["Alif. Laam. Ro. Ushbular kitobning va ravshan Qur'onning oyatlaridir.","Hali, kufr keltirganlar musulmon bo`lishni ham istab qolurlar.[1]###[1] (Ushbu holat jon taslim qilish chog`ida, qiyomat kuni Alloh taolo musulmonlarni jannatga kiritayotgan paytda, ba'zi gunohlari tufayli do`zaxga tushgan ahli qiblalar undan ozod bo`lib jannatga o`tayotganlarida bo`ladi.)","Ularni tek qo`y, yeb-ichib, huzurlanib, umidlar ila mashg`ul bo`lib yuraversinlar. Bas, tezda bilurlar.","Biz ma'lum bitiksiz hech bir shaharni halok etganimiz yo`q.","Hech bir ummat o`z ajalidan o`zib keta olmas va ortda ham qola olmas.","Ular: «Ey, zikr nozil qilingan kishi, albatta, sen majnunsan.","Agar rostgo`ylardan bo`lsang, bizga farishtalarni keltirsang-chi!» derlar.[1]###[1] (Bu gap ham, avval aytib o`tilgandek, o`zlariga o`xshagan odamni payg`ambar bo`lishini aqliga sig`dira olmaslikdan kelib chiqadi.)","Biz farishtalarni faqat haq ila tushiramiz, xolos. U holda ularga qarab turilmas.[1]###[1] (Farishtalarni tushirgan chog`imizda kofirlarga qarab turilmay ular halok qilinadi.)","Albatta, Zikrni Biz nozil qildik va, albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz.","Batahqiq, sendan oldin ham avvalgilar guruhlariga (Payg`ambar) yuborganmiz.","Ularga qaysi bir Payg`ambar kelsa, uni masxara qilmasdan qo`ymas edilar.","Shunga o`xshash, Biz uni jinoyatchilar qalbiga solamiz.","U(Qur'on)ga iymon keltirmaslar. Batahqiq, avvalgilarning sunnati — odati shundoq o`tgandir.","Agar ularga osmondan bir eshik ochsag-u, undan chiqib tursalar ham.","Ular: «Albatta, ko`zlarimiz bog`landi, balki biz sehrlangan qavmdirmiz», derlar.[1]###[1] (Allohning haqligi haqidagi mo`'jiza ko`rsatilib, qo`liga ushlatib qo`yilsa ham, ehtimol udir, ehtimol budir, balki tabiat qonunini men tushunmayotgandirman, deb turaveradilar.)","Batahqiq, Biz osmonlarda burjlar qilib qo`ydik va uni nazar soluvchilar uchun ziynatlab qo`ydik.[1]###[1] (Osmon hammaning ko`z o`ngida turibdi. Lekin hamma ham osmonni Allohning qudratiga dalolat qiluvchi buyuk mo`'jiza deb tushunavermaydi. Aslida, u mo`'jizadir. Xo`sh, shunday ulkan, bepoyon, cheksiz osmonni kim yaratgan? Yaratganda ham, yulduzlar yuradigan yo`llar — burjlar bilan kim yaratgan? Albatta, Alloh yaratgan.)","Uni har bir quvilgan shaytondan muhofaza qildik.","Magar birortasi o`g`rilikcha quloq ossa, ravshan olov uning ortidan tushar.","Biz yerni yoyib, ustiga baland tog`larni tashlab qo`ydik va unda o`lchangan turli narsalarni o`stirib qo`ydik.","Va unda sizlar uchun maosh vositalarini va siz rizqini bera olmaydigan kimsalarni qilib qo`ydik.","Hech bir narsa yo`qki, uning xazinalari Bizning huzurimizda bo`lmasa. Biz uni faqat ma'lum miqdor-la nozil qilurmiz.","Biz shamollarni urchituvchilar etib yubordik. Bas, osmondan suv tushirib, u ila sizlarni serob qildik. Sizlar uni to`plab oluvchi emassiz.[1]###[1] (Ya'ni, Biz shamollarni o`lchov bilan bulutlarni urchituvchi, bir-biriga qo`shib suv hosil qiluvchi etib yubordik. Asosan, yomg`irning yog`ishiga shamollar sabab bo`ladi. Ular ma'lum qoidalarga ko`ra esadi. Paydo bo`lgan bulutlarning bir-birlari ila qo`shilishlaridan suv hosil bo`ladi. Ana shundan keyin osmondan suv tushadi, yomg`ir yog`adi. Alloh taolo u suv bilan Yer yuzini, odamlarni serob qiladi. Deyarli hamma rizq osmondan tushgan shu suvga bog`liq bo`ladi. Inson esa, Alloh tayyor holda unga osmondan tushirib bergan suvni to`plab olishga ham qodir emas. Uni to`plashni ham buloq, quduq, anhor, yer osti ko`llari va boshqa vositalar orqali Alloh taoloning O`zi amalga oshiradi.)","Albatta, Biz o`zimiz tiriltirurmiz va Biz merosxo`rmiz.","Batahqiq, sizdan oldin kelganlarni bildik. Batahqiq, keyin kelganlarni ham bildik.","Albatta, sening Robbing O`zi ularni mahsharga jamlar. Albatta, U hikmatli va ilmli Zotdir.","Batahqiq, Biz insonni quruq loydan, o`zgartirilgan qora balchiqdan yaratdik.","Va jinlarni bundan oldin samum olovidan yaratdik.","Sen Robbingning farishtalarga: «Albatta, men quruq loydan, o`zgartirilgan qora balchiqdan bashar yaratguvchidirman.","Bas, qachonki uni to`g`rilab bo`lganimda va ichiga O`z ruhimdan puflaganimda, unga sajda qilgan holingizda yiqiling», deganini esla.","Bas, farishtalar barchalari sajda qildilar.","Magar iblis sajda qiluvchilar bilan birga bo`lishdan bosh tortdi.","U zot: «Ey, iblis! Senga ne bo`ldi, sajda qiluvchilar bilan birga bo`lmading?» dedi.","U: «Sen quruq loydan, o`zgartirilgan qora balchiqdan yaratgan basharga sajda qila olmasdim», dedi.","U zot: «Bas, sen undan chiq! Albatta, sen quvilgansan!","Va, albatta, senga to jazo kunigacha la'nat bo`lur!» dedi.","U: «Ey Robbim, meni ular qayta tiriladigan kungacha qo`yib qo`ygin», dedi.","U zot: «Albatta, sen qo`yib qo`yilganlardansan.","Ma'lum vaqt kunigacha», dedi.","U: «Ey Robbim, meni zalolatga ketkazganing sababidan, albatta, men ularga yer yuzida (gunohlarni) ziynatlab ko`rsataman va, albatta, ularning hammasini ig`vo qilaman.","Magar, ulardan tanlangan bandalaringni (adashtira olmasman)», dedi.","U zot: «Ushbu zimmamdagi to`g`ri yo`ldir:","Albatta, Mening bandalarim ustida sening sultoning yo`qdir, magar senga ergashgan gumrohlargagina bordir.","Albatta, jahannam ularning barchasining va'da qilingan joyidir.","Uning yetti eshigi bordir. Har bir eshik uchun ulardan taqsimlangan bo`lagi bordir», dedi.[1]###[1] (Ba'zi rivoyatlarda kelishicha, jahannam yetti qavatdan iborat bo`lib, har qavatining alohida eshigi bo`lar ekan. Har qavati bir-biridan ashaddiyroq bo`lar ekan. Chunki gumrohlik, xatokorlik ham har xil bo`ladi. Qilgan gunohi darajasiga qarab kofirlar turli qavatlarga kiritiladi. Shaytonga ergashgan gumrohlar taqsimlab, bo`lib-bo`lib, guruhlarga ajratib qo`yilgan bo`ladi. O`sha mazkur yetti eshikdan gunohining ko`p-ozligiga qarab birin-ketin kiritilaveradilar.)","Albatta, taqvodorlar jannatlar va chashmalardadir.","Ularga tinchlik, omonlik ila kiringlar, (deyilur).","Ularning dillaridagi g`illi-g`ishtlarni chiqarib tashladik. So`rilarda bir-birlariga boqib, do`st bo`lgan hollarida o`ltirurlar.