["Odamlardan esi pastlari: «Bularni qiblalaridan nima yuz o`girtirdi ekan?» derlar. Sen: «Mashriqu mag`rib Allohniki, kimni xohlasa, o`shani to`g`ri yo`lga boshlaydir», deb ayt.[1]###[1] (Oyati karima kelajakda ro`y beradigan muhim bir ishning xabarini bermoqda. Vaqti yetib, Allohning amri ila qibla Baytul Maqdisdan Ka'bai Muazzamaga o`zgartirilganda, ya'ni musulmonlar avvalgi qiblani qo`yib boshqasiga yuz o`girganlarida, yahudiylar — odamlardan esi pastlari, bularni qiblalaridan nima yuz o`girtirdi ekan, deydilar. Bunday ko`ngilsiz gaplar bo`lishini avvaldan bildirib qo`yayotganining bir boisi, bo`lg`usi yomon ta'sirni kesishdir.)","Shuningdek, sizlarni odamlar ustidan guvoh bo`lishingiz va Payg`ambar sizlarning ustingizdan guvoh bo`lishi uchun o`rta millat qildik. Sen avval yuzlangan qiblani, faqat, ortga burilib ketadiganlar kim-u, Payg`ambarga ergashuvchilar kim ekanini bilish uchungina qilganmiz. Garchi bu ish Alloh hidoyatga solganlardan boshqalarga og`ir bo`lsa ham. Alloh iymoningizni zoye qilmas. Albatta, Alloh odamlarga mehribon va rahimlidir.[1]###[1] (Alloh taolo musulmonlarni o`rta ummat qilgan. Biz «o`rta» deb tarjima qilgan so`z arabchada «vasat» deb kelgan va yaxshi, o`rta, markaz va adolatli ma'nolarini anglatadi. «O`rta» ma'noda ko`proq ishlatilgani uchun tarjimaga shu ma'no ixtiyor qilindi. O`rtaning yaxshi deyilayotganiga bois shuki, chetlar chet bo`lgani uchun ham har xil ta'sirlarga ko`p uchraydi va buzilish ehtimoli ko`proq. Ammo o`rta buzilmay, yaxshi holicha qoladi. O`rtaga adolat ma'nosi berilishining sababi esa, «o`rta» atroflarga nisbatan bir xil turadi, biror tomonga og`ib, adolatni buzmaydi. Oyatdan, xuddi sizlar o`zlaringiz o`rta ummat bo`lganingiz uchun qiblalaringizni ham shundoq qildik, degan ma'no chiqadi.)","Goho yuzingning osmonga tez-tez burilganini ko`rurmiz. Bas, albatta, seni o`zing rozi bo`lgan qiblaga qaraturmiz. Yuzingni Masjidul Harom tomon bur. Qayerda bo`lsangiz ham, yuzingizni u tomon buringiz. Albatta, kitob berilganlar uning Robbilaridan bo`lgan haq ekanini bilurlar. Va Alloh ularning qilayotgan amallaridan g`ofil emasdir.","Agar kitob berilganlarga barcha hujjatlarni keltirsang ham, sening qiblangga ergashmaslar. Sen ham ularning qiblasiga ergashuvchi emassan. Va ular bir-birlarining qiblasiga ergashuvchi emaslar. Agar senga kelgan ilmdan keyin ham ularning havoyi nafslariga ergashsang, unda, albatta, zolimlardan bo`lursan.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada ahli kitoblarning tabiati, fe'lidagi muhim nuqta tushuntirilyapti: ularga hujjat-mujjat kerak emas, ularning Islomga nisbatan dushmanliklari dalil va tushunchaning yetishmasligidan emas, balki bilib, tushunib turib qilinayotgan dushmanlikdir. Ahli kitoblar qiblangga ergashmaydilar, deyilishidan ham qibla butun boshli din va millatning ramzi ekanligi ko`rinib turibdi.)","Kitob berilganlar uni xuddi bolalarini tanigandek tanirlar. Va, albatta, ulardan bir guruhlari bilib turib haqni berkitarlar.[1]###[1] (Inson o`z bolasini hammadan yaxshi taniydi. Chunki bola uning jigarbandi, unda o`zining qoni, his-tuyg`ulari va butun vujudi aksini topgan. Ba'zi hollarda bolaning o`zi u yoqda tursin, hididan ham taniydi. Shunga qiyosan zarbulmasal qilib aytilyaptiki, «Kitob berilganlar uni (Muhammad alayhissalomni) xuddi bolalarini tanigandek taniydilar». Chunki ularning muqaddas kitoblari Tavrot va Injilda oxirzamon Payg`ambari haqida oydin xabarlar kelgan. Yahudiylardan insoflilari o`sha xabar asosida Payg`ambar alayhissalomga iymon keltirib, sahobalik baxtiga muyassar bo`lganlar. Lekin ahli kitoblardan bir guruhlari haqni bilib turib, hasad qilishib, berkitadilar. Shu jumladan, qibla haqidagi ilmni ham. Ulardagi mavjud hasad va haq doimo o`zini ko`rsatib turadi.)","Bu haq Robbingdandir, hechhech shak qiluvchilardan bo`lma.","Har kimning yuzlanadigan tarafi bor. U o`shanga boqadir. Yaxshiliklarga shoshiling. Qayerda bo`lsangiz ham, Alloh sizlarni jamlaydir. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir.","Qayerdan chiqsang ham, yuzingni Masjidul Harom tomon bur. Va, albatta, bu Robbingdan bo`lgan haqdir. Va Alloh siz qilayotgan narsadan g`ofil emasdir.","Va qayerdan chiqsang ham, yuzingni Masjidul Harom tomon bur. Qayerda bo`lsangiz ham, yuzingizni u tomonga buring. Odamlarda sizga qarshi hujjat bo`lmasligi uchun. Ulardan zulm qilganlaridan qo`rqmanglar, Mendan qo`rqinglar. Va sizga ne'matimni batamom etish uchun, shoyadki, hidoyat topsangiz.","Shuningdek, ichingizga o`zingizdan, sizlarga oyatlarimizni tilovat qiladigan, sizlarni poklaydigan, sizlarga kitobni, hikmatni va bilmaydigan narsalaringizni o`rgatadigan Payg`ambar yubordik.","Bas, Meni eslangiz, sizni eslarman. Va Menga shukr qilingiz, kufr qilmangiz.","Ey, iymon keltirganlar! Sabr va namoz ila madad so`ranglar. Albatta, Alloh sabrlilar bilandir.[1]###[1] (Demak, mo`min-musulmon banda mazkur qiyinchiliklarni yengish uchun katta miqdordagi sabrga ega bo`lishi kerak. Ammo hamma narsaning chegarasi bo`lganidek, gohida sabr ham tugashi, susayishi mumkin, bunday holatda namoz yordamga keladi. Namoz bitmas-tuganmas yordamchi, kuchga-kuch, quvvatga-quvvat baxsh etuvchi, qalbga madad beruvchi, sabrga-sabr qo`shuvchi, sokinlik va xotirjamlik manbaidir. U ojiz, zaif odamni quvvat va yordamning asl manbai bo`lmish Alloh taologa bog`lovchi vositadir.)","Allohning yo`lida qatl bo`lganlarni «o`liklar» demang. Balki ular tirikdirlar, lekin siz sezmassiz.","Albata, Biz sizlarni bir oz qo`rqinch va ochlik bilan, mol-mulkka, jonga, mevalarga nuqson yetkazish bilan sinaymiz. Va sabrlilarga bashorat ber.","Ular musiybat yetganda: «Albatta, biz Allohnikimiz va, albatta, biz Unga qaytuvchimiz», derlar.","Ana o`shalarga Robbilaridan salovotlar va rahmat bor. Ana o`shalar hidoyat topganlardir.[1]###[1] (Bu ulkan tarbiyaning yorqin misolidir. Shuncha sinov va mashaqqatlarga mukofot qilib g`alaba, nusrat va boshqa narsalar emas, Allohning salovatlari, mehri va shafqati hamda rahmati va'da qilinmoqda! Shuning uchun mo`minlar doimo Allohning roziligini ko`zlab ish qilishlari lozim bo`ladi. Bu dunyoda hosil bo`ladigan ba'zi bir natijalar oxirgi maqsad bo`lib qolmasligi kerak. Hatto aqidaning g`olib kelishi ham yuqorida aytilgan mukofotning o`rnini bosa olmaydi.)","Albatta, Safo va Marva Allohning (dinining) belgilaridandir. Kim Baytullohni haj yoki umra qilsa, ikkovlari o`rtasida sa'yi qilish gunoh emas. Kim yaxshilikni xolisona qilsa, bas, albatta, Alloh Shakur(oz amal uchun ko`p savob beruvchi) va biluvchidir.