar.[1]###[1] (Ya'ni, yo`q bo`lib ketgan Yusufni eslayverib, holdan toyasan yoki bir yo`la halok bo`lasan, deyishdi.)","U: «Albatta, men dardu hasratimdan faqat Allohning O`ziga shikoyat qilmoqdaman va Allohdan siz bilmagan narsani bilurman.","Ey o`g`illarim, boringlar, Yusufni va uning ukasini yaxshilab izlanglar, Allohning rahmatidan noumid bo`lmanglar. Haqiqatan, Allohning rahmatidan faqat kofir qavmlargina noumid bo`lurlar», dedi.","Uning huzuriga kirganlarida: «Ey Aziz, bizni va ahlimizni zarar tutdi va arzimagan sarmoya keltirdik. Bas, bizga o`lchovni to`liq qilib ber va sadaqa ham ber. Alloh, albatta, sadaqa qiluvchilarni mukofotlaydir», dedilar.[1]###[1] (Gaplaridan ko`rinib turibdiki, ularning ahvoli og`ir. Avvalgidek bor narsalarini oziq-ovqatga almashtirishga imkonlari ham qolmagan. Olib kelgan mollari juda arzimas. Sadaqaga muhtojlar. Avvalgi gerdayishlaridan asar ham yo`q.)","U: «Johillik paytingizda Yusufga va uning inisiga nima qilganlaringizni bilasizlarmi?» – dedi.[1]###[1] (Shunda akalarining ko`z-quloqlari yalt etib ochildi. Ko`zlari Aziz siymosida Yusufni ko`rdi, quloqlari uning ovozini eshitdi.)","Ular: «E-e, hali sen Yusufmisan?!» – dedilar. U: «Men Yusufman, mana bu inim. Alloh bizga marhamat ko`rsatdi. Haqiqatan, kim taqvo va sabr qilsa, Alloh, albatta, go`zal ish qiluvchilarning ajrini zoye qilmagay», dedi.","Ular: «Allohga qasamki, haqiqatan, Alloh seni bizdan ustun qildi. Biz esa, xatokorlardan bo`ldik», dedilar.[1]###[1] (Og`alar bor haqiqatni e'tirof qildilar, xato qilganlarini ham tan oldilar.)","U: «Bugungi kunda sizlarni ayblash yo`q. Sizlarni Alloh mag`firat qilgay. U rahim qilguvchilarning rahimlirog`idir», dedi.[1]###[1] (O`tgan ishga salovot. Bugun sizni birov ayblamoqchi emas, uyaltirmoqchi ham emas. Gunohlarni kechiruvchi Allohning O`zi.)","«Mening mana bu ko`ylagimni olib borib, otamning yuziga tashlangiz, ko`zi ochilur. So`ngra, ahlingiz ila jam bo`lib huzurimga kelinglar».[1]###[1] (Ajablanishga hech hojat yo`q. Avvalo, Ya'qub alayhissalom ham, Yusuf alayhissalom ham Allohning payg`ambarlari, oralarida mo`'jiza bo`lib, bir ko`ylak sababli dardga shifo yetishi g`aroyib ish emas.)","Karvon yo`lga chiqqan vaqtda otalari: «Meni aqldan ozgan demanglar-u, albatta, men Yusufning hidini sezmoqdaman», dedi.[1]###[1] (Ya'ni, Yusufning ko`ylagini olgan karvon yo`lga chiqib, Misrdan jo`nab ketgan vaqtda Ya'qub alayhissalom huzuridagilarga yuqoridagi gaplarni aytdilar. Yusufning hidi Ya'qub alayhissalomga qanday yetib borganini Allohning O`zi biladi. Lekin u kishining gaplariga oldilarida turganlar ishonmadilar.)","Ular: «Allohga qasamki, sen eski adashuvingdasan», dedilar.[1]###[1] (Ya'ni, yo`q bo`lib ketgan Yusufdan hali ham umidvorsan-a, dedilar. Lekin ish boshqacha bo`lib chiqdi.)","Xushxabarchi kelgan chog`ida, u(ko`ylak)ni uning yuziga tashlaganida, yana ko`radigan bo`ldi. U: «Sizlarga men Allohdan sizlar bilmaydigan narsani bilaman, demaganmidim?!» – dedi.","Ular: «Ey otamiz, gunohlarimiz uchun istig`for ayt. Albatta, biz xatokorlardan bo`lgan ekanmiz», dedilar.","U: «Sizlar uchun Robbimga hali istig`for ayturman. Albatta, Uning O`zi mag`firat qilguvchi va rahimli Zotdir», dedi.[1]###[1] (Shundan so`ng hammalari Ya'qub alayhissalom boshchiliklarida yurtlari Kan'ondan Misrga qarab yo`lga tushdilar. Qur'oni Karim ularning safarlari haqida hech narsa demaydi. Balki so`zni ular Yusuf alayhissalom huzurlariga kirishlari sahnasidan ulab ketadi.)","Yusuf huzuriga kirgan chog`larida u otasi va onasini o`ziga yaqinlashtirdi va: «Allohning xohishi ila Misrga omonlikda kiringlar!» – dedi.","Ota-onasini taxtga ko`tardi. Ular unga sajda qilib yiqildilar. U: «Ey otajon, bu avval ko`rgan tushimning ta'biridir, Robbim uni haqqa aylantirdi. Darhaqiqat, U menga yaxshilik qildi. Meni qamoqdan chiqardi. Shayton men bilan akalarimning orasini buzgandan so`ng, sizlarni biyobondan olib keldi. Albatta, Robbim nimani xohlasa, o`shanga latiyfdir. Albatta, Uning O`zi bilguvchi va hikmatli Zotdir», dedi.[1]###[1] (Bu oyati karimada uzoq ayriliqdan so`ng diydor topishib, so`rashib bo`lganlaridan keyingi holatlarning tasviri keltirilmoqda. Bu hol qanday bo`lganini Allohning O`zi biladi. Ammo qadimgi tafsirchilarimiz bu haqda turli fikrlar aytganlar. Ba'zilari, salom ma'nosida boshlarini bir oz egdilar, deydilar. Boshqalari, berilgan bu ne'mat uchun Allohga shukr sajdasi qildilar, deydilar. Yana birlari, o`sha vaqtda kattalarning oyog`iga yiqilib sajda qilish bor edi, lekin Islom shariatida bekor qilingan, degan fikrni aytganlar.)","«Ey Robbim, haqiqatan, menga mulk berding va menga tushlarning ta'birini o`rgatding. Ey osmonlaru yerni yaratgan Zot! Sen dunyoyu oxiratda mening valiyimsan. Meni musulmon holimda vafot ettirgin va solihlarga qo`shgin.»[1]###[1] (Ushbu oyatda Yusuf alayhissalom Alloh taologa ne'matlarini bergani uchun shukrlar aytish bilan birga oxiratning ne'matini ham berishini so`ramoqdalar.)","Bu g`ayb xabarlardan bo`lib, uni senga vahiy qilmoqdamiz. Ular makr qilib, ishlari haqida gap biriktirganlarida oldilarida bo`lmagan eding.","Odamlarning ko`plari, garchi sen juda qiziqsang ham, mo`min emaslar.