Oila baxti va namunali taqvo uchun duo (25:74)

Qur'oniy duolar

42

25.74   Oila baxti va namunali taqvo uchun duo

Furqon  (Haq-nohaqni ajratuvchi)

رَبَّنَا هَبْ لَنَا مِنْ أَزْوَاجِنَا وَذُرِّيَّاتِنَا قُرَّةَ أَعْيُنٍ وَاجْعَلْنَا لِلْمُتَّقِينَ إِمَامًا
Robbanaa hab lanaa min azvaajinaa vazurriyyaatinaa qurrata a'yunin vaj'alnaa lil-muttaqiina imaamaa
Ey Robbimiz, O'zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko'zimiz quvonadigan narsa hadya et hamda bizlarni taqvodorlarga yo'lboshchi qil.

Chuqur ma’noga to’la bu go’zal duo Qur’onda zikr qilingan, mustahkam iymonli taqvodor va solih bandalari olamlar Robbiga murojaat qiladigan duolardandir. Rahmonning bu samimiy bandalari, shubhasiz, inson zotining eng yaxshi vakillaridan, Odamning eng munosib farzandlaridandir. Bu odamlarning yaxshi tabiati ularning go’zal, Alloh rozi bo’ladigan so’z va ishlarida o’z ifodasini topgan.

Bu odamlar Alloh taologa murojaat qiladigan har bir duo bizga ko’p narsani o’rgata oladi. Chunki ular Robbdan chindan ham muhim narsani so’raganlarini aniq bilamiz. Ular Qudratli Yaratuvchidan najotga, muvaffaqiyatga va jannatga intilgan har bir kishi Undan so’rashi lozim bo’lgan narsani so’radilar. Bu duo dunyo va abadiy baxtga tashna bo’lgan va ikki dunyoda yaxshilikka erishmoqchi bo’lganlar uchun go’zal o’rnakdir.

«Ey Robbimiz!» deb nido qildilar, ulardan oldin minglab odamlar nido qilgani kabi va Uning iymon keltirgan bandalari bugungacha olamlar Robbiga nido qilishda davom etayotgani kabi. Bu oddiy so’zlarda tubsiz ma’no chuqurligi bor. Ular Alloh taoloning Robbligiga, Uning barcha mavjudotni yaratganiga, maxluqlarining mavjudligini saqlashiga, ularga rizq berishiga va ko’plab ne’matlar ato etishiga iymonni nazarda tutadi. Qanchalik tez-tez bu so’zlarni odat bo’yicha aytganimizda ular nimani anglatishi va bizni nimaga majbur qilishi haqida umuman o’ylamaymiz.

«O’zing bizga jufti halollarimizdan va zurriyotlarimizdan ko’zimiz quvonadigan narsa hadya et» – shunday qilib duolarining mohiyatiga o’tdilar. Alloh taolodan so’ragan birinchi narsalari O’z rahmati bilan ularga yaxshi juftlar va solih zurriyot ato etishi bo’ldi. Ular solihliklari va olamlar Robbiga itoatlari bilan o’zlarini quvontiradigan xotinlar, bolalar va nabiralarni nazarda tutgan edilar. Chunki dindor, taqvodor, Allohga itoatkor oila har bir mo’min uchun ikki dunyoda quvonch manbaidir.

Bu ahamiyatini inkor etib bo’lmaydigan duodir. Chunki yaqinlarimiz, oilamiz yerdagi hayotimizning katta qismini birga o’tkazadigan va bizga befarq bo’lmagan odamlardir. Qanchalik tez-tez turmush o’rtog’i yoki bolalar inson uchun nur, baraka va katta quvonch manbai bo’ladi yoki, aksincha, uni g’am-qayg’u girdobiga tashlaydi va unga qattiq og’riq yetkazadi. Bizga eng yaqin, eng aziz odamlarning qanday yashashi, o’zini qanday tutishi, qanday ishlar qilishi hayotimizga ta’sir qilmasdan qolmaydi.

Insonni yaxshi tashabbuslarida qo’llab-quvvatlaydigan, Alloh taologa itoatda unga yordam beradigan, Alloh rozi bo’ladigan ishlarga undaydigan yaxshi, ahil oila har bir mo’min uchun ajoyib tayanch va hech qachon past baholanmasligi kerak bo’lgan ulkan ne’matdir. Bu ne’mat shubhasiz Alloh taolodan imkon qadar tez-tez so’rashga arziydi, unga erishish esa Qudratli Yaratuvchiga eng samimiy, eng chuqur shukr uchun shubhasiz sababdir.

Solih oila va yaxshi zurriyotning ahamiyati mo’min yashayotgan vaqt va joyga hech bog’liq emas. Bu holat bu duoni har qanday davrda, yer yuzining har qanday burchagida dolzarb qiladi. Chunki oila Odam farzandi uchun ham katta ne’mat, ham azob manbai bo’lishi mumkin. Yaqinlaring seni qo’llab-quvvatlaganda va yordam berganda yaratish va qurish qanchalik oson! Eng yaqin odamlardan tushunish va ma’qullash topmaganda esa unchalik katta bo’lmagan yutuqlar ham qanday mehnat bilan qo’lga kiradi.

Shunday qilib, Robbga shunday duo bilan murojaat qilganimizda aslida o’zimiz uchun duo qilamiz, chunki bizga shubhasiz foyda keltiradigan yaxshilikni so’raymiz. Yana uzoqroqqa qarasak, bu duo orqali butun musulmon ummatiga foyda keltiramiz, chunki hayot yo’ldoshlarimiz va zurriyotimizning solihligi ular bilan muloqotda bo’lganlar – qarindoshlari, do’stlari, tanishlari, o’quv yurtidagi hamkurslari va ishdagi hamkasblarining solihligiga yordam beradi.

«…hamda bizlarni taqvodorlarga yo’lboshchi qil.» Bu duoning ikkinchi, kam muhim bo’lmagan qismidir. Ey Robbim, bizni so’zlarimizda, ishlarimizda, axloqiy sifatlarimizda va umuman din e’tiqodida taqvodorlarga o’rnak qil. Shunday maqomga erishgan kishi muvaffaqiyat qozonadi va Robbning roziligini topadi, bu esa chindan ham bebaho yutuqdir.

Bu bir necha qisqa so’zga jo qilingan son-sanoqsiz ne’matni so’rashdir. Chunki taqvodorlarga o’rnak bo’lish yaxshi so’zlar aytish, munosib ishlar qilish, go’zal axloqiy sifatlarga ega bo’lish va shunga muvofiq yo’l tutish demakdir. Bu duo esa bularning hammasida Robbdan yordam so’rash bo’lib, bu cheksiz yaxshilikni qamrab olishga imkon beradi.