["Allohga nisbatan yolg`on gapirgan va o`ziga sodiq (so`z) kelganida uni yolg`onga chiqargandan ham zolimroq kimsa bormi?! Kofirlarning joyi jahannamda emasmi?!","Sodiq (so`z)ni keltirgan va uni tasdiq qilgan esa, ana o`shalar taqvodorlardir.[1]###[1] (Ya'ni, Allohning sodiq so`zini bandalarga yetkazgan va o`sha sodiq so`zni tasdiqlaganlar taqvodorlardir. Qur'oni Karimni keltirgan Muhammad alayhissalotu vassalom hamda boshqa barcha payg`ambarlar alayhissalom va barcha mo`min bandalar shu siraga kiradilar. Ular Alloh taologa taqvo etgan, uning aytganini qilgan, qaytarganidan qaytgan bandalardir.)","Ular uchun Robbilari huzurida xohlagan narsalari bordir. Ana o`sha, go`zal amal qilguvchilarning mukofotidir.","Zero, Alloh ularning qilgan eng yomon amalini o`chirib, qilib yurgan eng go`zal amallari ajri ila mukofotlar.","Alloh O`z bandasiga yetarli emasmi?! Ular seni Undan boshqalar bilan qo`rqiturlar. Kimni Alloh zalolatga ketkazsa, bas, uning uchun hech bir hidoyat qilguvchi yo`q.[1]###[1] (Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom mushriklarni Alloh taoloning tavhidiga chaqirib, ularning turli soxta xudolarini ayblaganlarida, ular: «Muhammad xudolarimizni so`kishdan to`xtamasa, unga, albatta, yomonlik yetadi», deb u zot alayhissalotu vassalomni qo`rqitmoqchi bo`lganlar. Ushbu oyat shu munosabat ila tushgan ekan. Garchi xos sabab bilan nozil bo`lsa ham, ma'nosi umumiydir.)","Kimni Alloh hidoyatga solsa, bas, uning uchun hech bir zalolatga ketkazguvchi yo`q. Alloh Aziyzu intiqom egasi emasmi?!","Agar ulardan: «Osmonlaru yerni kim yaratdi?» – deb so`rasang, albatta: «Alloh!» – derlar. Sen: «Menga xabar beringlar-chi! Siz iltijo qilayotgan, Allohdan boshqa narsalar, agar Alloh menga zararni iroda qilsa, o`shalar Uning zararini aritguvchi bo`la olurlarmi?! Yoki menga marhamatni iroda qilsa, o`shalar Uning marhamatini tutib qolguvchi bo`la olurmi?!» – deb ayt. Sen: «Menga Alloh yetarli, tavakkal qilguvchilar Ungagina tavakkal qilurlar», deb ayt.","Sen: «Ey qavmim, o`z holingizcha amal qilavering. Albatta, men ham amal qilguvchiman. Bas, tezda bilursiz,","Kimga uni rasvo qiladigan azob kelajagini va kimga davomli azob tushajagini», deb ayt.[1]###[1] (Ya'ni, ey qavmim, Allohning tavhid yo`liga yurmay, Unga shirk keltiradigan bo`lsangiz, o`z ixtiyoringiz bilan, o`z xohishingiz va yo`lingiz bilan amal qilavering. Ammo men Allohning aytganiga amal qilaman. Tezda qiyomat qoim bo`lajak, o`shanda bilasiz. Kimning ustidan muqim turadigan azob tushajagini bilasiz. Meningmi, sizlarningmi?)","Albatta, Biz odamlar uchun senga kitobni haq ila tushirdik. Bas, kim hidoyatga yursa, o`ziga foyda. Kim zalolatga ketsa, o`ziga zarar. Sen ularga vakil (qo`riqchi) emassan.[1]###[1] (Kim aqlini ishlatib, insof qilib hidoyatga yursa, Alloh tushirgan Qur'onga amal qilsa, o`ziga foyda bo`ladi. Kim shunchalik gap-so`zdan keyin ham, Alloh unga aql-hush berib, payg`ambar yuborib, kitob tushirib, haq yo`lni ko`rsatib qo`yganidan keyin ham zalolat yo`lini tanlasa, o`ziga zarar qiladi, boshqaga emas.)","Alloh jonlarni o`limi vaqtida, o`lmaganlarini esa, uyqusi vaqtida olur. Bas, o`lishiga hukm qilganlarini ushlab qolur, qolganlarini ma'lum muddatgacha qo`yib yuborur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat(ibrat)lar bordir.[1]###[1] (Har lahzada qanchadan-qancha odamlar jon beradilar. Ularning jonini kim oladi? Har bir odam har kuni ma'lum muddat uxlaydi, o`shanda u o`likka o`xshab yotadi. Uning joni nima bo`ladi? Bu savollarga mazkur jumlada javob bor. Jonlarni o`lim vaqtida ham, uxlagan vaqtida ham oladigan zot Allohdir. Tandan jon chiqishi katta vafot, uxlaganda tana bilan jon orasida aloqaning kuchsizlanishi kichik vafot deyiladi. Chunki uxlagan odamning jonini ham Alloh taolo olgan bo`ladi. Kimning qazosi yetgan bo`lsa, uyqusidan qayta uyg`onmay, kichik vafoti katta vafotga aylanib qolaveradi. Alloh ajali yetmaganlarning jonini qo`yib yuboradi. Ular belgilangan ajalgacha yashab yuradilar.)","Yoki Allohdan o`zga shafoatchilar tutganlarmi?! Sen: «Axir, ular biror narsaga ega bo`lmasalar va biror narsani anglamasalar ham-a?!» – deb ayt.","Sen: «Barcha shafoat yolg`iz Allohnikidir. Osmonlaru yerning mulki(egaligi) ham yolg`iz Unikidir. So`ngra Ungagina qaytarilursizlar», deb ayt.","Qachonki Allohning yolg`iz O`zi zikr qilinsa, oxiratga iymon keltirmaydiganlarning qalblari siqilib ketar. Qachonki Undan o`zgalar zikr qilinsalar, birdan shodlanib ketarlar.","Sen: «Ey Allohim! Osmonlaru yerni yaratgan Zot! Foyib va oshkorni bilguvchi Zot! Sening O`zing bandalarning orasida ular ixtilof qilib yurgan narsalarda hukm qilursan», deb ayt.","Agar zulm etganlarga yer yuzidagi barcha narsa va u bilan yana shu qadar narsa berilsa ham, qiyomat kuni yomon azobga to`lov qilib yuborishlari aniq. Va ularga Alloh tomonidan o`zlari xayollariga ham keltirmagan narsalar zohir bo`lur.[1]###[1] (Kofir va mushriklar bu dunyoda gerdayib, talashib-tortishganlari bilan, qiyomat qoim bo`lib, o`zlariga beriladigan azobni tushunib yetganlarida, azobdan qutulishi uchun bor-yo`q dunyosini berishga tayyor turadilar. Ammo bu to`lov kimga ham kerak? Qiyomat kunining qozisi pora ham, to`lov ham olmaydi. U behojat Zot. Uning huzurida kofir va mushriklar uchun amallariga yarasha jazo bor, xolos.)","Va ularga o`zlari kasb qilgan narsalarning yomonligi zohir bo`lur va ularni o`zlari masxara qilib yurgan narsa o`rab olur.","Bas, qachonki insonni zarar tutsa, u Bizga duo qilur. So`ngra unga Biz O`zimizdan ne'mat bersak: «Albatta, bu menga ilmim tufayli berildi», der. Yo`q! U sinovdir. Lekin ko`plari bilmaslar.