["Nima haqida so`rashadi?","Ulkan, muhim xabar haqida.","Shunday xabarki, ular uning haqida ixtilofdadirlar.","Yo`q! Ular tezda bilurlar.","Yana yo`q! Ular tezda bilurlar![1]###[1] (Mushriklar azobni tortganlarida qayta tirilish nima ekanligini, uning bo`lishi hech shubhasiz haq ekanini albatta biladilar.)","Yerni beshikdek moslab qo`ymadikmi?","Va tog`larni qoziq (qilib qo`ymadikmi?).","Va sizlarni juft qilib yaratdik.","Va uyqularingizni rohat qilib qo`ydik.","Va kechasini libos qildik.","Va kunduzni maosh (tirikchilik) vaqti qildik.","Tepangizga yetti mustahkam(osmon)ni bino qildik.","Va shu'la taratuvchi chiroq ham qildik.","Va siqilgan(bulut)lardan oquvchi suvlar tushirdik.","U(suv) bilan don va nabotot chiqarishimiz uchun.","Va daraxtlari bir-biriga kirishgan bo`stonlar.","Albatta, ajrim kuni vaqti belgilangan edi.","U kunda surga puflanur va sizlar to`p-to`p bo`lib kelursiz.","Osmon yorilib eshiklar ochilur.","Tog`lar o`rnidan ko`chirilib, sarobga aylanur.","Albatta, jahannam poylab turuvchidir.","Tug`yonga ketganlarning qaytar joyidir.","Ular (unda) zamonlar bo`yi qolarlar.","Ular (unda) sovuqni ham, sharobni ham tatiy olmaslar.","Magar qaynoq suv va yiringni (tatirlar).","Muvofiq jazo o`laroq.","Chunki, ular hisob-kitob bo`lishiga ishonmasdilar.","Va Bizning oyatlarimizni yolg`on deyishgan edi, yolg`on!","Biz har bir narsani kitobga jamlab qo`yganmiz.","Bas, tatib ko`ringlar, sizlarga azobdan boshqa hech narsani ziyoda qilmasmiz.","Albatta, taqvodorlarga yutuq bordir.","Bog`-rog`lar, uzumzorlar bordir.","Va yangi bo`yi yetgan bir xil yoshdagi qizlar bordir.","Va to`ldirilgan qadahlar bordir.","U yerda bekorchi va yolg`on gaplarni eshitmaslar.","Robbingdan mukofot, sovg`a hisobidandir.","U, osmonlar, yer va ularning orasidagi barcha narsalarning Robbi, Rohmandir. Uning huzurida hech kim xitob qilishga qodir bo`lmas.","O`sha kunda Ruh va farishtalar saf bo`lib turar. Rohman izn berganlar va to`g`ri so`zlaganlardan o`zgalar hech gapira olmaslar.","U haq kundir. Kim xohlasa, o`z Robbiga qaytar yo`l oladir.","Albatta, Biz sizlarni yaqin kelajakdagi azobdan qo`rqitdik. U kunda, har kishi qo`li taqdim qilgan narsaga nazar soladir. Va kofir. «Koshki tuproq bo`lib ketsam», deydir.","Shiddat bilan (jonni) sug`urib oluvchi(farishta)lar bilan qasam.","Yumshoqlik bilan jon oluvchi(farishta)lar bilan qasam.","Suzib yuruvchi(farishta)lar bilan qasam.","O`zishda musobaqa qiluvchi(farishta)lar bilan qasam.","Amrning tadbirini qiluvchi(farishta)lar bilan qasam.","Iztirobga tushuvchi iztirobga tushgan kunda.","Unga ergashuvchi ergashganda.","O`sha kunda qalblar xavfga to`ladir.","Ularning ko`zlari qo`rqinchga to`ladir.","Ular: «Biz, albatta, ortga qaytarilamizmi?» – derlar.","«Chirigan suyak bo`lganimizdan keyin ham-a?»","Agar shundoq bo`lsa, bu hasratiy qaytish-ku!» – derlar.","Albatta, u(qiyomat) bir qichqiriqdan boshqa narsa emas.","Ko`ribsizki, ular (qiyomat) maydonida turibdir.","Senga Musoning xabari keldimi?","Qachonki Robbisi unga Muqaddas Tuva vodiysida nido qildi.","«Fir'avn huzuriga bor, albatta, u tug`yonga ketdi.","Bas unga ayt: «Senda poklanishga (rag`bat) bormi?","Va seni Robbingga hidoyat qilsam, shoyadki (undan) qo`rqsang», degin».","Va unga ulkan alomatni ko`rsatdi.","Ul uni yolg`onga chiqardi va osiy bo`ldi.","So`ng ortiga o`girilib, tezlab ketdi.","Keyin (odamlarni) to`pladi va nido qildi.","Va, men sizlarning eng oliy Robbingizman, dedi.","Bas, Alloh uni avvalgi va oxirgi gunohlari uchun azobga oldi.","Albatta, bunda U zotdan qo`rqqanlar uchun ibrat bordir.","Sizlarni yaratish qiyinmi yoki U zot bino qilgan osmonnimi?","Uning shiftini yuqori ko`tardi va bekami-ko`st, mustahkam qilib qo`ydi.","Kechasini qorong`u va kunduzini yorug` qildi.","Va undan so`ng yerni tuxum shaklida qildi.","Undan suvni, o`t-o`lanlarni chiqardi.","Va tog`larni sobit qildi.","Sizlarga va chorvalaringizga manfaat bo`lsin uchun.","Vaqtiki katta g`olib (qiyomat) kelsa.","U kuni inson qilgan ishlarini eslaydir.","Va jahannam ko`radiganlarga zohir qilinadir.","Ammo kimiki tug`yonga ketgan bo`lsa.","Va bu dunyo hayotini ustun qo`ygan bo`lsa.","Bas, albatta, Jahiym (unga) o`rin bo`ladir.","Va