[1]###[1] (Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom qavmlariga yaxshilikni ravo ko`rganlaridan, iymonga kelishlarini juda qattiq istar edilar. Shunga harakat ham qilar edilar. Ammo Alloh taolo bu urinish ularning iymonga kelishlariga sabab bo`la olmasligini bildirmoqda.)","Sen ulardan buning uchun ajr ham so`ramaysan. U faqat olamlar uchun eslatma, xolos.","Ular osmonlaru yerdagi qanchadan-qancha oyat-belgilar qarshisidan yuz o`girgan hollarida o`tadilar.[1]###[1] (Ya'ni, ularga e'tibor qilmaydilar. Ulardan ibratlanib, va'z-nasihat olib, iymonga kelmaydilar. Inson yashab turgan borliqning har bir qarichida Allohning borligiga, birligiga, qudratiga, tadbiriga, biluvchiligiga va boshqa kamoli sifatlariga dalolat qiluvchi oyat-belgilar, dalil-hujjatlar mavjud. Lekin odamlar o`sha hujjatlarga, oyat-belgilarga e'tibor bilan qaramaydilar. Shuning uchun ham iymonga kelmaydilar.)","Ko`plari esa, Allohga mushrik bo`lgan hollaridagina iymon keltiradilar, xolos.[1]###[1] (Ya'ni, iymon keltirsalar ham, Unga shirk keltirgan hollarida iymon keltiradilar. Xolis tavhid ila iymon keltirmaydilar. Chunki xolis tavhid masalasi nozik masala, shirkning turlari esa, juda ham ko`p.)","Ular o`zlariga Allohdan qamrab oluvchi azob kelishidan yoki sezmay turganlarida qiyomat nogahon kelib qolishidan omondamilar?!","Sen: «Bu — mening yo`limdir. Men Allohga bilib — ishonch ila chaqiraman va menga ergashganlar ham. Alloh pokdir. Va men mushriklardan emasman», deb ayt.[1]###[1] (Ya'ni, biz yo`limizning to`g`ri ekanini aniq bilib, ishonib turib chaqiramiz. Bizga Alloh taolo hidoyat va nur bergandir. Biz bu yo`ldan ishonch va bilim ila yuramiz, unga boshqalarni ham chaqiramiz.)","Biz sendan ilgari ham faqat shahar ahlidan er kishilarga vahiy yuborganmiz. Yer yuzida yurib, o`zlaridan oldingilarning oqibati nima bo`lganiga nazar solmaydilarmi? Albatta, oxirat diyori taqvo qiladiganlar uchun yaxshiroqdir. Aql yuritmaydilarmi?![1]###[1] (Ushbu oyatda Alloh taolo Payg`ambarimiz Muhammad alayhissalotu vassalomga tasalli berib, kofir va mushriklarning u kishini inkor etishlariga e'tibor qilmaslikka, avvalgi payg`ambarlar ham u zotga o`xshagan insonlar bo`lganiga ishora etmoqda.)","Hattoki Payg`ambarlar noumid bo`lib, o`zlarini yolg`onchiga chiqarilganlar, deb gumon qilib qolganlarida, ularga Bizning nusratimiz keladi. Bas, Biz xohlaganlarga najot berilur. Jinoyatchi qavmlardan Bizning azobimiz qaytarilmas.[1]###[1] (Ha, Allohning nusrati oxirgi lahzada, hech umid qolmaganda keladi. Gulga yetish uchun tikan zahrini totib ko`rish kerak. Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom: «Jannat tikanlar bilan o`ralgandir», deydilar.)","Batahqiq, ularning qissalarida aql egalari uchun ibrat bor edi. Bu (Qur'on) to`qima gap emas, lekin o`zidan oldin kelganning tasdig`i va barcha narsaning tafsiloti, hidoyat hamda iymon keltirganlar uchun rahmatdir.[1]###[1] (Ha, o`tgan ummatlarning, jumladan Yusuf alayhissalom va zamondoshlarining qissalarida ham aql ishlatgan har bir kishi uchun ibrat bor.)","Alif. Laam. Miym. Ro. Ushbular kitobning oyatlaridir. Va senga Robbingdan nozil qilingan narsa haqdir. Lekin odamlarning ko`plari iymon keltirmaslar.","Alloh siz ko`rib turgan osmonni ustunsiz ko`targan, so`ngra (Zoti va ulug`ligiga munosib suratda) arshga yuksalgan, quyosh va oyni O`ziga bo`ysundirgan Zotdir. Har biri nomlangan ajalgacha yuradir. U ishning tadbirini qiladir, oyatlarni mufassal etadir. Shoyadki, Robbingizga muloqot bo`lishga ishonch hosil qilsangiz.[1]###[1] (U — Alloh dunyodagi barcha ishning tadbirini qiladi. Ha, nima hodisa ro`y bersa, hammasi Allohning tadbiri bilandir, jumladan, yuqorida zikr qilingan ishlar ham. Ana shunday ishlarga qodir Alloh Payg`ambariga haq kitobni yubora olmasmidi?! Ana o`sha Robbingizga muloqot bo`lganingizda, ya'ni qiyomatda qayta tirilganingizda iymondan, jumladan, Allohning haq kitobiga bo`lgan iymondan ham so`ralasiz.)","U yerni cho`zib, unda baland tog`lar va anhorlar qilgan, har xil mevalardan juft-juft qilgan Zotdir. U kechani kunduzga o`ratadir. Bunda, albatta, tafakkur qiluvchi qavmlar uchun oyat-belgilar bordir.[1]###[1] (Ha, u ko`z o`ngingizda yerni cho`zib qo`ygan Zotdir. Qayerdan qarasangiz, qarshingizda yer cho`zilib yotibdi. Buni kim qilgan? Albatta, Alloh qilgan.)","Va yer yuzida qo`shni bo`laklar bor. Shuningdek, uzumlar, bog`lar, ekinzorlar, shoxlagan va shoxlamagan xurmolar bo`lib, bir xil suv ila sug`oriladilar va ularning ba'zilarining mevasini ba'zilarinikidan afzal qilurmiz. Bunda, albatta, aql ishlatuvchi qavmlar uchun oyat-belgilar bordir.[1]###[1] (Darhaqiqat, o`ylab ko`radigan bo`lsak. Ular bir xil yerga ekiladi, bir xil sug`oriladi, ammo ta'mi xilma xildir. Xurmo ham shu. Yer bir, suv bir, lekin mevasining ta'mi bir-birinikiga o`xshamaydi. Xo`sh, buni kim qiladi? Albatta, Alloh.)","Agar ajablanadigan bo`lsang, ularning: «Agar biz tuproq bo`lib ketsak ham, yangidan yaratilamizmi?!» deyishlari yana ham ajablanarlidir. Ana o`shalar Robbilariga kufr keltirganlardir. Ana o`shalar bo`yinlari kishanlarda bo`ladiganlardir. Ana o`shalar do`zax egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.","Ular sendan yaxshilikdan avval yomonlik keltirishni talab qilurlar. Holbuki, ulardan avval misollar o`tmishdir. Va, albatta, Robbing odamlarning zulmiga qaramay, ular uchun mag`firatlidir. Va, albatta, Robbing iqobi shiddatlidir.