["U: «Senga, sen men bilan birga albatta sabr qila olmaysan demabmidim?!» – dedi.","U: «Agar bundan keyin sendan yana bir narsani so`rasam, men bilan birodarlik qilmay qo`yaver. Batahqiq, men tarafimdan uzr(qabuli)ni oxiriga yetkazding», dedi.","Bas, yurib ketdilar. Qachonki, bir shahar aholisiga kelganlarida, uning ahlidan taom so`radilar. Ular ikkovlarini ziyofat qilishdan bosh tortdilar. Ikkovlari u yerda yiqilib ketay deb turgan bir devorni ko`rishdi. Bas, uni turg`izib qo`ydi. U (Muso): «Agar xohlasang, buning uchun haq olar eding», dedi.","U: «Bu men bilan sening oramizdagi ajrashishdir. Endi senga sabr qila olmagan narsa(lar)ning ta'viylini aytib beraman», dedi.","«Kemaga kelsak, u dengizda ishlaydigan miskinlarniki edi. Bas, men uni aybli qilishni iroda qildim. Chunki, ortlarida bir podshoh bo`lib, barcha kemani tortib olayotgan edi.[1]###[1] (Kemani aybli qilib, kema egalariga zarar yetkazdim. Ammo aslini olganda, ularga foyda qildim. Podshoh odamlari aybli kemani tashlab ketadilar. Kambag`allar kemasiz qolgandan ko`ra, aybli bo`lsa ham, uni ishlatib kun o`tkaza beradilar.)","Endi bolaga kelsak, ota-onasi mo`min kishilar edi. Bas, biz uning ikkovlarini tug`yon va kufr ila ezishidan qo`rqdik.[1]###[1] (Bolaning ota-onasi mo`min kishilar edilar. Ammo bola ulg`aysa, kofir bo`lib, tug`yonga ketib, ota-onasini ezar edi. O`sha ota-onani kelajakdagi yomonlikdan asrash uchun bolalari voyaga yetmasdan, kufr va tug`yon sodir etmasdan o`ldirib qo`yishni lozim topdik.)","Bas, Robbilari ularga uning badaliga undan ko`ra yaxshirog`ini, ahli solihroq va mehribonrog`ini berishni iroda qildi.","Devorga kelsak, u shahardagi ikki yetim bolaniki bo`lib, uning ostida ikkovlarining xazinasi bor edi. Ularning otalari solih odam edi. Bas, Robbing ikkovlarining voyaga yetishini va xazinalarini chiqarib olishini iroda qildi. Bu, Allohning rahmati ila bo`ldi. Men o`zimcha qilganim yo`q. Mana shu, sen sabr qila olmagan narsaning ta'viylidir».","Sendan Zulqarnayn haqida so`rarlar. «Sizga uning haqidagi zikrni tilovat qilurman», degin.[1]###[1] (Ba'zi rivoyatlarda yahudiylar so`ragan, deyilsa, boshqalarida yahudiylar o`rgatgan, qurayshliklar so`ragan, ham deyishadi. Umuman olganda, odamlar Payg`ambar alayhissalotu vassalomdan Zulqarnayn haqida so`rashgan. Qur'onning xabar berishi shunday. Alloh Payg`ambariga savol haqida xabar berib, unga qanday javob berishni ham o`zi o`rgatmoqda: O`sha zikr-xabarga nazar solinsa, so`rov Zulqarnaynning shaxsi, yashagan joyi yoki zamoni haqida emas, balki boshqa narsalar, ya'ni qilgan ishlari haqida ekani oydinlashadi.)","Albatta, Biz unga yer yuzida imkoniyat berdik va har bir narsaga (erishish) sababini ato qildik.[1]###[1] (Alloh taolo Zulqarnaynga Yer yuzida hukmronlik va boshqa katta imkoniyatlarni bergan edi.)","Bas, sababga ergashdi.[1]###[1] (Ya'ni, o`ziga oson qilingan yo`ldan yurdi.)","To quyosh botish joyiga yetganida, uning qora balchiq buloqqa botayotganini ko`rdi va uning oldida bir qavmni ko`rdi. Biz: «Ey Zul-qarnayn, yo ularni azoblaysan, yoki go`zallik-la tutarsan», dedik.[1]###[1] (Alloh bu gapni Zulqarnaynga qanday aytganini O`zi biladi. Vahiy orqalimi, ilhom qildimi? Lekin o`sha qavm bo`yicha qaror qabul qilishni — xohlasa, azoblab, xohlasa, yaxshilik etishni ixtiyoriga qo`ydi.)","U: «Kim zulm qilgan bo`lsa, tezda uni azoblarmiz, so`ngra, Robbiga qaytarilar, bas, U zot ham uni munkar azob ila azoblar.","Ammo, iymon keltirib yaxshi amallar qilganlarga esa, ularga go`zal mukofot bordir va unga o`z ishimizdan osonini ayturmiz», dedi.","So`ngra, u yana sababga ergashdi.","To quyosh chiqish joyiga yetganida, uning bir qavm ustidan chiqayotganini ko`rdi. Ularga u(quyosh)dan to`siq bo`ladigan narsa qilmagan edik.","Ana shunday, batahqiq, Biz uning oldidagi narsaning xabarini ihota qildik.[1]###[1] (Ya'ni, mag`ribdagi haq so`zlar va ishlar mashriqda ham joriy qilindi. Zulqarnayn mag`ribda hukmronlik qilganidek, mashriqda ham hukmronlik qildi. Biz, shubhasiz, Zulqarnaynning huzuridagi hamma narsaning xabarini to`liq bilamiz.)","So`ngra u yana sababga ergashdi.","To ikki tog` orasiga yetganida, ularning ortida biron gapni anglamaydigan qavmni ko`rdi.","Ular: «Ey Zulqarnayn, albatta, Ya'juj va Ma'juj yer yuzida buzg`unchilik qilguvchilardir. Biz senga xaroj bersak, biz bilan ularning orasida to`siq qilib berurmisan?» – dedilar.[1]###[1] (Ya'juj va Ma'juj haqida ham juda ko`p gaplar bor. Bu ham taxminiy gaplardan iboratdir. Biz esa, Qur'oni Karimdagi ma'lumotlar bilan kifoyalanamiz. Shunisi xayrli.)","U: «Robbim menga bergan imkoniyat yaxshidir. Bas, siz menga kuch ila yordam bering. Siz bilan ularning orasida bir devor qilajakman.","Menga temir parchalarini keltiring», dedi. Nihoyat, ikki tog` tomonlari ila barobarlashganda: «Dam uringlar», dedi. Nihoyat, u(to`p temir)ni o`tga aylantirgach: «Olib kelinglar, ustidan mis quyaman», dedi.[1]###[1] (Ikki tog` orasiga to`plangan temirni bosqonlar bilan dam urib eritib olov holiga keltirdilar. Eritilgan mis olib kelinglar, olov bo`lib turgan temir ustidan quyaman, dedi.)","Bas, ular uning ustiga chiqa olmadilar, uni teshib ham o`ta olmadilar.","U: «Bu, Robbim rahmatidandir. Agar Robbimning va'dasi kelsa, buni yer barobar qilur. Robbimning va'dasi haqdir», dedi.","O`sha kuni ularni bir-birlari ila mavj urgan hollarida tark etdik va sur chalindi. Bas, ularning hammalarini jamladik.","O`sha kuni kofirlarga jahannamni ko`ndalang qilib ko`rsatdik.","Ular ko`zlari Mening zikrimdan pardada bo`lgan va eshitishga qodir bo`la olmaydiganlar edilar.","Yoki kufr keltirganlar Meni qo`yib bandalarimni valiy — iloh qilib olishni gumon qildilarmi?! Albatta, Biz jahannamni kofirlarga manzil etib tayyorlaganmiz.","Sen: «Sizga amallari yuzasidan eng ziyonkorlarning xabarini beraymi?","Ular bu dunyo hayotidayoq sa'yi-harakatlari botil bo`lgan, o`zlari esa, go`zal ish qilyapman, deb hisoblaydiganlardir», degin.","Ana o`shalar Robbilari oyatlariga va unga ro`baro` kelishga kufr keltirganlardir. Bas, ularning amallari habata bo`ldi. Qiyomat kuni ularga hech qanday vazn bermasmiz.