["O`z bandasini kechasi Masjidul Haromdan atrofini barakali qilganimiz Masjidul Aqsoga mo`'jizalarimizni ko`rsatish uchun sayr qildirgan Zot pok bo`ldi. Albatta, U eshitguvchi va ko`rguvchi Zotdir.","Va Biz Musoga kitobni berdik va u(kitob)ni Bani Isroilga hidoyat qilib: «Mendan o`zgani vakil tutmanglar!» dedik.","(Ey) Nuh bilan birga ko`targanlarimizning zurriyotlari! Albatta, u o`ta shukrli banda edi.[1]###[1] (Nuh alayhissalom o`ta shukrli banda edi. Unga iymon keltirganlar ham o`ta shukrli bandalar edilar. Sizlar ham shukrli bo`linglar.)","Biz u kitobda Bani Isroilga, yer yuzida ikki marta buzg`unchilik qilursizlar va katta tug`yonga ketursizlar, deb bildirdik.","Bas, o`sha ikki(buzg`unchilik)dan birinchisining va'da vaqti kelganda, ustingizga shiddatli kuch-qudratga ega bandalarimizni yuboramiz. Bas, ular hovli-joylarni oralab kezadilar. Bu, qilinishi lozim va'da edi.[1]###[1] (Turli imkonlarga ega bo`lib, muqaddas yerda yuksaladilar. So`ngra buzg`unchilikka o`tadilar. Sizga qilmishingizning jazosini kuch-quvvatga ega bandalarimiz beradi, sizlarni topib, azoblab o`ldiradilar. Ulardan qochib qutula olmaysiz.)","So`ngra, sizga ular ustidan g`alabani qaytardik va sizga molu dunyo va farzandlar ila madad berdik. Va sizlarning adadingizni ko`p qilib qo`ydik.","Agar yaxshilik qilsangiz, o`zingiz uchun yaxshilik qilasiz. Agar yomonlik qilsangiz ham, o`zingiz uchundir. Bas, keyingi(buzg`unchilik)ning va'da vaqti kelganda, yuzingizni qora qilishlari uchun, masjidga avval kirganlaridek kirishlari uchun va egallagan narsalarini tamoman parchalashlari uchun (bandalarimizni yuborurmiz).[1]###[1] (Siz o`zingizning qilmishingiz ila o`sha va'daning yuzaga chiqishiga sabab bo`lganingizda... U bandalarimiz shiddatli kuch-quvvat egalari bo`ladilar. Ular masjidga — Baytul Maqdisga avval qanday kirgan bo`lsalar, shunday kiradilar va o`zlari egallagan narsalarni tamoman parchalab yo`q qilib tashlaydilar.)","Shoyad, Robbingiz sizga rahim qilsa. Agar siz qaytsangiz, Biz ham qaytamiz. Va jahannamni kofirlarga zindon qilganmiz.","Albatta, bu Qur'on eng to`g`ri yo`lga hidoyat qilur va yaxshi amallarni qiluvchi mo`minlarga, albatta o`shalarga, ulug` ajr borligi xushxabarini berur.","Albatta, oxiratga iymon keltirmaydiganlarga, o`shalarga, alamli azobni tayyorlab qo`ydik.","Inson yaxshilikka duo qilganidek, yomonlikka ham duo qilur. Inson shoshqaloq bo`lgandir.[1]###[1] (Ya'ni, iymonsiz, Qur'on hidoyatidan mahrum bo`lgan har bir inson o`zini yaxshilikka urganidek, yomonlikka ham uraveradi. Chunki u nima yaxshi va nima yomon — ajrata olmaydi. Shuningdek, yaxshilik tilab duo qilganidek, yomonlik tilab ham duo qilaveradi. U avval yomonlikni anglab yetmaydi, anglagan chog`ida ham undan o`zini to`xtata olmaydi.)","Kecha va kunduzni ikki belgi — alomat qildik. Kecha alomatini mahv etdik. Robbingizdan fazl talab qilishingiz va yillar adadini hamda hisobini bilishingiz uchun kunduz alomatini ko`rsatuvchi qildik. Va har bir narsani batafsil bayon qilganmiz.","Biz har bir insonning amalini bo`yniga bog`lab qo`yganmiz va qiyomat kuni unga kitob chiqaramizki, u unga ochilgan holda ro`baro` bo`lur.","Kitobingni o`qi, bugungi kunda sen o`zingga o`zing hisobchilikka kifoya qilursan (deyilur).[1]###[1] (Boshqa hisobchining keragi yo`q. Hamma ishlaring shu kitobda yozilgan, o`qib olsang bo`ldi. O`zing o`zingga hisobchisan, guvohsan.)","Kim hidoyatga yursa, faqat o`zi uchungina hidoyat topadir. Kim zalolatga ketsa, faqat o`zi uchungina zalolatga ketadir. Hech bir jon o`zganing og`irligini ko`taruvchi bo`lmas. Toki Payg`ambar yubormagunimizcha, azoblovchi bo`lgan emasmiz.","Qachon bir shaharni halok etishni istasak, uning maishatparastlarini (itoatga) amr qilamiz, bas, ular u(shahar)da fisq qilurlar. Shunda unga «so`z» haq bo`lur. Bas, Biz u(shahar)ni mutlaqo vayron qilurmiz.[1]###[1] (Har bir yurtning maishatparastlari bor. Ular kattakon amaldorlar va har xil nozu ne'matga ko`milgan kishilar toifasidir. Fazilat, muqaddas narsa, gunoh yoki savob kabi tushunchalar ularning xayoliga ham kelmaydi. Ko`ngillari tusagan ishni qilishga o`rganib qoladilar. Ko`ngillari esa, doimo fisqu fasodni, harom maishatni tilaydi. A'yonlari shu darajaga yetishiga tomoshabin bo`lib turgan xalqdan ham yaxshilik kutilmaydi. Bunday yurt halok bo`lishga sazovordir.)","Nuhdan so`ng qanchadan-qancha asrlarni halok qildik. Bandalarining gunohlaridan xabardor bo`lish va ularni ko`rishda Robbing O`zi kifoya qilur.","Kim shoshgan(dunyo)ni istasa, unga bu dunyoda iroda qilgan kishimizga nimani xohlasak, shoshilinch berurmiz. So`ngra, unga jahannamni berurmiz. Unga xor va quvg`inga uchragan holda kirur.[1]###[1] (Bunday kishi bu dunyoda kerak narsasiga erishib oladi. Ammo oxiratiga hech narsa qolmaydi.)","Kim oxiratni istasa va unga erishish uchun mo`min bo`lgan holida kerakli harakatini qilsa, bas, ana o`shalarning harakatlari maqbuldir.[1]###[1] (Ya'ni, odam oxiratda yaxshi natijaga erishtiradigan ishlarni qilishi, oxiratda jahannamga duchor etadigan ishlarning yaqiniga yo`lamasligi lozim bo`ladi.)","Barchaga — manavilarga ham, anavilarga ham Robbingning atoyu ne'matlaridan cho`zamiz. Robbingning atoyu ne'matlari cheklangan emas.[1]###[1] (Barcha bandalarga, ya'ni oxiratni istagan, iymonga kelib, ibodat qilib, kerakli sa'y-harakatlarni qilganlarga ham, dunyoni istab, iymonga kelmay, isyon qilib, gunohkor bo`lib yurganlarga ham Robingning ato-yu ne'matlaridan beramiz.)","Ba'zilarini ba'zilaridan qanday afzal qilib qo`yganimizga nazar sol. Albatta, oxirat darajasi va afzalligi kattaroqdir.