[1]###[1] (Ularga o`xshagan kofir qavmlar ko`p o`tgan. Ular ham bularga o`xshab payg`ambarlarga qarshi chiqqan va turli talablar qo`ygan edilar. Oqibatda hammalari halok bo`lganlar. Endigilar avval o`tgan misollardan ibrat olsalar, tavba qilsalar, yaxshi bo`lar edi.)","Kufr keltirganlar: «Unga Robbidan bir mo`'jiza nozil qilinsa edi», derlar. Sen faqat ogohlantiruvchisan, xolos. Va har qavmning hidoyatchisi bordir.[1]###[1] (Ha, Payg`ambar kishilarni kufrning, isyonning va gunohkorlikning oqibatidan ogohlantiradi, xolos. U odamlar so`ragan oyat-mo`'jizalarni keltirishga mas'ul emas.)","Alloh har bir urg`ochining homilasini hamda bachadonlar nuqson yoki ziyoda qiladigan narsalarni biladir. Har bir narsa Uning huzurida o`lchovlidir.","U zot g`oyibni ham, shohidni ham bilguvchidir. U buyukdir, yuksakdir.","Sizdan kim gapni sir tutsa, kim uni oshkor qilsa yoki kim kechasi berkinuvchi bo`lsayu kim kunduzi oshkor yuruvchi bo`lsa — bari bir.","Uning oldida ham, ortida ham ta'qib qilguvchilar bor. Ular uni Allohning amri ila hifz qilib tururlar. Albatta, to bir qavm o`zlarini o`zgartirmagunlaricha, Alloh ularning holini o`zgartirmas. Agar Alloh biror qavmga yomonlikni iroda qilsa, bas, uni qaytarib bo`lmaydi va ular uchun undan o`zga valiy ham yo`q.[1]###[1] (Alloh O`zi yuqorida zikr qilganidek, bandalar uchun o`ta maxfiy bo`lgan holatlarni ham juda aniqlik ila bilib turishiga qaramay, har bir bandaga to`rttadan farishtani biriktirib qo`ygandir. Ulardan ikkitasi bandaning har bir qilgan amalini o`sha vaqtning o`zidayoq yozib qo`yadi. Bu har bir bandaga katta mas'uliyat yuklaydi. Farishtalardan ikkitasining bandani qo`riqlab turishi esa, Alloh uni mukarram qilganini ko`rsatadi. Demak, har bir inson o`sha ikromga loyiq bo`lib, o`sha mas'uliyatni his etmog`i kerak. O`zini o`nglashga, tuzatishga, Allohning roziligini qozontiradigan amallarni bajarishga urinishi lozim.)","U sizlarga chaqmoqni xavf va tama' qilib ko`rsatur va og`ir bulutlarni paydo qilur.","Va momaqaldiroq Uning hamdi ila tasbih aytadir va farishtalar ham Undan qo`rqqanlaridan (hamdu tasbih ayturlar). U chaqmoqlarni yuboradir va ular ila xohlagan odamlarini, ular Alloh haqida talashib turganlarida, uradir. U qattiq ushlaydigan Zotdir.[1]###[1] (Inson momaqaldiroqning ovozidan dahshatga tushadi, bu ovoz unga qo`rqinchli bir quvvat bo`lib tuyuladi, aslida esa, momaqaldiroq o`zining Xoliqiga — Alloh taologa hamd va tasbeh aytayotgan bo`ladi.)","Haq da'vati Unikidir. Undan o`zgaga duo qilayotganlarga esa, hech bir narsada ijobat etmaslar. Magar, ikki kaftini suvga uzatib, suv og`ziga yetishini kutgan odamga o`xsharlar. Holbuki, unga yetmas. Kofirlarning duosi zalolatdan o`zga hech narsa emasdir.","Allohga osmonlaru yerlardagi kimsalar va ularning soyalari xoh istasinlar, xoh istamasinlar, ertayu kech sajda qilurlar.[1]###[1] («Osmonlardagi kimsalar» farishtalar va yana ularga o`xshagan-o`xshamagan yoki umuman boshqa maxluqlar bo`lishi mumkin. «Erdagi kimsalar» deganda esa, insonlar va jinlar tushuniladi. Ularning hammasi, xohlasalar ham, xohlamasalar ham, Alloh taologa sajda qiladilar, Unga taslimdirlar, U joriy etgan qonunlarga bo`yinsunib yashaydilar. Nafaqat ularning jasadlari, balki soyalari ham Allohning amriga ertayu kech bo`yinsunadilar — sajda qiladilar. Birorta soya o`z egasining xohishiga binoan tushmaydi, uning xohlaganicha ham bo`lmaydi.)","Sen: «Osmonlaru yerning Robbi kim?» deb ayt. «Alloh», degin. «O`zingizga Undan o`zga, o`zlariga foyda yoki zararga ega bo`lmagan valiylarni tutdingizmi?» degin. «Ko`zi ko`r bilan ko`ruvchi barobar bo`lurmi yoki zulmatlar bilan nur barobar bo`lurmi?» degin. Yoki ular Allohga U yaratgan maxluqotlarga o`xshash maxluqotlarni yaratganlarni sherik qilib oldilar-u, ularga yaratilgan maxluqotlarga o`xshash ko`rinmoqdami? «Barcha narsaning yaratuvchisi Allohdir. Va U Birdir, Qahhordir», degin.","U osmondan suv tushirdi. So`ngra vodiylarda o`z miqdoricha sel oqdi. Bas, sel o`z ustiga chiqqan ko`pikni ko`tarib keldi. Va zeb-ziynat, asbob-uskuna yasash maqsadida o`tda toblanadigan narsalarda ham shunga o`xshash ko`pik bo`lur. Alloh haq va botilga mana shunday zarbulmasal keltirur. Ammo ko`pik o`z-o`zidan yo`q bo`lib ketur. Odamlarga manfaat beradigan narsa esa, yer yuzida qolur. Alloh misollarni ana shunday keltirur.