[1]###[1] (Inson qanchalik moddiy rohat-farog`atga erishmasin, ko`nglida bir oz g`ashlik bo`lsa, unga o`sha rohat-farog`at tatimaydi. Shuning uchun Alloh taolo O`z rahmati ila jannatga sazovor qilgan taqvodor bandalarining dillarida g`ashliklar, ya'ni hiqdu hasad, ko`ra olmaslik kabi ba'zi bir illatlar bo`lsa, chiqarib tashlaydi.)","Ularni u joyda charchoq tutmas va ular undan chiqariluvchi ham emaslar.","Bandalarimga xabar bergil: «Albatta, Mening O`zim g`ofuru rohiymdirman».","Va, albatta, azobim alamli azobdir.","Ularga Ibrohimning mehmonlari xabarini ber.","Ular uning huzuriga kirganlarida: «Salom», dedilar. U: «Albatta, biz sizlardan qo`rqmoqdamiz», dedi.","Ular: «Qo`rqma, biz senga o`ta bilimdon o`g`ilning xushxabarini beramiz», dedilar.","U: «Meni keksalik tutganida, xushxabar berasizlarmi? Nimaning xushxabarini beryapsizlar, o`zi?» dedi.","Ular: «Biz senga haq ila bashorat berdik. Bas, sen noumid bo`luvchilardan bo`lma», dedilar.","U: «Faqat zalolatga ketgan kishilargina o`z Robbisining rahmatidan noumid bo`lurlar», dedi.[1]###[1] (Allohning rahmatidan noumid bo`lish faqat bir toifaga — yo`ldan adashgan, gumroh toifaga xos. Allohning rahmatidan yuz o`girib, zalolat yo`liga kirib ketgan kimsagina noumid bo`ladi, xolos.)","U: «Ey elchilar, nima ish ila yuborildingiz?» dedi.[1]###[1] (Ya'ni, menga juda bilimdon o`g`il xushxabarini berishdan boshqa yana nima ish bilan yuborildingiz, dedi.)","Ular: «Biz jinoyatchi qavmlarga yuborildik.","Magar Lut ahliga emas. Albatta, biz ularning hammasini qutqarguvchilarmiz.","Faqat uning xotinigina istisnodir. Uning albatta qoluvchilardan bo`lishini taqdir qildik», dedilar.","Elchilar Lut ahliga kelganlarida...","U: «Albatta, siz notanish qavmsiz», dedi.","Ular: «Yo`q! Biz senga ular shak qilayotgan narsa ila keldik.","Senga haq ila keldik va albatta, bizlar rostgo`ylardurmiz.","Ahling ila kechaning bir bo`lagida yo`lga chiq, sen ularning ortidan kuzatib bor. Sizlardan hech birlaringiz ortga qaramasin. Amr qilingan tomoningizga ketaveringlar», dedilar.","Va unga ushbu amrni vahiy qildik: «Albatta, anavilarning orqasi subh chog`i kesilajakdir».","Va shahar ahli sevinib, yetib keldilar.[1]###[1] (Lut alayhissalom qavmi yashaydigan Sadum shahrining jinoyatkor aholisi, Lutning uyiga chiroyli, yosh yigitlar kelgan emish, ular bilan fohisha ish qiladigan bo`libmiz, deb sevingan hollarida yetib keldilar.)","U: «Bular mening mehmonlarim, axir. Meni sharmanda qilmanglar», dedi.","Va: «Allohdan qo`rqinglar! Meni xor qilmanglar», dedi.","Ular: «Biz seni olamlardan qaytarmaganmidik?!» dedilar.[1]###[1] (Lut alayhissalom ularni o`taketgan fahsh ish bo`lmish bachchabozlikdan qaytarganlar, kimlarnidir himoya qilganlar va jinoyatchi qavm u kishiga olamda hech kimni himoya qilmaslikni aytib tahdid solgan. Ular hozir Lut alayhissalomga oralarida avval bo`lib o`tgan o`sha gap-so`zlarni eslatmoqdalar.)","U: «Agar (bu ishni) qiluvchi bo`lsangiz, anavu qizlarim bor», dedi.","Sening umring ila qasamki, albatta, ular o`z sarxushliklarida tentiramoqdalar.","Bas, ularni quyosh chiqish paytida dahshatli qichqiriq tutdi.","Bas, Biz bu(shahar)ning ostini ustin qildik va ular ustiga loyi qotgan toshlar yog`dirdik.","Albatta, bunda farosatli kishilar uchun oyat-belgilar bordir.","Albatta, u (shahar) boqiy yo`l ustidadir.[1]###[1] (Ya'ni, Lut alayhissalom qavmi halokatga uchragan shaharning vayronalari hozirgacha boqiy yo`l ustidadir. U orqali odamlar Hijoz bilan Shom o`rtasida qatnaydilar. Jumladan, Makka ahli ham Shomga borganlarida va u yerdan qaytganlarida, shu yo`ldan yuradilar.)","Albatta, bunda mo`minlar uchun ibrat bordir.","Albatta, bir-biriga kirishib ketgan daraxtzor egalari zolimlardan bo`lganlar.","Bas, Biz ulardan intiqom oldik. Albatta, ularning ikkovlari ham ochiq yo`l ustidadir.","Batahqiq, Hijr egalari Payg`ambarlarni yolg`onchiga chiqardilar.","Va ularga oyatlarimizni berdik. Bas, yuz o`giruvchi bo`ldilar.","Ular tog`dan o`yib uy yasab, omonlikda yurar edilar.","Bas, subhidam chog`ida ularni qattiq qichqiriq tutdi.","Qilgan kasblari ularga biron foyda bermadi.","Biz osmonlaru yerni va ulardagi narsalarni haq ila yaratdik. Albatta, qiyomat kelguvchidir. Bas, sen go`zal shaklda yuz o`gir.","Albatta, Robbing yaratguvchi va bilguvchi Zotdir.","Va, batahqiq, senga yetti takrorlanuvchini va Ulug` Qur'onni berdik.[1]###[1] (Oyatdagi «etti takrorlanuvchi»dan murod Fotiha surasidir. Chunki bu surai karima yetti oyatdan iborat bo`lib, juda ko`p takrorlanadi. Namozning har rakaatida qayta-qayta o`qiladi.)","Biz ulardan ba'zi guruhlarni bahramand qilgan narsalarga (havas-la) nazar solma! Ular uchun xafa ham bo`lma! Mo`minlarga qanotingni pastlat!","Va: «Albatta, men ochiq-oydin ogohlantirguvchiman», deb ayt.","Xuddi taqsimlovchilarga tushirganimizga o`xshash.[1]###[1] (Ahli kitob; yahudiy va nasorolar o`zlariga kelgan ilohiy kitoblarni taqsimlab, bir qismiga iymon keltirib, bir qismiga iymon keltirmagan edilar. Ana o`shalarga kitob tushirganimizga o`xshab senga ham kitob tushirdik.)","Qur'onni parcha-parcha qilganlarga.[1]###[1] («Qur'onni parcha-parcha qilgan taqsimlovchilar» deganda ahli kitob yahudiy va nasorolar nazarda tutilgandir. Ular o`zlariga kelgan ilohiy kitoblarni taqsimlab, bir qismiga iymon keltirib, bir qismiga iymon keltirmagan edilar. Endi Qur'onni ham parcha-parcha qilib, o`z fikrlariga mos kelganini olib, to`g`ri kelmaganini tark etmoqchi bo`lmoqdalar.)","Bas, Robbing ila qasamki, albatta, ularning hammasidan so`rarmiz.","Qilib yurgan ishlari haqida.","Bas, senga amr etilgan narsani yuzaga chiqar va mushriklardan yuz o`gir.