["Albatta, Alloh sen bilan o`z eri haqida tortishayotgan va Allohga shikoyat qilayotgan(ayol)ning so`zini eshitdi. Ha, Alloh ikkovingizning gaplashuvingizni eshitmoqda. Albatta, Alloh eshituvchi va ko`ruvchidir.[1]###[1] (Ya'ni, Alloh taolo uy ichida, Payg`ambar alayhissalom bilan pichirlashib gaplashgan Havla Binti Sa'labaning so`zlarini eshitgandek, dunyoda bo`layotgan barcha ishlarni ko`rib turadi. Uning uchun hech bir narsa maxfiy emasdur.)","Ichlaringizda o`z xotinlaridan zihor qiladiganlar (bilib qo`ysinlarki), ular alarning onalari emas. Tuqqan onalaridan o`zga hech kim ularga ona emaslar. Va, albatta, ular inkor qilingan va g`irt yolg`on so`zlarni ayturlar. Va, albatta, Alloh kechiruvchi va mag`firat qiluvchidir.","Xotinlardan zihor qilganlar o`z aytganlaridan qaytsalar, (qayta) qo`shilmaslaridan avval bir qul ozod qilsinlar. Bu (hukm) va'zlanishingiz uchundir. Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.","Kim (qul) topmasa, bas (qayta) qo`shilmasdan avval ikki oy ketma-ket ro`za tutsin. Kim (ro`za tutishga) qodir bo`lmasa, oltmish miskinni to`yg`azsin. Bu (hukm) Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirishingiz uchundir. Va bu(hukm)lar Allohning chegaralaridir. Va kofirlarga alamli azob bor.","Albatta, Allohga va Uning Rasuliga dushmanlik qiladiganlar, ulardan avvalgilar xor bo`lganidek, xor bo`lurlar. Holbuki, batahqiq, Biz ochiq-oydin oyatlarni tushirib qo`yganmiz. Va kofirlarga xorlovchi azob bor.","Alloh barchalarini qayta tiriltiradigan kunda, qilgan ishlarining xabarini berur. Alloh hisoblab turgan, ular esa unutganlar. Holbuki, Alloh har bir narsaga shohiddir.","Albatta, Alloh osmonlaru yerdagi barcha narsalarni bilishini anglamadingmi? Agar uchtaning sirli so`zlashuvi bo`lsa, albatta, U zot to`rtinchidir. Beshtaniki bo`lsa, U zot oltinchidir. Bundan oz bo`lsa ham, ko`p bo`lsa ham va qayerda bo`lsalar ham, albatta, Alloh ular bilandir. So`ng qiyomat kunida ularga qilgan ishlaridan xabar beradir. Albatta, Alloh har bir narsani biluvchidir.","Sirli so`zlashuvdan qaytarilganlarni ko`rmadingmi?! Man etilgan ishga yana qayturlar, gunoh va dushmanlik ila va Payg`ambarga osiy bo`lib, sirli so`zlarlar. Va huzuringga kelsalar, sen bilan Alloh o`rgatmagan tarzda so`rashurlar. Va ichlarida, shu gapimiz uchun Alloh bizni azoblamasa edi, derlar. Ularga jahannam kifoyadir, unga kirurlar. U qandoq ham yomon joy![1]###[1] (Yahudiylar har bir narsada hiyla ishlatib, Rasulullohga va musulmonlarga yomonlik qilishning payida bo`lardilar. Hattoki ular salomlashish paytida ham «As-Salomu alaykum (sizga tinchlik bo`lsin)» deyish o`rniga, «As-Somu alaykum (sizga o`lim bo`lsin)» deb sezilmaydigan qilib aytishardi.)","Ey, iymon keltirganlar! Qachon sirli suhbat qilsangiz, gunoh, dushmanlik va Payg`ambarga ma'siyatga sirli suhbat qilmangiz. Yaxshilik va taqvoga sirli suhbat qilingiz. Huzuriga to`planib boradiganingiz Allohga taqvo qilingiz.[1]###[1] (Musulmonlar o`zaro suhbatlarida doimo bir-birlarini yaxshilikka va taqvoga chorlashlari lozim. Afsuski, hozir bu qur'oniy ta'limotlar bizning oramizdan yo`qolgan. O`zaro suhbatlar yolg`on, bo`hton, tuhmat va g`iybatdan iborat bo`lib qolmoqda. Bu esa musulmonlarning na odobiga, na sha'niga to`g`ri keladi.)","Albatta, iymonlilarni ranjitish uchun qilingan sirli suhbat shaytondandur, Allohning izni bilan qilingan sirli suhbatgina ularga hech zarar yetkazmas. Mo`minlar Allohning O`ziga tavakkal qilsinlar.[1]###[1] (Odatda ikkita-ikkita yoki ko`proq bo`lib olib, jamoatdan ajrab pichir-pichir qilib gaplashish ko`rib turganlar qalbiga shubha soladi. «Bizdan berkitib bular nimaningdir maslahatini qilishayotgan ekan», degan xayolga olib boradi. Buning ustiga, shayton: «Sening zararingga maslahat qilishyapti, bo`lmasa oshkora gapirishardi», deb vasvasa qiladi. Shunday qilib, qarabsizki, jamiyat a'zolari ichida bir-biriga ishonchsizlik yuzaga keladi.)","Ey, iymon keltirganlar! Agar sizlarga majlislarda «Siljibroq o`tiring» deyilsa, bas, siljing, agar «Turing» deyilsa, turing. Alloh sizlardan iymon keltirganlarning va ilm berilganlarning darajalarini ko`taradir. Alloh nima qilayotganlaringizdan xabardordir.[1]###[1] (Musulmonlar Payg`ambar alayhissalom majlislarida iymon va ilm olardilar. Shuning uchun ham hamma katta qiziqish bilan, iloji boricha, u zotga yaqinroq o`tirishni xohlardi. Ushbu oyat nozil bo`lgach, ilm olish majlisini hammaga keng targ`ib qilish zarurligi eslatilib, majlis ahlining barchasiga joy berishni yo`lga qo`yishga da'vat etildi.)","Ey, iymon keltirganlar! Agar Payg`ambar bilan sirli suhbat qilmoqchi bo`lsangiz, sirli suhbatingizdan avval sadaqa bering. Shundoq qilmog`ingiz o`zingiz uchun yaxshiroqdir va (qalbingiz uchun) pokroqdir. Agar (sadaqaga narsa) topmasangiz, albatta Alloh kechiruvchi va rahimlidir.[1]###[1] (Payg`ambar alayhissalom bilan munojot (suhbat) qilishdan avval sadaqa berishga da'vat etilgan buyruqning bir necha hikmatlari bor. Payg`ambar alayhissalomning vaqtlarini bekor ketkazmaslik; kambag`allarga foyda bo`lishi; muxlis va munofiqlarni ajratish va hokazo.)","Sizlarga sirli suhbatingizdan avval sadaqa berish og`ir keldimi? Agar (buyruqni) bajarmasangiz, (mayli) Alloh afv qildi. Bas, namoz o`qingiz va zakot beringiz. Va Allohga va Uning Payg`ambariga itoat qilingiz. Alloh qilayotgan ishlaringizdan xabardordir.[1]###[1] (Alloh taolo avvalgi hukmini bekor qilmasa yoki undan ham og`irroq hukmni joriy qilsa bo`laverar edi. Lekin Alloh taolo o`zini unutib qo`ygan ba'zi kishilarni ogohlantirib bo`lgach, yana ko`pchilikka rahm qilib, avvalgi O`z hukmini bekor qildi.)","Allohning g`azabiga duchor bo`lgan qavmni do`st tutganlarni ko`rmaysanmi? Ular sizlardan ham emas, ulardan ham emas. Bilib turib, yolg`onga qasam icharlar.","Alloh ular uchun og`ir azobni tayyorlagan. Ularning qilayotgan ishlari naqadar yomon!","Ular qasamlarini o`zlari uchun qalqon qilib oldilar. Bas, Allohning yo`lidan to`sdilar. Ularga xorlovchi azob bordir!","Mollari ham, bolalari ham ulardan Alloh(azobi)dan hech narsani qaytara olmas. Ana o`shalar do`zax ahlidurlar. Ular unda abadiy qolurlar.","Alloh ularning barchasini qayta tiriltiradigan kunda, xuddi sizlarga qasam ichganlaridek, Unga ham qasam icharlar, va biror narsaga erishamiz, deb o`ylarlar. Ayo, ogoh bo`ling, ular, ha, ular yolg`onchidirlar.","Shayton ularni egallab olgan va Allohning zikrini unuttirgan. Undoq kishilar shayton firqasidandirlar. Ayo, ogoh bo`linglar, shayton firqasidagilar, ha, o`shalar yutqazuvchidirlar.