["Soat(qiyomat) ilmi U zotning O`zigagina qaytarilur. Barcha mevalarning gulkosalaridan chiqishi ham, har bir urg`ochining nimaga homilador bo`lishi ham, nimani tug`ishi ham faqat Uning ilmi ila bo`lur. U zot ularga: «Mening sheriklarim qani?!» – deb nido qiladigan kunda, ular: «Biz senga bildiramizki, bunga bizdan birorta guvoh yo`q», derlar.","Va ulardan ilgari iltijo qilib yurgan narsalari g`oyib bo`ldi. Ular o`zlariga qochar joy yo`qligiga to`la ishondilar.","Inson yaxshilik tilashni hech malol olmas. Agar uni yomonlik tutsa, u umidsiz tushkundir.[1]###[1] (Bu dunyoda inson o`ziga yaxshilik tilashdan hech to`xtamaydi. Unga qanchalik ko`p yaxshilik yetsa, yana ko`proq yaxshilik kelishini istaydi, hech malol olmaydi. Ammo ozgina zarar yetsa, qattiq xafa bo`lib ketadi. Umidsizlanib tushkunlikka tushadi. Besh kunlik dunyoning yaxshiligiga shunchalik qattiq hirs qo`ygan, yomonligidan shunchalik qo`rqqan inson nima uchun oxiratning abadiy azobidan qo`rqmaydi va abadiy yaxshiligiga qiziqmaydi?!)","Agar Biz unga uni tutgan zarardan so`ng O`zimizdan rahmat tottirsak, albatta, u: «Bu menikidir. Men soat(qiyomat) qoim bo`lur, deb o`ylamayman. Agar Robbimga qaytarilsam, albatta, men uchun Uning huzurida go`zal (mukofot) bordir», der. Bas, albatta, kufr keltirganlarga qilgan amallari xabarini berurmiz. Albatta, ularga og`ir azobdan tottirurmiz.","Qachon insonga ne'mat bersak, u yuz o`girar va yonboshi ila uzoqlashar. Qachon uni yomonlik tutsa, bas, u uzundan-uzoq duo egasidir.","Sen: «Menga aytinglar-chi, agar u Allohning huzuridan bo`lsa-yu, siz unga kufr keltirib yurgan bo`lsangiz. Xo`sh, (haqdan) uzoq tortishuvda bo`lganlardan ham adashganroq kim bor?!» – deb ayt.","Biz ularga ham ufqlardagi, ham o`z nafslaridagi oyat (belgi)larimizni ko`rsatamiz. Toki, ularga uning haqligi ravshan bo`lsin. Sening Robbing har bir narsaga shohid ekanligi kifoya qilmasmidi?![1]###[1] (Darhaqiqat, o`tgan davr ichida Alloh taolo odamlarga ufqlarda, atrof-jonibida ko`plab ajoyibotlarni anglatib qo`ydiki, o`sha belgilarni o`rgangan odamlar Qur'onning haq ilohiy kitob ekanini tan olib, musulmon bo`lmoqdalar. Yershunos, osmonshunos, tabiatshunos, hayvonshunos va boshqa turli soha olimlari Allohning ufqlaridagi oyat-belgilarini o`rganib, Alloh taologa iymon keltirmoqdalar. Shuningdek, insonning o`zini o`rgangan olimlar ham Qur'onni tan olmoqdalar.)","Ogoh bo`linglar! Albatta, ular Robbilariga ro`baro` bo`lishdan shakdadirlar. Ogoh bo`linglar! Albatta, U zot har bir narsani ihota qilguvchidir.[1]###[1] (Unga ro`baro` bo`lishdan qochib qayerga boradilar?)","Haa. Miym.","Ayn. Siyn. Qoof.","Aziyzu o`ta hikmatli bo`lmish Alloh senga va sendan avvalgilarga mana shunday vahiy qilur.","Osmondagi narsalar va yerdagi narsalar unikidir. U zot yuksak va ulug`dir.[1]###[1] (Osmonda nimaiki bo`lsa, Allohnikidir. Alloh taoloning mulkidir. Yerda nimaiki bo`lsa, Allohnikidir. Ularning hamma-hammasi Alloh taloning mulkidir. Uning mulkiga hech kim sherik bo`la olmas.)","Osmonlar ust tomonlaridan yorilib ketay deydi. Farishtalar esa, Robbilari hamdi ila tasbih ayturlar va yer yuzidagi kimsalarga istig`for so`rarlar. Ogoh bo`lingkim, albatta, Alloh o`ta mag`firatli va o`ta rahimli Zotdir.[1]###[1] (Alloh taoloning yuksakligi va ulug`ligi qarshisida chiday olmay, osmonlar o`z ustilaridan yorilib ketay, deb turadilar.)","Undan o`zga «do`stlar» tutganlarga Alloh kuzatguvchidir. Sen ularga vakil emassan.","Ana shunday qilib, Biz senga shaharlarning onasini va uning atrofini ogohlantirishing uchun, bo`lishida hech shubha yo`q jamlash kunidan ogohlantirishing uchun arabiy Qur'onni yubordik. Bir guruh jannatda, bir guruh do`zaxda.[1]###[1] (Ilmiy izlanishlar ko`rsatdiki, Makkai Mukarrama yerning quruqlik qismining qoq markazi ekan. Bu haqiqatdan, oyati karimadagi «shaharlarning onasi va uning atrofini ogohlantirishing uchun» degani, butun Yer yuzini ogohlantirishing uchun, degani ekanligi ma'lum bo`ldi. Shu kashfiyotga asoslanib, dunyoning hamma nuqtasidan turib qiblani topib oladigan asbob yaratildi.)","Agar Alloh xohlaganida, albatta, ularni bir ummat qilar edi. Lekin xohlagan kishini O`z rahmatiga kiritur. Zolimlarga esa, hech bir do`st ham, yordam beruvchi ham yo`qdir.","Yoki ular undan boshqa «do`stlar» tutdilarmi?! Bas, Allohning O`zigina do`stdir. U zot o`liklarni tiriltirur. U zot har bir narsaga qodirdir.","«Biror narsada ixtilof qilsangiz, uning hukmi Allohdadir. Ana o`sha Alloh Robbimdir. Ungagina tavakkal qildim va ungagina qayturman.»","U, osmonlaru yerni yo`qdan bor qilguvchi Zotdir. U, sizlarga o`z jinsingizdan juftlar yaratdi. Chorva hayvonlarini ham juft qilib yaratdi. U zot sizni o`sha (juftlik) asosida ko`paytirur. U zotga o`xshash hech narsa yo`qdir. U zot o`ta eshitguvchi, o`ta ko`rguvchi Zotdir.","Osmonlaru yer (xaziynalari) kalitlari Unikidir. U, xohlagan odamiga rizqni keng yoki tor qilur. Zotan, U barcha narsani o`ta bilguvchi Zotdir.","U zot sizlarga din etib O`zi Nuhga vasiyat qilgan va senga (ey Muhammad) vahiy qilgan narsamizni hamda Ibrohim, Muso va Iysoga vasiyat qilgan narsamizni bayon qildi. «Dinni barpo qilingiz va unda tafriqaga tushmangiz», dedi. Mushriklarga sen ularni da'vat qilgan narsa og`ir keldi. Alloh O`zi xohlagan kishisini (Payg`ambarlikka) tanlab olur va U O`zigagina iltijo etguvchi kishini hidoyat qilur.[1]###[1] (Ey odamlar, dinni Alloh taolodan qanday kelgan bo`lsa, shunday barpo qilingiz, unga ana shunday holida amal qilingiz. Din haqida turli tafriqaga tushib, ixtilof qilmangiz.)","Ular faqat o`zlariga ilm kelgandan keyingina, o`zaro hasad-adovat qilishib tafriqaga tushdilar. Agar Robbingdan (azoblashni) ma'lum muddatgacha (qoldirish) haqida so`z o`tgan bo`lmaganida, ular orasida albatta hukm chiqarilgan bo`lur edi. Albatta, ulardan keyin kitobga voris qilinganlar u haqida shak-shubhadadirlar.