[1]###[1] (Boshiga musibat tushsa, balo-ofat kelsa, o`shanday kimsa ham soxta xudolariga emas, Alloh taologa yolboradi. Og`ir musibat vaqtida manmanlik va takabburlik ham qolmaydi, insonning fitrati sof tabiati ochiladi. Insonning fitratida esa, Alloh taoloning vahdoniyatini tan olish xususiyati bor. Shu bois har qanday inson u qanchalik kofir, qanchalik mushrik bo`lmasin, boshiga musibat tushib, zararga yuz tutsa, faqat Alloh taoloning O`ziga yolboradi. Alloh taolo undan zararni olib, unga yana tinchlik-omonlik va ofiyatni bersa, u eski holatiga qaytadi. Alloh bergan ne'matni, tinchlik-omonlik, ofiyat va yaxshiliklarni o`z ilmim, xatti-harakatim bilan topdim, deb da'vo qila boshlaydi.)","Batahqiq, buni ulardan avvalgilar ham aytgan edilar. Bas, ularning qilgan kasblari o`zlariga asqotmadi.","Bas, ularga qilgan kasblarining yomonliklari musiybat bo`ldi. Anavilardan zulm qilganlariga ham tezda qilgan kasblarining yomonliklari musiybat bo`lur. Ular qochib qutulguvchi ham emaslar.","Ular Alloh xohlagan kishisiga rizqni keng va tor qilishini bilmasmidilar?! Albatta, bunda iymon keltirguvchi qavmlar uchun oyat(belgi)lar bordir.","Sen (Mening tarafimdan): «Ey, o`z jonlariga isrof (javr) qilgan bandalarim, Allohning rahmatidan noumid bo`lmang! Albatta, Alloh barcha gunohlarni mag`firat etar. Albatta, Uning O`zi o`ta mag`firatli va o`ta rahimli Zotdir», deb ayt.[1]###[1] (Imom «Buxoriy Sa'd ibn Jubayr roziyallohu anhudan keltirgan rivoyatda aytilishicha, ko`plab gunohlar qilgan bir guruh mushrik Rasululloh alayhissalotu vassalomning huzurlariga kelib: «Albatta, sen da'vat qilayotgan narsa juda ham go`zal. Qani, ayt-chi, biz qilgan narsalarni yuvadigan narsa ham bormi?» deb so`rashganida Alloh taolo ushbu oyati karimani tushirgan ekan.)","Sizga azob kelishidan oldin Robbingizga qayting va Unga taslim bo`ling. So`ngra sizga yordam berilmas.","Sizga o`zingiz sezmagan holda to`satdan azob kelib qolishidan oldin Robbingizdan sizga tushirilgan eng go`zal narsaga ergashing.","Jon: «Alloh haqida yo`l qo`ygan kamchiliklarim uchun nadomat bo`lsin. To`g`risi, men masxara qilguvchilardan bo`lgan edim», demasidan oldin...","Yoki: «Agar Alloh meni hidoyat qilganida, albatta, taqvodorlardan bo`lar edim», demasidan oldin...","Yoki azobni ko`rgan chog`ida: «Agar menga yana bir marta ortga (dunyoga) qaytish bo`lganida, go`zal amal qilguvchilardan bo`lar edim», demasidan oldin...[1]###[1] (Oxirat azobini, o`lim talvasasini ko`rgandan keyingi nadomatlar foyda bermaydi. Haq kalom yetishi bilan darhol tavba qilish, Allohga to`la-to`kis taslim bo`lish va Qur'onga ergashish kerak. Chunki, oxiratda ushbu so`zlarga javoban Alloh:)","«Yo`q! Batahqiq, senga Mening oyatlarim keldi. Bas, sen ularni yolg`onga chiqarding, mutakabbirlik qilding va kofirlardan bo`lding!» der.[1]###[1] (Ey kofir! Ey mushrik! Ey osiy! Aytayotgan gaplaring hammasi yolg`on. Sen azobni ko`rganingdan so`ng noiloj qolib, do`pping tor kelganidan aytmoqdasan bu gaplarni. Agar sening niyating to`g`ri bo`lsa, u dunyoda yaxshi ishlarni qilishing mumkin edi. Senga qulay fursat berilgan edi.)","Qiyomat kuni Allohga nisbatan yolg`on so`zlaganlarni ko`rsang, yuzlari qop-qoradir. Yoki mutakabbirlarning joyi jahannamda emasmi?!","Alloh taqvo qilganlarga yutuqlari tufayli najot berur. Ularga yomonlik yetmas va ular xafa ham bo`lmaslar.","Alloh har bir narsaning yaratguvchisidir. Va U har bir narsaga vakildir.","Osmonlaru yerning kalitlari Ungagina xosdir. Allohning oyatlariga kufr keltirganlar, ana o`shalar ziyonkorlardir.","Sen: «Ey, johillar! Meni Allohdan o`zgaga ibodat qilishimga buyururmisiz?!» – deb ayt.","Batahqiq, senga va sendan oldin o`tganlarga ham: «Agar shirk keltirsang, albatta, amaling behuda ketur va, albatta, ziyonkorlardan bo`lursan.","Yo`q! Allohgagina ibodat qil va shukr etguvchilardan bo`l!» – deb vahiy qilingan.","Ular Allohning qadrini to`g`ri taqdirlamadilar. Holbuki, Yer borligicha Uning siqimidadir. Osmonlar esa, Uning qo`liga yig`ilgandir. U zot ular shirk keltirayotgan narsalardan pok va yuksakdir.[1]###[1] (Bu dunyoda Allohga shirk keltirganlar Alloh taoloning qanday zot ekanini to`g`ri taqdir qilmadilar. Ular Alloh taoloning yolg`iz O`ziga ibodat qilmayotganlari, Unga shirk keltirayotganlari shunga dalolatdir. Allohning vahdoniyatini ham, Allohning ulug`ligini ham idrok qilmadilar. Ular Allohning har bir narsaga qodirligini anglamadilar. Agar shu ma'nolarni idrok qilganlarida Unga shirk keltirmas edilar.)","Va surga puflandi. Osmonlaru yerda kim bo`lsa, qulab o`ldi. Magar Alloh xohlaganlargina qoldi. So`ngra unga yana bir bor puflandi. Bas, to`satdan ular turib intizor bo`lurlar.[1]###[1] (Demak, surga birinchi bor puflanganda osmonlaru Yerdagi barcha jonzotlar chaqmoq urganday birdan yiqilib o`ladilar. Shuning uchun ham bu puflash «sa'q» — «yiqilib o`lish» puflashi, deyiladi. Allohning xohishi hamma narsadan ustun, shuning uchun U zot xohlasa, ba'zi jonzotlar sa'q — puflashidan keyin ham tirik qoladi. Isrofil alayhissalom tomonidan surga ikkinchi bor puflandi, barcha xaloyiq tirilib, o`rinlaridan turib, bundan keyin nima bo`lishini kutadilar. Shuning uchun ham ikkinchi puflash «turish puflashi» deb nomlanadi.)","Va yer Robbi nuri ila yorishdi. Kitob qo`yildi. Payg`ambarlar va guvohlar keltirildi. Ular orasida haq ila hukm chiqarildi. Ularga zulm qilinmadi.[1]###[1] (Ya'ni, mahshar maydoni Allohning nuri ila yop-yorug` bo`ldi. U kunda faqat Allohning nuri bo`ladi. Endi hamma narsa hisob-kitobga tayyor ham bo`ldi. Bandalarning nomai amallari — bu dunyoda qilgan amallari farishtalar tomonidan yozib yurilgan kitob o`rtaga qo`yildi.)","Va har bir jonga qilgan amali (jazo yoki mukofoti) to`liq berildi. U zot ular qilayotgan ishlarni o`ta yaxshi bilguvchidir.","Va kufr keltirganlar jahannamga guruh-guruh qilib haydaldi. Toki unga yetib kelgan chog`larida, uning eshiklari ochildi va uning qo`riqchilari ularga: «Sizlarga o`zingizdan bo`lgan Payg`ambarlar kelib, Robbingiz oyatlarini tilovat qilib bermadilarmi? Sizlarni ushbu kuningizga duchor bo`lishingizdan ogohlantirmadilarmi?!» – dedilar. Ular: «Ha! Lekin azob so`zi kofirlar ustiga haq bo`lgandir», dedilar.[1]###[1] («Ha», o`zimizdan bo`lgan payg`ambarlar bizga kelgan, ular bizga Robbimizning oyatlarini tilovat qilib bergan va u kunning dahshatidan ogohlantirgan edilar, demoqchilar. Lekin to`liq ayta olmaydilar. «Ha», deb qo`yishga zo`rg`a yaraydilar.)","«Jahannam eshiklaridan unda abadiy qolguvchi bo`lgan holingizda kiring», deyildi. Bas, mutakabbirlarning joyi qanday ham yomon bo`ldi.","Va Robbilariga taqvo qilganlar jannatga guruh-guruh qilib olib borildilar. Toki unga yetib kelgan chog`larida, uning eshiklari ochildi va uning qo`riqchilari ularga: «Sizga salomlar bo`lsin! Xush keldingiz! Bas, unga abadiy qolguvchi bo`lgan holingizda kiring», dedilar.","Ular: «Bizlarga bergan va'dasini rost qilgan va bizga bu yerni meros qilib bergan Allohga hamdlar bo`lsin. Endi undan xohlagan joyimizni olamiz», dedilar. Bas, amal qiluvchilarning ajri qanday ham yaxshi bo`ldi!","Va farishtalarni Arshni o`rab olib Robbilariga hamd ila tasbih aytayotgan holda ko`rursan. Ular orasida haq ila hukm qilindi va: «Olamlarning Robbi Allohga hamdu sano bo`lsin!» – deyildi.","Haa. Miym.","Bu kitobning nozil qilinishi aziyzu o`ta ilmli Alloh tomonidandir.","U, gunohni mag`firat qilguvchi, tavbani qabul etguvchi, iqobi shiddatli va fazlu karam sohibi bo`lgan Zotdir. Undan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q. Qaytish Uning O`zigaginadir.","Allohning oyatlari haqida faqatgina kufr keltirganlar talashib-tortishurlar. Bas, ularning yurtlarda aylanib yurishlari seni aldab qo`ymasin.