[1]###[1] («Bandanni shayton egallab olishining alomati shulki, uni sirtini yaltiroq qilish bilan mashg`ul qilib qo`yadi. Yaxshi yeyish, yaxshi ichimlik ichish, yaxshi liboslar kiyishga urintirib, Allohning ne'matlariga shukr keltirishdan chalg`itadi. Tilida yolg`on, bo`hton va g`iybatni gapiradi-yu, Allohning zikrini unutadi».)","Albatta, Allohga va Uning Rasuliga dushmanlik qiluvchilar xor bo`lganlardandir.","Alloh: «Men va Mening Rasullarim g`alaba qilamiz», deb hukm qilgan. Albatta, Alloh quvvatli va g`olibdir.","Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan qavmning Alloh va Uning Rasuliga dushmanlik qiluvchilarga do`stlik qilganlarini topmassan. Hatto, u(dushman)lar o`z otalari, bolalari, aka-ukalari yoki qarindoshlari bo`lsa ham. Alloh undoq kishilarning qalblarida iymonni sobit qilgan, ularni O`z huzuridan bir ruh bilan qo`llagandir. Va ularni ostidan suvlar oqib turgan jannatlarga kiritur. Ular unda abadiy qolurlar. Alloh ulardan rozi bo`lur. Ular Allohdan rozi bo`lurlar. Unday kishilar Allohning firqasidandirlar. Ayo, ogoh bo`linglar, albatta, Allohning firqasidagilar, ha, o`shalar yutuvchilardir.[1]###[1] (Allohning rizoligini topish... Kimki yaratgan Robbisi rizoligini topmas ekan, mabodo uning iymoni saqlab qolmasa, bu yolg`onchi dunyoda umri aldanish bilan, oxiratda esa faqat azobga duchor bo`lish bilan intiho topadi.)","Osmonlardagiyu yerdagi barcha narsalar Allohni poklab yod etdi. U zot aziyz va hikmatli Zotdir.","U zot ahli kitobdan bo`lgan kofirlarni o`z diyorlaridan birinchi hashr uchun chiqargan Zotdir. Ularni chiqar deb o`ylamagan edingiz. O`zlari ham, qo`rg`onimiz bizni Alloh(azobi)dan saqlab qolur, deb o`ylashardi. Alloh ular o`ylamagan tarafdan oldi va ularning qalbiga qo`rqinch soldi. Uylarini o`z qo`llari bilan va mo`minlarning qo`llari bilan buza boshladilar. Ibrat oling, ey, aql egalari![1]###[1] (Yahudiylar qo`rg`onlariga ishonib, bizga hech qanday yomonlik yetishi mumkin emas, deb xotirlari jam edi. Lekin Alloh taolo ular o`ylamagan, xayollariga kelmagan ishni amr qildi. Qo`rg`onlar joyida qolib, yahudiylarning qalblaridan putur ketdi. Alloh ularning qalblariga qo`rqinch va vahima soldi. Ana shunda, biz ko`chib ketsak, bu qo`rg`onlar musulmonlarga qolmasin, deya uylarini o`zlari buza boshladilar. Musulmonlar qamal davomida binolarga tashqaridan putur yetkazdi. Oqibatda mustahkam qo`rg`onlar vayron bo`ldi. Bu voqea aqli bor har bir kishiga o`rnak bo`larlik bir ogohlantirishdir. Demak, bandasi qanchalik xom xayol qilmasin, Xudoning buyurgani bo`ladi.)","Mabodo, Alloh ularga ko`chishni yozmaganda ham, bu dunyoda ularni azoblar edi. Va ularga oxiratda do`zax azobi bordur.[1]###[1] (Inson oxiratda bu dunyoda qilgan gunoh amallariga yarasha jazo olishi muqarrar. Yahudiylarning ko`chirilishi, ular uchun nisbatan yengil azobdir.)","Unday bo`lishi ular Allohga va Uning Rasuliga xilof qilganlari uchundir. Kimki Allohga xilof qilsa (unutmasinki), bas, albatta, Alloh azobi shiddatli Zotdir.","Sizning xurmoni kesganingiz yoki aslida tik qoldirganingiz, faqat, Allohning izni bilan va buzg`unchilarni xorlashi uchun bo`ldi.[1]###[1] (Xurmo daraxtining eng yaxshi navi «liynatin» deb ataladi. Oyat tafsirida ta'kidlanganidek, ba'zi xurmo daraxtlarini kesib, ba'zilarining qoldirilishi buzg`unchilik uchun emas, balki Allohning izni bilan bo`ldi. Islom shariatida urush paytida ham o`simlik va hayvonot dunyosiga zarar keltirish qat'iyan man qilinadi. Bu boqiy hukmdir. Lekin Bani Naziyr hodisasida Alloh taolo O`zi ularni ba'zi xurmo daraxtlarini kesib o`t qo`yishga izn bergan.)","Alloh O`z Rasuliga ulardan qaytarib bergan narsaga sizlar ot yoki tuya choptirib bormadingiz. Lekin Alloh O`z Payg`ambarini, kimning ustidan xohlasa, g`olib qiladi. Alloh har bir narsaga qodirdir.[1]###[1] (Bu oyatda Alloh taolo qo`lga tushgan mol-mulk uchun musulmonlar tuya minib, ot choptirib qiynalmaganlarini, bu narsalarni Payg`ambariga Allohning O`zi, O`z qudrati bilan berganini eslatmoqda.)","Alloh O`z Rasuliga shahar-qishloq ahlidan qaytarib bergan narsa... Allohgadir va Uning Rasuliga va yaqin qarindoshlariga, yetimlarga va miskinlarga va ko`cha o`g`illarigadir. Sizlardan boylaringiz orasida aylanadigan narsa bo`lib qolmasligi uchun. Payg`ambar sizga nimani bersa, o`shani olinglar va nimadan qaytarsa, o`shandan qaytinglar. Allohdan qo`rqinglar. Albatta, Alloh azobi zo`r Zotdir.[1]###[1] (Alloh taolo yahudiylar qoldirgan mollarni «qaytarilgan mol» deb nomlayapti. Aslida, mol Allohniki, Bani Naziyrga bergan molini endi Payg`ambariga qaytardi. Aslida o`ljalarni jihodda qatnashgan mujohidlarga taqsimlanadi. Ammo bu safar o`lja urushsiz qo`lga tushgani uchun ushbu va keyingi oyatda zikri kelgan: Alloh, Allohning Rasuli, Payg`ambar alayhissalomning yaqin qarindoshlari, safarda og`ir ahvolga tushganlar, yetim, miskin va faqir muhojirlarga taqsimlanmoqda.)","O`z diyorlaridan va mol-mulklaridan judo qilingan faqir muhojirlargadir. Ular Allohdan fazl va Uning roziligini umid qiladilar. Allohga va Uning Rasuliga yordam beradilar. O`shandoq kishilar sodiqdirlar.","U(muhojir)lardan avval bu joy(Madina)da yashagan va iymonga (ixlos qilganlar). Ular yurtlariga hijrat qilib kelganlarni sevarlar va ularga berilgan narsalarga qalblarida hasad qilmaslar. Va gar o`zlarining hojatlari bo`lsa ham, ularni o`zlaridan ustun qo`yarlar. Kim o`z nafsining baxilligidan saqlansa, undoq kishilar, ha, o`shalar yutuvchilardir.[1]###[1] (Madinalik musulmonlar Payg`ambar alayhissalomga va muhojirlarga yordam berganlari uchun «Ansorlar» deb nomlanganlar. Ushbu oyat ansorlarning insoniyat tarixida misli ko`rilmagan saxovatlariyu odamgarchiliklarini vasf qilmoqda.)","Ulardan keyin kelganlar: «Ey Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o`tgan birodarlarimizni mag`firat qilgin, iymon keltirganlarga qalbimizda nafrat (paydo) qilmagin. Ey Robbimiz, albatta, Sen shafqatli va mehribonsan», derlar.