60.4 Dushman kofirlardan najot uchun duo
60.5 Kofirlarga fitna bo'lmaslik va mag'firat uchun duo
Alloh taolo Kitobidan olingan bu ajoyib duo Uning ulug’ payg’ambarlari va boshqa taqvodor mo’minlar olamlar Robbiga murojaat qilgan duolardandir. Bu duo bilan Qudratli Yaratuvchiga payg’ambar Ibrohim (unga salom bo’lsin) va u bilan birga bo’lgan mo’minlar murojaat qilganlar. Bu ular kofir qavmlariga ulardan voz kechayotganlarini e’lon qilganlaridan keyin yuz bergan.
Duolarini odobli murojaat bilan boshladilar: «Ey Robbimiz!» Avvalo Alloh taoloning Robbligini tan olib, duoni lozim tarzda davom ettirdilar. Ko’ramizki, bu odamlar Unga yaqinlashishning bir necha yo’lidan birdaniga foydalandilar, jumladan, samimiy niyat bilan qilgan yaxshi amallarini ham zikr qildilar. Birinchidan, Unga tavakkullari va Unga yuzlanishlarini zikr qildilar. Ikkinchidan, qiyomat kuni va oxirat hayotiga iymonlarini zikr qildilar. Bularning hammasini bu amallar Alloh taologa ma’qul bo’lgani uchun zikr qildilar va shu tariqa Robbga yaqinlashishga, duolari javobsiz qolmasligi imkoniyatini oshirishga intildilar.
Bular Allohning payg’ambari va uning sahobalari bo’lgani uchun ularning yaxshi o’rnagiga ergashishda biz uchun ulkan foyda bor. Chunki taqvodor mo’minlar izidan borganimizda jannat yo’limizni o’zimizga osonlashtiramiz.
Ular orasida Ibrohim (unga salom bo’lsin) bo’lgan bu mo’minlar Alloh taologa eng samimiy tarzda tavakkal qilar va aynan Unga murojaat qilar, xato va kamchiliklarini tan olar edilar. Ular olamlar Robbiga qaytishlari va o’limdan keyin tirilish va hisob kutayotganini bir daqiqa ham unutmas edilar. Ular o’lim ortida boshqa hayot borligini, albatta Alloh huzuriga borishlarini va yerdagi hayotda qilgan hamma ishlari uchun Uning oldida javob berishlarini bilar edilar. Boshqacha aytganda, bular chuqur iymonli, solih va o’ta ongli odamlar edi; niyatlari, so’zlari va ishlari yaxshi edi, qolaversa, ular Yaratuvchiga nisbatan odob va kamtarlik namunasi edilar.
Bu duo u bilan Robbga murojaat qilganlarning iymoni to’liqligidan, dinni chuqur tushunganlaridan va tavhidga eng yaxshi tarzda e’tiqod qilganlaridan dalolat beradi.
«Ey Robbimiz, bizni kofirlarga fitna qilib qo’ymagin.» (Sura 60 «Mumtahana», Oyat 5) Ya’ni bizni ularning qo’llari bilan jazolama va bizga azobingni yuborma, toki kofirlar: «Agar ular tutgan narsa haq bo’lganida, bu ularga yetmas edi!» demasinlar. Ammo bu so’zlarning ma’nosi shunday ham bo’lishi mumkin: ular bizdan ustun kelishlariga yo’l qo’yma, toki bu ular uchun fitna bo’lmasin, chunki bu yuz bersa, ular bizni haq ustida bo’lganlari uchun yenggan deb hisoblaydilar.
Bu duo bizga Alloh taolodan salomatlik va har qanday yomonlikdan himoya so’rashni o’rgatadi. Robbimiz va Ilohimiz bo’lgan Undan boshqa kim bizni himoya qiladi? Aynan Undan panoh so’rashimiz, aynan Undan yordam va mumkin bo’lgan yoki yetib kelgan zarardan xalos bo’lishni so’rashimiz, aynan Undan ikki dunyo yaxshiligini so’rashimiz kerak. Chunki balo va fitnalar chindan ham dahshatli bo’lishi mumkin va kimdir mo’minni dinidan qaytishga majburlashga urinishi yoki unga to’g’ri yo’ldan yurishga nafrat uyg’otishga urinishidan ko’ra jiddiyroq va dahshatliroq fitna yo’q.
Payg’ambar Ibrohim (unga salom bo’lsin) va uning taqvodor sahobalari duolarini mag’firat so’rash bilan yakunladilar va bu biz uchun yana bir qadrli saboqdir. Robbdan imkon qadar tez-tez mag’firat so’rashimiz kerak, chunki qaysi birimiz gunohsizmiz?.. Vaholanki, hammamiz jannatga kirishni istaymiz va sanoqli lahzalar bo’lsa ham Olovda bo’lishdan qo’rqamiz.
Ko’ramizki, duolari oxirida bu mo’minlar Allohga yaqinlashishning yana bir vositasiga – go’zal ismlarini zikr qilishga murojaat qildilar: «Albatta Sen, O’zing G’olibsan va Hakiymsan.» Ismlaridan eng moslarini tanlab, aynan ularni ishlatdilar, shu tariqa Yaratuvchiga yaqinlashishga va roziligini qozonishga intildilar.
