["Biz uning qavmiga undan keyin osmondan biror qo`shin tushirmadik va tushiruvchi emas ham edik.","Faqat birgina qichqiriqdan boshqa narsa bo`lmadi. Birdan ular so`nib qoldilar.","Bandalarga hasratlar bo`lsin! Har qachon ularga Payg`ambar kelsa, uni faqat istehzo qilar edilar.","Axir, ular o`zlaridan oldingi qancha asrlarni halok etganimizni va, albatta, o`shalar ularga qaytmasliklarini ko`rmaydilarmi?!","Albatta, barchalari to`plangan hollarida huzurimizga hozir qilingaylar.","Ular uchun o`lik yer oyat-(belgi)dir. Biz uni tiriltirdik va undan don chiqardik. Bas, undan yerlar.","Va unda xurmo va uzum bog`lari yaratdik hamda ichidan buloqlarni chiqardik.","Uning mevalaridan va o`z qo`llari qilgan narsalardan yeyishlari uchun. Shukr qilmaydilarmi?!","Yer o`stiradigan narsalardan, ularning o`zlaridan va ular bilmaydigan narsalardan, barchasidan juftlarni yaratgan Zot pok bo`ldi.[1]###[1] (O`simlik dunyosidan sanaluvchi barcha mavjudotlar juft qilib yaratilgani ilmga yaqinda ma'lum bo`ldi. Hozirgi zamon ilmining bu kashfiyoti Qur'oni Karimning haqiqiy ilohiy kitob ekanini yana bir bor tasdiqladi.)","Ular uchun kechasi ham oyat (belgi)dir. Biz uni kunduzdan shilib olurmiz. Bas, ular birdan zulmatda qolguvchilardir.[1]###[1] (Kechaning kirish terini shilib olishga o`xshatilmoqda. Teri asta-asta shilib olinganidek, kunduz ham undan ajratib olinadi.)","Quyosh o`z istiqrori uchun jarayon etar. Bu aziyzu o`ta bilguvchi Zotning taqdir qilganidir.[1]###[1] (Oyatda quyoshning o`z istiqrori uchun ajratilgan makonda va zamonda jarayon etishi — harakatlanishi haqidagina gap ketmoqda.)","Oyni esa, toki eski (xurmo) shingili (holiga) qaytgunga qadar manzillarini bichib qo`yganmiz.[1]###[1] (Oy ham, quyosh ham dumaloq shakldagi samoviy jismdir. Insonning ko`ziga quyosh doim bir xil suratda ko`rinadi. Lekin oy bir oy davomida yigirma sakkiz shaklga kiradi. Avval kichik hilol bo`lib ko`rinadi. Kundan-kunga kattalashib, to`lin barkashga aylanadi. Keyin yana asta-sekin hilol holiga qaytadi. Chunki Alloh taolo oy uchun yigirma sakkiz manzilni bichib qo`ygan. Har kuni har xil manzildan chiqadi, har kuni har xil hajmda ko`rinadi.)","Na quyoshning oyga yetib olmog`i durust bo`lar va na kecha kunduzdan o`zib ketar. Har biri falakda suzib yurar.[1]###[1] (Hech qachon quyosh oyga yetib olib, bemahalda bosh ko`tarib qolishi mumkin emas. Ulardan har biri Alloh belgilagan vaqtdagina chiqadi. Bu, nizom hatto daqiqalarigacha aniqdir. Undan kech ham qolmaydi, ilgari ham ketmaydi. Bu jarayon dunyo bunyod bo`lganidan buyon davom etib kelmoqda. Biron marta biron daqiqaga o`zgargan emas. Ushbu jarayonni taqdir qilgan Zot o`liklarni qayta tiriltirishga qodir emasmi?!)","Ular uchun Biz ularning nasllarini to`la kemada ko`targanimiz ham bir oyat(belgi)dir.","Va Biz ular uchun unga o`xshash minadigan narsalarni xalq qildik.","Agar xohlasak, ularni g`arq eturmiz. Bas, ularning yordamchisi bo`lmas va ular qutqazilmaslar ham.","Magar Bizdan bir rahmat va ma'lum muddatgacha bahramand bo`lish bo`lsagina (omon qolurlar).[1]###[1] (Faqat Allohning O`zi rahmat nazarini solib, qutqarib qolishi mumkin. Yoki ma'lum muddatgacha dunyoning matohidan bahramand qilish uchun omon qoldirishi mumkin. Bo`lmasa, hech kim eson qolmas. Buning misoli hayotda tez-tez takrorlanib ham turadi.)","Ularga: «Oldingizdagi narsadan va ortingizdagi narsadan qo`rqing. Shoyad, rahim qilinsangiz», deyilganda...","Va ularga Robbilari oyatlaridan bir oyat kelganda, faqat undan yuz o`girguvchi bo`lurlar.","Ularga: «Alloh sizga rizq qilib bergan narsadan infoq qilinglar», deyilganida, kufr keltirganlar iymon keltirganlarga: «Alloh xohlasa, O`zi taom beradigan kimsani biz taomlantiramizmi?! Siz ochiq-oydin zalolatdan boshqa narsada emassiz», derlar.[1]###[1] (Siz Alloh hammaga rizq beradi, degan zalolatli e'tiqoddasizlar, mana, bizdan ba'zi bir odamlarga taom berishimizni so`rab turishingiz buning dalili, demoqchilar. Aslida esa, ularning tasavvurlari, gaplari ayni zalolatdir. Hech qachon, hech qanday inson o`ziga ham, boshqaga ham rizq topib bera olmaydi. Alloh taolo birovning rizqini keng, birovning rizqini tor qilib qo`yadi. Hammasi bandalarni sinash uchundir. Hammaga rizq beruvchi, boquvchi Alloh taoloning yagona O`zidir. Men birovga rizq beryapman, taomlantiryapman, boqyapman, degan odam kofir bo`ladi, ochiq-oydin zalolatga ketadi.)","Ular: «Agar rostgo`y bo`lsangiz, bu va'da qachon bo`lur?» derlar.","Ular talashib-tortishib turganlarida o`zlarini birdan oladigan birgina qichqiriqdan boshqa narsani kutayotganlari yo`q.","Ular na vasiyat qilishga qodir bo`larlar va na o`z ahllariga qaytarlar.","Va surga puflandi. Bas, ular birdan Robbilari tomon qabrlardan shoshilib chiqurlar.","Ular: «Voh, sho`rimiz qurisin! Bizni yotgan joyimizdan kim qo`zg`atdi?! Bu Rohman va'da qilgan va yuborilgan Payg`ambarlar tasdiqlagan narsa-ku?!» – derlar.","Faqat birgina qichqiriqdan boshqa narsa bo`lgani yo`q. Bas, ular birdan to`planib, huzurimizda hozir qilingandirlar.","Bugungi kunda biror jonga hech bir zulm qilinmas. Qilib o`tgan amallaringizdan boshqasiga jazo ham olmassiz.","Albatta, jannat egalari u kunda rohatlanish ila mashg`ullar.[1]###[1] (Nima ularga zavq, shodlik, xursandchilik bersa, hammasi u yerda muhayyodir.)","Ular va ularning juftlari soyalarda so`rilarda yonboshlab yoturlar.","Ular uchun u yerda mevalar bordir. Ular uchun u yerda istagan narsalari bordir.[1]###[1] (Ahli jannatlar nimani istasalar, jannatda o`sha narsa bordir. Ko`ngillari istashi bilan oldilarida muhayyo bo`ladi.)","Rohiym bo`lgan zot Robbdan «Salom» so`zi bordir.