ammo, kim Robbisining maqomidan qo`rqqan va o`z nafsini havolanib ketishidan qaytargan bo`lsa...","Bas, albatta, jannat (unga) o`rin bo`ladir.","Sendan, qiyomat qachon bo`lur, deb so`rashadir.","U(qiyomat)ning zikrini sen qandoq bilarding.","Uning intihosi Robbinggagina xos.","Albatta, sen u(qiyomat)dan qo`rquvchilarga ogohlantiruvchisan, xolos.","U(qiyomat)ni ko`rgan kunlari, xuddi, bu dunyoda bir kecha yoki kunduzdan boshqa turmaganga o`xsharlar.","Aftini burishtirdi va yuz o`girdi.","Ko`zi ko`r kishi huzuriga kelganda.","Qayerdan bilasan, ehtimol, u poklanar.","Yoki nasihat olar va mav'iza unga manfaat berar.","Ammo istig`no qilganga bo`lsa...","Sen u tomonga intilasan.","U poklanmasa, seni hech kim malomat qilmas.","Ammo huzuringga shoshilib kelgan.","Va U zotdan qo`rqqan holda bo`lgandan esa...","Bas, Sen undan mashg`ul bo`lasan.","Yo`q! Albatta ular (Qur'on oyatlari) eslatmadir.","Kim xohlasa, uni eslaydir.","Hurmatlangan sahifalardadir.","Oliy qadardirlar, poklangandirlar.","Elchi(farishta)lar qo`llaridadir.","Ular hurmatlangan va o`ta yaxshidirlar.","Insonga la'nat bo`lsin, uning kofirligi qandoq shiddatli bo`ldi.","Uni qaysi narsadan yaratdi?","Nutfadan uni yaratdi va uni o`lchovli qildi.","So`ngra, chiqish yo`lini oson qildi.","So`ngra o`ldirdi va qabrga kirgazdi.","So`ngra (qachon) xohlasa, uni qayta tiriltiradi.","Yo`q, undoq emas! U o`ziga U zot qilgan amrni bajarmadi.","Inson o`z taomiga nazar solsin.","Albatta, Biz suvni rosa quyib qo`yibmiz.","So`ngra yerni o`ziga xos yordik.","Biz unda donni.","Va uzum va ko`klarni.","Va zaytun va xurmolarni.","Va tig`iz bog`larni.","Va mevalaru o`t-o`lanlarni o`stirib qo`ydik.","Sizlarga va chorvalaringizga manfaat va lazzat bo`lsin, deb.","Vaqtiki kar qiluvchi ovoz kelsa.","U kunda kishi o`z aka-ukasidan.","Va onasi va otasidan.","Va xotini va bola-chaqasidan qochadi.","U kunda ulardan har bir shaxsni ovora qiluvchi o`z ishi bor.","U kunda porloq chehralar bor.","Ular kulgu bilan to`la, yetgan xushxabardan xursand.","U kunda bir chehralar borki, ularni g`ubor bosgan.","Ustini zulmat qoplagan.","Ular, ana o`shalar, kofirlar va fojirlardir.","Vaqtiki, quyoshni buklab, o`ralsa.","Va vaqtiki yulduzlar uzilib tushib, sochilib ketsa.","Va vaqtiki, tog`lar joyidan ko`chirilsa.","Va vaqtiki, homilasiga o`n oy to`lgan tuyalar qarovsiz qolsa.","Va vaqtiki, vahshiy hayvonlar bir joyga to`plansa.","Va vaqtiki, dengizlar alanga olib yonsa.","Va vaqtiki, nafslar juftlashtirilsa.[1]###[1] (Ya'ni, ruh tanaga qaytarilib, ikkovlari birlashsalar.)","Va vaqtiki, tiriklay ko`milgan qizdan so`ralsa.","U nima gunoh uchun o`ldirilgan?","Va vaqtiki, sahifalar nashr qilinsa.","Va vaqtiki, osmon qo`porilsa.","Va vaqtiki, jahannam qizdirilsa.","Va vaqtiki, jannat yaqinlashtirilsa.","Har bir jon nima hozirlaganini biladir.","(Kunduzi) maxfiy bo`luvchi(yulduz)lar bilan qasam.","(Kechalari) yuruvchi, berkinuvchi(yulduz)lar bilan qasam.","Qorong`uligi ila kirib kelgan kecha bilan qasam.","Nafas olib kirib kelgan tong bilan qasam.","Albatta u(Qur'on) karamli elchining so`zidir.","U quvvatli, arsh Egasi huzurida martabasi oliydir.","Itoat qilingan, omonatlidir.","Sizning sohibingiz majnun emasdir.","Batahqiq, ul ani ochiq-oydin ufqda ko`rdi.[1]###[1] (Muhammad sollallohu alayhi va sallam Jibroilni ochiq-oydin ufqda o`z ko`zlari bilan asl yaratilishida ko`rdilar.)","Va u g`aybga baxil emasdir.","Va u(Qur'on) toshbo`ron qilingan shaytonning so`zi emasdir.","Bas, qayoqqa ketmoqdasiz?!","U (Qur'on) olamlarga eslatmadan boshqa narsa emasdir.","Sizlardan istiqomat(to`g`ri yo`l)da bo`lishni xohlovchilar uchundir.","Olamlarning Robbi Alloh xohlamasa, sizlar xohlay olmassizlar.