["Bizga uchrashdan umidsiz bo`lganlar, bizga farishtalar tushirilsa, yoki, Robbimizni ko`rsak edi, derlar. Batahqiq, ular o`zlaridan ketdilar va katta tug`yon-la tug`yon qildilar.","Ular farishtalarni ko`radigan kunda, ha, o`sha kunda jinoyatchilarga xushxabar bo`lmas. Va (farishtalar): «Harom, harom», derlar.[1]###[1] (Ey kofir-mushriklar, sizlarga xushxabar harom, jannat harom, mag`firat harom, mehr-shafqat harom, osoyishtalik harom... derlar.)","Va qilgan amaliga kelib, ularni to`zon kabi sochib yuboramiz.[1]###[1] (Kofirlarning bu dunyoda qilgan ba'zi bir yaxshi amalaridan umidlari bo`lishi mumkin. Ammo iymon bo`lmaganidan keyin u ishlar hech foyda bera olmaydi. Qiyomat kuni Alloh taolo u amallarni ham to`zon kabi sochib yuboradi.)","O`sha kunda jannat egalarining qarorgohlari va oromgohlari g`oyat yaxshidir.","U kunda bulutli osmon yorilib, farishtalar bo`lak-bo`lak tushirilurlar.","U kunda hukmronlik Rohmanga haq bo`lur. U kun kofirlar uchun ko`p qiyin kun bo`lur.","U kunda zolim ikki qo`lini tishlab: «Ey voh!!! Payg`ambar ila bir yo`lni tutganimda edi!» der.","«Ey voh!!! Koshki falonchini do`st tutmasam edi», der.","«Batahqiq, menga Zikr (Qur'on) kelgandan so`ng u (do`st) meni adashtirdi. Shayton insonni yordamsiz tashlab ketguvchidir».[1]###[1] (Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan boshqaga ergashganlarning barchasining holi shu bo`ladi. Qur'on yo`lidan boshqa yo`lga yurgan, Qur'ondan boshqa dasturga amal qilganlarning barchasining holi shu bo`ladi. Qiyomat kuni ularning hammasining bu dunyodagi «do`st»lari yordamsiz tashlab ketadi.)","Va Payg`ambar: «Ey Robbim, albatta, mening qavmim ushbu Qur'onni tark etdilar», dedi.[1]###[1] (Muhammad alayhissalotu vassalom Robbilariga shikoyat qilib, ey Robbim, mening qavmim — Quraysh ushbu Qur'onni tark etdi, dedilar. Alloh taolo ularning qilmishlarini juda yaxshi biladi. Ammo Payg`ambar alayhissalotu vassalom o`zlarining dardlarini to`kib solish uchun, Allohning amrini to`la bajarganliklarini bildirish uchun aytmoqdalar.)","Ana shunday. Har Payg`ambar uchun jinoyatchilardan dushman qilganmiz. Hidoyat va yordamchilikda Robbing O`zi kifoya qilur.","Kufr keltirganlar: «Unga Qur'on bir yo`la nozil qilinsa edi», dedilar. Biz sening qalbingni u bilan sobit qilish uchun shunday qildik va uni dona-dona qilib o`qidik.[1]###[1] (Ya'ni, ey Muhammad, Biz sening qalbingni Qur'on bilan sobit qilish, quvvatlash uchun uni bo`lak-bo`lak holda nozil etdik va go`zal ravishda dona-dona qilib o`qib berdik. Qur'on birdaniga tushmasdan, bo`lak-bo`lak bo`lib tushar, har vahiy kelganida Payg`ambar alayhissalotu vassalomning qalblari quvvatlanar, kuchlariga kuch, g`ayratlariga g`ayrat qo`shilar edi.)","Ular senga biror masal keltirsalar, Biz, albatta, senga haqni va go`zal sharhini keltirurmiz.","Jahannam tomon yuz tuban hollarida sudraladiganlar, ana o`shalar, makonlari eng yomon, yo`llari eng adashgan kimsalardir.","Batahqiq, Biz Musoga kitobni berdik va unga akasi Horunni vazir qildik.","Bas: «Ikkingiz Bizning oyatlarimizni yolg`onga chiqargan qavmga boring», dedik. So`ng ularni yer bilan yakson qildik.","Va Nuh qavmi Payg`ambarlarni yolg`onga chiqarganlarida g`arq etdik va ularni odamlarga ibrat qildik. Hamda Biz zolimlarga alamli azoblar tayyorlab qo`ydik.","Od, Samud va quduq egalarini hamda bu oradagi asrlarni esla.[1]###[1] (Biz «quduq» deb tarjima qilgan so`z oyati karimada «rass» iborasi ila ifodalangan bo`lib, ichi mahkamlanmagan, nurab turgan quduqqa aytiladi. Rivoyatlarda kelishicha, o`sha jinoyatchi qavm quduq atrofida o`tirganlarida, u qulab, hammalari ichiga tushib halok bo`lgan ekanlar. Ba'zi tafsirchilarimiz, bu qavm Solih alayhissalom qavmi, desalar, boshqalari Shuayb alayhissalom qavmidir, deydilar. Ibn Jarir Tabariy esa, ular Uxdud egalaridir, degan ekanlar. Ular haqida Buruj surasida so`z yuritilgan.)","Ulardan har biriga misollar keltirdik. Va ularni qirib bitirdik.[1]###[1] (Ya'ni, o`sha o`tmish asrlardagi barcha jinoyatchi qavmlarning har biriga o`rnak bo`lsin uchun misollar keltirdik. Ular ibrat olmadilar, o`zlarini o`nglamadilar.)","Batahqiq, ular yomonlik yomg`iri yog`dirilgan shaharga kelgan edilar. Uni ko`rmagan edilarmi?! Yo`q! Ular qayta tirilishdan umidsiz edilar.[1]###[1] (Ushbu oyati karimadagi «yomonlik yomg`iri yog`dirilgan shahar»dan murod Lut alayhissalom qavmi yashagan shahardir. Ma'lumki, bu shaharni Alloh taolo tosh yog`dirib halok qilgandir. Oyatdagi «Ular»dan murod esa, Makka kofirlari. Ular Shomga qilgan safarlarida Lut alayhissalom qavmi shahri xarobalari yonidan o`tar edilar. Agar ularda insof bo`lganida, zarracha tafakkur bo`lganida, ko`rganlaridan ibrat olardilar.)","Ular seni ko`rgan vaqtlarida masxaraga olurlar: «Alloh Payg`ambar qilib yuborgan shumi?!","Agar sabr qilmaganimizda, albatta, u bizni, sal bo`lmasa, xudolarimizdan ozdirardi-ya!» deb. Yaqinda — azobni ko`rgan chog`larida — kim yo`ldan ozganroq ekanini bilurlar.","Havoyi nafsini o`ziga xudo qilib olganni ko`rdingmi?! Endi sen unga vakil bo`lasanmi?![1]###[1] (Yo`q, albatta. Payg`ambarning vazifasi havoi nafsini o`ziga xudo qilib olganlarga vakil bo`lish emas, balki Allohdan kelgan amrlarni kishilarga yetkazishdir.)","Yoki sen ularning ko`plari tinglay olurlar yo anglay olurlar, deb hisoblaysanmi? Aslida, ularning hayvonlardan farqi yo`q. Balki yana ham yo`ldan ozganroqdirlar.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada Payg`ambar alayhissalotu vassalomga tasalli va havoi nafslarini xudo qilib olgan kofirlarni yerga urish bor.)","Robbingning soyani qanday yoyib qo`yganini ko`rmadingmi? Agar xohlasa, uni jilmas qilardi. So`ngra quyoshni Biz unga dalil qildik.