[1]###[1] (Bu dunyoda ba'zi odamlarga ko`proq ne'mat tegsa, boshqalaridan afzal bo`lib yuraveradilar. Ammo bu hollari haqiqiy afzallik, haqiqiy yuksak martaba emas. Oxiratning daraja va afzalligi haqiqiydir. Chunki bu daraja va afzalliklar abadiy qolajakdir. O`zini bilgan odamlar ana o`sha afzallik va ana o`sha darajaga erishish uchun harakat qiladilar.)","Alloh bilan birga o`zga ilohni (sherik) qilma! Yana, mazammatga uchrab, chorasiz o`tirib qolmagin.","Robbing faqat Uning O`zigagina ibodat qilishingni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka yetsalar, bas, ularga «uff» dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so`z ayt![1]###[1] (Bu jumlaning «uff» so`ziga bog`liq ikki xil ma'nosi bor. Bir ma'nosi — ota-onaga yomon so`z aytib, behurmat qilma, degani bo`lsa, ikkinchi ma'nosi — ota-onang oldida «uff» dema, ular bolam og`ir holga tushibdi, deb ozorlanadilar, deganidir.)","Ikkovlariga mehribonlik ila xokisorlik qanotingni pastlat va: «Robbim, alar meni kichiklikda tarbiya qilganlaridek, ularga rahim qilgin», deb ayt.","Robbingiz sizning dilingizdagi narsani ham o`ta bilguvchidir. Agar ahli solihlardan bo`lsangiz, albatta, U sertavbalar uchun sermag`firatdir.","Qarindoshga haqqini ber! Miskinga va yo`l o`g`liga ham. Isrofgarchilikka mutlaqo yo`l qo`yma.","Albatta, isrofchilar shaytonlarning birodarlari bo`lganlar. Shayton esa, Robbiga o`ta noshukr bo`lgandir.","Agar ulardan Robbingdan rahmat talab qilgan holda yuz o`giradigan bo`lsang, bas, ularga muloyim so`z aytgin.[1]###[1] (Ko`lingda beradigan narsang bo`lmasa, ota-ona, qarindosh, miskinlarga moddiy yordam bera olmay yuz o`giradigan bo`lsang, Robbingdan kelajakda senga ham rizq-ro`z — rahmat talab qilgan holda ularga shirin so`z ayt. «O`zimda hech vaqo yo`q-ku, senlarga nimani berar edim! kabi qo`pol so`zlarni aytish yaxshi emas. «Kechirasizlar, hozir bir oz qo`lim qisqaroq bo`lib turuvdi, Allohning rahmatidan umidvormiz, bizga ham ne'matidan berib qolsa, insha Alloh, sizlarga ham beramiz», kabi shirin so`zlar aytish kerak.)","Qo`lingni bo`yningga bog`lab olma. Uni bir yo`la yozib ham yuborma. Yana, malomat va hasratda o`tirib qolmagin.[1]###[1] (Baxil odam kutilmaganda hamyonimga qo`l solib, birovga pul berib yubormay, deb qo`lini bo`yniga bog`lab olgan kishiga o`xshatilmoqda. Har bir narsa tavozin ila me'yorida qilish tavsiya etiladi. Bir narsani juda oshirib ham yuborilmaydi yoki, aksincha, juda yo`q darajaga ham tushurib qo`yilmaydi. Balki o`rtacha me'yorida ado etiladi.)","Albatta, Robbing rizqni kimga xohlasa, keng qilur yoki tor qilur. Albatta, U bandalaridan xabardor va ko`rguvchi Zotdir.","Bolalaringizni faqirlikdan qo`rqib o`ldirmang. Biz ularni ham, sizlarni ham rizqlantiramiz. Albatta, ularni o`ldirish katta xatodir.[1]###[1] (Johiliyat davrida arablarda faqirlik va ochlikdan qo`rqib farzandni tiriklay ko`mib yuborish odati bor edi.)","Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u fohisha ish va yomon yo`ldir.[1]###[1] (Oyatda «zino qilmanglar» emas, balki «zinoga yaqinlashmanglar» deyilmoqda. Bu degani, zino qilmanglar, degandan ko`ra qattiqroqdir. Mo`min-musulmon odam zino qilish tugul, uning yaqiniga ham yo`lamasligi kerak. Zinoga olib boruvchi narsalardan ham uzoqda bo`lishi lozim.)","Alloh (o`ldirishni) harom qilgan jonni o`ldirmang. Magar haq ila bo`lsa, mayli. Kimki mazlum holida o`ldirilsa, uning valiyiga haq berganmiz. Bas, u o`ldirishda isrof qilmasin. Albatta, u nusrat berilgan odamdir.","Yetimning moliga, toki u balog`at yoshiga yetguncha, yaqinlashmanglar. Magar yaxshilik ila bo`lsa, mayli. Ahdga vafo qilinglar. Albatta, ahd mas'ul bo`lgan ishdir.","O`lchagan chog`ingizda to`liq o`lchang va to`g`ri tarozi ila torting. Ana o`sha yaxshidir va oqibati go`zaldir.","O`zing bilmagan narsaga ergashma! Albatta, quloq, ko`z va dil — ana o`shalar, mas'uldirlar.","Yer yuzida kibru havo ila yurma! Albatta, sen zinhor yerni teshib yubora olmaysan va zinhor bo`yda tog`larga yeta olmaysan!","Bularning barcha yomoni Robbining huzurida xush ko`rilmagandir.[1]###[1] (Ya'ni, yuqoridagi oyatlarda zikr qilingan narsalarning yomonlari Alloh sevmagan ishlardir.)","Ushbular Robbing senga vahiy qilgan ba'zi hikmatlardir. Alloh bilan birga o`zga iloh qilma. Yana, jahannamga malomat qilingan va quvilgan holingda tashlanmagin.","Robbingiz sizlarga o`g`illarni xos qilib berib, farishtalarni O`ziga qiz qilib oldimi? Albatta, sizlar zo`r gapni aytmoqdasiz.[1]###[1] (Arab mushriklari qiz farzandni hech yoqtirmas edilar. Boshqa oyatlarda zikr qilinganidek, ulardan qiz ko`rgani qattiq xafa bo`lib, yuzi qorayib ketar edi. Qiz farzand to`g`risida shunchalar salbiy e'tiqodda bo`la turib, arab mushriklari, farishtalar Allohning qizlari, deb e'tiqod qilishar edi. Oyati karimada ularning mazkur noto`g`ri aqidalari inkor etilmoqa.)","Batahqiq, Biz bu Qur'onda eslashlari uchun bayon qildik. Lekin bu ularga nafratdan o`zgani ziyoda qilmas.","Sen: «Agar, ular aytganidek, U bilan birga boshqa ilohlar bo`lganida, ular Arsh egasi tomon yo`l izlardilar», deb ayt.[1]###[1] (Bu oyat mushriklarning Allohdan boshqa ibodatga sazovor turli ilohlar bor, degan da'volariga raddiyadir. Farazan, mushriklar aytayotganidek, Alloh taolo bilan birga boshqa ilohlar bo`lsa edi, o`sha ilohlar Arsh egasi bo`lmish Alloh tomon, unga yaqinlashaman deb yoki uning mulkiga sohib bo`laman, deb yo`l izlagan bo`lar edilar.)","U zot ular aytayotgan narsadan pok va nihoyatda oliydir.","Unga yetti osmonu yer va ulardagi kimsalar tasbih aytur. Uning hamdi ila tasbih aytmagan hech bir narsa yo`q. Lekin ularning tasbihini anglamaysizlar. Albatta, u haliym va sermag`firat Zotdir.[1]###[1] (Arab tilida tasbih aytish «Allohni poklab yod etish» ma'nosini anglatadi. Ushbu oyati karima butun borliq, barcha mavjudot Alloh taoloni aybu nuqsondan poklab tasbih aytishini ta'kidlamoqda.)","Qachon Qur'on qiroat qilsang, sen bilan oxiratga iymon keltirmaydiganlar orasida ko`rinmas parda qilurmiz.[1]###[1] (Ana o`sha ko`rinmas parda ularni Qur'onga ishonishdan to`sib turadi.)","Va qalblariga, uni anglamasliklari uchun, g`ilof qildik va quloqlarini kar qildik. Qachon sen Qur'onda Robbingning yolg`iz O`zini zikr qilsang, ular ortlariga o`girilib qochurlar.","Biz ular nima sababdan tinglayotganlarini, ular seni tinglayotganlarida o`zaro pichirlashayotganlarini, zolimlarning: «Sizlar sehrlangan kishiga ergashyapsiz, xolos», deganlarini ham yaxshi bilurmiz.[1]###[1] (Ular Qur'ondan manfaat olish, hidoyat topish uchun emas, masxara qilish, ayb topish uchun eshitadilar.)","Ular senga qanday misol keltirganlariga nazar sol! Bas, zalolatga ketdilar va (to`g`ri) yo`lga qodir bo`lmaslar.","Ular: «Suyak va titilgan tuproq bo`lganimizdan keyin ham, yana yangidan yaratilib tiriltirilamizmi?» dedilar.","Sen:«Tosh yoki temir bo`lib olinglar.","Yoki ko`ngillaringizda katta ko`ringan boshqa biron maxluq (bo`lib olinglar)», deb ayt. Bas, ular: «Bizni kim qayta tiriltirur», derlar. Sen:«Sizlarni birinchi marta yo`qdan bor qilgan Zot», degin. Ular senga boshlarini qimirlaturlar va: «U qachon bo`lur?» derlar, Sen:«Shoyad yaqinda bo`lsa», degin.","U kunda Ul zot sizni chaqirur. Bas, siz Unga hamd ila javob berursiz va (dunyoda) faqat ozgina turganligingizni gumon qilursiz.","Bandalarimga aytgin, ular eng go`zal bo`lgan narsani aytsinlar. Albatta, shayton oralarini buzib turadir. Albatta, shayton inson uchun ochiq-oydin dushmandir.","Robbingiz sizlarni yaxshi bilguvchi Zotdir. Xohlasa, sizga rahim qilar, xohlasa sizni azoblar. Va Biz seni ular ustidan qo`riqchi qilib yuborganimiz yo`q.