[1]###[1] (Har bir narsa Allohning xohishiga bog`liq. Har bir narsa Alloh taoloning xohishi ila bo`ladi.)","Vaqtiki, osmon yorilsa.","Va vaqtiki, yulduzlar sochilib ketsa.","Va vaqtiki, dengizlar portlatilsa.","Va vaqtiki, qabrlar ostin-ustin bo`lsa.","Har bir jon — nimani taqdim qildiyu nimani ta'xir qildi — biladir.","Ey Inson! Seni nima Karamli Robbing haqida g`ururga ketkazdi?!","U seni to`la-to`kis va mo`'tadil qilib yaratgandi.","O`zi xohlagan suvratda seni tarkib qildi.","Yo`q!!! Balki, siz jazoni yolg`onga chiqarmoqdasiz!!!","Holbuki, sizning ustingizdan kuzatib turuvchilar bordir.","Ular hurmatli yozib turguvchilardir.","Ular nima qilayotganingizni biladir.","Albatta, yaxshilar jannatdadir.","Va, albatta, fojirlar jahannamdadir.","Ular u yerga qiyomat kuni kiradir.","Va ular undan g`oyib bo`la olmaslar.","Va, jazo kuni nima ekanini senga nima bildirdi?","So`ng, jazo kuni nima ekanini senga nima bildirdi?","O`sha kunda hech bir jon boshqa bir jon uchun biror narsa qilish imkoniga molik emas. U kunda barcha ish Allohning O`ziga xos.","Vayl bo`lsin o`lchovdan urib qoluvchilarga.","Ular odamlardan narsa o`lchab olsalar, to`liq olarlar.","Va agar odamlarga o`lchab yoki tortib bersalar, kamaytirarlar.","Ana shular, albatta, qayta tiriltirilishlarini o`ylamaydilarmi?","Ulug` bir kunda.","U kunda odamlar olamlarning Robbi huzurida tik turarlar.","Yo`q! Albatta fojirlarlarning kitobi «sijjiyn»dadir.","«Sijjiyn» qanday narsa ekanini senga nima bildirdi?![1]###[1] (Sijjin nima ekanini qayerdan ham bilarding, uning mohiyati shundoq kattaki, sen uni idrok eta olmaysan. Bilib qo`y!)","U(Sijjiyn) yozilgan kitobdur.","O`sha kunda yolg`onga chiqaruvchilarga vayl bo`lsin!","Ular jazo (qiyomat) kunini yolg`onga chiqarurlar.","Uni haddan oshuvchi va o`ta gunohkorlardan boshqalar yolg`onga chiqarmaslar.","Qachon unga oyatlarimiz tilovat qilinsa, «avvalgilarning afsonalari», der.","Yo`q! Ularning qilgan kasblari qalblariga mog`or bo`lib o`rnashib qolgandir.","Yo`q!!! Albatta, ular o`sha kunda o`z Robbilarini ko`rishdan to`silurlar.","So`ngra, albatta, ular jahiymga kiruvchilardir.","So`ngra, mana bu, sizlar yolg`onga chiqarib yurgan narsa, deyilur.","Yo`q!!! Albatta, abrorlarning kitobi «Illiyyiyn»dadur.","«Illiyyiyn» qandoq narsa ekanini senga nima bildirdi?!","U yozilgan kitobdur.","Unga muqarrab(farishta)lar shohid bo`lurlar.","Albatta, abrorlar jannati na'iymdadurlar.","Pardali baland so`rilar ustida nazar solib tururlar.","Ularning chehralaridan jannat ravnaqini bilib olasan.","Ular muhrlangan, nihoyatda pok sharobdan ichurlar.","U(sharob)ning xotimasi miskdandir. Va shu narsa uchun musobaqa qiluvchilar musobaqa qilsinlar.","U sharobning aralashmasi «Tasniym»dandir.","U(Tasniym) bir buloqdirki, undan muqarrablar icharlar.","Albatta, jinoyat qilganlar iymon keltirganlar ustidan kular edilar.","Agar mo`minlar ularning yonidan o`tsalar, masxaralab ishora qilar edilar.","Agar (kofirlar) o`z ahllari huzuriga qaytib borsalar, huzurlanib qaytib borar edilar.","Va agar u(mo`min)larni ko`rsalar, «Albatta, anavilar adashganlar», der edilar.","Holbuki, ular mo`minlar ustidan kuzatuvchi qilib yuborilganlari yo`q-ku!","Endi, bu Kunda iymon keltirganlar kofirlar ustidan kularlar.","Pardali, baland so`rilar ustida nazar solib turarlar.","Kofirlar bu dunyoda qilgan ishlarining «savobini» olarmikanlar?!","Vaqtiki, osmon yorilsa.","U(osmon) o`z Robbisiga quloq osdi, bo`ysundi va shundoq bo`lishi kerak edi.","Va vaqtiki, yer cho`zilsa.","Va o`z ichidagi narsalarni otib chiqarib, xoli qolsa.","U(er) o`z Robbisiga quloq osdi, bo`ysundi va shundoq bo`lishi kerak edi.","Ey inson! Albatta, sen Robbingga yo`liqquningcha, harakatu urinishda bo`lasan va oxiri unga yo`liqasan ham.","Ammo kimning kitobi o`ng tarafdan berilsa.","Tezda, osongina hisob qilinur.","Va ahli huzuriga xursand holda qaytib borur.","Va ammo kimning kitobi orqa tarafdan berilsa...","U tezda o`ziga halokatni chaqirur.","Va qizib turgan do`zaxga kirur.","Chunki, u (bu dunyoda) o`z ahli bilan xursand bo`lib o`tgan edi.[1]###[1] (Oxiratni hech ham o`ylamagan edi. Faqat ayshu ishrat, ko`ngilxushi payida bo`lgan edi. G`ofil bo`lib, o`z ahli ila besh kunlik dunyoning matohiga erishish uchun harakat qilgan edi. Shuning uchun endi qizib turgan do`zaxda azoblanmoqda.)","Chunki, u hech qachon orqaga qaytmaslikni o`ylagan edi.","Ha! Albatta, Robbi uni doim ko`rib turuvchi edi.","Shafaq bilan qasamki.","Kechasi va u o`rab olgan narsalar bilan qasamki.","Va to`lin oy bilan qasamki.","Albatta, sizlar tabaqama-tabaqa minasizlar.","Nima bo`lgan ularga, iymon keltirmaslar?!","Va agar ularga Qur'on o`qilsa, sajda qilmaslar.