[1]###[1] (Dinda tafriqaga tushganlari uchun mazkur nobakor qavmlarini allaqachon halok qilib yuborish kerak edi. Ammo, Alloh taoloning oldindan ajalni belgilab qo`yganigina bu ishni to`sib turibdi. Ilohiy kitob kelganda o`zaro hasad va adovat ila tafriqaga tushganlarning kitobiga voris qilingan yahudiy va nasorolar Qur'on tushgan paytda ham o`z kitoblari haqida shak-shubhadadirlar.)","Bas, shuning uchun ham, o`zingga amr qilinganidek da'vat qil va mustaqiym tur va ularning havoyi nafslariga ergashma hamda: «Men Alloh nozil qilgan har bir kitobga iymon keltirdim va orangizda adolat o`rnatishga amr qilindim. Alloh bizning Robbimiz, sizning ham Robbingiz. Bizning amallarimiz o`zimiz uchun, sizning amallaringiz o`zingiz uchun. Biz bilan sizning oramizda janjal(ga o`rin) yo`q. Alloh bizlarni jamlaydi va qaytish yolg`iz Uning O`zigadir», deb ayt.[1]###[1] (Alloh senga bergan dinga odamlarni da'vat qil va o`z da'vatingda Alloh senga buyurganidek mustaqim tur. O`tgan payg`ambarlarning dinida tafriqaga tushgan va kitoblariga shak-shubha qilgan nobakor qavmlarning havoi nafslariga ergashma. Ey Payg`ambar, Alloh tomonidan menga siz bandalar orangizda mutlaq adolat ila hukm qilishga buyurildim. Kishilarning diniga, jinsiga, nasl-nasabiga, mansabiga, obro`-e'tiboriga qarab emas, odamligiga, Allohning bandasi ekanligiga nisbatan adolat o`rnatishga buyurildim, deb ayt.)","Alloh haqida unga ijobat qilinganidan keyin ham talashib-tortishadiganlarning hujjatlari Robbilari huzurida botildir, ularga g`azab bordir va ularga shiddatli azob bordir.[1]###[1] (Ya'ni, mo`min-musulmonlar Allohga va uning diniga ijobat qilganlaridan keyin, kofir va mushriklarning haq ekanligiga har qancha hujjat-dalil keltirsalar ham, Allohning nazdida ularning hujjat-dalillari botildir.)","Alloh haq ila kitobni va (adolat) tarozuni nozil qilgan Zotdir. Qayerdan bilursan, ehtimol soat(qiyomat) yaqindir!","U(qiyomat)ga iymon keltirmaydiganlar uning tezlashini istaydilar, iymon keltirganlar esa, undan qo`rquvchidirlar, zotan, uning shubhasiz haq ekanini bilurlar. Ogoh bo`ling! Albatta, soat(qiyomat) haqida shubha qilguvchilar yiroq zalolatdadirlar.","Alloh bandalariga lutflidir. U xohlagan kishiga rizq berur. U zot kuchligu aziyzdir.[1]###[1] (Ya'ni, bandalarning kim bo`lishidan qat'iy nazar, ularga shafqat qiladi, yaxshilik ko`rsatadi, isyonlariga qaramay, ularga xayru barakalarini serob qilib qo`yadi.)","Kim oxirat hosilini istasa, biz unga hosilini ziyoda qilib berurmiz. Kim dunyo hosilini istasa, biz unga o`shandan berurmiz va unga oxiratda biron nasiba bo`lmas.[1]###[1] (Bu dunyo rizqini xohlab, o`shanga yarasha harakat qilgan bandaga bu dunyo rizqini beradi. Ammo bu dunyo rizqini istagan o`sha bandaga oxiratdan hech qanday nasiba qolmaydi. Oxirat hosilini istagan odam esa, bu dunyo hosilidan ham boshqalardan ko`ra yaxshiroq bahramand bo`ladi. Allohga iymon keltirib, Uning shariatiga amal qilganlar yaxshi oqibatga erishishlari turgan gap.)","Yoki ularning dindan Alloh izn bermagan narsalarni shariat qilib bergan sherik(xudo)lari bormi?! Agar ajrim kalimasi bo`lmaganida, albatta, ular o`rtasida hukm qilingan bo`lar edi. Albatta, zolim kimsalar uchun alamli azob bordir.[1]###[1] (Dinsiz, iymonsiz kishilar, Allohning amriga yurmasdan, turli gunoh ishlarni qiladilar. Gunoh ishlarga Alloh taolo izn bermagani, ularni man qilgani juda ham ravshan. Ammo ba'zi odamlar gunoh va ma'siyatlarni bemolol qilmoqdalar. Ularga mazkur gunoh va ma'siyatlarni qilishga kim izn beradi? Allohga sherik keltirgan xudolarimi?! O`sha sherik xudolari ularga Alloh izn bermagan ishlarni qilishni qonunlashtirib berganmi? Agar bandalarning amallariga savob yoki azob qiyomatda bo`lishi haqidagi ajrim so`zi bo`lmaganida, bandalar orasida hoziroq hukm qilinib qo`yilgan bo`lar edi.)","Zolimlarni o`zlari kasb qilgan narsalari(azobi)dan qo`rquvchi o`laroq ko`rasan. Holbuki, u ularga tushguvchidir. Iymon keltirib, solih amallarni qiluvchilar esa, jannat bog`laridadir. Ular uchun Robbilari huzurida xohlagan narsalari bordir. Mana shuning o`zi katta fazldir.","Ana o`sha, iymon keltirib, solih amallarni qilgan bandalariga Alloh berayotgan xushxabardir. (Ey Muhammad): «Men sizdan bu uchun ajr emas, faqat qarindoshlik mehrinigina so`rayman», deb ayt. Kim yaxshilik qilsa, Biz unga o`sha ishida yaxshilikni ziyoda qilurmiz. Albatta, Alloh o`ta mag`firatli, Shakurdir.[1]###[1] (Ushbu jumla ma'nosi haqida ulamolarimiz bir necha xil fikrlar aytishgan. Misol uchun, Sa'iyd ibn Jubayr roziyallohu anhu «qarindoshlik mehri» iborasini Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning ahl baytlari, deb ta'vil qilganlar. Hazrati Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu esa, Quraysh urug`lari ichidan har biri turli yo`llar bilan Payg`ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga qarindoshlik rishtalari ila bog`lanar edi, shuning uchun bu jumlada u kishi qurayshliklarga, da'vatlari uchun ulardan ajr so`ramasliklari, balki qarindoshlik haq-hurmatini o`rniga qo`yishini so`rayotganlari ifodalangan, deydilar. Bundan qarindoshchiligimiz hurmati mening ishimga qarshi chiqmanglar, da'vatim yo`lini to`smanglar, degan ma'no chiqadi.)","Yoki ular: «U (Muhammad) Allohga nisbatan yolg`on to`qidi», deydilarmi?! Bas, agar Alloh xohlasa, qalbingga muhr bosur va Alloh O`z so`zlari ila botilni yo`q qilib, haqni haq qilur. Albatta, U dillardagi narsani o`ta bilguvchidir.","Uning O`zi bandalaridan tavbani qabul qilur, gunohlarini afv etur va nima qilayotganingizni bilur.","U zot iymon keltirib, solih amallar qilganlarning (duosini) ijobat qilur va ularga O`z fazlidan ziyoda qilur. Kofirlarga esa, ularga shiddatli azob bordir.","Agar Alloh bandalariga rizqni keng qilib qo`ysa, albatta, ular yer yuzida haddan oshib keturlar, lekin U O`zi xohlaganiga o`lchov bilan tushiradi. Albatta, u O`z bandalaridan o`ta xabardor va ularni o`ta ko`ruvchidir.","U zot (odamlar) noumid bo`lganlaridan keyin yomg`irni nozil qilur va O`z rahmatini taratur. U valiy va maqtalgan Zotdir.","Uning (qudrati) oyat(belgi)laridan osmonlaru yerning yaratilishi va ularda turli jonivorlarning taratib qo`yilishidir. Va U zot, agar xohlasa, ularni jamlashga qodirdir.","Sizga qaysi bir musiybat yetsa, bas, o`z qo`lingiz qilgan kasbdandir va U zot ko`pini afv qilur.