["Qo`lingizga mulk bo`lib tushganlardan boshqa erli ayollar ham (harom qilindi). Bu sizlarga Allohning yozganidir. Ana o`shalardan boshqalarni poklik va zino aralashtirmagan holda mollaringiz ila talab qilmog`ingiz halol qilindi. Ulardan huzurlanishingiz sababidan mahrlarini bering. Bu farzdir. Farz mahrdan keyin o`zaro rozilik ila kelishganingiz gunoh emas. Albatta, Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Bu oyati karimaning avvalida nikohi harom qilingan ayollarning zikri davom etmoqda. Ularning oxirgi toifasi o`laroq erli ayollar keltirildi. Demak, eri bor ayolga uylanish harom. Eri o`lib yoki eridan ajrashib idda o`tirgan ayollar ham, to idda muddati orasida erlik ayollar qatoriga kiradi. Bularning nikohi ham vaqtincha haromdir. Oyatda erli ayollardan «qo`lingizga mulk bo`lib tushganlar» istisno qilinmoqda. Ya'ni, urushda dushman tomondan musulmonlar qo`liga tushgan ayollar, erlari bo`lsa ham, hayz ko`rganlaridan keyin ularga molik bo`lgan musulmonlarga halol bo`laveradi.)","Sizlardan kim hur mo`minalarni nikohiga olishga imkon topmasa, qo`lingizda mulk bo`lgan mo`mina qizlaringizdan (uylansin). Alloh iymoningizni biluvchi Zotdir. Hammalaringiz birsiz. Ularni nikohingizga ahllarining izni ila oling. Va yaxshilik bilan mahrlarini bering. Ular pokiza, zinokor emas va o`ynash tutmagan bo`lsinlar. Erga tekkanlaridan so`ng fohisha ish qilsalar, ularga hur ayollarga beriladigan azobning yarmi beriladir. Bu buzilishdan qo`rqqanlar uchundir. Sabr qilmog`ingiz siz uchun yaxshidir. Alloh mag`firatli va rahimlidir.[1]###[1] (Biz tushunarli bo`lishi uchun «kanizak» deb atayotgan so`z o`rnida Qur'oni Karim «mo`mina qizlaringizdan» degan iborani ishlatgan. Bu bilan ularning sha'ni ko`tarilmoqda, ular ham Islom nazarida boshqalardan farq qilmasliklarini ta'kidlanmoqda. Ma'lumki, erli hur ayolning zinosi isbotlansa, o`lguncha toshbo`ron qilinadi. Oila qurmagan hur ayol zino qilsa, yuz darra uriladi. Ushbu oyatda, hur ayollarga beriladigan azobning yarmi haqida so`z ketmoqda. Ochiq ko`rinib turibdiki, bu yerda nazarda tutilgan azob darra urishdir. Demak, erli cho`rining zinosi sobit bo`lsa, unga ellik darra uriladi. Ularning cho`rilik holatidan kelib chiqib shunday hukm joriy qilingan. Albatta, ular hur ayollar kabi qulayliklarga ega emaslar. Turmush jarayonida turli holatlarni boshdan o`tkazishlari mumkin. Shular e'tiboridan ularga nisbatan toshbo`ron jazosi bekor qilingan va darra urish yuztadan elliktaga tushirilgan. Bu hol Islomning insonparvarligining bir ko`rinishidir. Boshqa tuzumlarda kiborlarga jazo bekor qilinib, bechoralarga kuchaytirilishi hammaga ma'lum.)","Alloh sizlarga bayon qilib berishni, sizni oldingilarning yo`liga hidoyat qilishni va tavbalaringizni qabul etishni xohlaydir. Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.","Alloh sizning tavbangizni qabul qilishni xohlaydir. Shahvatlarga ergashadiganlar esa, ulkan og`ishga moyil bo`lishingizni xohlaydir.","Alloh sizdan yengillatmoqni xohlaydir. Va inson zaif yaratilgandir.[1]###[1] (Yaratuvchining O`zi, zaif yaratilgan, deb turgandan keyin, shu zaif insonga yo`l ko`rsatishda Alloh taolo og`irlikni xohlarmidi? Yo`q, U yengillikni xohlaydi.)","Ey, iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo`l bilan yemang. Magar o`zaro rozilik ila tijorat bo`lsa, mayli. O`zingizni o`zingiz o`ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahimlidir.","Kim o`shani tajovuzkorlik va zulm ila qilsa, albatta, uni do`zaxga kiriturmiz. Bu esa, Allohga osondir.[1]###[1] (Oyatdagi «o`shani» bir-birining molini botil yo`l ila yeb, o`zini-o`zi halokatga duchor qilishga ishoradir. Demak, kim mazkur ishni tajovuzkorlik (ya'ni, haromligini bilib turib) va zulm ila (ya'ni, qilishdan tap tortmay) qilsa, oxiratda do`zaxga kiritiladi. Ya'ni, botil yo`l bilan mol yeganlarni do`zaxga kiritish Alloh uchun osondir, hech kim qochib, hiyla qilib qutula olmaydi.)","Agar qaytarilgan narsalarning kattalaridan chetda bo`lsangiz, gunohlaringizni kechirurmiz va sizni yaxshi joyga kiritamiz.[1]###[1] (Bu oyati karimaning ma'nosi, katta gunohlardan chetda bo`lsangiz, kichik gunohlaringizni kechirib, oxiratda sizni jannatga kiritamiz, deganidir.)","Alloh ba'zingizni ba'zingizdan afzal etgan narsalarni (hasad ila) orzu etmang. Erkaklarga o`z kasbidan nasiba bor. Ayollarga o`z kasbidan nasiba bor. Allohdan fazlini so`rang. Albatta, Alloh har bir narsani biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Oyati karimada afzallik va fazl aniq nimadan iborat ekanligi ochiq aytilmay, umumiy holda qoldirilgan. Bu qur'oniy usulga ko`ra, har kim o`z fikri, idrokiga yarasha tushunib olaveradi. Fazl sihat-salomatlikda, mansabda, molu pulda, xotirjamlikda, hilmda, obro`-e'tiborda bo`lishi mumkin. Demak, Alloh ba'zi shaxslarni boshqalardan afzal qilib qo`ysa, unga hasad qilmaslik kerak, balki fazlni Yaratuvchining O`zidan so`rash lozim.)","Ota-ona va qarindoshlar qoldirgan narsaga har bir kishi uchun merosxo`rlar qildik. Qasamingiz ila bog`langanlarga nasibasini bering. Albatta, Alloh har bir narsaga shohiddir.[1]###[1] (Ya'ni, har bir odamning qarindoshlari merosxo`ri bo`ladi. U ota-onasi va qarindoshlaridan meros olganidek, undan ham bolalari va qarindoshlari meros oladi. Shunday qilib, mol avloddan avlodga o`tib turadi. Oyati karimadagi: «Qasamingiz ila bog`langanlarga nasibasini bering», degan jumlada merosga taalluqli, qarindosh bo`lmagan shaxslarga ishora qilinmoqda. Islomning dastlabki bosqichida shunday shaxslar bo`lgan.)","Alloh ba'zilarini ba'zilaridan ustun qilgani va mollaridan sarflaganlari uchun erkaklar ayollarga rahbardirlar. Soliha ayollar — itoatkor va Allohning hifzi-himoyasi bo`yicha g`oyib (er)larining muhofazasini qiluvchilardir. Bosh ko`tarishlaridan xavf qilingan ayollarga va'z-nasihat qiling, yotoqlarida hijron qiling va uring. Agar itoat qilsalar, ularga qarshi boshqa yo`l axtarmang. Albatta, Alloh yuksak maqomli buyuk Zotdir.[1]###[1] (Alloh taolo hech bir ishni behikmat qilmaydi. Jumladan, erkak kishi oila rahbari bo`lsa va u o`z rahbarligini shariatda ko`rsatilgandek ado etsa, bunday oilalar baxt-saodatga sohib bo`lmoqda. Bu ko`rsatmaga yurmagan oilalar esa, baxtsizlikka uchramoqda, shundaylardan tashkil topgan jamiyatlar ham baxtsizlikka duchor bo`lmoqda. Bu yerda gapni cho`zib o`tirishning hojati bo`lmasa kerak. Mo`mina, soliha ayollarning tabiatida eriga itoatkorlik bordir. Biz «itoatkorlik» deb tarjima qilayotgan so`z oyati karimada «qonitatun» lafzi ila kelgan. Bu so`z o`z irodasi, rag`bati va muhabbati ila itoat qilish ma'nosini anglatadi. Demak, mo`mina, soliha ayollarning erlariga itoati o`z mas'uliyatini tushungan holdan kelib chiqqan bo`ladi. Qo`rqqanidan, majburlashdan yoki boshqa biror bosqidan emas. Bu itoat o`zini tushungan, hayotdagi o`rnini, vazifasi va mas'uliyatini his etgan go`zal insonning itoatidir.)","Agar ikkovlarining oralari buzilishidan qo`rqsangiz, erning ahlidan bir hakam va xotinning ahlidan bir hakam ajrating. Agar ular islohni iroda qilsalar, Alloh er-xotinning orasini muvofiqlashtirur. Albatta, Alloh biluvchi va xabardor Zotdir.","Va Allohga ibodat qilinglar va Unga hech narsani shirk keltirmanglar. Ota-onaga, qarindoshlarga, yetimlarga, miskinlarga, yaqin qo`shnilarga, yon qo`shnilarga, yonboshdagi sohiblarga, ko`chada qolganlarga va qo`lingizda mulk bo`lganlarga yaxshilik qilinglar. Albatta, Alloh o`zini yuqori tutuvchilarni va odamlar ustidan faxr qiluvchilarni xush ko`rmas.