[1]###[1] (Kofirlar hukm va sultonga, boshqa narsalarga ega bo`lishlari mumkin, bu hollar mo`min kishini aldab qo`ymasligi kerak.)","Ulardan oldin Nuh qavmi va ular ketidan kelgan firqalar ham yolg`onchi qilgan edilar. Har ummat o`z Payg`ambarini tutishga qasd qildi va haqni yo`qotish uchun botil ila mujodala etdi. Bas, Men ularni tutdim. Bas, Mening iqobim qanday bo`ldi![1]###[1] (Ana o`sha o`tgan ummatlardan har biri o`z payg`ambarini tutib, o`ldirmoqni qasd qildi. Suiqasd kofirlarning qadimiy odati.)","Kufr keltirganlarga ham Robbingning (azob) so`zi xuddi ana shunday haq bo`ldi. Albatta, ular do`zax egalaridir.","Arshni ko`tarib turganlar va uning atrofidagilar Robbilariga hamd ila tasbih ayturlar, Unga iymon keltirurlar va iymon keltirganlarga mag`firat so`rab: «Ey Robbimiz, rahmating va ilming ila har bir narsani qurshagansan, bas, tavba qilib, yo`lingga ergashganlarni mag`firat qilgin va ularni do`zax azobidan saqlagin.[1]###[1] (Alloh taoloning Arshini inson idrok qila olmaydi, inson arshni ko`tarib turadiganlar va uning atrofidagilarning ham haqiqatini bilmaydi. Bilgani — Arshni ko`tarib turadigan, atrofini o`rab olgan zotlar borligidir. Ular modomiki Arshni ko`tarib turgan ekanlar, shunga yarasha kuch-quvvat va maqom-martabaga egadirlar.)","Ey Robbimiz, ularni ham, otalaridan, juftlaridan va zurriyotlaridan ahli solih bo`lganlarini ham O`zing ularga va'da qilgan adn jannatlariga kiritgin. Albatta, Sening O`zing aziyzu o`ta hikmatli zotsan.","Va ularni yomonliklardan saqla, o`sha kuni kimni yomonliklardan saqlasang, batahqiq, unga rahim qilibsan. Ana o`sha buyuk yutuqdir», (derlar).","Albatta, kufr keltirganlarga: «Iymonga chaqirilganingizda kufr keltirgan chog`ingizdagi Allohning g`azabi sizning o`zingizga (hozirgi) g`azabingizdan kattaroqdir», deb nido qilinur.","Ular: «Ey Robbimiz, Sen bizni ikki marta o`ldirding, ikki marta tiriltirding. Bas, biz gunohlarimizni e'tirof etdik. Endi chiqishning biron yo`li bormi?» – dedilar.[1]###[1] (Ular ona qornida ruh kirgunicha jonsiz holda yotganlarini va yorug` dunyoda o`lib, ko`milganlarini ikki marta o`lish demoqdalar. Onaning qornida bir marta va qiyomat kuni ikkinchi marta tiriltirding. Sening har bir narsaga qodir ekaningni ham e'tirof qildik.)","Bunday bo`lishingiz Allohning yolg`iz O`ziga da'vat qilinganida, kufr keltirganingiz, Unga shirk keltirilsa, iymon keltirganingiz uchundir. Bas, hukm oliy va ulug` Allohnikidir.","Uning O`zi sizga oyat (belgi)larini ko`rsatadigan, osmondan sizga rizq tushiradigan Zotdir. Faqat qaytadigan kishigina anglar.[1]###[1] (Har bir narsada Allohga qaytadigan, tavba qiladigan, ko`rgan-bilganidan va'z-nasihat oladigan kishilargina anglab yetadilar.)","Bas, agar kofirlar yoqtirmasalar ham, Allohga dinni xolis qilgan holingizda yolvoring.","U, darajasi yuksak, Arsh egasi bo`lgan Zotdir. U, O`z amri ila bandalaridan kimni xohlasa, o`shanga muloqot kunidan ogohlantirishi uchun ruhni tushirur.[1]###[1] (Muloqot-uchrashuv kunidan murod qiyomatdir. Ruhdan murod esa, vahiy va uni olib keluvchi farishtadir.)","O`sha kunda ular zohir bo`lurlar. Allohga ulardan biron narsa maxfiy qolmas. Bugun mulk kimnikidir?! Yakkayu yolg`iz, Qahhor Allohnikidir![1]###[1] (Qiyomat kunida odamlar ko`milib yotgan joylaridan chiqib, zohir bo`lib, ko`rinish beradilar. Bandalaridan sodir bo`lgan biron narsa Alloh taologa maxfiy qolmas, ammo bu haqiqatni qiyomat kuni haqida alohida takror aytishdan maqsad kofir, munofiq va osiylar, qilgan ishlarimiz to`polonning ichida maxfiy qolsa ajab emas, degan o`yda bo`lsalar, o`sha xayolni ko`tarish uchundir.)","Bugungi kunda har bir jon o`zi qilgan kasbga yarasha jazo olur. Bugunga kunda zulm yo`qdur. Albatta, Alloh hisobni tez qilguvchi Zotdir.","Sen ularni yaqinlashguvchi Kundan ogohlantir. O`shanda jonlar xalqumga kelib, g`am-g`ussaga to`lib turarlar. Zolimlar uchun hech bir do`st ham, itoat qilinadigan shafoatchi ham yo`q.[1]###[1] (Yaqinlashguvchi kun qiyomat kunidir. U hademay kelib qoladi. Ko`zni ochib yumguncha ro`y beradi. Odamlar o`sha kundan ogoh bo`lsinlar. U kun og`ir kun bo`ladi. Hayoti dunyoda kufr va shirk ila zulmga yurgan kishilar uchun yonini oladigan do`st ham, gapiga quloq soladigan shafoatchi ham bo`lmaydi.)","U zot ko`zlarning xiyonatini ham, dillar maxfiy tutgan narsalarni ham bilur.[1]###[1] (Ya'ni, birovga bildirmasdan, o`g`irincha ko`z qiri tashlaganini ham biladi, hisobga olib qo`yadi. Hech kimga bildirmasdan, dilda tugib qo`yilgan narsalarni ham juda yaxshi biladi. Shunday bo`lganidan keyin boshqa narsalarni bilishida hech shak-shubha yo`qdir. Odamlar undan ogoh bo`lsinlar.)","Alloh haq ila hukm qilur. Undan o`zga iltijo qilayotganlari esa, hech narsa bilan hukm qilmaslar. Albatta, Allohning O`zi o`ta eshitguvchi va o`ta ko`rguvchi Zotdir.","Axir, ular yer yuzida yurib, o`zlaridan oldin o`tganlarning oqibati qanday bo`lganiga nazar solmaydilarmi?! Holbuki, o`shalar ulardan ko`ra quvvatliroq va yer yuzida asarlari ko`proq bo`lgan edilar. Bas, Alloh o`shalarni gunohlari sababli tutdi. Ularga Allohdan o`zga bir saqlovchi bo`lmadi.","Bunday bo`lishining sababi shuki, ularga Payg`ambarlari aniq hujjatlar bilan kelar edilar, ular esa, kufr keltirdilar. Bas, Alloh ularni tutdi. Albatta, U kuchli va iqobi shiddatli Zotdir.","Batahqiq, Biz Musoni O`z oyatlarimiz va ochiq hujjat ila yubordik:","Fir'avnga, Homonga va Qorunga. Bas, ular: «(Bu) sehrgar va kazzob», dedilar.","Muso ularga Bizning huzurimizdan haq ila kelgan chog`da, ular: «U bilan birga iymon keltirganlarning o`g`illarini qatl qilinglar, qizlarini tirik qoldiringlar», dedilar. Kofirlarning makr-hiylasi zalolatdan boshqa narsa emas.