["Qo`lida mulk bo`lgan Zot ulug`, muqaddas bo`ldi. U barcha narsaga qodirdir.","U, o`lim va hayotni sizlarning qaysilaringiz amalda yaxshiroq ekanligingizni sinash uchun yaratdi. U aziyz va o`ta mag`firatlidir.[1]###[1] (O`limni eslagan odam unga tayyorgarlik ko`radi va o`lgandan so`ng sharmanda bo`lmaslik uchun o`zini yaxshi ishlarga safarbar qiladi.)","U yetti osmonni tabaqama-tabaqa yaratgan. Rohmanning yaratganida hech tafovut ko`rmassan. Qayta nazar sol! Biror kamchilik ko`ryapsanmi?","So`ng takror-takror nazar sol, nazar senga istaganini topa olmay, horib-charchagan holda qaytadir.","Va darhaqiqat, Biz yaqin osmonni chiroqlar bilan ziynatlab qo`ydik va u(chiroq)larni shaytonlarga otiladigan narsa ham qilib qo`ydik. Va u(shayton)larga olovi qizib turgan jahannamni tayyorlab qo`ydik.[1]###[1] (Arab folbinlari bizning shaytonlarimiz osmonga chiqib, g`oyibdagi narsalarni bilib beradi, deb maqtanar edilar. Qur'oni Karim buni rad etib, bu dunyoda shaytonlarni yulduzlardan ajrab chiqqan uchqunlar quvib haydashini, u dunyoda esa, ularga Alloh jahannam azobini tayyorlab qo`yganini ta'kidlamoqda.)","O`z Robbilariga kufr keltirganlar uchun jahannam azobi bordur va u qanday ham yomon qaytadigan joy!","Ular jahannamga tashlangan chog`larida uning hangragan ovozini eshiturlar, u esa, qaynab turgan bo`ladir.","U g`azabdan yorilib ketay der. Har qachon unga yangi guruh tashlanganda, uning xizmatkorlari: «Sizlarga ogohlantiruvchi kelmaganmidi?» – deb so`raydir.","Ular: «Ha, darhaqiqat, bizga ogohlantiruvchi kelgan edi. Lekin biz (uni) yolg`onchiga chiqardik va: «Alloh hech narsa tushirgani yo`q, sizlar katta adashuvdan boshqa hech narsa emassizlar», degan edik», deyishar.","Va ular: «Agar e'tibor qulog`i bilan eshitganimizda yoki aqlni ishlatganimizda edi, do`zaxiylar orasida bo`lmagan bo`lar edik», derlar.","Bas, ular o`z gunohlarini e'tirof etdilar. Yo`qolsin do`zaxiylar!","Albatta, o`z Robbilaridan g`oyibdan qo`rqadiganlar uchun gunohlarini kechish va ulkan ajr-savoblar bordir.","Va siz so`zingizni sir tutasizmi yoki oshkora aytasizmi, albatta, U ko`ngillardagini ham bilguvchi Zotdir.","Yaratgan zot O`zi bilmasmi? Holbuki, U daqiqlargacha biluvchi va xabardordir.","U sizlarga yerni bo`ysundirib qo`ygan Zotdir. Bas, aning turli joylarida yuring va Uning rizqidan yeng va qabrdan chiqib borish ham Uning huzuriga bo`ladir.[1]###[1] (Ulamolarimiz qadimdan ushbu oyati karimaning tafsirini Islomda mehnatga chorlash, rizqni terib yeyish, Yer yuzinining turli joylarida harakat qilish zarurligiga dalil qilib keltiradilar. Darhaqiqat, Alloh taolo Yerni insonga bo`ysundirib qo`ygan, lekin bu haqiqat hozirgi asrimizdagidek hech qachon yaqqol ko`zga tashlanmagan.)","Osmondagi Zot sizlarni iztirobda harakatlanib turgan yerga yuttirib yuborishidan omonda bo`ldingizmi?[1]###[1] («Osmondagi Zot»dan murod Alloh taolodir, zero, U zot butun xalqlaridan, jumladan, osmonlardan ham yuqoridadir.)","Yoki osmondagi Zot sizlarga azob shamolni yuborishidan omonda bo`ldingizmi? Bas, albatta, ogohlantirish qandoq bo`lishini bilasizlar.","Va, darhaqiqat, ulardan avvalgilari ham yolg`onga chiqargan edilar. Bas, inkorim qanday bo`ldi?!","Tepalarida (qanotlarini) yoyib va yig`ib (uchayotgan) qushni ko`rmaydilarmi? Ularni Rohmandan boshqa ushlab turuvchi yo`q. Albatta, U barcha narsani ko`ruvchidir.","Rohmandan boshqa sizlarga yordam beradigan askar kim o`zi? Kofirlar g`ururdan boshqa hech narsada emaslar!","U rizqni tortib qo`ysa, sizga rizq beradigan kim o`zi?! Balki ular abadiy tug`yonda va haqdan nafratda bo`lurlar.","Yuz tuban qoqilib yurayotgan kishi hidoyatdami yoki to`g`ri yo`ldan qomatini tik tutib borayotgan kishimi?[1]###[1] («Yuz tuban, qoqilib yurayotgan kishi» kofir kishidir. Chunki, uning aniq yo`li, maqsadi va ko`rsatmasi yo`q. Yo`li adashtiruvchi, xavf-xatarlarga to`ladir.)","Ayt: «U sizlarni yo`qdan bor qilgan va sizlarga eshitish, ko`rish va aqlni bergan Zotdir. Juda ham oz shukr qilasizlar-a?!»","Ayt: «U sizlarni yer yuzida yaratgan, ko`paytirgan Zotdir. Va Uning huzuriga to`planursizlar».","Va ular: «Agar rostgo`y bo`lsangiz, bu va'da qachon bo`lur?» – derlar.","Ayt: «Albatta, ilm faqat Allohning huzuridadir. Va albatta, men yaqqol ogohlantiruvchiman, xolos».","Bas u(azob)ni yaqindan ko`rganda kufr keltirganlarning yuzlari qorayadir. Va ularga: «So`ragan narsangiz shu bo`lur», deyilur.","Ayt: «Aytinglar-chi, agar Alloh meni va men bilan bo`lganlarni halok qilsa yoki rahim qilsa, kofirlarni alamli azobdan kim qutqarib qoladir?!","Ayt: «U Rohmandur, biz Unga iymon keltirdik va Unga tavakkal qildik. Bas, sizlar tezda kim ochiq-oydin xatoda ekanini bilursizlar».","Ayt: «Aytinglar-chi, agar suvlaringiz yerga singib ketsa, sizlarga kim osongina topiladigan suvni keltirur?»","Nuun. Qalam bilan va satrlarga yozadigan narsalar bilan qasam.