["Batahqiq, mo`minlar najot topdilar.","Ular namozlarida xushu' qiluvchilardir.","Ular behuda narsalardan yuz o`girguvchilardir.","Ular zakotni ado qilguvchilardir.","Ular farjlarini saqlovchilardir.","Magar o`z jufti halollari va qo`llarida mulk bo`lganlardan (saqlamasalar), albatta, ular malomat qilinguvchi emaslar.","Kim ana shundan boshqani talab qilsa, bas, ana o`shalar tajovuzkorlardir.","Ular omonatlariga va ahdlariga rioya qilguvchilardir.","Ular namozlarini muhofaza qilguvchilardir.","Ana o`shalar voris bo`lguvchilardir.","Ular Firdavs (jannati)ni meros olurlar, ular unda abadiy qolguvchilardir.","Qasamki, batahqiq, insonni loy sulolasidan yaratdik.","So`ngra uni mustahkam qarorgohda nutfa qildik.","So`ngra nutfadan alaqa yaratdik, alaqadan chaynalgan go`sht yaratdik, chaynalgan parcha go`shtdan suyak yaratdik, bas, suyakka go`sht qopladik, so`ngra uni boshqa bir jonzot etib paydo qildik. Bas, yaratguvchilarning eng yaxshisi Alloh barakotli va buyukdir.","So`ngra, albatta, sizlar bundan keyin o`lguvchilardirsiz.","So`ngra, albatta, sizlar qiyomat kuni qayta tiriltirilursiz.","Batahqiq, Biz ustingizda yetti yo`lni yaratdik. Biz maxluqotdan g`ofil bo`lgan emasmiz.[1]###[1] (Ey odamlar, Biz ustingizga yetti tabaqa osmonni yaratib qo`yganmiz. Shunday jonsiz, mustahkam va cheksiz narsalarda nima bo`layotganini ham bilib turamiz.)","Biz osmondan o`lchov ila suv tushirib, uni yerga joylashtirdik. Albatta, Biz uni ketkazishga ham qodirdirmiz.[1]###[1] (Osmondan o`lchov ila suv tushirib, uni yerda qarorlashtirish ham Alloh taoloning ishidir. Kim kerakli miqdorda osmondan suv tushira oladi? Yerdagi hamma suv osmondan o`lchov bilan tushgandir. Ortiqcha ham emas, kam ham emas. Shuning o`zini ibrat nazari bilan o`ylagan odam iymonga kelishi kerak. Suvni keltirgan zot ketkaza olmasmidi? Alloh taolo suvni ketkazishiga dalil sifatida ba'zan ma'lum joylarni suvdan bebahra qilib qo`yadi. O`sha yerda qurg`oqchilik bo`lib, hamma narsa halokatga yuz tutadi. Ana shu qurg`oqchilik hodisalari ham Alloh taoloning qudratiga dalolat qiladi. Ular ham odamlarni iymonga chaqiradigan ibratli narsalardir.)","Va u (suv) ila siz uchun xurmo va uzum bog`lari paydo qildik, sizga u(bog`)larda ko`p mevalar bo`lib, ulardan yersizlar.","Va Turi Siynodan chiqadigan bir daraxtni (paydo qildikki), u yog` va yeguvchilarga nonxurish ila o`sur.[1]###[1] (Ya'ni, ham yog`, ham nonxurish sifatida ishlatiladigan, ko`proq Turi Siynoda o`sadigan zaytun ham ibratga sazovor daraxt sanaladi.)","Albatta, siz uchun chorva hayvonlarida ibrat bordir. Biz sizni ularning qorinlaridagi narsa ila sug`orurmiz va siz uchun ularda ko`pgina manfaatlar bor va ulardan yersizlar.","Va ularga va kemalarga yuklanursiz.","Batahqiq, Biz Nuhni qavmiga yubordik. Bas, u: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Siz uchun undan o`zga hech bir iloh yo`qdir. Nahotki qo`rqmasangiz?!» dedi.","Bas, uning qavmidan kufr keltirgan zodagonlari: «Bu, sizga o`xshash bashar, xolos, sizdan afzal bo`lib olmoqchi. Agar Alloh xohlasa, farishtalarni tushirar edi. Avvalgi ota-bobolarimizda buni eshitgan emasmiz.","U faqat bir jinni odam, xolos. Bas, uni bir oz muddat poylab turing», dedilar.","U: «Ey Robbim, meni yolg`onchi qilganlarga qarshi menga nusrat ber», dedi.[1]###[1] (Nuh alayhissalom haqiqiy nusrat qayerdaligini yaxshi bilganlari uchun darhol Allohga iltijo qilib, o`zlarini yolg`onchi sanaganlarga qarshi yordam so`radilar.)","Bas, Biz unga: «Bizning ko`z o`ngimizda va vahiyimiz ila kema yasa. Bas, Bizning amrimiz kelib, tannur favvora bo`lganda, u(kema)ga har bir turdan bir juftdan va ahlingni chiqar, magar kimning ziddiga oldin so`zimiz o`tgan bo`lsa (chiqarma). Zulm qilganlar haqida Menga xitob qilma. Albatta, ular g`arq qilinguvchilardir.","Bas, sen o`zing bilan birga bo`lganlar ila kemaga joylashib olgach: «Bizni zolim qavmlardan qutqargan Allohga hamdlar bo`lsin», degin.","Va: «Ey Robbim, meni muborak manzilga tushirgin, Sen O`zing manzilga tushirguvchilarning eng yaxshisisan», degin», dedik.","Albatta, bunda oyat-ibratlar bordir. Albatta, Biz sinovchi bo`lgan edik.","So`ngra ulardan keyin boshqa avlodlarni paydo qildik.[1]###[1] (Ya'ni, Nuh va uning qavmidan keyin boshqa xalqlarni paydo qildik.)","Bas, ularning ichiga o`zlaridan bo`lgan Payg`ambarni: «Allohga ibodat qiling. Siz uchun undan o`zga iloh yo`qdir, nahotki, qo`rqmasangiz», deb yubordik.[1]###[1] (E'tibor beradigan bo`lsak, bu payg`ambar ham Nuh alayhissalomning so`zlarining aynan o`zini takrorlamoqda. Allohdan o`zga ibodatga sazovor iloh yo`qligini ta'riflamoqda va Allohga iymon keltirmay yurish qo`rqinchli ekanini uqtirmoqda.)","Uning qavmidan kufr keltirgan, oxiratga ro`baro` bo`lishini yolg`onga chiqargan va Biz ularni hayoti dunyoda maishatparast qilib qo`ygan zodagonlari: «Bu, sizga o`xshagan bashar, xolos. Siz yegan narsadan yeydir, siz ichgan narsadan ichadir.","Agar o`zingizga o`xshagan basharga itoat qilsangiz, unda, albatta, siz ziyonkorlardandirsiz.","U sizga, o`lsangiz, tuproq va suyak bo`lsangiz ham, albatta, chiqarilguvchi bo`lishingizni va'da qilmoqdami?!","Hayhot! Hayhot! Sizga va'da qilingan narsa naqadar uzoq!","Shu dunyodagi hayotimizdan boshqa hayot yo`qdir. O`lamiz, tirilamiz va biz qayta tirilguvchi emasmiz.","U faqat Allohga nisbatan yolg`on uydirgan odam, xolos. Biz unga iymon keltirguvchi emasmiz», dedilar.[1]###[1] (Bu qavmning javobi ham mohiyatan Nuh qavmi javobining aynan o`zi. Bu safar ham qavm nomidan zodagonlari javob bermoqda.)","U: «Ey Robbim, meni yolg`onchi qilganlarga qarshi menga nusrat ber», dedi.","U zot: «Ozginadan so`ng ular nadomat chekuvchi bo`lurlar», dedi.[1]###[1] (Ya'ni, Alloh taolo u Payg`ambar alayhissalomning duolarini qubul qildi. U zot alayhissalomga nusrat beradigan bo`ldi. Va sabr qil, ozgina vaqtdan so`ng u kofirlar pushaymon qiluvchi bo`ladilar, dedi.)","Bas, ularni haq ila qichqiriq oldi. Bas, Biz ularni xasu cho`pga aylantirdik. Daf' bo`lsin zolim qavmlar!","So`ngra ulardan keyin boshqa asr avlodlarini paydo qildik.