[1]###[1] (Ya'ni, qiyomat kuni kofirlarning hech qanday qadr-qiymati bo`lmaydi. Ularning bu dunyoda qilgan amallarining vazni ham bo`lmaydi. Chunki Allohning nazdida hamma qadr-qiymat va amallarning vazni iymonga bog`liq. Iymoni yo`qning qadri ham yo`q, qiymati ham yo`q. Uning qilgan ishining vazni ham yo`q.)","Shuningdek, kufr keltirganlari va Mening oyatlarim va Payg`ambarlarimni masxara qilganlari sababli ularning jazosi jahannamdir.","Albatta, iymon keltirgan va yaxshi amallarni qilganlarga Firdavs jannati manzil bo`lgandir.","Unda abadiy qolurlar va undan ko`chishni istamaslar.","Sen: «Agar dengiz Robbim kalimalariga siyoh bo`lsa-yu, unga o`z mislicha madad keltirsak ham, Robbim kalimalari tugashidan oldin dengiz tugab qolur», degin.[1]###[1] (Oyatdagi «dengiz» lafzi barcha dengiz jinsini o`z ichiga oladi. Demak, dunyodagi barcha dengizlar siyoh qilib olinib, ularga yana shuncha dengiz siyohi qo`shilsa-da, Alloh taoloning kalimalari yozilsa, o`shancha dengiz siyoh tugab qoladi, ammo Allohning kalimalari tugamaydi. Demak, Alloh taoloning ilmi shunchalik ko`p. Buni qiyosdan tushunib olsa bo`laveradi.)","Sen: «Men ham sizlarga o`xshagan basharman. Menga, shubhasiz, ilohingiz bitta iloh ekani vahiy qilindi. Bas, kim Robbiga ro`baro` kelishni umid qilsa, yaxshi amal qilsin va Robbi ibodatiga birontani sherik qilmasin», degin.","Kaaf, ha, yo, ayn, sod.","Bu, Robbingning bandasi Zakariyoga rahmati zikridir.[1]###[1] (Ya'ni, ey Muhammad alayhissalotu vassalom, ushbu qissa «Robbingning bandasi Zakariyoga rahmati zikridir».)","U, Robbiga maxfiy nido qilgan chog`ini esla.","U: «Ey Robbim, mening suyaklarim mo`rtlashdi, boshga oq tutashdi, ey Robbim, senga duo qilish-la badbaxt bo`lmaganman.","Va, albatta, men ortimdagi qarindoshlardan qo`rqdim. Ayolim tug`mas edi. Bas, menga O`z dargohingdan bir valiy — ortdan qolguvchi ato et.","U menga va Ya'qub oilasiga merosxo`r bo`lsin. Ey Robbim, uni O`zing rozi bo`ladigan qil», dedi.","«Ey Zakariyo, Biz senga ismi Yahyo bo`lgan bir o`g`ilning xushxabarini beramiz. Bundan oldin unga otdosh qilgan emasmiz».[1]###[1] (Ko`rinib turibdiki, Alloh taolo Zakariyo alayhissalomga buyuk rahmat nazari bilan boqdi. Farzand beribgina qolmay, unga O`zi Yahyo, deb ism ham qo`ydi. Bularning bari dunyoga kelayotgan farzandining kelajagi juda qutlug`ligidan darak berar edi.)","U: «Ey Robbim, ayolim tug`mas bo`lsa, o`zim qarib-chirib qolgan bo`lsam, qanday qilib mening o`g`lim bo`lsin?!» – dedi.","U: «Ana shunday! Robbing aytdiki, bu Men uchun oson. Batahqiq, bundan oldin seni yaratdim. Holbuki, sen hech narsa emas eding», dedi.","U: «Robbim, menga bir belgi ato qil», dedi. U zot: «Sening belging salomat holingda odamlarga uch kecha gapirmasligingdir», dedi.","Bas, o`z qavmi huzuriga mehrobdan chiqdi va ularga, ertayu kech tasbih aytinglar, deb ishora qildi.[1]###[1] (Sog`lom holda tildan qolgan Zakariyo alayhissalom mehrobda ibodat, tasbih va Tavrot tilovati bilan mashg`ul bo`ldilar. Mehrobdan chiqib qavmlariga, ertayu kech Allohga tasbih aytinglar, deb ishora qildilar. Bu bilan qavmlarini birga ibodat qilishga, berilgan ulug` ne'mat shukronasini ado etishga chorladilar. Shu nuqtada Zakariyo alayhissalomga tegishli tarix xotima topadi. Yahyo alayhissalomning tavalludlari, hayotlariga taalluqli boshqa tarixlar bayon etilmay, bir yo`la ul zotga kitob nozil etilish qissasi zikr etiladi.)","«Ey Yahyo, kitobni quvvat-la ol!» (dedik). Va unga go`dakligidayoq hukmni berdik.[1]###[1] (Alloh taolo Yahyo alayhissalomga, ilohiy Tavrotni quvvat bilan ol, demoqda. Oyatdagi: «Unga go`dakligidayoq hukmni berdik», degan jumlani ulamolarimiz ilmu hikmat mazmunida ta'vil qilganlar.)","Va O`z tomonimizdan mehribonlik va poklik (berdik). Hamda u taqvodor edi.","U ota-onasiga mehribon bo`lib, jabr-sitam qilguvchi va isyonchi emasdi.","Unga tug`ilgan kunida ham, o`ladigan kunida ham, qayta tiriladigan kunida ham salomlar bo`lsin.","Kitobda Maryamni esla. U o`z ahlidan sharqiy makonga ajrab chiqqanda...","Va ular bilan o`zi orasida to`siq olganda, Biz unga O`z ruhimizni yubordik. Bas, u unga bus-butun odam bo`lib ko`rindi.[1]###[1] (Ya'ni, ey Muhammad, bu kitobda (Qur'onda) Maryamni esla. Baytul Maqdisda yashayotgan, bokira, taqvodor qiz Maryam, shaharning sharqiy tomoniga yolg`iz chiqdi. Nimaga chiqqanini Alloh biladi. Qavmidan hech kim Maryamni ko`rmaydigan bo`ldi. U xoli va yolg`iz qoldi. Jabroil alayhissalom Maryamga to`la-to`kis odam siymosida namoyon bo`ldi. Alloh uni yaratgan asl holatida ko`rinmadi. Chunki bus-butun holida ko`rinsa, Maryam butkul dahshatga tushishi mumkin edi.)","U: «Men Rohmandan sendan panoh berishini so`rayman. Agar taqvodor bo`lsang...» dedi.","U: «Men Robbingning elchisiman, xolos, senga bir pok o`g`ilni hadya etish uchun keldim», dedi.","U: « Menda qayoqdan o`g`il bo`lsin, menga bashar tegmagan bo`lsa, men buzuq ham bo`lmasam?!» – dedi.","U: «Ana shunday, Robbing aytdiki, bu Men uchun osondir va uni odamlarga belgi qilish uchun hamda Bizdan rahmat bo`lishi uchun, bu hukmi chiqib bo`lgan ishdir», dedi.","Bas, unga homilador bo`ldi. So`ngra, u bilan uzoq makonga chetlandi.[1]###[1] (Ya'ni, Jabroil alayhissalom Maryamning yoqasidan puflaganidan keyin Iyso alayhissalomga homilador bo`ldi.)","Bas, to`lg`oq uni xurmo tanasiga olib bordi. U: «Koshki, bundan oldin o`lsam edi va butunlay unutilib ketsam edi», dedi.","Uning ostidan: «Mahzun bo`lma, batahqiq, Robbing ostingdan oqar suv qildi.","Xurmo tanasini silkit, senga yangi meva tushiradi», deb nido qildi.