["Bular Payg`ambarlar. Ularning ba'zilarini ba'zilaridan fazllik qildik. Ulardan Alloh gaplashgani bor va ba'zilarining darajasini ko`targan. Va Iyso ibn Maryamga oydin(mo`'jiza)larni berdik va uni muqaddas ruh bilan qo`lladik. Agar Alloh xohlaganida, ulardan keyin qolganlar o`zlariga ochiq-oydin bayonotlar kelganidan so`ng urushmas edilar. Lekin ixtilof qildilar. Ulardan kimdir iymon keltirdi, kimdir kufr keltirdi. Agar Alloh xohlaganida, urushmas edilar. Lekin Alloh nimani iroda qilsa, shuni qiladi.[1]###[1] («Muqaddas ruh» deb tarjima qilingan «Ruhul qudus»dan murod Jibroil farishta alayhissalomdir.)","Ey, iymon keltirganlar! Sizga rizq qilib bergan narsalarimizdan na oldi-sotdi, na oshna-og`aynichilik va na shafoatchilik yo`q Kun kelmasdan oldin nafaqa qiling. Va kofirlar — o`shalar zolimlardir.","Alloh, Undan o`zga iloh yo`q. U tirikdir va qayyumdir. Uni mudroq ham, uyqu ham olmas. Osmonlaru yerdagi narsalar Unikidir. Uning huzurida O`zining iznisiz hech kim shafoat qila olmas. U ularning oldilaridagi narsani ham, ortlaridagi narsani ham bilur. Uning ilmidan hech narsani ihota qila olmaslar, magar O`zi xohlaganini, xolos. Uning kursisi osmonlaru yerni qamragan. U ularni muhofaza qilishdan charchamas. Va U Aliy va Aziym Zotdir.[1]###[1] (Imom Muslim va Imom Ahmad Ubay ibn Ka'b roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda, Allohning kitobidagi eng ulug` oyat Kursi oyati ekanligi ta'kidlangan. Imom Nasoiy Abu Umomadan rivoyat qilgan hadisda Payg`ambarimiz alayhissalom: «Kim har farz namozdan keyin «Oyatul Kursiy»ni o`qisa, uning jannatga kirishini faqat o`lim to`sib turadi, xolos», deganlar. Ya'ni, o`lmagani uchun jannatga kirmaydi, agar vafot etsa, uni jannatdan to`sadigan hech narsa qolmaydi, degani.)","Dinga majbur qilish yo`q. Batahqiq, haq botildan ajradi. Kim tog`utga kufr keltirib, Allohga iymon keltirsa, batahqiq, uzilmaydigan mustahkam tutqichni ushlagan bo`ladi. Va Alloh eshituvchi, biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Aqida, iymon masalasi inson qalbiga bog`liq juda ham nozik bir masaladir. Bu narsani majbur etib, kuch bilan singdirib bo`lmaydi. Balki har bir inson bayon qilingan narsalarga tushunib iymon keltirgandagina maqsad hosil bo`ladi. Islomda ushbu qoidaga qattiq rioya qilinadi. Alloh taolo O`zi «Dinga majbur qilish yo`q. Batahqiq, haq botildan ajradi», deb qo`ygan. Ya'ni, Alloh taolo O`z Payg`ambari Muhammad alayhissalomga Qur'oni Karimni tushirib, Islomni joriy qilgandan so`ng to`g`ri yo`l noto`g`risidan, haq botildan ajradi. Hamma narsa o`z o`rnini topdi. Shunday bo`lgandan keyin «Dinga majbur qilish yo`q». Har kimga Alloh aql bergan, o`ziga kerak yo`lni tanlab olsin.)","Alloh iymon keltirganlarning do`stidir. Ularni zulmatlardan nurga chiqarur. Kufr keltirganlarning do`stlari tog`utlardir. Ularni nurdan zulmatlarga chiqarurlar. Ana o`shalar do`zax egalaridir. Ular unda abadiydirlar.[1]###[1] (Biz oyatda «do`st» deb tarjima qilgan ibora arabchada «valiy» deb kelgan bo`lib, bu siz bilan bizning tushunchamizdagi «do`st»dan ko`ra kengroq tushunchani ifoda qiladi. Bu do`st ishboshi, hamma kerakli narsalarni tayyorlab, ishlarni to`g`ri izga solib turuvchi g`amxo`rdir. «Tog`ut» — Allohdan boshqa ibodat qilinadigan narsalar.)","Alloh podshohlik berib qo`ygani sababidan Ibrohim bilan Robbisi haqida hujjat talashganni bilmadingmi? Ibrohim: «Mening Robbim tiriltiradi va o`ldiradi», deganda, u: «Men tiriltiraman va o`ldiraman», – dedi. Ibrohim: «Albatta, Alloh quyoshni Mashriqdan chiqarur, bas, sen uni Mag`ribdan chiqarging-chi», – dedi. Bas, kufr keltirgan lol qoldi. Va, Alloh zolim qavmlarni hidoyatga solmas.[1]###[1] (Ushbu oyati karima Ibrohim alayhissalom bilan u kishining davrlarida o`tgan bir hukmdor podshohning tortishuvini hikoya qiladi.)","Yoki shiftlari ustiga qulagan qishloqdan o`tgan kishiga o`xshashni ko`rmadingmi? U: «Alloh buni o`limdan keyin qanday tiriltirur?» – dedi. Bas, Alloh uni yuz yil o`ldirdi, so`ngra, qayta tiriltirdi. «Qancha yotding?» – dedi. U: «Bir kun yoki bir kunning ba'zisicha yotdim», – dedi. «Balki, yuz yil yotding, taomingga va sharobingga nazar sol, o`zgargani yo`q va eshagingga ham qara. Seni odamlarga ibrat qilish uchun shunday qildik. Va suyaklarga nazar sol, ularni qandoq harakatga solamiz va ularga qandoq go`sht kiygizamiz», – dedi. Unga ravshan bo`lganda: «Albatta, Alloh har bir narsaga qodirligini bildim», – dedi.[1]###[1] (Demak, o`sha kishi Alloh taoloning har bir narsaga qodir ekaniga shubha bilan qarardi. Shunda Alloh taolo unga, o`lgan narsalarni qanday qilib tiriltirishini tushuntirib o`tirmadi-da, u bandaning o`zini tajriba qilib qo`ya qoldi: «Bas, Alloh uni yuz yil o`ldirdi, so`ngra qayta tiriltirdi». Bo`lib o`tgan voqeani tushunib yetish uchun Alloh unga: «Qancha yotding?» dedi». U odam o`zining qancha yotganini qayerdan bilsin. Vaqtni sezish tirik, hayot nashidasini surib turgan kishilarga xos xususiyat. U bo`lsa, yuz yil o`lib yotdi. Buning ustiga, his-tuyg`u odamni aldaydi ham. Shuning uchun: «U: «Bir kun yoki bir kunining ba'zisicha yotdim», dedi». O`zining bilganicha javob berdi. O`zining yuz yil o`lib yotib, yana qayta tirilgani unga bir kun yoki bir kundan ham ozroq yotganday bo`lib ko`rindi. Bu holati o`ziga tasdiqlatib olingandan so`ng, bo`lgan ishning haqiqati unga aytildi: «Balki yuz yil yotding», deyildi.)","Esla, Ibrohim: «Ey Robbim, menga o`liklarni qanday tiriltirishingni ko`rsat», deganda, U Zot: «Ishonmadingmi?» – dedi. U: Ore, lekin qalbim xotirjam bo`lishi uchun», – dedi. U zot: «Qushdan to`rtta olgin-da, o`zingga tortib, kesib maydala, so`ngra, ulardan har bir toqqa bo`laklarini qo`ygin, keyin ularni o`zingga chaqir, huzuringga tezlab keladilar», – dedi. «Va bilginki, albatta, Alloh Aziyz va Hakiym Zotdir».[1]###[1] (Ibrohim alayhissalom Alloh taolo o`liklarni tiriltira olishiga hech qanday shubha qilmas edilar. U zotning bunga ishonchlari komil edi. Shuning uchun ham Alloh taolo «Ishonmadingmi?» deb so`raganida: «Ore (ishondim), lekin qalbim xotirjam bo`lishi uchun», dedilar. Dilda ishongan narsani, ko`z bilan ko`rib, Alloh taoloning qudratiga qoyil qolib, mo`min banda o`z Robbining mo`'jizalarini ko`rib maza qilgandek maza qilib, ko`ngli xotirjam bo`lishi uchun so`raganlar.)","Mollarini Allohning yo`lida sarflaydiganlarning misoli xuddi bir dona donga o`xshaydir. Undan yetti boshoq o`sib chiqadir, har boshoqda yuztadan don bor. Va Alloh kimga xohlasa, yana ko`paytirib beradir. Va Alloh qamrab oluvchi va biluvchi Zotdir.","Allohning yo`lida mollarini sarflab, so`ngra sarflari ketidan minnat qilmay va ozor bermaydiganlarning ajrlari Robbilari huzuridadir. Ularga xavf yo`q va ular xafa ham bo`lmaslar.