[1]###[1] (Oyati karimada Islom ummatining avvali bilan oxirini bog`lab turuvchi ip namoyon bo`lmoqda. Keyin kelgan musulmon avlodi, kim bo`lishidan qat'iy nazar, o`zidan avval o`lib ketganlarni yaxshilik bilan eslab, ularning haqqiga xayrli duolar qiladilar. O`lganlarni so`kish, ularni xorlash musulmonlarga munosib ish emas. Islom ummatining o`ligiyu, tirigi, avvaliyu oxiri bir xilda e'zozga loyiqdir.)","Nifoq qilganlarning ahli kitobdan bo`lgan o`z birodarlariga: «Agar sizlar (diyorlaringizdan) quvilsangiz, biz ham sizlar bilan ketamiz, sizni qo`yib hech qachon hech kimga itoat qilmasmiz va mabodo sizlarga urush qilinsa, albatta yordam berurmiz», deyishlarini ko`rmaysanmi?[1]###[1] (Munofiqlar ahli kitob bo`lmish yahudiy qabilasi Bani Naziyrga kelib: «Muhammaddan qo`rqmanglar, biz sizlar bilan birgamiz. Mabodo o`z yurtlaringdan chiqib ketishga majbur bo`lsalaringiz, biz ham sizga qo`shilib chiqib ketamiz. Agar Muhammad sizga qarshi urush qiladigan bo`lsa, biz sizlarga yordam beramiz», deyishgan.)","Albatta, agar u(yahudiy)lar chiqarilsalar, (munofiqlar) ular bilan birga chiqmaslar. Va, albatta, agar u(yahudiy)larga (qarshi) urush qilinsa, (munofiqlar) yordam bermaslar. Bordi-yu, yordam berganlarida ham, ortlariga qarab qocharlar va ular yordamsiz qolarlar.","Albatta, ularning qalblariga Allohdan ko`ra sizlar ko`proq qo`rqinchli tuyulasizlar. Chunki, ular yaxshi anglamaydigan qavmdir.[1]###[1] (Munofiqu kofirlar Allohdan ko`ra mo`min-musulmonlardan ko`proq qo`rqadilar. Agar Allohning O`zidangina qo`rqanlarida edi, munofiq ham, kofir ham bo`lmas edilar.)","Sizlarga qarshi uyushib, ochiq urush qila olmaslar, balki qo`rg`on bilan o`ralgan qishloqlarda yoki devorlar ortiga bekinib olib urush qilurlar. O`z oralarida adovatlari shiddatli. Ularni bir deb o`ylaysan. Holbuki, qalblari tarqoqdir. Bu hol ularning aql yuritmaydigan qavm ekanliklaridandir.[1]###[1] (Tabiiyki, ixtiloflar tufayli istaklar, maqsadlar, firqalar va shiorlar ko`payadi. Bu esa har bir millatni halokatga olib boradi.)","Bu, xuddi, yaqinda o`z qilmishlarining oqibatini tatib ko`rganlarga o`xshashdir. Va ularga (oxiratda) alamli azoblar bor.[1]###[1] (Bu oyatda, Bani Naziyr ahli ham xiyonat, isyon tufayli xuddi ulardan avvalgi Bani Qayniqo' ahli tushgan holga tushganlari eslatilmoqda.)","Bu, xuddi, shayton insonga, «kofir bo`l», degan paytga o`xshaydir. U kufr keltirganda esa: «Sen bilan mening ishim yo`q, men olamlar Robbi — Allohdan qo`rqaman», dedi.","Bas, ularning oqibatlari bir — albatta, ikkovlari ham do`zaxda bo`lurlar, u yerda abadiy qolurlar. Va bu zolimlarning jazosidir.[1]###[1] (Bani Naziyr qabilasi ushbu jonli misol bilan xotima topadi.)","Ey, iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar! Har kim ertalik kun uchun nima qilganiga nazar solsin. Allohga taqvo qilinglar! Albatta, Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir.[1]###[1] (Qiyomat nisbatan juda yaqin vaqt, shuning uchun ham u «erta» deyiladi. Demak, har bir inson qiyomat kuni uchun nima ish qilganini o`ylab qo`yishi kerak.)","Allohni unutganlarga o`xshagan bo`lmanglar. U zot ularga o`z shaxslarini unuttirdi. Undoq kishilar fosiqdirlar.[1]###[1] (Allohni unutgan odam bu dunyoda uni oliy maqom bilan bog`lab turuvchi aloqani yo`qotadi. Uni boshqa jonzotlardan ajratib turadigan oliy maqsaddan mahrum bo`ladi. Va nihoyat, o`zining insonligini unutadi.)","Olov egalari va jannat egalari teng emaslar. Jannat egalari yutuqqa erishganlardir.","Agar ushbu Qur'onni toqqa tushirganimizda edi, uning Allohdan qo`rqqanidan titrab-qaqshab, parchalanib ketganini ko`rar eding. Ushbu misollarni odamlarga keltirurmiz, shoyadki, ular fikr yuritsalar.","U — Alloh Undan o`zga iloh yo`q Zotdir. U g`oyibni ham, oshkorni ham biluvchidir. U mehribon va rahimlidir.","U — Alloh Undan o`zga iloh yo`q Zotdir. U — Malik, U — Quddus, U — Salom, U — Mu'min, U — Muhaymin, U — Aziyz, U — Jabbor, U — Mutakabbirdir. Alloh ular shirk keltirayotgan narsalardan pokdir.[1]###[1] (Malik — haqiqiy egadir, Undan o`zga ega yo`q. Shuning uchun bandalar faqat unga qul bo`ladilar. Quddus — barcha ayblardan xoli, noloyiq sifatlardan pok. Mutlaq muqaddaslik va mutlaq poklik Allohning O`zigagina xosdir. Salom — nuqsonlardan salomat, shuningdek, tinchlik-xotirjamlik va rohat beruvchi zot. Alloh «Salom» sifati ila bandalarga tinchlik, omonlik, xotirjamlik ato qiladi. Mo`min — iymon va omonlikni beruvchi. Muhaymin — hamma narsani qamrab oluvchi, ya'ni Alloh bandalarning barcha holatlarining guvohi bo`lib turadi, undan hech narsa maxfiy qolmaydi. Aziz — barchaning ustidan g`olib. Jabbor — oliy qadar, ulug`, Uning oldida o`zgalar o`zini xor tutadi. Mutakabbir — kibiryosi va ulug`ligi mubolag`ali zot.)","U — Alloh — Xoliq, Bori', Musovvirdur. Barcha go`zal ismlar Unikidir. Osmonlaru yerdagi barcha narsalar Uni poklab yod etadilar. Yana U — Aziyz va Hakiymdir.[1]###[1] (Xoliq — yaratuvchi. Bari'u — yo`qdan bor qiluvchi. Musavvir — maxluqotlarning suvratini shakllantiruvchi zot. Dunyodagi barcha chiroyli ismlar Allohnikidir. Hadisi sharifda Allohning to`qson to`qqizta chiroyli ismi zikr qilingan. Osmonda bo`lsin, yerda bo`lsin, dunyodagi barcha narsalar Alloh taoloni poklab yod etadi, lekin biz ularning tasbihini tushunmaymiz. U Alloh g`olibdir va hakim-barcha ishlarni hikmat bilan qiluvchi Zotdir.)","Ey, iymon keltirganlar! Agar Mening yo`limda jihod qilib va roziligimni so`rab chiqqan bo`lsangiz, Mening dushmanlarimni va o`zingizning dushmanlaringizni do`st tutmanglar. Sizlar ularga do`stlik qilasizlar, ular bo`lsa, sizlarga kelgan haqqa kufr keltirurlar. Robbingiz bo`lmish Allohga iymon keltirganingiz uchun, Payg`ambarni va sizni haydab chiqarurlar. Siz ularga do`stlik qilib sir aytursiz. Holbuki, Men nimani maxfiy tutganingizniyu nimani oshkor qilganingizni juda yaxshi bilurman. Oralaringizda kim o`sha ishni qilsa, to`g`ri yo`ldan adashgan bo`lur.