[1]###[1] (Ha, agar Alloh xohlasa, soyani jilmas qilib, bir xilda, ya'ni uzaymay ham, qisqarmay ham turadigan qilib qo`yar edi. Misol uchun yerni aylanmaydigan qilib qo`ysa, soya jilmay turaverar edi, biz e'tibor bermaydigan soyaning yoyilishi hodisasi ortida Allohning ulkan qudrati turibdi.)","So`ngra Biz uni O`zimizga asta-sekin tortib oldik.","U siz uchun kechani libos, uyquni istirohat qilgan va kunduzni tirilish (zamoni) qilgan Zotdir.","U O`z rahmati oldidan shamollarni xushxabar qilib yuborgan Zotdir. Va osmondan pok suv tushirdik.","U ila o`lik yurtni tiriltirishimiz va o`zimiz yaratgan ko`plab chorva hayvonlari hamda insonlarni sug`orishimiz uchun.","Batahqiq, Biz u(Qur'on)ni eslatma olishlari uchun oralarida turlicha tasarruf qilib ko`rdik. Odamlarning ko`plari kufrdan boshqa narsadan bosh tortdilar.[1]###[1] (Alloh osmondan pok suv tushiradi. Alloh osmondan pok so`z (Qur'on) tushiradi. Alloh osmondan tushirgan pok suvi ila o`lik diyorlarni tiriltiradi, chanqoq hayvon va odamlarni sug`oradi. Alloh osmondan tushirgan pok so`zi bilan ma'naviy o`lik xalqlarni tiriltiradi, ruhiy chanqoqlarni, tashnalarni ruhiy-ma'naviy ta'limotlar ila sug`oradi. Qur'onni ularga turli uslublar ila taqdim qildik. Lekin ular bundan o`zlariga eslatma olmadilar.)","Agar xohlasak, har shaharga bitta ogohlantirguvchi yuborar edik.","Kofirlarga itoat etma! Ularga qarshi u(Qur'on) bilan katta jiddu jahd qil!","U, ikki dengizni — bunisi chuchuk-shirin, unisi sho`r-achchiq qilib oqizib qo`ygan va oralariga ko`rinmas to`siq hamda ochilmas sarhad qilgan Zotdir.[1]###[1] (Barcha ummonlar va dengizlar sho`r, daryolar chuchuk. Daryolar oqib borib suvini dengizlarga, ummonlarga quyadi. Ammo bu bilan dengiz suvi chuchuk bo`lib qolmaydi, daryo suvi sho`r bo`lib qolmaydi. Zotan, daryolarning suvi ham dengiz va ummonlardan bug`lanib ko`tarilgan suvdan iborat.)","U, suvdan bashar yaratgan va uni nasl-nasab, quda-anda qilib qo`ygan Zotdir. Robbing qodir bo`lgan Zotdir.","Ular Allohdan o`zga, ularga naf ham, zarar ham yetkazmaydigan, narsalarga ibodat qiladilar. Va kofir, Robbiga qarshi yordamchi bo`lgandir.","Biz seni faqat xushxabarchi va ogohlantirguvchi etib yuborganmiz, xolos.","Sen: «Men sizlardan buning uchun ajr so`ramayman, faqat, kim xohlasa, Robbi tomon yo`l olishini (so`rayman)», deb ayt.[1]###[1] (Islomda e'tiqod-dinga kirish yoki uning a'zolari safida bo`lish uchun to`lanadigan badal yoki solig`u majburiyatlar yo`q. Xohlagan kishi Allohga tomon yo`l olsin. Unga iymon keltirsin, ibodat qilsin. Boshqalar esa, uning yo`lini to`smasin.)","Va barhayot, o`lmaydigan Zotga tavakkal qil hamda Uni hamdu sano ila poklab yod et. Bandalarining gunohlaridan o`ta xabardor bo`lishda Uning O`zi kifoyadir.","U osmonlaru yerni va ularning orasidagi narsalarni olti kunda yaratgan, so`ngra (Zoti va ulug`ligiga munosib suratda) Arshga yuksalgan Zotdir. U Rohmandir. Bas, o`sha o`ta Xabardordan so`ra.[1]###[1] (Ushbu ma'nolar e'tiqod bobida o`ta nozik va hassos ekanligi e'tiboridan ulamolarimiz juda ham ehtiyotkorlik bilan bayon qilishga harakat qiladilar. «Olti kun» masalasiga kelganda, ba'zilari, bu dunyoning kunlariga o`xshash kunlar, Alloh «bo`l» desa bo`lib qolar edi-yu, lekin bandalarga shoshilmay ish qilishni o`rgatish maqsadida shunday qildi, deydilar. Boshqalari esa, «olti kun» qanday kunlar ekanini Allohning O`zi biladi. Bizning kunlarimiz osmonlaru Yer yaratib bo`lingandan keyin, quyosh majmuasidagi sayyoralar nizomi yaratilgandan keyin vujudga kelgan tushunchalar, deydilar. «So`ngra» kalimasi odatda «keyin» ma'nosidagi tartibni ifoda qiladi, bu oyatdagi «so`ngra» esa, martabani bildiradi.)","Qachonki ularga: «Rohmanga sajda qilinglar!» deyilsa, ular: «Rohman nima? Sen buyurgan narsaga sajda qilaveramizmi?» derlar. Bu ularning uzoqlashishini ziyoda qilur.","Osmonda burjlar qilgan va unda chiroq va nur sochguvchi oy qilgan Zot barakotli(buyuk) bo`ldi.","U ibrat olmoqni iroda qilgan va shukr qilmoqni iroda qilgan kishi uchun kecha-kunduzni birin-ketin qilgan Zotdir.","Rohmanning bandalari yer yuzida tavozu' ila yuradigan va johillar xitob qilganida, «salom», deydiganlardir.[1]###[1] (Rohmanning suyukli bandasi bo`lish sharafiga erishgan inson Yer yuzida kamtarlik, sodda va muloyimlik bilan yuradi. Unda takabburlik, manmanlik, vahshatu dahshat, turli soxta ko`rinishlardan asar ham bo`lmaydi. Shu bilan birga, bo`shanglik, irodasizlik, behuda qisilib-qimtinish, o`zini pastga urishlik ham bo`lmaydi.)","Ular tunlarni Robbilariga sajda qilib, bedor o`tkazadilar.","Ular: «Ey Robbimiz, O`zing bizdan jahannam azobini burgin, albatta, jahannam azobi doimiydir.","Albatta, u eng yomon qarorgoh va turar joydir», deydiganlardir.","Ular infoq qilganlarida isrof ham va xasislik ham qilmaslar. U ikkisi o`rtasida mo`'tadil bo`lurlar.","Ular Alloh bilan birga biror ilohga iltijo qilmaslar. Alloh (o`ldirishni) harom qilgan jonni nohaqdan o`ldirmaslar. Zino qilmaslar. Kim ana shuni qilsa, uqubatga duchor bo`lur.[1]###[1] (Allohga shirk keltirish ulkan zulmdir. Birovni nohaqdan o`ldiradigan odam Rohmanning suyukli bandasi bo`la olmaydi. Zinoda ham moddiy, ham ma'naviy ravishda odam o`ldirish ruhi bor. Zinokorlar bola ko`rishdan qochadilar. Ular, zinodan bola bo`lib qolmasligiga urinadilar. Bu esa, o`ziga xos odam o`ldirishdir. Allohga shirk keltirsa, nohaqdan odam o`ldirsa va zino qilsa, gunohning uqubatiga duchor bo`ladi.)","Qiyomat kuni uning azobi bir necha barobar ko`paytirilur va u(azob)da xor bo`lib abadiy qolur.","Magar kim tavba qilsa, iymon keltirib, solih amal qilsa, bas, Alloh ana o`shalarning yomonliklarini yaxshiliklarga almashtirur. Alloh mag`firatli va rahimli bo`lgan Zotdir.","Kim tavba qilib, solih amal qilsa, u, albatta, Allohga (haqiqiy) qaytish ila qaytar.