[1]###[1] (Qiyomat kuni hamma bir xil bo`lib, titrab-qaqshab, faqat Allohga hamd aytishdan boshqa narsaga tili bormay turgani bilan, Alloh har bir bandaning kimligini, nima qilganini ipidan-ignasigacha yaxshi biladi. Ha, bu dunyodagi ishlarni hisob-kitob qilish, ularga yarasha mukofot yoki jazo berish Alloh taoloning ishidir. Payg`ambarga esa, Allohning ta'limotini bandalarga yetkazish topshirilgan, xolos.)","Robbing osmonlaru yerdagi kimsalarni yaxshi bilguvchi Zotdir. Batahqiq, Biz ba'zi Payg`ambarlarni ba'zilaridan afzal qildik. Va Dovudga Zaburni berdik.[1]###[1] (Misol uchun, ba'zilariga kitob nozil qildik, ba'zilariga nozil qilmadik. Ayrimlariga ko`p va katta mo`'jizalar, ayrimlariga oz va kichik mo`'jizalar berdik va hokazo. «Va Dovudga Zaburni berdik». Bu ham payg`ambarlarning birini boshqasidan afzal qilganimiz namunasidir.)","Sen: «Undan o`zga o`zingizcha gumon qilganlaringizni chaqiring. Bas, ular sizdan zararni kushoyish qila olishga yoki burib yuborishga molik emaslar», deb ayt.","Ana o`sha duo qilayotganlari Robbilariga vasiyla izlarlar, qaysilari yaqinroq ekanini (bilmoqchi bo`lurlar). Uning rahmatini orzu qilurlar va azobidan qo`rqurlar. Albatta, Robbingning azobi hazir bo`lishga loyiqdir.[1]###[1] (O`zi Allohning rahmati orzuida yurgan kimsa qanday qilib birovni rahmat qila oladi? O`zi Allohning azobidan qo`rqib turgan kimsa qanday qilib birovni azoblay oladi? Shunga qaramasdan, Allohning azobidan qo`rqmay, bir pulga arzimaydigan narsalarni Unga sherik qilib yurganlarga hayronsan.)","Hech bir shahar yo`qki, Biz uni qiyomat kunidan avval halok qilguvchi bo`lmasak yoki shiddatli azob-la azoblovchi bo`lmasak. Bu, kitobda bitilgandir.[1]###[1] (Hech bir yurt qolmay azobga yoki halokatga uchrashi Allohning huzuridagi kitobda — Lavhul Mahfuzda ochiq-oydin bitilgandir.)","Bizni oyat-mo`'jizalarni yuborishimizdan faqat avvalgilarning ularni yolg`onga chiqarganlari man qildi. Samudga tuyani ko`z ochuvchi (mo`'jiza) qilib berdik. Bas, uning sababidan (o`zlariga) zulm qildilar. Biz oyat-mo`'jizalarni faqat qo`rqitish uchungina yuboramiz.[1]###[1] (Quraysh kofirlari ham xuddi o`zlaridan oldingi kofirlarga o`xshab, oyat-mo`'jizalarni ko`rsa ham, iymonga kelmasliklari turgan gap. Bu masalaning bir tomoni. Ikkinchi tomoni esa, talabga binoan mo`'jiza keltirilgandan keyin ham iymonga kelmagan qavmni Alloh taolo tag-tomiri bilan yo`q qilib yuborishi kerak. Muhammad alayhissalotu vassalomning ummatlari oxirgi ummat bo`lganlari uchun ularni butunlay halok etishni Alloh iroda qilmagan. Bu ummat qiyomatgacha turishi kerak.)","Biz senga: «Albatta, Robbing odamlarni ihota qilib o`rab olgandir», deganimizni esla. Biz senga ko`rsatgan narsalarni va Qur'onda la'natlangan daraxtni faqat odamlar uchun sinov qildik, xolos. Va ularni qo`rqitamiz. Bas, bu ular uchun katta tug`yondan boshqani ziyoda qilmas.[1]###[1] (Payg`ambar alayhissalotu vassalomning Isro va Me'rojda ko`rgan narsalari odamlar uchun sinov bo`lganidek, Qur'onda la'natlangan daraxt ham sinov bo`ldi. Qur'onda la'natlangan daraxtdan maqsad Zaqqum daraxtidir. Ushbu Zaqqum daraxti haqida as-Soffat surasida: «... yoki Zaqqum daraxtimi? Darhaqiqat, Biz uni zolimlar uchun fitna qilib qo`ydik. Albatta, u do`zax qa'ridan chiqadigan daraxtdir. Uning shingillari xuddi shaytonlarning boshlariga o`xshaydi. Bas, albatta, ular undan yeguvchilardir va undan qorinlarini to`ldirguvchilardir. So`ngra, albatta, ular uchun uning ustidan qaynoq suvli ichimlik bo`lur», deyilgan. Ushbu oyatdan ham Zaqqum daraxti nima uchun Qur'onda la'natlangani aniq ko`rinib turibdi.)","Farishtalarga: «Odamga sajda qilinglar!» deganimizda sajda qilganlarini, magar iblis qilmaganini, «Sen loydan yaratgan kimsaga sajda qilamanmi?» deganini esla.","U: «Menga xabar ber-chi, mendan ustun qilganing shumi? Agar meni qiyomat kunigacha qo`yib qo`ysang, uning zurriyotining ozginasidan boshqasini jilovlab olaman», dedi.","U zot: «Boraver, ulardan kim senga ergashsa, bas, albatta, jahannam to`liq jazoingiz bo`lur.","Ulardan kimiga kuching yetsa, ovozing ila qo`zg`at, ularning ustiga otliq va piyoda askaringni tort, ularga mollarda va bolalarda sherik bo`l va va'dalar qil», dedi. Shayton ularga g`ururdan boshqani va'da qilmas.","Albatta, Mening bandalarim ustidan sening sultoning yo`q. Robbing O`zi vakillikka kifoyadir.","Robbingiz, Uning fazlidan talab qilishingiz uchun dengizda kemani yurgizib qo`ygan Zotdir. Albatta, u sizga rahimlidir.","Qachon sizni dengizda falokat tutsa, Undan o`zga iltijo qiladiganlaringiz g`oyib bo`lur. Qachonki sizga najot berib quruqlikka chiqarsa, yuz o`girasiz. Inson o`zi kufron(i ne'mat) qilguvchidir.","Sizni quruqlikning bir tomoniga yutqazib yuborishidan yoki ustingizdan toshli shamol yuborishidan, so`ngra o`zingizga qutqaruvchi topa olmay qolishingizdan xotirjammisiz?!","Yoki sizni u(dengiz)ga yana bir marta qaytarib, ustingizdan shiddatli shamol yuborib, kufr qilgan narsangiz sababli g`arq qilib yuborishidan va siz o`zingizga Bizdan o`ch oluvchi topa olmay qolishingizdan xotirjammisiz?!","Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo`ydik va ularni quruqligu dengizda (ulov-la) ko`tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni O`zimiz yaratgan ko`p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo`ydik.[1]###[1] (Alloh taolo quruqlikda ham, dengizda ham inson bolasi uchun turli ulovlarni yaratib, shunga binoan qonun-qoidalarni joriy qilib qo`ydi. Bu ham Alloh odam bolasini azizu mukarram qilganidandir. Afzallikda unga yaqin kela oladigan maxluqot olamda yo`qdir. Barcha maxluqotlar odam bolasi uchun beminnat xizmatkordir. Lekin bu afzallikning javobgariligi ham bor. Qiyomat kuni har bir berilgan afzallik va ne'matlardan so`raladi. Hisob-kitob qilinadi.)","Biz barcha odamlarni o`z imomlari ila chaqiradigan kunni (esla). Kimga kitobi o`ng tomonidan berilsa, bas, ana o`shalar kitoblarini o`qirlar va ularga qilchalik zulm qilinmas.