["Alloh yomon gapni oshkor qilishni xush ko`rmas. Magar mazlumdan bo`lsa, mayli. Alloh eshituvchi va biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Qalbida taqvosi, vijdonida hassoslik bo`lmagan odam har qanday yomon so`zni osongina oshkora qiladi, atrofga yoyadi. Yomon gapni oshkor qilish ikki odamning bir-birini so`kishidan, yomonlashidan va g`iybat-bo`hton qilishidan boshlanadi. So`ngra asta-sekin kattalashib, jamiyatni halokat jari yoqasiga olib keladi. Shuning uchun ham Islom jamiyatida yomon so`zni oshkor qilish qat'iyan taqiqlanadi. Faqat bir toifaga — mazlumga ruxsat. Shunda ham, mazlum inson o`z ustidagi zulmni ko`tarishi uchungina izn beriladi. Jumladan, zolimning zulmidan jamiyatni xabardor etish uchun mazlumgina yomon gapni oshkor qilishi mumkin.)","Agar yaxshilikni oshkora yoki maxfiy qilsangiz yoki yomonlikni afv etsangiz, albatta, Alloh afvli va qodir Zotdir.","Albatta, Allohga va Uning Payg`ambarlariga kufr keltiradiganlar va Alloh ila Payg`ambarlari orasida ayrimchilikni iroda qiladiganlar hamda ba'zilariga iymon va ba'zilariga kufr keltiramiz, deb ana o`shanday ora yo`lni tutishni xohlaydiganlar.","Ana o`shalar, haqiqiy kofirlardir. Va kofirlarga xorlovchi azobni tayyorlab qo`yganmiz.","Allohga va Uning Payg`ambarlariga iymon keltirganlarga va ularning birortasini ham ayirmaganlarga — ana o`shalarga ajrlarini albatta berurmiz. Va Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.","Ahli kitoblar sendan ularga osmondan kitob tushirib berishingni so`rarlar. Musodan bundan ham katta narsani so`raganlar — «Bizga Allohni oshkora ko`rsat», deganlar. Bas, zulmlari tufayli ularni chaqmoq urdi. So`ngra, ularga ochiq-oydin bayonotlar kelganidan keyin buzoqni (xudo qilib) oldilar. Bas, Biz buni ham afv qildik va Musoga ochiq-oydin sulton berdik.","Va ahdnomalariga muvofiq, ustilariga Turni ko`tardik va ularga: «Eshikdan egilib kiringlar» hamda «Shanba kuni haddingizdan oshmang», dedik. Va ulardan mustahkam ahdnoma oldik.[1]###[1] (Ya'ni, yahudiylar shariatga yurmaganlari holda, nima qilsang rozimiz, deb ahd bergan edilar. Xuddi o`sha ahdnomalariga muvofiq Alloh taolo ularni qo`rqitish uchun tepalariga Tur tog`ini olib kelib qo`ydi. Yahudiylar nochor holda qoldilar. Agar tavba qilmasalar, Allohning aytganiga kirmasalar, ustilaridagi tog` ularni bosib qo`yishi aniq edi. Ammo yahudiylar yana yahudiyliklarini qildilar. O`zlarini xavfdan holi sezishlari bilan darhol ahdnomani buzdilar. Baytul Maqdisga tavozu' bilan egilib emas, ketlari bilan surilib kirdilar va shanba kuni baliq ovlashga hiyla o`ylab chiqardilar. Bas, ushbu qilgan gunohlari va boshqa (kelasi oyatlarda zikr qilinadigan) ayblari uchun Alloh taolo ularni la'natladi.)","Ahdnomalarini buzganlari, Allohning oyatlariga kufr keltirganlari, Payg`ambarlarni nohaqdan o`ldirganlari, «qalblarimiz berk» deganlari uchun. Yo`q! Balki, kufrlari sababli Alloh qalblariga muhr bosgan, ozginalaridan boshqasi iymon keltirmaslar.","«Va kufrlari, Maryamga qarshi ulkan bo`hton aytganlari uchun».","«Biz Allohning Rasuli Masiyh Iyso ibn Maryamni o`ldirdik», deganlari uchun (ularni la'natladik). Holbuki, uni o`ldirmadilar ham, osmadilar ham, lekin ularga shunday tuyuldi. U haqida ixtilofga tushganlar uning o`limidan shak-shubhadadirlar. U to`g`risida ularning bilimlari yo`q, magar gumonga ergasharlar. Uni o`ldirmaganlari aniqdir.[1]###[1] («Alloh taolo Iyso ibn Maryamni ochiq-oydin alomatlar va hidoyat ila payg`ambar qilib yuborganida yahudiylar u zotga berilgan payg`ambarlik va mo`'jizalarga hasad qildilar. Yahudiylar esa, u kishini yolg`onchiga chiqardilar, xilof qildilar va imkoni boricha u zotga ozor berishga o`tdilar.)","Balki, uni Alloh O`ziga ko`tardi. Alloh aziyz va hakiym bo`lgan Zotdir.","Hech bir ahli kitob yo`qki, unga o`limidan oldin iymon keltirmasa. Qiyomat kuni esa, u ularning ziddiga guvoh bo`lur.[1]###[1] (Ulamolarimiz bu oyati karimaning ma'nosida ikki xil fikr aytganlar. Bunga oyatdagi «o`limidan oldin» iborasi sabab bo`lgan. Ba'zilari, bu yerda Iysoning o`limi nazarda tutilgan, desalar, ba'zilari, ahli kitobning o`limi nazarda tutilgan deydilar. Birinchi toifaning gapiga binoan oyatning ma'nosi bunday: Iyso alayhissalom qiyomat yaqinlashganda tushganlarida ahli kitoblardan hech kim qolmay, u kishi o`lishlaridan oldin u zotga iymon keltiradi. Ikkinchi toifa olimlarning tafsirlariga ko`ra esa, har bir ahli kitob o`z o`limidan oldin, albatta, Iyso alayhissalomga iymon keltiradi. Ya'ni, har bir yahudiy ham o`z o`limidan oldin, albatta, Iyso alayhissalomga iymon keltiradi. Ammo bu foyda bermaydigan iymon bo`ladi. Shuning uchun ham Iyso alayhissalom «Qiyomat kuni... ular(ning) ziddiga guvoh bo`lur».)","Yahudiy bo`lganlarga, ularning zulmi, Allohning yo`lidan ko`p to`sganlari uchun, o`zlariga halol qilingan narsani harom qildik.","Va qaytarilgan bo`lsalar ham, ribo olganliklari va odamlarning mollarini botil yo`l bilan yeganlari uchun. Va ularning kofirlari uchun alamli azobni tayyorlab qo`ydik.","Lekin, ulardan ilmda mustahkam bo`lganlari va mo`minlari senga nozil bo`lgan narsaga va sendan oldin nozil bo`lgan narsaga iymon keltirurlar. Xususan, namozni qoim qiluvchilar, zakot beruvchilar, Allohga va oxirat kuniga iymon keltiruvchilar ham. Ana o`shalarga albatta ulug` ajr berurmiz.","Biz senga xuddi Nuh va undan keyingi Payg`ambarlarga vahiy yuborganimizdek vahiy yubordik. Biz Ibrohim, Ismoil, Is'hoq, Ya'qub, asbot, Iyso, Ayyub, Yunus, Horun va Sulaymonga vahiy yubordik. Dovudga esa Zaburni berdik.[1]###[1] (Demak, hamma payg`ambarlarga vahiy yuborayotgan, ularni bandalar ichidan tanlab olayotgan Zot bitta. Mazkur payg`ambarlarga vahiy yuborgan o`sha Zot Muhammad alayhissalomga ham vahiy yuborgan. Mazkur kishilarni payg`ambar qilib tanlab olgan o`sha zot Muhammad alayhissalomni payg`ambar qilib tanlab olgandir. Dovud alayhissalomga Zaburni bergan bo`lsa, Muhammad alayhissalomga Qur'onni bergandir.)","Va Biz senga bundan oldin qissalarini aytib bergan va qissalarini aytib bermagan Payg`ambarlarni yubordik. Va Alloh Muso ila o`ziga xos gaplashdi.