[1]###[1] (Tavbaning haqiqiy yoki soxta ekanligi uning e'lonidan keyingi amaldan bilinadi. Agar e'londan keyingi amal solih-yaxshi bo`lsa, tavba haqiqiy, yomon bo`lsa, tavba soxta bo`ladi. Gunoh ham faqat niyat emas, balki qilingan amaldir, tavba ham amalsiz bo`lmas.)","Ular yolg`on guvohlik bermaydiganlardir va behuda narsalar oldidan o`tsalar, hurmatlarini saqlagan holda o`tarlar.","Ularga Robbilarining oyatlari eslatilganda, u(oyat)larga gung va ko`rlardek tashlanmaslar.[1]###[1] (Rohmanning suyukli bandalari butparast mushriklarga o`xshab, o`zlari anglamagan narsaga yopishib olmaydilar. Mushriklar soxta xudolariga xuddi ko`r va karquloqdek bilib-bilmay, ko`rib-ko`rmay, eshitib-eshitmay yopishib oladilar. Agar ular «xudo»larining nima ekanligini bilganlarida, ko`rganlarida va eshitganlarida, hech qachon ularga ibodat qilmas edilar.)","Ular: «Ey Robbimiz, O`zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko`zimiz quvonadigan narsa hadya et hamda bizlarni taqvodorlarga yo`lboshchi qil», deydiganlardir.","Ana o`shalar sabr qilganlari uchun «g`urfa» ila mukofotlanurlar va unda tabrik va salom bilan qarshilanurlar.[1]###[1] (Arab tilida oliy maqom xos xonani «g`urfa» deyiladi. Tafsirchi ulamolarimizdan ba'zilari ushbu oyatdagi «g`urfa» so`ziga, «oliy daraja», «jannat», «jannatdagi alohida xona» ma'nolarini berishgan. Aslida, hammasini qo`shib, jannatdagi oliy maqom xos xona, desak maqsadga muvofiq bo`lsa kerak.)","Ular o`shanda abadiy qolurlar. U qanday ham go`zal qarorgoh va manzildir.","Sen: «Agar duo-iltijolaringiz bo`lmasa, Robbim sizlarga hech qiymat bermas. Bas, batahqiq, siz yolg`onga chiqardingiz. Endi sizlarga (azob) lozim bo`lur», deb ayt.","To. Siyn. Miym.","Bular ochiq kitobning oyatlaridir.","Ehtimol, (ular) mo`min bo`lmaganlari uchun sen o`zingni halok qilmoqchidirsan?!","Agar xohlasak, ularga osmondan oyat-mo`'jiza nozil qilamiz. Bas, ularning bo`yinlari unga egilib qoladir.","Ularga Rohmandan yangi eslatma kelibdiki, albatta, undan yuz o`girguvchi bo`lganlar.","Bas, batahqiq, yolg`onga chiqardilar. Yaqinda ularga o`zlari istehzo qilgan narsaning xabari kelajakdir.","Ular yerga qaramaydilarmi?! Biz unda karamli juftlardan qanchalarini undirib qo`yibmiz.","Albatta, bunda oyat-belgi bor. Lekin ko`plari mo`min bo`lmaslar.","Albatta, Robbing O`zi aziyzu mehribondir.","Robbing Musoga: «U zolim qavmga borgin.","Fir'avn qavmiga. (Bizdan) qo`rqmaydilarmi?!» deb nido qilganini esla.","U: «Ey Robbim, ular meni yolg`onchi qilishlaridan qo`rqarman.","Va dilim siqilishidan hamda tilim burro bo`lmay qolishidan. Bas, Horunni elchi qil.","Mening zimmamda ular nazdida gunoh bor. Bas, meni o`ldirishlaridan xavfdaman», dedi.","U zot: «Yo`q! Bas, ikkingiz Bizning oyat-mo`'jizalarimiz ila boringlar. Albatta, Biz ikkingiz bilan eshitguvchimiz.","Bas, Fir'avnga boringlar va unga: «Biz Robbul olamiynning Payg`ambarlarimiz.","Bani Isroilni biz bilan qo`yib yubor», deb aytinglar, dedi.","U (Fir'avn): «Biz seni go`dakligingdan o`z ichimizda tarbiya qilmadikmi?! Umringning bir necha yilini bizning ichimizda o`tkazmadingmi?!","Va nonko`rlardan bo`lib, qiladigan ishingni qilib qo`ymadingmi?!» dedi.[1]###[1] (Fir'avnning minnatlaridan asosiy maqsadi — Muso alayhissalom olib kelgan dinni inkor qilish edi. Qo`limizda katta bo`la turib, endi, bizga, dinimizga va mulkimizga qarshi chiqasanmi? Yangi din keltirdim, deb da'vo qilasanmi? Bizning qavmimizdan bir kishini o`ldirib qo`ymadingmi?!)","U (Muso): «O`sha ishni qilgan bo`lsam, bilmasdan qilganman.","Bas, sizlardan xavfsirab qochib ketdim. Keyin Alloh menga hikmat berdi va meni Payg`ambarlardan qildi.[1]###[1] (O`sha qibtiy mening bir Bani Isroillik qabiladoshim bilan urishayotgan ekan. Qabiladoshim mendan yordam so`radi, men unga yordam beraman deb qibtiyni bir ursam o`lib qoldi. So`ngra xatoni tushundim.)","O`sha menga qilayotgan minnating Bani Isroilni qul qilib olganingdandir», dedi.","Fir'avn: «Robbul olamiyn nima?» dedi.","U (Muso): «Agar anglamoqchi bo`lsangiz, U, osmonlaru yer va ularning orasidagi narsalarning Robbidir», dedi.","U (Fir'avn) atrofidagi kishilarga: «Eshitmayapsizlarmi?!» dedi.","U: «Sizning Robbingiz va avvalgi ota-bobolaringizning Robbidir», dedi.","U: «Albatta, sizga yuborilgan Payg`ambaringiz jinnidir», dedi.","U: «U zot, agar aql yuritsangiz, mashriqu mag`ribning va ular o`rtasidagi narsalarning Robbidir», dedi.","U: «Agar mendan boshqani iloh qilib olsang, albatta, men seni zindonbandlardan qilurman», dedi.","U: «Agar men senga ochiq-oydin narsa keltirsam ham-a?» dedi.","U: «Agar rostgo`ylardan bo`lsang, keltir uni!» dedi.","Bas, u (Muso) asosini tashladi. Banogoh u aniq ajdarga aylandi.","Va qo`lini chiqardi. Banogoh u nazar qilguvchilarga oppoq ko`rindi.","U (Fir'avn) atrofidagi a'yonlariga: «Albatta, bu o`ta bilimdon sehrgardir.","U o`z sehri bilan sizlarni yeringizdan chiqarmoqchi, nima deysizlar?» dedi.[1]###[1] (Xudoning diniga qarshi chiqqan, Allohning yo`lidagi da'vatchilarni o`ziga dushman bilgan tug`yonkorlarning doimiy gaplaridan biri. Atrofidagi gumashtalariga va sodda xalqqa da'vatchini xavfli qilib ko`rsatadi va ularni qo`rqitadi.)","Ular: «Uni va akasini qo`yib turgin-da, shaharlarga to`plovchilarni yubor.","Senga barcha o`ta bilimdon sehrgarlarni olib kelsinlar», dedilar.