[1]###[1] (Alloh taolo osmondan suv tushirib, yomg`ir yog`dirsa, sel oqadi. Shu bilan birga, sel o`zining ustida ko`pikni ham oqizib keladi. Bunda suv haqqa, ko`pik botilga o`xshatilmoqda. Zeb-ziynat yasaladigan oltin va kumush, asbob-uskuna yasaladigan temir va mis kabi ma'danlar ustida ham zang va keraksiz moddalar bo`ladi. Bu masalda haqqa asl ma'danlar, botilga zang va ko`pik qiyos qilinmoqda. Ko`pik, garchand suvning ustiga chiqib turgan bo`lsa ham, baribir u ko`pikdir. Ma'danlardagi zang va boshqa moddalar ularni o`rab turgan bo`lsalar ham, toblanish vaqti kelganda, birpasda yo`q bo`lib ketadilar. Botil ham shunday: o`zidan-o`zi yo`q bo`lib ketadi.)","Robbilariga ijobat etganlarga go`zallik bordir. Unga ijobat etmaganlarga esa, agar yer yuzidagi hamma narsalar va yana shunchasiga ega bo`lsalar-u, uni fido qilsalar ham, ana o`shalarga yomon hisob bo`lur va joylari jahannamdadir. U qanday ham yomon joydir.","Senga Robbingdan nozil qilingan narsa albatta haq ekanini biladigan kimsa ko`r odamga o`xsharmidi? Buni, albatta, aql egalarigina eslarlar.","Ular Allohning ahdiga vafo qiladigan va miysoqni buzmaydiganlardir.[1]###[1] (Bu oyati karimadagi ahd barcha ahdlarni o`z ichiga oladi, bu ahdlarning avvalida iymon ahdi turadi. Bu oyati karimadagi miysoq ham barcha miysoqlarini o`z ichiga oladi.)","Ular Alloh bog`lanishiga amr etgan narsani bog`larlar, Robbilaridan cho`chirlar va yomon hisobdan qo`rqarlar.[1]###[1] (Bu ishlarning boshida «silayi rahm» — qarindoshlik aloqalarini bog`lash, ularga yaxshilik qilish turadi. Shuningdek, beva-bechora, yetim-esir va barcha muhtojlarga, butun mavjudodga yaxshilik qilishlik musulmon insonga vazifa qilib yuklatilgandir.)","Ular Robbilari yuzini ko`zlab, sabr qilarlar. Namozni to`kis ado etarlar, Biz ularga rizq qilib bergan narsadan maxfiy va oshkora infoq qilarlar va yomonlikni yaxshilik ila qaytararlar. Ana o`shalarga oqibat diyori bordir.","Adn jannatlaridir. Unga ular va ularning otalari, jufti halollari va zurriyotlaridan solih bo`lganlari kirarlar. So`ngra, ularning huzurlariga har eshikdan farishtalar kirib:","«Sabr qilganingiz uchun sizlarga Salom bo`lsin! Bu oqibat diyori qanday ham yaxshi!» (derlar).[1]###[1] (Mazkur jannatga huzur-halovatlari yanada to`liq bo`lsin uchun ota-onalari, er yoki xotinlari va o`g`il-qizlari ham qo`shilib kiradilar. Ammo sharti bor. O`sha ota-onalar, jufti halollar va zurriyotlar ahli solih bo`lishlari kerak. Ahli solih bo`lmasalar, kira olmaydilar. Adn jannatlari katta ne'mat, unga kirganlar ulug` maqomga erishadilar.)","Allohning ahdini miysoqdan keyin buzadiganlar, Alloh bog`lanishiga amr etgan narsalarni uzadiganlar va yer yuzida buzg`unchilik qiladiganlarga, ana o`shalarga la'nat va ularga yomon diyor bor.","Alloh xohlagan kishisining rizqini keng qilur va (xohlagannikini) tor qilur. Ular bu dunyo hayoti ila shod bo`ldilar. Holbuki, bu dunyo hayoti oxirat oldida arzimas matoh, xolos.","Va kufr keltirganlar: «Unga Robbidan bir mo`'jiza tushsa edi», derlar. Sen: «Albatta, Alloh kimni xohlasa, zalolatga ketkazur va o`ziga yo`nalganlarini hidoyat qilur», deb ayt.","Iymon keltirganlar va Allohning zikri ila qalblari orom topganlar. Ayo, Allohning zikri ila qalblar orom topmasmi?[1]###[1] (Ha, iymon keltirganlarning qalblari Allohning zikri ila orom topadi. Chunki u qalblar o`zlarining Allohga doimiy bog`liq ekanlarini his etadilar. Chunki bu qalblar dunyodagi hamma narsa Allohdan ekanligini yaxshi biladilar.)","Iymon keltirganlar va yaxshi amallarni qilganlarga xushnudlik va go`zal maskan bor.","Shunday qilib, seni o`zlaridan oldin ham ummatlar o`tgan bir ummatga ularga o`zingga vahiy qilgan narsamizni tilovat qilib berishing uchun yubordik. Holbuki, ular Rohmanga kufr keltirurlar. Sen: «U mening Robbimdir, Undan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q. Uning O`zigagina tavakkal qildim. Tavbam ham Uning O`zigadir», deb ayt.","Agar Qur'on ila tog`lar jildiriladigan, yer parchalanadigan yoki o`liklar tilga kiritiladigan bo`lganida (imkoni bor edi). Ammo, ishning barchasi Allohga xosdir. Iymon keltirganlar, agar Alloh xohlasa, odamlarning hammasini hidoyat qila olishini bilmadilarmi? Kufr keltirganlarga, to Allohning va'dasi kelguncha, o`z ishlari sababli mudom larzaga soluvchi musiybatlar yetar yoki ularning diyorlari yaqiniga tushib turar. Albatta, Alloh va'daga xilof qilmas.[1]###[1] (Qur'onning ishi ham Allohga xosdir. Alloh Qur'onni odamlarga xitob etish uchun, ularning qalblariga ta'sir o`tkazish uchun nozil etdi. Bu bilan esa, tog`larni joyidan jildirishdan, yerni parchalashdan yoki o`liklarni tilga kiritishdan ko`ra ulkanroq ishlar qilindi. Butun dunyo xalqlarining tarixi joyidan jildirildi, qalblaridagi, fikrlardagi toshlar, muzlar parchalandi va xalqlarning ruhiga jon kirdi.)","Batahqiq, sendan oldin ham Payg`ambarlar masxara qilinganlar. Bas, kufr keltirganlarga muhlat berdim. So`ngra, ularni ushladim. Bas, iqobim qandoq bo`lgan edi?!","Har bir jonning qilgan kasbi ustida turuvchi zot kim? Allohga shirk keltirdilar. Sen: «Ularning nomlarini ayting. Yoki Unga yer yuzida U bilmaydigan narsaning xabarini berasizlarmi? Balki, yuzaki gapdir», degin. Yo`q, kufr keltirganlarga makrlari ziynatlab ko`rsatildi va ular yo`ldan to`sdilar. Alloh kimni zalolatga ketkazsa, unga hech bir hidoyatchi bo`lmas.