[1]###[1] (Allohning yo`lida sarflangan molning savobini to`liq olishning sharti ham bor, u ham bo`lsa, mol sarflovchi minnat qilmasligi va molni olganlarga ozor bermasligi kerak. Minnat qilishlik yomon odat bo`lib, inson qalbida og`ir yara qoldiradi.)","Yaxshi so`z va kechirish ortidan ozor keladigan sadaqadan ko`ra yaxshiroqdir. Va Alloh G`aniy va Haliym Zotdir.[1]###[1] («Ortidan ozor keladigan sadaqa»ning keragi yo`q. Undan ko`ra bir og`iz shirin so`z va kechirimli bo`lish yaxshiroqdir. Bir og`iz bo`lsa ham, shirin so`z qalbning jarohatiga malham bo`ladi, kishining ko`nglini ko`taradi. Kechirish esa, hasad va yomonlikni yuvib tashlab, o`rniga muhabbat va do`stlikni soladi.)","Ey, iymon keltirganlar! Sadaqalaringizni minnat va ozor berish bilan, Allohga va oxirat kuniga iymon keltirmasa ham, kishilarga riyo uchun molini nafaqa qilganga o`xshab, bekorga ketkazmang. U misoli ustini tuproq bosgan silliq bir toshga o`xshaydir. Bas, kuchli yomg`ir yog`sa, silliq bo`lib qoladi. Kasb qilganlaridan hech narsaga qodir bo`lmaslar. Va Alloh kofir qavmlarni hidoyatga boshlamas.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada sadaqadan keyin minnat qilib, ozor berib, qilgan yaxshiligining savobidan bebahra qolishlik ajoyib badiiy vasf bilan tasvirlanyapti. Bu bilan musulmonlar hissida bu ishning naqadar yomon ish ekanligini jonli tasvir qilinmoqda.)","Mollarini Allohning roziligini istab, o`zlaridagi ishonch bilan sarflaydiganlar xuddi tepalikdagi boqqa o`xshaydir. Unga qattiq yomg`ir yog`sa, mevasini ikki barobar beradi. Agar qattiq yomg`ir yog`masa, maydalab yoqqani ham bo`laveradi. Va Alloh qilayotganlaringizni ko`rib turuvchi Zotdir.","Sizlardan birortangiz ostidan anhorlar oqib turgan xurmozor va uzumzor, turli mevali bog`i bo`laturib, yoshi bir joyga yetganda, zaifhol zurriyoti bor paytda unga o`tli bo`ron kelib, yonib bitishini xohlaydimi?! Alloh sizlarga shu tariqa O`z oyatlarini bayon qilur, shoyadki, fikr yuritsangiz.[1]###[1] (Allohning yo`lida qilingan sadaqa xuddi daraxtlari ostidan sharqirab suvlar oqib turgan xurmozor va uzumzor, turli mevali boqqa o`xshaydi. Bog`dan hammaga foyda — ko`rgan ham, kirgan ham, yegan ham hursand. Xuddi shuningdek, Alloh yo`lida qilingan sadaqa berganni ham, olganni ham, bilganni ham xursand qiladi. Hammaga o`z darajasida foyda yetkazadi. Ana shunday oliymaqom bog`u bo`stoni bor odam shu bog`ning o`tli bo`ronda kuyib tugashini, xususan, yoshi bir joyga yetib, qo`lidan bir ish kelmay qolgan chog`ida, uning qo`liga qarab turgan zaifhol zurriyotlari bor chog`ida shunday bo`lishini xohlaydimi? Albatta, yo`q. Alloh yo`lida sadaqa qilgan odam ham go`yo o`shanday bog`u bo`stonga erishgan bo`ladi. Sadaqasi ketidan minnat etsa va ozor yetkazsa, xuddi o`tli bo`ron bilan bog`ini kuydirgandek bo`ladi. Sadaqasining savobi qolmaydi.)","Ey, iymon keltirganlar! Kasb qilgan pok narsalaringizdan va Biz sizlarga yerdan chiqarib bergan narsalarimizdan sadaqa qilinglar. Nopokni qasd etib sadaqa qilmang. Holbuki, uni o`zingiz ham oluvchimassiz, magar ko`z yumsangizgina olasiz. Va bilingki, albatta, Alloh boy va maqtalgan Zotdir.","Shayton sizga faqirlikni va'da qiladir va fahsh ishlarga buyuradir. Alloh sizga O`zidan mag`firat va fazlni va'da qiladir. Va Alloh keng qamrovli, biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Shayton bandalarni molingdan sadaqa qilsang, faqir-kambag`al bo`lib qolasan, deb qo`rqitadi. Ham kishilarni fahshga — yomon gunoh ishlarga, qizg`anchiqlikka, baxillik va molu dunyoga o`ch bo`lishga buyuradi. Shaytonning gapiga kirganlar faqirlikdan qo`rqib, baxil bo`lib, Allohning yo`lida sadaqa qilmay yuraveradilar.)","U kimni xohlasa, o`shanga hikmatni berar. Kimga hikmat berilsa, unga ko`p yaxshilik berilgan bo`lar. Faqat aql egalarigina eslarlar.[1]###[1] (Hikmat bilan tasarruf qilgan inson har bir narsani o`z o`rniga qo`yib, qoyillatib qiladi. Sadaqada ham haddidan oshmay, adolat bilan ish yuritadi. Umuman, hikmatli bo`lishlik unga juda ko`p yaxshilik keltiradi. Bu haqiqatni aql egalarigina eslaydilar, tushunib yetadilar.)","Qilgan nafaqangizni yoki nazringizni Alloh albatta biladir. Zolimlarga yordamchilar yo`qdir.","Sadaqani oshkora qilsangiz, qandoq ham yaxshi. Agar maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz, bu siz uchun yaxshidir. Sizdan gunohlaringizni yuvadir. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada sadaqani oshkora qilish ham, maxfiy qilish ham maqtalmoqda. Bu haqdagi boshqa oyat va shar'iy dalillarni jamlab o`rganib chiqqan ulamolarimiz xulosa qilib aytadilarki, sadaqa farz bo`lsa, uni oshkora qilish yaxshi, chunki bu holda Allohning amriga toat oshkora ko`rinadi va haqdor bo`lmagan kishilarga ham tushib qolishi mumkinligi oldi olinadi. Agar sadaqa ixtiyoriy bo`lsa, uni maxfiy qilingani yaxshi. Riyodan va manmanlikdan uzoqda bo`linadi. Sadaqaning eng haqdori kambag`al-faqir kishilardir. Islomda sadaqaning joriy qilinishi ham o`sha toifaning himoyasi va yordami uchun bo`lgan.)","Ularni hidoyatga solish sening zimmangda emas. Lekin Alloh kimni xohlasa, hidoyatga boshlar. Nafaqa qilgan yaxshiliklaringiz o`z foydangizga. Qilgan nafaqangiz faqat Allohning yuzini istash uchundir. Nafaqa qilgan yaxshiliklaringiz o`zingizga to`laligicha qaytarilur. Sizlarga zulm qilinmas.","(Sadaqa va xayru ehsonlar) Allohning yo`lida tutilgan, yer yuzida kasb qilishga qodir bo`lmagan, iffatlari tufayli bilmagan kishi ularni boy deb o`ylaydigan faqirlargadir. Ularni siymolaridan taniysan, odamlardan xiralik qilib so`ramaslar. Nafaqa qilgan yaxshiliklaringizni Alloh albatta bilguvchidir.[1]###[1] (Bu toifadagi odamlar o`zlarini Alloh yo`lida jihod qilishga bag`ishlagan kishilardir, ular nafslarini jihod uchun tutganlar, shu sababdan kasb qilishga ham imkonlari yo`q. Ayni choqda, iffatlari, uyatlari kuchli bo`lganidan o`zlarining hojatmand ekanliklarini yashirib yuradilar. Asl holni bilmagan odam ularni sirtlaridan ko`rib boy deb o`ylaydi. Nafaqani xuddi ana o`shalarga qilish kerak. Ular o`zlari asl hollarini berkitsalar, odamlardan xiralik bilan tilanmasalar, qanday qilib topamiz ularni? «Ularni siymolaridan taniysan».)","Kechasiyu kunduzi mollarini yashirin va oshkora nafaqa qiladiganlarning ajrlari Robbilari huzuridadir. Ularga xavf yo`q va ular xafa ham bo`lmaslar.