["Uning qavmining javobi: «Lut ahlini yurtingizdan quvib chiqaring, chunki ular pokiza bo`lishni xohlagan kishilardir», deyishdan boshqa narsa bo`lmadi.[1]###[1] (Ifloslikka botib qolgan bu qavm poklikni masxara qilib, pokiza odamlarni kamsitish yo`liga o`tdi. Ularni dunyoda hech kim qilmagan ifloslikdan qaytarib, poklanishga, inson nomiga dog` tushirmaslikka chorlagan Allohning Payg`ambari Lut alayhissalomni va u kishiga ergashgan mo`minlarni aynan pokliklari uchun yurtlaridan haydab chiqarmoqdalar.)","Bas, Biz unga va xotinidan boshqa ahliga najot berdik. U(xotin)ning azobda qolguvchilar ichida bo`lishini taqdir qildik.","Va ularning ustlariga bir yomg`ir yog`dirdikki, bas, ogohlantirilganlarning azobi qanday ham yomon bo`ldi.[1]###[1] (Va jinoyatchi Lut qavmining ustidan tosh yog`dirdik. Hammalari halok bo`ldilar. Ogohlantirishlarga qaramay, jinoyatda bardavom bo`lganlarning oqibati shunday bo`ladi.)","Sen: «Allohga hamd bo`lsin va U tanlab olgan bandalariga salom bo`lsin. Alloh yaxshimi yoki ular shirk keltirayotgan narsalarmi?» degin.","Yoki osmonlaru yerni yaratgan, sizlarga osmondan suv tushirgan Zotmi? Bas, Biz u(suv) bilan go`zal bog`lar o`stirdik. Siz o`zingiz uning daraxtini o`stira olmas edingiz. Alloh bilan birga boshqa iloh bormi?! Yo`q, ular o`zlari tenglashtiradigan qavmdirlar.","Yoki yerni qarorgoh etgan, uning uzra anhorlar qilgan, unga tog`lar qilgan va ikki dengiz o`rtasida to`siq qilgan Zotmi?! Alloh bilan birga boshqa iloh bormi?! Yo`q, ularning ko`plari bilmaslar.[1]###[1] (Ikki dengiz — dengiz va daryodir. Birining suvi ikkinchisiga quyiladi, ammo aralashib ketmaydi: daryoning chuchuk suvi sho`r, dengizning sho`r suvi chuchuk bo`lib qolmaydi. Chunki Alloh ularning o`rtasiga tabiiy to`siq tortib qo`ygan.)","Yoki muztar(nochor) odam duo qilganda ijobat etib, uning mushkulini oson qilgan hamda sizni yer yuzida xalifa qilgan Zot yaxshimi?! Alloh bilan birga boshqa iloh bormi? Qanchalik oz eslaysizlar-a?!","Yoki sizlarni quruqlik va dengiz zulmatlarida to`g`ri yo`lga soladigan hamda O`z rahmati oldidan shamollarni xushxabar qilib yuboradigan Zotmi?! Alloh bilan birga boshqa iloh bormi?! Alloh ular shirk keltirayotgan narsalardan oliydir.[1]###[1] (Odamlar doimo quruqlik va dengizda safar qilib keladi. Ko`zlangan manzillarga yetish uchun turli yo`llardan yurishadi. Ilojini qilib, o`sha joyni topib borishadi. Xo`sh, o`sha safarlarda yo`l topish qobiliyatini insonga kim berdi? Yo`lni aniqlashda yordam beradigan aql, ko`z, quloqni-chi? Turli belgilarga, yulduzlarga, asboblarga qarab yo`l topishni unga kim o`rgatdi? Soxta xudolarmi? Yoki Alloh taolomi? Albatta, Alloh taolo.)","Yoki avval boshdan yaratadigan, so`ngra yana qaytadan yaratadigan va sizlarni osmonlaru yerdan rizqlantiradigan Zot yaxshimi? Alloh bilan birga boshqa iloh bormi?! «Agar rostgo`y bo`lsangiz, hujjatingizni keltiring», degin.[1]###[1] (Aslida, yo`q insonni bor qilib, avval-boshda yaratgan kim? But-sanamlarmi, jin va farishtalarmi, mushriklar xudo deb yurgan boshqa maxluqlarmi? Insonni oxiratda qaytadan yaratadigan ham faqat Alloh taoloning O`zi.)","Sen: «Osmonlaru yerda Allohdan boshqa hech kim g`aybni bilmas», deb ayt. Ular qachon qayta tiriltirilishlarini ham sezmaslar.[1]###[1] (G`aybni bilish faqat Alloh taoloning O`ziga xosdir. Allohdan boshqa hech kim — na inson, na farishtalar, na jinlar g`aybni bilmaydi.)","Balki ilmlari oxiratni idrok qilgandir? Yo`q, ular undan shak-shubhadadirlar. Yo`q, ular undan ko`rdirlar.[1]###[1] (Kofirlar oxirat ilmidan xabardormikin? Yo`q, bila olmaydilar. Ular oxirat nima ekanini bilish u yoqda tursin, oxiratning bo`lish-bo`lmasligiga aniq ishonmaydilar. Balki u xususdagi masalada ko`rdirlar, hech narsani ko`rmaslar.)","Kufr keltirganlar: «Biz va ota-bobolarimiz tuproq bo`lganimizdan keyin, yana chiqarilamizmi?!","Batahqiq, bu bizga-da, ota-bobolarimizga-da oldin ham va'da qilingan edi. Bu, avvalgilarning afsonasidan boshqa hech narsa emas», dedilar.","Sen: «Er yuzida sayr qilinglar va jinoyatchilarning oqibati qanday bo`lganiga nazar solinglar», deb ayt.","Sen ular haqida g`am chekma va qilayotgan makrlaridan ham siqilma.","Ular: «Agar rostgo`y bo`lsangiz, bu va'da qachon bo`ladi?» derlar.","Sen: «Siz kelishiga oshiqayotgan narsaning ba'zisi ortingizga mingashib olgan bo`lsa, ajab emas», deb ayt.[1]###[1] (Ya'ni, o`sha va'dalar shundoqqina ortingizda turibdi, ammo siz sezmayapsiz, xolos. Darhaqiqat, g`aybni kim biladi? Ehtimol, besh daqiqadan so`ng azob, qiyomat yoki qayta tirilish ro`y berar, ehtimol, undan ko`proq yoki ozroq vaqt qolgandir. Kim biladi buni?! Alloh taolo bu ishlarni xohlagan lahzasida sodir etishga qodir.)","Albatta, Robbing odamlarga nisbatan fazlu marhamat sohibidir. Lekin ularning ko`plari shukr qilmaslar.","Va, albatta, Robbing ularning dillari berkitgan narsani ham, oshkor qilgan narsani ham bilur.","Osmonu yerda hech bir g`ayb narsa yo`q, illo u ochiq-oydin kitobda bordir.","Albatta, ushbu Qur'on Bani Isroilga ular ixtilof qilayotgan narsalarning ko`pini aytib beradir.","Albatta, u (Qur'on) mo`minlar uchun hidoyat va rahmatdir.","Albatta, Robbing ular o`rtasida O`z hukmi ila ajrim chiqaradi. U aziyz va bilguvchidir.","Bas, sen Allohga tavakkal qil. Albatta, sen ochiq-oydin haqdadirsan.","Albatta, sen o`liklarga eshittira olmaysan, ortga qarab qochayotgan karlarga ham chaqiriqni eshittira olmaysan.","Sen ko`rlarni zalolatdan hidoyatga solguvchi emassan. Sen faqat musulmon bo`lgan hollarida oyatlarimizga iymon keltiradiganlargagina eshittira olursan.[1]###[1] (Kofirlar o`lik, kar bo`lish bilan birga, ko`r hamdir. Sen, ey Payg`ambar, u ko`rlarni adashib yurgan yo`llaridan qaytarib, to`g`ri yo`lga hidoyat qila olmassan.)","Qachonki ularning boshiga so`z(langan azob) tushganida, Biz ular uchun yerdan bir jonivor chiqaramiz. U ularga, albatta, odamlar Bizning oyatlarimizga ishonmaydigan bo`lganlarini aytib beradi.