["U: «Ey elchilar! Sizning ishingiz nedir?» – dedi.","Ular: «Albatta, biz jinoyatchi qavmga yuborilganmiz.","Ularning ustidan loydan (pishirilgan) toshlarni tashlash uchun.","Robbing huzurida isrofchilar uchun belgilab qo`yilganlarni», dedilar.","Va Biz u joydan mo`minlarni chiqardik.","U yerda bir xonadondan boshqa musulmonlarni topmadik.","Va u yerda alamli azobdan qo`rqadiganlar uchun oyat(belgi) qoldirdik.","Va Musoda ham (belgi) bor. Biz uni Fir'avnga ravshan hujjat ila yuborganimizda...","U yuz o`girib, ishongani tomon yurdi va: «(Muso) sehrgar yoki majnundir», dedi.","Bas, Biz uni va askarlarini tutib dengizga tashladik va u malomatga loyiq ish qiluvchi edi.","Va Odda ham (belgi) bor. Vaqtiki, Biz ularga tug`mas shamolni yubordik.[1]###[1] (Odatda, shamol yomg`ir yog`ishiga sabab bo`ladi. Od qavmiga kelgan shamol esa ularga yomg`ir emas, balo-ofat, halokatni olib kelgan, shuning uchun uning tug`mas, ya'ni befoyda deb sifatlanyapti.)","U qaysi narsaga yetib borsa, titib tashlamasdan qo`ymas.","Va Samudda ham (belgi) bor. Ularga: «Vaqtinchalik maza qilib turinglar», deyilgan vaqtda...","Allohning amridan bosh tortdilar, bas, qarab turgan hollarida ularni qattiq ovoz tutdi.","Bas, ular o`rinlaridan turolmadilar va yordam ham ololmadilar.","Va bundan avval Nuh qavmini ham (halok etganmiz). Albatta, ular fosiq qavm edilar.","Osmonni O`z qo`limizda(qudratimiz) ila bino qildik. Albatta, Biz uni kengaytiruvchimiz.","Va yerni to`shab qo`ydik. Biz qandoq ham yaxshi tayyorlovchidirmiz!","Va Biz har bir narsani juft yaratdik. Shoyadki, eslasangizlar.","Bas, faqat Allohgagina qoching. Albatta, men sizlarga Undan (kelgan) ochiq-oydin ogohlantiruvchiman.[1]###[1] (Odatda inson xavfu xatardan, balo-ofatdan qochadi. Bu oyatda tilga olingan xavf-xatar — dinsizlik, g`aflat va osiylikdir, undan qochish gunoh va harom ishlarni tark etib, Allohga iltijo etish bilan bo`ladi. Allohga qochishda inson uchun ulug` saodat va martaba bordir.)","Va Allohga boshqa ma'budni sherik qilmanglar. Albatta, men sizlarga Undan (kelgan) ochiq-oydin ogohlantiruvchiman.","Xuddi shunday, bulardan avvalgilarga ham har bir Payg`ambar kelgan vaqt (uni) sehrgar yoki majnun deganlar.","Kelishib olganmilar?! Yo`q, ular tug`yonga ketgan qavmlardir!","Ulardan yuz o`gir. Bas, sen malomatga qoluvchi emassan.[1]###[1] (Payg`ambarning vazifasi Allohning amrini yetkazish. U zot bu ishni o`z o`rnida ado etdilar. Mushriklar gapga kirmadilar, Payg`ambar alayhissalom ulardan yuz o`girsalar, u zotga malomat yo`q.)","Va eslatgin. Albatta, eslatish mo`minlarga manfaat berur.","Jin va insonni faqat Menga ibodat qilishlari uchungina yaratdim.","Men ulardan rizq xohlamayman va Meni ovqatlantirishlarini ham xohlamasman.","Albatta, Alloh O`zi rizq beruvchi, quvvat egasi, shiddatlidir.[1]###[1] (Demak, Alloh taolo insu jindan rizq so`ramaydi, balki ularga rizq beradi. Allohning birdan-bir iroda qilgani ibodatdir, insu jinni yaratishdan maqsad ham shudir. Lekin ibodatdan kimga foyda bor? Ibodat qiluvchining o`ziga. Unga ikki dunyoning baxtini ibodat beradi.)","Albatta, zulm qilganlarga o`z birodarlari azobichalik azob bor, shoshilmasinlar.","Kofirlarga va'da qilinayotgan kunlarida halokat bo`lsin.","Tur bilan qasam...","Satrlarga bitilgan kitob bilan qasam...","Yozishga tayyorlangan teriga.","Va obod uy bilan qasam...","Va ko`tarilgan shift bilan qasam...","Va to`lgan dengiz bilan qasam.","Albatta, Robbingning azobi ro`y berajak.","Uni qaytaruvchi yo`qdir.","U kunda osmon larzaga kelib chayqalur.","Va tog`lar sayr etib yurur.","Bas, o`sha kunda yolg`onga chiqaruvchilarga vayl bo`lsin!","(Botilga) sho`ng`ib o`ynashadiganlarga.[1]###[1] («vayl» so`zi gohida «halokat», gohida «do`zax» ma'nosida ishlatiladi va ikkalasi ham bu oyatga mosdir.)","U kunda jahannam o`tiga kuchlab itarilurlar.","Mana bu, sizlar yolg`onga chiqargan o`t bo`ladi!","Bu sehrmi?! Yoki sizlar ko`rmayapsizlarmi?!","Kiringlar unga! Chidaysizlarmi, chidamaysizlarmi — bari bir. Qilib yurgan amallaringizning jazosini olasizlar, xolos.","Albatta, taqvodorlar jannatlar va nozu ne'matlar ichidadirlar.","Robbilari ularga bergan narsalardan lazzatdadirlar. Robbilari ularni jahannam azobidan saqlar.","Yenglar, ichinglar, osh bo`lsin. (Bular) qilgan amallaringiz uchundir.","Ular qator tizilgan so`rilarga yonboshlagan holdalar. Va ularni go`zal ko`zli hurlarga uylab qo`yganmiz.","O`zlari iymon keltirib, zurriyotlari ularga iymon bilan ergashganlarning zurriyotini ularga qo`shdik va ularning amallaridan hech narsani kamaytirmadik. Har bir kishi o`z kasbi garovidir.[1]###[1] (Bu dunyoda iymonu islom bilan o`tgan kishilarning agar zurriyotlari ham iymon bilan o`tgan bo`lsa, darajalari uncha yuqori bo`lmasa ham, Alloh ularni otalariga qo`shib qo`yar ekan. Lekin, shu bilan birga otalarning amalidan hech bir narsa kamaytirilmas ekan. Ya'ni, bolalariga olib berilib, ularning darajasi tenglatilmas ekan. Chunki har kim o`zi qilgan kasb-amalning garovidir, amali yaxshi bo`lsa, oqibati ham yaxshi bo`ladi. Alloh ko`rsatmasin, amali yomon bo`lsa, oqibati ham...)","Va Biz ularga xohlagan mevalari va go`shtlarini muhayyo qilib qo`ydik.","Ular unda qadahlarni bir-birlariga uzaturlar. U yerda behuda sergaplik va gunoh yo`q.