Sura 14

Ibrohim

Q

Ibrohim

52 oyat |MakkaMakka |
Sura 14 • Oyat 1 / 52 • Juz 136⁄8 • Sahifa 255
Ibrohim
2
1
الٓر ​ۚ كِتَٰبٌ أَنزَلْنَٰهُ إِلَيْكَ لِتُخْرِجَ ٱلنَّاسَ مِنَ ٱلظُّلُمَٰتِ إِلَى ٱلنُّورِ بِإِذْنِ رَبِّهِمْ إِلَىٰ صِرَٰطِ ٱلْعَزِيزِ ٱلْحَمِيدِ‮١‬‬‬
Sodiq
Alif. Laam. Ro. Bu kitobni senga odamlarni Robbilarining izni ila zulmatlardan nurga, aziyz va maqtalgan Zotning yo`liga chiqarishing uchun nozil qildik.
2
ٱللَّهِ ٱلَّذِى لَهُۥ مَا فِى ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَمَا فِى ٱلْأَرْضِ ​ۗ وَوَيْلٌ لِّلْكَٰفِرِينَ مِنْ عَذَابٍ شَدِيدٍ‮٢‬‬‬
Sodiq
Alloh osmonlaru yerdagi narsalar Uniki bo`lgan Zotdir. Kofirlar holiga shiddatli azobdan voy bo`lsin.
3
ٱلَّذِينَ يَسْتَحِبُّونَ ٱلْحَيَوٰةَ ٱلدُّنْيَا عَلَى ٱلْـَٔاخِرَةِ وَيَصُدُّونَ عَن سَبِيلِ ٱللَّهِ وَيَبْغُونَهَا عِوَجًا ​ۚ أُوْلَٰٓئِكَ فِى ضَلَٰلٍ بَعِيدٍ‮٣‬‬‬
Sodiq
Ular bu dunyo hayotini oxiratdan afzal ko`radiganlar, Allohning yo`lidan to`sadiganlar va u(yo`l)ning egri bo`lishini xohlaydiganlardir. Ana o`shalar yiroq adashuvdadirlar.[1]

[1] Qattiq azobdan holiga voy bo`ladigan kofirlarning shunday holatga tushishining sabablari ushbu oyatda keltiriladi. Ular dunyoni oxiratdan ustun qo`yganlari uchun iymon yo`liga yura olmaydilar. Faqat bu dunyoni ko`zlagan odam besh kunlik hayotida ko`proq matohga erishish uchun o`lib-tiriladi. Harom-harishga qo`l uradi. Odamlarning haqqini yeydi. Odamlarga zulm, xiyonat qiladi. Shuning uchun ham Payg`ambarimiz Muhammad mustafo alayhissalotu vassalom «Dunyoning muhabbati har bir xatoning boshidir», deganlar.)
4
وَمَآ أَرْسَلْنَا مِن رَّسُولٍ إِلَّا بِلِسَانِ قَوْمِهِۦ لِيُبَيِّنَ لَهُمْ ​ۖ فَيُضِلُّ ٱللَّهُ مَن يَشَآءُ وَيَهْدِى مَن يَشَآءُ ​ۚ وَهُوَ ٱلْعَزِيزُ ٱلْحَكِيمُ‮٤‬‬‬
Sodiq
Qaysiki Payg`ambarni yuborgan bo`lsak, bayon qilib berishi uchun, o`z qavmi tili ila yuborganmiz. Bas, Alloh kimni xohlasa, zalolatga ketkazadi, kimni xohlasa, hidoyatga soladir. U Aziyz va hikmatli Zotdir.[1]

[1] Butun olamlarga va barcha qavmlarga payg`ambar bo`lgan Hazrati Muhammad alayhissalotu vassalomga ham arablar tilida vahiy keldi. Buning asosiy hikmatlarini Allohning O`zi biladi. Boshqa payg`ambarlar ma'lum qavmga va ma'lum muddatga kelgan bo`lsalar, Muhammad alayhissalotu vassalom qavmlarning hammasiga qiyomat kuniga qadar payg`ambar qilib yuborilganlar. Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalom Islom dini arablar yashab turgan yerlarga yoyilib bo`lishi bilan vafot topdilar. Islomni dunyoning qolgan qismiga u kishining qavmlari yetkazdilar.)
5
وَلَقَدْ أَرْسَلْنَا مُوسَىٰ بِـَٔايَٰتِنَآ أَنْ أَخْرِجْ قَوْمَكَ مِنَ ٱلظُّلُمَٰتِ إِلَى ٱلنُّورِ وَذَكِّرْهُم بِأَيَّىٰمِ ٱللَّهِ ​ۚ إِنَّ فِى ذَٰلِكَ لَـَٔايَٰتٍ لِّكُلِّ صَبَّارٍ شَكُورٍ‮٥‬‬‬
Sodiq
Batahqiq, Biz Musoni oyatlarimiz ila: «Qavmingni zulmatlardan nurga chiqar va ularga Allohning kunlarini eslat! Albatta, bunda har bir sabrli va shukrli uchun ibratlar bordir», deb yubordik.
6
وَإِذْ قَالَ مُوسَىٰ لِقَوْمِهِ ٱذْكُرُواْ نِعْمَةَ ٱللَّهِ عَلَيْكُمْ إِذْ أَنجَىٰكُم مِّنْ ءَالِ فِرْعَوْنَ يَسُومُونَكُمْ سُوٓءَ ٱلْعَذَابِ وَيُذَبِّحُونَ أَبْنَآءَكُمْ وَيَسْتَحْيُونَ نِسَآءَكُمْ ​ۚ وَفِى ذَٰلِكُم بَلَآءٌ مِّن رَّبِّكُمْ عَظِيمٌ‮٦‬‬‬
Sodiq
O`shanda Muso qavmiga: «Allohning sizga bergan ne'matlarini eslang: U sizni Oli Fir'avndan qutqardi. Ular sizga bardavom yomon azob berardilar. O`g`illaringizni so`yib tashlab, qizlaringizni tirik qoldirardilar. Ana o`shanda Robbingizdan buyuk sinov bordir», degan edi.[1]