[1]###[1] (Shuncha nozu ne'mat, rohat-farog`at, shavqu zavqning ustiga o`zlari uchun nihoyatda rahmli bo`lgan zot Robbilari Alloh taolo tomonidan «Salom» ham keladi.)","Ey, jinoyatchilar! Bugungi kunda siz ajralingiz!","Men sizlarga: «Ey, Odam bolalari, shaytonga ibodat qilmang, albatta, u sizga ochiq-oydin dushmandir.","Va Menga ibodat qiling, mana shu to`g`ri yo`ldir», deb amr qilmagan edimmi?!","Batahqiq, u sizlardan ko`pchilik avlodni adashtirdi. Aql yurituvchi bo`lmagan edingizmi?![1]###[1] (Shayton sizlardan ko`p avlodlarni to`g`ri yo`ldan adashtirdi, siz aql yuritmadingizmi? U yur desa, orqasidan ketaverdingizmi?!)","Mana bu sizga va'da qilingan jahannamdir!","Kufr keltirib o`tganingiz tufayli bugungi kunda unga kiring!","Bugungi kunda ularning og`izlariga muhr uramiz. Nima kasb qilganlarini Bizga qo`llari so`zlar va oyoqlari guvohlik berur.[1]###[1] (Jinoyatchilarning og`izlari muhrlab qo`yiladi, boshqa a'zolari shohidlik bera boshlaydi. Qo`li gapiradi, oyog`i guvohlik beradi.)","Agar xohlasak, ko`zlarini tep-tekis qilib qo`yurmiz. Bas, ular yo`lga shoshilurlar. Ammo, qanday ham ko`rsinlar.","Agar xohlasak, ularni joylarida qotirib qo`yurmiz. Bas, oldinga yurishga ham qodir bo`lmaslar, ortga ham qayta olmaslar.","Kimning umrini uzoq qilsak, uni xilqatida nochor qilib qo`yamiz. Axir, aql ishlatib ko`rmaydilarmi?![1]###[1] (Iymonga kelib, ibodat bilan o`tgan mo`minlar qariganlari sari rohatlari ko`payib boradi. Hayotda qolishni savob ishlash uchun fursat deb xursand bo`ladilar. Jannatga va Allohning roziligiga yetishish umidida o`limni xursand bo`lib kutib oladilar. Kofirlar esa, aqllarini ishlatmaganlari uchun bu masalada katta qiyinchilikda qoladilar.)","Biz unga she'rni ta'lim berganimiz yo`q. Bu uning uchun to`g`ri ham kelmas. U — zikr va ochiq-oydin Qur'ondan o`zga narsa emas.","Tirik bo`lgan shaxslarni ogohlantirish va kofirlarga (azob) so`zini haq qilish uchundir.","Axir, Biz ular uchun O`z qo`llarimiz-la qilgan narsalardan chorvalarni yaratib qo`yganimizni ko`rmaydilarmi?! Bas, ular o`shalarga molik(ega)dirlar-ku!","Biz ularga o`sha(hayvon)larni bo`yinsundirib qo`ydik. Bas, ulardan markablari bor va ulardan yerlar.","Ular uchun o`shalarda manfaatlar va ichimliklar bor. Axir, shukr qilmaydilarmi?!","Ular Allohdan o`zga ilohlar tutdilar. Go`yoki, ularga yordam berilar emish.","Ularning yordamiga («xudolari») qodir bo`lmaslar. Ular esa, o`sha(«xudo»)lari uchun hozir qilingan askardirlar.[1]###[1] (Mushriklarning «xudolari» ularga yordam berishga qodir bo`la olmaydilar. Lekin ular o`sha «xudolari» uchun jon fido qilishga tayyor turgan askarlardir. Ular uchun turli xizmatlar ado etadilar. Soxta xudolarini himoya qilish uchun o`zlarini o`tga-cho`qqa uradilar. Bular qanday xudolar bo`ldi?! Bular qanday bandalar bo`ldi? Bunday xudolik va bandalik qaysi mantiqqa to`g`ri keladi?)","Ularning gapi seni xafa qilmasin. Albatta, Biz nimani sir tutsalar va nimani oshkor qilsalar, bilurmiz.","Inson Biz uni nutfadan yaratganimizni bilmaydimi?! Endi esa, u ochiq-oydin xusumatchi bo`lib turibdi?!","U Bizga misol keltirdi va o`z yaratilishini unutdi. «Suyaklarni kim tiriltirur? Holbuki, ular titilib ketgan-ku?!» – dedi.","Sen: «Ularni ilk marta yo`qdan bor qilgan Zot tiriltiradi va u har bir yaratilgan narsani yaxshi bilguvchidir», deb ayt.","U zot sizlarga yashil daraxtdan olov qilib bergandir. Endi esa, siz undan olov yoqmoqdasiz.[1]###[1] (U zot shunday qudratli zotki, ba'zi narsalarni o`ziga qarama-qarshi tomondan ham chiqaraveradi. Misol uchun, yam-yashil daraxtni olaylik. U ho`l bo`ladi. Tarkibida suv bor. Suv esa, olovni o`chiradi. Ammo Alloh taolo olovga ters bo`lmish ho`l daraxtni bir-biriga ishqasa, o`t chiqaradigan holga keltirib qo`ygandir. Olovga yoqilg`ini ham o`sha daraxtning o`zidan qilib qo`ygandir. Bu ulkan bir mo`'jizaga odamlar e'tibor bermaydilar.)","Osmonlaru yerni yaratgan Zot ularga o`xshashni yaratishga qodir emasmi?! Yo`q! U o`ta yaratguvchi, o`ta bilguvchi Zotdir.","Qachon biron narsani iroda qilsa, Uning ishi «Bo`l» demoqlikdir, xolos. Bas, u narsa bo`lur.","Bas, barcha narsaning tom egaligi qo`lida bo`lgan Zot pokdir. Ungagina qaytarilursizlar.[1]###[1] (Gap shunday ekan, demak dunyodagi barcha narsalarning to`la egaligi va tasarrufi qo`lida bo`lgan Alloh taolo pokdir. Barcha ayb va nuqsonlardan, jumladan, kofir va mushriklar, o`lganlarni qayta tiriltira olmaydi, deb taqayotgan nuqsondan ham pokdir.)","Safda tizilib turuvchilar ila qasam.","Zajr (qilinadiganlarni) zajr qilguvchilar ila qasam.","Zikrni tilovat qilguvchilar ila qasam.[1]###[1] (Uch toifa farishtalar bilan qasam ichib bo`lib, endi, qasam ichilgan narsa zikr qilinadi.)","Albatta, ilohingiz yagonadir.","U zot osmonlaru yerning va ikkisi orasidagi narsalarning Robbidir. Va mashriqlarning Robbidir.","Albatta, Biz bu dunyo osmonini yulduzlar ziynati-la ziynatladik.","Va har bir itoatsiz shaytondan saqlash uchun.","Ular yuksak to`pliqqa quloq sola olmaslar va har tomondan (uchqun-la) otilurlar.","Haydalurlar! Ular uchun uzluksiz azob bordir.","Magar birorta so`zni o`g`rilikcha tinglagan shaxs bo`lsa, uni yoquvchi olov ta'qib etar.","Bas, sen ulardan so`ra: ularni yaratish qiyinroqmikan yoki Biz yaratgan zotlarni?! Albatta, Biz ularni yopishqoq loydan yaratdik.","Balki sen ajablanding, ular esa masxara qilurlar.","Qachonki eslatilsalar, eslamaslar.","Qachonki biror oyat(belgi)ni ko`rsalar, qattiqroq masxara