[1]###[1] («Kechasiyu kunduzi» deyishdan murod hamma vaqt nazarda tutilmoqda; «mollarini» degan so`z zamirida esa, hamma tur mollar va hamma tur ehson qiluvchilarga ishora bor. Ularning ajrlari eng oliymaqom joyda — Robbilari huzurida ekanligi ta'kidlanmoqda.)","Riboni yeydiganlar (qabrlaridan) faqat shayton urib, jinni bo`lgan kishidek dovdirab turarlar. Bunday bo`lishi ularning, tijorat ham riboga o`xshash-da, deganlari uchundir. Va holbuki, Alloh tijoratni halol, riboni harom qilgan. Kimki Robbidan mav'iza kelganda to`xtasa, avval o`tgani o`ziga va uning ishi Allohning O`ziga havola. Kimki, yana (riboga) qaytsa, ana o`shalar do`zax egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.","Alloh riboni doimo nuqsonga uchratur va sadaqalarni ziyoda qilur. Va Alloh har bir kofir, gunohkorni xush ko`rmas.[1]###[1] (Sudxo`rning puli hisob jihatidan ko`p bo`lsa ham Alloh uning barakasini ko`tarib, yegani o`ziga yuqmaydigan qilib qo`yadi. Sudxo`rni turli kasalliklarga duchor qiladi, tinchligini, xotirjamligini oladi. Yana biz bilmaydigan ko`p balo-ofatlarga duchor qiladi. Shuningdek, sirtdan qaraganda, sadaqa qilgan kishilarning moli kamayganga o`xshaydi. Aslida esa, ish buning teskarisi bo`ladi: Alloh «sadaqalarni ziyoda qiladi». Agar hisobda sadaqa qiluvchining moli hajmi oz bo`lsa ham, Alloh unga baraka ato qiladi, balo-ofatlardan saqlaydi, o`zini tinch, xotirini jam qiladi.)","Albatta, iymon keltirgan, yaxshi amallarni qilgan, namozni qoim qilib, zakot berganlarning ajrlari Robbilari huzuridadir. Ularga xavf yo`q va ular xafa ham bo`lmaslar.[1]###[1] (Haqiqiy iymon egasi bo`lgan kishilar doimo yaxshi amallarni qiladilar, xususan, namozni vaqtida yaxshilab ado etadilar. Iqtisodiy sohada esa, zakot beradilar. Riboxo`rlar odamlarning peshona teri bilan topgan daromadlarini harom yo`l bilan o`zlashtirib olayotgan bo`lsalar, mo`minlar o`zlari peshona teri bilan topgan halol mollaridan zakot chiqarib odamlarga, shunday yeb ketarga beradilar. Qaytarib olish yoki o`rniga boshqa narsa olish umidlari ham yo`q. Ularning birdan-bir umidlari «zakot berganlarning ajrlari Robbilari huzuridadir», degan va'dadadir. Ular ikki dunyoda eminlik va baxt-saodatda bo`lurlar.)","Ey, iymon keltirganlar! Agar mo`min bo`lsangiz, Allohga taqvo qiling va riboning sarqitini ham tark qiling.","Agar undoq qilmasangiz, Alloh va Uning Rasuli tomonidan bo`ladigan urushga ishonavering. Agar tavba qilsangiz, sarmoyangiz o`zingizga, zulm qilmassiz va sizga ham zulm qilinmas.","Agar nochor bo`lsa, boyiguncha intizor qiling. Sadaqa qilmog`ingiz, gar bilsangiz, o`zingiz uchun yaxshidir.","Allohga qaytariladigan kuningizdan qo`rqing. So`ngra, har bir jon qilganiga yarasha to`liq oladur. Ularga zulm qilinmas.","Ey, iymon keltirganlar! Ma'lum muddatga qarz oldi-berdi qilgan vaqtingizda, uni yozib qo`ying. Orangizda bir yozuvchi adolat bilan yozsin. Hech bir yozuvchi Alloh bildirganidek qilib yozishdan bosh tortmasin. Bas, yozsin va haq zimmasiga tushgan kishi aytib tursin, Robbiga taqvo qilsin va undan hech narsani kamaytirmasin. Agar haq zimmasiga tushgan kishi esi past, zaif yoki aytib tura olmaydigan bo`lsa, uning valiyi adolat bilan aytib tursin. Erkaklaringizdan ikki kishini guvoh qiling. Agar ikki er kishi bo`lmasa, o`zingiz rozi bo`ladigan guvohlardan bir er kishi va ikki ayol kishi bo`lsin. Ikkovi(ayol)dan birortalari adashsa, birlari boshqalarining esiga soladi. Va chaqirilgan vaqtda guvohlar bosh tortmasinlar. Kichik bo`lsa ham, katta bo`lsa ham, muddatigacha yozishingizni malol olmang. Shundoq qilmog`ingiz, Allohning huzurida adolatliroq, guvohlikka kuchliroq va shubhalanmasligingiz uchun yaqinroqdir. Magar oralaringizda yurib turgan naqd savdo bo`lsa, yozmasangiz ham, sizga gunoh bo`lmas. Oldi-sotdi qilganingizda, guvoh keltiring va yozuvchi ham, guvoh ham zarar tortmasin. Agar (aksini) qilsangiz, albatta, bu fosiqligingizdir. Allohga taqvo qiling. Va Alloh sizga ilm beradir. Alloh har bir narsani biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Oyati karima «haq zimmasiga tushgan kishi» deganda qarz oluvchini nazarda tutgan. Demak, o`rtadagi kishi kelib qarz oldi-berdini yozayotgan vaqtda matnni qarz oluvchi aytib turadi. Avvalo, qarz olayotganini e'tirof qiladi. Qarzning miqdorini, shartini va muddatini aytadi. Bu narsalarni qarz beruvchi aytib tursa, o`z foydasiga burib yubormasin, degan ehtiyot chorasi tufayli shunday qilinadi. Qarz oluvchi muhtoj bo`lib turgani uchun bunday qilmasligi aniqroq. Chunki u muomalaning tezroq amalga oshishiga muhtoj. Shunday bo`lsa ham, oyati karima yana bir bor, uni Robbiga taqvo qilishga va hech narsani kamaytirmaslikka da'vat qilmoqda. Agar qarz olayotgan odam esi past, moliyaviy ishlar tadbirini bilmaydigan bo`lsa, zaifligi (yoshi kichikdir yoki o`ta keksadir, kasaldir) tufayli yoki tilidagi aybi, bilmasligi va boshqa mavjud ayblar tufayli aytib tura olmasa, uning valiysi adolat bilan aytib tursin. Chunki valiylar boshqa ishlarda ham o`z qaramog`idagilarning mas'uliyatini oladilar. Moliyaviy oldi-berdi katta ahamiyatga egadir, chunki bunda oraga molu pul aralashadi. Bunday holda birov boshqasining haqini yeb ketishining yo`lini har jihatdan to`sish lozim. Bunda adolatli kotib yozdirib qo`yish bilan kifoyalanmay, yana musulmonlardan ikki erkak kishini guvoh qilishga ham amr bo`lmoqda. Islomda guvohlikka doimo adolatli kishilar o`tishi zarur, bu narsa boshqa joylarda ko`p ta'kidlangani uchun bu yerda qayta aytilmadi. Ammo baribir bu shart bekor bo`lmaydi. Chunki shariat o`lchovida adolatsiz bo`lgan kishining guvohligi qabul qilinmaydi.)","Agar safarda bo`lsangiz va yozuvchi topa olmasangiz, bas, qo`lga olinadigan garov bo`lsin. Agar ba'zingiz ba'zingizga ishonsangiz, bas, ishonilgan omonatni ado qilsin, Allohga — Robbiga taqvo qilsin. Guvohlikni berkitmang! Kim uni berkitsa, uning qalbi gunohkordir. Va Alloh qilayotgan amallaringizni biluvchi Zotdir.","Osmonlaru yerdagi narsalar Allohnikidir. Agar ichingizdagi narsalarni oshkor qilsangiz ham, maxfiy qilsangiz ham, sizlarni Alloh hisob-kitob qiladir. Va kimni xohlasa, mag`firat qilar, kimni xohlasa, azoblar. Va U har bir narsaga qodirdir.[1]###[1] (Borliq Allohning mulkidir. Mulkida jarayon etayotgan har bir ishdan U ogohdir. Jumladan, bandalarning yashirin niyatlarini ham, oshkora ishlarini ham yaxshi biladi. Va hammasini hisob-kitob qilib, xohlaganini kechib yuboradi, xohlaganini azoblaydi.)","Payg`ambar unga o`z Robbisidan tushirilgan narsaga iymon keltirdi va mo`minlar ham. Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Payg`ambarlariga hamma-hamma iymon keltirdi. Uning Payg`ambarlarining birortalarini ajratmaymiz. Va: «Eshitdik va itoat qildik, (ey Robbimiz), mag`firatingni so`raymiz va qaytib borish Sengadir», dedilar.