[1]###[1] (Kimki bu oyatlarni o`qib yoki eshitib sajda qilmagan odam gunohkor bo`ladi.)","Balki kofirlar yolg`onga chiqarurlar.","Ular (qalblarida) nimani saqlayotganlarini Allohning O`zi biladir.","Ularga alamli azobning «bashoratini» ber.","Illo, iymon keltirganlarga va yaxshi amallar qilganlarga minnatsiz, uzluksiz ajrlar bor.","Burjlar egasi bo`lgan osmon bilan qasam.","Va va'da qilingan kun bilan qasam.","Guvohlik beruvchi va guvohlik berilgan bilan qasam.","«Uxdud» egalariga la'nat bo`lsin.","U yoqilg`isi ko`p, qattiq isigan olovdir.","U(kofir)lar o`sha(chuqur)lar atrofida o`tiribdirlar.","Va ular mo`minlarga qilayotgan narsalariga o`zlari guvohdirlar.","Va (ular) mo`minlardan Aziyz, Hamiyd Allohga bo`lgan iymondan boshqa «ayb» topa olmadilar.","U shunday zotki, osmonlaru yerning mulki Unga xosdir va Alloh har bir narsaga O`zi guvohdir.","Albatta, mo`min va mo`minalarni fitna qilib, so`ngra tavba qilmaganlarga, ana o`shalarga jahannam azobi va kuydiruvchi azob bor.","Albatta, iymon keltirgan va solih amal qilganlarga, ularga, ostidan anhorlar oqib turgan jannatlar bor. Bu esa nihoyatda ulkan yutuqdir.","Albatta, Robbingning changali juda ham shiddatli, qattiqdir.","Albatta, U O`zi boshlaydir va qaytaradir.[1]###[1] (Yo`qdan bor qilar va o`lganni hayotga qaytarar.)","Va U mag`firat qiluvchi, barchaga yaxshilikni ravo ko`ruvchi Zotdir.","U, Arsh egasi hamda qadri ulug` Zotdir.","U nimani xohlasa, qila oluvchi Zotdir.","Senga askarlarning xabari keldimi?","Fir'avn va Samudning.","Balki, kofirlar yolg`onga chiqarishadir?","Holbuki, Alloh ularning ortidan ihota qilib turuvchidir.","Yo`q!!! U Qur'oni Majiyddur.","U Lavhul Mahfuzdadir.[1]###[1] (Lavhul-Mahfuz Allohning huzurida bo`lib, unga hech qanday o`zgarish kirishi mumkin emas.)","Osmon bilan qasam va toriq bilan qasam.","Toriq nimaligini senga ne bildirdi?","U, nur sochib turuvchi yulduzdir.","Hech bir jon yo`qki, uning hifz qilib turuvchisi bo`lmasa.","Inson nimadan yaralganiga nazar solsin.","U otilib chiquvchi suvdan yaralgandir.","U (suv) sulb (orqa umurtqa) va taroib (ko`krak suyagi) orasidan chiqadir.","Albatta, U zot uni qayta tiriltirishga qodirdir.","Sirlar fosh bo`ladigan kundadir.","Bas (o`shanda) u(inson)da quvvat ham, nusrat beruvchi ham bo`lmaydir.","Qaytuvchi sohibi bo`lgan osmon bilan qasam.","Yorib chiquvchi egasi bo`lgan yer bilan qasam.","Albatta, u (Qur'on) ajratuvchi so`zdir.","Va u hazil emasdir.","Albatta, ular hiyla qiladir.","Va Men ham «hiyla» qilurman.[1]###[1] (Ya'ni, hiylasiga yarasha jazo berurman.)","Bas, kofirlarga muhlat ber. Ha, ularga ozgina muhlat ber.[1]###[1] (Ya'ni, ularga azob kelmayotganidan shoshilma, hammasining vaqti, soati bor.)","Oliy qadar bo`lgan Robbing ismini poklab yod et.","U yaratgan va mutanosib qilgan Zotdir.","U, o`lchov bilan qilgan va hidoyatga boshlagan Zotdir.","U, o`t-o`lanni chiqargan Zotdir.","Bas, uni qoraygan xashak qilgan Zotdir.","Biz senga (Qur'onni) qiroat qildiramiz, bas, sen uni esdan chiqarmassan.","Illo, Alloh xohlaganini. Albatta, U oshkorni ham, maxfiy narsalarni ham biladir.","Va seni oson yo`lga muyassar qilamiz.","Bas, agar eslatish manfaat bersa, eslatgin.","Albatta, U zotdan qo`rqqan esga oladir.","Va badbaxtgina undan chetda bo`ladir.","U katta olovga kiradir.","So`ngra, uning ichida o`lmay ham, tirilmay ham qoladir.","Haqiqatan, kim pok bo`lsa, yutuq topadir.","Va Robbi ismini zikr qilsa va namoz o`qisa hamdir.","Balki, sizlar bu dunyo hayotini ustun qo`yasizlar.","Holbuki, oxirat yaxshiroq va boqiyroqdir.","Albatta, bu avvalgi sahifalarda bordir.","Ibrohim va Muso sahifalaridadir.","Batahqiq, senga g`oshiya xabari keldi.","O`shal kunda bir chehralar qo`rqinch bilan to`ladir.","Ular ish bajaruvchidir va nihoyatda charchagandir.","O`ta qizib turgan olovga kiradir.","Ular qaynab turgan buloqdan sug`oriladir.","Ularga tikandan boshqa taom yo`qdir.","U na semirtirmas va na ochlikni ketkazmasdir.","O`shal kunda bir chehralar ne'mat xursandligi bilan to`ladir.","Ular o`z ishlaridan rozidir.","Ular oliy darajali jannatdadir.","Unda bekorchi gaplarni eshitmaslar.","Unda oqib turgan buloqlar bordir.","Unda baland-baland so`rilar bordir.","Va