[1] Ya'ni, azob-uqubatga duchor qilish bir sinov. Undan qutulish ne'matini berish ikkinchi bir sinovdir. Birinchisida banda sabr qilib, ikkinchisida shukr qilib sinovdan o`tishi kerak.)
7
وَإِذْ تَأَذَّنَ رَبُّكُمْ لَئِن شَكَرْتُمْ لَأَزِيدَنَّكُمْ ​ۖ وَلَئِن كَفَرْتُمْ إِنَّ عَذَابِى لَشَدِيدٌ‮٧‬‬‬
Sodiq
(Yana uning): «Va Robbingiz (sizga): «Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir», deb bildirgan(ini eslang).
8
وَقَالَ مُوسَىٰٓ إِن تَكْفُرُوٓاْ أَنتُمْ وَمَن فِى ٱلْأَرْضِ جَمِيعًا فَإِنَّ ٱللَّهَ لَغَنِىٌّ حَمِيدٌ‮٨‬‬‬
Sodiq
Muso dedi: «Agar siz va yer yuzidagi kimsalar hammangiz kufr keltirsangizlar ham, albatta, Alloh behojat va maqtalgan Zotdir.[1]

[1] Demak, shukr etgan kishi o`ziga foyda keltiradi. Kufr qilgan odam o`ziga zarar orttiradi. Alloh shundoq ham behojat va maqtalgan Zotdir.) Ey Muhammad ummati!
9
أَلَمْ يَأْتِكُمْ نَبَؤُاْ ٱلَّذِينَ مِن قَبْلِكُمْ قَوْمِ نُوحٍ وَعَادٍ وَثَمُودَ ​ۛ وَٱلَّذِينَ مِن​ۢ بَعْدِهِمْ ​ۛ لَا يَعْلَمُهُمْ إِلَّا ٱللَّهُ ​ۚ جَآءَتْهُمْ رُسُلُهُم بِٱلْبَيِّنَٰتِ فَرَدُّوٓاْ أَيْدِيَهُمْ فِىٓ أَفْوَٰهِهِمْ وَقَالُوٓاْ إِنَّا كَفَرْنَا بِمَآ أُرْسِلْتُم بِهِۦ وَإِنَّا لَفِى شَكٍّ مِّمَّا تَدْعُونَنَآ إِلَيْهِ مُرِيبٍ‮٩‬‬‬
Sodiq
Sizga o`zingizdan oldin o`tgan Nuh, Od, Samud qavmlarining va ulardan keyingilarning, Allohdan o`zga hech kim bilmaydiganlarning xabari kelmadimi? Ularga Payg`ambarlari ochiq-oydin hujjatlar bilan keldilar. Ular esa, qo`llarini og`izlariga qo`yib: «Biz siz bizni chaqirayotgan narsada shubhalantiruvchi shakdadirmiz!» dedilar.[1]

[1] Ya'ni, o`sha nobakor qavmlar ovozlari baland chiqishi uchun qo`llarini og`izlariga karnay qilib qo`yib «Biz siz orqali Alloh tomonidan yuborilgan dinga kufr keltirdik. Biz siz da'vat qilayotgan narsada kuchli shak va shubhadamiz!» dedilar. Demak, ular o`zlarini zulmatlardan nurga olib chiqish uchun Alloh tomonidan kelgan hodiy payg`ambarlarga nisbatan beodoblarcha munosabatda bo`ldilar.)
10
۞قَالَتْ رُسُلُهُمْ أَفِى ٱللَّهِ شَكٌّ فَاطِرِ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضِ ​ۖ يَدْعُوكُمْ لِيَغْفِرَ لَكُم مِّن ذُنُوبِكُمْ وَيُؤَخِّرَكُمْ إِلَىٰٓ أَجَلٍ مُّسَمًّى ​ۚ قَالُوٓاْ إِنْ أَنتُمْ إِلَّا بَشَرٌ مِّثْلُنَا تُرِيدُونَ أَن تَصُدُّونَا عَمَّا كَانَ يَعْبُدُ ءَابَآؤُنَا فَأْتُونَا بِسُلْطَٰنٍ مُّبِينٍ‮١٠‬‬‬
Sodiq
Payg`ambarlari ularga: «Osmonlaru yerning yaratguvchisi bo`lmish Allohga shak bormi? U sizlarni gunohlaringizni mag`firat qilishga va o`zingizni ma'lum muddatga qoldirishga chaqirmoqda-ku!» dedilar. Ular esa: «Siz bizga o`xshash bashardan o`zga hech narsa emassiz. Bizni otalarimiz ibodat qilib yurgan narsadan to`smoqchisiz. Bas, bizga ochiq-oydin hujjat keltiring», dedilar.[1]