[1]###[1] (Bu taklif Fir'avnga ma'qul tushdi. Zotan, u atrofidagilardan aynan shu javobni kutgan edi. Boshqa sura va oyatlardan bilamizki, Muso alayhissalom bilan sehrgarlarning musobaqalashadigan joyi, vaqti va boshqa shartlari kelishib olinadi. Fi'ravn shaharlarga odamlarini yuborib, sehrgarlarni to`platib keladi.)","Bas, sehrgarlar ma'lum kuni kelishilgan vaqtda jamlandilar.","Va odamlarga: «Sizlar to`planib bo`ldingizmi?","Ajab ermas, ustun kelsalar, sehrgarlarga ergashsak», deyildi.[1]###[1] (Turli munosabatlar ila odamlarni to`plash bilan ularni chalg`itish va o`ziga mahliyo etish ham tug`yonkor hokimlarning odati. Sehrgarlar bilan Muso alayhissalom tortishuvini g`animat bilib rosa odam yig`dilar.)","Sehrgarlar kelgan chog`larida Fir'avnga: «Agar biz g`olib kelguvchi bo`lsak, bizga, albatta, haq beriladimi?» dedilar.","U: «Ha! U holda siz, albatta, eng yaqinlarimdan bo`lasiz», dedi.","Muso ularga: «Siz tashlaydigan narsangizni tashlang», dedi.","Bas, ular arqonlari va asolarini tashladilar va «Fir'avnning izzati bilan qasamki, albatta, biz g`oliblarmiz», dedilar.","So`ngra Muso asosini tashlagan edi, birdan u ularning uydirmalarini yuta boshladi.[1]###[1] (Sehrgarlar arqonlarini tashlaganida, ilonga aylanmagan, ularning nayrangi tufayligina kishilar ko`ziga shunday ko`ringan edi, xolos. Keyin Muso alayhissalom asolarini tashladilar va u ajdarga aylanib, Fir'avn sehrgarlarining aso va arqonlarini yuta boshladi.)","Bas, sehrgarlar sajda qilgan hollarida yiqildilar.","Ular: «Robbul olamiynga iymon keltirdik.","Muso va Horunning Robbiga», dedilar.","U: «Men sizga izn bermasimdan oldin unga iymon keltirdingiz! Albatta, u sizga sehr o`rgatgan kattangizdir! Endi tezda bilasiz, men, albatta, qo`l-oyog`ingizni qarama-qarshi tomonidan kesajakman va barchangizni osajakman», dedi.","Ular: «Zarari yo`q. Albatta, biz Robbimizga qaytguvchimiz.","Mo`minlarning avvalgisi bo`lganimiz uchun Robbimiz xatolarimizni kechirishidan umid qilamiz», dedilar.","Va Musoga: «Bandalarim bilan kechasi yo`lga chiq. Albatta, ta'qib etilursiz», deb vahiy yubordik.","Bas, Fir'avn shaharlarga to`plovchilar yubordi:","«Shubhasiz, anavilar ozgina toifadirlar.","Albatta, ular bizni g`azablantirguvchilardir.","Albatta, biz hammamiz hushyormiz», deb.","Bas, Biz ularni chiqardik, bog`-rog`lar va buloqlardan.","Xazinalar va muhtaram maskandan.[1]###[1] (Ya'ni, Fir'avn va uning qavmini bog`-rog`laridan va buloqlaridan, xazinalaridan va hashamatli maskanlaridan chiqardik.)","Ana shunday. O`sha(narsa)larni Bani Isroilga meros qilib berdik.","Bas, ularni quyosh chiqish paytida quvib yetdilar.","Ikki jamoat bir-birlarini ko`rgan chog`ida, Musoning odamlari: «Endi qo`lga tushdik», dedilar.","U (Muso): «Yo`q! Albatta, Robbim men bilan, U menga to`g`ri yo`lni ko`rsatur», dedi.","Bas, Biz Musoga: «Asoing bilan dengizni ur», deb vahiy qildik. Bas, u (dengiz) bo`linib, har bo`lagi ulkan tog`dek bo`ldi.","Va keyin boshqalarni ham yaqinlashtirdik.[1]###[1] (Ya'ni, Fir'avn va uning askarlarini ham dengizga yaqinlashtirdik.)","Muso va unga ergashganlarga, hammalariga najot berdik.","So`ngra boshqalarni g`arq qildik.[1]###[1] (Fir'avn va uning askarlari dengiz bag`riga to`liq tushib bo`lganlaridan keyin, ulkan tog`dek haybat-la to`xtab turgan dengiz yana harakatga kelib, hammalarini halok qildi.)","Albatta, bunda oyat-belgi bor. Lekin ko`plari mo`min bo`lmadilar.","Albatta, Robbing O`zi aziyzu mehribondir.","Va ularga Ibrohimning xabarini tilovat qilib ber.","O`shanda u otasi va qavmiga: «Nimaga ibodat qilmoqdasizlar?» degan edi.","Ular: «Sanamlarga ibodat qilmoqdamiz. Va ularga ixlos ila ibodat qilishda bardavom bo`lurmiz», dedilar.[1]###[1] (Tosh yoki boshqa narsadan yuzi inson yuziga o`xshatib ishlangan butga «sanam» deyiladi.)","U: «Iltijo qilganingizda ular sizni eshitadilarmi?","Yoxud naf yoki zarar yetkaza oladilarmi?» dedi.","Ular: «Yo`q, biz ota-bobolarimizning shunday qilayotganlarini ko`rdik», dedilar.","U: «Nimaga ibodat qilayotganingizni bildingizmi?!","Siz va qadimgi otalaringiz?!","Albatta, Robbul olamiyndan boshqa ularning barchasi menga dushmandir», dedi.","U meni yaratgan Zotdir. Bas, meni hidoyat qiladigan ham Uning O`zi.","Va meni taomlantiradigan va sug`oradigan ham Uning O`zi.","Bemor bo`lganimda menga shifo beradigan ham Uning O`zi.","Meni o`ldiradigan, so`ngra tiriltiradigan ham Uning O`zi.","Va mening xatoimni qiyomat kuni mag`firat qilishidan umidvor bo`lganim ham Uning O`zi.","Ey Robbim, menga hikmat hadya et va meni solihlarga qo`shgin.","Va menga keyin kelguvchilar ichida sodiq maqtovlar bo`ladigan qilgin.[1]###[1] (Ya'ni, o`tib ketganimdan keyin ham odamlar meni qiyomatgacha yaxshilik bilan eslab yuradigan qilgin.)","Va meni na'iym jannati vorislaridan qilgin.","Va otamni mag`firat qil. Albatta, u adashganlardan bo`ldi.","Va qayta tiriltiriladigan kunda meni sharmanda qilmagin.","U kunda na mol manfaat berar va na bolalar.","Magar, kim Alloh huzuriga toza qalb ila kelsa, (manfaat topar).","Va jannat taqvodorlarga yaqinlashtirildi.","Jahiym ig`voga uchganlarga zohir qilindi.","Va ularga: «Ibodat qilib yurgan narsalaringiz qani?!","Allohdan o`zga. Ular sizga yordam bera olurlarmi yoki o`zlarini qutqara olurlarmi?!» deyildi.","Bas, ular, ig`voga uchganlar unga yuztuban tashlandilar.","Va iblisning askarlari hammalari birgalikda.","Ular uning ichida bir-birlari ila xusumat qilar ekanlar, dedilar:","«Allohga qasamki, albatta, biz ochiq-oydin adashuvda ekanmiz.","Chunki, sizlarni Robbul olamiynga tenglashtirardik.","Bizni faqat jinoyatchilar yo`ldan ozdirdilar.","Mana endi biz uchun shafoatchilar ham yo`q.","Biron qadrdon do`st ham yo`q.","Qani endi ortga qaytsagu mo`minlardan bo`lsak.»","Albatta, bunda oyat-belgi bor. Lekin ko`plari mo`min bo`lmadilar.","Albatta, Robbing O`zi azizu mehribondir.","Nuh qavmi Payg`ambarlarni yolg`onchi qildi.","O`shanda ularga birodarlari Nuh dedi: «Qo`rqmaysizmi?!","Albatta, men sizlarga ishonchli Payg`ambarman.","Bas, Allohdan qo`rqinglar va menga itoat qilinglar.","Men sizlardan buning uchun haq — ajr so`ramayman. Mening ajrim faqatgina Robbul olamiynning zimmasidadir.","Bas, Allohdan qo`rqinglar va menga itoat qilinglar».","Ular: «Senga pastkashlar ergashib turgan holda, biz senga iymon keltirarmidik?!» dedilar.","U dedi: «Mening ular nima qilayotganlari haqida ilmim yo`q.","Agar sezsangiz, ularning hisobi faqat Allohning zimmasidadir.","Va men mo`minlarni haydab yuborguvchi emasman.","Men faqat ochiq-oydin ogohlantirguvchiman, xolos».","Ular: «Ey Nuh, agar to`xtamasang, albatta, toshbo`ron qilinganlardan bo`lasan», dedilar.","U: «Ey Robbim, shubhasiz, qavmim meni yolg`onchi qildilar.","Bas, O`zing men bilan ularning oramizni yaxshilab ochgin va menga hamda men bilan birga bo`lgan mo`minlarga najot bergin», dedi.","Bas, Biz unga va u bilan birga bo`lganlarga to`lgan kemada najot berdik.","So`ngra, qolganlarni g`arq qildik.","Albatta, bunda oyat-belgi bor. Lekin ko`plari mo`min bo`lmadilar.","Albatta, Robbing O`zi aziyzu mehribondir.","Od qavmi Payg`ambarlarni yolg`onchi qildi.","O`shanda ularga birodarlari Hud dedi: «Qo`rqmaysizlarmi?!","Albatta, men sizlarga ishonchli Payg`ambarman.","Bas, Allohdan qo`rqinglar va menga itoat qilinglar.","Men sizlardan buning uchun haq — ajr so`ramasman. Mening ajrim faqatgina Robbul olamiyn zimmasidadir.","Har tepalikka bir belgi bo`ladigan bino qurib, behuda o`yin qilaverasizmi?","Va xuddi mangu turajakdek «masna'lar» tutasiz.[1]###[1] (Oyatdagi «masna'lar» so`zi hozirgi arab tilida zavod-fabrikalar ma'nosida ishlatilmoqda. Od qavmi ulkan qasrlar qurish, tog`larni o`yib ishlash va boshqa faxr uchun ko`taradigan binolarida foydalanadigan asbob-uskunalarni ishlab chiqaradigan ishxonalarga ega edi, «masone'lar»dan murod o`shalar, oyatda qurilishlarga doir ochiq-oydin ma'no bor.)","Tutganingizda o`ta jabrchi bo`lib tutdingiz.","Bas, Allohdan qo`rqing va menga itoat qiling.","Sizga o`zingiz bilgan narsa ila madad bergan Zotdan qo`rqing.","U sizlarga chorva hayvonlari va farzandlar ila madad berdi.","Bog`-rog`lar va buloqlar ila.","Men, albatta, sizga ulug` kunning azobi kelishidan qo`rqaman».","Ular: «Biz uchun va'z qilsang ham yoki va'z qilguvchilardan bo`lmasang ham — bari bir.","Bu eskilarning odati, xolos.","Biz azoblanguvchi emasmiz», dedilar.[1]###[1] (Ya'ni, bizga qancha gapirsang ham, baribir sen aytgan yo`ldan yurmaymiz. Bu qilmishimiz uchun, sen aytayotganingdek, azoblanmaymiz ham, dedilar.)","Ular u(Hud)ni yolg`onchi qildilar. Bas, Biz ularni halok qildik. Albatta, bunda oyat-belgi bor. Lekin ko`plari mo`min bo`lmadilar.","Albatta, Robbing O`zi aziyzu mehribondir.","Samud (qavmi) Payg`ambarlarni yolg`onchi qildi.","O`shanda ularga birodarlari Solih dedi: «Qo`rqmaysizlarmi?!","Albatta, men sizlarga ishonchli Payg`ambarman.","Bas, Allohdan qo`rqinglar va menga itoat qilinglar.","Men sizlardan buning uchun haq — ajr so`ramayman. Mening ajrim faqatgina Robbul olamiyn zimmasidadir.","Siz bu joydagi narsalarda omon holda tark qilinasizmi?!","Bog`-rog`larda, buloqlarda?!","Ekinzorlaru mayin xurmozor ichlarida-ya?!","Va tog`lardan manmanlik-la uylar yo`naverasizmi?!","Bas, Allohdan qo`rqinglar va menga itoat qilinglar.","Va yer yuzida isrofchilarning ishiga itoat qilmanglar.","Yer yuzida buzg`unchilik qiladigan, isloh etmaydiganlarning».","Ular: «Sen, albatta, sehrlanganlardandirsan.","Sen bizga o`xshagan bashardan boshqa hech narsa emassan. Agar rostgo`ylardan bo`lsang, mo`'jiza keltir», dedilar.[1]###[1] (Samud qavmi ularga Allohning gapini yetkazgan payg`ambarlari Solih alayhissalomga, alg`ov-dalg`ov gapirmoqdasan, aniq sehrlangansan, deb tuhmat qildilar. Kofirlar nazdida, Allohning yo`liga chaqiruvchilar doimo majnun yoki sehrlangan bo`lib ko`rinadi.)","U: «Mana bu tuya. Unga (bir kun) suv ichish va sizga ma'lum bir kun suv ichish.","Va unga yomonlik yetkazmanglar, unda, sizni ulug` kunning azobi tutadir», dedi.[1]###[1] (Boshqa oyatlarda bayon etilganidek, tuyaning toshdan chiqarilishining o`zi mo`'jiza bo`lgan edi. Endi o`sha mo`'jiza tuyaning Samud qavmi ichida turish sharti qo`yildi.)","Bas, u(tuya)ni so`ydilaru nadomat chekuvchiga aylandilar.","Bas, ularni azob tutdi. Albatta, bunda oyat-belgi bor. Lekin ko`plari mo`min bo`lmadilar.","Albatta, Robbing O`zi aziyzu mehribondir.","Lut qavmi Payg`ambarlarni yolg`onchi qildi.","O`shanda ularga birodarlari Lut dedi: «Qo`rqmaysizlarmi?!","Albatta, men sizlarga ishonchli Payg`ambarman.","Bas, Allohdan qo`rqinglar va menga itoat qilinglar.","Men sizlardan buning uchun haq — ajr so`ramasman. Mening ajrim faqatgina Robbul olamiyn zimmasidadir.","Olamlar ichidan erkaklarga borasizmi?!","Va Robbingiz siz uchun yaratgan jufti halollaringizni tark qilasizmi?! Yo`q!!! Siz haddan oshgan qavmsiz.","Ular: «Ey Lut, agar to`xtamasang, albatta, haydab chiqarilganlardan bo`lasan!» dedilar.","U: «Albatta, men bu ishingizni o`ta yomon ko`rguvchilardanman.","Ey Robbim, menga va ahlimga qilayotgan narsalaridan najot bergin!» dedi.","Bas, unga va ahliga, hammalariga najot berdik.","Magar (azobda) qolguvchilardan bo`lgan bir kampirga (najot bermadik).","So`ngra qolganlarini yer bilan yakson qildik.","Va ularning ustiga bir yomg`ir yog`dirdikki, bas, ogohlantirilganlarning yomg`iri qandoq ham yomon bo`ldi.[1]###[1] (Shuning uchun ham hanafiy mazhabidagi ba'zi faqihlar, Lut alayhissalom qavmi kirdikorini qilgan bachchavozlarni, toshbo`ron qilib o`ldirish kerak, deydilar.)","Albatta, bunda oyat-belgi bor. Lekin ko`plari mo`min bo`lmadilar.","Albatta, Robbing O`zi aziyzu mehribondir.","Qalin daraxtzor egalari Payg`ambarlarni yolg`onchi qildilar.