[1]###[1] (Oilaviy-ijtimoiy masalalar, mol-mulk haqida, birovlarga yaxshilik qilish haqida bahs etuvchi oyat va jumlalar ichida ibodat va shirk keltirmaslik haqidagi ushbu jumlaning kelishi bejiz emas. Allohning O`zigagina ibodat qilish, Unga hech narsani shirk keltirmaslik — tavhiddir. Bandalar uchun Allohning tavhidi asosiy aqidadir. Tavhid har bir insondan talab etiladi. U Allohning bandalaridagi haqqidir. Oyatda tavhidga amr etilganidan so`ng, bir necha toifa kishilarga yaxshilik qilishga buyurilyapti.)","Ular baxillik qiladigan, odamlarni baxillikka buyuradigan va Alloh ularga O`z fazlidan bergan narsalarni berkitadiganlardir. Va kofirlarga xorlovchi azobni tayyorlaganmiz.","Ular mollarini kishilar ko`rishi uchun sarflarlar. Hamda Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirmaslar. Kimning yaqini shayton bo`lsa, u qanday ham yomon yaqin!","Agar Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirsalar, Alloh ularga rizq qilib bergan narsadan nafaqa qilsalar, ularga nima zarar bo`ladir? Alloh ularni yaxshi biluvchi Zotdir!","Albatta, Alloh zarracha ham zulm qilmas. Agar yaxshilik bo`lsa, bir necha bor ko`paytirur va O`z huzuridan ulug` ajr berur.","Har bir ummatdan bir guvoh keltirib, seni ularning hammasiga guvoh etib keltirgan chog`imizda hol qandoq bo`lur?![1]###[1] (Bu oyatda qiyomat kunining vasfi kelmoqda. Qiyomat qo`pganida, har bir ummatga o`z payg`ambari guvoh etib olib kelinadi. Anbiyolar esa, ummatlari Allohning amriga yurganlari va yurmaganlari haqida adolatli guvohlik beradilar. Muhammad alayhissalom avvaldan oxirgacha hamma ummatlarga guvohlik beradilar. Ana o`shanda u kishiga iymon keltirmaganlar, mutakabbir, faxrlanuvchi va baxillarning, odamlarni ham baxillikka buyurgan va Alloh O`z fazlidan bergan ne'matlarni berkitganlarning holi nima bo`ladi? Ular o`zlari inkor etgan Xoliqning huzurida turibdilar, o`zlari rad qilgan payg`ambar endi ularga guvohlik berishi, ular haqidagi bor haqiqatni Oliy Qozi huzurida aytishi kerak. Endi bu kofirlar, munofiqlarning holi ne kechadi? Qiyomat qoim bo`ldi. Haqiqat yuzaga chiqdi.)","Kufr keltirganlar va Rasulga isyon qilganlar o`sha kunda yerga qorishib ketishni istarlar va Allohdan hech gapni yashira olmaslar.","Ey, iymon keltirganlar! Mast holingizda — to aytayotgan gapingizni biladigan bo`lmaguningizcha — namozga yaqinlashmang va junub holingizda ham, to g`usl qilmaguningizcha. Magar yo`ldan o`tuvchi bo`lsa, mayli. Agar bemor yoki safarda bo`lsangiz yoki sizdan biringiz tahoratxonadan kelsa yoxud ayollarga yaqinlashgan bo`lsangiz-u, suv topa olmasangiz, pokiza tuproq-la tayammum qiling. Bas, yuzingizga va qo`llaringizga mas'h torting. Albatta, Alloh afv etuvchi va mag`firat qiluvchi Zotdir.[1]###[1] (Bu oyati karimada ko`pgina hukmlar mujassam topgandir. Shu bilan birga, aroqni harom qilish yo`lida tatbiq qilingan choraning yana bir bosqichi hamdir. Tahorat va g`uslga suv topilmasa, toza tuproq-la tayammum qilinadi. Shuningdek, suv tegishi bilan kasalligi kuchayib ketadigan bemorlarga ham tayammumga ruxsat. Ya'ni, tahorati yo`q odam tahoratni niyat qilib tayammum qilsa, tahorat o`rniga o`tadi. Junub odam g`uslni niyat qilib tayammum qilsa, g`usl o`rniga o`tadi.)","Kitobdan nasiba berilganlarning zalolatni sotib olishlarini va siz yo`ldan adashishingizni istashlarini ko`rmaysizmi?","Alloh sizning dushmanlaringizni biluvchi Zotdir. Valiylikka Allohning O`zi kifoya qilur. Nusrat beruvchilikka Allohning O`zi kifoya qilur.","Yahudiy bo`lganlardan kalimalarni o`z joyidan buzib o`zgartiruvchilar bor. Ular tillarini burib va dinga ta'na yetkazib: «Eshitdik va isyon qildik, eshit, eshitmay qolgur va «Roina» derlar. Agar ular, eshitdik, va itoat qildik, eshit va bizga nazar sol, deganlarida, albatta, o`zlariga yaxshi va to`g`ri bo`lar edi. Lekin Alloh ularni kufrlari sababli la'natladi. Bas, ozginalaridan boshqalari iymon keltirmaslar.[1]###[1] (Ya'ni, yahudiylar razilona so`z o`yini qilishadi. Sirtdan chiroyli, odobli so`zlarni aytgandek ko`rinishadi, ammo aslida tillarini burib, o`sha so`zlarning ikkinchi — yomon ma'nosini ifodalashadi. Misol uchun, Payg`ambarimiz alayhissalom bir gapni aytsalar, mo`min-musulmonlar, eshitdik va itoat qildik, der edilar. Yahudiylar esa, eshitdik va isyon qildik, deyishadi. Sirtdan qaraganda, xuddi mo`minlarga o`xshab javob berganga o`xshashadi. Aslida esa, u kishini masxara qilmoqchi va dinga ta'na yetkazmoqchi bo`ladilar.)","Ey, kitob berilganlar! Yuzlarni buzib, orqalariga burmasimizdan yoxud ularni shanba odamlarini la'natlaganimizdek la'natlamasimizdan oldin, sizlardagi narsani tasdiqlovchi bo`lib kelgan narsaga iymon keltiring. Allohning ishi amalga oshgusidir.[1]###[1] (Yahudiylar shariati bo`yicha, shanba kuni ishlash, jumladan, baliq ovlash man qilingan edi. Ammo ular shumlik qilib, bu ilohiy amrni ham buzdilar. Alohida hovuzlar qazib, shanba kuni baliqlarni qamab olib, boshqa kunlari tutishdi. Shunda Allohning g`azabi kelib, ularni maymun va to`ng`izga aylantirdi.)","Albatta, Alloh O`ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqa gunohni, kimni xohlasa, kechiradir. Kim Allohga shirk keltirsa, shubhasiz, katta gunohni to`qibdir.","O`zlarini pok qilib ko`rsatayotganlarni ko`rmaysanmi?! Yo`q! Alloh kimni xohlasa, shuni poklaydir. Va qilcha zulm qilinmaslar.","Ularning Allohga yolg`on to`qishini ko`rmaysanmi?! Shuning o`zi ham ochiq-oydin gunohlikka yetarlidir.","Kitobdan nasibador bo`lganlarning botilga va tog`utga iymon keltirishlarini va kufr keltirganlarni (ko`rsatib): «Anavilar, iymon keltirganlardan ko`ra hidoyatliroq yo`ldalar», deyishlarini ko`rmaysanmi?![1]###[1] (Bu oyati karimada yahudiylar endi «Kitobdan nasibador bo`lganlar», deb tavsiflanmoqda. Biz «botil» deb tarjima qilgan so`z oyatda «jibt» deb kelgan. Arab tilida jibt — but, sanam, folbin va sehrgarga o`xshash narsalarga ishlatiladi. «Tog`ut» esa — Allohning shariatidan boshqa shariat va Allohning shariatiga asoslanmagan hukmdir. Ushbu oyati karimada Alloh taolo yahudiylarni jibt va tog`utga iymon keltirganlar, deb vasf qilmoqda.)","Ana o`shalarni Alloh la'natlagandir. Kimni Alloh la'natlasa, unga hech nusratchi topolmassan.","Yoki ular mulkdan nasibadorlar-u, shunday taqdirda undan odamlarga zig`ircha ham bermaslarmi?!","Yoki Alloh odamlarga O`z fazlidan bergan narsalarga hasad qilmoqdalarmi? Batahqiq, Ibrohim oilasiga kitobni, hikmatni va ulug` mulkni berganmiz-ku?!","Bas, ularning ichida u(Muhammad)ga iymon keltirganlar ham bor, undan yuz o`girib kufr keltirganlar ham bor. Jahannam kuydirish azobiga kifoya qilur.","Oyatlarimizga kufr keltirganlarni, albatta, do`zaxga kiritarmiz. Qachonki, terilari yetib pishganda, azobni tortishlari uchun boshqa teri almashtirarmiz. Albatta, Alloh Aziyz va Hakiym Zotdir.","Iymon keltirgan va solih amallarni qilganlarni, albatta, ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritarmiz. Unda abadiy, boqiy qolurlar. Unda ularga pokiza juftlar bor. Va ularni quyuq soyalarga kiritarmiz.