[1]###[1] (Bu hodisa qiyomatning alomatlaridan biridir. Alloh taolo ushbu oyati karimada kofirlar boshiga va'da qilingan so`z — qiyomat azobi tushish chog`ida yerdan bir hayvon chiqarishi haqida xabar bermoqda. Demak, bu ishning bo`lishi muqarrarligida hech qanday shubha yo`q. Sahih hadisi shariflarda bu hayvon qiyomatning alomatlaridan biri ekanligi, tavba qilsa, foyda bermaydigan vaqt bo`lib qolganda chiqishi haqida xabarlar kelgan.)","Biz har ummatning oyatlarimizni yolg`onga chiqarganlaridan bir guruhini to`plagan kunda ular jamlanib-tizilib turishar.","Toki ular kelib bo`lgach, U zot: «Bizning oyatlarimizni yolg`onga chiqardingizmi?! Ularni puxta anglamay turib-a? Yo`qsa, nima qilgan edingiz?» der.","Va ularga, zulm qilganlari sababli, so`z(langan azob) tushar. Bas, ular so`zlay olmaslar.","Biz sokinlik topishlari uchun kechani, ko`rishlari uchun kunduzni qilganimizni ko`rmadilarmi?! Albatta, bunda iymon keltiradigan qavmlar uchun ibratlar bordir.","Sur chalinib, Alloh xohlaganidan boshqa osmonlardagi kimsalar va yerdagi kimsalar dahshatga tushgan kunda hamma U(zot)ga bo`yin egib kelurlar.","Tog`larni ko`rib, qimirlamay turibdi deb hisoblaysan. Holbuki, ular bulutning o`tishidek o`turlar. Bu har bir narsani puxta qiladigan Allohning san'atidir. Albatta, U nima qilayotganingizdan xabardordir.[1]###[1] (Qiyomat kuni shunday dahshatliki, ko`zimizga eng salobatli, viqorli, mustahkam bo`lib ko`rinadigan ulug`vor tog`lar ham joyidan ko`chib, titilib, bulutday suzib yuradi. Ularni ko`rgan odam, joyida turibdi, deb o`ylaydi, aslida esa, ular bulutdek suzib ketayotgan bo`ladi.)","Kim yaxshilik qilsa, unga undan ko`ra yaxshiroq (mukofot) bo`lur. Hamda ular o`sha kunning dahshatidan omondadirlar.","Kim yomonlik qilsa, bas, yuztuban do`zaxga tashlanurlar va (ularga): «Sizlarga faqat qilgan amallaringiz jazosi berilmoqda, xolos», (deyilur).","Men ushbu shaharning Robbiga, uni haram qilgan Zotga ibodat qilishga amr etildim, xolos. Hamma narsa Unikidir. Va musulmonlardan bo`lishga amr etildim.","Va Qur'onni tilovat qilishga (amr etildim). Kim hidoyat topsa, faqat o`zi uchun hidoyat topadir. Kim zalolatga ketsa, unga: «Men ogohlantirguvchilardanman, xolos», degin.","Sen: «Allohga hamd bo`lsin! U sizlarga O`z oyat-mo`'jizalarini ko`rsatur. Siz ularni ko`rib, taniysiz», deb ayt. Robbing qilayotgan amallaringizdan g`ofil emasdir.","To. Siyn. Miym.","Ushbular ochiq-oydin kitob oyatlaridir.","Iymon keltiradigan qavm uchun senga Muso va Fir'avnning xabaridan haq ila tilovat qilib beramiz.","Albatta, Fir'avn yer yuzida baland ketdi. U o`sha(er)ning aholisini bo`lib tashladi. Ulardan bir toifasini ezar, o`g`illarini so`yib, qizlarini tirik qoldirardi. Albatta, u buzg`unchilardan bo`lgan edi.[1]###[1] (Ushbu oyati karimadagi: «Albatta, Fir'avn Yer yuzida baland ketdi», degani Fir'avn butun Yer yuziga hokim bo`lgan ekan, degan ma'noni emas, balki Misr yerida «baland ketdi» — takabburlik qildi, tug`yonga ketdi, haddan oshdi, kabi ma'nolarni beradi. O`zi hokim bo`lgan yer aholisini bo`lib tashlash har bir fir'avnning odati.)","Biz esa, yer yuzida ezilganlarga beminnat ne'mat berishni, ularni peshvo qilishni, ularni vorislar qilishni va yer yuzida ularga imkonlar berishni","Fir'avn, Homon va ikkovining askarlariga ular(Bani Isroil)dan qo`rqqan narsalarini ko`rsatishni istaymiz.","Va Musoning onasiga: «Uni emizaver. Bas, (unga yomonlik yetishidan) qo`rqqan chog`ingda uni daryoga tashla, qo`rqma, xafa bo`lma, Biz, albatta, uni senga qaytarguvchimiz va Payg`ambarlardan qilguvchimiz», deb vahiy qildik.[1]###[1] (Arab tilshunos olimlari bu oyati karimani Qur'oni Karimning yuksak darajadagi balog`at va fasohatiga misol sifatida keltiradilar. Alloh taolo birgina oyatda ikkita buyruq — «emizaver» va «daryoga tashla», ikkita qaytarish — «qo`rqma», «xafa bo`lma», ikkita bashorat — «uni senga qaytaramiz» va «payg`ambarlardan qilguvchimiz» juftliklarini ishlatgandir. Onalari ko`ngillariga Alloh taolo ilhom etgan buyruqni bajardilar. Go`dakni sandiqqa solib, daryoga oqizib yubordilar.)","Bas, Fir'avn oilasi uni o`zlariga dushman va g`am-g`ussa bo`lishi uchun tutib oldilar. Albatta, Fir'avn, Homon va ikkovlarining askarlari xatokorlardan bo`lgan edilar.","Fir'avnning xotini: «(Bu bola) men uchun ham, sen uchun ham ko`z quvonchidir. Uni o`ldirmanglar. Shoyadki, u bizga foyda bersa yoki uni bola qilib olsak», dedi. Holbuki, ular sezmasdilar.","Musoning onasining qalbi bo`shab qoldi. Mo`minlardan bo`lishi uchun qalbini mustahkam bog`lamaganimizda, uni bildirib qo`yishiga sal qoldi.","U(ona) u(Muso)ning opasiga: «Izidan bor», dedi. Bas, uni bir chetdan ko`rdi. Holbuki, ular sezmasdilar.","Va bundan oldin unga emizguvchilarni harom qilgan edik. Bas, (opasi): «Men sizlarga uni siz uchun kafillikka oladigan va unga nasihatgo`y bo`lguvchi ahli baytni aytib beraymi?» dedi.","Bas, Biz uni onasiga ko`zi quvonchga to`lishi, xafa bo`lmasligi va, albatta, Allohning va'dasi haq ekanini bilishi uchun qaytardik. Lekin ko`plari buni bilmaslar.[1]###[1] (Alloh taolo O`zining hikmatli tadbiri ila Muso alayhissalomni onalariga qaytarib berdi. Oyatda ta'kidlanishicha, bundan quyidagi uchta maqsad ko`zlangan edi: Muso alayhissalom ila onalarining ko`zlari quvonishi. Onaning o`g`li Muso alayhissalom firoqi ila xafa bo`lmasligi. Muso alayhissalomning onalari Allohning va'dasi haq ekanini bilishlari. Chunki avval Alloh taolo u ayolga, Biz uni senga qaytarguvchimiz, deb va'da bergan edi. Ana o`sha va'dasini haq ila amalga oshirdi. Ha, Alloh taolo nimani va'da qilsa, uni albatta bajaradi. Shunday qilib, Muso alayhissalom oilalaridan ayrilmagan holda Fir'avnning qasrida tarbiya topa boshladilar.)","Qachonki u voyaga yetib, mukammal bo`lganida, unga hikmat va ilmni berdik. Biz yaxshi amal qilguvchilarni shunday mukofotlarmiz.[1]###[1] (Biz «voyaga yetib» deb tarjima qilgan «balag`a ashudda» iborasini arablar jismoniy jihatdan voyaga yetish, «mukammal bo`lganida» deb o`girgan «istavo» so`zini aqliy jihatdan kamolga yetish, deb tushunadilar. Hazrati Ibn Abbos roziyallohu anhumo: «Voyaga yetish o`n sakkizdan o`ttiz yoshgacha, mukammal bo`lish o`ttizdan qirqqacha», degan ekanlar.)","Va u shaharga uning aholisi g`aflatdalik paytda kirdi. Unda urishayotgan ikki kishini ko`rdi. Bunisi o`z guruhidan, unisi esa, dushmanlaridan edi. Bas, o`z guruhidan bo`lgan dushman bo`lganga qarshi undan yordam so`radi. Shunda Muso uni bir musht urib o`ldirib qo`ydi. U(Muso): «Bu shaytonning ishidir. Albatta, u ochiq-oydin dushman va yo`ldan ozdirguvchidir», dedi.