["Tavrot tushishidan oldin Isroil o`ziga harom qilgandan boshqa hamma taom Bani Isroilga halol edi. «Agar rostgo`ylardan bo`lsangiz, Tavrotni keltirib o`qinglar», deb ayt!","Shundan keyin ham, kimki Alloh haqida yolg`on to`qisa, bas, ana o`shalar zolimlardir.","Alloh rost aytdi. Ibrohimning yo`ldan toymagan millatiga ergashing. U mushriklardan bo`lmagan edi.","Odamlarga muborak, olamlarga hidoyat qilib qo`yilgan birinchi uy Bakkadagi uydir.","Unda ochiq alomatlar va maqomi Ibrohim bor. Kim unga kirsa, tinch bo`ladir. Odamlardan yo`lini topganlariga Alloh uchun Baytni haj qilmoq burchdir. Kimki kufr keltirsa, Alloh olamlardan behojatdir.[1]###[1] (Ushbu ikki oyatda Alloh taolo Baytullohning fazlini, qibla bo`lishga eng haqli joy shu yer ekanini bayon qilyapti. Namoz vaqtida u tomonga yuzlanishdan tashqari, imkon topganlar uni haj qilishi ham farz bo`lganini e'lon etyapti. «Bakka» — Makkai Mukarramaning ismlaridan biridir. «Bakka» so`zining lug`aviy ma'nosi, «taqillatib urmoq» bo`lib, Makkada har qanday mag`rurning ham bo`yni egiladi, shuning uchun uni «Bakka» ham deb ataladi.)","Ey, ahli kitoblar, nega Allohning oyatlariga kufr keltirasizlar?! Holbuki, Alloh qilayotganlaringizga guvoh-ku.","Ey, ahli kitoblar! Nega iymon keltirganlarni Allohning yo`lidan to`sib, qaytarasiz?! O`zingiz shohid bo`lib turib, u(yo`l)ning qing`ir bo`lishini xohlaysiz! Alloh qilayotgan ishlaringizdan g`ofil emasdir.","Ey, iymon keltirganlar! Agar kitob berilganlar toifasiga itoat qilsangiz, iymoningizdan keyin sizni kofirlikka qaytaradir.[1]###[1] (Alloh taolo bu ummatni botil, buzilgan dinlar va tuzumlarning zulmidan Islomning adolatiga chaqirish uchun, dunyoning torligidan oxiratning kengligiga chaqirish uchun yubordi. Shunday sifatlarga ega bo`lgan ummat qanday qilib yo`ldan adashgan ahli kitoblarga ergashishi mumkin?! Agar ahli kitoblarga ergashsalar, ulkan baxtu saodatdan ajrab, iymondan chiqib, yana kofirlikka qaytadilar.)","Allohning oyatlari sizga tilovat qilinib turgan bo`lsa-yu, Uning Rasuli ichingizda bo`lsa-yu, qanday qilib kufr keltirasiz?! Kim Allohni mahkam tutsa, shubhasiz, to`g`ri yo`lga hidoyat topgan bo`ladir.","Ey, iymon keltirganlar! Allohga haqiqiy taqvo ila taqvo qiling. Va faqat musulmon holingizdagina bu dunyodan o`ting.[1]###[1] (Ya'ni, Islomni o`lguningizcha mahkam tuting. Demak, ikki asosning biri — dunyoda iymon bilan, taqvodor bo`lib, Islomga to`liq amal qilib o`tmoqdir.)","Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting va bo`linib ketmang. Va Allohning sizga bergan ne'matini eslang: bir vaqtlar dushman edingiz, bas, qalblaringizni ulfat qildi. Uning ne'mati ila birodar bo`ldingiz. Olovli jar yoqasida edingiz, undan sizni qutqardi. Shunday qilib, Alloh sizga O`z oyatlarini bayon qiladi. Shoyadki, hidoyat topsangiz.[1]###[1] (Oyati karimadagi «Allohning ipi» degan iboradan Qur'oni Karim tushuniladi. Jarga qulash xavfidagi inson ip-arqonni mahkam ushlasa, qutulib qolganidek, do`zax tubiga qulamaslikning ham birdan-bir chorasi — Qur'oni Karimni mahkam ushlashlikdir. Shundagina najot topadi. Musulmon ummati najot topishi uchun barcha bir bo`lib Allohning kalomi Qur'oni Karimni mahkam tutishlari lozimdir. Bu oyatning ushbu jumlalari musulmon olamini birlashtirish shioridir. Qur'oni Karim Allohning ipi-arqoni ekanligi haqida juda ham ko`p hadislar kelgan.)","Sizlardan yaxshilikka chaqiradigan, amru ma'ruf, nahyu munkar qiladigan bir ummat bo`lsin. Ana o`shalar, o`zlari najot topguvchilardir.[1]###[1] (Ya'ni, ummatingiz Allohga haqiqiy iymon keltirgan va uning yo`lida haqiqiy birodar bo`lgan jamoa yaxshilikka chaqiradigan, amri ma'ruf-nahyi munkar qiladigan ummatga aylansin. Yaxshilikka chaqirib turuvchi jamoa bo`lmasa, dunyoda ezgulik qolmaydi. Ma'rufga, ya'ni fazilat, haqiqat, yaxshilik va adolatga buyurib, munkardan, ya'ni razolat, botillik, zulm va yomonlikdan qaytarib turadigan jamoa bo`lmasa, hech bir qavm, hech bir ummat najot topa olmaydi.)","O`zlariga ochiq bayonotlar kelganidan keyin bo`linib, ixtilofga tushganlarga o`xshash bo`lmanglar, ana o`shalarga ulug` azob bordir.","Yuzlar oq va yuzlar qora bo`ladigan kunda yuzlari qora bo`lganlarga: «Iymoningizdan keyin kofir bo`ldingizmi?! Kufr keltirgan bo`lganingiz uchun azobni tatib ko`ring», deyilur.","Yuzlari oq bo`lganlar esa, bas, Allohning rahmatidadirlar. Ular unda abadiy qolurlar.","Bular Allohning oyatlaridir. Ularni senga haq ila tilovat qilmoqdamiz. Alloh odamlarga zulmni xohlamas.","Osmonlaru yerdagi narsalar Allohnikidir. Ishlar Allohga qaytarilajak.[1]###[1] (Modomiki osmonlaru Yerdagi jamiki narsalar Allohniki ekan, ularni qanday xohlasa, shunday tasarruf qiladi. Buning ustiga, barcha ishlar Allohning O`ziga qaytariladi. Demak, bu dunyo va oxiratning yagona hokimi Allohning O`zidir.)","Siz odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat bo`ldingiz. Amru ma'ruf qilasiz, nahyu munkar qilasiz va Allohga iymon keltirasiz. Agar ahli kitoblar iymon keltirganlarida, o`zlariga yaxshi bo`lar edi. Ulardan mo`minlari bor. Ko`plari fosiqdirlar.[1]###[1] (Islom ummati o`zi haqida bilib qo`yishi zarur bo`lgan haqiqatlardan biri — bu ummatning odamlar uchun chiqarilgan eng yaxshi ummat ekanligidir. Bu haqiqatni hozir o`zini bu ummatga nisbat berayotganlar yaxshi tushunib olmoqlari lozim. Ajdodlarimiz xuddi shu haqiqatni to`liq tushungan chog`larida butun dunyoga ustoz bo`lganlar. Dunyo xalqlarining peshqadami bo`lib, ularni ortlaridan ergashtirganlar. Boshqalarga tobe' bo`lmaganlar. Boshqalarning ortidan ko`r-ko`rona ergashmaganlar. Boshqalar huzurida o`zlarini xoru zor tutmaganlar.)","Ular sizlarga ozor berishdan o`zga hech qanday zarar yetkaza olmaslar. Agar sizlarga qarshi urush qilsalar, ortga qarab qocharlar. So`ngra, ularga yordam berilmas.","Alloh ipi bo`lmasa yoki odamlar ipi bo`lmasa, ularga qayerda bo`lsalar ham, xorlik bitildi. Ularga Allohning g`azabi lozim bo`ldi va miskinlik bitildi. Bunday bo`lishligi ularning Allohning oyatlariga kufr keltirishlari va Payg`ambarlarni nohaqdan o`ldirishlari sababidandir. Bunday bo`lishligi ularning osiy bo`lganlari va haddan oshganlari sababidandir.","Ular barobar emaslar. Ahli kitoblardan Allohning oyatlarini sajda qilgan hollarida kechasida tilovat qiladigan yaxshi toifalari ham bor.","Ular Allohga, oxirat kuniga iymon keltirurlar, amru ma'ruf va nahyu munkar qilurlar va yaxshiliklarga shoshilurlar. Ana o`shalar ahli solihlardandir.","Yaxshilik qilsalar, hargiz inkor etilmaslar. Alloh taqvodorlarni yaxshi biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Ya'ni, ular yaxshilik qilsalar, hech qachon zoye ketmaydi. Ushbu oyatlarda ahli kitoblardan iymonga kelgan mo`minlarning ajoyib sifatlari zikr qilinmoqda. Ular iymonlilar safidan munosib o`rin olib, iymon taqozosi ila harakat qilib ulkan baxt-saodatga erishdilar.)","Albatta, kufr keltirganlardan mollari ham, bolalari ham hargiz Alloh azobidan hech narsani qaytara olmas. Ana o`shalar do`zax egalaridir. Ular unda abadiydirlar.","Ularning bu dunyo hayotida qiladigan nafaqalari misoli o`ziga zulm qilgan bir qavmning ekinini urib halok qilgan sovuq shamolga o`xshaydir. Alloh ularga zulm qilmadi. Lekin ular o`zlariga zulm qildilar.