["Haa. Miym.","Kitob tushirilishi Folib va hikmatli Alloh tarafidandir.","Osmonlaru yerni hamda ular o`rtasidagi narsalarni faqat haq va belgilangan muddat ila yaratdik. Kofirlar bo`lsa, o`zlari ogohlantirilgan narsadan yuz o`giruvchilardir.[1]###[1] (Qur'onni hikmat ila nozil qilgan g`olib va qudratli Alloh osmonlaru Yerni hamda ularning orasidagi narsalarni ham haq ila, hikmat ila yaratgan.)","Sen: «Allohdan o`zga sig`inayotgan narsalaringizning xabarini bering-chi, menga ko`rsating-chi, ular yerdan nimani yaratdilar? Yoki osmonlarni (yaratishda) ishtiroklari bormi? Agar rostgo`y bo`lsalaringiz, menga bu(Qur'on)dan oldingi kitobni yoki ilmiy bir belgini (dalilni) keltiring», deb ayt.","Allohni qo`yib, qiyomat kunigacha duosini mustajob qilolmaydiganlarga iltijo etadiganlardan ham adashganroqlar bormi?! Holbuki, u(but)lar ularning duosidan g`ofildirlar.","Odamlar mahsharga to`planganda, o`sha(but)lar ularga dushman bo`lurlar va ibodatlariga ham munkir bo`lurlar.[1]###[1] (Bizga ibodat qilganingiz yo`q, deb inkor qiladilar. Hatto shayton o`ziga ergashganlardan tonar ekan.)","Qachonki ularga ravshan oyatlarimiz tilovat qilinsa, kufr keltirganlar Haq (Qur'on) ularga kelgandayoq, bu ochiq-oydin sehrdir, derlar.","Balki, u(Qur'on)ni o`zi to`qib olgan, ham derlar. Sen: «Agar uni to`qib olgan bo`lsam, Allohdan (keladigan) biror narsani mendan qaytarishga qodir emassiz. U zotning O`zi u(kitob) haqida siz sho`ng`iyotgan narsalarni yaxshi biluvchidir. Men bilan sizning o`rtangizda guvohlikka Uning O`zi kifoyadir. Va U kechiruvchi ham rahimli Zotdir», deb ayt.","Sen: «Men birinchi Payg`ambar emasman, menga va sizlarga nima qilinishini bilmasman. Faqat, o`zimga vahiy qilinayotgan narsagagina ergashurman. Men ochiq-oydin ogohlantiruvchiman, xolos», deb ayt.","Sen: «Ayting-chi, agar u (Qur'on) Allohdan bo`lsa-yu, siz unga kufr keltirsangiz va holbuki, Bani Isroildan bir guvoh u(Qur'on)ga o`xshash narsaga guvohlik berib, iymon keltirib turibdi, siz esa, kibru havo qilyapsiz. Albatta, Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas», deb ayt.[1]###[1] (Qur'oni Karimda buzuq aqidalarni tuzatish, to`g`ri yo`lga boshlash uchun turli uslublar qo`llangan. Bu oyatda mushriklarning aqidasiga shubha solish yo`li bilan, ularning xatoda ekanliklari bayon qilinmoqda.)","Kufr keltirganlar iymon keltirganlarga: «Agar u (Qur'on) yaxshilik bo`lganida, unga bizdan avval bormasdilar», dedilar. U(Qur'on)dan hidoyat topishmagach, bu — qadimgi uydirmadir, derlar.[1]###[1] (Kibru havoga uchgan arab boyvachchalarining nazarida kambag`allarning Islomga kirishi, Qur'onga ishonishi kamchilik, ayb bo`lib ko`ringan. Ular o`zlaricha, «yalangayoqlar yurgan yo`l yaxshi bo`larmidi?» demoqchilar. Lekin, ayni choqda, Hazrati Abu Bakr, Hazrati Usmon, Hadicha onamizga o`xshash boy, zadogonlar ham birinchilardan bo`lib Islomga kirishganini e'tiborga olishmaydi. Islom boyni ham, kambag`alni ham, kuchlini ham, zaifni ham bir oila a'zosi qilish uchun Alloh tamonidan yuborilgan din.)","U(Qur'on)dan oldin Musoning kitobi yo`l boshlovchi va rahmat edi. Bu (Qur'on) esa, arab tilidagi, tasdiqlovchi, zulm qiluvchilarni ogohlantirish uchun va yaxshilarga bashorat kitobidir.[1]###[1] (Qur'on o`zidan avvalgi kitoblarda, jumladan, Tavrotda kelgan aqida aslini, ilohiy yo`lni, dinu diyonatni tasdiqlaydi.)","Albatta «Robbimiz Allohdir» degan, so`ngra bunda mustaqiym turganlarga xavf yo`qdir va ular xafa ham bo`lmaslar.","Ana o`shalar jannat egalaridir, qilgan amallari mukofotiga unda abadiy qolurlar.","Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi unga qiynalib homilador bo`ldi va uni qiynalib tug`di. Va uning homilasi va ko`krakdan ajratishi o`ttiz oydir. Toki, u kamolga yetib, qirq yoshga kirganida: «Robbim, O`zing menga va ota-onamga bergan ne'matlaringga shukr qilishimga va Sen rozi bo`lgan solih(ish)ni qilishimga ilhom bergin. Va mening zurriyotlarimni ham solihlardan qilgin. Albatta, men tavba qildim va albatta, men musulmonlardanman», dedi.[1]###[1] (Alloh taolo insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurmoqda. Bu insoniylik burchidir, boshqa hech qanday asos yo`q. Inson faqat insonligi uchun ota-onasini hurmat qilishi, e'zozlashi zarur. Lekin shu bilan birga, oyatning o`zida ota-onaga yaxshilik qilishning boislaridan ba'zisi aytib o`tilmoqda.)","Ana o`shalarning eng yaxshi amallarini qabul qilib, yomonliklarini o`tib yuborurmiz. Ular jannat egalaridandir. Ularga berilgan haq va'da shuldir.[1]###[1] (Avvalgi oyatdagi maqtovli sifatlarga ega bo`lgan mo`minlarning qilgan yaxshi amallarini qabul qilamiz, deydi Alloh taolo. Albatta, amalni qabul qilgandan so`ng, uning mukofati va savobini ham ko`paytirib beradi.)","Ota-onasiga: «Uff sizlarga, (qabrdan) chiqarilishimning va'dasini berayapsizlarmi?! Mendan avval ham asrlar o`tgan-ku!» – degan kishiga, Allohdan madad so`ragan holda, ular: «Holingga voy bo`lgur, iymon keltir, albatta, Allohning va'dasi haqdir», dedilar. U bo`lsa: «Bu o`tganlarning afsonalari, xolos», der.","Ana o`shalarga o`zlaridan avval o`tgan jin va ins ummatlari qatorida (azob) so`zi haq bo`lgandir. Albatta, ular ziyon ko`ruvchilardan bo`ldilar.","Har birlariga qilgan amallariga yarasha darajalar bordir. Va ularga amallarining (mukofot yoki jazosi) to`liq berilur va ularga zulm qilinmas.[1]###[1] (Ushbu oyatda har bir insonga bu dunyoda qilgan amaliga yarasha u dunyoda daraja berilishi ta'kidlanmoqda. Qiyomatda yaxshilarni to`plab jannatga, yomonlarni do`zaxga kiritib yuborish bilan kifoyalanmasligi ma'lum bo`lmoqda. Balki har bir inson bu dunyoda qilgan amaliga qarab alohida darajaga ega bo`ladi. Zarracha yaxshilik ham, yomonlik ham hisob-kitobdan chetda qolmaydi. Ko`p yaxshilik qilganlarning darajalari jannatda oliy bo`ladi. Shuning uchun yaxshilikni iloji boricha ko`proq qilishga urinish kerak.)","Kufr keltirganlar do`zaxga ko`ndalang qilingan kunda (ularga): «Hayoti dunyodayoq huzur-halovatingizni ketkazib, mazasini tatib bo`lgansiz. Bugungi kunda yer yuzida nohaq kibru havo va fisqu fasod qilganingiz uchun xorlik azobi ila jazolanursiz», deyilur.","O`z qavmini qum tepaliklarda ogohlantirgan Odning birodarini esla! Va holbuki, undan avval ham, keyin ham ogohlantiruvchilar o`tgan. «U zotdan o`zgaga ibodat qilmanglar, albatta, men ulug` kunda boshingizga tushadigan azobdan qo`rqurman, (dedi)».