[1]###[1] (Oxirat sharobida noxush ishlarning birontasi ro`y bermas ekan.)","Va atroflarida xuddi sadafdagi durdek g`ulomlari aylanib, xizmatda yurishar.","Ba'zilari boshqalaridan o`girilib so`ray boshladilar:","«Albatta, biz ilgari o`z ahlimiz davrasida U zotdan qo`rquvchilardan edik.","Bas, Alloh bizga marhamat qildi va bizni do`zax azobidan saqladi.","Albatta, biz ilgari Unga duo qilardik. Albatta, Uning O`zi yaxshilik qiluvchi va rahimlidur».","Bas, eslatgin: sen Robbing ne'mati ila folbin ham emassan, majnun ham emassan.[1]###[1] (Oyatdagi «kohin» so`zini biz folbin deb tarjima qildik. Aslida, Arabiston yarim orolida kohin alohida tushunchadir. U jinlar bilan aloqasi borligini va g`oyibdan xabar berishni da'vo qiluvchi shaxsdir. Shuningdek, kohinlar ruhlar, xudolar bilan ham aloqamiz bor deyishadi va ba'zan tabiblik da'vosini ham qilishadi.)","Balki: «U — shoir, biz unga o`lim yetishini kutamiz», derlar?","Aytgin: «Kutinglar, albatta, men ham sizlar bilan birga kutuvchidirman».","Yo aqllari shunga buyuradimi, yoki ular tug`yonga ketgan qavmlarmi?","Balki, u(Qur'on)ni o`zi to`qidi, derlar? Yo`q, ular iymon keltirmaslar.","Agar ularning gapi rost bo`lsa, u(Qur'on)ga o`xshash so`zni keltirsinlar.","Balki, ular, hech narsadan hech narsa yo`q, o`zlari yaralgandirlar?! Yoki ular yaratuvchilarmi?","Balki, ular osmonlaru yerni yaratgandirlar?! Yo`q, ular ishonmaslar.","Balki, ularning huzurida Robbingning xaziynalari bordir?! Yoki ular boshqaruvchilarmi?","Balki, ularning (xabarni) eshitadigan narvonlari bordir?! Undoq bo`lsa, eshituvchilari ravshan hujjat keltirsin.[1]###[1] (Mushriklar Muhammad alayhissalomni yolg`onchiga chiqarganlar. Xo`sh, nimaga asoslanib bunday qilishgan? Yoki ularning osmonga qo`ygan narvonlari bor-u unga chiqib, Muhammad payg`ambar emas, unga vahiy yuborilayotgani yo`q, degan xabarni eshitishdimi? Agar haqiqatda eshitgan bo`lsalar, ochiq-oydin dalil ko`rsatsinlar.)","Yoki U zotga qizlar-u, sizlarga o`g`illarmi?","Yoki sen ulardan haq so`rayapsan-u, ular to`lovdan qiynalayaptilarmi?","Balki, ularning ixtiyorida g`ayb (ilmi) bo`lib, ular yozib olayotgandirlar?!","Balki, hiyla ko`rsatishni xohlarlar?! Bas, kofirlar hiylalarining jazosini tortarlar.","Balki, ularning Allohdan boshqa xudolari bordir?! Alloh ular keltirayotgan shirkdan pok bo`ldi.","Agar ular boshlariga tushayotgan parchani ko`rsalar ham, to`plangan bulut, derlar.","Ularni halokatga uchraydigan kunlariga yo`liqqunlarigacha tek qo`y.[1]###[1] (Mushrik va dinsizlarni qiyomat kunigacha qo`yib ber, nima qilishsa qilishaversin.)","U kunda hiylalari ularga hech qanday foyda bermas va ularga yordam ham berilmas.","Va, albatta, zulm qilganlarga undan o`zga azob ham bor, lekin ko`plari bilmaslar.[1]###[1] (Ya'ni, kofir, zolimlarga oxirat azobidan o`zga bu dunyoning azobi ham bor yoki qabr azobi bo`lishi ham mumkin.)","Bas, Robbing hukmiga sabr qil. Albatta, sen ko`z o`ngimizdasan, o`rningdan turganingda Robbingga tasbih ayt!","Va kechasi ham. Bas, yulduzlar botgandan keyin ham tasbih ayt.[1]###[1] (Demak, har doim Allohga bog`liq bo`lmoq zarur. Imom Molik Zuhriydan qilgan rivoyatlarida Ibn Mat'amning otasi aytadiki, «Payg`ambar alayhissalomni shom namozida «Vat-Tur» surasini o`qiyotganlarini eshitdim. U kishidan ko`ra ovozi shirinroq va qiroati yaxshiroq odamni ko`rmaganman».)","Botayotgan yulduz bilan qasam.","Sizning Birodaringiz adashgani ham yo`q, yo`ldan ozgani ham yo`q.","U havodan nutq qilmas.","U (Qur'on) vahiydan o`zga narsa emas.","U(Muhammad)ga shiddatli quvvat egasi ta'lim berdi.","Mirrat egasi ko`tarildi.","Va u oliy ufqda edi.","So`ngra yaqinlashdi va juda ham yaqin bo`ldi.","Bas, ikki kamon miqdoriday joyda bo`ldi. Balki undan ham yaqinroq keldi.","Va U zot bandasiga nimani vahiy qilgan bo`lsa, yetkazdi.","Qalb (ko`z) ko`rganini yolg`onga chiqarmadi.","U bilan o`zi ko`rgan narsa ustida tortishasizlarmi?!","Va, darhaqiqat, uni boshqa safar ko`rdi.","Sidratul muntaha(tugash daraxti) oldida.","Uning huzurida ma'vo jannati bor.","O`shanda, u(daraxt)ni o`raydigan narsa o`rab turibdi.","Nigoh burilmadi ham, haddidan oshmadi ham.","Darhaqiqat, o`z Robbisining ulkan belgilaridan ko`rdi.[1]###[1] (Muhammad alayhissalom me'roj kechasida, jannatni, do`zaxni, Baytul ma'murni, o`tgan payg`ambarlarni, Jabroil alayhissalomning asl holatlarini va boshqalarni ko`rdilar.)","Lot va Uzzoni o`ylab ko`rdingizmi?","Va boshqasi, uchinchisi — Manotni ham (o`ylab ko`rdingizmi)?","Sizlarga erkak-u, U zotga ayolmi?","Undoq bo`lsa, bu noto`g`ri taqsim-ku!","U(but)lar siz va ota-bobolaringiz qo`ygan nomlardan o`zga hech narsa emas. Alloh bunga hech hujjat tushirgan emas. U(mushrik)lar, Robbilaridan hidoyat kelganiga qaramay, gumon va havoyi nafs xohishiga ergasharlar, xolos.","Yoki har inson nimani xohlasa, shu bo`laveradimi?","Zero, oxirat ham, dunyo ham Allohnikidir.","Osmonlarda qanchadan-qancha farishtalar mavjud, ularning shafoati hech foyda bermas. Magar, Alloh O`zi xohlagan va rozi bo`lganlarga izn bersa.","Albatta, oxiratga iymon keltirmaganlar farishtalarni ayol nomi bilan nomlarlar.","Ularda bu haqda hech qanday ilm yo`q. Gumondan boshqa narsaga ergashmaslar. Albatta, gumon haqiqat o`rniga o`tmas.","Bizning zikrimizga orqa o`girgan, hayoti dunyodan boshqani xohlamaydiganlardan yuz o`gir.","Ularning erishgan ilmlari mana shu. Albatta, Robbing Uning yo`lidan adashganlarni bilguvchidir va U hidoyatdagilarni ham bilguvchidir.","Osmonlardagiyu yerdagi barcha narsalar Allohnikidir. U yomonlik qilganlarni amaliga yarasha jazolar va yaxshilik qilganlarni go`zal (mukofot) ila mukofotlar.","Ular kichik gunohlardan boshqa katta gunohlar va fahsh ishlardan chetda bo`ladiganlardir. Albatta, Robbing mag`firati keng Zotdir. U sizlarni tuproqdan paydo qilganda ham, onalaringiz qorinlarida homilalik chog`ingizni ham yaxshi biluvchidir. Shundoq ekan, o`zingizni oqlamang, U kim taqvodorligini yaxshi biladir.