[1] Barcha qavm kofirlari barcha payg`ambarlarga shu gapni aytganlar. Ularning o`z otalari nimaga ibodat qilib yurgani bilan ishlari yo`q. Otalari ibodat etgan narsa nima bo`lsa ham, baribir. U narsalar bir qiymatga arziydimi? Ularga ibodat qilish lozimligi haqida biror dalil bormi? Bu va bunga o`xshash savollar bilan ishlari yo`q. Ammo Alloh tomonidan ochiq hujjatlar bilan kelgan payg`ambarlardan yana hujjat-dalil so`raydilar.)
11
قَالَتْ لَهُمْ رُسُلُهُمْ إِن نَّحْنُ إِلَّا بَشَرٌ مِّثْلُكُمْ وَلَٰكِنَّ ٱللَّهَ يَمُنُّ عَلَىٰ مَن يَشَآءُ مِنْ عِبَادِهِۦ ​ۖ وَمَا كَانَ لَنَآ أَن نَّأْتِيَكُم بِسُلْطَٰنٍ إِلَّا بِإِذْنِ ٱللَّهِ ​ۚ وَعَلَى ٱللَّهِ فَلْيَتَوَكَّلِ ٱلْمُؤْمِنُونَ‮١١‬‬‬
Sodiq
Payg`ambarlari ularga: «Biz sizga o`xshash bashardan o`zga hech narsa emasmiz. Lekin Alloh O`z bandalaridan kimni xohlasa, o`shanga (payg`ambarlik) in'om qilur. Biz o`zimizcha sizga biror hujjat keltira olmaymiz, illo Allohning izni ila. Mo`minlar faqat Allohgagina tavakkal qilsinlar.[1]

[1] Ya'ni, bu gapingiz to`g`ri. Biz farishta ham yoki boshqa bir oliy maqomli alohida zot ham emasmiz. Biroq bu degani odam zotidan payg`ambar bo`lishi mumkin emas degan gap emas. To`g`ri, biz basharmiz.)
12
وَمَا لَنَآ أَلَّا نَتَوَكَّلَ عَلَى ٱللَّهِ وَقَدْ هَدَىٰنَا سُبُلَنَا ​ۚ وَلَنَصْبِرَنَّ عَلَىٰ مَآ ءَاذَيْتُمُونَا ​ۚ وَعَلَى ٱللَّهِ فَلْيَتَوَكَّلِ ٱلْمُتَوَكِّلُونَ‮١٢‬‬‬
Sodiq
Nima uchun biz Allohga tavakkal qilmas ekanmiz?! Holbuki, U bizni yo`limizga hidoyat qildi. Bizga bergan ozorlaringizga, albatta, sabr qilamiz. Tavakkal qiluvchilar faqat Allohgagina tavakkal qilsinlar», dedilar.
13
وَقَالَ ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ لِرُسُلِهِمْ لَنُخْرِجَنَّكُم مِّنْ أَرْضِنَآ أَوْ لَتَعُودُنَّ فِى مِلَّتِنَا ​ۖ فَأَوْحَىٰٓ إِلَيْهِمْ رَبُّهُمْ لَنُهْلِكَنَّ ٱلظَّٰلِمِينَ‮١٣‬‬‬
Sodiq
Kufr keltirganlar o`z Payg`ambarlariga: «Albatta, biz sizlarni yerimizdan chiqarib yuborurmiz yoki, albatta, millatimizga qaytursizlar», dedilar. Bas, Robbilari ularga: «Albatta, Biz zolimlarni halok qilurmiz.
14
وَلَنُسْكِنَنَّكُمُ ٱلْأَرْضَ مِن​ۢ بَعْدِهِمْ ​ۚ ذَٰلِكَ لِمَنْ خَافَ مَقَامِى وَخَافَ وَعِيدِ‮١٤‬‬‬
Sodiq
Va ulardan so`ng u yerga sizni joylashtirurmiz. Bu esa, maqomimdan xavf qilganlar va tahdidimdan qo`rqqanlar uchundir», deb vahiy qildi.[1]

[1] Alloh taolo, payg`ambarlarning ko`ngillarini tinchlantirib, bashorat berdi. Zolimlar albatta halok bo`lishini ta'kidladi. «Zolimlar» deganda kofirlar ko`zda tutiladi. Chunki kufr eng katta zulmdir. O`sha kofir zolimlarni halok etgandan so`ng, u yerga sizlarni, ya'ni payg`ambarlarni va ularga ergashgan mo`min-musulmonlarni joylashtiramiz, dedi. U yerga kimki mening maqomimdan qo`rqsa, o`zidan ketib haddidan oshmasa, o`sha joylashadi, dedi.)
15
وَٱسْتَفْتَحُواْ وَخَابَ كُلُّ جَبَّارٍ عَنِيدٍ‮١٥‬‬‬
Sodiq
Fathu nusrat so`radilar va har bir jabrchi, sarkash kimsa noumidlikka uchradi.
16
مِّن وَرَآئِهِۦ جَهَنَّمُ وَيُسْقَىٰ مِن مَّآءٍ صَدِيدٍ‮١٦‬‬‬
Sodiq
Uning ortida jahannam bordir. Yiring suv ila sug`oriladir.
17
يَتَجَرَّعُهُۥ وَلَا يَكَادُ يُسِيغُهُۥ وَيَأْتِيهِ ٱلْمَوْتُ مِن كُلِّ مَكَانٍ وَمَا هُوَ بِمَيِّتٍ ​ۖ وَمِن وَرَآئِهِۦ عَذَابٌ غَلِيظٌ‮١٧‬‬‬
Sodiq
Uni yutishga urinadi-yu, yuta olmas. Unga har tomondan o`lim keladi-yu, o`la olmas. Uning ortidan esa, qattiq azob bor.[1]