[1]###[1] (Ya'ni, qissasi keltirilgan o`sha qavmdan keyin boshqa turli qavmlarni dunyoga keltirdik.)","Hech bir ummat o`z ajalidan oldin ham ketmas, ortda ham qolmas.","So`ngra Payg`ambarlarimizni ketma-ket yubordik. Har qachon bir ummatga o`z Payg`ambari kelsa, uni yolg`onchi qildilar. Bas, Biz ham ularni ba'zilari ortidan ba'zilarini (halokatga) ergashtiraverdik va ularni gapu so`zga aylantirdik. Bas, daf' bo`lsin iymon keltirmaydigan qavmlar!","So`ngra Biz Muso va birodari Horunni oyatlarimiz va ochiq hujjat ila.","Fir'avn va uning a'yonlariga yubordik. Bas, ular mutakabbirlik qildilar va o`zini yuqori qo`ygan qavm bo`ldilar.","Bas, ular: «O`zimizga o`xshagan ikki basharga iymon keltiramizmi?! Holbuki, ularning qavmi bizga qullik qilguvchi bo`lib turibdi-ku?!» dedilar.[1]###[1] (Ya'ni, qanday qilib o`zimizga o`xshagan, qo`limizda qul bo`lib turgan Bani Isroil qavmining ikki odamiga payg`ambar deb iymon keltiramiz, dedilar.)","Bas, ikkovlarini yolg`onchi qildilar va halok qilinganlardan bo`ldilar.","Batahqiq, Biz, shoyadki, hidoyat topsalar deb, Musoga Kitobni bergan edik.","Ibn Maryamni va uning onasini oyat-alomat qildik va ikkovlarini oqar suvli qarorgoh tepalikka joyladik.[1]###[1] (Iyso ibn Maryam alayhissalomni va u kishining onalari Bibi Maryamni Alloh O`z qudratiga dalolat qiluvchi mo`'jiza-alomat o`laroq yubordi va Baytul Maqdis yeridan oqar suvi bor, bir tepalikka joyladi.)","Ey Payg`ambarlar! Pok narsalardan yenglar va solih amallar qilinglar. Albatta, Men nima amal qilayotganingizni o`ta bilguvchiman.","Albatta, sizning bu ummatingiz yagona ummatdir. Men esa, Robbingizman. Bas, Menga taqvo qiling.[1]###[1] (Ey payg`ambarlar, sizning diningiz Islomdir. Robbingiz bo`lgan Allohga taqvo qiling.)","Bas, ular ishlarini o`z oralarida pora-pora qilib bo`lib yubordilar. Har firqa o`z huzurlaridagi narsa ila xursanddirlar.[1]###[1] (Payg`ambarlar bir dinda bo`lgan edilar. Ammo ulardan keyingilar yagona dinni turli firqalarga parchalab yubordilar.)","Bas, sen ularni g`aflatlarida bir muddat qo`yib qo`y.","Ular Bizning o`zlariga molu dunyo va farzandlar ila madad berayotganimizni.","Ularga yaxshiliklarni tezlatishimiz, deb hisoblaydilarmi? Yo`q! Ular sezmaslar.","Albatta, Robbilaridan qo`rqib xavfda turuvchilar.","Va Robbilari oyatlariga iymon keltiradiganlar.","Va Robbilariga shirk keltirmaydiganlar.","Va beradigan narsalarini albatta Robbilariga qaytguvchi ekanliklaridan qalblari titragan holda beradiganlar.","Ana o`shalar yaxshiliklarga shoshilurlar va ular o`sha (yaxshilik)lar uchun musobaqa qilurlar.","Biz hech bir jonga toqatidan tashqari taklif qilmasmiz. Huzurimizda kitob bor. U haqni so`zlaydir. Ularga zulm qilinmas.","Yo`q! Ularning qalblari bundan g`aflatdadir. Ularning bundan boshqa amallari bordir. Ular o`shalarni qilguvchilardir.","Toki ularning maishatparastlarini azob ila tutganimizda, birdan faryod solurlar.","«Endi, bugun faryod solmang! Albatta, Biz tomonimizdan sizga nusrat qilinmas.","Batahqiq, Mening oyatlarim sizga tilovat qilinar edi. Siz esa, ortingizga qochar edingiz.","U bilan kibrlanar, tungi suhbatingizda behuda so`zlar aytar edingiz», deymiz.","Nahotki ular bu so`zni tadabbur qilib ko`rmadilar? Yoki ularga avvalgi ota-bobolariga kelmagan narsa kelibdimi?","Yoki o`z Payg`ambarlarini tanimasdan ular unga inkor qilguvchi bo`lmoqdalarmi?","Yoki, unda jinnilik bor, derlarmi? Yo`q! U ularga haq ila keldi. Ularning ko`plari esa, haqni yomon ko`rguvchidirlar.[1]###[1] (Muhammad alayhissalotu vassalom ularga haq din ila keldi. Shuning uchun ular Islomdan yuz o`girmoqdalar. Ular haqni yomon ko`radilar.)","Agar haq ularning havoyi nafslariga ergashsa, albatta, osmonlaru yer va ulardagi kimsalar fasodga uchrar edi. Yo`q! Biz ularga o`z sharaflarini keltirdik. Ular esa, sharaflaridan yuz o`girmoqdalar.[1]###[1] (Haq bitta, ya'ni Allohning dinidir. Hamma haqqa ergashmog`i lozim. Chunki haq bitta, odamlarning havoyi nafslari esa, cheksizdir. Inchunin, havoyi nafs ila haqiqatga erishib bo`lmaydi. Qachon havoyi nafsning ko`yiga tushilsa, fasodga uchraladi. Allohdan kelgan haq — Islom odamlarni yo`lga solishi kerak. Ammo odamlar u haqdan — Islomdan yuz o`girmoqdalar. Haqni — Islomni havoyi nafslariga ergashtirishni istaydilar. Biz keltirgan Qur'on — Islom — haq ular uchun sharafdir. Kim haqqa ergashsa, amal qilsa, shon-sharafga ega bo`ladi.)","Yoki sen ulardan xaroj so`rayapsanmi?! Bas, Robbingning xaroji yaxshiroqdir. U zot eng yaxshi rizq berguvchidir.","Albatta, sen ularni to`g`ri yo`lga chaqirasan.","Albatta, oxiratga iymon keltirmaydiganlar bu yo`ldan ozguvchidirlar.","Agar ularga rahim qilib, ularga yetgan zararni kushoyish qilsak ham, tug`yonlarida bardavom bo`lib, adashib-uloqib yuraveradilar.","Batahqiq, Biz ularni azob ila tutdik, bas, ular Robbilariga bo`yin ham egmadilar, tazarru' ham qilmadilar.","Toki qachon ularga shiddatli azob eshigini ochganimizda, to`satdan noumid bo`lguvchilardir.","U zot sizga quloqni, ko`zlaru qalblarni paydo qilgan zot. Naqadar oz shukr qilursiz!","U zot sizlarni yer yuzida yaratib, taratgandir. Va Ungagina to`planursizlar.","U zot tiriltirur va o`ldirur. Kechayu kunduzning almashinishi ham Unga oid. Nahotki aql yuritmasangiz?","Yo`q! Ular avvalgilar aytgan narsaga o`xshash narsani aytdilar.","Ular: «Biz o`lib, tuproq va suyak bo`lganimizdan keyin ham-a? Biz, albatta, qayta tiriltiriluvchimizmi-a?","Batahqiq, bizga ham, bundan oldin ota-bobolarimizga ham bu va'da qilingan edi. Bu avvalgilarning afsonasidan boshqa narsa emas», dedilar.","Sen: «Agar bilsangiz, yer va undagi kimsalar kimnikidir?» deb ayt.","Ular: «Allohnikidir», derlar. Sen: «Nahotki eslatma olmasangiz?!» degin.","Sen: «Etti osmonning Robbi kim? Ulug` arshning Robbi kim?» deb ayt.","Ular: «Allohnikidir», derlar. Sen: «Nahotki qo`rqmasangiz?!» deb ayt.","Sen: «Agar bilsangiz (ayting-chi), har bir narsaning mulki qo`lida bo`lgan, O`zi himoya qiladigan va Undan himoya qilinmaydigan zot kim?!» deb ayt.