[1]###[1] (Shahar aholisi g`aflatda bo`ladigan payt, tush vaqtidir. Issiq yurtlarda, jumladan, Misrda ham tush payti shahar va qishloq aholisi kunduzgi uyquda bo`ladilar. Muso alayhissalom biri o`z qavmi — Bani Isroildan, ikkinchisi dushman — Fir'avn qavmidan bo`lgan ikki kishining urishayotganini ko`rdilar. Bani isroillik kishi Muso alayhissalomdan qibtiyga qarshi yordam so`rar edi. «Shunda Muso uni bir musht urib o`ldirib qo`ydi». Muso alayhissalom qibtiyni umuman o`ldirmoqchi emas edilar. Uning o`lib qolganini ko`rib qattiq afsuslandilar.)","U: «Ey Robbim, albatta, men o`zimga zulm qildim. Bas, meni mag`firat qil», dedi. Shunda U zot uni mag`firat qildi. Albatta, Uning O`zi mag`firat qilguvchi, mehribondir.","U: «Ey Robbim, menga bergan ne'mating haqqi-hurmati, hargiz, jinoyatchilarga yordamchi bo`lmasman», dedi.","Bas, u ertalab shaharda qo`rqqan holida, alanglab ketayotgan edi, birdan, kecha undan yordam so`ragan yana yordam so`rab qichqirib qoldi. Muso unga: «Albatta, sen ochiq-oydin gumrohsan», dedi.","Qachonki ikkovlariga dushman bo`lganni tutmoqchi bo`lgan edi, u: «Ey Muso, kecha bir jonni o`ldirganing kabi, meni o`ldirmoqchimisan?! Sen yer yuzida faqat jabbor bo`lishni istarsan va isloh qilguvchilardan bo`lishni istamassan», dedi.","Va shaharning narigi chetidan bir kishi shoshib kelib: «Ey Muso, aniqki, a'yonlar seni o`ldirish uchun til biriktirmoqdalar. Bas, chiqib ket! Albatta, men senga nasihat qilguvchilardanman», dedi.","Bas, xavfsirab, alanglagan holda u yerdan: «Ey Robbim, menga zolim qavmlardan najot bergin», deb chiqdi.","Qachonki Madyan tomon yuzlanganida: «Shoyadki, Robbim meni to`g`ri yo`lga hidoyat qilsa», dedi.","Qachonki Madyan suviga yetib kelgach, bir to`p odamlarning hayvonlarini sug`orayotganini ko`rdi va ulardan boshqa (qo`ylarini suvdan) qaytarayotgan ikki ayolni ko`rdi. U: «Sizlarga ne bo`ldi?» dedi. Ular: «Cho`ponlar qaytmagunlaricha sug`ora olmaymiz, otamiz qari chol», dedilar.","Bas, ikkovlariga (hayvonlarini) sug`orib berdi. So`ngra soyaga qaytdi va «Ey Robbim, albatta, menga tushirajaging har bir yaxshilikka muhtojman», dedi.[1]###[1] (Muso alayhissalom haligi ikki ayolning hayvonlarini sug`orib berdilar. Buni o`zlarining erkak kishilik burchi, deb bildilar. Demak, kun issiq ekan. Avval ham soyada o`tirgan edilar. Lekin qiynalayotgan ikki ayolni ko`rib, g`oyatda charchagan, horib-tolgan, ochiqqan bo`lsalar ham, turib ularga yordam berdilar. Qaytib borib yana soyadan joy oldilar. Yana yolg`iz qoldilar. Yana muhojirlik g`urbatini his etdilar. Yolg`izning yori xudo, deb yana Robbul Olamiynga iltijo qilib: «Ey Robbim, albatta, menga tushirajaging har bir yaxshilikka muhtojman», dedilar.)","Bas, ikkovlaridan biri hayo bilan yurib kelib: «Otam senga bizlarga sug`orib berganing haqini berish uchun chaqirmoqda», dedi. Qachonki unga kelganida va qissani aytib berganida, u: «Qo`rqma, zolim qavmlardan najot topding», dedi.[1]###[1] (Qizlar otasiga hayvonlarini sug`orib bergan g`arib yigit haqida, uning mardligi, shijoatligi, yana o`zi yolg`iz soyada o`tirib qolganligi haqida so`zlab berishgan. O`shanda otalari qizlardan birini o`sha g`arib yigitni chaqirib kelish uchun yuboradi. Muso alayhissalom bu chaqiriqni qabul qilib, cholning oldiga boradilar. Muso alayhissalom uy egasiga boshlaridan o`tgan qissani gapirib berdilar. Ko`pni ko`rgan tajribali chol u kishining ko`nglini ko`tarib, qo`rqma, endi qutulib ketding, degan ma'noni aytdi.)","Ikki(qiz)dan biri: «Ey otajon, uni ishga yollab ol. Chunki, ishga yollanadigan eng yaxshi kimsa kuchli va ishonchli kimsadir», dedi.","U: «Menga sakkiz yil ishlab berishing sharti bilan, shu ikki qizimdan birini senga nikohlab bermoqchiman, agar o`n yilni tamomlasang, bu sening ishing. Men esa senga mashaqqat qilishni istamasman. Inshoalloh, mening solih kishilardan ekanimni ko`rasan», dedi.","U(Muso): «Bu men bilan sening oramizdadir. Ikki muddatdan qay birini ado qilsam ham, menga tajovuz qilinmas. Aytayotgan narsamizga Alloh vakildir», dedi.","Muso muddatni tugatib, ahli bilan yo`lga tushib ketayotib, Tur tomonda uzoqdan olovni ko`rib qoldi. U ahliga: «Turib turinglar, aniqki, men uzoqdan olovni ko`rdim. Balki, u yerdan sizga biror xabar yoki isinishingiz uchun bir tutam cho`g` olib kelarman», dedi.[1]###[1] (Muso alayhissalom qayinotasi bilan kelishgan muddatni o`tab, ahli ayollarini olib Misrga qaytish uchun yo`lga chiqdilar. Yo`lda, Siyna yarim orolidagi Tur tog`iga yaqinlashganda, tog` tomonda uzoqdan bir olov yonib turganini ko`rdilar.)","Bas, qachonki uning oldiga yetib kelganida, vodiyning o`ng tomonidan, muborak joydan, daraxtdan unga: «Ey Muso, albatta, Men, O`zim olamlarning Robbi Allohdirman.","Va asoingni tashla», deb nido qilindi. Qachonki uning katta ilon kabi qimirlayotganini ko`rgach, qaramasdan ortga qochdi. «Ey Muso, beri kel, qo`rqma, albatta, sen omonlikdagilardansan.[1]###[1] (Bu hol haqiqatda ajoyib edi. Bepoyon sahrodagi tog`ning o`ng tomonida, muborak bir joyda Alloh taolo farishtani ham o`rtaga qo`ymay, Muso alayhissalomga bevosita O`zi nido qilmoqda. Bu joy haqiqatda ham muborak bir joy edi. Bu payt, shubhasiz, muborak bir payt edi. Bu nido haqiqatda ham muborak bir nido edi.)","Qo`lingni yoqangdan (qo`ltig`ingga) suq, biron nuqsonsiz oppoq bo`lib chiqur va qo`rquvdan qanot(qo`l)ingni o`zingga tortib ol. Bas, shu ikkisi Robbingdan Fir'avn va uning odamlariga ikki hujjatdir. Albatta, ular fosiq qavm bo`ldilar», (deyildi).","U: «Ey Robbim, men ulardan bir jonni o`ldirganman, ular meni o`ldirishlaridan qo`rqaman.","Birodarim Horun mendan ko`ra tili burroroq, uni ham men bilan yubor, meni tasdiqlaydir. Zero, ular meni yolg`onchi qilishlaridan qo`rqurman», dedi.[1]###[1] (Men ulardan bani isroillik bilan urishayotgan qibtiyni bilmasdan, noxosdan o`ldirib qo`yganman. Fir'avn a'yonlari meni o`ldirish uchun til biriktirayotganlarida qochib ketganman. Endi yana kirib borsam, ularning eski adovati qo`zib meni o`ldirib qo`ysalar, diniy da'vat ishi nima bo`ladi, deb qo`rqaman. Mening tilimda bir oz duduqlik bor, og`am Horun esa, tili burro odam. Kofirlar bilan tortishuvlarda ish beradi. Uni ham men bilan birga payg`ambar qilib yubor. U ham men bilan birga payg`ambar bo`lib, meni tasdiqlasin.)","U zot: «Biz seni og`ang bilan quvvatlaymiz va ikkovingizga bir saltanat berurmizki, ular sizga yetisha olmaslar. Bizning oyatlarimiz ila ikkingiz va sizga ergashganlar g`olibdirsiz», dedi.