[1]###[1] (Bu oyatda zikri kelayotgan «qalin daraxtzor» Madyan o`lkasidir. Alloh taolo Shuayb alayhissalomni shu yerga payg`ambar etib yubordi. Shuayb alayhissalom qissasini, Hijr surasida o`rganganmiz.)","O`shanda ularga Shu'ayb dedi: «Qo`rqmaysizlarmi?!","Albatta, men sizlarga ishonchli Payg`ambarman.","Bas, Allohdan qo`rqinglar va menga itoat qilinglar.","Men sizlardan buning uchun haq — ajr so`ramasman. Mening ajrim faqatgina Robbul olamiyn zimmasidadir.","Bas, o`lchovni to`liq o`lchanglar va kamaytirguvchilardan bo`lmanglar.","Va to`g`ri tarozi ila torting.","Odamlarning narsalarini kamaytirib bermang. Yer yuzida turli buzg`unchiliklar qilmang.","Sizni va avvalgi nasllarni yaratgan Zotdan qo`rqing».","Ular: «Albatta, sen sehrlanganlardansan.","Va sen bizga o`xshagan bashardan boshqa narsa emassan. Biz seni, albatta, yolg`onchilardan, deb bilamiz.","Agar rostgo`ylardan bo`lsang, ustimizdan osmonning bir bo`lagini tashlavor», dedilar.","U : «Robbim qilayotgan ishingizni o`ta yaxshi bilguvchidir», dedi.","Bas, ular u(Shu'ayb)ni yolg`onchi qildilar. Bas, ularni «soyabon» kuni azobi tutdi. Albatta, u ulug` kunning azobi edi.[1]###[1] (Alloh taolo Ayka xalqini azobga duchor etishni iroda qilganida havoni o`ta isitib yubordi. Shunda pastlab kelayotgan bulut paydo bo`ldi. Bulut ularga soyabon bo`lib ko`rindi. Hammalari o`zlarini bulut soyasiga urdilar. Jinoyatchi qavmning hammasi bulut soyasiga kirib bo`lgandan so`ng, birdan chaqmoq chaqib, bulutdan o`t-olov chiqib ularni halok etdi.)","Albatta, bunda oyat-belgi bor. Lekin ko`plari mo`min bo`lmadilar.","Albatta, Robbing O`zi aziyzu mehribondir.","Albatta, u(Qur'on) Robbul olamiynning tushirganidir.","Uni Ruhul Amiyn olib tushdi.","Sening qalbingga, ogohlantirguvchilardan bo`lishing uchun.","Ochiq-oydin arab tilida.[1]###[1] («Ruhul Amiyn»dan murod Jabroil farishta alayhissalom; «ogohlantirguvchilardan» degani payg`ambarlardan degan ma'noni bildiradi. Ya'ni, Qur'onni Jabroil sening qalbingda payg`ambarlardan bo`lishing uchun ravshan arab tilida olib tushdi.)","Albatta, u(Qur'on) avvalgilarning kitoblarida ham bordir.[1]###[1] (Qur'onning zikri, avvalgi ummatlarning ilohiy kitoblarida ham bordir.)","Uni Bani Isroil ulamolarining bilishlari ular uchun dalil emasmi?!","Agar Biz uni ba'zi ajamiylarga nozil qilsak.","Bas, u ularga uni o`qib bersa ham, unga mo`min bo`lmas edilar.","Biz u(Qur'on)ni jinoyatchilar qalblariga ana shunday yo`lladik.[1]###[1] (Ular uni eshitadilar, ma'nolarini tushunadilar, ammo iymon keltirmaydilar.)","Ular unga to alamli azobni ko`rmagunlaricha iymon keltirmaslar.","Bas, ularga u(azob) to`satdan kelur. Ular sezmay qolurlar.","Shunda ular: «Bizga muhlat berilarmikan?!» deydilar.","Bizning azobimizning tezroq kelishini istaydilarmi-ya?!","Aytging-chi, agar Biz ularni yillarcha huzurlantirsak-da.","So`ngra ularga va'da qilingan narsa kelsa.","O`sha huzurlanib yurgan narsalari nimaga asqotur?!","Biz biron shahar-qishloqni halok qilgan bo`lsak, albatta, uning ogohlantirguvchilari bo`lgan.","Eslatma bo`lishi uchundir. Biz zulm qilguvchi bo`lmagandik.","U(Qur'on)ni shaytonlar olib tushganlari yo`q.[1]###[1] (Mushriklar da'vo qilayotganlaridek, Qur'onni shaytonlar olib tushganlari yo`q. Ularning bu gaplari bo`htondan iborat.)","Bunga ularning imkonlari yo`q va unga qodir ham emaslar.","Albatta, ular eshitishdan chetlatilgandirlar.","Alloh bilan birga boshqa ilohga iltijo qilma. Yo`qsa, azoblanganlardan bo`lasan.[1]###[1] (Payg`ambar alayhissalotu vassalomning Allohga shirk keltirishlari mutlaqo mumkin emas. Ammo bu oyatda shirkning naqadar ulkan gunoh ekanligini anglatish uchun farazan shu ma'no keltirilgan. Payg`ambar alayhissalotu vassalomdek zot shirk keltirib, azobdan qutula bilmasa, boshqalarning holi nima bo`lishini bilib olish qiyin emas.)","Va yaqin qarindoshlaringni ogohlantir.","Va senga ergashgan mo`minlarga qanotingni pastlat.","Bas, agar ular senga isyon qilsalar: «Men siz qilayotgan amallardan bezorman», degin.","Va aziyz va mehribon Zotga tavakkal qil:","Seni qoim bo`lganingda ko`radigan.","Va sajda qilguvchilar ichida harakatlanishingni (ko`radigan) Zotga.[1]###[1] (Ya'ni, yolg`izligingni ham, namozda qoim bo`lganingni, shuningdek, mo`minlar ichida turli ishlarga bosh bo`lib yurganingni ham ko`rib turadigan Zotga — Allohga tavakkal qil.)","Albatta, Uning O`zi o`ta eshitguvchi va o`ta bilguvchi Zotdir.","Sizlarga shaytonlar kimga tushishini aytib beraymi?","Ular o`ta uydirmachi va o`ta gunohkorlarga tushurlar.","Ular (shaytonlarga) quloq osarlar. Va ularning ko`plari yolg`onchilardir.","Va shoirlarga gumrohlar ergashur.","Ularning har vodiyda daydishini.","Va o`zlari qilmaydigan ishlarni aytishini ko`rmadingmi?","Magar, iymon keltirib, solih amallar qilganlar, Allohni ko`p zikr etganlar va mazlum bo`lganlaridan keyin nusrat qozonganlar (unday emaslar). Zulm qilganlar esa, tezda qaysi ag`darilish joyiga ag`darilishlarini bilurlar.[1]###[1] (Hamma shoir ham har vodiyda daydiydigan, beamal gapiradigan bo`lavermas ekan. Agar shoir iymonli, yaxshi amalli, Allohni ko`p esga oladigan, o`zini xor qilmay, haqqini tanigan, zolimlar ustidan g`olib keladigan bo`lsa, Allohning roziligini topgan shoir bo`lishi mumkin.)","To. Siyn. Ushbular Qur'on — ochiq kitob oyatlaridir.","Mo`minlar uchun hidoyat va xushxabardir.","Ular namozni to`kis ado etadigan, zakotni beradigan va oxiratga qattiq ishonadiganlardir.","Albatta, oxiratga iymon keltirmaydiganlarga Biz amallarini ziynatlab ko`rsatdik. Bas, ular adashib-uloqib yuraveradilar.","Ana o`shalarga yomon azob bordir va ular oxiratda eng ko`p ziyon ko`rguvchilardir.