[1]###[1] (Ya'ni, xohlagan kishisini O`z himoyasiga ola biladigan, boshqalar Undan himoyalana olmaydigan zot kim?)","Ular: «Allohnikidir», derlar. Sen: «Qandoq ham sehrlanmoqdasiz-a?!» deb ayt.[1]###[1] (Agar o`sha narsalar Allohniki ekanini bilsangiz, nima uchun Allohga iymon keltirmayapsiz?! Kofir holingizda yuribsiz? Buni faqat sehrlangan odam qilishi mumkin, xolos. Siz qandoq ham sehrlangansiz-a?! Ushbu savollar mushriklarga, Allohga shirk keltiradiganlarga berilmoqda. Bunda Allohga turli-tuman but-sanamlarni shirk keltiradiganlar ham, ahli kitob bo`la turib, Allohga ba'zi shaxslarni shirk keltiradiganlar ham barobardirlar. Chunki ularning hammasi Allohdan boshqa hech bir zot biror narsani yarata olmasligini, biror narsaga molik bo`la olmasligini bilgani holda, Allohning vahdoniyatiga emas, shirkka qarab yuradilar. Ular bu ishni hujjat-dalil yo`qligidan qiladilarmi?)","Yo`q! Biz ularga haqni keltirdik. Ular esa yolg`onchilardir.","Alloh hech bir farzand tutmagan, U bilan birga hech bir iloh bo`lmagan. Shundoq bo`lganida, har bir iloh o`zi yaratgan narsasi bilan ketib, ba'zilari ba'zilaridan ustun kelar edi. Alloh ular qilayotgan vasfdan pok bo`ldi.[1]###[1] (Ya'ni, Allohdan boshqa yana iloh bo`lganida, u ham o`ziga biror narsalarni yaratgan bo`lar edi. Oqibatda har bir iloh o`zi yaratgan narsani o`zicha tasarruf qilaverib, dunyoning nizomi buzilar edi. Har bir iloh o`zinikini o`tkazaman deb urinishi natijasida oralarida nizo chiqar, ba'zilari ba'zilaridan ustun kelar edi. Dunyo nizomi buzilar edi. Bu aqida Allohdek zotga ayb, nuqsonni vasf qilishdir.)","U zot g`aybni va hozirni bilguvchidir. U zot ular shirk keltirayotgan narsadan oliydir.[1]###[1] (Alloh taolo hamma narsani — g`aybni ham, hozirni ham bilguvchi Zotdir. U zot mushriklar shirk keltirayotgan narsadan oliydir.)","Sen: «Ey Robbim, agar menga ularga va'da qilingan narsani ko`rsatadigan bo`lsang...","Ey Robbim, meni zolim qavmlar ichida qilmagin», deb ayt.","Albatta, Biz ularga va'da qilayotgan narsamizni senga ko`rsatishga qodirmiz.","Sen esa, yomonlikni go`zal narsa ila daf' qil. Biz nima vasf qilayotganlarini yaxshi bilguvchimiz.","Sen: «Ey Robbim, Sendan shaytonlarning vasvasasidan panoh so`rayman!","Ey Robbim, Sendan ularning menga hozir bo`lishlaridan panoh so`rayman», deb ayt.","Toki ulardan biriga o`lim kelgan chog`da: «Ey Robbim, meni qaytargin.","Shoyadki, tark qilgan narsamda solih amal qilsam», der. Yo`q! Albatta, bu (quruq) so`z bo`lib, u aytguvchi, xolos. Ularning ortida qayta tiriladigan kunlarigacha to`siq bordir.","Bas, qachonki surga puflanganda, u kunda oralarida na nasab qolur va na bir-birlarini surishtirurlar.[1]###[1] (Ya'ni, qiyomatdan darak berguvchi surga puflangan paytda har kim o`zi bilan ovora bo`lib, odamlar orasida naslu nasab aloqalari qolmas. Balki hamma otasi, onasi, aka-ukasi, bola-chaqasidan qochadigan bo`lib qoladi.)","Kimning mezonlari og`ir kelsa, bas, ana o`shalar o`zlari najot topguvchilardir.","Kimning mezoni yengil kelsa, bas, ana o`shalar o`zlariga ziyon qilibdilar. Jahannamda abadiy qolguvchi bo`libdilar.","Yuzlarini olov kuydirur. Ular unda badbashara holda bo`lurlar.","Sizlarga oyatlarim tilovat qilingan emasmidi?! Bas, siz ularni yolg`onga chiqargan emasmidingiz?![1]###[1] (Shunda ular o`z ayblariga iqror bo`ladilar.)","Ular: «Ey Robbimiz, badbaxtligimiz o`zimizdan ustun kelib, zalolatga ketgan qavm bo`lgan ekanmiz.","Ey Robbimiz, bizni bundan chiqargin, agar yana (eski holimizga) qaytsak, bas, albatta, zolimlardan bo`lurmiz», derlar.","U zot: «U(er)da xor bo`lib qolavering va Menga gapirmang!","Aniqki, Mening bandalarimdan bir guruhi: «Ey Robbimiz, biz iymon keltirdik. Bizni mag`firat qilgin. Bizga rahim qilgin. Sening O`zing rahim qilguvchilarning yaxshisisan», degan edilar.","Bas, siz ularni masxara qildingiz. Hattoki, u(ish) sizga Mening zikrimni unuttirdi. Siz ulardan kular edingiz.","Albatta, Men bugun ularni sabr qilganlari uchun mukofotladim. Albatta, ular o`zlari yutuqqa erishguvchilardir.","U zot: «Er yuzida necha adad yil qoldingiz?» dedi.","Ular: «Bir kun yoki kunning ba'zisicha qoldik. Hisoblovchilardan so`ra», dedilar.","U zot: «Agar bilsangiz, juda oz qoldingiz, xolos», dedi.[1]###[1] (Endi ko`radigan kuningizga nisbatan juda oz qoldingiz.)","Nahotki, Bizning sizni yaratishimiz behuda bo`lgan va siz Bizga qaytarilmassiz, deb hisoblasangiz?![1]###[1] (Ey mushriklar, nahotki Biz sizni behudaga yaratgan bo`lsak? Nahotki siz oxiratda bizga qaytarilmasangiz?!)","Bas, haq podshoh Alloh yuksakdir. Hech bir iloh yo`q. Magar U — karamli arshning Robbi bor.","Kim Alloh bilan birga boshqa ilohga iltijo qilsa, bu xususda hech bir dalili yo`qdir. Bas, uning hisobi faqat Robbining huzuridadir. Albatta, kofirlar najot topmaslar.[1]###[1] (Allohga boshqa ilohni sherik etganlar, hech bir dalil-hujjatsiz shirk keltirgan bo`ladilar. Undoq odamlar bilan Alloh taolo O`zi bilib hisob-kitob qiladi. Suraning avvalida mo`minlarning, albatta, najot topishlari aytilgan edi. Suraning oxirida esa, kofirlarning najot topmasliklari ta'kidlanmoqda. Va nihoyat, oxirgi oyatda Alloh taolodan rahmat va mag`firat so`rash tavsiya qilinmoqda.)","Sen: «Ey Robbim, mag`firat qil, rahim qil. O`zing rahim qilguvchilarning yaxshisisan», deb ayt.","(Bu bir) suradir. Biz uni nozil qildik. Biz uni farz qildik. Biz unda ochiq-oydin oyatlarni nozil qildik. Shoyadki, eslasangiz.","Zinokor ayol va zinokor erkak, ikkovlaridan har birini yuz darradan uring. Agar siz Allohga va oxirat kuniga iymon keltiradigan bo`lsangiz, sizlarni ularga nisbatan Allohning dinida shafqat tutmasin. Va ularning azobiga bir toifa mo`minlar guvoh bo`lsinlar.[1]###[1] (Nikohda bo`lmay, er-xotinlik hayotini tanib olmaganlar zino qilsalar, ushbu oyatning hukmiga binoan yuz darradan uriladi.)","Zinokor erkak faqat zinokor yoki mushrika ayolga nikohlanur. Zinokor ayolga faqat zinokor yoki mushrik erkak nikohlanur. Bu, mo`minlarga harom qilinmishdir.