[1]###[1] («Odning birodaridan» murod payg`ambar Hud alayhissalomdir. U kishi o`z qavmi Odga Alloh tomonidan payg`ambar qilib yuborilganlar. Od qavmi «Boida» arablaridan bo`lib, asli Arabiston yarim orolining janubida, Hazaramavt tomonda, balandlik — qumtepa joylarda yashagan. (Ismoil alayhissalomdan avval o`tgan arablarni «Boida» arablari deyiladi.))","Ular: «Bizni xudolarimizdan ozdirishga keldingmi? Agar rostgo`ylardan bo`lsang, bizga va'da qilayotgan narsangni keltir», dedilar.","U: «Albatta, ilm Allohning huzuridadir. Men nima bilan yuborilgan bo`lsam, shuni yetkazmoqdaman. Lekin sizlarning johil qavmligingizni ko`rib turibman», dedi.[1]###[1] (Kofirlar payg`ambardan va'da qilinayotgan azobni tezroq keltirishni talab qilishdi. Payg`ambar esa, menga sizlarni ogohlantirish topshirilgan edi, shuni bajardim, azobning qachon kelishining ilmi esa faqat Allohning huzurida. Men uning vaqtini ham, shaklini ham bilmayman, dedilar.)","U(azob)ning vodiylari tomon ko`ndalang bo`lib yurganini ko`rishganda, bu ko`ndalang bo`luvchi bizga yomg`ir yog`dirur, deyishdi. Yo`q! Bu, o`zingiz orziqib so`ragan narsa, alamli azobi bor bo`rondir.","U, Robbisining amri ila har bir narsani vayron qilur. Bas, maskanlaridan boshqa narsa ko`rinmay qoldi. Jinoyatchi qavmlarni shundoq jazolarmiz.[1]###[1] (Od qavmiga yuborilgan shamol alohida azob shamoli edi. U Allohning amri ila nimaga tegsa, vayron (halok) qilishi kerak edi.)","Va, darhaqiqat, Biz ularga sizga bermagan imkonlarni bergan edik. Hamda quloq, ko`z va qalblar ato etdik. Bas, na quloqlari, na ko`zlari va na qalblari ularga hech bir foyda bermadi. Chunki, ular Allohning oyatlarini inkor qilgan edilar. Bas, ularni o`zlari masxara qilgan narsa (azob) o`rab oldi.","Haqiqatan, atrofingizdagi shahar-qishloqlarni halokatga uchratdik va shoyadki, o`zlariga qaytsalar, deb hujjat-dalillarni bayon qildik.[1]###[1] (Alloh taolo Makka mushriklariga o`zlari xabardor bo`lgan, ularning atrofida kufri va inkori tufayli halokatga uchragan Od, Samud, Saba' va Lut qavmlarini eslatmoqda.)","Qani endi, Allohni qo`yib, U zotga yaqinlashtiruvchi deb tutingan «xudolari» ularga yordam bersalar edi. Yo`q! Ular g`oyib bo`ldilar. Va bu ularning uydirma hamda to`qigan bo`htonlaridir.[1]###[1] (Avvalgi oyatlarni o`rganish jarayonida tushunganimizdek, mushriklar butu sanamlarga, bular bizni katta xudoga yaqinlashtiradilar, shafoat qiladilar, deb e'tiqod qilar edilar.)","Va sen tomon bir guruh jinlarni Qur'on eshitishga burganimizni esla. U(Qur'on eshitish)ga hozir bo`lganlarida: «Jim, quloq osinglar!» – dedilar. Qachonki, qiroat oxirlaganda, o`z qavmlariga ogohlantiruvchi bo`lib qaytdilar.[1]###[1] (Oyatdan ma'lum bo`lyaptiki, jinlarning Qur'onga quloq osishlari to`satdan, kutilmaganda sodir bo`lmagan, balki ularni Alloh taoloning O`zi burib qo`ygan. Bu fazlni Payg`ambar alayhissalomga ham eslatmoqda.)","Ular: «Ey qavmimiz! Biz Musodan keyin tushirilgan, o`zidan avvalgi narsa(kitoblar)ni tasdiqlovchi, haq(din)ga va to`g`ri yo`lga hidoyat qiluvchi kitobni eshitdik.","Ey qavmimiz, Allohning da'vatchisiga javob bering va Unga iymon keltiring. U sizlarning gunohlaringizni mag`firat qilar va alamli azobdan saqlar.[1]###[1] (Jinlar Qur'oni Karimdan ba'zi oyatlarni tinglashlari bilan, uni insu jinga yuborilgan ilohiy kitob ekanligini tushunib yetganlar. Shuningdek, Muhammad alayhissalomni Allohning da'vatchisi ekanliklarini, u zotning chaqiriqlariga javob berish lozimligi, Allohga iymon keltirish vojibligini ham anglab yetganlar. Eng muhimi, oxiratni, qiyomat kunini bilganlar, unda alamli azoblar borligini, Allohga iymongina u azobdan saqlab qolishi mumkinligini fahmlaganlar. Afsuski, insonlar bu borada jinlarchalik ham emaslar.)","Kimki, Allohning da'vatchisini qabul qilmasa, bas, u yer yuzida qochib qutula oluvchi emasdir va unga U zotdan o`zga valiylar ham yo`qdir. Ana o`shalar ochiq-oydin zalolatdadir», dedilar.","Ular osmonlaru yerni yaratgan va ularni yaratishda behol bo`lmagan Alloh o`liklarni ham tiriltirishga qodir ekanini anglab yetmadilarmi? Zero, U zot har bir narsaga qodirdir.","Kufr keltirganlar do`zaxga ko`ndalang qilingan kunda: «Bu, haq emasmi?!» (deyilur). Ular: «Robbimizga qasamki, xuddi shundoq», dedilar. «Bas, kufr keltirganingiz uchun azobni tortinglar», dedi.","Bas, azmu matonat sohibi bo`lgan Payg`ambarlar sabr qilgandek, sabr qil, ularga (azob yetishiga) shoshilma! Ular va'da qilingan narsani ko`rganlarida xuddi (bu dunyoda) kunduzdan bir lahzagina turganga o`xsharlar. Bu yetkazishdir! Bas, faqat fosiq qavmlargina halok qilinur, xolos![1]###[1] (Alloh taolo ushbu oyatda kofir, mushrik va dinsizlar doimo mo`min-musulmonlarga zulm qilib, ozor berib, tazyiq o`tkazib kelaganliklarini eslatmoqda. «Ulul azm», ya'ni sabr matonat sohibi bo`lgan payg`ambarlar — Nuh, Ibrohim, Muso, Iyso alayhissalomlardir (va Payg`ambarimiz ham ulardandir). Bu buyuk payg`ambarlarning har birlarining boshlariga iymon yo`lida, dinu diyonat yo`lida qanchadan-qancha kulfatlar yog`ilgan. Lekin ular sabr matonatda zarbulmasal bo`lganlar. Oyatda Qur'on, yetkazish, deb atalmoqda.)","Kufr keltirgan va Allohning yo`lidan to`sganlarning amallarini U zot botil qildi.