tayyorlab qo`yilgan qadahlar bordir.","Va saf-saf qilib tizilgan yostiqlar bordir.","Hamma yoqqa to`shalgan gilamlar bordir.","Ular nazar solmasmi: Tuyaning qanday yaratilganiga?","Va osmonning qandoq ko`tarilganiga?","Va tog`larning qandoq o`rnashtirilganiga?","Va yerning qandoq tekislab qo`yilganiga?","Bas, eslatgin, sen, albatta, eslatuvchidirsan.","Sen ularning ustidan hukmingni o`tkazuvchi emassan.","Illo, kim yuz o`girsa va kofir bo`lsa...","Bas, uni Alloh katta azob bilan azoblaydir.","Albatta, ularning qaytishi Bizgadir.","So`ngra, albatta, ularning hisob-kitobi ham Bizda bo`ladir.","Fajr bilan qasam.","Va o`n kecha bilan qasam.[1]###[1] (Ulamolarimiz, ushbu oyatdagi o`n kechadan murod Ramazon oyining oxirgi o`n kechasi, ularda Laylatul qadr kechasi ham bor, deganlar.)","Juftu toq bilan qasam.","Va yurgan tun bilan qasam.","Mana shularda aql egasi uchun (qanoatlantiruvchi) qasam bordir?!","Sening Robbing Odga qanday (muomala) qilganini bilmadingmi?","Baland ustunli «Iram»ga?","Uning misli boshqa diyorlarda xalq qilinmaganga?","Va vodiyda xarsang toshlarni kesib (imorat yasagan) Samudni.[1]###[1] (Robbing nima qilganini bilmadingmi?)","Va ko`p askarlari bor Fir'avnni.[1]###[1] (Robbing nima qilganini bilmadingmi?)","Ular turli o`lkalarda tug`yonga ketgan edilar.","Ular u(o`lka)larda buzg`unchilikni ko`paytirgan edilar.","Bas, Robbing ularning boshiga turli azoblarni quydi.","Albatta, Robbing kuzatib turuvchidir.[1]###[1] (U kim nima qilayotganini o`ta aniqlik bilan kuzatib turadi. Kuzatib turib tug`yonga ketgan, haddidan oshgan va zulm qilganlarning jazosini beradi.)","Bas, qachon insonni Robbi sinash uchun ikrom qilsa va ne'mat bersa, «Meni Robbim ikrom qildi», deydir.","Bas, qachon Robbi sinash uchun rizqini tor qilib qo`ysa, u: «Robbim meni xorladi», deydir.","Yo`q! Balki sizlar yetimlarni ikrom qilmaysizlar.","Bir-biringizni miskinlarga taom berishga undamaysizlar.","Va merosni shiddat-la yeysizlar.","Va molni ko`p yaxshi ko`rasizlar.","Yo`q! Vaqtiki, yer zilzilaga tushib, parcha-parcha bo`lib ketsa.","Va Robbing va farishtalar saf-saf bo`lib kelsalar.","Va o`sha kunda jahannamni keltirsa, o`sha kunda inson eslaydir. Lekin bu eslashdan endi ne foyda.","U: «Afsuski, oxirat hayotimga ham biror narsa taqdim qilsam bo`lar ekan», deydir.","Bas, o`sha kunda Allohning azobiga o`xshash azob-la hech kim azoblamaydir.","Va Uning bog`lashiga o`xshash hech kim bog`lamaydir.","Ey, xotirjam nafs!","Robbingga sen Undan, U sendan rozi bo`lgan holda qayt!","Bas, bandalarim ichiga kirgin!","Va jannatimga kirgin!","Mana shu shahar bilan qasam.","Sen muqim turgan bu shahar-la.","Va Volid va undan tarqagan valadlar bilan qasam.","Batahqiq, Biz insonni mashaqqatda yaratdik.","U inson unga hech kimning kuchi yetmas, deb hisoblarmi?","U: «Ko`plab mol-dunyo nafaqa qildim», deydir.[1]###[1] (Mol-dunyo bilan g`ururga ketganlarga yaxshilik yo`lida ehson qil, deb aytilsa, yuqoridagi gapni aytishadi. Vaholanki, yaxshilik yo`lida hech narsa sarflamagan bo`ladi.)","U o`zini birov ko`rmadi, deb hisoblaydirmi?","Biz unga ikki ko`zni.","Va tilni va ikki labni bermadikmi?","Va Biz uni ikki yo`lga yo`llab qo`ymadikmi?","Bas, u dovon oshib o`tmadi.","Dovon qandoq narsa ekanini senga nima bildirdi?","U qul ozod qilishdir.","Yoki ocharchilik kunida taom berishdir.","Qarindosh yetimga.","Yoki tuproqqa qorilgan miskinga.","So`ngra, iymon keltirganlar va bir-birini sabrga, mehr-shafqatga chaqirganlar bo`lsa...","Ana o`shalar o`ng tomon egalaridir.","Oyatlarimizga kufr keltirganlar chap tomon egalaridir.","Ularni chiqib bo`lmaydigan o`t-olov o`rab olgandir.","Quyosh bilan va uning ziyosi bilan qasam.","Uning ortidan kelgan oy bilan qasam.","Va u(quyosh)ni ravshan ko`rsatgan nahor bilan qasam.","Va u(quyosh)ni qoplagan tun bilan qasam.","Va osmon bilan va uning bino qilinishi bilan qasam.","Va yer bilan va uning to`shalishi bilan qasam.","Va nafs bilan va uning mukammal qilinishi bilan qasam.","Bas, unga fujurini va taqvosini bildirdi.","Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi.","Va batahqiq, kim u(nafs)ni kirlasa, noumid bo`ldi.","Samud qavmi o`z tug`yoni ila yolg`onga chiqardi.","Vaqtiki, uning eng badbaxti shoshilib turdi.","Bas, ularga Allohning Rasuli: «Allohning tuyasiga va uning suviga tegmanglar», dedi.","Bas, (uni) yolg`onchiga chiqarishdi va (tuyani) so`yishdi. Bas, Robblari ularni gunohlari sababli yo`q qilib yubordi va bunda barchani barobar qildi.","Va U zot bu(ish)ning oqibatidan qo`rqmas.