["Agar Biz ularga farishtalarni tushirsak ham, ularga o`liklar gapirsa ham va ularning oldiga hamma narsani ochiq-oydin to`plasak ham, Alloh xohlamasa, iymon keltirmaslar. Lekin ko`plari johildirlar.[1]###[1] (Alloh taolo turli oyat-mo`'jizani, kishini lol qoldiruvchi narsalarni jilva qildirib, odamlarni tang qoldirib, keyin iymonga kelishlarini xohlamagan. Alloh taolo iymon yo`lini inkishof etib, kishilar o`sha yo`l bilan aqllarini ishlatib, o`z ixtiyorlari asosida iymonga kelishlarini xohlaydi. Iymonga kelganlarga mukofot beradi, kelmaganlarga — jazo. Odamlarning «ko`plari johildirlar».)","Shuningdek, har bir Payg`ambarga insu jin shaytonlarini dushman qilib qo`ydik. Ularning ba'zilari ba'zilarini g`ururga ketkazishlari uchun jimjimador kalomlarni tanlarlar. Agar Robbing xohlasa, bunday qilmas edilar. Bas, ularni o`zlari to`qigan narsalari ila yolg`iz qo`y![1]###[1] (Alloh taolo O`z xohishi bilan har bir payg`ambarga insiy va jinniy shaytonlarni dushman qilib qo`ygan ekan. Jin shaytonlar odamlarni ig`vo qilib, vasvasaga solib, zalolatga chaqirib turadilar. Ammo Allohning zikri bor joydan qochadilar. Allohni eslab turadigan mo`min-musulmon kishiga ular o`z ta'sirlarini o`tkaza olmaydilar. Ammo odamdan bo`lgan shaytonlar esa, hamma-hammasidan battaridir. Ular doimo oramizda, ko`zlarimiz o`ngida turadi. Allohning zikrini qilsang ham, qochmaydi. Turli yo`llar bilan vasvasa qilib, gunoh ishlarga boshlaydi. Insu jin shaytonlari doimo g`avg`o va tug`yon bilan mashg`uldirlar.)","Unga (gapning go`zaliga) oxiratga iymon keltirmaydiganlarning qalbi moyil bo`lishi, undan rozi bo`lib, qiladigan gunohlarini bajarishlari uchundir.","Allohdan o`zgani hakam qilib olaymi? Holbuki, U sizga kitobni batafsil etib nozil qildi. Biz ularga kitob berganlar uning Robbingdan haq ila nozil qilinganini bilurlar. Bas, shak keltiruvchilardan bo`lma.","Robbingning so`zlari sodiqlik va adolat ila batamom bo`ldi. Uning so`zlarini o`zgartuvchi yo`q. Va U yaxshi eshitguvchi va yaxshi bilguvchi Zotdir.","Va agar yer yuzidagilarning ko`plariga itoat qilsang, seni Allohning yo`lidan adashtirurlar. Ular gumondan boshqaga ergashmaslar. Ular taxmin qilurlar, xolos.","Albatta, Robbing kim Uning yo`lidan adashishini yaxshi bilguvchidir. Va U hidoyat topuvchilarni ham yaxshi bilguvchidir.","Agar Uning oyatlariga iymon keltirguvchilardan bo`lsangiz, Allohning ismi zikr qilingan narsadan yeng!","Sizga nima bo`ldiki, Allohning nomi aytib so`yilgan narsani yemas ekansizlar?! U sizlarga harom qilgan narsalarini batafsil bayon qilib bergan-ku?! Magar muztar bo`lganingizda, mayli. Albatta, ko`pchilik bilmasdan, hoyu havaslari ila adashtirurlar. Albatta, Robbing tajovuzkorlarni yaxshi bilguvchidir.[1]###[1] (U zot O`zining hukmiga tajovuz qilib, harom narsalarni, Allohning nomi aytilmay so`yilgan hayvonlar go`shtini yeganlarni juda yaxshi biladi va ularga tegishli jazoni beradi. Shuningdek, ilmsiz, havoyu nafsning ko`yiga kirib, bu masalada va boshqa masalalarda odamlarni adashtirganlarni ham yaxshi biladi va ularga ham tegishli jazosini beradi.)","Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar! Gunoh qiluvchilar, albatta, qilgan gunohlarining jazosini olurlar.","Allohning ismi zikr qilinmagan narsalarni yemanglar. Albatta, bu ish fisqdir. Albatta, shaytonlar o`z do`stlariga sizlar bilan tortishishni vasvasa qilurlar. Agar ularga itoat qilsangiz, sizlar ham mushriklardan bo`lursizlar.[1]###[1] (Ulamolarimiz agar musulmon kishi hayvonni so`yayotib, Allohning ismini zikr qilishni unutib qo`ysa, so`ygan go`shti halol, deganlar. Ammo bilib turib, qasddan zikr qilmasa, unday go`sht harom bo`ladi.)","Avval o`lik bo`lgan odamni tiriltirib, unga odamlar orasida yuradigan nurni berib qo`ygan bo`lsak, u bilan zulmatlar ichida undan chiqa olmay yuruvchi odam o`xshash bo`lurmi? Shunday qilib, kofirlarga qilayotgan amallari ziynatlab ko`rsatildi.[1]###[1] (Bu oyati karimada kofir odam o`lik hisobida ekanligi ta'kidlanmoqda. Alloh taolo kimni iymonga hidoyat etsa, o`sha odamning mo`min bo`lishi go`yo o`likning qayta tirilishiga tenglashtirilmoqda.)","Xuddi shunga o`xshash, har bir shaharda katta jinoyatchilarni unda makr qilish uchun qo`ydik. Ular, sezmagan holda, faqat o`zlariga o`zlari makr qilurlar, xolos.[1]###[1] (Bu jinoyatchilar katta mansablarni egallab olib, odamlarni o`z yo`liga solish uchun turli hiyla-nayranglar qiladilar. Ularning jinoyati Alloh taoloning haq-huquqlariga tajovuz qilishdir. Katta jinoyatchilarning dinga qarshi qilgan makr-hiylalari o`zlarining boshiga yetadi. Chunki ular dinga qarshi chiqish bilan Allohga qarshi chiqadilar. O`zining halokatiga zamin yaratgan bo`ladilar. Mo`minlarni esa Alloh taoloning O`zi himoya qiladi.)","Agar ularga oyat kelsa, Allohning Payg`ambarlariga berilgan narsaga o`xshash narsa bizga ham berilmaguncha zinhor iymon keltirmasmiz, derlar. O`z Payg`ambarligini qayerga qo`yishni Allohning O`zi yaxshi biladir. Jinoyat qilganlarga qilgan makrlari uchun Allohning huzurida, albatta, xorlik va shiddatli azob bordir.","Kimni Alloh hidoyat qilmoqchi bo`lsa, uning ko`ksini Islomga ochib qo`yadir. Kimni zalolatga ketkazishni iroda qilsa, uning ko`ksini xuddi osmonga ko`tarilayotgandek, tor va tang qilib qo`yadir. Shunday qilib, Alloh iymon keltirmaydiganlarga azobni duchor qilur.[1]###[1] (Alloh taolo bandalaridan kimga hidoyatni ravo ko`rsa, o`sha bandaning ko`ksini keng qilib qo`yadi. U banda iymon va Islomni keng qalb ila qabul qiladi. Aksincha, Alloh taolo kimga zalolat va kufrni ravo ko`rsa, uning qalbini tor va tang qilib qo`yadi. Iymon va Islom haqida biror gap eshitsa, siqilaveradi. Ilm rivojlanib, odamlar fazoga uchadigan bo`lganlarida, inson qanchalik balandga ko`tarilsa, yuragi-ko`ksi shunchalik siqilishi kashf etildi. Agar Qur'on haqiqiy ilohiy kitob bo`lmaganda, bundan o`n to`rt asr avval bu ilmiy haqiqatni qanday qilib kashf etar edi?)","Mana shu, Robbingning to`g`ri yo`lidir. Ibrat oluvchi qavm uchun oyatlarni batafsil bayon qildik.","Ularga Robbilari huzurida dorus-salom (tinchlik uyi) bordir. U zot qilgan ishlari uchun ularning do`stidir.","Ularning hammasini to`playdigan kunda: «Ey, jinlar jamoasi, insdan (adashtirganlaringizni) ko`paytirvordingiz?!» – der. Ularning insdan bo`lgan do`stlari: «Ey Robbimiz, biz bir-birimizdan huzur topdik va bizga belgilagan ajalingga yetib keldik», – derlar. U zot: «Qaytar joyingiz do`zaxdir. Magar Alloh xohlasa (qolmaysiz)», – der. Albatta, Robbing hikmatli va bilimli Zotdir.