[1]###[1] (Oyatda Alloh taolo: «Kim Baytullohni haj yoki umra qilsa, ikkovlari o`rtasida sa'y qilishi gunoh emas», deydi. Ushbu oyat hujjat bo`lib shariatimizda Safo va Marva tepaliklari o`rtasida sa'yi qilish vojib amal, deb belgilangan. Oyatda sa'yi qilish vojib bo`ladi, deyish o`rniga, «Sa'yi qilish gunoh bo`lmaydi», deyilishining boisi shuki, ikkala tepalikda but borligi uchun, sa'yi qilish mushriklarning ishi, gunoh bo`ladi, deb o`ylab musulmonlar sa'yi qilmay qo`ygan edilar. Shuning uchun Alloh taolo gunoh bo`lmaydi, sa'yi qilinglar, demoqda.)","Albatta, Biz nozil qilgan ravshan oyatlarni va hidoyatni odamlarga kitobda bayon qilib berganimizdan keyin berkitganlarni — o`shalarni Alloh la'natlaydir. Va la'natlovchilar la'natlaydir.","Magar tavba qilib, ahli solih bo`lib, bayon qilganlarning, ana o`shalarning tavbasini qabul qilurman. Va Men tavbalarni ko`plab qabul qiluvchi va rahimlidirman.","Albatta, kufr keltirgan va kofirlik holida o`lganlarga, ana o`shalarga Allohning, farishtalarning va odamlarning — barchaning la'nati bo`lgay.","Unda abadiy bo`lurlar. Ulardan azob yengillatilmas. Va ularga nazar ham solinmas.","Va ilohingiz bir ilohdir. Rohman va Rohiym bo`lmish Undan o`zga ibodatga sazovor zot yo`qdir.","Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida, kechayu kunduzning almashib turishida, odamlarga manfaatli narsalari ila dengizda yurib turgan kemada, Allohning osmondan suv tushirib, u bilan o`lgan yerni tiriltirishi va unda turli jondorlarni taratishida, shamollarni yo`naltirishida, osmonu yer orasidagi itoatgo`y bulutda aql yurituvchi qavmlar uchun belgilar bor.[1]###[1] (Ushbu oyatlarda zikr qilingan holatlarni doim ko`rib, ularning ichida yashab yuramiz. Shu qadar ko`nikib ketganmizki, alohida e'tibor bermay qo`yganmiz. Holbuki, bularning har biri Alloh taoloning borligiga katta bir dalildir. Darhaqiqat, insof bilan, aqlni joyiga qo`yib, bir o`ylab ko`raylik-chi: osmonlaru Yerni kim yaratgan? Osmonlarning chegarasini hali birov chegaralab bilgani yo`q. Undagi bor narsalar, hamma-hammasini kim yaratgan? Allohning borligini inkor qilayotgan xudosizlarmi? Yoki boshqa birorta yaratuvchi bormi?)","Odamlar ichida Allohdan o`zga tengdoshlarni tutadiganlar va ularni Allohni sevgandek sevadiganlar bor. Iymon keltirganlarning Allohga muhabbatlari qattiqdir. Zulm qilganlar azobni ko`rgan chog`larida, albatta, barcha quvvat Allohga xosligini va, albatta, Allohning azobi shiddatli ekanini bilsalar edi!","U paytda peshvolar (o`zlariga) ergashganlardan tonarlar va ular azobni ko`rarlar, ularning bog`lanishlari kesilur.","Va ergashganlar: «Qani endi bizga bir ortga qaytish bo`lsa edi, bizdan tonganlaridek, biz ham ulardan tonar edik», derlar. Shunday qilib, Alloh ularga amallarining o`zlariga hasrat bo`lganini ko`rsatur. Va ular do`zaxdan chiquvchi emaslar.[1]###[1] (Qiyomatdan bir ko`rinish: hamma o`zi bilan ovora, birov bilan birovning ishi yo`q. Peshvolar, boshliqlar, bu dunyoda boshqalarni o`z ortidan ergashtirib yurganlar o`zlariga ergashganlardan tonadilar. Chunki o`zining ishi chatoq bo`lib turganda, boshqaning tashvishi ortiqcha bo`ladi ularga. Azobni ko`rgach, oralaridagi barcha bog`lanishlar, aloqalar, yaqinliklar kesiladi.)","Ey odamlar! Yer yuzidagi narsalardan halol-poklarini yenglar. Va shayton izidan ergashmanglar, chunki u sizlarga ochiq dushmandir.[1]###[1] (Oyati karima halol-pok rizqlarni yeyishga zid qilib shaytonning izidan ergashish qo`yilmoqda. Ya'ni, shaytonning yo`lida yurganlargina halol-pok yemaydilar, deganidir bu. Shayton insonlarga halol yedirmaslik bilan ularni Allohning itoatidan chiqaradi. Shaytonning yetoviga tushib qolgan nodon inson esa, halol-haromni farqlamay naqadar ulkan gunoh qilayotganini o`zi bilmaydi, hatto his etmaydigan darajaga tushadi.)","Albatta, u sizlarni yomon va fahsh ishlarga hamda Allohga qarshi bilmagan narsangizni gapirishingizga buyuradir.","Ularga: «Alloh nozil qilgan narsaga ergashingiz», deyilsa, ular: «Yo`q, biz otalarimizni nimada topsak, shunga ergashamiz», derlar. Otalari hech narsaga aqli yetmagan va hidoyat topmagan bo`lsalar ham-a?!","Kufr keltirganlar misoli xuddi qichqiriq va sasdan boshqa narsani eshitmaydiganlarga baqirayotganga o`xshaydi. Ular kar, soqov va ko`rdirlar. Ular aql ishlatmaslar.[1]###[1] (Alloh taolo bu oyati karimada kofirlarni cho`ponni ovozini eshitib, ma'nosini tushinmaydigan chorva hayvonlariga, payg`ambarlarni ularni haydab yuruvchi cho`ponga o`xshatmoqda.)","Ey, iymon keltirganlar! Sizlarga rizq qilib berganimiz pok narsalardan yenglar va Allohga shukr qilinglar, agar Unga ibodat qiladigan bo`lsalaringiz.","Albatta, U zot sizlarga faqat o`limtikni, qonni, cho`chqaning go`shtini va Allohdan boshqaga so`yilganni harom qildi. Kimki majbur bo`lsa-yu, zulm qilmay, haddan oshmay (esa), unga gunoh bo`lmas. Albatta, Alloh mag`firatli va rahimlidir.[1]###[1] (Sa'd ibn Abi Vaqqos roziyallohu anhu Payg`ambarimiz alayhissalomga: «Ey Allohning Rasuli, duo qiling, Alloh meni duosi qabul bo`ladiganlardan qilsin», dedilar. Shunda Payg`ambar alayhissalom: «Ey Sa'd, taomingni halol qil, duosi qabul bo`ladigan bo`lasan. Muhammadning joni qo`lida bo`lgan Zot bilan qasamki, bir odam harom luqmani qorniga tashlasa, Alloh uning duosini qirq kungacha qabul qilmaydi. Qaysi bandaning go`shti haromdan va ribodan o`ssa, unga do`zax munosibdir», dedilar.)","Albatta, Alloh kitobda tushirgan narsani berkitganlar va uni ozgina bahoga sotganlar, ana o`shalar qorinlariga olovdan boshqa narsani yemaslar, ularga Alloh qiyomat kuni gapirmas va ularni poklamas. Ularga alamli azoblar bor.[1]###[1] (Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, u kishi: «Ushbu oyat yahudiylarning Ka'b ibn Ashraf, Molik ibn as-Soyf va Hayyi ibn Axtobga o`xshash boshliqlari haqida tushgan. Ular o`zlariga ergashganlardan hadyalar olar edilar. Muhammad alayhissalom payg`ambar etib yuborilganlaridan so`ng, mazkur manfaatlardan mahrum bo`lishdan qo`rqib, u kishi haqidagi haqiqatni berkitdilar», dedilar.)","Ana o`shalar adashuvni hidoyatga, azobni mag`firatga sotib olganlardir. Do`zax o`tiga qandoq chidaydilar-a?!","Buning sababi, albatta, Alloh kitobni haq bilan nozil qilgan edi. Kitob xususida ixtilof qilganlar esa, tubsiz tortishuvdadirlar.