[1]###[1] (Tafsirchi ulamolarimiz ushbu oyati karimani ikki xil talqin qiladilar. Ba'zilar «Uning ostidan» iborasini xurmoning ostidan ma'nosida, «nido qildi» iborasini, farishta nido qildi mazmunida sharhlaganlar. Ayrim ulamolar esa, «Uning ostidan»ni «Maryamning ostidan» va «nido qildi»ni, Iyso nido qildi, deb talqin etganlar.)","Ye, ich va ko`zing quvonsin. Bas, biror odamni ko`rar bo`lsang: «Men Rohmanga ro`za nazr qildim. Bugun inson zotiga zinhor gapirmasman», degin.","Bas, uni ko`tarib qavmiga olib keldi. Ular: «Ey Maryam, sen ajoyib narsa keltirding-ku!","Ey, Horun singlisi, otang yomon odammas va onang ham buzuq bo`lmagan edi-ku!» – dedilar.[1]###[1] (Bibi Maryam Iyso alayhissalomni ko`tarib qavmi huzuriga bordi. Qavm bu holni ko`rib hayratga tushdi. Darhol Maryamni tergab, dashnom bera boshladi.)","Bas, unga ishorat qildi. Ular: «Beshikdagi yosh bola ila qanday gaplashamiz?!» – dedilar.[1]###[1] (Beshikdagi bola hech qachon gapirmaydi. Ammo Alloh har narsaga qodir. U xohlagan ish bo`ladi. Beshikdagi go`dak Iyso alayhissalom tilga kirdilar.)","U: «Albatta, men Allohning bandasiman. U menga kitob berdi va meni Payg`ambar qildi.","Meni qayerda bo`lsam ham, muborak qildi. Modomiki, hayot ekanman, namoz va zakotni ado etmoqni tavsiya qildi.","Meni volidamga mehribon qildi va jabr-sitam qilguvchi, badbaxt qilmadi.","Menga tug`ilgan kunimda ham, o`ladigan kunimda ham va qayta tiriladigan kunimda ham salom bordir», dedi.","Mana shu, shubha qilishayotgan Iyso ibn Maryam to`g`risidagi haq so`zdir.[1]###[1] (Ba'zilar uni «xudo» dedilar, ba'zilar onalari Bibi Maryamni zinokorlikda aybladilar. Bu quruq va asossiz so`zlarga emas, Allohning haq kalomiga ishonish kerak.)","Bola tutmoq Allohga hech to`g`ri kelmas. U bundan pokdir. U bir ishni istasa, unga «Bo`l!» deydi. Bas, bo`ladi.","«Va, albatta, Alloh mening Robbimdir va sizning Robbingizdir. Bas, Unga ibodat qiling. Mana shu to`g`ri yo`ldir.»","So`ngra, firqalar o`zaro ixtilofga tushdilar. Kufr keltirganlarga buyuk kundagi ko`rinishdan voy bo`lsin.[1]###[1] (Nasorolar hozirgacha Iyso alayhissalom xususida ixtilofdalar. Ba'zilari, Iyso Allohning o`g`li desa, ba'zilari Iyso ota, o`g`il va muqaddas ruhdan iborat uchlikning biri deydi; ba'zilari esa, Iyso ota xudo, ona xudo va bola xudodan biri — bola o`g`il xudo, deydilar. Ularning orasida Iyso alayhissalom Allohning bandasi, Rasuli, ruhi va kalimasi deydiganlar ham bor. Ammo hanuzgacha mazkur ixtiloflar davom etib kelmoqda.)","Bizga keladigan kuni qanday ham yaxshi eshitarlar, qanday ham yaxshi ko`rarlar. Lekin zolimlar bugungi kunda ochiq zalolatdadirlar.","Ularni hasrat kunidan, ish bitmish paytidan ogoh qil. Ular g`aflatdadirlar, ular iymon keltirmaslar.","Albatta, Biz yerga va uning ustidagi kimsalarga merosxo`r bo`lamiz va Bizgagina qayturlar.","Kitobda Ibrohimni esla. Albatta, u siddiq va Nabiy bo`lgan edi.","Qachonki u otasiga: «Ey otajon, nima uchun eshitmaydigan, ko`rmaydigan va senga biron foyda bermaydigan narsaga ibodat qilasan?","Ey otajon, albatta, senga kelmagan ilm menga keldi. Bas, menga ergash, seni to`g`ri yo`lga boshlayman.","Ey otajon, shaytonga ibodat qilma. Albatta, shayton Rohmanga osiy bo`lgandir.","Ey otajon, albatta, men seni Rohman tomonidan azob tutishidan va shaytonga do`st bo`lib qolishingdan qo`rqaman», degan edi.","U: «Ey Ibrohim, sen mening xudolarimdan yuz o`giruvchimisan?! Qasamki, agar to`xtamasang, seni, albatta, toshbo`ron qilaman! Mendan uzoq ket!» – dedi.","U: «Omon bo`l. Endi Robbimdan seni mag`firat qilishini so`rayman. Albatta, U menga juda ham lutfli, marhamatlidir.","Men sizlardan ham, Allohdan o`zga iltijo qilayotgan narsangizdan ham chetlanaman va Robbimga iltijo qilaman. Shoyadki, Robbimga iltijo qilish ila badbaxt bo`lmasam», dedi.","Bas, ulardan va ular Allohdan o`zga ibodat qilayotgan narsadan chetlanganida, Biz unga Is'hoq va Ya'qubni hadya etdik va barchalarini Payg`ambar qildik.[1]###[1] (Ibrohim alayhissalom Allohni, Uning dinini deb o`z vatanlari, qavm-qarindoshlarini tark etib, hijrat qilgan edilar. Alloh taolo u zotni yolg`iz qo`ymadi. Qarib qolgan bo`lsalar ham, Is'hoq va Ya'qubni berdi. Ibrohim alayhissalom nasabini bardavom ayladi. Eng muhimi, ularning hammasini payg`ambar qildi.)","Va ularga O`z rahmatimizdan hadya etdik hamda ularga rostgo`y va oliy til berdik.","Kitobda Musoni esla. Albatta, u tanlab olingan Nabiy va Rasul edi.[1]###[1] (Ey Muhammad, ilohiy Kitob — Qur'onda Muso alayhissalom qissasini esla. U Alloh taolo tomonidan tanlab olingan banda: ham Nabiy va ham Rasul edi. Biz Alloh tomonidan bandalarga yetkazish uchun ko`rsatmalar olgan shaxsni payg`ambar deb odatlanib qolganmiz. Aslida esa, payg`ambarlik mohiyat jihatidan ikki turlidir. Bir turlariga «Nabiy», boshqalariga «Rasul» deyiladi. Nabiylar Allohdan vahiy kelgan, biroq kitob berilmagan, shuningdek, da'vatlari keng ommaga emas, o`zlari uchungina kifoya qilgan zotlardir. Rasul Alloh tomonidan vahiy berilgan, da'vatlari keng ommaga mo`ljallangan zot hisoblanadilar. Muso alayhissalom ushbu ikki sifatni o`zlarida mujassam qilgan payg`ambarlardan biridir.)","Biz unga Turning o`ng tomonidan nido qildik va munojot uchun O`zimizni yaqinlashtirdik.","Va unga O`z rahmatimizdan og`asi Horunni Payg`ambar qilib hadya etdik.[1]###[1] (Og`alari Horunning payg`ambar bo`lishini Muso alayhissalomning o`zlari Alloh taologa duo qilib so`ragan edilar.)","Va kitobda Ismoilni esla. Albatta, u va'dasiga sodiq hamda Rasul va Nabiy bo`lgan edi.","U ahlini namozga va zakotga buyurar edi va Robbi huzurida rozi bo`lingan edi.","Va kitobda Idrisni esla. Albatta, u siddiq va Nabiy bo`lgan edi.","Va uni oliy maqomga ko`tardik.