[1]###[1] (Iymonsizlarning qilgan yaxshiliklari ham ajr-savobsiz bo`ladi. Inson Allohga ishonmasa, kofir bo`lsa, Alloh unga qandoq qilib savob ato etadi.)","Iymon keltirgan, solih amallarni qilgan va Muhammadga nozil qilingan narsa(Qur'on)ga — holbuki u (Qur'on) Robbilaridan kelgan haqdir — iymon keltirganlarning ayblarini berkitar va ahvollarini yaxshilar.","Undoq bo`lishiga, albatta, kufr keltirganlarning botilga ergashganlari va iymon keltirganlarning Robbilaridan bo`lgan haqqa ergashganliklari sababdir. Alloh kishilarga o`zlarining misollarini shunday keltirar.","Qachonki kufr keltirganlar bilan to`qnashsangiz, bas, bo`yinlarga urmoq kerak. Vaqtiki, ularni tor-mor qilsangiz, bas, mahkam bog`lang. So`ngra yoki minnat, yoki tovon olishdir. Hattoki, urush o`z anjomlarini qo`yguncha. Ana shunday. Alloh xohlasa, ulardan O`zi g`olib kelardi, lekin ba'zilaringizni ba'zilaringiz ila sinash uchun (qildi). Alloh yo`lida qatl qilinganlarning amallarini U zot hech zoye qilmas.","Albatta, ularni hidoyat qilar va ahvollarini yaxshilar.","Hamda O`zi ularga ta'riflab bergan jannatga kiritar.[1]###[1] (Bu oyatda urushdan boshqa iloj qolmagan maydonda to`qnashuv bo`lgandan so`ng qilinadigan ishlar haqida so`z ketmoqda.)","Ey, iymon keltirganlar, agar Allohga yordam bersangiz, sizga ham yordam berur va qadamlaringizni sobit qilur.","Va kufr keltirganlarga baxtsizlik va amallarini zoye qilish bo`lur.","Bu, ularning Alloh nozil qilgan narsani xush ko`rmaganlari sababidandir. Bas, U zot amallarini botil qildi.","Yer yuzida yurib, o`zlaridan avvalgilarning oqibati qandoq bo`lganiga nazar solmaydilarmi? Alloh ularni vayron qildi-ku! Kofirlarga shunga o`xshash bo`lur.","Shundoq bo`lishi, albatta, Alloh iymon keltirganlarga do`st ekanligidan va albatta, kofirlarga do`st yo`qligidandir.","Albatta, Alloh iymon keltirganlar va yaxshi amal qilganlarni tagidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritur. Kufr keltirganlar huzur qilurlar va xuddi chorva hayvonlari yegandek yerlar va do`zax ularning joyidir.[1]###[1] (Bu yerda gap haqiqiy va nihoiy nasib haqida ketayapdi. Kofirlarga bu dunyoda mol kabi yegan taomidan o`zga nasiba yo`q.)","Ko`pgina shaharlar seni chiqargan shaharingdan ko`ra quvvatliroq edi, ularni halok qildik. Bas, ularga nusrat beruvchi yo`qdir.[1]###[1] (Bu oyati karima Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga Makkai Mukarramani tashlab, majburan Madinai Munavvaraga hijrat qilib ketayotgan yo`llarida nozil bo`lgan.)","O`z Robbisidan aniq hujjatga ega bo`lgan shaxs yomon amali o`ziga ziynatli ko`ringan va havoyi nafsiga ergashganlarga o`xshashi mumkinmi?!","Taqvodorlarga va'da qilingan jannatning misoli (shuki): ichida aynimagan suvli anhorlari, ta'mi o`zgarmagan sutli anhorlari, ichuvchilarga lazzatbaxsh xamr(sharob)li anhorlari, musaffo asalli anhorlari bor. Ular uchun unda barcha mevalar va o`z Robbilaridan mag`firat bor. (O`shalar) otashda mangu qoluvchi va o`ta qaynoq suv ila sug`orilib, ichaklari titilib ketgan kimsaga o`xsharmi?","Va ulardan senga quloq osadiganlari bor. Huzuringdan chiqqanlarida esa, ilm berilganlarga: «Hali nima dedi?» – derlar. Ana o`shalar qalblariga Alloh tamg`a bosganlar va havoyi nafslariga ergashganlardir.","Hidoyat topganlarning hidoyatini U zot ziyoda qildi va ularga taqvolarini berdi.","Ular soat(qiyomat)ning birdan kelishidan boshqa narsaga intizor bo`lishayotgani yo`q. Darvoqe, alomatlari kelib ham qoldi. U kelib qolsa, ular qayerdan eslatma olurlar?![1]###[1] (Payg`ambar alayhissalomning majlislariga kirib hech narsani tushunmay chiqayotgan g`ofil munofiqlar va ularning izdoshlari nimani kutishyapti? Ularga nima kerak? Ular qiyomat soatining birdan, to`satdan kelib qolishidan boshqa narsani kutishayotgani yo`q. Qiyomatning alomatlari esa, kelib qoldi. Demak, o`zining kelishi ham yaqin. Qiyomatning eng katta alomatlaridan biri Muhammad alayhissalomning payg`ambar etib yuborilishlari. Chunki u kishi payg`ambarlarning oxirgilaridirlar. U kishidan keyin payg`ambar kelmaydi, balki qiyomat keladi.)","Bas, bilgin: Allohdan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q, o`zingning, mo`minlarning va mo`minalarning gunohlari mag`firat qilinishini so`ra. Alloh sizlarning kezar joylaringizni ham, borar joylaringizni ham bilur.[1]###[1] (Alloh taoloning «Bilgin» deb xitob qilishi aqida masalasida bilim zarurligiga ta'kiddir. Bu ishda ko`r-ko`rona taqlid foyda bermaydi. Demak, «Allohdan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q»ligiga aqida qilish bilim asosida bo`lishi juda ham yaxshi bo`lar ekan.)","Va iymon keltirganlar: «Biron sura nozil qilinsa edi», derlar. Vaqtiki, muhkam sura nozil qilinib, unda urush zikr qilinsa, qalblarida kasali borlarning senga xuddi jon berayotganning qarashidek qarayotganini ko`rasan.","Ularga toat va yaxshi so`z yaxshiroqdir, bas, ish jiddiylashganda, Allohga sodiq qolsalar, o`zlariga yaxshi bo`lur edi.[1]###[1] (Iymon saodatiga muyassar bo`lganlar doimo o`zlari iymon keltirgan Zotdan farmon bo`lishini orziqib kutadilar. Chunki ularning eng ulkan saodati farmoni ilohiyga amal qilib Allohga qurbat hosil qilishdir. Xuddi shu tuyg`u ularni «Va iymon keltirganlar, biron sura nozil qilinsa edi, deydilar», kabi mavqifiga sabab bo`lgan. O`sha orzu qilingan sura nozil qilinsa, nima bo`ladi? U vaqtda mo`min musulmonlar xursandlik ila unga amal qilishni boshlaydilar. O`zlarining iymonda sodiqliklarini isbot qiladilar. Ammo shunday paytda munofiqlarning haqiqiy basharalari namoyon bo`ladi, ularning riyo pardalari yirtiladi.)","Ehtimol, (iymondan) yuz o`girsangiz, yer yuzida fasod qilib, qardoshlik rishtalarini uzarsiz?![1]###[1] (Bu oyatda iymondan yuz o`girib, johiliyatga qaytishdan keladigan bu dunyodagi zararlar eslatilmoqda.)","Ana o`shalarni Alloh la'natladi, ularni kar qildi va ko`zlarini ko`r qildi.","Qur'onni tadabbur ila o`ylab ko`rmaydilarmi? Yoki qalblarda qulflar bormi?[1]###[1] (Har bir oyatni, har bir so`zni chuqur tushunishga harakat qilish Qur'onni tadabbur qilishdir. O`shanda parda ko`tariladi, hamma narsa ravshanlashadi, qalb halovot topadi, vijdon musaffo bo`ladi. «Qalblarida qulf» bo`lsa, unda hamma narsa berk, ularga hech narsa, jumladan, Qur'on nuri ham kirmaydi.)","Albatta, hidoyat ravshan bo`lgandan so`ng ortlariga qaytganlarga shayton ziynatlab ko`rsatadi va ularni o`sha yo`lladi.[1]###[1] («Ortlariga qaytganlar»dan murod munofiqlardir, ular hidoyat — iymon nima ekanligini ravshan ko`rgan, mo`minlikka yaqin bo`lgan edilar, lekin ortga qaytdilar.)","Undoq bo`lishligi, albatta, ularning Alloh nozil qilgan narsani xush ko`rmaganlarga: «Sizlarga ba'zi ishlarda itoat qilurmiz», deyishlari sababidandir. Va holbuki, Alloh sir-asrorlarini bilib turibdi.