[1]###[1] (Qo`llaridagi hidoyat va mag`firatni boy berib, qattiq azobga duchor bo`lishlarining sababi — ular «Alloh kitobni haq bilan nozil qilgan»ini tan olmadilar. Holbuki, bu haq kitobga amal qilib, baxt-saodatda yashasalar bo`lar edi. Ammo ular Allohning kitobi xususida ixtilof qildilar, tubsiz talashuv va tuganmas ixtilof girdobiga tushib qoldilar. Oqibatda mazkur azoblarga duchor bo`ldilar.)","Yaxshilik yuzingizni mashriq yoki mag`rib tomonga burishingizda emas. Lekin yaxshilik kim Allohga, oxirat kuniga, farishtalarga, kitobga, Payg`ambarlarga iymon keltirsa va yaxshi ko`rgan molini qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, vatangadolarga, tilanchilarga, qul ozod qilishga bersa, namozni qoim qilsa, zakot bersa","Ey, iymon keltirganlar! Sizga o`ldirilganlar uchun qasos farz qilindi: hurga hur, qulga qul, ayolga ayol. Kimga o`z birodaridan bir narsa afv qilinsa, bas, yaxshilik ila so`ralsin va ado etish ham yaxshilikcha bo`lsin. Bu, Robbilaringizdan yengillik va rahmatdir. Undan keyin kim dushmanlik qilsa, unga alamli azob bor.[1]###[1] (Bu oyati karimada Alloh taolo qasos olishda adolat bo`lishini, haddan oshmaslikni uqdirib, «hurga hur, qulga qul, ayolga ayol», deb tushuntirmoqda. Lekin oyati karimaga binoan, odam o`ldirgan shaxsni qasos uchun, albatta, o`ldirish shart emas, balki o`likning egalari kechib yuborsa, o`ldirmay qo`yib yuborsa, o`rniga xun puli olsa ham bo`ladi. Bunda o`lik egasi haqini yaxshilik bilan so`rashi lozim, aybdor taraf ham ularning haqini yaxshilik bilan ado etishi zarur.)","Sizlarga qasos olishda hayot bor. Ey, aql egalari! Shoyadki, taqvodor bo`lsangiz.[1]###[1] (Bu oyati karima qasosning shariatga kiritilishining hikmatini bayon qilmoqda. Demak, qasos olishda kishilar uchun hayot bor ekan. Qasos qalbdagi nafratni qondirish emas, balki oliy maqsad — hayot uchun ekan. Qasos olish yo`lga qo`yilsa, inson hayotini saqlab qolishda katta ish qilingan bo`ladi. Chunki har bir odam boshqa birovni o`ldirsa, qasosiga o`zining ham o`ldirilishini biladi va hech qachon odam o`ldirishga qo`l urmaydi.)","Sizlarga, birortangizga o`lim kelganda, agar u boylik qoldirayotgan bo`lsa, ota-onasi va yaqinlariga to`g`rilik bilan vasiyat qilish taqvodorlarning burchi sifatida farz qilindi.[1]###[1] (Bu oyati karima meros haqidagi oyatdan avval tushgan, keyinchalik meros oyati tushib, vasiyat qilmasa ham, o`lgandan qolgan mol meros sifatida yaqin kishilarga bo`lib berilishi bayon qilindi. O`sha oyatda kimga qancha tegishi ham aytildi. Ota-ona merosxo`rlar qatoriga kirdilar.)","Kim uni eshitgandan so`ng o`zgartirsa, bas, gunohi faqat o`zgartirganlarning o`ziga bo`ladir. Albatta, Alloh eshituvchi va biluvchidir.[1]###[1] (Ya'ni, o`layotgan odamning vasiyatini eshitgan odam u o`lgach, vasiyatini o`zgartirib, mol-dunyosining vasiyatga muvofiq taqsimlanmasligiga sabab bo`lsa, gunohkorlardandir. Gunoh vasiyat qiluvchi yoki vasiyat qilingan kishiga emas, balki o`sha o`zgartiruvchining o`ziga bo`ladi. Alloh eshituvchi va biluvchi Zotdir.)","Kimki vasiyat qiluvchidan toyilish yoki gunoh sodir bo`lishidan qo`rqsa, bas, ularning orasini isloh qilsa, unga gunoh bo`lmas. Albatta, Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Biz «toyilish» deb tarjima qilgan so`z oyati karimada «janafan» deyilgan. Bu so`z xato qilib haqdan burilishni bildiradi. Ya'ni, bilmasdan. «Gunoh» esa, bilib turib haqsizlik qilishdir. Demak, vasiyat qiluvchi bilibmi-bilmaymi noto`g`ri vasiyat qilgan bo`lsa, uning vasiyatini buzgan odam bundan avvalgi oyatda kelgani kabi gunohkor bo`lmaydi. Misol uchun, bir odam molining uchdan biri miqdoridan ko`pini vasiyat qilib yuborsa, vasiyati faqat uchdan biriga o`tadi, qolganiga amal qilmagan odam gunohkor bo`lmaydi.)","Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro`za farz qilindi. Shoyadki, taqvodor bo`lsalaringiz.","Sanoqli kunlar. Sizlardan kim bemor yoki musofir bo`lsa, bas, sanog`ini boshqa kunlardan tutadir. Uni qiynalib tutadiganlar zimmasida bir miskin taomi fidya bordir. Kim yaxshilikni o`z ixtiyori ila qilsa, o`zi uchun yaxshidir. Agar bilsangiz, ro`za tutmog`ingiz siz uchun yaxshidir.","Ramazon oyiki, unda odamlarga hidoyat hamda hidoyatu furqondan iborat ochiq bayonotlar bo`lib Qur'on tushirilgandir. Sizdan kim u oyda hozir bo`lsa, ro`zasini tutsin. Kim bemor yoki safarda bo`lsa, bas, sanog`ini boshqa kunlardan tutadir. Alloh sizlarga yengillikni xohlaydi va sizlarga qiyinlikni xohlamas. Sanog`ini mukammal qilishingiz va sizni hidoyatga boshlagan Allohni ulug`lashingiz uchun. Shoyadki, shukr qilsalaringiz.[1]###[1] (Alloh taolo O`zining abadiy mo`'jizasi, qiyomatgacha insoniyatga hidoyat bo`ladigan kitobi Qur'oni Karimni tushirish vaqti qilib Ramazoni sharif oyini ixtiyor qilganining o`zi bu oyning fazilatini yuksakka ko`targan. Endi esa, nur ustiga nur, fazilat ustiga fazilat qo`shib, ro`za ibodatini ham shu Ramazon oyida tutishni farz qilmoqda.)","Agar bandalarim sendan Meni so`rasalar, Men, albatta, yaqinman. Duo qilguvchi duo qilganda, ijobat qilurman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar. Shoyadki, to`g`ri yo`lni topsalar.[1]###[1] (Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan imom Ahmad rivoyat qiladilarki, Payg`ambarimiz alayhissalom: «Qalblar idishga o`xshaydi. Ba'zilari ba'zisidan ko`proq joylashtiradi. Agar Allohdan biror narsa so`raydigan bo`lsangiz, ijobat bo`lishiga qattiq ishonib so`rang. G`ofil qalb bilan duo qilgan bandaning duosini Alloh qabul qilmaydi», dedilar. Imomi Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda, Payg`ambarimiz alayhissalom: «Agar banda shoshilishmasa, duosiga ijobat bo`ladi. Duo qildim, qabul bo`lmadi, demasin», deganlar.)","Sizlarga ro`za kechasida xotinlaringizga yaqinlik qilish halol qilindi. Ular sizga libosdir, siz ularga libosdirsiz. Alloh sizning o`zingizga xiyonat qilayotganingizni bildi, tavbangizni qabul etdi va sizlarni afv etdi. Endi ularga yaqinlashavering va Alloh sizga yozgan narsani talab qiling. Tong paytida oq ip qora ipdan ajraguncha yeb-ichavering. So`ngra, ro`zani kechasigacha batamom qiling. Masjidlarda, e'tikofdaligingizda ularga yaqinlik qilmang. Bular Allohning chegaralaridir, unga yaqinlashmang. Alloh odamlarga O`z oyatlarini shundoq bayon etadir. Shoyadki, taqvo qilsalar.[1]###[1] («E'tikof» so`zi bir narsani lozim tutish ma'nosini bildiradi. Shariatda esa, masjidda Allohga yaqinlik hosil qilish niyatida ibodatni lozim tutishga aytiladi. Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom Ramazoni sharifning oxirgi o`n kunligida e'tikofda o`tirar edilar. E'tikof o`tirgan odam iloji boricha masjiddan chiqmay ibodat bilan mashg`ul bo`ladi. Unda banda Alloh uchun hamma narsadan ajrab chiqadi. Shuning uchun ayollarga yaqinlik qilishdan ham o`zini tiyadi. Ushbu zikr qilingan narsalarning barchasi Alloh taologa bog`liq narsalar, Uning chegaralari. Alloh ularga yaqinlashmaslikka buyurmoqda, chunki chegaraga qancha yaqinlashilsa, chegarani buzish ehtimoli shuncha ko`payadi.)","Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo`l bilan yemang. Bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini yeyishingiz uchun hokimlarga gunohkorona tashlamang.