[1]###[1] (Qur'oni Karimda nomlari zikr qilingan payg`ambarlar quyidagilar: Odam, Idris, Nuh, Hud, Solih, Ibrohim, Lut, Ismoil, Is'hoq, Ya'qub, Yusuf, Ayyub, Shuayb, Muso, Horun, Yunus, Dovud, Sulaymon, Ilyos, al-Yasa', Zakariyo, Yahyo, Zul-Kifl, Iyso va Muhammad alayhissalomlardir. Qur'oni Karimda nomlari zikr qilinmagan payg`ambarlar haqidagi eng ishonchli ma'lumot Ibn Murdavayhi Abu Zarr al-G`iforiy roziyallohu anhudan qilgan rivoyatda kelgan, u kishi aytadilarki: «Ey Allohning Rasuli, payg`ambarlar qancha?» deb so`radim. U zot alayhissalotu vassalom: «Bir yuz yigirma to`rt mingta», dedilar. «Ey Allohning Rasuli, ulardan qanchasi Rasullar?» dedim. U zot: «Uch yuz o`n uchtasi, ko`pchilik», dedilar.)","Bashorat beruvchi va ogohlantiruvchi Payg`ambarlarni Alloh huzurida odamlarga Payg`ambarlardan so`ng hujjat bo`lmasligi uchun yubordik. Va Alloh aziyz va hakiym bo`lgan Zotdir.","Lekin Alloh senga nozil qilgan narsasi ila guvohlik beradir. Uni O`z ilmi ila nozil qildi. Farishtalar ham guvohlik berurlar. Guvohlikka Allohning O`zi kifoya qilur.","Kufr keltirgan va Allohning yo`lidan to`sganlar, batahqiq, qattiq adashgandirlar.","Albatta, kufr keltirganlar va zulm qilganlarni Alloh zinhor mag`firat qilmas va yo`lga hidoyat ham qilmas.","Magar jahannam yo`liga (hidoyat qilur) va unda abadiy qolurlar. Bu, Alloh uchun osondir.","Ey odamlar! Batahqiq, sizlarga Robbingizdan haq ila Payg`ambar keldi. Bas, iymon keltiring, o`zingizga yaxshi bo`ladir. Agar kufr keltirsangiz, albatta, osmonlaru yerdagi narsalar Allohnikidir. Va Alloh biluvchi va hikmatli Zotdir.","Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmang va Alloh haqida haqdan boshqani aytmang. Albatta, Masiyh Iyso ibn Maryam Allohning Payg`ambari, Maryamga ilqo qilgan kalimasi va Undan bo`lgan ruhdir. Bas, Allohga va Uning Payg`ambarlariga iymon keltiring. Uni uchta demang. To`xtang, o`zingizga yaxshi bo`ladi. Albatta, Alloh yagona ilohdir, o`zga emas. U O`zining bolasi bo`lishidan pok bo`ldi. Osmonlardagi narsalar va yerdagi narsalar Unikidir. Vakillikka Allohning O`zi kifoya qilur.[1]###[1] (Islom dini insoniyatning aqidasini to`g`ri yo`lga solishga kelgan. Bu o`rinda nasorolarning aqidasini to`g`rilamoqda. Ma'lumki, nasroniy dini yangiligi vaqtida aqida to`g`ri bo`lgan. Lekin zamon o`tishi bilan bu aqida asta-sekin buzila borgan. Milodiy oltinchi asrga kelib, Rim imperatorlarining tazyiqi ostida nasroniy aqidasi tamoman buzilib bo`lgan edi. Nasorolar o`z dinlarida haddan oshib ketdilar. Allohning bandasi va payg`ambari Iyso alayhissalomni, Allohning o`g`li, dedilar. So`ngra, Alloh uch asldan — ota, o`g`il va muqaddas ruhdan iboratdir, deb da'vo qildilar. Shuningdek, Bibi Maryamni ham ilohlik darajasiga ko`tardilar. Xudoning tabiati haqida bitmas-tuganmas ixtiloflarga tushdilar. Oxiri kelib, o`zlari ham tushunib yetmaydigan aqidaviy mashmashalarga giriftor bo`ldilar. Ularning ushbu va shunga o`xshash ko`plab ishlari dinda g`uluvga ketish — haddan oshish edi.)","Masiyh ham, muqarrab farishtalar ham Allohga banda bo`lishdan zinhor bosh tortmaslar. Kim Uning ibodatidan bosh tortsa va mutakabbirlik qilsa, ularning hammasini O`ziga to`plar.","Iymon keltirib, yaxshi amallarni qilganlarni esa, ajrlarini to`liq qilib berur va O`z fazlidan ziyoda ham qilur. Ammo, or qilib kibrga ketganlarni alamli azob bilan azoblar va ular o`zlari uchun Allohdan o`zga do`st ham, yordamchi ham topmaslar.","Ey odamlar! Sizga Robbingizdan burhon keldi va sizga aniq nurni nozil qildik.[1]###[1] (Bu burhon — Qur'oni Karimdir. Ushbu burhon — Allohning yagonaligining burhonidir. Ushbu burhon — Payg`ambar alayhissalomning haqliklari burhonidir. Ushbu burhon — Islomning ikki dunyo saodatiga eltuvchi din ekanligining burhonidir. Alloh taolo O`z bandalariga rahm etib, ularga ikki dunyo baxtiga erishish dasturi qilib nozil etgan bu Qur'on — aniq nurdir.)","Allohga iymon keltirgan va Uni mahkam tutganlarni, shubhasiz, O`zidan bo`lgan rahmatga va fazlga kiritur va ularni unga — to`g`ri yo`lga hidoyat qilur.","Sendan fatvo so`rarlar. «Alloh sizga kalola haqida fatvo berur», deb ayt. Agar bir odam o`lsa-yu, uning bolasi bo`lmasa, singlisi bo`lsa, unga marhumdan qolganning yarmi berilur. Agar singilning bolasi bo`lmasa, u hamma merosni olur. Agar singil ikkita bo`lsa, ular marhumdan qolganning uchdan ikkisini olurlar. Agar (merosxo`rlar) erkak-ayol birodarlar bo`lsalar, bir erkak ikki ayol hissasi asosida olurlar. Adashmasligingiz uchun Alloh bayon qilmoqda. Alloh har bir narsani biluvchi Zotdir.[1]###[1] («Kalola» nima ekanligi xususida ushbu Niso surasi avvalida bahs qilganmiz.)","Ey, iymon keltirganlar! Ahdnomalarga vafo qiling! Sizga, keyin tilovat qilinadiganlaridan boshqa, chorva hayvonlari halol qilindi, ehromdalik vaqtingizda ovni halol sanamagan holingizda. Albatta, Alloh nimani iroda etsa, shuni hukm qiladir.[1]###[1] (Oyati karimadagi «ahdnomalar» so`zi avvalo, insonning banda sifatida Alloh taolo huzuridagi ahdnomalaridir. Buni iymon ahdnomasi deyiladi va u o`z ichiga Allohning yagona ilohligini, Robbligini va Hokimligini e'tirof etishni, Unga banda bo`lish, itoat qilish va taslim bo`lishni oladi. Bu ahdnomani Alloh taolo birinchi inson Odam atodan boshlab ola boshlagan.)","Ey, iymon keltirganlar! Allohning dini alomatlarini, harom oyni, atalgan qurbonlikni, osilgan belgilarni va Robbilaridan fazl va rozilik tilab Baytul Haromni qasd qilib chiqqanlarni o`zingizga halol hisoblamang. Ehromdan chiqib halol bo`lsangiz, ov qilsangiz, mayli. Masjidul Haromdan to`sgani uchun bir qavmni yomon ko`rishingiz ularga tajovuzkor bo`lishingizga olib bormasin. Yaxshilik va taqvo yo`lida hamkorlik qiling. Gunoh va dushmanlik yo`lida hamkorlik qilmang. Allohga taqvo qiling. Albatta, Alloh iqobi shiddatli Zotdir.","Sizlarga o`limtik, qon, cho`chqa go`shti, Allohdan boshqaning nomi ila so`yilgan, bo`g`ilib o`lgan, urib o`ldirilgan, yiqilib o`lgan, suzib o`ldirilgan, yirtqich yegan hayvonlar harom qilindi. Magar, (o`lmay turib) so`yib olsangiz (halol). Va butlarga so`yilgan hayvonlar ham, cho`plar ila fol ochishingiz ham harom qilindi. Bunday qilmog`ingiz fosiqlikdir. Bugungi kunda kufr keltirganlar diningizga zarar yetkazishdan umid uzdilar. Ulardan qo`rqmanglar, Mendan qo`rqinglar. Bugungi kunda Men sizning diningizni mukammal qilib berdim. Sizga ne'matimni batamom qildim. Va sizga Islomni din deb, rozi bo`ldim. Kimki gunohga moyil bo`lmagan holida ochlikda muztar bo`lsa, albatta, Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Ushbu oyati karimada asli go`shti halol qilingan hayvonlar haqida so`z ketmoqda. Albatta, cho`chqani hisobga olmaganda. Aslida, go`shti harom bo`lgan hayvonlar o`z-o`zidan ma'lum, bahs ular haqida emas. Go`sht tirik hayvondan olinadi. Ana o`sha tirik jonivorni go`shtga aylantirish jarayoni va undagi niyat hamda e'tiqod uning halol yoki haromga aylanishiga sabab bo`ladi. Shuning uchun ham bu jarayonga, ya'ni tirik hayvonni go`shtga aylantirish jarayoniga shariatda alohida e'tibor beriladi. Bu shartlarning boshida hayvonning jonini chiqarish paytida unga jon bergan Allohning nomini zikr qilish turadi. Bu ish qilinmasa, katta ma'naviy jinoyat sodir bo`lgan bo`ladi, shu sababli uning go`shti haromga aylanadi.)","Sendan ularga nima halol qilinganini so`rarlar. Sen: «Sizlarga pok narsalar halol qilindi. Ovchi itlarga o`xshatib, Alloh sizga o`rgatgan narsalardan ularga ham o`rgatgan ovchi hayvonlaringiz sizga tutib bergan narsadan yenglar. Ularga Allohning ismini zikr qilinglar. Allohga taqvo qilinglar. Albatta, Alloh hisobi tezkor Zotdir», deb ayt!","Bugungi kunda sizlarga pok narsalar halol qilindi. Kitob berilganlarning taomi siz uchun haloldir. Sizning taomingiz ular uchun haloldir. Afiyfa mo`minalar va sizdan oldin kitob berilganlardan bo`lgan afiyfalar ham, agar iffatli bo`lgan holingizda, zinokor bo`lmay va o`ynash tutmay mahrlarini bersangiz, sizga haloldir. Kim iymonni inkor qilsa, uning amali behuda ketadi va oxiratda u ziyon ko`ruvchilardan bo`ladir.