[1]###[1] (Allohning va musulmonlarning dushmanlariga do`stlik qiluvchi kishilar bilib qo`ysinlarki, ular musulmonlarga kelgan haqqa — Qur'on va Islomga kofir bo`lganlar. Bu ham yetmaganidek, Payg`ambarning va mo`minlarning iymonlarini ayb hisoblab, o`z diyorlaridan haydab chiqarganlar. Shuning uchun u mushriklarni do`st tutmaslik kerak. Birov bilmaydi, deb ularga sir aytmang, Alloh taolo siru oshkor barcha amallaringizni bilib turuvchi Zotdir.)","Agar ular sizdan ustun kelsalar, sizga dushman bo`lurlar va sizlarga qo`llariyu tillari bilan yomonlik yetkazishga intilurlar. Va sizlarning kofir bo`lishlaringizni xohlarlar.","Qarindoshlaringiz va farzandlaringiz sizga hech manfaat bera olmaslar. Qiyomat kuni U zot oralaringizni bo`ladir. Alloh nima qilayotganingizni ko`rib turguvchidir.","Haqiqatan, sizlarga Ibrohim va u bilan birga bo`lganlarda yaxshi o`rnak bor. Ular: «Biz sizdan va siz ibodat qilayotgan narsadan bezormiz, sizga kufr keltirdik, endi, toki yagona Allohga iymon keltirmagunlaringizcha, oramizda doimiy adovat va kuchli nafrat paydo bo`ldi», dedilar. Ammo, Ibrohimning otasiga qarata: «Albatta, sen uchun istig`for aytaman. Sendan Alloh(azobi)dan biror narsa qaytarishga molik emasman», degan so`zida (o`rnak yo`q). «Ey Robbimiz, faqat Senga tavakkal qildik, faqat Sengagina qaytdik va qaytib boradigan joy ham faqat Sengaginadir».[1]###[1] (Ibrohim Payg`ambar otalariga rahmlari kelib: «Albatta, sen uchun istig`for aytaman», deya va'da berganlar. Lekin otaning iymonga kelmasligiga ko`zlari yetgach, «Sendan Allohning azobini qaytarishga molik emasman», deb qo`shib qo`yganlar.)","«Ey Robbimiz, bizni kofirlarga fitna qilib qo`ymagin va bizni kechirgin. Ey Robbimiz, albatta Sen, O`zing o`olibsan va Hakiymsan».","Albatta, kimning Allohdan va qiyomat kunidan umidi bo`lsa, shular uchun ularda yaxshi o`rnak bor edi. Lekin kim yuz o`girsa (bilib qo`ysinki), Alloh behojat, maqtalgan Zotdir.","Shoyadki, Alloh sizlar bilan ular ichidagi dushmanlaringiz o`rtasida do`stlik paydo qilsa, Alloh bunga qodirdir. Alloh kechiruvchi va rahiymlidir.[1]###[1] (Alloh taolodan «shoyadki» kalimasi sodir bo`lsa, albatta, voqelikda sodir bo`lishi shart. Bu va'da Makkai Mukarrama fath bo`lishi bilan amalga oshdi. Mushriklar to`p-to`p bo`lib Allohning diniga kirdilar va musulmonlar bilan do`st-birodar bo`ldilar. Qalblaridagi dushmanlik tuyg`ulari ham ko`tarildi.)","Alloh sizlarni diniy urush qilmagan va diyorlaringizdan quvib chiqarmaganlarga yaxshilik va adolat qilishdan qaytarmas. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni yaxshi ko`radir.","Albatta, Alloh sizlarni diniy urush qiluvchilar, diyoringizdan chiqaruvchilar va chiqarilishingizga yordam berganlarga do`stlik qilishdan qaytaradir. Ularni do`st tutganlar zolim kishilardir.[1]###[1] (Alloh taolo bu oyati karimada mo`min-musulmonlarni boshqa millat va diyonat vakillari bilan agar ular musulmonlarga diniy adovat ila urush qilmasa va ularni siquvga olib o`z diyorlaridan chiqarib yuborishga urinmasa, yaxshi aloqada bo`lishga buyurmoqda va ularga nisbatan adolatli bo`lishni ta'kidlamoqda. Ammo kimki musulmonlarga diniy adovat tufayli urush ochsa, ularni diyorlaridan chiqarsa yoki dushmanlariga ularni diyorlaridan chiqarishda yordam bersa, albatta, unday kishilarni do`st tutib bo`lmaydi. Bu ham ayni adolatdir.)","Ey, iymon keltirganlar! Agar sizlarga mo`minalar hijrat qilib kelsalar, ularni imtihon qilib ko`ringlar. Alloh ularning iymonini bilguvchidir. Bas, mo`minaliklarini bilsangiz, ularni kofirlarga qaytarib yubormang. Bu(ayol)lar ularga halol emas va ular ham bularga halol bo`lmaslar. Va u(kofir)larga nafaqa qilgan narsalarini beringlar. Va agar u(ayol)larni mahrlarini berib, nikohlab olsangizlar, sizlarga gunoh bo`lmas. Kofir xotinlaringizni nikohlaringizda ushlab turmanglar. Nafaqa qilgan narsalaringizni so`ranglar, ular ham nafaqa qilgan narsalarini so`rasinlar. Bu, sizlarga Allohning hukmidir. U, orangizda hukm qiladir. Alloh bilguvchi va hikmatlidir.[1]###[1] (Dushman tarafdan kelgan har bir kishini ham quchoq ochib kutib olinavermaydi. Chunki, dushman josus yuborishi ham mumkin. Shuning uchun Alloh taolo imtihon qilib ko`rishni amr qilmoqda. Ushbu oyati karima tushguncha musulmonlardan ba'zilari mushrika xotinlari bilan birga yashayotgan edilar. Oyat tushgandan so`ng ularni taloq qildilar.)","Agar ayollaringizdan birortasi kofirlarga o`tib ketsa, urushda tushirilgan o`ljadan xotini ketib qolganga u nafaqa qilgan miqdorni beringiz. O`zingiz iymon keltirgan Allohdan qo`rqing.","Ey Nabiy! Agar mo`minalar senga Allohga hech narsani shirk keltirmaslik, o`g`rilik qilmaslik, zino qilmaslik, bolalarini o`ldirmaslik, qo`llari va oyoqlari orasidan bo`hton to`qib keltirmaslik va senga yaxshilik ishda isyon qilmaslikka bay'at qilib kelsalar, ularning bay'atini qabul qil. Va Allohdan ularning gunohini kechishni so`ra. Albatta, Alloh gunohlarni kechiruvchi va mehribondir.[1]###[1] (Ahdnoma (bay'at) berish — Islom rahbariga o`zining sodiqligini bayon qilib va'da berishdir. Payg`ambar alayhissalom er musulmonlardan avvallari ahdnoma olgan edilar. Ayollardan esa ushbu oyat tushgandan so`ng ola boshlaganlar.)","Ey, iymon keltirganlar! Allohning g`azabiga uchragan qavmni do`st tutmanglar. Kofirlar qabr egalaridan umid uzganlaridek, ular ham oxiratdan umid uzganlar.","Osmonlaru yerdagi barcha narsalar Allohga tasbih aytadi. U zot g`olib va hikmat egasidir.","Ey, iymon keltirganlar! Nima uchun qilmagan narsalaringizni gapirasiz?!","Qilmaydigan narsangizni gapirishingiz Allohning nazdida qattiq yomon ko`rilgandir.[1]###[1] (Jihod farz qilinishidan avval bir guruh mo`minlar, agar Alloh taolo bizni O`zi eng suyadigan amalga buyurganda edi, uni bajarib ulkan savoblarga erishardik, deb orzu qilib yurishardi. Shunda Alloh Payg`ambar alayhissalomga vahiy yuborib, jihodni farz qildi, ammo avval gapirib yurganlarga bu amr mashaqqatli tuyuldi, og`ir botdi. Shundan so`ng, Alloh taolo yuqoridagi oyatlarni tushirib, ularni ogohlantirdi. Bundan kamida ikkita ibrat chiqadi: birinchisi — jihod Alloh naqadar suygan amallardan ekanini hamda ikkinchisi — aytganiga amal qilish eng oliy darajadagi martaba ekanini bilamiz. Bu gaplar har bir islom ummatiga tegishlidir. Qaysi ummat — millat shunga amal qilsa, Alloh oldida ulkan savobga, hayotda esa ulkan taraqqiyotga erishadi.)","Albatta, Alloh O`z yo`lida xuddi jips binodek bo`lib, safda turib urush qiladiganlarni yaxshi ko`radir.