[1]###[1] (Oyatdagi «Alloh nozil qilgan narsani xush ko`rmaganlar»dan murod yahudiylardir.)","Farishtalar yuzlariga va ortlariga urib jonlarini olayotganlarida qandoq bo`larkin?!","Bunday bo`lishi, albatta, ularning Allohni g`azablantirgan narsaga ergashganlari va Uning roziligini xush ko`rmaganliklari sababidandir. Bas, U zot amallarini habata qildi.","Qalblarida kasal borlar, Alloh ularning qattiq hasadlarini oshkor qilmas, deb hisoblaydilarmi?![1]###[1] (Munofiqlar o`zlaricha, munofiqlik san'atini qoyillatib qo`yamiz, bizning Islomga, musulmonlarga bo`lgan dushmanligimizni hech kim bilmaydi, deb o`ylashadi.)","Agar xohlasak, Biz ularni senga ko`rsatamiz, ta'kidki, sen ularni siymolaridan taniysan, albatta, sen ularni gap ohanglaridan taniysan. Alloh amallaringizni bilib turur.[1]###[1] (Munofiqlar o`z kirdikorlarini qanchalik yashirsalar ham, o`zlarini Islom uchun fidokor qilib ko`rsatsalar ham, qalblarida kasali bo`lgani uchun nifoqlari oshkor bo`ladi.)","Va ta'kidki, Biz sizlarni sinarmiz, toki, sizlardan mujohidlarni, sabrlilarni bilsak va xabarlaringizni imtihon etsak.[1]###[1] (Sinov Alloh taoloning O`zi uchun emas. U shundoq ham hamma narsani — odamlarning kimligini, sir yashirganlari-yu oshkorini, imkoniyati-yu xohishini — barcha-barchasini yaxshi biladi. Ammo odamlar bu narsani anglamaydilar. Insonlarning bu narsalarni anglashi kelajak hayotlarida yordam beradi.)","Albatta, kufr keltirganlar va Allohning yo`lidan to`sganlar hamda hidoyat aniq bo`lgandan so`ng Payg`ambarga qarshi chiqqanlar Allohga hech zarar keltira olmaslar. Va ularning amallarini habata qilur.[1]###[1] (Bular u zotning hayotlik davrlarida shaxslariga, dinlariga, Qur'onlariga, sahobalariga qarshi chiqqanlardir. Payg`ambarning vafotlaridan so`ng esa u kishining dinlariga, shariatlariga, sunnatlariga, da'vatlariga, ummatlariga qarshi chiqanlardir.)","Ey, iymon keltirganlar, Allohga itoat eting, Rasulga bo`yinsuning va amallaringizni botil qilmangiz.","Albatta, kufr keltirganlar va Allohning yo`lidan to`sgan, so`ngra kofir hollarida o`lganlarni Alloh hech-hech mag`firat qilmas.","Bas, bo`sh kelmanglar va o`zingiz ustun bo`lib turib, yarashga chaqirmanglar. Alloh siz bilan va amallaringizni hech-hech kamaytirmas.[1]###[1] (Allohning yo`lidagi kurash oson bo`lmaydi. Lekin din uchun xizmat qiluvchi mo`minlar doimo ustun bo`ladilar. Ustun turganlar esa «bo`sh kelmanglar» degan xitobni doimo yodda tutishadi. Ular hamma tarafdan ustun.)","Albatta, bu dunyo hayoti o`yin va ko`ngil xushidir va gar iymon keltirsangiz va taqvo qilsangiz, U zot ajrlaringizni berur va molu dunyolaringizni so`ramas.","Agar sizdan ularni so`rasa, qiynasa, baxillik qilasizlar va Alloh kek-hiqdlaringizni chiqarur.","Hoy, sizlar. Anavilar. Allohning yo`lida nafaqa qilishga chaqirilsangiz, bas, ba'zilaringiz baxillik qilursizlar. Va kim baxillik qilsa, albatta, o`ziga baxillik qilur. Va, holbuki, Alloh boy, sizlar kambag`alsizlar. Va agar siz yuz o`girib ketsangiz, sizdan boshqa qavmni o`rningizga keltirur, ular esa sizlarga o`xshagan bo`lmaslar.[1]###[1] (Alloh taolo inson tabiatini qanchalik daqiq bilishini ta'kidlamoqda. Saxiylik, Allohning yo`lida mol sarflashdek fazilatlar ko`p musulmonlarga xos bo`lib, ularning bu boradagi ishlari tarix sahifalarida boqiy qolgan. Shu bilan birga, ba'zi baxillar ham bo`lgan, bu ham voqealikdir. Qur'oni Karim ushbu oyatda shu baxillikni muolaja qilmoqda.)","Albatta Biz senga ravshan fathni berdik.[1]###[1] («Fath» so`zi lug`atda «ochish» ma'nosini anglatib, istilohda biror yurtni Islomga qo`shishga aytiladi. Musulmonlar biror joyga borib, xoh urush bilan, xoh sulh bilan Islomga kiritsalar, o`sha yerni «fath qilindi», deydilar. Bu oyatdagi «Fath»dan murod — Hudaybiya sulhi.)","Alloh sening avval o`tgan gunohlaringni va keyingilarini mag`firat etish, ne'matini batamom qilish va seni to`g`ri yo`lga boshlash uchun...","Va Alloh senga izzatli nusrat berishi uchun.[1]###[1] («Izzatli» deganimiz — ustidan hech kim g`olib kela olmaydigan, degani. Ya'ni, Alloh Payg`ambarimiz alayhissalomga shunday izzatli yordam beradiki, undan hech kim va hech narsa g`olib kela olmaydi. Yuqoridagi oyatlarda zikr etilgan ulug` ilohiy marhamatlar: ravshan fath, avvalu oxir gunohlarning mag`firat qilinishi, Alloh ne'matlarining batamom qilib berilishi, siroti mustaqimga hidoyat qilinishi va izzatli nusrat berilishi — hamma-hammasi Hudaybiya sulhning ochiq-aniq fath bo`lishiga bog`lanmoqda. Nima sababdan shuncha narsa sulhga bog`lanyapti? Negaki Payg`ambarimiz alayhissalom sulhni Baytullohni ulug`laganliklaridan tuzdilar, natijada Alloh u zotni mazkur ish bilan mukofotladi.)","U, iymonlariga iymon ziyoda bo`lishi uchun mo`minlar qalbiga sokinlikni nozil etgan Zotdir. Va osmonlaru yerning lashkari Allohnikidir. Va Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.","Mo`minlar va mo`minalarni taglaridan anhorlar oqib turgan jannatlarga mangu kiritish uchun va ularning gunohlarini yuvish uchun. Va bu, Allohning huzurida katta yutuqdir.","Alloh to`g`risida yomon gumon qiluvchi munofiq va munofiqalar, mushrik va mushrikalarni azoblash uchun... Ularni yomonlik o`rab olsin. Ularga Alloh g`azab qildi, ularni la'natladi va ularga jahannamni tayyorlab qo`ydi. Va naqadar yomon joy u!","Osmonlaru yerning lashkarlari Allohnikidir. Va, Alloh izzatli va hikmatli Zotdir.","Albatta, Biz seni guvohlik beruvchi, xushxabar eltuvchi va ogohlantiruvchi qilib yubordik.","Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirishingiz, Uni (dinni) qo`llab-quvvatlashingiz, ulug`lashingiz hamda Unga ertayu kech tasbih aytishingiz uchundir.","Albatta, senga bay'at qilayotganlar faqat Allohning O`ziga bay'at qilmoqdalar. Allohning qo`li ularning qo`llari ustidadir. Kim (bay'atni) buzsa, o`ziga qarshi buzadi, xolos va kim Allohga qilgan ahdiga vafo qilsa, unga tezda ulkan ajr berilur.