[1]###[1] (Uning qadrini yuksak, zikrini oliy qildik. Dunyoda shunday oliymaqom zotlar o`tgan.)","Ana o`shalar, Alloh ne'mat bergan zotlar Payg`ambarlardan, Odam zurriyotidan, Nuh bilan birga (kemada) ko`targanlarimizdan, Ibrohim va Isroilning zurriyotidan, o`zimiz hidoyat qilgan va tanlab olganlardandir. Ularga Rohmanning oyati tilovat qilinsa, yig`lab sajdaga yiqilardilar.","Bas, ularning ortidan bir o`rinbosarlar qoldiki, ular namozni zoye qilib, shahvatlarga ergashdilar. Bas, tezda ular yomonlikka yo`liqdilar.[1]###[1] (Rohmanning oyati tilovat qilinganda yig`lab, sajdaga otiladigan hassos zotlar ortidan, nobakor, fosiq va betavfiq o`rinbosarlar keldi. Bu betavfiq kimsalar namozni zoye qildilar, shahvatga ergashadilar. Shahvatga ergashgan zalolatga yuz buradi. Zalolatga ketganga esa, halokat yetadi.)","Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib, amali solih qilsa, bas, ana o`shalar jannatga kirurlar va hech zulm qilinmaslar.[1]###[1] (Kim tavba qilsa, noshoyista amalidan afsus-nadomat chekib, to`g`ri yo`lga qaytsa, so`ngra iymon keltirib, mo`min bo`lsa va yaxshi amallarni ado etsa, yomonlikka uchramaydi.)","Rohman O`z bandalariga g`aybdan va'da qilgan adn jannatlaridir. Albatta, Uning va'dasi kelgusidir.","Ular unda behuda so`z eshitmaslar, illo, salom eshiturlar. Ularga u yerda ertayu kech rizqlari kelib turur.","U, bandalarimizdan taqvodor bo`lganlariga meros qilib beradigan jannatimizdir.","Biz faqat Robbingning amri bilangina tushamiz. Bizning oldimizdagi narsalar va ortimizdagi narsalar hamda ularning orasidagi narsalar ham Unikidir. Robbing unutguvchi bo`lmagan.[1]###[1] (Ya'ni, ey Muhammad, bizda o`zimizcha tushaverish ixtiyori yo`q. Qachonki amr qilsagina, huzuringga tushamiz. Aks holda, amrni kutib turaveramiz. Jamiki narsa Allohning izmida. Bizning oldimizdagi va ortimizdagi hamda har ikkisining orasidagi narsalar Unikidir.)","U osmonlaru yerning va ular orasidagi narsalarning Robbidir. Bas, Unga ibodat qil va Uning ibodatida sabrli bo`l. Unga tengdoshni bilurmisan?[1]###[1] (Inson sabr-matonat ila Allohga ibodat qilib, butun hayotini uning ko`rsatmasiga mos etib yashagandagina maqsadga noil bo`ladi.)","Inson: «Agar o`lsam, yana qayta tirik holda chiqarilamanmi?!» – deydi.","O`sha inson Biz uni bundan oldin hech narsa bo`lmay turganida yaratganimizni eslamaydimi?!","Robbingga qasamki, Biz ularni va shaytonlarni, albatta, mahsharga to`playmiz, so`ngra, ularni jahannam atrofiga tiz cho`kkan hollarida hozir qilamiz.","So`ngra, har bir guruhdan Rohmanga ashaddiy osiy bo`lganini sug`urib olamiz.[1]###[1] (Anchayin chorlab yoxud taklif qilib emas, shiddat bilan sug`urib olinadi. Demak, kofirlar shaytonlari bilan jahannam atrofiga o`tqazib qo`yilib, qilgan gunohlariga qarab birin-ketin do`zaxga tashlanadilar. Qolganlari navbat kutib, kuzatib turadilar.)","Keyin, albatta, Biz u(jahannam)ga kirishga kimlar loyiqroq ekanini yaxshi bilguvchimiz.","Sizdan unga yaqinlashuvchi bo`lmagan hech kim yo`q. Bu, Robbing huzuridagi keskin hukmdir.[1]###[1] (Alloh taolo Anbiyo surasida mo`minlar haqida: «Ana o`shalar u (jahannam)dan uzoqlashtirilganlar, uning ovozini ham eshitmaydilar» degan, shuning uchun ham bu oyatga «Sizdan unga yaqinlashuvchi bo`lmagan hech kim yo`q», deb ma'no bersak asliga muvofiq bo`ladi. Binobarin, mo`minlar jahannamga, xususan, sirotdan o`tayotganlarida yaqinlashadilar, biroq tushmay o`tib ketadilar. Kofirlar esa, yaqinlashib, jahannam atrofida tiz cho`kib o`tiradilar va gunohlariga mos ravishda ketma-ket do`zaxga tashlanadilar.)","So`ngra, taqvo qilganlarga najot beramiz va zolimlarni unda tiz cho`kkan hollarida qoldiramiz.","Qachonki ularga Bizning ravshan oyatlarimiz tilovat qilinsa, kufr keltirganlar iymon keltirganlarga: «Ikki guruhning qaysi biri maqom va majlis jihatidan yaxshiroqdir?» – derlar.","Holbuki, Biz ulardan oldin mol va ko`rinish jihatidan yaxshiroq bo`lgan qanchadan-qancha asrlarni halok qilganmiz.","Sen: «Kim zalolatda bo`lsa, Rohman unga muhlat berib qo`ysin. Toki o`zlariga va'da qilingan narsani — azobni yoki qiyomatni ko`rganlarida, kimning martabasi yomonroq va askari kuchsizroq ekanini albatta bilurlar», degin.","Va Alloh hidoyatga yurganlarning hidoyatini ziyoda qiladi. Boqiy qoluvchi solih amallar Robbing nazdida savobi yaxshiroq va oqibati xayrlidir.","Oyatlarimizga kufr keltirgan va: «Albatta, (oxiratda) menga molu dunyo hamda bola-chaqa berilajak», deganni ko`rdingmi?!","U g`oyibni bilarmikan yoki Rohmanning huzuridan ahdu paymon oldimikan?![1]###[1] (G`oyibda unga oxiratda albatta molu dunyo hamda bola-chaqa berilishi muqarrar ekanligi haqida alomat bormikan?)","Yo`q! Nima deganini albatta yozib qo`yamiz va unga azobni uzundan-uzoq qilamiz.","U aytayotgan narsaga merosxo`r bo`lurmiz va u Bizga yolg`iz holida kelur.[1]###[1] (Kofir molu mulk, bola-chaqa va boshqa dunyoviy narsalaridan judo bo`lgan yolg`iz holida bizga — huzurimizga keladi. O`sha payt u bilan qanday muomala qilishni o`zimiz bilamiz.)","Ular o`zlariga kuch-qudrat, izzat bo`lishi uchun Allohdan o`zgalarni «xudo» qilib oldilar.","Yo`q! U(«xudo»)lar ularning ibodatlarini inkor eturlar va ularga zid bo`lurlar.[1]###[1] (Qiyomat kuni soxta xudolar mushriklarning ularga qilgan ibodatini, bandaligini inkor etadilar. Biz ularga, bizga ibodat qiling deganimiz yo`q, deb Alloh huzurida o`zlarini oqlaydilar.)","Biz shaytonlarni kofirlarga ularni doimiy qo`zg`ab turishga yuborganimizni ko`rmadingmi?","Ularning ziddiga shoshilma! Biz ularning sanog`ini sanamoqdamiz.","Taqvodorlarni Rohman huzuriga mehmon hay'ati etib to`plagan kunimizda.","Jinoyatchilarni jahannamga chanqoq hollarida haydaymiz.","Ular shafoatga molik bo`lmaslar. Magar kim Rohman huzurida ahdu paymon olgan bo`lsa (molik bo`lar).