[1]###[1] (Insonning o`zidan o`tmasa, unga biror musibat yetmaydi. Lekin o`ta mehribon bo`lgan Alloh bandasini har bir gunohi uchun musibatga duchor qilavermaydi, faqat ba'zisi uchungina musibatga duchor qiladi, ko`pini kechirib yuboradi. Agar Alloh taolo insonni har bir aybi uchun musibatga uchratadigan bo`lsa, inson darhol halokatga yuz tutar edi.)","Va siz yer yuzida qochib qutula olmaysiz. Hamda siz uchun Allohdan o`zga valiy ham, nusrat berguvchi ham yo`q.","Dengizda tog`dek bo`lib suzib yurguvchi kemalar uning (qudrati) oyat(belgi)laridandir.","Agar U zot xohlasa, shamolni to`xtatib qo`yur. Bas, u (kema)lar u(dengiz)ning ustida turib qolurlar. Albatta, ana shunda har bir sabr qiluvchi va shukr qilguvchi uchun oyat(belgi)lar bordir.","Yoki u(kema)larni alarning kasbi tufayli halok qilur va U zot ko`pni afv qilur.","Va Bizning oyatlarimiz haqida tortishadiganlar bilsinlarki, ular uchun hech bir qochar joy yo`qdir.","Sizga berilgan narsalar dunyo hayotining matohi, xolos. Allohning huzuridagi yaxshi va boqiy narsalar esa, iymon keltirgan va Robbilariga tavakkal qilganlar uchundir.[1]###[1] (Ushbu berilgan narsalar xoh molu dunyo bo`lsin, nima bo`lsa bo`lsin — hammasi bu dunyoning matohi, o`tkinchi hoy-havas, xolos. Ularning haqiqiy qadr mezonida hech bir og`irligi yo`q. Haqiqiy qadr-qiymatga, boqiylikka ega narsalar boshqa tomonda — oxiratda, Allohning huzuridadir. Allohning huzuridagi o`sha narsalar, bu dunyo matohi kabi, kim bo`lishidan qat'iy nazar hamma uchun emas.)","Katta gunohlar va fohisha ishlardan chetda bo`ladigan va g`azablangan vaqtda kechirib yuboradiganlar uchundir.","Robbilariga ijobat qilgan, namozni to`kis ado etgan, ishlari o`zaro shuuro ila bo`lgan va ularga rizq qilib bergan narsalarimizdan infoq qiladiganlar uchundir.","O`zlariga tajovuzkorlik yetganda nusrat qozonadiganlar uchundir.","O`monlikning jazosi o`z mislidek yomonlikdir. Kim afv etib isloh qilsa, uning ajri Allohning zimmasidadir. Albatta, U zot zolimlarni sevmas.","Albatta, kim o`ziga bo`lgan zulmdan keyin nusrat qozonsa, bas, undaylarni (ayblashga) hech yo`l yo`q.","Faqatgina, odamlarga zulm qiladigan va yer yuzida nohaq tajovuzkorlik qiladiganlarni (ayblashga) yo`l bordir. Ana o`shalarga alamli azob bordir.","Shubhasiz, kim sabr qilib, kechirsa, albatta, bu mardlik ishlaridandir.[1]###[1] (Yana tavozu' ila ish ko`rishga da'vat. Yana sabr qilishga da'vat. Yana kechirimli bo`lishga da'vat. Yaxshilar sifati bo`lgan ushbu sifatlarga takror-takror da'vat bejiz emas. Avvalo, bu ishlarni amalga oshirish oson emas. Qolaversa, yaxshi sifatlarga qancha targ`ib qilinsa, shuncha oz.)","Alloh kimni zalolatga ketkazsa, bas, unga U zotdan o`zga hech bir valiy bo`lmas. Zolimlarni ko`rursanki, azobni ko`rgan chog`larida: «(Ortga) qaytishga hech bir yo`l bormikan?» – derlar.","Sen ularni u(do`zax)ga ko`ndalang qilinayotganlarida xoru zor va qo`rqqan hollarida ko`z qiri bilan nazar solayotganlarini ko`rursan. Iymon keltirganlar: «Albatta, ziyonkorlar qiyomat kuni o`zlariga va ahli ayollariga ziyon qilganlardir», derlar. Ogoh bo`lingkim, albatta, zolimlar doimiy azobdadirlar.[1]###[1] (Ha, kofir, zolim va osiylar do`zaxga to`g`ri qaray olmaydilar. Balki, faqat ko`z qirlari bilan nazar soladilar. Ularning bu dunyodagi gerdayishlaridan, shahdamliklaridan asar ham qolmaydi. Biror narsani gapira olmay qoladilar. Oxiratda erkin gapira oladiganlar mo`minlardir.)","Va ularga Allohdan o`zga yordam beradigan hech qanday valiylar bo`lmadi. Alloh kimni zalolatga ketkazsa, bas, unga hech bir (to`g`ri) yo`l yo`qdir.","Qaytarib bo`lmaydigan kun Alloh tomonidan kelmay turib, Robbingizga ijobat qiling! O`sha kuni sizga panohgoh topilmas va sizga (tushgan azobni) inkor qilguvchi topilmas.","Agar ular yuz o`girsalar, bas, biz seni ularga qo`riqchi qilib yuborganimiz yo`q. Sening zimmangda faqat (vahiyni) yetkazish bor, xolos. Albatta, biz insonga O`zimizdan rahmat tottirgan chog`imizda u undan quvonur va agar ularga o`z qo`llari taqdim etgan narsa tufayli yomonlik yetsa, bas, albatta, inson kufroni ne'mat qilur.[1]###[1] (Yaxshilik yetganda haddan oshganidek, yomonlik yetganda ham o`zini to`g`ri tuta ololmaydi, kufroni ne'mat qiladi. Aslida esa, yaxshilik yetsa, inson shukr qilib, yomonlik yetsa, sabr etishi lozim. Unga nimaiki yetsa, Allohdandir.)","Osmonlaru yerning mulki Allohnikidir. U zot xohlagan narsasini yaratur. U zot xohlagan kishisiga qizlar hadya etur va xohlagan kishisiga o`g`illar hadya etur.","Yoki ularni juftlab — o`g`il-qiz qilib berur va xohlagan kishisini tug`mas qilur. Albatta, U zot o`ta bilguvchi va o`ta qodirdir.[1]###[1] (Insonga hamma narsani faqat Alloh taolo berishining yorqin namunasi farzand masalasida ko`rinadi. Ayni shu masalada inson o`zining ojizligini his etadi. O`z xohishiga ko`ra biron narsani bor qila olmasligini, Alloh taoloning madadi va inoyatiga muhtoj bo`lib turishini anglab yetadi.)","Allohning bashar bilan gaplashmog`i bo`lmagan, magar vahiy orqali, yoki parda ortidan yoxud elchi yuboradi va ul U zotning izni ila xohlagan narsasini vahiy qilur. Albatta, U zot o`ta oliy va o`ta hikmatlidir.[1]###[1] (Inson zoti uchun Alloh Taolo bilan bevosita gaplashish muyassar bo`ladigan narsa emas. Alloh bilan bashar orasidagi aloqa bovosita bo`lur. Vositaning bir tarafida insonlar orasidan tanlab olingan eng yetuk zotlar, payg`ambarlar alayhimussalomlar turur. Ya'ni, o`sha vositali gaplashishga ham har bir inson qodir emas. Endi, odamlar orasidan tanlab olingan payg`ambarlar ham barobar emaslar, osmondagi nur sochib turgan yulduzlar hajm va nur jihatidan xilma-xil bo`lganlaridek ular ham xilma-xildirlar.)","Ana shunga o`xshash, Biz senga O`z amrimizdan bir ruhni vahiy qildik. Sen kitob nimaligini ham, iymon nimaligini ham idrok qilmas eding. Lekin, Biz uni bir nur qildikki, u bilan bandalarimizdan kimni xohlasak hidoyat qilurmiz. Albatta, sen to`g`ri yo`lga hidoyat qilursan.