[1] Jahannamda ularga alvon-alvon azoblar beriladi. Jumladan, o`sha jabrchi-sarkash jahannam olovida yonib-chanqab suv so`raganida, unga yiring beriladi. Yiringni og`izga olishning o`zi qattiq azob. Uni chanqoqbosdi uchun ichish ikki karra azob, uni yuta olmay qiynalish azobdir. O`limni o`ylashning o`zi bir azob. O`limning kelishi battarroq azob. Endi takror va takror o`lim kelib turib o`la olmaslik mislsiz azobdir.)
18
مَّثَلُ ٱلَّذِينَ كَفَرُواْ بِرَبِّهِمْ ​ۖ أَعْمَٰلُهُمْ كَرَمَادٍ ٱشْتَدَّتْ بِهِ ٱلرِّيحُ فِى يَوْمٍ عَاصِفٍ ​ۖ لَّا يَقْدِرُونَ مِمَّا كَسَبُواْ عَلَىٰ شَىْءٍ ​ۚ ذَٰلِكَ هُوَ ٱلضَّلَٰلُ ٱلْبَعِيدُ‮١٨‬‬‬
Sodiq
Robbilariga kufr keltirganlarning amallarining misoli, xuddi bo`ronli kunda shamol uchirib ketgan kulga o`xshaydir. Ular o`z kasblaridan biror narsaga ega bo`lmaslar. Ana o`sha uzoq adashuvning o`zidir.[1]

[1] Har qanday amal, agar egasida kofirlik bo`lsa, behudaga aylanadi. Kofirlik har qanday yaxshi amalni xuddi kulga o`xshatib keraksiz qilib qo`yadi. Cho`g`i yo`q kul befoyda narsaga aylanib, uni shamol to`zitib uchirib ketganidek, kofirlarning amallari ham behuda ketadi. Ular turli amallarni qilishlari mumkin, ammo foyda ola bilmaydilar.)
19
أَلَمْ تَرَ أَنَّ ٱللَّهَ خَلَقَ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضَ بِٱلْحَقِّ ​ۚ إِن يَشَأْ يُذْهِبْكُمْ وَيَأْتِ بِخَلْقٍ جَدِيدٍ‮١٩‬‬‬
Sodiq
Alloh osmonlaru yerni haq ila yaratib qo`yganini ko`rmadingmi? Agar istasa, sizlarni ketkazib, yangi xalq keltiradir.
20
وَمَا ذَٰلِكَ عَلَى ٱللَّهِ بِعَزِيزٍ‮٢٠‬‬‬
Sodiq
Bu esa, Alloh uchun qiyin emas.
21
وَبَرَزُواْ لِلَّهِ جَمِيعًا فَقَالَ ٱلضُّعَفَٰٓؤُاْ لِلَّذِينَ ٱسْتَكْبَرُوٓاْ إِنَّا كُنَّا لَكُمْ تَبَعًا فَهَلْ أَنتُم مُّغْنُونَ عَنَّا مِنْ عَذَابِ ٱللَّهِ مِن شَىْءٍ ​ۚ قَالُواْ لَوْ هَدَىٰنَا ٱللَّهُ لَهَدَيْنَٰكُمْ ​ۖ سَوَآءٌ عَلَيْنَآ أَجَزِعْنَآ أَمْ صَبَرْنَا مَا لَنَا مِن مَّحِيصٍ‮٢١‬‬‬
Sodiq
Ularning hammalari Alloh huzurida paydo bo`ldilar. Bas, zaiflar mutakabbirlarga: «Albatta, biz sizlarga tobe bo`lgan edik. Endi, sizlar ustimizdagi Allohning azobidan biror narsani yengillata olasizlarmi?» dedilar. Ular: «Agar Alloh bizni hidoyat qilganida, biz ham sizlarni, albatta, hidoyat qilar edik. Biz uchun endi, dod-voy qilamizmi yoki sabr qilamizmi — bari bir. Biz uchun qochar joy yo`q», dedilar.[1]

[1] Zaiflar — bu dunyoda zaifhol bo`lib o`zidan kuchli, aqlli, yuqori mansabdorlarga ergashib gunoh etganlar qiyomat kunida Allohning huzurida ishining chatoq ekanligini anglab yetib, o`z xo`jayinlariga mazkur murojaatni qiladilar.)
22
وَقَالَ ٱلشَّيْطَٰنُ لَمَّا قُضِىَ ٱلْأَمْرُ إِنَّ ٱللَّهَ وَعَدَكُمْ وَعْدَ ٱلْحَقِّ وَوَعَدتُّكُمْ فَأَخْلَفْتُكُمْ ​ۖ وَمَا كَانَ لِىَ عَلَيْكُم مِّن سُلْطَٰنٍ إِلَّآ أَن دَعَوْتُكُمْ فَٱسْتَجَبْتُمْ لِى ​ۖ فَلَا تَلُومُونِى وَلُومُوٓاْ أَنفُسَكُم ​ۖ مَّآ أَنَاْ بِمُصْرِخِكُمْ وَمَآ أَنتُم بِمُصْرِخِىَّ ​ۖ إِنِّى كَفَرْتُ بِمَآ أَشْرَكْتُمُونِ مِن قَبْلُ ​ۗ إِنَّ ٱلظَّٰلِمِينَ لَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ‮٢٢‬‬‬
Sodiq
Ish bitib bo`lganda shayton: «Albatta, Alloh sizga haq va'dani qilgan edi. Men esa, sizga va'da berdim-u, va'damga xilof qildim. Mening ustingizdan hech qanday hukmronligim yo`q edi. Faqat da'vat qilsam, o`zingiz menga ijobat qildingiz. Bas, meni malomat qilmang, o`zingizni malomat qiling. Men sizlarni qutqaruvchi emasman, sizlar ham meni qutqaruvchi emassizlar. Endi, men, albatta, ilgari meni sherik qilganingizni inkor qilaman. Albatta, zolimlarga, ha, ularga alamli azob bor», dedi.[1]