[1]###[1] (Zinokor Islom jamiyati jismidan umuman olib tashlanadi. Guvohligi qabul qilinmaydigan bo`ladi, mo`minlar bilan nikohda bo`lishdan man etiladi va hokazo.)","Pokiza ayollarga (bo`hton) toshi otib, so`ngra to`rtta guvoh keltira olmaganlarni sakson darra uringlar va ularning guvohligini abadiy qabul qilmanglar. Ana o`shalar fosiqlardir.","Magar bundan keyin tavba qilib, o`zini isloh qilganlar (mustasnodir). Zero, Alloh o`ta mag`firatli va o`ta rahimlidir.","O`z juftlariga (bo`hton) toshi otib, faqat o`zlaridan boshqa guvohlari bo`lmaganlar esa, bas, ulardan har birining guvohligi Allohning nomi ila to`rt marta, albatta, u rostgo`ylardan ekanligi haqida shohidlik berishdir.","Beshinchisida esa, agar yolg`onchilardan bo`lsa, unga Allohning la'nati bo`lishini (aytishlikdir).","Va u(ayol)dan azobni qaytaradigan narsa Allohning nomi ila to`rt marta, albatta, u(er) yolg`onchilardandir, deb shohidlik berishidir.","Beshinchisida esa, agar u(er) rostgo`ylardan bo`lsa, o`zi(ayol)ga Allohning g`azabi bo`lishini (aytishlikdir).","Agar sizlarga Allohning fazli va marhamati bo`lmaganida... Albatta, Alloh tavbalarni ko`plab qabul qilguvchi va o`ta hikmatli zot bo`lmaganida edi...","Albatta, ifkni keltirganlar o`zingizdan bo`lgan bir usba (to`da)dir. Uni o`zingizga yomonlik deb hisoblamang. Aksincha, u siz uchun yaxshilikdir. Ulardan har bir kishi uchun o`zi qilgan kasbning gunohi bordir. Ulardan (gunohning) kattasini ko`targan kimsaga buyuk azob bordir.[1]###[1] (Islom dushmanlari aqliy tortishuvlarda, jang maydonlarida musulmonlardan ustun kela olishlariga ko`zlari yetmaganidan keyin musulmonlarning eng kuchli nuqtasini zaiflashtirish uchun ochiqdan-ochiq ig`vo, bo`hton, tuhmat va uydirma qilishga o`tdilar. Gapni boshqa yoqqa burib, haqiqatdan chetga chiqish, yolg`ondan uydirma to`qish, bo`hton va ig`vo qilish arab tilida «ifk» deyiladi. Munofiqlar Oyisha onamizga nisbatan ifk uyushtirdilar. Ularning ifkiga ba'zi sodda musulmonlar ham qo`shildilar. Orada katta fitna chiqdi. Oyisha onamizni zino qilganlikda ayblay boshladilar. U kishiga nisbatan ifk — ig`vo, bo`hton, tuhmat va uydirma uyushtirildi. Bu hodisa «Ifk hodisasi» nomi bilan mashhurdir.)","U(ifk)ni eshitgan vaqtingizda mo`minlar va mo`minalar o`zlari haqida yaxshi gumonga borib: «Bu ochiq-oydin ifk-ku!» desalar bo`lmasmidi?!","U(ifkchi)lar o`sha(ifk)ga to`rtta guvoh keltirsalar bo`lmasmidi?! Bas, guvohlarni keltira olmagan chog`da ana o`shalar o`zlari Allohning huzurida yolg`onchidirlar.","Agar dunyoyu oxiratda sizlarga Allohning fazli, marhamati bo`lmaganida, o`zingiz ichiga sho`ng`igan narsa uchun sizni, albatta, buyuk azob tutar edi.","O`shanda siz u(ifk)ni tillaringiz ila ilib olar, og`zingiz ila o`zingiz bilmagan narsani gapirar edingiz va u (ifk)ni o`zingizga yengil sanardingiz. Holbuki, u Allohning nazdida buyukdir.","Uni eshitgan chog`ingizda: «Bizga buni gapirmog`imiz to`g`ri kelmas. O`zing poksan! Bu katta bo`htondir!» desangiz bo`lmasmidi?!","Agar mo`min bo`lsangiz, hargiz u(ifk)ga o`xshash narsaga qaytmasligingizni Alloh sizga va'z-nasihat qilur.","Alloh sizga oyatlarni bayon qilur. Va Alloh o`ta bilguvchi, o`ta hikmatli Zotdir.","Albatta, iymon keltirganlar ichida fohisha tarqalishini yaxshi ko`radiganlarga bu dunyoyu oxiratda alamli azob bordir. Alloh biladir, sizlar bilmassizlar.","Agar sizlarga Allohning fazli, marhamati bo`lmaganida... Va, albatta, Alloh o`ta shafqatli va rahimli bo`lmaganida...","Ey, iymon keltirganlar! Shaytonning izidan ergashmang. Kim shaytonning izidan ergashsa, bas, albatta, u fohisha va munkarga buyuradir. Agar sizlarga Allohning fazli va marhamati bo`lmaganida, abadul-abad ichingizdan biror kishi poklana olmas edi. Lekin Alloh O`zi xohlagan kishini poklar. Alloh o`ta eshitguvchi, o`ta bilguvchi Zotdir.","Sizlardan fazl va boylik egasi bo`lganlar qarindoshlarga, miskinlarga va Allohning yo`lida muhojir bo`lganlarga (nafaqa) bermaslikka qasam ichmasinlar, bas, afv etsinlar, o`tib yuborsinlar. Alloh sizlarni mag`firat qilishini xush ko`rmaysizlarmi?! Alloh o`ta mag`firatli, o`ta rahimli Zotdir.[1]###[1] (Oyisha onamiz quyidagilarni aytadilar: «Alloh taolo meni oqlash uchun ushbu oyatlarni nozil qilganida Abu Bakr (u kishi qarindosh bo`lgani va faqirligi uchun Mistoh ibn Asosaga nafaqa berib turardilar): «Allohga qasamki, Oyisha haqida qilgan gapi uchun Mistohga abadiy hech narsa bermayman», dedilar. Shunda Alloh taolo quyidagi oyatni nozil qildi. Abu Bakr roziyallohu anhu darhol: «Ha! Allohga qasamki, albatta, Alloh meni mag`firat qilishini xush ko`raman», dedilar va Mistohga berib yurgan nafaqalarini qaytadan joriy qildilar. So`ngra: «Allohga qasamki, bu nafaqani undan hech uzmayman», dedilar».)","Albatta, pokiza, g`ofila va mo`mina ayollarga (bo`hton) toshi otganlar bu dunyoyu oxiratda la'natlanurlar. Ularga katta azob bordur.","U kunda tillari, qo`llari va oyoqlari qilib yurgan amallari haqida ularga qarshi guvohlik berur.","O`sha kunda Alloh ularning haq jazolarini to`liq berur va ular Allohning O`zi ochiq haq ekanini bilurlar.","Nopok xotinlar nopok erkaklar uchundir. Nopok erkaklar nopok xotinlar uchundir. Pokiza ayollar pokiza erkaklar uchundir. Pokiza erkaklar pokiza ayollar uchundir. Ana o`shalar u(bo`htonchi)lar aytayotgan narsalardan poklangandirlar. Ularga mag`firat va go`zal rizq bordir.[1]###[1] (Shu bilan ifk hodisasi — musulmonlar jamoasini katta musibatga solgan hodisa haqidagi oyatlar nihoyasiga yetdi. Bu hodisa Payg`ambar alayhissalotu vassalom oilasining pokligini va bu oilani Allohning O`zi saqlashini isbot etdi.)","Ey, iymon keltirganlar! O`z uylaringizdan boshqa uylarga to izn so`ramaguningizcha va ularning ahliga salom bermaguningizcha, kirmang. Ana shunday qilmog`ingiz siz uchun yaxshidir, shoyadki, eslasangiz.