[1]###[1] (Ushbu oyati karima va keyingi oyat ikkalovi suraning xulosasini mujassam qilgandir. Bu ikki oyatning har bir so`zi ulkan ma'no anglatadi. Ularda aqida, iymon xususiyatlari, bandaning o`z Robbi bilan bo`ladigan holi, farz qilingan amallarga munosabat va boshqalar kelgan.)","Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas. Foydasi ham o`z kasbidan, zarari ham o`z kasbidan. Ey Robbimiz, agar unutsak yoki xato qilsak, (iqobga) tutmagin. Ey Robbimiz, bizdan oldingilarga yuklaganga o`xshash og`irlikni bizga yuklamagin. Ey Robbimiz, bizga toqatimiz yetmaydigan narsani yuklamagin. Bizni afv et, mag`firat qil va rahim et. Sen xojamizsan. Bas, kofir qavmlarga bizni g`olib qil.[1]###[1] (Hamma narsani daqiq-daqiqlarigacha biluvchi Alloh har bir jonni ham nimaga yaraydiyu nimaga yaramaydi — yaxshi biladi. Bandalariga mehribonligidan imkoni va haqqi bo`lsa ham, hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi. Allohning buyruqlari va qaytariqlari bandaning imkoni darajasi doirasida bo`ladi. Ana o`sha taklifga amal qilishiga qarab, boshqa hech bir narsaga qaramasdan, bandaning jazosi yoki mukofoti belgilanadi. Imom Ahmad rivoyat qilgan hadisda Payg`ambar alayhissalom: «Surai Baqaraning ikki oyatini o`qi, ular menga Arshning ostidagi xazinadan berilgan», deganlar. Boshqa bir hadisda: «Kim Baqara surasi oxiridagi ikki oyatni bir kechada o`qisa, kifoya qiladi», deganlar...)","Alif. Laam. Miym.[1]###[1] (Hijo harflari haqida Baqara surasida batafsil to`xtab o`tilgan.)","Alloh — Undan o`zga iloh yo`q. U tirik va qayyum Zotdir.[1]###[1] (Ushbu oyati karima tavhidni, Allohning yagonaligini xolis bayon qiladi. Alloh doim tirikdir, o`lmaydi. U qayyum — bandalari ishlarining tadbirida doimo qoim turuvchidir.)","U senga kitobni haq ila o`zidan avvalgi narsani tasdiqlovchi qilib tushirdi hamda Tavrot va Injilni tushirdi.","Undan oldin odamlarga hidoyat qilib. Va Furqonni ham tushirdi. Allohning oyatlariga kufr keltirganlarga shiddatli azob bor. Alloh Aziyz va intiqom oluvchi Zotdir.[1]###[1] (Demak, Muhammad alayhissalomga tushgan kitobni ham Allohning O`zi tushirgan, kitoblarning tushishi bashariyat uchun yangilik emas, Qur'on ham avvalgi tushgan ilohiy kitoblarning davomi.)","Albatta, Alloh Unga yerda ham, osmonda ham hech narsa maxfiy qolmaydigan Zotdir.","U sizlarni bachadonlarda xohlagan suvratga soladigan Zotdir. Undan o`zga iloh yo`q. U Aziyz va Hakiym Zotdir.","U senga kitobni tushirgan Zotdir. Unda muhkam — oydin oyatlar ham bor va ular kitobning aslidir va mutashobih oyatlar ham bor. Qalblarida hidoyatdan og`ish borlar fitna maqsadida va uni ta'viyl qilish maqsadida undan mutashobih bo`lganiga ergashadir. Uning ta'viylini Allohdan boshqa hech kim bilmas. Ilmda sobit bo`lganlar esa: Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir, derlar. Va faqat aql egalarigina eslarlar.[1]###[1] («Muhkam» so`zi mahkam, ochiq-oydin, boshqa yoqqa burib bo`lmaydigan, degan ma'noni anglatadi. «Mutashobih» so`zi esa, o`xshash, birini biridan ajratish qiyin, bir necha ma'nolarni anglatadigan, degan ma'nolarni bildiradi. Qur'oni Karim oyatlari ham muhkam va mutashobihga bo`linadi.)","Ey Robbimiz, bizni hidoyat qilganingdan so`ng qalblarimizni og`dirmagin va bizga O`z huzuringdan rahmat ato qilgin. Albatta Sening O`zing ko`plab ato qiluvchisan.","Ey Robbimiz, albatta, Sen odamlarni kelishiga shubha yo`q kunda yig`uvchisan. Albatta, Alloh va'daga xilof qilmas.","Albatta, kufr keltirganlarning mollari ham, bolalari ham ulardan Allohning azobini qaytara olmas. Ana o`shalar, o`zlari do`zaxning yoqilg`isidirlar.","Fir'avn ahlining va ulardan oldingilarning holiga o`xshar. Ular oyatlarimizni yolg`onga chiqardilar. Bas, gunohlari tufayli Alloh ularni tutdi. Va Alloh iqobi shiddatli Zotdir.","Kufr keltirganlarga: «Tezda mag`lub bo`lasizlar va jahannamga yig`ilasizlar, u qandoq ham yomon joy», deb ayt.[1]###[1] (Kufrning oqibati ikki dunyoning mag`lubiyatidir. Ushbu oyatda Alloh taolo ularning bu dunyoda tezda mag`lub bo`lishlarining, oxiratda ham jahannamga to`planishlarining xabarini bermoqda.)","«Sizga to`qnashgan ikki firqada ibrat bor edi. Bir firqa Allohning yo`lida urishadir. Boshqasi kofirdir. Ular o`z ko`zlari bilan (dushman) o`zlariga ikki barobarligini ko`rib turardilar. Va Alloh kimni xohlasa, o`shani O`z nusrati ila qo`llaydir. Albatta, bunda aql egalari uchun ibrat bordir», deb ayt.[1]###[1] (Ma'lumki, Badr urushida mushriklarning soni musulmonlarning adadidan uch barobar ko`p edi. Shunga qaramay, Alloh taoloning nusrati bilan musulmonlar g`olib keldilar.)","Odamlarga ayollardan, bolalardan, to`p-to`p tillo va kumushdan, go`zal otlardan, chorvadan, ekin-tikindan iborat shahvatlarning muhabbati ziynatlandi. Ular dunyo hayotining matohidir. Allohning huzurida esa, husnli qaytar joy bor.[1]###[1] («Shahvat» so`zi urfda jinsiy ma'noda ishlatib kelinadi. Aslida esa, shahvat «ishtaha» so`zidan olingan bo`lib, ko`ngil tusashi, xohlashiga aytiladi. Ushbu oyati karimada odamlarning ko`ngliga muhabbati ziynatlangan, ishtahalari doim tortib turadigan narsalar haqida so`z ketmoqda.)","Sen: «O`sha narsalaringizdan yaxshirog`ining xabarini beraymi?! Taqvo qilganlarga Robbilari huzurida ostidan anhorlar oqib turgan jannatlar bor. Unda abadiy qolurlar. Pokiza juftlar va Alloh tomonidan rozilik bor. Va Alloh bandalarni ko`rib turuvchidir», deb ayt.[1]###[1] (Hamma bu dunyoning matohiga o`zini uradi. O`shani deb ko`plar gunohga botadi, dindan chiqadi. Holbuki, bu narsalar shuncha urinishga arzimaydigan narsalardir. Besh kunlik dunyoning o`tkinchi orzu-havasi, xolos. Lekin boshqa tarafda undan yaxshi, abadiy ne'matlar bor. Alloh taolo ushbu oyatda Payg`ambarimiz alayhissalomga xitoban: «O`sha narsalaringizdan yaxshirog`ining xabarini beraymi?! deb ayt», deb buyurmoqda. Oxirat ne'matlari bu dunyo matohidan naqadar ustun ekanligi shak-shubhasiz haqiqatdir. Ammo oxirat ne'matlarining yana bir o`ziga xos imtiyozi bor. U ham bo`lsa, ularning taqvodor bandalarga xosligidir, boshqalarga nasib qilmaydi.)","Ular: «Robbimiz, albatta, biz iymon keltirdik, bizning gunohlarimizni mag`firat qilgin va do`zax azobidan saqlagin», deydiganlardir.","Sabr qiluvchilar, sodiqlar, doimiy toat qiluvchilar, nafaqa qiluvchilar va saharda istig`for aytuvchilardir.","Alloh adolat ila turib, albatta, Undan o`zga iloh yo`qligiga shohidlik berdi. Farishtalar va ilm egalari ham. Undan o`zga iloh yo`q. U aziyz va hakiym Zotdir.","Albatta, Allohning huzuridagi din Islomdir. Kitob berilganlar faqat ularga ilm kelgandan so`ng, o`zaro hasad qilishibgina ixtilof qildilar. Kim Allohning oyatlariga kufr keltirsa, bas, albatta, Alloh hisobni tezda qiluvchidir.