[1]###[1] (Ahli jannatlarning, ya'ni jannatga eltuvchi amal qilib o`tganlarning nomai a'mol kitobi o`ng tomonidan beriladi. Ana o`shanda ular amallari bitilgan kitoblarini maroq bilan o`qiydilar. Yorug` dunyoda ana shunday ishlar qilib yashaganlaridan mamnun bo`ladilar. Ularga ajru savoblar to`laligicha beriladi, zarracha zulm qilinmaydi.)","Kim bu dunyoda ko`r-gumroh bo`lsa, u oxiratda yanada ko`r-gumroh va yanada yo`ldan adashganroq bo`ladir.","Seni Biz vahiy qilgan narsadan fitna orqali burib, Bizning sha'nimizga boshqasini uydirishingga undashlariga oz qoldi. Shunday bo`lgan taqdirda, albatta, seni do`st tutar edilar.[1]###[1] (Mushriklar turli yo`llar bilan Muhammad alayhissalotu vassalomni Alloh yuborgan vahiydan burib yuborishga ko`p urinib ko`rganlar.)","Agar Biz seni sobit qilmaganimizda, batahqiq, ularga bir oz bo`lsa-da, moyil bo`lishingga oz qolar edi.","Shunday bo`lgan taqdirda Biz senga hayot (azobini) ham ikki hissa, mamot (azobini) ham ikki hissa tottirgan bo`lardik. So`ngra, o`zing uchun Bizga qarshi yordamchi topa olmas eding.","Ular seni bu yerda bezovta qilib, undan seni chiqarib yuborishlariga oz qoldi. Shunday bo`lgan taqdirda, sendan keyin ular ozgina muddatdan boshqa tura olmaslar.[1]###[1] (Bu qilmishlari uchun Alloh taolo ularni halok qilgan bo`lardi. Alloh ularni halok qilishni istamagani uchun Payg`ambar alayhissalotu vassalomni Makkadan chiqarishlariga yo`l qo`ymadi. Balki Payg`ambar alayhissalotu vassalomning o`zlariga chiqib ketishni amr qildi.)","Bu sendan oldin yuborgan Payg`ambarlarimizning sunnatidir. Bizning sunnatimizga o`zgartirish topa olmaysan.","Quyosh og`ishidan to tun qorong`usigacha namozni to`kis ado qil. «Fajr Qur'oni»ni ham. Albatta, «fajr Qur'oni» guvohlantirilgandir.[1]###[1] (Ulamolarimiz, bu oyatda besh vaqt namozni ado etishga ishora bor, deydilar. Quyosh qiyomdan og`ishi bilan Peshin vaqti kiradi. Har bir narsaning soyasi o`ziga ikki baravar bo`lishi bilan Asr vaqti kiradi. Quyosh botishi bilan Shom va tun qorong`usida Xufton vaqti bo`ladi. «Fajr qur'oni», Bomdoddir.)","Kechaning ba'zisida u ila bedor bo`l. Senga nofila bo`lsin. Shoyadki, Robbing seni maqtovli maqomda tiriltirsa.","Va: «Ey Robbim, meni kiradigan joyimga sodiqlik ila kiritib, chiqadigan joyimga sodiqlik bilan chiqargin va menga O`z huzuringdan yordam beruvchi quvvat ato et», degin.","Va: «Haq keldi, botil yo`q bo`ldi. Zotan, botil doimo yo`q bo`lguvchidir».","Biz Qur'onni mo`minlar uchun shifo va rahmat o`laroq nozil qilurmiz. U zolimlarga ziyondan boshqani ziyoda qilmas.[1]###[1] (Darhaqiqat, Qur'oni Karim shifodir, Qur'oni Karim rahmatdir. Qur'oni Karim kufr, shirk va munofiqlik kabi eng zararli aqidaviy xastaliklarni davolaydi.)","Qachon Biz insonga ne'mat ato etsak, yuz o`girur va chetga burilib, uzoqlashur. Qachon uni yomonlik tutsa, noumid bo`lur.","Sen: «Har kim o`z holicha amal qilur. Bas, Robbingiz kim to`g`ri yo`ldaligini yaxshi bilguvchidir», deb ayt.","Va sendan ruh haqida so`rarlar. Sen: «Ruh Robbimning ishidir. Sizga juda oz ilm berilgandir», deb ayt.[1]###[1] (Yahudiylar ruh haqidagi savolga Allohdan boshqa hech kim javob bera olmasligini avvaldan bilganlar. Tavrotda shu haqda ma'lumot bo`lgan. Ular qurayshliklarga Payg`ambar alayhissalotu vassalomdan ruh haqida so`rashni o`rgatishlari bilan barobar, agar javob bersa, Payg`ambar emas, javob bermasa, haqiqiy Payg`ambar bo`ladi, deyishgan. Muhammad alayhissalotu vassalom haqiqiy payg`ambar bo`lganlari uchun ham, ruh va uning mohiyati haqidagi savollarga javob bermadilar. Alloh taolo bergan javobni ularga o`qib berdilar.)","Agar xohlasak, senga vahiy qilgan narsalarimizni ketkazamiz. So`ngra, Bizga qarshi o`zingga vakil topa olmassan.","Magar Allohdan marhamat bo`lsagina. Albatta, Uning fazlu karami sen uchun kattadir.","«Agar insu jinlar to`planib, ushbu Qur'onga o`xshash narsa keltirmoqchi bo`lsalar, bunda ba'zilari ba'zilariga yordamchi bo`lsalar ham, unga o`xshashini keltira olmaslar», deb ayt.","Batahqiq, ushbu Qur'onda odamlarga turli misollarni bayon qildik. Bas, odamlarning ko`plari kufrdan boshqa narsadan bosh tortdilar.[1]###[1] (Alloh taolo Qur'oni Karimda odamlarni iymonga chorlovchi, hidoyatga yo`llovchi, ularning qalblarini, his-tuyg`ularini, aqllarini ishga soluvchi turli misollarni bayon qildi. Ammo buni idrok eta olmagan insonlar hamma narsadan bosh tortdilar.)","Ular: «Toki bizga yerdan chashma otiltirmaguningcha, zinhor senga iymon keltirmasmiz», dedilar.","«Yoki sening xurmo va uzum bog`ing bo`lib va ularning orasidan anhorlarni otiltirib chiqarmaguningcha.","Yoki o`zing da'vo qilganingdek, ustimizdan osmonni parcha-parcha qilib tushirmaguningcha yoxud Allohni va farishtalarni oldimizga keltirmaguningcha» (senga iymon keltirmasmiz, dedilar).[1]###[1] (Bu taklifda ochiq tajovuzkorlik, Allohning qudratidan qo`rqmaslik ko`rinib turibdi.)","«Yoki sening oltindan bezalgan uying bo`lmagunicha, yoxud osmonga ko`tarilmaguning-cha, o`sha ko`tarilishingga ham toki biz o`qishimiz uchun kitob keltirmaguningcha, ishonmaymiz», (dedilar). Sen: «Robbim pok bo`ldi. Men faqat bashar Payg`ambardan boshqa narsa emasman», degin.","Odamlarga hidoyat kelgan paytda iymon keltirishlaridan man qilgan narsa, faqat, Alloh bashardan Payg`ambar yuboradimi, deyishlari bo`ldi.[1]###[1] (Ular farishtadan ko`ra, Alloh odamni azizu mukarram qilib qo`yganini anglab yetmas edilar. Agar odam Allohning yo`lida yurib, buyurgan ishlarini qilib, qaytarganlaridan qaytsa, farishtadan afzal bo`lishini idrok etmas edilar.)","Sen: «Agar yer yuzida farishtalar xotirjam yurganlarida, ularga osmondan farishta Payg`ambar tushirgan bo`lar edik», deb ayt.[1]###[1] (Er yuzida yashab yurganlar odamlar bo`lgani uchun ularga odamlarni payg`ambar qildi. Agar Yer yuzida xotirjam yashab yurganlar farishtalar bo`lganida, ularga osmondan farishta payg`ambar tushirgan bo`lar edi.)","Sen: «Men bilan sizning oramizda guvohlikka Allohning O`zi kifoya qilur. Albatta, U O`z bandalaridan xabardor va ularni ko`rib turguvchi Zotdir», deb ayt.