[1]###[1] (Bani Isroilni o`ziga qul qilib olgan Fir'avn bu xalqqa turli azob-uqubatlarni yog`dirar, nima qilib bo`lsa ham, ularni qullikda ushlab turib, o`z foydasi uchun ishlatishga urinar edi. O`ziga qarshi yosh yigitlar bosh ko`tarishi mumkinligini yaxshi bilganidan, qolaversa, atrofidagi gumashtalaridan, mulkiga Bani Isroildan tug`iladigan bola zavol bo`lishini eshitganidan keyin Bani Isroilda tug`iladigan qiz bolaga tegmasdan, o`g`il bolalarni o`ldirishga farmon bergan edi. Muso alayhissalom kelib, Alloh taolo tomonidan payg`ambar etib yuborilganlarini aytganlaridan keyin Fir'avnning xavfi yana ham ziyoda bo`ldi va Bani Isroilning, ya'ni Muso alayhissalomga qo`shilib, iymon keltirganlarning o`g`il bolalarini o`ldirish haqidagi farmonini yangiladi.)","Fir'avn: «Meni qo`yinglar, Musoni o`ldiray. Mayli, Robbiga duo qilsin. Albatta, men uning diningizni almashtirishidan va yer yuzida fasod chiqarishidan qo`rqmoqdaman», dedi.[1]###[1] (Mantiq bilan muvaffaqiyatga erisha olmagan, payg`ambarni sehrgar, kazzob, deb ham biror naf topmagan zolim podshoh endi kuch ishlatishga o`tdi. Tug`yonga ketgan hukmdor o`z taxtidan ajrab qolishdan qo`rqib, har qanday pastkashlikka tayyor ekanini ko`rsatdi. Haq yo`lga da'vat qiluvchini o`ldirishda Allohni ham e'tiborga olmasligini bildirdi. Robbiga duo qilsa, qilaversin, men baribir uni o`ldiraman, dedi. Shu bilan birga, eng qizig`i, dinni himoya etayotgan qilib ko`rsatdi o`zini. Yer yuzida buzuqilik bo`lmasligi uchun kurashyapman, deb iddio qildi.)","Muso: «Albatta, men Robbim va Robbingiz bo`lgan Zotdan hisob kuniga iymon keltirmaydigan har bir mutakabbirdan panoh so`rayman», dedi.","Fir'avn ahlidan bo`lgan, iymonini berkitib yuradigan bir mo`min kishi: «Bir odamni, Alloh Robbimdir, degani uchun o`ldirasizlarmi?! Holbuki, u sizga Robbingizdan ochiq-oydin hujjatlar ila kelmishdir. Agar u yolg`onchi bo`lsa, yolg`oni o`ziga zarar. Agar rostgo`y bo`lsa, unda u va'da qilayotgan ba'zi musiybatlar sizga yetar. Albatta, Alloh isrofchi va kazzob bo`lgan shaxsni hidoyat qilmas.[1]###[1] (Darhaqiqat, Muso alayhissalomning «Alloh Robbimdir» degan so`zdan boshqa da'volar yo`q edi. Bu degani Alloh mening yaratguvchim, rizq berguvchim, tadbirimni qilguvchi tarbiyachim, degani edi. Bu e'tirof oddiy haqiqat edi. Buning yomon joyi yo`q edi. Buni hamma tan olishi kerak edi. Bu narsa sof qalb va oddiy mantiqning taqozosi edi. Shuning uchun sof qalb egasi bo`lgan kishi tomonidan bu haqiqat e'lon etildi.)","Ey qavmim, bugungi kunda mulk siznikidir. Yer yuzida yuzaga chiqib turibsizlar. Agar bizga Allohning azobi kelsa, unda bizga kim yordam berar?!» – dedi. Fir'avn: «Men sizga o`zim ko`rayotgan narsadan boshqani ko`rsatmasman va sizlarni to`g`ri yo`ldan boshqaga yo`llamasman», dedi.[1]###[1] (Ya'ni, menikidan boshqa fikrni qabul qilishingizga rozi emasman, bilib qo`ying, faqat mengina sizni to`g`ri yo`lga boshlayman, dedi.)","Iymon keltirgan kishi: «Ey qavmim, albatta, men sizga ham boshqa firqalar kuniga o`xshash kun...","Nuh qavmi, Od, Samud va ulardan keyingilar holiga o`xshash hol bo`lishidan qo`rqurman. Alloh bandalarga zulmni iroda qilmas.","Ey qavmim, albatta, men sizlarga nidolashuv kunidan qo`rqurman.","U kunda ortga qarab qochursiz. Siz uchun Allohdan hech bir qutqarguvchi bo`lmas. Kimni Alloh zalolatga ketkazsa, bas, unga hech bir hidoyatchi bo`lmas.","Batahqiq, bundan oldin Yusuf ochiq-oydin hujjatlar ila keldi. Bas, siz u o`zingizga keltirgan narsaga shak keltirib, turib oldingiz. Nihoyat, u vafot etgan paytda: «Alloh undan keyin Payg`ambar yubormas», dedingiz. Alloh shunday qilib, isrofchi va shubhachi bo`lgan kimsani zalolatga ketkazdi.[1]###[1] (Ey qavmim, siz Yusuf alayhissalomning payg`ambarligiga shubha qilib, iymon keltirmay turib oldingiz. Xullas, Yusuf alayhissalom vafot etganida, undan qutuldik, Alloh tomonidan payg`ambar bo`lib keldim, deydigan odam endi bo`lmaydi, dedingiz. Alloh Yusuf alayhissalom haqida shubhada turib olgan o`sha ota-bobolaringizni zalolatga ketkazgani kabi, har bir xususda isrofgar bo`lgan va dinda shubha qilganlarni ham zalolatga ketkazdi. Muso haqida isrofchi va shubhachi bo`lmang, yana Alloh sizni ham zalolatga ketkazib qo`ymasin.)","Allohning oyatlari haqida o`zlariga kelgan hujjat-dalilsiz talashib-tortishadiganlar Alloh tomonidan ham, iymon keltirganlar tomonidan ham qattiq g`azabga qolurlar. Alloh shunday qilib, har bir mutakabbir va zo`ravon qalbni muhrlar», dedi.","Fir'avn dedi: «Ey, Homon, menga bir baland qasr bino qil, shoyad, sabablarga yetsam.","Osmonlarning sabablariga yetsam, so`ngra Musoning Ilohiga boqsam. Albatta, men uni yolg`onchi deb, gumon qilmoqdaman». Shunday qilib, Fir'avnga uning yomon amali ziynatlandi va u yo`ldan to`sildi. Fir'avnning makr-hiylasi ziyonkorlikdan boshqa narsa emas.[1]###[1] (U vaziri Homonni baland qasr qurishga buyurdi. U qasr nima uchun kerak bo`lib qolganini ham aytdi, osmonlarga chiqadigan sabablarga, yo`llarga yetishsamu chiqib Musoning xudosini ko`rsam. Men Musoning Alloh tomonidan yuborilgan payg`ambar ekaniga ishonmayman, o`zim osmonga chiqib, uning yolg`onchi ekanini isbotlamoqchiman, dedi. Fir'avnning bu gaplari qaysi tomondan olib qaralganda ham qavmni aldash, o`zini oliy maqom qilib ko`rsatish va Allohning dinini inkor etishdan iborat ekani bilinadi. Bu gaplar uning insofga kelib, to`g`ri yo`lga tushmasligidan darak berardi.)","Iymon keltirgan kishi: «Ey qavmim, menga ergashinglar, sizni to`g`ri yo`lga hidoyat qilurman.","Ey qavmim, bu dunyo hayoti vaqtinchalik bir matoh, xolos. Albatta, oxirat, o`shaning o`zi barqarorlik diyoridir.","Kim biror yomonlik qilsa, faqat o`shanga yarasha jazo oladi, xolos. Erkakdir, ayoldir, har kim mo`min bo`lgan holida solih amal qilsa, bas, ana o`shalar jannatga kirurlar, u yerda hisobsiz rizqlanurlar.","Ey qavmim, nechun men sizni najotga chaqirsam, siz meni do`zaxga chaqirursiz?![1]###[1] (Men sizni Allohga, Uning yuborgan payg`ambariga iymon keltirib, najotga erishishga chorlasam, siz meni kufrga chaqirmoqdasiz, kufrga chaqirishingiz do`zaxga chaqirishingizdir.)","Siz meni Allohga kufr keltirishimga va o`zim bilmagan narsani Unga shirk keltirishimga chaqirmoqdasiz. Holbuki, men sizni aziyzu o`ta mag`firatli Zotga chaqirmoqdaman.