qilurlar.","Ular: «Bu (Qur'on) ochiq-oydin sehrdan boshqa narsa emas.","O`lsak-da, tuproq va suyak bo`lsak-da, albatta, biz qayta tiriltirilurmizmi?!","Avvalgi ota-bobolarimiz ham-a?!» – dedilar.","Sen: «Ha! Xor bo`lgan hollaringizda!» degin.","Bas, u faqatgina bir qichqiriqdan iborat, xolos. Bas, birdan ular nazar solib turibdilar-da!","Va ular: «Voh, sho`rimiz qurisin! Bu, jazo kuni-ku!» – derlar.","«Bu, sizlar yolg`onga chiqarib yurgan ajrim kunidir.","Zulm qilganlarni, ularning juftlarini va ular ibodat qilib yurgan...","Allohdan o`zga narsalarini to`planglar. Bas, ularni jahiym yo`liga hidoyat qiling» (deyilur).","Va ularni to`xtatinglar! Albatta, ular so`ralguvchidirlar.","Sizlarga nima bo`ldi? O`zaro yordamlashmayapsiz?!","Yo`q! Ular bugungi kunda taslim bo`lguvchilardir.","Ular bir-birlariga savol berurlar.","Ular: «Albatta, sizlar bizga o`ng tomondan kelar edingiz», derlar.","Ular: «Yo`q! Siz o`zingiz mo`min bo`lmagan edingiz.","Bizning ustingizdan hukmronligimiz bo`lmagan edi. Yo`q! Siz o`zingiz tug`yonga ketgan qavm edingiz.","Bas, hammamizga Robbimizning (azob) so`zi haq bo`ldi. Albatta, biz totguvchilarmiz.","Ha, biz sizlarni ig`vo qildik. Albatta, biz ig`vo qilguvchi edik», derlar.","Bas, ular u kunda azobda sherik bo`lguvchilardir.","Albatta, Biz jinoyatchilarga shundoq qilurmiz.","Chunki, ularga qachonki «Laa ilaaha Illallohu», deyilsa, mutakabbirlik qilar edilar.","«Axir, biz bir jinni shoirni deb o`z xudolarimizni tark qilguvchi bo`laylikmi?!» – der edilar.","Yo`q! U haqni keltirdi va Payg`ambarlarni tasdiq qildi.","Albatta, siz alamli azobni totguvchidirsiz.","Qilib o`tgan narsangizdan boshqa narsaning jazosini olmassiz.","Magar Allohning ixlosli bandalariga....","Ana o`shalarga, o`zlariga ma'lum rizq bordir.","Meva-chevalar bordir. Ular ikrom qilingan hollarida...","Na'iym jannatlarida...","So`rilar ustida bir-birlariga qaragan hollarida bo`lurlar.","Ularga oqar chashmadan qadahlar aylantirib turilur.","U oppoq, ichguvchiga lazzatbaxshdir.","Unda hech bir zarar yo`qdir va undan sarxush ham bo`lmaslar.","Oldilarida ko`zlarini (begonalardan) tiyguvchi shahlo ko`zlilar bordir.","Ular xuddi asrab qo`yilgan tuxumga o`xsharlar.","Bas, ular bir-birlaridan so`ray boshlarlar.","Ichlaridan bir so`zlovchi: «Aniqki, mening bir do`stim bor edi.[1]###[1] (Ahli jannatlardan birlari so`z boshlab, hech shubha yo`qki, u dunyoda mening bir tanishim bor edi.)","U: «Sen ham tasdiqlovchilardanmisan?!","O`lib, tuproq va suyaklar bo`lib ketsak ham, albatta, jazolanadiganlardan bo`lurmizmi?!» – der edi.","Sizlar ham qarayapsizlarmi?» – dedi.","Bas, o`zi qarab, uni do`zaxning o`rtasida ko`rdi.","U: «Allohga qasamki, meni ham halok qilishingga oz qolgan ekan.","Agar Robbimning ne'mati bo`lmaganida, men ham (do`zaxga) hozir qilinganlardan bo`lur edim», dedi.","«Biz o`lguvchi emas ekanmizmi?!","Faqat birinchi o`limimizdan boshqa?! Biz azoblanguvchi emas ekanmizmi?!","Albatta, bu ayni ulug` yutuqdir.","Bas, amal qilguvchilar mana shunga o`xshash narsa uchun amal etsinlar».","Manzil o`laroq ana o`sha yaxshimi yoki zaqqum daraxtimi?","Albatta, Biz uni zolimlar uchun fitna qildik.[1]###[1] (Biz zaqqum daraxtini zolimlar — kofir va mushriklar uchun fitna qilib qo`ydik. Mushriklar, jahannamda zaqqum degan daraxt bo`lar ekan, degan gapni eshitganlarida, doimo olov yonib turadigan do`zaxda qanday qilib daraxt o`sadi, olovda kuyib ketmaydimi, deb masxara qilishdi.)","Darhaqiqat, u bir daraxt bo`lib, do`zax qa'ridan chiqur.","Uning (meva) tugar joyi xuddi shaytonlarning boshlariga o`xshar.","Bas, albatta, ular undan yeguvchilardir. Undan qorinlarni to`ldirguvchilardir.","So`ngra, buning ustiga, ular uchun o`ta qaynoq suvdan aralashtirma ham bor.","So`ngra, albatta, ularning qaytar joyi jahannamga bo`lur.","Chunki, ular o`z otalarini adashgan holda topdilar.","Endi esa, ular o`shalarning izidan chopmoqdalar.","Batahqiq, ulardan oldin avvalgilarning ko`plari adashganlar.","Batahqiq, Biz ichlariga ogohlantirguvchilar yubordik.","Bas, ogohlantirilganlarning oqibati qandoq bo`lganiga nazar sol.","Magar Allohning xalos qilgan bandalarigina (halokatga uchramadilar).","Batahqiq, Bizga Nuh nido qildi. Bas, naqadar yaxshi ijobat qilguvchimiz.[1]###[1] (Nuhga o`xshab iltijo etgan bandalarimizning duolarini doimo ijobat qilamiz.)","Biz unga va uning ahliga ulug` g`amdan najot berdik.","Va uning zurriyotlarini, o`zlarini boqiy qolguvchilar qildik.","Va keyingilar ichida uning uchun (olqishlar) qoldirdik.","Barcha olamlarda Nuhga salom bo`lsin!","Albatta, Biz go`zal amal qilguvchilarni mana shunday mukofotlarmiz.","Albatta, u mo`min bandalarimizdandir.","So`ngra, qolganlarni g`arq qildik.","Albatta, Ibrohim ham uning guruhidandir.[1]###[1] (Nuhdan keyin kelgan Ibrohim payg`ambar, Allohning yo`lini tutishda u bilan bir guruhdan edi.)","O`shanda u o`z Robbiga sog`lom qalb ila kelmishdi.","O`shanda otasiga va qavmiga: «Nimaga ibodat qilmoqdasiz?!","Allohdan o`zga uydirma ilohlarni xohlaysizlarmi?!","Olamlarning Robbi haqida nima gumoningiz bor?!» – degan edi.","Bas, U yulduzlarga bir nazar soldi.","Va: «Albatta, men bemorman», dedi.[1]###[1] (Ibrohim alayhissalom yuragi siqilaverib, noqulay holatga tushib qolganini aytdi. Qavmiga kuyaverib, qalbi dardga to`lganini bildirdi. )","Darhol, undan yuz o`girib yurib ketdilar.","Bas, tezda ularning xudolariga burildi va: «Qani, yemaysizlarmi?!","Sizga nima bo`ldi?! Gapirmaysizlar?!» – dedi.","So`ng ularga yaqinlashib, o`ng qo`l bilan ura boshladi.","U tomon shoshib, bir-birlarini turtib kelishdi.