[1]###[1] (Islomda musulmonlarga ahli kitoblarning so`ygan so`yishlari halol qilingan. Bu oyatda «taom» so`zi qo`llangan, ammo undan ahli kitoblarning barcha taomlari, jumladan, cho`chqa yoki boshqa harom hayvonlarning go`shti, aroqqa o`xshash ichimliklari ham halol ekan-da, deb tushunilmasligi kerak. Bu narsalarning haromligi o`z-o`zidan hammaga ma'lum. Asli o`zi halol bo`lgan boshqa narsalar haqida ham avval aytib o`tildi. Demak, bu yerda gap go`shti asli halol bo`lgan hayvonlar ahli kitoblarning dinlari asosida so`yilgan bo`lsa, halol bo`lishligi haqida ketmoqda.)","Ey, iymon keltirganlar! Namozga turmoqchi bo`lsalaringiz, yuzlaringizni va qo`llaringizni chig`anoqlari ila yuvinglar. Boshlaringizga mas'h tortinglar. Va oyoqlaringizni to`piqlari ila yuvinglar. Agar junub bo`lsalaringiz, poklaninglar. Agar bemor yoki safarda bo`lsalaringiz yoxud birortalaringiz tahoratxonadan kelsa yoki ayollarga yaqinlik qilsa-yu, suv topa olmasalaringiz, bas, pokiza tuproq ila tayammum qilinglar. Undan yuzingizga va qo`llaringizga mas'h tortinglar. Alloh sizlarga qiyinchilik tug`dirishni istamas. Ammo sizlarni poklashni va sizlarga O`z ne'matini batamom qilib berishni istaydir. Shoyadki, shukr qilsangizlar.[1]###[1] (Ushbu oyatlar sinchiklab o`qib-o`rganilsa, Islomning poklik dini, poklik bo`lganda ham, mukammal poklik dini ekanligi yaqqol namoyon bo`ladi. Avvalgi besh oyatda pok narsalarning halol qilingani, musulmonlarga pok taomlar, pokiza ayollar halol qilingani haqida so`z borgan bo`lsa, bu oyatda badan pokligi hamda, eng muhimi, qalb pokligi haqida so`z ketmoqda. Chunki namoz qalbni poklovchi amaldir. Hamma narsa poklikka tayanadi, poklikka qaratilgandir. Xossatan, namoz o`qish uchun nafaqat badan, balki kiyim-bosh va joy ham pok bo`lishi zarur.)","Allohning sizga bergan ne'matini va sizdan olgan ahdini eslang. O`zingiz: «Eshitdik va itoat qildik», degansiz-a?! Va Allohga taqvo qiling. Albatta, Alloh ko`kraklardagi narsani ham bilguvchi Zotdir.[1]###[1] (Insonga Alloh bergan ne'matlarning sanog`iga yetib bo`lmasligini, bu ne'matlarning shukrini ham ado eta olmasligimizni yaxshi bilamiz. Ammo Allohning bizga bergan ne'matlari ichida eng ulug`i iymon — Islom ne'mati ekanini tushunib yetmog`imiz lozim. Bu ulkan ne'matning shukri unga amal qilish bilan bo`lishini ham tushunmog`imiz kerak. Oyatda kelayotgan «miysoq» — ahdnoma esa, Allohning amriga itoat qilish ahdnomasi edi. Bandalar o`zlari iymon keltirib, mo`min-musulmon bo`lganlarida, «eshitdik va itoat qilamiz», deb ahd berishgan edi. Endi ahkomlar keldi. Uni tinglab, o`rgansinlar va itoat qilsinlar. Taqvodor bo`lsinlar. Chunki Allohga iymonsiz, itoatsiz va taqvosiz hayotning mazmuni bo`lmaydi.)","Ey, iymon keltirganlar! Alloh uchun haqda turing, adolatli guvoh bo`ling. Bir qavmni yomon ko`rishingiz sizni ularga nisbatan adolat qilmaslikka olib bormasin. Adolat qiling. Bu taqvoga oid ishdir. Allohga taqvo qiling. Albatta, Alloh qilayotgan amalingizdan xabardor Zotdir.[1]###[1] (Darhaqiqat, o`zi uchun yoki oilasi, qavmi-qarindoshi, millati yoki boshqa e'tiborlar uchun emas, faqat Alloh uchun haqda turish kerak. Bu oson ish emas. Shuningdek, kezi kelganda o`ziga qarshi, hatto ota-onasi, bola-chaqasiga qarshi adolatli guvoh bo`lishga ham to`g`ri keladi. Bunday mo`'jizasifat ishlar faqat iymonning ta'mini totgan, Islomning haqiqatini anglagan kishilardangina sodir bo`ladi.)","Alloh iymon keltirib yaxshi amallarni qilganlarga va'da qildi: Ularga mag`firat va ulkan ajr bo`lur.","Kufr keltirganlar va oyatlarimizni yolg`onga chiqarganlar — ana o`shalar do`zax egalaridir!","Ey, iymon keltirganlar! Allohning sizga bergan ne'matini eslang. Bir qavm sizga qo`l uzatmoqchi bo`lganida, U ularning qo`llarini sizdan qaytargan edi. Va Allohga taqvo qiling. Mo`minlar Allohga tavakkal qilsinlar.[1]###[1] («Musulmonlarga qo`l cho`zmoqchi bo`lgan qavm» kimlar ekanligi haqida turli rivoyatlar bor. Ammo muhaqqiq ulamolarimiz bu qavm Hudaybiya hodisasi paytida Rasululloh sollallohu alayhi va sallamni va musulmonlarni g`aflatda qoldirib, qirib tashlamoqchi bo`lgan mushriklar guruhi ekanini ta'kidlaganlar. Alloh ularga yovuz niyatlariga erishish imkonini bermadi. Ular musulmonlar qo`liga asir tushdilar. Bu, albatta, Alloh tomonidan musulmonlarga berilgan ulkan ne'matdir. Ko`rinib turibdiki, Alloh xohlasa, har qanday holda ham bandasiga ne'mat ato etadi. Ammo banda bunday baxtga erishishi uchun bu inoyatga loyiq bo`lishi lozim. Bu esa, yana taqvo bilan bo`ladi.)","Batahqiq, Alloh Bani Isroildan ahdnoma oldi. Ulardan o`n ikkitasini naqib qilib yubordik. Va Alloh: «Albatta, Men sizlar bilanman. Agar namozni qoim qilsangiz, zakotni bersangiz, Payg`ambarlarimga iymon keltirsangiz, ularni qo`llasangiz va Allohga yaxshi qarz bersangiz, albatta, sizning xatolaringizni kechiraman hamda sizni ostidan anhorlar oqib turadigan jannatlarga kiritaman. Bas, bundan keyin ham sizdan kim kufr keltirsa, batahqiq, to`g`ri yo`ldan adashgan bo`ladir», dedi.[1]###[1] (Bani Isroil — yahudiylardir. Isroil — Ya'qub alayhissalomning ikkinchi ismlari. Ma'lumki, u kishining o`n ikkita o`g`illari bo`lgan. Ushbu o`n ikki o`g`ildan tarqalgan zurriyotlar Bani Isroilni tashkil etadi. Alloh taolo ahdni o`sha o`n ikki urug`ning (asbotning) o`n ikki naqibi — vakilidan olgan.)","Ahdlarini buzganlari uchun ularni la'natladik va qalblarini qattiq qildik. Ular kalimalarni o`z o`rnidan o`zgartirdilar. O`zlariga eslatma bo`lgan narsadan ko`p nasibani unutdilar. Ularning ozginalaridan boshqalaridan mudom xiyonat ko`rasan. Bas, ularni afv et va ayblarini o`tib yubor. Albatta, Alloh yaxshilik qiluvchilarni sevar.