[1]###[1] (Siz meni Allohni inkor etib, unga ibodat qilmaslikka, xudoligini bilmaganim narsani unga shirk keltirib, o`shanga ibodat qilishimga chaqirmoqdasiz. Bu chaqirig`ingiz asossiz va foydasizdir.)","Hech shubha yo`qki, albatta, siz meni chaqirayotgan narsaning dunyoda ham, oxiratda ham da'vatga haqqi yo`qdir. Albatta, qaytib borarimiz Allohgadir. Albatta, isrofchilar, ayni o`shalar do`zax egalaridir.","Hali, men sizga aytayotgan gaplarni eslaysizlar. Men ishimni Allohning O`ziga topshirdim. Albatta, Alloh bandalarini aniq ko`rib turguvchidir», dedi.","Bas, Alloh uni makrlari yomonliklaridan saqladi va Fir'avn ahlini yomon azob o`rab oldi.[1]###[1] (Alloh taolo mazkur mo`min kishini Fir'avn va uning odamlari makr-hiylalarining yomonliklaridan qutqardi. Fir'avn ahlini esa, yomon azob o`rab oldi.)","U olovdir. Unga ertayu kech ko`ndalang qilinurlar. Soat (qiyomat) qoim bo`lganida esa: «Fir'avn ahlini eng ashaddiy azobga kiritinglar», deyilur.[1]###[1] (Demak, o`sha Fir'avn ahlini o`rab olgan yomon azob bir olovdir. Ular o`sha olovga doimo, ertayu kech ko`ndalang qilib turiladilar. Ya'ni, qabrlarida qiyomatgacha olov bilan azoblanadilar.)","O`shanda ular do`zaxda bir-birlari ila xusumat qilurlar. Bas, zaiflar mutakabbirlik qilganlarga: «Albatta, biz sizga ergashuvchi bo`lgan edik. Endi siz bizning do`zax nasibamizdan biror bo`lagini daf' qilasizlarmi?!» – derlar.","Mutakabbirlik qilganlar: «Albatta hammamiz uning ichidamiz. Shubhasiz, Alloh bandalar orasida hukm chiqarib bo`ldi», derlar.[1]###[1] (Bo`lar ish bo`ldi, endi bu savolni berib nima qilasizlar. Bu yerda u dunyodagiga o`xshab katta-boshliq yoki zaifligiga qarab emas, qilgan amaliga qarab hukm chiqarilar ekan. Biz ham kufr keltirdik, siz ham kufr keltirdingiz va qilganimizga yarasha hammamiz jazoimizni oldik. Alloh hukmini chiqarib bo`ldi. Hammamiz jahannamga tushdik.)","Do`zaxda turganlar jahannam qo`riqchilariga: «Robbingizga duo qilinglar, bizdan biror kun azobni yengillatsin», dedilar.","Ular: «Sizga Payg`ambarlaringiz ochiq-oydin hujjatlar bilan kelmagan edilarmi?!» – dedilar. Bular: «Ha», deyishdi. Ular: «Bas, duo qilaveringlar. Kofirlarning duosi zalolatdan boshqa narsa emas», dedilar.[1]###[1] (Jahannam qo`riqchilari: «Nima sababdan bu holga tushib qoldingiz?! Sizga payg`ambar kelib, shu kun boshingizga tushishi mumkinligidan ogohlantirmagan edimi?!» deb so`radilar.)","Albatta, Biz Payg`ambarlarimizga va iymon keltirganlarga bu dunyo hayotida va guvohlar turgan kunda ham nusrat berurmiz.","U kunda zolimlarga ma'ziratlari naf bermas. Ularga la'nat bo`lg`ay va ularga yomon hovli joy bo`lg`ay.[1]###[1] (Iymon bilan kufr orasidagi kurash bir shaxs, bir avlod, bir zamonga bog`liq emas. Balki bu kurash dunyo bunyod bo`lganidan boshlab, qiyomatgacha davom etadigan kurashdir. Bu kurash davomida turli holatlar bo`lib o`tadi. Iymon tomonida turgan ba'zi kishilarning e'tiqod yo`lida shahid bo`lishlari ulkan nusrat bo`lishi mumkin. Hozirgacha butun dunyo qanchadan-qancha shahidlarni madh etib, ehtirom ila eslab kelmoqda, ularni shahid etgan qotillar esa, la'natlanmoqda. Qani, ko`raylik-chi, bu yerda nusrat shahidgami yo qotilga?! Ba'zi bir shahidlarning o`limi butun boshli ummatlarni g`alabaga chorlagan vaqtlar ham bo`lgan. Demak, o`limning hammasi ham, xususan iymon yo`lidagi o`lim, mag`lubiyat hisoblanmaydi. Iymon va kufr orasidagi kurashda nusrat kimga bo`lishi tor o`lchovda emas, balki keng mezonlar bilan o`lchanadi. Iymonning qalblarda, Yer yuzida tantanasi uchun insonning o`zi sa'yi-harakat qilishini Alloh shart etgan ekan, Uning yo`lidagi qurbonlar, mashaqqatlar erishiladigan nusratning qiymatini oshiradi, qadrini ko`taradi. Undan keyin, insoniyat tarixidagi iymon bilan kufr o`rtasidagi kurashning oraliq natijalariga ham bir nazar solaylik. Ularning hammasi payg`ambarlar va mo`minlarga nusrat berilishi bilan yakun topganini ko`ramiz.)","Batahqiq, Biz Musoga hidoyatni berdik va Bani Isroilni Kitobga voris qildik.","Aql egalariga hidoyatchi va eslatma bo`lsin uchun.","Bas, sabr qil. Albatta, Allohning va'dasi haqdir. Gunohing uchun istig`for ayt. Ertayu kech Robbingga hamd ila tasbih ayt.[1]###[1] (Oyati karimada Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomga xitob orqali mo`min bandaga iymon yo`lida zarur bo`ladigan zodi rohila taqdim etilmoqda.)","Albatta, Allohning oyatlari haqida o`zlariga kelgan hujjatsiz talashib-tortishadiganlarning dillarida kibrdan o`zga narsa yo`q. Ular unga yetishguvchi emaslar. Bas, Allohdan panoh so`ra. Albatta, Uning O`zi o`ta eshitguvchi, o`ta ko`rguvchi Zotdir.","Albatta, osmonlaru yerni yaratish odamlarni yaratishdan kattaroqdir. Lekin odamlarning ko`plari bilmaslar.","Ko`r bilan ko`ruvchi barobar bo`lmas. Iymon keltirib, solih amallar qilganlar bilan yomonlik qilguvchi ham. Juda ham kam eslaysizlar.","Albatta, soat (qiyomat)kelguvchidir. Unda shubha yo`q. Lekin odamlarning ko`plari iymon keltirmaslar.[1]###[1] (Ya'ni, qiyomat qoim bo`lishiga ishonmaydilar. Ishonmaganlari uchun ham Allohning oyatlari haqida hech qanday hujjat-dalilsiz talashib-tortishadilar. O`zlarining kim ekanlarini unutib, kibrga ketadilar. Kibr esa, ularni halokatga eltadi. Bu halokatdan, unga eltuvchi kibrdan saqlanish uchun Allohga ibodat etish kerak, U zotga duo qilish kerak.)","Robbingiz: «Menga duo qiling, sizga ijobat qilurman. Albatta, Mening ibodatimdan kibr qilganlar jahannamga xoru zor hollarida kirurlar», dedi.[1]###[1] (Allohga banda tomonidan qilinadigan duo, ibodat lug`atda bir xil ma'noni bildiradi. Duo va ibodat xoh so`zdan iborat bo`lsin, xoh amaldan, banda tomonidan Alloh taoloning roziligini izlashdir, iymon ila Uning roziligini so`rashdir. Duo va ibodat bandaning Alloh taolo huzurida hojatmand ekanini e'tirof etishidir. O`zining nochorligiyu ojizligini tan olishidir. Bu ishni faqat iymoni borlargina, qalb ko`zlari ochiqlargina, o`zining kimligini anglab yetganlargina, insof qilganlargina, qalbida Allohga nisbatan kibru havo bo`lmaganlargina qiladilar. Buni bandaga Allohning O`zi buyurgandir.)","Alloh sizga sukunat topishingiz uchun kechani, ko`rsatuvchi etib kunduzni qilib bergan Zotdir. Albatta, Alloh odamlarga nisbatan fazlu karam sohibidir. Lekin odamlarning ko`plari bilmaslar.","Ana o`sha Alloh Robbingizdir. U har bir narsaning yaratguvchisidir. Undan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q. Bas, qayoqqa burilib ketmoqdasiz?![1]###[1] (Allohga ibodat qilmay, qaysi tomonga burilib ketmoqdasizlar?! Allohning aytganini qilmay, qayon qarab ketmoqdasizlar?! Allohning oyatlariga amal qilmay, qayoqqa ketmoqdasizlar?!)","Allohning oyatlarini inkor qiladiganlar ana shunday burilib keturlar.","Alloh sizga yerni qarorgoh, osmonni tom qilgan va sizlarning suvratlaringizni go`zal suvratda qilgan, sizlarga pok narsalardan rizq bergan Zotdir. Ana o`sha Alloh Robbingizdir. Bas, olamlarning Robbi Alloh barakotli (yuksak) bo`ldi.","U zot tirikdir. Undan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q. Bas, Unga dinni xolis qilgan holda duo qiling. Olamlarning Robbi Allohga hamdlar bo`lsin.