[1]###[1] (Mushriklar Ibrohim alayhissalom tomon shoshib-pishib, tezroq borish uchun bir-birlarini turtishib-surishib yetib kelishdi.)","U: «O`zingiz yo`nib yasagan narsaga ibodat qilasizlarmi?!» – dedi.","Holbuki, sizni ham, qilgan narsalaringizni ham Alloh yaratgan-ku?!","Ular: «Uning uchun (o`choq) bino qilinglar, bas, uni gulxanga otinglar!» dedilar.","Bas, ular unga makr-hiylani iroda qilishdi. Biz ularni tuban qildik.","U: «Albatta, men Robbimga borguvchiman. U meni hidoyat qilur.","Robbim, menga solihlardan ato et», dedi.","Bas, Biz unga bir halim o`g`ilning xushxabarini berdik.","Bas, qachonki (bola) uning o`zi bilan birga yuradigan bo`lganida: «Ey o`g`ilcham, men tushimda seni so`yayotganimni ko`rmoqdaman, boqib ko`r, nima dersan?» – dedi. U: «Ey otajon, senga amr etilganni bajar, inshoalloh, meni sabr qilguvchilardan topursan», dedi.","Ikkovlari taslim bo`lib, uni peshonasicha yotqizganida.","Biz unga nido qildik: «Ey Ibrohim!","Batahqiq, sen tushni tasdiq qilding! Albatta, Biz go`zal ish qilguvchilarni mana shunday mukofotlaymiz».","Albatta, bu ochiq-oydin sinovning ayni o`zidir.","Biz uning o`rniga katta qurbonlik fido qildik.[1]###[1] (Ibrohim qurbonlik uchun bolasini so`yishga tayyorligini bildirdi. Uni yotqizib, bo`yniga pichoq tiradi. Ammo Allohning maqsadi Ismoilning qonini oqizish bo`lmagani uchun pichoq o`tmadi. Shunda Alloh taolo Ibrohim alayhissalomga yuqoridagi nidoni qildi va Ismoil alayhissalomning o`rniga so`yish uchun jannatdan katta bir qo`chqorni ato etdi. Ibrohim alayhissalom o`sha qo`chqorni qurbonlikka so`ydi.)","Va keyingilar ichida uning uchun (olqishlar) qoldirdik.","Ibrohimga salom bo`lsin!","Biz go`zal amal qilguvchilarni shunday mukofotlarmiz.","Chunki, u mo`min bandalarimizdandir.","Yana, Biz unga solihlardan bir Payg`ambar bo`lajak Is'hoqning xushxabarini berdik.","Va unga ham, Is'hoqqa ham baraka berdik. Ikkovlarining zurriyotidan go`zal amal qilguvchi ham, o`ziga ochiq-oydin zulm qilguvchi ham bo`lur.[1]###[1] (Ibrohimga ham, Is'hoqqa ham baraka berdik. Ularning naslidan payg`ambarlar chiqadigan qilib qo`ydik. Kim o`sha payg`ambarlarga ergashsa, go`zal ish qilgan bo`ladi. Kim ergashmasa, o`ziga o`zi zulm qilgan bo`ladi.)","Batahqiq, Biz Muso va Horunga ne'mat berdik.","Ikkovlariga va qavmlariga katta g`amdan najot berdik.","Va ularga nusrat berdik, bas, ular g`olib bo`ldilar.","Va Biz ikkovlariga ravshanu komil bayonli kitobni berdik.","Va ikkovlarini sirotul mustaqiymga hidoyat qildik.","Va keyingilar ichida ikkovlari uchun (olqishlar) qoldirdik.","Muso va Horunga salom bo`lsin!","Biz go`zal amal qilguvchilarni mana shunday mukofotlarmiz.","Chunki, ikkovlari mo`min bandalarimizdandirlar.","Albatta, Ilyos ham yuborilgan Payg`ambarlardandir.","O`shanda u qavmiga: «Taqvo qilmaysizmi?!","Ba'lga ibodat qilib, yaratuvchilarning eng yaxshisini...","O`z Robbingizni va avvalgi ota-bobolaringizning Robbi Allohni tark etasizmi?!» – dedi.","Bas, uni yolg`onchi qildilar. Endi, albatta, ular (azobga) hozir qilinguvchilardir.","Magar Allohning muxlis bandalarigina (hozir qilinmaslar).","Va keyingilar ichida uning uchun (olqishlar) qoldirdik.","Ilyosiynga salom bo`lsin.","Biz go`zal amal qilguvchilarni mana shunday mukofotlarmiz.","Chunki, u mo`min bandalarimizdandir.[1]###[1] (Shuning uchun iymon taqozosi bilan Bizning yo`limizda jihod qildi va oliy maqomlarga erishdi.)","Albatta, Lut ham yuborilgan Payg`ambarlardandir.","O`shanda Biz unga va uning ahliga, hammalariga najot berdik.","Magar bir kampirgina (azobda) qolguvchilardan bo`ldi.","So`ngra qolganlarini halok etdik.","Albatta, siz kechayu kunduz ularning ustidan o`tib turursiz. Aql yuritmaysizlarmi?!","Albatta, siz kechayu kunduz ularning ustidan o`tib turursiz. Aql yuritmaysizlarmi?!","Albatta, Yunus ham yuborilgan Payg`ambarlardandir.","O`shanda u to`lgan kemaga qochdi.","Bas, qur'a tashlashdi va u mag`lublardan bo`ldi.[1]###[1] (Yunus alayhissalomga ham qur'a tashlashdi va mag`lub bo`ldi. Qur'a u kishiga chiqdi. Kelishuvga binoan, u kishi suvga tashlandi.)","Bas, uni malomatga loyiq bo`lgan holida nahang baliq yutdi.","Agar u ko`p tasbih aytguvchilardan bo`lmaganida edi,","Uning qornida qayta tiriltiradigan kungacha qolib ketar edi.[1]###[1] (Yunus alayhissalom baliq qornida turib Allohga ko`p tasbih aytmaganida, o`sha baliqning ichida qiyomatgacha qolib ketar edi.)","Bas, Biz uni bemor holida maydonga otdik.","Va uning ustiga qovoq daraxtini o`stirib qo`ydik.","Va uni yuz ming yoki undan ko`proqqa Payg`ambar qilib yubordik.","Bas, iymon keltirdilar. Keyin Biz ularni ma'lum muddat bahramand qildik.","Bas, ulardan so`ra-chi, Robbingga qizlar-u, ularga o`g`illar ekanmi?!","Yoki Biz farishtalarni qiz qilib yaratganmiz-u, ular guvoh bo`lib turganlarmi?","Ogoh bo`lingkim! Ular o`z uydirmalarida derlar:","«Alloh tug`di». Albatta, ular yolg`onchilardir.","U zot o`g`illarni qo`yib, qizlarni tanlab olibdimi?","Sizga nima bo`ldi?! Qanday hukm chiqarmoqdasiz?","Axir, eslamaysizlarmi?!","Yoki sizda ochiq-oydin hujjat bormi?![1]###[1] (O`sha hujjatda, farishtalar Allohning qizi, deyilganmi?!)","Agar rostgo`ylardan bo`lsangiz, kitobingizni keltiring!","Va ular U bilan jinlar orasida nasab (da'vosi) qildilar. Holbuki, jinlar o`zlarining albatta (azobga) hozir qilinguvchiliklarini bilganlar.","Alloh ular vasf qilgan narsadan pokdir.","Faqat Allohning ixlosli bandalarigina (mustasnodir).","Albatta, siz ham, siz ibodat qilayotgan narsalar ham...","U zotga qarshi fitnaga solguvchi