[1]###[1] (Hudaybiya sulhidagi bay'at paytda Rasuli akram alayhissalom xurmo daraxti ostida o`tirgan bo`lganlari uchun ham bu kunni «shajara (daraxt) kuni» deb, bay'atni esa «daraxt ostidagi bay'at», deb atalgan. Sahobalardan Ma'qal ibn Yasar roziyallohu anhu: «Daraxt kuni» Payg`ambar alayhissalom odamlarning bay'atini qabul qilar edilar, men esa u kishining boshlarida bir shoxni ko`tarib turar edim, o`shanda bir ming to`rt yuz kishi edik», deganlar. Har bir sahobiy Payg`ambar alayhissalomning qo`llarini tutib turib, urush bo`lib qolsa qochib ketmaslik, din yo`lida jon fido qilishga ahdu paymon bergan. Ushbu holatni Qur'oni Karim Payg`ambar alayhissalomga qo`l berib, ahdu paymon qilishni Alloh taologa ahdu paymon qilish — bay'at qilishdan o`zga narsa emas, deb tushuntirmoqda.)","Ortda qolgan a'robiylar senga: «Molimiz va ahlimiz bizni mashg`ul qildi, bizga istig`for ayt», deyishar. Ular qalblarida yo`q narsani tillari ila ayturlar. Sen: «Agar Alloh sizga zararni iroda qilsa yoki sizga manfaatni iroda qilsa, kim sizlarni Allohdan (keladigan) biror narsadan (to`sishga) molik bo`ladir? Ta'kidki, Alloh qilgan amallaringizdan xabardordir», deb ayt.[1]###[1] (Ular aslida qo`rqanlari uchun «Quraysh yaqinda Muhammadni Madinada Uhud urushida mag`lub qildi, endi Muhammad ularning yurtiga borib nima qila olar edi», deya qo`shilmagan edilar. Ammo Alloh taoloning yordami bilan bu gal ish yaxshilik bilan tugab, musulmonlarga zafar yor bo`lib qaytganlarida, iymoni zaif xoinlar, Payg`ambar huzuriga kelib, uzr ayta boshladilar.)","Balki sizlar, Rasul va mo`minlar abadiy o`z ahllariga qaytib kelmaslar, deb gumon qildingiz va bu narsa qalbingizda ziynatlandi, yomon gumon qildingiz va yomon qavm bo`ldingiz.","Va kim Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirmasa, albatta, Biz kofirlarga do`zaxni tayyorlaganmiz.","Osmonlaru yerning mulki Allohnikidir. Kimni xohlasa, mag`firat qilar va kimni xohlasa, azoblar. Va Alloh kechiruvchi, rahimli Zotdir.","O`ljalar tomon, ularni olish uchun yurganingizda ortda qolganlar: «Qo`yib bering, biz ham sizga ergashurmiz», deyishar. Allohning kalomini o`zgartirmoqchi bo`lishar. Ayt: «Hech-hech bizga ergashmaysiz, ushbuni Alloh avval aytgan». Ular: «Balki, hasad qilayotgandirsizlar», deyishar. Yo`q, ular ozgina narsadan boshqa narsani anglamaslar.[1]###[1] (Alloh o`ljali g`azotga haqiqiy mo`minlarning borishini xohlagan edi, ular esa, Allohning xohshiga qarshi, mo`minlarga ergashib borishmoqchi. Alloh taolo O`z Payg`ambariga xitob qilib, ortda qolganlarni qaytarishga buyurmoqda. Ortda qolganlarning esa, nafslari buzuq, o`zlarining yomonligi tufayli o`lja tomon mo`minlarga ergashishdan man qilinishlarini hasaddan, deb tushunadilar.)","Ortda qolgan a'robiylarga: «Katta kuchga ega qavmga (qarshi) chaqirilursiz, ular musulmon bo`lgunlaricha urushasiz. Agar itoat qilsangiz, Alloh sizga yaxshi ajr berur. Va agar yana avval qochganingizdek, ortga qochsangiz, alamli azob ila azoblar», deb ayt.[1]###[1] (Ya'ni, kuchli, shiddatli qavmga qarshi urushga da'vat qilinasizlar, ular musulmon bo`lgunlariga qadar urush qilishingiz kerak. Farmonga itoat qilib buyruqni bajarsangiz, yaxshilar safidan o`rin olasiz, yaxshi ajrlarga ega bo`lasiz. Ammo avvalgi safargidek, ortingizga qarab qochsangiz, Alloh sizni alamli azob ila azoblaydi, dedi.)","Ko`rga qiyinchilik yo`q, cho`loqqa ham qiyinchilik yo`q. Xasta kishiga ham qiyinchilik yo`q. Kim Allohga va Uning Rasuliga itoat qilsa, uni ostidan suvlar oqib turgan jannatlarga kiritiladi. Kim yuz o`girsa, alamli azob ila azoblar.","Batahqiq, Alloh mo`minlardan daraxt ostida senga bay'at qilayotganlarida rozi bo`ldi. Bas, ularning qalblaridagini bildi, ularga sokinlikni tushirdi va yaqin fath ila mukofotladi.[1]###[1] (Alloh taoloning O`zi kalomi pokida Hudaybiyada Payg`ambar alayhissalomga bay'at qilgan bir ming to`rt yuz sohabai kiromlardan rozi ekanligini e'lon qilib turibdi. Bu e'lon qiyomat kunigacha ibodat, tilovat bo`lib turishi ta'minlangan. Shuning uchun ham mazkur bay'atning bir nomi «Bay'atir-Rizvon» — «rozilik bay'ati»dir.)","Va ko`pgina o`ljalarni ham olurlar. Va Alloh Aziyz va Hakiym Zotdir.","Alloh sizlarga ko`pgina o`ljalarni va'da qildi. Ularni olursizlar, bunisini sizga tezlatib berdi, (o`tgan voqea) mo`minlarga ibrat bo`lishi uchun va sizlarni sirotul mustaqiymga boshlash uchun odamlarning qo`lini sizdan to`sdi.[1]###[1] (Oyati karimada «Bunisini sizga tezlatib berdi» deganda Hudaybiya nazarda tutilgan. «Odamlarning qo`lini sizdan to`stdi» ifodasining ma'nosi shuki, Quraysh mushriklari sizlarga qarshi urush qilmoqchi edilar, Alloh ularning ko`ngliga sulhni solib, qo`llarini musulmonlarga zarar berishdan to`sdi.)","Va sizlar qodir bo`lmagan boshqasini ham (va'da qildi). Uni Alloh ihota qilgan va Alloh har bir narsaga qodir Zotdir.[1]###[1] («Boshqa» fath borasida tafsir ulomolari Xaybar fathi, Makka fathi va yana boshqa fathlarni nazarda tutilgan deganlar.)","Agar kofirlar sizlar bilan urushganlarida, orqaga qarab qochar edilar, so`ngra o`zlariga valiy ham, nusrat berguvchi ham topmasdilar.","Allohning avvaldan kelayotgan sunnatidir. Va Allohning sunnatini hech o`zgartira olmassan.[1]###[1] (Alloh taolo mo`minlarning g`alabasini va kofirlarning mag`lubiyatini O`z sunnatiga bog`lab qo`ymoqda. Haqiqatda ham, iymon kufrdan, mo`minlar kofirlardan doimo ustun keladilar. Zafr doim mo`minlarga yor bo`ladi. To`g`ri, zafar kechikishi, ortga surilishi yoki vaqtinchalik mag`lubiyatlar bo`lishi mumkin.)","U zot Makka vodiysida sizlarni ularning ustidan zafar qozontirganidan so`ng ularning qo`llarini sizdan, sizning qo`lingizni ulardan to`sgan Zotdir. Va Alloh qilayotgan amallaringizni ko`rib turuvchidir.[1]###[1] (Hudaybiya sulhining o`zi mo`minlar uchun katta zafar, g`alabadir. O`sha zafar yakunlanish arafisida bir guruh mushriklar fitna qo`zg`ab sulhni bekorga chiqarishga urinib ko`rishdi. Lekin Alloh taoloning inoyati bilan fitna sodir bo`lmadi, qon to`kilmadi.)","Ular kufr keltirgan, sizlarni Masjidul Haromdan, qurbonliklarni esa, ushlanib o`z joyiga yetishidan to`sgan kishilardir, agar siz bilmaydigan mo`min erkaklar va mo`mina ayollar bo`lmaganida, sizga bilmasdan ularni halok qilganingiz tufayli gunoh yetishi bo`lmaganida edi, Alloh kimni xohlasa, O`z rahmatiga kiritishi uchun, agar ajrab turganlarida edi, ulardan kofirlarini alamli azob ila azoblar edik.