[1]###[1] (Oyatdagi «Lamam» so`zini biz «kichik gunohlar» deb tarjima qildik. Aslida, «lamam» so`zi «oz», «kichik» ma'nolarini anglatadi. «Kichik gunoh» iborasi eng munosib ma'nodir. «Fahsh ishlar» iborasi qabihligi katta ish va so`zlarga nisbatan ishlatiladi. Shariatda «katta gunoh» deb Alloh haromligini bayon qilgan va yoki jazosi belgilangan gunohlarga aytiladi. O`g`rilik, odam o`ldirish va zino kabilar.)","Yuz o`girib ketganni ko`rdingmi?!","U ozgina berdi va to`xtadi.","Uning huzurida g`ayb ilmi bor-u, u ko`rib turibdimi?[1]###[1] (G`aybni faqat Alloh bilib, boshqa hech kim bilmasligi aniq. Oxiratning g`amini yemay yurganlar nimaga suyanishadi? G`aybni bilmagandan keyin inson doimo o`ziga oxiratda foyda beradigan ishlarni ko`proq bajarishga harakat qilmog`i lozim.)","Yoki Musoning sahifalaridagi narsalar xabari unga berilmadimi?","Va vafo qilgan Ibrohimning?","Albatta, hech bir gunohkor boshqaning gunohini ko`tarmas.","Har bir insonga o`z qilganidan boshqa narsa yo`q.","Va, albatta, uning qilmishi tezda ko`rinur.","So`ngra jazo yoki mukofoti to`liq berilur.[1]###[1] (Ushbu zikr etilgan ma'nolar Muso alayhissalomning Tavrotlarida va Ibrohim alayhissalomning sahifalarida kelgandir.)","Va, albatta, intiho Robbing huzuridadir.","Va, albatta, kuldirgan ham O`zi, yig`latgan ham O`zidir.","Albatta, o`ldirgan ham O`zi, tiriltirgan ham O`zi.","Albatta, ikki juftni — erkak va ayolni yaratgan ham O`zi.","Otilib chiqqan nutfadan.","Va, albatta, keyingi paydo qilish zimmasidagi zot ham O`zi.","Va, albatta, behojat qilgan ham O`zi, badavlat qilgan ham O`zi.","Va, albatta She'roning robbisi ham Uning O`zi.","Va, albatta, birinchi Odni halok qilgan ham O`zi.","Va Samudni boqiy qoldirmagan ham O`zi.","Va bundan oldin Nuh qavmini (halok qilgan ham O`zi). Chunki, ular o`ta zolim va o`ta tug`yonga ketgan edilar.","Va to`ntarilganni qulatgan (ham O`zi).","Bas, uni o`ragan narsa o`rab oldi.","Shunday ekan, Robbingning qaysi ne'matlariga shak keltirasan?","Bu, avvalgi ogohlantiruvchilar kabi bir ogohlantiruvchidir.[1]###[1] (Ogoh bo`linglar: avvalgi ogohlantiruvchilarga dushman bo`lganlarning kuni sizlarning boshingizga tushib qolmasin!)","Yaqinlashuvchi yaqinlashdi.","Uni Allohdan boshqa kashf qiluvchi yo`q.","Bu so`zdan sizlar ajablanasizlarmi?","Va kulasizlar-u, yig`lamaysizlarmi?","Va holbuki, sizlar beparvosizlar.","Bas, Allohga sajda qilinglar va ibodat qilinglar.","Soat(qiyomat) yaqinlashdi va oy bo`lindi.","Agar bir oyat(mo`'jiza)ni ko`rsalar, yuz o`girarlar va: «Bu — o`tkinchi sehr», derlar.","Va yolg`onga chiqardilar hamda havoyi nafslariga ergashdilar. Holbuki, har bir ish o`z o`rnini topuvchidir.","Va, darhaqiqat, ularga hayiqtiradigan xabarlardan kelgan edi.","Ularda yetuk hikmat (bor edi). Biroq, ogohlantiruvchilar foyda bermadi.","Bas, Ulardan yuz o`gir! Chaqiruvchi munkar narsaga chaqirgan kunda.","Qabrlardan, ko`zlari qo`rqinchga to`lgan holda, xuddi yoyilgan chigirtkaga o`xshab chiqib kelurlar.","Chaqiruvchiga qarab bo`yinlarini cho`zib, shoshilib borurlar. Kofirlar: «Bu qiyin kun-ku», derlar.","Bulardan oldin Nuh qavmi ham yolg`onchi qilgan edi. Bas, bandamizni yolg`onchiga chiqarishdi va, majnun, deyishdi hamda unga to`siqlar qo`yishdi.","Va Robbisiga duo qilib: «Albatta, men mag`lub bo`ldim, yordam ber», dedi.","Bas, osmon eshiklarini sharros suv bilan ochib yubordik.","Va yerdan otiltirib buloqlar chiqardik. Bas, suvlar taqdir qilingan ish uchun birlashdilar.","Va u(Nuh)ni taxtalari va mixlari bor narsa ustiga ko`tardik.","U(Kema) inkor qilingan shaxs(Nuh)ga mukofot bo`lib, Bizning inoyatimiz ila yuradir.","Va u(hodisa)ni belgi qilib qoldirdik. Qani, ibrat oluvchi bormi?!","Bas, Mening azobim va ogohlantirishim qandoq bo`ldi?!","Darhaqiqat, Biz Qur'onni zikr uchun oson qildik. Bas, zikr qiluvchi bormi?!","Od (Hudni) yolg`onchiga chiqardi. Bas, Mening azobim va ogohlantirishim qandoq bo`ldi?","Biz davomli mash'um kunda ular ustiga sorsor shamolini yubordik.[1]###[1] («Sorsor» deb nomlangan shamol o`zi o`ta sovuq bo`lib, ovozi juda ham kuchli bo`lar ekan.)","U, odamlarni, xuddi xurmo daraxtini tomiri bilan qo`porib yuborgandek, (erdan) uzib-uchirib tashlardi.","Bas, Mening azobim va ogohlantirishim qandoq bo`ldi?!","Darhaqiqat, Biz Qur'onni zikr uchun oson qildik. Bas, zikr qiluvchi bormi?!","Samud ogohlantiruvchilarni yolg`onga chiqardi.","Ular: «Biz o`zimizdan bo`lgan bir odamga ergashamizmi? Agar shunday bo`lsa, albatta, adashuvda va jinnilikda bo`lamiz.","Bizlarning oramizdan unga zikr (vahiy) tushirilibdimi?! Yo`q, u yolg`onchi va kekkaygandir», dedilar.","Ertaga kim yolg`onchi va kekkaygan ekanini bilurlar.","Biz ularni sinash uchun tuyani yuboruvchimiz. Ularni kuzatib tur va sabr qil.","Va ularga, albatta, suv oralarida taqsimlanganining xabarini ber. Har bir ichishga (o`z vaqtida) hozir bo`linar.