[1]###[1] (Yaxshi ekinzor bor. Ko`rgan odam xursand bo`ladi. Ammo ekinzorning egasi zulm qildi, gunohkor bo`ldi. Shu sababdan sovuq shamol kelib, ekinlarini sovuq urib ketdi. Ekinzor halok bo`ldi. Hech narsa qolmadi. Kofirlarning bu dunyoda qilgan xayr-ehsonlari ham xuddi shunga o`xshaydi. Sirtdan ko`rgan odamga savobli ish. Yaxshilikka pul-mol sarflayapti. Ammo egasining iymoni yo`q. Bu esa, katta gunoh. Iymon bo`lmasa, hech qanday xayr-ehson qabul bo`lmaydi. Unga savob berilmaydi. Sovuq shamol ekinzorni halok qilganidek, ularning kofirligi ham ehsonlarini befoyda qiladi.)","Ey, iymon keltirganlar! O`zingizdan boshqadan sirdosh tutmang. Ular sizga yomonlik qilishini qo`ymas. Mashaqqatda qolishingizni xohlar. Dushmanliklari og`izlaridagi(so`zlari)dan bilinib turibdi. Dillarida maxfiy turgani yana ham kattaroq. Agar aql yuritadigan bo`lsangiz, Biz sizlarga belgilarini bayon qildik.","Hoy, sizlar! Ularni yaxshi ko`rasizlar-u, ular sizni yaxshi ko`rmaslar. Sizlar kitobning hammasiga iymon keltirasizlar-u, ular sizlarni ko`rganda, iymon keltirdik, derlar, ammo xoli qolganlarida, sizlarga bo`lgan qattiq achchiqlaridan barmoq tishlarlar. «Achchiqlaring bilan o`lib ketinglar», deb ayt. Albatta, Alloh dillarni egallagan narsalarni biluvchidir.[1]###[1] (Musulmonlar soddaliklari uchun o`zlaridan boshqalar ularga chiroyliroq muomala qilib, bir oz maqtab qo`ysa, bo`ldi, muhabbat qo`yaveradilar, ularni o`zlariga sirdosh qilib olaveradilar. Bu xato ishdir, chunki qarshi taraf hech qachon musulmonlarni yaxshi ko`rmaydi. Musulmonlar Allohdan tushgan hamma kitoblarga, jumladan, o`zlariga dushmanlik qilayotganlarga tushgan kitoblarga ham iymon keltiradilar. Bu xato emas, balki musulmonlik burchidir.)","Sizga yaxshilik tegsa, ularga yomon bo`ladir. Sizlarga musiybat yetsa, ular xursand bo`larlar. Agar sabr va taqvo qilsangiz, ularning makri sizga hech zarar qilmas. Albatta, Alloh qilayotgan ishlarini ihota qilguvchidir.","Ahlingdan ertalab chiqib, mo`minlarni urush joylariga turg`izganingni esla! Alloh eshituvchi va biluvchi Zotdir.","Sizlardan ikki toifa qo`rqib zaiflashmoqchi bo`lganini esla! Alloh ularning valiyidir. Mo`minlar faqat Allohning O`ziga tavakkal qilsinlar.[1]###[1] (Bu oyati karima Xazraj qabilasiga mansub Bani Salama urug`i va Avs qabilasiga mansub Bani Horisa urug`i haqida tushgan. Ular munofiqlarning boshlig`i Abdulloh ibn Ubay ibn Salul xafa bo`lib: «Mening aytganimni qilmay, yosh bolalarning aytganini qildi», deb jangchilarning uchdan birini olib Uhud yo`lidan qaytganida, uning fitnasiga uchishlariga sal qolgan edi. Bu esa, musulmonlar safining yanada zaiflashishiga, ruhiy va ma'naviy tushkunlik keltirishga sabab bo`lishi mumkin edi. Hali urush boshlanmay turib bunday ishlarning bo`lishi juda ham noqulay vaziyatni vujudga keltirar edi. Lekin bu toifalarni Alloh taoloning O`zi saqlab qoldi, inoyatiga oldi.)","Batahqiq, Badrda oz bo`lsalaringiz ham, Alloh sizlarga nusrat berdi. Bas, Allohga taqvo qiling, shoyadki, shukr qilsangiz.","Mo`minlarga: «Sizga Robbingiz tushirilgan uch ming farishtalar ila madad bermog`i kifoya qilmasmi?!» deganingni esla!","«Ha (kifoya qiladir)! Agar sabr va taqvo qilsangiz, ular shu payt kelib qolsalar ham, Robbingiz sizga belgili besh ming farishta ila madad beradir».","Alloh buni faqat sizga suyunchilik va qalbingiz taskin topishi uchungina qildi. Aslida, nusrat Aziyz va Hakiym Allohning huzuridandir.","Kufr keltirganlarning bir tarafini kesish uchun yoki xorlash uchun, toki, noumid bo`lib qaytsinlar.[1]###[1] (Badr g`azotida mushriklarning boshliqlaridan yetmishtasi halok bo`ldi. Bu ularning bir tarafidan katta kesilish edi. Shuningdek, ularning kattalaridan yetmishtasi asirga tushdi, xoru zor bo`ldi. Qolganlari esa, sharmandalarcha, kelgan joyiga qaytdi.)","Bu sening ishing emas! U zot yoki ularning tavbasini qabul qilar, yoki azoblar. Bas, ular zolimlardir.","Osmonlaru yerdagi narsalar Allohnikidir. Xohlagan kishini mag`firat qiladir va xohlagan kishini azoblaydir. Alloh gunohni mag`firat qiluvchi va rahimli Zotdir.","Ey, iymon keltirganlar! Riboni bir necha barobar qilib yemang. Allohga taqvo qiling, shoyadki, najot topsangiz.[1]###[1] (Hofiz ibn Kasir rahmatillohi alayhi rivoyat qilishlaricha, berilgan qarzning muddati tugab qolganda qarz beruvchi qarzdorga: «Yo qarzingni to`la yoki riboni ko`paytir», der ekan. To`lasa, to`ladi, bo`lmasa, qarz muddatini cho`zish evaziga riboning miqdorini ham ko`paytirar ekan. Har yili shunday bo`lavergandan keyin ribo bir necha barobarga ko`payib ketarkan. Ushbu oyati karimada o`sha holat muolaja qilinmoqda.)","Va kofirlar uchun tayyorlab qo`yilgan olovdan qo`rqing.","Allohga va Rasuliga itoat eting. Shoyadki, rahm qilinsangiz.","Robbingizdan bo`lgan mag`firatga va kengligi osmonlaru yercha bo`lgan, taqvodorlar uchun tayyorlab qo`yilgan jannatga shoshiling.","Ular yengillikda ham, og`irlikda ham nafaqa qiladiganlar, g`azabini yutadiganlar va odamlarni afv qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradir.","Va ular fohisha ish yoki o`zlariga zulm qilgan chog`larida Allohni eslab, gunohlarini mag`firat qilishni so`rarlar, gunohlarini Allohdan o`zga kim ham mag`firat qilardi? Va ular bilib turib, qilgan gunohlarida bardavom bo`lmaslar.[1]###[1] (Demak, bir marta, bilmasdan yoki zaiflik tutib, gunoh qilib qo`ygan odam darrov tavba qilsa va gunohdan to`xtasa, shundagina tavbasi qabul ekan. Bu qoida va mag`firat bobidagi bir oyat va hadislarga tegishlidir. Ba'zi nafsi buzuq odamlar o`ylaganidek, og`zida tavba qildim deb qo`yib, qayta-qayta gunoh qilaveradiganlar bu hukmga kirmaydilar.)","Ana o`shalarning mukofotlari — Robbilaridan bo`lgan mag`firat va ostidan anhorlar oqib turgan jannatlar bo`lib, ular unda abadiy qolurlar. Amal qiluvchilarning ajri qanday ham yaxshi!","Sizdan oldin sunnatlar qolgan. Bas, yer yuzida yurib yolg`onga chiqaruvchilarning oqibati qanday bo`lganiga nazar solinglar.","Bu, odamlar uchun bayon va taqvodorlar uchun hidoyat va mav'izadir.","Bo`shashmanglar! Xafa bo`lmanglar! Sizlar, agar mo`min bo`lsalaringiz, ustunsizlar.