[1]###[1] (Shafoatga molik bo`lganlar faqat Allohning O`zidan bu haqda ahdu paymon olganlardir, xolos.)","Ular: «Rohman bola tutdi», dedilar.","Batahqiq, juda og`ir narsa keltirdingiz.","Undan osmonlar parchalanib, yer yorilib, tog`lar qulab yiqilay deydi.","Rohmanning bolasi bor, deganlariga.","Rohmanga bola tutish loyiq emasdir.[1]###[1] (Uning bola tutishga hojati yo`q. U farzand talabida emas. Bu uning sha'niga to`g`ri kelmaydi. Rohman yakkadir. Vohid va Biru Bordir.)","Osmonlaru yerdagi barcha kimsalar Rohmanga banda bo`lgan hollarida kelurlar.","Batahqiq, U zot ularni ihota qilgan va sanab qo`ygandir.","Ularning barchalari U zotning huzuriga qiyomat kuni yolg`iz hollarida kelguvchidirlar.","Albatta, iymon keltirgan va yaxshi amallarni qilganlarga Rohman muhabbat paydo qilur.","Bas, albatta, taqvodorlarga xushxabar berishing va u bilan sarkash qavmlarni ogohlantirishing uchun u(Qur'on)ni tilingga oson qildik.","Ulardan oldin qanchadan-qancha asr(ahli)ni halok qildik. Ulardan birortasini his etasanmi yoki sharpasini eshitasanmi?!","Toha.","Senga Qur'onni badbaxt bo`lishing uchun nozil qilganimiz yo`q.","Magar qo`rqqan kimsalarga eslatma bo`lishi uchun.","U, yerni va yuksak osmonlarni yaratgan Zotdan nozil bo`lgandir.","U — Rohman (Zoti va ulug`ligiga munosib ravishda) Arshga ko`tarildi.[1]###[1] (Rohman sifatining sohibi Alloh ulug`ligiga munosib ravishda Arshga yuksaldi. Arshga ko`tarilish, oliy bo`lishning esa, o`xshashi yo`q, misli yo`q, shakli ham yo`q. Uning yuksalishi o`ziga xos.)","Osmonlardagi narsalaru yerdagi narsalar, ularning orasidagi narsalaru yer ostidagi narsalar Unikidir.","Sen agar so`zda ovozingni yuksaltirsang ham. Bas, albatta, U sirni ham, maxfiyni ham bilguvchidir.","Alloh — Undan boshqa ibodatga sazovor iloh yo`q Zotdir. Go`zal ismlar Unikidir.","Senga Musoning xabari keldimi?","U, olovni ko`rgan chog`ida o`z ahliga: «Turib turinglar, men olovni ko`rdim, shoyad, sizga undan cho`g` keltirsam yoki olov boshida yo`l ko`rsatuvchini topsam», dedi.[1]###[1] (Oyati karimada Muso alayhissalom Madyandan Misrga kelayotganlarida ro`y bergan hodisa bayon etilmoqda.)","Bas, u(olov)ga kelganida, nido qilindi: «Ey Muso.","Albatta, Men O`zim sening Robbingdirman. Kavushlaringni yech. Chunki, sen muqaddas Tuvo vodiysidasan».","Men seni ixtiyor qilib oldim. Vahiy qilinadigan narsaga quloq os.","Albatta, Men O`zim Allohdirman. Mendan o`zga iloh yo`q. Bas, Menga ibodat qil va Meni zikr etish uchun namozni to`kis ado et.","Albatta, soat (qiyomat) kelguvchidir. Har bir jon sa'yi-harakatiga yarasha jazo olishi uchun uni maxfiy tuturman.","Unga iymon keltirmaydiganlar va havoyi nafsiga ergashganlar seni hargiz undan to`smasinlar. U holda halok bo`lasan.","Ey Muso, qo`lingdagi nima?»","U: «Bu asoimdir, unga suyanaman, u bilan qo`ylarimga (barg) qoqib beraman va unda mening boshqa ishlarim bor», dedi.","U: «Ey Muso, uni tashla», dedi.","Bas, uni tashladi. Birdan u (aso) ilon bo`lib yura boshladi.","U zot: «Uni ol, qo`rqma. Biz uni avvalgi holiga keltiramiz.","Qo`lingni qo`ltig`ingga tiq, yomonliksiz oppoq bo`lib chiqadir. Bu boshqa bir mo`'jizadir.[1]###[1] (Qo`l oppoq bo`ldi, ammo bu oqlikda yomonlik yo`qdir. Yaxshilik bor. Juda chiroyli bo`lib ko`rinadi. Bunday bo`lishi sening payg`ambar ekanligingni tasdiqlovchi asodan keyingi yana bir mo`'jizadir.)","Biz senga buyuk mo`'jizalarimizni ko`rsatish uchun (shunday qildik).","Sen Fir'avnga bor, chunki, u tug`yonga ketdi», dedi.","U: «Ey Robbim, mening qalbimni keng qil.","Mening ishimni oson qil.","Tilimdagi tugunni yechgin.","So`zimni anglasinlar.","Menga o`z ahlimdan bir vazir qilib ber.","Og`am Horunni.","U bilan belimni quvvatla.","Uni ishimga sherik ayla.","Senga ko`p tasbih aytishimiz uchun.","Va Seni ko`p zikr qilishimiz uchun.","Albatta, Sen O`zing bizni ko`rib turuvchi eding», dedi.","U zot: «Ey Muso, senga so`raganing berildi.[1]###[1] (Bir og`iz gap bilan hal qilib qo`ydi. Nimani so`ragan bo`lsalar, berdi.)","Batahqiq, Biz senga boshqa marta ham ne'mat bergan edik.[1]###[1] (Ya'ni, hozir bergan ne'matlarimizdan boshqa ham ne'mat bergan edik.)","O`shanda onangga ilhom qilinadigan narsani ilhom qilib.","«Uni tobutga sol, uni esa, daryoga tashla. Daryo uni sohilga otsin. Uni Mening dushmanim va uning dushmani oladi», dedik. Va senga O`zimdan muhabbat soldim. Buni Mening ko`z oldimda yetishtirilishing uchun (qildim).[1]###[1] (Musoning onasi Alloh bergan ilhom bilan uni sandiqqa solib, suvga oqizib yuboradi. Musoning o`z ko`zi ostida voyaga yetishi uchun dushman Fir'avnning uyiga uni joylashtirgan, qalbiga uning muhabbatini solgan Zot onaning farzand firoqida qiynalishiga ham barham berdi. Murg`ak Muso ayollarning bittasini ham emmay qo`ydi. Musoning opasini Fir'avn saroyiga yuborib, shu bolani emizadigan ayol bor, deb aytishni buyuradi.)","O`shanda opang yurib borib: «Uni kafillikka oladiganlarga dalolat qilaymi?» – degan edi. Bas, Biz seni ko`zi quvonishi va xafa bo`lmasligi uchun onangga qaytardik. Va bir jonni o`ldirding. Bas, Biz seni g`amdan qutqardik va turli sinovlar ila sinadik. So`ngra, Madyan ahli ila yillarcha qolding va taqdirga binoan kelding, ey Muso!","Men seni O`zim uchun tanladim.[1]###[1] (Ya'ni, payg`ambar qilib oldim. Keyin esa, payg`ambarlik vazifasiga oid topshiriqlar berildi:)","Sen va og`ang mo`'jizalarimni olib boringlar va Meni zikr etishda sustkashlik qilmanglar.","Fir'avnga boringlar! Chunki, u tug`yonga ketdi.","Bas, unga yumshoq so`z aytinglar. Shoyad, eslasa yoki qo`rqsa».