[1]###[1] (Bu dunyoning podshohlari o`zlarining qilgan ishlaridan, oqibati nima bo`larkin, deb hadiksirab turadilar. Alloh subhanahu va taolo esa bunday xavfdan mustasnodir.)","Tunning qoplab kelayotgan payti bilan qasam.","Nahorning tajalli payti bilan qasam.","Erkak va urg`ochining yaratilishi bilan qasam.","Albatta, sizlarning ishlaringiz turlichadur.","Ammo kimki (ato) bersa va taqvo qilsa...","Va go`zalni tasdiq qilsa...","Bas, Biz uni osonga muyassar qilamiz.","Va ammo, kimki baxillik va istig`no qilsa...","Va go`zalni yolg`onga chiqarsa...","Bas, Biz uni qiyinga muyassar qilamiz.","U qulagan vaqtda unga mol-mulki foyda bermas.","Albatta, hidoyatga boshlash Bizning zimmamizdadir.","Albatta, ham oxirat va ham bu dunyo Biznikidir.","Bas, Men sizlarni lovullagan o`tdan ogohlantirdim.","Unga badbaxtdan boshqa kirmas.","O`sha yolg`onga chiqargan va yuz o`girgan edi.","Va albatta, undan taqvodor banda chetda qoladir.","U, boyligini sarflaydir va o`zini poklaydir.","Biror kishining unda qaytarilishi lozim yaxshiligi yo`q edi.","Faqat, o`zining oliy maqom Robbining roziligini so`rab qiladir.","Va albatta, tezda rozi bo`ladir.","Choshtgoh bilan qasam.","Sukunatga cho`mgan tun bilan qasam.","Robbing seni tark qilgani yo`q, senga g`azab ham qilgani yo`q.[1]###[1] (Ushbu oyati karima mushriklar, Muhammadning Robbisi unga g`azab qildi, uni tark etdi, deb gap tarqatganlarida raddiya sifatida tushgandir.)","Va albatta, oxirat sen uchun bu dunyodan yaxshidir.","Va tezda Robbing senga ato qilur va sen rozi bo`lursan.","U seni yetim topib, joylab qo`ymadimi?","Va U seni hayron holda topib, hidoyatga boshlamadimi?","Va U seni kambag`al holda topib, boy qilmadimi?","Ammo yetimga qahr qilmagin.","Va ammo, «soil»ga zajr qilma.[1]###[1] («Soil» kelganda — biror narsasi bo`lsa berishi, bo`lmasa yaxshi muomala qilishi kerak.)","Va ammo Robbingning bergan ne'mati haqida so`zla.","Sening ko`ksingni keng qilib qo`ymadikmi?","Va sening yukingni yengillatmadikmi?","Yelkangni bosib turganni?","Va sening zikringni yuqori ko`tarmadikmi?","Bas, albatta, qiyinchilik bilan osonchilik bordir.","Albatta, qiyinchilik bilan osonchilik bordir.","Forig` bo`lsang, (ibodatga) uringin.","Va faqat Robbingga rag`bat qilgin.","Anjir bilan qasam va zaytun bilan qasam.","Va Turi Siyno bilan qasam.","Va mana bu eminlik yurti (Makka) bilan qasam.","Batahqiq, Biz insonni eng yaxshi suvratda yaratdik.","So`ngra uni asfala saafiliynga qaytardik.[1]###[1] (Inson Yaratganiga ibodatda bo`lsa, farishtadan ham afzalroq martabaga erishdi. Ammo havoi nafsi, hayvoniy hirslari aqlidan ustun kelib nafsning aytganidan yuradigan bo`lsa, hayvondan ham battar holatga tushadi. Ana o`shanda asfala safilinni ko`raveradi.)","Illo, iymon keltirganlar va yaxshi amallar qilganlarga minnatsiz va uzluksiz ajrlar bordir.","Bas, seni oxiratni yolg`onga chiqarishga nima olib kelur?!","Alloh hukm qilguvchilarning eng hikmatlisi emasmi?!","Yaratgan Robbing nomi bilan o`qi.","U insonni alaqdan yaratdi.","O`qi! Robbing Karamlilarning karamlisidir.","U, qalam bilan ilm o`rgatgandir.","U, insonga bilmagan narsasini o`rgatdi.","Yo`q! Inson, albatta, tug`yonga ketur.","Gar o`zini boy ko`rsa.","Albatta, qaytib borish Robbinggadir.","Qaytarganni ko`rdingmi?!","Bandani namoz o`qiyotganida?![1]###[1] (Makka mushriklari rahbari Abu Jahl, Muhammadni Ka'ba yonida namoz o`qiyotganini ko`rsam, bo`ynidan oyog`im bilan bosaman, degan ekan. Shunga binoan, bu oyatlardagi namoz o`quvchidan murod Muhammad sollallohu alayhi va sallam, namozdan qaytaruvchi esa Abu Jahldir.)","Ayting-chi, agar o`sha hidoyatda bo`lsa.","Yoki taqvoga chaqirsa.","Ayting-chi, agar u yolg`onga chiqarsa va yuz o`girsa.","Alloh uni ko`rib turishini bilmasmi?","Yo`q! Agar qaytmasa, peshonasidan shiddat-la tutamiz!","Yolg`onchi, xatokor peshonasidan!","Bas, u o`z to`pini chaqirsin.","Biz ham zaboniyalarni chaqirurmiz.