[1]###[1] (Allohga xolis bo`ysungan holda, shariatga to`la amal qilgan holda, iymon-e'tiqodni yolg`onu riyodan pok o`tgan holda duo-ibodat qiling.)","Sen: «Albatta, men o`zimga Robbimdan ochiq-oydin hujjatlar kelgan paytda siz iltijo etayotgan narsalarga ibodat qilishdan qaytarilganman va olamlarning Robbiga taslim bo`lishga amr etildim», deb ayt.","U sizni tuproqdan, so`ngra nutfadan, so`ngra (yopishqoq) laxta qondan yaratgan Zotdir. So`ngra U sizni buvak holingizda chiqarur. So`ngra kamolga yetishingiz uchun, so`ngra qari bo`lishingiz uchun (ulg`aytirur). Sizning ichingizda undan oldin vafot etadiganlar ham bo`lur. (Bular) belgilangan ajalga yetishingiz uchundir. Shoyadki, aql yuritsangiz.[1]###[1] (Bu oyatda kibrga ketib, o`zini unutgan, Allohni — xoliqini tan olmay qo`ygan insonga asli, ojizligi eslatilmoqda. Ya'ni, ey odamlar, sizning ayrimlaringiz kamolga yoki qarilikka yetishdan oldin vafot etib ketadi. Har lahzada tushayotgan homilalar, o`layotgan bolalar, yoshlar buning dalilidir. Har bir inson uchun belgilab qo`yilgan ajal bor. Ana o`sha ajalga yetguncha yashaydi. Bu ham Alloh taoloning ishidir. Shoyadki ushbu haqiqatlar ustida aql yuritib, kim ekaningizni anglab, Robbingizga ibodat qilsangiz.)","U zot tiriltirur va o`ldirur. Qachonki biror ishni xohlasa, «Bo`l!» der va u bo`lur.","Allohning oyatlari haqida talashib-tortishadiganlarni ko`rmaysanmi?! Qayoqqa burilib ketmoqdalar?!","Kitobni va Biz Payg`ambarlarimiz ila yuborgan narsani yolg`onga chiqarganlar tezda bilurlar.","O`shanda ular bo`yinlarida kishanlar va zanjirlar ila tortilurlar.","O`ta qaynoq suvga, so`ngra olovda kuydirilurlar.","So`ngra ularga: «Shirk keltirib yurgan narsalaringiz qani.","Allohdan o`zga?!» – deyildi. Ular: «Bizdan yo`qolib qoldilar. Yo`q. Oldin hech narsaga iltijo qilmagan edik», dedilar. Alloh kofirlarni shunday qilib zalolatga ketkazur.[1]###[1] (Siz shunchalar azob uqubatlarga duchor bo`lyapsiz. Qutqaradi, deb u dunyoda Allohdan o`zga narsalarga ibodat qilgan edingiz. Allohga sherik qilgan o`sha narsalaringiz endi qani? Nima uchun ular kelib, sizlarni qutqarib olmayaptilar? deb so`raladi. Ular avval haqiqatni — soxta xudolarining o`zlaridan yo`qolib qolganlarini, azobdan saqlab qola olmayotganlarini tan olib turib, keyin tona boshladilar. Yo`q-yo`q, biz oldin hech kimni shirk keltirmagan edik, deyishga o`tdilar.)","Mana shular yer yuzida nohaqdan shodlanib yurganingiz va kibru havoga berilib yurganingiz uchundir.","Jahannam eshiklaridan unda abadiy qolguvchi bo`lgan holingizda kiringlar. Mutakabbirlarning joyi naqadar yomon!","Bas, sabr qil. Albatta, Allohning va'dasi haqdir. Endi Biz yoki senga ularga va'da qilgan narsalarimizning ba'zilarini ko`rsaturmiz yoki seni vafot ettirurmiz. Bas, Bizgagina qaytarilurlar.","Batahqiq, Biz sendan oldin ham Payg`ambarlar yuborganmiz. Ulardan kimningdir qissasini senga aytdik va ulardan kimningdir qissasini senga aytmadik. Hech Payg`ambar Allohning iznisiz oyat (mo`'jiza) keltirgan emas. Bas, qachonki Allohning amri kelganida, haq ila hukm chiqarilur va o`shanda botil ish qilib yurguvchilar ziyon torturlar.[1]###[1] (Alloh taolo Qur'oni Karimda Payg`ambarimiz Muhammad alayhissalotu vassalomga va u zotning ummatlariga o`tgan payg`ambarlardan yigirma to`rttasining qissasini aytgan. O`sha qissalarning hammasi bilan tanishib chiqildi. Ularning hammasida kofirlar tomonidan payg`ambarlarga (alayhimussalom) va mo`minlarga turli ozorlar berilgani, azob-uqubatlar yog`dirilgani haqida turli ma'lumotlarga ega ham bo`lindi. Yana Qur'oni Karimda qanchadan-qancha qissalari kelmagan payg`ambarlar (alayhimussalom) o`tgan bo`lib, ular ham qiyinchilik, ozor va mashaqqatlarga duchor bo`lganlar. Payg`ambarlar o`z hollaricha odamlarga mo`'jiza ko`rsatib, ularni lol qoldirishga uringan emas. Chunki bu ularning ishi emas. Ularning ishi Allohning ta'limotlarini xalqqa yetkazishdir. Mo`'jiza ko`rsatish esa, Allohga xos ishdir. U zot O`zi xohlagan vaqtida, O`zi xohlagan payg`ambariga mo`'jizani va uni ko`rsatish iznini beradi. Boshqa vaqtlarda payg`ambarlar mo`'jiza ko`rsatish haqida tashvish qilishlari kerak emas.)","Alloh sizlarga chorva hayvonlarini ulardan ba'zilarini minishingiz uchun yaratdi. Ulardan ba'zilarini yersizlar.","Siz uchun ularda manfaatlar bor. Va ular ustida dillaringizdagi hojatlarga yetishishingiz uchundir. Ularda va kemalarda tashilursiz.","Va U zot sizlarga O`z oyat(belgi)larini ko`rsatur. Bas, Allohning qaysi oyat(belgi)larini inkor qilursizlar?!","Axir, ular yer yuzida yurib, o`zlaridan oldingilarning oqibati qanday bo`lganiga nazar solmaydilarmi?! Holbuki, o`shalar bulardan ko`ra quvvatliroq va yer yuzida asarlari ko`proq bo`lgan edilar. Bas, ularga kasb qilgan narsalari asqotmadi.","Qachonki ularga Payg`ambarlari ochiq-oydin hujjatlar bilan kelganlarida, ular o`zlaridagi ilm bilan maqtandilar. Va ularni o`zlari istehzo qilgan narsa o`rab oldi.","Qachonki azobimizni ko`rganlarida: «Biz Allohning yolg`iz O`ziga iymon keltirdik va Unga sherik qilgan narsalarimizga kufr keltirdik», dedilar.","Bizning azobimizni ko`rganlaridagi iymonlari ularga manfaat bera olmas edi. Allohning bandalariga joriy bo`lib kelgan sunnati shu. Ana o`shanda kofirlar ziyon ko`rdilar.