[1]###[1] (Demak, jinlar odamlarni yo`ldan urib, ig`vo qilib, yomon yo`lga yurgizib huzur-halovat olgan va rohatlanganlar. Jinlar fitnasiga uchib kofir va gunohkor bo`lgan odamlar esa, ularning ziynatlab ko`rsatgan, havoyu nafsni qondiruvchi ishlarini bajarib huzur qilganlar. Bular irodasi zaif, g`ofil, havoyu nafsga berilgan, shahvatparast odamlar bo`lganlar. Shayton ularning ushbu zaif joylaridan tutib, ig`vosiga uchirgan va o`ziga malay qilib olib, har ko`yga solgan, bu dunyoda maqsadlariga erishish yo`lida ulardan foydalanib huzur qilgan.)","Shunday qilib, qilgan kasblariga binoan zolimlarni bir-birlariga do`st qilurmiz.","«Ey, jin va ins jamoalari, sizlarga o`zingizdan bo`lgan Payg`ambarlar kelib, oyatlarimni sizga aytib bermadilarmi, sizlarni ushbu kuningizga duchor bo`lishingiz haqida ogohlantirmadilarmi?» Ular: «O`zimizga qarshi guvohlik berdik», – derlar. Ularni dunyo hayoti g`ururga ketkazdi va o`zlariga qarshi, kofir bo`lganlarini aytib, guvohlik berdilar.","Bunday qilishining boisi, Robbing g`ofil turgan shahar-qishloq aholisini halok qilmasligidandir.","Har kimga qilganlariga yarasha daraja bordir. Va Robbing ularning qilayotgan amallaridan g`ofil emasdir.","Va Robbing behojat va rahmat sohibi bo`lgan Zotdir. Agar xohlasa, xuddi sizlarni boshqa qavmlar zurriyotidan paydo qilganidek, sizlarni ketkazib, ortingizdan nimani xohlasa, o`rinbosar qilib keltirur.[1]###[1] (Alloh taolo rahmat sohibi bo`lgan Zot. Odamlarning bu dunyoda yurishlarining o`zi ham Allohning rahmatidan. U O`z rahmatini O`zi xohlagan bandalariga beradi. Hozirgi paytda yashab turgan odamlarni avval o`tgan kishilar zurriyotidan paydo qilganligi ham hammaga ma'lum. Ya'ni, Alloh O`zi xohlab shunday qilgan. Bandalarga hojatmandligidan emas. Shuningdek, hozirgi avlod odamlariga ham hech qanday hojati yo`qdir. Agar Alloh xohlasa, bu avlodni ham ko`tarib, yo`q qilib, o`rniga O`zi xohlagan narsani keltira oladi. Demak, Alloh bandalarga emas, bandalar Allohga hojatmanddirlar. Ular o`zlarining dunyoga kelishlarida Allohga hojatmand bo`lganlari kabi, bu dunyoda yashashlarida ham, har lahzada, har narsada hojatmanddirlar. Alloh esa, O`z rahmati ila ularning hojatlarini ravo qiladi. Allohning bandalariga nisbatan rahmatining eng yuqori cho`qqisi, ularga payg`ambarlari orqali din — shariat yuborishi. Dinga yurmaganlar o`sha oliy maqom ne'matdan yuz o`girganlar bo`ladilar. O`zlariga yomonlik qiladilar. Qiyomatda hollari yomon bo`ladi.)","Albatta, sizga va'da qilingan narsa keluvchidir. Sizlar esa U zotni ojiz qoldiruvchi emassiz.[1]###[1] (Ya'ni, albatta, sizga va'da qilingan qiyomat kuni, hisob-kitob, jazo va mukofot kelgusidir. Kelmasligi mumkin emas. U paytda siz Allohni ojiz qoldirib, qochib qutula olmaysiz. Albatta, qilganingizga yarasha jazoingizni olasiz.)","Sen: «Ey qavmim, o`rningizda amalingizni qilavering. Men ham amal qiluvchiman. Tezda oxirat hovlisi oqibati kimning foydasiga bo`lishini bilasiz. Albatta, zolimlar najot topmaslar», – deb ayt.","Ular Allohga Uning O`zi yaratgan ekinlar va chorvalardan nasiba ajratdilar va o`zlaricha: «Bu Allohga, bu esa butlarimizga», – dedilar. Bas, butlariga bo`lgan narsa Allohga yetmas. Allohga bo`lgan narsa esa, butlariga yetadir. Chiqargan hukmlari qanday ham yomon-a?![1]###[1] (Arab mushriklari ekinlardan, chorva hayvonlaridan Allohga nasiba ajratish odatlari bor edi. Shu bilan birga, butlariga ham o`sha ekinlardan va chorva hayvonlaridan nasiba ajratar edilar. Agar Allohga ajratgan narsalari butlariga ajratgan narsalariga qo`shilib ketsa, mayli, deb qo`yar edilar. Ammo butlariga ajratgan nasibadan Allohga ajratilganiga qo`shilib ketsa, Alloh bunga muhtoj emas, deb qaytarib olishardi. Bu ish aslida mantiqsiz, qo`polroq qilib aytadigan bo`lsak, ahmoqona ish edi.)","Shuningdek, mushriklardan ko`plariga sheriklari ularni halok etish va dinlarini chalkashtirish uchun bolalarini o`ldirishni ziynatlab ko`rsatdi. Agar Alloh xohlasa, bunday qilmasdilar. Ularni va to`qiyotgan narsalarini qo`yib qo`y.","Ular o`zlaricha: «Mana bu chorva va ekinlar harom, ularni faqat biz xohlagan kishilargina yeydilar va mana bu minishi harom qilingan chorvalar», – dedilar. Ular ma'lum chorvalarga Allohning nomini zikr qilmaslar. Bu esa, U zotga tuhmatdir. U, tezda, qilgan tuhmatlari tufayli ularga jazo berajak.[1]###[1] (Bu oyatda mushrik va kofirlarning eng katta jinoyatlaridan biri — halol-haromni ajratishda Allohning aytganiga yurmay, o`zlaricha ko`ngillari tusagan hukmni chiqarishlari bayon qilinmoqda. Aslida, halol yoki harom haqida hukm chiqarish Alloh taoloning haqqi. Bandalarning bu ilohiy haqqa tajovuz qilishi kufrga olib boradigan katta jinoyatdir. Agar bir inson hamma diniy aqidalarga to`liq iymon keltirsa, shariat ko`rsatmalariga mukammal amal qilsa-yu, Alloh halol degan narsani harom desa yoki, aksincha, harom deganini halol desa, kofir bo`ladi. Bu masala shu darajada nozik masaladir.)","Ular, mana shu chorvalarning qornidagi narsalar erkaklarimizga halol, ayollarimizga harom, derlar. Agar u (qorindagi narsa) o`lik bo`lsa, ular unga sheriklardir. Tezda ularga vasflari uchun O`zi jazo berajak. Albatta, U hikmatli va yaxshi biluvchi Zotdir.","Aqli pastlik qilib, johillik ila farzandlarini o`ldirganlar va Alloh ularga rizq qilib bergan narsalarni harom qilganlar ziyonkor bo`ldilar. Batahqiq, ular adashdilar va hidoyatga yuruvchilardan bo`lmadilar.[1]###[1] (Agar ular johil bo`lmasalar, Allohning farzandlarni ko`paytirish, ularni tarbiyalab o`stirish haqidagi ta'limotiga dushmanlarcha ters, insu jin shaytonlarining gapiga kirib, o`z jigargo`shalarini o`ldirar edilarmi?! Yoki Alloh taolo ularga halol rizq qilib bergan narsalarni hech qanday sabab yoki dalilsiz o`zlariga harom qilib olarmidilar?! Ana shunday ahmoqona ishlarni qilganlar: «... ziyonkor bo`ldilar».)","U (ishkomlarga) ko`tariladigan va ko`tarilmaydigan bog`larni, xurmo va ekinlarni yemagini xilma-xil qilib, zaytun va anorlarni bir-biriga o`xshatib va o`xshatmay paydo qilgan Zotdir. Mevalagan paytida uning mevasidan yenglar va yig`im-terim kunida haqqini beringlar. Va isrof qilmanglar. Albatta, U isrof qilguvchilarni sevmas.","Va chorvalardan hammollarini va (so`ygani) yerga yotqaziladiganlarini paydo qildi. Alloh sizga rizq qilib bergan narsalardan yenglar va shaytonning izidan ergashmanglar. Albatta, u sizlarga ochiq-oydin dushmandir.[1]###[1] (O`tgan oyatlarda mushriklar o`zlaricha hech qanday haq-huquqsiz, dalil-hujjatsiz ba'zi hayvonlarni minishni, ba'zilarining go`shtini yeyishni harom qilganlari aytilgan edi. Ammo, aslini olganda, hayvonlarni minish yoki minmaslik, go`shtini yeyish yoki yemaslik haqidagi hukmni faqat Alloh taoloning O`zigina chiqaradi.)","Sakkiz juft (paydo qildi): qo`ydan ikkini (erkak-urg`ochi) va echkidan ikkini. «Ikkala erkagini harom qildimi yoki ikkala urg`ochisinimi yoxud ikkala urg`ochining bachadonlarida shomil bo`lgan narsanimi?! Agar rostgo`y bo`lsangizlar, ilmiy qilib xabarini beringlar-chi?» – deb ayt.