[1]###[1] (Ya'ni, do`zaxiylarni azoblovchi farishtalarni.)","Yo`q! Sen unga itoat qilma! Sajda qil va qurbat hosil qil.[1]###[1] (Ushbu oyat sajda oyatlaridandir. Imom Muslim ulkan sahobiy Abu Hurayra roziyollohu anhudan rivoyat qilgan hadisi sharifda Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: «Banda Allohga eng yaqin bo`lgan payti — sajda paytidir, u paytda duoni ko`p qilinglar», deganlar.)","Albatta, Biz U(Qur'on)ni Qadr kechasida tushirdik.","Laylatul Qadr qandoq narsa ekanini senga nima bildirdi?","Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir.","Unda farishtalar va Ruh Robbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadir.","U to tong otguncha salom bo`lib turadir.","Ahli kitob va mushriklardan bo`lgan kufr keltirganlar «bayyina» kelmaguncha ajralmasdilar.","U (bayyina), Alloh tarafidan yuborilgan Rasul bo`lib, poklangan sahifalarni tilovat qiladur.","Ularda ajoyib bitiklar bor.","Kitob berilganlar ularga «bayyina» kelganidan so`nggina bo`linib ketishdi.","Holbuki, ular faqat Allohgagina ibodat qilishga, Uning dinigagina ixlos qilishga, boshqa dinlarga moyil bo`lmaslikka, namozni to`liq o`qishga, zakot berishga buyurilgan edilar. Ana shu, to`g`ri(millat)ning dinidir.[1]###[1] (Yahudiy va nasorolar Tavrot va Injilda faqat Alloh taoloning O`zigagina ibodat qilishga amr etilgan edilar.)","Albatta, ahli kitob va mushriklardan bo`lgan kufr keltirganlar jahannam o`tidadurlar, u yerda abadiy qolurlar. Undaylar xaloyiqning eng yomonidirlar.","Albatta, iymon keltirganlar va solih amallarni qilganlar, ana o`shalar, xaloyiqning eng yaxshisidir.","Ularning mukofotlari Robbilari huzuridagi (daraxtlari) ostidan anhorlar oqib turgan «adn» jannatlaridir. U yerda abadul-abad qolurlar. Alloh ulardan rozi bo`ldi, ular ham Undan rozi bo`ldilar. Bu, Robbidan qo`rqqanlar uchundir.","Vaqtiki, yer o`ziga xos zilzilaga tushsa...","Va yer o`z yuklarini otib chiqarsa...","Va inson: «Unga nima bo`ldi?!» – desa...","O`sha kunda u (er) o`z xabarini aytadir.","Sening Robbing unga vahiy yuborgani uchundir.","O`sha kunda odamlar amallarini ko`rish uchun joylaridan guruh-guruh bo`lib qo`zg`alurlar.","Bas, kim zarra og`irligida yaxshilik qilsa ham ko`radir.","Va kim zarra og`irligida yomonlik qilsa ham ko`radir.[1]###[1] (Yaxshilikning ham, yomonlikning ham katta-kichigi bo`lmaydi. Hammasining hisob-kitobi bo`ladi, qiyomatda javob berish kerak. Har doim yaxshilikni qilib, agar u ko`zga ko`rinmas zarra miqdorida bo`lsa ham yomonlikdan qochish kerak.)","Harsillab chopuvchi otlar bilan qasam.","O`t chaqnatib chopuvchi otlar bilan qasam.","Tong chog`ida g`orat qiluvchi otlar bilan qasam.","O`sha ila chang qo`zg`atdilar.","Va u ila jamoa o`rtasiga (yorib) kirdilar.","Albatta, inson o`z Robbiga noshukrdir.","Va albatta, u ana shunga o`zi guvohdir.","Albatta, u mol-dunyoga haddan tashqari o`chdir.","U bilmasmi?! Qabrdagilar qo`zg`atilganda.","Va ko`kraklaridagi oshkor bo`lganda.","O`sha kunda Robbilari ulardan xabardor ekanini?!","Al-Qori'a.","Al-Qori'a nima?","Al-Qori'a qandoq narsa ekanligini senga nima bildirdi?","U kunda odamlar to`zib ketgan kapalakka o`xshab qolarlar.","Va tog`lar titilgan junga o`xshab qolarlar.","Kimning tarozusi og`ir kelsa...","Bas, u rozilik hayotidadir.","Va ammo kimning tarozusi yengil kelsa...","Bas, uning onasi haaviya (do`zax)dir.[1]###[1] (Odatda ona doim panoh bo`lgan. Inson ayniqsa og`ir paytlarda onasiga intilganday, qiyomatda ham onasini qo`msaganda jahannam ularni ona o`rnida kutib olarkan. Mehr-muhabbat, shafqat izlab turganda, koni azobga, qiynoqqa, dahshatli olovda yonishga duch kelishi nihoyatda katta baxtsizlik.)","U (Haaviya) qandoq narsa ekanligini senga nima bildirdi?","U qattiq qizigan o`tdir.","«Kimniki ko`p» sizni mashg`ul qildi.","To qabrlarni ziyorat qilguningizcha.","Yo`q! Sizlar tezda bilasiz.","Yana yo`q! Sizlar tezda bilasiz.","Yo`q! Agar Siz aniq ilm ila bilganingizda edi.","Albatta, jahannamni ko`rasiz.","Va yana, albatta, uni ishonch ko`zi bilan ko`rasiz.","So`ngra, o`sha kunda, albatta, berilgan ne'matlardan so`ralasiz.