[1]###[1] (Alloh Taolo bu oyati karimada Qur'oni Karimni, Muhammad sollallohu alayhi va sallamga vahiy orqali yuborgan so`nggi kitobini ruh-jon, deb atamoqda. Qur'oni Karim insoniyat uchun ma'naviy ruhdir.)","Osmonlardagi narsalar va yerdagi narsalar Uniki bo`lgan Allohning yo`liga (hidoyat qilursan). Ogoh bo`lingkim, barcha ishlar Allohgagina qaytur.[1]###[1] (Sen Allohning kitobi vahiylari ila Allohning bandalarini, Allohning to`g`ri yo`liga hidoyat qilursan.)","Haa. Miym.","Ochiq-oydin kitob ila qasam.","Albatta, Biz uni arabcha Qur'on qildik. Shoyadki, aql yuritsangiz.","Albatta, u huzurimizdagi ona kitobdadir, u oliydir, hikmatlidir.[1]###[1] (Ulamolarimiz, «ona kitob»dan murod Lavhul Mahfuz, deganlar. Demak, Qur'oni Karim Alloh taoloning huzuridagi Lavhul Mahfuzda saqlangan. Bu esa, uni Alloh taolo naqadar zo`r qadrlaganini ko`rsatadi.)","Nahotki, siz isrofchi qavm bo`lganingiz uchun sizdan yuz o`girib, zikr(eslatma)ni burib yuborsak?![1]###[1] (Ya'ni, Qur'onni bular qabul qilmas ekan, mayli, yuraversinlar, deb uni boshqalarga tomon burib yuborsak bo`ladimi?! Yo`q, Bizning odatimiz bunday emas. Asl odatimizni bilish uchun o`tgan Payg`ambar va ummatlarning holiga bir nazar soling!)","Avvalgilarga qanchadan-qancha Payg`ambarlar yubordik.","Ular o`zlariga kelgan har bir Payg`ambarni albatta istehzo qilganlar.","Bas, Biz ulardan ko`ra kuchliroqlarni halok qilganmiz. Avvalgilarning misoli (zikr bo`lib) o`tdi.","Ulardan: «Osmonlaru yerni kim yaratgan!» – deb so`rasang, albatta: «Ularni aziyz va o`ta ilmli zot yaratgan», derlar.","U zot sizga yerni beshik qilib berdi va sizga unda yo`llar qilib qo`ydi. Shoyadki, hidoyat topsangiz.[1]###[1] (Alloh sizga Yerni chaqaloqning beshigidek qulay qilib, Yer yuzida yo`llar ham yaratib qo`ydi. Shoyadki, bu haqiqatlarni tushunib, insofga kelib hidoyat yo`liga yursangiz.)","U zot osmondan o`lchov ila suv tushirdi. Bas, biz u(suv) ila o`lik yurtni tiriltirdik. Siz ham shunga o`xshash chiqarilursiz.","U zot barcha juftlarni yaratgan va sizga kemalar hamda chorva hayvonlaridan minadigan narsalaringizni qildi.","Toki, siz ularning ustiga o`rnashgaysizlar, so`ngra, ularning ustiga o`rnashib olgach, Robbingiz ne'matini eslab: «Bizga buni bo`ysundirgan Zot pokdir. Biz bunga qodir emas edik.","Va, albatta, biz Robbimizga qaytguvchilardirmiz», degaysiz.[1]###[1] (Inson markabga minganda allaqanday bir ko`tarinkilik, g`urur va manmanlik paydo bo`lganini sezadi. Ana shunda unga markab minish imkonini bergan Zotni eslasa va shu oyatdagi duoni o`qisa, hamma narsa o`rniga tushadi. Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda quyidagilar aytiladi: «Rasululloh alayhissalotu vassalom qachon safarga chiqib ulovga minsalar, uch marta «Alloh akbar», deb takbir aytar va quyidagilarni o`qir edilar: «Bizga buni bo`ysundirgan Zot pokdir. Biz bunga qodir emas edik. Va, albatta, biz Robbimizga qaytguvchilardirmiz». Yo Alloh! Biz sendan bu safarimizda yaxshilik va taqvoni, O`zing rozi bo`ladigan amallarni so`raymiz. Yo Alloh! O`zing bizga bu safarimizni oson qilgin. Uning uzog`ini yaqin qilgin. Yo Alloh! Sening O`zing safardagi sohibsan. Ahli ayoldagi xalifasan. Yo Alloh! Men sendan safar qiyinchiliklaridan, turli yomonliklardan, molu mulk va ahli ayolning yomonlikka yuz tutishidan panoh so`rayman».)","Ular bandalaridan Unga bo`lak (hukm) qildilar. Albatta, inson ochiq-oydin noshukrdir.[1]###[1] (Allohga Uning bandalaridan bo`lmish farishtalarni U zotning bo`lagi-farzandi deb hukm qildilar.)","Yoki U zot O`zi yaratadigan narsadan qizlar tutib, sizlarni o`g`illar ila siyladimi?","Qachonki ulardan birortasiga, Rohmanga misol keltirgan narsaning xushxabari berilsa, g`azabga to`lib, yuzi qorayib ketur.","Zebu ziynat ichida o`stiriladigan va xusumat paytida ochiq-oydin bo`la olmaydigan kimsanimi?![1]###[1] (Bu oyatlarda mushriklarning, farishtalar Allohning qizi, degan e'tiqodlariga rad kelmoqda.)","Ular Rohmanning bandalari bo`lmish farishtalarni ayollar hisobladilar. Yoki ularning yaratilishiga guvoh bo`ldilarmi?! Albatta, bu guvohliklari yozilur va so`roqqa tutilurlar!","Ular: «Agar Rohman xohlaganida, biz ularga ibodat qilmas edik», dedilar. Ularda bu haqda hech bir ilm yo`q. Ular faqat aljiramoqdalar, xolos.","Yoki Biz ularga u(Qur'on)dan oldin bir kitob berganmiz-u, ular uni mahkam tutuvchilarmi?!","Yo`q! Ular: «Biz ota-bobolarimizni bir dinda topdikki, albatta, biz ularning izlaridan (ergashib) hidoyat topguvchidirmiz», dedilar.","Xuddi shuningdek, Biz sendan ilgari ham qaysi bir qishloq-shaharga ogohlantirguvchi yuborsak, albatta, uning zodagonlari: «Ta'kidki, biz ota-bobolarimizni bir dinda topdik va, albatta, biz ularning izlaridan ergashguvchilardirmiz», dedilar.","U (ogohlantiruvchi): «Agar men sizga siz ota-bobongizni ustida topgan narsangizdan ham hidoyatliroqni keltirgan bo`lsam ham-a?!» – dedi. Ular: «Biz sen ila yuborilgan narsaga kofirdirmiz», dedilar.","Bas, Biz ulardan intiqom oldik. Endi nazar sol. (Payg`ambarlarni) yolg`onchi qilguvchilarning oqibati qanday bo`ldi?!","Esla, Ibrohim otasiga va qavmiga: «Men, albatta, siz ibodat qilayotgan narsadan voz kechguvchiman.","Magar meni yaratgan Zotdangina (voz kechmasman). Albatta, U zot meni hidoyat qilur», degan edi.","Va bu (so`z)ni u o`z ortidan zurriyotiga boqiy qolguvchi qildi. Shoyadki (iymonga) qaytsalar.[1]###[1] (Ya'ni, Ibrohim alayhissalom Allohdan o`zga hech bir ilohga ibodat qilmaslik haqidagi so`zni, boshqacha aytganda, «La ilaha illalloh»ni o`zidan keyin keladigan zurriyotlari ichida boqiy qoladigan qildi. Shoyadki, zurriyotlari kufr va shirkdan iymonga qaytsalar.)","Men esa, anavilarni va ularning ota-bobolarini, to ularga haq hamda ochiq-oydin Payg`ambar kelguncha foydalantirdim.","Qachonki ularga haq kelganida, ular: «Bu sehrdir va, albatta, biz bunga kofirdirmiz», dedilar.","Ular: «Ushbu Qur'on ikki shahardan (birida) bo`lgan ulug` kishiga nozil qilinganida edi», dedilar.