[1]###[1] (Arab tilida «al-an'om» deb nomlangan hayvonlar turkumini biz «chorva» deb tarjima qilmoqdamiz. Aslida «al-an'om» deb tuya, sigir, qo`y va echkiga aytiladi. Ularni juft — bir erkak va bir urg`ochi hisob qilinsa, sakkizta bo`ladi.)","Tuyadan ikkitani, qoramoldan ikkini (paydo qildi). «Ikkala erkagini harom qildimi yoki ikkala urg`ochisinimi yoxud ikkala urg`ochining bachadonlarida shomil bo`lgan narsanimi?! Yoki Alloh sizlarga buni amr qilganda shohid bo`lib turganmidingiz? Ilmsiz holda odamlarni adashtirish uchun Allohga nisbatan yolg`on to`qigandan ham zolimroq odam bormi?! Albatta, Alloh zolim qavmlarni hidoyat qilmas».[1]###[1] (Haqqingiz bo`lmay turib harom haqida hukm chiqarganingiz bir gunoh va o`zingizcha chiqargan hukmni Allohga nisbat berishingiz yanada ulkanroq gunoh. Qani, ayting-chi, agar siz ta'kidlayotgandek, Alloh bularni harom qilgan bo`lsa: «Ikkala erkagini harom qildimi yoki ikkala urg`ochisinimi yoxud ikkala urg`ochining bachadonlarida shomil bo`lgan narsanimi?!». Bilmaysiz. Chunki gumon va taxmin bilan gapirib yurgansiz.)","«Menga vahiy qilingan narsada taomlanuvchi uchun harom qilingan narsani topmayapman. Magar o`limtik yoki oqizilgan qon yoki to`ng`iz go`shti bo`lsa, albatta, u iflos, haromdir. Yoxud fosiqlik ila Allohdan o`zganing nomiga so`yilgan bo`lsa (haromdir). Bas, kishi muztar bo`lib, maza talab qiluvchi va tajovuzkor bo`lmagan holida (iste'mol qilsa), albatta, Robbing mag`firat qilguvchi va rahimli Zotdir», – deb ayt.[1]###[1] (Ya'ni, siz harom deb atagan narsalarning birortasini ham Alloh harom qilgani yo`q. Bu narsalarni siz o`zingizcha harom deb yuribsiz. Alloh taolo menga vahiy yuborib, nima halol, nima harom ekanini bayon qildi.)","Va yahudiy bo`lganlarga barcha (butun) tuyoqlilarni harom qildik. Mol va qo`ydan esa, ularga yog`larini harom qildik. Magar orqa va ichaklaridagi yoki suyakka aralashgan yog`lari (haloldir). Bu, zulmlari uchun ularga bergan jazoimizdir. Albatta, Biz rostgo`ymiz.[1]###[1] (Demak, bu oyatda zikr qilingan narsalar faqat yahudiylarga xos bo`lib, ular qilgan zulm evaziga Alloh taolo tomonidan jazo bo`lib keldi. Boshqa qavmlarga esa halol. Oyatda biz «(butun) tuyoqli» deb tarjima qilganimiz so`z, tuyog`i ikkiga yoki ko`pga bo`linmagan hayvonlar, degan ma'nodadir. Bunday hayvonlar tuya, tuyaqush, o`rdak va shunga o`xshash oyog`idagi tuyog`i butun (bitta) bo`lgan hayvonlardir. Ana shunday hayvonlarni Alloh taolo yahudiylarga harom qilgan. Shuningdek, mol va qo`ylarning oyatda istisno qilinganidan boshqa yog`larini ham harom qilgan.)","Agar seni yolg`onchiga chiqarsalar: «Robbingiz keng rahmat sohibidir, ammo Uning azobi jinoyatchi qavmlardan qaytarilmas», – deb ayt.","Hali shirk keltirganlar: «Agar Alloh xohlaganda, biz ham, ota-bobolarimiz ham shirk keltirmas edik va biror narsani harom qilmas edik», – derlar. Ulardan oldingilari ham azobimizni tatigunlariga qadar shunga o`xshash yolg`onga chiqarib turganlar. «Sizning huzuringizda bizga chiqarib ko`rsatadigan biron ilm — hujjat bormi? Sizlar faqat gumonga ergashmoqdasiz va sizlar faqat yolg`on gapirmoqdasizlar», – deb ayt.[1]###[1] (Ya'ni, Alloh sizlarning shirk keltirishingizni, ba'zi narsalarni harom deb e'lon qilishingizni xohlaganini isbot qiladigan hujjatingiz bormi? Alloh O`z bandalaridan nimani xohlasa, ochiq-oydin aytib qo`ygan. Bandalar iymon keltirishni xohlaganlari uchun, iymon keltiringlar, degan. Kofir-mushrik bo`lishlarini xohlamagani uchun, kufr keltirmanglar, mushrik bo`lmanglar, deb qat'iy hukm etgan. Shuningdek, bandalari nimani qilishini xohlasa, amr, nimalarni qilmasligini xohlasa, nahiy qilib qaytarib qo`ygan. Allohning xohishi hammasi ochiq-oydin, ilmiy sobit narsalardir. Allohning xohishi ichida, shirk keltiring, ba'zi narsalarni harom qiling, degan xohish yo`q. Yoki, mening g`oyib, hech kim bilmaydigan xohishlarimni izlab topib, o`shanga amal qiling, degani ham yo`q.)","Sen: «Etuk hujjat Allohning O`zidadir. Agar xohlasa, hammangizni hidoyatga solar edi», – deb ayt.[1]###[1] (Alloh, shubhasiz, bunga qodir. Misol uchun, farishtalarni shunday qilib yaratdi. Ular doimo itoatkor, isyonsiz tabiat sohibi qilib yaratildilar. Lekin odamlarni xohlasa ham, xohlamasa ham, hidoyatga yuradigan qilib yaratishdan nima foyda bor? Alloh taolo odamlarga hidoyat va zalolat yo`lini ko`rsatib qo`ydi, aql-idrok berdi va xohlagan yo`lini tanlash ixtiyorini berdi. Ana o`sha ixtiyorga qarab jazo yoki mukofot oladi. Mushrik va kofirlar ana o`sha yomon — zalolat yo`lini tanlaganlardir. Ular o`sha ixtiyorlari uchun jazolarini oladilar.)","Sen: «Alloh mana shuni harom qilganiga guvohlik beradigan guvohlaringizni keltiring», – deb ayt. Bas, agar guvohlik bersalar, sen ular ila guvohlik berma. Bizning oyatlarimizni yolg`onga chiqaruvchilarning va oxiratga iymon keltirmaydiganlarning havoyi nafslariga ergashma. Ular Robbilariga shirk keltirurlar.","Keling, Robbingiz sizlarga harom qilgan narsalarni tilovat qilib beraman: «Unga hech narsani shirk keltirmang! Ota-onangizga yaxshilik qiling! Ochlikdan qo`rqib, bolalaringizni o`ldirmang. Biz sizlarni ham, ularni ham rizqlantirurmiz. Fahsh — buzuq ishlarning oshkorasiga ham, maxfiysiga ham yaqinlashmang. Alloh harom qilgan jonni o`ldirmang. Magar haq ila bo`lsa, mayli». «Ushbularni sizga amr qildikki, shoyad, aql yuritsangiz», – deb ayt.","Yetimning moliga to voyaga yetguncha yaqinlashmang. Magar yaxshi yo`l bilan bo`lsa, mayli. O`lchov va tarozini adolat ila to`liq ado eting. Biz hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif etmaymiz. Agar gapirsangiz, qarindoshingiz bo`lsa ham, adolat qiling. Allohga bergan ahdingizga vafo qiling. Bularni sizga amr qildikki, shoyad, eslasangizlar.[1]###[1] (Etimning molini yeyish ijtimoiy aloqalarni buzishdir. Yetim zaif hol bo`lgani uchun jamiyat uni himoya qilishi kerak. Yetimning molini nohaq yegan odam uning haqqiga zulm qilgan bo`ladi, shu bilan birga, jamiyat haqqiga ham zulm qiladi. Chunki molsiz qolgan yetimni endi jamiyat boqishi kerak bo`lib qoladi. Shuning uchun ham yetimni qaramog`iga olgan odam uning moliga yaqinlashishi mumkin emas. Magar yaxshi yo`l bilan bo`lsa, o`sha molni o`stirish uchun, ko`paytirib voyaga yetganda uning qo`liga topshirish uchun yaqinlashsa, mayli.)","Albatta, bu Mening to`g`ri yo`limdir. Bas, unga ergashing. Va boshqa yo`llarga ergashmang. Bas, sizni Uning yo`lidan adashtirmasinlar. Mana shu sizga qilgan amrki, shoyad, taqvo qilsangiz.