[1]###[1] (Tuya bilan Samud qavmi suvning kunma-kun taqsimlangani to`g`risida gap borayotibdi.)","Bas, ular o`z sheriklarini chaqirdilar. U (tuyani) tutdi va so`yib yubordi.","Bas, Mening azobim va ogohlantirishim qandoq bo`ldi?!","Albatta, Biz ularga bir ovoz yubordik. Va ular qo`ra quruvchi (yiqqan) quruq shox-shabbalarga o`xshab qoldilar.","Darhaqiqat, Biz Qur'onni zikr uchun oson qildik. Bas, zikr qiluvchi bormi?!","Lut qavmi ogohlantiruvchilarni yolg`onchiga chiqardi.","Albatta, Biz ularning ustiga (tosh) bo`ron yubordik. Faqat Lut xonadoniga sahar chog`i najot berdik.","Bu, Biz tarafimizdan ne'mat bo`ldi. Kimki shukr qilsa, xuddi shunday mukofotlarmiz.","Darhaqiqat, u(Lut) ularni Bizning tutishimizdan ogohlantirgan edi. Bas, ular ogohlantirishlarga ishonmadilar.","Ular undan mehmonlarini topshirishni so`radilar. Bas, ko`zlarini ko`r qildik. Mening azobim va ogohlantirishlarimni totib ko`rsinlar.","Batahqiq, erta tongda ularni sobit, davomli azob tutdi.","Bas, Mening azoblarimni va ogohlantirishlarimni totib ko`ringlar!","Darhaqiqat, Biz Qur'onni zikr uchun oson qildik. Bas, zikr qiluvchi bormi?!","Darhaqiqat, Fir'avn ahliga ogohlantirishlar keldi.","Bizning oyatlarimizning barchasini yolg`onga chiqarishdi. Bas, Biz ularni g`olib, qudratli oluvchining olishi bilan oldik.","Sizning kofirlaringiz avvalgilaringizdan yaxshiroqmi?! Yoki kitoblarda sizlarga oqlov bormi?!","Yoki, Biz nusratga erishuvchi jamoatmiz, deyishar?!","U jamoa tezda yengilar va orqalariga qarab qocharlar.","Ha, ularga va'da qilingan vaqt, soat(qiyomat)dir. Va u soat (azobi) ulkanroq va achchiqroqdir.","Albatta, jinoyatkorlar adashuvda va olov-otashdadirlar.","Yuztuban do`zaxga sudraladigan kunda, jahannam azobini tatib ko`ring, (deyilur).","Albatta, Biz har narsani o`lchov bilan yaratdik.","Bizning farmonimiz bir so`zdan o`zga emas. Ko`z yumib ochguncha bo`lur.","Darhaqiqat, Biz sizga o`xshaganlarni halok qildik. Bas, buni eslovchilardan bormi, o`zi?!","Va ularning har bir ishlari kitoblardadir.","Har bir kichigu katta (ishlar) satrlangandir.[1]###[1] (Makka mushriklari, qanday qilib insonning ishlarini satrlarga yozib, hujjat to`plab borish mumkin, deb o`sha vaqtda ajablangan bo`lishlari mumkin. Ammo biz hozirgi hisob-kitoblarni, yozish asboblarini ko`rib-bilib turib, qandoq qilib bu haqiqatni inkor eta olamiz?)","Albatta, taqvodorlar jannatu anhorlardadirlar.","Sidq o`rindiqda, qudratli Podshoh huzuridadir.","Rohman.","Qur'onni o`rgatdi.","Insonni yaratdi.","Unga bayonni o`rgatdi.","Quyosh va oy hisobdadir.","O`t-o`lan ham, daraxtlar ham sajda qilurlar.[1]###[1] (Dunyodagi jonliyu jonsiz barcha narsa Allohning irodasidan tashqari chiqa olmasligiga, hammasi olam Parvardigoriga bog`liq ekaniga dalolat qilmoqda.)","Osmonni baland ko`tardi va (adolat) tarozuni o`rnatdi.","Mezonda haddingizdan oshmasligingiz uchun.[1]###[1] (Agar ushbu tarozuni Islom dini, Qur'on kitobi, Muhammad alayhissalom Payg`ambari orqali o`rnatmaganida, adolat mezoni buzilardi, haqdan botil ustun kelardi. Yer yuzini fisqu fasod bosardi.)","Adolat ila o`lchang va tarozudan urib qolmang.","Va yerni xaloyiq uchun qo`ydi.","U(er)da mevalar va gulkosali xurmolar bor.","Va somonli donlar hamda rayhonlar bor.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Insonni sopolga o`xshash qurigan loydan yaratdi.","Va jinlarni o`t-alangadan yaratdi.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","U ikki mashriq va ikki mag`ribning Robbidir.[1]###[1] (Ikki mashriq deganda, quyoshning yozdagi va qishdagi chiqish joylarini hamda ikki mag`rib deganda, yozdagi va qishdagi botish joylarini tushunish kerak.)","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Daryoyu dengizlarni bir-biri bilan uchrashadigan qilib qo`ydi.","O`rtalaridagi to`siqdan oshib o`tolmaslar.[1]###[1] (Sho`r dengiz bilan chuchuk suvli daryo o`rtasida bir to`siq bo`lib, ular bir-birlariga aralashib ketmaydi degan ma'noni anglatadi.)","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","U ikkisidan lu'lu' va marjon chiqar.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarrini yolg`on deya olursiz?!","Dengizlarda tog`dek bo`lib suzib yuruvchilar ham Unikidir.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","(Er) yuzidagi barcha jonzot foniydir.","Ulug`lik va ikrom egasi Robbingning O`zigina boqiydir.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Undan yeru osmondagi jonzotlar so`rarlar. U har kuni ishdadir.[1]###[1] (Butun mavjudot, yerda bo`lsin, osmonda bo`lsin, Allohdan so`rovlarini so`raydi. Nimani so`rashlari oyatda tayin qilinmagan. Har kim nimaga muhtoj bo`lsa, o`shani so`raydi.)","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Albatta, sizlar uchun vaqt topamiz, ey, insu jinlar!","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Ey, jin va ins jamoalari, agar siz osmonlaru yer chegaralaridan chiqib ketishga qodir bo`lsalaringiz, chiqaveringlar. Faqat, sulton ila chiqa olursiz, xolos.