[1]###[1] (Odamlar haqiqatni, payg`ambarlik nima ekanini anglashni xohlamasalar, ular bilan tortishishning hojati yo`q, ularni Allohning o`ziga havola qilib qo`yish kerak.)","Alloh kimni hidoyat qilsa, o`sha hidoyat topguvchidir. U kimni adashtirsa, ularga Undan o`zga zinhor valiylar topa olmassan. Ularni qiyomat kuni yuztuban, ko`r, kar, soqov hollarida to`playmiz. Ularning turar joylari jahannamdir. U qachon sokin bo`lsa, ularga olovni ziyoda qilamiz.[1]###[1] (Alloh taolo, aqlini ishlatib hidoyat yo`lini ixtiyor etgan bandalarini hidoyatga boshlaydi. Ana o`sha odam haqiqiy hidoyat topgan odam bo`ladi. Havoi nafsining gapiga kirib, zalolat yo`lini ixtiyor etganlarni esa, zalolatga ketkazadi.)","Ana o`sha, Bizning oyatlarimizga kufr keltirganlari va «Agar suyak va titilgan tuproq bo`lsak ham, albatta yangitdan yaratilib, qayta tiriltirilurmizmi?!» deganlari uchun jazolaridir.","Ular osmonlaru yerni yaratgan Alloh ularga o`xshashini yaratishga qodir ekanini va ular uchun shak-shubhasiz ajal belgilaganini bilmadilarmi?! Bas, zolimlar kufrdan boshqa narsadan bosh tortdilar.","Sen: «Agar sizlar Robbim rahmati xazinalariga ega bo`lsangiz ham, uni sarflashdan qo`rqib, mumsiklik qilgan bo`lar edingiz. Inson zoti, o`zi, baxil bo`lur», deb ayt.","Batahqiq, Biz Musoga to`qqizta ochiq-oydin oyat-mo`'jiza berdik. Bani Isroildan ularga u (Muso) kelgan payti(nima bo`lgani)ni so`ragin. Bas, Fir'avn unga: «Albatta, men seni, ey Muso, sehrlangansan deb o`ylayman», dedi.[1]###[1] (Mazkur to`qqiz mo`'jiza — qo`l, aso, to`fon, chigirtka, bit, baqalar, qon, ocharchilik yillari va mevalarning kamchil bo`lishi edi. Bu mo`'jizalar haqida A'rof surasida va boshqa suralarda so`z ketgan.)","U: «Anavilarni ko`zni ochguvchi qilib osmonlaru yerning Robbidan o`zga hech bir Zot tushirmaganini yaxshi bilasan. Albatta, men seni, ey Fir'avn, halok bo`lguvchisan deb o`ylayman», dedi.[1]###[1] (Anavi to`qqiz ochiq-oydin mo`'jizalarni g`aflat uyqusida qolganlar uchun ko`zini ochuvchi qilib osmonlaru Yerning Robbi tushirganini, undan o`zga hech kim tushira olmasligini yaxshi bilasan. Lekin shunday bo`lsa ham, inkor qilmoqdasan.)","Bas, ularni yerdan qo`zg`atib chiqarmoqchi bo`ldi. Shunda, Biz uni va u bilan birga bo`lganlarni jamlab g`arq qildik.[1]###[1] (Fir'avn Muso alayhissalomni va u kishining qavmlari Bani Isroilni Misr yeridan qo`zg`atib chiqarmoqchi bo`ldi. Shunda Alloh taolo Fir'avnni va uning qavmini jamlab dengizga g`arq qildi. Hammalari halok bo`ldilar.)","U(Fir'avn)dan so`ng Bani Isroilga: «Mana shu yerni maskan tutinglar. Bas, oxirat va'dasi kelgan chog`ida, hammangizni to`plab keltiramiz», dedik.[1]###[1] (Qiyomat qoim bo`lganida, hammangizni — sizni ham, Fir'avn va uning qavmini ham to`plab keltiramiz. O`shanda hisob-kitob bo`laveradi.)","Uni haq ila nozil qildik va haq ila nozil bo`ldi. Biz seni faqat xushxabar berguvchi va ogohlantirguvchi etib yubordik, xolos.","Va Qur'onni odamlarga asta-sekin o`qib berishing uchun bo`lib qo`ydik va bo`lak-bo`lak qilib tushirdik.","Sen: «Unga iymon keltiringlar yoki iymon keltirmanglar — bari bir. Albatta, undan oldin ilm berilganlar u ularga tilovat qilinganda yuzlari ila sajdaga yiqilurlar», deb ayt.[1]###[1] (Ushbu oyat sajda oyati bo`lib uni o`qigan yoki eshitgan odamga qiroat sajdasi qilishlik vojib bo`ladi. Qur'ondan oldin ilm berilganlar deganda Tavrot va Injil berilganlar tushuniladi. Allohni taniganlar, din-diyonat, payg`ambar, ilohiy kitob, vahiy, farishta kabi narsalar nima ekanini biladiganlar ularga Qur'oni Karim tilovat qilinishi bilan o`zlarini tuta olmay sajdaga yiqiladilar.)","Va: «Robbimiz mutlaqo pok bo`ldi. Shubhasiz, Robbimizning va'dasi amalga oshajak», derlar.","Va yuzlari ila yiqilib yig`larlar va u xokisorliklarini ziyoda qilur.","Sen: «Allohga duo qilinglar, Rohmanga duo qilinglar, qaysisiga duo qilsangiz ham, bari bir. Go`zal ismlar Unikidir», deb ayt. Namozingni juda baland ovoz ila o`qima, uni juda maxfiy ham o`qima, buning orasida bir yo`l tut.","Sen: «Hamd bo`lsin, farzand tutmagan, mulkda sherigi bo`lmagan va xorlikdan qutqarguvchi do`stga zor bo`lmagan Allohga», degin. Va Uni mutlaqo ulug`la!","O`z bandasiga kitob nozil etgan va unda hech bir egrilik qilmagan Allohga hamd bo`lsin.","Uni to`g`ri qilgan; O`z huzuridan bo`ladigan shiddatli azobdan ogohlantiradigan; yaxshi amallarni qiladigan mo`minlarga, ularga go`zal ajr bo`lishi bashoratini beradigan qilgan Zotga.","(Ular) u(ajr)da abadiy qolguvchidirlar.","Va, Alloh O`ziga bola tutdi, deganlarni ogohlantirish uchun.[1]###[1] (Qur'onni nozil qilgan Allohga hamd bo`lsin.)","Na ularning va na ota-bobolarining bu haqda ilmi yo`qdir. Og`izlaridan chiqadigan so`z qanday ham og`ir. Ular yolg`ondan boshqani aytmaslar.[1]###[1] (Holbuki, o`zlari to`qiydilarmi yoki ota-bobolariga suyanib gapiradilarmi — baribir ularning bu da'volarida zarracha ilmiylik yo`q. Bu da'vo johilona aytilgan quruq gap, xolos. Alloh haqida bilmay turib gapirish juda og`ir. Ayniqsa, ilmsizlarcha, johillik bilan, Alloh O`ziga bola tutdi, deyish yana ham og`ir.)","Ular bu so`zga iymon keltirmasalar, ehtimol, ularning ortidan taassuf ila o`zingni halok etmoqchi bo`larsan?![1]###[1] (Ya'ni, mushriklar Qur'onga iymon keltirmasalar, ularga afsuslanib, o`zingni o`zing qiynarsan? Yo`q, bunday qilma. Ular bunga arzimaydilar.)","Biz yer yuzidagi narsalarni, ularning qaysilari go`zalroq amal qilishini sinash uchun, zebu ziynat qilib qo`yganmiz.","Albatta, Biz uning yuzidagi narsalarni qup-quruq tuproqqa aylantirguvchimiz.","Kahf va bitik egalarini Bizning ajoyib oyat — belgilarimizdan deb o`yladingmi?![1]###[1] (Ya'ni, ey Payg`ambar, o`sha kahf (g`or) egalari va undagi ularning ismlari bitilgan bitikni Bizning eng ajoyib mo`'jizalarimiz deb o`yladingmi?)","Qachonki yigitlar kahfdan joy olganlarida: «Ey Robbimiz, bizga O`z huzuringdan rahmat bergin va ishimizni o`zing to`g`rilagin», dedilar.[1]###[1] (Kahf egalari yigitlar ekan. Ular g`ordan panoh joy topibdilar. Ya'ni, birovdan qochib kelib yashirinibdilar. Demak, ishlaridan ko`ngillari to`q emas. Ularga bu borada ham Allohdan yordam kerak.)","Bas, kahfda ularning quloqlariga bir necha yillar (parda) urdik.