[1]###[1] (Imom Qurtubiy deganlarki: «Oyatdagi «botil yo`l bilan yemaslik»ka haromning barcha turlari kiradi. Qimor, aldamchilik, harom narsalarni sotib mol topishlik, harom kasblarni qilib mol topishlik va boshqalar».)","Sendan hilollar haqida so`rarlar. Ular odamlar va haj uchun vaqt o`lchovidir, deb ayt. Yaxshilik uylarning orqasidan kirishingizda emas, lekin yaxshilik kim taqvodorlik qilsa, shundadir. Va uylarga eshiklaridan kiring. Allohga taqvo qiling. Shoyadki, najot topsangiz.[1]###[1] (Hajga bog`liq ulug` ruknlar kunini va yana boshqa vaqtlarni aniqlash uchun, albatta, hilolga qaraladi va vaqt uning chiqishidan belgilanadi. Demak, haj va hilolda o`zaro bog`liqlik bor. Shu bog`liqlik tufayli hilol haqida javob tushgan oyat hajga bog`liq yana bir masalani ham oydinlashtiradi. Imom Buxoriy va Imom Muslimlar sahih kitoblarida al-Baro roziyallohu anhudan rivoyat qiladilarki: «Ansoriylarda (madinalik musulmonlarda) hajdan qaytib kelganda uyning eshigidan kirmaslik odat bor edi. Ulardan bir kishi hajdan qaytganda uyining eshigidan kiribdi. Bu ishi unga ayb qilgandek qaralishiga sabab bo`libdi. Shunda «Yaxshilik uylarning orqasidan kirishingizda emas...», oyati tushdi», deganlar.)","Sizga urush qilayotganlarga qarshi Allohning yo`lida urush qiling. Va tajovuzkor bo`lmang. Albatta, Alloh tajovuzkor bo`lganlarni xush ko`rmas.","Ularni topgan yeringizda qatl qiling. Va sizlarni chiqargan joydan ularni ham chiqaring. Fitna qatl etishdan ham yomonroqdir. Masjidul Harom oldida sizga qarshi urushmagunlaricha, siz urushmang. Agar urushsalar, bas, siz ham urushing. Kofirlarning jazosi shunday.","Agar to`xtasalar, albatta, Alloh mag`firatli va rahimlidir.","Fitna bo`lmasligi va din Allohga bo`lishi uchun ular bilan jang qiling. Agar to`xtasalar, zolimlardan boshqalarga dushmanlik yo`q.","Harom oyga harom oy. Harom qilingan narsalarda qasos bor. Kim sizga dushmanlik qilsa, siz ham unga shunga o`xshash dushmanlik qiling. Va Allohga taqvo qiling hamda, bilingki, albatta, Alloh taqvodorlar bilandir.[1]###[1] (Oyati karimadagi «Ash-shahrul-haromu» deb kelgan ta'birni «harom oy» deb tarjima qildik. «Harom oy» degani urush harom qilingan oy, deganidir. «Harom oyga harom oy», ya'ni kim urush harom qilgan oyning hurmatini buzsa, unga bu oy bergan hurmatlar bekor qilinadi. Agar u bu oyni hurmat qilmay urush boshlasa, unga qarshi urush qilinadi. Musulmonlarga qarshi urush ochib, harom qilingan narsani buzib tajovuzkorlik qilganlardan o`ch olinadi. Ammo o`ch olishda ma'lum chegara bo`lib, musulmonlar undan chiqmaydilar. Qilgan dushmanligiga yarasha javob qilinadi, oshirib yuborilmaydi yoki kamaytirib qo`yilmaydi.)","Va Allohning yo`lida nafaqa qiling. O`zingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta, Alloh ehson qiluvchilarni xush ko`radir.[1]###[1] (Bu oyati karimada Alloh taolo musulmonlarni o`zining yo`lida pul-mol nafaqa qilishga amr qilmoqda. Bunga jihod uchun ham, boshqa xayrli ishlar uchun ham nafaqa qilish kiradi. «O`zingizni halokatga duchor qilmang» jumlasida bir necha xil ma'no bor. Biri: Allohning yo`lida nafaqa qilmay, o`zingizni halokatga duchor qilmang. Ya'ni, baxilligingiz halokatga sabab bo`lmasin, degani. Yana bir ma'nosi: o`zingizni o`zingiz o`ldirmang. Bir kishi o`zining o`limiga o`zi sabab bo`lsa, o`zini o`zi o`ldirdi, deyiladi.)","Alloh uchun haj va umrani tugal ado eting. Agar ushlanib qolsangiz, muyassar bo`lganicha qurbonlik qiling. Qurbonlik o`z joyiga yetmaguncha, sochingizni oldirmang. Sizdan kim bemor bo`lsa yoki boshida ozor beruvchi narsa bo`lsa, ro`za tutish yoki sadaqa berish yoxud qurbonlik so`yish ila to`lov to`lasin. Agar tinch bo`lsangiz, kim umradan hajgacha huzur qilgan bo`lsa, muyassar bo`lgan qurbonlikni qilsin. Kim topmasa, uch kun hajda, yetti kun qaytganingizda — hammasi o`n kun to`liq ro`za tutsin. Bu ahli Masjidul Haromda yashamaydiganlar uchundir. Va Allohga taqvo qiling hamda, bilingki, albatta, Alloh iqobi shiddatli Zotdir.","Haj ma'lum oylardir. Kimki ularda o`ziga hajni farz qilsa, hajda shahvoniy narsalar, fisq va janjal yo`qdir. Nima yaxshilik qilsangiz, Alloh uni biladir. Ozuqa oling, eng yaxshi ozuqa taqvodir. Menga taqvo qiling, ey, aql egalari![1]###[1] (O`ziga hajni farz qilish — hajni niyat qilib, ihromga kirish deganidir. Demak, unday odamga shahvoniy ishlar, ya'ni jinsiy yaqinlik va uning haqidagi gap-so`zlarni so`zlash mumkin bo`lmaydi. Fisq — katta-kichik gunoh ishlarni qilish. Janjal — odamlar bilan talashib-tortishish va so`kishib, achchiq chiqarish. Bu ishlar ham mumkin emas. Chunki haj qiluvchi inson ulug` maqomga erishgan bo`ladi. U dunyoning hammasidan yuz o`girib, ajrab, Allohga yuzlanadi, Robbul Olamiynning uyini ziyorat qilgani chiqqan bo`ladi. Shu bois oliy darajadagi odob bilan odoblanishi zarur. Hamma yomon narsalarni tark etib, yaxshi ishlarni ko`proq qilishi lozim.)","Sizga o`z Robbingizdan fazl istashingizda gunoh yo`qdir. Arafotdan qaytib tushganingizda, Allohni Mash'arul Haromda zikr qiling. Ilgari adashganlardan bo`lsangiz ham, sizni hidoyatga boshlagani uchun Uni zikr qiling.[1]###[1] (Oyatda zikr qilingan «fazl» so`zi rizq, kasb ma'nosini anglatadi. Odamlar o`rtasida hajga borgan kishi tijorat bilan yoki boshqa biror kasb bilan shug`ullansa bo`lmaydi, degan tushuncha bor edi. Imom Nasafiy rivoyat qilishlaricha, bir qavm: «Hammollik va tojirlik qilgan odamning haji haj bo`lmaydi», degan gapni tarqatganida, shu oyat nozil bo`lgan ekan. Shunga o`xshash ma'nolar boshqa rivoyatlarda ham kelgan. Imom Ahmad qilgan rivoyatda, Abu Umoma aytadilarki: «Abdulloh ibn Umardan, biz kiraga ishlaymiz, haj qilsak bo`larmi?» deb so`rasam, «Baytullohni tavof qilib, Arofatda vuquf qilib, tosh otib, sochingizni oldirasizmi?» dedi. «Albatta», dedim. U kishi: «Bir odam Rasulullohning huzurlariga kelib, sen hozir mendan so`ragan narsani so`ragan edi, javob bermay turdilar. So`ng Jibroil «Sizga o`z Robbingizdan fazl istashingizda gunoh yo`qdir», degan oyatni olib tushdi, dedilar. Ilgari musulmonlar Islomdan oldingi hayotlari bilan musulmon bo`lganlaridan keyingi hayotlarini solishtirib ko`rib, bu ulug` ne'matlarni tushunib yetar edilar va uni bergan Allohga shukr qilar edilar.)","So`ngra, odamlar qaytib tushgan joydan tushinglar. Va Allohga istig`for aytinglar. Albatta, Alloh mag`firatli, rahimli Zotdir.","Ibodatlaringizni tugatganingizda, Allohni otalaringizni eslagandek, balki undan ham kuchliroq eslang. Odamlardan ba'zilari: «Robbimiz, bizga bu dunyoda bergin», deydir va unga oxiratda nasiba yo`qdir.","Va ulardan ba'zilari: «Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilikni, oxiratda ham yaxshilikni bergin va bizni do`zax olovi azobidan saqlagin», deydir.","Ana o`shalarga qilgan kasblaridan nasiba bor. Va Alloh tez hisob qiluvchidir.","Allohni sanoqli kunlarda eslang. Bas, kim ikki kundan keyin shoshilib, ketsa, unga gunoh yo`q. Kim kechikib qolsa, unga gunoh yo`q. Taqvo qiluvchilar uchun. Allohga taqvo qilinglar va bilinglarki, siz albatta Unga to`planursiz.