bo`la olmassiz.","Illo, kim jahannamga kirguvchi bo`lsa.","Bizdan har birimizning ma'lum maqomimiz bordir.","Albatta, bizlar saf tortib turguvchilarmiz.","Va, albatta, bizlar tasbih aytguvchilarmiz.","Holbuki, ular der edilar:","«Agar bizning huzurimizda ham avvalgilardan bir eslatma bo`lganida...","Albatta, Allohning ixlosli bandalaridan bo`lar edik».","Bas, unga kufr keltirdilar. Endi yaqinda bilurlar.","Batahqiq, Payg`ambar etib yuborilgan bandalarimizga so`zimiz o`tgandir.","Albatta, ular, ha, ulargina nusrat topishlari.","Va, albatta, Bizning lashkarimizgina g`olib bo`lishi haqida.","Bas, sen ulardan bir vaqtgacha yuz o`gir.","Va ularning (tomoshasini) ko`r! Bas, tezda o`zlari ham ko`rajaklar.","Hali ular Bizning azobimizni shoshiltirmoqdamilar?!","Qachonki, u ularning hovlisiga tushganida, ogohlantirilganlarning tongi juda yomon bo`lur.","Bas, sen ulardan bir vaqtgacha yuz o`gir.","Va (ularning tomoshasini) ko`r! Bas, tezda o`zlari ham ko`rajaklar.","Sening Robbing, izzat Robbi ular qilgan vasfdan pokdir.","Va yuborilgan Payg`ambarlarga salom bo`lsin!","Olamlarning Robbi Allohga hamdlar bo`lsin!","Sod. Zikr sohibi bo`lmish Qur'on ila qasam.","Ammo kufr keltirganlar kibru havo va muxoliflikdadirlar.","Biz ulardan ilgari ham qancha asrlarni halok etganmiz. Ular (yordam so`rab) nido qildilar. Ammo qochib qutulish vaqti emas edi.","Ular ichlariga o`zlaridan ogohlantirguvchi kelganidan ajablandilar va kofirlar: «Bu, sehrgar va kazzobdir», dedilar.","«U xudolarni bitta xudo qildimi?! Albatta, bu ajablanarli narsa!»","Ularning a'yonlari: «Yuringlar, xudolaringiz to`g`risida sabr qilinglar. Albatta, bu qasdan qilinayotgan narsadir.","Biz bu haqda oxirgi millatdan eshitganimiz yo`q. Bu, to`qilgandan boshqa narsa emas.","Bizning ichimizdan o`shanga zikr nozil qilinibdimi?!» – deb turib ketdilar. Yo`q! Ular Mening Zikrim haqida shak-shubhadadirlar. Yo`q! Ular azobimni tatib ko`rmadilar.","Yoki ularning huzurida Aziyzu o`ta saxovatli Robbingning rahmat xazinasi bormi?","Yoki osmonlaru yerning va ular orasidagi narsalarning mulki ularnikimi? Bas, unda sabablari ila (osmonga) ko`tarilsinlar!","Anavi yerdagi yengilgan firqalardan bo`lgan qandaydir lashkar.[1]###[1] (Mushriklar, juda borganda, yengilgan firqalardan to`plangan qandaydir haqir bir lashkar bo`la oladi, xolos. Ularning bundan balandroq qiymati yo`q.)","Ulardan oldin ham Nuh qavmi, Od, qoziqlar egasi Fir'avn ham yolg`onchi qilgan.","Va Samud, Lut qavmi va daraxtzor egalari ham. Firqalar o`shalardir.","Barchalari, albatta, Payg`ambarlarni yolg`onchi qildilar. Bas, Mening iqobim haq bo`ldi.","Ana o`shalar lahzaga kechikmay keladigan birgina qichqiriqdan boshqa narsaga intizor bo`layotganlari yo`q.","Ular: «Ey Robbimiz, bizga hisob kunidan ilgari nasibamizni tezroq ber!» – dedilar.","Ular aytayotgan narsalarga sabr qil. Quvvat sohibi bo`lgan bandamiz Dovudni esla. Albatta, u o`ta qaytguvchidir.[1]###[1] (Ya'ni, har bir narsada Allohga qaytuvchidir-tavba qiluvchidir. Tavbaning lug`aviy ma'nosi ham qaytishdir.)","Albatta, Biz unga tog`larni bo`ysundirdik. Ular u bilan kechki paytu ertalab tasbih aytardilar.","To`plangan holdagi qushlarni ham. Barchalari U zotga o`ta qaytguvchidir.[1]###[1] (Alloh taolo Dovud alayhissalomga qushlarni ham to`p-to`p qilib, bo`ysundirib qo`ygan edi. Ular ham u kishiga qo`shilib, Alloh taologa ertayu kech tasbih aytar edilar.)","Va Biz unga mulkini quvvatli qilib berdik hamda hikmatni va hal qilguvchi kitobni berdik.[1]###[1] (Biz Dovudga payg`ambarlikni ham berdik. Yana unga talashib-tortishganlar orasidagi janjalni hal qilish hukmini berdik. U hech ikkilanmay hukm chiqarar edi.)","Senga da'volashganlarning xabari keldimi? O`shanda ular mehrobga chiqishgan edi.","O`shanda ular Dovudning oldiga kirishgan edi. Bas, u ulardan qo`rqib ketdi. Ular: «Qo`rqma, bular — ikki da'volashguvchi tomon. Biz bir-birimizga zulm qildik. Bas, oramizda haq ila hukm chiqar. Jabr qilma. Bizlarni to`g`ri yo`lga hidoyat qil», dedilar.[1]###[1] (Kutilmaganda, iznsiz, man qilingan joyga devor oshib kirib kelishlari yaxshilik alomati emas edi. Mo`min odam payg`ambarning huzuriga bunday suratda kirib bormaydi. Shuning uchun ham Dovud alayhissalom qo`rqib ketdi. Kirib kelganlar buni payqab, u kishini tinchlantirishga harakat qilishdi.)","«Mana bu — mening birodarim. Uning to`qson to`qqizta sovlig`i bor. Mening esa, birgina sovlig`im bor. Bas, u: «Uni ham mening kafolatimga ber», dedi va so`zlashuvda mendan ustun chiqdi».","U: «Darhaqiqat, sening sovlig`ingni so`rab, o`z sovliqlariga (qo`shish) bilan senga zulm qilibdi. Albatta, ko`p sheriklar bir-birlariga zulm qilurlar. Magar iymon keltirib, solih amal qilganlargina (qilmaslar). Ular juda ham oz», dedi. Va Dovud Biz uni sinaganimizni bildi-da, tezda Robbiga istig`for aytib, sajdaga yiqildi va tavba qildi.","Bas, Biz uning o`sha (xatosi)ni mag`firat qildik. Albatta, uning uchun huzurimizda yaqinlik va go`zal oqibat bordir.","Ey Dovud, albatta, Biz seni yer yuzida xalifa qildik. Bas, odamlar orasida haq ila hukm yurit. Havoyi nafsga ergashma! Yana, u seni Allohning yo`lidan adashtirmasin. Albatta, Allohning yo`lidan adashadiganlarga, unutganlari uchun, hisob kunida shiddatli azob bordir.","Biz osmonu yerni va ularning orasidagi narsalarni behuda yaratganimiz yo`q. Bu, kufr keltirganlarning gumonidir. Bas, kufr keltirganlar uchun do`zax(azobi)dan voy bo`lsin!","Yo`q! Biz iymon keltirib, solih amallar qilganlarni yer yuzida buzg`unchilik qiluvchilar kabi qilarmidik?! Yo`q! Biz taqvodorlarni fojirlar kabi qilarmidik?!","Biz senga nozil qilgan Kitob muborakdir. Aql egalari uning oyatlarini tadabbur qilishlari va eslashlari uchundir.