[1]###[1] (Ushbu oyat nozil bo`lgunga qadar Rasululloh alayhissalotu vassalom odamlarni dinga sirli-yashirin ravishda da'vat etar edilar. Bu oyatdagi «yuzaga chiqar» degan amrga muvofiq oshkora da'vatni boshladilar. Mushriklarning gap-so`zlariga e'tibor bermay qo`ydilar.)","Albatta, Biz senga istehzo qiluvchilardan kifoya qilurmiz.","Ular Alloh bilan birga boshqa iloh (sherik) qilurlar. Bas, tezda bilurlar.","Albatta, Biz ularning aytayotganlaridan sening diling siqilishini yaxshi bilurmiz.","Bas, Robbing hamdi ila tasbih ayt va sajda qilguvchilardan bo`l.","Va senga aniq narsa (o`lim) kelgunicha Robbingga ibodat qil.","Allohning amri keldi. Bas, uning tezroq kelishini talab qilmay qo`ya qoling. U zot ular keltirayotgan shirklardan pok va oliy bo`ldi.","U O`z amri ila farishtalarni ruh — vahiy bilan bandalaridan O`zi xohlaganlariga: «Ogohlantiringlar. Albatta, Mendan o`zga iloh yo`q. Bas, Menga taqvo qilinglar», deb nozil qilur.","U osmonlaru yerni haq ila yaratdi. U ular shirk keltirayotgan narsalardan oliy bo`ldi.","U insonni nutfadan yaratdi. Endi esa, u (inson) ochiq-oydin xusumatchi bo`lib turibdi.","U chorva hayvonlarini ham yaratdi. Ularda siz uchun issiqlik, manfaatlar bor va ulardan yeysizlar ham.","Va siz uchun ularda kechki payt (o`tloqdan) qaytayotganlarida va ertalab (o`tloqqa) ketayotganida jamol bor.","Va ular yuklaringizni siz jon mashaqqatisiz yeta olmaydigan yurtlargacha ko`tarib boradi. Albatta, Robbingiz mehribon va rahimlidir.","Otlar, xachirlar va eshaklarni minishingiz va ziynat uchun (yaratdi) va siz bilmaydigan narsalarni yaratur.[1]###[1] (Ya'ni, Alloh taolo kelajakda sizlar uchun tuya, ot, xachir va eshakdan boshqa siz bilmaydigan naqliyot vositalarini yaratadi. Darhaqiqat, shunday ham bo`ldi. Ushbu oyatlar tushgan davrda mavjud bo`lmagan havoda, suvda va yerda yuradigan ko`plab naqliyot vositalari vujudga keldi. Bu esa, o`z navbatida, Qur'oni Karim mazkur: «va siz bilmaydigan narsalarni yaratadi», jumlasi ila mo`min-musulmonlarni kelajak yangiliklaridan xabardor qilayotganiga dalolatdir.)","Yo`llarning maqsaddagisi Allohga oiddir. Ulardan egrisi ham bordir. Agar xohlasa, albatta, hammangizni hidoyat qilgan bo`lardi.[1]###[1] (Bu dunyoda hissiy yo`llarga o`xshab, ma'naviy yo`llar ham ko`pdir. O`sha ma'naviy yo`llar ichida yaxshisi ham, yomoni ham bor: Eng to`g`ri yo`l, ya'ni maqsadga erishtiradigan, ikki dunyo saodatiga olib boradigan yo`l — Alloh yo`lidir.)","U osmondan suvni tushirgan Zotdir. Sizga unda sharob va (chorvalaringizni) o`tlatadigan daraxt bordir.","U o`sha (suv) ila sizga ekinlarni, zaytunni, xurmolarni, uzumlarni va turli mevalarni o`stirur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir.","U sizga kechaniyu kunduzni, quyoshniyu oyni xizmatkor qildi. Yulduzlar Uning amri ila xizmatkordir. Albatta, bunda aql yuritguvchi qavmlar uchun oyat-belgilar bordir.[1]###[1] (Bu oyatda zikri kelgan narsalar ham Allohning buyuk ne'matlaridir. Masalan, kecha bilan kunduzning qanchalik ulug` ne'matlar ekanini anglab yetish uchun ikkovidan biri yo`q bo`lishini tasavvur qilishning o`zi kifoya.)","Va siz uchun yerda turli rangda qilib yaratgan narsalarini ham (xizmatkor qildi). Albatta, bunda eslaydigan qavmlar uchun oyat-belgi bordir.[1]###[1] (Alloh taolo yer osti boyliklarini ham insonga ulug` ne'mat o`laroq berdi. Ranglari xilma-xil bo`lgan bu ne'matlarning hammasi inson uchun beminnat xizmat qiladi. O`sha ne'matlarni yer ostidan topib olgan ba'zi insonlargina bir-birlariga minnat qiladilar, xolos.)","U dengizni siz undan toza go`sht yeyishingiz, undan taqadigan taqinchoqlar chiqarib olishingiz uchun, unda (suvni) yorib ketayotgan kemalarni ko`rasan, hamda Uning fazlini talab qilishingiz uchun xizmatkor qildi. Shoyadki, shukr keltirsangiz.[1]###[1] (Alloh taoloning suvdagi ne'matlari ham juda ko`pdir. Ushbu oyatda ulardan ba'zilari zikr qilinmoqda.)","U zot yer sizlarni tebratib yubormasligi uchun uning ustiga baland tog`larni tashlab qo`ydi. Anhorlaru yo`llarni ham. Shoyadki, to`g`ri yo`l topsangiz.","Va alomatlar hamda yulduzlar ila ular yo`l topurlar.","Yaratadigan Zot yaratmaydigan zot kabi bo`lurmi? O`ylab ko`rmaysizlarmi?","Agar Allohning ne'matlarini sanasangizlar, sanog`iga yeta olmassizlar. Albatta, Alloh o`ta mag`firatli va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Ha, Allohning bandalariga bergan ne'matlari sonsiz-sanoqsizdir. Ularning ba'zilari yuqoridagi oyatlarda eslatib o`tildi. Aslida esa, agar insonlar o`zlariga berilgan ne'matlarni hisoblashga urinsalar, sanab sanog`iga yeta olmaydilar. Shunday son-sanoqsiz ne'matning shukrini hech kim ado qila bilmaydi. Agar Alloh hamma ne'matlari uchun to`la-to`kis shukrni talab etsa, bandalarga juda qiyin bo`lardi.)","Alloh nimani sir tutayotganingizni va nimani oshkor qilayotganingizni biladir.","Ularning Allohdan o`zga ibodat qilayotganlari hech narsani yarata olmaslar. Holbuki, o`zlari yaratilurlar.","O`liklardir, tirik emaslar va qachon qayta tiriltirilishlarini bilmaslar.","Ilohingiz yagona ilohdir. Oxiratga iymon keltirmaydiganlarning qalblari inkor qiluvchidir, o`zlari esa mutakabbirdirlar.","Shubhasizki, Alloh nimani sir tutayotganlarini va nimani oshkor qilayotganlarini biladir. Albatta, U mutakabbirlarni xush ko`rmas.","Qachonki, ularga: «Robbingiz nimani nozil qildi?» deyilsa, ular: «Avvalgilarning afsonalarini», derlar.","Qiyomat kuni o`z gunohlarini to`laligicha va jaholat ila yo`ldan adashtirganlarining gunohlaridan ko`tarishlari uchundir. Ogoh bo`ling! Ular ko`targan narsa qandoq ham yomon![1]###[1] (Mazkur kofirlar kufrlari, Qur'onga iymon keltirmay yurganlari va odamlarni Qur'ondan to`sganlari uchun yetarli jazo oladilar. Qiyomat kunida ular o`z gunohlarini to`laligicha ko`taradilar, ya'ni shunga yarasha jazoga yo`liqtiriladilar. Bunga qo`shimcha ravishda, o`zlari jaholat ila Qur'onga qarshi tashviqot olib borib yo`ldan adashtirgan kishilarning gunohlaridan ba'zisini ham ko`taradilar. Unga yarasha qo`shimcha jazo ham oladilar. O`z gunohlariga boshqalarning gunohlarini ham qo`shib ko`taradilar.)","Batahqiq, ulardan oldingilar ham makr qilganlar. Bas, Alloh binolarini poydevoridan yiqitdi. Shift ularning ustiga qulab tushdi. Va ularga o`zlari sezmagan tomondan azob keldi.","So`ngra qiyomat kunida U zot ularni xor qilur va: «Sizlar ular haqida tortishib yurgan Mening «sheriklarim» qani?» der. Ilm berilganlar: «Bugungi kunda xorlik va yomonlik kofirlargadir», derlar.","Farishtalar ularning jonlarini o`zlariga zulm qilgan hollarida olgandir. Ular, hech bir yomonlik qilmagan edik, deya taslim bo`lurlar. Yo`q! Albatta, Alloh nima amal qilib yurganingizni bilguvchi Zotdir.","Bas, jahannam eshiklaridan, unda abadiy qolguvchi bo`lgan holingizda kiring! Bas, mutakabbirlarning qaytar joyi qandoq ham yomon![1]###[1] (Bu dunyoda mutakabbirlik bilan dinni inkor qilganingiz, odamlarni din yo`lidan qaytarib, adashtirganingiz uchun jahannam eshiklaridan kiring. Kirganda ham, unda abadul-abad qoladigan bo`lib kiring. Mutakabbirlarning jazosi shu bo`ladi.)","Va taqvo qilganlarga: «Robbingiz nimani nozil qildi?», deyildi. Ular: «Yaxshilikni», dedilar. Chiroyli amallar qilganlar uchun bu dunyoda chiroyli (mukofot) bordir. Albatta, oxirat diyori yaxshiroqdir. Robbilarining diyori naqadar yaxshi.