[1]###[1] (Demak, Muso va Horun alayhimassalom hamda ularga ergashganlar g`olib bo`lishlari turgan gap. G`alabaga erishish uchun Allohning oyatlari bilan harakat qilinsa, bas. Shunday harakat bo`ldi ham.)","Bas, qachonki Muso ularga ochiq-oydin oyatlarimiz ila kelganida, ular: «Bu uydirma sehrdan boshqa narsa emas. Avvalgi ota-bobolarimizdan ham bu haqda eshitmagan edik», dedilar.[1]###[1] (Ko`zlariga ko`rinib turgan mo`'jizani, ko`zbo`yamachilik, sehrdan o`zga narsa emas, u uydirmadir, dedilar. Allohning Payg`ambariga qarshi, Allohning mo`'jizalariga qarshi bunday gapni aytishga biror dalil-hujjatlari bormidi? Albatta, yo`q edi. Ota-bobolaridan eshitmaganlari uchun Allohning Payg`ambarini yolg`onchi qilib, mo`'jizasani sehr deyishlari to`g`rimi?! Ularning ota-bobolari kim edi o`zi? Dunyoning oxirigacha bo`ladigan narsalarni ko`rsatib ketishganmi?!)","Va Muso: «Robbim O`z huzuridan kim hidoyat keltirganini ham, oxirat diyori oqibati kimga bo`lishini ham yaxshi bilguvchi Zotdir. Albatta, zolimlar najot topmaslar», dedi.[1]###[1] (Kufr keltirib, Allohning Payg`ambarini inkor etib, Allohning oyat-mo`'jizalarini sehr deb zulm qilganlar najot topmaslar.)","Va Fir'avn: «Ey, a'yonlar, men sizlarga o`zimdan boshqa iloh borligini bilmasman. Bas, ey, Homon, loyga o`t yoqib, men uchun bir baland qasr qur, shoyadki (unga chiqib) Musoning ilohini ko`rsam. Albatta, men uni yolg`onchilardan deb o`ylamoqdaman», dedi.[1]###[1] (Xudolik da'vosida bo`lgan ahmoq fir'avnlar o`ylamay, og`ziga nima kelsa gapiraveradi. Vaziriga nimani xohlasa, buyuraveradi. Homon loyga o`t yoqib g`isht pishirib, o`ta baland qasr qurarmish, Fir'avn unga chiqib, osmonda Allohni ko`rar emish. Alloh osmonda sening chiqishingga qarab turadigan zotmidi?! Senga o`xshagan iflos Allohning dargohiga bora olarmidi?! Osmon senga o`xshash bandalar uchun Alloh taolo tomonidan yaratilgan bir narsa-ku, nima uchun Allohni osmon bilan chegaralab qo`ymoqchisan?! Ushbu savollar ham o`zini xudo sanayotgan Fir'avning naqadar esi past ekanini tushunishga yordam beradi. O`sha esi past maxluq o`zining ahmoqona gapi bilan Alloh yuborgan Payg`ambar Muso alayhissalomni yolg`onchiga chiqarmoqda.)","U(Fir'avn) va uning askarlari yer yuzida nohaqdan takabburlik qildilar hamda o`zlarini Bizga qaytarilmaslar deb gumon qildilar.","Bas, Biz uni va uning askarlarini tutdik va dengizga otdik. Endi zolimlarning oqibati qandoq bo`lganiga nazar sol.","Va ularni do`zaxga chaqiradigan peshvolar qildik. Qiyomat kuni esa, ularga yordam berilmas.[1]###[1] (Axir, bu dunyodan nohaq takabburlik qilib, do`zaxga da'vat bo`yicha peshvolik bilan o`tgan bo`lsalar, ularga qanday qilib yordam berilishi mumkin?)","Va bu dunyoda ularga la'natni ergashtirib qo`ydik. Qiyomat kuni esa, ular (rahmatdan) yiroq qilinganlardandir.","Batahqiq, Biz avvalgi asrlarni halok qilganimizdan so`ng Musoga odamlar uchun nur, hidoyat va rahmat qilib kitobni berdik. Shoyadki, ular eslasalar.","Biz Musoga ishni hukm qilgan paytimizda sen g`arbiy tomonda emas eding va guvohlardan ham bo`lmagansan.[1]###[1] (Ey Muhammad! Musoga payg`ambarlikni, Tavrot va uning hukmini bergan paytimizda Tur tog`ining g`arbiy tomonida yo`q eding. Bu ishga guvohlardan ham bo`lmagansan.)","Lekin Biz bir necha asrlarni paydo qildik, bas, ularning umri cho`zildi. Sen Madyanda turib, ularga oyatlarimizni tilovat qilib berganing yo`q. Ammo Biz Payg`ambar yuborguvchi bo`ldik.","Biz nido qilgan chog`imizda Turning yonida yo`q eding. Lekin Robbingdan rahmat sifatida sendan oldin ogohlantirguvchi kelmagan qavmni ogohlantirish uchun (qissalarni senga bildirdik). Shoyadki, eslasalar.[1]###[1] (Ya'ni, Biz Musoga Tur tog`ining yonida nido qilganimizda sen u yerda yo`q eding. Ammo Biz u yerda bo`lib o`tgan qissani senga bildirdik. Bu ish sendan oldin ogohlantirguvchi-payg`ambar kelmagan qavmni ogohlantirishing uchun Robbingning senga bergan rahmatidir. Shoyadki ushbu qissalar ta'sirida ular eslashlari lozim bo`lgan narsalarni esga olsalar.)","Agar ularga qilmishlari tufayli musiybat yetganida: «Ey Robbimiz, bizga Payg`ambar yuborganingda edi, oyatlaringga ergashar edik va mo`minlardan bo`lar edik», demasalar edi.","Qachonki ularga bizning huzurimizdan haq kelganida, ular: «Unga ham Musoga berilgan narsa berilsa edi», dedilar. Ular ilgari Musoga berilgan narsaga kufr keltirmagan edilarmi?! Ular: «Ikki sehr o`rtaga chiqdi, bir-biriga yordam bermoqda, biz har biriga kufr keltirguvchimiz», dedilar.[1]###[1] (Ha, Muhammad alayhissalotu vassalomdan ilgari ular Muso alayhissalomga tushgan narsaga ham kufr keltirgan edilar. Endi bo`lsa, Muhammad alayhissalotu vassalomga iymon keltirmasliklariga Muso alayhissalomga berilgan narsaga o`xshash narsa u kishiga berilmaganini sabab qilib turibdilar. Ular «ikki sehr» deb Tavrot bilan Qur'onni nazarda tutishyapti. Tavrot ham, Qur'on ham sehrdir, ular birga o`rtaga chiqib, bir-biriga yordam bermoqda, biz har ikkisiga ham kufr keltiruvchilarmiz, deyishyapti.)","Sen: «Agar rostgo`ylardan bo`lsangiz, Allohning huzuridagi u ikkisidan ko`ra to`g`riroq bir kitob keltiring, men unga ergashaman», degin.","Agar senga javob bera olmasalar, bas, bilginki, ular faqat havoyi nafslariga ergashmoqdalar, xolos. Allohdan bo`lgan hidoyatsiz, o`z havoyi nafsiga ergashgandan ko`ra ham gumrohroq kimsa bormi?! Albatta, Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas.[1]###[1] (Qur'onga ergashmagan har bir kimsa havoi nafsi yo`lida yurgan bo`ladi. Havoi nafsi ixtiyoridagi har bir kimsa dunyodagi eng gumroh kimsadir. Agar bunga e'tiroz bo`lsa, Qur'ondan ko`ra to`g`riroq kitobni keltirsin!)","Batahqiq, Biz ularga gapni yetkazib qo`ydik. Shoyadki, eslasalar.","U(Qur'on)dan oldin kitob berilganlar unga iymon keltirurlar.[1]###[1] (Bu oyati karima tushgan paytda yahudiylardan ham, masihiylardan ham iymon keltirib, mo`min-musulmon bo`lgan kishilar bor edi. Oyatda ana shunga ishora qilinmoqda.)","Ularga tilovat qilingan chog`da: «Biz unga iymon keltirdik. Albatta, u Robbimizdan kelgan haqdir. Albatta, biz bundan oldin ham musulmon edik», dedilar.","Ana o`shalarga sabr qilganlari uchun ajrlari ikki marta berilgan. Ular yaxshilik ila yomonlikni daf' qilurlar va ularga rizq qilib bergan narsalarimizdan nafaqa qilurlar.","Qachonki behuda narsa eshitsalar, undan yuz o`girib: «Bizga o`z amallarimiz, sizga o`z amallaringiz, omon bo`linglar, biz johillarni istamasmiz», dedilar.","Albatta, sen o`zing sevgan kishingni hidoyat qila olmassan. Lekin Alloh kimni xohlasa, o`shani hidoyat qiladir. U hidoyatga yuruvchilarni yaxshi bilguvchi Zotdir.