[1]###[1] (Bani Isroil yahudiyligiga bordi. Hatto Alloh taolo bilan bo`lgan ahdnomani ham buzdi. Uni bajo keltirmadi. Namozni qoim qilmadi. Namoz deb atalmish ulug` ibodatni Alloh aytganidek emas, o`zlari xohlaganlaridek buzib ado etadigan bo`lishdi. Zakot berish u yoqda tursin, hamma iqtisodiy aloqalarga harom-xarishni qo`shdilar. Odamlarning molini botil yo`l bilan yeyishni joriy qildilar. Allohning barcha payg`ambarlariga birday iymon keltirishmadi, aksincha, ularning ko`pchiligini haqorat qildilar. Hatto Zakariyo, Yahyo alayhissalomlarga o`xshashlarini o`ldirishgacha borib yetdilar. Iso alayhissalomni o`ldirdik, deb da'vo qildilar. Oxirgi Payg`ambar Muhammad alayhissalotu vassalomni ham o`ldirishga harakat qildilar. Allohga yaxshi qarz berish tugul, bandaga ham yaxshi qarz bermadilar. Qarz berishda riboxo`rlikni butun dunyo bo`yicha yo`lga qo`ydilar.)","Va, «Biz nasorolarmiz», deganlarning ham ahdnomasini oldik. Bas, ular o`zlariga eslatma bo`lgan narsadan ko`p nasibani unutdilar. Biz ular orasida adovat va yomon ko`rishni qiyomat kunigacha qo`zg`atdik. Alloh, albatta, ularga qilmishlari haqida xabar beradir.[1]###[1] (Iyso alayhissalomga birinchi ergashganlar Nosiro nomli qishloq aholisi ekan. Shuning uchun ham ularga «nasorolar», deb nom berilgan. Boshqa bir talqinlarga ko`ra, Iyso alayhissalom: «Kim menga nusrat (yordam) beradi?» deganlarida, biz, deb chiqqan ekanlar. Shuning uchun «nasoro» nomini olganlar. Nasorolarning o`zaro adovatlari hammaga ma'lum va mashhur. Katolik protestant bilan, pravoslav moruniy bilan yoki boshqasi yana biri bilan hamisha dushman. Har bir cherkov o`zini alohida dinda deb hisoblaydi va boshqasini dushman bilib, yomon ko`radi. Ularning o`zaro olib borgan diniy-mazhabiy urushlari oqibatida qonlar daryo bo`lib oqqani tarixda mashhur.)","Ey, ahli kitoblar! Batahqiq, sizlarga Payg`ambarimiz keldi. U, sizga kitobdan berkitib yurgan ko`pgina narsalaringizni bayon qilib berur. Ko`pginasini esa, afv qilur. Batahqiq, sizlarga Allohdan nur va oydin Kitob keldi.[1]###[1] (Yahudiy va nasorolarga bu oyatda ta'kidlab aytilayotgan narsa — Allohning oxirgi Payg`ambari alayhissalotu vassalomning nafaqat arab mushriklariga, balki dunyodagi boshqa barcha xalqlarga, shu jumladan, ahli kitoblarga ham Alloh tomonidan kelganliklaridir. Muhammad alayhissalomning yahudiylarga ham payg`ambar bo`lib kelishlari xabari Tavrotda bor bo`lib, ulardan ahd olinganda, u zotga iymon keltirish ahdi ham olingan edi. Shuningdek, u zoti bobarakot alayhissalotu vassalomni nasorolarga ham payg`ambar bo`lib kelishlari xabari Injilda zikr qilingan bo`lib, Alloh taolo nasorolardan ahd olgan paytida, u zot kelgan vaqtlarida iymon keltirish ahdi ham olingan edi. Bu oyatda ularga o`sha ahdnomada aytilgan payg`ambar darhaqiqat kelganligining xabarini berib turib, u zotning ahli kitoblarga qiladigan ba'zi ishlari ham aytilmoqda.)","U bilan Alloh O`z roziligini istaganlarni salom yo`llariga boshlar va ularni O`z izni ila zulmatlardan nurga chiqarar. Hamda sirotul mustaqiymga hidoyat qilar.[1]###[1] (O`sha oydin Kitob — Qur'on bilan Alloh taolo O`z roziligini istab musulmon bo`lgan bandalarini salom (tinchlik) yo`llariga boshlaydi.)","Batahqiq, Masiyh ibn Maryam Allohdir, deganlar ham kofir bo`ldilar. Ularga: «Agar Alloh Masiyh ibn Maryamni, uning onasini va yer yuzidagi barcha kimsalarni halok etishni iroda qilsa, kim Uni biron narsadan man qila oladi? Holbuki, osmonlaru yer va ularning orasidagi narsalar Allohnikidir. U nimani xohlasa, xalq qiladir. Va Alloh har bir narsaga qodirdir», deb ayt![1]###[1] (Nasorolar Allohga bergan ahdlarida vafo qilmagan eng bosh masala — Allohning tavhidini qo`yib, shirkka burilishlari edi. Ularning zalolatga ketishlarining asosiy masalasi shu bo`lgan.)","Yahudiy va nasorolar: «Biz Allohning o`g`illarimiz va Uning mahbublarimiz», – dedilar. Ularga: «Unday bo`lsa, nimaga U sizlarni gunohlaringiz tufayli azoblaydir? Balki, sizlar U yaratgan bashardirsizlar. U kimni xohlasa, mag`firat qiladi. Kimni xohlasa, azoblaydir. Osmonlaru yer va ularning orasidagi narsalar Allohnikidir. Qaytib borish faqat Uning O`zigadir», – deb ayt.","Ey, ahli kitoblar! Batahqiq, sizlarga Payg`ambarimiz keldi. U sizlarga Payg`ambarlardan bo`sh davrda (dinni) bayon qiladir. Bizga bashorat berguvchi ham, ogohlantirguvchi ham kelmagan, demasligingiz uchun. Bas, batahqiq, sizlarga bashorat berguvchi ham, ogohlantirguvchi ham keldi. Va Alloh har bir narsaga qodirdir.[1]###[1] (Biz «bo`sh davr» deb tarjima qilgan so`z Qur'oni Karim matnida «fatratin» deyilgan. Bu so`z lug`atda, sukunat, bo`shlik, kesilish va zaiflik ma'nolarini anglatadi. Shariatda bir payg`ambar bilan ikkinchisining orasidagi payg`ambarsiz o`tgan vaqtga «fatiratun» — bo`sh davr deyiladi. Ma'lumki, Iyso alayhissalomning payg`ambarliklaridan so`ng Muhammad alayhissalotu vassalom kelgunlariga qadar oradan olti yuz yil o`tgan.)","Muso o`z qavmiga: «Ey qavmim, Allohning sizga bergan ne'matlarini eslang. Axir, U sizdan Payg`ambarlar yubordi, podshohlar chiqardi va olamlarda birortaga bermagan narsalarni berdi-ku», – deganini esla.","Ey qavmim, Alloh sizga yozib qo`ygan muqaddas yerga kiring. Ortingizga qaytmang, bas, ziyon ko`rguvchiga aylanasiz.","Ular: «Ey Muso, unda zo`ravon qavm bor. Ular undan chiqmagunlaricha biz hech qachon kirmasmiz. Agar ular chiqsalar, biz kiruvchidirmiz», – dedilar.","Ulardan U zotdan qo`rqadiganlardan bo`lgan va Alloh ularga ne'mat ato etgan ikki kishi: «Ularning ustiga eshikdan kirib boringlar. Agar unga kirsalaring, albatta g`olib bo`lasizlar. Agar mo`min bo`lsangiz, Allohga tavakkal qilingiz», – dedilar.[1]###[1] (Muso alayhissalom muqaddas yerdagi ahvolni bilish maqsadida oldin o`n ikkita naqib — vakil yuborgan edilar. Ushbu oyatda zikri kelgan, Allohdan qo`rquvchi va uning ne'matiga sazovor bo`lgan ikki kishi o`sha naqiblardan edi. Allohdan qo`rqadigan banda hech qachon boshqadan qo`rqmaydi. Chunki bir qalb ikki xavfni ko`tarmaydi. Allohdan qo`rqmagan esa, hammadan qo`rqadi. Ushbu ikki solih banda ham Allohdan qo`rqadiganlardan bo`lganlari uchun, qo`rqmasdan muqaddas yerga borib, u yerda yurgan katta jussali, baquvvat va zo`ravon qavmni o`z ko`zlari bilan ko`rib keldilar. Qavmlarini Allohning amriga itoat etib o`sha zo`ravon qavm ustiga dadil bostirib boraverishga undadilar. Ammo Xudodan qo`rqmaganlar Allohning amriga itoat etmasliklariga zo`ravon qavmdan qo`rqishlarini bahona qildilar.)","Ular: «Ey Muso, modomiki, ular bor ekan, biz zinhor va zinhor u yerga kirmasmiz. Sen o`zing Robbing ila borib ikkovlon ularga qarshi urush qilaveringlar. Biz bu yerda o`tirib turuvchimiz», – dedilar.