[1]###[1] (Oyatda qasam qalam bilan cheklanmadi, balki Alloh satrlarga yozilajak narsalar bilan ham qasam ichdi. Bizning zamonamizda qalamdan boshqa yozuv qo`llanmalari ham chiqdi. Qalam va yozish bilan qasam ichilishi musulmonlar uchun o`qish-yozish, ilm-ma'rifatga katta e'tibor berishga chaqiriqdur.)","Sen Robbing ne'mati ila majnun emassan.","Va albatta, senga minnat qilinmaydigan ajr bordur.","Va albatta, sen ulkan xulqdasan.","Bas, tezda ko`rasan va ular ham ko`rurlar.","Sizlardan qaysingizda majnunlik borligini.","Albatta, Robbing O`zi kim Uning yo`lidan adashganini biluvchidur va U hidoyatda yuruvchilarni ham biluvchidur.","Bas, yolg`onga chiqaruvchilarga itoat qilma.","Agar sen murosa qilsang, ular ham murosa qilishni orzu qiladilar.","Itoat qilma! Har bir qasamxo`r, pastkashga.","Ayblovchi, chaqimchilik qilib yuruvchiga.","Yaxshilikni man qiluvchi, tajovuzkor, sergunohga.","Qo`pol, undan so`ng, otasining tayini yo`qqa.","Moli va o`g`illari ko`p bo`lganidan.","Bizning oyatlarimiz unga o`qilgan paytda, avvalgilarning afsonalari, der.","Tezda uning tumshug`iga belgi qo`yamiz.","Albatta, Biz ularni bog` egalarini sinaganimizdek sinab ko`rdik. Vaqtiki, erta tongda terib olamiz, deb qasam ichdilar.","Va istisno qilmadilar.","Ular uxlab yotganda, u(bog`)ning ustidan Robbingdan bo`lgan aylanuvchi aylanib chiqdi.","Bas, u xuddi mevasi terib olinganga o`xshab qoldi.","Ular tong saharda bir-birlarini chaqirdilar.","Agar teradigan bo`lsangiz, ekinzoringizga ertaroq boring, deb.","Bas, past ovoz bilan gaplashib yurib ketdilar.","Bugun siz boringizda u(bog`)ga miskin kira ko`rmasin, deb.","Va ertalabda qasd-la, o`zlarini qodir sezib, bordilar.","Uni ko`rganlarida, biz adashibmiz, dedilar.","Balki biz mahrum bo`lgandirmiz, dedilar.","Ularning eng yaxshi va adolatlisi: «Sizlarga tasbih aytsalaringiz-chi, demabmidim», dedi.","Robbimiz ayblardan pok bo`ldi, albatta, biz zolimlardan edik, dedilar.","Bas, ba'zilari ba'zilarini malomat qila boshladilar.","«Voy, sho`rimiz qursin, tug`yonga ketgan ekanmiz.","Shoyad, Robbimiz uning o`rniga undan ko`ra yaxshirog`ini bersa. Biz o`z Robbimizga rag`batlimiz, dedilar.","Azob shundoq bo`lur va agar bilsalar, albatta, oxirat azobi bundan katta bo`ladir.","Albatta, taqvodorlar uchun Robbilari huzurida na'iym jannatlari bordur.","Musulmonlarni jinoyatkorlarga o`xshatib qo`yarmidik?!","Sizlarga nima bo`ldi, qanday hukm chiqaryapsizlar?!","Yoki sizlarning kitobingiz bor-u, undan o`qidingizmi?","Unda sizlarga nimani ixtiyor qilsangiz, albatta, (bo`laveradi) deyilganmi?!","Yoki sizlarga bizning qiyomat kunigacha yetadigan bergan va'dalarimiz bo`lib, unda, albatta, siz nima hukm qilsangiz, shu bo`ladi, deyilganmi?!","So`ra ulardan, qay birlari bu narsaga kafil ekan?","Yoki ularning sheriklari bormikin, agar rostgo`y bo`lsalar, o`sha sheriklarini ham olib kelsinlar.","Boldirlar shimarilgan kunida va ular sajdaga chaqirilganda, qodir bo`lmaslar.[1]###[1] (Bu qiyomat kuni sodir bo`ladi. U kunda hisob-kitob shiddatli va ahvol og`ir bo`ladi. Alloh taolo xalqlar o`rtasida hukm qilish uchun keladi, bir payt U zotning mukarram boldiri ochiladi, biroq bu maxluqlaridagi biron holatga o`xshamaydi. Imom Buxoriy va Muslim rivoyat qilgan hadisda Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: «Robbimiz boldirini ochadi va har bir mo`min va mo`mina Unga sajda qiladi. Dunyoda odamlarga ko`rsatish va eshittirish uchun riyokorona sajda qilgan kimsalargina qoladi. Ular sajda qilmoqchi bo`ladilar-u, biroq bellari (bukilmaydigan) bir butun qilib qo`yiladi».","Ularning ko`zlari qo`rqinchga to`la, xorlik o`rab olgan. Va darhaqiqat, ular salomatlik hollarida sajda qilishga chaqirilgan edilar.","Bu gapni yolg`onga chiqaruvchilarni Mening O`zimga qo`yib qo`y. Biz ularni o`zlari bilmagan tarafdan asta-sekin olamiz.","Va ularga muhlat beraman. Albatta, Mening hiylam metindir.","Yoki sen ulardan haq so`rayapsan-u, ular qarzga botib qoldilarmi?","Yoki huzurlarida g`oyib ilmi bor-u, ular yozib oladilarmi?","Robbing hukmiga sabr qil va bir vaqtlar g`amga to`lgan holda nido qilgan baliq sohibiga o`xshama.","Agar uni Robbisining ne'mati topmaganda, ochiq sahro joyga, mazammatga qolgan holda tashlangan bo`lardi.","Bas, uni Robbisi tanlab oldi va solih bandalaridan qildi.","Va kofirlar zikrni eshitayotganlarida seni ko`zlari bilan toydirmoqchi bo`ldilar va, albatta, u jinnidur, derlar.","Holbuki, u butun olamlarga eslatmadan o`zga narsa emas.","Al-Haaqqoh.","Al-Haaqqoh nima o`zi?!","Al-Haaqqoh nimaligini senga nima bildirdi?!","Samud va Od qori'ani yolg`onga chiqarishdi.[1]###[1] («Qori'a» ham qiyomatning nomlaridan biri, shiddat bilan eshik qoqib keluvchi ma'nosini anglatadi.)","Bas, ammo Samud haddan oshuvchi bilan halok qilindi.