[1] Bu dunyoda har ishning boshida turgan, har qilmishga bosh-qosh bo`lgan la'nati shayton u dunyoda hamma ish bitib, hukm chiqqandan so`ng paydo bo`ladi. Bir-birini malomat qilib turgan kuchli-yu zaif, ergashganu ergashtirgan atbo'lariga qarab, so`z boshlaydi.)
23
وَأُدْخِلَ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ وَعَمِلُواْ ٱلصَّٰلِحَٰتِ جَنَّٰتٍ تَجْرِى مِن تَحْتِهَا ٱلْأَنْهَٰرُ خَٰلِدِينَ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِمْ ​ۖ تَحِيَّتُهُمْ فِيهَا سَلَٰمٌ‮٢٣‬‬‬
Sodiq
Va iymon keltirib, amali solih qilganlar ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiritildi. Unda Robbilari izni ila abadiy qolurlar. Ularning undagi so`rashishlari «Salom»dir.[1]

[1] Demak, har bir narsa o`z joyini topdi. Mantiqiy va adolatli nihoyaga yetdi. Shayton va unga ergashganlar do`zaxning dahshatli azobiga mahkum bo`ldilar. payg`ambarlar va ularning mo`min ummatlari jannat va uning moddiy-ma'naviy ne'matlariga erishdilar.)
24
أَلَمْ تَرَ كَيْفَ ضَرَبَ ٱللَّهُ مَثَلًا كَلِمَةً طَيِّبَةً كَشَجَرَةٍ طَيِّبَةٍ أَصْلُهَا ثَابِتٌ وَفَرْعُهَا فِى ٱلسَّمَآءِ‮٢٤‬‬‬
Sodiq
Alloh yaxshi so`zga qanday misol keltirganini ko`rmaysanmi? U xuddi bir yaxshi daraxtga o`xshaydir. Uning asli sobit turadir. Shoxlari esa, osmonda.[1]

[1] Yaxshi so`z, haq so`z iymon so`zidir. U so`zni Alloh taolo bir yaxshi, sog`lom daraxtga o`xshatmoqda. Bu daraxtning asli sobitdir. Uning tomirlari yerga chuqur ildiz otgani uchun mustahkamdir. Turli shamollar, bo`ronlar va boshqa omillar uni joyidan qimirlata olmaydi. Ayni choqda, bu daraxtning shoxlari osmonda, yuksaklikdadir. U doimo meva berib turadi. Iymon ham xuddi shu yaxshi daraxtga o`xshaydi. Asli mustahkam. Hech narsadan ta'sirlanmaydi. Martabasi oliy. Doimo samarasini ham berib turadi.)
25
تُؤْتِىٓ أُكُلَهَا كُلَّ حِينٍ بِإِذْنِ رَبِّهَا ​ۗ وَيَضْرِبُ ٱللَّهُ ٱلْأَمْثَالَ لِلنَّاسِ لَعَلَّهُمْ يَتَذَكَّرُونَ‮٢٥‬‬‬
Sodiq
Robbi izni ila har doim mevalarini berib turadir. Alloh, shoyad eslasalar deb, odamlarga misollar keltiradir.
26
وَمَثَلُ كَلِمَةٍ خَبِيثَةٍ كَشَجَرَةٍ خَبِيثَةٍ ٱجْتُثَّتْ مِن فَوْقِ ٱلْأَرْضِ مَا لَهَا مِن قَرَارٍ‮٢٦‬‬‬
Sodiq
Yomon so`zning misoli, xuddi yomon daraxtga o`xshaydir. U yerdan uzilib qolgan, uning qarori yo`qdir.[1]

[1] Yomon so`z, kufr so`zdir. U ildizi yerdan uzilgan, qo`porilgan, beqaror bir daraxtga o`xshaydi. Suvrati, shakli daraxtni eslatadi. Ammo uning na yerga chuqur ildiz otgan tomiri, na osmonga ko`tarilgan shoxlari va na mevasi bor. Shunga o`xshab, kufrning ham asli mustahkam emas. Sal narsaga qulaydi. Maqtashga arzimaydi. Beradigan samarasi ham yo`q.)
27
يُثَبِّتُ ٱللَّهُ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ بِٱلْقَوْلِ ٱلثَّابِتِ فِى ٱلْحَيَوٰةِ ٱلدُّنْيَا وَفِى ٱلْـَٔاخِرَةِ ​ۖ وَيُضِلُّ ٱللَّهُ ٱلظَّٰلِمِينَ ​ۚ وَيَفْعَلُ ٱللَّهُ مَا يَشَآءُ‮٢٧‬‬‬
Sodiq
Alloh iymon keltirganlarni bu dunyo hayotida ham, oxiratda ham sobit so`z ila sobitqadam qilur. Alloh zolimlarni zalolatga ketkazur. Alloh xohlaganini qilur.
ﻉ215Juz 13 8⁄8215ﻉ
28
۞أَلَمْ تَرَ إِلَى ٱلَّذِينَ بَدَّلُواْ نِعْمَتَ ٱللَّهِ كُفْرًا وَأَحَلُّواْ قَوْمَهُمْ دَارَ ٱلْبَوَارِ‮٢٨‬‬‬
Sodiq
Allohning ne'matini kufrga almashtirgan va qavmlarini halokat diyoriga tushirganlarni ko`rmadingmi?[1]

[1] O`ylab ko`rgin, bu narsa taajjublanarli emasmi? Alloh bir qavmga o`zlaridan payg`ambar yuborib, ularni iymonga, Islomga da'vat qilsa, oxirgi ilohiy kitobi Qur'onni indirib, hech kimga bermagan ulug` ne'matini ato etsa-yu, gumroh qavm bu ne'mat o`rniga kufrni ixtiyor qilsa! Iymonni kufrga almashtirib olsa! O`zlariga qo`shib qavmlarini ham halokat diyoriga tushirsalar!)
29
جَهَنَّمَ يَصْلَوْنَهَا ​ۖ وَبِئْسَ ٱلْقَرَارُ‮٢٩‬‬‬
Sodiq
Jahannamga kirurlar. Bu qandoq ham yomon qarorgoh![1]