[1]###[1] (Demak, gap boshqa yoqda ekan. Kofirlarning dinu diyonatga qarshi qilayotgan makr-hiylalari ularga ziynatlab ko`rsatilibdi. Ular, bu qilayotgan ishimiz to`g`ri va go`zaldir, deb o`yladilar. Makr-hiylalarida davom etaverdilar. Oqibatda esa, Allohning yo`lidan to`sildilar. Zalolatga ketdilar.)","Ularga bu dunyo hayotida azob bor. Albatta, oxirat azobi mashaqqatliroq. Ular uchun Allohdan saqlovchi bo`lmas.","Taqvodorlarga va'da qilingan jannatning misoli (budir): ostidan anhorlar oqadi, mevalari va soyalari doimiydir. Bu, taqvo qilganlarning oqibatidir. Kofirlarning oqibati esa, do`zaxdir.","Biz kitob berganlar senga nozil qilingan narsadan xursand bo`lurlar. Guruhlar ichida uning ba'zisini inkor qiladigan kimsalar ham bor. Sen: «Albatta, men Allohga ibodat qilishga, Unga shirk keltirmaslikka amr qilindim. Ungagina da'vat qilaman hamda qaytishim ham Ungadir», deb ayt.","Shuningdek, Biz uni arabiy hukm etib nozil qildik. Agar sen o`zingga kelgan ilmdan so`ng ularning havoyi nafslariga ergashsang, sen uchun Allohdan na bir do`st va na bir saqlovchi bo`lmas.","Batahqiq, Biz sendan oldin ham Payg`ambarlar yubordik va ularga xotinlar va zurriyotlar ato qilganmiz. Hech bir Payg`ambar Allohning iznisiz oyat-mo`'jiza keltirgan emas. Har bir ajalning o`z kitobi bordir.[1]###[1] (Ya'ni, sening oddiy bashar bo`lishingning ajablanadigan joyi yo`q. Birov, bu o`zimizga o`xshagan odam ekan, unga iymon keltirmayman, agar farishta bo`lganida iymon keltirar edim, deyishga haqqi yo`q. Biz doimo oddiy odamlarni payg`ambar qilib kelganmiz, farishtalarni emas. O`sha sendan oldin o`tgan payg`ambarlarning ham senga o`xshab oilasi, bola-chaqalari bo`lgan.)","Alloh nimani xohlasa, mahv qilur, nimani xohlasa, sobit qilur. Ona kitob Uning dargohidadir.[1]###[1] (Dunyodagi narsalardan nimani xohlasa, foydasiz yoki muddati bitdi, deb topsa, mahv etadi, yo`qotadi. Nimani foydali deb topsa, tursin desa, sobit qiladi, qoldiradi. Bularning hammasi va boshqa narsalar yozilgan ona kitob Allohning huzuridadir.)","Ularga va'da qilganimizning ba'zisini senga ko`rsatarmiz yoki (undan oldin) seni vafot ettirarmiz. Albatta, yetkazish sening zimmangda, hisob qilish Bizning zimmamizdadir.","Biz yerga kelib, uning atrofidan qisqartirib borayotganimizni ko`rmaslarmi?! Hukmni Alloh qiladir. Uning hukmini ta'qib qilguvchi yo`qdir. U hisobi tez Zotdir.[1]###[1] (Kofirlar vaqt o`tishi bilan yerdagi hayrotlar kamayib borayotganini ko`rmaydilarmi? Boy-badavlat, hayrotlarga to`la yurtlar aholisining kofirligi tufayli boyligi, davlati va hayrotlaridan judo bo`layotganlarini ko`rmaydilarmi? Uni biz qilmoqdamiz. Allohdan o`zga hech kim hukm qila olmaydi. Agar U biror yurtni tanazzulga uchrashiga hukm qilsa, o`sha bo`ladi. Agar ishonmaydigan bo`lsalar, tarixga bir nazar solsinlar.)","Batahqiq, ulardan oldingilar ham makr qildilar. Ammo, barcha makrlar Allohning (ilkidadir). U har bir jon nima qilishini biladir. Yaqinda kofirlar oqibat diyori kimga bo`lishini bilajaklar.","Kufr keltirganlar: «Payg`ambar emassan», derlar. Sen: «Men bilan sizning orangizda Alloh va Kitob ilmi bor kimsalar yetarli guvohdir», deb ayt.","Alif. Laam. Ro. Bu kitobni senga odamlarni Robbilarining izni ila zulmatlardan nurga, aziyz va maqtalgan Zotning yo`liga chiqarishing uchun nozil qildik.","Alloh osmonlaru yerdagi narsalar Uniki bo`lgan Zotdir. Kofirlar holiga shiddatli azobdan voy bo`lsin.","Ular bu dunyo hayotini oxiratdan afzal ko`radiganlar, Allohning yo`lidan to`sadiganlar va u(yo`l)ning egri bo`lishini xohlaydiganlardir. Ana o`shalar yiroq adashuvdadirlar.[1]###[1] (Qattiq azobdan holiga voy bo`ladigan kofirlarning shunday holatga tushishining sabablari ushbu oyatda keltiriladi. Ular dunyoni oxiratdan ustun qo`yganlari uchun iymon yo`liga yura olmaydilar. Faqat bu dunyoni ko`zlagan odam besh kunlik hayotida ko`proq matohga erishish uchun o`lib-tiriladi. Harom-harishga qo`l uradi. Odamlarning haqqini yeydi. Odamlarga zulm, xiyonat qiladi. Shuning uchun ham Payg`ambarimiz Muhammad mustafo alayhissalotu vassalom: «Dunyoning muhabbati har bir xatoning boshidir», deganlar.)","Qaysiki Payg`ambarni yuborgan bo`lsak, bayon qilib berishi uchun, o`z qavmi tili ila yuborganmiz. Bas, Alloh kimni xohlasa, zalolatga ketkazadi, kimni xohlasa, hidoyatga soladir. U Aziyz va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Butun olamlarga va barcha qavmlarga payg`ambar bo`lgan Hazrati Muhammad alayhissalotu vassalomga ham arablar tilida vahiy keldi. Buning asosiy hikmatlarini Allohning O`zi biladi. Boshqa payg`ambarlar ma'lum qavmga va ma'lum muddatga kelgan bo`lsalar, Muhammad alayhissalotu vassalom qavmlarning hammasiga qiyomat kuniga qadar payg`ambar qilib yuborilganlar. Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom Islom dini arablar yashab turgan yerlarga yoyilib bo`lishi bilan vafot topdilar. Islomni dunyoning qolgan qismiga u kishining qavmlari yetkazdilar.)","Batahqiq, Biz Musoni oyatlarimiz ila: «Qavmingni zulmatlardan nurga chiqar va ularga Allohning kunlarini eslat! Albatta, bunda har bir sabrli va shukrli uchun ibratlar bordir», deb yubordik.","O`shanda Muso qavmiga: «Allohning sizga bergan ne'matlarini eslang: U sizni Oli Fir'avndan qutqardi. Ular sizga bardavom yomon azob berardilar. O`g`illaringizni so`yib tashlab, qizlaringizni tirik qoldirardilar. Ana o`shanda Robbingizdan buyuk sinov bordir», degan edi.