[1]###[1] (Yumshoq so`z ta'sir qilishi mumkin. Yumshoq so`z kofirni va tug`yonga ketgan shaxsni ham muloyim qilib qo`yishi mumkin. Shoyad Fir'avn ham o`ziga kelib, insof qilsa.)","Ikkovlari: «Ey Robbimiz, biz uning tezda bizga yomonlik qilishidan yoki haddan oshishidan qo`rqamiz», dedilar.","U zot: «Qo`rqmanglar! Albatta, Men sizlar bilanman, eshitaman va ko`raman.","Bas, uning oldiga boringlar va unga: «Albatta, biz Robbingning Payg`ambarlarimiz, Bani Isroilni biz bilan qo`yib yubor. Ularni azoblama. Batahqiq, biz senga Robbingdan mo`'jiza keltirdik. Hidoyatga ergashgan kimsaga salom bo`lur.","Albatta, bizga vahiy qilindiki, «Yolg`onga chiqarganlarga va yuz o`girib ketganlarga, shubhasiz, azob bo`lur», denglar», dedi.","U: «Ey Muso, ikkovingizning Robbingiz kim?» – dedi.","U: «Bizning Robbimiz har narsaga o`z yaratilishini bergan hamda uni hidoyatga solgan Zotdir», dedi.","U: «O`tgan asrlarning holi nedir?» – dedi.","U: «Ularning ilmi Robbim huzurida, kitobdadir. Robbim adashmas va unutmas», dedi.[1]###[1] (Ya'ni, o`tgan asrlar haqidagi barcha ilm Robbim huzuridagi kitobda yozilgandir. Qancha asrlar o`tib, qancha odamlar yashab, nima ishlar qilgan bo`lsalar, hamma-hammasi Robbim huzurida turibdi, kitobda yozilgan. Shunga qarab jazolaydi yoki mukofotlaydi.)","«U sizga yerni beshik qilgan, sizga unda yo`llar ochgan va osmondan suv tushirgan Zotdir». Bas, o`sha (suv) ila turli nabototlar juftlarini chiqardik.","Yenglar va chorvalaringizni boqinglar. Albatta, bunda aql egalari uchun ibratlar bordir.","Sizlarni undan yaratdik, unga qaytaramiz va yana bir bor undan chiqarib olamiz.[1]###[1] (Ya'ni, Biz sizlarni yerdan yaratdik, o`lganingizdan so`ng yana unga qaytaramiz. Qiyomat kuni esa, sizlarni qayta tiriltirib, yerdan chiqarib olamiz. Ey Fir'avn, sen ham odamsan, sening ham boshingga shu kun tushadi.)","Batahqiq, Biz unga oyat-mo`'jizalarimizning hammasini ko`rsatdik. Bas, u yolg`onga chiqardi va bosh tortdi.","U: «Ey Muso, bizni yerimizdan chiqarish uchun sehring ila keldingmi?!","Bas, albatta, biz ham unga o`xshash sehr keltiramiz, biz bilan o`zing orangda va'da vaqti tayin qil, unga biz ham, sen ham xilof qilmaydigan bo`laylik, o`rta joy bo`lsin», dedi.","U: «Va'da vaqtingiz ziynat kuni. Odamlarning choshtgohda to`planishi», dedi.[1]###[1] (Misrliklarning «ziynat kuni» katta bayrami bo`lib, unda barcha xaloyiq ziynatli kiyimlar kiyib chiqar edilar. Muso alayhissalom hamma guvoh bo`lsin deb ziynat kunini tanladilar.)","Bas, Fir'avn qaytib ketdi, so`ngra, hiylasini yig`ib keldi.[1]###[1] (Oyati karima, uchta holatni tasvir etmoqda. Fir'avn Muso alayhissalom bilan bo`lgan uchrashuvdan qaytib ketdi. Keyin hiylasini yig`di — hamma kuchli sehrgarlarini to`pladi. So`ngra yana qaytib keldi. Tortishuv, musobaqaga tayyorgarlik nihoyasiga yetdi.)","Ularga Muso: «Holingizga voy! Allohga nisbatan yolg`on uydirmang, bas, sizni azob ila butunlay halok qilur. Batahqiq, kim yolg`on uydirsa, noumid bo`lur», dedi.","Bas, ular ishlari haqida o`zaro asta shivirlashib, munozara qila boshladilar.","Ular: «Albatta, bu ikkovi sehrgardirlar. Sizni sehrlari bilan yerlaringizdan chiqarishni va sizning afzal yo`lingizni yo`qotishni xohlarlar.","Bas, makr-hiylangizni jamlab, bir saf bo`lib keling. Batahqiq, bugungi kunda kim ustun kelsa, o`sha g`olib bo`lur», dedilar.","Ular: «Ey Muso, sen tashlaysanmi yoki biz avval tashlovchi bo`laylikmi?» – dedilar.","U: «Yo`q. Sizlar tashlang», dedi. Birdan ularning arqonlari va asolari unga sehrlaridan xuddi harakatlanayotgandek bo`lib ko`rindi.","Bas, Muso ichida xavf his etdi.","Biz: «Qo`rqma, albatta, sen ustunsan.","Qo`lingdagi narsani tashlagin, ularning qilgan hunarini yutib yuborur. Ularning qilgan hunari sehrgarning hiylasi, xolos. Sehrgar qayerda bo`lsa ham, zafar topmas», dedik.[1]###[1] (Fir'avnlar va ularning gumashtalari-sehrgarlari doimo hiyla-nayranglar ila xalqning ko`zini bo`yab kelganlar. Ularning botili haq ko`rinmagan paytda o`tadi, xolos. Haq kelganida, botil yo`q bo`ladi. Sen Robbingdan haq keltirding, endi ularning botili yo`qoladi. Alloh taoloning amri ila Muso alayhissalom qo`llaridagi asoni yerga tashladilar. U sehrgarlarning hunarini yutib yubordi.)","Bas, sehrgarlar: «Horun va Musoning Robbiga iymon keltirdik», deb sajdaga tashlandilar.","U: «Sizga izn bermasimdan oldin unga iymon keltirdingizmi?! Albatta, u sizga sehr o`rgatgan kattangizdir! Bas, albatta, qo`l-oyoqlaringizni qarama-qarshisidan kesurman va, albatta, sizlarni xurmo tanasiga osurman, albatta, qaysi birimizning azobimiz shiddatliroq va boqiyroq ekanini bilursiz», dedi.[1]###[1] (Fir'avn o`z qarichi bilan o`lchar edi. U tahdid, azob-uqubat, qiynash, chopish-kesish, o`ldirish bilan odamlarni izmimda ushlab turaman, deb xayol qilardi. Ammo insonning qalbiga haqiqiy iymon kirganida, uning bu choralari zarracha ham ta'sir qilmay qolishini anglamasdi. Uning sobiq sehrgarlari qalbiga ana shunday iymon jo bo`lgan edi. Endi ular Fir'avnning hech qanday do`q-po`pisalaridan qo`rqmasdilar.)","Ular: «Biz seni zinhor o`zimizga kelgan ochiq-oydin (mo`'jiza)lardan va bizni yaratgan Zotdan ustun qo`ymasmiz. Bas, nima hukm qilsang, qilaver. Sen faqat hayoti dunyoda hukm chiqarasan, xolos.","Albatta, biz Robbimiz xatolarimizni va sen bizni majbur qilgan sehrni mag`firat qilishi uchun iymon keltirdik. Alloh yaxshi va boqiydir», dedilar.","Shubhasiz, kim Robbiga jinoyatchi bo`lgan holida kelsa, unga albatta jahannam bordir. U yerda u o`lib o`lmas, yashab yashamas.","Kim Unga mo`min o`laroq, yaxshi amallar qilgan holida kelsa, bas, ana o`shalarga oliy darajalar.","Ostidan anhorlar oqib turgan adn jannatlari bor. Unda abadiy qolurlar. Ana shu, pok bo`lganning mukofotidir.","Batahqiq, Biz Musoga: «Sen bandalarim ila kechasi yo`lga tush, ularga dengizdan quruq yo`l och, yetib olishlaridan xavf qilma va qo`rqma», deb vahiy qildik.[1]###[1] (Muso alayhissalom Alloh taoloning amrini amalga oshirdi. Bani Isroil bilan kechasi yo`lga chiqdilar. Dengizga bordilar, asolari bilan urib, yo`l ochdilar. Allohning amri ila dengiz ikkiga yorilib, quruq yer — yo`l ochildi. Bani Isroil eson-omon o`tib oldi.)","Bas, Fir'avn askarlari ila ularning ortidan ta'qib etdi. Dengiz ularni o`raganicha o`rab oldi.","Fir'avn o`z qavmini adashtirdi, to`g`ri yo`lga boshlamadi.