[1]###[1] (Demak, odamlarni hidoyat qilish faqat Alloh taoloning izmidadir. Allohdan boshqa hech kim, hatto oxirzamon Payg`ambari alayhissalotu vassalomning ham bu ishga qurblari yetmaydi. Agar u zot alayhissalotu vassalom biror kishini hidoyat qilish imkoniga ega bo`lganlarida, amakilari Abu Tolibni hidoyat qilgan bo`lar edilar. Ammo buning imkoni bo`lmadi. Abu Tolib hidoyatga muyassar bo`lmay dunyodan o`tdi. Bunga Rasuli Akram alayhissalotu vassalom qattiq afsus chekdilar. Alloh taolo esa, bu haqda Payg`ambariga ushbu oyatdagi bayonotni berdi.)","Ular: «Agar sen bilan hidoyatga ergashsak, o`z yerimizdan yulib olinamiz», dedilar. Biz ularga omonlik haramini makon qilib bermadikmi?! U yerga har narsaning mevalari Bizning dargohimizdan rizq o`laroq yig`iladi-ku! Ammo ko`plari bilmaslar.","Biz maishatlari haddan oshgan qanchadan-qancha yurtlarni halok qildik. Bas, anavilar ularning maskanlari, ulardan keyin maskan qilinmadi, illo, ozginasi, xolos. Va Biz O`zimiz voris bo`lib qoldik.","Robbing shahar-qishloqlarni, to ular orasiga ularga oyatlarimizni tilovat qiladigan Payg`ambar yubormasdan turib, halok qiluvchi bo`lmagan. Biz shahar-qishloqlarni faqat ahli zolim bo`lgan holdagina halok qilguvchi bo`lganmiz.[1]###[1] (Alloh taoloning odati shuki, insonlarga jon, aql-idrok berib qo`ysa ham, yana payg`ambar orqli ogohlantirmasdan turib ularni halok qilmaydi. Payg`ambarni qachon va qayerga yuborishni O`zi biladi. Mana, Makka ahliga ham payg`ambar kelmagan edi. Endi Muhammad alayhissalotu vassalomni yubordi. U kishini faqat Makka ahliga emas, balki barcha makon va zamonlarga ogohlantirguvchi payg`ambar qilib yubordi.)","Va sizga berilgan narsalar bu dunyoning matohi va ziynati, xolos. Allohning huzuridagi narsa yaxshiroq va boqiydir. Aql ishlatmaysizlarmi?","Biz unga go`zal va'da qilgan, keyin o`shanga erishuvchi kishi, bu hayoti dunyo matohini berganimizdan so`ngra qiyomat kuni (azobga) hozir qilinganlardan bo`lgan kishi kabi bo`larmidi?![1]###[1] (Bu oyati karimada mo`min bilan kofir bir-birlariga solishtirib ko`rsatilmoqda. Bir tomonda mo`min kishi. Unga Alloh taolo mo`minligi uchun bu dunyoda go`zal yashashni, u dunyoda go`zal jannatga ega bo`lishni va'da qilgan. Ikkinchi tomonda kofir kishi. Alloh taolo unga hayoti dunyoning ozgina matohini bergan. Keyin u dunyoda azoblash uchun do`zaxni tayyorlab qo`yadi. Xo`sh, shu ikki kishini o`zaro teng deya olamizmi? Albatta, yo`q!)","U zot ularni chaqirgan kunida: «Siz da'vo qilgan Mening «sherik»larim qani?!» der.","Ustilariga so`z(langan azob) tushishi haq bo`lganlar: «Ey Robbimiz, anavi yo`ldan ozdirganlarimizni o`zimiz yo`ldan ozganimizdek ozdirganmiz. Senga o`zimizni oqladik. Ular bizga ibodat qilgan emaslar», derlar.","Va: «Mening «sherik»larimni chaqiringlar», deyilur. Ular chaqirurlar. Bas, (soxta xudolari) ularga javob bermaslar. Va, azobni ko`rurlar. Koshki, hidoyat topgan bo`lganlarida edi![1]###[1] (Qani, u dunyoda ibodat qilib yurgan xudolarini endi chaqirsinlar, ularga yordam berishsin. Hozir yordam berishmasa, qachon yordam berishadi? Mushriklar Allohga sherik qilgan soxta xudolarini chaqiradilar. «Bas, (soxta xudolari) ularga javob bermaslar». Bu dunyoda javob bera olmagan soxta xudolar u dunyoda javob bera bilarmidi? Demak, mushriklarning umidlari uzildi. Ana shunda ular «azobni ko`rurlar».)","U kunda U zot ularga nido qilib: «Payg`ambarlarga nima deb javob berdingiz?» der.","Ana o`sha kunda xabarlar ulardan maxfiy bo`lur va ular bir-birlaridan so`ray olmaslar ham.","Ammo tavba qilgan, iymon keltirib, solih amallarni qilgan kishi, shoyadki, najot topguvchilardan bo`lsa.","Va Robbing xohlaganini yaratib, xohlaganini ixtiyor qilur. Ularda ixtiyor haqqi yo`qdir. Ular shirk keltirayotgan narsalardan Alloh pok va yuksakdir.","Va, Robbing ularning qalblari yashirayotgan narsalarni ham, oshkor qilayotgan narsalarni ham bilur.","U Alloh Undan boshqa ibodatga sazovor iloh yo`q Zotdir. Bu dunyoda va oxiratda barcha hamd Ungadir. Hukm ham Uning O`zigadir va Ungagina qaytarilursizlar.","Sen ularga: «Ayting-chi, agar Alloh kechani qiyomat kunigacha doimiy qilib qo`ysa, Allohdan o`zga qaysi iloh sizga yorug`lik keltira olur? Eshitmaysizlarmi?!» deb ayt.","Sen ularga: «Ayting-chi, agar Alloh kunduzni qiyomat kunigacha doimiy qilib qo`ysa, Allohdan o`zga qaysi iloh sizlarga orom oladiganingiz kechani keltira oladi?! Ko`rmaysizlarmi?!» deb ayt.","U zot O`z rahmati ila sizlarga kecha va kunduzni orom olishingiz va O`z fazlidan talab qilishingiz uchun paydo qildi. Shoyadki, shukr keltirsangiz.","U kunda U zot ularga nido qilib: «Sizlar da'vo qilgan «sherik»larim qani?» der.","Va har bir ummatdan bir shohid chiqarib: «Hujjatlaringizni keltiring!» degaymiz. Bas, ular haq Allohga ekanini bilurlar va o`zlari uydirib yurgan narsalari g`oyib bo`lur.[1]###[1] (Qiyomat kunida Alloh taolo har ummatning payg`ambarini guvoh sifatida chiqarib olib, ummatlarga, mening sherigim borligi haqida qilgan da'volaringizga hujjatlaringizni keltiring, deydi. Ularning o`zlari o`ylab topgan soxta xudolari g`oyib bo`lib qoladi. Ana o`shanda sharmandalari chiqadi.)","Albatta, Qorun Muso qavmidan bo`lib, ularga takabburlik qildi. Biz unga kalitlari bir guruh quvvatlilarga ham og`irlik qiladigan xazinalarni bergan edik. O`shanda qavmi unga: «Hovliqma, albatta, Alloh hovliqqanlarni suymas.[1]###[1] (Demak, Qorun Muso alayhissalomning, ya'ni Bani Isroil qavmidan bo`lib, qavmiga takabburlik qilgan. Qorun katta boylikka uchib, qavmiga takabburlik qildi. Molu mulki shu darajada ko`p ediki, xazinalarining kalitlarini ko`tarish bir to`da kuchli odamlarga ham og`irlik qilar edi. O`sha vaqtda shunchalik molga egalik uni hovliqtirib yuboradi. Shu sababli, o`z qavmiga takabburlik qiladi.)","Va Alloh senga bergan narsa bilan oxiratni izlagin, bu dunyodagi nasibangni ham unutma. Alloh senga yaxshilik qilganidek, sen ham yaxshilik qil. Yer yuzida buzg`unchilikni izlama. Albatta, Alloh buzg`unchilarni suymas», dedilar.