[1]###[1] (Dunyodagi yagona to`g`ri yo`l — Allohning yo`li. Inson ergashmog`i lozim bo`lgan birdan-bir yo`l — shu yo`l. Undan boshqa yo`llarning hammasi noto`g`ri yo`llar. Kim ularga yoki ulardan birortasiga yursa, adashadi. Noto`g`ri yo`lga yurganlar Allohning yo`lidan adashgan bo`ladi. Alloh taoloning ushbu narsalarni bajarishga hukm qilishi ham bandalar taqvo qilib, to`g`ri yo`lni topishlari uchundir.)","Yana Musoga ham kitobni, yaxshilik qilganga (ne'mat) batamom bo`lishi uchun, har bir narsa batafsil bo`lishi uchun, hidoyat va rahmat bo`lishi uchun berdik. Shoyadki, ular Robbilariga ro`baro` bo`lishlariga iymon keltirsalar.","Biz tushirgan bu kitob muborakdir. Bas, unga ergashinglar. Va taqvo qilinglar. Shoyadki, rahim qilinsangizlar.[1]###[1] (Qur'oni Karim ko`plab yetuk sifatlarga musharraf kitobdir. U dunyoga ham, oxiratga ham barakadir. Bu haqiqatni Qur'oni Karimga aloqasi bo`lgan har bir musulmon yaxshi biladi. Agar dunyoda yashashdan maqsad ikki dunyoning barakasiga erishmoq bo`lsa: «Bas, unga ergashing». Undan o`zga ergashishga arzigulik narsa yo`q. Boshqalar barakasiz narsalar. Ularga ergashganlar ikki dunyoda maqsadlariga erisha olmaydilar. Qur'onga ergashish bilan birga, taqvo ham bo`lishi zarur.)","«Bizdan avvalgi ikki toifaga kitob tushirilgan, ularning darslaridan g`ofilmiz», demasliklaringiz uchun.","Yoki «Agar bizga kitob tushirilganda, ulardan ko`ra hidoyatliroq bo`lar edik», demasliklaringiz uchun, batahqiqki, sizga Robbingizdan ochiq hujjat, hidoyat va rahmat keldi. Allohning oyatlarini yolg`onga chiqargan va ulardan yuz o`girgan kimsadan ham zolimroq shaxs bormi? Tezda, oyatlarimizdan yuz o`girganlarni yuz o`girganlari tufayli yomon azob ila jazolarmiz.","Ular farishtalar kelishini, yo Robbingning kelishini yoki Robbingning ba'zi oyatlari kelishini kutmoqdalar, xolos. Robbingning ba'zi oyatlari kelgan kunida hech bir jonga, oldin iymon keltirmagan yoki iymonida yaxshilik kasb qilmagan bo`lsa, iymoni naf bermas. «Kutaveringlar, biz ham kutguvchilarmiz», – deb ayt.[1]###[1] («Robbingning ba'zi oyatlari»dan murod — lol qoldiruvchi mo`'jizalar. Shunday talablar qilingani ushbu suraning avvalgi oyatlarida ham bir necha marta zikr qilingan edi. Agar oyati karimaga umumiy holni e'tiborga olib ta'vil beriladigan bo`lsa, «farishta»lardan murod — o`lim farishtalaridir. «Robbingning kelishi» — qiyomat kunining qoim bo`lishi; «Robbingning ba'zi oyatlari» — qiyomat alomatlari, demakdir.)","Dinlarini tafriqa qilib, o`zlari guruhbozlik qilganlar bilan hech bir aloqang yo`q. Albatta, ularning ishi Allohning O`ziga havola. So`ngra, qilgan ishlarining xabarini berur.[1]###[1] (Dunyoda turli dinlarni tutganlar, diniga tafriqa tushganlar ko`p. Shu bilan birga, o`zlari turli guruhlarga, firqalarga bo`linib olib, tarafkashlik qilib yurganlar ham ko`p. Lekin sening ular bilan hech qanday aloqang yo`q. Sening Alloh huzuridan kelgan va uning huzurida maqbul dining bor.)","Kim bir yaxshilik qilsa, unga o`n barobar qaytarilur. Kim bir yomonlik qilsa, unga faqat qilganiga yarasha jazo bo`lur. Va ularga zulm qilinmas.","Sen: «Albatta, Meni Robbim to`g`ri yo`lga — rost dinga — to`g`rilikka moyil Ibrohim millatiga hidoyat qildi. U mushriklardan bo`lmagan edi», – deb ayt!","Sen: «Albatta, mening namozim, ibodatlarim, hayot va mamotim olamlarning Robbi Alloh uchundir.","Uning sherigi yo`q. Ana shunga buyurilganman. Va men eng avvalgi musulmonlardanman.[1]###[1] (Bu oyat musulmon odam butunlay Allohga ajralib chiqishi lozimligini ko`rsatadi. U namozni faqat Alloh uchun o`qiydi. Boshqa zot uchun yoki badantarbiya, axloqiy mashq, ota-onasini xursand qilish uchun emas. U ibodatlarini faqat Alloh uchun ado etadi. Haj qilsa, ro`za tutsa, zakot bersa, Alloh uchun qiladi. Birovning gapi, maqtovi yoki ehtiromi uchun qilmaydi.)","Allohdan o`zgani Robbim deymi? Holbuki, U hamma narsaning Robbidir. Har bir jon yomon kasb qilsa, faqat o`ziga ziyon qilur. Hech bir jon boshqaning og`irligini ko`tarmas. So`ngra, Robbilaringizga qaytishingiz bor. Bas, U sizlarga ixtilof qilgan narsalaringizning xabarini berur.","U sizlarni yer yuzida xalifalar qilgan va O`zi bergan narsalarda sizni sinash uchun ba'zingizning darajasini ba'zingizdan ustun qilgan Zotdir. Albatta, Robbing iqobi tez Zotdir. Va, albatta, U mag`firat qiluvchi va rahimlidir», – deb ayt.","Alif. Laam. Miym. Sood.","Bu, senga u ila ogohlantirishing uchun va mo`minlarga eslatma etib nozil qilingan kitobdir. Ko`nglingda undan tanglik bo`lmasin.","Sizlarga Robbingizdan nozil qilingan narsaga ergashinglar! Undan boshqa valiy — do`stlarga ergashmanglar. Juda oz eslaysizlar.","Qanchadan-qancha shahar-qishloqlarni halok qildik. Bas, azobimiz ularga tun uyqusida yoki kun uyqusida keldi.[1]###[1] (Alloh taolo isyon qilgan ko`plab qavmlarni halokatga uchratgan, ularga Allohning azobi kechasi yoki kunduzi uxlab yotgan vaqtlarida, g`aflatning cho`qqisiga chiqqanlarida kelgan.)","Bas, Bizning azobimiz kelgan chog`ida ularning da'volari: «Albatta, biz zolimlardan bo`lgan edik», – deyishlaridan boshqa narsa bo`lmadi.","Bas, Biz, albatta, Payg`ambar yuborilganlardan ham va, albatta, Payg`ambarlardan ham so`rarmiz.[1]###[1] (Ya'ni, oxiratda payg`ambar kelgan har bir qavmdan, shaxsdan: «Sizlarga payg`ambar keldimi? Bizning amrlarimizni yetkazdimi? Sizlar nima dedingiz?» deb so`raladi. Shuningdek, payg`ambarlardan ham: «Amrimizni ummatlaringizga yetkazdingizmi? Ular sizga qanday javob berdilar?» deb so`raladi.)","Bas, ularga ilmiy ravishda qissa qilib berurmiz. Holbuki, Biz g`oyib bo`lmagan edik.","O`sha kuni (amallarni) tortish haqdir. Bas, kimning tortilgan(amal)lari og`ir kelsa, ana o`shalar najot topguvchilardir.","Va kimning tortilgan (amal)lari yengil kelsa, bas, ana o`shalar Bizning oyatlarimizga zulm qilib, o`zlariga ziyon etganlardir.","Batahqiq, sizlarga yer yuzida qudrat va imkoniyatlar berdik va unda sizlar uchun yashash vositalari qildik. qanchalar oz shukr qilasizlar-a?!","Va batahqiq, Biz sizlarni yaratdik, keyin sizlarga suvrat berdik. So`ngra esa, farishtalarga: «Odamga sajda qiling», – dedik. Bas, ular sajda qildilar. Magar iblis sajda qiluvchilardan bo`lmadi.","U zot: «Senga amr etganimda sajda qilishingdan nima to`sdi?» – dedi. U: «Men undan yaxshiman, meni o`tdan yaratding va uni loydan yaratding», – dedi.