[1]###[1] (Ya'ni, azob-uqubatga duchor qilish bir sinov. Undan qutulish ne'matini berish ikkinchi bir sinovdir. Birinchisida banda sabr qilib, ikkinchisida shukr qilib sinovdan o`tishi kerak.)","(Yana uning): «Va Robbingiz (sizga): «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir», deb bildirgan(ini eslang).","Muso dedi: «Agar siz va yer yuzidagi kimsalar hammangiz kufr keltirsangizlar ham, albatta, Alloh behojat va maqtalgan Zotdir.[1]###[1] (Demak, shukr etgan kishi o`ziga foyda keltiradi. Kufr qilgan odam o`ziga zarar orttiradi. Alloh shundoq ham behojat va maqtalgan Zotdir.) Ey Muhammad ummati!","Sizga o`zingizdan oldin o`tgan Nuh, Od, Samud qavmlarining va ulardan keyingilarning, Allohdan o`zga hech kim bilmaydiganlarning xabari kelmadimi? Ularga Payg`ambarlari ochiq-oydin hujjatlar bilan keldilar. Ular esa, qo`llarini og`izlariga qo`yib: «Biz siz bizni chaqirayotgan narsada shubhalantiruvchi shakdadirmiz!» dedilar.[1]###[1] (Ya'ni, o`sha nobakor qavmlar ovozlari baland chiqishi uchun qo`llarini og`izlariga karnay qilib qo`yib: «Biz siz orqali Alloh tomonidan yuborilgan dinga kufr keltirdik. Biz siz da'vat qilayotgan narsada kuchli shak va shubhadamiz!» dedilar. Demak, ular o`zlarini zulmatlardan nurga olib chiqish uchun Alloh tomonidan kelgan hodiy payg`ambarlarga nisbatan beodoblarcha munosabatda bo`ldilar.)","Payg`ambarlari ularga: «Osmonlaru yerning yaratguvchisi bo`lmish Allohga shak bormi? U sizlarni gunohlaringizni mag`firat qilishga va o`zingizni ma'lum muddatga qoldirishga chaqirmoqda-ku!» dedilar. Ular esa: «Siz bizga o`xshash bashardan o`zga hech narsa emassiz. Bizni otalarimiz ibodat qilib yurgan narsadan to`smoqchisiz. Bas, bizga ochiq-oydin hujjat keltiring», dedilar.[1]###[1] (Barcha qavm kofirlari barcha payg`ambarlarga shu gapni aytganlar. Ularning o`z otalari nimaga ibodat qilib yurgani bilan ishlari yo`q. Otalari ibodat etgan narsa nima bo`lsa ham, baribir. U narsalar bir qiymatga arziydimi? Ularga ibodat qilish lozimligi haqida biror dalil bormi? Bu va bunga o`xshash savollar bilan ishlari yo`q. Ammo Alloh tomonidan ochiq hujjatlar bilan kelgan payg`ambarlardan yana hujjat-dalil so`raydilar.)","Payg`ambarlari ularga: «Biz sizga o`xshash bashardan o`zga hech narsa emasmiz. Lekin Alloh O`z bandalaridan kimni xohlasa, o`shanga (payg`ambarlik) in'om qilur. Biz o`zimizcha sizga biror hujjat keltira olmaymiz, illo Allohning izni ila. Mo`minlar faqat Allohgagina tavakkal qilsinlar.[1]###[1] (Ya'ni, bu gapingiz to`g`ri. Biz farishta ham yoki boshqa bir oliy maqomli alohida zot ham emasmiz. Biroq bu degani odam zotidan payg`ambar bo`lishi mumkin emas degan gap emas. To`g`ri, biz basharmiz.)","Nima uchun biz Allohga tavakkal qilmas ekanmiz?! Holbuki, U bizni yo`limizga hidoyat qildi. Bizga bergan ozorlaringizga, albatta, sabr qilamiz. Tavakkal qiluvchilar faqat Allohgagina tavakkal qilsinlar», dedilar.","Kufr keltirganlar o`z Payg`ambarlariga: «Albatta, biz sizlarni yerimizdan chiqarib yuborurmiz yoki, albatta, millatimizga qaytursizlar», dedilar. Bas, Robbilari ularga: «Albatta, Biz zolimlarni halok qilurmiz.","Va ulardan so`ng u yerga sizni joylashtirurmiz. Bu esa, maqomimdan xavf qilganlar va tahdidimdan qo`rqqanlar uchundir», deb vahiy qildi.[1]###[1] (Alloh taolo, payg`ambarlarning ko`ngillarini tinchlantirib, bashorat berdi. Zolimlar albatta halok bo`lishini ta'kidladi. «Zolimlar» deganda kofirlar ko`zda tutiladi. Chunki kufr eng katta zulmdir. O`sha kofir zolimlarni halok etgandan so`ng, u yerga sizlarni, ya'ni payg`ambarlarni va ularga ergashgan mo`min-musulmonlarni joylashtiramiz, dedi. U yerga kimki mening maqomimdan qo`rqsa, o`zidan ketib haddidan oshmasa, o`sha joylashadi, dedi.)","Fathu nusrat so`radilar va har bir jabrchi, sarkash kimsa noumidlikka uchradi.","Uning ortida jahannam bordir. Yiring suv ila sug`oriladir.","Uni yutishga urinadi-yu, yuta olmas. Unga har tomondan o`lim keladi-yu, o`la olmas. Uning ortidan esa, qattiq azob bor.[1]###[1] (Jahannamda ularga alvon-alvon azoblar beriladi. Jumladan, o`sha jabrchi-sarkash jahannam olovida yonib-chanqab suv so`raganida, unga yiring beriladi. Yiringni og`izga olishning o`zi qattiq azob. Uni chanqoqbosdi uchun ichish ikki karra azob, uni yuta olmay qiynalish azobdir. O`limni o`ylashning o`zi bir azob. O`limning kelishi battarroq azob. Endi takror va takror o`lim kelib turib o`la olmaslik mislsiz azobdir.)","Robbilariga kufr keltirganlarning amallarining misoli, xuddi bo`ronli kunda shamol uchirib ketgan kulga o`xshaydir. Ular o`z kasblaridan biror narsaga ega bo`lmaslar. Ana o`sha uzoq adashuvning o`zidir.