[1]###[1] (Payg`ambarimiz alayhissalom: «Arafa, qurbonlik va tashriq kunlari biz ahli Islomning bayrami — yemoq, ichmoq kunlaridir», deganlar. Shundan chiqadiki, arafa va qurbon hayiti kunlari tashriq kunlari qatoriga kirmaydi. Ushbu oyatda Alloh taolo sanoqli kunlarda, ya'ni tashriq kunlarida O`zini eslashga, zikr qilishga buyurmoqda. Ikrima roziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki: «Sanoqli kunlarda Allohni eslang», degani tashriq kunlarida farz namozlaridan keyin, «Allohu akbar», «Allohu akbar», deb takbir ayting, deganidir».)","Odamlar ichida dunyo hayotidagi gapi seni ajablantiradiganlari bor. U qalbidagi narsaga Allohni guvoh ham qiladi. Holbuki, u ashaddiy xusumatchidir.","Va burilib ketganda, yer yuzida fasod uchun va ekin va naslni halok qilish uchun harakat etadir. Va holbuki, Alloh fasodni xush ko`rmas.","Agar unga, Allohdan qo`rqqin, deyilsa, uni kibru havosi gunohga yetaklar. Jahannam unga yetarlidir. U qanday ham yomon o`rin-a?","Va odamlardan Allohning roziligini tilab jonini sotadiganlar bor. Va Alloh bandalarga mehribondir.[1]###[1] (Bu haqiqiy muxlis mo`minning vasfi. Uning yagona maqsadi — Allohning roziligini topish. Bu yo`lda u hamma narsani sarflashga, hatto jonini berishga ham tayyor. Faqat Alloh taoloning roziligini topsa bo`ldi.)","Ey, iymon keltirganlar! Islomga to`lig`icha kiring. Va shaytonning izidan ergashmang. Albatta, u sizga ochiq dushmandir.","Agar ochiq bayonotlar kelgandan keyin ham toyilsangiz, bilingki, albatta, Alloh Aziyz va hikmatlidir.","Ular Alloh va farishtalar soyali bulutlarda kelishi hamda ishning tugashidan boshqaga intizor bo`lmayaptilar, shekilli?! Va barcha ishlar Allohga qaytajak.[1]###[1] (Ochiq-oydin bayonotlar, hujjat va dalillar kelgandan keyin ham Islomga yurmay, shaytonning izidan yurishlaridan ular xuddi qiyomatni intizor bo`lib kutayotganga o`xshaydi. Ish tugab, hamma narsa oxiriga yetadigan kunni kutayotganga o`xshaydi. Bo`lmasa, hamma narsa aniq bo`lgan bo`lsa ham, nima uchun Islomga kirmay turibdilar? Nima ularning yo`lini to`syapti? Ular bilib qo`ysinlarki, «barcha ishlar Allohga qaytajak».)","Bani Isroildan ularga qancha oyatlarni berganimizni so`ra. Kimki o`ziga kelgan Allohning ne'matini o`zgartirsa, bas, albatta, Alloh iqobi shiddatli Zotdir.","Kufr keltirganlarga bu dunyo hayoti ziynatlandi va ular iymon keltirganlarni masxara qilurlar. Va holbuki, qiyomat kuni taqvo qilganlar ulardan ustundir. Alloh kimni xohlasa, behisob rizq berur.[1]###[1] (Kofirlarning Alloh yo`liga yurmasliklarining sababi dunyo hayotining ziynatidir. Ularning birdan-bir maqsadi, fikri-zikri va orzu-umidi — shu besh kunlik dunyoning hoy-havasi, ziynatidir. Kofirlar hayotning ma'nosini shunda, deb tushunadilar. Iymonsiz bo`lganlari uchun hayvoniy tasavvur va chegaradan tashqariga chiqa olmaydilar. Mo`min kishi uchun esa, bu dunyoning ziynati haqir va ahamiyatsiz narsa hisoblanadi. Ular dunyo hoy-havasiga o`ch bo`lishni o`zlariga or hisoblaydilar. Haqiqiy hayot — oxirat hayoti kelgan choqda esa, hamma narsa o`z o`rniga tushadi. O`shanda, ya'ni qiyomat kunida mo`minlar, taqvo qilganlar kofirlardan ustun bo`ladilar. Rizqi ro`zga keladigan bo`lsak, uni Alloh taolo kimga xohlasa, behisob beradi. Rizq beruvchi Uning O`zi. Mo`minga ham, kofirga ham beraveradi.)","Odamlar bir millat edilar. Bas, Alloh xushxabar va ogohlantirish beruvchi Nabiylarni yubordi va ularga odamlar o`rtasida ular ixtilof qilgan narsalarda hukm qilish uchun haq kitob tushirdi. U to`g`risida ixtilofni ochiq hujjatlar kelgandan so`ng, kimga berilgan bo`lsa, o`shalargina haddan oshib qildilar. Iymon keltirganlarni haq to`g`risida ixtilof qilgan narsalarida Alloh O`z izni ila hidoyatga soladir. Alloh kimni xohlasa, to`g`ri yo`lga boshlaydir.[1]###[1] (Alloh iroda qilgan to`g`ri yo`l Islomga to`lig`icha kirish bilan bo`ladi. Buni amalga oshirish uchun shaytonning izidan yurganlar, hasad, tama', hirs va havoyu nafs tufayli haq kitob to`g`risida ixtilofga tushganlar bilan bo`ladigan to`qnashuvlarda g`olib kelish kerak. Ulardan bo`ladigan zulm va dushmanliklarga chidash kerak.)","Sizdan avval o`tganlarga kelganga o`xshash narsa sizlarga kelmasdan turib, jannatga kiramiz, deb o`yladingizmi? Ularni balo va musiybatlar tutgan va larzaga tushirilganlar. Hattoki, Payg`ambar va u bilan iymon keltirganlar: «Allohning nusrati qachon bo`ladir?» deganlar. Ogoh bo`linglar, albatta, Allohning nusrati yaqindir.[1]###[1] (Demak, jannatga kirish oson emas, iymon, islomni og`izda e'lon qilib qo`yish bilangina bo`lavermaydi. Jannatga kirishning bir sharti — avvalgi ummatlardan unga kirishga haqdor bo`lganlarga yuborilgan og`ir sinovlarni boshdan o`tkazish zarur.)","Sendan nimani nafaqa qilishni so`rarlar. «Nafaqa qilgan yaxshiligingizdan ota-onalarga, yaqin kishilarga, yetimlarga, miskinlarga va vatangadolarga bo`lsin. Qanday yaxshilik qilgan bo`lsangiz, albatta, Alloh uni biluvchidir», deb ayt.","Sizga yoqmasa ham, jang qilishingiz farz qilindi. Shoyadki, yoqtirmagan narsangiz siz uchun yaxshi bo`lsa. Va shoyadki, yoqtirgan narsangiz siz uchun yomon bo`lsa. Alloh biladir, siz bilmassiz.[1]###[1] (Alloh taolo bandalarining hamma holatlarini yaxshi biladi. Ularning jangni yoqtirmasliklarini ham biladi. Insonning tabiati shundoq: mashaqqatni, qiyinchilikni yoqtirmaydi. Lekin Islom odamlarga yoqadigan narsalarni emas, balki ularga foyda, ikki dunyoda baxt — saodat keltiradigan amallarni taklif qiladi. Insonga yoqmaydigan jang, nafaqa kabi narsalar aslida o`zi uchun yaxshi bo`ladi. Shuningdek, urushga bormay uyda o`tirishi kabi o`ziga yaxshi ko`ringan narsalar aslida uning uchun yomonlik bo`lishi mumkin. Bunday ishlarning oqibatini Alloh biladi, banda bilmaydi.)","Sendan harom oyda urush qilish haqida so`rarlar. «Unda urush qilish katta gunoh. Allohning yo`lidan to`sish, Unga kufr keltirish, Masjidul Haromdan to`sish, uning ahlini undan chiqarish Allohning huzurida eng katta gunohdir. Fitna o`ldirishdan kattaroqdir», deb ayt. Ular, agar qodir bo`lsalar, sizlarni diningizdan qaytargunlaricha sizga qarshi urush qilaveradilar. Sizdan kimki dindan qaytib, kofir holida o`lib ketsa, ana o`shalar bu dunyoyu oxiratda amali habata bo`lganlardir. Ana o`shalar do`zax egalaridir. Ular unda abadiy qolguvchilardir.","Albatta, iymon keltirganlar, hijrat qilganlar va Allohning yo`lida jiddu jahd qilganlar — ana o`shalar Allohning rahmatini umid qiladilar. Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Hukm umumiy: kim bo`lishidan qat'iy nazar, iymon keltirsa, mo`minlik sifatiga erishsa, diniyu diyonatini saqlab qolish niyatida hijrat qilsa, Allohning yo`lida jihod qilsa, ular Allohning rahmatidan umid qiladilar. Allohning rahmati ularga bo`lmasa, kimga bo`lar edi!)","Sendan xamr va qimor haqida so`rarlar. Sen: «Ikkisida katta gunoh va kishilar uchun manfaat bor va gunohlari naflaridan kattadir», deb ayt. Va sendan nimani nafaqa qilishni so`rarlar. Sen: «Ortiqchasini», deb ayt. Alloh shundoq qilib sizga O`z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, tafakkur qilsangiz.[1]###[1] (Oyatdagi «xamr» so`zini ichkilik, aroq yoki vino deb tarjima qilmadik. Chunki «xamr» so`zi umumiy bo`lib, iste'mol qilgan kishining aqlini to`suvchi, ya'ni bir oz bo`lsa-da ta'sir o`tkazuvchi barcha narsaga aytiladi. Buning ichiga nasha, qoradori, ko`knori va boshqalar ham kiradi. Dunyoda adolat o`rnatish, Yer yuzida Allohning xalifasi bo`lish vazifasi yuklatilgan shaxs aroqxo`r yoki qimorboz va molini noo`rin sarflaydigan bo`lishi mumkinmi? Albatta, yo`q. Holbuki, xamr ichish, qimor o`ynash va noo`rin nafaqa qilish hollari johiliyat vaqtida kishilar hayotiga singib ketgan edi. Xamrsiz hayotni tasavvur qila olmas edilar.)","Bu dunyo va oxirat haqida. Sendan yetimlar haqida so`rarlar. Sen: «Ularga isloh qilish yaxshidir», deb ayt. Agar ularning (mollarini) aralashtirib yuborsangiz, bas, birodarlaringiz. Alloh buzg`unchini ham, islohchini ham biladi. Agar xohlasa, Alloh sizlarni qiyinchilikka solardi. Albatta, Alloh Aziyz va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumo aytishlaricha, yetimlarni o`z kafolatiga olgan kishilar, yetimlarning haqqini yeb qo`ymaylik, deb ularning ovqatlarini ham, ichimliklarini ham alohida qilib qo`yishgan ekan. Hatto yetimdan biror ovqat ortib qolsa, o`zi yemasa, buzilib ketsa ham, birov yemaydigan bo`libdi. Bunday qiyin holni Payg`ambarimiz Muhammad alayhissalomga zikr qilishganida, Alloh taolo: «Sendan yetimlar haqida so`raydilar», oyatini nozil qilgan ekan.)","Mushrika ayollarni iymon keltirmagunlaricha nikohingizga olmang. Shubhasiz, mo`mina cho`ri mushrikadan, gar u sizga yoqsa ham, yaxshidir. Va mushriklar iymonga kelmagunlaricha, ularga nikohlab bermang. Shubhasiz, mo`min qul mushrikdan, gar u sizga yoqsa ham, yaxshidir. Anavilar do`zax o`tiga chaqirarlar. Alloh esa, O`z izni ila jannatga va mag`firatga chaqirar hamda odamlarga O`z oyatlarini bayon qiladir. Shoyadki, esga olsalar.[1]###[1] (Nikoh insoniy aloqalar ichida eng muqaddas va ahamiyatlisidir. Bu aloqa odam bolasining ko`plab xohish istaklariga javob beradi. Nikohdagi ikki shaxs bir-biriga eng yaqin shaxslar hisoblanadi. Bu holga erishish avvalo qalblarning birlashmog`ini, qalblarning birlashmog`i esa, aqida birligini taqozo etadi. Chunki har bir insonning hayotiy yo`lini belgilaydigan o`lchov diniy nuqtai nazari bo`ladi. Shu boisdan Islomda aqidasi buzuq ayollarga uylanish, mushrik erkaklarga turmushga chiqish man qilinadi.)","Sendan hayz haqida so`rarlar. Sen: «U ko`ngilsiz narsadir. Hayz chog`ida ayollardan chetda bo`ling. Ularga pok bo`lmagunlaricha yaqinlashmanglar. Agar pok bo`lsalar, ularga Alloh amr qilgan joydan keling. Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni sevadi va poklanuvchilarni sevadir», deb ayt.","Ayollaringiz ekinzorlaringizdir. Bas, ekinzoringizga xohlaganingizcha keling. O`zingiz uchun (yaxshilik) taqdim qiling. Va Allohga taqvo qiling hamda, bilingki, albatta, Unga ro`baro` keluvchisiz. Mo`minlarga bashorat ber.[1]###[1] (Er-xotin orasidagi hassos va nozik aloqa Qur'oni Karim oyatlarida o`ziga xos uslub bilan tasvirlanadi. Avvalgi oyatlardan birida er-xotinni bir-biriga nisbatan kiyim-libos deb ta'rif qilingan edi. Bu oyatda esa, ayollar ekinzorga o`xshatilyapti.)","Allohga ichgan qasamlaringizni yaxshilik qilish, taqvo qilish va odamlar orasini isloh etishingizga to`siq qilmang. Alloh eshituvchi, biluvchi Zotdir.","Alloh sizlarning behuda qasamlaringiz uchun tutmas. Lekin qalbdan kasb qilganingiz uchun tutadir. Va Alloh mag`firatli, rahimli Zotdir.","Xotinlaridan iylaa qilganlar uchun kutish to`rt oydir. Agar qaytsalar, bas, albatta, Alloh mag`firatli, rahimli Zotdir.","Va agar taloqni qasd qilsalar, bas, albatta, Alloh eshituvchi, biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Iylaa — er kishining o`z xotiniga yaqinlik qilmaslikka qasam ichishidir. Johiliyat davrida odamlar xotinidan achchig`i chiqsa yoki uni jazolamoqchi bo`lsa, iylaa qilib, unga jinsiy yaqinlik qilmaslikka qasam ichib qo`yar ekan. Shu bilan bir-ikki yil yoki undan ham ko`proq beparvo yuraverar ekan. Ayol bechora azobda qolar ekan. Iylaaning uzoq vaqti aynan to`rt oy bo`lishining hikmati shuki, ayol kishi ersiz shu muddatga sabr qila oladi. Bundan o`tib ketsa, chiday olmaslik ehtimoli bor.)","Taloq qilingan ayollar uch qur'u kutarlar. Agar Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirgan bo`lsalar, ular uchun Alloh rahmlarida xalq qilgan narsani berkitishlari halol bo`lmas. O`shanda erlari ularni, agar islohni iroda qilsalar, o`zlariga qaytarib olishga haqliroqdirlar. Va yaxshilik ila ularning burchlari muqobilida haqlari ham bordir. Va erkaklarga ulardan ustun daraja bordir. Alloh Aziyz va Hakiymdir.[1]###[1] (Ushbu oyati karimadagi hukm eri bilan birga yashagan, hayz ko`radigan va taloq qilingan ayollarga oiddir.)","Taloq ikki martadir. So`ngra, yaxshilikcha ushlab qolish yoki yaxshilikcha qo`yib yuborish. Sizga ularga bergan narsangizdan biror narsani olish halol bo`lmas, magar ikkovlari Allohning chegaralarida tura olmaslikdan qo`rqsalar (bo`lur). Bas, agar ikkovlarining Allohning chegaralarida tura olmasligidan qo`rqsangiz, xotin bergan evazda ikkovlariga gunoh yo`qdir. Ushbular Allohning chegaralaridir. Bas, ulardan tajovuz qilmang. Va kim Allohning chegaralaridan tajovuz qilsa, bas, o`shalar, ana o`shalar zolimlardir.","Bas, agar yana taloq qilsa, bundan keyin u ayol, toki boshqa erga tegib chiqmaguncha, unga halol bo`lmas. Agar u ham taloq qilsa, gar Allohning chegaralarida turishga ishonsalar, bir-birlariga qaytsalar, gunoh bo`lmas. Ushbular Allohning bilgan qavmlarga bayon qilayotgan chegaralaridir.