Iyso payg'ambar havoriylarining duosi (3:53)

Qur'oniy duolar

13

3.53   Iyso payg'ambar havoriylarining duosi

Oli Imron  (Imron oilasi)

رَبَّنَا آمَنَّا بِمَا أَنزَلْتَ وَاتَّبَعْنَا الرَّسُولَ فَاكْتُبْنَا مَعَ الشَّاهِدِين
Robbanaa aamannaa bimaa anzalta vattaba'nar-rasuula faktubnaa ma'ash-shaahidiin
Ey Robbimiz! Sen tushirgan narsaga iymon keltirdik va Payg'ambarga ergashdik. Bas, bizni guvohlik beruvchilar qatoriga yozgin.

Bu payg’ambar Iysoning (unga salom bo’lsin) havoriylari – chuqur iymonli, taqvodor, samimiy, qalbi pok insonlarning duosidir. U Qur’onda, Oli Imron surasida zikr qilingan. Ko’p asrlar oldin Qudratli Yaratuvchiga qilgan duolari bilan bu mo’minlar bizga go’zal o’rnak ko’rsatganlar.

Qisqaligiga qaramay, bu duo juda mazmunlidir. U oz so’z bilan Alloh taolodan ulug’ yaxshilik so’rashni istaganlar uchun haqiqiy xazinadir.

«Ey Robbimiz!» deb nido qildilar bu yaxshi va solih odamlar qariyb yigirma asr oldin. Barcha mavjudotning Yaratuvchisi, jonli va jonsiz hamma narsaning Homiysi, koinotni boshqaruvchi, barcha maxluqotiga rizq beruvchi va hayotini saqlovchi, olamlar Robbi, xohlaganini rahmati bilan qoplaydigan, tavba qilganlarning tavbasini qabul qiladigan, Ulug’, Hakim, dunyodagi hamma narsani Biluvchi!

«Sen tushirgan narsaga iymon keltirdik.» Iymon keltirdik. Avvalo Senga, Alloh taologa, Qudratli va Rahmliga iymon keltirdik. Sening borligingga, yagonaligingga, ilohligingga, Robbliginga, go’zal va betakror ismlaring va sifatlaringga iymon keltirdik. Senga teng va o’xshash hech kim yo’qligiga. Ibodatga faqat Sen loyiq ekaningga.

Senga iymon keltirib, Sen nozil qilgan hamma narsaga ham iymon keltirdik. Demak, barcha payg’ambarlaring va elchilaringga ham, chunki aynan ular orqali, ularga nozil qilingan vahiy orqali insoniyatni diningdan xabardor qilding. Payg’ambarlarga iymon keltirish esa ularni nafaqat Allohning elchilari deb tan olish, balki Alloh taolo ularni insoniyatga yuborgan xabarni qabul qilish, ularga ergashish, ko’rsatgan yo’llaridan og’masligini ham anglatadi.

Allohning payg’ambarlariga iymon esa Alloh taolo ularga nozil qilgan Kitoblarga iymonsiz aqlga sig’maydi. Ular bu Kitoblarni odamlarga yetkazishlari va ular yordamida insoniyatga solih yashashni o’rgatishlari, Odam farzandlarini Alloh taoloning hikmatli qonunlari bilan tanishtirishlari lozim edi. Shuning uchun bu mo’minlar: «Va Payg’ambarga ergashdik», deb qo’shimcha qilganlari ajablanarli emas. Senga iymon keltirdik, Senga bo’ysundik va haqni targ’ib qilishi, bizga yaxshilikni o’rgatishi, to’g’ri yo’lga boshlashi va bizga o’rnak bo’lishi uchun rahmating bilan yuborgan zotga ergashdik.

Uning Robbligini tan olib, iymonlarini va elchiga ergashishlarini Unga yaqinlashish vositasi sifatida zikr qilgach, bu mo’minlar eng muhim narsaga, Robbga murojaatlarining mohiyati va bosh maqsadi, samimiy duolarining ruhi bo’lgan narsaga keldilar. Alloh taolo payg’ambarlari va samimiy mo’minlarning odati shunday: avval Uning Robbligini yoki go’zal ismlarini zikr qilish, roziligini qozonishga intilib Unga yaqinlashish, shundan keyingina, orzulari qanchalik aziz va hayotiy muhim bo’lmasin, Undan biror narsa so’rash. Yaratuvchiga nisbatan odob ularning umumiy xususiyatidir.

«Bas, bizni guvohlik beruvchilar qatoriga yozgin.» Ular so’ramoqchi bo’lgan narsa mana shu. Barcha mo’minlar barcha zamonlarda va barcha joylarda Robbdan so’rashlari lozim bo’lgan narsa mana shu. Bizni boshqa samimiy mo’minlar bilan birga yoz, haqqa guvohlik berganlar, Senga bo’ysunganlar, dinini tanlaganlar, tavhidga e’tiqod qilganlar, buyruqlaringni bajarib, taqiqlaringga rioya qilganlar qatorida bo’laylik. Bizni bu muvaffaqiyat qozonganlar qatoriga qo’sh va ularga o’xshashimizga yordam ber, toki ular erishgan narsaga erishaylik: Sening roziliging, Olovdan najot va jannat bog’lariga.

Bu duo bizga iymon tanlab olinmasligini eslatadi: Alloh taolodan payg’ambarlari orqali bizga kelgan hamma narsaga ishonishimiz, uni butun qalbimiz bilan qabul qilishimiz va hayotga tatbiq etishimiz kerak. Faqat shundagina iymonimiz samimiy va haqiqiy bo’ladi.

Bu duo bizga yana yaxshi, solih, taqvodor odamlar suhbatini izlashni o’rgatadi; ular bilan muloqot bizga foydali ilm beradi, iymonimizni mustahkamlaydi, Alloh taologa muhabbat, yaxshilik va bunyodkorlikka intilishni uyg’otadi, intilishlarimizni ulug’, maqsadlarimizni yuksak qiladi. Agar inson to’g’ri yo’ldan yurishni istasa, yaxshi hamrohlar haqida qayg’urishi kerak. Chunki birga yurish doimo osonroqdir.