[1]###[1] (Ushbu oyatga amal qilinsa, birovning xonadoniga izn so`rab, salom berib kirilsagina, turli noqulay holatlarning oldi olinadi. Izn so`ramay kirgan odam uy egalarining noqulay holda turganlarini ko`rib qolsa, gunoh bo`ladi. Ikki tomon ham hijolatga tushadi. Balki xusumat, urush-janjal chiqishi ham mumkin. Ba'zi hollarda uyda ayol kishi yolg`iz bo`lishi, ustiga begona erkak kirib, orada ig`vo, bo`hton, fitna chiqishi mumkin.)","Bas, agar u(uy)larda birortani topmasangiz, to sizga izn berilmaguncha, ularga kirmang. Agar sizga, qayting, deyilsa, bas, qayting, o`sha siz uchun pokdir. Alloh nima amal qilayotganingizni o`ta bilguvchidir.","Maskan bo`lmagan, siz uchun foyda bor uylarga (iznsiz) kirishingizda gunoh yo`qdir. Alloh nimani oshkor qilayotganingizni va nimani yashirin qilayotganingizni biladir.","Sen mo`minlarga ayt, ko`zlarini tiysinlar va farjlarini saqlasinlar. Ana shu ular uchun pokdir. Albatta, Alloh nima hunar qilayotganlaridan xabardordir.","Sen mo`minalarga ayt: «Ko`zlarini tiysinlar, farjlarini saqlasinlar va ziynatlarini ko`rsatmasinlar, magar zohir bo`lgan ziynatlar bo`lsa (mayli). Ro`mollarini ko`ksilariga to`sib yursinlar. Ziynatlarini ko`rsatmasinlar, magar erlariga yo otalariga yo erlarining otalariga yo o`g`illariga yo erlarining o`g`illariga yo aka-ukalariga yo aka-ukalarining o`g`illariga yo opa-singillarining o`g`illariga yo ayollariga yo o`z qo`llarida mulk bo`lganlarga yo (ayollarga) behojat erkak xizmatchilarga yo ayollar avratining farqiga bormagan yosh bolalarga (bo`lsa, mayli). Maxfiy ziynatlarini bildirish uchun oyoqlarini (erga) urmasinlar. Allohga barchangiz tavba qiling, ey mo`minlar! Shoyadki, najot topsangizlar».[1]###[1] (Ushbu oyatda Alloh taolo Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomga xitob qilib, mo`mina ayollarga kiyim kiyish va avrat berkitish borasida o`zlarini qanday tutishlari lozimligini bayon qilib berishini buyurmoqda. Muslima ayollar ham nomahramlarga shahvat nazari bilan qaramasliklari lozimligi ushbu oyatdan tushuniladi. Ayolning ayolga nisbatan avrati kindigidan tizzasigachadir. Ayol kishining nomahram erkaklarga nisbatan avrati yuzi va ikki kaftidan boshqa butun badanidir. Mo`mina-muslima ayol sharafini saqlash uchun Allohning amriga itoat etib, avratini nomahram erkaklardan berkitmog`i kerak. Buning uchun esa, yuzi va ikki kaftidan boshqa butun tanasini to`sib turadigan kiyim kiymog`i lozim. Shuningdek, kiyim yupqa, badanga yopishgan, tor bo`lmasligi ham zarur. Nomahram erkaklarning e'tiborini jalb qilmaydigan darajada bo`lishi kerak. Ziynat deganda chiroyli kiyimlar, taqinchoqlar va ayollar o`zlarini chiroyli ko`rsatish uchun ishlatadigan turli vositalar ko`zda tutiladi. Ayol kishi ushbu oyatga amal qilib, ziynatini nomahramlardan berkitmog`i lozim, berkitishning imkoni bo`lmay qolganda gunoh emas. Boshlariga o`ragan ro`mollari faqat sochlarini emas, balki tomoqlari, ko`ksilari va ko`kraklarini ham to`sib tursin. Toki, ularning jamoli begona ko`zlarga mo`ljal bo`lmasin, turli fitnalar keltirib chiqarmasin. Johiliyat davrida ayollar oyoqlariga ham turli taqinchoqlar, qo`ng`iroqlar taqib olishar ekan. Keyin esa, erkaklarning e'tiborini jalb etish uchun oyoqlarini yerga qattiq-qattiq urib yurib, haligi taqinchoqlarning ovozini chiqarishar ekan. Bu esa, o`z navbatida, erkaklarning shahvatini qo`zg`agan, ayolning ortidan tushib xiralik qilishiga va oxir-oqibat zinoga olib borishi mumkin bo`lgan.)","Oralaringizdagi nikohsizlarni va qulu cho`rilaringizdan solihlarini nikohlab qo`ying. Agar faqir bo`lsalar, Alloh ularni O`z fazlidan boy qilur. Alloh (fazli) keng, o`ta bilguvchi Zotdir.","Nikoh(imkon)ni topa olmaganlar, to Alloh ularni O`z fazlidan boy qilgunicha, iffatlarini saqlasinlar. Qo`llaringizda mulk bo`lganlardan (ozodlik) vasiqasini istaydiganlari bo`lsa, bas, ularda yaxshilik borligini bilsangiz, ular ila vasiqa yozing va Allohning sizga bergan molidan ularga bering. Hayoti dunyoning o`tkinchi matohini istab, poklikni iroda qilgan (cho`ri) qizlaringizni fohishalikka majbur qilmang. Kim ularni majbur qilgan bo`lsa, bas, albatta, Alloh ular majbur qilganlaridan keyin o`ta mag`firatli va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada uchta muhim masala — nikohga qodir bo`lmaganlar nima qilishligi, ozod bo`lishni istab, o`z xojasi bilan shartnoma tuzgan, ma'lum mablag` evaziga ozod bo`lishga harakat qilayotgan qulu cho`rilar va fohishabozlik, ya'ni ba'zi ayollarni zinoga majburlab pul topishga urinish masalalari muolaja etilmoqda.)","Batahqiq, Biz sizlarga ochiq-oydin oyatlarni, sizdan oldin o`tganlardan misolni va taqvodorlar uchun va'zni nozil qildik.","Alloh osmonlar va yerning nuridir. Uning nurining misoli xuddi bir tokcha, uning ichiga chiroq qo`yilgan, chiroq esa, shisha ichida, shisha esa, go`yo durdan bo`lgan bir yulduz bo`lib, sharqiy ham, g`arbiy ham bo`lmagan muborak zaytun daraxtidan yoqiladir. Uning moyi o`ziga olov tegmasa ham, yoritib yuboray deydir. (Bu) nur ustiga nurdir. Alloh xohlagan odamni O`z nuriga hidoyat qilur. Alloh odamlarga misollarni keltirur. Alloh har bir narsani o`ta bilguvchidir.[1]###[1] (Suraning nomi ushbu oyati karimadan olingan. Bu oyati karima «Nur» oyati deb ham nomlanadi. Oyatda Alloh taoloning O`zi O`z zoti oliysini «Nur» deb atamoqda. Lekin bu nur siz bilan bizning tushunchamizdagi moddiy, ko`zga ta'sir o`tkazadigan yorug`lik nuri emas. Alloh taoloning hech bir sifati siz bilan bizning tasavvurimizga to`g`ri kelmaydi. Bu jumlani ba'zi ulamolarimiz, «Alloh osmonlar va Yerni munavvar qilguvchidir», deb tushuntirganlar. Boshqa birlari esa, «Alloh osmonlaru Yerni vujudga keltirguvchidir», deganlar. Yana boshqalari, Alloh taolo osmonlar va Yerni, ya'ni borliqni O`z nuridan yaratgandir, degan ma'noda tafsir qilganlar. Bu tushunchalarning hammasi arab tilida «nur» so`zi ifoda etadigan ma'nolardan olingandir. «Nur» so`zi aslida o`zi zohir bo`lib, o`zgalarni ham zohir etuvchi vujudga nisbatan ishlatiladi. Misol uchun, qorong`ulikda yorug`lik zohir bo`lib, avval o`zi ko`rinadi va shuning barobarida atrofni ham yoritadi-ko`rsatadi.)","(U) bir uylardaki, Alloh ularning ko`tarilishiga va ularda O`z ismi zikr qilinishiga izn bergandir. Ularda Unga ertayu kech tasbih ayturlar","Bir kishilarki, ularni tijorat ham, oldi-sotdi ham Allohning zikridan, namozni to`kis ado etishdan va zakot berishdan mashg`ul qila olmas. Ular qalblar va ko`zlar iztirobga tushadigan kundan qo`rqarlar.","Alloh ularni qilgan amallarining eng go`zali ila mukofotlashi va fazli karamidan ziyoda qilib berishi uchundir. Alloh xohlagan kishiga behisob rizq berur.","Kufr keltirganlarning amallari sahrodagi sarobga o`xshar. Chanqoq odam uni suv deb hisoblar. Qachonki, uning oldiga kelsa, hech narsani topmas. Va u oldida Allohni topur. Bas, U zot uning hisobini to`liq qilur. Alloh o`ta tez hisob qilguvchidir.