[1]###[1] («Haddan oshuvchi»dan murod qattiq chaqmoqdir.)","Va ammo Od qattiq (sovuq) shamol bilan halok qilindilar.","U zot ularning ustidan bu shamolni yetti kechayu sakkiz kunduz «beminnat xizmat» qildirib qo`ydi. Bas, qavmning u yerda halok bo`lib, ag`darilib yotganini ko`rasan. Ular xuddi xurmoning chirigan tomirlariga o`xsharlar.","Bas, sen ulardan birortasining boqiy qolganini ko`rasanmi?","Fir'avn, undan avvalgilar va to`ntarilganliklar xato qildilar.","Bas, ular Robbilarining Rasuliga osiy bo`ldilar. Darhaqiqat, U zot ularni qattiq tutishlik bilan tutdi.","Albatta, Biz suv tug`yonga kelgan paytda sizlarni kemada ko`targanmiz.","Uni sizlarga eslatma qilish uchun va anglovchi quloqlar anglab olishi uchun.[1]###[1] (Bo`lib o`tgan qissa va hodisalar hamma uchun o`rnak, eslatma, va'z-nasihat bo`lishi kerak.)","Agar dudga birgina puflash-la puflansa...","Va yeru tog`lar ko`tarilib, bir martagina silkitilsa...","Bas, o`sha kunda, Voqi'a voqe' bo`libdir.","Va osmon parchalansa, bas, o`sha kunda, u (osmon) beholdir.","Va farishtalar uning atrofida va o`sha kunda Robbingning arshini sakkiztasi ko`tarib turadir.[1]###[1] (Allohning arshini sakkizta yoki sakkiz turli farishtalar ko`tarib turadilar. Arsh o`zida izzat, sulton va moliklik ma'nolarini anglatadi. Bashariyat Arshning ismini biladi, uning haqiqatini Allohning O`zi biladi.)","Bas, o`sha kunda ko`rikdan o`tasizlar, birorta narsangiz maxfiy qolmaydir.","Bas, kimning kitobi o`ng tarafdan berilsa, u: «Mana, mening kitobimni o`qib ko`ringlar!","Albatta, men hisob-kitobimga yo`liqishimga ishonardim», deydir.","Bas, u rozilik hayotidadir.","Oliy jannatdadir.","Uning mevalari yaqindir.","O`tgan kunlarda qilgan narsalaringiz tufayli yenglar va ichinglar, osh bo`lsin.","Va ammo kimning kitobi chap tarafdan berilsa, u: «Voy sho`rim, koshki menga kitobim berilmasa edi.","Va hisob-kitob qandoqligini bilmasam edim.","Qani endi, (bu dunyodagi o`lim) oxirgisi bo`lsa edi.","Molu mulkim meni saqlab qola olmadi.","Mening sultonim ham halok bo`ldi», deydir.[1]###[1] (Mulku sultonim, mansabu obro`yim, nasabu xasabim hamma hammasi halok bo`ldi.)","Tutinglar uni va kishanlanglar uni!!!","So`ngra jahannamga solinglar uni!!!","So`ngra yetmish qulochli zanjirga kiriting uni!!!","Chunki, u ulug` Allohga iymon keltirmagan edi.","Va miskinlarga taom berishga qiziqtirmagan edi.[1]###[1] (Miskinlarga taom berishga qiziqtirmaslik shunchalikka olib kelsa, imkoni bo`la turib ularga taom bermaslik qanchalik gunoh ekan — buni kitobxonning o`zi fahmlayversin.)","Bas, bugungi kunda unga bu yerda biron chin do`st yo`q.","Va g`isliyndan o`zga taom ham yo`q.","Uni xatokorlardan boshqa hech kim yemas.","Sizlar ko`rib turgan narsalar bilan qasam ichurman.","Va sizlar ko`rmaydigan narsalar bilan ham.","Albatta u (Qur'on) karamli Rasulning so`zidir.[1]###[1] (Qur'oni Karimni Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallamga nisbat berilishi U zot sollallohu alayhi va sallam u kalomni tilovat qiluvchi va kishilarga yetkazuvchi ekanligidandir.)","Va u shoirning so`zi emas. Sizlar juda oz ishonasizlar.","Va u folbinning so`zi ham emas. Sizlar juda oz eslaysizlar.","U olamlar Robbisidan tushirilgandir.","Va agar u Bizning (nomimizdan) ba'zan yolg`on so`zlarni to`qisa.","Albatta, Biz uni qudrat bilan tutamiz.","So`ngra, albatta, uning shoh tomirini kesamiz.","Bas, sizlardan hech kim uni to`sib qola olmas.","Va albatta, u (Qur'on) taqvodorlar uchun eslatmadir.","Va albatta, Biz sizlarning ichingizda yolg`onga chiqaruvchilar borligini bilib turamiz.","Va albatta, u (Qur'on) kofirlar uchun hasratdir.","Va albatta, u (Qur'on) shubhasiz haqiqatdir.","Bas, ulug` Robbingning ismini poklab yod et.","So`rovchi voqe' bo`luvchi azob haqida so`radi.","Kofirlarga. Uni daf' qiluvchi yo`qdir.","U Allohdan — ma'orijlar egasidandir.","Farishtalar va Ruh Uning huzuriga miqdori ellik ming yil bo`lgan kunda ko`tarilur.","Bas, chiroyli sabr qil.","Albatta, ular u(qiyomat)ni uzoq deb biladir.","Va Biz uni juda yaqin deb bilurmiz.","U kunda osmon xuddi qora moy qoldiqlariga o`xshab qoladir.","Va tog`lar xuddi titilgan junga o`xshab qoladir.","Va yaqin do`st o`z do`stidan so`ramaydir.","Ularni ko`rib turadirlar. Gunohkor o`sha kun azobidan qutulish uchun o`z bolalarini ham.","Va xotinini va aka-ukasini ham.","Va uni o`ziga olgan qabilasini ham.","Va yer yuzidagi jamiyki kimsalarni ham fido qilishni xohlaydir. So`ngra o`zi najot topsa.","Yo`q! Albatta, u(jahannam) kuchli alangadur.","Boshning terisini sidirib oluvchidur.[1]###[1] (Bosh terisi shilib olingan do`zaxiyga Alloh taolo yana yangi teri ato etadi. Jahannam o`ti esa yana uni shilib oladi va shu tariqa to`xtovsiz davom etaveradi.)","U chaqiradir. Orqaga ketgan va yuz o`girganni.","Va (molni) yig`ib, berkitganni.","Albatta, inson «halu'» qilib yaratilgandir.