[1]###[1] (Ushbu oyatda zikr etilgan saodatmand kishilar mazkur ulug` ne'matga Allohning fazli ila, iymonlari va solih amallari tufayli erishadilar.)","Albatta, Alloh sizlarga omonatlarni o`z ahliga erishtirishni va agar odamlar orasida hukm qilsangiz, adolat ila hukm qilishni amr qilur. Alloh sizlarga qanday ham yaxshi va'z qilur! Albatta, Alloh eshituvchi va ko`ruvchi Zotdir.[1]###[1] (Omonatni turlari ko`pdir. Jumladan, ulamolarimiz Allohni bandaga yuklagan omonatlari bor, namoz, ro`za, zakot, kafforot va nazrlar ham omonatdir, deydilar. Shuningdek, bandalarning bandalardagi turli haqlari ham omonat hisoblanadi. Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom hadislaridan birida: «Birov senga bir kalima aytib, so`ngra atrofga qarab qo`ysa, bilginki, shu so`z omonatdir», deganlar. Eng buyuk omonat esa, iymon omonatidir. Hadisi sharifda Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom quyidagilarni aytadilar: «Shahidlik omonatdan boshqa hamma gunohlarni yuvib yuboradi. Qiyomat kuni, agar Allohning yo`lida qatl etilgan bo`lsa ham, odamni keltirib, omonatni ado qil, deyiladi. U esa: «Qanday qilib uni ado etaman, axir dunyo tugadi-ku!» deydi. Shunda unga omonat jahannamning qa'ridan ko`rinadi. U tushib yelkasiga ko`tarib chiqadi. Endi chiqay deganda, yelkasidan tushib ketadi. U ham omonatni izidan tushadi. Shu holat abadiy ravishda davom etadi», deganlar.)","Ey, iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, Payg`ambarga va o`zingizdan bo`lgan ishboshilarga itoat qiling. Biror narsa haqida tortishib qolsangiz, agar Alloh va oxirat kuniga iymon keltirgan bo`lsangiz, uni Allohga va Payg`ambarga qaytaring. Ana shunday qilish xayrli va oqibati yaxshidir.","Senga nozil bo`lgan narsaga va sendan oldin nozil bo`lgan narsaga iymon keltirganlarini da'vo qilayotganlarni ko`rmaysanmi?! Tog`utdan hukm so`rab borishni istarlar. Holbuki, unga kufr keltirishga buyurilganlar. Shayton esa, ularni yo`ldan butunlay adashtirishni istaydir.[1]###[1] (Avval ham aytilganidek, tog`ut — Allohning iznisiz bo`lgan hukmidir. Munofiqlar ham Allohning hukmini istamaydilar, shuning uchun ham tog`utdan hukm so`rab boradilar. Nima bo`lsa bo`lsin, Allohning hukmi bo`lmasa, bas. Har qanday tog`utning hukmini istayveradilar. Bu ishni bilmasdan, ko`r-ko`rona qilmaydilar, balki ularga bayon kelgan. Munofiqlar tog`utga kufr keltirishga buyurilganlar. Demak, ular bilib turib qilmoqdalar. Shuning uchun ham ularning iymon haqidagi da'volari botil. Ular, aslida, shaytonning yo`liga kirganlar.)","Agar ularga: «Alloh nozil qilgan narsaga va Payg`ambar huzuriga kelinglar», deyilsa, munofiqlar sendan tamoman yuz o`girganlarini ko`rursan.","Endi, qilgan narsalari tufayli ularga musiybat yetgandan so`ng, senga kelib, Alloh ila qasam ichib: «Biz faqat yaxshilik va tavfiqni xohlagan edik», deyishlari qanday bo`ldi?","Ana o`shalarning qalblaridagini Alloh biladir. Bas, ularning qilganidan yuz o`gir! Ularga va'z qil! Yolg`iz o`zlariga yetkazib so`zla!","Qaysi bir Payg`ambarni yuborgan bo`lsak, Allohning izni ila faqat itoat qilinishi uchun yuborganmiz. Agar ular o`zlariga o`zlari zulm qilgan chog`larida huzuringga kelib, Allohga istig`for aytganlarida va Payg`ambar ham ular uchun istig`for aytganida edi, albatta, Alloh tavbalarni qabul etuvchi va rahimli Zot ekanini topgan bo`lur edilar.","Yo`q, Robbingga qasamki, seni o`z oralarida chiqqan kelishmovchiliklarga hakam qilmagunlaricha, keyin, chiqargan hukmingga dillarida tanglik topmasdan, butunlay taslim bo`lmagunlaricha, zinhor mo`min bo`la olmaslar![1]###[1] (Demak, iymonning, mo`minlikning bir sharti — har bir narsada Payg`ambarni alayhissalotu vassalom, ya'ni Islom dinini hakam qilib olish zarurligidir. Mo`min-musulmonman degan odam, mo`min-musulmonmiz degan jamiyat o`zining har bir ishini Islomning hukmi ila olib borishi kerak. Shu bilan birga, ushbu hukmga ham ichidan to`la rozi, ham sirtidan butunlay taslim bo`lishi kerak. Bu haqiqatni Alloh taolo qasam bilan ta'kidlab aytmoqda. Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom ham o`z hadislaridan birida: «Mening jonim qudrat qo`lida bo`lgan Zot bilan qasamki, havoyu nafsi men keltirgan narsaga tobe' bo`lmaguncha, birorta odam mo`min bo`la olmaydi», deganlar.)","Agar Biz ularga, o`zlaringizni o`ldiring yoki o`zingizni diyorlaringizdan chiqaring, deb farz qilganimizda, ozginalaridan boshqasi buni qilmas edilar. Ular o`zlariga va'z qilingan narsalarni qilganlarida edi, o`zlariga yaxshi va sabotlari mustahkam bo`lar edi.","U holda, Biz ham ularga O`z huzurimizdan ulug` ajr bergan bo`lur edik.","Va ularni to`g`ri yo`lga hidoyat qilur edik.[1]###[1] (Darhaqiqat, Alloh bandalarini shunday bir ishga buyurganida nima qila olar edik? Zotan u har qanday ishni amr etishga haqlidir. Chunki, yaratgan Parvardigor ularga faqat yaxshilikni ravo ko`radi. Hech qachon bandalariga yomonlikni sog`inmaydi. Bandalar uning aytganlarini qilganlarida, ham o`zlariga yaxshi bo`lar, ham iymonlari sobit, mustahkam bo`lar edi. Odamlar Allohning buyruqlariga javoban Islomga to`liq amal qilganlarida edi, Alloh taolo ularga ulug` ajrni — jannatni bergan bo`lur edi. Ularni hidoyatga boshlagan, to`g`ri yo`lga solgan bo`lur edi.)","Kim Allohga va Rasulga itoat qilsa, bas, ana o`shalar Alloh ne'mat bergan nabiylar, siddiqlar, shahidlar va solihlar bilan birgadirlar. Va ular qanday ham yaxshi rafiq (hamroh)lardir!","Bu — Allohdan bo`lgan fazldir va bilguvchilikda Allohning O`zi kifoya qilur.","Ey, iymon keltirganlar! O`zingizni hushyor tuting va guruh-guruh bo`lib qo`zg`aling yoki to`p holingizda qo`zg`aling![1]###[1] (Avval ham ta'kidlaganimizdek, kofirlarning bir xususiyatlari borki, ular o`zaro bir-birlari bilan urushsalar ham, musulmonlarga qarshi birlashib dushmanlik qiladilar. Shuning uchun musulmonlar doimo hushyor turishlari shart. Vaqt-soati kelib, mabodo qo`zg`alish kerak bo`lib qolsa, Allohning amriga binoan yoki guruh-guruh bo`lib, yoki to`p hollarida qo`zg`aladilar. Ushbu oyatdagi amrlar Alloh taolo Qur'oni Karimda mo`min-musulmonlarga faqat namoz, ro`za yoki axloq va odobga buyuribgina qolmay, boshqa narsalarga, jumladan, urushni qanday olib borishni ham o`rgatadi. Bu haqiqat sobit haqiqatdir.)","Albatta, ichingizda ortda qoladiganlar ham bor. Agar sizga musiybat yetsa, u: «Alloh O`zi menga ne'mat berdi, yaxshiyamki, ular bilan birga hozir bo`lmaganim», deydi.