[1]###[1] (Allohning huzurida Islomdan boshqa din yo`q. Yahudiy, nasroniy, buddiy yoki yana boshqa har xil dinlar Allohning huzurida e'tiborini yo`qotgan dinlardir. Ularga e'tiqod va amal qilganlar behuda yuribdilar hisob. Dunyoda Alloh yagona bo`lganidan keyin, aqida ham yagona bo`lishi kerak. U Islom aqidasidir. Ahli kitobning kelishmovchiligi ilmsizlikdan, johillikdan emas. Ularga Alloh tomonidan ilm kelgan edi. Ular Allohning yagonaligini, ibodatga sazovorlikda ham yagonaligini, bandalarning vazifasi nimadan iborat ekanligini yaxshi bilar edilar. Bilib turib, ixtilof qildilar.)","Agar sen bilan tortishsalar: «Men yuzimni Allohga taslim etdim va menga ergashganlar ham!« deb ayt. Va kitob berilganlarga va savodsizlarga: «Islomga kirdingizmi?» deb ayt. Agar Islomga kirsalar, bas, batahqiq, hidoyat topdilar. Agar yuz o`girsalar, sening zimmangda yetkazish, xolos. Alloh bandalarni ko`rib turuvchidir.[1]###[1] (Yuz insonning eng oliy a'zosi hisoblanadi. Yuzni Allohga taslim qilish esa, o`sha yuzning egasi butun vujudini Allohga topshirganini bildiradi. Payg`ambar alayhissalomki o`zlariga ushbu yo`lni tanlabdilar, u kishiga ergashgan ummatlari ham albatta shu yo`lni tanlaydilar. Bundan boshqa gap bo`lishi mumkin emas.)","Albatta, Allohning oyatlariga kufr keltiradiganlar, Payg`ambarlarni nohaqdan o`ldiradiganlar va odamlardan adolatga buyuradiganlarini o`ldiradiganlarga alamli azobning bashoratini ber.","Ana o`shalar, amallari bu dunyo-yu oxiratda habata bo`lganlardir va ularga yordam beruvchilar yo`qdir.[1]###[1] (Iymonlari yo`qligi, Allohning oyatlariga kufr keltirganlari tufayli ba'zi qilgan yaxshi ishlari ham bekor ketadi. Ularga savob va najot keltirmaydi. Hamda boshlariga mushkul tushgan paytda yordamchilar yo`qdir.)","Kitobdan nasiba berilganlarga qaramaysanmi?! Oralarida hukm yuritish uchun Allohning kitobiga chaqirilganlarida ulardan bir guruhlari yuz o`girib ortga qaytarlar.[1]###[1] (Ibn Is'hoq rivoyat qiladilarki, Payg`ambarimiz Muhammad alayhissalom Baytul Midrosda bir guruh yahudiylarni Allohning diniga chaqirganlarida, ulardan Nu'mon ibn Amr va Hars ibn Zayd deganlari: «Ey Muhammad, sen qaysi dindasan?» dedilar. U zot alayhissalom: «Ibrohim millati va dinidaman», dedilar. Ular: «Ibrohim yahudiy bo`lgan, deyishdi. Shunda Payg`ambar alayhissalom: «Undoq bo`lsa, kelinglar, shu masalani Tavrotdan ko`raylik», deganlarida, ular bosh tortdilar.)","Buning sababi — ularning: «Bizga sanoqli kunlardan boshqa hech o`t tegmas», deganlaridadir. To`qigan narsalari ularni dinlarida adashtirdi.","Unda, bo`lishida shubha yo`q kunda ularni jamlaganimizda va har bir jon zulm qilinmasdan, qilganiga yarasha jazosini olganda, hollari qanday bo`ladir?","Sen: «Ey barcha mulkning egasi Robbim! Xohlagan kishingga mulk berursan va xohlagan kishingdan mulkni tortib olursan, xohlagan kishingni aziz qilursan, xohlagan kishingni xor qilursan. Barcha yaxshilik Sening qo`lingda. Albatta, Sen har bir narsaga qodirsan.","Kechani kunduzga kiritursan va kunduzni kechaga kiritursan, o`likdan tirikni chiqarursan va tirikdan o`likni chiqarursan hamda xohlagan kishingga behisob rizq berursan», deb ayt.[1]###[1] (Ko`rinib turibdiki, bu ikki oyatda juda ham ulkan ma'nolar o`z aksini topgan. Yagona Allohning faqat O`ziga xos kamolot sifatlari jamlangan. Shuning uchun ham ushbu ikki oyatni kundalik vird-vazifa sifatida o`qib yurish tavsiya qilinadi.)","Mo`minlar mo`minlarni qo`yib, kofirlarni do`st tutmasinlar. Kim buni qilsa, bas, unga Allohdan hech narsa yo`q. Magar ulardan saqlansangiz, Alloh sizlarni O`z(azob)idan ogoh qiladir. Va qaytib borish Allohning O`zigadir.[1]###[1] (Islomda boshqa dindagilar bilan yaxshi aloqada bo`lishga ruxsat bor. Lekin do`st tutish, hamma narsani kofirga ishonib topshirib qo`yish mumkin emas. Faqat bir holatdagina, istisno tariqasida, yuzaki ravishda o`zini kofirga do`st qilib ko`rsatishi mumkin: «Magar ulardan saqlansangiz». Bunday tasarrufni «taqiyya» deb ataladi. Taqiyya bilan jonni, molni va nomusni dushmanlardan saqlab qolishga harakat qilinadi.)","Sen: «Agar qalbingizdagi narsani maxfiy tutsangiz ham, oshkor qilsangiz ham Alloh biladir. Va osmonlardagiyu yerdagi narsalarni ham biladir. Alloh har bir narsaga qodirdir», deb ayt.[1]###[1] (Oyati karima Alloh taolo bandalarining barcha ishlaridan ochiq-oydin xabardor ekanligini shubhaga hech o`rin qo`ymaydigan darajada bayon qilmoqda. Kim maxfiy ravishda kofirlarni do`st tutsa ham, biladi. Bilganidan so`ng, albatta, uning jazosini beradi.)","Har bir jon qilgan yaxshi amalini hozir topadigan va yomon amalining uzoq masofada bo`lishini istaydigan kunda. Alloh sizlarni O`z(azob)idan ogoh qiladir. Alloh bandalariga mehribon Zotdir.[1]###[1] (U kunda har bir jonning yaxshiligiyu yomonligi oxirigacha sarhisob qilinadi. Agar bandaning bu dunyodagi amallari yaxshi bo`lsa, xursandchilikka, baxtga, saodatga erishadi. Yomon bo`lsa, qani endi ushbu yomon amallar olis-olislarda bo`lsa edi, menga yaqin bo`lmasa edi, deb orzu qiladi.)","Sen: «Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladir va sizlarning gunohlaringizni mag`firat qiladir», deb ayt. Alloh G`afur va Rohiymdir.","Allohga va Rasulga itoat qiling. Bas, agar ortga qaytsangiz, Alloh, albatta, kofirlarga muhabbat qilmas.","Albatta, Alloh Odamni, Nuhni, Oli Ibrohimni, Oli Imronni olamlar ustidan tanlab oldi.","Ba'zilari ba'zilariga zurriyotdir. Alloh eshituvchi, biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Ushbu oyatda Alloh taolo Odam va Nuh alayhissalomlarning yolg`iz o`zlarini Ibrohim va Imron alayhissalomlarni esa, sulolalarini ham qo`shib zikr qildi. Nega? Chunki Odam va Nuh alayhissalomlar yolg`iz o`zlari payg`ambar bo`lganlar. Ibrohim va Imron alayhissalomlar zurriyotlaridan bevosita payg`ambarlar sulolasi tarqalgan. Bu nasab yoki qarindoshlik asosidagi payg`ambarlik sulolasi emas, balki aqida asosidagi suloladir. Bu haqiqat Ibrohim alayhissalom Allohga iltijo qilib, zurriyotlaridan ham payg`ambar chiqarishini so`raganlarida bayon qilingan.)","Imronning xotini: «Ey Robbim! Albatta, men qornimdagini O`zingga xolis nazr qildim. Bas, mendan qabul et. Albatta, Sening O`zing eshituvchi, biluvchi zotsan», deganini esla!","Uni (Maryamni) tuqqan chog`ida: «Ey Robbim, men buni qiz tug`dim-ku!!» – dedi. Holbuki, Alloh u nima tuqqanini yaxshi biladi. «Va o`g`il qizdek emas. Va men unga «Maryam» deb nom qo`ydim va albatta, men Sendan unga va uning zurriyotiga shaytonir rojim sharridan panoh tilarman.»","Bas, uni Robbi juda yaxshi qabul qilib, nihoyatda go`zal o`stirdi va Zakariyoni unga kafil qildi. Zakariyo har qachon uning oldiga, mehrobga kirganida, uning huzurida rizq ko`rdi. U: «Ey Maryam, senga bu qayerdan», – dedi. «Bu, Allohning huzuridan. Albatta, Alloh xohlagan kishisiga behisob rizq berur», – dedi.