[1] Ha, halokat diyori deyilganidan murod jahannamdir. Ular o`sha jahannamga kiradilar. Jahannam qanday ham yomon joy.)
30
وَجَعَلُواْ لِلَّهِ أَندَادًا لِّيُضِلُّواْ عَن سَبِيلِهِۦ ​ۗ قُلْ تَمَتَّعُواْ فَإِنَّ مَصِيرَكُمْ إِلَى ٱلنَّارِ‮٣٠‬‬‬
Sodiq
Ular Allohning yo`lidan adashtirish uchun Unga tengdoshlar qildilar. Sen ularga: «Huzurlanib qoling! Bas, albatta, boradigan joyingiz do`zaxdir», deb ayt![1]

[1] Odamlarni Allohning yo`lidan adashtirib, o`zingiz aytgan yo`lga yurgizib, gapingizni qildirib, o`zingizcha huzurlanyapsizmi? Mayli, hozircha huzurlanib turavering. Ammo bilib qo`yingki, albatta, oxir-oqibat boradigan joyingiz jahannamdir.)
31
قُل لِّعِبَادِىَ ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ يُقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ وَيُنفِقُواْ مِمَّا رَزَقْنَٰهُمْ سِرًّا وَعَلَانِيَةً مِّن قَبْلِ أَن يَأْتِىَ يَوْمٌ لَّا بَيْعٌ فِيهِ وَلَا خِلَٰلٌ‮٣١‬‬‬
Sodiq
Sen iymon keltirgan bandalarimga aytgin, namozni to`la-to`kis ado etsinlar. Savdo-sotiq, og`aynigarchilik yo`q bo`lgan Kun kelmasidan oldin ularga rizq qilib bergan narsalarimizdan maxfiy va oshkor infoq qilsinlar.
32
ٱللَّهُ ٱلَّذِى خَلَقَ ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلْأَرْضَ وَأَنزَلَ مِنَ ٱلسَّمَآءِ مَآءً فَأَخْرَجَ بِهِۦ مِنَ ٱلثَّمَرَٰتِ رِزْقًا لَّكُمْ ​ۖ وَسَخَّرَ لَكُمُ ٱلْفُلْكَ لِتَجْرِىَ فِى ٱلْبَحْرِ بِأَمْرِهِۦ ​ۖ وَسَخَّرَ لَكُمُ ٱلْأَنْهَٰرَ‮٣٢‬‬‬
Sodiq
Alloh osmonlaru yerni yaratgan, osmondan suv tushirib, u ila mevalarni sizga rizq qilib chiqargan, O`z amri ila dengizda suzmog`i uchun kemalarni sizga bo`ysundirgan va anhorlarni sizga bo`ysundirgan Zotdir.
33
وَسَخَّرَ لَكُمُ ٱلشَّمْسَ وَٱلْقَمَرَ دَآئِبَيْنِ ​ۖ وَسَخَّرَ لَكُمُ ٱلَّيْلَ وَٱلنَّهَارَ‮٣٣‬‬‬
Sodiq
U sizga doimiy harakatdagi quyosh va oyni ham, shuningdek, kecha ila kunduzni ham xizmatchi qilib qo`ydi.
34
وَءَاتَىٰكُم مِّن كُلِّ مَا سَأَلْتُمُوهُ ​ۚ وَإِن تَعُدُّواْ نِعْمَتَ ٱللَّهِ لَا تُحْصُوهَآ ​ۗ إِنَّ ٱلْإِنسَٰنَ لَظَلُومٌ كَفَّارٌ‮٣٤‬‬‬
Sodiq
Va U sizga barcha so`ragan narsalaringizdan berdi. Agar Allohning ne'matlarini sanasangiz, sanog`iga yeta olmassizlar. Albatta, inson o`ta zolim va o`ta noshukrdir.
35
وَإِذْ قَالَ إِبْرَٰهِيمُ رَبِّ ٱجْعَلْ هَٰذَا ٱلْبَلَدَ ءَامِنًا وَٱجْنُبْنِى وَبَنِىَّ أَن نَّعْبُدَ ٱلْأَصْنَامَ‮٣٥‬‬‬
Sodiq
Esla, Ibrohim shunday demishdi: «Ey Robbim, bu yurtni omonlik yurti qilgin, meni va bolalarimni sanamlarga ibodat qilishimizdan chetda qilgin.
Qur'oniy duolar
Oyat 14:35
36
رَبِّ إِنَّهُنَّ أَضْلَلْنَ كَثِيرًا مِّنَ ٱلنَّاسِ ​ۖ فَمَن تَبِعَنِى فَإِنَّهُۥ مِنِّى ​ۖ وَمَنْ عَصَانِى فَإِنَّكَ غَفُورٌ رَّحِيمٌ‮٣٦‬‬‬
Sodiq
Ey Robbim, albatta, u(sanam)lar odamlardan ko`pini adashtirdilar. Bas, kim menga ergashsa, u mendandir. Kim menga osiy bo`lsa, albatta, O`zing mag`firat qilguvchi va rahimlisan.[1]

[1] Ibrohim alayhissalom o`z davrlarida va undan oldingi zamonlarda but-sanamlar ko`plab kishilarning zalolatga ketishiga sabab bo`lganini yaxshi bilar edilar. Shuning uchun ham ushbu ma'nodagi duoni qildilar.)
37
رَّبَّنَآ إِنِّىٓ أَسْكَنتُ مِن ذُرِّيَّتِى بِوَادٍ غَيْرِ ذِى زَرْعٍ عِندَ بَيْتِكَ ٱلْمُحَرَّمِ رَبَّنَا لِيُقِيمُواْ ٱلصَّلَوٰةَ فَٱجْعَلْ أَفْـِٔدَةً مِّنَ ٱلنَّاسِ تَهْوِىٓ إِلَيْهِمْ وَٱرْزُقْهُم مِّنَ ٱلثَّمَرَٰتِ لَعَلَّهُمْ يَشْكُرُونَ‮٣٧‬‬‬
Sodiq
Ey Robbimiz, haqiqatda men o`z zurriyotimdan Sening Baytul Haroming yoniga, giyohsiz vodiyga joylashtirdim. Ey Robbimiz, namozni to`kis ado etishlari uchun. Bas, O`zing odamlardan ba'zilarining qalblarini ularga talpinadigan qilgin va ularni mevalardan rizqlantirgin. Shoyad, shukr qilsalar.[1]