[1]###[1] (Alloh taolo O`z amrini bajarmagan, Odamga sajda qilmagan Iblisdan: «Senga amr etganimda sajda qilishingdan nima to`sdi?» deb so`raganida, u «tavba qildim, xato qilibman» deyish o`rniga: «Men undan (ya'ni, Odamdan) yaxshiman, meni o`t (olov)dan yaratding va uni loydan yaratding», dedi. Ya'ni, Allohning ochiq-oydin farmoni turib, o`zining fikrini ishlatdi. Allohning amri turganda, qachon fikrbozliklar boshlansa, Iblisning ishi qilingan bo`ladi. Buning oqibati Iblisning oqibatiga o`xshash bo`ladi. Iblisning oqibati esa, quyidagi oyatda bayon qilinadi:)","U zot: «Bas, u(jannat)dan tush! Sen uchun unda mutakabbirlik qilib yurish yo`q. Bas, chiq! Albatta, sen xoru zor bo`lguvchilardansan», – dedi.","U: «Menga ular qayta tiriltiriladigan kungacha muhlat ber», – dedi.","U zot: «Albatta, sen muhlat berilganlardansan», – dedi.","U: «Meni ig`voga uchirganing sababli, albatta, men ularni To`g`ri yo`lingda to`sib o`tiraman.","So`ngra, ularning oldilaridan, orqalaridan, o`ng tomonlaridan va chap tomonlaridan kelaman. Va ularning ko`plarini shukr qiluvchi holda topmassan», – dedi.","U zot: «Undan mazammatga uchragan va quvilgan holingda chiq!!! Ulardan kim senga ergashsa, albatta, jahannamni sizlarning hammangiz bilan to`ldirurman», – dedi.[1]###[1] (Alloh taolo Odam alayhissalomni yaratganidan so`ng farishtalarni unga sajda qilishga buyurgani, ular sajda qilgani, ammo yolg`iz Iblis alayhi la'na sajda qilmaganini zikr qilgandan so`ng, Iblis bilan bu borada bo`lgan mukolama keltirildi. Binobarin, Iblisni jannatdan quvib yubordi.)","Ey Odam, sen jufting bilan jannatni maskan tut. Ikkovingiz xohlagan joyingizdan yeng. Ammo mana bu daraxtga yaqinlashmanglar. Uning sababidan zolimlardan bo`lib qolmanglar.","Bas, shayton ikkovlarining berkitilgan avratlarini ochish uchun ularni vasvasa qildi va: «Robbingiz sizni ushbu daraxtdan faqat ikkovingiz farishta bo`lmasligingiz yoki abadiy qolmasligingiz uchungina man qildi», – dedi.","Ularga: «Albatta, men sizlarga nasihat qiluvchilardanman», – deb qasam ichdi.","Bas, ularni aldov ila past(holat)ga tushirdi. Ikkovlari daraxtdan tatib ko`rishganda, avratlari o`zlariga ko`rinib qoldi va o`zlariga jannat barglaridan to`siq to`qiy boshladilar. Shunda, Robbilari ularga nido qilib: «Sizlarni ana o`sha daraxtdan qaytargan emasmidim va, albatta, shayton ikkovingizga ochiq-oydin dushmandir, demaganmidim?!» – dedi.","Ikkovlari: «Ey Robbimiz, biz o`zimizga zulm qildik. Agar Sen bizni mag`firat qilmasang va bizga rahim qilmasang, albatta, ziyon ko`rganlardan bo`lamiz», – dedilar.","U zot: «Bir-biringizga dushman bo`lgan holingizda tushinglar. Sizlarga yer yuzida qarorgoh bor va ma'lum vaqtgacha foydalanish bor», – dedi.","U zot: «Unda hayot kechirasizlar, unda o`lasizlar va undan qayta chiqarilasizlar», – dedi.","Ey, Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni to`sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana o`sha yaxshidir. Ana o`shalar Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki, eslasalar.[1]###[1] (Libosning zaruri avratni pinhon tutadiganidir. Lekin Alloh insonning avratdan boshqa a'zolarini ham to`sish ehtiyoji borligini inobatga olib, libosni ziynat tarzida nozil qildi. Xuddi shunday — libosni o`z o`rnida, ya'ni shariatga muvofiq iste'mol qilgan inson ziynatli hisoblanadi. Ammo eng asosiy libos — taqvo libosi.)","Ey, Odam bolalari, shayton ota-onangizni o`zlariga avratlarini ko`rsatish uchun ustlaridan liboslarini yechib, jannatdan chiqarganidek, sizni ham fitnaga solmasin. Albatta, u va uning yordamchilari sizni siz ko`rmaydigan tomondan ko`radir. Biz, albatta, shaytonlarni iymon keltirmaydiganlarga do`st qilganmiz.[1]###[1] (Shayton insoniyatning ota-onasi Odam ato va Momo Havoni qanday fitnaga solgani yuqoridagi oyatlardan ma'lum bo`ldi. U Odam ato va Momo Havoni gunohga chorlab yalang`och qildi va jannatdan chiqarishga muyassar bo`ldi. Odam bolalari bu hodisani zinhor unutmasliklari zarur. Aks holda, shayton ularni ham sharmandalarcha yalang`ochlab, jannatdan mahrum etadi.)","Ular qachon fohisha ish qilsalar: «Ota-bobolarimiz ushbuni qilayotganini ko`rdik. Buni bizga Alloh buyurgan», – derlar. «Alloh, albatta, fahsh ishlarga buyurmas. Alloh sha'niga bilmaydigan narsangizni aytasizmi?!» – degin.","Sen: «Robbim adolatga amr qildi. Har bir ibodatxonada yuzingizni to`g`ri tuting. Uning diniga ixlos etgan holda duo qiling. Sizlarni avvalda qanday yaratgan bo`lsa, o`sha holda qaytasizlar», – deb ayt.","Bir guruhni hidoyat qildi. Boshqa guruhga yo`ldan ozish haq bo`ldi. Chunki, ular Allohni qo`yib shaytonlarni o`zlariga do`st tutdilar. Hamda o`zlarini, albatta, hidoyat topganlar, deb hisoblarlar.[1]###[1] (Hatto payg`ambarlar, avliyo va solih bandalar ham shayton vasvasasidan salomat qolmaganlar. Ammo ular doimo yaxshilikni ixtiyor qilganlari, yomonlikdan qochganliklari uchun Alloh hidoyatiga sazovor bo`lganlar. Xatokorlarni ham birov majbur qilib yoki zo`rlab yo`ldan ozdirgani yo`q, shayton fitnasi shu holga tushirdi. Ikki guruh ham Alloh huzuriga qaytadilar.)","Ey, Odam bolalari, har bir ibodat chog`ida o`z ziynatingizni oling. Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki, U isrof qiluvchilarni sevmas.[1]###[1] (O`tgan oyati karimada kelganidek, kiyimsiz holda ibodat-tavof qilish yoxud janda, yamoq-yasqoq kiyim bilan bajarish ibodat fazli va savobini ziyoda etmaydi. Lekin tabiati buzuq kishilar buzuq dindorlikka urinadilar, taqvoni juldur kiyimlar ila hosil bo`ladigan etib ko`rsatishga harakat qiladilar. Alloh taolo esa, engil-boshda haddan oshib faxr va g`ururga ketishni qoralaganidek, uning past va tabiatsiz holda iste'mol qilinishini ham qoralaydi.)","Sen: «Alloh O`z bandalariga chiqargan ziynatlarni va pokiza rizqlarni kim harom qildi?!» – deb ayt. Sen: «Ular hayoti dunyoda iymon keltirganlarga, qiyomat kunida esa faqat o`zlariga xosdir», – deb ayt. Biladigan qavmlar uchun oyatlarni mana shunday mufassal bayon qilurmiz.[1]###[1] (Ushbu oyatlar egnilariga kiyim kiymay tavof qilishni, haj mavsumida yaxshi taom iste'mol etmaslikni o`zlariga rusum qilib olib, bu Alloh amri, deb yurgan arab mushriklarining qilmishlari noto`g`ri ekanini bildirish uchun tushgani va bu orqali hamma zamon kofirlariga xitob qilinayotgani boshda aytib o`tilgan edi. Yalang`och holda tavof qilish joiz emasligini tushunib yetgan musulmonlar kiyim-bosh bilan tavof qilishsa, mushriklar ularning ustilaridan kulishgan. Shunda Alloh taolo mazkur oyati karimani nozil qilgan.)","Sen: «Robbim faqatgina oshkora va yashirin fahsh ishlarni, gunohlarni, nohaq tajovuzkorlikni va Allohga hech qanday hujjat tushirmagan narsalarni sherik qilib olishingizni hamda Allohga nisbatan bilmagan narsani aytishni harom qilgan, xolos», – deb ayt.","Har bir ummatning ajali bor. Ajallari kelgan vaqtida biror soatga ketga ham, oldinga ham sura olmaslar.