[1]###[1] (Shunday qilib, Maryam alohida e'tibor ostida muborak bo`lib o`sa bordi. Alloh unga O`zi inoyat ko`rsatib turdi. Zakariyo alayhissalom Maryamning kafili sifatida, tabiiyki, uning oziq-ovqati, rizqidan doimo xabardor bo`lib turishi lozim. Lekin ibodatxona mehrobida ibodat bilan mashg`ul bo`lib turgan Maryamning oldiga qachon kirsa, uning huzurida rizq turar edi.)","Shu chog`da Zakariyo Robbiga duo qilib: «Ey Robbim, menga O`z huzuringdan yaxshi zurriyot bergin. Albatta, Sen duoni eshituvchisan», – dedi.","Mehrobda namoz o`qib turganida, farishtalar unga: «Albatta, Alloh senga Allohdan bo`lgan kalimani tasdiqlovchi, boshliq, shahvati tiyilgan, solih Payg`ambarlardan bo`lgan Yahyoning bashoratini bermoqda», – dedilar.[1]###[1] (Zakariyo alayhissalomning chin dildan qilgan duolari qabul bo`ldi. Allohning farishtalari kelib u kishiga suyunchilik xabarini yetkazdilar. Alloh Zakariyo alayhissalomga o`g`il farzand berishni iroda qildi.)","U: «Ey Robbim, menga qandoq o`g`il bo`lsin?! O`zim ulug` yoshga kirgan bo`lsam, xotinim tug`mas bo`lsa?!» – dedi. U zot: «Shundoq, Alloh xohlaganini qiladir», – dedi.","U: «Ey Robbim, menga bir belgi tayinla», – dedi. U zot: «Sening belging — uch kun odamlarga faqat ishora bilan gapirishingdir. Robbingni ko`p esla va ertayu kech tasbih ayt!» – dedi.","Farishtalarning: «Ey Maryam, albatta, Alloh seni tanlab oldi, pokladi va olamdagi ayollardan ustunligingni ixtiyor qildi.","Ey Maryam, Robbingning ibodatida bardavom bo`l, Unga sajda qil va ruku' qiluvchilar bilan ruku' qil», deganlarini esla.[1]###[1] (Bu yerda, Maryamni Alloh tanlab olganini, boshqalar kabi oddiy emasliklarini bayon etilmoqda. Shu bilan birga, u kishining, nasorolar da'vo qilayotganidek, «ona xudo» yoki «xudoning xotini» ham emasliklarini bilvosita ta'kidlamoqda.)","Bu g`ayb xabarlardan bo`lib, senga vahiy qilmoqdamiz. Ular qaysilari Maryamning kafili bo`lishiga qalamlarini tashlashayotganlarida oldilarida emasding va tortishayotganlarida ham oldilarida emasding.[1]###[1] (Bibi Maryamning onalarining ismi Hinna edi. U kishi Maryamni tuqqanlaridan keyin, va'dasiga vafo aylab, yangi yo`rgaklangan chaqaloqni yahudiylarning «Haykal» ibodatxonasiga olib kelib, u yerdagi diniy xodimlarning oldiga qo`yibdi va: «Bu nazr qilingan qizni olinglar», debdi. Shunda ular, men olaman-men olaman, deb talashib ketibdilar. Chunki qizcha boshliqlari hazrati Imronning qizi edi-da. Ular qalamlarini qur'a sifatida daryoga tashlab, kafilni aniqlashibdi. Albatta bu ishlar Muhammad alayhissalomga qorong`i, g`ayb ishlar edi. Bu ma'lumotni faqat Qur'on keltirgan xabardan bilmoqdalar.)","Farishtalar: «Ey Maryam, albatta, Alloh senga O`zidan bo`lgan so`zning bashoratini bermoqda, uning ismi Masiyh Iyso ibn Maryam, bu dunyoyu oxiratda obro`li va yaqin bandalardandir.[1]###[1] (Oyatda kelgan «so`z»dan murod Iyso alayhissalomdir. «So`z» arabchada kalima deyiladi. Iyso alayhissalomning bir nomlari «Kalimatulloh»dir. Chunki u kishining dunyoga kelishigi Allohning «Bo`l» degan so`zi, kalimasi sabab bo`lgan.)","U odamlarga beshikda ham, qarigan chog`ida ham gapiradi va solihlardandir», deganlarini esla.[1]###[1] (Odatda qiz bola o`zidan o`zi homilador bo`lmaydi. Lekin Alloh taolo Maryamga uning homilador bo`lib, Allohning kalimasi tufayli Masih Iyso ibn Maryam degan farzand ko`rishini farishtalar orqali bildirmoqda. Shu bilan birga, uning boshqa sifatlarini ham sanab o`tmoqda.)","U: «Ey Robbim, menga bashar qo`l tekkizmagan bo`lsa, qanday qilib bolam bo`ladi?!» – dedi. U zot: «Shunday, Alloh xohlaganini qiladi. Bir ishni iroda qilsa, «Bo`l!» deyishi kifoya, bo`laveradi», – dedi.","Va unga kitobni, hikmatni, Tavrot va Injilni o`rgatadi.[1]###[1] (Alloh Maryamning bo`lajak Masih Iyso ibn Maryam deb nomlangan o`g`liga hikmat, Tavrot va Injilni ham o`rgatishi xabar qilinmoqda.)","Va Bani Isroilga Payg`ambar qiladi. U: «Albatta, men sizga Robbingizdan mo`'jiza keltirdim, men sizlarga loydan qushga o`xshash suvrat yasayman, unga puflasam, Allohning izni bilan qush bo`ladi. Alloh izni bilan tug`ma ko`r va peslarni tuzataman va o`likni tiriltiraman. Sizlarga nimani yemoqdasizu, nimani uyingizda saqlayapsiz — xabarini beraman. Agar mo`min bo`lsangiz, albatta, bunda sizga belgi bordir», deydi.","Va o`zimdan avvalgi Tavrotni tasdiqlovchi bo`lib, sizga harom qilinganning ba'zisini halol qilish uchun keldim. Sizga Robbingizdan mo`'jiza bilan keldim. Allohga taqvo qiling va menga itoat eting.","Albatta, Alloh mening Robbim va sizning Robbingizdir. Bas, Unga ibodat qiling. Bu — sirotul mustaqiymdir», deydir.[1]###[1] (Iyso alayhissalomning: «... o`zimdan avvalgi Tavrotni tasdiqlovchi bo`lib...» deganlaridan, yana bir bor, u kishining Bani Isroilga payg`ambar bo`lib, Muso alayhissalom shariatiga amal qilib kelganlari bilinmoqda.)","Iyso ulardan kofirlikni sezib qolganda: «Kimlar Alloh yo`lida menga yordamchi bo`ladi?!» – dedi. Havoriylar: «Biz Allohning yordamchilarimiz, Allohga iymon keltirdik va bizning musulmonligimizga guvoh bo`l», – dedilar.[1]###[1] («Havoriy» degani xolis, yaqin, ishonchli do`st deganidir. Iyso alayhissalomning ham shunday kishilari bor edi. Ular Payg`ambarning da'vatlariga darhol labbay deb javob berdilar. Allohning dini yo`lida yordamchi bo`lishga tayyor ekanliklarini e'lon qilishlari bilan birga, Allohga keltirgan iymonlarini ham zikr qilmoqdalar. Chunki iymon eng asosiy narsa hisoblanadi. Havoriylar yana Iyso alayhissalomdan o`zlarining musulmonliklariga guvoh bo`lishlarini ham so`rashmoqda. Ya'ni, Allohning amriga bo`ysunganliklari, Allohning diniga va Payg`ambariga yordam berganliklariga guvoh bo`lishni so`rashmoqda.)","«Ey Robbimiz! Sen tushirgan narsaga iymon keltirdik va Payg`ambarga ergashdik. Bas, bizni guvohlik beruvchilar qatoriga yozgin».","Makr qildilar. Alloh ham makr qildi. Alloh makr qiluvchilarning «zo`ri»dir.