[1]###[1] (Alloh taolo bergan molu dunyoga qanday munosabatda bo`lish kerakligi ushbu oyati karimada o`z aksini topgan. Musulmon banda qo`liga molu dunyo tushganda o`zini xuddi shu oyatga mos tutmog`i lozim. Musulmon odam, avvalo, Alloh bergan molu dunyo bilan oxiratni izlashga intiladi. Ya'ni, molu mulkini shariatda ko`rsatilgan, oxiratda foyda beradigan joylarga sarflaydi. Harom-xarish, gunoh, fisqu fujur va behuda ishlarga sarf etmaydi. Chunki behuda ishlarga sarflangan molu dunyo bu dunyoda ham, u dunyoda ham foyda bermaydi. Aksincha, ikki dunyoda ham ziyon keltiradi. Lekin musulmon odam oxiratni o`ylab, bu dunyosini tark qilib-unutib ham yubormaydi.)","U (Qorun): «Menga u faqat o`zimdagi ilm tufayligina berilgandir», dedi. Alloh undan oldingi asrlarda undan ko`ra quvvatliroq, undan ko`ra ko`proq (mol) to`plaganlarni(ham) albatta halok etganini u bilmasmidi?! Gunohkorlardan gunohlari haqida so`rab o`tirilmas.","Bas, u (Qorun) qavmi huzuriga zebu ziynati ila chiqdi. Hayoti dunyoni xohlaydiganlar: «Qani endi bizga ham Qorunga berilgan narsadan bo`lsa edi. Haqiqatan, u ulug` nasiba egasidir», dedilar.[1]###[1] (Molu dunyosiga ishonib mutakabbirlik bilan g`ururga ketgan, dunyoda buzg`unchilik qilishga uringan, noshukr odamga faqat hayoti dunyoni o`ylaydigan kishilargina havas qilishi mumkin. Ushbu dunyoning besh kunlik matohiga erishishdan boshqa maqsadi yo`qlargina o`sha tug`yonkor, buzg`unchiga o`xshagan bo`lishni orzu qilishi mumkin. Ana o`shalargina g`ururga ketgan mazkur mutakabbirni «ulug`» nasiba egasi, deyishi mumkin.)","Ilm berilganlar esa: «Voy bo`lsin sizlarga! Iymon keltirib, solih amallarni qilganlar uchun Allohning savobi yaxshidir. Unga faqat sabr qilganlargina erishurlar», dedilar.","Bas, Biz uni va uning hovli-joyini yerga yuttirdik. Unga Alloh(azobi)dan yordam beradigan guruh ham bo`lmadi, uning o`zi nusratga erishguvchilardan ham bo`lmadi.[1]###[1] (Hammasi oddiygina tugadi. Qorunni ham, hovli-joyini ham yer yutdi-qo`ydi. Qorun ham, uning boyliklari ham, kibru havosi ham yo`q bo`ldi-ketdi. Qorunga Allohning azobi kelganida unga yordam beruvchi topilmadi. Uning o`zi ham ilmi ila, molu dunyosi ila o`zini qutqarib qola olmadi.)","Va kechagina uning makonini orzu qilayotganlar: «Voajab, Alloh bandalaridan O`zi xohlaganlariga rizqini keng yoki tor qiladiganga o`xshaydir. Agar Alloh bizga lutf qilmaganida, bizni ham yerga yuttirar edi. Voajab, kofirlar najot topmaydiganga o`xshaydi-ku!» deyishga o`tdilar.[1]###[1] (Hayoti dunyoga berilgan g`ofillarning ko`zi shunga o`xshash falokatlar vaqtida ochilishi mumkin. Qorunni va uning hovli-joyini yer yutganidan keyingina unga havas qilayotgan hayoti dunyo ixlosmandlarining ko`zi ochildi.)","Biz o`sha oxirat diyorini yer yuzida takabburlik va buzg`unchilikni istamaydiganlar uchun qilurmiz. Oqibat taqvodorlarnikidir.[1]###[1] (O`sha ilmlilar aytgan oxirat diyorini Yer yuzida Qorun kabi takabburlik va buzg`unchilik qilmaganlar, ularning Yer yuzida bo`lishini istamaydiganlarga beramiz. Kim taqvodor bo`lsa, oqibat yaxshi bo`ladi.)","Kim bir yaxshilik keltirsa, unga undan ko`ra xayrliroq (mukofot) bor. Kim bir yomonlik keltirsa, yomonlik qilganlar faqat qilganlariga yarasha jazolanurlar.[1]###[1] (Ya'ni, yaxshilikning savobi ko`paytirib beriladi. Yomonlik esa, o`z holicha jazoga tortiladi. U ko`paytirilmaydi.)","Senga Qur'onni farz qilgan Zot, albatta, seni qaytar joyga qaytarguvchidir. Sen: «Robbim hidoyat keltirgan shaxsni ham va ochiq-oydin gumrohlikdagi shaxsni ham yaxshi bilguvchidir», deb ayt.[1]###[1] (Sen ona yurtingdan hijrat qilib ketishga majbur bo`layotganingdan o`kinma. Senga Qur'on tilovati va unga amal qilishni farz qilgan Zot — Alloh, albatta, seni qaytar joyga — Makkaga yana qaytarguvchidir.)","Sen o`zingga kitob tushirilishidan umidvor ham emas eding. Illo, Robbing rahmati bo`lib (tushdi). Bas, hargiz kofirlarga yordamchi bo`lma.","Va seni ular senga tushirilgan Allohning oyatlaridan hargiz to`smasinlar. Robbingga da'vat qil. Aslo mushriklardan bo`lma.","Allohdan o`zga hech bir ilohga iltijo qilma. Undan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q. Undan o`zga har bir narsa halok bo`lguvchidir. Hukm Uning O`zigaginadir va faqat Ungagina qaytarilursiz.[1]###[1] (Sen ularning gap-so`zlariga, xohish-istaklariga qarab o`tirma. Allohning oyatlariga amal qilishda davom etaver.)","Alif. Laam. Miym.","Odamlar «iymon keltirdik» deyishlari ila imtihon qilinmay tark etilishlarini o`yladilarmi?[1]###[1] (Iymon kalimasini og`izda aytish oson. Har kim ham, iymon keltirdim, deb aytaverishi mumkin. Ammo til bilan aytilgan kalima dildan chiqqanmi yoki yo`qmi, buni aniqlash uchun banda sinov-imtihondan o`tishi kerak.)","Va, batahqiq, Biz ulardan oldingilarni ham imtihondan o`tkazganmiz. Bas, Alloh, albatta, sodiq bo`lganlarni ham bilajak, yolg`onchilarni ham bilajak.","Yoki yomonliklarni qiladiganlar bizdan qochib qutulishni o`ylaydilarmi? Qilgan hukmlari qanday ham yomon-a?!","Kim Allohga ro`baro` bo`lishdan umidvor bo`lsa, albatta, Alloh belgilagan vaqt kelguvchidir. U o`ta eshitguvchi va o`ta bilguvchidir.","Kim jihod qilsa, bas, albatta, o`z foydasi uchun jiddu jahd qilur. Albatta, Alloh barcha olamlardan behojatdir.","Iymon keltirib, yaxshi amallar qilganlarning yomonliklarini albatta o`chirurmiz va ularni qilgan amallarining eng yaxshisi ila mukofotlarmiz.","Va insonga ota-onasiga yaxshilik qilishni tavsiya qildik. Agar ular sening o`zing bilmagan narsani Menga shirk keltirishing uchun jihod qilsalar, bas, ularga itoat qilma. Qaytishlaringiz Mengaginadir. Bas, sizlarga qilgan narsalaringiz xabarini berurman.","Iymon keltirib, yaxshi amallar qilganlarni solihlar qatoriga qo`shurmiz.","Va odamlardan, Allohga iymon keltirdik, deydigan, so`ngra Allohning yo`lida ozorlansa, odamlarning fitnasini Allohning azobidek qabul qiladiganlari ham bor. Agar Robbing tomonidan nusrat kelsa, ular, albatta, biz siz bilan birga edik, derlar. Alloh olamlarning ko`ksilaridagi narsalarni o`ta bilguvchi Zot emasmi?![1]###[1] (Bunday odamlar, iymon kalimasini aytsak bo`ldi, hamma narsa o`z-o`zidan bo`laveradi, hech qanday yomonlik yetmaydi, deb tasavvur qiladilar. Odamlarning fitnasini Allohning azobi deb biladi. Chiday olmay, turli holatlarga tushadi va iymondan qaytadi.)","Albatta, Alloh iymon keltirganlarni ham yaxshi bilur, munofiqlarni ham yaxshi bilur.","Va kufr keltirganlar iymon keltirganlarga: «Bizning yo`limizga ergashinglar, xatolaringizni biz ko`taraylik», derlar. Holbuki, ular alarning xatolaridan hech bir narsani ko`targuvchi emaslar. Albatta, ular yolg`onchilardir.","Albatta, ular o`z yuklarini ham, u yuklar bilan birga boshqa yuklarni ham ko`tarurlar. Albatta, qiyomat kunida uydirib yurgan narsalari haqida so`ralurlar.