Odam va Havvoning mag'firat duosi (7:23)

Qur'oniy duolar

19

7.23   Odam va Havvoning mag'firat duosi

A'rof  (To'siqlar)

رَبَّنَا ظَلَمْنَا أَنفُسَنَا وَإِن لَّمْ تَغْفِرْ لَنَا وَتَرْحَمْنَا لَنَكُونَنَّ مِنَ الْخَاسِرِين
Robbanaa zalamnaa anfusanaa va in lam tag'fir lanaa va tarhamnaa lanakuunanna minal-xaasiriin
Ey Robbimiz, biz o'zimizga zulm qildik. Agar Sen bizni mag'firat qilmasang va bizga rahim qilmasang, albatta, ziyon ko'rganlardan bo'lamiz.

Bu bobomiz Odam va momomiz Havvoning (ikkalasiga salom bo’lsin) duosidir. U Qur’onda, A’rof surasida zikr qilingan. Bu duo samimiy pushaymonlik, taqvo va Alloh taologa tavakkul bilan yo’g’rilgan.

Inson zoti kim bilan boshlangan va Yaratuvchisiga shunday duo bilan murojaat qilgan birinchi odamlardan bo’lak kimdan o’rnak olamiz?

Allohning birinchi payg’ambari Odam (unga salom bo’lsin) va uning xotini Havvoning qissasi yaxshi ma’lum. Jannat bog’larida yashab, shu vaqtgacha g’am va qiyinchilikni bilmagan bu ikki kishi vasvasaga berilib, bir kuni Robbilariga itoatsizlik qildilar, shundan so’ng Alloh taolo ularni yerga joylashtirdi va u yerda ular uchun butunlay boshqa hayot boshlandi. Bu endi yerdagi hayot edi, har birimiz bu dunyoda yashaydigan va albatta o’lim bilan tugaydigan hayot.

Odam va Havvo aynan bu xatoni qilgandan keyin bu duo bilan Robbga murojaat qildilar.

«Ey Robbimiz!» deb iltijo qildilar. Bizga allaqachon son-sanoqsiz turli ne’matlar ato etgan, bizni g’amxo’rligi bilan o’ragan, muhtoj bo’lgan hamma narsani saxovat bilan bergan Yaratuvchimiz, irodasiga hech kim qarshi tura olmaydigan, hamma narsani boshqaradigan va yaratgan hamma narsaning mavjudligini saqlaydigan Qudratli Xoliqimiz!

«Biz o’zimizga zulm qildik», deb tan oldilar. O’zimizga nisbatan adolatsizlik qildik va qilgan ishimizni o’z zararimizga qildik.

Olamlar Robbi hech kimga va hech narsaga muhtoj emas. Yaxshi ishlarimiz Unga foyda keltirmaydi, yomon ishlarimiz ham zarar yetkazmaydi. U itoatimizga muhtoj emas va gunohlarimiz Unga hech qanday ta’sir qilmaydi. Yaxshi ishlar qilib o’zimizga foyda keltiramiz, gunoh qilib o’zimizga zarar yetkazamiz. Bu hech birimiz unutmasligimiz kerak bo’lgan oddiy, ammo muhim haqiqatdir.

«Agar Sen bizni mag’firat qilmasang va bizga rahim qilmasang, albatta, ziyon ko’rganlardan bo’lamiz.» Biz qilgan ishni qildik va Sening oldingda pushaymonmiz, endi taqdirimiz faqat Senga bog’liq. Xatoimizni tan oldik va irodangga topshirdik. Agar bizga mag’firat va rahmat ato etishni xohlamasang, bizni aniq halokat kutadi. Unda quruq qolamiz, dahshatli ziyon ko’ramiz va hech kim, hech narsa bizni qutqara olmaydi. Chunki Alloh g’azablangan va mag’firat qilmagan kishi uchun najot va muvaffaqiyat yo’q va bo’lishi ham mumkin emas, jannat yo’li unga yopiqdir.

Bu duo yana shu jihatdan alohidaki, u Allohdan to’g’ridan-to’g’ri mag’firat so’rash emas, balki oddiy iltijo-so’rovdan ham yuksakroq odob darajasini aks ettiruvchi ishora bilan so’rashdir.

Bu duoning hammasi boshidan oxirigacha Alloh taolo oldida kamtarlikning ifodasidir. Odam va Havvo Alloh taologa murojaat qilib, avvalo Uning Robbligini zikr qildilar, so’ng o’z holatlarini zikr qildilar, ya’ni xatolarini tan oldilar va shu bilan Unga yaqinlashishga intildilar. Ular Unga bo’lgan ehtiyojlarini, irodasiga bog’liqliklarini, Usiz yashay olmasliklarini ko’rsatdilar, agar Alloh taolo mag’firat qilmasa, holatlari qanday bo’lishini ham zikr qildilar. Alloh taoloning roziligini shu tarzda qozonishga intilgan banda mag’firatga erishish imkoniyatini oshiradi.

Bu duo Robbdan qanday mag’firat so’rash kerakligining eng yaxshi namunalaridan biridir. Kichik yoki katta gunoh qilgan har bir mo’min, birinchidan, bu gunohni to’xtatishi, ikkinchidan, qilgan ishiga samimiy pushaymon bo’lishi, ya’ni afsuslanishi va uchinchidan, bu gunohga hech qachon qaytmaslikka qat’iy niyat qilishi kerak.

Bu duo bizga Alloh taolodan rahmat va mag’firat so’rash qanchalik muhimligini, gunoh qilgan har bir kishi uchun tavbaga shoshilish va uni aslo keyinga qoldirmaslik muhimligini eslatadi. Bu duo yana kichik gunohlarga beparvo qaramaslikni o’rgatadi. Qiladigan gunohlarimizdan birortasini arzimas deb hisoblamasligimiz kerak, chunki Alloh oldida u juda jiddiy xato bo’lishi mumkin. Shuning uchun har bir gunoh uchun, jumladan, endi eslamaydiganlarimiz va o’zimiz sezmay qiladiganlarimiz uchun ham mag’firat so’rash kerak.