[1]###[1] («Halu'» so`zi hirs, zajr, chidamsizlik va sabrsizlik ma'nolarini mujassamlashtiradi.)","Agar unga yomonlik yetsa, chidamsizdir.","Va agar yaxshilik yetsa, ko`p man qiluvchidir.","Illo, namoz o`quvchilargina mustasnodir.","Ular namozlarida doim bo`ladiganlardir.","Ularning molu mulklarida ma'lum haqq bordur.","So`rovchi va bechoralar uchundir.","Va ular qiyomat kunini tasdiqlaydiganlardir.","Va ular o`z Robbilari azobidan qo`rqadiganlardir.","Albatta, Robbilarining azobidan omonlik yo`qdir.","Va ular o`z farjlarini saqlaydiganlardir.","Illo, o`z xotinlari yoki mulki bo`lganlardan (saqlamasalar), albatta ular malomat qilinmasdir.","Kimki o`shandan o`zgani istasa, bas, ular chegaradan chiqqanlardir.","Ular omonatlariga va ahdlariga rioya qiladiganlardir.","Va ular guvohliklarini to`g`ri beradiganlardir.","Ular namozlarini muhofaza qiladiganlardir.","O`shalar jannatlarda hurmatlanadiganlardir.","Kufr keltirganlarga ne bo`ldiki, sen tomon bo`yin cho`zib shoshilmoqdalar?","O`ng tarafdan va chap tarafdan to`p-to`p bo`lmoqdalar?[1]###[1] (Payg`ambar sollallohu alayhi va sallam Qur'on tilovat qilganlarida mushriklar shoshilib kelib, to`p-to`p bo`lib o`tirishar va ko`z uzmay tikilib turishar edilar.)","Ulardan har bir kishi na'iym jannatga kiritilishni tama' qilurmi?","Yo`q! Albatta, Biz ularni o`zlari bilgan narsadan yaratganmiz.","Mashriqlar va mag`riblar Robbisi bilan qasam ichamanki, albatta, Biz qodirmiz.","O`rinlariga ulardan yaxshiroqlarini almashtirishga va Biz bu ishni qilishdan ojizmasmiz.","Ularni tek qo`y. To va'da qilingan kunga yo`liqqunlaricha (xohlaganlariga) sho`ng`iyversinlar va o`ynayversinlar.","U kunda xuddi sanamlar(ibodati)ga shoshganlaridek, qabrlaridan shoshib chiqurlar.","Ko`zlari qo`rqinchga to`lgan, o`zlarini xorlik qoplagan holda tururlar. Bu o`sha, ularga va'da qilingan kundur.[1]###[1] (Qiyomatni inkor etuvchilarga bundan ortiq tahdid bo`lmasa kerak!)","Biz Nuhni o`z qavmiga, qavmingni ularga alamli azob kelishidan avval ogohlantirgin, deb Payg`ambar qilib yubordik.","U: «Ey qavmim, albatta, men siz uchun ochiq-oydin ogohlantiruvchiman.","Allohga ibodat qilinglar, Unga taqvo qilinglar va menga itoat qilinglar.","U sizlarning gunohlaringizdan mag`firat qiladir va sizni belgilangan ajalgacha qo`yib qo`yadir. Agar bilsangiz, albatta, Allohning ajali orqaga surilmaydir», – dedi.[1]###[1] (Bu oyatda zikr qilingan, gunohlarning kechirilishi va belgilangan muddatgacha yashab qolish, avvalgi oyatda shart qilingan Allohga ibodat qilish, unga taqvo qilish va Payg`ambarga itoat qilish ishlari bo`lsagina vujudga keladi.)","U: «Robbim, men o`z qavmimni kechayu kunduz da'vat qildim.","Mening chaqirig`im ularda qochishdan boshqa narsani ziyoda qilmadi.","Va albatta, qachonki men ularni Sening mag`firat qilishing uchun chaqirsam, ular barmoqlarini quloqlariga tiqdilar va kiyimlariga burkanib oldilar, hamda (kofirlikda) sobit bo`ldilar va nihoyatda ulkan takabburlik qildilar.","So`ngra, albatta, men ularni jahriy da'vat qildim.","So`ngra, albatta, men ularga oshkora va yashirin (da'vat) qildim.","Bas, o`z Robbingizga istig`for ayting, albatta, U gunohlarni ko`plab mag`firat qiluvchidir», dedim.","«U zot osmondan ustingizga ketma-ket baraka yomg`irini yuboradir.","Va sizga molu mulk va bola-chaqa ila madad beradir va sizlarga bog`u rog`lar hamda anhorlarni beradir.","Sizlarga nima bo`ldiki, Allohning azamatini o`ylab ko`rmaysizlar?","Holbuki, U sizlarni holatma-holat yaratdi.","Alloh yetti osmonni qandoq qilib tabaqama-tabaqa yaratib qo`yganini ko`rmadingizmi?","Va ular ichida oyni nur va quyoshni chiroq qilib qo`yganini ko`rmadingizmi?","Va Alloh sizlarni yerdan o`stirib chiqaradir.","So`ngra sizlarni unga qaytaradir va yana chiqaradir.","Va Alloh sizlarga yerni gilamdek to`shab qo`ydi.","Unda siz keng yo`llardan yurishingiz uchun», dedi.","Nuh: «Ey Robbim, albatta, ular menga isyon qildilar va moli, bola-chaqasi xusrondan boshqani ziyoda qilmaganga ergashdilar.","Va nihoyatda ulkan makr qildilar.","Va ular: «Olihalaringizni hech tark qilmanglar, va, albatta, Vaddni ham, Suva'ni ham, Yag`usni ham, Ya'uqni ham va Nasrni ham tark qilmang», dedilar.[1]###[1] (Shayton vasvasasi tufayli kishilar haykallarga sig`inishining bayoni ushbu oyatda nozil qilingandir.)","Darhaqiqat, ular ko`plarini adashtirdi. Va Sen zolimlarga zalolatdan boshqani ziyoda qilma», dedi.