[1]###[1] (Har qanday amal, agar egasida kofirlik bo`lsa, behudaga aylanadi. Kofirlik har qanday yaxshi amalni xuddi kulga o`xshatib keraksiz qilib qo`yadi. Cho`g`i yo`q kul befoyda narsaga aylanib, uni shamol to`zitib uchirib ketganidek, kofirlarning amallari ham behuda ketadi. Ular turli amallarni qilishlari mumkin, ammo foyda ola bilmaydilar.)","Alloh osmonlaru yerni haq ila yaratib qo`yganini ko`rmadingmi? Agar istasa, sizlarni ketkazib, yangi xalq keltiradir.","Bu esa, Alloh uchun qiyin emas.","Ularning hammalari Alloh huzurida paydo bo`ldilar. Bas, zaiflar mutakabbirlarga: «Albatta, biz sizlarga tobe bo`lgan edik. Endi, sizlar ustimizdagi Allohning azobidan biror narsani yengillata olasizlarmi?» dedilar. Ular: «Agar Alloh bizni hidoyat qilganida, biz ham sizlarni, albatta, hidoyat qilar edik. Biz uchun endi, dod-voy qilamizmi yoki sabr qilamizmi — bari bir. Biz uchun qochar joy yo`q», dedilar.[1]###[1] (Zaiflar — bu dunyoda zaifhol bo`lib o`zidan kuchli, aqlli, yuqori mansabdorlarga ergashib gunoh etganlar qiyomat kunida Allohning huzurida ishining chatoq ekanligini anglab yetib, o`z xo`jayinlariga mazkur murojaatni qiladilar.)","Ish bitib bo`lganda shayton: «Albatta, Alloh sizga haq va'dani qilgan edi. Men esa, sizga va'da berdim-u, va'damga xilof qildim. Mening ustingizdan hech qanday hukmronligim yo`q edi. Faqat da'vat qilsam, o`zingiz menga ijobat qildingiz. Bas, meni malomat qilmang, o`zingizni malomat qiling. Men sizlarni qutqaruvchi emasman, sizlar ham meni qutqaruvchi emassizlar. Endi, men, albatta, ilgari meni sherik qilganingizni inkor qilaman. Albatta, zolimlarga, ha, ularga alamli azob bor», dedi.[1]###[1] (Bu dunyoda har ishning boshida turgan, har qilmishga bosh-qosh bo`lgan la'nati shayton u dunyoda hamma ish bitib, hukm chiqqandan so`ng paydo bo`ladi. Bir-birini malomat qilib turgan kuchli-yu zaif, ergashganu ergashtirgan atbo'lariga qarab, so`z boshlaydi.)","Va iymon keltirib, amali solih qilganlar ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritildi. Unda Robbilari izni ila abadiy qolurlar. Ularning undagi so`rashishlari «Salom»dir.[1]###[1] (Demak, har bir narsa o`z joyini topdi. Mantiqiy va adolatli nihoyaga yetdi. Shayton va unga ergashganlar do`zaxning dahshatli azobiga mahkum bo`ldilar. payg`ambarlar va ularning mo`min ummatlari jannat va uning moddiy-ma'naviy ne'matlariga erishdilar.)","Alloh yaxshi so`zga qanday misol keltirganini ko`rmaysanmi? U xuddi bir yaxshi daraxtga o`xshaydir. Uning asli sobit turadir. Shoxlari esa, osmonda.[1]###[1] (Yaxshi so`z, haq so`z iymon so`zidir. U so`zni Alloh taolo bir yaxshi, sog`lom daraxtga o`xshatmoqda. Bu daraxtning asli sobitdir. Uning tomirlari yerga chuqur ildiz otgani uchun mustahkamdir. Turli shamollar, bo`ronlar va boshqa omillar uni joyidan qimirlata olmaydi. Ayni choqda, bu daraxtning shoxlari osmonda, yuksaklikdadir. U doimo meva berib turadi. Iymon ham xuddi shu yaxshi daraxtga o`xshaydi. Asli mustahkam. Hech narsadan ta'sirlanmaydi. Martabasi oliy. Doimo samarasini ham berib turadi.)","Robbi izni ila har doim mevalarini berib turadir. Alloh, shoyad eslasalar deb, odamlarga misollar keltiradir.","Yomon so`zning misoli, xuddi yomon daraxtga o`xshaydir. U yerdan uzilib qolgan, uning qarori yo`qdir.[1]###[1] (Yomon so`z, kufr so`zdir. U ildizi yerdan uzilgan, qo`porilgan, beqaror bir daraxtga o`xshaydi. Suvrati, shakli daraxtni eslatadi. Ammo uning na yerga chuqur ildiz otgan tomiri, na osmonga ko`tarilgan shoxlari va na mevasi bor. Shunga o`xshab, kufrning ham asli mustahkam emas. Sal narsaga qulaydi. Maqtashga arzimaydi. Beradigan samarasi ham yo`q.)","Alloh iymon keltirganlarni bu dunyo hayotida ham, oxiratda ham sobit so`z ila sobitqadam qilur. Alloh zolimlarni zalolatga ketkazur. Alloh xohlaganini qilur.","Allohning ne'matini kufrga almashtirgan va qavmlarini halokat diyoriga tushirganlarni ko`rmadingmi?[1]###[1] (O`ylab ko`rgin, bu narsa taajjublanarli emasmi? Alloh bir qavmga o`zlaridan payg`ambar yuborib, ularni iymonga, Islomga da'vat qilsa, oxirgi ilohiy kitobi Qur'onni indirib, hech kimga bermagan ulug` ne'matini ato etsa-yu, gumroh qavm bu ne'mat o`rniga kufrni ixtiyor qilsa! Iymonni kufrga almashtirib olsa! O`zlariga qo`shib qavmlarini ham halokat diyoriga tushirsalar!)","Jahannamga kirurlar. Bu qandoq ham yomon qarorgoh![1]###[1] (Ha, halokat diyori deyilganidan murod jahannamdir. Ular o`sha jahannamga kiradilar. Jahannam qanday ham yomon joy.)","Ular Allohning yo`lidan adashtirish uchun Unga tengdoshlar qildilar. Sen ularga: «Huzurlanib qoling! Bas, albatta, boradigan joyingiz do`zaxdir», deb ayt![1]###[1] (Odamlarni Allohning yo`lidan adashtirib, o`zingiz aytgan yo`lga yurgizib, gapingizni qildirib, o`zingizcha huzurlanyapsizmi? Mayli, hozircha huzurlanib turavering. Ammo bilib qo`yingki, albatta, oxir-oqibat boradigan joyingiz jahannamdir.)","Sen iymon keltirgan bandalarimga aytgin, namozni to`la-to`kis ado etsinlar. Savdo-sotiq, og`aynigarchilik yo`q bo`lgan Kun kelmasidan oldin ularga rizq qilib bergan narsalarimizdan maxfiy va oshkor infoq qilsinlar.","Alloh osmonlaru yerni yaratgan, osmondan suv tushirib, u ila mevalarni sizga rizq qilib chiqargan, O`z amri ila dengizda suzmog`i uchun kemalarni sizga bo`ysundirgan va anhorlarni sizga bo`ysundirgan Zotdir.","U sizga doimiy harakatdagi quyosh va oyni ham, shuningdek, kecha ila kunduzni ham xizmatchi qilib qo`ydi.","Va U sizga barcha so`ragan narsalaringizdan berdi. Agar Allohning ne'matlarini sanasangiz, sanog`iga yeta olmassizlar. Albatta, inson o`ta zolim va o`ta noshukrdir.","Esla, Ibrohim shunday demishdi: «Ey Robbim, bu yurtni omonlik yurti qilgin, meni va bolalarimni sanamlarga ibodat qilishimizdan chetda qilgin.","Ey Robbim, albatta, u(sanam)lar odamlardan ko`pini adashtirdilar. Bas, kim menga ergashsa, u mendandir. Kim menga osiy bo`lsa, albatta, O`zing mag`firat qilguvchi va rahimlisan.