[1]###[1] (Qo`rqoqlikning oqibati shu-da. Demak, Alloh Muso alayhissalomning Robbi, Bani Isroilning Robbi emas ekan-da. Qo`rqoq bo`lgandan keyin hol shu. Hamma narsadan, hatto aqidadan ham voz kechib yuboraveriladi.)","U: «Ey Robbim, albatta, men o`zim va birodarimdan boshqaga ega emasman. O`zing biz bilan fosiq qavmning orasini ajratgin», – dedi.","U: «Albatta, bu yer ularga qirq yilgacha haromdir. Ular yer yuzida hayron bo`lib yurarlar. Fosiq qavmlar uchun xafa bo`lma», – dedi.[1]###[1] (Bani Isroilning bu qilmishi uchun, ya'ni Allohning amriga itoat etmagani — Muqaddas yerga kirmagani uchun, Alloh ularga bu muqaddas yerga kirishni qirq yilgacha harom qilib qo`ydi. Tafsirchilarimizning aytishlaricha, yahudiylar bu muddatda Siyno yarim orolidagi sahroda farsahlik joydan tashqariga chiqa olmay, adashib, hayron bo`lib, bir borgan joyga qayta-qayta borib yuraverdilar. Ana shunday hayronlik va sarson-sargardonlikda qirq yil yurdilar. Bu davrda mazkur gunohni sodir etgan, nobakor avlod o`lib bitdi. Sahroda o`sgan yangi avlod paydo bo`ldi. Ya'ni, Alloh tayin qilgan muddat tugaguncha avvalgilar muqaddas yerga kira olmay o`lib ketdilar.)","Ularga Odamning ikki o`g`li xabarini haq ila tilovat qilib ber. Ikkovlari qurbonlik qilganlarida, birlaridan qabul qilindi, boshqasidan qabul qilinmadi. U: «Albatta, men seni o`ldirajakman», – dedi. Birisi: «Albatta, Alloh taqvodorlardangina qabul qiladir.","Agar sen meni o`ldirish uchun qo`l ko`tarsang, men seni o`ldirish uchun qo`l ko`tarmasman. Men, albatta, olamlarning Robbi Allohdan qo`rqaman.","Men, albatta, mening ham gunohimni, o`zingning ham gunohingni olib ketishingni, shu sababdan do`zax ahlidan bo`lishingni xohlayman. Ana o`sha zolimlarning jazosidir», – dedi.","Nafsi unga birodarini o`ldirishni yaxshi ko`rsatdi. Bas, uni o`ldirdi. Shu sababdan ziyonkorlardan bo`ldi.","Alloh yer yuzida kezib yurgan qarg`ani unga birodarining o`ligini qanday ko`mishini ko`rsatish uchun yubordi. U: «Sho`rim qursin! Mana shu qarg`achalik bo`lib, birodarim o`ligini ko`ma olmadim-a?!» – dedi. Bas, u nadomat qiluvchilardan bo`ldi.[1]###[1] (Oyati karimaning siyoqidan ko`rinib turibdiki, qotil birodarini o`ldirib qo`ygandan keyin nima qilarini bilmay qolgan. O`likni ko`mish kerakligi xayoliga kelmagan. Chunki avval o`lik bo`lmagan. Bu Yer yuzidagi birinchi o`lik edi. Rivoyatlarda kelishicha, shu paytda Alloh unga o`likni ko`mishni o`rgatish uchun ikki qarg`ani yuborgan. Ular qotilning oldida urushib, biri ikkinchisini o`ldirgan. So`ngra qotil qarg`a o`lgan qarg`ani yerni kavlab ko`mgan.)","Shuning uchun ham, Bani Isroilga: «Kim bir jonni nohaqdan yoki yer yuzida fasod qilmasa ham o`ldirsa, xuddi hamma odamlarni o`ldirgan bo`ladi. Kim uni tiriltirsa, xuddi hamma odamlarni tiriltirgandek bo`ladi», deb yozdik. Batahqiq, ularga Payg`ambarlarimiz bayonotlar olib keldilar. So`ngra, bundan keyin ham, ulardan ko`plari yer yuzida isrof qilguvchilardan bo`ldilar.[1]###[1] (Islomda o`lim hukmiga loyiq jinoyat qilmagan jon juda ham yuqori baholanadi. Zotan, o`lim hukmi ham boshqa yaxshi jonlarning hayotini saqlab qolish uchun chiqariladi. Shu bois bir beayb insonni o`ldirgan odam butun boshli insoniyatni o`ldirgandek jinoyat qilgan hisoblanadi. Xuddi shu haqiqatni Alloh taolo Bani Isroilga yozishi — farz qilishi — ular o`sha vaqtda ahli kitob bo`lib turgan qavm ekanligidadir.)","Allohga va Uning Payg`ambariga qarshi urush qiluvchilar, yer yuzida fasod qiluvchilarning jazosi, albatta, o`ldirilmoqlari yoki osilmoqlari yoxud qo`l-oyoqlari qarama-qarshi tomondan kesilmog`i yoki yer yuzida surgun qilinmoqlaridir. Bu, ularga bu dunyoda or bo`lur. Oxiratda esa, ularga ulkan azob bor.","Magar, ularga qodir bo`lishingizdan oldin tavba qilsalar, bilingki, albatta, Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Qo`lga tushmasdan oldin tavba qilish haqiqiy afsus-nadomatning, yaxshilikka qaytishga qilingan qat'iy qarorning alomatidir. Ular o`z jinoyatlarini davom ettiraversalar ham bo`lardi, ammo insofga kirib, ishlarining noto`g`ri ekanini anglab yetibdilar, Islom dini bu rag`batni taqdirlaydi. Boshqa shar'iy hukmlar qatori ushbu hukmga ham amal qilingan davrda elu ulus tinch bo`lib, hamma omonda edi. Bepoyon sahroda qo`y boqib yurgan cho`pon qo`ylariga bo`ri hujum qilishidan xavfsiramasa, boshqa qo`rqinchi yo`q edi. Ammo hozir-chi? Odamlar uyida tinch o`tira olmaydilar. Har qadamda jonlari ham, molu mulklari ham xavf ostida. Dunyodagi jami hukumatlar birlashib ham jinoyatchilarni jilovlay olmayaptilar. Allohning hukmiga yurmaslikning oqibati shu.)","Ey, iymon keltirganlar! Allohga taqvo qilinglar va Unga vasiyla axtaringiz hamda Uning yo`lida jihod qilingiz. Shoyadki, yutuqqa erishsangiz.[1]###[1] (Dunyoda qo`rqish lozim bo`lgan yagona zot Allohdir. Qachonki insonlarda Allohdan qo`rqish hissi — taqvo hissi bo`lmas ekan, hech qanday qonun, hech qanday tuzum odamlarni yomonlikdan saqlab tura olmaydi. Qo`yilgan mirshab yoki josuslar nazoratidan qochib, oldingidan ham battar ishlarni qilaveradilar. Insonda taqvo bo`lsa-chi? Unda har bir inson o`ziga o`zi qo`riqchi va kuzatuvchi bo`ladi. Hech kim uni nazorat qilmasa ham, hech kim ko`rmayotgan bo`lsa ham, yomonlik qilmaydi.)","Agar kufr keltirganlar qo`lida yer yuzidagi hamma narsa va yana shuncha narsa bo`lsa-yu, uni qiyomat kunining azobidan qutulishga to`lov qilib bersalar ham, ulardan qabul qilinmas. Ularga alamli azob bor.","Ular do`zaxdan chiqmoqchi bo`lurlar. Ammo undan chiqa olmaslar. Ularga muqim azob bor.","O`g`ri erkak va o`g`ri ayolning qo`llarini kesinglar. Bu ularning qilmishiga jazo va Allohdan iqobdir. Alloh Aziyz va Hakiymdir.","Kim zulmidan keyin tavba etsa va amali solih qilsa, Alloh, albatta, tavbasini qabul qiladir. Shubhasiz, Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.