[1]###[1] (Ya'ni, dushmanga qarshi safarbarlik e'lon qilinganda qo`zg`almay ortda qoladiganlar ham bo`ladiki, ular munofiqlardir. Munofiqqa baribir, o`zini har maqomga moslab, har qanday safsatani bahona qilaveradi.)","Agar sizga Allohdan fazl yetsa, xuddi siz bilan uning orasida do`stlik bo`lmagandek, «Qani endi, men ham ular bilan bo`lganimda, ulug` zafar qozonar edim», deydi.","Oxirat uchun bu dunyo hayotini sotadiganlar Allohning yo`lida jang qilsinlar. Kim Allohning yo`lida jang qilib o`ldirilsa yoki g`olib kelsa, Biz unga, albatta, ulug` ajrni berurmiz.","Nima uchun Allohning yo`lida va: «Ey Robbimiz, bizni ahli zolim shahardan chiqargin, bizga O`z tomoningdan do`st ato qilgin va O`z tomoningdan nusratchi ato qilgin» deyayotgan zaifhol erkagu ayol va bolalar yo`lida jang qilmaysizlar?![1]###[1] (Xususan, mazkur zaifhol erkagu ayollar va bolalar aholisi zolim bo`lgan shaharda tutqun bo`lsalar. Dinu diyonatlari uchun azob-uqubatga duchor qilinayotgan bo`lsalar. Musulmonlar faqat shunday oliy maqsad yo`lida jang qiladilar. Ularga boshqacha urushning keragi yo`q.)","Iymon keltirganlar Allohning yo`lida jang qilurlar. Kufr keltirganlar tog`utning yo`lida jang qilurlar. Bas, shaytonning do`stlariga qarshi jang qiling. Albatta, shaytonning hiylasi zaifdir.","Qo`lingizni tiying, namoz o`qib, zakot bering, deb aytilgan kimsalarni ko`rmaysanmi?! Ularga urush farz qilinganda, birdan, bir guruhlari odamlardan xuddi Allohdan qo`rqqandek yoki undan ham qattiqroq qo`rqishmoqda. Va: «Ey Robbimiz, bizga urushni nega farz qilding, biroz ortga surib tursang bo`lmasmidi?!» demoqdalar. «Dunyoning matohi oz, oxirat esa, taqvo qilganlarga yaxshidir. Va qilchalik zulm qilinmassizlar», deb ayt.","Qayerda bo`lsangiz ham, hattoki mustahkam qal'alarda bo`lsangiz ham, o`lim sizni topadir. Agar ularga yaxshilik yetsa, bu Allohdan, derlar. Yomonlik yetganda esa, bu sendan, derlar. «Hammasi Allohdan», deb ayt! Anavi qavmlarga nima bo`ldiki, gapni tushunay demaslar?!","Senga yetgan yaxshilik Allohdandir. Va senga yetgan yomonlik nafsingdandir. Biz seni odamlarga Payg`ambar qilib yubordik. Shohidlikka Allohning O`zi kifoya qilur.[1]###[1] (Bu oyatda yana bir haqiqatning bayoni kelmoqda. Inson Alloh ko`rsatgan yo`ldan yursa, yaxshilikni qilib, yomonlikdan qaytsa, Alloh taolo uni qo`llab-quvvatlaydi va zafarga erishtiradi. Bu holda inson Alloh ko`rsatgan yo`ldan yurdi, Uning shariatiga amal qildi, Uning madadi ila faoliyat ko`rsatdi, u ko`rsatgan yaxshilikni qildi va yomonlikdan chetlandi. Natijada yaxshilikka erishdi. Albatta, bu yaxshilik Allohdandir. Ammo inson Allohning yo`lidan yurmasa, U bergan aqlni to`g`rilikcha ishlatmasa, Uning shariatiga amal qilmasa, buyurgan yaxshiligini bajarmasa, qaytargan yomonlikdan qaytmasa, o`zidan ko`rsin — oqibat, albatta, yomon bo`ladi. Bu yomonlikka uning o`zi sababchidir. Sening vazifang payg`ambarlik — elchilik qilish. Odamlarga yaxshilik yoki yomonlik yetkazish emas. Bir narsani bor yoki yo`q qilish Allohning qo`lida. Hammasiga Allohning O`zi shohid. Shohidlikka esa, Allohning O`zi kifoya qilur.)","Kim Payg`ambarga itoat qilsa, Allohga itoat qilgan bo`lur. Kim yuz o`girsa, Biz seni ularga qo`riqchi qilib yuborganimiz yo`q.","Ular, itoat, derlar. Huzuringdan chiqqach esa, bir toifalari aytganingdan boshqaga xufyona til biriktirarlar. Alloh xufyona til biriktirgan narsalarini yozib qo`yadir. Bas, ulardan yuz o`gir va Allohga tavakkal qil. Vakillikka Allohning O`zi kifoya qilur.[1]###[1] (Oyati karima «Ular» deb aytayotgan kishilar — munofiqlardir. Ularga Qur'on oyatlarini o`qib bersalar, Allohning amrlarini yetkazsalar, qisqa qilib «itoat», deyishadi. «Itoat»dan boshqa niyat yo`q, deb ko`rsatmoqchi bo`lishadi. Aslida esa, maqsadlari boshqa, shuning uchun ham, Payg`ambar alayhissalomning huzurlaridan chiqishganidan so`ng «itoat»ni unutib, boshqacha ish tutishadi.)","Qur'onni tadabbur etib ko`rmaydilarmi?! Agar u Allohdan boshqaning huzuridan bo`lganida, undan ko`p ixtiloflar topar edilar.[1]###[1] (Qur'onga murojaat etib, uni tadabbur qilib ko`rgan odam haqiqatni anglab yetadi. U ilohiy kitobdir, uning ilohiyligini tadabbur qilgan odam buni darhol anglaydi. Chunki Qur'onni jiddiy o`rganishga kirishgan odam unda hech qanday ziddiyat yo`qligini payqaydi.)","Qachonki ularga eminlik yoki haq to`g`risida bir ish — xabar yetsa, uni taraturlar. Agar uni Payg`ambarga va o`zlaridan bo`lgan ishboshilarga havola qilganlarida edi, ulardan ish negizini biladiganlari uni anglab yetar edilar. Allohning fazli va marhamati bo`lmaganda, ozginangizdan boshqangiz shaytonga ergashib ketar edingiz.","Allohning yo`lida jang qil! O`zingdan boshqadan mas'ul qilinmassan. Mo`minlarni qiziqtir. Shoyadki, Alloh kufr keltirganlarning shiddatini daf' qilsa. Alloh shiddati qattiq va azobi ortiq Zotdir.","Kim yaxshi shafoat qilsa, undan o`z nasibasi bo`lur. Kim yomon shafoat qilsa, undan o`z nasibasi bo`lur. Alloh har bir narsaning bahosini beruvchi Zotdir.[1]###[1] (Arab tilida «shafoat» so`zi bizda tanilgan ma'nodan ko`ra kengroq ma'noda ishlatiladi. Birovni boshqalar oldida oqlash uchun qilingan sa'y-harakat va gap-so`z ham shafoat hisoblanadi. Inchunin, qoralash uchun qilingani ham. Shuningdek, bu ishning yaxshiligini tushuntirish uchun targ`ib qilish, unga qiziqtirish yaxshi shafoat, o`sha ishni yomon deb tushuntirish esa, yomon shafoat hisoblanadi.)","Qachonki sizga bir salomlashish ila salom berilsa, siz undan ko`ra yaxshiroq alik oling yoki xuddi o`zidek javob bering. Albatta, Alloh har bir narsaning hisobini oluvchi Zotdir.[1]###[1] (Islomdagi salomlashish eng go`zal va eng ma'noli salomlashishdir. Islomda tanigangayu tanimaganga salom berish sunnatdir. Salomga alik olish esa, vojibdir.)","Allohdan o`zga ibodatga sazovor zot yo`q. U sizlarni qoim bo`lishida hech shubha yo`q qiyomat kuni albatta jamlaydir. Kim Allohdan ko`ra rostgo`yroq?!","Sizga nima bo`ldiki, munofiqlar haqida ikkiga bo`linasizlar?! Holbuki, Alloh ularni rasvo qilib qo`ydi-ku. Alloh adashtirgan kimsalarni hidoyat qilmoqchi bo`lasizlarmi?! Alloh kimni adashtirgan bo`lsa, unga yo`l topa olmassan.