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada Alloh taoloning nuridan mahrum bo`lgan kofir va munofiqlarning holi ajoyib uslub ila vasf etilmoqda. O`zlari chanqoq odamga, amallari esa, sahrodagi sarobga o`xshatilmoqda. Munofiqlar ham bu dunyoda o`zlaricha, u qildim-bu qildim, deb amallarini sanab, «yaxshi-yaxshi» umidlar bilan oxirat tomon ketaveradilar. Qiyomat qoim bo`lib, «manzil»ga yetganlarida esa, hech narsa topmaydilar. Qilgan amalimizning savobini topamiz, deb borgan joylarida Allohni topadilar va Alloh ularni bekamu ko`st hisob-kitob qiladi.)","Yoki xuddi qa'rsiz dengizdagi zulmatlarga o`xshar. Uning ustidan mavj qoplagandir, u(mavj)ning ham ustidan mavj va uni esa, bulut (qoplagandir). Bir-birining ustidagi zulmatlardir. U qo`lini chiqarsa, ko`ra olmas. Kimgaki Alloh nur bermasa, uning uchun nur bo`lmas.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada ham Allohning nuridan mahrum bo`lgan kofir va munofiqlarning holati ajoyib uslub ila vasf qilinmoqda. Ya'ni, dengizni katta to`lqin qoplab olgandir. Bu to`lqin esa, zulmat ustiga zulmatdir. Ammo bu hali hammasi emas. O`sha qop-qora to`lqinning ustidan qop-qora bulut qoplab turibdi. Bu zulmatlar ostida kofir va munofiq qanday qilib Allohning nurini ko`rsin. U o`z qo`lini ko`ra olmagandan keyin, Allohning nurini ko`ra olmasligi turgan gap.)","Allohga osmonlar va yerdagi bor jonzot va saf tortgan holidagi qushlar tasbih aytishini ham ko`rmaysanmi?! Har biri o`z duosi va tasbihini, batahqiq, bilmishdir. Alloh nima amal qilishlarini o`ta bilguvchidir.","Osmonlar va yerning mulki Allohnikidir va qaytish ham faqat Allohgadir.","Alloh bulutlarni haydashini, so`ngra birga to`plashini, so`ngra uyib qo`yishini ko`rmayapsanmi?! Bas, uning orasidan yomg`ir chiqayotganini ko`rursan. U zot osmondan, undagi tog`lardan do`l tushirib, u bilan O`zi xohlagan kishilarga musiybat yetkazur va uni O`zi xohlagan kishilardan burib yuborur. Uning chaqmog`ining yarqirashi ko`zlarni ketkazgudek bo`lur.","Alloh kecha va kunduzni aylantirib turur. Albatta, bunda ko`zi ochiqlar uchun ibrat bordir.","Alloh hamma jonivorni suvdan yaratdi. Bas, ulardan ba'zilari qorni bilan yuradir, ba'zilari ikki oyoq bilan yuradir va ba'zilari to`rt (oyoq) bilan. Alloh O`zi xohlagan narsani yaratur. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir.","Batahqiq, Biz ochiq-oydin bayon qilguvchi oyatlarni tushirdik. Alloh O`zi xohlagan kimsani to`g`ri yo`lga hidoyat qiladir.","Ular: «Allohga va Payg`ambarga iymon keltirdik va itoat qildik», derlar. So`ngra ulardan bir guruhi yuz o`girib keturlar. Ana o`shalar mo`min emaslar.[1]###[1] (U guruh — munofiqlardir. Ular tillari bilan: «Allohga va Payg`ambarga iymon keltirdik va itoat qildik», deydilar. Lekin iymonga amalni qo`shmaydilar. Og`izlari bilan iymonli ekanlari haqida safsata sotsalar ham, hayotda iymon taqozosi ila amal qilmay, Islom shariatiga yurishni istamay, boshqa qonun-qoidalar asosida yashashga urinadilar. Allohga va Payg`ambar alayhissalotu vassalomga iymonlari borligini aytsalar ham, ularga itoat etishlari haqida og`iz ko`pirtirib so`zlasalar ham, amal qilmaydilar. Ularga, ayniqsa, Nur surasi o`qilganda yuraklari siqilib ketadi. Chunki bu sura ularga zinoni, ochiq-sochiqlikni, axloqiy buzuqlik bo`lmish havoyi nafsning xohishlarini man qilib, odob-axloq doirasida halol-pok yashashni taklif etadi. «So`ngra ulardan bir guruhi yuz o`girib keturlar». Tillari bilan aytgan gaplariga amal qilish kerak bo`lganda yuz o`girib, boshqa tomonga qarab ketadilar.)","Ularni qachonki Allohga va Uning Payg`ambariga oralarida hukm chiqarish uchun chorlansa, banogoh, ulardan bir guruhi yuz o`girguvchilardir.","Agar haq ular (tarafda) bo`lsa, u(Payg`ambar)ga bo`yin egib kelurlar.","Ularning qalblarida maraz bormi?! Yoki shubha qildilarmi?! Yoxud Alloh va Uning Payg`ambari ularga zulm qilishidan qo`rqadilarmi?! Yo`q! Ularning o`zlari zolimlardir.","Albatta, mo`minlarning Allohga va Uning Payg`ambariga oralarida hukm chiqarish uchun chorlanganlaridagi gaplari: «Eshitdik va itoat qildik», demoqlaridir. Ana o`shalarning o`zlarigina najot topguvchilardir.","Kim Allohga va Uning Payg`ambariga itoat etsa hamda Allohdan qo`rqib, Unga taqvo qilsa, bas, ana o`shalargina yutuqqa erishguvchilardir.","Ular agar amr qilsang, albatta (jihodga) chiqishlari haqida Alloh nomi bilan jon-jahdlari ila qasam icharlar. Sen: «Qasam ichmanglar! (Bu jihod) ma'lum toatdir! Albatta, Alloh nima amal qilayotganlaringizdan xabardordir», deb ayt.","Sen: «Allohga itoat qilinglar, Payg`ambarga itoat qilinglar. Bas, agar yuz o`girib ketsangiz, u(Payg`ambar)ga o`ziga yuklatilgan narsa, sizga o`zingizga yuklatilgan narsa. Agar unga itoat qilsangiz, hidoyat topursiz. Payg`ambarning zimmasida ochiq-oydin yetkazishdan boshqa narsa yo`q», deb ayt.","Alloh sizlardan iymon keltirib, solih amallarni qilganlarga ularni yer yuzida xuddi ulardan oldin o`tganlarni xalifa qilganidek xalifa qilishni, ular uchun O`zi rozi bo`lgan dinni mustahkamlashni va ularning xavf-xatarlaridan so`ng omonlikni badal qilib berishni va'da qildi. Mengagina ibodat qilurlar va Menga hech narsani shirk keltirmaslar. Shundan keyin ham kim kufr keltirsa, bas, ana o`shalar, o`zlari fosiqlardir.