[1]###[1] (Xudoga emas, fir'avnlarga ergashganlar doimo shunday oqibat topadilar. Alloh taolo Fir'avn va askarlarini g`arq etib, Bani Isroilni zulm, jabr-sitamdan ozod qildi.)","Ey, Bani Isroil, batahqiq, Biz sizni dushmaningizdan qutqardik va siz bilan Turning o`ng tomonini va'dalashdik hamda sizlarga mann va bedana tushirdik.[1]###[1] (Alloh taolo ushbu oyati karimada Bani Isroilga uch turlik ne'matini eslatmoqda.)","Biz sizga rizq qilib bergan pok narsalardan yenglar, unda haddingizdan oshmang, yana, boshingizga g`azabim tushib qolmasin. Kimning boshiga g`azabim tushsa, bas, batahqiq, halok bo`libdi.","Albatta, Men tavba qilgan, iymon keltirib, yaxshi amal qilgan, so`ngra to`g`ri yurganlarni ko`plab mag`firat qilguvchiman.","Ey Muso, seni qavmingdan nima ilgarilatdi?","U: «Ular ana izimdalar. Rozi bo`lishing uchun men Senga shoshdim, ey Robbim», dedi.","U zot: «Batahqiq, Biz qavmingni sendan keyin fitnaga duchor qildik. Somiriy ularni adashtirdi», dedi.[1]###[1] (Bani Isroilga hurlik og`ir keldi, uni ko`tara olmadi. Jumladan, eng nozik va ahamiyatli masala — iymon-e'tiqod masalasida ham. Muso alayhissalom ilk bor tark etishlari bilanoq zalolatga ketdilar. Somiriyga ergashib, buzoqning haykalini xudo qilib oldilar.)","Bas, Muso qavmiga g`azablangan, afsuslangan holda qaytdi. U: «Ey qavmim, Robbingiz sizga yaxshi va'da qilmaganmidi?! Sizlarga zamon uzoq ko`rindimi yoki boshingizga Robbingizdan g`azab tushishini xohladingizmi?! Menga bergan va'daga xilof qilibsiz?!» – dedi.","Ular: «Biz senga bergan va'daga o`z ixtiyorimiz ila xilof qilmadik. Lekin bizga u qavmning ziynatidan og`irliklar yuklangan edi. Bas, ularni tashladik, Somiriy ana shunday ilqo qildi», dedilar.[1]###[1] (Taqinchoqlarni olovli chuqurga tashlashgan ekan, Somiriy ularni eritib, buzoq shakliga solib, mana shu sizlarning xudoingiz, unga ibodat qilinglar, desa, ibodat qilib ketaverishibdi. Ularning fikricha, bu ixtiyorlaridan tashqari ish emish!)","Bas, u (Somiriy) ularga bo`kiradigan buzoq shaklini chiqarib berdi. Ular: «Mana shu sizning ilohingiz va Musoning ham ilohi, faqat u unutdi», dedilar.[1]###[1] (Somiriy ularga tilla taqinchoqlardan ovoz chiqaradigan buzoq haykali yasab, shu haykal sizning ilohingiz, Payg`ambarimiz Muso bizga buni aytmadi, degan xayolga bormang. Musoning ilohi ham shu buzoq. Ammo, Muso buni unutib qo`yib, toqqa izlab chiqib ketdi, dedi. Ular bu gapni takrorladilar.)","Uning o`zlariga biron so`z qaytara olmayotganini, na zarar va na foydaga molik bo`la olmayotganini ko`rmayaptilarmi?!","Batahqiq, ilgari Horun ularga: «Ey qavmim, bu bilan fitnaga duchor qilindingiz, xolos. Shubhasiz, Robbingiz Rohmandir. Bas, menga ergashing. Mening amrimga itoat qiling», degan edi.","Ular: «To Muso bizga qaytgunicha, unga ibodat qilishda bardavom bo`lamiz», dedilar.","U: «Ey Horun, ularning zalolatga ketganlarini ko`rganingda seni nima man qildi?!","Menga ergashishingdan?! Mening amrimga osiy bo`ldingmi?!» – dedi.","U: «Ey, onamning o`g`li, soch-soqolimdan tutma. Men sening: «Bani Isroilni tafriqaga solibsan, gapimga kirmabsan, deyishingdan qo`rqdim», dedi.","U: «Bu nima qilganing, ey, Somiriy?!» – dedi.","U: «Ular ko`rmagan narsani ko`rdim. Bas, Rasulning izidan bir siqim oldim, so`ngra uni tashladim. Havoyi nafsim menga shunday qilishni xush ko`rsatdi», dedi.[1]###[1] (Somiriyning Bani Isroil ko`rmaganini ko`rgani — Jabroil alayhissalomning hayot otiga minib kelishlari. «Rasul»dan murod Jabroil alayhissalom. Izidan olingan bir siqim esa, Jabroil alayhissalom minib kelgan otning tuyog`i tagidan olingan tuproq. U tuproqni sochgan joyi esa, Bani Isroilning zeb-ziynatlari to`plab qo`yilgan joy. Somiriy ana shu ishlarni qilganida ziynatlar buzoqqa aylanib, undan ovoz chiqadigan bo`libdi. Men hech narsa qilganim yo`q, yomon niyatim ham yo`q edi, ko`nglimga tushgan ishni qilsam, o`zlaridan o`zlari ergashib ketishaverdi, demoqchi bo`ldi.)","U: «Bas, jo`na! Ket! Endi senga bu hayotda «tegish yo`q» deyishing bor, xolos. Albatta, senga xilof qilmaydigan va'damiz bor. O`zing ibodatida bardavom bo`lgan ilohingga nazar solib qo`y. Biz uni, albatta, kuydiramiz, so`ngra dengizga sochib yuboramiz.[1]###[1] (Bani Isroilda, «tegish yo`q» nomli quvg`in jazosi bor edi. O`sha jazoga mahkum bo`lgan shaxs bilan hech kim aloqa qilmas, hatto gaplashmas ham edi. U yolg`izlik azobida o`lib ketar edi.)","Albatta, sizning ilohingiz Allohdir, xolos. Undan o`zga ibodatga sazovor zot yo`qdir. U barcha narsani O`z ilmi bilan qamrab olgandir.","Shunday qilib, senga o`tgan narsalar xabarini qissa qilib berurmiz. Batahqiq, senga O`z tarafimizdan Zikrni berdik.[1]###[1] (Ya'ni, Muso qissasini aytib berganimizdek, boshqalarning xabarini ham qissa qilib beramiz.)","Kim undan yuz o`girsa, albatta, u qiyomat kuni (gunoh) yukini ko`tarur.","Unda abadiy qolurlar. Qiyomat kunida ularning yuki qanday ham yomon bo`ldi.","U kun surga puflanadigan kundir. O`sha kunda jinoyatchilarni ko`zlari ko`k bo`lgan holda to`plarmiz.[1]###[1] (Qiyomatning kelganini bildirib, sur chalinadi. O`sha qiyomat kunida kofirlar-jinoyatchilarni Alloh taolo qo`rquvdan yuzlari qorayib, ko`zlari ko`karib ketgan ketgan hollarida mahsharga jamlaydi.)","Ular o`zaro: «O`n kundan ortiq turganingiz yo`q», deya shivirlashar.","Biz nima deyayotganlarini yaxshi bilguvchimiz. O`shanda ularning eng to`g`ri yo`ldagisi: «Bir kundan ortiq turganimiz yo`q», degan edi.[1]###[1] (Demak, oxirat azoblarini ko`rgan kofirlar garchi bu dunyoda uzoq yillar rohat-farog`atda kun kechirgan bo`lsalar ham, yashagan muddatlari oz ko`rinib ketadi.)","Sendan tog`lar haqida so`rarlar. Bas: «Robbim ularni mutlaqo sovurib yuborajak», degin.","So`ng ularni tep-tekis holga keltirur.","U yerda chuqur ham, do`ng ham ko`rmassan.","U kunda chorlovchiga ergashurlar. Undan burilish yo`q. Ovozlar Rohman(haybati)dan jim qolmish. Pichirlashdan boshqa narsa eshitmassan.