[1]###[1] (Ey musulmonlar! Hech bo`shashmanglar, zaiflashmanglar, sizga yetgan musibatlarga, boshingizga tushgan og`irliklarga xafa bo`lmanglar. Sizlar dunyoda hammani hidoyatga da'vat qiluvchilarsiz. Ular zulmatga, zalolatga chaqiruvchilardir. Sizlar ikki dunyo saodatiga egasiz. Ular ikki dunyo badbaxtligiga egadirlar.)","Agar sizga jarohat yetgan bo`lsa, u qavmga ham shunga o`xshash jarohat yetgan. Bunday kunlarni odamlar orasida aylantirib turamiz. Toki, Alloh iymon keltirganlarni bilishi uchun va ulardan shahidlarni chiqarib olishi uchun. Va Alloh zolimlarni sevmas.[1]###[1] (Ya'ni, bir unday, bir bunday bo`lib turadi. Agar ish bir xilda turaversa, dunyoning qizig`i qolmaydi. Doimo musulmonlar g`olib kelaversa, hamma o`zini musulmon deb e'lon qilib yuboradi. Oqibatda hamma aralashib ketib, kim haqiqiy mo`min-musulmon, kim yuzaki ekanini odamlar bila olmay qoladilar. Qiyinchilik, og`ir holatlarda mo`minlar munofiqlardan ajrab chiqadilar. Shu bilan birga, mo`minlar ichida yanada olimaqomlari — shahidlari ham ajrab chiqadilar. («Shahid»larning ikkinchi ma'nosi guvohlardir.))","Toki, Alloh mo`minlarni poklashi va kofirlarni halok qilishi uchun.","Yoki Alloh sizlardan jihod qilganlarni bilmasdan va sabrlilarni bilmasdan turib, jannatga kiraveramiz, deb hisoblaysizmi?!","Duchor bo`lmasingizdan oldin o`limni orzu qilgan edingiz. Endi uni ko`rib, nazar solib turibsiz.[1]###[1] (Bu xitob Uhud urushi chog`idagi va undan oldingi holatni musulmonlarning yodiga solish uchundir. Ma'lumki, Badr urushida ko`pchilik qatnasha olmay qolgan edi. Badrdagi g`alaba, unda shahid bo`lganlarga va'da qilingan oliy darajalarni bilgandan so`ng, yana g`azot bo`lsa edi, biz ham savobga erishar edik, shahid bo`lsak, ushbu oliy darajalarga erishar edik, degan orzu ko`pchilikning xayolini qamrab olgan edi.)","Muhammad ham bir Payg`ambar, xolos. Undan avval ham Payg`ambarlar o`tgan. Agar u o`lsa yoki qatl qilinsa, orqangizga qaytasizmi?! Kimki orqasiga qaytsa, Allohga hech zarar keltira olmas. Va Alloh shukr qiluvchilarni mukofotlar.[1]###[1] (Kimki Islomning ulug` ne'mat ekanini tushunib yetsa, shukr qilsa, ya'ni Islomni o`ziga hayot yo`li qilib olib, Allohga bu ne'mat uchun hamdu sano aytsa, Alloh taolo unga mukofot beradi. Uhud g`azotida bo`lib o`tgan bu hodisa va uning bayoni bo`lib tushgan ushbu oyat orqali Alloh taolo musulmonlarni Paygambar alayhissalomning shaxslariga ortiqcha yopishishdan qaytarib, asosiy manba'ga qarashga odatlantirishni xohlagan. Musulmonlar to`g`ridan-to`g`ri Allohning O`ziga murojaat qilishni o`rgansinlar. Ular Allohning oldida o`zlarini mas'ul ekanliklarini sezsinlar.)","Hech bir jon Allohning iznisiz o`lmas. Bu, yozilgan ajaldir. Kim bu dunyoning savobini xohlasa, unga o`shandan berurmiz. Kim oxiratning savobini xohlasa, unga o`shandan berurmiz. Va shukr qiluvchilarni mukofotlarmiz.","Qanchadan-qancha Payg`ambarlar bilan birga ko`plab robboniylar jang qilganlar. Ular Alloh yo`lida yetgan musiybatdan bo`shashmaganlar, zaiflashmaganlar va bo`ysunmaganlar. Alloh sabrlilarni sevadir.","Ular: «Ey Robbimiz! Bizning gunohlarimiz va ishimizdagi isrofimizni O`zing kechirgin, sobitqadam qilgin va kofir qavmlar ustidan bizga nusrat bergin», degan gapdan o`zga gapni aytmaganlar.","Bas, Alloh ularga bu dunyo savobini va oxiratning go`zal savobini berdi. Alloh go`zal amal qiluvchilarni sevadir.","Ey, iymon keltirganlar! Agar kufr keltirganlarga itoat qilsangiz, orqangizga qaytarurlar. Bas, ziyon ko`rguvchilarga aylanib qolursiz.[1]###[1] (Ma'lumki, musulmonlar Uhud g`azotida qisman mag`lubiyatga uchradilar. Bu ish Madinai Munavvarada ular bilan birga yashab turgan kofir va munofiqlarga ig`vo uchun katta bahona bo`ldi. Badr g`azotidagi g`alabadan so`ng hamma musulmonlarga havas bilan qarab, ular bilan hisob-kitob qiladigan bo`lib qolgan edi. Ammo Uhuddan keyin barcha ish teskarisiga aylandi. Kofir va munofiqlar musulmonlarga past nazar bilan qaraydigan, ularga nasihat qiladigan va o`zlaricha «to`g`ri yo`l» ko`rsatadigan bo`lib qoldilar.)","Yo`q! Alloh xo`jangizdir. Va U yordam beruvchilarning yaxshisidir![1]###[1] (Yo`q, ular sizga yordam ham bera olmaydi, homiy ham bo`la olmaydi. Balki Alloh taolo sizning Xojangiz va Valiyingizdir. Haqiqiy yordam beruvchilarning yaxshisi ham yolg`iz Udir.)","Tezda, kufr keltirganlarning qalbiga, Allohga hujjatsiz narsani shirk keltirganlari uchun, qo`rquvni solurmiz. Ularning qarorgohi do`zaxdir. Zolimlarning joyi qanday ham yomon![1]###[1] (Agar mo`minlar haqiqiy iymon egalari bo`lsalar, ular har qachon kofirlar bilan to`qnashganlarida, Alloh taolo kofirlar qalbiga qo`rquvni solib qo`yadi. Chunki kofirlar hujjatsiz, quvvatsiz, imkonsiz narsalarga tayanadilar.)","Batahqiq, Alloh va'dasi ustidan chiqdi. Siz Uning izni bilan ularni qira boshladingiz. Toki zaiflashib, amr haqida ixtilof qilib va siz suygan narsani ko`rsatganidan so`ng, isyon qilguningizcha. Orangizda dunyoni xohlaydigan kimsalar bor va orangizda oxiratni xohlaydigan kimsalar bor. So`ngra, sizlarni imtihon qilish uchun ulardan burdi. Batahqiq, sizni afv etdi. Alloh mo`minlarga fazl egasi bo`lgan Zotdir.[1]###[1] (Uhud jangida g`olib kelib turgan musulmonlar birdan mag`lubiyatga uchrashlari isyon, sustkashlik va Payg`ambar alayhissalomning amrlariga xilof qilish oqibatida yuzaga keldi. Holbuki, Badr g`azotida musulmonlar sonlari, qurollari oz bo`lsa ham, g`olib kelgan edilar. Bu esa, o`z navbatida, Allohning mo`minlarga nusrat berishiga va'dasi mo`minlarning Allohning amriga to`liq amal qilishlariga bog`liq ekanligini ko`rsatadi.)","Payg`ambar ortingizdan chaqirib tursa ham hech kimga qaramay tirqirab qochganingizni eslang. O`tgan narsaga va yetgan musiybatga xafa bo`lmasligingiz uchun sizga g`am ustiga g`am berdi. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardor Zotdir.