[1]###[1] (Imom Ahmad ibn Hanbal qilgan rivoyatda Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu quyidagilarni aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Uhud jangiga chiqqanlarida, u kishi bilan chiqqanlardan ba'zilari orqaga qaytib ketdilar. Sahobalar o`sha orqaga qaytganlarga munosabatda ikkiga bo`lindilar. Birlari ularni o`ldiramiz, deyishsa, boshqalari, yo`q, ular mo`minlar, ularni o`ldirmaymiz, deyishdi. Shunda Alloh taolo: «Sizga nima bo`ldiki, munofiqlar haqida ikkiga bo`linasizlar?» oyatini nozil qildi. Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom: «Albatta, bu oyat poklovchidir. Bosqon temirning zangini ketkazganidek, zanglarni ketkazadi», dedilar.)","Ular siz ham xuddi o`zlaridek kofir bo`lib, ularga tenglashishingizni xohlarlar. Toki Alloh yo`lida hijrat qilmagunlaricha, ulardan do`st tutmang. Agar yuz o`girib ketsalar, bas, ularni tuting va qayerda topsangiz, o`ldiring. Ulardan do`st ham, yordamchi ham tutmang.","Magar siz bilan orasida ahdnoma bor qavmga yetib borsalar yoki sizlar bilan ham, o`z qavmlari bilan ham urushish ko`ngillariga sig`masdan huzuringizga kelsalar, mayli. Alloh xohlaganida, ularni sizdan ustun qilib qo`yardi va ular sizlarga qarshi urush qilardilar. Agar sizdan chetlansalar va siz bilan urushmasdan, tinchlikni taklif qilsalar, Alloh sizlarga ularning ziddiga yo`l bermas.","Sizdan ham, o`z qavmlaridan ham omonda bo`lishni xohlaydigan, fitnaga qaytarilgan chog`larida unga sho`ng`iydigan boshqa birovlarni ham ko`rasizlar. Agar sizdan chetlanmasalar, sizga tinchlikni taklif qilmasalar va qo`llarini tiymasalar, bas, ularni tuting va qayerda topsangiz, o`ldiring. Ana o`shandaylar ustidan sizga ochiq haq berdik.[1]###[1] (Ibn Jarir Mujohiddan rivoyat qilishicha, bu oyati karima makkalik bir qavm haqida nozil bo`lgan. Ular Payg`ambar alayhissalomning huzurlariga kelib, riyo uchun musulmonliklarini bildirishardi. So`ngra qurayshliklar oldiga borib, ular bilan birga butlariga ibodat qilishar edi. Shu yo`l bilan ikki tomondan ham omon qolmoqchi bo`lishar edi. Demak, ularga ishonib bo`lmaydi. Modomiki ular musulmonlarga yomonlik qilishdan chetlanmasalar, tinchlikni taklif qilmasalar va ulardan qo`llarini tiymasalar, ularni asir olish, topgan joyda o`ldirish kerak. Bunga Allohning O`zi ruxsat bermoqda. Bularning hammasi musulmonlarning munofiqlar bilan bo`ladigan munosabatlari haqidagi hukmlardir.)","Mo`min mo`minni o`ldirmas. Magar bilmasdan qilishi mumkin. Kimki mo`minni bilmasdan o`ldirib qo`ysa, bas, unga mo`min qulni ozod qilish va (o`lganning) ahli kechirmasalar, xun berish vojib bo`lur. Agar u sizga dushman qavmdan bo`lib, o`zi mo`min bo`lsa, mo`min qulni ozod qilish vojib bo`lur. Agar u siz bilan orasida ahdnomasi bor qavmdan bo`lsa, ahliga beriladigan xun va mo`min qulni ozod qilish vojib bo`lur. Kim topmasa, Allohga tavba uchun ketma-ket ikki oy ro`za tutish vojib bo`lur. Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.","Kim bir mo`minni qasdan o`ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g`azabi va la'nati yog`ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir.[1]###[1] (Mo`min kishini qasddan o`ldirish shunchalik katta jinoyat va gunohki, uni qul ozod qilish bilan ham, xun to`lash bilan ham yuvib bo`lmaydi. Mo`min mo`minni qasddan o`ldirishi bir beayb jonga qo`shib, iymondek ulug` ne'mat tufayli vujudga kelgan aqida qardoshligini ham o`ldirishdir. Shuning uchun ham qisqagina bir oyatda bu jinoyatchiga boshqa hech kimga tayin qilinmagan oliy jazolar — jahannamda abadiy qolish, Allohning g`azabiga va la'natiga duchor bo`lish va U zot tayyorlab qo`ygan ulkan azob va'da qilinmoqda. Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom o`z hadislaridan birida: «Bir musulmonning o`ldirilishi Allohning huzurida dunyoning zavolidan ham og`irroqdir», deganlar. Mazkur jazolar qasddan mo`min odamni o`ldirganning oxiratidagi jazosidir. Ammo boshqa oyat va hadislardan kelib chiqib, unga bu dunyoda ham ma'lum jazolar belgilangan. Avvalo, qotil ustidan o`ldirilgan shaxsning valiyul amrlari hukmga ega bo`ladilar. Ular xohlasalar, qotildan qasos olish maqsadida uni o`ldirishni talab qiladilar, xohlasalar kechib yuboradilar yoki xohlasalar kuchaytirilgan xun oladilar. Kuchaytirilgan xun esa, o`ttizta hiqqa, o`ttizta jazu'a va qirqta xalufa tuyalardan iborat.)","Ey, iymon keltirganlar! Allohning yo`lida jihodga chiqsangiz, aniqlab olinglar va sizga salom bergan kimsaga, mo`min emassan, demanglar. Bu dunyo hayotining o`tkinchi o`ljasini istaysizlar, Allohning huzurida esa, ko`plab o`ljalar bor. Avvallari siz ham shunday edingiz, Alloh sizga ne'mat berdi. Bas, aniqlab oling. Albatta, Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir.[1]###[1] (Ushbu oyati karimaning nozil bo`lish sababi haqida Imom Ahmad ibn Hanbal hazrati Abdulloh ibn Abbosdan roziyallohu anhumo rivoyat qilingan hadisda quyidagilar aytiladi: «Bani Salim qabilasidan bir odam bir guruh sahobaning oldidan qo`ylarini boqib o`tib qoldi va ularga salom berdi. Sahobalar: «Bizdan qo`rqqanidan salom berdi, bo`lmasa, bermas edi», dedilar-da, uni o`ldirib qo`ylarini Payg`ambar sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga haydab bordilar. Shunda Alloh taolo: «Ey iymon keltirganlar! Allohning yo`lida jihodga chiqadigan bo`lsangiz, aniqlab olinglar...» oyatini nozil qildi.)","Mo`minlardan beshikast bo`la turib o`tirib qolganlari bilan Allohning yo`lida mollari va jonlari ila jihod qiluvchilari barobar bo`lmaslar. Alloh mollari va jonlari bilan jiddu jahd qiluvchilarning darajasini o`tirib qoluvchilardan afzal qildi. Alloh hammaga yaxshilikni va'da qilgan. Alloh mujohidlarni o`tirib qoluvchilardan ulug` ajr ila afzal qilgan.","O`zidan bo`lgan darajalar ila, mag`firat va rahmat ila (afzal qilgan). Va Alloh mag`firat qiluvchi va rahimli Zotdir.","O`ziga zulm qiluvchi holida joni olinayotganlarga farishtalar: «Nima qilayotgan edinglar?» derlar. Ular: «Er yuzida bechora edik», derlar. «Allohning yeri keng edi-ku, hijrat qilsangiz bo`lmasmidi?!» derlar. Ana o`shalarning joyi jahannamdir. U qanday ham yomon joy![1]###[1] («O`ziga zulm qiluvchi holida joni olinayotganlar», deb vasf qilingan kishilar ma'lum bir toifadir. Ular o`zlarini bo`lmasa-da, molu mulklarini asrab qolish uchun, hijratning qiyinchiliklaridan qochib, kofirlar ichida qolib ketgan kishilardir. Ularni Alloh taolo «o`ziga zulm qiluvchilar», deb sifatlamoqda.)","Faqat erkaklar, ayollar va bolalardan iborat, biron choraga qodir bo`lmagan, yo`lni topa olmagan bechoralargina bundan mustasno.","Ana o`shalar, shoyadki, Alloh ularni afv etsa. Zotan, Alloh afv etuvchi va mag`firat qiluvchi Zotdir.","Kim Allohning yo`lida hijrat qilsa, yer