[1]###[1] («Quloqqa parda urdi» degani, qulog`ini eshitmaydigan qilib qo`ydi, deganidir. Yigitlar qochib kelib g`orga joylashganlarida Alloh taolo ularning quloqlarini eshitmaydigan qilib qo`ygan, ya'ni uxlatib qo`ygan. Ya'ni, yigitlar g`orda uzoq vaqt hech narsani eshitmay uxlab yotganlar.)","So`ngra, ikki guruhdan qaysi biri ularning turgan muddatini hisoblovchiroq ekanini bilish uchun ularni uyg`otdik.","Biz senga ularning xabarlarini haq ila qissa etib beramiz. Albatta, ular Robbilariga iymon keltirgan yigitlardir. Va Biz ularga yanada ziyoda hidoyat berdik.","Ularning qalblarini mustahkamladik. Qachonki turdilar, bas: «Bizning Robbimiz osmonlaru yerning Robbidir. Undan o`zgani hargiz iloh deya duo qilmaymiz. Agar shunday qilsak, nohaq so`zni aytgan bo`lurmiz.","Ana u qavmimiz undan o`zga xudolar tutdilar. Ularga ravshan hujjatlar keltira olarmikanlar?! Allohga yolg`on uydirgandan ham zolimroq kim bor», dedilar.","«Modomiki, ulardan va ular ibodat qilayotgan, Allohdan boshqa narsadan uzoqlashmoqchi bo`lsangiz, kahfdan panoh joy olingiz. Robbingiz sizga O`z rahmatini taratur va sizga ishingizda osonlik yaratur», dedilar.[1]###[1] (Robbilariga iymon keltirgan, Robbilari hidoyatlarini ziyoda qilib, qalblarini mustahkamlagan yigitlar kofirlar bilan bahslashish befoydaligi, ular yomonligidan faqat qochibgina qutulish mumkinligini anglab yetgach, iymonlari muhofazasi uchun kahf-g`orga kirib bekinishni o`zaro maslahat qildilar.)","Quyosh chiqqanida ularning kahfining o`ng tomonidan moyil bo`lganini, botganda esa, chap tomonidan qiyib o`tganini ko`rasan. Ular esa u(g`or)ning keng joyidadirlar. Ana shu ham Allohning mo`'jizalaridandir. Kimni Alloh hidoyatga boshlasa, o`sha hidoyat topguvchidir. Kimni adashtirsa, bas, hargiz unga irshod qiluvchi biron do`st topa olmassan.[1]###[1] (Arab tili bilimdonlari, bu tasvir yolg`iz Allohga xos, deydilar. G`orda bir guruh yigitlar bir necha yildan beri uxlab yotishibdi. Har kuni quyosh chiqadi, ularga tegmaydi. So`ngra og`ib botishga moyil bo`ladi, yana g`or ahliga tegmaydi.)","Ularni uyg`oq deb o`ylaysan, holbuki, uxlab yoturlar. Ularni goh o`ngga, goh chapga ag`darib tururmiz. Itlari esa, ostonada old oyoqlarini cho`zib yotur. Gar ularni ko`rsayding, ortga o`girilib qochar va ulardan qo`rqinchga to`lar eding.[1]###[1] (O`zlari uyg`oqqa o`xshaydilar, ammo uxlab yotibdilar. U yoq-bu yoqqa qimirlaydilar, ammo uyg`onib o`rinlaridan turmaydilar. Buning ustiga, itlari ostonada old oyoqlarini cho`zib yotibdi.)","Va shunday qilib, ularni o`zaro so`rashlari uchun uyg`otdik. Ulardan biri: «Qancha qoldinglar?» dedi. Ular: «Bir kun yoki bir kunning ba'zisicha qoldik», deyishdi. «Qancha qolganingizni Robbingiz yaxshi bilguvchidir, shaharga biringizni ushbu pulingiz ila yuboring, nazar solib, yaxshi taomni tanlab, undan rizq keltirsin va diqqatli bo`lsin, sizni birovga sezdirib qo`ymasin», deyishdi.","«Chunki, agar ular sizni qo`lga olsalar, toshbo`ron qiladilar yoki o`z millatlariga qaytaradilar. Unday bo`lsa, zinhor va abadiy najot topmassiz», deyishdi.[1]###[1] (Demak, yigitlar qattiq tahdidga uchrab, shahar aholisi ularga, dinimizga qaytasizlar yoki sizlarni toshbo`ron qilib o`ldiramiz, deganlaridan keyingina qochib g`orga bekinishgan ekan. G`orga kirib, uxlab turganlaridan keyin ham o`sha tahdidni eslamoqdalar va pul olib shaharga taom uchun boruvchini ehtiyot bo`lishga, sezdirib qo`ymaslikka chorlamoqdalar. Ular o`limni emas, shahar aholisining johilligini, o`z millatlari-dinlariga qaytishga majburlashini o`ylashdi. Haqiqiy mo`min har doim, har joyda iymon tashvishida bo`ladi.)","Shunday qilib, Allohning va'dasi haq ekanini va qiyomat soatida shubha yo`q ekanini bilishlari uchun ularni (odamlarga) bildirdik. Endi esa, ular ishi haqida tortisha boshladilar: «Ularning ustlariga bino barpo qilinglar, Robbilari ularni yaxshi bilguvchidir», dedilar. Ishlariga g`olib kelganlar esa: «Ularning ustlariga, albatta, masjid qurib olurmiz», dedilar.[1]###[1] (Bu yerdagi «Allohning va'dasi» — oxir-oqibat iymon ahli g`olib kelishi va o`lgandan keyin qayta tirilish haqligi haqidagi va'dadir. Yigitlar yillar o`tib qayta uyg`ondilar va iymon ishi g`olib bo`lganini ko`rdilar. Iymonga kelib qolgan shahar aholisi iymon yo`lidagi jihodlari uchun Alloh tomonidan munosib taqdirlangan kahf egalarini haqiqiy o`limlaridan keyin qanday qilib izzat-ehtirom etish borasida tortisha boshladilar.)","Hali ular: «Uchtadirlar, itlari to`rtinchilaridir», derlar. Va: «Beshtadirlar, itlari oltinchilaridir», deb g`aybga tosh otadilar. Va: «Ettitadirlar, itlari sakkizinchilaridir» ham derlar. «Robbim ularning sanog`ini yaxshi bilguvchidir. Ularni juda oz kishi bilur», degin. Bas, ular haqida tortishib yurma. Tortishsang ham, ochiq tortish. Ular haqida hech kimdan fatvo ham so`rama.","Zinhor bir narsani: «Buni ertaga albatta qilguvchiman», dema.","Magar: «Alloh xohlasa», degin. Qachonki unutsang, Robbingni esla va: «Shoyadki, Robbim meni bundan yaxshiroqqa yaqin bo`lishimga hidoyat qilsa», degin.[1]###[1] (Insonning har bir harakati, ishi, hatto nafas olib-chiqarishi ham butkul Allohning irodasiga bog`liqdir. Alloh taolo xohlasa bo`ladi, xohlamasa bo`lmaydi. Shuning uchun kelajakda biron ish qilmoqchi bo`lsang, doimo «Insha Alloh, qilaman», deb aytgin. Chunki kelajak senga nisbatan g`aybdir. Sal o`tib nima bo`lishini o`zing bilmaysan. Shuning uchun kelajakdagi har bir ishni « Alloh xohlasa, qilaman», deb zikr etgin.)","Va kahflarida uch yuz yil qoldilar va to`qqiz yil ziyoda ham qildilar.[1]###[1] (Yigitlar kahflarida shamsiy yil hisobi bo`yicha uch yuz yil, qamariy yil hisobi bo`yicha uch yuz to`qqiz yil qoldilar. Chunki shamsiy yuz yil qamariy bir yuz uch yilga to`g`ri keladi, degan tafsirchilarimiz ham bor. Bu xulosa ularning o`z ijtihodlaridir. Chunki Qur'oni Karimda ham, sunnati nabaviyada ham bu haqda, ya'ni shamsiy va qamariy yil hisobi ushbu oyatda e'tiborga olingani haqida aniq ma'lumot yo`q. Shuning uchun oyatda kelganini o`z holicha qabul qilgan ma'qul.)","«Ularning qancha qolganlarini Alloh yaxshi bilguvchidir. Osmonlaru yerning g`aybi Unga xosdir. U naqadar yaxshi ko`rguvchi va yaxshi eshitguvchi Zotdir. Ularga Undan o`zga do`st yo`qdir. Va U O`z hukmida hech kimni sherik qilmas», degin.","Senga Robbing kitobidan vahiy qilinganini tilovat qil. Uning kalimalarini almashtirguvchi yo`q. Undan o`zga hech qanday panohni topa olmassan.","O`zingni ertayu kech Robbilariga duo qilib, Uning yuzini iroda qiluvchilar ila sabr etib tut. Hayoti dunyo ziynatini xohlab, ulardan ikki ko`zingni burma. Qalbini O`z zikrimizdan g`ofil qilib qo`yganlarimizga va havoyi nafsiga ergashib ishi izdan chiqqanlarga itoat qilma.