Solih zurriyot uchun duo (3:38)

Qur'oniy duolar

12

3.38   Solih zurriyot uchun duo

Oli Imron  (Imron oilasi)

رَبِّ هَبْ لِي مِن لَّدُنْكَ ذُرِّيَّةً طَيِّبَةً إِنَّكَ سَمِيعُ الدُّعَاءِ
Robbi hab lii min ladunka zurriyyatan tayyibah, innaka samii'ud-du'aa'
Ey Robbim, menga O'z huzuringdan yaxshi zurriyot bergin. Albatta, Sen duoni eshituvchisan.

Bu Allohning ulug’ payg’ambarlaridan biri Zakariyoning (unga salom bo’lsin) duosidir. U Qur’onda, Oli Imron surasida zikr qilingan. Yildan-yilga payg’ambarlik vazifasini bajarib, Zakariyo asta-sekin qarib qoldi, farzandi esa bo’lmadi. U bilan birga yoshligida ham bepusht bo’lgan xotini ham qaridi. Mana, payg’ambar Iysoning kelajakdagi onasi yosh Maryam (ikkalasiga salom bo’lsin) g’amxo’rligini o’z zimmasiga olib, Alloh taolo O’z rahmati bilan bu muloyim va taqvodor solih qizga yoz mevalarini qishda, qish mevalarini yozda ato etayotganini ko’rdi. Va Yaratuvchining hamma narsaga qodirligiga yana bir bor ishonch hosil qildi.

Uning iymoni hech qachon zaiflashmagan, Robbiga ibodati ham g’ayratli edi. Ammo bu mo’jizani ko’rib ruhlandi. Iymoni yanada mustahkamlandi, umidi yangi kuch bilan uyg’ondi. Alloh taolo ko’p mo’jizalar qiladi, mana bu mo’jizani uning ko’zi oldida ko’rsatdi va U, shubhasiz, yana bir mo’jizani ham ko’rsatishga qodir: uni, Zakariyoni orzu qilgan zurriyoti bilan siylashga.

Va Zakariyo (unga salom bo’lsin) darhol Robbiga qalbidan chiqqan samimiy duo bilan iltijo qildi, butunlay Unga tavakkal qildi.

Ha, u sochlari oqarguncha yashadi va suyaklari keksalikdan zaiflashdi. Ha, xotini ham qaridi. Ha, Robb ular yoshligida zurriyot berishni xohlamadi. Zakariyo (unga salom bo’lsin) buni inkor etmas edi. Lekin Allohning rahmati cheksiz va irodasi hech qanday to’siqqa uchramay doimo aniq bajariladi. Koinotning Ilohi, Robbi va Yaratuvchisi bo’lgan U uchun imkonsiz narsa yo’q. Agar payg’ambariga zurriyot berishni xohlasa, hech qanday sharoit bunga to’sqinlik qila olmaydi.

«Ey Robbim, – deb nido qildi u. – Menga O’z huzuringdan yaxshi zurriyot bergin!» «Bergin» – chunki bu ajoyib hadya, g’ayritabiiy, inson o’lchovlariga ko’ra imkonsiz hodisa bo’lar edi. «O’z huzuringdan» – chunki barcha ne’matlar aynan Undan, Alloh taolodandir. «Yaxshi» esa, chunki har bir mo’min aynan shunday zurriyotni orzu qiladi, zero ikki dunyoda foyda keltiradigani ham shudir.

Zakariyo (unga salom bo’lsin) duosini aytuvchisining odobidan dalolat beruvchi so’zlar bilan yakunladi: «Albatta, Sen duoni eshituvchisan!» Senga iltijo qilinganda eshitasan va men Senga, Alloh taologa, duoga javob berishingni, bandalaringning Senga bog’lagan umidlarini oqlashingni, ularning eng aziz orzularini ro’yobga chiqarishingni bilganim uchun murojaat qilaman.

Va Robb Zakariyoning (unga salom bo’lsin) duosiga javob berdi, unga chindan ham yaxshi farzand – Alloh taoloning ulug’ payg’ambarlaridan biri bo’lish ham nasib etgan Yahyo ismli o’g’il ato etdi.

Bu ajoyib duo bizga, birinchi navbatda, Allohning rahmatidan hech qachon umid uzmaslikni o’rgatadi. Holbuki, ko’plab odamlar bilan aynan shu narsa yuz beradi. Alloh taolodan o’zlari uchun chindan ham muhim narsani, ayniqsa, farzandni so’rab, duosiga darhol javob olmagan odamlar bir necha yil o’tgach, qo’llarini qo’yib, umidini yo’qotadi va duo qilishni to’xtatadi.

Zakariyoning (unga salom bo’lsin) qissasi Allohning rahmatidan umid uzgan kishi o’ziga nisbatan eng katta jinoyatni qilishining, umidini yo’qotmagan sabrli kishi esa, aksincha, oxir-oqibat ulug’ yaxshilikka erishishining eng yaxshi dalilidir.

Bu duo bizga Alloh taolodan aynan yaxshi zurriyot so’rashni ham o’rgatadi. Farzand orzu qilgan farzandsiz oilalar qanchalik tez-tez Robbdan shunchaki zurriyot so’raydilar, o’g’il va qizlar har doim ham ota-onalari uchun ne’mat bo’lavermasligini va ularga baxt keltiravermasligini unutadilar. Ota-onalar farzandlarining yomon fe’li, jirkanch xulqi va yomon ishlaridan Alloh taolo umuman zurriyot bermagan juftliklardan ko’ra ko’proq azob chekadigan holatlar kam emas. Shuning uchun Allohdan aynan yaxshi zurriyot so’rash juda muhimdir. Albatta, Robb bizga allaqachon ato etgan farzandlar uchun ham solihlik so’rash lozim.

Farzand Alloh taoloning hadyasi bo’lib, u berilganlarning g’amxo’rligiga topshirilgan. Demak, biz farzandlarimiz uchun mas’ulmiz va ular samimiy mo’min, taqvodor, go’zal xulqli bo’lib, ummatimizning ziynati bo’lishlari uchun sharoit yaratishga va qo’limizdan kelgan hamma narsani qilishga majburmiz. Allohdan farzandlarimiz uchun solihlik so’raganimizda esa bu maqsad sari katta va muhim qadam tashlaymiz.