[1]###[1] (Alloh taolo Uhud urushida sizga g`am ustiga g`am berdi. Avvalo jarohat yetdi; ko`pchilik qatl bo`ldi; mushriklardan mag`lub bo`ldilar; o`ljadan quruq qoldilar; g`alabani qo`ldan chiqardilar va eng ulkan g`am — Rasulullohni og`ir holda tashlab qochishlari va u zotning boshlari yorilib, tishlari sinib, yonoqlariga temir halqalarning kirishi bo`ldi. Mana shu oxirgi g`am hamma o`tgan narsalarni va yetgan musibatlarni unutdirib yubordi.)","So`ngra, g`amdan keyin sizdan bir toifangizni qamrab olgan mudroqni omonlik qilib tushirdi. Boshqa toifa esa, o`zi bilan ovora bo`lib, Alloh haqida nohaq, johiliyat gumonini qilib: «Bizning qo`limizda nima ish bor edi», deyishdi. Sen: «Ishning barchasi Allohdandir», deb ayt! Senga oshkor qilmagan narsalarini ichlarida maxfiy tutarlar. Ular: «Agar qo`limizda bir ish bo`lganida, bu yerda qatl qilinmas edik», derlar. Sen: «Agar uylaringizda bo`lsangiz ham, qatl bo`lish taqdirida yozilganlar o`z o`lim joylariga chiqar edilar. Bu, Alloh ko`ksingizdagi narsani sinashi va qalbingizdagini yaxshilab poklashi uchundir. Alloh ko`ksingizdagi narsani biluvchi Zotdir», deb ayt.[1]###[1] (Musulmonlar Uhud urushida yengilib qocha boshlaganlarida, Alloh taolo ularga mudroqni omonlik qilib yuborib, hatto falokatdan, butunlay tor-mor bo`lishdan saqlab qoldi. Bir oz mudrab, so`ng o`ziga kelgan musulmonlar Payg`ambar alayhissalom atroflarida to`planishdi va tog`ning balandroq, qulayroq joyiga chiqib joylashishdi. Buni ko`rgan mushriklar oxirigacha hujum qilishga yuraklari dov bermay, ortga qaytdilar. Mo`minlardan bir toifasi bu ish bilan ovora bo`lib turgan bir paytda: Bu toifa — iymoni zaif toifa, qalbida fidokorlik tuyg`usi o`rnashmagan toifa. Shu boisdan Alloh uchun ovora bo`lmaydi, dinu diyonat uchun ovora bo`lmaydi, Payg`ambar uchun ovora bo`lmaydi, musulmonlar uchun ovora bo`lmaydi. Boshlariga zarba yetganda, iymoni zaiflar, munofiqlar doimo shunday qiladilar. Boshliqlarga osilib, hamma aybni ularga to`nkab odamlarni ulardan aynitishga o`tadilar. Ba'zi qatl bo`lganlar haqida ham: «Agar bizning ixtiyorimiz bilan ish bo`lganida, bunday bo`lmas edi», deydilar. Qur'oni Karim ularning bu noto`g`ri vasvasalarini ham to`g`rilab, o`lim va hayot ortidagi, sinovlar zamiridagi hikmatlarni bayon qiladi.)","Ikki to`p to`qnashgan kuni sizlardan yuz o`girib qochganlarni ba'zi qilgan ishlari tufayli shayton yo`ldan urdi, xolos. Batahqiq, Alloh ularni afv qildi. Albatta, Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.","Ey, iymon keltirganlar! Kufr keltirganlarga va yer yuzida yurgan va g`oziy bo`lgan birodarlari haqida, agar bizning huzurimizda bo`lganlarida o`lmas edilar va qatl qilinmas edilar, deydiganlarga o`xshamang. Buni Alloh qalblarida hasrat qilishi uchun ayturlar. Alloh tiriltirur va o`ldirur. Alloh qilgan amallaringizni ko`ruvchi Zotdir.","Garchi Alloh yo`lida qatl qilinsangiz ham yoki o`lsangiz ham, Allohdan bo`ladigan mag`firat va rahmat ular jamlaydigan narsadan yaxshidir.","Garchi o`lsangiz ham yoki qatl qilinsangiz ham, albatta, Alloh huzurida yig`ilursiz.","Allohning rahmati ila ularga muloyim bo`lding. Agar qo`pol, qalbi qattiq bo`lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar. Bas, ularni afv et. Ularga istig`for ayt va ular bilan ishlarda mashvarat qil. Azmu qaror qilganingdan so`ng Allohga tavakkal qil. Albatta, Alloh tavakkal qiluvchilarni sevadir.[1]###[1] (Alloh taolo ushbu amr ila Payg`ambar alayhissalomni qalbi kenglikda, muloyimlikda — kishilarni atroflarida jamlovchi oliy sifatlarda bardavom bo`lishga chaqirib, ayblar o`tgan bo`lsa ham, musulmonlarni afv etishga buyurmoqda.)","Agar sizga Alloh nusrat bersa, sizdan g`olib keluvchi yo`q. Agar sizni tashlab qo`ysa, Undan o`zga kim ham yordam berar edi. Mo`minlar faqat Allohgagina tavakkal qilsinlar.","Payg`ambarga xiyonat hech to`g`ri kelmas. Kimki xiyonat qilsa, qiyomat kuni xiyonat qilib olgan narsasi bilan keladir. So`ngra, har bir jon kasbiga yarasha to`liq oladir. Ularga zulm qilinmas.[1]###[1] (Birinchi marta musulmonlar Badr urushida o`lja oldilar. O`sha o`lja haqida munofiqlar ig`vo tarqatishdi. Bu ig`volar orasida shunday yolg`on xabar ham bor ediki, u bo`xtonga ko`ra, go`yo Payg`ambarimiz alayhissalom o`ljalarni g`alul sifatida, ya'ni maxfiy ravishda, berkitib olganmishlar. Jumladan, Badr urushida tushgan o`ljadan bir to`p oltin yo`qolganida ham Payg`ambar alayhissalomni ayblashdi, u kishidan gumon qilishdi. Uhud urushida esa, kamonchilarning joylarini tashlab ketishlariga o`lja dardi sabab bo`lgan edi. Ushbu oyatda mazkur tuhmatomuz shubha-gumonlar juda keskinlik ila rad etilmoqda. Nafaqat Muhammad alayhissalom, balki umuman barcha payg`ambarlarga xiyonat butkul yot xislat ekani ochiq aytilmoqda.)","Allohning roziligini izlagan odam Allohning g`azabiga duchor bo`lgan va borar joyi jahannam bo`lgan odamga o`xsharmidi! Va u qanday ham yomon joy!","Ularning Allohning huzuridagi darajalari turlicha. Alloh qilayotgan amallarini ko`rib turuvchi Zotdir.","Batahqiq, Alloh mo`minlarga o`zlaridan Payg`ambar yuborib, ne'mat berdi. U ularga Allohning oyatlarini tilovat qilib beradir, ularni poklaydir, kitob va hikmatni o`rgatur. Garchi oldin ochiq-oydin adashuvda bo`lsalar ham.","Sen: «Sizga musiybat yetgan paytda, holbuki, o`zingiz ham ikki baravarini yetkazgan edingiz, bu qayerdan, deysizmi?! Bu o`zingizning huzuringizdan!» deb ayt. Albatta, Alloh hamma narsaga qodirdir.[1]###[1] (Ya'ni, o`zingiz sustkashlik qildingiz, zaiflashdingiz, o`zingiz Allohning shartini buzdingiz, o`zingiz Payg`ambarning amriga xilof qildingiz, endi kelib, «Bu qayerdan?» deysizmi?! Bilib qo`ying, bu musibatni o`zingiz o`zingizga chaqirib oldingiz.)","Ikki jamoa to`qnashgan kuni sizga musiybat Allohning izni bilan va mo`minlarni bilish uchun.","Va munofiqlik qilayotganlarni bilish uchun yetdi. Va ularga: «Kelinglar, Allohning yo`lida urush qilinglar yoki mudofaa qilinglar», deyildi. Ular: «Agar jang bo`lishini aniq bilsak, sizga ergashardik», – dedilar. Ular o`sha kunda iymondan ko`ra kufrga yaqinroq edilar. Tillari bilan dillarida yo`q narsani ayturlar. Alloh berkitayotgan narsalarini yaxshi biluvchi Zotdir.","Ular o`z birodarlariga va (urushga chiqmay) o`tirganlarga: «Agar bizga itoat qilganlarida qatl qilinmas edilar», – deyishdi. Sen: «Agar gapingiz rost bo`lsa, o`zingizdan o`limni qaytarib ko`ring-chi», deb ayt.