[1]###[1] (Gunoh qilgan banda tavbaga shoshilmog`i lozim. Ammo bu oyati karimaga chuqurroq nazar soladigan bo`lsak, unda: «tavba etsa va amali solih qilsa», deyilmoqda. Musulmon odam uchun yomonlikdan qaytishning o`zi kifoya qilmas ekan. Yomonlikdan qaytish bilan birga, yaxshilik amallarni qilishi ham zarur ekan. Madinai Munavvarada bir ayol o`g`rilik qilib qo`lga tushadi. Uning qarindosh-urug`lari bundan qattiq tashvishlanadilar. Agar qo`li kesilsa, butun urug`imizga or bo`ladi, deb qayg`uradilar. Maslahatlashishib, Usoma ibn Zayd Payg`ambarimizning erkasi, uni ishga solaylik, kechirib yuborsalar ajab emas, deyishadi. Usoma ibn Zayd roziyallohu anhumo vositachilik qiladilar. Shunda Rasululloh alayhissalotu vassalom qattiq g`azablanadilar va masjidda jamoat namozidan so`ng xutba qilib: «Sizga nima bo`ldiki, Allohning haddidan bo`lmish bir hadda menga vositachi qo`yasizlar! Allohga qasamki, agar Muhammadning qizi Fotima o`g`rilik qilsa ham, qo`lini kesaman! Sizdan oldin o`tganlarning halok bo`lishiga sabab ham oddiy odamga hadni joriy etib, obro`liga joriy etmaslik edi», dedilar. («Had» deganda shar'iy jazo tushuniladi.))","Osmonlaru yerning mulki Allohniki ekanligini, kimni xohlasa, azoblashini, kimni xohlasa, mag`firat qilishini va Alloh har bir narsaga qodir ekanini bilmasmiding?!","Ey Payg`ambar! Og`izlari ila: «Iymon keltirdik» deb, qalblari iymon keltirmaganlar va yahudiy bo`lganlarning kufrga oshiqadiganlaridan xafa bo`lma. Ular yolg`onni ko`p eshiturlar, senga kelmagan qavmlardan ham eshiturlar. So`zlarni joylaridan o`zgartirurlar. Ular: «Agar sizga bu berilsa, olinglar, agar bu berilmasa, hazir bo`linglar», derlar. Alloh kimni fitnaga solishni iroda qilsa, unga Alloh tomonidan bo`ladigan biron narsani to`sa olmassan. Alloh ana o`shalarning qalblarini poklashni iroda qilmadi. Ularga bu dunyoda sharmandalik bor. Ularga oxiratda ulkan azob bor.[1]###[1] («Og`izlari ila, iymon keltirdik, deb qalblari iymon keltirmaganlar»dan murod — munofiqlardir. Demak, ushbu oyati karima munofiqlar va yahudiylar haqida tushgan. Ma'lumki, munofiqlikning kelib chiqishi ham yahudiylarga borib taqaladi.)","Ular yolg`onni ko`p eshituvchilar, haromni ko`p yeyuvchilardir. Agar senga kelsalar, oralarida hukm chiqar yoki ulardan yuz o`gir. Agar ulardan yuz o`girsang, senga hech zarar keltira olmaslar. Agar hukm qilsang, oralarida adolat ila hukm qil. Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni sevadir.[1]###[1] (Iymon-Islom bo`lmasa, jamiyatda yolg`on avj oladi. Ularning eshitadigan narsasi yolg`on bo`lib qoladi. Yolg`onni ko`p eshitadi degani, demak, qariyb hamma yolg`on gapiradi, deganidir. Atrof yolg`onga to`lib ketadi. Yetti yoshdan yetmish yoshgacha yolg`onchiga aylanadi. Rost va to`g`ri so`zga joy qolmaydi. Unday jamiyatda rost va to`g`ri so`zli odam aqldan ozgan va g`arib sanaladi. Chunki u yashab turgan jamiyatda rost so`zni faqat yolg`on topa olmay qolganlaridagina, noilojlikdan gapiradilar. Mazkur kishilarning yana bir sifati — «haromni ko`p yeyuvchilar»dir. Og`zi bilan iymon keltirib, qalbi iymon keltirmaganlar jamiyatida va yahudiy bo`lganlar jamiyatida harom yemoq odat tusiga kiradi. Iymon-Islom bo`lmagan jamiyatda harom yeyish avj oladi. Alloh harom qilgan cho`chqa, o`limtik, qon, aroq va boshqalarni o`zlari uchun eng tansiq va aziz taom hisoblaydilar. Buning ustiga, topganlari hammasi harom. Botil yo`l bilan, qimor, poraxo`rlik, riboxo`rlik, tovlamachilik, zo`ravonlik, o`g`rilik, birovning haqini tortib olish kabi yo`llar bilan mol topadilar. Ularning jamiyatida halol yo`l bilan rizq topish anqoning urug`iga aylanadi. O`zlari shunday holda bo`la turib, yana munofiqlik ila fatvo so`rab kelishadi.)","O`zlarida Tavrot bo`la turib, unda Allohning hukmi bo`la turib, qanday qilib seni hakam qilurlar-u, so`ngra yana yuz o`girib keturlar? Ular mo`min emaslar.","Biz Tavrotni nozil qildik. Unda hidoyat va nur bor. U bilan U zotga taslim bo`lgan Payg`ambarlar, Allohning kitobini muhofaza qilishga mukallaf bo`lgan robboniylar va ahborlar yahudiy bo`lganlarga hukm yuriturlar. Ular bu kitobga guvoh qilinganlar. Odamlardan qo`rqmanglar, Mendan qo`rqinglar. Mening oyatlarimni arzon bahoga sotmanglar. Kim Alloh nozil qilgan narsa ila hukm yuritmasa, o`shalar kofirlardir.","Biz unda ularga: jonga — jon, ko`zga — ko`z, burunga — burun, quloqqa — quloq, tishga — tish va jarohatlarda qasos vojib, deb yozdik. Kim u(qasos)ni kechib yuborsa, bu unga kafforotdir. Kim Alloh nozil qilgan narsa ila hukm yuritmasa, o`shalar zolimlardir.[1]###[1] (Ya'ni, Biz Tavrotda yahudiylarga jinoyatchilardan qasos olishni vojib, deb yozdik. Jonga — jon, ya'ni odam o`ldirganning o`zi ham o`ldiriladi. Ko`zga — ko`z, ya'ni birovning ko`zini ko`r qilgandan uning ham ko`zini ko`r qilish ila qasos olinadi. Burun, quloq, tish va boshqa a'zolar, shuningdek, yetgan jarohatlarga ham shunga o`xshatib qasos olinadi. Ushbu hukm Islom shariatida ham o`zgartirilmasdan qabul qilingan.)","Ularning izlaridan Iyso ibn Maryamni o`zidan oldingi Tavrotni tasdiqlovchi qilib yubordik. Unga Injilni berdik. Unda hidoyat va nur bor. U o`zidan oldingi Tavrotni tasdiqlaguvchidir. U taqvodorlar uchun hidoyat va mav'izadir.","Injil ahli unda Alloh nozil qilgan narsa ila hukm yuritsinlar. Kim Alloh nozil qilgan narsa ila hukm yuritmasa, ana o`shalar fosiqlardir.[1]###[1] (Demak, Injilga e'tiqod qilgan nasorolar ham unda Alloh nozil qilgan hukmlar ostida, o`sha hukmlarni joriy qilgan holda yashamoqlari kerak bo`lgan. Tavrot ahli undagi hukmlar ostida, Injil ahli ham undagi hukmlar ostida yashamoqlari matlub bo`lgan. Qur'on tushib bo`lganidan keyin esa, hamma baravariga Qur'onning ahkomlari ostida yashashi vojibga aylangan.)","Va Biz senga kitobni haq ila, o`zidan oldingi Kitobni tasdiqlovchi va uning ustidan nazorat etguvchi qilib nozil qildik. Bas, ular orasida Alloh nozil etgan narsa ila hukm yurit. O`zingga kelgan haqni qo`yib, ularning xohishlariga ergashma. Sizlardan har biringizga alohida shariat va yo`l qilib qo`ydik. Agar Alloh xohlasa, hammangizni bir ummat qilib qo`yar edi. Ammo U sizlarni O`zi ato etgan narsada sinamoq istaydir. Yaxshilikka shoshilingiz. Hammangizning qaytar joyingiz Alloh huzuridadir. Bas, o`shanda ixtilof qilgan narsalaringiz haqida xabar berur.[1]###[1] (Qur'on, undan kelib chiqadigan Islom shariati Alloh tomonidan tushgan. Kim uni inkor etsa, Allohni inkor etadi. Ya'ni, Qur'oni Karim o`zidan oldingi kitoblarda kelgan ilohiy ta'limotlarni tasdiqlaydi. U oxirgi va boqiy kitob, shuning uchun ham oldingi kitoblarga haqiqiy bahoni u beradi. Qur'oni Karim oxirgi kitob bo`lgani uchun ham hamma ta'limotlar ustidan nozir va hakamdir. Ulardagi ixtilof va kelishmovchiliklar haqidagi hukmlar ham Qur'ondan chiqadi.)","Ular orasida Alloh nozil etgan narsa ila hukm yurit. Ularning xohishlariga ergashma va ular seni Alloh senga nozil qilgan narsada fitnaga solishlaridan hazir bo`l. Agar yuz o`girsalar, bilki, Alloh ularni ba'zi gunohlari tufayli musiybatga solishni iroda qilibdir. Albatta, odamlardan ko`plari fosiqlardir.