[1]###[1] (Ko`rinib turibdiki, Nuh alayhissalomning bu duolari nihoyatda alamli duo. Nuh alayhissalom o`z qavmlariga qilgan ushbu duoiba'dni Alloh subhanahu va taolo u zotga sening qavmingdan hozir iymonga kelganlaridan o`zgasi zinhor iymonga kelmas, deb xabar berganidan so`ng, ularning iymonlaridan noumid bo`lib turib qilganlar.)","Ular xatolari tufayli g`arq qilindilar, bas, olovga kiritildilar. Bas, o`zlariga Allohdan o`zga yordamchi topa olmadilar.","Va Nuh: «Ey Robbim, yer yuzida kofirlardan birorta ham harakatlanuvchini qo`ymagin.","Albatta, sen ularni tek qo`ysang, bandalaringni adashtiradilar va fojiru kofirdan boshqa tug`maslar.","Robbim, meni mag`firat qilgin, mening ota-onamni ham va uyimga mo`min bo`lib kirganlarni va mo`minlaru mo`minalarni ham. Va zolimlarga halokatdan o`zga narsani ziyoda qilma», dedi.[1]###[1] (Nuh alayhissalomning duolari qabul bo`ldi. Alloh taolo kofirlarni bitta ham qo`ymay halok qildi. Chunki ular insoniyat badaniga tushgan qorason kasalidek edilar. Ularni kesib tashlamasa bo`lmas edi.)","Sen ayt: «Menga vahiy qilindiki, albatta jinlardan (bir necha) nafari quloq osdilar va dedilar: «Biz ajoyib Qur'onni eshitdik.","U to`g`ri yo`lga hidoyat qiladir. Bas, biz unga iymon keltirdik va o`z Robbimizga birovni shirk keltirmasmiz,[1]###[1] (Jinlar o`z aql-farosatlari ila Qur'onni tushirgan Alloh ularning Robilari ekanligi va unga sherik bo`lishi mumkin emasligini ham tushunib yetadilar. Makka mushriklariga o`xshab Allohga shirk keltirmasliklarini ta'kidlaydilar.)","Va albatta, Robbimizning azamati yuksak bo`ldi. U o`ziga xotin va farzand tutgani yo`q.","Va albatta, esi pastimiz Allohga nohaq gaplarni aytardi.","Va albatta, biz ins ham, jin ham Allohga (nisbatan) yolg`on gapirmas, deb o`ylardik.","Va albatta, insdan ba'zi kishilar jinlarning ba'zi kishilaridan panoh so`rardilar. Bas, bu(jin)lar u(inson)larning gunoh va xorligini ziyoda qildilar.","Va albatta, u(inson)lar xuddi sizlar gumon qilganingizdek, Alloh biror kishini o`lgandan so`ng tiriltirmas, deb gumon qilardilar.","Va albatta, biz osmon(ga yetish)ni talab qildik. Bas, uni kuchli qo`riqchilarga va uchqunlarga to`lgan holda ko`rdik.","Va albatta, biz u(osmon)da tinglashga qulay joylarga joylashib olar edik. Endi esa, kim quloq solsa, o`zini poylab turgan uchqunga duchor bo`ladir.","Va albatta, biz, yer yuzidagilarga yomonlik iroda qilindimi yoki Robbilari ularga rushdni iroda qildimi, bilmasmiz.","Va albatta, bizdan solihlar ham va boshqalar ham bor. Turli guruhlar bo`lgan edik.","Va albatta, biz Allohni yer yuzida ojiz qoldira olmasligimizga va Undan qochib qutula olmasligimizga ishondik.","Va albatta, biz hidoyatni eshitgan paytimizda unga iymon keltirdik. Kimki o`z Robbisiga iymon keltirsa, savobi ozayib qolishdan ham, unga og`ir yuk yuklanishidan ham qo`rqmaydi.","Va albatta, bizdan musulmonlar (bor) va bizdan adashganlar (bor). Kimlar Islomga kirsa, bas, ular haq yo`lni tanlabdilar.","Va ammo, adashganlar, bas, jahannamga o`tin bo`libdilar.[1]###[1] (Oyatda yo`ldan adashganlar jahannamga yoqilg`i bo`lishliklari ham aniq, ochiq-oydin aytilmoqda.)","Va agar ular to`g`ri yo`ldan yursalar, albatta Biz ularni ko`p suv ila sug`oramiz.","U ila ularni sinash uchun. Va kimki o`z Robbisi zikridan yuz o`girsa, uni U zot qiyin azobga soladir.","Va albatta, masjidlar Allohnikidir. Bas, Allohdan boshqaga duo qilmang.[1]###[1] (Masjidlar Allohga ibodat qilish uchun bino qilingan joylardir, shuning uchun ham ular «Baytulloh» — Allohning uyi deb ataladi. Boshqa din vakillari o`z ibodatxonalarida Allohga shirk keltirishar, yagona Allohdan o`zgaga ham ibodat, duo qilishardi. Alloh taolo bu oyatda O`z Payg`ambari va mo`min-musulmonlarni tavhidga — faqat Allohning O`ziga ibodat qilishga chaqiradi.)","Va albatta, Allohning bandasi Unga ibodat qilib turganda ular uning atrofida ot yolidek to`planib, bosib yuboray deyishdi.[1]###[1] (Bu oyatda jinlarning Payg`ambar alayhissalom huzurlariga ikkinchi bor kelib Qur'on eshitgan paytlari tasvirlanyapti.)","Sen: «Albatta, men faqat o`z Robbimga ibodat qilurman va Unga hech kimni shirk keltirmasman», deb ayt.","Sen: «Albatta, men sizlar uchun zararga ham, manfaatga ham molik emasman», deb ayt.","Sen: «Albatta, meni hech kim Alloh(azobi)dan saqlab qola olmas va hargiz Allohdan o`zga pushti panoh topa olmasman.","Faqat, Allohdan U zotning topshiriqlarini yetkazishdir. Kimki Allohga va Uning Payg`ambariga bo`ysunmasa, unga jahannam otashi bor, unda abadiy qolajaklar», deb ayt.","Toki ularga va'da qilingan narsani ko`rganlarida, kimning yordamchisi zaif-u, kimning soni ozligini ham bilurlar.","Sen: «Sizlarga va'da qilingan narsa yaqinmi yoki Robbim unga uzoq muddat qilganmi, bilmasman», deb ayt.","U g`aybni biluvchidir va hech kimni o`z g`aybidan xabardor qilmas.","Illo, O`zi rozi bo`lgan Payg`ambarlar. Albatta, Alloh uning oldidan ham, ortidan ham kuzatib yuruvchi qo`yib qo`yadir.","(Payg`ambarlar) o`z Robbilari risolatlarini haqiqatan yetkazganliklarini va Alloh u(banda)lar huzuridagi barcha narsani ihota qilib olganligini va hamma narsaning adadini hisob qilganligini bilish uchun.