Muhammad payg'ambarning eng sevimli duosi (2:201)

Qur'oniy duolar

4

2.201   Muhammad payg'ambarning eng sevimli duosi

Baqara  (Sigir)

رَبَّنَا آتِنَا فِي الدُّنْيَا حَسَنَةً وَفِي الآخِرَةِ حَسَنَةً وَقِنَا عَذَابَ النَّارِ
Robbanaa aatinaa fid-dunyaa hasanatan va fil-aaxirati hasanatan va qinaa 'azaaban-naar
Robbimiz, bizga bu dunyoda ham yaxshilikni, oxiratda ham yaxshilikni bergin va bizni do'zax olovi azobidan saqlagin.

Qur’onda, Baqara surasida zikr qilingan bu qisqa, ammo mazmunli duo samimiy mo’minlarning duosidir. Payg’ambarga (unga Allohning salavoti va salomi bo’lsin) qariyb o’n yil xizmat qilgan ulug’ sahoba Anas ibn Molik rivoyat qilishicha, Payg’ambar (unga Allohning salavoti va salomi bo’lsin) Alloh taologa eng ko’p aynan shu duo bilan murojaat qilar edi va bu ajablanarli emas.

Shunday odamlar borki, ularning fikri faqat dunyo ishlari bilan band. Ular bu dunyoni yagona tashvishlariga aylantirganlar va yerdagi hayot tugaydigan chiziq ortida ularni nima kutayotgani haqida o’ylashni umuman xohlamaydilar. Dunyo ne’matlari, dunyo tashvishlari… Barcha umidlari ham dunyo bilan bog’liq. Bunday odamlar Robbdan biror narsa so’rasalar ham, faqat foniy, dunyoviy narsani so’raydilar. Bu dunyoning qullari qoralanishga loyiqdir. Alloh taolo ularni O’z Kitobida, jumladan, oldingi oyatda ham bir necha bor zikr qiladi: «Odamlardan ba’zilari: “Robbimiz, bizga bu dunyoda bergin”, deydir va unga oxiratda nasiba yo’qdir.» (Sura 2 «Baqara», Oyat 200)

Ularning aksi o’laroq, dunyoviy hamma narsani juda arzimas deb hisoblaydigan va Qudratli Yaratuvchiga qiladigan duolarimizda zikr qilinishga mutlaqo loyiq emas deb biladigan odamlar ham bor. Ammo Islom dunyodan voz kechishni na targ’ib qiladi, na rag’batlantiradi va Alloh taolo bizga ato etgan, bu dunyodagi hayotimiz uchun zarur ne’matlardan foydalanishda qoralanadigan hech narsa yo’q. Muhimi, dunyo ne’matlari qalbimizda emas, qo’limizda bo’lishiga, bizni asosiy ishdan chalg’itmasligiga, yaxshi amallarni qilishda to’siq emas, yordam bo’lishiga e’tibor berishdir. Payg’ambar (unga Allohning salavoti va salomi bo’lsin) ham sahobalariga Allohdan nafaqat abadiy hayotda, balki dunyo hayotida ham salomatlik va yaxshilik so’rashni o’rgatgan.

Shunday qilib, bu ikki toifa ham mo’min tutishi lozim bo’lgan o’rta yo’ldan chetga chiqadi. Lekin yana bir toifa odamlar bor. Ular Alloh taoloning maqtovi va roziligiga sazovor bo’lgan odamlardir. Yuksak maqsadli bu insonlar dinni yetarlicha chuqur anglab, uning mohiyatini tushunib yetganlar. Islom dunyo va oxirat, ruh va tana, moddiy va ma’naviy demakdir. Dinimiz haddan oshishni qoralaydi va haqiqiy mo’min undan saqlanishga harakat qiladi. U so’nggi nafasigacha hayotida yerdagi va samoviy o’rtasida uyg’unlikni yaratish va kundan-kunga saqlashga intiladi.

Bu odamlar Alloh taolodan ham bu dunyoda, ham abadiy dunyoda salomatlik so’raydilar. Bir necha so’zdan iborat bu duo aslida mumkin bo’lgan barcha yaxshilikni qamrab oladi. Chunki inson bu dunyoda yaxshilik, oxiratda ham yaxshilik topsa va do’zax olovidan qutula olsa, yana nimani istashi mumkin?

Alloh taologa bu duo bilan iltijo qiladigan mo’minlar undan oldin kamtarlik va samimiyatga to’la murojaatni keltiradilar: «Robbimiz!» Shu bilan ular Uning o’z Robblari, Yaratuvchilari, Ne’mat beruvchilari va ibodat qiladigan, Usiz yashay olmaydigan yagona Iloh ekanini tan oladilar.

Bu duo orqali Allohdan bu dunyo yaxshiligini so’raganimizda aslida dunyo hayotida baxtli bo’lish uchun kerak bo’lgan hamma narsani birdaniga so’rayotgan bo’lamiz. Shu duo orqali abadiy dunyo yaxshiligini so’raganimizda esa Robbimizdan muvaffaqiyat va jannat so’raymiz, qiyomat kuni biz uchun barcha umidlarning puchga chiqishi emas, balki yerdagi hayotdan farqli o’laroq hech qachon tugamaydigan yangi baxtli hayotning boshlanishi bo’lishini so’raymiz. Do’zaxdan saqlashni so’raganimizda esa Alloh taolodan bu dunyoda to’g’ri rahbarlik va to’g’ri yo’lda yurishni so’raymiz va Alloh taolo bizga yaxshi amallar qilishda va gunohlardan saqlanishda yordam berishiga umid bildiramiz.

Har bir mo’min uchun Alloh taologa bunday duolar bilan murojaat qilishni, Undan bu dunyo va abadiy dunyo yaxshiligini hamda do’zax olovidan najotni so’rashni unutmaslik juda muhimdir. Alloh taolo unga bergan imkoniyatlarga muvofiq Unga itoatda g’ayrat qilgan va harakatlariga samimiy duolarni hamroh qilgan mo’min o’zi uchun ikki dunyo saodatiga yo’l ochadi.

Qur’onning ajoyib xususiyatlaridan biri uning umuminsoniy tabiati, makon va zamonga bog’liq emasligidir va yer yuzining har bir burchagidagi musulmonlar uchun bugungacha dolzarbligini saqlab kelayotgan bu go’zal duo buning eng yaxshi dalilidir.