[1]###[1] (Hammayoq tep-tekis. Hamma jim holda bo`yin egib, mahsharga chorlovchiga ergashishdan boshqa narsani bilmaydi.)","U kunda Rohman unga izn bergan va so`zidan rozi bo`lganlardan boshqaga shafoat foyda bermas.","U ularning oldilaridagi narsalarni ham, orqalaridagi narsalarni ham bilur. Ular esa, Uni ilm ila ihota qila olmaslar.[1]###[1] (Alloh taolo bandalarning kelajagini ham o`tmishini ham biladi. Ilmning barchasi Allohnikidir. Odamlar esa hech narsa bilmaslar.)","Butun yuzlar tirik va doim turuvchi Zotga bosh egmish. Batahqiq, kim zulm ko`targan bo`lsa, noumid bo`lmish.","Kim mo`min holida yaxshi amallardan qilgan bo`lsa, zulmdan ham, nuqsondan ham qo`rqmas.","Shunday qilib, Biz uni arabiy Qur'on etib nozil etdik. Shoyadki, taqvo qilsalar yoki ularda eslash paydo qilsa deb, unda qo`rqinchli va'dalarni bayon qildik.[1]###[1] (Ushbu arabiy Qur'onda ko`plab qo`rqinchli va'dalarni ham bayon etdik. Bundan maqsadimiz, shoyad odamlar taqvo qilsalar, kufr va yomonliklardan saqlansalar, qo`rqinchlik va'dalardan eslatma olsalar.)","Haq Podshoh — Alloh oliy bo`ldi. Senga vahiyi bitguncha Qur'on(tilovati)ga oshiqma va: «Robbim, ilmimni ziyoda qilgin», degin.[1]###[1] (Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom unutib qo`yishdan xavflanib, vahiy tushgan paytida Qur'oni Karim oyatlarini Jabroil alayhissalomga qo`shilib, o`qib turar edilar. Bu esa, qiyinchilik tug`dirardi. Ya'ni, ey Muhammad, Jabroil vahiyni senga oxirigacha o`qib bermagunicha, Qur'onni tilovat qilib, oyatlarni o`qishga shoshilma. Oldin Jabroil to`liq o`qib bersin, keyin sen o`qiysan.)","Batahqiq, ilgari Biz Odam bilan ahdlashgan edik. Lekin u unutdi. Unda azmu qaror topmadik.[1]###[1] (Biz qadimda Odam bilan buyruqqa bo`ysunish — daraxtdan yemaslik haqida ahdlashgan edik. Ammo Odam ahdni unutdi va daraxtdan yeb qo`ydi. U shaytonning ig`vosiga sabr qila olmadi. Azmu qarorida turmadi.)","Biz farishtalarga: «Odamga sajda qiling», deganimizda, ular sajda qildilar. Magar iblis bosh tortdi.","Bas, Biz: «Ey Odam, albatta, bu senga va juftingga dushmandir. Yana, u ikkovingizni jannatdan chiqarib, badbaxt bo`lib qolmagin.","Albatta, sen u yerda och-yalang`och qolmassan.[1]###[1] (Ya'ni, jannatda doimo sening qorning to`q, usting but bo`ladi.)","Albatta, sen u yerda tashna ham bo`lmaysan, issiqda ham qolmassan», dedik.","Bas, shayton uni vasvasa qildi. U: «Ey Odam, men senga abadiyat daraxtini va bitmas-tuganmas mulkni ko`rsataymi?» – dedi.[1]###[1] (Robbing manavi daraxt mevasidan yeyishingni man qilgan bo`lsa, sening abadiy yashashingni, mulking bardavom bo`lishini xohlamaganidandir, bu daraxtning mevasidan yesang, hech o`lmaysan, mulking yo`qolmaydi, dedi.)","Bas, ikkovlari undan yedilar. Keyin, avratlari o`zlariga ochilib qolib, o`zlarini jannat barglari bilan to`sa boshladilar. Odam Robbiga osiy bo`ldi va yo`ldan ozdi.","So`ngra, Robbi uni tanlab oldi, bas, tavbasini qabul qildi va hidoyatga boshladi.","U: «Hammangiz bir-biringizga dushman holda undan tushing. Agar men tomonimdan sizga hidoyat kelganida, kim hidoyatimga ergashsa, adashmas va badbaxt bo`lmas.","Kim Mening zikrimdan yuz o`girsa, albatta, unga torchilik hayoti bo`lur va qiyomat kuni uni ko`r holida tiriltirurmiz», dedi.","U: «Ey Robbim, nima uchun meni ko`r holda tiriltirding. Axir, ko`ruvchi edim-ku?!» – dedi.","U: «Shunday. Senga oyatlarimiz keldi. Sen esa, ularni unutding? Shuningdek, sen ham bugun unutilursan», dedi.","Isrof qilgan va Robbi oyatlariga iymon keltirmaganlarni ana shunday jazolaymiz. Oxirat azobi, albatta, ashaddiy va boqiydir.","Ulardan ilgari ularning maskanlarida yurgan asrlardan qanchadan-qanchasini halok qilganimiz ham hidoyat qilmadimi? Albatta, bunda aql egalari uchun ibratlar bordir.","Agar Robbingdan so`z o`tib qolmaganida va nomlangan ajal bo`lmaganida, albatta, (azob) lozim bo`lar edi.","Bas, ular aytayotgan narsalarga sabr qil. Robbingga quyosh chiqishidan oldin va botishidan oldin tasbih va hamd ayt. Shuningdek, kechaning bir qismida va kunduzning atrofida ham tasbih ayt. Shoyadki, rozi bo`lsang.[1]###[1] (Ey Muhammad, shunday ekan, kofir va mushriklarning noxush gap-so`zlariga, so`kishlariga, ig`vo-bo`htonlariga sabr qil. Doimo Robbingga tasbihu hamd ayt. Quyosh chiqishidan oldin ham, quyosh botishidan oldin ham Robbingga tasbih va hamd ayt. Kechaning bir qismida ham Robbingga tasbih ayt, kunduzning atrofida ham. Namoz o`qi. Albatta, rozi bo`lasan. Robbing ham sendan rozi bo`ladi.)","Ko`zlaringni ularni sinash uchun ayrimlariga bahramand qilib berganimiz hayoti dunyoning turli ziynatlariga tikma. Robbingning rizqi yaxshi va boqiydir.","Ahlingni namozga amr et va o`zing unga sabr qil. Biz sendan rizq so`ramasmiz. Biz senga rizq beramiz. Oqibat taqvonikidir.","Ular: «U bizga Robbidan mo`'jiza keltirsa edi», derlar. Axir, ularga avvalgi sahifalardagi narsalarning bayonoti kelmadimi?[1]###[1] (Kofir va mushriklar, Muhammad Robbidan bir lol qoldiruvchi mo`'jiza keltirsa edi, deydilar. Axir, Qur'onda avvalgi ummatlarga kelgan narsalarning bayoni keldi-ku. Shu ularga kifoya qilmaydimi?)","Agar Biz ularni u(kelishi)dan oldin azob-la halok qilganimizda edi, albatta: «Ey Robbimiz, bizga Payg`ambar yuborganingda edi, xoru zor va sharmanda bo`lishimizdan oldin oyatlaringga ergashgan bo`lar edik», derdilar.","Sen: «Barcha kutguvchidir. Bas, kutinglar. Albatta, kimlar to`g`ri yo`l sohiblari va kimlar hidoyat topganini bilursizlar», deb ayt.[1]###[1] (Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomga qilingan bu xitob doimo yangilanib turadi.)"]