[1]###[1] (Bani Isroil Iyso alayhissalomni xochga osishni va o`ldirishni xohlab, qo`llaridan kelgan makr-hiylalarni qildilar. Alloh esa u kishini qutqarishni va O`ziga ko`tarishni iroda qildi. Allohning tadbiri amalga oshdi. Makkor yahudiylarning hiylasi o`tmadi.)","Alloh: «Ey Iyso, men seni vafot qildiruvchi va O`zimga ko`taruvchiman hamda kufr keltirganlardan seni poklovchiman va qiyomat kunigacha senga ergashganlarni kufr keltirganlardan ustun qo`yuvchiman. So`ngra, qaytish joyingiz O`zimga, bas, ixtilof qilgan narsalaringiz bo`yicha orangizda O`zim hukm chiqarurman», deganini esla!","Bas, kufr keltirganlarni bu dunyoyu u dunyoda shiddatli azob ila azoblayman. Ularga yordam beruvchilar yo`qdir.","Iymon keltirgan va yaxshi amallar qilganlarning ajrini to`liq beradi. Va Alloh zolimlarni xush ko`rmas.","Bu, senga tilovat qilib berayotgan oyatlarimiz va hakim eslatmadandir.","Albatta, Allohning huzurida Iysoning misoli xuddi Odamning misoliga o`xshaydir. Uni tuproqdan yaratib, so`ngra unga «Bo`l!» dedi, bas, (u) bo`ldi.[1]###[1] (Ahli kitoblar Odam alayhissalomning tuproqdan yaratilganini, Allohning puflashi oqibatida jon kirganini yaxshi bilishadi. Bu haqda hech qanday ixtilof qilishmaydi. Yo`q yerdan Odam alayhissalomni yaratgan Zot Iyso alayhissalomni tirik yurgan Maryamdan otasiz holda yarata olmaydimi?! Allohning har bir narsaga qodir ekanligiga ishongan esi bor odam bo`lsa, albatta bunga iqror bo`ladi.)","Bu haqiqat Robbingdandir, bas, shak keltiruvchilardan bo`lma.","Senga kelgan ilmdan keyin, kim sen bilan u haqida tortishsa, Sen: «Kelinglar, bizning bolalarimizni va sizning bolalaringizni, bizning ayollarimizni va sizning ayollaringizni, biz o`zimizni, siz o`zingizni chaqiramiz-da, so`ngra yolborib, yolg`onchilarga Allohning la'nati bo`lishini so`raymiz», deb aytgin.[1]###[1] ( Oli Imron surasining avvalidan to sakson nechanchi oyatigacha Payg`ambarimiz huzurlariga Najron nasorolari kelib, din haqida, Maryam va Iyso haqida tortishgan vaqtda nozil bo`lgan. Islomning haqligi ochiq-oydin bo`lib qolganda ham, raqib taraf qaysarlik bilan, o`zimniki to`g`ri, deb turib olgan. Shunda Alloh taolo Payg`ambar alayhissalomga ularni mubohalaga, ya'ni bolalar va ayollarni to`plab, o`zlari ham qo`shilib, ikki taraf ham: «Shu masalada kim yolg`on gapirayotgan bo`lsa, o`shanga Allohning la'nati bo`lsin», deb duo qilishga chaqirishni buyurdi.)","Albatta, bu o`zi haq qissadir. Allohdan o`zga hech bir iloh yo`q. Albatta, Alloh, Uning O`zi Aziyz va Hakiym Zotdir.[1]###[1] (Ya'ni, Iyso haqida senga kelgan qissalar haqdir. Hech qanday shubhaga o`rin yo`q. Nasorolarning Iyso ham «xudo» deyishlari noto`g`ri. Allohdan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q. Allohning O`zi aziz, hammadan g`olib, birov Unga qarshi chiqa olmaydi. U hakim — har bir ishni o`z o`rnida, hikmat bilan qiladi.)","Agar yuz o`girib ketsalar, bas, albatta, Alloh fasod qiluvchilarni biluvchidir.","Sen: «Ey, ahli kitoblar! Bizga ham, sizga ham barobar so`zga keling: Allohdan o`zgaga ibodat qilmaylik, Unga hech narsani sherik qilmaylik va Allohni qo`yib, ba'zimiz ba'zimizni Robb qilib olmaylik», degin. Bas, agar yuz o`girsalar: «Guvoh bo`linglar, biz, albatta, musulmonlarmiz», deb aytinglar.","Ey, ahli kitoblar, nimaga Ibrohim haqida talashasizlar. Holbuki, Tavrot ham, Injil ham undan keyin tushgan-ku! Aql yuritmaysizlarmi?!","Hoy sizlar, haligilar! O`zingiz bilgan narsada-ku talashdingiz, endi nimaga o`zingiz bilmagan narsada talashmoqdasiz?! Alloh biladir, siz esa bilmaysiz.[1]###[1] (Payg`ambar alayhissalom bilan Iyso haqida, shuningdek, Tavrot va Injilda kelgan ba'zi masalalar haqida tortishishgan edi. Bu masalalarda ularning ozmi-ko`pmi ilmlari bor edi. Tortishib, o`z fikrini aytsa bo`lar edi. Ammo Tavrot va Injildan oldin o`tgan hodisalar, o`zlari bilmaydigan narsalar haqida tortishib nima qilardilar? Faqat, talashdi degan gap uchunmi? U narsalarni, xususan, Ibrohimning kimligini «Alloh biladi, siz esa bilmaysiz!».)","Ibrohim yahudiy ham, nasroniy ham bo`lmagan edi. Lekin u haq yo`ldan toymagan musulmon edi. Va mushriklardan ham bo`lmagan edi.","Albatta, odamlarning Ibrohimga haqlirog`i unga ergashganlar, mana bu Payg`ambar va iymon keltirganlardir. Alloh mo`minlarning valiyidir.[1]###[1] (Avvalo, «Albatta, odamlarning Ibrohimga haqlirog`i unga ergashganlar», ya'ni o`zlari hayot davrlarida u kishiga iymon keltirib, yo`lidan yurganlar va u kishi o`tganlaridan keyin ham ergashganlar. Yana keyin odamlarning Ibrohim alayhissalomga haqlirog`i Payg`ambar Muhammad sollallohu alayhi vassalam va u zotga iymon keltirgan mo`minlardir.)","Ahli kitoblardan bir toifalari sizni adashtirishni xohlarlar. Ular o`zlaridan boshqani adashtirmaslar va lekin sezmaslar.","Ey, ahli kitoblar, nimaga o`zingiz guvoh bo`lib turib, Allohning oyatlariga kufr keltirasizlar?!","Ey, ahli kitoblar, nimaga haqni botilga aralashtirasizlar va bilib turib haqni yashirasizlar?![1]###[1] (Ahli kitoblar Islomning haqligini biladilar. Ularning ilohiy kitoblarida bu sobit bo`lgan. Lekin ular havoyu nafslariga uchib, kufr keltiradilar. Ko`rib-bilib turib, Islomdek haq narsani botilga aralashtiradilar va shu bilan Islomning haqiqatini berkitmoqchi, yo`qotib yubormoqchi bo`ladilar. Uzoq muddat mobaynida Alloh taoloning O`zi saqlagani uchun Qur'onga o`z botillarini qo`sha olmadilar, lekin boshqa hamma narsaga qo`shdilar va qo`shmoqdalar. Ular bu g`araz ila Islom tarixi, hadis, Qur'on tafsiri, kishilar siyrati kabi ilmlarga hiyla-nayrang orqali turli botillarni qo`shib keldilar. Hozirgi kunda ham turli ilmiy nomlar bilan o`sha qadim ishlarini qilmoqdalar. Alloh taolo mehribon, doimo ularning bu kirdikorlarini fosh etib, botillarini ajratib-chiqarib turadigan ulamolarni musulmon ummatiga berib turadi.)","Ahli kitoblardan bir toifalari: «Iymon keltirganlarga tushgan narsaga kunning avvalida iymon keltiringlar va kunning oxirida kufr keltiringlar, shoyadki, qaytsalar.","Va diningizga ergashganlardan boshqalarga ishonmanglar, toki birortaga sizga berilganga o`xshash narsa berilmasin yoki Robbingiz huzurida siz bilan hujjat talashmasin», derlar. Sen: «Albatta, haqiqiy hidoyat Allohning hidoyatidir», deb ayt. Sen: «Albatta fazl Allohning qo`lida — xohlagan kishisiga beradir. Alloh keng qamrovli, biluvchi Zotdir.","O`z rahmatini xohlagan kishisiga xos qiladir va Alloh ulug` fazl egasidir», deb ayt.