[1]###[1] (Dunyoga kelgan har bir shaxsning belgilik ajali bo`lib, o`sha ajal kelganda bu dunyoni, albatta, tark etishi haqiqat. Shuningdek, olamdagi har bir ummat — xalq va qavmning ham belgilik ajali bor. Bu ajal muqarrar suratda, o`z vaqtida keladi. Uni na biror soat oldinga, na biror soat ortga sura oladilar.)","Ey, Odam bolalari, agar sizlarga o`zingizdan bo`lgan Payg`ambarlar kelib, oyatlarimni so`zlaganda, bas, kim taqvo qilsa va yaxshi amal qilsa, ularga xavf yo`qdir va ular xafa ham bo`lmaslar.","Oyatlarimizni yolg`onga chiqarganlar va ulardan kibr qilganlar, ana o`shalar do`zax egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.","Allohga nisbatan yolg`on to`qigan yoki uning oyatlarini yolg`onga chiqargan kimsadan ham zolimroq odam bormi?! Ana o`shalarga kitobdan nasibalari yetar. Bizning elchilarimiz kelib ularning jonlarini olayotib: «Allohdan o`zga ibodat qilayotgan narsalaringiz qani?» – derlar. Ular: «Bizdan g`oyib bo`lishdi», – derlar va o`z ziyonlariga, kofir bo`lganlarini aytib, guvohlik berarlar.","U zot: «Sizdan oldin o`tgan, jin va insdan bo`lgan ummatlar bilan do`zaxga kiring», – der. Qachonki, qaysi bir ummat (do`zaxga) kirsa, sherigini la'natlar. Biroq u yerda hammalari topishganlarida, keyingilari avvalgilarini (malomat qilib): «Ey Robbimiz, bizni anavilar adashtirgan edilar. Ularga do`zax azobini ikki barobar qilib ber», – derlar. U zot: «Hammaga ham ikki barobar, lekin bilmaysizlar», – der.[1]###[1] (Osiy zot aynan o`z sherigiga ergashib, oqibat ushbu baloyi azimga giriftor bo`ldi. Shunday qilib, bir-birlarini la'natlab, birin-ketin do`zaxda topishadilar: «Hammalari unda topishganda esa, keyingilari avvalgilarini (malomat qilib): «Ey Robbimiz, bizni anavilar adashtirgan edilar. Ularga do`zax azobini ikki barobar qilib ber», derlar».)","Avvalgilar keyingilarga: «Sizlarning bizdan afzallik tomoningiz yo`q. Qilgan kasbingizga yarasha azobni tortaveringlar», – derlar.","Albatta, oyatlarimizni yolg`onga chiqarganlar va ulardan kibr qilganlarga osmon eshiklari ochilmas va ular tuya igna teshigidan o`tmaguncha jannatga kirmaslar. Jinoyatchilarni mana shunday jazolaymiz.[1]###[1] (Ularning ruhlari osmonga olib chiqilganda, eshik ochilmay, ahvollari rasvo bo`lgan edi. Endi jannatga kirishlari uchun g`oyat og`ir shart qo`yilmoqda. Bir tarafda ulkan jussali tog`dek tuya daryodek pishqirib turibdi. Ikkinchi tarafda ko`z ilg`ab-ilg`amay bir igna. Ammo uning teshigini, unga nigohi o`tkir odam yaqinroqdan tikilmasa, ko`rmaydi ham. Bu bahaybat tuya ushbu kichkina teshikdan o`tsa, bosh ustiga, «anavilar» ham jannatga kiraversinlar. Bu ilohiy ta'bir oddiygina qilib, abadul abad jannatga kirmaydi, deyishdan ko`ra yuz chandon ta'sirchandir. Bu ham ularning azobiga azob, jazosiga jazo qo`shish uchundir.)","Ularga jahannamdan to`shak va ustlariga choyshab bor. Zolimlarni mana shunday jazolaymiz.","Iymon keltirib, yaxshi amallarni qilganlar — Biz hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaymiz — ana o`shalar jannat egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.[1]###[1] (Alloh taolo hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmaydi. Toqati doirasidagi amallarni bajarib jannatga sohib bo`lish qanday ulug` tole! Boz ustiga, jannatda abadiy qolish nechuk saodat!)","Va ko`ksilaridagi g`illu g`ashlarni chiqarib oldik, ostilaridan anhorlar oqib turibdi. Ular: «Bizni shunga hidoyat qilgan Allohga hamdlar bo`lsin, agar Alloh bizni hidoyat qilmaganda, o`zimiz yo`l topa olmas edik. Robbimizning elchilari haqni keltirdilar», – dedilar. Va ularga: «Mana shu jannatingizni qilgan amallaringiz tufayli meros qilib oldingiz», – deb nido qilinur.","Va jannat egalari do`zax egalariga: «Biz Robbimiz bizga va'da qilgan narsaning haq ekanini topdik. Sizlar ham Robbingiz va'da qilgan narsaning haq ekanini topdingizmi?!» – deb nido qiladir. Ular: «Ha!» – derlar. Bas, ular o`rtalarida bir jarchi: «Zolimlarga Allohning la'nati bo`lsin!!!","Allohning yo`lidan to`sadigan, uni buzishni istaydigan va oxiratga kofir bo`luvchilarga!!!» – deb jar soladir.[1]###[1] (Bunday holatda savol berishga faqat jannat egalarigina qodirdirlar. Chunki do`zax egalari o`zlari bilan o`zlari ovora. Bu dunyoda kofirlar Allohning oxirati, jannati va do`zaxiga, ularda azob-uqubat, rohat-farog`at bo`lishiga iymon keltirgan mo`minlar ustidan kulgan edilar. Endi vaziyat butkul o`zgardi. Mo`minlarning yuzi yorug`, so`zlari haq bo`ldi.)","Oralarida to`siq bor, u devorlar ustidagi kishilar hammalarini siymolaridan tanirlar. Tama' qilgan hollarida kirmay turgan jannat egalariga: «Sizga salom bo`lsin», – deb nido qilurlar.[1]###[1] (Jannat bilan do`zax orasida to`siq bo`lib turgan baland va keng devor — a'rof ustida odamlar bor. Bu odamlar kimlar ekanligi haqida ulamolar o`rtasida ikki xil fikr mavjud. Birinchisi: ular yaxshilik va yomonliklari teng kelib, na jannatga, na do`zaxga hukm bo`lmay qolgan kishilardir. Ikkinchisi, o`z qavmiga payg`ambarlarning haq da'vatlarini yetkazib, ularni yaxshilikka boshlagan da'vatchilar, ulamolar va shuhadolardir. Biz ikkinchi ma'noni ixtiyor qildik. Chunki, a'rof — oliymaqom joy, jannatning ham ustida. Uning yuzida turgan odamlar xaloyiqni yuqoridan kuzatishyapti. Ular ishonch bilan yaxshilarga yaxshi, yomonlarga munosib tarzda so`z qotmoqdalar. Jannat egalarini olqishlab, do`zax ahlini itob qilmoqdalar. O`zlarini nima kutayotganini bilolmay, qiyomat sahnida iztirob chekib turganlar bunga jur'at eta olmaydilar. Allohu a'lamu bis-savob.)","Qachonki ko`zlari do`zax egalari tomon burilib qolsa: «Ey Robbimiz, bizni zolim qavmlar bilan birga qilmagin», derlar.","A'rof egalari siymolaridan taniydigan kishilariga nido qilib: «To`plaganingiz va qilgan kibru havoingiz sizga asqotmabdi-ku!","Sizlar «Alloh ularga rahmat yetkazmas», deb qasam ichganingiz ana ularmi?! (Ularga): Jannatga kiringlar! Sizga xavf yo`q va siz xafa ham bo`lmaysiz, deyildi-ku!» – derlar.","Do`zax egalari jannat egalariga: «Bizga ham suvdan yoki Alloh sizga rizq qilib bergan narsadan to`kinglar», – deb nido qilarlar. Ular: «Albatta, Alloh bularni kofirlarga harom qilgan.","Dinlarini o`yin-kulgi qilib olgan va hayoti dunyo g`ururiga ketganlarga», – derlar. Bas, bu Kunda ular bugungi holga duchor bo`lishlarini unutganlari va oyatlarimizni inkor qilganlaridek, Biz ham ularni unutamiz.","Batahqiq, Biz ularga ilm ila mufassal qilingan, iymon keltirgan qavm uchun hidoyat va rahmat bo`lgan kitobni keltirdik.","Ular uning ta'viylini — oqibatini kutmoqdalar, xolos. Uning ta'viyli kelgan kunda ilgari uni unutganlar: «Robbimizning Payg`ambarlari haq ila kelgan ekanlar. Endi bizga shafoat qiluvchilar bormi, shafoat qilsalar yoki ortga qaytarilsag-u, qilgan amallarimizdan boshqacha amallarni qilsak», – derlar. Batahqiq, ular o`zlariga ziyon qildilar va to`qib olgan narsalari ulardan g`oyib bo`ldi.