[1]###[1] (Alloh taoloning joriy etgan sunnati — qoidasi bo`yicha, azobni ko`rganidan keyin qilingan tavba, keltirilgan iymon qabul etilmas. Fursatning borida iymon keltirib, amal qilib qolish kerak.)","Haa. Miym.","(Bu) Rohman va Rohiym tomonidan nozil qilingandir.","Biladigan qavmlar uchun oyatlari mufassal bayon qilingan kitobdir.","Xushxabar berguvchi va ogohlantirguvchi bo`lgan holidadir. Bas, ko`plari undan yuz o`girdilar. Endi ular eshitmaslar.","Ular: «Qalblarimiz sen da'vat qilayotgan narsadan g`iloflardadir, quloqlarimizda og`irlik bor, sen bilan bizning oramizda esa, parda bor. Bas, sen amalingni qilaver, biz ham, albatta, o`z amalimizni qilguvchilarmiz», dedilar.[1]###[1] (Bu oyatda mushriklarning Qur'oni Karim va Islom da'vatiga munosabatlari ajoyib bir uslub bilan bayon qilinmoqda.)","Sen: «Men ham sizga o`xshar basharman, xolos. Menga, albatta, ilohingiz yagona ilohdir, deya vahiy qilinur. Bas, Uning O`zigagina to`g`ri yuzlaning va Unga istig`for ayting. Mushriklar holiga voy bo`lsin.","Ular zakotni ado etmaslar va ular o`zlari oxiratga kufr keltirguvchilardir.","Albatta, iymon keltirib, solih amallarni qilganlarga bitmas-tuganmas ajrlar bor», deb ayt.","Sen: «Sizlar, haqiqatan ham, yerni ikki kunda yaratgan Zotga kufr keltiryapsizmi va Unga tengdoshlar qo`shyapsizmi?! Axir, U zot olamlarning Robbi-ku!","U zot o`sha(er)ning ustida tog`larni qildi, uni barakotli qildi va uning (ahli) rizqini to`rt kunda o`lchovli etib taqdir qildi. Bu, so`rovchilar uchundir», deb ayt.[1]###[1] (Erning rizqi, ya'ni Yer ahlining rizqi o`lchovli, belgili qilib qo`yilgan. Hammasi o`lchovli, hammasi taqdir qilingan.)","So`ngra tutun holidagi osmonga yuzlanib, unga va yerga: «Ikkovingiz ixtiyor qilgan holingizda yoki majbur bo`lgan holingizda keling!» – dedi. Ikkovlari: «Ixtiyor qilgan holimizda keldik», dedilar.[1]###[1] (O`sha vaqtda osmon tutun-gaz holida edi. (Dunyoning yaratilishi yuzasidan ilmiy izlanish olib borgan olimlar ham shu natijani takrorlamoqdalar). Shunchalar ulkan, mustahkam, kuchli bo`lishlariga qaramay, Allohning irodasi ketishi bilan itoatkorliklarini darhol izhor etdilar.)","Bas, ikki kunda yetti osmonni barpo etdi va har bir osmonga ishini vahiy qildi. Biz dunyo osmonini chiroqlar-la ziynatladik va qo`ridik. Bu aziyzu o`ta ilmli Zotning o`lchovidir.[1]###[1] (Shunday qilib, osmonlaru Yer olti kunda barpo qilindi. U kunlar qanday kunlar ekanini Allohning O`zigina biladi. Ulamolarimiz, agar Alloh taolo xohlasa, bularni ko`z ochib yumguncha yaratar edi, lekin bandalariga puxtalikni o`rgatish uchun shoshilgani yo`q, deydilar. Axir hajmini, ichlaridagi narsalarni tasavvur ham qilib bo`lmaydigan darajada ko`p va katta bo`lgan yetti osmonning har birida Allohning vahiysi asosida ish ko`rilsa-da inson Allohga kufr keltirib o`tirsa, shu to`g`ri bo`ladimi?! Allohga shirk keltirsa, joizmi? O`ziga kelgan vahiyni afsona, yolg`on, sehr, to`qilgan uydirma deyishi aqldanmi?! Bu vahiyni eskirib qoldi, zamonga to`g`ri kelmaydi, deyishi to`g`rimi?! Alloh vahiy qilgan dasturni qo`yib, o`zi to`qib chiqargan dastur asosida yashashi joizmi?! Insonga yaqin osmonga yulduzlarni ziynat qilib yaratdik. O`sha yulduzlar osmonni jinu shaytonlardan qo`rib turadilar.)","Bas, agar yuz o`girsalar, sen: «Men sizlarni Od va Samudga kelgan chaqmoqqa o`xshash chaqmoq-la ogohlantirdim», deb ayt.","O`shanda Payg`ambarlar ularning oldilaridan ham, orqalaridan ham: «Faqat, Allohdan o`zgaga ibodat qilmanglar», deb kelganlarida, ular: «Agar Robbimiz xohlasa, farishtalarni tushirar edi. Albatta, biz siz bilan yuborilgan narsaga kofirdirmiz», dedilar.","Od (qavmi) bo`lsa, yer yuzida nohaqdan mutakabbirlik qildilar. Ular: «Bizdan quvvatliroq kim bor?!» – dedilar. Ularni yaratgan Alloh o`zlaridan quvvatli ekanini bilmasmidilar?! Ular Bizning oyatlarimizni inkor etar edilar.","Bas, Biz ustlariga shumlik kunlarida sorsor shamolini yubordik. Buni ularga hayoti dunyoning xorlik azobini tottirish uchun qildik. Albatta, oxirat azobi xor qilguvchiroqdir va ularga nusrat berilmas.[1]###[1] («Shumlik kunlari» ya'ni, yomonlik kunlari deb oyatda Od qavmi ustiga balo shamoli kelgan kunlar aytilmoqda. U o`ta sovuq va qattiq shamol bo`lib, tekkan joyini kuydirib ketadi.)","Ammo Samud bo`lsa, bas, Biz ularni hidoyat qildik. Ular esa, hidoyatdan ko`ra ko`rlikni afzal ko`rdilar. Bas, kasb qilgan narsalari tufayli ularni xorlik azobi chaqmog`i urdi.","Iymon keltirganlarga va taqvo qilib yurganlarga najot berdik.","Allohning dushmanlari do`zaxga jamlanadigan, ular tizib qo`yiladigan kunni (esla).","Nihoyat, unga yetib kelishgach, quloqlari, ko`zlari va terilari qilib o`tgan narsalari haqida ularga qarshi guvohlik beradilar.[1]###[1] (Allohning dushmanlari bo`lgan kofirlar jahannam tomon haydalganlaridan keyin, jahannamga yetib kelishgach, gunohlari haqida quloqlari, ko`zlari va terilari ularga qarshi guvohlik berur.)","Ular terilariga: «Nima uchun bizga qarshi guvohlik berdingiz?» – dedilar. U(teri)lari: «Har bir narsani nutq qildirgan Alloh bizni ham nutq qildirdi. U zot sizlarni avval boshda yaratgan va Ungagina qaytarilursizlar», dedilar.[1]###[1] (Alloh sizlarni yo`qdan bor qilgan zot-ku, nima uchun unga dushman bo`ldingiz o`zi?! Yana, nima uchun bizga qarshi guvohlik berdingiz, deysizlar!)","Siz o`zingizga qarshi qulog`ingiz, ko`zlaringiz va terilaringiz guvohlik berishlaridan yashirinmas edingiz. Lekin Alloh qilayotgan amallaringizning ko`pini bilmas, deb gumon qilar edingiz.[1]###[1] (Siz gunoh ishlarni qilayotgan vaqtingizda odamlar guvoh bo`lmasin, deb berkinsangiz ham, quloq, ko`z va terilaringizdan berkina olmas edingiz, bizga qarshi guvohlik bermaydi, deb o`ylardingiz.)","Ana o`sha, Robbingiz haqida qilgan gumoningiz sizni halokatga uchratdi. Bas, ziyonkorlardan bo`ldingiz.","Agar sabr qilsalar, jahannam ularga makondir. Agar itobga qaytarishni talab qilsalar, ular itobga qaytariluvchi ham bo`lmaslar.","Biz ularga «do`stlar» tayyorladik. Bas, o`shalar ularga oldilaridagi va ortlaridagi narsalarni ziynatlab ko`rsatdilar va ularga ham o`zlaridan oldin o`tgan jin va insdan bo`lgan ummatlar qatori (azob) so`zi haq bo`ldi. Albatta, ular ziyonkor bo`ldilar.