[1]###[1] (Ya'ni, qiyomatda har bir ne'matni nimaga, qandoq sarf qilganingiz haqida so`raladi. Ha, kattayu kichik har bir ne'mat haqida so`ralasiz. Har bir ne'matga shukr qildingizmi, yo`qmi — so`ralasiz. Alloh taolo sizga bergan molu dunyo ne'matini nimaga sarfladingiz, halolgami haromga, Allohni rozi qiladigan yo`lgami, g`azabini qo`zg`atadigan yo`lgami hamma-hammasi haqida so`ralasiz.)","Asr bilan qasam.","Albatta, inson xusrondadir.[1]###[1] (Xusron-mag`lubiyat, yutqiziq va nuqson ma'nolarini anglatadi.)","Illo, iymon keltirganlar va solih amallar qilganlar, bir-birlarini haq yo`lga chaqirganlar va bir-birlarini sabrga chaqirganlar (undoq emasdir).[1]###[1] (Ma'lum bo`ldiki, inson ikki dunyoda badbaxt bo`lib qolmaslik uchun to`rtta sifatga ega bo`lishi kerak ekan: Allohga iymon keltirishi. Solih amallar qilishi. Haq amallar qilishi. Sabrga chaqirishi.)","Har bir obro` to`kuvchi va ayblovchiga «vayl» bo`lsin.","U mol jamladi va uni sanab turur.","U, albatta, moli uni abadiy qoldirur deb hisob qilur.","Yo`q! Albatta, u «hutoma»ga xor-zor etib tashlanur.","«Hutoma» qandoq narsa ekanini senga nima bildirur?","U, Allohning shiddatli, o`chmas olovidir.","Qalblargacha yetib boradigandur.","Albatta, u ularning ustidan qoplangandir.","Uzun-uzun ustunlarga bog`langandir.","Robbing fiyl sohiblarini nima qilganini bilmadingmi?","Ularning makru hiylasini zoye ketkazmadimi?","Va ularning ustiga to`p-to`p qushlarni yubormadimi?","Loydan pishirilgan toshlarni otadigan.","Bas, ularni qurt yeb tashlagan o`simlikka o`xshatib yubormadimi?[1]###[1] (Muhammad alayhissalom «Fil yili»da tug`ilganlar deyilishining sababi ham shu.)","Qurayshning lozim tutishi uchun!","Ularning qish va yoz safarlarini lozim tutishi uchun!","Bas, ular mana shu Baytning Robbiga ibodat qilsinlar.","U ularni ochlikdan to`q qilgan, xavfdan omon qilgandir.","Oxirat(jazosi)ni yolg`onga chiqaruvchini ko`rdingmi?","U, yetimni qo`pollik bilan haydaydir.","Va miskinlarga taom berishga qiziqtirmaydir.","Bir «namozxonlar»ga vayl bo`lsinki.","Ular namozlarini unutuvchilardir.","Undoq kishilar riyo qiladiganlardir.","Va maa'uunni man qiladiganlardir.","Albatta, Biz senga Kavsarni berdik.","Bas, Robbingga namoz o`qi va jonliq so`y.","Albatta, seni yomon ko`rib ayblovchining o`zining orqasi kesik.","Ayt: «Ey, kofirlar...","Men siz ibodat qilgan narsalarga ibodat qilmasman.","Va sizlar ham men ibodat qiladigan narsaga ibodat qiluvchimassiz.","Va men siz ibodat qilgan narsaga ibodat qiluvchimasman.","Va siz ham men ibodat qiladigan narsaga ibodat qiluvchimassiz.","Sizga o`z diningiz, Menga o`z dinim.[1]###[1] (Bu surada Islom e'lon qilgan aqida erkinligi o`z aksini topgan. Yil avval e'lon qilingan bu hurriyat oyoq osti qilinganda, insoniyat ulkan zararlar tortdi.)","Vaqtiki, Allohning nusrati va fath kelsa...","Va odamlarning Allohning diniga to`p-to`p bo`lib kirayotganini ko`rsang...","Bas, Robbingni poklab yod et va Unga istig`for ayt. Albatta, U tavbalarni ko`plab qabul etuvchidir.","Abu Lahabning ikki qo`li halok bo`lsin, halok!","Unga moli va kasb qilgan narsalari foyda bermadi.","U tezda cho`g`i qizib turgan o`tga kiradir.","Va uning o`tin ko`targan xotini ham.","Uning bo`ynida eshilgan arqon.","Ayt: «U Alloh yagonadir.","Alloh — Comaddir.[1]###[1] (Hojatlarni va rag`batlarni qondiruvchidir.)","U tug`magan va tug`ilmagan.","Va Unga hech kim teng bo`lmagan».[1]###[1] (Alloh taologa biror zot na zotida, na sifatida va na amalida teng bo`lgan emas, bo`lolmaydi ham.)","«Tong Robbisidan panoh so`rayman.","U yaratgan narsalar yomonligidan.","Va kirib kelgan qorong`u kechaning yomonligidan.","Va tugunlarga dam soluvchilar yomonligidan.[1]###[1] (Sehrgarlar birovni sehrlab zarar yetkazmoqchi bo`lsa, ip olib, o`qiydigan narsasini o`qib, dam solib, ipni bir tugib, yana bir dam solib, yana tugib, oxiriga yetkazar ekan.)","Va hasad qilgan hasadchining yomonligidan», deb ayt.","«Odamlar Robbisidan...","Odamlar podshohidan...","Odamlar Ilohidan panoh so`rayman...","Berkinib, ko`rinib turuvchi vasvasachining...","Odamlar qalblariga vasvasa soladiganning...","Jinlar va odamlardan bo`lganning yomonligidan», deb ayt.[1]###[1] (Oyatda zikr qilingan «berkinib, ko`rib turuvchi»dan murod shaytondir.)"]