[1]###[1] (Qiyomatda shafoat qilguvchilarning ulug`i va ishonchlisi Muhammad alayhissalotu vassalom edilar. Ammo kofirlar u zotga bu dunyoda iymon keltirmadilar. U kishi alayhissalotu vassalomning shafoatlaridan umid qila olmaydilar. Qiyomatda shafoat qiluvchilarning yana biri Qur'oni Karim edi. Ammo kofirlar unga ham iymon keltirmadilar. Demak, Qur'oni Karimning shafoatidan ham umid qila olmaydilar. Qiyomatda shafoat qiluvchi vositalardan biri iymon edi, iymonlari yo`q. Imkoni bo`lsa edi, ular bu dunyoga qaytib, avval qilgan gunohlarini takrorlamay, iymon va ixlos bilan yashashga jon deb ko`nardilar. Balki birdan-bir orzulari shudir. Ammo buning sira ham iloji yo`q.)","«Albatta, osmonlaru yerni olti kunda yaratgan, so`ngra (Zoti va ulug`ligiga munosib suratda) Arshga yuksalgan Robbingiz kecha ila kunduzni qoplaydir. Unisi bunisini shoshilib quvlaydir. Quyosh, oy va yulduzlarni O`z amriga bo`ysundirilgan qilib yaratdi. Ogoh bo`ling, yaratish va amr qilish Uning O`ziga xosdir. Olamlarning Robbi — Alloh buyukdir.[1]###[1] (Islom aqidasiga ko`ra, Alloh taolo o`xshashi yo`q Zotdir. Kim uni biror narsaga qiyoslashga urinsa, kofir bo`ladi. Nega, nima uchun, deb so`rash ham mumkin emas. Alloh taolo osmonlaru Yerni yaratgani haq. Ammo qanday usulda yaratganini bilmaymiz. Ularni olti kunda bunyod etganligi ham haq. Ammo bu kunlar qanday kunlar ekanini bilmaymiz. Bilishga imkonimiz yo`q. Bu kunlar ham Alloh taoloning o`ziga xos bo`lgan kunlardir. Alloh taolo arshga yuksalgani ham haq. Ammo qanday, nechuk yuksalish ekanini bilmaymiz. Bu haqda so`rab-surishtirmaymiz ham. O`tgan salafi solihlarimiz bunday masalalarni qo`ziganlarni bid'atchi, buzg`unchi, fitnakash, deb ataganlar va ba'zilarini jazolashga hukm qilganlar.)","Robbingizga tazarru' ila va maxfiy duo qiling. Zotan, U haddan oshuvchilarni sevmas.","Va isloh qilingandan keyin yer yuzida fasod qilmang va Undan qo`rqib tama' ila duo qiling. Albatta, Allohning rahmati yaxshilik qiluvchilarga yaqindir.","U O`z rahmatidan oldin shamollarni xushxabar qilib yuboradigan Zotdir. Qachonki, ular og`ir bulutlarni ko`tarib keltirgach, u ila o`lik yurtni sug`oramiz. Undan suv tushirib, o`sha ila turli mevalar chiqaramiz. O`liklarni ham shunday qilib chiqaramiz. Shoyadki, eslasangizlar.","Pok yurtning nabototi Robbining izni ila chiqadir. Nopok bo`lgani esa, faqat qiyinchilik ila chiqadir. Shukr keltirgan qavmlar uchun oyatlarimizni shunday xilma-xil bayon qilamiz.[1]###[1] (Yuqoridagi oyatda bo`lgani kabi, ushbu oyati karimada ham juda katta va nozik qiyos bor. Qur'oni Karim oyatlarida, Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomning hadisi shariflarida pok va sahiy qalb toza va sermahsul yerga — tuproqqa qiyos etiladi. Nopok va iflos qalb esa, g`ajd va mahsulsiz yerga o`xshatiladi. Pokiza zamindan yaxshi mahsullar yetishib chiqqanidek, pok va sahiy qalbda ham iymon, ixlos, yetuk mafkura va ezgu niyatlar yashaydi. Ularning mevasi Alloh rozi bo`ladigan amallardangina iborat bo`ladi. Nopok va nobop yerdan bir hosilning unib chiqishi mashaqqat bo`lganidek, nopok qalbdan ham yaxshilik chiqishi qiyin. Chirkin qalbdan chiqsa ham, faqat yomonlik chiqadi.)","Batahqiq, Biz Nuhni o`z qavmiga yubordik. Bas, u: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilinglar. Sizlarga Undan o`zga iloh yo`q. Albatta, men sizlarning buyuk kunning azobiga giriftor bo`lishingizdan qo`rqaman», – dedi.[1]###[1] (Avval-boshda Odam alayhissalomning qissalari bayon etilgan edi. Endi u zotning zurriyotlari pushti kamaridan yaralgan Nuh alayhissalomning qissalari keltirilmoqda.)","Uning qavmidan bo`lgan zodagonlar: «Albatta, biz sening ochiq-oydin zalolatda ekaningni ko`ryapmiz», – dedilar.[1]###[1] (Har bir qavmning o`z zodagonlari bo`ladi. Ularni zodagon qilgan ularning mol-dunyosi, puli, kuch-qudrati, makkorligi va ustamonligi bo`ladi. Bu zotlar qavm nomidan gapirish haqqini o`zlariga o`zlari berganlar. Shu toifa zodagonlar Nuh alayhissalom qavmlarida ham bor edi.)","U: «Ey qavmim, menda zalolat yo`q. Va lekin men olamlarning Robbidan Payg`ambarman.","Sizlarga Robbimning yuborganlarini yetkazaman, nasihat qilaman va Alloh tomonidan siz bilmagan narsani bilaman.","O`zingizdan bo`lgan bir kishiga, sizlarni ogohlantirish uchun va taqvo qilib, shoyad, rahmatga erishsangiz deb, Robbingizdan eslatma kelganidan ajablanasizlarmi?!» – dedi.","Bas, uni yolg`onchiga chiqardilar. So`ng, Biz uni va u bilan birga bo`lganlarni kemada qutqardik va oyatlarimizni yolg`onga chiqarganlarni g`arq qildik. Chunki, ular ko`r qavm edilar.","Va Odga o`z birodari Hudni (yubordik). U: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilinglar. Sizlarga Undan o`zga iloh yo`q. Taqvo qilmaysizlarmi?!» – dedi.","Uning qavmidan kufr keltirgan zodagonlar: «Albatta, biz seni esi pastlikda ko`rib turibmiz va albatta biz seni yolg`onchilardan deb bilamiz», – dedilar.","U: «Ey qavmim, menda esi pastlik yo`q. Va lekin men olamlarning Robbidan Payg`ambarman.","Sizlarga Robbimning yuborganlarini yetkazaman va men sizlarga ishonchli nasihatgo`yman.","O`zingizdan bo`lgan bir kishiga sizlarni ogohlantirish uchun Robbingizdan eslatma kelganidan ajablandingizmi?! Sizlarni Nuh qavmidan keyin xalifa qilganini va xilqatingizda kuch-quvvatni ziyoda qilganini eslang. Allohning ne'matlarini eslang. Shoyadki, najot topsangiz», – dedi.[1]###[1] (Alloh taolo Nuh qavmini og`ir gunohlari tufayli Yer yuzidan gumdon qilib tashlagan edi. Xuddi shu osiy qavmdan so`ng sizlarni Yer yuzida o`zining xalifasi qilib tanladi. Bu — ulug` ne'mat. Bunga, albatta, shukr qilish lozim edi. Ammo Od qavmi ham jaholatida qattiq turib oldi.)","Ular: «Sen bizga yolg`iz Allohning O`ziga ibodat qilishimiz va ota-bobolarimiz ibodat qilgan narsalarni tark etishimiz uchun keldingmi?! Agar rostgo`ylardan bo`lsang, bizga va'da qilayotgan narsangni keltir!» – dedilar.","U: «Batahqiq, ustingizga Robbingiz tomonidan azob va g`azab tushdi. Men bilan, Alloh hech bir hujjat tushirmagan, o`zingiz va ota bobolaringiz qo`yib olgan nomlar haqida tortishasizlarmi?! Bas, intizor bo`lib turinglar! Men ham sizlar bilan intizor bo`luvchilardanman», – dedi.","Bas, unga va u bilan birga bo`lganlarga O`z rahmatimiz ila najot berdik va oyatlarimizni yolg`onga chiqarganlarning ketlarini uzdik. Ular mo`min emas edilar.