[1]###[1] (Payg`ambarlar muhofazasi uchun qo`yilgan farishtalar bir yo`la, ularning Allohning dinini odamlarga qandoq yetkazayotganlariga guvoh ham bo`lib turadilar. Alloh hamma narsani O`z ixtiyoriga olib o`ragani, hamma narsaning hisob-kitobini qilib turishiga ham shohiddirlar.)","Ey, o`ranib yotuvchi.","Kechaning ozginasidan boshqasini (ibodatda) tik turib o`tkaz.","Yarmida yoki undan bir oz qisqarog`ida (bedor bo`l).","Yoki u(yarim)ga yana qo`sh va Qur'onni tartil bilan tilovat qil.[1]###[1] (Qur'onni tartil bilan o`qish deb uni dona-dona qilib, har bir harfini o`z o`rnidan chiqarib, oyatlarini alohida-alohida qilib, tajvid qoidalari asosida o`qishga aytiladi.)","Albatta, Biz ustingga og`ir so`zni tashlarmiz.","Albatta, kechki ibodat ko`proq muvofiq kelur va qiroati to`g`riroq bo`lur.","Albatta, kunduzi sening uzoq ishlashing bor.","Va Robbingning ismini zikr et va Uning ibodatiga butunlay ajralib chiq.","U mashriqu mag`ribning Robbidir. Undan o`zga ibodatga sazovor iloh yo`q. Bas, Uni o`zingga vakil qil.","Va ularning gaplariga sabr qil va ulardan chiroyli chetlash-la chetlab tur.","Ahli ne'mat bo`lgan yolg`onga chiqaruvchilarni O`zimga qo`yib qo`y va ularga ozgina muhlat ber.","Albatta, Bizda og`ir kishanlar va jahannam bor.","Va (tomoqqa) tiqiladigan taom va alamli azob bor.","Bir kundaki, unda yeru tog`lar larzaga keladi va tog`lar oquvchi qumtepalarga aylanadi.","Albatta, Biz sizlarga, xuddi Fir'avnga Rasul yuborganimizdek, siz haqingizda guvohlik beruvchi Rasulni yubordik.","Bas, Fir'avn Rasulga osiy bo`ldi va Biz uni shiddatli azob bilan tutdik.","Agar kofir bo`lsalaringiz, bolalarning sochini oqartirib yuboradigan kundan qanday saqlanursiz?![1]###[1] («bolalarning sochini oqartib yuboradigan kun» — qiyomat kuni ekani hammaga ma'lum.)","Unda osmon parchalanuvchidir, U zotning va'dasi amalga oshadir.","Albatta, bular eslatmadir, Kim xohlasa, o`z Robbi tomon yo`l oladir.","Albatta, Robbing seni kechaning uchdan ikkisidan ozrog`ini, yo yarmini, yo uchdan birini qoim bo`lib o`tkazayotganingni va sen bilan birga bo`lganlardan ham bir toifa (shundoq qilayotganlarini) biladir. Va Alloh kechayu kunduzni O`zi o`lchaydir. U sizlar hech chiday olmasligingizni bilib, sizlarga (engillikni) qaytardi. Bas (endi), Qur'ondan muyassar bo`lganicha o`qinglar. Sizlardan kelajakda kasallar bo`lishini ham bildi. Boshqalar Yer yuzida yurib, Allohning fazlini axtarishini, yana boshqalar esa, Allohning yo`lida jihod qilishlarini (ham bildi). Bas, undan muyassar bo`lganicha qiroat qilinglar. Va namozni qoim qilinglar, zakot beringlar va Allohga yaxshi qarz beringlar. O`zingiz uchun nima yaxshilik qilgan bo`lsangiz, Allohning huzurida undan yaxshirog`ini va ulkanroq ajrni toparsizlar. Allohga istig`for aytinglar. Albatta, Alloh mag`firat qiluvchi va rahmdildir.[1]###[1] (Bu oyat bilan Alloh taolo suraning avvalidagi oyatlarga binoan farz qilingan kechasi qoim bo`lishni bekor qildi. Shundan so`ng kechada farz namozlardan tashqari ibodat qilish ixtiyoriyga aylanadi. Islom ta'limotlari har bir narsada yuksak insoniy fazilatlar hukm surishini yo`lga qo`yib kelgan va inshaalloh shunday bo`lib qoladi.)","Ey, burkanib yotgan!","Tur va ogohlantir!","Va Robbingni ulug`la!","Va kiyimingni pokla!","Va azob(sababchisi)dan chetlan!","Va ko`p (ish) qilgan bo`lsang ham, minnat qilma.","Va Robbing uchun sabr qil.","Bas, vaqti kelib, dudga puflansa...","Bas, o`sha, o`shal kun qiyin kundir.","U kofirlarga oson emasdir.","Meni O`zim yakka yaratgan kishi bilan qo`yib qo`y.","Va unga ko`plab molu dunyo berib qo`ydim.","Va hoziru nozir farzandlar ham.","Va unga (hamma narsani) osonlashtirib qo`ydim.","So`ngra, yana ziyoda qilishimni tama' qilur.","Yo`q! Chunki, u Bizning oyatlarimizga sarkash edi.","Tezda uni mashaqqatli chiqish-la horitaman.","Albatta, u tafakkur qildi va chamalab ko`rdi.","La'nat bo`lsin unga, qandoq ham chamaladi!","So`ngra yana la'nat bo`lsin unga, qandoq ham chamaladi.","So`ngra nazar soldi.","So`ngra yuzini burishtirdi va qavog`ini soldi.","So`ngra yuz o`girdi va takabburlik qildi.","Bas, «Bu asar qolgan sehrdan o`zga hech narsa emas.","Bu bashar so`zidan o`zga hech narsa emas», dedi.","Tezda uni saqar(do`zaxi)ga kiriturman.","Va saqar nimaligini senga nima bildirdi?","U boqiy qoldirmas va tark ham qilmas.","U terini ko`p kuydiruvchidir.","U(saqar)ning ustida o`n to`qqizta (farishta) bor.","Do`zax sohiblarini farishtalardan qilganimiz va ularning adadi ham faqat kofirlarni sinash uchun. Kitob berilganlar ishonch hosil qilishlari uchun. Va iymonlilarning iymoni ziyoda bo`lishi uchun. Kitob berilganlar va mo`minlar shak-shubha qilmasliklari uchun va qalblarida kasali borlar (munofiqlar) va kofirlar, Alloh bu bilan nima misolni iroda qilmoqchi, deyishlari uchun. Shundoq qilib, Alloh