[1]###[1] (Alloh taolo mo`minlar jamiyatini doimo birdam, hamfikr va jipslashgan bo`lishini xohlaydi. Bu oyatda esa urushda ham birdam bo`lishga, jipslashib, dushmanni bir jabha bo`lib qarshi olishga buyurmoqda.)","Muso o`z qavmiga: «Ey qavmim, Allohning Rasuli ekanimni bilib turib yana nima uchun menga ozor berasiz», deganini esla. Ular (haqdan) burilgan edilar, Alloh ularning qalbini burib qo`ydi. Alloh fosiq qavmlarni hidoyat qilmas.","Iyso ibn Maryam: «Ey, Bani Isroil, albatta, men o`zimdan oldin kelgan Tavrotni tasdiqlash va mendan keyin keluvchi Ahmad ismli Rasulning bashoratini berish uchun Alloh sizlarga yuborgan Payg`ambarman», deganini esla. Qachonki u(Ahmad) ularga haq bilan kelgan vaqtda esa, bu ochiq-oydin sehrdir, dedilar.","Islomga da'vat qilinib turganida Allohga nisbatan yolg`on to`qigan kimsadan ham zolimroq kishi bormi? Holbuki, Alloh zolimlarni hidoyatga solmas.[1]###[1] (Ya'ni, inson Islomga da'vat qilinsa, ikki dunyoning saodatiga erishtiruvchi dinga chaqirilsa, uni xursandlik bilan qabul qilishning o`rniga, Allohga nisbatan yolg`on to`qisa, haqiqatdan u dunyodagi eng ashaddiy zolim hisoblanadi. Undaylarning Alloh taologa nisbatan to`qigan yolg`onlari turlicha bo`ladi.)","Og`izlari bilan Allohning nurini o`chirmoqchi bo`ladilar. Holbuki, Alloh, kofirlar yoqtirmasa ham, o`z nurini tugal etguvchidir.[1]###[1] (Islom dinini yo`q qilish uchun urinuvchilarning harakati quyoshning shu'lasini og`iz bilan puflab o`chirishga harakat qilishga o`xshaydi.)","U zot O`z Rasulini hidoyat va haq din bilan barcha dinlardan ustun qilish uchun yuborgan Zotdir. Garchi mushriklar yoqtirmasalar ham.","Ey, iymon keltirganlar! Sizlarni alamli azobdan najot toptiruvchi tijoratga dalolat qilaymi?","Allohga va Uning Rasuliga iymon keltirasizlar hamda Uning yo`lida molingiz va joningiz bilan jihod qilasizlar. Shundoq qilmoqlaringiz, agar bilsangizlar, o`zlaringiz uchun yaxshidir.","Gunohlaringizni kechirur va sizlarni adn jannatidagi (daraxtlari) ostidan anhorlar oqib turgan bog`larga va yaxshi maskanlarga kiritur. Bu narsa siz uchun ulug` yutuqdir.","Va sizlar yaxshi ko`radigan boshqasi ham bor. Allohdan yordam va yaqin zafar. Va mo`minlarga bashorat ber.[1]###[1] (Ushbu oyat Qur'oni Karimning g`oyibdan bergan xabarlaridan bo`lib, ulkan mo`'jiza hamdir. Chunki u Makkai Mukarrama fath etilishidan avval tushgan. Bundan bir oz vaqtdan keyin Alloh taolo ushbu oyatda bergan va'dasi ustidan chiqdi. Allohning yordami bo`lib, Makka musulmonlar qo`liga o`tdi. So`ng tezda butun Arabiston yarim roliga Islom dini tarqaldi.)","Ey, iymon keltirganlar! Allohning yordamchilari bo`ling! Iyso ibn Maryam havoriylarga: «Kim Alloh uchun mening yordamchim(bo`ladi)?» deganida, havoriylar: «Biz Allohning yordamchilarimiz», dedilar. Bas, Bani Isroildan bir toifa iymon keltirdi va bir toifa kofir bo`ldi. Bas, Biz iymon keltirganlarni dushmanlari ustidan qo`llab-quvvatladik. Va ular g`olib bo`ldilar.[1]###[1] (Havoriylar Iyso alayhissalomning shogirdlari, u kishiga yaqin odamlardir. Alloh taolo bu oyati karimada musulmonlarni Islom diniga xizmat qilishga chaqirmoqda va bu xizmatni Allohga yordamchi bo`lish, deb atamoqda.)","Osmonlaru yerdagi barcha narsalar Malik, Quddus, Aziyz va Hakiym bo`lgan Allohga tasbih aytadir.","U zot savodsizlar ichidan, garchi ular bundan avval ochiq zalolatda bo`lsalar ham, ularga oyatlarini o`qib beradigan va ularni poklaydigan hamda kitobni va hikmatni o`rgatadigan Payg`ambarni yubordi.[1]###[1] (O`sha davr arablari ummiy qavm deyilgan, chunki ularning ichlarida o`qish-yozishni biladiganlari juda oz bo`lgan. Payg`ambarimiz Muhammad alayhissalom o`qish-yozishni mutlaqo o`rganmaganlar.)","Va hozircha ularga qo`shilmagan boshqalarga ham. Va U zot g`olib va hikmat egasidir.[1]###[1] (Bu oyati karima ham Qur'onning ulkan mo`'jilaridan biridir. Bu g`oyibning xabaridir. Arablardan boshqa xalqlarning islomga kirishini o`sha paytda Allohdan o`zga hech kim bilmasdi.)","Bu narsa Allohning fazlidir (va uni) xohlagan kishisiga beradir. Alloh ulug` fazl egasidir.","Ustlariga Tavrot yuklatilgan, so`ngra uni ko`tarmaganlar misoli ustiga kitob yuklangan eshakka o`xsharlar. Allohning oyatlarini yolg`onga chiqargan qavmning misoli qandoq ham yomon. Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas.[1]###[1] («Ustlariga Tavrot yuklatilgan»lar — yahudiylar. Alloh taolo ularni ustiga kitob ortilgan eshakka o`xshatmoqda. Xuddi eshak ustidagi kitobni ko`tarib charchasa charchaydi, ammo aslo bu kitobdagi ilm va ta'limotlardan foydalanmaydi.)","Sen: «Ey, yahudiy bo`lganlar, albatta, siz, boshqalardan farqli o`laroq, Allohning avliyolarimiz deb da'vo qiladigan bo`lsangiz, bas, o`limni orzu qiling, agar rostgo`y bo`lsangiz», deb ayt.","Ular qo`llari qilgan(gunoh)lari tufayli hech qachon u(o`lim)ni orzu qilmaslar. Alloh zolimlarni biluvchidir.[1]###[1] (Yahudiylarning o`limni sira orzu qilmasliklariga sabab — gunohlarining ko`pligi. Ular biladilarki, o`limdan keyin savol-javob bo`ladi, gunohlarga yarasha azob belgilanadi. Bu esa ular uchun nihoyatda dahshatli.)","Sen: «Albatta, siz undan qochayotgan o`lim, ta'kid shulki, sizga baribir yo`liquvchidir. So`ngra maxfiy va oshkor narsalarni Biluvchining huzuriga qaytarilursizlar. Bas, U sizga nima qilib yurganingizning xabarini beradir», deb ayt.","Ey, iymon keltirganlar! Juma kunida, namozga nido qilingan paytda, Allohning zikriga shoshiling va savdoni qo`ying. Agar bilsangiz, bu o`zingiz uchun yaxshidir.","Bas, namoz tugagandan so`ng yer yuzi bo`ylab tarqaling va Allohning fazlidan talab qiling va Allohni ko`p eslang, shoyadki, yutuqqa erishsangiz.","Va ular tijorat yoki o`yin-kulgu ko`rganlarida, unga tomon yopirildilar va seni tik holda tark etdilar. Sen: «Allohning huzuridagi narsa o`yin-kulgudan va tijoratdan yaxshidir. Va Alloh eng yaxshi rizq beruvchidir», deb ayt.