7.47 Zolimlar bilan birga bo'lmaslik uchun duo
Bu Qur’onda zikr qilingan, alohida bir toifa odamlar Alloh taologa murojaat qiladigan duodir. U A’rof surasida keltirilgan. Bu duo boshqa jihatlari bilan birga, yerdagi hayotimizga emas, abadiy dunyoga tegishli ekani bilan ham diqqatga sazovor. Bu qiyomat kuni yaxshi va yomon amallari teng keladigan odamlarning duosidir.
Bir muddat do’zax bilan jannat orasida qolib, oxir-oqibat jannatga kiradilar. Do’zax olovi ahlini va ular duchor bo’ladigan azoblarni ko’rib, bu odamlar dahshatga tushadilar va qo’rquvga berilib, Robbilariga iltijo qilishga, Undan rahm so’rashga shoshiladilar. Olov ichida bu buzilgan va qoraygan yuzlarni ko’rgan kim ularning o’rnida bo’lishni xohlaydi?
Umidga to’la, butunlay faqat Unga tavakkal qilgan, barcha umidlarini faqat Unga bog’lagan, duolarida to’la samimiy bo’lgan, jannat bilan do’zax orasida ushlab turilgan bu odamlar Unga shu so’zlar bilan iltijo qiladilar.
«Ey Robbimiz!» deydilar kamtarlik va qo’rquv bilan. Rahmatini so’rayotgan Yaratuvchimiz, Usiz hozir mavjud bo’lgan hech narsa mavjud bo’la olmaydigan Hamma narsani tutib turuvchi, hokimiyati barcha maxluqotiga yoyilgan, U uchun imkonsiz va og’ir narsa yo’q Zot, dunyo va abadiy baxtga tashna bo’lganlar kamtarlik bilan iltijo qiladigan Zot!
Ular yerdagi hayotda qilgan xatolariga qaramay, Uning o’z Robblari ekanini unutmaganlarini ko’rsatdilar va buni duoning eng boshida zikr qildilar, shu bilan Unga yaqinlashishga, marhamatini qozonishga va duolariga javob olishga umid qildilar.
Bu odamlarning holatini tasavvur qilish qiyin emas, chunki gap ularning kelajagi haqida, yana yerdagi hayotni tashkil etuvchi bir necha yil yoki o’n yilliklar haqida emas, abadiyat haqida ketmoqda. Abadiy saodat yoki abadiy azob. Abadiy baxt yoki abadiy og’riq. Muvaffaqiyat yoki halokat. Jannat bog’lari yoki do’zax olovi. Ikkisidan biri kutayotganini bilgan, ammo qaysi taqdir tayyorlanganini bilmagan inson nimalarni his qiladi?..
Bu duo ular uchun qanchalik qadrli edi!
«Ey Robbimiz, bizni zolim qavmlar bilan birga qilmagin.» Bizni o’zlariga zulm qilgan va g’azabingni o’zlariga tortganlar qatoriga qo’shma. Bizni kufri, itoatsizligi va gunohlari bilan Olovda qolishga loyiq bo’lganlardan qilma. Bizni hozir nigohlarimiz qaratilgan va bizga shu qadar yaqin azoblanayotgan baxtsiz odamlarga qo’shma. Ularga berilgan najot imkonini boy berganlar, yerdagi hayotini maqsadidan boshqa yo’lga sarflaganlar, hayoti zulm bilan to’lgan va u bilan muhrlanganlar bilan birga bo’lmaylik! Biz boshqa taqdirni, taqvodor mo’minlarning, rozi bo’lgan va jannating bilan siylamoqchi bo’lgan samimiy bandalaringning taqdirini xohlaymiz.
Ozgina o’ylash kifoya, bu duo har birimiz uchun qanchalik muhimligini anglash uchun. Har bir mo’minda olamlar Robbidan najot va jannat so’rash uchun to’la asos bor. Chunki hech birimizga najot va muvaffaqiyat kafolatlanmagan. Bu duo musulmonning quroli qatorida albatta bo’lishi kerak.
Abadiy dunyoda zolimlarning taqdirini baham ko’rmaslik va qiyomat kuni ular qatorida bo’lmaslik uchun bu dunyoda ular bilan bir bo’lmasligimiz kerak. Bejiz: «Qora qozonga yaqinlashsang, qorasi yuqar», deyishmagan. Agar inson zolimlar suhbatini afzal ko’rsa va bunday muhit unga taqvodor va solih odamlardan iborat muhitdan yoqimliroq bo’lsa, ishlarining qanday natijasini kutadi? Uning tasavvuricha, yerdagi hayotining natijasi qanday bo’lishi kerak? U ikki maskanning qaysi biriga intiladi?.. Bunday tanlov bilan u o’zini juda jiddiy xavfga qo’yadi.
Bu duoni aytganimizda Allohdan nafaqat bizni zulmdan uzoqlashtirishni, balki zolimlar taqdiridan saqlashni ham so’raymiz. Mo’minning vazifasi esa bunday odamlar bilan na bu dunyoda, na abadiy dunyoda birga bo’lmaslikdir, chunki ular o’zlariga qo’shilgan har bir kishini tubga tortadilar.
Bu duo bizga yomon oqibatga olib boradigan hamma narsadan, ya’ni Alloh taolo rozi bo’lmaydigan so’zlar, ishlar va axloqiy sifatlardan saqlanishni o’rgatadi.
Va, albatta, Allohdan nafaqat zolimlar qatorida bo’lmaslikni, balki hatto ularning yonida ham bo’lmaslikni so’rashni; chunki bu intilishga arziydigan qo’shnichilik emas.