[1]###[1] (Ibrohim alayhissalom o`z davrlarida va undan oldingi zamonlarda but-sanamlar ko`plab kishilarning zalolatga ketishiga sabab bo`lganini yaxshi bilar edilar. Shuning uchun ham ushbu ma'nodagi duoni qildilar.)","Ey Robbimiz, haqiqatda men o`z zurriyotimdan Sening Baytul Haroming yoniga, giyohsiz vodiyga joylashtirdim. Ey Robbimiz, namozni to`kis ado etishlari uchun. Bas, O`zing odamlardan ba'zilarining qalblarini ularga talpinadigan qilgin va ularni mevalardan rizqlantirgin. Shoyad, shukr qilsalar.[1]###[1] (Alloh taolo Ibrohim alayhissalomning bu duolarini qabul etdi. Mazkur yurtni, Harami Sharifni omonlik yurti qilib qo`ydi. Uning omonligiga tahdid soladiganlarni halok qildi. U yerdagilar Allohga ibodatni to`g`ri qilib, namozni to`kis ado etganlarida, omonlikka qo`shib to`qchilikni ham berdi. Musulmon bo`lgan odamlar qalbini o`sha tomonga talpinib turadigan etib qo`ydi. U joyniyu aholisini, yerlarida hech narsa o`smasligiga qaramasdan, turli mevalar bilan rizqlantirib qo`ydi. Faqat, o`sha yer aholisining shukr qilishi qoldi, xolos.)","Ey Robbimiz, albatta, Sening O`zing maxfiy tutgan narsamizni ham, oshkor qilgan narsamizni ham yaxshi bilursan. Alloh uchun na yerdayu na osmonda biror narsa maxfiy qolmas.","Keksalik paytimda menga Ismoil va Is'hoqni ato qilgan Allohga hamd bo`lsin. Albatta, Robbim duoni eshitguvchidir.[1]###[1] (Ma'lumki, Ibrohim alayhissalom uzoq vaqt farzand ko`rmaganlar. To`qson yoshlarida Ismoil alayhissalom, so`ngra Is'hoq alayhissalom dunyoga kelgan. Keksa kishiga farzand berish Allohning ulug` ne'matidir.)","Ey Robbim, meni va zurriyotlarimni namozni to`kis ado etadiganlardan qilgin. Ey Robbimiz, duoni qabul etgin.","Ey Robbimiz, meni, ota-onamni va mo`minlarni hisob qilinadigan kuni mag`firat aylagin».","Sen hargiz, Alloh zolimlar qilayotgan narsadan g`ofil, deb gumon qilma. Faqatgina, ularni ko`zlar qotib qoladigan kungacha qo`yib qo`yadir, xolos.","Ular boshlarini ko`targan holda yugururlar. Ko`zlari o`zlariga qaytmas. Ko`ngillari esa, bo`m-bo`sh bo`lur.[1]###[1] (Ularning ko`zlari dahshatdan qotib qolgan. Atroflaridagi dahshatli narsalardan uzilmaydi. O`zlariga qaytmaydi. Qo`rquv tufayli bo`m-bo`sh bo`lib qolgan ko`ngillariga biron narsa sig`maydi.)","Sen odamlarni ularga azob keladigan Kundan ogohlantir. O`shanda zulm qilganlar: «Ey Robbimiz, bizni ozgina vaqt qo`yib turgin, Sening da'vatingni qabul qilamiz va Payg`ambarlarga ergashamiz», derlar. Bundan oldin sizlarga zavol yo`qligiga qasam ichmagan edingizmi?!","Va o`ziga zulm qilganlarning maskanlariga joylashmadingizmi? Sizga ularni qanday qilganimiz ravshan bo`lmadimi? Sizga misollar keltirmadikmi?[1]###[1] (Ushbu oyati karimada Alloh taolo Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomga o`zlarining asosiy ishlari — odamlarni ogohlantirishda bardavom bo`lishni amr etmoqda. Boshqa narsa bilan, ya'ni kimga iqob tez kelyapti-yu kimga kelmay turgani bilan ishing bo`lmasin. Qiyomat kuni hammaning ko`zi moshday ochilishi turgan gap.)","Darhaqiqat, ular o`z makrlarini qildilar. Holbuki, ularning makrlari, garchi makrlaridan tog`lar zavolga uchraydigan bo`lsa ham, Allohning huzuridadir.[1]###[1] (Kofir-mushriklar Payg`ambar alayhissalotu vassalomga, mo`minlarga, dinga qarshi qo`llaridan kelgan barcha makrlarni qildilar. Ammo ularning makrlari har qancha kuchli hatto tog`larni yo`q qilib yuboradigan darajada bo`lmasin, hech narsa qila olmaydilar. Chunki ularning barcha makrlari Alloh taoloning huzuridadir, U hammasini ko`rib, bilib turadi. O`zi xohlaganicha tasarruf qiladi.)","Sen, Alloh Payg`ambarlariga bergan va'dasiga xilof qiluvchi deb, gumon qilma. Albatta, Alloh Aziyz va intiqom egasidir.","Bu, yer boshqa yerga va osmonlar ham (boshqa osmonlarga) almashtiriladigan va u(odam)lar yolg`izu qahhor Alloh huzurida paydo bo`lishadigan Kunda bo`ladir.[1]###[1] (Ya'ni, qiyomat kunining dahshatidan bizga hozir juda ham ulkan bo`lib ko`rinib turgan Yer boshqacha, umuman boshqa yerga aylanib qoladi. Shuningdek, osmonlar ham o`zgarib ketadi. Odamlarning hammasi Alloh huzurida hisob-kitob uchun yig`iladilar. O`shanday kunda Alloh payg`ambarlarga va ularga ergashgan mo`minlarga najot beradi. Zolim va kofirlardan intiqom oladi.)","Va u kunda jinoyatchilarni kishanlar ila to`plangan hollarida ko`rasan.","Ularning kiyimlari qora moydan bo`lib, yuzlarini olov qoplagandir.","Alloh har bir jonga qilgan kasbiga yarasha jazo berishi uchundir. Albatta, Alloh tez hisob qilguvchidir.","Bu (Qur'on) odamlar uchun, ularning u ila ogohlantirilishlari, U yagona iloh ekanini bilishlari va aql egalari eslashlari uchun bayonotdir."]