[1]###[1] (Mushriklarga «Robbingiz nimani nozil qildi?» deyilganida, «Avvalgilarning afsonalarini», deyishgan edi. Chunki ular dinga, Qur'onga o`tgan avlodlarning afsonasi, eskilik sarqiti, deb qaradilar. Shuning uchun yomon oqibatga uchradilar. O`sha mushrik va kofirlardan farqli o`laroq taqvodorlar yaxshi oqibatga erishdilar.)","U adn jannatlaridir. Ularga kirganlarida ostilardan anhorlar oqib turar, ular uchun u yerda istagan narsalari bor. Alloh taqvodorlarni ana shunday mukofotlar.","Farishtalar ularning jonlarini pok hollarida ola turib: «Sizlarga salom bo`lsin. Qilib yurgan ishlaringiz tufayli jannatga kiring», derlar.[1]###[1] (Ha, o`lim farishtalari ham taqvodorlar bilan go`zal muomalada bo`ladilar. Ularning jonlarini olishda muloyimlik bilan, pok hollarida salom berib turib, jannatga kirishlarini aytib bashorat beradilar.)","Ular o`zlariga (o`lim) farishtalari yoki Robbingning (azob) amri kelishiga intizor bo`lib turibdilarmi? Ulardan oldingilar ham shunday qilgan edilar. Alloh ularga zulm qilmadi. Lekin ular o`zlariga zulm qilgan edilar.","Bas, qilgan yomon amallari o`zlariga yetdi va istehzo qilgan narsalari o`zlarini o`radi.[1]###[1] (Ya'ni, ularga yomonlik tashqaridan kelgani yo`q. O`zlari o`zlarining boshlariga yetdilar. Qilgan yomon amallariga yarasha jazo oldilar, xolos.)","Shirk keltirganlar: «Agar Alloh xohlaganida, biz ham, ota-bobolarimiz ham undan o`zga hech narsaga ibodat qilmas edik hamda Uning hukmisiz biron narsani harom qilmagan bo`lar edik», dedilar. Ulardan oldingilar ham shunday qilganlar. Payg`ambarlar zimmasida faqat ochiq-oydin yetkazish bor, xolos.[1]###[1] (Alloh taolo insonni hidoyatga ham, zalolatga ham qobiliyatli qilib yaratdi. So`ngra xohlagan yo`lini tanlashni ixtiyoriga havola etdi. Shunga yarasha ularga aql va sezgi a'zolarini berdi. Shuningdek, payg`ambarlar yuborib, kitoblar nozil qildi va shariatlar joriy etdi.)","Batahqiq, Biz har bir ummatga: «Allohga ibodat qiling va tog`utdan chetlaning», deb Payg`ambar yuborganmiz. Bas, ulardan ba'zilarini Alloh hidoyat qildi. Ba'zilariga esa, zalolat haq bo`ldi. Bas, yer yuzida sayr qilib yurib, yolg`onga chaqiruvchilarning oqibati qanday bo`lganiga nazar soling.[1]###[1] (Hidoyat yo`lini ixtiyor qilib, unga intilganlarni Alloh taolo hidoyatga yo`lladi. Zalolat-kufr yo`lini ixtiyor etib, o`sha tomonni ko`zlaganlarga zalolat haq bo`ldi. Bu ikki toifaning hech birini Alloh majburlagani yo`q.)","Agar sen ularning hidoyatiga o`ta qiziqsang ham, Alloh zalolatga ketkazgan kimsalarni hidoyat qilmas. Ularga nusrat berguvchilardan bo`lmas.","Ular jon-jahdlari bilan: «Alloh o`lganlarni qayta tiriltirmas», deb Alloh nomi ila qasam ichdilar. Yo`q! Bu, U zotning zimmasidagi haq va'dadir. Lekin odamlarning ko`plari bilmaslar.[1]###[1] (Yo`q! Ey mushriklar, siz aytayotgan gaplar behuda gaplardir. O`lganlarni qayta tiriltirish, Allohning zimmasidagi haq va'dadir. Alloh va'dasiga xilof qilmaydi. O`lganlarni albatta qayta tiriltiradi.)","Ularga ixtilof qilib yurgan narsalarini bayon qilib berish uchun, kufr keltirganlar o`zlarining shubhasiz yolg`onchi ekanlarini bilishlari uchun (qayta tiriltirur).","Agar Biz bir narsaning bo`lishini iroda qilsak, unga «bo`l» demog`imiz kifoya. Bas, o`sha narsa bo`lur.","Zulmga duchor bo`lganlaridan so`ng Allohning yo`lida hijrat qilganlarni bu dunyoda, albatta, go`zal(joy)ga joylashtiramiz. Va oxirat ajri kattaroqdir, agar biladigan bo`lsalar.","Ular sabr qilgan va Robbilariga tavakkal qilganlardir.[1]###[1] (Muhojirlar ana o`sha qiyinchiliklarga, mashaqqatlarga, azob-uqubatlarga sabr qilgan ulug` kishilardir. Ular Allohning roziligi uchun sabr qilgan va bu asnoda faqat Robbilariga tavakkal etgan hamda faqat Ungagina suyangan zotlardir.)","Biz sendan oldin ham faqat er kishilarni yuborib, ularga vahiy qilganmiz. Agar bilmaydigan bo`lsangiz, zikr ahllaridan so`ranglar.","Ochiq-oydin bayonotlar va kitoblar ila (yubordik). Va senga odamlarga nozil qilingan narsani o`zlariga bayon qilib berishing uchun Zikrni nozil qildik. Shoyadki, tafakkur qilsalar.[1]###[1] (Qur'oni Karimning ismlaridan biri «zikr» ekanini boshqa joylarda ham aytib o`tgan edik. Ushbu oyat ham uni «zikr» deb atamoqda. Ya'ni, payg`ambarlarni o`z qavmlariga turli ochiq-oydin bayonotlar va kitoblar bilan yubordik. Seni esa, ey Muhammad, odamlarga nozil qilingan narsani o`zlariga bayon qilib berishing uchun zikr — Qur'on ila yubordik.)","Makr ila yomonliklar qilganlar Alloh ularni yerga yutqazib yuborishidan yoki ularga kutmagan tomonlaridan azob kelib qolishidan xotirjam bo`ldilarmi?!","Yoxud ularni harakatlari asnosida olishidan, ular U zotni ojiz qoldiruvchi bo`la olmasliklaridan (xotirjammilar)?[1]###[1] (Agar Alloh xohlasa, ularni harakatda bo`lib, shaharma-shahar kezib, sayru sayohat yoki boshqa ishlar bilan mashg`ul bo`lib yurganlarida ham olaveradi. Allohni ojiz qoldirib, qochib qutula bilmaydilar. Nimaga ishonib kofir holida yuribdilar?)","Yoki U zot ularni xavfsirab turgan hollarida olishidan ham (xotirjammilar)? Albatta, Robbingiz mehribon va rahimlidir.","Axir ular Alloh yaratgan har bir narsaning soyalari o`ngga, chapga moyil bo`lib, Allohga sajda qilib yotganini va ular bo`ysunuvchi ekanini ko`rmaydilarmi?![1]###[1] (Barcha mavjudotlarning Alloh joriy etgan qonun-qoidalarga bo`ysunishlarini ushbu oyati karima, Allohga sajda qilish, deb ta'riflamoqda.)","Osmonlaru yerdagi barcha jonzotlar va farishtalar faqat Allohga sajda qilurlar. Ular mutakabbirlik qilmaslar.","Ular ustilaridagi Robbilaridan qo`rqurlar va o`zlariga amr qilingan narsalarni qilurlar.","Alloh: «Ikkita iloh tutmangiz. Haqiqatda, U yolg`iz ilohdir. Bas, Mendangina qo`rqingiz», dedi.","Osmonlaru yerdagi narsalar Unikidir. Din ham bardavom Unikidir. Allohdan o`zgadan qo`rqasizlarmi?","Sizda qaysiki ne'mat bo`lsa, Allohdandir. So`ngra, qachonki sizga yomonlik yetsa, Ungagina yolvorasiz.","So`ngra, U sizdan yomonlikni kushoyish qilgan chog`da, ko`ribsizki, sizdan bir guruh o`z Robbilariga shirk keltirurlar.