[1]###[1] (Munofiqlar o`z birodarlariga va urushga chiqmay uyda o`tirganlarga o`zlarini haq ko`rsatib, aybni jang qilganlarga ag`dara boshladilar. Ularning fikricha, Payg`ambar alayhissalomning amrlariga itoat qilganlari xatolik bo`lgan. Agar munofiqlarga itoat qilganlarida to`g`ri bo`lar emish. Bu da'vo tagida hamma narsa Allohning irodasi bilan bo`lishini inkor etish yotadi.)","Allohning yo`lida qatl bo`lganlarni o`liklar deb hisoblamanglar. Balki, ular — tirik, Robbilari huzurida rizqlanmoqdalar.","Ular Alloh O`z fazlidan bergan narsalardan xursandlar va hali ortlaridan o`zlariga qo`shilmagan birodarlariga, ularga xavf yo`qligining hamda xafa ham bo`lmasliklarining xushxabarini bermoqdalar.","Ular Allohdan bo`lgan ne'mat va fazlning hamda, albatta, Alloh mo`minlarning ajrini zoye qilmasligining xushxabarini bermoqdalar.[1]###[1] (Ushbu oyatlar Alloh yo`lida jihod qilib qurbon bo`lgan bandalari maqomlarining bayonidir. Ularni «o`liklar» deb hisoblamaslikka amr, ular tirik ekanliklari va Robbilari huzurida rizqlanayotganlarining xabaridir. Demak, shahidlar haqidagi tasavvur shunday bo`lishi kerak.)","Ular jarohat yetgandan keyin ham Alloh va Payg`ambar chaqirig`iga javob beradiganlardir. Ulardan yaxshilik va taqvo qilganlariga ulug` ajrlar bordir.","Ularga kishilar: «Albatta, odamlar sizga qarshi kuch to`pladilar, ulardan qo`rqinglar», deganda, iymonlari ziyoda bo`ldi va: «Bizga Allohning O`zi yetarli va U qanday ham yaxshi vakil», – dedilar.[1]###[1] (Ya'ni, o`sha mo`minlarga ba'zi kishilar kelib, qurayshliklarning ularga qarshi ko`p kuch to`plaganlarini aytib, ulardan qo`rqinglar, deganida, mo`minlar qo`rqish o`rniga, iymonlari ziyoda bo`ldi. Shu bilan birga, «Bizga Allohning O`zi yetarli va U qanday ham yaxshi vakil», dedilar. Imom Ahmad ibn Hanbal va boshqa muhaddislar rivoyat qilgan hadisda Payg`ambar alayhissalotu vassalom o`z sahobalaridan biriga: «Boshingga og`ir ish tushganda, «Hasbiyallohu va ne'mal vakiyl», degin», deganlar.)","Bas, Allohning ne'mati va fazli ila ularga yomonlik yetmasdan qaytdilar va Allohning roziligiga erishdilar. Alloh ulug` fazl egasidir.[1]###[1] (Ular Allohga tavakkal qilib, Uni o`zlariga kofiy vakil bilib chiqqan edilar. Bas, bu urushdan ziyon ko`rmasdan, Allohning ne'mati, fazli va roziligiga sazovor bo`lgan holda qaytdilar.)","Albatta, bunday bo`lishingiz shaytondandir, u o`z yaqinlaridan qo`rqitur. Bas, agar mo`min bo`lsangiz, ulardan qo`rqmanglar, mendan qo`rqinglar.[1]###[1] (Ya'ni, odamlar sizga qarshi kuch to`pladilar, ulardan qo`rqinglar, degan xabardan qo`rqinchga tushsangiz, bu holingiz shaytondandir. U sizlarni o`z do`stlaridan qo`rqitadi. Shayton o`ziga ergashganlarni sizning ko`zingizga kuchli bo`lib ko`rinishini istaydi. Agar haqiqiy mo`min bo`lsangiz, ulardan qo`rqmanglar, ularning qo`lidan hech narsa kelmaydi.)","Kufrga oshiqayotganlar seni xafa qilmasin. Albatta, ular hargiz Allohga biror zarar yetkaza olmaslar. Alloh ularga oxiratda nasiba qilmaslikni xohlaydir. Ularga ulkan azob bordir.","Albatta, kufrni iymonga sotib olganlar Allohga hargiz biror zarar yetkaza olmaslar. Ularga alamli azob bordir.","Kufr keltirganlar ularni tek qo`yganimizni o`zlari uchun yaxshi deb hisoblamasinlar. Biz ularni faqat gunohlari ko`payishi uchungina tek qo`yamiz. Ularga xorlovchi azob bordir.","Alloh mo`minlarni pokidan nopokini ajratmasdan, siz turgan holda, qo`yib qo`ymas. Alloh sizlarni g`aybdan xabardor qilib qo`ymas. Lekin Alloh O`z Payg`ambarlaridan kimni xohlasa, tanlab oladir. Bas, Allohga va Uning Payg`ambarlariga iymon keltiringlar. Agar iymon keltirsangiz va taqvo qilsangiz, sizlarga ulug` ajr bordir.[1]###[1] (Ushbu oyatda Alloh taolo mo`minlarni munofiqlarga aralash bo`lib yuraverishlariga qo`yib qo`ymasligini, balki haqiqiy mo`minni munofiqdan ajratib olishni aytmoqda. Odatda, bunday paytlarda sinov, imtihon usuli ishga solinadi. Uhud urushi ham ana shunday: pokni nopokdan, haqiqiy mo`minni munofiqdan ajratib olish uchun sinov, imtihon bo`ldi.)","Alloh O`z fazlidan bergan narsaga baxillik qilganlar buni o`zlariga yaxshilik deb hisoblamasinlar. Aksincha, bu ularga yomonlikdir. Qiyomat kuni baxillik qilgan narsalari ila bo`yinlari o`ralur. Osmonlaru yerning merosi Allohgadir. Va Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.[1]###[1] (Islom dini ta'limoti bo`yicha, insonning qo`lidagi mol unga Alloh O`z fazlidan bergan omonatdir. Shuning uchun u mazkur molning haqiqiy egasi Allohning roziligi yo`lida sarflashi kerak. Ammo baxillik qilib, molni sarflamay to`plasa, o`zining ko`ziga yaxshi bo`lib ko`ringani bilan, aslida yaxshilik bo`lmaydi. Kim baxillik bilan to`plagan molini yaxshilik deb hisoblasa, noto`g`ri o`ylagan bo`ladi.)","Batahqiq, Alloh: «Albatta, Alloh kambag`al va biz boymiz», deganlarning gapini eshitdi. Aytganlarini va Payg`ambarlarni nohaq o`ldirganlarni yozib qo`yamiz va: «Kuydiruvchi azobni tatib ko`ring!» deymiz.[1]###[1] (Yahudiylar doimo Alloh taolo to`g`risida yomon tasavvurda, nohaq aqidada bo`lganlar. Ular mo`'tabar hisoblaydigan kitoblarida ham bu narsa o`z aksini topgan. Bo`lmasa, Alloh kambag`al, biz boymiz, deyisharmidi? Alloh ularning bu beodob gaplarini eshitmaydi, deb o`ylashadi. Ammo ular noto`g`ri o`ylashadi. Qiyomat kuni farishtalar Allohning nomidan ularga: «Kuydiruvchi azobni tatib ko`ring!» deydilar.)","Bundoq bo`lishligi sizning o`z qo`lingiz ila qilganingiz tufaylidir. Albatta, Alloh bandalariga zulm qiluvchi emas.","«Albatta, Alloh bizdan o`tda kuyadigan qurbonlik keltirmagan Payg`ambarga ishonmasligimizga ahd olgan», deydiganlarga: «Mendan oldin ham sizlarga Payg`ambarlar ochiq-oydin bayonotlar va siz aytgan narsa bilan kelganlar. Agar rostgo`y bo`lsalaringiz, nimaga ularni o`ldirdingiz?» deb ayt.[1]###[1] (Ya'ni, hozir Payg`ambar alayhissalomdan mo`'jiza keltirishni so`rashyapti. Mo`'jizani keltirsalar, u kishiga iymon keltirishga va'da qilmoqdalar. Lekin Qur'oni Karim ularni o`zlarining boshidan o`tgan voqelik bilan yuzma-yuz qo`ymoqda. Payg`ambar alayhissalotu vassalomga xitob etib, ularga: «Mendan oldin ham sizlarga payg`ambarlar ochiq-oydin bayonotlar va siz aytgan narsa (ya'ni, mo`'jizalar) bilan kelganlar. Agar (mo`'jizani ko`rsak, iymon keltiramiz deganingizda) rostgo`y bo`lsalaringiz, nimaga ularni o`ldirdingiz?» deb ayt», deydi.)","Agar seni yolg`onchi qilsalar, sendan oldin ochiq-oydin bayonotlar, hikmatli kitoblar va nurli kitoblar bilan kelgan Payg`ambarlarni ham yolg`onchi qilganlar.","Har bir jon o`limni totguvchidir. Qiyomat kuni ajrlaringizni to`lig`icha olursiz. Kim do`zaxdan uzoqlashtirilsa va jannatga kiritilsa, shubhasiz, yutibdi. Bu dunyo hayoti g`urur matohidan o`zga narsa emas.