[1]###[1] (Dunyo tashvishi deb ibodatni tark etish yaxshi emas. Chunki rizq beruvchi Allohning O`zi. Avval Uning ibodati ado bo`lsa, rizq topishda keyin O`zi yordam beradi.)","Munofiqlar huzuringga kelganlarida: «Guvohlik beramizki, sen, albatta, Allohning Rasulisan», derlar. Holbuki, Alloh, albatta, sen Uning Rasuli ekaningni biladir. Va Alloh guvohlik berurki, albatta, munofiqlar yolg`onchidirlar.","Ular qasamlarini qalqon qilib oldilar va Allohning yo`lidan to`sdilar. Bas, ularning qilgan ishlari yomon bo`ldi!","Bunga sabab shuki, ular iymon keltirdilar, so`ng kofir bo`ldilar, bas, qalblariga muhr bosildi. Endi ular fahmlamaslar.","Va agar ularni ko`rsang, jismlari seni ajablantirur va agar gapirsalar, gaplariga quloq osarsan. Ular xuddi suyab qo`yilgan xodaga o`xsharlar. Har qichqiriqni ziddilariga hisoblarlar. Ular dushmandirlar. Ulardan hazir bo`l. Alloh ularga urush ochsin, haqdan qandoq o`girilurlar?![1]###[1] (Bu oyatda Alloh taolo munofiqlarning ba'zi sifatlari va tasarruflarini mo`minlar ulardan ehtiyot bo`lishlari uchun bayon qilmoqda. Chunki munofiqlarning ichida chiroyli yuzli, kelishgan gavdali, so`zga usta kishilar bor. Bunday qaraganda, kelishgan, tuppa-tuzuk odamlar, gaplari ham kishilarni rom qiladigan. Masalan, munofiqlarning o`sha paytdagi rahbari Abdulloh ibn Ubay qomatli, chiroyli va so`zlamol odam edi. Boshqa munofiqlardan ham unga o`xshashlari bor edi. Payg`ambar alayhissalomning majlislariga kelib, devorga suyanib o`tirar edilar. Sahobalar ularning qomatlariga havas bilan boqishar, gaplariga quloq solar edilar. Lekin baribir qalblari iymondan, yaxshilikdan xoli bo`lgani uchun Alloh taolo ularni devorga suyab qo`ygan xodaga o`xshatmoqda.)","Va agar ularga: «Kelinglar, Allohning Rasuli sizlarga istig`for aytur», deyilsa, ular boshlarini chayqarlar. Va ularning mutakabbirlik holida yuz o`girayotganlarini ko`rursan.","Ular uchun istig`for aytasanmi yoki aytmaysanmi — bari bir. Alloh ularni hech mag`firat qilmas. Zero, Alloh fosiq qavmlarni hidoyat qilmas.[1]###[1] (Istig`for aytish — gunohning kechishini Allohdan so`rash. Suraning nozil bo`lishi haqidagi rivoyatlarda kelishicha, munofiqlarning rahbari Abdulloh ibn Ubayning yolg`onchiligi fosh bo`lgandan so`ng kishilar unga: «Endi Rasulullohning huzurlariga borib uzr so`ra, u kishi sening gunohlaringni kechishini so`rab Allohga duo qilsalar, gunohlaring mag`firat qilinsa ajab emas», deyishganda, mutakabbirlik bilan bosh chayqab, bormagan ekan. Lekin oyatning hukmi hamma munofiqlar uchun bir.)","Ular: «Rasulullohning huzuridagilarga nafaqa bermanglar, hattoki, tarqab ketsinlar», derlar. Holbuki, osmonlaru yerning xaziynalari Allohnikidur. Va lekin munofiqlar tushunmaslar.","Ular: «Agar Madinaga qaytib borsak, albatta, aziz xorni undan chiqarur», derlar. Holbuki, azizlik Allohga, Uning Rasuliga va mo`minlariga xosdir. Ammo munofiqlar bilmaslar.[1]###[1] (Ushbu oyati karima munofiqlar boshlig`ining Payg`ambar alayhissalomni Madinadan xorlarcha quvib chiqaraman, deb qilgan do`q-po`pisasiga raddiya beradi. «Madinaga qaytib borsak», deyilgandan murod Mustaliq qavmiga qarshi g`azotdan qaytib Madina shahriga borsak, deganidir. Bundan ko`rinib turibdiki, munofiqlar qarshi turli jabha va uslublarni, shu jumladan, mahalliychilikni ham ishga soladilar.)","Ey, iymon keltirganlar! Mollaringiz va bolalaringiz sizni Allohning zikridan chalg`itmasin. Kim shunday qilsa, bas, ana o`shalar yutqazganlardir.","Va biringizga o`lim kelib: «Ey Robbim, agar mening o`limimni yaqin muddatga orqaga sursang, bas, sadaqa qilib solihlardan bo`lsam», demasdan avval, Biz sizlarga rizq qilib bergan narsalardan nafaqa qiling.[1]###[1] (Rizqning asosiy manbai Allohning O`zidir va U odamlarga O`zi xohlaganicha berib qo`ygan va uni nafaqa, xayr-ehson qilib turishga buyurgan. Albatta, bu ish o`lim kelishidan avval bo`lishi shart. Sog`-salomatlikda, hamma narsaga qodirlik paytda xayr-ehson qilsa, o`rniga tushadi.)","Alloh ajali kelgan jonni hech-hech orqaga surmas. Va, Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir.[1]###[1] (Oqil kishi boshiga o`lim kelmasidan xayrli ishlarni ko`proq qilib qolishga intiladi va shunday bo`lishi ham lozim. Chunki Alloh taolo har bir gapu ishdan xabardor Zotdir.)","Osmonlardagi narsalar va yerdagi narsalar Allohga tasbih ayturlar. Mulk Unga xosdir, maqtov ham Unga xosdir va U barcha narsaga qodirdir.","U, sizlarni yaratgan Zotdir. Bas, ba'zilaringiz kofir va ba'zilaringiz mo`mindir. Alloh nima qilayotganingizni ko`rib turuvchidir.","U, osmonlaru yerni haq bilan yaratdi. Va qiyofangizni chiroyli suvratda qildi. Va qaytib borish Uning O`zigadir.[1]###[1] (Ulamolarimiz «Osmonlaru Yerni haq bilan yaratdi» jumlasini «Hikmat» bilan yaratdi, deb tushuntiradilar. Osmondagi hisobsiz yuulduzlar va boshqa jismlar, ularning bir-biridan ma'lum uzoqlikda va qat'iy tartibda joylashishi, hali inson ilmi yetmagan ko`pgina narsa va hodisalar ularni yagona Alloh yaratganini tasdiqlaydi.)","U, osmonlaru yerdagi narsalarni biladir. Sizlar sir tutayotgan narsani ham va e'lon qilayotgan narsani ham biladir. Alloh ko`krakdagi narsalarni ham biluvchidir.","Sizlarga oldin kofir bo`lganlarning xabari kelmadimi? Bas, ular o`z ishlarining azobini tatidilar va ularga alamli azoblar bor.","Buning boisi shuki, ularga Payg`ambarlari oydin dalillar bilan kelardilar, ular bo`lsa, bizni bashar hidoyatga boshlarmi, deb kufrga ketardilar va (haqdan) yuz o`girardilar. Va Alloh behojat bo`ldi. Alloh behojat va maqtalgandir.","Kofirlar hech qayta tirilmasliklarini da'vo qilurlar. Sen: «Undoq emas, Robbim bilan qasamki, albatta qayta tiriltirilasizlar, so`ngra qilgan ishlaringizdan xabardor qilinasizlar. Bu ish Alloh uchun osondir», deb ayt.","Bas, Allohga, Uning Rasuliga va Biz tushirgan nurga iymon keltiringlar. Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir.","U sizlarni «Jamlash kuni»ga to`playdigan kunni eslang. U kun «tag`obun» kunidir. Kim Allohga iymon keltirsa va solih amallar qilsa, uning gunohlarini kechirur va (daraxtlari) ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritur. Unda abadul-abad qolurlar. Bu ulkan yutuqdir.[1]###[1] («Jamlash kuni», Alloh u kuni avvalgi va oxirgi barcha bandalarni jamlaydi. «Tag`obun» kuni. Arabcha «tag`obun» «g`ibn» so`zidan olingan bo`lib, bahoning pastlashini bildiradi. Qiyomat kuni kofirlar iymonni tark qilganlari uchun baholari pastlab, do`zaxga ravona bo`ladilar. Yaxshi ishlarni kamroq qilib qolgan mo`minlar ham baholari pastlab, jannatning oliy martabalariga yeta olmay qoladilar.)","Kufr keltirib, Bizning oyatlarimizni yolg`onga chiqarganlar, ana o`shalar otash egalaridir. Unda abadiy qolurlar. Qandoq ham yomon joy u!","Sizga Allohning iznisiz hech bir musiybat yetmas. Kim Allohga iymon keltirsa, U zot uning qalbini hidoyatga solur. Alloh har bir narsani biluvchidir.