[1]###[1] (Oldingi o`tgan ummatlardan qaysi biri Alloh taologa iymon keltirgan va bu iymoni haqiqiy bo`lib, butun vujudini qamrab olgan hamda o`sha haqiqiy iymonlari taqozosi ila solih amallar qilib hayot kechirgan bo`lsa, Alloh taolo ularni Yer yuziga O`zining xalifasi etib tayinlab qo`ygan edi. Yer yuzida hukmi yuritilishi uchun ularni O`ziga o`rinbosar qilib qo`ygan edi. Endi o`shalar kabi Yer yuzida xalifa bo`lish imkoniyati faqat Muhammad alayhissalotu vassalomning ummatlarida bordir. Ularning mazkur xalifalikka erishishlari uchun asosiy shart — iymon keltirib, amali solih qilishdir. Islom ummati qachon ushbu shartni bajarganida, Alloh taolo va'dasining ustidan chiqqan.)","Namozni to`kis ado etinglar, zakot beringlar va Payg`ambarga itoat qilinglar. Shoyadki, rahim qilinsangiz.","Sen kufr keltirganlarni yer yuzida qochib qutula olguvchilardir, deb hisoblama! Ularning joyi do`zaxdir. U naqadar yomon borar joydir!","Ey, iymon keltirganlar! Qo`lingizda mulk bo`lganlar va o`zingizdan balog`atga yetmaganlar sizdan uch vaqtda izn so`rasinlar: bomdod namozidan oldin, peshinda kiyimlaringizni yechadigan paytingizda va xufton namozidan so`ng. (Ushbu) uch vaqt siz uchun avratdir. Ulardan keyin sizga ham, ularga ham gunoh yo`q. Ular sizning atrofingizda, bir-biringizga aylanib turuvchidirsiz. Alloh sizlarga oyatlarni ana shunday bayon qilur. Alloh o`ta bilguvchi, o`ta hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada zikri kelagan shaxslar uch vaqtda, albatta izn so`rashlari kerak: «... bomdod namozidan oldin...» Chunki bu vaqtda odam hali o`rnida yotgan bo`ladi. «... peshinda kiyimlaringizni yechadigan paytingizda...» Qur'on nozil bo`lgan issiq o`lkalarda peshin vaqtida yechinib, salqinlab, dam olmaslikning hech iloji yo`q. «... xufton namozidan so`ng». Bu vaqtda ham kishilar yechinib, dam olayotgan bo`ladi. «(Ushbu) uch vaqt siz uchun avratdir». Ya'ni, avratlar ochiladigan vaqtdir. Shuning uchun qul va cho`rilar ham, balog`atga yetmagan yosh bolalar ham izn so`rab kirsinlar. Odatda xizmatchilar va yosh bolalarning kirib chiqishlari ko`p bo`ladi. Shuning uchun mazkur avrat vaqtlaridan boshqasida izn so`ramay kirishlariga ruxsat berildi.)","Qachon sizning yosh bolalaringiz balog`atga yetsalar, ulardan oldingilar izn so`raganidek, izn so`rasinlar. Alloh O`z oyatlarini sizga ana shunday bayon qilur. Alloh o`ta bilguvchi, o`ta hikmatli Zotdir.","Ayollardan (keksayib) o`tirib qolganlari, nikohni umid qilmaydiganlariga ziynatlarini ko`z-ko`z qilmagan holda kiyimlarini qo`yishlarida gunoh yo`qdir. Iffat talabida bo`lsalar, o`zlari uchun yaxshidir. Alloh o`ta eshitguvchi, o`ta bilguvchi Zotdir.[1]###[1] (Ushbu oyatdagi «kiyimlari»dan murod katta yopinchiq va hamda ustdan kiyiladigan ridodir. Ayol kishi o`ta qarib, nikohdan umuman umidsiz bo`lib qolganda paranji-chimmat qilmaslikka ruxsat bor. Lekin, shunday bo`lsa ham, iffatlarini saqlaganlari o`zlari uchun yaxshidir. Ammo voqelikda qari ayollarning o`ranib-chirmanib, yoshlarning ochilib-sochilib yurgani ko`riladi. Bu ham, ya'ni yoshlarning bu holati shariatga bo`yinsunmaslikning bir ko`rinishidir.)","Ko`zi ojizga gunoh — tanglik yo`qdir. Va, cho`loqqa gunoh — tanglik yo`qdir. Va, bemorga gunoh — tanglik yo`qdir. Va, Sizning o`zingizga ham o`z uyingizdan, yo otalaringizning uylaridan, yo onalaringizning uylaridan, yo aka-ukalaringizning uylaridan, yo opa-singillaringizning uylaridan, yo amakilaringizning uylaridan, yo ammalaringizning uylaridan, yo tog`alaringizning uylaridan, yo xolalaringizning uylaridan, yo siz kalitiga molik bo`lgan yoki do`stingiz (uyidan) yemoqligingizda (tanglik) yo`qdir. Sizlarga jamlangan yoki tarqoq holda yemoqlikda ham gunoh — tanglik yo`qdir. Uylarga kirgan chog`ingizda o`zlaringizga Allohdan bo`lgan pokiza va muborak tabrik ila salom beringlar. Alloh sizlarga oyatlarni ana shunday bayon qilur. Shoyadki, aql yuritsangiz.[1]###[1] (Ushbu oyati karimaning avvalida ko`zi ojiz, cho`loq va bemor kishilarga nimada gunoh bo`lmasligi, tanglik yo`qligi haqida mufassir ulamolarimiz ixtilof qilishgan. Bir guruhlari, ularning jihodga chiqmay qolishlarida gunoh va tanglik yo`q, deydilar. Boshqalari, bu yerda esa, so`z jihod haqida emas, balki aynan taom yemoq haqida ketmoqda, shuning uchun ham mazkur jumlani «taom yeyishda ularga gunoh va tanglik yo`q», deb tushunmoq kerak, deydilar va bu fikrlarini tasdiqlovchi rivoyatlarni keltiradilar. Ikkinchi toifa mufassirlarning fikrlari kuchliroqdir. «Kalitga molik bo`lish» uy egasining kalitni ishonib topshirib qo`yishidir. Ana shunday kishilar insof bilan, qorinlari to`yguncha yesalar, bo`laveradi. Oyisha onamizdan Imom az-Zuhriy qilgan rivoyatda aytilishicha, Rasululloh alayhissalotu vassalom bilan jihodga jo`nab ketayotgan musulmonlar uylari kalitlarini o`zlari bilgan kishilarga topshirib, hojatingiz tushganda yemoqni sizga halol qildik, deb ketar ekanlar. Ammo kalitni olib qolganlar, quruq manzirat uchun aytilgan bo`lsa kerak, deb o`zlarini tiyisharkan. Ushbu oyat bilan ularga Alloh ham izn bergan.)","Albatta, mo`minlar Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirgan kishilardir. Ular u(Payg`ambar) bilan birga jamlovchi (muhim) ishda bo`lsalar, undan izn so`ramasdan turib ketib qolmaslar. Albatta, sendan izn so`raydiganlar, ana o`shalar Allohga va Uning Rasuliga iymon keltiradiganlardir. Ular ba'zi ishlari uchun sendan izn so`rasalar, ulardan kimga xohlasang, izn ber va ular uchun Allohga istig`for ayt. Albatta, Alloh o`ta mag`firatli, o`ta rahimli Zotdir.","Payg`ambarning orangizdagi da'vatini bir-biringizning da'vatingizga o`xshatmang. Batahqiq, sizlardan panalab, asta-asta sug`urilib chiqib ketadiganlarni Alloh yaxshi bilur. Uning ishiga xilof qiladiganlar o`zlariga fitna yetishi yoki alamli azob yetishidan hazir bo`lsinlar.