[1]###[1] (Qiyomat kunida zarracha yaxshilik ham, zarracha yomonlik ham hisob-kitob qilinadi. Har bir insonga qilganiga yarasha mukofot yoki jazo to`lig`icha beriladi. Ana o`shanda haqiqiy yutuqqa erishgan kimu, mag`lubiyatga uchragan kim ekani ma'lum bo`ladi.)","Albatta, molu jonda sinovga uchraysiz. Albatta, sizdan oldin kitob berilganlardan va shirk keltirganlardan ko`plab ozor eshitasiz. Agar sabr qilsangiz va taqvo qilsangiz, albatta, bu salmoqli ishlardandir.[1]###[1] (Barcha aqida va da'vatlarda, albatta, balo-ofat va sinovlar bo`lishi shartdir. Dushmanlardan ozor eshitish va jafo ko`rish ham bor narsa. Bunday paytlarda sabr-toqatli, chidamli bo`lish va Alloh taologa taqvo qilish zarurdir. Chunki bu yo`l oliy maqsad yo`lidir. Jannat yo`lidir. Jannat yo`li doimo tikanlar bilan o`ralgan bo`ladi. Do`zax esa, shahvoniy ishlar, lazzatlar bilan o`ralgan bo`ladi.)","Alloh kitob berilganlardan, uni odamlarga albatta bayon qilursiz va berkitmassiz, deb ahd olganini esla. Bas, uni ortlariga qaratib otdilar va arzon narxga sotdilar. Sotib olgan narsalari qanday ham yomon![1]###[1] (Oyati karimada ahli kitoblarning, xususan, yahudiylarning ahdni buzib, xiyonat qilishlari o`ziga xos uslub ila bayon etilyapti. Aslida, Alloh ularga kitob berayotgan paytda, bu kitobni albatta, odamlarga bayon qilasiz va berkitmaysiz, deb ahd olgan edi. Jumladan, ular kelishining xabari o`z kitoblarida berilgan Muhammad alayhissalomning vasflari va u kishi haqidagi ma'lumotlarni berkitmasdan odamlarga bayon qilishlari kerak edi. Ular rozi bo`lib, ahd berib olgan bo`lsalar ham, ahdni buzdilar.)","Qilganlariga xursand bo`lib, qilmaganlariga maqtalishni suyadiganlarni azobdan najotda deb hisoblama. Ularga alamli azob bor!","Osmonlaru yerning mulki Allohnikidir. Va Alloh har bir narsaga qodirdir.","Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida va kecha-kunduzning almashinishida aql egalari uchun belgilar bor.[1]###[1] (Osmonga nazar solib, aqlini ishlatgan odam, yerga nazar solib, aqlini ishlatgan odam, kechayu kunduzning almashishiga nazar solib, aqlini ishlatgan odam, albatta, Allohning yagonaligiga, qudratiga, yaratuvchiligiga qoyil qolmasdan iloji yo`q.)","Allohni tik turgan, o`tirgan va yonboshlagan hollarida eslaydigan, osmonlaru yerning yaratilishini tafakkur qiladiganlar: «Robbimiz, buni bekorga yaratganing yo`q, O`zing poksan, bizni o`t azobidan saqlagin.","Robbimiz, albatta, Sen kimni do`zaxga kiritsang, batahqiq, uni sharmanda qilibsan. Va zolimlarga yordam beruvchilar yo`q.","Robbimiz, biz nido qiluvchining «Robbingizga iymon keltiring!» deb nido qilayotganini eshitdik va iymon keltirdik. Robbimiz, bizning gunohlarimizni kechirgin va yomonliklarimizni o`chirgin hamda yaxshilar bilan birga o`ldirgin.","Robbimiz, bizga Payg`ambarlaringga va'da qilgan narsalaringni bergin va bizni qiyomat kuni sharmanda qilmagin. Albatta, Sen va'daga xilof qilmassan», derlar.[1]###[1] (Ushbu oyati karimalardan ko`rinib turibdiki, Allohning biru borligi hamda cheksiz qudrati va boshqa komil sifatlarini to`la anglab yetish uchun ibodat va tafakkur lozim ekan. Biri bo`lib ikkinchisi bo`lmasa ham, ish bitmas ekan. Allohni tik turgan, o`tirgan va yonboshlagan hollarda eslash darajasi ulug` daraja bo`lib, inson ibodatga oliy maqomga erishgandagina ushbu darajaga ko`tariladi. Shunday darajada tafakkur qilgan odam qalbi sof holga keladi va duo qilsa, ijobat bo`ladigan maqomga yetadi.)","Robbilari ularning (duolarini) ijobat qilib: «Men sizlardan erkagu ayol amal qiluvchining amalini zoye qilmasman. Ba'zingiz ba'zingizdansiz. Hijrat qilganlar, diyorlaridan chiqarilganlar, Mening yo`limda aziyat chekkanlar, jang qilganlar va qatl bo`lganlarning yomonliklarini o`chirurman hamda ularni albatta ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiriturman, bu — Allohning huzuridan savobdir. Va Alloh — huzurida go`zal savob bor Zotdir», dedi.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada Alloh taolo tafakkuringizni, xayolingizni, niyatingizni yoki gapu so`zingizni zoye qilmayman, degani yo`q. Balki, amalingizni zoye qilmayman, demoqda. Demak, Allohning o`lchovida eng e'tiborga sazovor narsa amaldir. Yaxshilik yo`lida qilingan amal, Islom dini nazarida, ibodat darajasiga ko`tariladi. Amal qiluvchi iymonli bo`lsa bo`ldi. Uning kimligidan qat'iy nazar, amali zoye bo`lmaydi.)","Kufr keltirganlarning yurt kezishlari seni aldab qo`ymasin.","Bu ozgina matohdir. So`ngra o`rinlari jahannamdir. U qanday ham yomon yotoq![1]###[1] (Bu dunyoning qiziq ishlaridan biri shuki, mo`minlar, abrorlar azob-uqubatga duchor bo`lib, yurtlaridan hijrat qilib chiqib yoki haydab chiqarilib yoki qamoqlarga tashlanib, Allohning yo`lida aziyatlar chekib turgan bir paytda, kofirlar kibru havo, dabdabayu tantana bilan yurt kezadilar. Hammaga o`zlarini ko`z-ko`z qiladilar. Bu holat mo`minlarni xafa qilib, nimaga bunday bo`ladi, degan savolni ko`ngliga solib, adashtirib, aldab qo`yishi mumkin. Ushbu oyat ana shunaqa aldovga berilib qolmaslikni mo`minlarga Payg`ambar alayhissalotu vassalom orqali tayinlamoqda.)","Lekin Robbilariga taqvo qilganlar uchun ostidan anhorlar oqib turgan jannatlar bo`lib, unda abadiy qolurlar. Bu Allohdan ziyofatdir. Alloh huzuridagi narsa abrorlar uchun yaxshidir.","Albatta, ahli kitoblardan Allohga, sizlarga tushirilgan narsaga, ularga tushirilgan narsaga iymon keltiradiganlari, Allohga o`zini xor tutib bo`yin egadiganlari, Allohning oyatlarini arzon bahoga sotmaydiganlari bordir. Ana o`shalarga Robbilari huzurida ajr bordir. Albatta, Alloh tezhisob Zotdir.","Ey, iymon keltirganlar! Sabr qiling. Sabr ila g`olib keling. Kurashga bel bog`lab turing. Allohga taqvo qiling. Shoyadki, yutuqqa erishsangiz.[1]###[1] (Sabr ila g`olib kelish muhim narsa, chunki qarshi taraf ham o`ziga yarasha sabrlidir. Demak, ikki tomonning sabrlari kurashida mo`minlarning sabri g`olib kelishi kerak. Buni shar'iy istilohda «musobara» deyiladi. Biz «kurashga bel bog`lab turing» deb tarjima qilgan ibora esa, «murobata» deyilib, ibodat joyida yoki musulmonlarni dushmandan himoya qilish joyida bardavom bo`lish ma'nosini beradi.)","Ey odamlar! Sizlarni bir jondan yaratgan va undan uning juftini yaratib, ikkovlaridan ko`plab erkagu ayollar taratgan Robbingizdan qo`rqinglar! Nomini ishlatib bir-biringizdan so`rovda bo`ladiganingiz Allohdan va qarindoshlik (aloqalarini uzish)dan qo`rqing. Albatta, Alloh ustingizda kuzatib turuvchi Zotdir.","Va yetimlarga o`z mollarini bering. Nopokni pokka almashtirmang. Ularning mollarini o`zingizning mollaringizga qo`shib yemang. Zero, bu katta gunoh bo`lur.","Agar yetimlarga adolat qila olmaslikdan qo`rqsangiz, o`zingizga yoqqan ayollardan ikkitami, uchtami, to`rttami nikohlab oling. Agar adolat qila olmaslikdan qo`rqsangiz, bittani (oling) yoki qo`lingizda mulk bo`lganlar bilan (kifoyalaning). Mana shu, jabr qilmasligingizga yaqinroqdir.