[1]###[1] (Bandaga Allohning qozoi qadarisiz, ilmisiz hech bir musibat yetmaydi, degan e'tiqod doimo inson xotirasida turishi kerak. Payg`ambarimiz hadislaridan birida: «... Va bilginki, senga yetgan musibat adashib boshqaga o`tishi mumkin emas, agar boshqaga bo`lsa, senga yetmasdi...», deganlar.)","Allohga itoat qiling va Rasulga itoat qiling. Agar yuz o`girib ketsangiz, bas, Bizning Rasulimizga (vazifa) ochiq-oydin yetkazish, xolos.","Alloh, Undan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q. Bas, mo`minlar Allohning O`zigagina tavakkal qilsinlar.","Ey, iymon keltirganlar! Albatta, jufti halollaringizdan va bolalaringizdan sizga dushman bor, bas, ulardan hazir bo`ling. Va agar afv etsangiz, ko`ngilga olmasangiz va ayblarini kechirsangiz... Bas, albatta, Alloh ko`p mag`firat qiluvchi va rahimlidir.[1]###[1] (Oyatning nozil bo`lish sababi haqidagi rivoyatda aytilishicha: bir guruh kishilar Makkada iymonga kelib, Madinaga hijrat qilishmoqchi bo`lganlarida, xotin va bola-chaqalari, bizni tashlab qayoqqa borasan, deb to`siq bo`lishgan ekan. Vaqti kelib Madinaga borishsa, ulardan avval hijrat qilganlar dinda ilg`or bo`lib ketishibdi. Shunda ularni hijratdan to`sgan oila a'zolariga iqob qilishmoqchi bo`lganlarida Alloh taolo: «Va agar afv etsangiz, ko`ngilga olmasangiz va ayblarini kechirsangiz, bas, albatta, Alloh kechiruvchi va rahmdil Zotdir», degan oyatini tushirib, ularni bu ishdan qaytargan ekan.)","Albatta, mol-mulklaringiz va farzandlaringiz sinovdan boshqa narsa emas. Va Allohning huzurida ulug` ajr bor.[1]###[1] (Mol-mulk kishi uchun sinovdir. Qo`liga mol-dunyo kelganda ham hovliqmasdan, to`g`ri yo`lda sarflasa, ibodatini vaqtida qilsa, ulkan savoblarga ega bo`ladi. Ammo dunyoga berilib yo`ldan ozsa, harom-xarish ishlarni qilsa, mol topish uchun gunoh yo`llarga ham kiraversa, unda sinovdan o`ta olmagan bo`ladi va gunohiga yarasha jazosini oladi. Shuningdek, farzandlar ham Allohning ulkan ne'mati. Ularni to`g`ri tarbiyalab, xudojo`y qilib o`stirilsa, ikki dunyoning obro`yini olib beradi. Agar teskarisi bo`lsa, ikki dunyoda sharmanda qiladi. Demak, Allohning muhabbatini, mol-mulk va farzandlar muhabatidan ustun qo`ymoq zarur. Chunki Uning huzurida ulug` ajr bor.)","Allohga qo`lingizdan kelganicha taqvo qiling va (amrini) tinglang va itoat qiling va infoq qiling — o`zingizga yaxshi bo`ladir. Va kimki nafsining qizg`anchiqligidan saqlansa, undaylar najot topuvchilardir.","Agar Allohga yaxshi qarz bersangiz, U sizga ko`paytirib berur va sizni kechirur. Alloh shakur va haliymdir.","U g`oyib va ochiqni biluvchi, aziyz va hakiym Zotdir.","Ey Nabiy! Agar ayollarni taloq qiladigan bo`lsangiz, iddalari uchun qiling va iddani hisoblang va Allohga taqvo qiling. Ularni uylaridan chiqarmanglar va o`zlari ham chiqmasinlar, illo, ochiq-oydin fohisha ish qilgan bo`lsalar (chiqarilurlar) va ana shular Allohning chegaralaridir. Kim Allohning chegarasidan chiqsa, haqiqatan, o`ziga o`zi zulm qilibdi. Sen bilmassan, shoyadki, Alloh undan keyin biror ishni paydo qilsa.[1]###[1] (Ayollar uchun idda o`tirishni boshlashga munosib vaqt hayzdan pok bo`lganlaridan so`ng jinsiy yaqinlik qilmay turib taloq qo`yishdir. Buning aksi ham bo`lishi mumkin. Shundan kelib chiqib, taloq ikkiga bo`linadi: sunniy taloq va bid'iy taloq. Sunniy taloq — er kishi o`z xotinini hayzdan pok paytida, jinsiy yaqinlik qilmay turib yoki homiladorligi aniq bo`lganda taloq qilishdir. Ushbu shartlarning qo`yilishi ham taloqning oldini olish uchun tutilgan yo`ldir. Er kishi xotinini hayzdan pok bo`lishini kutib, hovridan tushib, taloq niyatidan qaytib qolishi mumkin. Yoki homiladorligi aniqlangandan so`ng mehri kuchayib, taloqni unutishi ham mumkin. Bid'iy taloq — yuqorida sanalgan shartlar vujudga kelmagan paytdagi taloqdir. Ya'ni, hayz paytida, poklik payti-yu, ammo jinsiy yaqinlik sodir bo`lganda qo`yiladiganidir. Bid'iy taloq qilgan kishi gunohkor hisoblanadi. Lekin o`rtaga taloq tushaveradi.)","Va ular muddatlariga yetsalar, yaxshilik bilan ushlanglar, yoki yaxshilik bilan ajralinglar va sizdan ikki adolatli kishini guvoh qilinglar. Va guvohlikni Alloh uchun qilinglar. Bu ishingizdan, kimning Allohga va qiyomat kuniga iymoni bo`lsa, va'zlanur. Kim Allohga taqvo qilsa, uning yo`lini ochib qo`yadir.","Va unga o`zi o`ylamagan tarafdan rizq berur. Kim Allohga tavakkal qilsa, bas, unga U zotning O`zi kifoyadir. Albatta, Alloh O`z ishini yetkazuvchidir. Haqiqatan, Alloh har bir narsaga o`lchov qilib qo`ygandir.[1]###[1] (Uchinchi poklik oxirlab qolganda er xotinga raj'at qilib qaytarib olsa, oilaviy hayotlari davom etaveradi. Idda tugashiga yaqin qolganda ham ajralish fikridan qaytmagan bo`lsa, yaxshilik bilan ajralish kerak.)","Ayollaringizdan hayzdan noumid bo`lganlarining iddasi, agar shubhangiz bo`lsa, uch oydir. Hayz ko`rmaganlariniki ham. Homiladorlarning iddasi homilalarini qo`ymoqlikdir. Kim Allohga taqvo qilsa, U zot uning ishida osonlik qilib beradir.","Bular Allohning sizga tushirgan amridir. Kim Allohga taqvo qilsa, uning gunohlarini kechirur va ajrini ko`paytirib berur.","U(ayol)larga, imkoningiz boricha, o`zingiz yashab turgan joydan joy bering. Ularga siqishtirish maqsadida zarar yetkazmang. Agar homilador bo`lsalar, to homilalarini qo`ygunlaricha ularga nafaqa beringlar. Agar sizga (farzandni) emizib bersalar, haqlarini beringlar, o`zaro yaxshilik bilan maslahat qilinglar. Agar qiyinchilikka uchrasangiz, u(er)ga boshqa ayol emizib berur.","Rizqi keng kengligidan nafaqa qilsin. Kimning rizqi tor bo`lsa, unga Alloh berganidan nafaqa qilsin. Alloh har bir nafsni O`zi berganidan ortiqchaga taklif qilmas. Alloh qiyinchilikdan so`ng tezda osonlikni berur.