[1]###[1] (Yomonlik yetgan paytida faqat Allohga yolborib turgan odamlardan ba'zilari Alloh taolo ularga yetgan yomonlikni ketkazgandan so`ng yana Allohga shirk keltirishga o`tadilar.)","Ularga bergan narsalarimizga kufr keltirurlar. Bas, huzurlanib turinglar, tezda bilursiz.","Va ular o`zlari (mohiyatini) bilmagan narsaga Biz ularga bergan rizqdan nasiba ajraturlar. Allohga qasamki, o`zingiz uydirgan yolg`on narsa haqida albatta so`ralursiz.[1]###[1] (Ya'ni, mushriklar o`zlari asl mohiyatini bilmaydigan butlariga Biz bergan rizqdan nasiba ajratadilar. Johiliyat paytida mushriklar ba'zi hayvonlarni ma'lum bir butlarga atab qo`yar edilar. O`sha hayvon atalgandan so`ng, bu falon xudoning nasibasi, deb unga alohida ehtirom ila muomala qilinardi. O`sha hayvon minilmas, ustiga yuk yuklanmas, suti ichilmas, go`shti ham yeyilmas edi.)","Ular qizlarni Allohniki qilishur. U (bundan) pokdir. Ularga esa, ko`ngillari tusagani (emish).[1]###[1] (Alloh «qizi bor» degan aybdan pokdir. Chunki farzandga muhtoj bo`lish nuqsondir. Allohning hech qanday nuqsoni yo`qdir. Mushriklarga ko`ngillari tusagan o`g`il farzandlar emish. Johiliyat davrida qiz farzand or-nomus hisoblanar edi. Shuning uchun mushriklardan hech kim qiz farzand ko`rishni xohlamas edi.)","Qachonki ulardan biriga qizning xushxabari berilsa, g`am-alamga to`lib, yuzi qorayib ketur.","Unga berilgan xushxabarning yomonligidan (uyalib) qavmidan berkinur. U(qiz)ni xorlik-la olib qolsamikin yoki tuproqqa ko`msamikin? Ogoh bo`ling! Ular qilgan hukm naqadar yomon.","Oxiratga iymon keltirmaydiganlarning misoli yomon misoldir. A'lo misol Allohnikidir. U Aziyz va Hakiymdir.","Agar Alloh odamlarni qilgan zulmlariga binoan tutganida, yer yuzida bitta ham jonzotni qo`ymas edi. Lekin ularni belgilangan ajaliga qo`yib qo`yur. Qachonki, ajallari kelsa, uni bir soat orqaga ham, oldinga ham sura olmaslar.","Ular o`zlari yoqtirmagan narsani Allohniki qilurlar. Ularning tillari esa, yolg`ondan o`zlariga go`zal (oqibat) bo`lishini vasf qilur. Hech shubha yo`qki, ularga, albatta, do`zax bo`lur va, albatta, ular unutilganlardir.","Allohga qasamki, Biz sendan oldingi ummatlarga ham (Payg`ambar) yuborganmiz. Bas, shayton ularga amallarini ziynatlab ko`rsatdi. U bugun ularning do`stidir. Ularga alamli azob bo`lur.","Biz senga kitobni, faqat, ularga o`zlari ixtilof qilgan narsalarni bayon qilishing uchun, iymon keltiradigan qavmlarga hidoyat va rahmat etib nozil etdik, xolos.[1]###[1] (Ha, Alloh taolo Muhammad alayhissalotu vassalomga Qur'oni Karimni turli xalqlarning haq va botil, iymon va kufr, yaxshilik va yomonlik hamda boshqa narsalar ustidagi ixtiloflarini bayon etib berish uchun nozil qildi.)","Alloh osmondan suv tushirib, u ila yerni o`limidan keyin tiriltirdi. Albatta, bunda eshitadigan qavmlar uchun oyat — belgilar bordir.[1]###[1] (Er o`lik bo`lsa, Yer yuzidagi narsalar ham jonsiz bo`ladi. Yer tirilishi bilan uning ustidagi hamma narsalarga jon kiradi. Demak, suv hamma narsaga hayot bag`ishlaydi. Suvni esa, faqatgina Alloh taolo tushira oladi. Hamma narsaga hayotni faqat Allohgina bera oladi. Demak, hamma narsaga ma'bud bo`lishga faqat Allohgina haqlidir.)","Chorva hayvonlarida ham siz uchun, albatta, ibrat bordir. Biz sizlarni ularning qornidan, go`ng va qon orasidan ichuvchilar(tomog`i)dan oson o`tuvchi sof sut ila sug`oramiz.","Va xurmo va uzumlarning mevalaridan mast qiluvchi narsa va go`zal rizq olursiz. Albatta, bunda aql yuritguvchilar uchun oyat — belgi bordir.[1]###[1] (Ushbu oyati karima Qur'oni Karimda mast qiluvchi ichimlik haqida nozil bo`lgan to`rt oyatning birinchisidir, bu oyatda mast qiluvchi ichimlik haqida bir hukm yo`q. Ammo uning yaxshi rizqqa qiyosan yomon ekaniga ishora bor. Bu ishora mast qiluvchi ichimlikka qarshi qur'oniy targ`ibotning boshlanishidir.)","Robbing asalariga: «Tog`lardan, daraxtlardan va ko`tarilgan so`ritoklardan uy tutgin.","So`ngra hamma mevalardan yegin. Bas, Robbing oson qilib qo`ygan yo`llardan yurgin», deb vahiy qildi. Ularning qorinlaridan turli rangdagi sharob chiqar. Unda odamlar uchun shifo bordir. Albatta, bunda tafakkur qiluvchilar uchun oyat — belgi bordir.[1]###[1] (Alloh taoloning hayvonotlarga, jumladan, asalariga vahiy qilishi unga ilhom berishi hisoblanadi. Alloh taolo asalarini yaratganda unga his-tuyg`u va ilhomni qo`shib yaratgani uchun u ko`pgina aqlli insonlar ham qila olmaydigan aniqlik bilan o`ziga topshirilgan ishni bajaradi.)","Alloh sizlarni yaratgandir. So`ngra, U sizlarni vafot ettiradir. Sizlardan ba'zilar bilimli bo`lgandan so`ng, hech narsa bilmasligi uchun, umrning eng zaifligiga qaytariladir. Albatta, Alloh bilguvchi va qodirdir.","Alloh rizqda ba'zingizni ba'zingizdan afzal qildi. Bas, afzal qilinganlar o`z rizqlarini qo`llarida mulk bo`lganlarga, hamma teng bo`lsin deb, beruvchi emaslar-ku. Allohning ne'matini inkor qiladilarmi?!","Alloh sizlarga o`zlaringizdan juft(halol)lar qildi va sizlarga juftlaringizdan bolalar va nabiralar qildi hamda sizlarga pok rizqlarni berdi. Botilga iymon keltiradilar-u, Allohning ne'matiga kufr keltiradilarmi?![1]###[1] (Oyati karimada jon, jufti halol, farzand va nabira kabi ne'matlar haqida so`z ketmoqda. Bu orqali o`sha ulug` ne'matlarni berishga yagona Allohning o`zi haqli ekani ta'kidlanadi. Shuningdek, Alloh taolo mazkur ne'matlardan bahramand bo`lgan bandalarning yagona ilohi-ma'budi bo`lishga ham haqli ekaniga ishorat qilinadi.)","Va Allohdan o`zga — ularga osmonlaru yerdan hech bir rizqqa molik bo`la olmaydigan va hech narsaga qodir bo`la olmaydigan — narsalarga ibodat qilurlarmi?