[1]###[1] (Ularning johiliy o`lchovlari bo`yicha molu dunyosi ko`p, mansabi, hukmi va sultoni bor odam «ulug` kishi» deb e'tirof etilardi. Ana shunday odam payg`ambar bo`lishga loyiq edi. O`sha paytda mushriklarning bu maqomga nomzodlari ham bor edi. Makkada al-Valid ibn Mug`iyra, Toifda Urvatu ibn Mas'ud as-Saqafiy ismli odamlar bo`lib, mushriklar ana shulardan biri payg`ambar bo`lsa arziydi, degan fikrda edilar.)","Yoki ular Robbingning rahmatini taqsimlaydilarmi? Biz hayoti dunyoda ularning oralarida maishatlarini taqsimladik va ba'zilari ba'zilarini xizmatkor qilib olishlari uchun ayrimlarining darajalarini ayrimlaridan ustun qilib qo`yganmiz. Robbingning rahmati ular jamlaydigan narsadan yaxshidir.","Agar odamlar bir millat bo`lib qolishlari (xavfi) bo`lmaganda, albatta, Biz Rohmanga kufr keltiradiganlarning uylari shiftini va unga chiqadigan narvonlarini kumushdan qilib qo`yar edik.","Va uylarining eshiklarini ham, ustida yonboshlab yotadigan so`rilarini ham.","Va zebu ziynatu bezaklarni ham. Bularning hammasi hayoti dunyoning matohidan boshqa narsa emas. Oxirat esa, Robbing nazdida taqvodorlar uchundir.","Kim Rohmanning eslatmasidan shabko`r bo`lib olsa, Biz unga shaytonni yaqin qilib qo`yurmiz, bas, u unga doimiy hamroh bo`lur.","Albatta, u(shayton)lar yo`ldan to`surlar va ular o`zlarini shak-shubhasiz hidoyat topguvchilardek hisoblaydilar.","Toki, huzurimizga kelganda: «Qani endi men bilan sening orang mag`rib ila mashriqchalik uzoq bo`lsa edi. Bas, sen naqadar yomon hamrohsan», der.[1]###[1] (Allohning zikridan shabko`r bo`lib olgan g`aflatda yura-yura, bir kuni qiyomat qo`pib: «huzurimizga kelganda», haqiqatni anglaydi hamma balo shayton bilan yaqinligi natijasi ekanligini tushunib yetadi.)","Zulm qilganingiz uchun bugungi kunda azobga sherik bo`lishingiz ham hech foyda bermas.","Sen karlarga eshittira olarmiding yoki ko`rlarni va ochiq-oydin zalolatda bo`lgan kimsalarni hidoyatga sola olarmiding?!","Agar seni ketkazsak ham, albatta, Biz ulardan intiqom olurmiz.","Yoki Biz ularga va'da qilingan narsani senga ko`rsaturmiz. Bas, albatta, Biz ularga (azob berishga) qodirmiz.","Bas, o`zingga vahiy qilingan narsani mahkam tut! Albatta, sen to`g`ri yo`ldasan.","Albatta, u(Qur'on) senga ham, qavmingga ham sharafdir. Va, albatta, so`ralursizlar.","Sendan oldin Biz yuborgan Payg`ambarlarimizdan so`ra: Rohmandan boshqa ibodat qilinadigan ilohlar qilgan ekanmizmi?![1]###[1] (Dunyo tarixida hech bir payg`ambar Allohdan boshqaga ibodat etishga chaqirgan emas. Dunyoda hech bir payg`ambar Allohdan boshqa ilohga ibodat qilgan ham emas. Dunyoda o`tgan hamma payg`ambarlar faqat Rohman sifatli Alloh taologagina ibodat qilganlar va odamlarni ham faqat Allohning O`zigagina ibodat qilishga chaqirganlar.)","Batahqiq, Biz Musoni O`z oyat(mo`'jiza)larimiz ila Fir'avnga va uning a'yonlariga yubordik. Bas, u: «Albatta, men olamlar Robbining Payg`ambaridirman», dedi.","Bas, qachonki u ularga oyat (mo`'jiza)larimizni keltirganda, ular banogoh u(mo`'jiza)lardan kula boshladilar.","Biz ularga qaysi bir oyat (mo`'jiza)ni ko`rsatsak ham, albatta, u o`z sherigidan kattaroq bo`lar edi. Shoyad, (xatolaridan) qaytsalar, deb ularni azob-la tutdik.","Ular: «Ey sehrgar! Senga bergan ahdiga binoan, biz uchun Robbingga duo qil! Albatta, biz hidoyat topguvchilardan bo`lamiz», dedilar.","Bas, qachonki ulardan azobni aritsang, to`satdan ular (ahdni) buzarlar.","Fir'avn o`z qavmiga: «Ey qavmim! Misr mulki va mana bu ostimdan oqib turgan anhorlar meniki emasmi?! Ko`rmayapsizlarmi?!","Men mana bu xor, gapini ochiq bayon qila olmaydigan kimsadan yaxshi emasmanmi?","Unga tillodan bo`lgan bilakuzuklar tashlansa yoki u bilan birga farishtalar hamroh bo`lib kelsa bo`lmas edimi?!» – deb nido qildi.","Bas, u qavmini laqillatdi va ular unga itoat qildilar. Chunki, ular fosiq qavm edilar.","Bas, qachonki ular Bizni darg`azab qilishgach, ulardan intiqom oldik — ularning barchalarini jamlab, g`arq qildik.","Bas, ularni o`tmishga aylantirdik va keyingilarga misol qilib qo`ydik.","Ibn Maryam misol keltirilgan chog`da sening qavming birdan shodlanib qichqirurlar.[1]###[1] (Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom Anbiyo surasidagi «Albatta, sizlar va Allohdan o`zga ibodat qilgan narsalaringiz jahannam o`tin-toshidirsiz. Sizlar unga kirguvchidirsiz» oyatini tilovat qilganlarida, Abdulloh ibn az-Zab'ariy at-Tamimiy ismli mushrik: «Bu biz va bizning olihalarimiz uchunmi yoki hamma ummatlar uchunmi?» deb so`ragan. Rasululloh alayhissalotu vassalom: «U siz uchun hamma ummatlar uchun», dedilar. U: «Shubhasiz, endi seni yengdim, Ka'baning Robbiga qasam! Nasorolar Masiyhga, Yahudiylar Uzayrga, Bani Fulon farishtalarga ibodat qilmaydilarmi?! Agar ana o`shalar ham jahannamga tushsalar, bizning va olihalarimizning jahannamda bo`lishiga rozimiz», dedi. Shunda Alloh taolo: «Albatta, bizdan ularga oldin go`zal so`z o`tganlar u (jahannam)dan uzoqlashtirilgandirlar», oyatini tushirdi. «Ibn Maryam misol keltirilgan choqda sening qavming birdan shodlanib qichqirurlar» oyati bilan o`sha hodisani yodga solmoqda.)","Ular: «Bizning olihalarimiz yaxshimi yoki umi?» – dedilar. Ular uni senga faqat talashib-tortishish uchungina misol keltirdilar. Zero, ular xusumatchi qavmdirlar.","U faqat bir bandadir. Biz unga ne'mat berdik va uni Bani Isroilga misol qildik.","Agar xohlasak, o`rningizga yer yuzida xalifa bo`ladigan farishtalar qilib qo`yar edik.","Albatta, u (Iyso) soat(qiyomat) ilmi(belgisi)dir. Bas, siz u (qiyomat) haqida hech shubha qilmang va menga ergashing. Mana shu to`g`ri yo`ldir.[1]###[1] (Vaqti kelib Iyso qiyomat kunining belgisi bo`ladi. Uning qayta tushishidan qiyomat juda ham yaqin qolgani bilib olinadi.)","Shayton sizni hargiz (to`g`ri yo`ldan) to`smasin. Albatta, u sizga ochiq-oydin dushmandir.","Iyso ochiq-oydin hujjat (mo`'jiza)lar bilan kelgan chog`ida: «Batahqiq, men sizga hikmatni keltirdim va siz ixtilof qilayotgan ba'zi narsalarni bayon qilish uchun keldim. Bas, Allohga taqvo va menga itoat qilinglar.","Albatta, Alloh mening ham Robbim, sizning ham Robbingizdir. Bas, Unga ibodat qiling. Mana shu to`g`ri yo`ldir», dedi.