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Ustingizdan olov va tutun yuborilur. Bas, qutula olmassiz.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Osmon yorilib, qirmizi moyga aylangan vaqtda...","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Bas, u kunda ins ham, jin ham gunohidan so`ralmas.[1]###[1] (Qiyomat boshlangandan insdan ham, jindan ham gunoh qilgan-qilmagani haqida so`rab o`tirilmaydi. Chunki hammaning basharasidan, holatidan uning kim ekanligi bilinib turadi.)","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Jinoyatkorlar siymolaridan bilinib turar. Va ularning peshona sochlari va oyoqlaridan tutilur.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Jinoyatkorlar yolg`onga chiqarayotgan jahannam shu bo`ladir.","Ular jahannam bilan o`ta qaynoq suv o`rtasida aylanurlar.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Robbisi huzurida turishdan qo`rqqanlar uchun ikki jannat bor.[1]###[1] (Qiyomat kuni olam Parvardigorining huzurida savollarga javob berishdan, hisob-kitob maqomidan qo`rqib, tirikligidayoq tayyorgarlik ko`rib, yaxshilik bilan kun kechirganlarga ikki jannat bor ekan. «Ikki jannat»ning bir necha sharhlari bor, jumladan, insga alohida jannat, jinga alohida jannat yoki ikkovlaridan har birlariga ikkitadan jannat, gunohkorlar jahannam bilan o`ta qaynoq suv o`rtasida aylansalar, taqvodorlar birinchi jannatlari, ya'ni bog`lari bilan ikkinchi jannatlari — bog`lari orasida sayr qiladilar.)","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","U(jannat)lar shox-novdalidirlar.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Ikkovlarida ikki oqar buloq bor.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Ikkovlarida ham mevadan juft navlar bor.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Ipak astarli to`shaklarga yonboshlagan va ikki jannat mevalari yaqin bo`lgan hollarida...","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Ularda ko`zlari tiyilgan, avval ins ham, jin ham tegmagan(hur)lar bor.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","U(hur)lar xuddi yoqut va marjonga o`xsharlar.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Ehsonning mukofoti faqat ehsondir.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","U ikkovidan pastroqda yana ikki jannat bor.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Ikkovlari yam-yashildir.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Ikkovlarida otilib turuvchi ikki buloq bordir.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Ikkovlarida mevalar, xurmo va anorlar bordir.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Ularda yaxshi go`zallar bor.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Chodirlarni lozim tutgan hurlar bor.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Avval ularga ins ham, jin ham tegmagan.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Yashil bolishlarga va go`zal gilamlarda yonboshlagan hollaridadir.","Bas, Robbingizning qaysi ne'matlarini yolg`on deya olursiz?!","Ulug`lik va ikrom egasi bo`lmish Robbingizning ismi muborak bo`ldi.","Voqi'a voqe' bo`lganda.","Uning voqe' bo`lishini yolg`onga chiqaruvchi (jon) yo`qdir.","U, ham pastlatuvchi, ham ko`taruvchidir.","Qachonki, yer qattiq larzaga keltirilganda.","Va tog`lar maydalanib titilganda.","Bas, tarqalgan chang-to`zonga aylanganda.","Va siz uch toifa bo`lganingizda.","O`ng taraf egalari. O`ng taraf egalari ne(saodatlilar)dir?!","Va chap taraf egalari. Chap taraf egalari ne(badbaxtlar)dir?!","Va peshqadamlar, peshqadamlar.","Ular (Allohga) yaqin bo`lganlar.","Serne'mat jannatlardadirlar.","Avvalgilardan ko`pchilik.","Va oxirgilardan ozchilik.","To`qima so`rilardadirlar.","Bir-birlariga ro`baro` bo`lib yonboshlagan holdadirlar.[1]###[1] (Ya'ni, peshqadamlar jannat duru-yoqutlarni aralash qilib to`qilgan so`rilarda bir-birlariga qarab, yonboshlab-yastanib rohatlanishar ekan.)","Atroflarida mangu yosh yigitlar aylanib yururlar.","Oqar chashma mayi to`latilgan qadahlar, ko`zalar va kosalar bilan.","Undan bosh og`rig`i ham, mast ham bo`lmaslar.","Va xohlagan mevalarini olib.","Ishtahalari tusagan qush go`shtini olib (aylanib yurarlar).","Yana, ko`zi go`zal hurlar bor.","Misoli yashirilgan dur kabi.","Bular — qilib yurgan amallarning mukofotidur.","Ular u(Jannat)da behuda, gunoh(so`z)larni eshitmaslar.","Magar «Salom, salom» deyilganini (eshitarlar).[1]###[1] (Bir-birlariga salom beradilar, ularga farishtalar ham salom beradilar. Allohning salomi ham yetkazib turiladi.)","O`ng taraf egalari. O`ng taraf egalari nedir?!","Ular tikonsiz sidrzorlardadirlar.