[1]###[1] (Ya'ni, agar avvalgi ikkita ustiga yana bir bor taloq qilsa, jami uchta bo`ladi. Uch taloq bo`lgandan keyin ayol taloq qilgan erkakka halol bo`lmaydi. Eru xotin bo`lib yashashlari mumkin emas. Faqat bir yo`l bor, u ham bo`lsa, u ayol boshqa erga tegsa-yu, u er bilan er-xotin bo`lib hayot kechirib yurganda, ikkinchi er vafot etib qolsa yoki taloq qilsa, shundan keyingina yana avvalgi eri bilan qayta turmush qursa bo`ladi. «Agar u ham taloq qilsa, gar Allohning chegaralarida turishga ishonsalar, bir-birlariga qaytsalar, gunoh bo`lmaydi», deyilishining ma'nosi shu.)","Xotinlarni taloq qilganingizda, muddatlari oxiriga yetganda, ularni yaxshilik bilan ushlab qoling yoki yaxshilik bilan qo`yvoring. Ularni tajovuz uchun, zarar yetkazish yuzasidan ushlab turmang. Kim o`shandoq qilsa, shubhasiz, o`ziga zulm qiladi. Allohning oyatlarini hazil bilmang. Allohning sizga bergan ne'matini va va'z etib tushirgan kitobi va hikmatini esda tuting. Allohga taqvo qiling va bilingki, albatta, Alloh har bir narsani biluvchidir.[1]###[1] (Allohning ulug` ne'mati — Islomni din va Muhammad alayhissalomni payg`ambar qilib yuborishidir. Va'z etib tushirgan kitobi — Qur'oni Karim. Hikmat — Payg`ambar alayhissalomning sunnatlari. Bu narsalarni doimo esda tutish, ular asosida ilohiy ko`rsatmalarga amal qilib yashashgina insonga baxt keltiradi, shu jumladan, oilaviy hayotda ham.)","Xotinlarni taloq qilganingizda, muddatlari oxiriga yetganda, yaxshilik bilan o`zaro rizolashing, erlariga qayta nikohlanishlarini man qilib, qiyinlashtirmang. Ushbu ila sizlardan Allohga va oxirat kuniga iymon keltirganlar va'zlanadi. Shundoq qilishingiz siz uchun tozaroq va pokroqdir. Va Alloh biladir, siz esa bilmassiz.[1]###[1] (Ma'qal ibn Yasar roziyallohu anhu Payg`ambarimiz alayhissalomning davrlarida singlisini musulmonlardan bir kishiga erga beribdi. Eru xotin bir muddat birga yashashibdi. Keyin er xotinini bir taloq qo`yib, qaytmabdi. Iddasi chiqib ketibdi. Keyin ikkovlari ham afsus qilib, er xotinga, xotin erga muhabbat qilibdi. Va boshqa sovchilar qatori sovchi qo`yibdi. Shunda Ma'qal ibn Yasar unga: «Pastkashning o`g`li pastkash! Seni hurmat qilib singlimni bergan edim, sen bo`lsa uni taloq qilding. Allohga qasamki, u senga abadiy qaytmaydi», debdi. So`ngra Alloh taolo erning xotinga, xotinning erga hojatini bilib, «Xotinlarni taloq qilganingizda, muddatlari yetganda...» deb boshlanib, «... siz esa bilmaysiz», deb tugovchi oyatni nozil qildi. Ma'qal ibn Yasar roziyallohu anhu oyati karimani eshitishlari bilan: «Parvardigorning so`zini eshitdik va itoat qilamiz, dedilar-da, kuyovni chaqirib: «Singlimni senga nikohlab beraman va seni hurmat qilaman», dedilar.)","Kim emizishni batamom qilishni iroda qilsa, onalar farzandlarni to`liq ikki yil emizurlar. Ularni yaxshilab yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir. Hech bir jonga imkondan tashqari taklif bo`lmas. Ona ham, ota ham bolasi sababidan zarar tortmasin. Merosxo`rga ham xuddi shundoq. Agar o`zaro rozi bo`lib, sutdan ajratishni iroda qilsalar, ikkovlariga gunoh bo`lmas. Agar farzandlaringizga emizuvchi talab qilishni iroda qilsangiz, beradiganingizni yaxshilik bilan avvaldan topshirsangiz, gunoh bo`lmas. Va Allohga taqvo qiling hamda, bilingki, Alloh qilayotganingizni albatta ko`rib turuvchidir.","Sizlardan vafot etib juftlarini qoldirganlarning ayollari o`zlaricha to`rt oyu o`n kun kutarlar. Muddatlari yetganda o`zlari haqida yaxshilik bilan qilgan ishlarida sizga gunoh yo`q. Alloh qilayotgan amalingizdan xabardordir.[1]###[1] (Johiliyat ahlining odatiga binoan, eri o`lgan xotinning ustiga erining qarindoshlaridan biri ridosini tashlab qo`ysa, ayol bechora o`z-o`zidan o`sha odamning mulkiga aylanib qolar edi. Xohlasa haligi odam o`zi xotin qilar, xohlasa, boshqa erga berib, mahrini olar yoki umuman sotib yuborar edi. Islom bu zulmni ayolning yelkasidan ko`tarib tashladi. Eri o`lgan ayolning iddasini ma'lum muddatga chegaralab qo`ydi: «to`rt oy-u o`n kun». Buning hikmati ko`p. Avvalo, bu muddat ichida rahmining (bachadonning) homiladan bo`sh yoki bo`sh emasligi bilinadi. Iddalari chiqqanidan keyin, ayollar shariat yo`li bilan o`zlariga sovchi kutsalar, ayb emas. Demak, eri o`lganidan to`rt oy-u o`n kun bitgach, xotini yasanib, pardoz qilib, erga tegishi uchun sovchi kutsa, o`zining ishi, hech kimga gunoh bo`lmaydi. Uni bu ishdan to`sishga hech kimning haqqi ham yo`q. Shariatning hukmi shu. Hayotda bundan boshqa hollarning uchrab turishi esa, bid'at yoki xurofotdir. Xurofotdan saqlanish lozim. Chunki: «Alloh qilayotgan amalingizdan xabardordir». Iddada o`tirgan ayolga nisbatan shariat ko`rsatmalaridan boshqa yo`l tutmaslik kerak.)","U ayollarga ishora ila sovchilik qilishingiz yoki uni o`z ichingizda tutishingizda gunoh yo`q. Alloh siz ularni albatta eslashingizni biladir. Lekin ular bilan xufyona va'dalashmang. Magar yaxshi gap gapirsangiz, mayli. Idda o`z muddatiga yetmaguncha, nikoh bog`lashni qasd qilmang. Va bilingki, Alloh ichingizdagini albatta biladi. Bas, Undan ogoh bo`ling. Va bilingki, albatta, Alloh mag`firatli va Haliymdir.","Agar xotinlarga qo`l tekkizmay turib yoki ularni mahrni aniqlamay turib taloq qilsangiz, sizga gunoh bo`lmas. Ularni boy boricha, yo`q holicha yaxshilik ila foydalantiring. Bu yaxshilik qiluvchilar burchidir.[1]###[1] (Bu oyatda nikohdan keyin mahrni aniqlamagan holatda duxuldan oldin taloq qilganda nima bo`lishi haqida so`z ketmoqda.)","Agar ularga qo`l tegizmay taloq qilsangiz va mahrni aniqlab qo`ygan bo`lsangiz, aniqlanganning yarmini berasiz, magar ayol yoki nikoh tuguni qo`lida bo`lgan kishi afv qilsa, bermaysiz. Va afv qilishingiz taqvoga yaqindir. Orangizdagi fazilatni unutmang. Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizni ko`rib turuvchi Zotdir.","Namozlarni va o`rta namozni muhofaza eting. Va Alloh uchun xushu' ila qoim bo`ling.[1]###[1] (Namozni muhofaza etish — ularni o`z vaqtida, yaxshilab, kamchiliksiz o`qish ma'nolarini bildiradi. «O`rta namoz» haqida ulamolar turli fikrlarni aytganlar. Lekin dalillarni solishtirib ko`rgan ulamolar «o`rta namoz»dan murod — asr namozi, deganlar. Imom Muslim qilgan rivoyatda Payg`ambarimiz alayhissalom Ahzob urushida: «Bizni o`rta namoz, asr namozidan mashg`ul qildilar. Alloh ularning qalblarini ham, uylarini ham olovga to`ldirsin», deganlar.)","Agar xavfda qolsangiz, yurgan va mingan holingizda, xotirjam bo`lganingizda, bilmagan narsangizni qandoq o`rgatgan bo`lsa, Allohni shundoq zikr qiling.