[1]###[1] (Demak, oyatdagi «etimlar»dan murod yetim qizlar ekan. Yetim qizlarga ularni o`z kafolatiga — himoyasiga olgan kishi uylanmoqchi bo`lsa-yu, ammo bu ishda adolatsizlikka yo`l qo`yishdan qo`rqsa, o`sha yetim qizlarga uylanishni qo`ysinda, boshqa o`ziga yoqqan, nikohi halol bo`lgan ayollardan xohishiga qarab ikkitagami, uchtagami, to`rttagami uylansin. Agar xotinlar orasida adolat o`rnata olmaslikdan qo`rqsa, bittaga uylansin yoki cho`ri tutish bilan kifoyalansin.)","Ayollarga mahrlarini ko`ngildan chiqarib bering. Agar ular undan biror narsani chin ko`ngildan tutsalar, bas, uni yenglar. Osh bo`lsin, ofiyat bo`lsin.","Alloh (hayotingizni) turg`izish (vositasi) qilgan mollaringizni esi pastlarga bermang. Ularni o`sha mollardan rizqlantiring, kiyintiring va ularga yaxshi so`zlar ayting.","Yetimlarni to nikoh(yoshi)ga yetgunlaricha sinab turinglar. Agar ularning es-hushi joyida ekanini bilsangiz, ularga o`z mollarini topshiring. U mollarni isrof ila va egalarining katta bo`lib qolishidan qo`rqib shoshilib yemang. Boy bo`lganlar iffatli bo`lsinlar. Kim kambag`al bo`lsa, to`g`rilik bilan yesin. Ularga o`z mollarini topshirayotganingizda guvohlar keltiring. Hisobchilikka Allohning O`zi kifoya qilur.","Ota-onalar va qarindoshlar qoldirgan narsada erkaklarning nasibasi bor. Ota-onalar va qarindoshlar qoldirgan narsada ayollarning nasibasi bor. U oz bo`lsin, ko`p bo`lsin — farz qilingan nasibadir.","Agar taqsimlashga qarindoshlar, yetimlar va miskinlar hozir bo`lsalar, ularni u(meros)dan rizqlantiringlar hamda ularga yaxshi gaplar aytinglar.[1]###[1] («Taqsimlash» — merosni bo`lish uchun haqdorlar yig`ilgan majlisdir. Demak, meros taqsimlash majlisida haqdorlardan boshqa qarindoshlar ham, shuningdek, yetimlar, kambag`al-miskinlar ham hozir bo`lishlari mumkin. Haqdorlar merosdan nasibalarini olishsa-yu, qolganlarga hech narsa tegmay qolsa, o`ksishlari, ko`ngillari sinishi ehtimoli bor. Shunday noqulay holatni o`rtadan ko`tarish uchun, oyatning hukmiga ko`ra, merosxo`rlar biror narsani ajratib, haligi kishilarga berib, ularni ham sevintirishlari lozim.)","O`zlari zaifhol zurriyotlarini ortdan qoldirishdan qanday qo`rqsalar, (boshqalar haqida ham) shunday qo`rqsinlar. Bas, Allohdan qo`rqsinlar va to`g`ri so`z aytsinlar.[1]###[1] (Otasi o`lib yetim qolgan bolalarni otaliqqa olgan odam o`sha yetim bolalarning o`rniga o`z bolalarini qo`yib tasavvur qilsin. Go`yo uning o`zi vafot etib, ortida zaifhol bolalari qolganini o`ylaganda qanday qo`rqsa, qo`lidagi yetim bolalarga ham shunday nazar bilan qarasin, degan ma'no chiqadi. Bunda yetimlarni otaliqqa olgan kishida otalik mehrini qo`zish bilan yetimlarga bo`lgan rahm-shafqatini ziyoda qilinmoqda.)","Albatta, yetimlarning molini zulm ila yeganlar qorinlarida olovni yegan bo`lurlar. Va, shubhasiz, do`zaxga kirurlar.","Alloh sizga farzandlaringiz haqida vasiyat etib, bir o`g`ilga ikki qiz nasibasicha berishni amr etadi. Agar ular ikkitadan ko`p (ayol) bo`lsalar, ularga u (ota) qoldirganning uchdan ikkisi. Agar qiz bitta bo`lsa, unga yarmi. Agar u(mayyit)ning bolasi bo`lsa, u tark qilgan narsadan ota-onasining har biriga oltidan bir. Agar uning bolasi bo`lmasa va ota-onasi merosxo`r bo`lsa, onasiga uchdan bir. Agar uning aka-ukalari bo`lsa, onasiga oltidan bir. U qilgan vasiyat yoki qarzini ado etgandan so`ng. Otalaringiz va bolalaringizdan qaysi birlari sizga manfaatliroq ekanini bilmassizlar. Bu, Alloh joriy qilgan farzdir. Albatta, Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Al-Avfiy Ibn Abbosdan quyidagilarni rivoyat qiladi: «Alloh taolo o`g`il va qizlarga ota-onalarga meros bobida farz qilgan hukmlar haqida oyatlar tushirganda ba'zi odamlarga yoqmadi. Rasululloh alayhissalotu vassalomning huzurlariga kelib: «Ey Allohning Rasuli! Qiz bolaga otasining merosidan yarmi beriladimi? Axir, u ot minib, dushmanga qarshi urushmaydi-ku! Qo`lidan hech narsa kelmaydigan go`dakka ham meros beriladimi?» deyishdi. Ularning bu tutimlariga javoban Alloh taolo: «Alloh sizga farzandlaringiz haqida vasiyat etib, bir o`g`ilga ikki qiz nasibasicha berishni amr qiladi», deb boshlanuvchi oyati karimani nozil qildi.)","Sizlarga xotinlaringiz qoldirgan narsaning — agar ularning bolasi bo`lmasa — yarmi tegadi. Agar ularning bolasi bo`lsa, sizga ular qoldirgan narsaning choragi tegadi. Ular qilgan vasiyatni yoki qarzlarini ado etgandan so`ng. Ularga siz qoldirgan narsaning — agar bolangiz bo`lmasa — choragi tegadi. Agar bolangiz bo`lsa, ularga siz qoldirgan narsaning sakkizdan biri tegadi. Siz qilgan vasiyatni yoki qarzingizni ado etgandan so`ng. Agar bir erkak yoki ayol kalola holida meros qoldirsa, uning birodari yoki singlisi bo`lsa, ulardan har biriga oltidan bir tegur. Agar ular bundan ko`p bo`lsalar, uchdan biriga sherikdirlar. Zarar qilmaydigan vasiyatni yoki qarzni ado etgandan so`ng. Bular Allohning vasiyatidir. Va Alloh biluvchi hamda Haliym Zotdir.[1]###[1] (Agar befarzand er o`lib, ortidan xotini qolsa, merosning choragini oladi. Ammo o`lgan erning o`g`ilmi, qizmi, o`zmi-o`gaymi, ya'ni boshqa xotinidanmi, ko`pmi, ozmi farzandi bo`lsa, xotinga merosning sakkizdan biri tegadi. Bu ham vasiyatni yoki olingan qarzni ado etgandan keyin bo`ladigan taqsim. Merosxo`r xotin bitta bo`lsa, mazkur chorak yoki sakkizdan bir ulushni o`zi oladi. Agar ikkita, uchta yoki to`rtta bo`lsalar, o`sha chorak yoki sakkizdan birda sherik bo`ladilar. Oyati karimadagi: «Agar bir erkak yoki ayol kalola holida meros qoldirsa», jumlasini, xususan, «kalola» so`zini bir oz sharhlashga to`g`ri keladi. Bu haqda ulamolarimiz ham ancha bahs yuritganlar. Bizning tilimizda «kalola» so`zining ma'nosini aynan ifoda etadigan ibora yo`q. Shuningdek, arab tilida ham bu so`zning murodifi yo`q. Hazrati Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhudan odamlar «kalola» haqida so`rashganida: «U to`g`risida o`z fikrimni aytaman, to`g`ri bo`lsa, Allohdan, xato bo`lsa, mendan va shaytondan, ya'ni Allohning va Uning Rasulining bunga aloqalari yo`q. Kalola — zurriyoti va ajdodi yo`q odamdir», dedilar. Ya'ni, o`lgan paytida bola-chaqasi, nabira-chevaralari ham, ota-onasi, bobo-momosi ham yo`q bo`lgan odam, demakdir. Hazrati Umar roziyallohu anhu ham o`z xalifalik vaqtlarida: «Abu Bakrning fikriga xilof qilishdan uyalaman», deganlar. To`rt mahzab sohiblari ham, avval o`tgan, keyin kelgan ulamolar ham shu fikrga qo`shilganlar.)","Ana o`shalar Allohning chegaralaridir. Kim Allohga va Uning Rasuliga itoat etsa, U Zot uni ostidan anhorlar oqib turgan jannatga abadiy qolish uchun kiritadir. Bu esa, ulkan yutuqdir.","Kim Allohga va Uning Rasuliga isyon qilsa va Uning chegarasidan tajovuz qilsa, U Zot uni abadiy qolish uchun do`zaxga kiritadir. Va unga xorlovchi azob bordir.