[1]###[1] (Allohdan o`zga ibodat qilayotgan o`sha narsasi nima ekanini o`ylab ko`rmaydimi? Nima uchun unga sig`inyapti o`zi? Axir, sig`inayotgan narsasi unga biror rizqni bera olmaydi-ku?! U narsa rizq ham, ne'mat ham berishga qodir emas-ku! Xo`sh, rizq berishga qodir bo`lmagan, hech bir rizq bera olmaydigan narsaga nima uchun ibodat qiladi?! Ey mushriklar!!!)","Allohga misol keltirmanglar! Albatta, Alloh biladir. Sizlar esa, bilmassizlar.","Alloh hech narsaga qodir bo`lmaydigan mamluk — qul bilan Biz uni yaxshi rizq ila rizqlantirgan va o`shandan maxfiy va oshkora infoq qiladigan kimsani misol keltiradi. Ular teng bo`lurlarmi? Hamdu sano Allohgadir. Lekin ko`plari bilmaslar.[1]###[1] (Ushbu misol oyati karima nozil bo`lgan joydagi arab johiliy jamiyati voqe'ligidan olingandir. Islomni inkor etib, Allohga shirk keltirayotganlarning boshliqlari Qurayshning zodagon-boylari edi. U davrdagi boylarning mamluk-qullari bor edi. Bu qullar egasiga mulk, o`zlari hech narsaga haqsiz bir jonzot edi. Ko`p rizqu ro`zga ega bo`lib, hammaga xayru ehson qilayotgan xo`jayin bilan uning hech narsasi yo`q mamluk quli teng bo`ladimi? Albatta, teng emaslar. Demak, hammaning xoliqi va roziqi Alloh taolo bilan hech narsaga qodir bo`lmagan, mushriklar ibodat qilayotgan butlar ham teng bo`la olmaydilar.)","Alloh ikki kishini zarbulmasal keltirdi. Birlari soqov, hech narsaga qodir bo`lmas. U o`z xojasiga yukdir. Qayerga yuborsa ham, yaxshilik keltirmas. O`sha odam bilan o`zi to`g`ri yo`lda turib, boshqalarni adolatga amr qiladigan kishi barobar bo`lurmi?","Osmonlaru yerning g`ayb(ilm)i Allohnikidir. Soat (qiyomat) ishi esa, ko`z ochib-yumgandek yoki undan ham yaqinroqdir. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir.","Alloh sizni onalaringiz qornidan hech narsa bilmaydigan holingizda chiqardi. U sizga quloq, ko`zlar va dillarni berdi. Shoyadki, shukr qilsangiz.[1]###[1] (Dunyoda faqat inson bolasigina juda ojiz holda tug`iladi. Boshqa hayvonlarning bolalari tug`ilgandan bir oz o`tib, harakatga tushadi, o`zi yuradi, onasini emadi va boshqa hojatlarini chiqaradi. Inson bolasi esa, yig`idan boshqa hech narsani bilmay turaveradi. Har bir narsani unga soat, kun, hafta, oy emas, balki yil davomida o`rgatish kerak. O`sha o`rganish ham Alloh bergan xususiyatlar bilan bo`ladi.)","Osmon havosidagi beminnat bo`ysundirilgan qushlarga qaramaydilarmi? Ularni faqatgina Alloh ushlab turadir, xolos. Albatta, bunda iymon keltiradigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir.","Alloh sizga uylaringizni oromgoh qildi. U sizga chorva hayvonlarining terisidan ko`chadigan va qo`nadigan kuningizda yengil ko`tariladigan uylar qildi. Ularning junlari, yunglari va qillaridan ma'lum vaqtgacha jihoz va mato bo`ladigan qildi.[1]###[1] (Insonning uyi eng qulay oromgohi hisoblanadi. Uydan boshqa joyda odam oromini yo`qotadi. Shuning uchun ham Islom dinida uyga va uning osoyishta, xotirjamlik makoni bo`lishiga katta e'tibor berilgan.)","Alloh sizga O`zi yaratgan narsalardan soyalar qilib qo`ydi va sizga tog`lardan boshpanalar, sizlarni issiqdan saqlaydigan kiyimlar va zarbadan saqlaydigan kiyimlar qilib qo`ydi. Shunday qilib, U sizlarga O`z ne'matini batamom qilib berdi. Shoyadki, musulmon bo`lsangiz.[1]###[1] (Bu o`rinda inson, ayniqsa, ushbu oyati karima tushgan joy va vaqtning odami kundalik hayotida muhtoj bo`lib turadigan Allohning ne'matlari haqida gap ketmoqda.)","Agar yuz o`girib ketsalar, bas, sening zimmangda ochiq-oydin yetkazib qo`yish, xolos.","Ular Allohning ne'matini tanirlar, keyin esa, inkor qilurlar. Ularning ko`plari kofirlardir.[1]###[1] (Allohning ne'matini bila turib inkor qilgan kishi aniq kofir bo`ladi.)","U kunda barcha ummatlardan guvoh keltirurmiz, so`ngra, kufr keltirganlarga (uzr uchun) izn ham berilmas va ular itobga ham qaytarilmaslar.[1]###[1] (Qiyomatda Alloh taolo o`tgan ummatlardan har biriga o`zining payg`ambarini guvoh qilib keltiradi. Ko`pchilik oldida hamma narsa ayon bo`ladi. Sharmandasi chiqqan kofirlar, uzr aytmoqchi bo`ladilar. Ammo uzr aytishga izn berilmaydi. Ular hayoti dunyoga yana qaytarilishlarini, itobdan so`ng yaxshi ishlari qilishlariga imkon berilishini so`raydilar. Unga ham izn berilmaydi.)","Zulm qilganlar azobni ko`rgan vaqtlarida, ulardan u yengillatilmas va ularga muhlat ham berilmas.","Va shirk keltirganlar o`zlarining «sherik»larini ko`rgan chog`larida: «Ey Robbimiz, anavilar bizning Sendan o`zga ibodat qilgan «sherik»larimiz», derlar. Bas, u(sherik)lar bularga: «Albatta, sizlar yolg`onchidirsizlar», deb so`z tashlarlar.[1]###[1] (Bu dunyoda Allohni tan olmasdan qiyomatga kelib, Allohga «Ey Robbimiz» deb murojaat, iltijo qiladigan bo`lib qolibdilar. Avvallar boshqani Robbimiz deb yurganlar endi o`sha Robbilarini «anavilar» deydigan bo`lib qolishibdi. O`sha «anavilar» ularni adashtirib o`ziga ibodat qildirganligini yuzlariga soldilar.)","O`shal kunda u(mushrik)lar Allohga taslim bo`lurlar va uydirib yurgan narsalari botil bo`lur.[1]###[1] (Oxiratda butu sanamlarimiz bizga shafoatchi bo`lur, deya o`zlaricha to`qib chiqargan umidlari botil bo`ladi.)","Kufr keltirgan va Allohning yo`lidan to`sganlarga fasod qilganlari uchun azob ustiga azob ziyoda qildik.[1]###[1] (Kofirlik yomon fasoddir. Odamlarni Allohning dinidan to`sish undan ham yomonroq fasod sanaladi.)","Har bir ummatga o`zidan guvoh olib kelgan kunimizda seni anavilarga (ummatingga) guvoh qilib keltiramiz. Senga Kitobni har bir narsani bayon qiluvchi etib, musulmonlarga hidoyat, rahmat va xushxabar qilib nozil etdik.[1]###[1] (Ya'ni, qiyomat kuni har bir ummatga payg`ambarini guvoh etganimizdek, seni ham ummatingga guvoh qilib keltiramiz. Senga Qur'oni Karimni nozil qilishdan maqsad har bir narsani bayon qilib berishdir. Qur'on mo`minlar uchun Allohning rahmatidir, musulmonlar uchun hidoyatdir. Qur'oni Karim mo`minlar uchun xushxabardir, ularga iymonlari orqasidan keladigan yaxshiliklar xushxabarini beradi.)","Albatta, Alloh adolatga, ehsonga, qarindoshlarga yaxshilik qilishga amr etadir va fahshu munkar (ishlardan) hamda zulmkorlikdan qaytarur. U sizlarga va'z qilur. Shoyadki, eslasangiz.