[1]###[1] (Qur'on oyatlaridan aqlli kishi eslatma oladi.)","Va Biz Dovudga Sulaymonni hadya qildik. U qanday ham yaxshi bandadir. Albatta, u o`ta qaytguvchidir.","Esla, bir oqshom unga gijinglab turgan uchqur otlar ko`rsatildi.","U: «Albatta, men Robbimning zikridan ko`ra dunyo ishqiga berilib ketib, hatto (quyosh) parda ila berkinibdi-ku!","Ularni menga qaytaring!» – dedi. So`ngra ularning oyoq va bo`yinlarini «silay» boshladi![1]###[1] (Bir muddat zehnimni Allohning zikridan chalg`itgani uchun bu otlarni Alloh yo`lida qurbonlik qilay, deb bo`yinlari va oyoqlarini kesa boshladi.)","Batahqiq, Biz Sulaymonni sinadik. Uning kursisiga jasadni tashladik. So`ngra, u tavba qildi.[1]###[1] (Ushbu oyati karimadagi zikr qilingan sinov nimadan iborat? Kursiga tashlangan jasad nima edi? Bu savolga boshqa oyatlarda ham, Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomning sunnatlarida ham ochiq-oydin javob yo`q. Shuning uchun ham turli asossiz qissa va hikoyalar ko`payib ketgan.)","U: «Ey Robbim, meni mag`firat qilgin va menga o`zimdan keyin biror kishiga muyassar bo`lmaydigan mulkni hadya etgin. Albatta, sen ko`plab atolarni berguvchisan», dedi.","Bas, Biz unga shamolni bo`ysundirdik, u iroda qilgan tomonga mayin esaveradi.","Yana barcha binokor va g`avvos shaytonlarni ham.","Va boshqalarini ham kishanlangan holda to`plab (bo`ysundirdik).","Bu Bizning ato etgan narsamizdir. In'om et yoki tutib qol, hisob yo`q.","Va, albatta, uning uchun huzurimizda yaqinlik va go`zal oqibat bordir.","Bizning bandamiz Ayyubni esla. O`shanda u Robbiga nido qilib: «Albatta, meni shayton mashaqqat va azob ila tutdi», dedi.","«Oyog`ing ila tepgin! Bu cho`miladigan va ichiladigan sovuq (suv)».[1]###[1] (Ya'ni, oyog`ing bilan yerni tepgin, deyildi. Ayyub alayhissalom Allohning amriga itoat etib, oyog`i bilan yerni tepgan edi, u yerdan suv chiqdi.)","Va Biz unga ahlini va yana ular bilan birga misllarichani ham hadya etdik. Bu, Bizdan rahmat o`laroq va aql egalariga eslatma uchun bo`ldi.[1]###[1] (Ayyub alayhissalomga mazkur suvda cho`milib, undan ichib, shifo topganidan keyin Alloh taolo u kishiga ahlini qaytardi. Ular bilan birga ziyoda, yana o`shancha ahl ham berdi.)","«Qo`lingga bir dastani ol-da, u bilan ur. Qasamingni buzma», (dedi). Biz uni sabrli topdik. U qanday ham yaxshi banda. Albatta, u o`ta qaytguvchidir.[1]###[1] (Ey Ayyub, necha marta urishni aytgan bo`lsang, o`shancha novdani bir dasta qilib ol-da, u bilan xotiningni ur. Shunda qasamingni ado etgan bo`lasan. Qasaming buzilmaydi.)","Qo`llar va ko`zlar sohiblari bo`lgan bandalarimiz Ibrohim, Is'hoq va Ya'qubni esla.","Albatta, Biz ularni xolis bir xislat-la ajratdik. U (oxirat) diyorini eslash edi.","Albatta, ular Bizning huzurimizda tanlangan axyorlardandirlar.","Ismoil, al-Yasa' va Zul-Kiflni ham esla. Barchalari axyorlardandir.[1]###[1] (Bu uch payg`ambar hayotida eslashga loyiq ibratli hodisalar bo`lib o`tgan. Ular ham Allohning huzurida eng yaxshi bandalardan.)","Bu eslatmadir. Albatta, taqvodorlar uchun go`zal oqibat.","Ular uchun eshiklari ochiq adn jannatlari bordir.","U yerda yonboshlagan hollarida undagi ko`plab mevalar va sharoblardan chaqiradilar.","Ularning huzurida ko`zlarini (nomahramdan) tiygan tengdosh(hur)lar bordir.","Bu sizga hisob kuni uchun va'da etilgan narsalardir.","Albatta, bu Bizning (beradigan) rizqimizdir. Uning hech tugashi yo`qdir.","Ish bundaydir. Albatta, tug`yonga ketguvchilar uchun yomon oqibat.","Jahannam bordir. Unga kirurlar. Bas, u qanday ham yomon yotoq!","Mana buni tatib tursinlar: qaynoq suv va yiringni!","Va boshqa uning shaklidagi qo`sha-qo`sha (azoblar) ham.","«Mana bu guruh ham siz bilan birga bostirib kirguvchidir. Ularga marhabo yo`q. Ular, albatta, jahannamga kirguvchilardir», derlar.","Ular: «Yo`q! O`zingizga marhabo yo`q! Sizlar o`sha(jahannam)ni bizga taqdim qildingiz! Bas, u naqadar yomon qarorgoh!» – derlar.","Ular: «Ey Robbimiz, bizga bu(jahannam)ni kim taqdim etgan bo`lsa, unga do`zaxda ikki barobar azobni ziyoda qil!» – derlar.[1]###[1] (Oxiratdagi bu tortishuv kofir peshvolar va ularning atbo'lari orasida bo`ladi. Peshvolar o`zlari adashib, boshqalarni ham adashtirganlari uchun ikki barobar azobga qoladilar.)","Ular: «Bizga nima bo`ldi? Yomonlardan hisoblab yurgan kishilarimizni ko`rmayapmiz?","Biz ularni masxara qilib olgan edikmi yo?! Yoki ko`zlar ulardan toydimi?!» – derlar.","Albatta, mana shu haqdir — do`zax ahlining o`zaro tortishuvidir.[1]###[1] (Ushbu oyatlarda zikr qilinganlar haqdir. Bular do`zax ahlining o`zaro tortishuvidir. Bu narsa, albatta, bo`ladigan ishdir.)","Sen: «Men faqat ogohlantirguvchiman, xolos. Hech bir ibodatga sazovor zot yo`qdir, magar yagona va Qahhor (barcha maxluqotlarni qabzasida tutib, ularni O`z hukmiga yuritib va qudrati ila bo`ysundirib turuvchi) Allohgina bor.","U osmonlaru yerning va ularning orasidagi narsalarning Robbi, Aziyzu Faffordir», deb ayt.","Sen: «Bu ulug` bir xabardir.","Siz bo`lsangiz, undan yuz o`girmoqdasiz.","Oliy to`plam haqida ular tortishayotganlarida mening hech bilimim bo`lmagan edi.