yuzida ko`pgina panohgohlar va kengchilik topadir. Kim uyidan Alloh va Rasulga hijrat qilib chiqsa-yu, so`ngra unga o`lim yetsa, albatta, uning ajri Alloh zimmasiga tushadir. Va Alloh mag`firat qiluvchi va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Ushbu oyatda hijrat qilishga targ`ib — qiziqtirish bor. Bu ulug` ishga kishilarni ma'naviy jihatdan tayyorlash, ko`ngillariga kelishi mumkin bo`lgan ba'zi xayollarni ko`tarish bor. Hijrat dinu diyonatni deb vatanni tark etishdir. Kishilar o`zlaricha, vatandan uzoqda bo`lgan shaxs xavf-xatarda qoladi, rizqi ro`zi qiyiladi, degan fikrda bo`ladilar. Bu esa, musulmonlikka hech to`g`ri kelmaydigan noto`g`ri fikrdir. Alloh taolo hech qachon O`zining yo`lida hijrat qilgan bandasini chorasiz holda tashlab qo`ymaydi. Unga xavf-xatarlardan asraydigan panohgohlar ato qiladi va rizqini keng qilib qo`yadi. Ko`pgina kishilar hijratdan keyin oliy darajalarga, keng rizqlarga erishgani tajribadan ma'lum. Odamlarni hijratdan to`sib turadigan narsalardan biri o`limdan qo`rqishdir. Aslida esa, avval o`tgan oyatlarda ta'kidlanganidek, o`lim joy tanlamaydi. Vaqti-soati yetganda, muhojir ham, muqim ham o`laveradi. Ammo u o`lim bilan bu o`limning farqi bor. Muhojirlikda o`lishning baxtiga nima yetsin!)","Yer yuzida javlon urganingizda, kufr keltirganlar sizga fitna qilishidan xavf qilsangiz, namozni qasr qilib ado etmog`ingizda gunoh yo`qdir. Albatta, kofirlar sizga ochiq dushmandirlar.","Ular ichida bo`lsang-u, namoz ado qilmoqchi bo`lsang, ulardan bir toifasi sen bilan tursin va silohlarini o`zlari bilan olsinlar. Sajda qilganlaridan keyin orqangizga o`tsinlar. Namoz o`qimagan boshqa toifa kelib, sen bilan namoz o`qisin. Ehtiyot bo`lib, silohlarini o`zlari bilan olsinlar. Silohlaringiz va matohlaringizdan g`ofil bo`lsangiz, kufr keltirganlar ustingizdan birdan hamla qilishni istarlar. Yomg`irdan ozor yetsa yoki bemor bo`lsangiz, silohlaringizni qo`ymog`ingizda gunoh yo`qdir. Hushyor bo`linglar! Albatta, Alloh kofirlarga xorlovchi azob tayyorlagandir.[1]###[1] (Ushbu oyati karima bilan tanishganda, namozga naqadar katta e'tibor borligi darhol anglab yetiladi. O`ylab ko`ring-a: urush bo`lib tursa, har bir insonning hayoti qil ustida tursa-da, yana namoz o`qishga amr bo`lsa! Urush paytida o`qiladigan namoz «Xavf namozi», deb ataladi. Demak, jihodga chiqqan mujohidlar bu holda ikkiga bo`linishadi. Bir toifalari imom bilan namoz o`qiydi, ikkinchi toifa namoz o`qimay, qo`riqchilik qilib turadi. Imom birinchi toifa bilan birinchi rakaatni o`qib bo`lgandan so`ng turib orqaga qo`riqchilikka o`tadi. Qo`riqchilik qilib turgan ikkinchi toifa kelib imom bilan ikkinchi rakaatni o`qiydi. Oyatda shu joygacha zikr etilgan. Namozning davomi Payg`ambarimiz alayhissalomning sunnatlarida kelgan. Ikkinchi rakaat tamom bo`lishi bilan imom salom beradi. Chunki u ikki rakaatni tamom o`qidi. Keyin birinchi toifa kelib ikkinchi rakaatni har kim o`zi o`qib salom beradi. Ikkinchi rakaatni imom bilan o`qigan va yana qorovullikka o`tgan ikkinchi toifa birinchi toifadan keyin qolgan bir rakaat namozini yakka-yakka o`qib salom beradi. Bunday namozni ado etish davomida musulmonlar hushyor bo`lishlari va silohlarini o`zlari bilan birga tutishlari qayta-qayta tayinlanmoqda. Kofirlarning yomonliklaridan bexabar qolmanglar, deb ogohlantirilmoqda.)","Namozni ado etganingizdan so`ng, Allohni turgan, o`tirgan va yonboshlagan holingizda eslang. Xotirjam bo`lganingizda namozni to`liq ado eting. Albatta, namoz mo`minlarga vaqtida farz qilingandir.[1]###[1] (Har vaqtda ham, har namozdan keyin ham Allohni zikir etish targ`ib qilinadi. Ammo bu oyati karimada bu ish xavf namozidan keyin, ayniqsa, zarur ekani ta'kidlanmoqda. O`tirganda ham, turganda ham, yonboshlaganda ham, ya'ni hamma holatlarda Alloh taoloni zikr qilib, undan dushman bilan bo`ladigan jangda g`alaba-nusrat so`raladi.)","U qavmni quvishda bo`sh kelmang. Agar alam chekayotgan bo`lsangiz, ular ham siz alam chekayotganingizdek alam chekmoqdalar. Siz esa, Allohdan ular umid qilmagan narsani umid qilmoqdasiz. Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.","Albatta, Biz senga kitobni haq ila odamlar orasida senga Alloh ko`rsatganicha hukm qilishing uchun tushirdik. Sen xoinlarning yonini oluvchi bo`lma!","Allohga istig`for ayt! Albatta, Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.","O`z jonlariga xiyonat qiladiganlarni mudofaa qilma. Albatta, Alloh xiyonatchi va gunohkor bo`lgan kimsani xush ko`rmas.[1]###[1] (Alloh taolo bu oyatda To`'ma ibn Ubayraq va uning qarindoshlarini «o`z jonlariga xiyonat qilganlar», deb vasf qilmoqda. Aslida, ular yahudiy shaxsga xiyonat qilgan, o`g`rilik aybini unga ag`dargan edilar. Lekin bu ishning yomonligi ularga qaytishi e'tiboridan o`zlariga xiyonat qilgan hisoblanadi. O`g`rilik qilish — gunohkorlik, aybni nohaqdan birovga ag`darish esa, xiyonatdir.)","Odamlardan yashirarlar va Allohdan yashira olmaslar. Holbuki, U O`zi rozi bo`lmaydigan gapni xufyona kelishayotganlarida ham ular ila birgadir. Va Alloh ular qilayotgan amallarni ihota qiluvchi Zotdir.","Hoy, sizlar! Bu hayoti dunyoda ularning yonini oldingiz. Qiyomat kunida Alloh oldida ularning yonini kim oladir yoki kim ularga vakil bo`ladir?!","Kim yomonlik qilsa yoki o`ziga zulm etsa, so`ngra Allohga istig`for aytsa, Allohni mag`firatli va rahimli Zot topadir.","Kim gunoh qilsa, uni faqatgina o`z zarariga qiladir. Va Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.[1]###[1] (Birovning gunohi uchun boshqa birov javobgar bo`lmaydi. Har kim o`z qilmishi uchun javobgar bo`ladi. Alloh hamma narsani bilib turadi, jumladan, gunohkorlarning gunohlarini ham bilib turadi. O`sha bilishga binoan gunohkorni jazolashi uning har bir narsani hikmat bilan qilishligidandir.)","Kim xato yoki gunoh qilsa-yu, so`ngra uni beaybga ag`darsa, shubhasiz, bo`hton va ochiq gunohni o`z bo`yniga olibdir.","Agar senga Allohning fazli va rahmati bo`lmaganida, ulardan bir toifasi seni adashtirishga uringan edilar. Ular faqat o`zlarini adashtiradilar, xolos. Senga hech zarar yetkaza olmaslar. Alloh senga kitobni va hikmatni tushirdi hamda bilmagan narsangni bildirdi. Va senga Allohning fazli ulug` bo`ldi.