[1]###[1] (Ushbu oyati karimaning birinchi jumlasi haqida ulamolar uch xil fikr aytganlar. Uchala fikr ham bir-birini to`ldirib keladi. Birinchi fikrga binoan, Payg`ambarni chaqirishda, bir-biringizni chaqirishingizdagi lafzlarni qo`llamang, degani. Ikkinchi fikrga ko`ra, Payg`ambarning chaqirig`ini, buyrug`ini boshqalarning chaqirig`i kabi oddiy qabul qilmang, balki alohida ahamiyat va e'tibor bilan qabul qiling, deganidir. Uchinchi fikrga ko`ra esa, Payg`ambarning duosini, boshqalarning duosiga o`xshatmang, deganidir. U zotning duosi, albatta, qabul bo`lishi muqarrardir.)","Ogoh bo`linglar! Albatta, osmonlaru yerdagi narsalar Allohnikidir. U zot sizning qay holatda ekaningizni yaxshi bilur. Uning O`ziga qaytariladigan kunda esa, qilgan amallari haqida ularga xabar berur. Alloh har bir narsani o`ta bilguvchi Zotdir.","Olamlarga ogohlantiruvchi bo`lsin uchun bandasiga Furqonni nozil qilgan Zot barakotli, ulug`dir.","U, osmonlaru yerning mulki Unga xos bo`lgan, O`ziga farzand tutmagan, mulkida sherigi bo`lmagan, har bir narsani o`lchov ila o`lchab yaratgan Zotdir.","U Zotdan boshqa, hech narsa yarata olmaydigan, o`zlari yaratiladigan, o`zlari uchun zararga ham, nafga ham ega bo`lmaydigan, o`limga ham, hayotga ham, qayta tirilishga ham molik bo`lmaydigan «xudo»lar tutdilar.","Kufr keltirganlar: «Bu (Qur'on) uydirmadan boshqa narsa emas. Uni o`zi uydirib oldi va bunda unga boshqa qavmlar ko`mak berdilar», dedilar. Bas, shubhasiz, zulm va yolg`on guvohlik keltirdilar.","Ular: «Bu avvalgilarning afsonasidir. Ularni yozdirib olgan. Holbuki, ular unga ertayu kech imlo qilinur», dedilar.[1]###[1] (Avvalgi mushriklar har qancha johil bo`lsalar ham, hozirgilarga qaraganda bir oz insofli bo`lgan ekan. Ular hozirgi mushriklarga o`xshab, «yozib olgan», demasdan, «yozdirib olgan», demoqdalar. Chunki ular Muhammad alayhissalotu vassalomning o`qish va yozishni bilmasliklarini yaxshi biladilar. Shuning uchun afsonalarni boshqalarga yozdirib olgan, dedilar. Ya'ni, o`sha afsonalar Muhammad alayhissalotu vassalomga ertayu kech aytib turiladi, deydilar.)","Sen: «Uni osmonlaru yerdagi sirni biladigan Zot nozil qildi. Albatta, U mag`firatli va rahimli Zotdir», degin.[1]###[1] (Qur'onni hamma narsani bilguvchi zot — Alloh nozil qilgandir. Hamma narsani bilguvchi Zot o`tgan ummatlarning tarixini ham juda yaxshi biladi. O`tganlarning afsonalarini birovdan yozdirib olishga hojat yo`q. Balki bu afsonalar yolg`on, bid'at va xurofotlarga to`liqdir. Qur'oni Karimda esa, o`tgan ummatlarning qissalari eng rost va to`g`ri ravishda keltiriladi. Kishilarni ulardan o`rnak olishga chaqiriladi. Vaqt o`tib, ilm rivojlanishi bilan bu haqiqat yana ham ravshanlashib bormoqda.)","Ular: «Bu ne Payg`ambarki, taom yeb, bozorda yuradir?! Unga bir farishta tushirilsa edi, u bilan ogohlantirguvchi bo`lar edi.","Yoki unga xazina tashlansa yoxud uning bog`i bo`lsa-yu, undan yesa», dedilar. Zolimlar: «Sizlar faqat sehrlangan kishiga ergashyapsizlar, xolos», dedilar.","Senga qanday misollar keltirganiga nazar sol! Bas, ular yo`ldan ozdilar. Endi yo`l topishga qodir emaslar.","Agar xohlasa, senga o`shandan yaxshirog`ini — ostidan anhorlar oqib turadigan bog`larni va qasrlarni qilib beradigan Zot barakotli va ulug` bo`ldi.[1]###[1] (Alloh xohlasa, bu narsalarni istagan lahzada payg`ambariga ato etishi hech gap emas. Lekin maqsad bog`u rog` va qasrlar emas. Maqsad hamma narsaning xoliqi Alloh taoloning roziligiga erishishdir.)","Yo`q! Ular soatni (qiyomatni) ham yolg`onga chiqardilar. Va Biz soatni (qiyomatni) yolg`onga chiqarganlarga do`zaxni tayyorlab qo`ydik.[1]###[1] (Kofirlar, qiyomat bo`lmaydi, dedilar. Qiyomat bo`ladi, deyayotganlarning gapi yolg`on, dedilar. Holbuki, do`zax ularni kutib turibdi. Ushbu mushriklar to`ppa-to`g`ri o`sha tayyor do`zaxga ravona bo`ladilar.)","Vaqtiki u ularni uzoq joydan ko`rganida, uning g`azabnok qaynashini va bo`kirishini eshiturlar.[1]###[1] (Qiyomat soatini yolg`onga chiqarganlarga Alloh taolo tomonidan tayyorlab qo`yilgan do`zax shu darajada dahshatliki, u kofirlarni uzoqdan ko`rishi bilan g`azabi to`lib-toshib, qaynab o`kira boshlaydi.)","Uning tor joyiga kishanlangan hollarida tashlanganlarida esa, o`sha joyda (o`zlariga) halokat tilarlar.","«Bugungi kunda bir halokatni emas, ko`p halokatni tilanglar!»[1]###[1] (Bir marta halok bo`lib qutulib keta olmaysizlar. Hali ko`p halok bo`lasizlar. O`zingizcha, halok bo`lsak, bu azoblardan qutularmiz, deb o`ylamanglar.)","«Bu yaxshimi yoki taqvodorlarga tayyorlab qo`yilgan mangulik jannati yaxshimi?» U (jannat) ular uchun mukofot va qaytish joyidir.","Ularga u yerda xohlagan narsalari bor, abadiy holda qolurlar. Bu, Robbing zimmasidagi mas'uliyatli va'dadir.[1]###[1] (Jannatda taqvodor mo`minlarga istagan narsalari bor. Jannatda nimalar borligini sanab adog`iga yetib bo`lmaydi. Shuning uchun osongina, istagan narsalari bor, deb qo`yildi.)","U(mushrik)larni va Allohdan o`zga ibodat qilgan narsalarini to`plagan kunda, U zot: «Anavi bandalarimni sizlar adashtirdingizmi yoki ular o`zlari yo`ldan ozdilarmi?!» deydir.[1]###[1] (Bu dunyoda mushrik bo`lib, Allohdan o`zga narsalarga ibodat etib, o`shalarning «aytgani»ni qilib, o`shalarning «roziligi»ni tilab o`tgan manavi bandalarning mushrik bo`lishlari sababi nima? Ularni o`sha «xudo»lari adashtirdimi? Yoki o`zlari yo`ldan og`dilarmi?)","Ular: «O`zing poksan! Sendan o`zgani do`st tutmoq biz uchun yarashmas. Lekin Sen ularni va ota-bobolarini (shunchalik) huzurlantirdingki, hatto ular zikringni unutdilar va halokat qavmi bo`lib qoldilar», derlar.","Batahqiq, ular sizlarni aytayotgan narsangizda yolg`onchiga chiqardilar. Endi (azobni) burishga ham, yordam olishga ham qodir bo`lmassiz. Sizdan kim zulm qilgan bo`lsa, unga azobni torttiramiz.","Biz sendan oldin yuborgan Payg`ambarlarimiz ham, albatta, taom yer va bozorlarda yurar edilar. Ba'zilaringizni ba'zilaringizga sinov qildik. Sabr qilasizlarmikin?! Robbing ko`rguvchi bo`lgan Zotdir.[1]###[1] (Oddiy bashardan payg`ambar yuborib odamlarni sinovga uchratdik, ba'zilari sinovdan o`ta olmay, oddiy bashar ham payg`ambar bo`ladimi, deb yo`ldan adashdi. Ularning bu tasarruflari esa, iymonlilar uchun sinov bo`ldi.)"]