[1] Alloh taolo Ibrohim alayhissalomning bu duolarini qabul etdi. Mazkur yurtni, Harami Sharifni omonlik yurti qilib qo`ydi. Uning omonligiga tahdid soladiganlarni halok qildi. U yerdagilar Allohga ibodatni to`g`ri qilib, namozni to`kis ado etganlarida, omonlikka qo`shib to`qchilikni ham berdi. Musulmon bo`lgan odamlar qalbini o`sha tomonga talpinib turadigan etib qo`ydi. U joyniyu aholisini, yerlarida hech narsa o`smasligiga qaramasdan, turli mevalar bilan rizqlantirib qo`ydi. Faqat, o`sha yer aholisining shukr qilishi qoldi, xolos.)
38
رَبَّنَآ إِنَّكَ تَعْلَمُ مَا نُخْفِى وَمَا نُعْلِنُ ​ۗ وَمَا يَخْفَىٰ عَلَى ٱللَّهِ مِن شَىْءٍ فِى ٱلْأَرْضِ وَلَا فِى ٱلسَّمَآءِ‮٣٨‬‬‬
Sodiq
Ey Robbimiz, albatta, Sening O`zing maxfiy tutgan narsamizni ham, oshkor qilgan narsamizni ham yaxshi bilursan. Alloh uchun na yerdayu na osmonda biror narsa maxfiy qolmas.
39
ٱلْحَمْدُ لِلَّهِ ٱلَّذِى وَهَبَ لِى عَلَى ٱلْكِبَرِ إِسْمَٰعِيلَ وَإِسْحَٰقَ ​ۚ إِنَّ رَبِّى لَسَمِيعُ ٱلدُّعَآءِ‮٣٩‬‬‬
Sodiq
Keksalik paytimda menga Ismoil va Is'hoqni ato qilgan Allohga hamd bo`lsin. Albatta, Robbim duoni eshitguvchidir.[1]

[1] Ma'lumki, Ibrohim alayhissalom uzoq vaqt farzand ko`rmaganlar. To`qson yoshlarida Ismoil alayhissalom, so`ngra Is'hoq alayhissalom dunyoga kelgan. Keksa kishiga farzand berish Allohning ulug` ne'matidir.)
40
رَبِّ ٱجْعَلْنِى مُقِيمَ ٱلصَّلَوٰةِ وَمِن ذُرِّيَّتِى ​ۚ رَبَّنَا وَتَقَبَّلْ دُعَآءِ‮٤٠‬‬‬
Sodiq
Ey Robbim, meni va zurriyotlarimni namozni to`kis ado etadiganlardan qilgin. Ey Robbimiz, duoni qabul etgin.
Qur'oniy duolar
Oyat 14:40
41
رَبَّنَا ٱغْفِرْ لِى وَلِوَٰلِدَىَّ وَلِلْمُؤْمِنِينَ يَوْمَ يَقُومُ ٱلْحِسَابُ‮٤١‬‬‬
Sodiq
Ey Robbimiz, meni, ota-onamni va mo`minlarni hisob qilinadigan kuni mag`firat aylagin».
Qur'oniy duolar
Oyat 14:41
42
وَلَا تَحْسَبَنَّ ٱللَّهَ غَٰفِلًا عَمَّا يَعْمَلُ ٱلظَّٰلِمُونَ ​ۚ إِنَّمَا يُؤَخِّرُهُمْ لِيَوْمٍ تَشْخَصُ فِيهِ ٱلْأَبْصَٰرُ‮٤٢‬‬‬
Sodiq
Sen hargiz, Alloh zolimlar qilayotgan narsadan g`ofil, deb gumon qilma. Faqatgina, ularni ko`zlar qotib qoladigan kungacha qo`yib qo`yadir, xolos.
43
مُهْطِعِينَ مُقْنِعِى رُءُوسِهِمْ لَا يَرْتَدُّ إِلَيْهِمْ طَرْفُهُمْ ​ۖ وَأَفْـِٔدَتُهُمْ هَوَآءٌ‮٤٣‬‬‬
Sodiq
Ular boshlarini ko`targan holda yugururlar. Ko`zlari o`zlariga qaytmas. Ko`ngillari esa, bo`m-bo`sh bo`lur.[1]