[1]###[1] (Ey mushriklar, bu Qur'on va payg`ambarlik sha'ni siz o`ylayotgandek oddiy va jo`n emas. U mening shaxsimga ham bog`liq emas. Oliy to`plamda (farishtalar olamida) bu haqda o`zaro tortishuvlar bo`layotganida mening u haqda hech narsa bilmas edim.)","Menga faqat o`zimning ochiq-oydin ogohlantirguvchi ekanligimgina vahiy etilur», deb ayt.","Esla! O`shanda Robbing farishtalarga: «Albatta, men loydan bashar yaratguvchidirman.","Bas, qachonki uni rostlab, ichiga ruhimdan puflaganimda, unga sajda qilib yiqilinglar!» – degan edi.","Bas, farishtalar barchalari jamlanib, sajda qildilar.","Magar iblisgina mutakabbirlik qildi va kofirlardan bo`ldi.","U zot: «Ey, iblis, O`z qo`lim bilan yaratgan narsaga sajda qilishingdan seni nima man qildi?! Mutakabbirlik qildingmi?! Yoki oliy darajalilardan bo`ldingmi?!» – dedi.","U: «Men undan yaxshiman. Meni olovdan yaratgansan. Uni loydan yaratgansan», dedi.","U zot: «Sen undan chiq! Bas, albatta, sen quvilgansan.","Va, albatta, senga jazo kunigacha mening la'natim bo`lgay», dedi.","U: «Ey Robbim, menga ular qayta tiriltirilajak kungacha muhlat bergin!» – dedi.","U zot: «Sen muhlat berilganlardansan.","Ma'lum vaqt kunigacha», dedi.","U : «Sening izzating ila qasamki, men ularning barchasini ig`vo qilaman.","Magar, ulardan xalos qilingan bandalaringgina (ig`voga uchmas)», dedi.","U zot: «Haq shulki, zotan, Men faqat haqni ayturman.","Albatta, Men jahannamni sen va ulardan senga ergashganlar bilan jamlab to`ldirurman», dedi.","Sen: «Men uning uchun sizdan hech ajr, haq so`ramasman. Men soxtakorlardan ham emasman.","U(Qur'on) faqat olamlar uchun eslatma, xolos.","Albatta, uning xabarini bir muddatdan so`ng bilursiz», deb ayt.","Bu kitobning nozil qilinishi aziyzu hakiym bo`lgan Alloh tomonidandir.","Albatta, Biz senga kitobni haq ila nozil qildik. Bas, sen Allohga Unga dinni xolis qilgan holingda ibodat et.","Ogoh bo`lingkim, xolis din Allohnikidir. Undan o`zga avliyo (do`stlar) tutganlar: «Biz ularga faqat bizlarni Allohga juda ham yaqin qilishlari uchungina ibodat qilurmiz», (derlar). Albatta, U zot ular orasida ixtilof etayotgan narsalari bo`yicha hukm qilur. Albatta, Alloh yolg`onchi va kofir kimsalarni hidoyat qilmas.[1]###[1] (Mushriklar Alloh taoloning yaratuvchi zot ekanini, osmonlaru Yerni yaratganini tan olar edi. Ammo o`sha xoliqning tavhidini, yakka O`zigina ibodatga sazovor ekanini tan olmasdi. Ibodatda Unga turli but va sanamlarni sherik qilar edi. Ular o`zlaricha afsona to`qib, farishtalar Allohning qizlari, deb safsata sotishardi. Farishtalarga turli haykallar yasab o`shalarga sig`inishardi. Biz maloikalarga ibodat qilish zarurligidan emas, ular bizni shafoat etib, Allohga juda ham yaqinlashtirishlari uchun sig`inamiz, deyishardi. Bu ishlari esa, botil ish edi. Allohning tavhidiga xilof edi. Kufr va shirk edi.)","Agar Alloh bola tutishni istasa, albatta, O`zi yaratgan narsalardan xohlaganini tanlab olar edi. U zot pokdir. Alloh yagona Qahhordir (ya'ni, Qahhorligidan butun olamni O`ziga bo`ysundirib va yakka O`zi idora qilib turadi. Bu ishida U hech qanday sherikka, yordamchiga muhtoj emas).","U osmonlaru yerni haq ila yaratgan, kechani kunduz ustiga o`raydigan, kunduzni kecha ustiga o`raydigan, quyosh va oyni bo`ysundiradigan Zotdir. Har biri belgilangan muddatcha yurmoqda. Ogoh bo`lingkim, U aziyzu o`ta mag`firatli Zotdir.[1]###[1] (Oyatda Alloh taoloning hech bir sherikka, farzandga mutlaqo hojati yo`qligi bayon qilinmoqda. Alloh taoloning vahdoniyatining dalillari eslatilmoqda.)","U sizlarni bir jondan yaratdi. So`ngra undan juftini qildi va sizlarga chorva hayvonlaridan sakkiz juftni tushirdi. U sizni onalaringiz qornida uch zulmat ichida bir yaratishdan keyin yana boshqa yaratishga o`tkazib, asta yaratadir. Ana o`sha Alloh Robbingizdir. Barcha mulk Unikidir. Undan o`zga hech bir ibodatga sazovor zot yo`q. Bas, qayon burilib ketmoqdasiz?![1]###[1] (Ushbu oyatda Alloh taolo insonni ona qornida uch zulmat ichida yaratganining xabarini bermoqda. Uch zulmat nima? Tafsirchi ulamolarimiz bu savolga, uch zulmatning biri homilani o`rab turuvchi parda, ikkinchisi bachadon, uchinchisi qorin, deb javob berganlar. Ilmiy taraqqiyot bu javobni yana ham aniqlashtirdi. Mutaxassis olimlar o`tkazgan tekshirishlardan homilani o`rab turuvchi parda uch qavat ekani ma'lum bo`ldi. Alloh taoloning: «onalaringiz qornida uch zulmat ichida», degani bejiz emas ekan. Qorinning ichida uch zulmat, uch qavat pardani yaratgan kim? Nima uchun bir emas, ikki emas yoki to`rt emas, aynan uch qavat? Shuning o`zi Alloh taoloning vahdoniyatiga dalil emasmi?)","Agar kufr keltirsangiz, albatta, Alloh sizdan behojatdir. U zot O`z bandalarining kofir bo`lishiga rozi bo`lmas. Agar Unga shukr keltirsangiz, sizdan rozi bo`lur. Hech bir og`irlik ko`targuvchi jon o`zga jonning og`irligini ko`tarmas. So`ngra faqatgina Robbingizga qaytishingiz bor. Bas, U nima amal qilib yurganingizning xabarini berur. Albatta, U dillardagi narsalarni ham o`ta bilguvchi Zotdir.","Qachonki insonni zarar tutsa, Robbiga tavba qilgan holida duo qilur. So`ngra unga U zot O`z fazlidan ne'mat bersa, oldin duo qilib turgan narsasini unutur va Allohga Uning yo`lidan adashtirmoq uchun tengdoshlar qilur. Sen: «Kufring bilan bir oz huzurlanib tur. Albatta, sen jahannam egalaridansan», deb ayt.","Yo`qsa, u kechalari ibodat qilib, sajda etgan, bedor holida oxiratdan qo`rqib, Robbi rahmatidan umidvor bo`lgan odamga tengmi?! Sen: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo`larmidi?!» – deb ayt. Albatta, aql egalarigina eslarlar.