[1]###[1] (Oyatdagi «yuk»dan murod gunohdir. Albatta, kofirlar gunohlari yukini ko`taradilar, shu bilan birga, o`z ig`volari bilan yo`ldan urgan odamlarning gunohlarini ham ko`tarurlar. Ammo bu narsa ularning ig`vosiga uchganlarning gunohini yengillatmaydi, ular ham qilmishlariga yarasha jazolarini tortadilar.)","Va, batahqiq, Biz Nuhni qavmiga Payg`ambar etib yubordik. Bas, u ular ichida ellik yili kam ming yil turdi. So`ngra ularni zolim bo`lgan hollarida to`fon oldi.[1]###[1] (Bir odamning ming yildan ortiq hayot kechirgani ko`plarga g`alati tuyulishi mumkin. Lekin bu narsa inkor qilib bo`lmaydigan haqiqatdir. Qur'oni Karimda kelgan xabarni inkor qilgan odam kofir bo`ladi. Ayni choqda, bu hol aql tarozusida tortsa bo`ladigan oddiy bir ish. Qadimda kishilarning umrlari uzun bo`lgani hammaga ma'lum. Buning ustiga, oz sonli jonzotlarning umri uzun, adadi ko`plarniki qisqa bo`lishi ham tajribada ko`rilgan. Nuh alayhissalom insoniyat to`fon tufayli qirilib ketgan bir davrda yashaganliklari e'tiborga olinsa, mazkur umruzoqlik oddiy bir hol ekani bilinadi.)","Bas, Biz u(Nuh)ga va kema sohiblariga najot berdik va u(kema)ni olamlarga oyat-belgi qildik.","Va Ibrohimni (yubordik). O`shanda u o`z qavmiga: «Allohga ibodat qilinglar va Unga taqvo qilinglar. Bunday qilishingiz, agar bilsangiz, siz uchun yaxshidir.[1]###[1] (Ibrohim alayhissalom qavmlariga ilohiy da'vatni juda sodda qilib tushuntirdilar. Allohga ibodat qilinglar, boshqaga emas, Allohdan qo`rqinglar, boshqadan emas, dedilar. Demak, qiladigan har bir ishingiz Allohning roziligini topish uchun bo`lsin. Har lahzada Allohga taqvo qilib turing. Ana shunda maqsadga erishasiz.)","Albatta, sizlar Allohni qo`yib, butlarga ibodat qilmoqdasiz va uydirmalar to`qimoqdasiz, xolos. Albatta, Allohdan o`zga ibodat qilayotgan narsalaringiz sizga rizq berishga molik emaslar. Rizqni Allohning huzuridan istanglar. Unga ibodat va shukr qilinglar. Ungagina qaytarilursiz.","Agar sizlar yolg`onchi qilsangiz, bas, sizdan oldingi ummatlar ham yolg`onchi qilganlar. Payg`ambar zimmasida ochiq-oydin yetkazishdan boshqa narsa yo`q», dedi.","Alloh maxluqni avval boshdan qanday yaratishini, so`ngra uni yana qaytarishini ko`rmaydilarmi?! Albatta, bu Alloh uchun osondir.[1]###[1] (Har lahzada Alloh taolo turli mavjudotlarni yo`qdan bor qilayotgani ko`riladi. Dunyoda paydo bo`layotgan har bir yangi narsani Alloh taolo yaratayotgani aniq. Buni tushunib yetmoq lozim. O`sha yangi paydo bo`layotgan maxluqotlardan, mavjudotlardan eng kichigini, eng soddasini, eng oddiyini ham odamzot yarata olmaydi. Barcha insonlar to`planib urinsalar ham, bu ishning uddasidan chiqa olmaydilar. Bu ham tajribadan o`tgan haqiqat. Inson endi shu haqiqatni tan olishi lozimki, ana o`sha barcha maxluqotlarni yo`qdan bor qilgan Zotga ularni qiyomatda yana qayta tiriltirish juda ham oson. Chunki yo`qdan bor qilgan Zotga borni qaytarish hech gap emas.)","Sen: «Er yuzida sayr etib yuringlar va maxluqotlarni U zot avval boshdan qanday yaratganiga nazar solinglar. So`ngra Alloh oxirat hayotini paydo qilur. Albatta, Alloh har bir narsaga qodirdir», deb ayt.","Kimni xohlasa, azoblaydir, kimni xohlasa, rahim qiladir. Ungagina qaytarilursiz.","Siz na yer yuzida va na ko`kda U zotni ojiz qoldirguvchi emassiz. Sizga Allohdan o`zga do`st ham, yordamchi ham bo`lmas.[1]###[1] (Ciz Yer yuzida ham, ko`kda ham Allohni ojiz qoldirib, qochib qutula olmaysiz. Unga qaytib borishingiz, jazoingizni olishingiz turgan gap.)","Allohning oyatlariga va Unga ro`baro` bo`lishga kufr keltirganlar, ana o`shalar Mening rahmatimdan noumid bo`ldilar. Ana o`shalarning o`zlariga alamli azob bor.[1]###[1] (Ha, bu dunyoda faqat kofirgina Allohning rahmatidan noumid bo`ladi. Chunki u o`zining kofirligi tufayli Alloh bilan bo`lgan aloqasini uzadi. )","Uning qavmining javobi: «Uni o`ldiringlar yoki o`tda yoqinglar!» deyishlaridan boshqa narsa bo`lmadi. Bas, Alloh uni o`tdan qutqardi. Albatta, bunda iymon keltiradigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir.","U: «Sizlar, albatta, hayoti dunyodagi o`zaro do`stligingiz uchun Allohni qo`yib, butlarni tutdingiz. So`ngra, qiyomat kunida ba'zingiz ba'zingizga kufr keltirursiz va ba'zingiz ba'zingizni la'natlarsiz. Va joyingiz do`zaxdir. Hamda sizga nusrat berguvchilar bo`lmas.","Bas, unga Lut iymon keltirdi va: «Albatta, men Robbimga hijrat qilguvchiman. Albatta, U Aziyz va Hakiymdir», dedi.[1]###[1] (Ya'ni, Ibrohim alayhissalomga Lut iymon keltirdi. Lut alayhissalom Ibrohim alayhissalomga jiyan bo`lar edi. Lut alayhissalom amakilari Ibrohim alayhissalomga iymon keltirgan birinchi odam bo`ldilar. Shuningdek, Ibrohim alayhissalomga xotinlari Bibi Sora ham iymon keltirgan edilar. Tafsirchi ulamolarimiz oyatdagi «Albatta, men Robbimga hijrat qilguvchiman» jumlasini kim aytgani to`g`risida ikki xil fikr bildirganlar. Ba'zilari, bu gapni Lut alayhissalom aytgan, desalar, ko`plari, Ibrohim alayhissalom aytgan, deydilar. Nima bo`lganda ham, Allohga hijrat qilish, dunyodagi barcha narsani tashlab, Alloh taologa tomon intilish tuyg`usi Ibrohim alayhissalomda ham, Lut alayhissalomda ham kuchli bo`lgan. Alloh taoloning aziz-g`olib, barchadan ustun ekanligiga va har narsani hikmat bilan qilishiga ham ularning ishonchlari yuqori darajada bo`lgan.)","Biz unga Is'hoqni va Ya'qubni baxsh etdik va Payg`ambarlik hamda kitobni uning zurriyotida bo`ladigan qildik. Unga bu dunyoda ajrini berdik. Albatta, u oxiratda solihlardan bo`lgay.","Va Lutni (ham yubordik). O`shanda u o`z qavmiga: «Albatta, siz o`zingizdan oldin o`tgan olamlardan hech kim qilmagan fohisha ishni qilmoqdasiz.","Sizlar erkaklarga yaqinlik qilib, yo`lni kesasizmi va yig`inlaringizda munkar ish qilurmisiz?!» dedi. Uning qavmining javobi: «Agar rostgo`ylardan bo`lsang, bizga Allohning azobini keltir», deyishdan boshqa bo`lmadi.","U: «Ey Robbim, menga buzg`unchi qavmlarga qarshi O`zing nusrat ber», dedi.