xohlagan kimsani adashtirur va xohlagan kimsani hidoyatga solur. Robbingning askarlarini O`zidan boshqa hech kim bilmas. Va u (do`zax) bashar uchun eslatmadan o`zga hech narsa emas.","Yo`q! Oy bilan qasam.","Va chekinayotgan tun bilan qasam.","Va yorishayotgan tong bilan qasam.","Albatta, u(do`zax) ulkan(azob)larning biridir.","U bashariyat uchun ogohlantiruvchidir.","Sizlardan peshqadam bo`lishni yoki ortda qolishni xohlayotgan kimsalar uchundir.","Har bir shaxs o`z kasbining garovidir.","(Bundan) o`ng taraf sohiblari mustasnodir.","Ular jannatlarda, so`raydirlar.","Gunohkorlardan.","«Sizlarni do`zaxga nima kiritdi?» (deb)","Alar: «Namoz o`qiydiganlardan bo`lmagan edik.","Va miskinlarga taom bermagan edik.","Va botilga sho`ng`uvchilar bilan birga sho`ng`ir edik.","Va qiyomat kunini yolg`onga chiqarar edik.","Toki bizga o`lim kelgunicha», derlar.","Bas, ularga shafoatchilarning shafoati manfaat bermaydir.","Ularga nima bo`ldiki, eslatmadan yuz o`girarlar.","Xuddi qattiq qo`rqqan eshaklar.","Arslondan qochgani kabi.","Balki ulardan har biri o`ziga nashr qilingan sahifalar berilishini iroda qilar.","Yo`q! Balki ular oxiratdan qo`rqmaslar.","Yo`q! Albatta, u(Qur'on) eslatmadur.","Bas, kim xohlasa, uni eslaydir.","Va faqat Alloh xohlasagina, eslarlar. U zot taqvo ahlidir va mag`firat ahlidir.","Qiyomat kuni bilan qasam.","Va malomatchi nafs bilan qasam.","(Kofir) Inson Bizni uning suyaklarini jamlab olmas, deb o`ylarmi?","Albatta, Biz uning barmoq uchlarini ham asl holiga keltirishga qodirmiz.","Balki, inson kelajakda fisqu fujur qilishni xohlaydir.","Qiyomat kuni qachon? — deb so`raydir.","Qachonki ko`z lol qolib qo`rqinchga to`lsa.","Va oy tutilsa.","Va quyosh bilan oy jamlansa.","O`shal kunda inson: «Qochar joy qayerda?» deb qoladir.","Yo`q! Qochar joy yo`qdir!","U kunda joylashuv faqat Robbing huzurida bo`ladir.","U kunda insonga avvalu oxir qilgan ishlarining xabari beriladir.","Ha, inson o`z nafsiga qarshi o`zi shohiddir.","Va agar uzrlarini to`kib solsa ham.","Sen shoshilib u bilan tilingni qimirlatma.","Albatta, u(Qur'on)ni jamlash va o`qib berish Bizning zimmamizda.","Bas, Biz uni o`qisak, qiroatiga zehn solib tur.","So`ngra u(Qur'on)ni bayon qilib berish ham Bizning zimmamizda.","Yo`q! Balki sizlar shoshar dunyoni yaxshi ko`rasizlar.","Va oxiratni tark etasizlar.","U kunda chiroyli yuzlar bor.","O`z Robbisiga nazar soluvchilar.","Va u kunda tirishib-burishgan yuzlar ham bor.","O`zlariga umurtqasini sindiradigan ish bo`lishiga ishonarlar.","Yo`q! Vaqtiki, (jon) halqumga kelsa.","Va «Kim buni qutqarar?» deyilsa.","Va, albatta, bu firoq ekanligiga ishonsa.","Va boldirlar bir-biriga almashsa.","U kunda haydab borish joyi Robbing huzuridadir.[1]###[1] (Ya'ni, joni halqumiga kelib qolganda, uni hayotda olib qolish uchun barcha chora ko`riladi, Kim qutqararkin, deb iltijo qilinadi. Lekin iloji bo`lmay firoq vaqti kelganiga ishonch hosil bo`ladi. Jon chiqqanda esa oyoqlar jonsiz bo`lib bir-biriga chalmashadi.)","Bas, u tasdiqlamadi va namoz o`qimadi.","Va lekin yolg`onga chiqardi va yuz o`girdi.","So`ng o`z ahliga kerilib bordi.","Holingga voy bo`lsin sening, voy bo`lsin!","Yana holingga voy bo`lsin sening, voy bo`lsin!","Inson behuda tark qilinishlikning hisobini qilurmi?","U maniydan oqqan nutfa bo`lmaganmidi?","So`ng alaqa bo`ldi. Bas, bekami-ko`st etib yaratdi.","Bas, undan juftni — erkak va ayolni yaratdi.","Shunday Zot o`liklarni tiriltirishga qodir emasmi?!","Darhaqiqat, insonga u esga olinadigan narsa bo`lmagan bir zamon kelmadimi?","Albatta, Biz insonni aralash nutfadan yaratdik. Sinash uchun, bas, uni eshitadigan, ko`radigan qildik.","Albatta, Biz unga yo`l ko`rsatdik. (U esa) yoki shukr qiluvchi, yoki kufr keltiruvchi bo`ldi.","Albatta, Biz kofirlar uchun zanjirlar, kishanlar va yonib turgan olovni tayyorlab qo`yganmiz.","Albatta, yaxshilar kaafur aralashtirilgan qadahdan icharlar.[1]###[1] (Kaafur — ichimlikni xushbo`y va xushta'm qiluvchi modda bo`lib, arablar u aralashgan sharobni eng yaxshi sharob hisoblashadi.)","Bir buloqdanki, undan Allohning bandalari otiltirib icharlar.","Ular nazrga vafo qilarlar va yomonligi keng tarqaladigan kundan qo`rqarlar.","O`zlari taomni yaxshi ko`rib tursalar ham, uni miskin, yetim va asirlarga berarlar.[1]###[1] (Abrorlarning xislati nima ekan! Ular hattoki o`zlariga taom kerak bo`lib, hojatlari tushib tursa ham, miskin, yetim, asirlarni o`zlaridan ustun qo`yib, taomni ularga beradilar.)","«Albatta, biz sizlarni faqat Allohning roziligi uchun ovqatlantiramiz. Buning evaziga sizlardan mukofot yoki tashakkur xohlamaymiz.","Albatta, biz qo`rqinchli, shiddatli, uzun kunda o`z Robbimizdan qo`rqurmiz», derlar.","Bas, ularni Robbilari o`shal kun sharridan saqladi va ularga xushro`ylik hamda xursandchilik ato qildi.","Va sabr qilganliklari uchun, ularni bog`u rog` va ipaklar bilan mukofotladi.","U yerda so`rilarda suyangan holdalar. U yerda quyoshni ham, sovuqni ham ko`rmaslar.","Va ustilariga u(jannat)ning soyalari yaqindir hamda uning mevalari juda ham oson qilingandir.","Va ularga kumush idishlar va billurlardan bo`lgan qadahlar aylantirib turilur.","Billurlar kumushdandir, (soqiylar) o`lchovini keltirgandirlar.","Va ular u(er)da aralashmasi zanjabiyl bo`lgan qadahdan sug`orilurlar.","U(er)dagi «salsabiyl» nomli buloqdan.