[1]###[1] (Ya'ni, Alloh taolo O`z fazli va marhamati ila oyatlar tushirib, haqiqatni bayon qilmaganida, To`'ma ibn Ubayraqning qavmi, uni odamlar oldida oqlashni talab qilib, aybni yahudiy shaxsga ag`darib, Payg`ambarni adashtirishga urinib qolgan edilar. Ammo bu ishlari bilan ular o`zlarini adashtiradilar, xolos. Har qancha urinsalar ham Payg`ambar alayhissalotu vassalomga zarar yetkaza olmaydilar. Alloh doimo O`z Payg`ambarini saqlaydi. Mazkur hodisada noqulaylikdan saqlab qolgani o`ziga xos fazlu karamdir. Lekin asosiy fazli va haqiqiy marhamati: «Alloh senga kitobni (Qur'onni) va hikmatni (sunnatni) tushirdi hamda bilmagan narsangni bildirdi. Va (shu bilan) senga Allohning fazli ulug` bo`ldi».)","Ularning ko`pgina maxfiy suhbatlarida yaxshilik yo`q, magar kim sadaqaga, yaxshilikka va odamlar orasida islohga amr qilsagina, yaxshilik bor. Kim o`sha ishni Allohning roziligi uchun qilsa, albatta, unga ulug` ajr berurmiz.","Kim o`ziga hidoyat ravshan bo`lgandan keyin Payg`ambarga xilof qilsa va mo`minlarning yo`lidan boshqa yo`lga yursa, ketgan tomonga qo`yib qo`yamiz va jahannamga kiritamiz. U qandoq ham yomon joy![1]###[1] (Bu oyati karimada To`'ma ibn Ubayraqning qarindoshlaridan Bashir ibn Ubayraqqa ishora qilinmoqda. U Bani Ubayraqni fosh qiluvchi oyatlar nozil bo`lganidan so`ng murtad bo`lib (dindan chiqib), mushriklarga qo`shilib ketgan edi. Garchi ishora ma'lum bir shaxsga bo`lsa ham, hukm umumiydir. Kim Payg`ambar alayhissalotu vassalomga xilof qilsa, u kishining yo`lidan boshqa yo`lga yursa, kofir, mushrik va murtad bo`ladi. Kim mo`minlarning yo`lidan boshqa yo`lni tanlasa, o`sha yo`lidan yuraversin, Alloh uni ketgan tomoniga yurgazib qo`yaveradi. Ammo oxiri olib borib jahannamga kiritadi. Jahannam qanday joyligini esa, hamma biladi.)","Albatta, Alloh O`ziga shirk keltirilishini kechirmas. Undan boshqani, kimni xohlasa, kechirur. Kim Allohga shirk keltirsa, shubhasiz, qattiq adashgan bo`lur.","Ular Undan boshqa faqat ayol sanamlarga ibodat qilurlar va faqat bebosh shaytonga ibodat qilurlar.[1]###[1] (Ya'ni, arab mushriklari Allohdan boshqa, faqat ayol-sanamlarga ibodat qiladilar. Johiliy arablarning buzuq e'tiqodlari bo`yicha, farishtalar Allohning qizlari hisoblanar edi. Ular shuning uchun ham butlarini ayol kishi shaklida yasashar va ularga ayollarning ismini berishar edi.)","Alloh uni la'natladi. U esa: «Qasamki, bandalaringdan ma'lum nasibani olaman.","Ularni adashtiraman, xomxayollariga solaman, ularga amr qilsam, chorvalarning quloqlarini kesarlar va ularga amr qilsam, Allohning yaratganini o`zgartirarlar», dedi. Kimki Allohni qo`yib shaytonni do`st tutsa, batahqiq, ochiq-oydin ziyonga uchraydir.[1]###[1] (Ya'ni, Alloh shaytonni la'natladi, O`z rahmatidan quvdi. Shayton esa, quvilayotgan paytda: «Qasamki, bandalaringdan ma'lum nasibani olaman», dedi. Meni shularning sababidan la'natlayapsan, men bulardan ma'lum miqdorni o`z yo`limga chiqarib, kufr va isyonga chorlayman, dedi. Ya'ni, bandalaringni to`g`ri yo`ldan — Sening yo`lingdan adashtiraman va ularni xom xayollarga solaman — umrimiz uzun bo`ladi, maza qilib yuramiz, qayta tirilish ham, hisob-kitob ham, qiyomat ham yo`q, deb yuraveradigan qilib qo`yaman, deydi.)","U ularga va'da berur va xomxayollarga solur. Shayton ularga g`ururdan boshqa narsani va'da qilmas.","Ana o`shalarning joylari jahannamdir. Va undan qutulish yo`lini topa olmaslar.","Iymon keltirib, yaxshi amallarni qilganlarni ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiriturmiz. Unda abadiy — bardavom qolurlar. Allohning va'dasi haqdir. Allohdan rostgo`yroq zot bormi?[1]###[1] (Bandaning jannatga kirishi uchun iymon va yaxshi amallar bo`lishi shart. Iymonsiz holda qilingan har qancha yaxshi amallarning foydasi bo`lmaydi. Iymoni bo`lib turib yaxshi amallarni qilgan bandalar faqat jannatga kirish bilan kifoyalanib qolmaydilar. Balki jannatda abadiy — bardavom qoladilar. Bu esa, shaytonning do`stlari do`zaxda abadiy — bardavom qolishlarining muqobiligadir.)","Sizlarning xomxayolingizcha ham emas, ahli kitoblarning xomxayolicha ham emas. Kim yomonlik qilsa, uning jazosini tortadir. Va o`ziga Allohdan o`zga do`st ham, yordamchi ham topa olmas.","Erkakmi, ayolmi — kim mo`min bo`lgan holda yaxshiliklar qilsa, ana o`shalar jannatga kirurlar va ularga qilcha ham zulm qilinmas.[1]###[1] (Yaxshi amallarning mukofotini berishda erkagu ayoldan barobar iymon shart qilinib qo`yiladi. Iymon bo`lmasa, bo`lmaydi. Iymoni bo`lib turib, yaxshi amallarni qilgan har bir erkagu ayol, kim bo`lishidan qat'iy nazar, jannatga kiradilar. Ularga bu dunyoda qilgan amallarining mukofotini qilicha ham qoldirilmay beriladi.)","Yaxshilik qiluvchi bo`lgan holida yuzini Allohga taslim qilgan va Ibrohimning to`g`ri diniga ergashgan kimsaning dinidan ham yaxshiroq din bormi? Va Alloh Ibrohimni do`st tutgan edi.[1]###[1] (Ushbu oyatdagi savol bir narsani bilish uchun berilayotgan savol emas. Balki bor narsani iqror qilish uchun aytilayotgan tasdiq savolidir. Qilgan yaxshi amalning qabul bo`lishiga iymon qanchalik shart bo`lsa, ixlos ham (ya'ni, ishni Allohning roziligi uchun ixlos bilan ado etish) shunchalik shartdir. Ibrohim alayhissalomning millati — dini Islom edi. Alloh taolo boshqa oyatlarda ham bu haqiqatni bayon etgan. Demak, oyatda Islomdan o`zga haqiqiy din yo`q, deyilmoqda va bu dinga odamlarni yanada qiziqtirish uchun Ibrohim alayhissalomni Alloh taolo O`ziga do`st tutganini ta'kidlamoqda.)","Osmonlaru yerdagi narsalar Allohga xosdir va Alloh har bir narsani ihota qilgan Zotdir.","Sendan ayollar haqida fatvo so`rarlar. «Alloh sizga ular haqida va kitobda tilovat qilinadigan, siz ularga tayin qilingan narsani bermay nikohiga rag`bat qilganingiz ayollar haqida, zaifhol bolalar haqida va yetimlarga adolat qilmog`ingiz haqida fatvo beradir», deb ayt. Alloh qilgan har bir yaxshiligingizni biluvchi Zotdir.","Agar ayol kishi o`z eridan nafrat va yuz o`girish sodir bo`lishidan qo`rqsa, ikkovlari o`zaro sulhga kelishishlarida gunoh yo`q. Sulh yaxshidir. Nafslar qizg`anishga hozirdir. Agar yaxshilik va taqvo qilsangiz, albatta, Alloh nima qilayotganingizdan xabardor Zotdir.[1]###[1] (Oilada turli sabablarga ko`ra, erda xotiniga nisbatan nafrat paydo bo`lishi mumkin. Natijada er xotinidan ajralmoqchi yoki undan yuz o`girib, taloq ham qilmay, muomala qilmay tashlab qo`ymoqchi. Xotin eridan ajrashni xohlamasa, yarashishga urinadi. Erning nafratiga yoki yuz o`girishiga sabab bo`lgan ishlarni bartaraf etish bilan uni rozi qilib, ajralmay qolishga tirishadi. Jumladan, xotinidan nafratlanib, uni taloq qilmoqchi bo`lgan yoki yuz o`girib, tek tashlab qo`ymoqchi bo`lgan erkak o`sha xotinning ajrashish istagi yo`qligini bilgach, unga yaxshilik qilib, taqvo yuzasidan o`zi bilan olib qolsa, yaxshi bo`ladi. Alloh unga ajr va savob beradi.)","Agar rosa harakat qilsangiz ham, xotinlar o`rtasida adolatli bo`la olmassizlar. Bir yo`la moyil bo`lib ketib, (ba'zisini) muallaqqa o`xshatib qo`ymang. Agar isloh va taqvo qilsangiz, albatta, Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.