[1]###[1] (Sidr-xushbo`y hidli buta bo`lib, arablar uni hidi uchun yaxshi ko`rar ekanlar. Ammo tikani juda ko`p bo`larkan.)","Sermeva bananzorlardadirlar.","Va yoyilgan soyalardadirlar.","Oqar suvlardadirlar.","Serob mevalardadirlar.","Tugamaydigan va man qilinmaydigan.","Ko`tarilgan ko`rpachalardadirlar.","Albatta, Biz u(hur)larni daf'atan, xos qilib, yaratdik.","Bas, ularni bokira qizlar qilib qo`ydik.","Bir xildagi tengdosh mahbubalar.","O`ng taraf egalari uchun.","Ular avvalgilardan ko`pgina jamoatlardir.","Keyingilardan ham ko`pgina jamoatlardir.","Va chap taraf egalari. Chap taraf egalari ne(badbaxtlar)dir?!","Ular o`t shamol va qaynoq suvdadirlar.","Qop-qora tutun soyasidadirlar.","Na salqin emas va na foydali.","Albatta, ular bundan oldin hoyi-havasga berilganlardan edilar.","Va katta gunoh ishlarni mudom qilib kelgan edilar.","Va: «Biz o`lib, tuproq va suyak bo`lsak ham, qayta tiriltirilamizmi?","Avval o`tgan otalarimiz ham-a?!» – der edilar.","Aytgil: «Albatta, avvalgilar va oxirgilar.","Ma'lum kuni, belgilangan vaqtda, albatta, to`planuvchidirlar».","So`ngra, siz, ey adashganlar, yolg`onga chiqaruvchilar.","Albatta, zaqqum daraxtidan yeyuvchisizlar.","Bas, undan qorinlarni to`ldiruvchisizlar.","Bas, ustidan o`ta qaynoq suvdan ichuvchisizlar.","Bas, chanqoq tuyadek ichuvchisizlar.","Ularning qiyomat kunidagi ziyofatlari mana shu!!!","Biz sizlarni yaratganmiz, ishonsalaring-chi!","O`zingiz chiqaradigan maniyni o`ylab ko`ring-a!","Uni sizlar yaratasizmi yoki Biz yaratuvchimizmi?!","Orangizdagi o`limni Biz belgilaganmiz va Biz ojiz emasmiz.","Sizning o`rningizga sizga o`xshashlarni almashtirishdan va sizlarni o`zingiz bilmaydigan holda yaratishdan.","Va darhaqiqat, avvalgi yaratilishni bildingiz-ku, eslasalaringiz-chi!","O`zingiz ekayotgan narsani o`ylab ko`ring-a!","Uni siz undirasizmi yoki Biz undiruvchimizmi?","Agar xohlasak, Biz uni quruq cho`pga aylantirib qo`yamiz. Sizlar esa, nadomatda ajablanib:","«Albatta, biz ziyon ko`rganlarmiz.","Balki, mahrum bo`lganlarmiz, (deysizlar).","O`zingiz ichadigan suvni o`ylab ko`ring-a!","Uni bulutlardan siz tushirasizmi yoki Biz tushiruvchimizmi?","Agar xohlasak, Biz uni sho`r qilib qo`yamiz. Shukr qilsangiz-chi!","O`zingiz yoqadigan olovni o`ylab ko`ring-a!","Uning daraxtini siz yaratgansizmi yoki Biz yaratuvchimizmi?","Biz u(olov)ni eslatma va yo`lovchilar uchun manfaat qilib qo`ydik.","Bas, ulug` Robbing ismini poklab yod et![1]###[1] (Mazkur ne'matlarning egasini tanigan inson Ulug` Alloh taologa tasbih aytib, ibodat qilishga o`tadi.)","Yulduzlarning manzillari bilan qasam ichaman.[1]###[1] («Joylari» deganimiz — uning o`rnashgan, chiqish va botish joylari — burjlaridir.)","Albatta, agar bilsangiz, bu ulug` qasamdir.[1]###[1] (Bu oyati karima o`n to`rt asrdan ko`proq muqaddam nozil bo`lganligi hammaga ma'lum. O`sha paytda odamlar yulduzlar haqida sodda tushunchaga ega edilar, ularning hajmi, soni, harakati haqida deyarli hech narsa bilmas edilar. Falakiyot ilmi rivojlanib, ular vositasida ochilgan juda ko`plab kulliyotlar Qur'on oyatlarining ulug`ligini tasdiqladi.)","Albatta, u Qur'oni Karimdir.","U Saqlangan kitobdadir.","Uni faqat poklanganlargina ushlaydir.","U, olamlarning Robbisidan tushirilgandir.","Bas, sizlar mana shu so`zga beparvolik qilasizlarmi?","Va yolg`onga chiqarishni rizq qilib olasizlarmi?[1]###[1] (Ya'ni, iymon keltirish lozim bo`lgan narsalarga ishonmaslikni o`z nasibangiz qilib olasizlarmi?)","Joningiz halqumga kelib qolsa-chi?","Holbuki, o`sha vaqtda o`zlaringiz qarab turgan bo`lasizlar.","Biz esa, sizdan ko`ra unga yaqinmiz, ammo sizlar ko`rmaysizlar.[1]###[1] (Ya'ni, Allohning O`z bandasiga qanchalar yaqinligini anglamaysizlar. O`layotgan odamga Alloh taolo uning ustida turgan qarindoshidan ko`ra yaqinroq bo`ladi.)","Agar siz hisob bermaydigan bo`lsangiz.","U(jon)ni o`rniga qaytaring-chi, agar gaplaringiz rost bo`lsa.","Agar yaqinlashtirilganlardan bo`lsa.","Rohatda, farog`atda va serne'mat jannatdadir.","Agar o`ng taraf egalaridan bo`lsa.","Bas, senga o`ng taraf egalaridan Salom bo`lsin, (deyilur).","Va agar yolg`onga chiqaruvchi gumrohlardan bo`lsa.","Bas, o`ta qaynoq suvdan ziyofat.","Va do`zaxga kirishdir.","Albatta, ushbu, ta'kidki, ochiq-oydin haqiqatdir.","Bas, ulug` Robbing ismini poklab yod et!","Osmonlardagi va yerdagi narsalar Allohga tasbih aytdi. U zot Aziyz va Hakiymdir.","Osmonlaru yerning mulki Unikidir. U tiriltirur va o`ldirur va U har bir narsaga qodirdir.","U avval va oxir, oshkor va pinhondir. Va U har bir narsani biluvchidir.[1]###[1] («Avval» — U barcha mavjudotlar yo`qligida bor edi. «Oxir» — U hamma narsa yo`q bo`lib ketganda ham O`zi qoladi. «Oshkor» — Uning mavjudligi oshkor, ochiq-oydindir. «Zohir» — U hamma narsadan-ustundir. «Pinhon» — U ko`zga ko`rinmaydi. Hammadan pinhon — maxfiy narsalarni bilib turuvchidir.)","U osmonlaru yerni olti kunda yaratib, so`ngra (Zoti va ulug`ligiga munosib suratda) Arshga yuksalgan Zotdir. Yerga nima kirganini ham, undan nima chiqqanini ham, osmondan nima tushganini ham, unga nima chiqqanini ham biladir. U, qayerda bo`lsangiz ham, siz bilan birga. Alloh qilayotgan amallaringizni ko`rib turuvchidir.[1]###[1] («Istivo» lug`atda ko`tarilish, o`rnashish va egallash ma'nolarini bildiradi. Lekin Allohga nisbatan bu ma'nolarni biz tushunganday holatda ishlatib bo`lmaydi. Shuning uchun, hamma narsani yaratgandan so`ng, Alloh ularni O`zining tasarrufiga oldi, deb sharhlanadi.)","Osmonlaru yerning mulki Unikidir va barcha ishlar Allohning O`zigagina qaytadir.","Kechasini kunduzga kiritadi, kunduzni kechasiga kiritadi va U ko`ksingizdagi narsani ham yaxshi biluvchidir.","Allohga va Uning Rasuliga iymon keltiringlar hamda sizlarni xalifa qilib qo`ygan narsalardan ehson qilinglar. Bas, sizlardan iymon keltirgan va ehson qilganlarga ulkan ajr bordir.","Sizlarga nima bo`ldiki, Allohga iymon keltirmaysizlar? Holbuki, Payg`ambar sizlarni Robbilaringizga iymon keltirishga chaqirib turibdi. U zot sizlardan ahd olgan edi. Agar iymon keltiruvchi bo`lsalaringiz.