[1]###[1] (Makkai Mukarramada kofirlardan qo`rqib iymonini yashirib yurgan mo`min va mo`minalar bor. Agar urushga ruxsat berilganda, musulmonlar bilmasdan o`sha din qardoshlarini ham o`ldirib yuborishlari mumkin. Ayni choqda, kofirlarning ichida ham keyinchalik Islomga kelib, hidoyat yo`liga kirishi mumkin bo`lgan kishilar ko`pchilik edilar.)","Esla! Kufr keltirganlar qalblarida «hamiyyat»ni, «johiliyat hamiyyati»ni joylaganlarida, Alloh O`z sokinligini Payg`ambariga va mo`minlarga tushirdi va ularga taqvo kalimasini lozim ko`rdi, ular ushbuga haqli va ahl edilar. Va Alloh har bir narsani biluvchidir.[1]###[1] (Kofirlar Muhammad alayhissalom boshchiliklaridagi sof niyatli musulmonlarni Masjidul Haromdan man qildilar. Hech bir vaqt, hech bir sharoitda ham sodir etilmagan sharmandalikni qildilar. Makka mushriklarining bu holatlariga qarshi ikkinchi taraf — Muhammad alayhissalom boshliq musulmonlar o`zlarini qanday tutdilar? Alloh taolo ularning qalbiga sokinlik va halovat soldi, hamma narsani kamtarlik va osoyishtalik bilan, Allohning roziligini tilab qiladilar. Ularga Alloh taolo taqvo kalimasini ravo ko`rgani ham shundan.)","Batahqiq, Alloh Rasulining tushini haq ila tasdiqladi, albatta, Masjidul Haromga, inshoalloh, omonlikda, sochlaringiz olingan, qisqartirilgan holda, qo`rqmasdan kirasizlar. Bas, U siz bilmagan narsani biladi va sizlarga bundan boshqa yaqin fathni qildi.[1]###[1] (Bu oyatda Alloh taolo mo`minlarga bir necha xushxabar yetkazmoqda. Avvalo, Payg`ambar alayhissalomning tushlarini tasdiqlamoqda. Qolaversa, Masjidul Haromga kirish albatta nasib etishining xabarini bermoqda. Ushbu xabarni Allohning O`zi ta'kidlab berayotganiga qaramay, yana O`zi «inshoalloh» — Alloh xohlasa, degan iborani ishlatmoqda. Bunday deyish iymon odoblaridan bo`lib, dunyodagi har bir ishni va voqeani Alloh taoloning xohishiga bog`lashdan iboratdir. Bu va'da Hudaybiya sulhidan ko`p o`tmay amalga oshdi.)","U O`z Rasulini hidoyat va haq din bilan, u(din)ni barcha dinlardan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir. Guvohlikka Allohning O`zi kifoyadir.","Muhammad Allohning Rasulidir, u bilan birga bo`lganlar kofirlarga shiddatli, o`zaro rahimdildirlar. Allohdan fazl va rozilik tilab ruku' va sajda qilgan hollarini ko`rasan. Ularning siymosi sajda asaridan yuzlarida (balqiydi). Ana o`sha, ularning Tavrot va Injildagi misollaridir. Bu, xuddi, urug`ini yorib chiqib, quvvatlanib, yo`g`onlashib, poyasida tik turib, dehqonlarni ajablantirgan bir ekinga o`xshar. Kofirlarning g`azabini qo`zitish uchun. Alloh ulardan iymon keltirib va solih amallarni qilganlariga mag`firat va ulug` ajrni va'da qildi.[1]###[1] (Sahobalar, otalari yoki bolalari kofirlar safida bo`lsalar, ularga qarshi ham qattiqqo`l bo`lganlar. Ammo kim bo`lishidan qattiy nazar, musulmonga mehribon bo`lishgan. Ularning asosiy sifatlaridan biri — hamma ishni Allohning fazli va roziligi uchun qilishlari. Yana bir sifatlari — ular doim ruku' va sajda holatida, ya'ni ibodat holatida bo`ladilar.)","Ey, iymon keltirganlar! Allohdan va Uning Rasulidan oldin shoshilmanglar. Va Allohga taqvo qilinglar. Albatta Alloh eshituvchi va biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Mo`min-musulmonlar hech bir ishda hovliqmasliklari, har bir narsani Allohning amriga va Payg`ambar alayhissalomning sunnatlariga ergashgan holda qilishlari lozim.)","Ey, iymon keltirganlar! Ovozingizni Payg`ambar ovozidan yuqori ko`tarmang va unga bir-biringiz ila so`zlashgandek dag`al so`z aytmang, o`zingiz sezmagan holda amallaringiz habata bo`lib qolmasin.[1]###[1] (Bu oyati karima sahobalarga qattiq ta'sir qildi. Ba'zilarida oyatda zikr qilingan kamchilik bo`lsa, tuzatdi, ba'zilari esa, oyat aynan, o`zi haqida tushgan deb qabul qildi.)","Albatta, Rasulullohning huzurida ovozlarini pastlatganlar, ana o`shalar Alloh qalblarini taqvoga imtihon qilgan zotlardir. Ularga mag`firat va ulkan ajr bor.","Albatta, seni hujralar ortidan chaqirayotganlarning ko`plari aql ishlatmaslar.[1]###[1] (Makkai Mukarrama fath qilingandan so`ng turli qabilalarning vakillari Rasulullohning huzurlariga kelib, Islomni qabul qilganlarini e'lon qila boshladilar. Ularning ko`plari sahroviy, ta'lim ko`rmagan, qo`pol arobiylar edilar. Shulardan biri Bani Tamim qabilasining boshlig`i al-Aqra' ibn Habis kelib, Payg`ambarimiz ahli ayollari bilan istiqomat qiladigan hujralari ortidan turib: «Hoy, Muhammad, hoy, Muhammad, menga qara, mening maqtovim ziynat, yomonlashim aybdir», degan ekan. Shunda Alloh taolo ushbu oyatni tushirgan.)","Agar ularning huzuriga chiqquningcha sabr qilsalar, o`zlari uchun yaxshi bo`lardi. Alloh mag`firat qiluvchi va rahimlidir.","Ey, iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko`ringlar, bir qavmga bilmasdan musiybat yetkazib qo`yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo`lmanglar.[1]###[1] (Agar xabar Allohdan va Payg`ambar alayhissalomdan bo`lsa, so`zsiz qabul qilish vojibdir. Qabul qilmaganlar gunohkori azim, kofir bo`ladilar. Oyati karimada Alloh taolo «fosiq xabar keltirsa, aniqlab» xabarning sobitligini tekshirib ko`rishga amr qilmoqda. Allohning amriga bo`ysunish vojib. Afsuski, musulmonlar ushbu oyatga amal qilmaganlari oqibatida katta musibatlarga duchor bo`lmoqdalar. Bir xabarni eshitishi bilanoq, surishtirmay, biror ish qilinsa, keyin xabarning yolg`onligi yoki xatoligi ayon bo`lsa, haqiqatdan afsus-nadomatga sabab bo`ladi. Shuning uchun ham, Alloh taolo «bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qo`yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo`lmanglar», demoqda.)","Va bilinglarki, albatta, ichlaringizda Rasululloh bordir. Agar u ishlardan ko`pida sizga itoat qilsa, albatta, qiyinchilikka duchor bo`lardingiz. Lekin, Alloh sizlarga iymonni mahbub qildi va uni qalblaringizda ziynatladi va sizlarga kufrni, fisqni va isyonni yomon ko`rsatdi. Ana o`shalar to`g`rilikda yuruvchilardir.","Bu, Alloh tomonidan fazl va ne'matdir. Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.","Agar mo`minlardan ikki toifa urishib ketsalar, bas, o`rtalarini isloh qiling. Agar ulardan biri ikkinchisiga tajovuz qilsa, siz tajovuz qilganiga qarshi, to u Allohning amriga qaytgunicha, urushing, agar qaytsa, bas, o`rtalarini adolat bilan isloh qiling. Odil bo`ling, albatta, Alloh adolat qilguvchilarni suyadir.","Albatta, mo`minlar birodardirlar, bas, ikki birodaringiz o`rtasini isloh qiling, Allohga taqvo qiling, shoyadki, rahim qilinsangiz.","Ey, iymon keltirganlar! Bir qavm boshqasini masxara qilmasin, ehtimol, ular bulardan yaxshiroqdir. Va ayollar ham boshqa ayollarni (masxara qilmasin), ehtimol, ular bulardan yaxshiroqdir. Va o`zingizni o`zingiz mazax qilmang, bir-biringizga laqab qo`ymang. Iymondan keyin fosiqlik ismi naqadar yomon! Va kim tavba qilmasa, bas, ana o`shalar, o`zlari zolimlardir.[1]###[1] (Albatta masxara yomon odat bo`lib, jamiyat a'zolari o`rtasidagi o`zaro aloqalarning buzilishiga sabab bo`ladi. Bir odam ikkinchisini masxara qilsa, kamsitsa, ustidan kulsa, albatta, masxara qilingan odamning achchig`i chiqadi, u ham masxara qiluvchiga o`ziga yarasha javob berishga urinadi. Orada nizo-janjal chiqadi, ijtimoiy aloqalar buziladi va jamiyat zaiflashadi. Islom esa doimo musulmonlar jamiyatining mustahkam bo`lishi uchun qayg`uradi. Shuning uchun ham ushbu oyati karimada Alloh taolo insonlarni bir-birini masxara qilishdan qaytarmoqda.)","Ey, iymon keltirganlar! Ko`p gumonlardan chetda bo`linglar, chunki ba'zi gumonlar gunohdir. Josuslik qilmanglar. Ba'zilaringiz ba'zilaringizni g`iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o`zining o`lgan birodarining go`shtini yeyishni yaxshi ko`rurmi? Ha, yomon ko`rasizlar. Allohdan qo`rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko`p qabul qiluvchi va rahimlidir.[1]###[1] (Ma'lumki, kimning o`yiga badgumonlik o`rnashsa, u odam o`sha gumonini tasdiqlash uchun hujjat va dalil qidira boshlaydi. Natijada gumon ostidagi odamning o`ziga bildirmasdan, aybini axtarishga tushadi. Buni esa, josuslik, deydilar. Odatda, josuslik deb birovga yomonlik yetkazish niyatida ayblarini va zaif joylarini o`ziga bildirmay yashirincha axtarishga aytiladi. Bu ish ham katta gunohlardandir. Chin musulmon kishining qalbi bu kabi jirkanch odatlardan pok bo`lmog`i zarur.)","Ey odamlar! Biz sizlarni bir erkak va ayoldan yaratdik va sizlarni o`zaro tanishishingiz uchun xalqlar va qabilalar qilib qo`ydik. Albatta, Allohning huzurida eng hurmatligingiz eng taqvodoringizdir. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor Zotdir.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada «Ey odamlar!» deb barcha insoniyatga qarata nido qilinmoqda, shu bilan birga ularning asli bir ekanligi eslatilmoqda. Demak, odamlarning asli bir — hammalari Odam Ato va Momo Havodan taralganlar. Ayni chog`da Alloh taolo ularni turli xalqlar va qabilalarga ajratib ham qo`yganini ta'kidlamoqda. Insonlarning turli xalq va qabilalarga bo`linishini sababi esa, o`zaro tanishish, ma'rifat hosil qilish ekanligi uqtirilmoqda.)","A'robiylar: «Iymon keltirdik», deyishdi. Sen: «Iymon keltirganingiz yo`q, lekin, bo`yinsundik, denglar, hali iymon qalblaringizga kirgani yo`q va agar Allohga va Uning Rasuliga itoat qilsangiz, amallaringizdan hech narsa kamaymas. Albatta, Alloh kechiruvchi va rahimli Zotdir», deb ayt.[1]###[1] (Bir kun sahro arablari Payg`ambar alayhissalom huzurlariga kelib, iymon keltirdik, deb minnat qilishgan. Aslida esa, ular yangi musulmonlar bo`lib, hali haqiqiy iymon qalblaridan joy olgan emas edi. Alloh taolo ularga haqiqiy iymon haqida ta'lim berishni iroda qilib, ushbu oyatni tushirdi.)","Albatta, haqiqiy mo`minlar Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirgan, so`ngra shubha qilmagan va Allohning yo`lida mollari va jonlari ila jihod qilganlardir. Ana o`shalar, o`shalargina (iymonida) sodiqlardir.","Sen: «Allohga diningizni bildirmoqchimisiz? Va holbuki, Alloh osmonlaru yerdagi narsani biluvchi Zotdir. Alloh har bir narsani biluvchidir», deb ayt.","Senga musulmon bo`lganlarini minnat qilurlar. Sen: «Menga Islomingizni minnat qilmang. Balki agar sodiq bo`lsangiz, Alloh sizni iymonga hidoyat qilganini minnat qilur», deb ayt.","Albatta, Alloh osmonlaru yerning g`aybini biluvchi Zotdir. Va Alloh qilayotgan ishlaringizni ko`ruvchi Zotdir.","Qoof. Ulug` Qur'on ila qasam.","Balki, ularga o`zlaridan ogohlantiruvchi kelganidan ajablandilar va kofirlar: «Bu ajib narsa-ku?» – dedilar.[1]###[1] (Mushriklar Muhammad alayhissalomning payg`ambar bo`lib kelganligidan ajablandilar.)","O`lib, tuproq bo`lganimizdan keyin ham-a? Bu qaytish (aqldan) uzoq.","Haqiqatan, Biz ularni yer kamaytirayotganini bildik va Bizning huzurimizda saqlovchi kitob bor.[1]###[1] (O`lik ko`milgandan keyin asta-sekin chirib, kamayib tuproqqa qo`shila boradi.)","Aniqki, ularga haq kelganda, uni yolg`onga chiqardilar. Bas, ular iztirobli ishdadirlar.[1]###[1] (Ular haqni inkor qilganlar. Buni oldida boshqa narsalarni inkor qilish hech gap emas.)","Ustilaridagi osmonga nazar solmaydilarmi? Uni qanday bino qilibmiz va ziynatlabmiz? Va (holbuki), uning teshiklari ham yo`q?!","Va yerni cho`zib qo`ydik, unga tog`larni tashladik va unda turli go`zal juftlarni o`stirdik.","(Robbisiga) qaytuvchi har bir bandaga ko`rgazma va eslatma qilib...","Va osmondan baraka suvini tushirdik hamda u bilan bog`-rog`larni va don hosilini o`stirdik.","Va zich mevali shingillari bor xurmolarni ham.","Bandalarga rizq qilib. Va u (yomg`ir) bilan o`lgan shaharni tiriltirdik. Shunday bo`ladir (qabrdan) chiqish ham.