[1]###[1] (Ya'ni, odamlar shariat hukmini yuritishda ba'zi juz'iy kamchiliklar bo`lishini taklif qilsa ham, qabul etma, deganidir. Noma'qul odamlar shariatga umuman amal qilmaslik haqida takliflar kiritadilar, bu qabul bo`lmasa, kichikroq o`zgartish kiritishni taklif etadilar. Tabiiyki, bu ham qabul bo`lmaydi. Shunda Alloh insof berganlari o`ziga kelib, haqiqatga taslim bo`ladi. Musulmon bo`lib hayot kechirishni boshlaydi. Insofga kelmaganlari esa, yuz o`girib ketadi.)","Johiliyat hukmini istarlarmi?! Ishonchi komil qavmlar uchun Allohdan hukmi yaxshiroq kim bor?!","Ey, iymon keltirganlar! Yahudiy va nasorolarni o`zingizga do`st tutmang. Ular bir-birlari bilan do`stdirlar. Sizdan kim ularni do`st tutsa, albatta, u ulardandir. Albatta, Alloh zolim qavmlarni hidoyat etmas.","Qalblarida kasallik borlarning «Zamon aylanib bizga musiybat yetishidan qo`rqamiz» deb, ular tomon shoshilganini ko`rasan. Shoyadki, Alloh fathu nusrat bersa yoki O`z tomonidan biron ish ato qilsayu o`zlaricha sirlashgan narsalariga nadomat qilsalar.[1]###[1] (Ya'ni, mazkur kofirlar zamon aylanib musulmonlar yengilib qolsa, g`oliblarning zarbasi ostida qolmayin, deb qo`rqadi. Demak, Islomga u ixlos bilan kirgan emas. Musulmonlar ustun kelib turganda, ulardan qo`rqib, tili bilan musulmonligini izhor qilgan, ba'zi ibodatlarga va diniy ko`rsatmalarga ham amal qilib turgan. Musulmonlarga qarshi bo`lgan kofirlar bilan ham do`stlashib, hamkorlik qilib, mabodo zamon aylanib ular musulmonlardan ustun kelib qolsa, menga zarar berishmasin, deb turadi. Lekin ish tamoman boshqacha bo`lib chiqishi ham mumkin.)","Iymon keltirganlar: «O`zlarini sizlar bilan deb, Allohning nomi ila jon-jahdlari ila qasam ichganlar anavilarmi?» – deyishadi. Amallari behuda ketdi. Bas, ziyon ko`rguvchilardan bo`ldilar.","Ey, iymon keltirganlar! Sizlardan kim dinidan qaytsa, Alloh albatta O`zi sevadigan va ular ham Allohni sevadigan qavmni keltirur. Ular mo`minlarga xokisor, kofirlarga qattiqqo`l, Allohning yo`lida jihod qilurlar va malomatchining malomatidan qo`rqmaslar. Bu, Allohning fazli bo`lib, xohlagan odamiga beradir. Alloh fazli-karami keng va biluvchi Zotdir.[1]###[1] (Alloh taolo dinining Yer yuzida barqaror bo`lishni iroda etgan. Bu irodani yuzaga chiqarishda ba'zi bandalarini vosita — sabab qiladi. Mana shu sharafli ishga musulmon ummati tanlangan. Kim bu sharafni yetarli taqdir etsa, chin qalbidan ixlos bilan bu dinga xizmat qiladi. Bu din yo`lida jonini ham, molini ham baxsh etadi. Ammo kim bu ulkan baxtning qadriga yetmasa, turli bahonalar bilan Islomdan qaytsa — murtad bo`lsa, yomonligi o`zigadir. Islomga hech qanday zarar yetmaydi. Qaytaga, unga o`xshagan noma'qul shaxslardan xoli bo`ladi. Alloh undaylarga muhtoj emas.)","Albatta, sizning valiylaringiz Alloh, Uning Payg`ambari va bo`ysungan hollarida namozni qoim qilib, zakotni ado etadigan iymon keltirganlardir.","Kim Allohni, Uning Payg`ambarini va iymon keltirganlarni valiy qilib olsa, bas, albatta, Allohning hizbi — ana o`shalar g`oliblardir.","Ey, iymon keltirganlar! Diningizni masxara va o`yin qilib olgan sizdan oldin kitob berilganlar va kufr keltirganlarni valiy — do`st tutmang. Agar mo`min bo`lsangiz, Allohga taqvo qiling.","Agar namozga nido qilsangiz, ular uni masxara va o`yin qilishadi. Bu ularning aql qilmaydigan qavmligidandir.","«Ey, ahli kitoblar! Bizni faqat Allohga hamda o`zimizga nozil qilingan va avvallari nozil qilingan narsalarga iymon keltirganimiz uchun va sizlarning ko`pchiligingiz fosiq bo`lganingiz uchun ayblaysizlarmi?!» – deb ayt.[1]###[1] (Ahli kitob bo`lsin, xudosiz bo`lsin, mushrik bo`lsin, munofiq bo`lsin, kim bo`lishidan qat'iy nazar, musulmon bo`lmaganlar musulmonlarni yomon ko`rishiga asosiy sabab iymondir. Kofirlarning bu ishlari hech qanday mantiqqa to`g`ri kelmaydigan bir holat. O`ylab ko`ring-a: iymonsiz odam mo`min insonni mo`min bo`lgani uchun yomon ko`rsa?! Qo`polroq misol keltiradigan bo`lsak, bu narsa aroqxo`r-alkash aroq ichmaydigan pok odamni faqat aroq ichmagani uchun yomon ko`rishidek gap.)","«Sizlarga Allohning huzuridagi bundan ham ko`ra yomonroq «savob»ning xabarini beraymi? Kim Allohning la'natiga uchragan, g`azabiga duchor bo`lgan, maymun va cho`chqaga aylantirilgan va tog`utga ibodat qilgan bo`lsa, ana o`shalar yomon martabadagi va to`g`ri yo`ldan butunlay adashgan kimsalardir», – deb ayt![1]###[1] (O`zlari shunday ulkan «savob»ga — Allohning la'natiga uchrab turib, yana musulmonlarni Allohga va U nozil qilgan narsaga iymon keltirganlari uchungina ayblashni ularga kim qo`yibdi?!)","Ular huzuringizga kelsalar, iymon keltirdik, derlar. Holbuki, ularning kufr ila kirib, kufr ila chiqishlari shubhasiz. Alloh ular berkitgan narsani yaxshi biladir.","Va ulardan ko`plarining gunohga, dushmanlikka va harom yemoqqa oshiqayotganini ko`rasan. Qilayotgan ishlari qanday ham yomon!","Robboniylari va ahborlari ularni gunoh aytish va haromni yeyishdan qaytarsalar bo`lmasmi?! Qilayotgan hunarlari qanday ham yomon-a!","Yahudiylar: «Allohning qo`li bog`liqdir», dedilar. Qo`llari bog`lansin ularning! Aytganlari uchun la'natga uchrasinlar! Aksincha, Allohning ikki qo`li ochiq, xohlaganicha nafaqa qilur. Senga Robbingdan nozil qilingan narsa ulardan ko`plarining tug`yon va kufrini ziyoda qilur. Ularning orasiga qiyomat kunigacha dushmanlik va yomon ko`rishni soldik. Ular qachon urush olovini yoqsalar, Alloh o`chirur. Ular yer yuzida fasod qilib yurarlar. Alloh fasod qilguvchilarni sevmas.[1]###[1] (Ushbu oyati karima yahudiylarning Alloh taologa nisbatan katta beodobliklaridan birini keltirish bilan so`z boshlanmoqda. Ular Alloh taolo to`g`risida noto`g`ri tasavvurga borib: «Allohning qo`li bog`liqdir», dedilar». Hamma ayblardan xoli bo`lgan Alloh taoloni baxil, deya sifatlash uchun faqat yahudiy bo`lish kerak. Faqat ulargina bunday da'vo qilishga jur'at etishlari mumkin. Aslida, baxillik yahudiylarning o`zlariga xos.)","Agar ahli kitoblar iymon keltirib, taqvo qilganlarida edi, ularning gunohlarini yuvgan va jannati na'iymga kiritgan bo`lardik.","Agar ular Tavrotga, Injilga va ularga Robbilaridan nozil bo`lgan narsaga amal qilganlarida edi, albatta, tepalaridan ham, oyoqlari ostidan ham yegan bo`lardilar. Ulardan mo`'tadil toifalar ham bor. Ularning ko`plarining qilgan narsalari juda ham yomon.