[1]###[1] (Bu dunyoda oxiratdan umidi yo`qligi uchun molu dunyo, ayshu ishrat, shahvatu lazzat ketidan tushib, o`zini o`tga-cho`qqa urib, rasvo bo`ladi. Oxiratda esa, qanaqa azoblarga duchor bo`lishini Allohning O`zi biladi.)","Albatta, senga bu Qur'on o`ta hikmatli va o`ta ilmli Zot tomonidan berilur.","Muso o`z ahliga: «Aniqki, men bir olov ko`rdim. Tezda men sizlarga undan biror xabar yoki isinishingiz uchun bir tutam cho`g` keltirurman», deganini esla.","U(olov)ga kelganida, olov oldidagi va atrofidagi shaxslarga baraka berildi va «Olamlarning Robbi — Alloh pokdir», deb nido qilindi.","«Ey Muso! Albatta, bu — Menman! Aziyzu hakiym Allohman!","Va asoingni tashla!» Bas, qachonki, Muso u(aso)ning ilondek qimirlayotganini ko`rganida, ortiga qaramay qochdi. «Ey Muso! Qo`rqma! Zero, Mening huzurimda Payg`ambarlar qo`rqmaslar!»","Lekin kim zulm qilsa-yu, so`ngra yomonlik ketidan unga yaxshilikni badal qilsa, bas, Men, albatta, mag`firatli va mehribondirman.","Qo`lingni yoqangning ichiga suq, hech qanday yomonliksiz oppoq bo`lib chiqur. Fir'avn va uning qavmiga qaratilgan to`qqiz mo`'jiza orasida (bu bordir). Albatta, ular buzg`unchi qavm bo`ldilar.","Bas, qachonki ularga oyat-mo`'jizalarimiz ko`z ochguvchi bo`lib kelganida, «Bu ochiq-oydin sehrdir», dedilar.","Va o`zlari aniq bilib turib, zulm va kibr tufayli u(mo`'jiza)larni inkor etdilar. Buzg`unchilarning oqibati qanday bo`lishiga nazar sol.[1]###[1] (Ular bu mo`'jizalarning nimaligini juda yaxshi bilganlar. Ammo bilib turib, zulm yuzasidan, iymonni mensimasdan, kibr qilgan hollarida inkor etdilar. Bu inkorning oqibati nima bilan tugashi ma'lum va mashhurdir.)","Batahqiq, Biz Dovud va Sulaymonga ilm berdik. Ikkovlari: «Bizni ko`pgina mo`min bandalaridan afzal qilgan Allohga hamdlar bo`lsin», dedilar.","Va Sulaymon Dovudga voris bo`ldi. U: «Ey odamlar, bizga qush tili o`rgatildi va har bir narsadan berildi. Bu, albatta, ochiq-oydin fazldir», dedi.[1]###[1] (Ushbu oyatdagi vorislik, ilmga vorislikdir. Ota vafot etgandagi bolalarning vorisligi emas. Chunki Dovud alayhissalomning Sulaymon alayhissalomdan boshqa farzandlari ham ko`p edi. Ular molu dunyo masalasidagi merosda teng huquqli edilar. Ammo ilm ma'nosidagi merosga faqat Sulaymon alayhissalom voris bo`ldilar. Shuning uchun ham «Va Sulaymon Dovudga voris bo`ldi» jumlasidan keyin Sulaymon alayhissalomning «Ey odamlar, bizga qush tili o`rgatildi», degan so`zlari kelmoqda. Sulaymon alayhissalom o`zlariga Alloh tomonidan qushlarning tilini anglash ilmi berilganligini barcha odamlarga e'lon qilmoqdalar. Bu e'lon faxr va riyokorlik uchun emas, balki Allohning ne'matini eslash ma'nosidadir.)","Sulaymonga jin, ins va qushlardan bo`lgan askarlari to`planib, tizilgan holda turdilar.","Toki ular chumolilar vodiysiga kelganlarida, bir chumoli: «Ey, chumolilar, maskanlaringga kiringlar, Sulaymon va uning askarlari sizlarni bilmasdan ezib yubormasinlar», dedi.[1]###[1] (Chumolilar ham asalarilarga o`xshab, ajoyib intizomga ega. Hali-hanuz ularning jamoat bo`lib yashashlari siri anglangan emas. Bu oyatda ular bir-birlarini xavf-xatardan ogoh etishlari aytilmoqda.)","Bas, u uning so`zidan tabassum qildi va: «Robbim, meni O`zing menga va ota-onamga bergan ne'matlaringga shukr etishimga va Sen rozi bo`ladigan solih amallar qilishimga muyassar etgin. O`z rahmating ila meni solih bandalaringga qo`shgin», dedi.[1]###[1] (Sulaymon alayhissalom chumolining so`zlarini eshitib jilmaydilar.)","Va qushlarni tekshirdi-da: «Nega Hudhudni ko`rmayotirman yoki g`oyiblardan bo`ldimi?» dedi.","«Albatta, uni shiddatli azob-la azoblarman yoki so`yib yuborurman yoxud menga, albatta, ochiq-oydin hujjat keltirajak.»","Ko`p o`tmasdan u kelib: «Sen bilmagan narsani bildim va senga Saba'dan ishonchli bir xabar olib keldim.[1]###[1] (Saba' Arabiston yarim orolining janubida, Yamanda joylashgan bir mamlakat edi. Ana o`sha mamlakatdan o`ta muhim bir xabar keltirganini aytdi.)","Darhaqiqat, men bir ayolni ko`rdim. U ularning malikasi ekan. Unga har narsa berilgan ekan. Hamda uning ulug` taxti bor ekan.[1]###[1] (O`sha Saba' yurtida bir ayolni ko`rdim. U ayol xalqqa podshoh ekan. Ayolga har narsa berilgan ekan. Hamda o`sha malikaning katta taxti bor ekan.)","Men u(ayol)ning va qavmining Allohni qo`yib, quyoshga sajda qilayotganlarini va shayton ularga amallarini ziynatlab, yo`ldan to`sayotganini ko`rdim. Bas, ular hidoyat topmaslar.[1]###[1] (Gap shu yerga kelganda, eng muhim xabar chiqdi. O`sha Saba' mamlakatiga podshoh bo`lgan ayol va uning qavmi Allohga emas, quyoshga sajda qilayotgan ekan. Bu noto`g`ri yo`l. Allohning Payg`ambari Sulaymon alayhissalom ularning bu xatolarini tuzatishlari zarur. Shayton la'nati ular qilayotgan gunoh amallarni o`zlariga chiroyli ko`rsatib qo`yibdi. Agar shu hollarida yuraversalar, hidoyat topmaydilar.)","Osmonlaru yerdagi sirlarni oshkor qiladigan, maxfiy va oshkor qilgan narsalaringizni biladigan Allohga sajda qilmaydilarmi?!","Alloh — Undan o`zga hech qanday iloh yo`q Zotdir. U ulug` arshning Robbidir», dedi.","U: «Ko`ramiz, rost so`zladingmi yoki yolg`onchilardan bo`ldingmi?","Bu maktubimni olib borib, ularga tashla, so`ngra chetga chiqib nazar sol-chi, nima qaytarurlar», dedi.","U (Malika): «Ey, a'yonlar! Menga karomatli bir maktub tashlandi.