[1]###[1] (Ya'ni, Agar sizlar o`zi biror narsaga ishonuvchi bo`lsalaringiz, nima uchun Allohga ishonmayapsizlar. Holbuki, orangizda Payg`ambar yurib, sizni Parvardigoringizga iymon keltirishga chaqirib turibdi.)","U zot sizlarni zulmatlardan nurga chiqarish uchun O`z bandasiga ravshan oyatlarni tushiradi. Va, albatta, Alloh sizlarga shafqatli va rahimlidir.","Sizlarga nima bo`ldiki, Allohning yo`lida ehson qilmaysizlar? Holbuki, osmonlaru yerning merosi Allohnikidir. Sizlardan hech kim fathdan ilgari ehson qilganlarga va urushda qatnashganlarga barobar bo`la olmas. Ularning darajalari fathdan so`ng ehson qilganlardan va urushda qatnashganlardan ko`ra ulug`dir. Alloh barchaga yaxshilikni va'da qilgan. Va Alloh nima qilayotganlaringizdan xabardordir.[1]###[1] (Oyatdagi «Fath» so`zi Makkai Mukarramani Payg`ambar alayhissalom boshliq musulmonlar Madinai Munavvaradan kelib mushriklardan ozod qilish ma'nosida aytilgan.)","Allohga yaxshi qarz beradigan kishi bormi?! Bas, U zot unga bir necha marta ko`paytirib qaytaradi va unga karamli ajr bor.[1]###[1] (Alloh taolo O`z dini yo`lida sarflanadigan molu mulkni unga berilgan «yaxshi qarz»ga, ya'ni oraga sudxo`rlik va boshqa g`arazlar qo`shilmagan qarzga o`xshatmoqda. Bunda ehson, infoq qilishga katta targ`ib bordir. Chunki qarzni muhtojlar oladi, Alloh esa hech narsaga muhtojligi yo`q, balki barchaning Unga muhtojligi bor Zotdir. )","Mo`min va mo`minalarni ularning oldilarida va o`ng taraflarida nurlari harakat qilayotgan holda ko`rgan kuningda, Sizlarga bugungi kunning xushxabari, daraxtlari ostidan suvlari oqib turgan jannatlardir. U joyda abadiy qolajaksiz. Bu esa, aynan ulkan yutuqdir (deyilur).","Munofiq va munofiqalar iymonlilarga: «To`xtab turinglar, biz ham nuringizdan bir oz olaylik», degan va ularga: «Ortingizga qayting hamda nur qidiring», deyilgan kunda. Bas, ularning orasiga eshigi bor qo`rg`on urilur. Uning ichida rahmat, tashqarisida — oldida azobdir.[1]###[1] (Qiyomat kuni zulmat bo`lib, albatta, bu o`sha kunda ro`y beradigan hodisalarning bir bosqichi, xolos. Hech kim hech narsani ko`rmay qolganda, mo`minlarga nur ato qilinib, ular shodon va shahdam yurib borishadi. Shunda munofiqlar: «Bizni tashlab ketmanglar, kutib turinglar, bizga ham nuringizdan ozgina beringlar», deb yalinishar ekan. Ularga: «Ortingizga qaytib, o`zingiz nur axtaring», deyilarkan. Ular qanday qilib nur topishardi. Bu dunyoda johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqishni xohlamagan edilar. Endi oxirat zulmatlarida xoru zor bo`lishlari turgan gap.)","Ularga (munofiqlar): «Biz siz bilan birga emasmidik?!» – deb nido qilurlar. Ular: «Xuddi shunday. Lekin sizlar Allohning amri kelguncha o`zingizni o`zingiz fitnaga duchor qildingiz, ko`z tikib kutdingiz, shubha qildingiz va sizlarni xomxayollar g`ururga ketkazdi. Sizlarni Alloh haqida aldamchi aldab qo`ydi.","Bugun sizlardan ham, kufr keltirganlardan ham to`lov olinmas. Joylaringiz jahannamda, u sizning egangizdir. Qanday ham yomon borar joy!» – derlar.[1]###[1] (Munofiqlar: «Ajab emas, Islom mag`lubiyatga uchrab, musulmonlar yengilsa», degan xom xayollarga berilib, g`ururga ketadilar. Munofiqlarni shayton «Sizlar to`g`ri ish qilyapsizlar, mabodo noto`g`ri bo`lsa ham, Allohning o`zi kechiradi», deb ularni aldab qo`yadi. Qiyomat kunida ularga hech qanday najot yo`q.)","Iymon keltirganlar uchun Allohning zikriga va nozil bo`lgan haqqa qalblari yumshash, ayni chog`da, oldin kitob berilgan, so`ng muddat o`tishi bilan qalblari qotib qolgan, ko`plari fosiq bo`lganlarga o`xshamaslik vaqti kelmadimi?![1]###[1] (Agar Alloh tez-tez eslab turilmasa, Qur'on va shariatdan, din ta'limotlaridan uzoqlashilsa, inson qalbini mog`or bosadi, bag`ri toshga aylanadi. Unga Allohning zikri ham, diniy ta'limotlar ham ta'sir qilmaydigan bo`lib qoladi. Avval Tavrot va Injil kabi ilohiy kitoblar berilgan yahudiy va nasroniylarning vaqt o`tishi bilan oyatda tasvirlanganidek qalblarini mog`or bosib, qattiq bo`lib qolgan.)","Shuni bilinglarki, albatta Alloh o`lik yerni tiriltirur. Darhaqiqat, sizlarga oyatlarni bayon qildik, shoyadki, aql yuritsangizlar.","Albatta, sadaqa qiluvchi erkagu ayol hamda Allohga qarzi hasana beruvchilarga (savob) ko`paytirib berilur. Ularga karamli ajr ham bor.","Allohga va Uning Payg`ambarlariga iymon keltirgan kishilar, ana o`shalar, siddiqlardir va Robbilari huzuridagi shohidlardir. Ularning ajrlari va nurlari bor. Kufr keltirganlar va oyatlarimizni yolg`onga chiqargan kishilar, ana o`shalar do`zax egalaridir.