[1]###[1] (Albatta, iymon va taqvo Alloh taolodan nozil bo`lgan Tavrot va Injilni, boshqa ilohiy kitoblarni, jumladan, Qur'oni Karimni hayotga tatbiq etishni taqazo qiladi. Tavrot ham, Injil ham Muhammad alayhissalotu vassalomga iymon keltirishga, u kishining diniga kirishga amr qilgan. Hamma Islomga kirishi, so`nggi Payg`ambarga ergashishi va Qur'oni Karimga amal etishi lozim. Qur'oni Karim kelishidan oldin Tavrot va Injilga amal qilganlarida ham, ushbu oyatdagi ilohiy va'daga noil bo`lar edilar. Qur'oni Karim kelgandan keyin unga amal qilinsa ham, albatta, o`sha va'daga vafo qilinadi.)","Ey, Payg`ambar! Senga Robbingdan nozil qilingan narsani yetkaz. Agar shunday qilmasang, Uning elchiligini yetkazmagan bo`lasan. Alloh seni odamlardan saqlar. Albatta, Alloh kofir qavmlarni hidoyat qilmas.","«Ey, ahli kitoblar! Tavrot, Injil va sizga Robbingizdan nozil qilingan narsaga amal qilmaguningizcha hech narsaga arzimassizlar», deb ayt. Senga Robbingdan nozil qilingan narsa ulardan ko`plarining tug`yon va kufrlarini ziyoda qilur. Kofir qavmlar uchun achinma.","Albatta, iymon keltirganlar, yahudiy bo`lganlar, sobi'unlar va nasorolardan kim Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirsa va yaxshi amal qilsa, ularga xavf yo`q va ular xafa ham bo`lmaslar.[1]###[1] (Kim bo`lishidan qat'iy nazar — xoh musulmon bo`lsin, xoh yahudiy bo`lsin, xoh Payg`ambarimiz sollallohu alayhi va sallam kelishlaridan oldin butlarga sig`inishni tark etib, o`z holicha, muayyan bir dinga ergashmasdan, yolg`iz Allohga ibodat qilgan sobi'unlar toifasi bo`lsin, xoh nasroniy dinidagilar bo`lsin — Allohga va qiyomat kuniga iymon keltirib, yaxshi amal qilishi kerak. Har dinning muddati tugab, uni bekor qiluvchi din kelganda, yangi dinga o`tish zarur. Muddati qiyomat kunigacha tugamaydigan oxirgi va mukammal din bo`lmish Islom kelganidan keyin hamma bunga o`tishi, Allohga, Muhammad alayhissalotu vassalomga, Qur'onga va iymon keltirilishi lozim bo`lgan yana boshqa narsalarga iymon keltirishi hamda yaxshi amallar qilishi lozim.)","Batahqiq, Biz Bani Isroildan miysoq — ahdnoma oldik va ularga Payg`ambarlar yubordik. Har qachon ularning havoyi nafslariga to`g`ri kelmaydigan narsa keltirgan Payg`ambarni: bir guruhlarini yolg`onchi dedilar, bir guruhlarini o`ldirdilar.","Ular, hech qanday sinov bo`lmas, deb ko`ru kar bo`lib oldilar. So`ngra, Alloh ularni kechirdi. Keyin ulardan ko`plari yana ko`ru kar bo`lib oldilar. Alloh ularning qilayotganini ko`ruvchi Zotdir.[1]###[1] (Yahudiylarning sinov, hisob-kitob bo`lishiga iymonlari yo`q edi. Ular shunday o`tib ketishlariga, amallarining sarhisobini bermasliklariga qattiq ishonardilar. Bunday botil ishonch ularni ko`ru kar qilib qo`ygan edi. Ko`zlari o`ngida ro`y berib turgan hodisalardan ibrat olmasdilar. Quloqlari bilan eshitayotgan narsalar ham ularga ta'sir qilmas edi. Hech qanday sinov, hisob-kitob bo`lmaydi, deb qattiq ishonishlari ularni shu holga olib kelgandi.)","Alloh, albatta, Masiyh ibn Maryamdir, deganlar, batahqiq, kofir bo`ldilar. Masiyh ibn Maryam esa: «Mening Robbim va sizning Robbingiz Allohga ibodat qiling. Kim Allohga shirk keltirsa, albatta, Alloh unga jannatni harom qilur va uning turar joyi do`zax bo`lur. Va zolimlarga nusrat beruvchilar yo`qdir», dedi.","Alloh uchtaning uchinchisidir, deganlar, batahqiq, kofir bo`ldilar. Yagona ilohdan o`zga hech qanday iloh yo`q! Agar aytayotganlaridan qaytmasalar, ulardan kufr keltirganlarini alamli azob tutadir.[1]###[1] (Nasroniy dinidagilarning mantiqsiz, o`zlari o`ylab chiqargan, haqiqiy diniy ta'limotni buzib ko`rsatadigan aqidalaridan biri ushbu oyatda muhokama qilinmoqda. Ular: «Allohning tabiati bir-biriga teng uchta ko`rinishdan — Ota xudo, o`g`il xudo va muqaddas ruhdan iboratdir. O`g`il xudo, ya'ni Iyso vositasi ila butun maxluqot Ota xudoga ulashadi. O`g`il xudoga fido qilinganlik, Muqaddas ruhga «tozalash» nisbati beriladi», deydilar. Shu bilan birga, o`zlarini tavhid aqidasida deb da'vo qiladilar.)","Allohga tavba qilib, unga istig`for aytmaydilarmi?! Zotan, Alloh mag`firatli va rahimli Zotdir.","Masiyh ibn Maryam bir Payg`ambar, xolos. Undan oldin ham Payg`ambarlar o`tgan. Uning onasi esa, siddiqadir. Ikkovlari ham taom yer edilar. Biz ularga oyatlarni qanday bayon qilayotganimizga nazar sol-u, keyin ularning qanday burilib ketayotganlariga nazar sol.[1]###[1] (Bibi Maryam binti Imron Allohning aytganlarini, amru farmonini tasdiqlovchi — siddiqadir. Sodiq, pok bir bandadir. Bu kishini ham «ona xudo» deb e'tiqod qilib bo`lmaydi. Demak, Masih ibn Maryamni ham, uning onasi Maryam siddiqani ham «xudo» deb e'tiqod qilish xatodir.)","Sen: «Allohni qo`yib, sizga zarar ham, foyda ham bera olmaydigan narsaga ibodat qilasizlarmi?! Alloh eshituvchi va biluvchi Zotdir», deb ayt.[1]###[1] (Haqiqiy foyda va zarar beruvchi zot Allohdir, uni qo`yib, foyda ham, zarar ham bera olmaydigan narsaga, jumladan, Masih ibn Maryam va uning onasiga ibodat qilish mutlaqo noto`g`ri ishdir. Kim shunday ish qilsa, albatta, e'tiborsiz qolmaydi.)","Sen: «Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshib, nohaqlik qilmang. Va oldin o`zlari adashib va ko`pchilikni adashtirib, to`g`ri yo`ldan umuman chiqqanlarning havoyi nafslariga ergashmang», deb ayt.[1]###[1] (Dinda haddan oshishlik arabchada «g`uluv» deyiladi. G`uluv — aslida, dinda bo`lmagan narsalarni o`zini yana ham dindorroq, taqvodorroq ko`rsatish maqsadida dinga kiritishdir.)","Bani Isroildan kufr keltirganlari Dovud va Iyso ibn Maryam tilida la'natlandilar. Bu esa, isyon qilganlari va tajovuzkor bo`lganlari uchun bo`ldi.[1]###[1] (Dovud va Iyso alayhissalomlar Bani Isroilni isyoni va tajovuzkorligi uchun la'natlagan edilar. Aslida, hidoyatga boshlash uchun, Alloh tomonidan rahmat bo`lib kelgan payg`ambar bo`lar-bo`lmas ishga bir qavmni la'natlayvermaydi. Juda ham o`tib ketganidan, chidab bo`lmaydigan holga yetganligidangina qilishi mumkin bu ishni. Shuning o`zi ham Bani Isroilning kim ekanligini ko`rsatib turibdi.)","Ular, qilingan yomon ishdan bir-birlarini qaytarmas edilar. Bu qilmishlari qanday ham yomon bo`ldi!","Ulardan ko`plarining kufr keltirganlarni valiy — do`st tutganini ko`rasan. Ularga nafslari taqdim qilgan narsa qanday ham yomon bo`ldi. Alloh ularga g`azab qildi. Va ular azobda boqiy qoluvchilardir.[1]###[1] (Yahudiylar doimo musulmonlarga qarshi kofirlar bilan til biriktirib, o`zaro hamkorlik qilib kelganlar. Payg`ambarimiz alayhissalom vaqtlarida mushriklarni afzal ko`rib, musulmonlarga qarshi til biriktirgan bo`lsalar, hozirgacha turli kofirlar bilan til biriktirib, Islomga qarshi bo`lib kelmoqdalar.)","Agar Allohga, Payg`ambarga va unga nozil qilingan narsaga iymon keltirganlarida edi, ularni valiy — do`st tutmas edilar. Lekin ulardan ko`plari fosiqlardir.[1]###[1] (Ya'ni, o`sha yahudiylar Alloh taologa, Muhammad alayhissalotu vassalomga va Qur'onga iymonlari bo`lganda edi, kofirlarni do`st tutmas edilar. Ushbu oyatda ular Allohga ham iymonlari yo`qlikda ayblanmoqdalar. Yahudiy va boshqa ahli kitoblarning, biz mo`minmiz, degan da'volari shu bilan puchga chiqadi. Ularning ko`plari fosiq ekanliklari ham tasdiqlanmoqda. Fosiqlik esa, din ko`rsatgan chegaradan chetga chiqishdir.)"]