[1]###[1] (Iyso alayhissalom qavmlariga: «Alloh mening Robbim», deganlar. Alloh mening otam, degan emaslar. Demak, Alloh taolo boshqa bandalarga Robb bo`lgani kabi, Iyso alayhissalomga ham Robbdir. Bu haqda boshqa gap behuda.)","Bas, ularning orasidan firqalar ixtilof qildilar. Zulm qilganlar holiga alamli kun azobidan voy bo`lsin![1]###[1] (Iyso alayhissalom Bani Isroilga payg`ambar qilib yuborilgan edilar. U zot Bani Isroilga ularning Muso alayhissalom shariati xususidagi ixtiloflariga barham berish, yagona Allohning ibodatiga chaqirish uchun hikmat ila kelgan edilar. Ammo ular bu chaqiriqqa munosib javob bermadilar. Balki Iyso alayhissalomga qarshi chiqdilar. Turli firqalarga bo`linib olib, hozirgacha ixtilof qilib kelmoqdalar.)","Ular faqat o`zlari ham sezmay qolgan holda soat(qiyomat) kelib qolishini kutmoqdalar, xolos.","O`sha kunda taqvodorlardan boshqa do`stlar bir-birlariga dushmandir.[1]###[1] (Qiyomat kuni hamma o`z oqibatini bilgach, garchi bu dunyoda yaqin o`zaro do`st bo`lsa ham, bir-biriga dushmanga aylanadi. Chunki u dunyoda bir-birlarini turli amallarga undagan do`stlarning do`zaxga tushib jazo tortishlari aniq ma'lum bo`lib qoladi. Ana o`shanda, yomon bilan do`st bo`lganiga afsuslanadi.)","Ey bandalarim! Bugungi kunda sizga xavf yo`q va mahzun ham bo`lmassiz.","Oyatlarimizga iymon keltirganlar va musulmon bo`lganlar...","Jannatga kiringlar, sizlar va juftlaringiz shod bo`lursizlar.","Ularga tillodan bo`lgan tovoqlar va qadahlar aylantirilur. U yerda ko`ngil ishtaha qiladigan va ko`zlar lazzatlanadigan narsalar bordir. Sizlar u yerda abadiy qolursizlar.","Mana shu, qilib yurgan amallaringiz sababli sizga meros qilib berilgan jannatdir.","Sizga u yerda ko`plab mevalar bor, ulardan yersizlar.","Albatta, jinoyatchilar jahannam azobida abadiy qolurlar.","U ulardan yengillatilmas va ular u(azob)da noumid holda qolurlar.[1]###[1] (Ya'ni, azob ahli jahannamdan hech yengillatilmaydi. Ular o`sha azob ichida noumid bo`lgan hollarida abadiy qolib ketadilar.)","Biz ularga zulm qilganimiz yo`q. Lekin ular o`zlari zolim bo`ldilar.","Ular: «Ey Molik! Robbing bizni bitirsin!» – deb nido qildilar. U: «Albatta, siz turib qolguvchisiz», dedi.[1]###[1] (Ya'ni, do`zaxilar o`zlariga berilayotgan azoblar og`rig`i, alami va shiddatiga chiday olmay, do`zax ishlariga qarab turuvchi Molik ismli farishtaga qarab: «Ey Molik! Robbing bizni bitirsin!» deydilar.)","Batahqiq, Biz sizga haqni keltirdik. Lekin ko`plaringiz haqni yomon ko`rguvchisiz.[1]###[1] (Shuning uchun bugungi kunda ushbu ayanchli holga tushib turibsiz.)","Yoki ular biron ishga qaror qildilarmi? Bas, Biz, albatta, qaror qilguvchimiz.","Yoki ular Bizni ularning sirlarini (bilmas) va pichirlashib qilgan maslahatlarini eshitmas, deb hisoblaydilarmi? Yo`q! Holbuki, elchilarimiz ularning oldilarida yozmoqdalar.","Sen: «Agar Rohmanning bolasi bo`lganida, men unga ibodat qilguvchilarning birinchisi bo`lar edim», deb ayt.","Osmonlaru yerning Robbi, Arshning Robbi ular qilayotgan vasfdan pokdir.","Bas, ularni qo`yib ber, o`zlariga va'da qilinayotgan kunga ro`baro` bo`lgunlaricha (yomonlikka) sho`ng`iyversinlar, o`ynayversinlar.","U zot osmonda ham ilohdir, yerda ham ilohdir. U zot o`ta hikmatli, o`ta ilmlidir.","Osmonlaru yerning va ularning orasidagi narsalarning mulkiga ega bo`lgan Zot barakotli(buyuk)dir. Soat (qiyomat) ilmi Uning huzuridadir. Ungagina qaytarilursizlar.","Allohdan o`zga iltijo qilayotgan narsalari shafoatga ega bo`lmaslar. Magar, bilgan hollarida haq shahodat berganlargina (ega bo`lurlar).","Agar sen ulardan o`zlarini kim yaratganini so`rasang, albatta, «Alloh», derlar Bas, qayoqqa burilib ketmoqdalar?!","U(Muhammad)ning: «Ey Robbim, albatta, anavilar iymon keltirmaydigan qavmlardir», degan gapini ham (bilur).","Bas, sen ulardan yuz o`gir va: «Sizlarga salom bo`lsin», degin. Bas, ular tezda bilurlar.","Haa. Miym.","Ochiq-oydin Kitobga qasam.","Albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik. Albatta, Biz ogohlantirguvchi bo`ldik.[1]###[1] (Ushbu oyatda zikr etilayotgan, Qur'on nozil qilingan kecha muborak Ramazon oyining kechalaridan biri bo`lmish «Laylatul qadr»dir. Bu kecha, dunyo tarixidagi eng muborak kechadir. Chunki, bu kechada Alloh taoloning oxirgi, barkamol va butun insoniyatga qiyomat kunigacha saodat yo`lini ko`rsatib beruvchi kitobi tusha boshlagan.)","O`sha(kecha)da har bir hikmatli ish ajratilib, hal qilinur.","Biz tomonimizdan bo`lgan amrga binoan. Albatta, Biz Payg`ambar yuborguvchi bo`ldik.","Bu, Robbing tomonidan (ko`rsatilgan) rahmatdir. Albatta, Uning O`zi o`ta eshitguvchi, o`ta bilguvchi Zotdir.","U — osmonlaru yerning va ularning orasidagi narsalarning Robbidir. Gar ishonguvchi bo`lsangiz.","Undan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q. U tiriltirur va o`ldirur. U sizning Robbingiz va ota-bobolaringizning Robbidir.","Yo`q! Ular shak-shubhada o`ynamoqdalar.","Bas, osmon aniq tutunni keltiradigan kunni kut.","U, odamlarni o`rab olur. Bu, alamli azobdir.","Ey Robbimiz! Bizdan azobni kushoyish qil! Albatta, biz iymon keltirguvchidirmiz.","Ularga qayoqdan ham eslatma bo`lsin. Holbuki, ularga ochiq-oydin Payg`ambar kelgan edi.","So`ngra undan yuz o`girdilar va: «Bu — o`rgatilgan majnun», dedilar.","Albatta, Biz azobni ozgina kushoyish qilguvchimiz. Albatta, sizlar qaytguvchisizlar.[1]###[1] (Ushbu oyatda zikr etilayotgan, Qur'on nozil qilingan kecha muborak Ramazon oyining kechalaridan biri bo`lmish «Laylatul qadr»dir. Bu kecha, dunyo tarixidagi eng muborak kechadir. Chunki, bu kechada Alloh taoloning oxirgi, barkamol va butun insoniyatga qiyomat kunigacha saodat yo`lini ko`rsatib beruvchi kitobi tusha boshlagan.)","Katta ushlash ila ushlaganimiz kuni, albatta, Biz intiqom olguvchimiz.