[1]###[1] (Ushbu oyatda Allohga va Uning payg`ambarlariga iymon keltirganlar, siddiqlar, deb atalmoqda. «Siddiq» aslida so`ziga, e'tiqodiga va amaliga sodiq kishilarning sifatidir. Ular fazl va martabada payg`ambarlardan keyin turadilar. Ularning hammalariga ulug` ajr va qiyomat zulmatida yo`llarini yoritib boradigan nur bordir. Kofirlarga esa do`zax ro`para qilinadi.)","Bilingki, albatta, bu dunyo hayoti o`yin, ko`ngil ermagi va zeb-ziynatdan, o`zaro faxrlanishdan, mol-mulkni va bola-chaqani ko`paytirishdan iboratdir. U, xuddi, o`simligi dehqonlarni ajablantirgan yomg`irga o`xshaydir. Keyinroq bu o`simliklar quriydi va sarg`ayganini ko`rasan. So`ngra u xas-cho`pga aylanib ketadir. Oxiratda esa, qattiq azob bor, Allohdan mag`firat va rozilik bor. Bu dunyo hayoti g`ururga ketkazuvchi matodan o`zga hech narsa emas.[1]###[1] (Ya'ni, bu dunyo hayoti shunday bir yomg`irga o`xshaydiki, u yoqqandan so`ng chiqqan nabotot dehqonlarni hayratga soladi, zavqlantiradi. Aslida esa bu hol o`tkinchidir. Ya'ni, o`simliklar tezda quriydi, rangi sarg`ayadi va qurib, qovjirab, uqalanib ketadi. Ha, bu dunyo hayoti ham shu kabi aldamchidir. Shu bilangina ovunib qolmasligi kerak. Chunki oxiratda kofirlarga qattiq azob, mo`minlarga esa Allohning mag`firati va roziligi bor. Albatta, bu gaplar tarki dunyo qilishga, hamma narsadan yuz o`girishga chaqiriq emas. Balki mezon va o`lchovlarni to`g`ri yo`lga solishga, o`tkinchi hoy-havasdan ustun bo`lishga da'vat, xolos.)","Robbingizning mag`firatiga va Allohga hamda Uning Payg`ambarlariga iymon keltirganlar uchun tayyorlangan, kengligi osmonu yerning kengligicha bo`lgan jannatga musobaqalashing. Ana o`sha, Allohning fazli. Kimga xohlasa, beradi. Alloh ulug` fazl egasidir.[1]###[1] (Qur'oni Karim nazarida, musobaqa bu dunyo hayotining o`tkinchi hoy-havaslariga, boylikka, o`yin-kulguga emas, balki Allohning mag`firatiga va jannatga eltuvchi yaxshi amallarga qaratilishi kerak.)","Biror musiybatni paydo qilmasimizdan oldin u Kitobda bitilgan bo`lur, aks holda, yer yuzida va o`z shaxslaringizda sizga biror musiybat yetmas. Albatta, bu ish Alloh uchun osondir.","Toki, ketgan narsaga qayg`urib, kelgan narsadan xursand bo`lmasligingiz uchun. Alloh barcha dimog`dor va maqtanchoqlarni suymas.","Ular baxildirlar va kishilarni ham baxillikka buyururlar. Kim yuz o`girsa, bas, Alloh behojat va maqtalgan Zotdir.[1]###[1] (Ular baxillik qilib, kishilarni ham baxillikka buyursalar-da, Allohga hech zarari yo`q, chunki Alloh behojat, boy va maqtalgan Zotdir.)","Darhaqiqat, Biz Payg`ambarlarimizni ravshan(narsa)lar ila yubordik va ular ila kitob hamda odamlar adolatda turishlari uchun mezon tushirdik. Va temirni tushirdik — unda katta kuch-quvvat va odamlar uchun manfaatlar bor. Alloh kim O`ziga va Payg`ambarlariga g`oyibona yordam berayotganini bilishi uchun. Albatta, Alloh kuchli va aziyzdir.[1]###[1] (Oyati karimada Alloh subhanahu va taolo O`z payg`ambarlariga yubordim deyayotgan ravshan, ochiq-oydin narsalar — mo`'jizalar, shariat ahkomlari, oyatlar bo`lishi mumkin. Ushbu oyat tushgan vaqtidayoq musulmonlarni temirga e'tibor berishga, undan samarali foydalanishga da'vat qilgan edi. Temirning odamlar uchun manfaatini sanab tugatib bo`lmaydi. Oyatning oxiridagi jumlada bir-ikki nozik ma'no bor. Jumladan, temirdan yasalgan asboblarni ishlatib, Allohga va Uning payg`ambarlariga yordam beruvchilarni bilishi uchun, degan ishora. Ma'lumki, Alloh ilmining chegarasi yo`q — hamma narsani ro`y berishidan avval bilib turadi. Lekin bu oyatdagi «bilishi»ni yuzaga chiqarishi, xaloyiqqa bildirishi deb tushunmoq kerak. Shuningdek, «g`oyibona» so`zi ham Allohni va Uning payg`ambarlarini ko`rmasdan turib ularni diniga yordam beringlar, deb sharhlanadi.)","Darhaqiqat, Nuh va Ibrohimni Payg`ambar qilib yubordik hamda Payg`ambarlikni va kitobni ikkovlarining zurriyotiga xos qildik. Ular orasida hidoyat topganlar bor, lekin ularning ko`plari fosiqlardir.","So`ngra ularning ortidan Payg`ambarlarimizni ketma-ket yubordik va Iyso ibn Maryamni ham ortlaridan yubordik hamda unga Injilni berdik. Unga ergashganlarning qalblariga mehribonlik va rahimdillikni soldik. Rohiblikni o`zlari chiqarib oldilar, Biz buni ularga farz qilmagan edik, faqat o`zlari Allohning roziligini tilab qildilar, lekin haqiqiy rioyasini qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga ajrlarini berdik, lekin ularning ko`pi fosiqlardir.[1]###[1] (Rohiblik, tarki dunyochilikdan iborat bo`lib, o`rislarda, monaxlik, deyiladi. Monaxlikni ixtiyor qilgan erkak erkaklar monastirida, ayol esa ayollar monastirida, oila qurmay, dunyoni tark etib hayot kechiradilar. Qur'oni Karim bunday rohiblikni Alloh Iyso alayhissalomga ergashuvchilarga buyurmaganini, balki ular o`zlari bid'at sifatida keyinchalik o`ylab topib odat qilishganini eslatmoqda.)","Ey, iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Uning Payg`ambariga iymon keltiringlar. U zot O`z rahmatidan sizlarga ikki hissa beradir va sizlarning yurishingizga nur beradir hamda sizlarni mag`firat qiladir. Alloh kechiruvchi, rahimli Zotdir.","Toki kitob ahllari Allohning fazlidan hech narsaga qodir emasliklarini, fazl Allohning qo`lida bo`lib, xohlagan kishisiga berishini bilsinlar. Alloh ulug` fazl egasidir.[1]###[1] (Yahudiy va nasroniylar vahiy, payg`ambarlik va ilohiy kitoblar faqat bizga xos, o`zgalarga berilmaydi, deb faxrlanishar edi. Alloh taolo ularning bu da'volarini rad qilib, fazl o`zining qo`lida ekanini, kimga xohlasa, shunga ravo ko`rishini, shu jumladan, arablardan bo`lgan Muhammad alayhissalomga berishini ta'kidlamoqda.)"]