Muso payg'ambarning misrlikni o'ldirgandan keyingi duosi (28:16)

Qur'oniy duolar

45

28.16   Muso payg'ambarning misrlikni o'ldirgandan keyingi duosi

Qasas  (Hikoyalar)

رَبِّ إِنِّي ظَلَمْتُ نَفْسِي فَاغْفِرْ لي
Robbi innii zalamtu nafsii fag'fir lii
Ey Robbim, albatta, men o'zimga zulm qildim. Bas, meni mag'firat qil.

Soddaligi va qisqaligi bilan go’zal, samimiyatga to’la bu duo Alloh taolo Kitobi bizni tanishtiradigan duolardandir. Ancha oldin, biz dunyoga kelishimizdan ancha ilgari bu duo bilan Alloh taologa Uning eng ulug’ va eng mashhur payg’ambarlaridan biri murojaat qilgan. Bu payg’ambar Musodir (unga salom bo’lsin).

Qur’on duolari bu dunyoda yo’limizni yorituvchi va yerdagi hayotimiz davomida bizni o’rab turgan fitna va vasvasalar zulmatida yo’qolmaslik, adashmaslikka yordam beruvchi mayoqlardir. Ular bizga nafaqat Robbni va og’ir va farovon kunlarda Unga duo bilan murojaat qilish zarurligini eslatadi. Aslida ular bizga to’g’ri o’ylashni o’rgatadi, dunyo va undagi o’rnimiz haqidagi tasavvurlarimizni tuzatadi. Bu duolar bizni yo’naltiradi, ustuvorliklarni belgilashga yordam beradi, muhim bo’lmagan va keraksiz narsani tashlab, asosiy narsaga – olamlar Robbidan nimani so’rash va nima uchun g’ayrat qilish kerakligiga e’tibor qaratishni o’rgatadi.

Bu duolar musulmon uchun sodiq yordamchi bo’lib, Qudratli Yaratuvchi bilan aloqani saqlashga yordam beradi. Hammamiz bilganimizdek, Robb mo’jizalar yaratishi mumkin va duo nafaqat Robbning roziligi va jannatga, balki yerdagi hayotimizning o’zgarishiga, hayotimizda ham bu mo’jizalardan nasiba bo’lishiga olib boruvchi eng qisqa va ishonchli yo’llardan biridir. Duo, shubhasiz, vasvasa va sinovlar quyuni oldida bardosh berishga yordam beradigan najot arqonidir.

Bu hayratlanarli darajada oddiy, ammo qalbdan chiqqan so’zlar bilan ulug’ payg’ambar Muso (unga salom bo’lsin) misrlikni o’ldirgandan keyin Robbga murojaat qildi. Musoning qavmdoshi bo’lgan isroillik yordamga chaqirganda, Muso uning chaqirig’iga javob berib, unga zulm qilganni urdi va shu bir zarba bilan yiqitdi. Payg’ambar darhol Robbdan mag’firat so’radi, bu harakatni gunoh deb hisobladi, chunki o’ldirish buyurilmagan odamni o’ldirgan edi. Bu shiddatidan keyin darhol tinchlanib, Muso (unga salom bo’lsin) kamtarlikka to’ldi, aybini tan oldi va Robbdan mag’firat so’radi.

Uning Robbga bu duo bilan qanday murojaat qilganida Allohga nisbatan ochiq odob va kamtarlikni ko’ramiz: Muso (unga salom bo’lsin) avval Alloh taoloning Robbligini va o’z xatosini tan oldi, shundan keyingina Unga mag’firat so’rab murojaat qildi: «Ey Robbim, albatta, men o’zimga zulm qildim. Bas, meni mag’firat qil.»

Bu Robb uni mag’firat qilganini bilgan Allohning payg’ambari edi. Biz uchun tayyorlangan taqdirni va yo’limiz qayerga – jannatgami, do’zaxgami olib borishini bilmaydigan biz haqimizda nima deyish mumkin? Bu har bir mo’min uchun muhim saboqdir: gunohlariga beparvo qaramaslik, ularni arzimas deb hisoblamaslik va o’ziga bino qo’ymaslik, Robbimiz O’ziga rahmatni yozgani va rahmati g’azabidan oldinda bo’lgani uchun bizning hech qanday harakatimizsiz yomon ishlarimizni albatta kechiradi, deb o’ylamaslik. Hayotimiz har lahzada uzilishi mumkin bo’lgan, ortga yo’l va ikkinchi imkoniyat bo’lmaydigan dunyoda bugungi kun bilan yashash va kelajak, oxirat taqdiri haqida o’ylamaslik uzoqni ko’rishmi?..

Bu duo bizga gunohni tan olish, qilinganidan afsuslanish, uni to’xtatish va kelajakda unga qaytmaslikka qat’iy niyat qilishni nazarda tutuvchi samimiy tavbaning ahamiyatini o’rgatadi. Bunda tavbaga shoshilish kerak, chunki inson unga qancha muddat berilganini bilmaydi va tavbani kechiktirib, tavba qilishga ulgurmay bu dunyodan o’tishi mumkin.

Odamdan (unga salom bo’lsin) boshlab Alloh taolo payg’ambarlari va elchilari Robbga tavba qilib, Undan mag’firat so’raganlar, bu solih, taqvodor va dono odamlar esa biz uchun o’rnak edilar.

Har bir mo’min uchun gunohlardan tiyilish va Alloh taologa itoatsizlik qilmaslikka harakat qilish muhimdir. Ammo agar u baribir qoqilib, Allohga ma’qul bo’lmagan ish qilib qo’ysa, u uchun eng to’g’ri va eng tabiiy narsa tavbaga shoshilish, Rahmli Robbga iltijo qilish, aybini tan olish va samimiy, butun qalbi bilan Undan mag’firat so’rashdir. Chunki gunoh Robb tomonidan kechirilsa, go’yo u umuman bo’lmagandek. Robbning roziligiga, najotga, muvaffaqiyatga va jannatga yengil qadam tashlash, albatta, gunohlar yuki ostida egilishdan ancha osondir.