[1]###[1] (Insonga yomon ishi, gunoh amali yaxshi bo`lib ko`rinishi eng katta balodir. Odam bolasiga eng katta musibat xatolari va gunohlarini his etish tuyg`usini yo`qotishi oqibatida yetadi. U o`zining har bir ishini yaxshi, go`zal deb biladi. Uning atrofidagi do`stlari ham buni tasdiqlab turadi. Agar yaqin do`stlar unga avvalgi gunohlarini ham, bo`lajak gunohlarini ham ziynatlab ko`rsataversalar, ular uni jahannam tomon maqtab-maqtab olib ketayotgan bo`ladilar. Aslida do`stlik emas, dushmanlik qilayotgan bo`ladilar. Oqil inson maslahatgo`yning maslahatidan kim do`st, kim dushman ekanini bilib oladi. Do`st achitib gapiradi, dushman kuldirib. Yaqin do`stlari maqtovidan shod bo`lib, o`z amali o`ziga ziynatli tuyulganlar borib-borib halokatga yo`liqdilar.)","Kufr keltirganlar: «Bu Qur'onga quloq solmanglar, unga xalaqit bering, shoyadki, g`olib bo`lsangiz», dedilar.","Bas, albatta, Biz kufr keltirganlarga shiddatli azobni tottiramiz va, albatta, ularga qilib yurgan amallarining eng yomon jazosini beramiz.","Mana, Alloh dushmanlarining jazosi do`zaxdir. Ularga unda abadiylik diyori bor. Oyatlarimizni inkor qilganlarining jazosi shudir.","Kufr keltirganlar: «Ey Robbimiz, bizni adashtirgan jin va insdan bo`lgan shaxslarni bizga ko`rsatgin, ularni oyoqlarimiz ostiga olaylik, toki, ular eng pastlardan bo`lsinlar», dedilar.","Albatta, «Robbimiz Alloh» degan, so`ngra mustaqiym bo`lganlarning ustilaridan farishtalar: «Qo`rqmanglar, mahzun ham bo`lmanglar, o`zingizga va'da qilingan jannat xushxabarini qabul qilinglar.","Biz hayoti dunyoda ham, oxiratda ham sizlarning do`stlaringizdirmiz. Sizga u(jannat)da ko`nglingiz ishtaha qilgan narsa bordir va sizga unda orzu qilingan narsangiz bordir.","Bu o`ta mag`firatli va o`ta rahimli Zotdan ziyofatdir», deb tusharlar.","Allohga da'vat qilgan, solih amallarni qilgan va «Albatta, men musulmonlardanman!» degan kishidan ham go`zal so`zli kim bor?![1]###[1] (Dunyodagi eng go`zal so`z Alloh taolo yo`liga chaqiruvchi so`zdir. Dunyodagi eng go`zal so`zlovchi Alloh taologa da'vat qiluvchining o`zidir. Ammo o`sha so`zning haqiqatda go`zal bo`lishi va o`sha so`zlovchining o`zi eng go`zal so`zlovchi bo`lishi uchun quruq da'vatning o`zi yetmaydi. Balki da'vat bilan birga, solih amal bo`lishi hamda: «Albatta, men musulmonlardanman», deyishi kerak. Ana o`shandagina, u odam eng go`zal so`z so`zlagan bo`ladi. Zero, faqat musulmonligi tufayli shu fazlga ega bo`lgandir.)","Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo`lmas. Sen yaxshilik bo`lgan narsa ila daf' qil. Ko`ribsanki, sen bilan orasida adovati bor kimsa xuddi sodiq do`stdek bo`lur.[1]###[1] (Bu Islom da'vatchilari uchun juda ham zarur bir sifatdir. Har bir narsani yomonlik bilan emas, faqat yaxshilik bilan qarshi olish darajasiga yetgan da'vatchigina katta muvaffaqiyatlarga erishadi. Ammo bu sifatga erishish oson emas.)","Unga faqat sabr qilganlargina erishur. Unga faqat ulug` nasiba egasi bo`lganlargina erishur.[1]###[1] (Sabr qilmasa, darhol yomon so`zga yomon so`z qaytaradi. Yomon ishga yomon ish qaytaradi. Bu esa, da'vatchiga hech foyda bermaydi. Allohning diniga da'vat qiluvchi shaxs kishilarning havoi nafslariga, o`rganib qolgan odatlariga, ularning shaxsiy manfaat deb o`ylab yurgan ba'zi bir narsalariga qarshi gapirishi kerak.)","Agar seni shayton vasvasasidan bir vasvasa tutsa, Allohdan panoh so`ra. Albatta, U zot o`ta eshitguvchi va o`ta bilguvchi Zotdir.[1]###[1] (Agar shayton vasvasaga solib, seni yomonliklarni yaxshilik bilan qaytarishdan aynitmoqchi bo`lsa, Alloh taoloning O`zidan panoh so`ra, Unga sig`in. U seni saqlaydi. «Albatta, U zot o`ta eshituvchi va o`ta biluvchi Zotdir». U har bir muhtojning iltimosini eshitadi. Da'vatchi buni yaxshi anglashi lozim.)","Kechayu kunduz, quyoshu oy Uning oyat(belgi)laridan. Bas, quyoshga ham, oyga ham sajda qilmanglar. Ularni yaratgan Allohga sajda qiling. Gar siz Ungagina ibodat qilmoqchi bo`lsangiz.","Agar ular mutakabbirlik qilsalar. Robbingning huzuridagilar Unga kechasiyu kunduzi tasbih ayturlar. Ular malol olmaslar.","Yana Uning oyatlaridan, yerni qaqragan holda ko`rishingdir. Bas, Biz uning ustidan suv tushirsak, u qimirlar va o`sar. Uni tiriltirgan Zot, albatta, o`liklarni ham tiriltirguvchidir. Albatta, U zot har bir narsaga qodirdir.","Albatta, oyatlarimiz haqida egrilik qiladiganlar Bizga maxfiy bo`lib qolmaslar. Do`zaxga tashlanadigan odam yaxshimi yoki qiyomat kuni omon holida keladigan odammi?! Nimani xohlasangiz, qilavering. Albatta, U zot nima qilayotganingizni ko`rib turguvchidir.[1]###[1] (Bu oyati karima Qur'oni Karim mo`'jizasi bo`lib, Allohning biru borligi va cheksiz qudratiga dalolat qiluvchi borliqdagi oyat-belgilarga nisbatan egrilik ila munosabatda bo`lgan odamlarning ahvolini bayon qiladi. Allohning oyatlari haqida egrilik qiladiganlar qiyomat kuni do`zaxga, to`g`rilik qiladiganlar jannatga kiradilar. Xo`sh, ulardan qaysi biri yaxshi? Hamma narsa ma'lum va ochiq-oydin bo`ldi. Endi: Xohlasangiz, quyoshga sajda qiling. Xohlasangiz, oyga sajda qiling. Xohlasangiz, Allohning oyatlari haqida kufr so`zlar ayting. Har bir ishingizni Alloh taolo ko`rib turadi. Qiyomatda amalingizga yarasha jazolaydi.)","Albatta, o`zlariga Zikr kelganda unga kufr keltirganlar... Albatta, u aziz kitobdir.","Uning oldidan ham, ortidan ham botil kelmas. U, o`ta hikmatli va o`ta maqtalgan Zotning tushirganidir.","Senga aytilayotgan narsaki bor, batahqiq, sendan oldingi Payg`ambarlarga ham aytilgandir. Albatta, Robbing mag`firat egasidir va alamli azob egasidir.","Agar Biz uni ajamiycha Qur'on qilganimizda, albatta: «Uning oyatlari mufassal bayon qilinganida edi. Arabiyga ajamchami?!» – der edilar. Sen: «U, iymon keltirganlar uchun hidoyat va shifodir. Iymon keltirmaydiganlarning quloqlarida og`irlik bordir. U, ular uchun ko`rlikdir. Ular uzoq makondan chaqirilayotganlardir», deb ayt.[1]###[1] (Farazan Qur'onni arab tilida emas, biror ajamiy tilda nozil qilganimizda, kofir mushriklar bunga ham gap topar edilar. Chunki, aslida, Qur'onga ergashish niyatlari yo`q.)","Batahqiq, Biz Musoga kitobni berdik. Bas, u haqida ixtilof qilindi. Agar Robbing tomonidan oldin so`z o`tmaganida, oralarida, albatta, hukm chiqarilardi. Albatta, ular u haqda gumonli shakdadirlar.[1]###[1] (Muso alayhissalomning qavmi Tavrot haqida ixtilof qildi. Ba'zilari iymon keltirdi. Ba'zilari kufrga ketdi. Xuddi Qur'onga nisbatan munosabatga o`xshash munosabat bo`ldi. Agar Alloh taolo qiyomatda hisob-kitob qilishga so`z bermaganida, kitobiga kufr keltirganlarni, albatta, azobga duchor etar edi.)","Kim solih amal qilsa, o`ziga foyda. Kim yomonlik qilsa, o`ziga zarar. Robbing bandalarga zulm qilguvchi emas."]