[1]###[1] (Demak, bu dunyoda faqat Allohga va Uning Rasuligagina itoat qilib yashash lozim. Bu itoat shariatga amal qilish bilan bo`ladi. Allohga bo`ysunib, u ko`rsatgan dasturga amal qilib yashash iymonda, Islomda, dindorlikda yashash demakdir. Allohning itoatidan chiqib, boshqaga itoat qilish, uning dasturini qo`yib, boshqaning dasturiga amal qilish shirk, kufr va jahannamdir.)","Ayollaringizdan fohisha (zino) qilganlariga o`zlaringizdan to`rtta guvoh keltiring. Agar guvohlik bersalar, ularni to o`lim yetguncha yoki Alloh bir yo`l ko`rsatguncha uylarida tutib turing.[1]###[1] (Islomdan avval boshqa razolatlar qatori fohishabozlik ham keng tarqalgan edi. Zinokorlik ayb emas, faxr hisoblanar edi. O`zlariga bahona topib, zinoga turli yo`llar ochgan edilar. Alloh taolo jamiyatning bu dardiga ham o`ziga xos davo qo`lladi. Avval-boshda bu borada biz o`rganayotgan ushbu oyatni tushirdi. Musulmonlarni bu razolatdan uzoqlashishga va kim bu mazkur fohishaga qo`l ursa, unga nisbatan kerakli choralar ko`rishni amr qildi.)","Sizlardan o`sha(fohisha) ishni qilgan ikki erkakka ozor beringlar. Agar ikkovlari tavba qilsalar va tuzalsalar, ularni tek qo`ying. Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Bu oyatdagi fohisha ishdan ko`zda tutilgan narsa bachabozlikdir. Bu razolat ham keng tarqalgan jinoyatlardan bo`lgan. «Ozor beringlar» degani — so`kish, ayblash, qo`lga tushgan narsalar bilan urish, deganidir va bular vaqtinchalik chora hisoblangan. Ishonchli hadis kitoblarining sohiblari Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilgan hadisda Payg`ambarimiz alayhissalom: «Kimning Lut qavmi amalini qilayotganini ko`rsangiz, qiluvchini ham, qilinuvchini ham o`ldiring», deganlar. Ammo ushbu oyatda ko`rsatilgan vaqtinchalik chora bo`yicha ozor bergandan so`ng ular: «Agar ikkovlari tavba qilsalar va tuzalsalar, ularni tek qo`ying».)","Jaholat-la yomonlik qilib qo`yib, so`ngra tezda tavba qiladiganlarning tavbasi Allohning zimmasidadir. Alloh ana o`shalarning tavbasini qabul qiladir. Va Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.","Yomonliklarni qilib yurib, birlariga o`lim yetganda, endi tavba qildim, deganlarga va kofir hollarida o`lganlarga tavba yo`q. Ana o`shalarga alamli azoblarni tayyorlab qo`yganmiz.","Ey, iymon keltirganlar! Sizlarga ayollarni zulm-la merosga olish halol emas. Ochiq fohisha ish qilmasalar, bergan narsalaringizning ba'zisini olish uchun ularni zo`rlik-la ushlab turmang va ular ila yaxshilikda yashang. Agar ularni yoqtirmasangiz, shoyadki, Alloh siz yoqtirmagan narsada ko`pgina yaxshiliklarni qilsa.[1]###[1] (Ushbu oyat Islomdan oldingi davrda ayol kishiga zulm va jabr shaklida joriy qilingan ba'zi odatlarni botil etmoqda. Jumladan, johiliy arablarning odati bo`yicha, erkak kishi vafot etsa, uning xotini ham boshqa molu mulki qatori qarindoshlariga meros bo`lib qolar edi. U bechora ayolni zo`rlik-la merosga olishar edi. Xohlasa, birontasi unga mahr bermay uylanar yoki boshqa birovga erga berib, mahrini o`zlari olishar yoki umuman u sho`rlikni erga berishmas, o`zlari ham uylanishmas, behuda ushlab turishar edi. Ushbu oyatda Alloh taolo mo`min-musulmon bandalariga xitob qilib, bunday ishlar yaramasligini bayon qilmoqda. Va ayollarga nisbatan bo`lgan zulm va jabr-sitamni ko`tarmoqda.)","Va agar xotin o`rniga boshqa xotin olmoqchi bo`lsangiz va ularning biriga haddan ziyod mahr bergan bo`lsangiz ham, undan hech narsani qaytarib olmang. Uni bo`hton va katta gunoh holida olaverasizmi?","Va qanday ham olursiz?! Axir, bir-biringizga qovushdingiz va ular sizdan mustahkam ahdu paymon olganlar-ku?![1]###[1] (Oyati karimadagi, «... ular sizdan mustahkam ahdu paymon olganlar-ku?!» jumlasidagi «ahdu paymon»ning ma'nosi haqida Sufyon as-Savriy: «Yaxshilik ila tutib turish yoki yaxshilik bilan ajrashish haqidagi ahd», deganlar. Robe' ibn Anas esa: «Bu Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomning: «Siz ularni Allohning omonati ila oldingiz va farjlarini Allohning kalimasi ila o`zingizga halol etdingiz», degan hadislaridan iboratdir», degan.)","Otalaringiz o`z nikohlariga olgan ayollarni siz o`z nikohingizga olmang! Avval o`tgan bo`lsa, mayli. Bu ish, albatta, fohisha, g`azabnok ish va qanday ham yomon yo`ldir![1]###[1] (Johiliyat davrida o`gay onaga uylanish odati bor edi. Bu ko`pincha «azl»ga — ayollarni zulm ila behuda tutib turishga ham sabab bo`lar edi. Chunki aksar paytda bolaning katta bo`lib voyaga yetishini, so`ngra otasining xotiniga — o`gay onasiga uylanishini kutishga to`g`ri kelar edi. Agar o`g`li otasi o`lgan paytda voyaga yetgan bo`lsa, o`gay onasi unga meros tariqasida xotin bo`lib qolar edi. Alloh taolo ushbu oyati karimani nozil qilib, bu ishni harom etdi.)","Sizlarga onalaringiz, qizlaringiz, opa-singillaringiz, ammalaringiz, xolalaringiz, aka-ukalaringizning qizlari, opa-singillaringizning qizlari, emizgan onalaringiz, emikdosh opa-singillaringiz, xotinlaringizning onalari, o`zingiz qovushgan xotinlaringizning qaramog`ingizdagi qizlari harom qilindi. Agar u(xotin)lar bilan qovushmagan bo`lsangiz, (qizlariga uylanishingizda) gunoh yo`q. Va pushtingizdan bo`lgan o`g`illaringizning xotinlari, opa-singilni qo`shib olmog`ingiz harom qilindi. Magar avval o`tgan bo`lsa, mayli. Albatta, Alloh mag`firat qiluvchi va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Avvalda nikoh muqaddas aloqa ekani aytib o`tildi. Albatta, bu aloqani to`g`ri holda o`rnatish kerak. Buning uchun esa, uylanmoqchi bo`lgan inson o`ziga mos juft tanlamog`i zarur. Tanlash jarayonida e'tibor berish farz bo`lgan shart — xotinlikka tanlanayotgan ayolning nikohi tanlovchi erkakka halol bo`lishi kerak. Islom shariati musulmon erkaklarga ayrim toifa ayollarga uylanishni harom qilgan. Mazkur toifalar ushbu oyatda, bundan oldingi va keyingi oyatlarda va payg`ambarlarimizning hadislarida bayon qilingan.)"]