3.8 Allohning alohida rahmati va adashishdan qutulish uchun duo
Bu boshida Allohning ulug’ payg’ambarlari turgan samimiy mo’minlar Alloh taologa murojaat qiladigan navbatdagi duodir. Robb ularni O’z Kitobida zikr qilib, bizga Uning roziligiga, shuningdek, ikki dunyoda yaxshilik va baxtga erishishga yordam beradigan bu go’zal duolarni o’rgatadi. Alloh taoloning O’z Kitobida Unga bunday duolar bilan iltijo qiladigan odamlarni maqtashi bejiz emas.
Bu payg’ambarlarning merosxo’rlari bo’lgan olimlar, din bilimdonlarining duosidir; ular foydali ilm olish imkoniyatidan eng yaxshi tarzda foydalanganlar. Bular dinni chuqur va to’g’ri tushunadigan, u haqida to’g’ri tasavvurga ega bo’lgan aql egalaridir. Mustahkam iymon va e’tiqod qilayotgan dinlarining haqligiga ishonch qalblarida yuksak maqsadlarni uyg’otadi. Bular yaxshi so’zlari va Alloh rozi bo’ladigan ishlari bilan har birimizga go’zal o’rnak bo’ladigan odamlardir. Ularning izidan borgan ziyon ko’rmaydi va orzu qilgan najotiga erishadi. Duolari ham boshqa ishlaridan kam go’zal emas.
«Ey Robbimiz!» deb nido qiladilar. Ey hamma narsani yaratgan, hamma narsani boshqaradigan, hamma narsa, jumladan, bandalarining qalblari ham Unga bo’ysunadigan Zot! «Bizni hidoyat qilganingdan so’ng qalblarimizni og’dirmagin!» Qur’onning ochiq oyatlarini rad etib, zalolatga tushgan, o’zi adashgani yetmagandek boshqalarni ham adashtirganlarga o’xshashimizga yo’l qo’yma; ilmda mustahkam, o’zlari to’g’ri yo’lda yuradigan va bu yo’lni boshqalarga ko’rsatishga intiladigan haqiqiy mo’minlardan farqli o’laroq.
Bu duo odobning ajoyib namunasidir. Bu duo bilan Alloh taologa murojaat qilgan mo’minlar ular uchun ulkan ahamiyatga ega bo’lgan va muhimligini to’la anglagan narsani so’ramoqchi bo’lsalar ham, duoning mohiyati, bu so’zlar bilan Robbga iltijo qilganlarida amalga oshishiga umid qilgan aziz orzularidan boshlamadilar. Ular Uning Robbligini zikr qilishdan boshladilar, so’ng ularni to’g’ri yo’lga boshlab ko’rsatgan ulug’ marhamatini zikr qildilar va faqat shundan keyin orzularining cho’qqisi bo’lgan narsani so’radilar: Robb ularni to’g’ri yo’lda sobit qilishini va kelajakda undan og’ib ketmasliklariga yordam berishini.
Ular asosiy narsani, mo’minni hamma narsadan ko’proq qayg’urtirishi lozim bo’lgan narsani so’radilar. Dunyo hayotini munosib, solih va to’g’ri yashashni, qiyomat kuni esa muvaffaqiyat qozonganlar va najot topganlar qatorida bo’lishni so’radilar. Bu yaxshilikka esa faqat Alloh taolo yordam bergan kishigina erisha oladi.
Ular Robbdan Uning rahmatini ham so’radilar. Uni faqat xohlagan kishisiga ato etishini to’la anglagan holda, uni eng ulug’ hadya sifatida so’radilar. Bunda Uning ato etadigan rahmatlaridan biror muayyanini emas, balki iymonni ham, tavhidni ham, foydali ilmni ham, Allohga itoatning turli ko’rinishlarini ham qamrab oluvchi umumiy rahmatni so’radilar. Bu yaxshi amallar qilishda va bu dunyoda to’g’ri yo’ldan og’ishmay yurishda Alloh taoloning yordamini, oxiratda esa abadiy saodatga erishishni nazarda tutuvchi rahmatdir. Shuning uchun u mo’min uchun shunchalik qadrlidir va Qudratli Robbdan qayta-qayta so’ralishga loyiqdir.
Bu rahmatni esa faqat U ato etadi. Shuning uchun buni tan olib va Uni ulug’lab «O’z huzuringdan rahmat» dedilar. Va buni «Albatta Sening O’zing ko’plab ato qiluvchisan» so’zlari bilan tasdiqladilar, Alloh taolo sifatlarining mukammalligini ta’kidladilar, chunki odamlarning hadyalari Uning hadyalari oldida hech narsadir.
Bu duo bizga Alloh taoloning ismlari va sifatlarini, shuningdek, ne’matlarini zikr qilish Unga duo bilan murojaat qilganimizda Unga yaqinlashishning go’zal yo’li ekanini eslatadi.
Bu duo har birimizni Alloh taolodan to’g’ri yo’lda sobitlikni va yerdagi hayotning oxirigacha shu yo’ldan og’ishmay yurishda yordamni so’rash qanchalik muhimligi haqida o’ylashga undaydi. Agar Uning eng yaxshi bandalari Undan shuni so’ragan bo’lsalar, ehtiroslarga berilgan va ko’pincha o’z najoti haqida qayg’urishdan ko’ra dangasalikni afzal ko’radigan nafsi injiqliklariga qarshi tura olmaydigan biz oddiy bandalar haqida nima deyish mumkin?..