[1]###[1] (Mazkur bahsning oqibatida Biz Hud alayhissalomga va u zot bilan bo`lgan mo`minlarga najot berdik. Ular Alloh yuborgan balo-ofatlardan omonda bo`ldilar. Ya'ni, batamom halokatga giriftor qildik. Ularning Mug`ays deb atalguvchi vodiylari uzra uzoq muddat davom etgan qurg`oqchilikdan so`ng bir bulut namoyon bo`ldi. Od qavmi, mana shu kelayotgan bulut bizga yomg`ir yog`adi, deb shod bo`lishdi. Ammo orziqib kutilgan bulut yetib kelganida undan qattiq shamol ufurilib, barchalarini halok qildi. Ulardan birortasi omon qolmay, «ketlari uzildi».)","Va Samudga o`z birodari Solihni (yubordik). U: «Ey qavmim, Allohga ibodat qilinglar. Sizlarga Undan o`zga iloh yo`q. Sizga Robbingizdan hujjat keldi. Allohning mana bu tuyasi sizlarga belgidir. Uni Allohning yerida tek qo`yinglar. Unga yomonlik yetkazmanglar. Yana sizni alamli azob tutmasin-a![1]###[1] (Boshqa suralarda bayon qilinishicha, Samud qavmi Solih alayhissalomdan Allohning qudratiga dalolat qiluvchi oyat-belgi keltirishni talab qilganlarida, Alloh taolo katta xarsang toshdan bir tuyani chiqargan. Shuning uchun ham u «Allohning tuyasi» deb atalmoqda. Samud qavmidan ba'zi shaxslar bu mo`'jizaviy tuyani ko`rib iymon keltirdilar. Tuya yaylovda o`tlab yuraverdi. Suvdan istifoda qilish esa, navbatli bo`ldi. Chunonchi, suvni bir kun tuya, bir kun Samud qavmi iste'mol etar edilar.)","Va sizlarni Oddan keyin xalifa qilganini va sizga yer yuzida imkon berib, tekisliklarida qasrlar qurib, tog`lardan uylar o`yganlaringizni eslang. Allohning ne'matlarini eslang va yer yuzida fasod-la buzg`unchilik qilmang!» – dedi.[1]###[1] (Rivoyatlarda bayon etilishicha, Alloh taolo gunoh amallar qilgani uchun Od qavmini halokatga giriftor etganidan so`ng, ularning diyorida Samud nomli qavm makon etib, o`sha yerlarni obod qilganlar. Ularning umrlari bardavom bo`lib, farovon turmush kechirganlar. Past-tekislik joylarni tanlab, ulkan qasrlar bunyod etganlar. Tog`lar bag`rida toshlarni o`yib uylar yasaganlar. Hozirgacha o`sha maskanlarning ba'zilari saqlanib qolgan. Solih alayhissalom ularga bu narsalarning hammasi Allohning ne'mati ekanini eslatib, ularni shukr qilishga undadilar.)","Uning qavmidan mutakabbir bo`lgan zodagonlar zaifhol bo`lganlardan iymon keltirganlariga: «Solihni Robbidan Payg`ambar qilib yuborilgan, deb bilmoqdamisiz?!» – dedilar. Ular: «Albatta, biz u ila yuborilgan narsaga iymon keltiruvchilarmiz», – dedilar.","Mutakabbir bo`lganlar: «Albatta, biz siz iymon keltirganga kofirmiz», – dedilar.","Bas, tuyani so`ydilar, Robbilari amrida tajovuzkorlik qilishdi va: «Ey Solih, agar rostgo`ylardan bo`lsang, bizga va'da qilayotgan narsangni keltir!» – dedilar.[1]###[1] (Allohning, tuyani tek qo`yinglar, unga yomonlik yetkazmanglar, degan amriga qasdma-qasd uni o`ldirdilar. Kufrda haddan oshdilar.)","Bas, ularni shiddatli zilzila oldi va joylarida o`tirib qoldilar.","Keyin, ulardan yuz o`girdi va: «Ey qavmim, batahqiq, men sizga Robbimning yuborganini yetkazdim va nasihat qildim. Lekin siz nasihat qiluvchilarni sevmas ekansiz», – dedi.","Va Lutni (yubordik). Uning o`z qavmiga: «Sizdan oldin olamlarda hech kim qilmagan fohisha ishni qilasizlarmi?!","Albatta, sizlar ayollarni qo`yib, erkaklarga shahvat ila yaqinlik qilmoqdasizlar. Yo`q! Sizlar isrofchi qavmsiz!» – deganini esla.[1]###[1] (Lut alayhissalom qissalarida, u zot daf'atan o`z qavmlarining ulkan qabih ishlari — bachchabozliklarini qoralashga boshlaydilar. Alloh taolo insonni erkak va ayol jinsida yaratdi. Har biriga o`ziga xos a'zolar va xususiyatlar berdi. Alloh taolo inson zotini jinsiy yaqinlik yo`li bilan yaratib, uning nasli pokiza yo`l bilan ko`payib turishini iroda va hayotiy zarurat qildi. Bu yo`ldan tajovuz qilganlar va Alloh irodasiga zid borib, erkaklarga shahvat ila yaqinlik qiladiganlar aqidasi buzuq va tuban kishilar hisoblanadilar. Shu boisdan mazkur qissada xuddi shu fohishalik bosh masala qilib ko`tariladi. Binobarin, Lut alayhissalom bu yorug` olamda hech bir zot qilmagan ulkan gunohga birinchi bo`lib qo`l urgan qavmlarini: «Yo`q! Sizlar isrofchi qavmsiz!» deb ta'riflamoqdalar.)","Qavmning javobi: «Ularni qishlog`ingizdan chiqarib yuboring, chunki ular juda ham pokiza bo`laveradigan odamlar ekan», deyishlaridan boshqa narsa bo`lmadi.[1]###[1] (Insofni ko`ring. Inson tabiatiga muvofiq ish qilgan, halolu pok bo`lib, boshqalarni pokizalikka chaqirgan kishilar yurtlaridan ixroj qilinar ekanlar. Ularning «ayblari» bitta — juda ham pokiza odam bo`lganliklari. Insoniylik qiyofasini yo`qotgan qavm shu darajaga yetar ekan-da. O`zlari insoniyat bo`yniga tavqi la'nat bo`lib osiladigan amallarni tap tortmay qilayotganlari yetmaganidek, ularga o`xshashni xohlamagan, insonligini yo`qotmagan, Allohning amrida yurishga harakat qilganlarni pokizalikda ayblaydilar.)","Bas, unga va ahliga najot berdik. Magar xotini halok bo`lguvchilardan bo`ldi.[1]###[1] (Payg`ambarga faqat uning oila a'zolarigina iymon keltirdilar. Ammo ularning orasidan ham eng yaqin kishisi — xotini iymon keltirmadi. Oqibatda u jinoyatkor qavmga qo`shilib halok bo`ldi.)","Va Biz ularning ustidan «yomg`ir» yog`dirdik. Jinoyatkorlarning oqibati qanday bo`lganiga nazar sol![1]###[1] (Alloh taolo ularning ustidan tosh selini yog`dirdi va barchalari halok bo`ldilar.)","Va Madyanga o`z birodarlari Shu'aybni (yubordik). U: «Ey qavmim, Allohga ibodat qiling. Sizga Undan o`zga iloh yo`q. Batahqiq, sizga Robbingizdan hujjat keldi. Bas, o`lchov va tarozuni to`liq ado eting, odamlarning narsalaridan kamaytirib qolmang va yer yuzida uning islohidan keyin buzg`unchilik qilmang. Agar mo`min bo`lsangiz, shunday qilmog`ingiz o`zingiz uchun yaxshidir.","Har ko`chada o`tirib olib qo`rqitmang. Allohning yo`lidan Unga iymon keltirganlarni to`smang va u(yo`l)ning egri bo`lishini istamang. Oz bo`lgan chog`ingizda sizni ko`paytirib qo`yganini eslang. Buzg`unchilarning oqibati qanday bo`lganiga nazar soling.","Agar sizdan bir toifa men ila yuborilgan narsaga iymon keltirgan va boshqa toifa iymon keltirmagan bo`lsa, bas, Alloh oramizda hukm qilguncha sabr qilinglar. U hukm qiluvchilarning yaxshisidir», – dedi.[1]###[1] (Alloh taolo ushbu oyati karimalarda avvalo Shuayb alayhissalomni Madyanga payg`ambar qilib yuborganini, keyin esa, u kishining o`z qavmlariga qilgan pandlarini keltirmoqda. Madyanliklar ham asli arablar bo`lib, ularning yerlari Aqaba qo`ltig`idan Turi Sinoga qadar cho`zilgan. Shuayb alayhissalomning qavmi ko`proq amaliy shirkka mubtalo bo`lganga o`xshaydi. Chunki muomala ishlarida Allohning buyrug`ini ado etmay, boshqaning amrini bajarishdan, o`lchov va tarozudan urib qolib, birovlarning haqqini yeyishdan qaytarishlari shunga dalolat qilmoqda. Bu va bu kabi, Alloh yo`riqlarini chetlab, boshqa yo`lga yurish Alloh taolo Yer yuzini isloh qilib qo`yganidan keyin uni buzishdan iborat ekaniga ishora etib: «va Yer yuzida uning islohidan keyin buzg`unchilik qilmang», demoqdalar.)"]