[1]###[1] (Bu ushlash va intiqom olish qiyomat kunidadir.)","Batahqiq, ulardan oldin Fir'avn qavmini sinadik. Ularga karamli Payg`ambar keldi.","«Sizlar menga Allohning bandalarini beringlar. Albatta, men sizlarga ishonchli Payg`ambarman.","Va Allohga mutakabbirlik qilmang. Albatta, men sizga ochiq-oydin hujjat keltirurman.","Va, albatta, men o`zimning Robbim va sizning Robbingizdan meni toshbo`ron qilishingizdan panoh so`radim.","Va agar menga iymon keltirmasangiz, mendan chetlaning».","U Robbiga: «Albatta, anavilar jinoyatchi qavmdir», deb duo qildi.","Bas, bandalarim ila kechasi yurib ket. Albatta, siz izingizdan quvilursiz.[1]###[1] (Bani Isroilni olib, kechasi Misrdan chiqib ket. Dushman, albatta, sizlarning izingizdan tushadi.)","Va dengizni sokin holida qo`y, albatta, ular g`arq qilinadigan qo`shindir.[1]###[1] (Darhaqiqat, Fir'avn va uning askarlari ham to`xtab turgan dengiz sari tushdilar. Hammalari dengizda ochilgan yo`lga tushib bo`lganlaridan keyin shu damgacha ikkiga bo`linib, sokin turgan suv harakatga keldi va ularni g`arq qildi.)","Ular ortlaridan qanchadan-qancha bog`u rog`larni va buloqlarni,","Ekinzorlarni va yaxshi joylarni.","Va o`zlari ichida maza qilayotgan nozu ne'matlarni qoldirdilar.","Mana shunday! Biz u(narsa)larni boshqa qavmlarga meros qilib berdik.","Bas, ularga osmon ham, yer ham yig`lamadi va ular muhlat berilganlardan ham bo`lmadilar.","Batahqiq, Bani Isroilga xorlovchi azobdan...","Fir'avndan najot berdik. Albatta, u mutakabbir va haddidan oshganlardan edi.[1]###[1] (Fir'avn va qavmini halok qilish bilan biz Bani Isroilni azobdan ozod etdik. Ular uning qavmi qo`l ostida azob chekar edilar.)","Batahqiq, Biz ularni bilib turib, olamlar ichidan tanlab oldik.","Va ularga oyat(mo`'jiza)lardan ichida ochiq-oydin sinov bor narsalarni berdik.[1]###[1] (Alloh taolo Bani Isroilga turli oyat-mo`'jizalar yubordi. Ularda sinov bor edi.)","Albatta, anavilar derlar:","«Birinchi o`limimizdan boshqa hech qanday o`lim yo`q va biz qayta tiriltiriluvchi emasmiz.","Agar rostgo`y bo`lsangiz, ota-bobolarimizni keltiringlar».","Ular yaxshiroqmi yoki Tubba' qavmiyu ulardan oldin o`tganlarmi?! Biz ularni halok qildik. Albatta, ular jinoyatchi bo`lgan edilar.[1]###[1] («Tubba'» Yaman podshohlarining laqabidir. Arablar ichida ularning dovrug`i keng tarqalgan edi.)","Osmonlaru yerni va ularning orasidagi narsalarni o`ynab yaratganimiz yo`q!","Biz ularni faqat haq ila yaratdik, lekin ko`plari bilmaslar.","Albatta, ajratish kuni barchalari uchun belgilangan vaqtdir.[1]###[1] («Ajratish kuni» qiyomatning nomlaridan biri. U kunda haq botildan, mo`min kofirdan, yaxshi yomondan ajratiladi. Shuning uchun ham «ajratish kuni» deb nomlangan. Ana o`sha kun hammaning qayta tirilishi va to`planishi uchun belgilangan vaqtdir.)","U kunda do`st do`stga biron narsada asqotmas va ularga yordam ham berilmas.","Magar, kimga Alloh rahim qilsagina (yordam berilur). Albatta, U aziyz va o`ta rahimli Zotdir.[1]###[1] (Aziz va rahimli sifati ila mo`min-musulmon, taqvodor bandalariga rahm qiladi, yordam beradi.)","Albatta, Zaqqum daraxti...","Gunohkorning taomidir.","U, xuddi eritilgan ma'dandek, qorinlarda qaynar.","Qaynoq suvning qaynashi kabi.[1]###[1] (Do`zaxilar qorinlari ochsa, nima yeyishadi? Ularga qorinlari ochganida taom uchun Zaqqum daraxtining mevasi beriladi. Zaqqum achchiqligi va zaharliligi bilan og`izlarda zarbulmasal bo`lib ketgan. Ana o`sha zahar gunohkorlarga taom bo`ladi, qorinlarida eritilgan ma'dan, temir yoki misdek yoxud dog` qilinayotgan yog`dek qaynab turadi. U xuddi suvdek qaynaydi.)","Uni tutib, jahiymning o`rtasiga sudrab olib boringlar!","So`ngra boshi ustidan qaynoq suv azobini quyinglar!","«Totib ko`r! Albatta, sen o`zing «azizu mukarramsan!»","Albatta, bu siz (bo`lishida) shubha qilib yurgan narsadir!»","Albatta, taqvodorlar omonlik joyida...","Bog`u rog`lar va buloqlarda bo`lurlar.","Ular shoyi ipak kiyurlar, bir-birlariga yuzma-yuz holda (o`ltirurlar).","Ana shunday! Va Biz ularni huri iynlarga uylantirdik.","Ular u yerda omonlik hollarida turli mevalarni chaqirurlar.","Ular u yerda birinchi o`limdan boshqa o`limni totmaslar. U zot ularni jahiym azobidan saqlar.[1]###[1] (Ya'ni, taqvodorlar bu dunyodan u dunyoga o`tishda totgan o`limdan boshqa o`limni totmaydilar, jannatda abadiy tirik qoladilar. Hamda Alloh taolo ularni do`zax azobidan saqlaydi.)","Bu, Robbingdan bo`lgan fazldir. Ana shu ulkan yutuqdir.","Bas, albatta, Biz u(Qur'on)ni sening tiling ila osonlashtirdik. Shoyadki, eslasalar.","Bas, kutib tur. Ular ham kutguvchidirlar.","Haa. Miym.","Bu kitobning nozil qilinishi Aziyz va o`ta hikmatli Allohdandir.","Albatta, osmonlaru yerda mo`minlar uchun oyat(belgi)lar bordir.[1]###[1] (Darhaqiqat, osmonlaru Yerdagi har bir narsa Alloh taoloning biru borligiga, cheksiz qudratiga yorqin dalildir.)","Va sizlarning yaratilishingizda va taratib qo`yilgan jonivorlarda aniq ishonadigan qavm uchun oyat(belgi)lar bor.[1]###[1] (Insonning yaratilishida Alloh taoloning biru borligiga, kuch-qudratiga, tadbiru san'atiga sonsiz-sanoqsiz oyat-belgilar bor.)","Kechayu kunduzning almashib turishida, Alloh osmondan rizq nozil qilib, uning ila yerni o`limidan keyin tiriltirishida va shamollarning yo`nalishida aql yuritadigan qavm uchun oyat(belgi)lar bor.","Bular Allohning oyatlaridir. Biz ularni senga haq ila tilovat qilurmiz. Ular Allohni va Uning oyatlarini qo`yib, qaysi gapga iymon keltirurlar?!","Har bir yolg`onchi gunohkorga halokat bo`lsin!","U o`ziga tilovat qilingan Allohning oyatlarini eshitadi-yu, so`ngra, xuddi eshitmagandek, mutakabbirlik qilib turib olur. Bas, unga alamli azob xushxabarini ber.","Qachonki Bizning oyatlarimizdan biror narsa bilsa, uni istehzo qilur. Ana o`shalarga xorlovchi azob bordir.","Va ortlarida jahannam bor. Ularga kasb qilgan narsalari ham, Allohni qo`yib tutgan «do`stlari» ham hech bir narsada asqotmas. Ularga ulkan azob bordir.","Bu (Qur'on) hidoyatdir. Robbilari oyatlariga kufr keltirganlarga alamli azobning ashaddiysi bordir.","Alloh sizga dengizni unda O`z amri bilan kemalar yurishi uchun va siz Uning fazlidan istashingiz uchun bo`ysundirib qo`ydi. Shoyadki, shukr keltirsangiz.","Va sizga osmonlardagi narsalarni va yerdagi narsalarni — hammasini O`z tomonidan bo`ysundirib qo`ydi. Albatta, ana shunda tafakkur qiladigan qavm uchun oyat(belgi)lar bordir.","Sen iymon keltirganlarga ayt. Allohning kunlaridan umidvor bo`lmaydiganlarni kechirsinlar. Toki, U zot bu qavmni kasb qilib yurgan narsalari uchun mukofotlasin.