[1] Ularning ko`zlari dahshatdan qotib qolgan. Atroflaridagi dahshatli narsalardan uzilmaydi. O`zlariga qaytmaydi. Qo`rquv tufayli bo`m-bo`sh bo`lib qolgan ko`ngillariga biron narsa sig`maydi.)
44
وَأَنذِرِ ٱلنَّاسَ يَوْمَ يَأْتِيهِمُ ٱلْعَذَابُ فَيَقُولُ ٱلَّذِينَ ظَلَمُواْ رَبَّنَآ أَخِّرْنَآ إِلَىٰٓ أَجَلٍ قَرِيبٍ نُّجِبْ دَعْوَتَكَ وَنَتَّبِعِ ٱلرُّسُلَ ​ۗ أَوَلَمْ تَكُونُوٓاْ أَقْسَمْتُم مِّن قَبْلُ مَا لَكُم مِّن زَوَالٍ‮٤٤‬‬‬
Sodiq
Sen odamlarni ularga azob keladigan Kundan ogohlantir. O`shanda zulm qilganlar: «Ey Robbimiz, bizni ozgina vaqt qo`yib turgin, Sening da'vatingni qabul qilamiz va Payg`ambarlarga ergashamiz», derlar. Bundan oldin sizlarga zavol yo`qligiga qasam ichmagan edingizmi?!
45
وَسَكَنتُمْ فِى مَسَٰكِنِ ٱلَّذِينَ ظَلَمُوٓاْ أَنفُسَهُمْ وَتَبَيَّنَ لَكُمْ كَيْفَ فَعَلْنَا بِهِمْ وَضَرَبْنَا لَكُمُ ٱلْأَمْثَالَ‮٤٥‬‬‬
Sodiq
Va o`ziga zulm qilganlarning maskanlariga joylashmadingizmi? Sizga ularni qanday qilganimiz ravshan bo`lmadimi? Sizga misollar keltirmadikmi?[1]

[1] Ushbu oyati karimada Alloh taolo Payg`ambarimiz alayhissalotu vassalomga o`zlarining asosiy ishlari — odamlarni ogohlantirishda bardavom bo`lishni amr etmoqda. Boshqa narsa bilan, ya'ni kimga iqob tez kelyapti-yu kimga kelmay turgani bilan ishing bo`lmasin. Qiyomat kuni hammaning ko`zi moshday ochilishi turgan gap.)
46
وَقَدْ مَكَرُواْ مَكْرَهُمْ وَعِندَ ٱللَّهِ مَكْرُهُمْ وَإِن كَانَ مَكْرُهُمْ لِتَزُولَ مِنْهُ ٱلْجِبَالُ‮٤٦‬‬‬
Sodiq
Darhaqiqat, ular o`z makrlarini qildilar. Holbuki, ularning makrlari, garchi makrlaridan tog`lar zavolga uchraydigan bo`lsa ham, Allohning huzuridadir.[1]

[1] Kofir-mushriklar Payg`ambar alayhissalotu vassalomga, mo`minlarga, dinga qarshi qo`llaridan kelgan barcha makrlarni qildilar. Ammo ularning makrlari har qancha kuchli hatto tog`larni yo`q qilib yuboradigan darajada bo`lmasin, hech narsa qila olmaydilar. Chunki ularning barcha makrlari Alloh taoloning huzuridadir, U hammasini ko`rib, bilib turadi. O`zi xohlaganicha tasarruf qiladi.)
47
فَلَا تَحْسَبَنَّ ٱللَّهَ مُخْلِفَ وَعْدِهِۦ رُسُلَهُۥٓ ​ۗ إِنَّ ٱللَّهَ عَزِيزٌ ذُو ٱنتِقَامٍ‮٤٧‬‬‬
Sodiq
Sen, Alloh Payg`ambarlariga bergan va'dasiga xilof qiluvchi deb, gumon qilma. Albatta, Alloh Aziyz va intiqom egasidir.
48
يَوْمَ تُبَدَّلُ ٱلْأَرْضُ غَيْرَ ٱلْأَرْضِ وَٱلسَّمَٰوَٰتُ ​ۖ وَبَرَزُواْ لِلَّهِ ٱلْوَٰحِدِ ٱلْقَهَّارِ‮٤٨‬‬‬
Sodiq
Bu, yer boshqa yerga va osmonlar ham (boshqa osmonlarga) almashtiriladigan va u(odam)lar yolg`izu qahhor Alloh huzurida paydo bo`lishadigan Kunda bo`ladir.[1]

[1] Ya'ni, qiyomat kunining dahshatidan bizga hozir juda ham ulkan bo`lib ko`rinib turgan Yer boshqacha, umuman boshqa yerga aylanib qoladi. Shuningdek, osmonlar ham o`zgarib ketadi. Odamlarning hammasi Alloh huzurida hisob-kitob uchun yig`iladilar. O`shanday kunda Alloh payg`ambarlarga va ularga ergashgan mo`minlarga najot beradi. Zolim va kofirlardan intiqom oladi.)
49
وَتَرَى ٱلْمُجْرِمِينَ يَوْمَئِذٍ مُّقَرَّنِينَ فِى ٱلْأَصْفَادِ‮٤٩‬‬‬
Sodiq
Va u kunda jinoyatchilarni kishanlar ila to`plangan hollarida ko`rasan.
50
سَرَابِيلُهُم مِّن قَطِرَانٍ وَتَغْشَىٰ وُجُوهَهُمُ ٱلنَّارُ‮٥٠‬‬‬
Sodiq
Ularning kiyimlari qora moydan bo`lib, yuzlarini olov qoplagandir.
51
لِيَجْزِىَ ٱللَّهُ كُلَّ نَفْسٍ مَّا كَسَبَتْ ​ۚ إِنَّ ٱللَّهَ سَرِيعُ ٱلْحِسَابِ‮٥١‬‬‬
Sodiq
Alloh har bir jonga qilgan kasbiga yarasha jazo berishi uchundir. Albatta, Alloh tez hisob qilguvchidir.
52
هَٰذَا بَلَٰغٌ لِّلنَّاسِ وَلِيُنذَرُواْ بِهِۦ وَلِيَعْلَمُوٓاْ أَنَّمَا هُوَ إِلَٰهٌ وَٰحِدٌ وَلِيَذَّكَّرَ أُوْلُواْ ٱلْأَلْبَٰبِ‮٥٢‬‬‬
Sodiq
Bu (Qur'on) odamlar uchun, ularning u ila ogohlantirilishlari, U yagona iloh ekanini bilishlari va aql egalari eslashlari uchun bayonotdir.