[1]###[1] (Ushbu oyati karimaning nozil bo`lish sababi haqida tafsiri Kabirda quyidagilar rivoyat qilinadi: «Quraysh rahbarlari to`planib Rasululloh alayhissalotu vassalomning huzurlariga borishdi va: «Agar bizning senga iymon keltirishimizni istasang, anavi faqir-fuqoralarni huzuringdan hayda», deyishdi. Ular bu gaplari bilan Bilol, Habbob, Suhayb va boshqalarni ko`zda tutgan edilar. Qurayshliklar yana: «Ular bilan bir joyda bo`lsak, ko`nglimiz ayniydi. Ular bilan birga to`planishga alohida vaqt tayin qilib qo`y», deyishdi. Ana shunda Alloh taolo: «O`zingni ertayu kech Robbilariga duo qilib, Uning yuzini iroda qiluvchilar ila sabr etib tut» oyatini nozil qildi».)","Sen: «Bu haq Robbingiz tomonidandir. Bas, kim xohlasa, iymon keltirsin, kim xohlasa, kufr keltirsin», degin. Albatta, Biz zolimlarga devorlari ularni o`rab oladigan olovni tayyorlab qo`yganmiz. Agar yordam so`rasalar, eritilgan ma'dan kabi yuzlarni qovuruvchi suv bilan «yordam» beriladi. Naqadar yomon sharob va naqadar yomon joy!","Albatta, Biz iymon keltirgan va yaxshi amallar qilganlarning, go`zal ish qilganlarning ajrini zoye qilmasmiz.","Ana o`shalarga adn jannatlar bordir. Ostilaridan anhorlar oqib turadi. U yerda oltindan bo`lgan bilakuzuklar ila bezanurlar, shoyi iplardan yaxshi liboslar kiyarlar. Ular u yerda so`rilarda yonboshlagan holda bo`lurlar. Naqadar yaxshi savob va naqadar yaxshi joy.","Ularga ikki kishini misol qilib keltir. Ulardan biriga uzumlardan ikki bog` berdik va ularni xurmo ila o`radik va oralarida ekinzor qildik.[1]###[1] (Demak, ikki kishi bor ekan. Ulardan biriga Alloh taolo ikkita uzumzor bog` ato qilibdi.)","O`sha ikki bog` hosillarini bekami-ko`st berar va oralaridan anhor oqizib qo`ygan edik.[1]###[1] (Har ikki bog`ning hosili to`liq chiqar edi. Ikki bog` orasidan esa, Alloh taolo anhor oqizib qo`ygan edi.)","Uning mevasi bor edi. U o`z sherigi ila gaplashar ekan: «Mening sendan molim ko`p va odamlarim quvvatliroq», dedi.[1]###[1] (U kishining bog`laridan boshqa ham «mevasi» — molu dunyosi bor edi. Bir kuni sherigi ila bahslashar ekan, maqtanib qoldi. Mening sendan ko`ra molu dunyom ko`p. Odamlarim, bolalarim, xizmatchilarim, yordamchilarim ham ko`p, ham kuchli, dedi. Ushbu dunyoning zebu ziynatidan faxrlanishidan bu odamning kofirligi ko`rinib turibdi.)","U o`z bog`iga kirar ekan, o`ziga zulm qilgan holida: «Men buni hech qachon yo`q bo`ladi, deb o`ylamasman.","Qiyomat qoim bo`lmasa kerak, deb o`ylayman. Agar Robbimga qaytarilsam ham, albatta, bundan yaxshi oqibatni topaman», dedi.[1]###[1] (Kofirlar nazdida, hamma narsani mol-dunyo, boylik, mansab hal qiladi. Hatto oxirat ishi ham shunga qarab hal etilishi kerak. Ushbu qissadagi ularning tamsilchisi, ikki bog`ning egasi bo`lgan kofir ham shuni da'vo qilmoqda.)","Unga sherigi gaplasha turib: «Seni tuproqdan, so`ngra nutfadan yaratgan va inson etib rostlagan Zotga kufr keltirdingmi?![1]###[1] (Ya'ni, molu dunyoga berilgan o`sha kofir kishining beodobona gaplarini eshitgan mo`min kishi, seni yo`qdan bor qilgan, aslingni tuproqdan, so`ngra senga o`xshagan zurriyotlarini bir tomchi nutfadan yaratgan Zotga, bekamu ko`st inson qilib rostlagan Zotga kufr keltirdingmi, dedi.)","Lekin men: «U Alloh mening Robbimdir va Unga hech kimni sherik qilmayman», deyman.","Bog`ingga kirganingda: «Allohning xohlagani, Allohdan boshqada quvvat yo`q», desayding. Agar meni o`zingdan molu dunyo va bola-chaqa jihatidan kam deb bilsang...","Shoyad, Robbim menga sening bog`ingdan yaxshirog`ini bersa, sening bog`ingga osmondan ofat yuborib, u sip-silliq tuproqqa aylanib qolsa.","Yoki suvi yerga singib ketib, sen uni talab qilishga qodir bo`lmay qolsang», dedi.","Va uning mevasi (halokat-la) o`raldi. O`zi esa, unga sarf qilgani hasratidan chapak chalib, bog`ida ishkomlar yiqilib yotganini ko`rib: «Qani endi Robbimga hech kimni sherik qilmaganimda», deb qolaverdi.","Unga Allohdan boshqa yordam beradigan guruh bo`lmadi, o`zi ham nusrat qozona olmadi.","Bunday maqomda haq nusrat Allohga xosdir. U yaxshi savobli va yaxshi oqibatli Zotdir.","Ularga dunyo hayotining misolini keltir. U, Biz osmondan tushirgan suvga o`xshaydi. Uning sababi ila yer nabototlari aralashib chiqdi. Bas, xashakka aylanib, uni shamol uchirib ketdi. Alloh har bir narsaga qodir bo`lgan Zotdir.[1]###[1] (Alloh taolo bu oyatda dunyo hayotini, yerdan unib chiqadigan nabototlarga o`xshatmoqda. Yomg`ir yoqqanida ko`zni quvontiruvchi yam-yashil o`simliklar o`sib chiqqandek, kishiga yangi hayot berilganida ham bu dunyo unga go`zal, yosh, chiroyli va lazzatli ko`rinadi. Ammo vaqt o`tishi bilan nabototlar qurib, xashakka aylanib, ularni shamol uchirib ketgani singari, hayotning ham o`tkinchi ekanligi ayon bo`lib qoladi. Shuning uchun o`tkinchi narsaga aldanib qolmaslik kerak. Qodir Allohni hech qachon unutmasdan, oxiratga, abadiy hayotga tayyorgarlik ko`rish lozim.)","Mol-mulk, bola-chaqa hayoti dunyo ziynatidir. Boqiy qolguvchi solih amallar Robbing huzurida savob va umid jihatidan yaxshiroqdir.[1]###[1] (Ha, molu mulk, bola-chaqa bu dunyoning ziynatidir, ammo qiymati emasdir. Islomda ziynatga ham halol-pok bo`lish sharti ila izn berilgan. Ammo ziynatlar hayot qadrini o`lchovchi qiymatga aylantirilmagan. Ziynatga ziynat deb qaralgan. Islomda boqiy qoluvchi solih amallar qiymat sanaladi. Insonga uning iymoni va yaxshi amaliga qarab qiymat beriladi.)","Tog`larni yurgizadigan kunimizni va yerni yap-yalang`och ko`radigan kuningni esla! O`shanda ularni jamlaymiz va biron kishini qo`ymaymiz.","Va Robbingga safga tortilgan hollarida ro`baro` qilindilar. «Batahqiq, sizlarni avval qanday yaratgan bo`lsak, shunday Bizga keldingiz. Ammo siz Bizni hech joy va vaqt va'da qilganimiz yo`q, deb o`ylar edingiz», (deyildi).