[1]###[1] (Bu buzg`unchi qavmga hech qanday nasihat, da'vat foyda bermadi. Endi, ularga qarshi Allohning O`zi nusrat bermasa, boshqa iloj yo`q edi. Alloh Lut alayhissalomning bu duolarini qabul etdi. Fohishachi qavmni halok qilish uchun farishtalarni yubordi. O`sha farishtalarga yo`l-yo`lakay Ibrohim alayhissalomga farzand ko`rishlari haqidagi bashorat-xushxabarni yetkazish ham topshirilgan edi. Shu maqsad ila ular avval Ibrohim alayhissalom huzurlariga keldilar.)","Bizning elchilarimiz Ibrohimga xushxabarni keltirishganida: «Albatta, biz ushbu shahar ahlini halok qilguvchidirmiz. Albatta, uning ahli zulm qilguvchilardan bo`ldilar», dedilar.","U: «Unda Lut bor-ku?!» dedi. Ular: «Biz unda kim borligini yaxshi bilurmiz. Biz, albatta, unga va uning ahliga najot berurmiz. Magar, uning xotini halok bo`lguvchilardan bo`lgandir», dedilar.","Elchilarimiz Lutga kelishganida, u ular sababli mahzun bo`ldi va kelishlaridan yuragi siqildi. Ular: «Sen xavfsirama va mahzun ham bo`lma, albatta, biz seni va ahlingni qutqarguvchilarmiz. Magar, xotining halok bo`lguvchilardan bo`lgandir.[1]###[1] (Lut alayhissalomning Alloh yuborgan farishtalarni ko`rib xafa bo`lishlariga sabab bor edi. Avvallo, elchi-farishtalar navqiron husnli yigitlar qiyofasida kelgan edilar. Qolaversa, Lut alayhissalom ularning elchi-farishtalar ekanidan hali-hanuz xabar topmagan edilar. Shuning uchun yosh va chiroyli mehmon yigitlarga jinoyatchi qavm tajovuz qilib, mezbon Lut alayhissalomni sharmanda etishlari mumkin edi. Shu sababli Lut alayhissalom ularni ko`rib mahzun bo`ldilar va yuraklari siqildi.)","Albatta, biz ushbu shahar aholisi boshiga, fosiqlik qilganlari tufayli, osmondan azob tushirguvchimiz», dedilar.","Batahqiq, Biz undan aql yuritguvchi qavmlar uchun ochiq-oydin oyat-belgilar qoldirganmiz.[1]###[1] (Lut qavmidan, ular yashab o`tgan diyordan ularning jinoyatlari oqibati nima bilan tugaganini eslatib turuvchi nishonalar qoldirilgandir. Bu nishonalar o`sha qavm haqidagi qissa, oyat va esdaliklar bo`lishi mumkin. Shuningdek, ular yashab o`tgan yurtning qoldiqlari ham bo`lishi mumkin. O`lik dengiz hududida Sadum shahrining qoldiqlari topilgan, hozirda ko`pchilik borib ko`rmoqda.)","Va Madyanga birodarlari Shu'aybni (yubordik). Bas, u: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling, oxirat kunidan umidvor bo`ling va yer yuzida buzg`unchilik ila harakat qilib yurmang», dedi.[1]###[1] (Shuayb alayhissalom ham, Ibrohimg alayhissalomnin zurriyotlaridan chiqqan arablardandirlar.)","Bas, uni yolg`onchiga chiqardilar. Shunda ularni bir silkinish tutdi va diyorlarida cho`kkalab qoldilar.[1]###[1] (Madyan ahlining qay tarzda halokatga uchragani haqidagi xabar tafsiloti boshqa suralarda o`tdi. Avval ularga qattiq va dahshatli ovoz kelib, qalblarini yorib yubordi. Keyin kuchli zilzila bo`lib, ularni tutdek to`kib qo`ydi. Hammalari turgan joylarida cho`kkalab qolib, halok bo`ldilar. Bu halokat ularning iymon yo`liga yurmaganliklarining jazosi edi.)","Va Od va Samudni (ham halok etdik). Batahqiq, bu sizga ularning maskanlaridan ayon bo`lib turibdi. Shayton ularga amallarini ziynatlab ko`rsatib, ularni yo`ldan to`sdi. Holbuki, ular ko`rib-bilib turguvchi edilar.","Qorun, Fir'avn va Homonlarni (ham halok qildik). Batahqiq, Muso ularga ochiq-oydin hujjatlar keltirdi. Bas, ular yer yuzida mutakabbirlik qildilar va qochib qutulguvchi bo`lmadilar.","Ulardan har birini gunohi tufayli tutdik. Bas, ulardan ba'zilari ustiga tosh yog`dirdik, ba'zilarini qichqiriq ushladi, ba'zilarini yerga yuttirdik va ba'zilarini g`arq qildik. Alloh ularga zulm etguvchi bo`lmadi, lekin ular o`zlariga zulm etdilar.","Allohni qo`yib, o`zga do`stlar tutganlarning misoli o`ziga uy tutgan o`rgimchakka o`xshaydir. Holbuki, eng zaif uy o`rgimchakning uyasidir. Koshki, bilsalar edi.[1]###[1] (Allohdan o`zganing yo`lini tutganlar, uning uyidan o`zga uyda yashashni ixtiyor qilganlar o`zlarining o`rgimchak uyasida yashashni ixtiyor qilayotganlarini koshki bilsalar edi. Ularning tuzgan tuzumlari xuddi o`rgimchak uyasiga o`xshab, o`ta nimjon ekanini bilsalar edi. Takabburliklari ila Alloh qurib bergan ulug`vor qasrni inkor etib, o`rgimchak uyasida yashashni ixtiyor qilayotganlarini bilsalar edi. Bu haqiqatni biladilarmi, bilmaydilarmi — ularga farqi yo`q.)","Albatta, Alloh ular O`zidan boshqa nima narsaga duo qilayotganlarini yaxshi biladir. Va U aziyz va hakiym Zotdir.","Ushbu misollarni Biz odamlar uchun keltirurmiz. Lekin ularga olimlardan o`zgalarning aqllari yetmas.[1]###[1] (Ha, Alloh taolo keltirayotgan misollarni aqlli kishilargina to`la tushunib yetadilar. Undan o`zlariga ibrat oladilar. Aqlsizlar esa, bu misollarni tushunish o`rniga Makka mushriklari kabi: «Muhammadning Robbi pashsha va o`rgimchakni gapirib yuribdi», deb masxara qiladilar.)","Alloh osmonlar va yerni haq ila yaratgandir. Albatta, bunda mo`minlar uchun oyat-belgi bordir.","Senga kitobdan vahiy qilingan narsani tilovat qil va namozni to`kis ado et, albatta, namoz fohisha va munkar ishlardan qaytarur. Albatta, Allohning zikri buyuk ishdir. Alloh nima qilsangiz, bilur.[1]###[1] (Qur'onni tilovat qilib, kishilarga yetkazish Islom da'vatining asosiy omilidir. Ushbu ilohiy kitob ma'nolarini kishilarga yetkazish, uning ta'limotlariga amal qilishga chaqirish da'vatchining asosiy ishi bo`lmog`i lozim. Biz «namozni to`kis ado et» deb tarjima qilgan jumlani to`ridan-to`g`ri, so`zma-so`z o`zbekchaga ag`daradigan bo`lsak, «namozni tik turg`iz» bo`lib chiqadi. Demak, namozni o`qish bilan namozni tik turg`izish, ya'ni to`kis ado etish orasida farq bor. Alloh taolo Payg`ambar alayhissalotu vassalomga namoz o`qi deb emas, namozni to`kis ado et, deb xitob qilmoqda. Mana shu nuqtadan kimning namozi haqiqiy, kimniki soxta ekanini bilib olamiz. Namozni hamma ham o`qiyveradi, lekin namozxon fohisha va munkar ishlardan qaytmasa, uning o`qigan namozi haqiqiy bo`lmaydi. Qachonki namozxon namozni to`kis ado qilsa, fohisha va munkar ishlardan qaytadi.)"]