[1]###[1] (Zanjabiyl — yerga tomir otgan o`simlik turi bo`lib, tomiri tuyilib xushbo`y modda yasaladi: arablar undan o`z ichimliklariga qo`shib ichishni juda-juda sevadilar. Ichuvchining tomog`idan huzur bag`ishlab, osonlik bilan o`tuvchi sharobni arablar salsabiyl deb ataydilar. «Salsabiylan» deyilganda shunga ishora qilinyapti.)","Va ularning atrofida abadiy yosh bolalar aylanarlar, agar ularni ko`rsang, sochilgan marjon, deb o`ylarsan.","Va agar ko`rsang, u yerda ne'matni va ulkan mulkni ko`rursan.","Ularning ustilarida yashil sundusdan (yupqa ipakdan) va istabraqdan (qalin ipakdan) kiyimlar bor va kumush bilakuzuklar-la yasanganlar va Robbilari ularni pok sharob bilan sug`orur.","Albatta, bu sizga mukofot bo`ldi va sizning amalingiz qabul bo`ldi.","Albatta, Biz senga Qur'onni bo`lak-bo`lak qilib tushirdik.","Bas, Robbing hukmiga sabr qil va ulardan gunohkor yoki kofirlariga itoat qilma.","Ertayu kech Robbing ismini zikr qil.","Va kechasida ham Unga sajda qil va uzoq kechalarda Unga tasbih ayt.[1]###[1] (Tafsirchilar «bukratan»dan murod Bomdod namozi, «asiylo»dan murod peshin va asr namozi, «Va minal layli» Shom va Xufton namozlari. «Laylan toviylo»dan murod kechasi bedorlik bilan o`qilgan namoz deganlar.)","Albatta, anavilar shoshgan(dunyo)ni yaxshi ko`rurlar va og`ir kunni ortlarida qoldirurlar.","Biz ularni yaratdik va yaratilishlarini mahkam qildik. Va agar xohlasak, ularning o`rinlariga o`xshashlarini keltiramiz.","Albatta, bu (sura) eslatmadur. Bas, kim xohlasa, o`z Robbisiga yo`l oladir.","Va Alloh xohlasagina, sizlar ham xohlaysizlar. Albatta, Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.","U kimni xohlasa, O`z rahmatiga kiritur va zolimlar uchun alamli azoblar tayyorlab qo`ygandir.","Ket-ket yuborilganlar bilan qasam.","Qattiq esgan shamollar bilan qasam.","Va (shariatni) nashr qiluvchilar bilan qasam.","Farqlovchilar bilan qasam.","Vahiyni tashuvchilar bilan qasam.","Uzrlarni yoki ogohlantirishlarni ham.","Albatta, sizga va'da qilinayotgan narsa voqe' bo`lguvchidir.","Bas, vaqtiki yulduzlar o`chirilsa.","Va vaqtiki, osmon yorilsa.","Va vaqtiki, tog`lar ko`chirilsa.","Va vaqtiki, Payg`ambarlarga vaqt belgilansa.","Qandoq kunga surilgan-a?","Ajratish kuniga.","Ajratish kunini senga nima bildirdi?","O`shal kunda yolg`onga chiqaruvchilarga vayl bo`lsin!","Avvalgilarni halok qilmadikmi?","So`ngra keyingilarini ularga ergashtirmadikmi?","Gunohkorlarni shundoq qilamiz.","O`shal kunda yolg`onga chiqaruvchilarga vayl bo`lsin!","Sizlarni haqir suvdan yaratmadikmi?","Bas, uni mustahkam qarorgohga joylamadikmi?!","Ma'lum vaqtgacha.","Bas, Biz qodir bo`ldik va qandoq ham yaxshi qodir bo`luvchimiz.[1]###[1] (Yuqorida aytilgan ishlarga qodir bo`ldik, nihoyatda ajoyib, insoniyat tafakkuridan ustun bir holatda, qodir bo`ldik, deyapti Parvardigor.)","O`shal kunda yolg`onga chiqaruvchilarga vayl bo`lsin!","Yerni o`ziga tortuvchi qilib qo`ymadikmi?!","Tiriklarni va o`liklarni.","Va Biz unda yuksak tog`lar qildik va sizlarni zilol suv bilan sug`ordik.","O`shal kunda yolg`onga chiqaruvchilarga vayl bo`lsin!","Yuringiz! O`zingiz yolg`onga chiqargan narsaga qarab.","Yuringiz! Uch sho`'basi bor «soya»ga qarab.","U, salqin qiluvchimas va olovni ham qaytarmas.","Albatta, u (jahannam) qasrdek uchqunlarni otadir.","U (uchqun) xuddi qoramtir-sarg`ish tuyalarga o`xshaydir.","O`shal kunda yolg`onga chiqaruvchilarga vayl bo`lsin!","Bu, ular gapira olmaydigan kundir.","Va ularga uzr aytishga izn berilmaydir.","O`shal kunda yolg`onga chiqaruvchilarga vayl bo`lsin!","Bu ajratish kuni sizlarni va avvalgilarni jamladik.","Bas, sizlarning hiylangiz bo`lsa, Menga ishlatib ko`ring-chi?","O`shal kunda yolg`onga chiqaruvchilarga vayl bo`lsin!","Albatta, taqvodorlar soyalar va buloqlardadir.","Va o`zlari xohlagan mevalardadir.","Yenglar va ichinglar, osh bo`lsin. Qilgan amallaringiz sababidandir.","Albatta, Biz muhsinlarni shunday mukofotlarmiz.","O`shal kunda yolg`onga chiqaruvchilarga vayl bo`lsin!","Yenglar va mazza qilinglar, ozginagina. Albatta, sizlar gunohkorsizlar.","O`shal kunda yolg`onga chiqaruvchilarga vayl bo`lsin!","Va agar ularga ruku' qilinglar deyilsa, ruku' qilmaslar.","O`shal kunda yolg`onga chiqaruvchilarga vayl bo`lsin!","Bas, undan keyin qaysi so`zga ishonadilar?!"]