[1]###[1] (Abdulloh ibn Mas'ud roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda u kishi: «Qur'ondagi eng jamlovchi oyat shu oyatdir. Ergashiladigan yaxshilikni ham, chetlanishi lozim bo`lgan yomonlikni ham jamlab zikr qilgan», deydilar. Alloh buyurgan adolat — islomiy mutlaq adolatdir. Bu adolatga ko`ra, har bir shaxs, jamoat va har bir qavmga odilona muomalada bo`linadi. Hamma uchun o`lchov bir. «Ehson» — yaxshilik qilish ma'nosini anglatadi. Islomda uning eshigi keng ochilgan. «Fahsh» so`zining lug`aviy ma'nosi haddan oshishlikdir. Lekin urfda kishilar nomusiga taalluqli jinoyatlar tushuniladi. «Munkar» deganda, insonning sof tabiati inkor qiladigan ishlar ko`zda tutiladi. Buni, albatta, shariat ham inkor etadi. «Zulmkorlik» esa, haqqa tajovuz qilish va adolatni buzishdir. Darhaqiqat, bular eslashga arzigulik va'z-nasihatdir.)","Agar ahdlashsangiz, Allohning ahdiga vafo qiling. Qasamlarni ta'kid qilinganidan so`ng buzmang. Batahqiq, Allohni o`zingizga kafil qilgansiz-a! Albatta, Alloh nima qilayotganingizni bilur.","To`qigani kuchli bo`lgandan so`ng uni so`kib yuborgan xotinga o`xshab, bir ummat boshqa ummatdan ziyodroq bo`lgani uchun, qasamlaringizni orangizga aldov vositasi qilib olmang. Albatta, bu bilan sizni Alloh sinamoqda, xolos. Albatta, U qiyomat kuni nima haqida ixtilof qilganingizni bayon qilib berur.[1]###[1] (Ahdni buzish, asosan, o`z manfaatlarini ko`zlab, ko`proq kuchli tomonga yaltoqlanish maqsadida bo`ladi.)","Agar Alloh xohlasa, sizlarni bir ummat qilar edi. Lekin xohlagan kimsani zalolatga ketkazadi va xohlagan kimsani hidoyat qiladir. Va, albatta, qilib yurgan amallaringizdan so`ralursiz.","Qasamlaringizni orangizda aldov vositasi qilib olmang. Bas, qadam sobit bo`lganidan so`ng toymasin va Allohning yo`lidan to`sganingiz uchun yomonlikni tatib yurmang. Sizga ulkan azob bo`lmasin.","Allohning ahdini oz bahoga sotib yubormang. Agar bilsangiz, siz uchun, albatta, Allohning huzuridagi narsa yaxshiroqdir.","Sizning huzuringizdagi narsa tugaydir. Allohning huzuridagi narsa esa, boqiydir. Albatta, Biz sabr etganlarni qilib yurgan amallarining eng go`zaliga beriladigan ajr ila mukofotlarmiz.","Erkagu ayol, kim mo`min holida yaxshi amal qilsa, Biz unga yaxshi hayot kechirtiramiz va, albatta, ularni qilib yurgan amallarining eng go`zaliga beriladigan ajr ila mukofotlarmiz.","Qur'on o`qigan chog`ingda, Allohdan quvilgan shayton (sharri)dan panoh so`ragin.[1]###[1] (Ya'ni, avval «A'uzu billahi minash shaytonir rojiym»ni aytib turib, keyin Qur'on qiroatini boshlagin. «A'uzu billahi»ni aytish Qur'oni Karim tilovati uchun tilni poklaydi. Kishini Allohning kitobi Qur'oni Karimni o`qishga tayyorlaydi. Shaytonning vasvasasidan saqlaydi. Butun vujudi va shuurini Alloh tomon buradi. Ushbu oyati karimadan ulamolarimiz Qur'on o`qishni boshlamoqchi bo`lgan har bir insonga «A'uzu billahi»ni aytish vojibligi hukmini chiqarganlar. Chunki Alloh shunga amr qilmoqda. Allohning amri har bir mo`minga vojib. Uni qilmagan odam gunohkor bo`ladi.)","Albatta, iymon keltirganlarga va o`z Robbilariga tavakkal qilganlarga u(shayton)ning sultoni yo`q.","Uning sultoni faqat uni do`st tutadiganlarga va u sababli mushrik bo`lganlarga, xolos.","Qachonki, Biz bir oyat o`rnini boshqa bir oyat ila almashtirsak, — holbuki, Alloh nimani nozil qilishni O`zi yaxshi bilguvchidir — ular: «Shubhasiz, sen uydirmachisan!» derlar. Yo`q! Ularning ko`plari bilmaslar.[1]###[1] (Avvalgi o`rgangan suralarimizda Qur'ondagi ba'zi oyatlar kezi kelganda ma'lum sabablarga ko`ra nasx etilib, Alloh ularning hukmi o`rniga boshqa oyat ila boshqa hukm joriy qilishini bilgan edik. Ushbu oyatda Qur'ondagi ba'zi oyatlarning nasx bo`lishiga mushriklarning munosabatlari bildirilmoqda.)","Sen uni ruhul qudus Robbingdan iymon keltirganlarni sobitqadam qilish uchun va musulmonlarga hidoyat va xushxabar etib haq ila tushirganini ayt.[1]###[1] (Ey Muhammad! Sen ularga Qur'onni Alloh taolo huzuridan ruhul qudus unvoniga ega bo`lgan farishta Jabroil alayhissalom olib tushganini ayt.)","Batahqiq, bilamizki, albatta, ular: «Unga faqat bashar ta'lim bermoqda, xolos», derlar. Ular gumon qilayotganning tili ajamiydir. Bu esa, ochiq-oydin arab tilidadir.[1]###[1] (Qadimgi Quraysh kofirlari, Muhammadga Qur'onni Jabr, Balzot yoki Ya'iysh o`rgatdi, deb ajam qullarning ismlarini aytganlar. Ulardan bir ming to`rt yuz yil so`nggi kofirlar, Muhammad katta olimlarni to`plab Qur'onni yozdirdi, so`ngra ularning hammasini o`ldirib yuborib, kitobni bedapoyaga tashlab qo`ydi-da, odamlarni chaqirib kelib, mana menga osmondan kitob tushdi, deb da'vo qildi, deyishdi. Ushbu uydirmani uyalmay-netmay dars qilib o`tishdi. Ularning bu uydirmasi o`zlarining aqlsizliklariga dalolat ekanini tushunib yetishmas edi. Kofir bo`lgandan keyin shu ekan-da!)","Albatta, Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlarni Alloh hidoyatga solmaydi va ularga alamli azob bordir.","Yolg`onni faqat Allohning oyatlariga iymon keltirmaydiganlargina to`qirlar. Ana o`shalar o`zlari yolg`onchilardir.","Kim iymondan so`ng Allohga kufr keltirsa, — qalbi iymon ila orom topa turib zo`rlanganlar bundan mustasno — kim ko`ksini kufrga ochsa, bas, ularga Allohdan g`azab bor. Ularga ulkan azob bor.[1]###[1] (Mushriklar sahobalardan Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va u kishining otalari Yosir roziyallohu anhu hamda onalari Sumayya roziyallohu anholarni ham tutib kelib, dindan qaytarish uchun qattiq azobladilar. Ular azoblarga chidam bilan sabr qilib, iymonlaridan qaytishga ko`nmadilar. Sumayya roziyallohu anhoning ikki oyoqlarini qoziqqa bog`lab, avrat joylariga nayza sanchdilar. So`ngra Ammorning otasi Yosir roziyallohu anhuni ham o`ldirdilar. Bu ikki ulug` inson — eru xotin Islom yo`lida, iymon uchun birinchi shahidlar bo`lish sharafiga erishdilar. Ammorning ko`z o`ngida ham onasini, ham otasini o`ldirgan mushriklar uni ham o`ldirishga qasd qilganlarida uning og`zidan kofirlarni rozi etadigan gap chiqdi. Shunda mushriklar uni o`ldirmadilar. Odamlar Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomning huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli, Ammor murtad bo`ldi», dedilar. Bunga javoban Rasululloh alayhissalotu vassalom: «Yo`q! Ammor boshidan tovonigacha iymonga to`liqdir. Iymon uning etiga ham, qoniga ham singib ketgandir», dedilar. So`ng ushbu oyat nozil bo`ldi.)","Bu, ularning dunyo hayotini oxiratdan ustun qo`yganlari sababidandir. Albatta, Alloh kofir qavmlarni hidoyat etmas.","Ana o`shalarning qalblari, quloqlari va ko`zlariga Alloh muhr bosgandir. Ana o`shalar g`ofillardir.","Hech shubha yo`qki, oxiratda ular ziyon ko`rguvchilardir.","So`ngra, albatta, Robbing fitnaga uchraganlaridan keyin hijrat etib, jihod qilgan va sabr etganlari uchun, albatta, Robbing shulardan keyin mag`firatli va rahimlidir.","U kunda har jon o`zi haqida tortishish uchun kelur va har bir jonga amaliga yarasha vafo qilinur hamda ularga zulm etilmas.