[1]###[1] (Ya'ni, onadan yangi tug`ilganday holda qayta tirilib huzurimga keldingiz. Molu dunyongiz, bola-chaqangiz, xizmatchi-mardikoringiz, mansab-amalingiz va do`st-yoringiz u dunyoda qolib ketdi. Va'da qilingan qiyomat kuniga, mahshardagi to`planish joyiga ishonmas edingiz. Mana, va'da qilingan o`sha vaqt — qiyomat kuni qoyim bo`ldi. Mana, va'da qilingan o`sha joyda — mahsharda saf tortib turibsiz. Endi sizga va'da qilingan jazolarni beramiz.)","Va kitob qo`yildi. Bas, jinoyatchilarni undagi narsadan qo`rqqan hollarida ko`rasan. Ular: «Voy, sho`rimiz qurisin. Bu qanday kitob, kichikni ham, kattani ham hech qo`ymay hisob qilibdi-ya», derlar. Va qilgan amallarini hozir holda topdilar. Robbing hech kimga zulm qilmas.","Farishtalarga: «Odamga sajda qilinglar», deganimizni esla. Bas, o`shanda ular sajda qildilar. Magar iblis qilmadi. U jindan bo`lgan edi. U o`z Robbining amridan chiqdi. Endi sizlar meni qo`yib uni va uning zurriyotlarini do`st qilib olasizlarmi?! Holbuki, u sizlarga dushman-ku! U, zolimlar uchun naqadar yomon badaldir.","Men ularni na osmonlaru yerni yaratishga va na o`zlarini yaratishga guvoh qilganman va adashtirguvchilarni yordamchi qilib olgan emasman.","U zot: «Sizlar Mening «sheriklarim» deb o`ylaganlaringizni chaqiring», degan kunida ularni chaqirdilar. Bas, ular javob bermadilar va ularning orasiga halokatgoh qilmishmiz.","Jinoyatchilar do`zaxni ko`rurlar va, albatta, unga tushuvchi ekanlariga ishonarlar va undan qochar joy topmaslar.[1]###[1] (Allohning tayyorlab qo`ygan do`zaxidan qochib bo`ladimi? Bu joydan qochish fursatini u dunyoda boy berganlar. Yorug` dunyoda iymon va Islomda yashaganlarida, bu joydan najot topardilar. Yorug` dunyoda Qur'onga ergashganlarida, do`zaxdan saqlangan bo`lardilar.)","Batahqiq, bu Qur'onda odamlar uchun turli masallar bayon qildik. Inson, o`zi, ko`p tortishuvchi bo`lgan edi.","Odamlarni ularga hidoyat kelganida iymon keltirishlaridan va Robbilariga istig`for aytishlaridan faqatgina avvalgilarning sunnati kelishini yoki ochiq azob kelishini kutishlari to`sdi, xolos.","Biz Payg`ambarlarni bashorat berguvchi va ogohlantirguvchi qilib yuborurmiz, xolos. Kufr keltirganlar esa, botil ila munozara qilib, u bilan haqni yengmoqchi bo`lurlar. Hamda Mening oyatlarimdan va o`zlari ogohlantirilgan narsadan istehzo qilurlar.","Robbining oyatlari ila eslatilganda, ulardan yuz o`girib, o`zi qilgan(gunoh)larni unutgan kimsadan ham zolimroq odam bormi?! Albatta, Biz u(Qur'on)ni anglamasliklari uchun ularning dillariga pardalar va quloqlariga og`irlik qilib qo`ydik. Agar ularni hidoyatga chaqirsang ham, hargiz hidoyat topmaslar.","Va Robbing sermag`firat va rahim-shafqat sohibi Zotdir. Agar ularni qilgan kasblariga binoan olganida, azoblarini tezlashtirgan bo`lar edi. Lekin ularga va'da qilingan vaqt bor. U kelganda Undan o`zga panohgoh topmaslar.","Ana u shaharlarni ham zulm qilganlarida halok etganmiz va ularning halokatlariga vaqt belgilaganmiz.","Muso o`z yigitiga: «Ikki dengiz jamlangan joyga yetmagunimcha, yillarni o`tkazsam ham, yuraveraman», deganini esla.[1]###[1] («Muso Bani Isroil orasida bir kuni xutba qilib turganida, odamlarning qaysinisi eng ilmli, deb so`raldi. U: «Men», dedi. Alloh uni ilmni o`ziga nisbat bergani uchun itob qildi. U Musoga: «Ikki dengiz qo`shilgan joyda mening bir bandam bor. U sendan ilmliroq», dedi. Muso: «Ey Robbim, men uni qanday topaman?» dedi. Alloh: «O`zing bilan bir baliqni savatga solib ol. Baliqni qayerda yo`qotsang, uni o`sha yerda topasan», dedi». Shundan keyin Muso alayhissalom yo`lga tayyorgarlik ko`rdilar va xizmatkor yigitlariga yuqoridagi oyatda kelgan azmu qarorni aytdilar. U kishi o`zlaridan ilmliroq bandani topish uchun ikki dengiz jamlangan joyga borishga qaror qilgan edilar.)","Ikkovlon ikki (dengiz) jamlangan joyga yetganlarida, baliqlarni unutdilar. Bas, u dengizni teshib yo`l oldi.[1]###[1] (Muso alayhissalom xizmatkor yigit bilan yurib-yurib, ikki dengiz qo`shiladigan joyga yetib keldilar. O`sha joyda savatda olib kelgan baliqlarini unutib qo`ydilar. Baliq eslariga kelmadi. Yana yurib ketaverdilar. Ya'ni, baliq dengizni teshib suzib ketdi. Ya'ni, baliq suzib ketgan joy teshik bo`lib suvsiz holga kelib qoldi. Uni ko`rgan odam, bu yerdan bir baliq suzib o`tibdi, degan xulosaga keladigan bo`ldi.)","U(er)dan o`tganlari zamon u yigitiga: «Tushligimizni keltir. Bu safarimizda charchoqqa uchradik», dedi.","U: «Buni qara, xarsangga (suyanib) joylashganimizda, men baliqni unutibman. Faqat shaytongina uni eslashimni unuttiribdi. Ajabo, u dengizga yo`l olibdi», dedi.[1]###[1] (Tushlik payti baliq yodlariga kelsa, uni tushirib qo`yishgani ma'lum bo`ladi. Bil'aks, uning dengizga yo`l olishidan yigit ajablanmas ham edi. Muso alayhissalom tushlik so`raganlaridan so`ng baliqning yo`qligini bildi. Avvalgi xarsang toshga suyanib dam olgan joylarida baliq suvga tushib, suzib ketganini payqab qoldi. Hamda bu ishdan g`oyatda ajablanganini bayon qildi.)","«Ana shu biz istagan narsa», dedi. Bas, kelgan yo`llaridan izlariga qaytdilar.","Bas, bandalarimizdan bir bandani topdilar. Biz unga O`z dargohimizdan rahmat va O`z tarafimizdan ilm o`rgatgan edik.","Muso unga: «Senga o`rgatilgan rushddan menga ham o`rgatmog`ing uchun senga ergashsam maylimi?» – dedi.[1]###[1] (Muso alayhissalom ulkan payg`ambar bo`lishlariga qaramay, o`zlaridan ko`ra ilmliroq, o`zlariga ustoz bo`lishi mumkin bo`lgan kishiga o`ta odob bilan murojaat qilib, unga shogird tushishni so`radilar.)","U: «Sen men bilan birga bo`lishga sabr qila olmassan.","O`zing xabarini ihota qilmagan narsaga qanday sabr qilasan», dedi.[1]###[1] (Bo`layotgan hodisani ihota eta olmagan odam unga sabr qilib, indamay qarab tura olishi qiyin ekanini eslatdi.)","U: «Inshoalloh, mening sabrli ekanimni ko`rursan va senga hech bir ishda osiy bo`lmasman», dedi.","U: «Agar menga ergashadigan bo`lsang, to o`zim zikr qilib aytmagunimcha, bir narsa haqida so`ramagin», dedi.","Bas, yurib ketdilar. Kemaga minganlarida, uni teshib qo`ydi. U (Muso): «Buni uning ahlini g`arq qilish uchun teshdingmi?! Juda g`alati narsa qilding-ku?!» – dedi.","U: «Senga, men bilan birga bo`lishga albatta sabr qila olmassan demabmidim?!» – dedi.","U: «Esimdan chiqqan narsa uchun meni jazolama, bu ishim uchun meni qiynama», dedi.","Bas, ular yurib ketdilar. To bir bolani uchratganida, uni o`ldirdi. U (Muso): «Birovni o`ldirmagan begunoh jonni o`ldirasanmi?! Juda munkar narsa qilding-ku?!» – dedi.[1]###[1] (Bu ishi kemani teshgandan ham battar tuyuldi. Chunki ko`rib bilib turib bir ma'sum go`dakni qasddan o`ldirish hazilakam ish emas edi.)"]