[1]###[1] (Taloq qilingan ayol homilador bo`lsa, taloq qiluvchi er uni tuqqunicha nafaqa bilan ta'minlab turishi kerak. Ushbu nafaqa taom, kiyim va maskan kabilarni o`z ichiga oladi. Agar ayol taloq qilgan eridan bo`lgan farzandni emizsa, xohlasa, emizgani uchun haq oladi. Bu haqning qancha bo`lishi «o`zaro yaxshilik bilan maslahat qiling» degan amrga binoan kelishiladi. Oralariga taloq tushgan eru xotin farzandni emizish haqqini kelishishdan «Agar qiyinchilikka uchrasa»lar, unga (erga, farzandni) boshqa ayol emizib beradi». Ya'ni, er boshqa begona ayol bilan shartnoma tuzib, unga haq berib bolasini emizdiradi. Islom dini ayollarni qanchalik e'zozlaganini ushbu hukmdan ham bilib olsa bo`ladi. Taomi, kiyimi va maskani erining zimmasiga. Hatto bolani emizish tashvishi ham xotinning emas, balki erning zimmasida, uning burchi.)","Ko`pgina qishloqlar o`z Robbisining va Uning Rasullarining amriga sarkashlik qildi. Bas, Biz ularni shiddatli hisobga oldik va qattiq azob ila azobladik.","Bas, ular o`z ishlarining yomonligini totib ko`rdilar va ishlarining oqibati yutqiziq bo`ldi.","Alloh ularga qattiq azobni tayyorlab qo`ydi. Bas, Allohga taqvo qiling, ey, iymon keltirgan aql egalari. Haqiqatan, Alloh sizlarga zikrni tushirdi.","Payg`ambarki, iymon keltirib va yaxshi amallarni qilganlarni zulmatlardan nurga chiqarish uchun, sizlarga Allohning ravshan oyatlarini tilovat qilib berur. Va kim Allohga iymon keltirsa va yaxshi amallarni qilsa, U zot uni (daraxtlari) ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritur. U yerda abadul-abad qolurlar. Haqiqatan, Alloh uning rizqini yaxshi qilgandir.","Alloh yetti osmonni va ular mislidek yerni yaratgan Zotdir. Ularning orasidan U zotning amri tushadir. Alloh har bir narsaga qodir ekanini va, albatta, Alloh har bir narsani O`z ilmi ila o`rab olganini bilishingiz uchundir.","Ey Nabiy! Nima uchun xotinlaring roziligini tilab, Alloh senga halol qilgan narsani harom qilursan! Alloh ko`p mag`firat qiluvchi va rahimlidir.[1]###[1] (Alloh senga halol qilgan cho`rini yoki asalni o`zingga harom qilishing durust emas.)","Batahqiq, Alloh sizlarga qasamlaringizni bo`shatishni shariatga kiritdi. Va Alloh sizning xojangizdir va U o`ta biluvchi va o`ta hikmatlidir.","Nabiy xotinlaridan ba'zisiga sir gap aytgan edi. Bas, u (sir)dan xabar berdi va Alloh u(ish)ni u(Nabiy)ga bildirdi. U ba'zisini bildirdi va ba'zisini eslamadi. Qachon u(Nabiy) ul(ayol)ga (ish) haqida xabar berganida, u: «Buni senga kim xabar qildi», dedi. U(Nabiy): «Menga hamma narsani biluvchi va hamma narsadan xabardor Alloh xabar berdi», dedi.[1]###[1] (Oyatda Payg`ambar xotinlaridan biri deb Hafsa onamiz nazarda tutilyaptilar. «Sir gap» esa, Payg`ambar alayhissalomning u kishiga «Moriyaga yaqinlik qilmaslik yoki asal ichmaslik» haqida aytgan gaplaridir. Lekin Hafsa onamiz sir gapni Oisha onamizga aytdilar. Alloh Hafsaning sirni fosh etganini Payg`ambar alayhissalomga Jabroil farishta orqali bildirdi. «Payg`ambar alayhissalom Hafsaga sirni Oishaga fosh qilinganini eslatganlarida, u «Bu xabarni sizga kim yetkazdi? deb so`raydi. Payg`ambar alayhissalom: «Hamma narsani biluvchi va hamma narsadan xabardor Alloh bildirdi», deb javob beradilar.) Ey ikki ayol!","Agar ikkovingiz Allohga tavba qilsangiz, batahqiq, qalblaringiz (haqqa) moyil bo`lur. Agar unga qarshi chiqsangiz, bas, albatta, Alloh uning yordamchisidir va Jabroil ham, solih mo`minlar ham. Undan so`ng farishtalar unga suyanchiqdir.","U sizlarni taloq qilsa, shoyadki, Robbi sizdan yaxshiroq, muslima, mo`mina, itoatli, tavbachi, ibodatli, ro`zador juvon va qizlarni o`rningizga xotin qilib bersa.","Ey, iymon keltirganlar! O`zingizni va ahli ayolingizni yoqilg`isi odamlaru toshdan bo`lgan o`tdan saqlang. Uning tepasida qo`pol, darg`azab farishtalar bo`lib, ular Allohning amriga isyon qilmaslar va nimaga buyurilsalar, shuni qilurlar.","Ey, kufr keltirganlar! Bugungi kunda uzr aytmanglar, siz o`zingiz qilgan ishlarning jazosini olyapsiz, xolos.","Ey, iymon keltirganlar! Allohga xolis tavba qilinglar! Shoyadki, Robbingiz gunohlaringizni yuvsa va sizni (daraxtlari) ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritsa. Bir kundaki, unda Alloh Nabiyni va u bilan birga bo`lgan iymon keltirganlarni sharmanda qilmas. Ularning nurlari oldilarida va o`ng taraflarida yurib boradir. Ular esa: «Robbimiz, bizga nurimizni batamom qilib ber, gunohlarimizni kechir, albatta, Sen barcha narsaga qodirsan», derlar.[1]###[1] (Qiyomat kunida mo`minlardan boshqalar zulmatda qoladilar. Mo`minlar yo`lini esa nur yoritib turadi. Ular zulmatda adashmaydilar, qoqilib-surilmaydilar ham. Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg`ambar alayhissalom: «Ey Parvardigoro, qiyomat kuni sharmanda qilmagin», deb duo qilganliklari keltirilgan.)","Ey Nabiy! Kofir va munofiqlarga qarshi jihod qil va ularga mahkam tur. Ularning joyi jahannamdir va u joy qandoq ham yomon manzil!","Alloh kufr keltirganlarga Nuhning xotini va Lutning xotinini misol qilib keltirdi. Ular bandalarimizdan ikki solih bandaning tagida edilar. Bas, ularga xiyonat qildilar va (erlari) ulardan Allohning azobini qaytara olmadilar va ularga: «Do`zaxga kiruvchilar bilan kiringlar», deyildi.[1]###[1] (Nuh alayhissalomning xotinlari iymonda xiyonat qilgan. U kishini masxara qilganlarga qo`shilib, u ayol ham o`z eri Nuh alayhissalomni masxara qilar ekan. Lut alayhissalomning xotinlari ham e'tiqod ishida xiyonat qilgan. U gunohkor qavmga o`z eri huzuriga kelgan mehmonlar haqida axborot berib turar ekan.)","Alloh iymon keltirganlarga Fir'avnning xotinini misol qilib ko`rsatdi. U (xotin): «Robbim, menga O`z huzuringda, jannatda bir uy bino qilgin. Menga Fir'avndan va uning ishidan najot bergin va zolim qavmlardan najot bergin», deb aytdi.[1]###[1] (Fir'avnning xotini o`sha paytdagi eng katta podshohning ayoli edi. Yemak-kiymakda to`kin edi. Nimani xohlasa, shuni qilishi mumkin. Qasrlarda, turli ne'matlar ichida farog`atda yashashiga qaramasdan kofir va zolim eriga va qavmiga qarshi chiqdi. Allohga iymon keltirdi. Allohdan jannatda uy qurib berishni so`radi. Bu esa dunyo hoyi havasidan ustun kelishning oliy misolidir.)","Va Maryam Imron qizini (misol keltirdi), u farjini pok saqlagan edi, Biz unga O`z ruhimizdan pufladik va U Robbisining so`zlarini hamda kitoblarini tasdiq qildi va itoatkorlardan bo`ldi.[1]###[1] (Bibi Maryam Imronning qizi Allohga sof e'tiqodda bo`lganlar va o`zlarini ham sof tutganlar. Alloh taolo Jabroil farishta orqali o`sha pok jasadga o`z ruhidan «puf» deyishi bilan Iyso alayhissalomni ato qilgan. Bu qissalar boshqa suralarda batafsil kelgani uchun biz bu yerda yana takrorlab o`tirmaymiz, faqat shuni ta'kidlaymizki, u kishi Allohning so`zlariga va kitoblariga iymon keltirganlar hamda itoatkor qavmlardan bo`lganlar. Mo`minlar, Bibi Maryam hayotlaridan o`rnak olishlari kerak.)"]