[1]###[1] (Bunday usul hozir ham davom etmoqda. Ahli kitob sanalgan yahudiy va nasroniylar haqida, ular bir narsani chuqur tushunmasa, amal qilmaydi, degan tushuncha keng tarqalgan. Shu bois ulardan birortasi Islomga kirsa, butun musulmon olami quvonchdan terisiga sig`may ketadi. Ular orasida Islomga xolis kirib, hidoyat topib ketayotganlari ko`p, lekin yuqorida bayon etilganidek, hiyla qilib, Islomga zarar yetkazish maqsadida kunning avvalida iymonga kelib, oxirida kufrga qaytayotganlari ham yo`q emas.)","Ahli kitoblardan, agar hisobsiz molni omonat qo`ysang, uni senga ado qiladiganlari bor va bir dinorni omonat qo`ysang, ustida turib olmaguningcha, senga ado qilmaydiganlari ham bor. Bu ularning: omiylar uchun bizning ustimizga yo`l yo`q, deyishlaridandir. Ular bilib turib Alloh haqida yolg`on so`zlarlar.","Yo`q! Balki kim ahdiga vafo qilsa va taqvodor bo`lsa. Bas, Alloh taqvodorlarni xush ko`radi.","Allohning ahdini va o`z qasamlarini arzon bahoga sotadiganlar, albatta, ana o`shalarga oxiratda nasiba yo`qdir, qiyomat kuni Alloh ularga gapirmas, nazar solmas va poklamas. Ularga alamli azoblar bor.","Ulardan bir guruhlari borki, sizlar kitobdan bo`lmagan narsani kitobdan deb o`ylashingiz uchun kitobni tillarini burib o`qirlar. Va: «U Allohning huzuridandir», derlar. Holbuki, u Allohning huzuridan emas. Ular bilib turib, Alloh haqida yolg`on so`zlarlar.","Bir kishiga Alloh kitobni, hukmni va Payg`ambarlikni berganidan so`ng, u odamlarga: «Allohni ko`yib menga banda bo`linglar», deyishi aslo mumkin emas. Lekin odamlarga: «Kitobni o`rgatganingiz va o`zingiz o`rganganingiz asosida Robboniylar bo`ling», deydi.[1]###[1] (Ma'lumki, nasorolar Alloh ularga yuborgan payg`ambar Iyso alayhissalomni «xudo» deb e'tiqod qilganlar va qiladilar. Ularga, nimaga Iysoni xudo deysizlar? deyilsa, o`zi aytgan, bizni ibodatini qilishimizga buyurgan, deyishadi. Ahli kitoblar bilan bo`lgan tortishuvlarda bu masala ham qo`zg`algan bo`lishi turgan gap. Bu maqomda haqiqat nimada ekanligini ushbu oyat bayon qilyapti.)","U sizlarni farishtalar va Payg`ambarlarni Robb qilib olishingizga buyurmas. U sizni musulmon bo`lganingizdan keyin kufrga buyurarmidi?!","Alloh Payg`ambarlardan: «Sizlarga kitob va hikmat berganim uchun ketingizdan sizlardagi narsani tasdiqlovchi Payg`ambar kelganda, albatta unga iymon keltirasiz va yordam berasiz, — deb ahdu paymonlarini olib turib: — Iqror bo`ldingizmi? Bu haqda ishonchli ahdu paymonimni qabul qildingizmi?» deganini esla. Ular: «Iqror bo`ldik», – deyishdi. U: «Bas, guvoh bo`linglar, men ham guvoh bo`luvchilardanman», – dedi.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada ajoyib bir ko`rinish vasf etilmoqda: hamma payg`ambarlar Alloh taoloning huzurida to`planishgan. Bu ulkan yig`ilishda Alloh subhonahu va taolo payg`ambarlarning o`zlarini guvoh qilib turib, o`zi ham bu guvohlikka qo`shilib turib, ulardan ishonchli, ta'kidlangan ahdu paymon olmoqda. Demak, payg`ambar alayhissalomlar o`z ummatlarini o`zlaridan keyin keladigan payg`ambarga iymon keltirish va unga yordam berish ruhida tarbiyalab kelishgan. Ularning barchalari bir silsilaning xalqlaridir.)","Kim bundan keyin yuz o`girib ketsa, bas, ana o`shalar fosiqlardir.[1]###[1] (Ha, Muhammad alayhissalomdan, Islom dinidan faqat fosiqlargina, Allohning toatidan chiqqanlargina yuz o`giradilar.)","Allohning dinidan boshqani xohlaydilarmi?! Axir xohlasayu xohlamasa, osmonlaru yerdagi barcha jonzotlar Allohga bo`ysunib turibdi-ku!!! Hamda Unga qaytariladilarku!!![1]###[1] (Allohning dini bitta. Hamma payg`ambarlar shu din bilan kelganlar. Bir-birlarini tasdiqlab, bir-birlariga yordam berib, Allohning diniga o`z davrlarida xizmat qilib kelganlar.)","Sen: «Allohga va bizga tushirilgan narsaga, Ibrohim, Ismoil, Is'hoq, Ya'qub va asbotlarga tushirilgan narsaga, Muso, Iyso va boshqa Payg`ambarlarga Robbilaridan berilgan narsaga iymon keltirdik, ulardan birortasini ajratmaymiz va biz Ungagina musulmonmiz!» deb ayt![1]###[1] («Ibrohim, Ismoil, Is'hoq, Ya'qub va asbotlarga tushirilgan narsaga». Ya'ni, sahifa va vahiylarga iymon keltirdik. «Asbot» degani Ya'qub alayhissalomning avlodlari, deganidir.)","Kim Islomdan boshqa dinni xohlasa, bas, undan bu hargiz qabul qilinmas va u oxiratda ziyon ko`rguvchilardan bo`lur.[1]###[1] (Allohning huzurida maqbul bo`lgan yagona Islom dinining oxirgi va mukammal ko`rinishi Muhammad alayhissalomga yuborilgan haqiqiy Islom dinidir. Endi undan boshqa dinni istab, o`sha boshqa dinda yurganlardan u dinlari hargiz-hargiz qabul qilib yurilmaydi. Ular oxiratda ziyon ko`ruvchilar bo`ladi. Alloh ularni hidoyatga solmaydi, balki la'natlaydi.)","Iymonidan, Payg`ambarning haqligiga guvohlik berganidan va ularga ochiq bayonotlar kelganidan keyin kufr ketgan qavmni Alloh qanday qilib, hidoyatga solsin. Alloh zolim qavmlarni hidoyatga solmas.","Ana o`shalarning jazosi ularga Allohning, farishtalarning va barcha odamlarning la'nati bo`lishidir.[1]###[1] (Bunday la'natga qolish katta badbaxtlik emasmi?! Bu dunyo-yu u dunyoning barcha-barchasidan bo`ladigan la'natni o`ziga qaratish — juda ham ulkan jazo! Darhaqiqat, Islomga kirish imkoni bo`lib turib kirmaganlar shunday jazoga loyiqdirlar.)","Unda abadiy qolurlar. Ulardan azob yengillatilmas va ularga nazar ham solinmas.","Magar shundoq bo`lgandan keyin tavba qilib, yaxshi amallarni qilganlar bo`lsa, bas, Alloh mag`firat qiluvchi va rahimlidir.","Albatta, iymonlaridan keyin kufr keltirib, so`ngra kufri ziyoda bo`lganlarning tavbasi hech-hech qabul qilinmas. Ana o`shalar adashganlardir.","Albatta, kufr keltirib, kofir holida o`lganlarning birortasidan, agar yer yuzi to`la oltin fido qilsa ham, aslo qabul qilinmas. Ana o`shalarga alamli azob bor. Va ularga yordamchilar yo`q.[1]###[1] (Imomi Buxoriy, Muslim va Ahmadlar Payg`ambar alayhissalomdan quyidagi hadisi sharifni rivoyat qilganlar: «Qiyomat kuni do`zax ahllaridan biriga: «Agarchi Yer yuzi to`la narsang bo`lganda, o`zingni qutqazishga fido qilarmiding?» deyiladi. U, ha, deydi. Shunda Alloh taolo unga: «Men sendan undan ko`ra ozroq narsa so`ragan edim. Otang Odamning zohiridaligingda Menga hech narsani shirk keltirmasligingga ahd olgan edim. Sen bo`lsang, shirk keltirding», deydi». Vaqti o`tgandan keyin, har qancha sarflangan moldan foyda yo`q. Unday sarflashga hojat ham yo`q. Yaxshisi, molni Alloh taolo rozi bo`ladigan yo`lda sarflash kerak.)","O`zingiz suygan narsadan nafaqa qilmaguningizcha, hargiz yaxshilikka erisha olmassiz. Nimani nafaqa qilganingizni Alloh biluvchidir.[1]###[1] (Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi rivoyat qiladilarki, hazrati Umar: «Ey Allohning Rasuli, mening Xaybardagi ulushimdan ko`ra yaxshiroq narsam yo`q. Nima qilishga buyurasiz?» dedilar. U zoti bobarakot: «Aslini ushlab turginda, tushgan foydani sadaqa qilib tur», dedilar. Musulmonlar asrlar davomida Allohning roziligini tilab, yaxshi ko`rgan molu mulklarini nafaqa qilib kelganlar.)"]