[1]###[1] (O`simliklari qurib, xuddi o`lik holiga kelib qolgan shaharlarni yomg`ir ila o`stirib-tiriltirishni eslatish orqali inson xuddi shu tarzda qayta tirilishi oson ekanligini ta'kidlamoqda.)","Ulardan avval Nuh qavmi, quduq sohiblari va Samud yolg`onga chiqarganlar.","Va Od, Fir'avn, Lut birodarlari.","Va daraxtzor egalari va Tubba' qavmi — barchalari Payg`ambarlarni yolg`onga chiqarganlar. Bas, (azob) va'dam haq bo`ldi.[1]###[1] (Bu oyati karimada kofirlar faqat Muhammad alayhissalomnigina yolg`onchiga chiqarishmagani, balki bu qadimiy odati ekanligi eslatilmoqda.)","Avvalgi yaratishga ojiz bo`l-dikmi? Yo`q! Ular yangidan yaratilishga shubhadadirlar.","Albatta, insonni Biz yaratganmiz va uning nafsi nimani vasvasa qilishini ham bilurmiz. Va Biz unga jon tomiridan ham yaqinmiz.","Vaqtiki ikki kutib oluvchi o`ngda va chapda o`tirgan hollarida kutib olurlar.","Biror so`z aytmas, magar huzurida hoziru nozir borlar.","O`limning mastligi (talvasasi) haqiqat bo`lib keldi. Sen qochib yurgan narsa shuldir.","Va sur ham chalindi. Bu, qo`rqitilgan kundir.","Va har bir jon haydaguvchi va guvohlik beruvchi bilan keldi.[1]###[1] (Ya'ni, qiyomatda har bir jon bilan uni mahshargohga haydovchi farishta va bu dunyoda qilgan ishlarga guvohlik beruvchi farishta birga keladi. Ehtimol, bu dunyoda unga vakil qilingan ikki farishta shulardir.)","Albatta, sen bundan g`aflatda eding. Bas, Biz sening pardangni ochdik va bugun ko`zing o`tkirdir.","Va uning «yaqini»: «Mana bu mendagi tayyor narsa», dedi.","Har bir qaysarni, kofirni jahannamga tashlang!","Yaxshilikni man qiluvchini, tajovuzkorni, shak keltiruvchini.","Alloh bilan birga boshqani iloh qilib olganni shiddatli azobga tashlang!","Uning «yaqini»: «Robbimiz, uni men tug`yonga ketkazganim yo`q, lekin uning o`zi uzoq zalolatda bo`ldi», der.","U zot dedi: «Mening huzurimda tortishmanglar, sizlarga azob va'dasini taqdim qiluvdim.","Mening huzurimda gap o`zgarmas va Men bandalarga zulm qilguvchi emasman».","Bugun jahannamga: «To`ldingmi?» desak, u: «Yana qo`shimcha bormi?» der.","Va jannat taqvodorlarga uzoq bo`lmagan joyga yaqinlashtirildi.","Bu — sizga va'da qilingan narsadir. Har bir sertavbaga va saqlovchiga.","Rohmandan g`oyibona qo`rqqan va salomat qalb ila kelgan kimsaga.","«Unga salomat bo`lgan holda kiringiz. Bu — mangulik kunidir» (deyilur).","U yerda nima xohlasalar, ularniki. Va huzurimizda ziyodasi bor.[1]###[1] (Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Payg`ambar alayhissalom: «Agar mo`min kishi jannatda farzand xohlasa, uning homilasi, tug`ilishi, o`sishi bir soatda bo`ladi», deganlar. «Va huzurimizda ziyodasi bor» — Alloh taoloning jamoliga nazar solish baxtidir, degan rivoyat ham bor.)","Ulardan avval, ulardan ko`ra kuchliroq asr(avlod)lardan qanchasini halok qildik. «Qochadigan joy bormi?» deb yurtma-yurt kezib chiqdilar.[1]###[1] (Halokatga uchragan o`sha avvalgi kofirlar avlodlari hozirgilardan ko`ra quvvatliroq edilar. Ammo chora topa olmay halok bo`ldilar.)","Albatta, bunda qalbi borlarga va zehn bilan quloq osganlarga eslatma bordir.","Albatta, osmonlaru yerni va ularning orasidagi narsalarni olti kunda yaratdik. Va Bizni charchoq tutmadi.[1]###[1] (Allohning huzuridagi kunlar biz o`rganib qolgan kunlarning aynisi emas. Bizning kunlarimiz dunyo yaratilganidan so`ng, Yer kurasining aylanishi holati va vaqtiga muvofiq yaratilgan. Tabiiyki, bu olti kunning masofasi va miqdorini yolg`iz Alloh taolo biladi.)","Ularning aytayotganlariga sabr qil va Robbingga quyosh chiqishi va botishidan avval hamdu tasbih ayt.","Kechasida ham Unga tasbih ayt. Va sajdadan keyin ham.[1]###[1] (Tasbeh aytishning ma'nosi Allohni poklab yod etishdir. Ko`proq «Subhonallohi» kalimasini aytish bilan bo`ladi.)","Nido qiluvchi yaqin joydan nido qilgan kunda quloq os.[1]###[1] («Nido qiluvchi — farishta Isrofil alayhissalomdir.)","U kunda qichqiriqni haq ila eshiturlar. Ana o`sha, chiqish kunidir.[1]###[1] («Chiqish kuni» — qabrlardan chiqish kuni, ya'ni qiyomat kunidir.)","Albatta, Biz tiriltirurmiz, o`ldirurmiz. Va qaytish ham Bizgadir.","U kunda ustlaridagi yer yorilib, shoshib chiqurlar. Ana o`sha, Biz uchun oson to`plashdir.","Ularning aytganlarini Biz biluvchimiz. Sen ularning ustidagi jabbor emassan. Bas, Qur'on ila azob va'damdan qo`rqqanlarni ogohlantir.","Chang to`zituvchi(shamol)lar bilan qasam.","Yuk ko`taruvchi(bulut)lar bilan qasam.","Oson yuruvchi(kema)lar bilan qasam.","Ish taqsimlovchi(farishta)lar bilan qasam.","Albatta, sizga va'da qilingan narsa rostdir.","Va, albatta, qiyomat voqe' bo`lguvchidir.","Go`zal, mustahkam osmon bilan qasam.","Albatta, sizlarning gaplaringiz ixtiloflidir.","U(Qur'on)dan kim burilsa, (butunlay) burib qo`yiladir.[1]###[1] (Qur'ondan burilib, boshqa narsani tutmoqchi bo`lgan, hech qachon najot topmabdi. Chunki, bir yo`la zalolatga burilib qolgan bo`ladi.)","Yolg`onchilarga la'nat bo`lsin!","Ular jaholatdagi g`ofillardir.","Ular: «Hisob-kitob kuni qachon», deb so`rarlar.","Bu kunda ular olovda azoblanurlar.","«Azobingizni tatib ko`ring», siz «Qachon bo`ladir», deb shoshilgan narsa — shu!» (deyilur).","Albatta, taqvodorlar jannatlar va buloqlardadir.","Robbilari bergan narsalarni oluvchilardir. Chunki, ular bundan oldin ehson qiluvchilardan bo`lganlardir.","Ular kechalari oz uxlar edilar.","Va ular saharlarda istig`for aytar edilar.","Va molu mulklarida so`rovchi va bechoralarning haqqi bordir.","Va yerda chuqur ishonuvchilar uchun belgilar bor.","Va o`zlaringizda ham (belgilar) bor. Yoki ko`rmayapsizlarmi?!","Va osmonda rizqingiz hamda sizga va'da qilinayotgan narsa (bor).","Osmonu yerning Robbisi ila qasamki, albatta, u (va'da) misoli siz nutq qilayotganingizdek haqiqatdir.","Senga Ibrohimning karamli mehmonlarining xabari kelmadimi?","Ular uning huzuriga kirib, «Salom» deganlarida, u «Salom, notanish qavmlar», dedi.","Ahliga (maxfiy) borib, semiz buzoqni (pishirib) keltirdi.","Uni ularga yaqin surdi va: «Emaysizlarmi?» – dedi.","Ulardan xavfsiradi. Ular: «Qo`rqma», dedilar va unga ilmli o`g`il bashoratini berdilar.","Bas, xotini qichqirib keldi va o`z yuziga shapaloq tushirib: «Qari, tug`mas xotin-a?!» – dedi.","Ular: «Sening Robbing shunday dedi. Albatta, Uning O`zi Hakiym va Aliymdir», dedilar."]