[1]###[1] (Allohga kufr keltirgan, Unga ibodat qilmagan, Unga bo`yin egmagan, kechalari Uning roziligini yo`lida bedor bo`lmagan, oxiratdan qo`rqmagan, Robbi rahmatidan umid etmagan odam, albatta, ushbu kechalari Allohga ibodat qilgan, Allohning O`zigagina sig`ingan, Alloh taoloning roziligini topish uchun bedor bo`lgan, oxiratdan qo`rqqan va Robbi rahmatidan umidvor kimsaga teng bo`la olmaydi.)","Sen (Mening tarafimdan): «Ey, iymon keltirgan bandalarim, Robbingizga taqvo qiling. Bu dunyoda go`zal amal qilganlarga go`zallik bordir. Allohning yeri kengdir. Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz, to`liq berilur», deb ayt.[1]###[1] (Iymon Allohga ishonish va uning aytganiga yurishdir. Taqvo esa, doimo Allohni his qilib turish va amrlarini bajarishdir.)","Sen: «Albatta, men dinni O`zi uchun xolis qilgan holimda Allohga ibodat etishimga buyurilganman.","Va men musulmonlarning avvalgisi bo`lishimga amr etilganman», deb ayt.[1]###[1] (Avval aytilganidek, «din» itoat, ibodat, jazo, mukofot hamda shariat ma'nolarini anglatadi. Demak, Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom faqat xolis Allohgagina itoat qilishga, faqat xolis Allohning ko`rsatmalariga amal qilishga buyurilganlar, faqat xolis Allohdangina jazo va mukofot kutishga, faqat Allohning shariatiga amal etishga buyurilganlar. Mana shu narsa sof tavhiddir. Alloh taoloning vahdoniyatiga iqrorlikdir.)","Sen: «Albatta, men agar Robbimga isyon etsam, ulug` kunning azobidan qo`rqaman», deb ayt.","Sen: «Dinimni O`ziga xolis qilgan holimda Allohgagina ibodat qilurman.","Bas, sizlar Undan o`zga nimani xohlasangiz, o`shanga ibodat qilaveringlar», deb ayt. Sen: «Albatta, ziyonkorlar qiyomat kuni o`zlariga va ahllariga ziyon qilguvchilardir. Ogoh bo`lingkim, ana o`sha ochiq-oydin ziyonkorlikdir», deb ayt.","Ular uchun tepalaridan ham olovdan «soyabonlar» bor, ostlaridan ham olovdan «soyabonlar» bor. Bu bilan Alloh O`z bandalarini qo`rqitur. «Ey bandalarim, Menga taqvo qilinglar!»[1]###[1] (Alloh taolo qiyomatning azoblari haqida oldindan ogohlantirib qo`yadi. Boshlariga musibat tushganda, ey Robbimiz, avvalroq aytmagan ekansan, demasinlar).","Tog`utdan, unga ibodat qilishdan chetda bo`lganlarga va Allohga qaytganlarga xushxabar bor. Bas, bir bandalarimga xushxabar berki...","Ular gapni eshitib, eng go`zaliga ergasharlar. Ana o`shalar Alloh hidoyat qilganlardir. Ana o`shalar, ha, o`shalar aql egalaridir.[1]###[1] (Ushbu jumladan bilinadiki, odamlar ikki toifa — Allohga yoki tog`utga ibodat etadigan bo`ladi. Uchinchi xili bo`lishi mumkin emas. Allohga ibodat qilmagan odam, albatta, tog`utga, ya'ni Allohdan o`zgaga sig`ingan bo`ladi. Men dinsizman, hech narsaga ibodat qilmayman, deganlar yolg`on gapiradilar. Ular, hech bo`lmasa, havoi nafsiga yoki o`zi a'zo bo`lgan jamiyatning urf-odatiga bo`ysunadilar — ibodat qiladilar.)","Yoki u haqida azob so`zi haq bo`lgan kimsani — do`zaxdagi kimsani sen qutqara olurmisan?!","Lekin Robbilariga taqvo qilganlar uchun boloxonalar ustidan boloxonalar bino qilingandir. Ostlaridan anhorlar oqib turur. Allohning va'dasi shu! Alloh va'daga xilof qilmas.","Alloh osmondan suv tushirib, uni yerdagi manbalardan yuritib qo`yganini ko`rmadingmi?! So`ngra u ila turli rangdagi ekinlarni chiqaradi. Keyin u quriydi. Bas, uni sarg`aygan holida ko`rarsan. So`ngra uni quruq cho`pga aylantirur. Albattta, bunda aql egalari uchun eslatma bordir.","Alloh ko`ksini Islomga keng qilib ochib qo`ygan shaxs o`z Robbidan bo`lgan nurda emasmi?! Allohni zikr qilishdan qalblari qotib qolganlarga voy bo`lsin! Ana o`shalar ochiq-oydin zalolatdadirlar.","Alloh eng go`zal so`zni o`xshash va takrorlangan kitob etib tushirar. Undan Robbilaridan qo`rqadiganlarning terilari titrar. So`ngra ularning terilari va qalblari Allohning zikriga yumshar. Ana shu, Allohning hidoyatidir. U ila Alloh xohlagan kimsani hidoyat qilar. Kimni Alloh zalolatga ketkazsa, bas, uning uchun hidoyat qilguvchi yo`q.[1]###[1] (Qur'oni Karim eng go`zal so`zdir. Uning oyatlari go`zallikda, purma'nolikda, hikmatda, to`g`rilikda va hukmda bir-biriga o`xshashdir. «Takrorlanadigan» bo`lishi esa, hukmlari takror-takror keladi, hikmatlari takror-tarkor keladi, va'zlari, ogohlantirishlari, va'dayu tahdidlari ham takror-takror keladi. Shuningdek, suralari, oyatlari takror-takror o`qiladi, yod olinadi, o`rganiladi. Bu sifat Alloh taoloning abror bandalarining sifatidir. Ular Qur'on tilovatidan, undagi ma'nolardan juda qattiq ta'sirlanadilar. Ogohlantiruvchi, tahdid qiluvchi oyatlar kelganida xavfdan, qo`rqinchdan badanlari titraydi, yaxshi va'da va rahmat oyatlari kelganida umidvorlikdan badanlari va qalblari yumshaydi, Allohning zikriga yana ham ko`proq beriladilar. Bunday bo`lishi yaxshilik alomatidir.)","Axir qiyomat kuni zolimlarga, kasb qilib yurgan narsangizni totib ko`ring, deyilganida yomon azobdan yuzi ila saqlanadigan odam (mo`min ila teng bo`larmidi)?!","Ulardan oldingilar ham yolg`onchi qilganlar, bas, ularga o`zlari sezmagan tomondan azob kelgan.","Alloh ularga bu dunyoda xorlikni tottirdi, albatta, oxirat azobi, agar bilsalar, yanada ulkan bo`lur.","Batahqiq, Biz ushbu Qur'onda odamlarga turli misollar keltirdik. Shoyadki, eslasalar.","Arabcha Qur'onni egriliksiz qilib (tushirdikki), shoyadki, taqvo qilsalar.","Alloh bir misol keltiradir. Bir odamga talashuvchi sheriklar egadir. Salomat holidagi boshqa biriga bir kishi egadir. Ikkovlarining misoli barobarmi?! Allohga hamd bo`lsin. Yo`q, ko`plari bilmaslar.","Albatta, sen ham o`lguvchisan, ular ham o`lguvchidirlar.[1]###[1] (Allohdan boshqa har bir tirik jon o`ladi. Hamma ham o`ladi. O`lmaydigan hech kim yo`q. Faqat Alloh taoloning O`zigina qoladi.)","So`ngra, albatta, sizlar qiyomat kuni Robbingiz huzurida tortishursizlar."]