[1]###[1] (Malika a'yonlariga maktub haqida xabar berishi uning o`z odamlari bilan maslahatlashib ish ko`rishiga dalolat qiladi. Shu bilan birga, malika o`zi sezgan belgilar asosida maktubning karomatli ekanini aytmoqda.)","Albatta, u Sulaymondandir, albatta, unda: «Bismillahir rohmanir rohiym.","Menga qarshi bosh ko`tarmay, taslim bo`lgan holingizda keling», deyilmishdir», dedi.","U (Malika): «Ey, a'yonlar! Menga bu ishimda fatvo (maslahat) beringlar. Sizlar shohid bo`lmaguningizcha, men bir ishga qat'iy qaror qilmasman», dedi.","Ular: «Biz kuch-quvvat egalarimiz va shiddatli azmu shijoat egalarimiz. Ish o`zingga havola. Nima amr qilishingni o`ylab ko`r», dedilar.","U: «Albatta, podshohlar biror shahar-qishloqqa kirsalar, uni vayron qilurlar va uning aziz ahllarini xor qilurlar. Ana shunday qilurlar.","Men ularga bir hadya yuborurman, ko`ray-chi, elchilar nima bilan qaytar ekanlar», dedi.","Qachonki, (elchisi) Sulaymonga kelganida, u: «Sizlar menga mol-dunyo ila madad bermoqchimisiz?! Bas, Alloh menga bergan narsa sizga bergan narsadan yaxshidir. Ammo sizlar hadyalaringiz bilan quvonursiz.","(Ey elchi!) Sen ularga qaytib bor. Bas, albatta, biz ular bas kela olmaydigan qo`shin ila borurmiz va u yerdan ularni xoru zor hollarida chiqarurmiz», dedi.","U (Sulaymon): «Ey a'yonlar! Ular menga taslim bo`lib kelishlaridan oldin qaysingiz huzurimga u(malika)ning taxtini keltira oladi?» dedi.","Jinlardan bo`lgan Ifrit: «Men uni senga maqomingdan turguningcha keltirurman. Albatta, bunga quvvatim va ishonchim bor», dedi.[1]###[1] (Arab tilida yomonlikda uchiga chiqqan va quvvatli jin-shayton «ifrit» deyiladi. Bu so`z shaytonga o`xshash odamga ham ishlatiladi.)","Kitobdan ilmi bor shaxs: «Men uni senga ko`zingni ochib yumguningcha keltirurman», dedi. Qachonki (Sulaymon) u(taxt)ning o`z huzurida qaror topganini ko`rgach: «Bu Robbimning fazlidandir. Men shukr qilamanmi yoki kufroni ne'mat qilamanmi, sinash uchundir. Kim shukr keltirsa, o`zi uchungina shukr qilur. Kim kufroni ne'mat qilsa, bas, Robbim behojat va karamli Zotdir», dedi.[1]###[1] (Ulamolar «kitobdan ilmi bor shaxs»ning kimligi haqida ko`p fikrlar aytganlar. U Tavrotni, Ismul A'zamni biladigan, Lavhul Mahfuzdan xabardor edi, degan gaplarni aytishgan. Lekin Qur'oni Karim yoki Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom aytmaganlaridan keyin, ishonchli ilmiy dalil bo`lmagach, Qur'on iborasi bilan kifoyalanib, Alloh o`sha shaxsni «kitobdan ilmi bor», deb aytibdi, u yog`ini O`zi biladi, deyishimiz to`g`ridir.)","U (Sulaymon): «Uning taxtini tanimaydigan qilib qo`ying. Ko`raylik-chi, u(malika) uni tanirmi yoki tanimaydiganlardan bo`lurmi?» dedi.","Qachonki u kelganida: «Sening taxting shundaymi?» deyildi. U: «Xuddi o`shaning o`zi», dedi. «Bizga bundan ilgari ilm berilgan edi va musulmon bo`lgan edik».","Va u(malika)ni Allohdan o`zga ibodat qilgan narsa to`sdi. Albatta, u kofir qavmlardan bo`lgan edi.","U(malika)ga: «Saroyga kir», deyildi. Qachonki uni ko`rganida, suv deb o`ylab, poychalarini ochdi. U(Sulaymon): «Albatta, bu billurdan silliq qilib yasalgan saroydir», dedi. U(malika): «Ey Robbim, albatta, men o`zimga zulm qilib yurgan ekanman, Sulaymon ila olamlarning Robbi — Allohga musulmon bo`ldim!» dedi.[1]###[1] (Saroy oldidagi maydon ham billurdan yasalgan, juda silliq, uni suv deb o`ylab, kiyimingni ko`tarma. Ana shunda malika ro`y berayotgan hodisalar oddiy emasligiga, balki Alloh yuborgan Payg`ambarning mo`'jizalari ekaniga ishonch hosil qildi. Alloh taoloning qudratiga tan berdi.)","Batahqiq, Samud qavmiga, Allohga ibodat qiling, deb birodarlari Solihni yubordik. Bas, banogoh, ular ikki guruh bo`lib tortisha boshladilar.","U (Solih): «Ey qavmim, nima uchun yaxshilikdan oldin yomonlikka oshiqasiz?! Allohdan mag`firat so`rasangiz-chi?! Shoyad rahim qilinsangiz», dedi.[1]###[1] (O`zingizga azob so`rash o`rniga, Allohdan gunohlaringizni kechirishini tilasangiz bo`lmaydimi? Ana o`shanda shoyad gunohingiz kechirilib, Allohning rahmatiga erishsangiz, dedilar.)","Ular: «Sendan va sen bilan bo`lganlardan shumlandik», dedilar. U: «Shumlanishingiz Allohning huzuridadir. Balki sizlar sinalayotgan qavmsiz», dedi.[1]###[1] (Biz «shumlanish» deb tarjima qilgan ma'no oyati karima matnida «toir», «toyyar» kabi iboralar bilan kelgan. Bu ibora qush, qush uchirish ma'nolarini beradi. O`sha paytlar mushriklar biror ish qilmoqchi bo`lsalar, qush uchirib ko`rar edilar. Agar qush o`ng tomonidan uchsa, xursand bo`lar va o`sha ishni boshlar edi. Agar qush chap tomoniga uchsa, shumqadamlik deb o`ylar, xafa bo`lar, shumlanar va u ishni qilmas edi. Keyin borib-borib bu ibora qush uchirmasa ham, biror narsaning shumqadamligini anglatish uchun ishlatiladigan bo`lib ketgan. Samud qavmi ham o`zlariga «Allohga ibodat qiling» shiorini olib kelgan, ularni Allohga istig`for aytishga, undan rahmatini so`rashga chaqirgan payg`ambarlari Solih alayhissalomdan shumlanganlarini aytishdi.)","U shaharda to`qqiz nafarli guruh bor bo`lib, yer yuzida buzg`unchilik qilishar, isloh qilmas edilar.[1]###[1] (Ya'ni, Solih alayhissalom shaharlari Hijrda to`qqiz kishidan iborat bir guruh bo`lib, o`sha guruh a'zolari buzg`unchilik, fasod ishlar bilan shug`ullanishardi.)","Ular: «Allohning nomiga qasam ichinglar! Albatta, u (Solih)ni va uning ahlini tunda o`ldiramiz, so`ngra valiyiga, biz uning ahlining halokatiga guvoh emasmiz, albatta, biz rostgo`ylarmiz, deymiz», dedilar.","Ular makr qildilar. Biz ham ular sezmagan holda bir «makr» qildik.","Nazar sol! Ularning makri oqibati nima bo`ldi?! Biz, albatta, ularni va qavmlarini, hammalarini yer bilan yakson qildik.","Ana, zulmlari sababli uylari huvillab yotibdi! Albatta, bunda biladigan qavmlar uchun ibrat bordir.","Va iymon keltirib, taqvo qilib yurganlarga najot berdik.","Va Lutni ham (Payg`ambar qilib yubordik). O`shanda u o`z qavmiga: «Siz ko`rib-bilib turib, fohisha ish qilasizmi?!","Siz, albatta, ayollarni qo`yib, erkaklarga shahvat ila yaqinlik qilasizmi?! Yo`q! Siz johillik qilayotgan qavmdirsiz!» dedi."]