[1]###[1] («Xotinlar o`rtasida adolat» ko`p xotinli erning xotinlariga nisbatan qalbidagi muhabbati borasidadir. Ya'ni, ko`nglingizda muhabbati o`rnashgan ba'zi xotiningizga bir yo`la moyil bo`lib ketib, xotinlaringizning ba'zisini muallaq ayolga o`xshatib qo`ymang. «Muallaq ayol» deb xotin bo`lib xotin emas, boshi ochiq bo`lib, boshi ochiq emas, arosat bir holda qolgan ayolga aytiladi. Bunday muallaqlik azob, shuning uchun oyati karima erni bu masalada adolatli bo`lishga chorlamoqda. Ko`p xotinli er yaxshi ko`rgan xotini bilan doimo birga bo`lib, boshqasini tark etsa, shariatga hech to`g`ri kelmaydi.)","Agar ajrashsalar, Alloh O`z fazlidan har birini behojat qilur. Alloh fazli keng va hikmatli Zotdir.","Osmonlaru yerdagi narsalar Allohnikidir. Batahqiq, Biz sizdan oldin kitob berilganlarga ham, sizga ham: «Allohga taqvo qilinglar», deb vasiyat qildik. Agar kufr keltirsangiz, albatta, osmonlaru yerdagi narsalar Allohnikidir. Va Alloh behojat va maqtalgan Zotdir.","Osmonlaru yerdagi narsalar Allohnikidir. Vakil bo`lishga Alloh kifoyadir.","Agar U Zot xohlasa, ey odamlar, sizlarni ketkazib, boshqalarni keltirur. Va Alloh bunga qodir bo`lgan Zotdir.[1]###[1] (Agar Alloh xohlasa, bir zumda hamma odamlarni bu dunyodan yo`q qilib, ularning o`rniga O`ziga iymon keltiradigan, aytganidan chiqmay yuradigan, yangi boshqa bir odamlarni keltirib oladi. Alloh bu ishga va bundan ham kattalariga qodirdir.)","Kim bu dunyo savobini istasa, bilsinki, Allohning huzurida ham bu dunyoning, ham u dunyoning savobi bordir. Va Alloh eshituvchi va ko`ruvchi Zotdir.","Ey, iymon keltirganlar! Adolat ila turing hamda agar o`zingiz, ota-onangiz va qarindoshlaringiz ziddiga bo`lsa ham, Alloh uchun to`g`ri guvohlik beruvchi bo`ling. Agar u boy bo`lsa ham, kambag`al bo`lsa ham, Alloh unga yaqinroqdir. Havoyi nafsga ergashib, adolatsizlik qilmang. Agar tilingizni bursangiz yoki yuz o`girib ketsangiz, albatta, Alloh nima qilayotganingizdan xabardordir.[1]###[1] (Demak, guvohlik Alloh uchun bo`lishi kerak. Boshqa narsa uchun emas. Biror shaxs uchun emas, qabila uchun emas, hizb yoki xalq uchun emas. Ana shundagina adolatli guvohlik bo`ladi. Albatta, odamning o`ziga qarshi guvohlik berishi, ota-onasi yoki qarindosh-urug`iga qarshi guvohlik berishi oson emas. Bu ish gapirishga oson, xolos. Lekin ilohiy ta'limot shuni iroda qiladi. Ana shundagina haqiqiy adolat yuzaga chiqishi mumkin.)","Ey, iymon keltirganlar! Allohga, Uning Rasuliga, U O`z Rasuliga tushirgan kitobga va bundan oldin tushirgan kitobga iymon keltiring. Kim Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, Payg`ambarlariga va oxirat kuniga kufr keltirsa, batahqiq, qattiq adashgan bo`ladi.","Albatta, iymon keltirganlaridan keyin kufr keltirganlar, so`ngra iymon keltirib yana kufrga ketgan va kufrida ziyoda bo`lganlarni Alloh mag`firat qilmas va to`g`ri yo`lga hidoyat etmas.[1]###[1] (Iymon bilan kufr orasida borib-kelib, borib-kelib, oxiri kufrda ziyoda bo`layotganlar — munofiqlardir. Agar inson kofir bo`lib yurib keyin iymonga kelsa, uning iymoni kofirligini yuvib ketadi. Iymonga kelgandan keyingi davrdan boshlab hisob-kitobi boshlanadi.)","Munofiqlarga ularga albatta alamli azob bo`lishining bashoratini ber.","Ular mo`minlarni qo`yib, kofirlarni do`st tutadiganlardir. Ularning oldida izzat, kuch-qudrat izlaydilarmi? Albatta, izzat, kuch-qudratning barchasi Allohning huzuridadir.","Batahqiq, sizlarga kitobda: «Allohning oyatlariga kufr keltirilgan va ularni istehzo qilingan chog`da, boshqa gapga o`tmagunlaricha, ular bilan o`tirmanglar», deb tushirdi. Agar o`tirsangiz, siz ham ularga o`xshashsiz. Albatta, Alloh munofiq va kofirlarning hammasini jahannamda jamlovchidir.[1]###[1] (Alloh taolo kitobda, ya'ni Qur'oni Karimda mo`minlarga Allohning oyatlari haqida kufr va istehzo gaplar bo`layotgan majlisda o`tirmaslikka amr qilgan edi. Bu amr Makkai Mukarramada nozil bo`lgan al-An'om surasida kelgan. Chunki mo`min kishining bu kabi majlislarda jim o`tirishi munofiqlikning boshlanishidir. Har bir mo`min Alloh, Islom, Payg`ambar alayhissalotu vassalom va Qur'on kabi mo`'tabar tushunchalar haqida yomon, axloqsiz gap-so`zlarni eshitgan chog`ida qarshi chiqmoqqa, hattoki to`g`rilamoqqa burchlidir. Kimki bunday hollarda jim o`tirsa, munofiqlik yo`liga qadam qo`ygan bo`ladi.)","Ular sizlarni kuzatib tururlar. Sizlarga Alloh tomonidan fath bo`lsa: «Sizlar bilan birga emasmidik?!» derlar. Agar kofirlarga nasiba bo`lsa: «Sizlarga ustun kelib, mo`minlardan himoya qilmadikmi?» derlar. Alloh qiyomat kuni ular orasida hukm qilur. Alloh hargiz kofirlarga mo`minlar ustidan yo`l bermas.[1]###[1] (Munofiq har doim munofiqligini qiladi. Iymon masalasidaki ikkiyoqlamalik qilgandan keyin, boshqa masalalarda bundan battar bo`ladi. Ular doimo iymon va kufr, mo`minlar va kofirlar orasida tarozining pallasi qayoqqa og`ishini kuzatib turadilar.)","Albatta, munofiqlar Allohni aldamoqchi bo`lurlar. Holbuki, Alloh ularni «aldovchi»dir. Agar namozga tursalar, dangasalik bilan, xo`jako`rsinga tururlar va Allohni kamdan-kam zikr qilurlar.","Ular orada sarsondirlar. Na anavilarga qo`shila oladirlar va na manavilarga qo`shila oladirlar. Alloh kimni yo`ldan adashtirsa, hargiz unga yo`l topa olmassan.","Ey, iymon keltirganlar! Mo`minlarni qo`yib, kofirlarni do`st tutmang. Allohning huzurida o`z ziddingizga ochiq hujjat qilishni xohlaysizmi?![1]###[1] (Mo`minni qo`yib, kofirni do`st tutish ham bir navi hujjatdirki, oxiratda bu hujjat ularning zararlariga ishlaydi va Alloh ularni shu hujjat asosida azoblaydi.)","Albatta, munofiqlar do`zaxning eng ostki qavatidadirlar va hargiz ularga bir yordamchini topa olmassan.[1]###[1] (Islom dini uchun munofiqlar kofirlardan ham zararli va xavflidirlar. Shuning uchun oxiratda ham ular kofirlardan-da ko`ra qattiqroq azobga duchor bo`ladilar. Do`zaxning eng qa'riga — eng ostki qavatiga tashlanadilar. Bu joyni oyatda «ad-Darkul asfali» deyilgan.)","Magar tavba qilib, solih amallar qilgan, Allohni mahkam ushlagan va Alloh uchun dinga ixlos qo`yganlar — ana o`shalar mo`minlar ila birgadirlar. Alloh, albatta, mo`minlarga ulug` ajr berur.","Agar shukr qilsangiz va iymon keltirsangiz, Alloh sizni azoblab nima qiladir?! Alloh Shakur(oz amal uchun ko`p savob beruvchi) va biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Alloh taolo noshukr va kofir bandalarni nima uchun azoblaydi? Ularni azoblashdan bir foyda topadimi? Yoki ularni azoblashdan lazzat oladimi? Albatta, Alloh noshukr va iymonsizlarni azoblashdan hech foyda topmaydi va ularni azoblashdan lazzat ham olmaydi. Bu azobning asosiy sababi bandaning shukr qilmagani va iymon keltirmaganidir. Noshukr va iymonsiz bu dunyoda azoblansa, qilgan xatosi evaziga, to`g`ri yo`lga qaytsin, deb qilinadi. Uni oxiratda azoblash esa, noshukrligi va kofirligining jazosidir. Aslida, «Alloh shukr qiluvchi va biluvchi Zotdir». Ya'ni, shukr qilgan bandalaridan rozi bo`ladi va ularga ulug` ajrlarni beradi.)"]