[1]###[1] (Ya'ni, qiyomat kunida har kim o`zini o`ylab, o`zini azobdan qutqazish payida bo`lib qoladi. Boshqalarni tamoman unutadi.)","Alloh bir shaharni zarbulmasal qiladi: u omonlik va xotirjamlikda edi. Rizqi har makondan serob holda kelib turardi. So`ng, u Allohning ne'matlariga kufr keltirdi. Bas, Alloh unga, qilgan ishlari uchun, ochlik va xavf kiyimini tottirdi.[1]###[1] (Ya'ni, qilgan noshukrchiliklari, keltirgan kufrlari uchun ularga ochlik va xavfni kiyim qilib kiygazib qo`ydi. Allohning amri bilan Makkaga yetti yil qahatchilik kelgani, uning aholisi o`limtiklar, tuyaning yungi va odatda yeb bo`lmaydigan boshqa narsalarni yeganlari hammaga ma'lum. Shunday qilib, Alloh ularni to`qlikdan ochlikka chiqardi. Musulmonlar Madinai Munavvaraga hijrat etib, o`sha yerda o`z jamiyatlarini qurganlaridan so`ng esa, ahli Makkadan xotirjamlik ne'matini ham olib, ularni xavf-xatarda yashaydigan qilib qo`ydi. Ular musulmonlar Makkani fath etishi uchun kelib qolarmikan, degan xavfda yashardilar.)","Batahqiq, ularga o`zlaridan Payg`ambar keldi. Bas, ular uni yolg`onchiga chiqardilar. Keyin, zolim bo`lganlari uchun, ularni azob tutdi.[1]###[1] (Ahli Makka bu payg`ambarga iymon keltirish, u bilan faxrlanish o`rniga, uni yolg`onchiga chiqardi, unga turli bo`htonlar qildi va ozorlar berdi.)","Bas, Alloh sizga rizq qilib bergan narsalardan halol-pok holida yeng. Va agar unga ibodat qiladigan bo`lsangiz, Allohning ne'matiga shukr qiling.","Sizlarga faqat o`limtikni, qonni, cho`chqa go`shtini va Allohdan o`zgaga atab so`yilgan narsalarnigina harom qildi. Kim zolim va haddan oshuvchi bo`lmagan holida majbur bo`lib qolsa, albatta, Alloh mag`firatli va rahimlidir.[1]###[1] (Insonni yaratgan va unga ne'matlarini bergan zot — Alloh taoloning O`zigina insonga nima halol va nima harom ekanini ham belgilab beradi.)","Allohga nisbatan yolg`on to`qish uchun tillaringiz vasf qilgan yolg`onni gapirib: «Bu halol, bu harom», deyavermanglar. Albatta, Allohga nisbatan yolg`on to`quvchilar najot topmaslar.[1]###[1] (Inson ne'matni roziq Allohdan oladi. Shuning uchun insonning halol yoki harom haqida hukm chiqarishga haqqi yo`qdir. Kimki o`zi haqsiz bo`lgan narsaga aralashib, «Bu halol, bu harom», desa, Alloh taologa nisbatan yolg`on to`qigan bo`ladi.)","Ozgina matoh va alamli azob bor.","Yahudiy bo`lganlarga esa, senga bundan oldin aytib bergan narsalarimizni harom qildik. Biz ularga zulm qilmadik. Lekin ular o`zlariga zulm qilgan edilar.[1]###[1] (Ushbu oyatda ishora etilayotgan, — Alloh yahudiylarga harom qilgan narsalar An'om surasida kelgan.)","So`ngra, albatta, Robbing bilmasdan yomon amal qilganlarga, undan keyin esa, tavba qilib yaxshi amallarni qilganlarga, albatta, Robbing shulardan so`ng mag`firatli va rahimlidir.","Albatta, Ibrohim Allohning itoat qilguvchi, haqqa moyil ummati edi. Mushriklardan bo`lgan emas.","Uning ne'matlariga shukr qilguvchi edi. U zot uni tanlab oldi va sirotul mustaqiymga hidoyat qildi.","Unga bu dunyoda yaxshi (hayot) berdik. Oxiratda esa, u, albatta, solihlardandir.","So`ngra, senga: «Ibrohimning haqqa moyil millatiga ergash. U mushriklardan bo`lmagan edi», deb vahiy qildik.","Shanba, faqat, u to`g`risida ixtilof qilganlar zimmasiga yuklandi, xolos. Albatta, Robbing qiyomat kunida ular orasida ixtilof qilgan narsalari haqida hukm chiqarur.[1]###[1] (Yahudiylarga farz qilingan shanba kunini ulug`lash ham Ibrohim alayhissalomning millatlarida yo`q narsa. Alloh yahudiylar ixtilof qilganlari uchun jazo sifatida joriy etgandir.)","Robbingning yo`liga hikmat va yaxshi mav'iza ila da'vat qil. Va ular ila go`zal uslubda mujodala et. Albatta, Robbing O`z yo`lidan adashganlarni o`ta bilguvchi va hidoyat topguvchilarni ham o`ta bilguvchidir.[1]###[1] (Avvalo, da'vat «Allohning yo`liga» bo`lmog`i kerak. Ba'zi shaxslarga, guruhlarga emas, xolis Allohning yo`liga bo`lishi kerak. Ikkinchidan, da'vat hikmat bilan amalga oshirilishi kerak. Bunda da'vat qilinayotganlarning ijtimoiy, madaniy saviyasini e'tiborga olib, og`ir kelmaydigan yo`sinda da'vat qilish lozim. Uchinchidan, da'vat yaxshi mav'iza orqali yo`lga qo`yilmog`i kerak. Kishilarni qiziqtirish uchun chiroyli gaplarni topib gapirish zarur. Ularni nafratlantirmaslik lozim. To`rtinchidan, kishilar bilan «go`zal uslubda munozara qilish» kerak. Allohning yo`liga da'vat, avvalo, fikriy harakatdir. Fikriy harakat bor joyda munozara bo`lishi turgan gap. Islom da'vatchisi munozarani g`oyatda go`zal uslubda olib borishi kerak. U raqibi bilan talashib, tortishib, baqir-chaqir, urush-janjal etmasdan, uning tab'iga yo`l topib, unga qanoat hosil qildirib, o`zi sezmagan holda Islomga moyil bo`lib qoladigan ustalik bilan munozara olib borishi lozim. Beshinchidan, da'vatchi o`z vazifasi da'vat qilish ekanini, hidoyat va zalolat Allohga bog`liqligini hech qachon unutmasligi kerak.)","Agar iqob qiladigan bo`lsangiz, o`zingizga qilingan iqobga o`xshash iqob qiling. Agar sabr qilsangiz, albatta, u sabr qilguvchilar uchun xayrlidir.[1]###[1] (O`rni kelganda sabr qilib o`ch olmaslik ham, xayr bo`lib, Islom da'vatiga foyda keltirishi mumkin.)","Sabr qil, sening sabring faqat Alloh ila bo`lur. Ular (holi)ga xafa bo`lma. Ular qilayotgan makrdan siqilma.","Albatta, Alloh taqvo qilganlar va go`zal ishlar qilganlar bilandir."]