[1]###[1] (Odamlar ko`p narsalarni bilmaydilar, Alloh o`rgatmasa hech narsani bilmas edilar. Shuningdek, Alloh o`rgatmasa, namoz o`qishni ham bilmasdilar. Xotirjam bo`lganlarida, Alloh qanday o`rgatgan bo`lsa, shundoq qilib namoz o`qisinlar.)","Sizlardan vafot etganda juftlarini qoldirayotganlar xotinlari chiqmasdan bir yilgacha foydalanishini vasiyat qilsinlar. Agar ular chiqsalar, o`z xususlarida yaxshilik bilan qilgan ishlarida sizga gunoh yo`q. Alloh Aziyz va Hakiym Zotdir.","Taloq qilingan ayollarga foyda berish taqvodorlar burchidir.","Alloh shunday qilib sizlarga O`z oyatlarini bayon etadir. Shoyadki, aql ishlatsangizlar.","Diyorlaridan o`limdan qochib chiqqan minglarcha kishilarning (xabarini) bilmadingmi?! Bas, Alloh ularga: o`ling, dedi. So`ngra, ularni tiriltirdi. Albatta, Alloh odamlar ustidan fazl egasidir. Lekin ko`p odamlar shukr qilmaslar.[1]###[1] (Demak, bir vaqtlar katta bir qavm o`limdan qochib, diyorlarini tashlab chiqqan ekanlar. O`limdan qochishlarining sababi turlicha bo`lishi mumkin. Balki vabo tarqalgan bo`lsa, shundan qochishgandir. Yoki dushman bilan jang qilish kerak bo`lsa, urushda o`lib ketmaylik, deb qochishgandir. Maqsadlarining teskarisi bo`ldi. «O`ling» degan bir og`iz so`z bilan o`lib qolishdi. Demak, Allohning qazoi qadaridan qochib bo`lmas ekan. Allohdan o`zga qaytib boradigan joy yo`q ekan. Allohning O`zi xohlagan vaqtida o`ldirar ekan.)","Allohning yo`lida jang qiling. Va bilingki, albatta, Alloh eshituvchi va biluvchi Zotdir.","Allohga yaxshi qarz beradigan kim bor?! Bas, toki unga berganini ko`p marta ko`paytirib bersa. Va holbuki, Alloh (rizqni) tor qilur va keng qilur. Va Ungagina qaytasizlar.","Musodan keyingi Bani Isroildan bo`lgan a'yonlarni bilmadingmi?! Vaqtiki o`z Nabiylariga: «Bizga bir podshoh tayin qilgin, Allohning yo`lida urush qilaylik», – dedilar. U: «Agar sizlarga urush farz qilinsa, urushmasalaringizchi?!» – dedi. Ular: «Bizga nima bo`libdiki, diyorimizdan va farzandlarimizdan judo qilinsak ham, Allohning yo`lida urushmasak», – dedilar. Urush farz qilinganda esa, ozginalaridan boshqalari yuz o`girib ketdilar. Va Alloh zulm qiluvchilarni biluvchidir.[1]###[1] (Muso alayhissalom vafot etib ketganlaridan keyin Bani Isroilning a'yonlari, kattalari, ishboshilaridan bir guruhi o`z nabiylari oldiga kelib: «Bizga bir podshoh — boshliq tayin qilib ber, uning rahbarligida Allohning yo`lida urushmoqchimiz», deyishdi. Ular «Allohning yo`lida urush» qilmoqchilar. Lekin quruq havas bilan ish bitmasligini anglab yetmaydilar. Hozir kenglikda turib, bir-biringizga qiziqib, bizga podshh tayin qilgin, Allohning yo`lida urush qilaylik, demoqdalar. Haqiqatan shu ish yo`lga qo`yilsa, urush farzga aylanadi va unda orqaga qaytishning iloji qolmaydi. Ortga qaytgan gunohkor bo`ladi.)","Nabiylari ularga: «Albatta, Alloh Tolutni sizga podshoh qilib tayinladi», – dedi. Ular: «U bizga qayoqdan podshoh bo`lsin. Undan ko`ra podshohlikka biz haqliroqmiz. Qolaversa, unga ko`proq mol ham berilmagan», – dedilar. U: «Albatta, uni Allohning O`zi sizlarga tanladi va ilmda, jismda kengligini ziyoda qildi. Alloh podshohligini kimga xohlasa, o`shanga beradi. Va Alloh keng qamrovli va biluvchidir», – dedi.[1]###[1] (Bani Isroilning talabiga binoan, Tolut ularga podshoh etib tayinlanganida, ular uni rizolik ila qabul qilishning o`rniga, Allohning amriga isyon qilishdi. Alloh tayin qilgan Tolutning podshoh bo`lishini inkor etishdi. Uning podshohlikka tayinlanishini xato deb e'lon qilishdi.)","Nabiylari ularga: «Albatta, uning podshohligining belgisi sizlarga Robbingizdan sandiq kelmog`idir, unda xotirjamlik va Muso hamda Horun ahlidan qolgan qoldiq bo`lib, farishtalar ko`tarib kelur. Agar mo`min bo`lsalaringiz, albatta, bu narsada sizlarga belgi bor», – dedi.[1]###[1] (Tolutning haqiqatda Alloh tomonidan tayin qilingan podshoh ekanini Bani Isroilga isbot etish uchun ularga qoyil qoldiradigan, odatdan tashqari, Allohdan boshqa hech kimning qo`lidan kelmaydigan bir mo`'jiza sodir etilyapti. Ma'lumki, ulamolarimiz ushbu hodisani payg`ambarlardan qolgan narsalarni tabarruk tutishga dalildir, deganlar. Payg`ambarlari, tobutni farishtalar ko`tarib kelishi Tolutning podshohligiga belgidir, dedi.)","Tolut askar bilan chiqqanda: «Albatta, Alloh sizni daryo bilan sinovchidir, kim undan ichsa, u mendan emas. Va kim uni tanovul qilmasa, u, albatta, mendandir. Magar birov qo`li bilan bir ho`plam ho`plasa, mayli», dedi. Ozginalaridan boshqalari undan ichdilar. U va u bilan birga iymon keltirganlar u(daryo)dan o`tganlarida, ular: «Bugun bizda Jolut va uning askari bilan jang qilishga toqat yo`q», dedilar. Allohga ro`baro` bo`lishga ishonganlar: «Qanchadan-qancha oz sonli guruhlar Allohning izni bilan ko`p sonli guruhlarga g`olib kelgan. Alloh sabrlilar bilandir», – dedilar.[1]###[1] (Asl narsa o`zi oz bo`ladi. Haqiqiy mo`minlar ham oz bo`ladilar. Chunki ular xatarli so`qmoqlardan qiyinchiliklarni yengib o`tib, maqsadga yetadilar, Alloh tanlagan, muqarrab bandalar qatoriga kiradilar. Allohnig O`zidan sabr tilab, qo`rqmay, ko`p sonli va quvvatli dushmanning ko`ziga tik boqib boraveradilar.)","Jolut va uning askarlariga ro`baro` kelganlarida: «Robbimiz, bizga sabr to`kkin, sobitqadam qilgin va kofir qavmlarga qarshi nusrat bergin», – dedilar.","Bas, Allohning izni bilan ularni yengdilar va Dovud Jolutni qatl etdi. So`ngra, Alloh unga podshohlik va hikmatni berdi va xohlagan narsasini o`rgatdi. Agar Allohning ba'zi (odam)larni ba'zilariga daf' qilishi bo`lmasa edi, yer yuzi buzilardi. Lekin Alloh olamlar ustidan fazl egasidir.[1]###[1] (Dovud Tolut askari ichida yosh yigit edi. Jolut esa, katta kuchga ega bo`lgan podshoh, hammaning qalbiga dahshat solib turuvchi askarboshi edi. Alloh taolo ushbu zolim podshoh va askarboshining yoshgina yigitcha qo`lida qatl bo`lishini iroda qildi. Bu bilan odamlarga, Alloh xohlasa, har qanday jabbor bo`lsa ham, bir yosh yigit uning o`limiga sabab bo`lishi mumkinligini ko`rsatdi. «So`ngra Alloh unga podshohlik va hikmatni berdi va xohlagan narsasini o`rgatdi». Dovud Allohning inoyati bilan Tolutdan keyin Bani Isroilga podshoh bo`ldi. Uning podshohlik davri oltin davr bo`ldi. Alloh taolo unga podshohlikka qo`shib hikmatni, ya'ni payg`ambarlikni ham berdi. Shu bilan birga, unga urush asboblarini yasashni ham o`rgatdi.)","Bular Allohning oyatlaridir. Ularni senga haq ila tilovat qilurmiz. Va, albatta, sen Payg`ambarlardandirsan.[1]###[1] («Bular» — minglarcha odamlarni o`ldirish va tiriltirish, tobutni farishtalar ko`tarib kelishi, oz sonli mo`minlarning ko`p sonli kofirlarning ustidan g`olib kelishi haqidagi xabarlarni o`z ichiga olgan oyatlardir. Ularni Alloh taolo O`z Payg`ambariga haq ila hikoya qilib bermoqda. «Haq bilan» degani — qanday bo`lgan bo`lsa, shunday, voqelikdagi hodisaning o`zini aytib bermoqda, deganidir.)"]