[1]###[1] (Ey Muhammad, sen mo`minlarga ayt, ular o`zlariga ozor bergan, kelajakdagi Allohning hisob-kitob kunlaridan noumid bo`lgan kofirlarni kechirsinlar. Bu esa, Alloh taolo o`sha musulmon qavmni yaxshi kasblariga ko`ra mukofotlashi uchundir.)","Kim solih amal qilsa, o`ziga foyda. Kim yomonlik qilsa, o`ziga zarar. So`ngra Robbingizga qaytarilursiz.","Batahqiq, Biz Bani Isroilga kitobni, hukmni va Payg`ambarlikni berdik, ularga pok narsalarni rizq qilib berdik va ularni olamlar ichida afzal qildik.[1]###[1] (O`z zamonasida, albatta, Bani Isroil o`zgalardan afzal bo`lgan. Chunki Tavrot ularga tushirilgan, payg`ambarlar ulardan chiqqan.)","Va Biz ularga (din) ishi haqida ochiq-oydin bayonotlar berdik. Bas, ular o`zlariga ilm kelganidan so`ng o`zaro hasad-adovat qilibgina ixtilofga tushdilar. Albatta, Robbing qiyomat kuni ular orasida ixtilof qilgan narsalari haqida hukm chiqarur.","So`ngra Biz seni (din) ishida bir shariatga yo`lladik. Bas, unga ergash, bilmaydiganlarning havoyi nafslariga ergashma.[1]###[1] (Bani Isroilning ishi, yuqorida aytilgandek, muvaffaqiyatsiz tamom bo`lganidan so`ng, biz seni Islom shariatiga yo`lladik.)","Albatta, ular sendan Alloh tomonidan bo`ladigan hech bir narsani arita olmaslar. Va, albatta, zolimlar bir-birlariga do`stdirlar. Alloh taqvodorlarning do`stidir.","Bu (Qur'on) odamlar uchun qalb ko`zlari, aniq ishonadigan qavm uchun hidoyat va rahmatdir.","Nahotki, yomonliklarni qilganlar ularni iymon keltirib, solih amallar qilganlarga o`xshash qilmog`imizni, hayotlari ham, mamotlari ham barobar bo`lishini gumon qilsalar?! Ularning qilgan hukmi naqadar ham yomon![1]###[1] (Ushbu oyatda kofir va osiy kimsaning xayolidan o`tadigan gumon inkor qilinmoqda. Kofirlar, bizning mo`minlardan qayerimiz kam, deb o`ylashlari, gumon qilishlari mumkin. Bu dunyoda ham, u dunyoda ham mo`minlar bilan barobarlikni da'vo etishlari mumkin. Bu da'vo mutlaqo noto`g`ridir. Alloh taolo hech qachon yomon ishlar qilgan kimsalarni iymon keltirib, solih amallar qilganlarga o`xshatib qo`ymaydi. Ularning ikkovilarini bu hayotda ham, oxiratda ham barobar qilib qo`ymaydi. Barobar bo`lsa, adolat qolarmidi? Payg`ambar yuborish, kitob tushirish va dinni joriy qilishning keragi bo`larmidi?)","Alloh osmonlaru yerni haq ila, har bir jon qilgan kasbiga yarasha, zulm qilinmagan holida jazosi (ajri)ni olishi uchun yaratgan.","Ayting-chi, havoyi nafsini iloh qilib olgan, Alloh uni bilib turib zalolatga solgan va qulog`iga hamda qalbiga muhr bosib, ko`ziga parda tortib qo`ygan kimsani Allohdan boshqa kim hidoyat qila oladir?! Eslamaysizlarmi?!","Ular: «U (hayot) faqat bu dunyodagi hayotimizdir. O`lamiz, tirilamiz, bizni faqat zamon halok qiladi», derlar. Ularning bu haqda ilmlari yo`q. Ular faqat gumon qiladilar, xolos.[1]###[1] (Bular dahriylardir, bizni faqat dahr(zamon) o`ldiradi, deganlari uchun shu nomni olganlar. Ular o`lgandan keyin qayta tirilishni inkor etadilar.)","Ularga ochiq-oydin oyatlarimiz tilovat qilingan chog`da, ularning: «Agar rostgo`y bo`lsangiz, ota-bobolarimizni keltiring-chi?!» – deyishdan boshqa hujjatlari bo`lmas.","Sen: «Alloh sizlarni tiriltirur, so`ngra o`ldirur, so`ngra sizlarni (bo`lishida) shubha yo`q qiyomat kunida jamlar. Lekin odamlarning ko`plari bilmaslar», deb ayt.","Va osmonlaru yerning mulki Allohnikidir. Soat(qiyomat) qoim bo`ladigan kunda, o`sha kunda botilchilar ziyon torturlar.","Har bir ummatni tiz cho`kkan holida ko`rursan. Har bir ummat o`z nomai a'moliga chaqirilur: «Bugungi kunda qilib yurgan amallaringizning jazosi (ajri)ni olursiz».[1]###[1] (Ya'ni, qiyomat kunining dahshati kuchliligidan u kuni har bir ummatning cho`kalanib qolgan holi ko`riladi. O`sha kunda har bir ummatga, har bir shaxsga, bu dunyoda qilgan amallari yozib borilgan kitob ko`rsatiladi.)","«Mana bu kitobimiz sizga haqni nutq qilur. Albatta, Biz qilgan amalingizni yozib turgan edik» (deyilur).[1]###[1] (Ya'ni, mana bu nomayi amal kitobi faqat haqiqatni aytadi. Undagi barcha gap rostdir, yolg`oni yo`q. U dunyoda nima amal qilsangiz, o`shani o`z vaqtida aniq yozib turgan edik. Endi shu asosda hisob-kitob etamiz.)","Bas, iymon keltirib solih amallarni qilganlarni Robbilari O`z rahmatiga kiritur. Ana o`shaning o`zi ochiq-oydin yutuqdir.","Ammo kufr keltirganlarga esa: «Axir, sizga Mening oyatlarim tilovat qilinmaganmidi?! Bas, siz mutakabbirlik qildingiz va jinoyatchi qavm bo`ldingiz.","Vaqtiki: «Albatta, Allohning va'dasi haqdir va soat (qiyomat)da shubha yo`qdir», deyilsa, «Soat(qiyomat) nima ekanini bilmasmiz. Biz faqat gumon qilamiz, xolos. Biz aniq ishonguvchi emasmiz», dedingiz» (deyilur).[1]###[1] (Endi holingizga nima bo`ldi? Allohning va'dasi haq ekanmi? Qiyomat soati qoim bo`lar ekanmi? U haqidagi gaplaringiz gumondan boshqa gap emasligini bildingizmi?)","Va ularga qilgan amallarining yomonliklari ayon bo`ldi va ularni o`zlari istehzo qilib yurgan narsa o`rab oldi.","«Bugungi kunda xuddi siz ushbu kuningizga ro`baro` bo`lishni unutganingizdek, Biz ham sizni unuturmiz. Joyingiz jahannamdir va sizlarga hech yordamchilar yo`q.","Bunday bo`lishingiz, albatta, sizning Allohning oyatlarini masxara qilib olganingiz va sizni dunyo hayoti g`ururga ketkazgani uchundir», deyildi. Bas, bugungi kunda ular u(jahannam)dan chiqarilmaslar va ular itobga ham qaytarilmaslar.[1]###[1] (Jahanam azobida qiynalib turgan kofiru osiylarga aytiladigan bu gaplar, ular uchun juda ham og`ir ma'naviy azob bo`ladi. Ya'ni, siz yorug` dunyoda qiyomat kuniga ro`baro` bo`lishni qanday unutgan bo`lsangiz, biz ham sizni shunday unutamiz. Ya'ni, sizga rahm qilishni unutamiz.)","Bas, barcha hamd osmonlarning Robbiga, yerning Robbiga va olamlarning Robbigadir.","Osmonlaru yerdagi ulug`lik Unikidir. U zot Aziyzu Hakiymdir."]